OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiQizimga Maktublar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot1994
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan15/05/2010
Manba[ziyouz.com ziyouz.com...]


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qizimga Maktublar
Oʻlmas Umarbekov

Mangu dunyo boʻsagʻasida Bu dunyoga kelganlarning, albatta, ketmogʻi bor. Kimdir bir kun oldin, kimdir bir kun keyin... Ketadi-yu, qaytmaydi. Mangu dunyo abadiy uni oʻz quchogʻiga oladi.

Ketmogʻi yaqin qolganini kishi sezganda choʻchimaydi, ammo turli oʻylar qurshoviga tushadi, kechgan, kechirganlarini eslaydi, olis, yaqin odamlar koʻz oldidan oʻtadi. Men bilan ham shunday boʻldi. Kasalxonada yotarkanman, vaqtim, irodam yetganicha, koʻnglim koʻtarganicha oʻylarga, xotiralarga berilib ketib, shularni yozdim.

Umida! Qizim...

28-oktabr, 1993-yil. Oʻn kun davom etgan tekshirish, oʻrganishlardan soʻng qandaydir aniqlik paydo boʻldi. Davolovchi vrach Tatyana Dmitriyevna kelib, qoʻlimni siqdi.
— Kasalingiz biz xavotir olganchalik ildiz otmagan ekan. Nafas atrofidan boshqa hamma a’zolaringiz sogʻ. Kasal nafas yoʻllariga oʻtmagan. Bir-ikki kun ichida konsilium qilamiz. Radiologlar, bosh xirurg, direktor bilan maslahatlashamiz. Menimcha, sizni avval davolashimiz, keyin operatsiya qilib, kasallikni olib tashlashimiz kerak.

Istarasi issiq, nigohi samimiy shifokorning bu soʻzlaridan quvonib ketdim. Vujudim ilib, kayfiyatim koʻtarildi. Minnatdorchilik bildirib, telefonga yugurdim. Tekshirish natijalaridan Zuhra qisman xabardor boʻlsa ham oʻzimning ogʻzimdan xushxabarni eshitgani ma’qul edi.

Qiynalib gapirsam ham Zuhra meni angladi, shu zahoti, xuddi men kabi u ham oʻzgarib ketdi. Yozning boshlaridan beri birinchi marta uning ovozida sevinch ohanglari paydo boʻlganini sezdim. Telefonni yorib yuborguday boʻlib, hozir yetib boraman, dedi. Boshim osmonda edi. Xudoga shukur. Demak, bir qancha vaqt tomogʻimni radiatsiya nurlari bilan davolashadi. Toshkentda oʻn marta nurlanganimda shu ishlar birmuncha kamaygan edi. Kasalim tarixida yozilgan. Kim biladi, balki bu yerda shuni e’tiborga olishdimikan? Konsiliumda ham shunday qarorga kelishsa, oʻzimni baxtli hisoblardim. Taxminan bir oy, bir yarim oydan soʻng uyga qaytishim mumkin. Qizim, seni koʻraman, ukalarim, doʻst-birodarlarimni koʻraman. Umida, seni juda sogʻindim. Deyarli har kecha qoʻngʻiroqdek ovozingni eshitgandek boʻlaman. Koʻz oldimda oʻzing paydo boʻlib, koʻzlaring yonib: «Ada! Keldim!» - deysan-da, yonimga kelib, yuzimdan oʻpgandek boʻlasan. Koʻp emas, atigi ikki haftadan beri Moskvada boʻlsam ham, har kuni sening oʻqishdan qaytayotgan payting, oʻz kaliting bilan darvoza-eshikni sharaqlatib ochishing, shaxdam qadamlar bilan taq-tuq, taq-tuq qilib ayvonga koʻtarilishing koʻz oldimdan oʻtadi. «Ada! Men keldim!..» Qizim, jonim, seni yana koʻradigan boʻldim. Orzum eson-omon uyga qaytmoq edi, niyatimga yetadiganga oʻxshayman. Xudo xohlasa, marhamat qilsa, bir oy, bir yarim oylardan soʻng tuzalib qaytaman...

* * *

Mening bir hikoyalar va qissalar kitobim bor. Unga «Oq qaldirgʻoch» deb nom qoʻyganman. Oltmishinchi yillarning oxirlarida Bulgʻoriyada boʻlganimda bulgʻor adabiyotining mashhur, el orasida katta obroʻga ega klassik yozuvchisi Emin Pelikning shu nomdagi hikoyasini oʻqigan edim. Hikoya katta emas. Mazmuni shunday. Bir dehqon bugʻdoy pishigʻi mahali dalaga, oʻrimga ketayotganida boʻyiga yetgan qizi ham unga ergashadi. Hamma oʻrtoqlarim ketishyapti, meni ham olib boring, deb otasidan iltimos qiladi. Ota rozi boʻladi. Yoz. Kun issiq. Qiz dalada bir daraxtning ostida oʻrimdan charchab dam olgani yotadi va uxlab qoladi. Uyqusida koʻkragi muz boʻlib ketayotganini sezadi. Choʻchib uygʻonib qarasa, koʻkrak ustida kulcha boʻlib, ilon yotgan emish. Dod solib, qiz uni uloqtiradi. Hamma uning ovozini eshitib, yugurib keladi. Qiz boʻlgan voqeani aytib beradi. Shu kundan boshlab u kasalga chalinib qoladi: ovqatlanmaydi, uxlamaydi, koʻngli agʻdariladigan boʻlib qoladi.

Ota-ona uni hamma yaqin oradagi shifokorlarga, tabiblarga koʻrsatishadi. Ammo qiz tuzalmaydi. Kimdir ularga qizingiz oq qaldirgʻochni koʻrishi kerak, shunda tuzaladi, deb maslahat beradi. Er-xotin aravaga qizlarini yotqizib, oq qaldirgʻoch qidirib ketishadi. Ular telegraf ustunlariga tortilgan simyogʻochlar ostida qishloqma-qishloq, shaharma-shahar uzoq kezishadi, oq qaldirgʻochni topishga qizlarini ishontirishadi. Qiz shu ishonch bilan yashaydi. Umid bilan simyogʻochlarga, osmonga tikiladi.

Tatyana Dmitriyevna oʻz hamkasblari bilan menga shunday ishonch berishdi. Nurlanish, kimyoviy terapiya bundan bu yogʻiga mening oq qaldirgʻochim. Men uni topaman, uni koʻraman. Zora bu goʻzal, beozor qush menga ham Xudoning shifosini olib kelsa?!

