OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiQirqqiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qirqqiz (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

1

Bu qoʻshiqni Dobrujada eshitganman, gayduklar!

2

Bahor ekan, adir koʻm-koʻk, dov-daraxt koʻm-koʻk, moʻysafidning soqolidek qoyalar ham koʻm-koʻk. Bogʻlardagi gullar atri tutib ketgan olamni, sigirlarning sagʻrilari yalt-yalt qilar oftobdan...

3

Bava-vida hukmdori zerikib, odam qoʻydi har tarafga — Oʻn besh kun muhlat bilan.
— Keltiringlar bolgarlarning qizlaridan bir toʻda, goʻzallikda haramimga mos boʻlsin! Orom olay bu dunyoning tashvishini unutib, navroʻz kirsin saroyimga parilar libosida!

4

Jonholatda ot qoʻydilar navkarlar oʻsha kuni. Hukmdorning istagi oʻq — bajarmasang oʻliksan.

5

Gayduklarim, siz bahorning nimaligin bilasiz! Adir koʻm-koʻk, daraxtlarning nozikkina barglari — boshlarini quyi solgan zumrad isirgʻalardan. Dobruja qizlarining qahqahasi singari — yuraklarni qitiqlaydi — daryolarning shovqini. Hamma yoqda bahor isi — goʻdakda, togʻu toshda...

6

Bahor bilan goʻzal edi ota-bobomiz yeri, bahor bilan kurtak yozgan edi yoshlar sevgisi, qizlar yuzi tabassumdan barq urardi quyoshdek. Yigitlarning qoʻshiqlari yangratardi darani.

7

Birdan osmon qora choyshab yopdi koʻm-koʻk yuziga, qorongʻulik bosdi dushman paydo boʻlgan qishloqni. Kampirlarning nolasidan yuraklar boʻldi zardob va yigitlar gʻazabidan zamin keldi larzaga...

8

Gʻam bor boʻlgan uyda doim kulfat mehmon, deydilar, kampirlarning nolasi ham yigitlarning gʻazabi — sira yordam berolmadi — qizlar boʻldi asira... Bahor ekan, oʻsha damda, ajib, goʻzal navbahor. Moʻysafidning soqolidek koyalar ham koʻm-koʻk. Dobruja qizlarining qahqahasi singari yuraklarni qitiqlarkan daryolarning shovqini... Ioʻlda esa, shoʻrpeshana asiralar asta-asta qadam tashlar bosh yalang, oyoq yalang.

9

Qadam tashlar qirq nozanin, qirqta haram bandasi, Qirqtalovi oy bilan teng, parivash, biri Donka — koʻzlarini dengiz deysiz, biri Lyuba — farishtaning oʻzginasi, Liliana — qirmizi yuz, qoshi kamon, yana biri — onasining arzandasi... Yuragimning yarasiga tuz sepmayin, hammasi ham goʻzallarning goʻzali...

10

Xursand boʻldi hukmdor, boshi koʻkka yetdi. Hammasini bir-bir koʻrdi — mol koʻrganday... Keyin dedi:
— Haramimga joylashtiring, ertagacha yuvintiring, pardoz bering. Erta esa, bazm qururmiz shohlar kabi, navroʻz kirar saroyimga parilar libosida.

11

Haram toʻldi bandilarning yigʻisiga. Bunda qirq qiz, qirqtalovi oy bilan teng. Biri Lyana — koʻzlarini dengiz deysiz, biri Svetka — farishtaning oʻzginasi, Katalina — qirmizi yuz, qoshi kamon, yana biri — otasining arzandasi... Yarim tunga qadar yigʻi hech tinmadi, shunda Donka koʻzi chaqnab:
— Toʻxtang, — dedi. — Dugonalar, yigʻi foyda berarmidi?! Yigʻi yovdan bizni ozod qilarmidi?! Mening bitta taklifim bor, quloq bering, yov qoʻlida qul boʻlgandan oʻlmogʻimiz yaxshiroq!

12

Tong paytida lang ochildi haramning eshiklari, kirib keldi hukmdorning navkarlari birma-bir. Ammo haram boʻm-boʻsh edi, koʻrinmasdi biron zot, har bittasi oy bilan teng qizlar qani? Qani Donka — oltin soch qiz, qani Lyana? Qirmizi yuz, qoshi kamon Katalina? Qani Lyuba — onasining arzandasi?!

13

Hukmdorning koʻzi yondi gʻazab bilan, har tarafga odam qoʻydi — foydasi yoʻq. Xomush boʻlib u yuzlandi devor tomon. Shunda birdan choʻchib tushdi, tisarildi... Bavavida zar panjara devorida qirq juft kavush turar edi qator boʻlib, qirq juft kavush — qirqta qizning or-nomusi, qirq juft kavush — qirqta mardlik nishonasi! Pastda esa, quyosh boʻlib, choʻgʻday yonib asta-sekin oqar edi sokin Dunay.

14

Hukmdorning koʻzi gʻazab bilan yondi. Navkarlarin toʻplab turib shunday dedi:
— Kofir qizlar agar tirik boʻlsa .edi, bittasiga almashmasdim mingtangizni!

15

Bahor ekan oʻsha damda, ajib bahor, bogʻlardagi gullar atri tutib ketgan olamni. Hamma yoqda bahor isi — qushlarda-yu oʻtlarda, hamma yoqda bahor isi — togʻu toshda, odamda.