Ikkinchi qaldirgʻochim — jonimdan ham aziz qizim Umida. Uning uchun yashashga intildim, hamma xayolim, quvvatimni jamlab, sihatimni yaxshilashda shifokorlarga yordam berishim kerak.

Moskvaga joʻnayotgan kunimiz Umida bilan xayrlashuvim koʻz oldim¬dan ketmaydi. Erta turib kiyinayotganimda u oldimga keldi. Boʻynimdan quchoqlab yuzini yuzimga qoʻydi. Sezib turibman, maktabga borgisi yoʻq. Ikki-uch kundan beri u litseyga oʻtgan edi, oʻqishdan qolishi kerak emas. Shuning uchun qattiq bagʻrimga bosdim, oʻqishdan qolishiga, samolyotgacha meni ukam, singlim bilan birga kuzatib qoʻyishiga zarurat yoʻq. Keyin u ham eziladi, men ham. Oddiygina xayrlashgan ma’qul.
— Nima olib kelay Moskvadan? — soʻradim uni qoʻyib yuborib. Shu bilan shunday xayrlashganim kifoya, degandek boʻldim. U aqlli qiz — tushundi. Jilmayib:
— Hech narsa. Tuzalib qaytsangiz boʻldi, ada, - dedi.
— Albatta qaytaman.

Shunday deb yelkasiga bir-ikki qoqib qoʻydim. U ohista yurib, oʻz xonasiga oʻtdi. Portfelini olib, ayvondan tushayotganda, orqasiga qaytdi:
— Xayr, ada! Mendan xavotir olmang! Sogʻayib keling! Men qoʻlimni silkitdim.

Oxirgi koʻrishganimiz shu. Oxirgi deyapman-u, uni yana koʻrishimga, hali koʻp u bilan birga boʻlishimga ishonaman. Oʻz oyogʻim bilan uyga kirib boraman, bagʻrimga bosib, issiq peshanasidan oʻpaman. Zuhra telefonda u bilan gaplashib turibdi. Har gal gaplashib kelganida undan salom aytadi. Oʻqishlari yaxshi emish. Ingliz tilidan, matematika, fizikadan besh baho olayotgan emish. Umida, jonim qizim! Yaxshiyam Xudo bizga seni berdi.

Opang kabi men uchun ham eng aziz, eng qimmatli, eng shirin va shakar odamsan. Sening baxtli boʻlishingni qanchalik istashimni bilsang edi! Omon boʻl, qizim. Barcha orzularingga yet. Men har kuni Xudodan opang bilan sening baxtingni soʻrayman. Uzoq umr koʻrishingni, niyatlaringga yetishingni soʻrayman. Har qanday balo-qazolardan seni asrashini, sendan, opang, ammalaring, Akmal akangdan marhamatini ayamasligini soʻrayman. Arzandam, yolgʻizim, agar ba’zida seni urishgan boʻlsam, kechir. Faqat yaxshi niyatda shunday qilganman. Seni yaxshi koʻrishimni, hech kimga ishonmasligimni yaxshi bilasan. Qizim, agar taqdir taqozosi bilan endi koʻrishmay qolsak, opangni ehtiyot qil. Bechora opang men bilan koʻp azob chekdi. Sen uni hurmat qil. Yolgʻizlatib qoʻyma. Qattiq gapirma, yaxshi gapingni ayama. Iloji boʻlsa doim birga tur. Qizim, hayotingga gard yuqmasin, baxtli boʻl. Omon boʻl, farishtam, arzandam!..

* * *
Oʻzbekistonim, sevikli yurtim! Ne-ne jafolar sening boshingga, farzandlaring boshiga tushmadi?! Shaharlaring, qishloqlaring dushmanlar oyogʻi ostida necha bor toptaldi, yondi, farzandlaring qirildi, qul qilib sotildi. Sen baribir qad koʻtarding, kul boʻlgan shahar, qishloqlaring qaytadan bunyod boʻldi, husniga husn qoʻshildi. Elimiz, yerimiz dongʻini jahonga taratgan yigit-qizlaring seni kaftlariga koʻtardilar. Kimni aytay? Bobolarimiz Temur, Ulugʻbek, Bobur Mirzolarnimi? Momolarimiz Zebunniso, Nodira, Uvaysiylarnimi? Ahmad Yassaviy, Beruniy, Xorazmiylarnimi? Choʻlpon, Botu, Avloniy, Qodiriylarnimi? Usmon Nosir, Oybek, Gʻafur Gʻulomlarnimi? Sen yana yashnab ketasan, seni boʻstonga aylantirayotgan xalqing hech kam boʻlmaydi. Sen davr suradigan zamon keldi. Shu zamonni, mustaqil hayot zaminini koʻrayotganlarga men chin yurakdan zafar, omad tilayman. Nasib etsa oz boʻlsa ham ularga qoʻlimdan kelganicha yordam beraman.

Yurtim, Oʻzbekistonim, qadrdon, tugʻishgan elim! Choʻchima! Sen tarix koʻrgansan, ba’zilar chipta kovush kiyib yurganlarida, sen charm etik, zar toʻnda yurgansan, shaharlar koʻrgansan. Muhimi, yoʻq boʻlib ketganing yoʻq — borsan, hayotsan! Davlat koʻrgan xalq xor boʻlmaydi. Oʻz yoʻlini topadi. Avlod-avlod bolalaring rohatini koʻrasan. Yillar keladi, hozir senga shart qoʻyayotganlar oʻz shartlaridan qaytib, senga doʻstlik taklif qiladilar, hech qanday shartsiz, gʻurur va kiborsiz. Xudo oʻzi yor boʻlsin senga!

* * *

Qogʻozlarni oldimga qoʻyib, qoʻlimga qalam oldim. Fikrlarim ravshan, koʻnglim tinch. Shundan boʻlsa kerak, eng avvalo qizimni oʻylab ketdim. Kecha tugʻilgan kuniga birinchi marta hech narsa sovgʻa qilmadim. Opasi Moskvadan joʻnatgan narsalar oʻz yoʻliga. Men oʻz qoʻlim bilan unga biron narsa olib berishim kerak edi. Darvoqe, esimga tushdi. Moskvaga joʻnayotganimda unga yangi avtomat ruchka va shunday avtomat qalam berdim. Mabodo tugʻilgan kuninggacha qaytmasam, dedim. Ogʻzi qulogʻiga yetib jilmaydi. Oʻzingiz ishlating, dedi. Men javob bermay, boshidan oʻpdim.

Shularni oʻylab ketib, uning bolaligida bergan bir savoli esimga tushdi. Ada, buvam, buvimlar haqida, oʻzingizning bolaligingiz, opamlar haqida gapirib bering, hech narsa bilmayman, deb soʻragan edi u. Oʻshanda xoʻp, deb kulib qoʻya qolgan edim. Shunchalik uyda kam boʻlardim, oʻtmishni eslashga vaqt bormidi u paytlari? Mana endi nazarimda shunday vaqt keldi. Albatta, qizimni yonimga oʻtqazib, gapirib berish imkoniyatidan hech xayolga kelmagan kasallik oqibatida mahrumman — ovozim yoʻq. Davolanishdan boʻsh vaqtlarim faqat yozishim mumkin. Ammo kimyoviy dori, nurlanish boshni aylantirib, koʻngilni agʻdarar ekan, lohas qilib, anchagina boʻshashtirib qoʻyar ekan. Oʻzimga kelgan daqiqalarda, davolanish boʻlmagan kunlari oʻtmishdan esimga tushganlarni, mayli, yozay. Shu mendan qizimga esdalik boʻlsin. Bobosi, buvisining hayotlari bilan, opasi va mening yoshligim bilan oz boʻlsa ham tanishsin. Bafurja yozishga koʻzim yetmayapti. Sezishimcha, vaqtim kam, keyin uzoq yillarni qayta eslashga sharoit yoʻq. Ammo qoʻlimdan kelganicha urinib koʻraman. Ammo yozganlarimni hozir joʻnataman. Tuzalib ketsam, oʻzim olib borib qoʻliga beraman. Tuzalmasam... opasi — Zuhra olib ketadi...

Umida, qizim, Seni oʻylab yozayapman. Oʻqi, ota-bobolaring kimligi bilan tanish. Men asli toshkentlikman. Hovlimiz Toshkentning hozirgi «Rossiya» mehmonxonasi bilan vokzalga boradigan tramvay yoʻli oʻrtasida boʻlgan. Men shu yerda tugʻilganman. Hovlimiz katta, yigirma sotixcha kelardi, bundan tashqari olti sotix atrofida boloxonali molxonamiz ham bor edi. Molxonaga alohida eshikdan kirilardi, koʻzga uncha tashlanmasdi.

Oʻsha paytlari bizning hovlimizdan Mirobod mahallasining shimol tomoni boshlangan.

* * *

Shimoldan pastga qarab ketgan, ketma-ket tushgan uylarda asosan qarindoshlarimiz yashashardi. Ulardan keyin rus qoʻralari boshlanardi. Bobong — mening otam Rahimbek akaning uch akasi va bir opasi borligini bilaman. Dadamning eng katta akalari Karimbek polvonni koʻrmaganman. Aytishlariga qaraganda baland boʻyli, yelkador, juda kelishmagan odam boʻlgan. U kishining oʻgʻli Turgʻunbek akani koʻp koʻrganman, koʻp u bilan birga boʻlganman. Baland boʻyli, moʻylovdor, ovozi uyni titratadigan odam edi. Unga qiyos qilsa, albatta otasi, Karimbek polvon ham shunday odam boʻlgan.

Dadamning undan keyingi akasi Bobobek polvon edi. Esingdami, opang juda koʻp marta Chilonzorda yashaydigan Rahima ammangga telefon qilardi, unga zarur dorilar topib berib turardi. Bobobek polvon ana shu Rahima ammangning adasi, men uni es-es bilaman. Urushdan oldin qazo qilib ketgan. Uni koʻmish marosimi ham esimda. Odam juda koʻp boʻlgan, Toshkentdagi polvonlar, aytishlaricha, Fargʻona vodiysidagi polvonlar ham u bilan vidolashgani kelishgan.

Hakim polvon dadamning eng kichik akasi edi. Dadam, Bobobek amakimdan u keskin farq qilardi. Koʻkkoʻz edi. Bundan tashqari dadam katta amakimlardek toʻla emas, baland boʻyli, qotma edi. Lekin undan ham toshkentlik koʻp polvonlar yiqilishgan, deb aytishardi. Amakilarim, dadamning biron marta ham kurash tushganini koʻrmaganman. Lekin aytishlaricha, Parkent, Piskent, Boʻka, Toshkentning oʻzida anchagina obroʻga ega boʻlgan polvonlardan ekanliklarini koʻp eshitganman. Uyda moddiy taqchillik yuz berib qolsa, ular juma kunlari kurashga borib, etak-etak pul ishlab kelishar ekan.

Zulfiya ammam Bobobek amakimdan kichik. Hakim amakim va dadamlardan katta edi. U kishi ham xuddi aka-ukalari singari baland boʻyli, qirra burun, baquvvat, polvonsifat ayol edi. Koʻzlari ham boʻy-bastiga yarasha yirik edi. Biz bolalar nojoʻya ish qilib qoʻysak, u bir olayib qarasa, tiraqaylab har chekkaga qochib ketardik. Ammam bir qarashda dagʻal, qoʻpol koʻrinsalar ham, dillari boʻsh, salga koʻzlari namlanadigan, ammo tez oʻzlarini tutib oladigan ayol edilar. Katta va kenja oʻgʻillari bilan qoʻsh hovlili uch hovli uyda turardilar. Oʻrtancha oʻgʻillari Mirobid aka oʻqituvchi, hozirgi «Paxtakor» stadioni tushgan Egarchi mahallada yashardi. Mirobod bozorda qarichilik sababli sabzavot sotib kun oʻtkazadigan Yakkasaroy mahallasining obroʻli keksalaridan, qarindoshimiz Toʻlaganbek amakimning qizlariga uylangan edi. Dadam qarindoshlari Egarchi, Oʻqchi va Mirobod mahallalarida, oyimning avlodlari esa Tezikov bozorining orqasi Yakkasaroyga tutash Damariq, Qushbegi, Qumariq mahallalarida uzoq-uzoq davrlardan beri hovli-joy qilib kelishardi.

Katta amakim bilan ammamning nima ish bilan shugʻullanishgani, tirikchiliklari qanday oʻtganini yaxshi bilmayman. Ammo Hakimbek amakim mol-mulki ajratib olinib, quloq qilingani, Ukrainaning Nikolayev shahrida oʻn yilcha boʻlganini bilaman. Amakimning oʻzlari aytib berardilar. Bitta koʻrpa, ikkita yostiq, tunuka choynak bilan toʻrtta piyolani qoʻllariga tutqazib, vokzalga haydashgan. Xotinlari, katta oʻgʻillari Yusufbek, ikkita qizlari bilan qizil yuk vagonda Ukrainaga joʻnab ketganlar. Amakim ruscha, ukraincha yaxshi gapirardi. Surgunda albatta ancha qiynalgan. Lekin uning baxtiga Nikolayev shahrining ob-havosi Toshkentnikiga oʻxshar ekan. Tezda koʻnikib, avval bitta chayla, keyin bir xonali loʻmboz uy qurib olgan. U ukrainlarni juda hurmat qilardi. Uni yolgʻizlatib qoʻyishmaganini, kechalari sut, yogʻ, non olib kelib, undan xabar olib turishganini koʻp gapirardi.

Amakim oʻzi yaxshigina dehqon edi. U yerda yeryongʻoq, qovun, tarvuz, joʻxori ekib, ikki-uch yil ichida ancha oʻzini eplab olibdi. Oʻttiz toʻqqizinchi yili uni yurtiga qaytishiga ruxsat berishibdi. Qizim, Muzrob akang shu Hakimbek amakimning oʻgʻli. Biz u bilan tengdoshmiz. Ikki yoshgina mendan katta boʻlsa kerak. Ona yurtlariga qaytib kelib, amakim turli joylarda eng oddiy ishlarda ishlaganlar, aravakashlik, qorovullik qilganlar. U kishi dunyodagi siyosiy ahvol, davlat arboblarining qilayotgan ishlari haqida gapirishni yaxshi koʻrardilar. Ammo faqat dadam, oyimgilar bilan gaplashardilar. Boshqalar bilan gaplashish kutilmaganda yana qanday fojialar olib kelishini bilardilar.

Dadamni ham quloq qilib yuborishlariga oz qolgan ekan. Amakilarimni, shu jumladan, dadamning ham Novkatda yerlari boʻlgan. Dadam oʻz yerlarida imorat qurmoqchi boʻlibdilar. Tomini yopishayotganda kimdir hukumat qarori chiqqan gazetani koʻtarib kelib qolibdi. Dadam oʻqib qarasalar, qaror oshiqcha yer, oshiqcha imoratlarni tortib olish haqida ekan. Shunday tomdan tushibdilar-u, ustalarga javob berib yuboribdilar. Qorongʻi tushganda aravani qoʻshib, bor yukni ortib, ustiga bizni oʻtqazibdilar-da, Toshkentga yoʻl olibdilar. Ertasiga yolgʻiz oʻzlari qishloq sovetiga borib, imoratni ham, yerni ham hukumatga topshirish haqida ariza berib kelibdilar. Shunday qilib quloq boʻlish xavfidan qutulib qolgan ekanlar.

Umida, qizim, sening buvang, mening dadam Rahimbek Umarbekov 1956-yili 22-dekabrda, payshanba kuni kechqurun olamdan oʻtdi.

Oyim, singillarim, amakivachcham Muzrob ayvonimizdagi tancha atrofida oʻtirardik. Ketma-ket katta xonaga kirib, betob dadamlardan xabar olardik. Men kirganimda dadam koʻzlari ochiq, anchagina yengil nafas olib, shiftga qarab yotardilar. Meni koʻrdilar, nazarimda koʻzlari bilan jilmaygan boʻldilar. Ikki kuncha burun xuddi shu joyda, shu qora temir karavot yoniga meni chaqirib, vasiyat qilgan edilar. Yoʻq, vidolashmadilar, oʻlayapman, sen endi oilaning kattasisan, demadilar. Xotirjamlik bilan yonlariga oʻtkazib, qoʻlimni qoʻllariga oldilar:
— Oʻgʻlim, bir-ikkita odamga beradiganim bor. Imkoniyatingiz paydo boʻlganda berib qoʻysangiz. Xoʻpmi?
— Albatta, dada, — dedim men yuragim orqamga tortib. Gaplari vasiyat ekanini, oʻlimga tayyorgarlik koʻrayotganlarini darhol fahmlagan edim.
— Dada! Oʻzingiz hali oʻsha odamlami koʻrasiz. Turib ketasiz yaqinda! — dedim yupatishga intilib. Oʻshanda ularning qazo qilishlarini tasavvur ham qilolmagan, shunday kun yaqinligiga ishonmagan, ishongim kelmagan edi.

Dadam gapimni eshitib, ohista qoʻlimni qisib qoʻydilar, qoʻllari har doimgidek yumshoq, issiq edi.
— Bittasi Yunusbek tunukachi. Oying uyini biladi. Rakatda. Ikkinchisi Toʻlaganbek oppoqdadang. Bu odamga beradiganimiz koʻp emas. Lekin baribir qarz boʻynimda ketmasin.
— Xoʻp boʻladi, dada. Xavotir olmang. Hamma qarzlaringizni uzaman.
— Rahmat, oʻgʻlim. Boring endi. Oʻz ishlaringizni qiling. Men birpas uxlayman.

Dadamlarning shu gaplari, ovozlari hozir ham qulogʻim ostida, dilimda. Oʻsha kuni xotirjam yotganlarini koʻrib, oyoq uchida sekin chiqdim. Hamma menga qaradi.
— Uxlayaptilarmi? — soʻradilar oyim.
— Uygʻoqlar. Lekin tinch yotibdilar, — dedim men. Yarim soatlardan soʻng Muzrob xabar olgani kirdi va birdan koʻzlari olayib qoʻrqib chiqdi:
— Muzdaylar! Javob bermayaptilar!

Hammamiz oʻrnimizdan turib, katta xonaga otilib kirdik.

Dadam uxlamoqchi boʻlib yotganlaricha olamdan oʻtgan edilar... Ertasiga juma kuni Minorga, oʻzimizning xilxonaga qoʻyib keldik.

Opang ikkalamiz dadamning vafotlaridan keyin koʻp vaqt oʻtmay qarzlarini topshirdik. Toʻlaganbek amakim olmadilar. Ammo bizni farzandlik burchimizni ado etayotganimizdan xursand boʻlib duo qildilar, omad, baxt tiladilar.

Dadamlarni koʻpchilik «Mulla Rahimbek», «Rahimbek oqsoqol», «Rahimbek polvon», deb atardi. Shu murojaatlarning hammasida u kishiga nisbatan chuqur hurmat, e’tibor borligi koʻrinib turibdi.

Koʻcha-koʻyda ketayotganimizda hamma, katta-kichik u kishi bilan soʻrashardi, birinchi boʻlib salom berardi. Buning albatta sabablari koʻp. Dadam ochiq koʻngil, bagʻrikeng, saxiy, xalqimiz urf-odatlarining hammasini chuqur hurmat qiladigan odam edi.

Urush yillari, ayniqsa, dadamning qanday odam ekanliklarini men — anchagina esi kirib qolgan bola, tushundim. Hozir ham u kishining oʻsha paytlari qilgan ishlariga, odamlarga koʻrsatgan yaxshiliklariga qoyil qolaman, tahsin oʻqiyman. Meni u kishining oʻgʻli ekanimni bilib qolgan keksalar darhol qoʻllarini fotihaga yozadilar, u kishini maqtaydilar. Xudodan joylari jannatda boʻlishini tilaydilar.

Xolamga, oyimning opasiga qiynalib qolishganini koʻrib, sigirlarimizning bittasini berib yuborganlari esimda qolgan. Oʻzim haydab olib borib berganman.

* * *

Qarindosh-urugʻ, mahalladagi bironta ma’raka dadamning ishtirokisiz, yordamlarisiz oʻtmasdi. Shuning uchun uyimiz har kuni kechqurun gavjum boʻlardi. Kimgadir ular pul berardilar, kimgadir bir qop-yarim qop guruch, yo sabzavot olib borib berishni va’da qilardilar. U kishining ikki gʻildirakli «duvukolka» deyiladigan ikki kishilik izvoshlari bor edi. Ishga har kuni shu izvoshda borib kelardilar. Koʻpincha otni izvoshga men qoʻshardim. Dadam tekshirib, u yoq-bu yogʻini qattiqroq tortib qoʻyardilar. Otlar ichida esimda qolgani toʻq qizil rangdagi toʻriq ot. U juda chopqir va yoʻrgʻa edi. Menga ham yaxshi quloq solardi. Uning esimda qolgani shuki, bir yili Qoʻyliqda boʻlgan uloqda dadamning oʻrtoqlaridan biri shu otni soʻrab kelgani boʻldi. Uloqni oldi. Ammo tashlayotganda ot nimadandir hurkib, uni yiqitib qochdi. Bir haftadan soʻng Samarqand darvoza tomondagi ekinzor ichidan topib keldik. Shuning uchun dadam farzandlari urushga ketgan keksalarga bozordan u-bu olib berib turardilar. Men yonlarida yordamlashardim.

Biz urush boshlanganini oʻsha tarrxiy 1941-yilning 22-iyuni, yakshanba kuni kunduzi eshitib qoldik.

* * *

Nemislar bosib olgan shaharlardan qochib kelganlar Toshkentda asosan shu tomonlarda joylasha boshlagandilar. Buning uchta sababi bor edi. Birinchidan, temiryoʻl vokzali shu tomonda edi, ikki chaqirimcha undan berida xristian cherkovi qad koʻtargan, roʻparasida Oʻrta Osiyodagi eng katta harbiy gospital joylashgan edi. Yana bir chaqirimcha berida, maktabimizning yaqinida Mirobod bozori, Tezikov bozori ham uncha uzoq emasdi.

Menimcha, turli shaharlardan har kuni eshelon-eshelon kelayotganlarning koʻproq shu tomonlardan turar joy soʻroqlashlariga sabab shular edi. Koʻcha-koʻyda, bozorda tilanchilar, choʻntakkesarlar, och-gadolar koʻpayib ketdi. Hokimiyat tekin oshxonalar ochib qoʻygan boʻlsa ham, koʻchib kelayotganlarning hammasini turar joy bilan ta’minlasa ham bozor ichi toʻpolon, tinch oʻtish qiyin boʻlib qoldi. Lekin bu biz bolalarni tashvishga solgani yoʻq. Toʻpolon, urush-janjal, qiy-chuvni qaysi bola chetlab oʻtgisi keladi?

Ikkita katta hovli atrofi imoratlar — sinflardan iborat maktabimizning yarmini Ukraina, Belorussiyadan koʻchib kelganlar egallashdi. Oʻqish ikki smenada oʻtadigan boʻldi. Pastki sinflarni avval birinchi smenada qoldirishdi. Ammo bir soat oldinga koʻchirishdi. Birinchi, ikkinchi sinf bolalarining koʻpi oʻqishga kechikadigan boʻlib qoldi. Shundan keyin yuqori sinflarni birinchi smenaga koʻchirishdi. Biz oʻshanda rosa quvondik. Erta turishirniz zarurligini, bozor-oʻcharga cMqishirniz, juda boʻlmaganda non, paxta yogʻiga navbat olib qoʻyishimizni esimizdan chiqargan edik. Men opam bilan non, yogʻga navbat olish uchun chiqardim. Keyingi ishim uyda molga qarash, tonggi sogʻilgan sutni mijozlarimizga tarqatish, ortib qolganini baland ovoz bilan qichqirib koʻcha-koʻyda sotib kelish edi. Bu ishni men bir oʻzim emas, oyimlar bilan birga qilardim. Ertalabki sut oʻn litrli bidonlarda uch bidon chiqardi. Ikki bidon bilan oyim ketardilar. Bir bidon bilan yarim litrli shisha bankani koʻtarib, uyqu bosgan koʻzlarimni ishqalab-ishqalab men ketardim.

* * *

Qish kunlarining birida dadam uyga rus chol-kampir bilan oʻrta yoshli bir ayolni boshlab keldilar.
— Bugun vokzalda edim, kelganlarning hammasi har qayoqqa ketishyapti. Bular turishibdi. Qayoqqa borishlarini bilishmaydi. Yuklari yoʻq. Leningraddan kelishibdi. Boshlab kelaverdim. Bitta xonani beramiz. Bitta oila ekan.

Dadam shunday deb, bizni ularga tanishtirdilar.

Katta xonamizni, ikki eshikli, oynavonli ayvonimizning bir eshigi yonidan faner bilan toʻstirib, ularga ajratib berdik. Uyda uchta toʻr simli temir karavot bor edi. Shularni ham ularga berib, oʻzimiz yerda yotadigan boldik.
— Bular yerda yotishga oʻrganmagan. Keyin uchalovi ham ziyoli odamlar ekan.

Xotini oʻqituvchi, oʻzi, qizi doktor ekan, - dedilar bizni oʻzlaricha ovutgan boʻlib dadam.

Leningradlik mehmonlar toʻrt yildan ziyod, 1946-yilning yozigacha biznikida turishdi. Bagʻrikenglik qilinsa, kichkinajoyga ham sigʻib ketaverilar ekan. Ular uch kishi bir uy, ayvonning choragida; oyim, opam, dadam, yana toʻrtta bola bir uy, ayvonning qolgan qismida hech qanday xunob-garchiliksiz shuncha yilni oʻtkazdik. Ular bilan bir oiladek boʻlib ketdik.

* * *

Stalingraddagi jangdan keyin oʻzbek xonadonlarida yigʻi-sigʻi koʻpayib ketdi. Pochtalyon har kuni qoraxat koʻtarib keladigan, xonadonlarda ketma-ket janoza oʻqiladigan boʻlib qoldi.

* * *

«Qoraxat» degan balo bizning qarindoshlarimiznikiga ham keladigan boʻlib qoldi. Birinchi boʻlib bu kulfatni ammam eshitdilar. Katta oʻgʻillari Ahmad akadan qoraxat keldi. Stalingrad ostonasida boʻlgan jangda qahramonlarcha halok boʻlganlarini urushdan keyin bildik. Ularni deyarli tayyorgarchiliksiz, juda oz oʻqitib, urushga solishgan. Ba’zilar miltiqni qanday oʻqlashni bilmay oʻlib ketishgan. Oʻsha kuni ammamning uylari birpasda odamga toʻldi. Hamma qarindoshlar yigʻilishdi. Ammo ammam, Nazira kelinoyim janoza ochirmadilar. Qoraxat kelib, orqasidan oʻzi kirib kelgan odamlar yoʻq emasdi.
— Kutaman, — dedi Nazira kelinoyim. — Balki omondirlar?

Hech kim e’tiroz bildirmadi.

Nazira kelinoyim uch bolasi bilan Ahmad akani olamdan oʻtguniga qadar kutdi. Adashmasam 1988—1989-yillarda u qazo qildi. Men u xotinning eriga boʻlgan sadoqati, bolalariga mehri va matonatiga tahsin oʻqiyman. Ahmadjon akadan qoraxat kelgan kundan keyin koʻp oʻtmay, katta qizlari Hakima tutqanoq kasaliga chalinib qoldi. Singlisi Sharifa bilan men birinchi sinfga borganimizda u uchinchi sinfni bitirgan edi. Oʻz yoshiga nisbatan gavdasi katta, toʻladan kelgan, quvnoq, shoʻx qiz edi u. Oʻqishi ham yaxshi, hamma fanlardan a’loga oʻqirdi. Kasali zoʻrayib, u esini ham yoʻqotdi. Dadam, oyisi, boshqa qarindoshlarimizning uni koʻrsatmagan shifokorlari qolmadi. Ammo Hakima tuzalmadi. Ancha yillar oʻtib, qazo qilib ketdi.

* * *

Ikkinchi jahon urushi tugaganiga yaqinda yarim asr boʻladi. Bu urush yer yuzidagi deyarli barcha xalqlar tarixida mudhish, fojiali hodisa boʻldi.

Uyimiz roʻparasidagi harbiy kazarmani men ana shu urushning tugashiga munosib hissa qoʻshgan katta bir karvonsaroyga oʻxshataman. Shu yerdan xalq belini tugib, dushman qarshisiga otlandi, oʻlim bilan yuzma-yuz kcldi. Vatan, doʻsllik, birodarlik qasamiga oʻzini safarbar qildi. Dahshatli urush oʻzbek xalqining bir soʻzli xalq ekanini, mard, doʻstlariga sodiq ekanini, sabr-toqatli, zahmatkash xalq ekanini koʻrsatdi. Shu bilan birga bu urush qancha odamlarning yostigʻini quritdi. Qizim, Umida, men senga atab, murakkab, katta urushning bir kichkina boʻlagini qisqacha qogʻozga tushirdim. Lekin shu qisqacha hikoyadan ham oʻz xalqingning qanday ekanini koʻrib turibsan. U bilan faxrlan. Men — dadang kabi shu xalqni sev, unga sodiq boʻl, uning xizmatini qil. Bilaman, ishonaman, sen oʻz xalqingning obroʻsiga obroʻ qoʻshadigan, uning duosini oladigan ishlar qilasan. Qodirsan shunga, niyatingga yet, omad, baxt hamisha senga yor boʻlsin!

* * *

Oyimlar ham asli toshkentliklar. Tugʻilgan joylari ma’lum — Yakkasaroy, Gubrbogʻ mahallalarining pastida, Damariq mahallasi boʻlgan. Mahallaning chor atrofi kolxoz yerlariga tutashganligi hali-hali esimda. Damariqning boshida uzun boloxonali qoʻrgʻon boʻlardi. Toʻrtala tomoni boloxona, pasti turar joy, oshxona, molxona, hisobsiz hujralar. Shu qoʻrgʻonni Doʻsimboy degan odam qurgan. Aytishlaricha, u katta yilqichi savdogarlardan ekan. Qoʻrgʻonga yaqin joyda paxta zavodi ham boʻlgan ekan. Oyim, ya’ni buving shu odamning nevarasi. Sen oyimlarning oyilarini, mening buvimni oʻqishga boʻlgan havasing bilan eslatasan. Koʻpchilik orasida Hojar otin deb nom olgan oyimlarning oyilari oʻz davrining ancha oʻqimishli ayollaridan edi. Koʻp marta men buning guvohi boʻlganman. Juda yaxshi Qur'on oʻqirdilar, uning suralarini sodda qilib tushuntirib berardilar. Bundan tashqari juda koʻp tarixiy, badiiy kitoblarni oʻqib tushirganlarini gap orasida anglab olish qiyin emas edi. Ammo oʻzlaricha hech mahal oʻqimishli ekanliklarini koʻz-koʻz qilishga, boshqalardan oʻzlarini baland tutishga intilmasdilar. Mashhur Hotamtoy, Xorun ar-Rashid, Layli va Majnun haqidagi arab afsonalarini va yana allaqancha «Ming bir kecha»dek davom etadigan ertaklarni men u kishidan eshitganman. Kim biladi, balki badiiy adabiyotga qiziqishni menga u kishi oʻrgatgandir!

* * *

Men buvimlarni tez-tez koʻrishni, biznikiga kelishlarini, yo ularnikiga borishni yaxshi koʻrardim. Koʻproq biznikiga kelishlari ma’qul edi. Biznikiga kelsalar, besh-olti kun turardilar. Har kecha toʻyib-toʻyib choʻpchak eshitardik.

Buvimning yoshliklarini eslatuvchi birorta rasm, surat boʻlmasa ham ularning chiroyli, kelishgan ayol boʻlganlari shunday bilinib turardi. Oʻrta boʻyli, qirra burun, qizil magʻiz, qomatlari tik, qoʻllari tekis, panjalari uzun, yumshoq. Men uchun buvim maqtasa, gʻururlansa arziydigan oʻzbek ayollarining yorqin timsoli edilar. Endi-endi tushunyapman, u kishi otalari Doʻsimboy buvamizni juda yaxshi koʻrganlar. Chunki atroflarida qachon bolalar toʻplanmasin, biz, bolalar esa, koʻpchilik edik, ular koʻpincha otalari haqida, u kishining ot minishi, uloq tushishi, bolalarni yaxshi koʻrgani haqida gapirardilar.
— U kishidan poʻlat sandiq qolgan, — derdilar. — Qulfi, zulfi poʻlatdan. Oʻzi tutdan. Bu sandiqni hech qurt yemaydi. Doim ichi toza turadi. Qulfiga shunday kalit solinishi bilan jarang-jurung qilib ochiladi. Otam rahmatli shu sandiqda pul, shirinlik, quruq meva saqlardilar. Sandiq uch boʻlimdan iborat. Bittasida tanga pul turardi, bittasida quruq meva, bittasida chaqmoq qand. Har kuni otam shu sandiqni ochib, hamma bolalarni chaqirardilar. Avval ularga pul tashlardilar. Muhtojlik boshlaringga tushmasin, deb duo qilardilar. Keyin quruq meva tashlardilar. Koʻryapsizlarmi, turshak, jiyda, mayiz, yongʻoq — hammasi birga turibdi. Sizlar ham shunday birga, ahil boʻlib, bir-birlaringga hurmat bilan qarab yashanglar, derdilar. Oxiri chaqmoq qandni bolalar ustiga tash¬lardilar. «Har biringizning hayotingiz shu qanddek shirin boʻlsin», deb yana duo qilardilar. Oʻsha sandiq ana, taxmonda turibdi. Bittalaringga uni, albatta, qoldirib ketaman. Yaxshi kunlarga xizmat qilsin.

Umida, buvim olamdan oʻtganlaridan keyin oʻsha sandiqni biznikiga olib kelishdi. Buvim menga qoldirib ketdilar. Oshxonamizning oldida turgan qizil taxta sandiq Doʻsimboy buvamiz bolalarga atab bitta boʻlagida chaq¬moq qand, bitta boʻlagida tanga pul, bitta boʻlagida quruq meva saqlagan oʻsha sandiq boʻladi. Turaversin, u buvnarimiz, bobolarimizning oʻz davrida ancha toʻq, ahil, totuv, bir-birlarini hurmat qilib yashaganlaridan nishona.

Buvimning katta qizlari Savri xolam ham xuddi buvimlardek chiroyli, kelishgan ayol edilar. Men u kishining biron joyda ishlaganlarini bilmayman.

Lekin ishlari koʻp edi. Buvimdan chevarlik, moshinachilik, xullas, turli tikuv hunarlari u kishiga ham oʻtgan edi. Xoh oʻz uylarida boʻlsin, xoh bizniki yoki buvimlarnikida boʻlsin, biron narsa tikib, qavib oʻtirardilar. Eski uyimizdagi koʻpgina koʻrpa, koʻrpachalarni xolam qaviganlar. Qoʻli gul ayol, deyishardi u kishini qarindosh-urugʻlar, tanish-bilishlar.

* * *

Uyda bir kichkina surat bor. Oyim bilan mening suratim. Kuz boʻlsa kerak, men paltodaman. Oyim makentoshdalar. Boshlariga roʻmol oʻrab olganlar. Bir siqim qora sochlari roʻmol tagidan peshanalari ustida chiqib turibdi. Suratkash ikkalamizni fotoapparatga qarab turishimizni talab qilgan boʻlsa kerak, men koʻzlarimni katta ochib, tikilib turibman. Oyimlarning ham nigohlari shu tomonda. Lekin menga qaramayotgan boʻlsalar ham mehr toʻla koʻzlari, butun vujudlari, dillari menda ekani sezilib turibdi.

Odam qariganida, bolali, nevarali boʻlganida ham ota-ona mehriga zor boʻlar ekan. Qani endi hozir oyim tirik boʻlsalar, yurtimdan olis bir joyda Xudodan shifo tilab shiftga qarab yotgan paytimda yonimga kelsalar, gʻadir-budur, ammo issiq qoʻllarini peshanamga qoʻyib, meni yupatsalar. Qani endi ularning tiniq, shirali ovozlarini eshitsam? Albatta, ular meni yupatadigan, koʻnglimni koʻtaradigan gaplar topardilar. Yoʻq, menga hozir ularning gaplari ham kerak emas, oʻzlarini koʻrsam kifoya edi. Kim biladi, balki men hozir ularni eslab, oʻzimning manfaatimni oʻylab shunday deyayotgandirman? Balki, mening hozirgi ahvolimni koʻrmaganlari ma’quldir. Koʻrsalar ezilib ketarmidilar? Ammo bilaman, ogʻirimni yengil qilish uchun oʻzlarini oʻtga, suvga urib, Xudodan menga shifo tilardilar.

Dadamlar-chi? U kishi ham shunday. Sira esimdan chiqmaydi. Uchinchimi, toʻrtinchi sinfda oʻqiyman. Qishda birdan jagʻ tishim ogʻrib qoldi. Kechasi bilan uxlamay, dumalab chiqdim. Ahvolimni koʻrib, oyim ham, dadam ham uxlashgani yoʻq. Namakob qilib, gʻargʻara qildirib koʻrishdi. Margansovka bilan ham chaydirishdi. Issiq guvalaga yuzimni qoʻyib yotqizishdi. Qani endi ogʻriq bosilsa?! Ertalabga borib, yana zoʻrayib ketdi. Dod, deb yigʻlab yubordim. Dadamning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. Izvosh qoʻshishni kutmay, tezda meni kiyintirib tramvayda Eski Joʻvaga olib bordilar. Shu yerda bir tanish tish doʻxtiri bor ekan. Doktor koʻrib, birpasda ogʻriq tishni sugʻurib oldi. Hatto sezmay ham qoldim. Ancha yiring chiqdi. Keyin birdan ogʻriq qoldi. Dadam meni quchoqlab, bagʻrilariga bosdilar.

U kishi hozir mening ahvolimni koʻrsalar, es-hushlarini yoʻqotib qoʻyishlariga aminman. Yoʻq, yaxshisi ular hozirgi holatimni koʻrmaganlari ma’qul. Balki, koʻrib turishgandir? Balki, Yaratganning oʻzidan menga shifo tilashayotgandir? Ularning iltijolari bilan, qizim, sening, opangning iltijolari bilan Xudo menga shifo berayotgandir? Ajab emas shunday boʻlsa!

Dada, oyi! Joylaringiz jannatda boʻlsin. Har kuni Xudodan men shuni soʻrayman. Qanday farzand edim sizlarga, farzandlik burchimni qanday ado etdim? Buni sizlar, oʻzingiz bilasizlar. Xudo biladi. Ammo men sizlardek otam, onam boʻlganidan faxrlanaman.

Umida, qizim, sen buvangni bilmaysan. Lekin oz boʻlsa ham buvingni koʻrgansan. Unutma ularni. Ular yaxshi odamlar edi. Halol mehnat bilan yashashdi, birovning haqiga xiyonat qilishgani yoʻq, qoʻllaridan kelganicha odamlarga yaxshilik qilishdi. Bizni, ya’ni men — dadangni, amaking, ammalaringni oʻqitishdi, pokiza, halol yashashga oʻrgatishdi.

* * *

Men oyimni savodsizlikni tugatish kursiga qatnay boshlagan paytlaridan boshlab eslayman. Oʻshanda demak, uch-toʻrt yoshli bola edim. Kurs koʻchamizning oxiridagi klubda joylashgan edi. Oyim meni ham olib borardilar. U yerda besh-oʻnta qizga eski oʻzbek tilidan oʻrgatardilar, oʻzlari esa boshqa kursga kirib, lotin aliibosini oʻrganardilar. Shu klubdan bir muyulish narida Mirobod bozorining darvozasidan beriroqda Abdulla Avloniylar uyi joylashgan edi. Men koʻp vaqt oyim bilan, ba’zan dadam bilan shu uyga kelib turardik. Oyimlarning aytishlaricha, Abdulla Avloniy ularga shaxmatni oʻrgatgan, yozuv-oʻquvlaridan ham xabardor boʻlib turgan. Ammo men Abdulla Avloniyni koʻrmaganman. Dadam tomonidan bu buyuk ma’rifatchi olim, shoirning qandaydir qarindoshligi bor, deyishadi. Lekin gap bunda emas. Abdulla Avloniy butun oʻzbek xalqining qarindoshi, faxri va unutilmas farzandidir.

* * *

Abdulla Avloniynikida ulugʻ odamlarning yigʻilib turishlari qarindosh-urugʻ, tanish-bilishlarga ham oʻz ta’sirini oʻtkazmay qolmagan. Masalan, dadam adabiyotdan chetda boʻlishlariga qaramay, adabiyot, san'atga mehr qoʻyganlar, san'atkorlar, yozuvchilar bilan yaqin munosabatda boʻlganlar. Yimus Rajabiy, Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev, Gʻafur Gʻulom, Karim Moʻminov va boshqa bir qancha adib, san'atkorlar biznikida tez-tez boʻlib turishardi.

* * *

Bir kuni maktabdan kelsam, oyim kitob oʻqib oʻtirib, yigʻlayaptilar. Dadamlardan xavotir olib, choʻchidim, oldilariga yugurib bordim.
— Oyi! Tinchlikmi?
— E, bolam, tinchlik qayoqda? — dedilar oyim kitobdan boshlarini koʻtarmay. - Yer yutkur Zaynab Kumushni zaharlab qoʻydi!..

Ancha yengil tortdim. Gap shundaki, A. Qodiriyning «Oʻtkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlarini men oʻqimagan boʻlsam ham mazmunlari bilan tanish edim. Dadam, oyim biz bolalarga aytib berishgan edi.

Arab alifbosida chop etilgan eski kitob yana oyimlarning qoʻllariga tushib qolibdi. Oshxonani supurayotib, koʻmir yashiklar orqasidan topib olibdilar. Qiziqib ketib, yana oʻqishga tushibdilar. Kitobning yarmi yoʻq edi. Yoshlarini artar ekanlar, meni ogohlantirdilar.
— Maktabda tagʻin shu kitobni oʻqiyotganimni aytib oʻtirma. Qodiriyni xalq dushmani qilib yuborishgan.

Va’da berdim. Ammo ovoz chiqarib oʻqishlarini iltimos qildim. Toʻrt kechami, besh kechami oz-ozginadan oʻqidilar. Butun oila boʻlib eshitdik. Davomi yoʻq edi. Shunda dadam kimlarda borligini aytdilar. Bir tanishimiznikiga opam, ikkinchisinikiga men bordim. Ismi sharifini aytmayman, men borgan odam, dadamning yaqin oʻrtoqlaridan biri, maktabimiz oʻqituvchisi edi.

Iltimosimni eshitib, u kishi uzoq boshini egib oʻtirdi.
— Vaqti kelib bu kitobni oʻqiysan, — dedi axiyri. — Lekin hozir hech kimdan surishtirma, Menda ham yoʻq.

Unda borligini fahmladim, lekin javobi menga kifoya edi. Opam ham kitobni topolmadilar.

Oradan ikki-uch oy oʻtgach, oyimning oʻzlari qayerdandir shu kitobni topib keldilar. Boshidan oxirigacha oʻqib berdilar. Kitobni oʻqiyotgandagi hayajondan dam titragan, dam yigʻi aralashgan ovozlari hamon qulogʻim ostida.

«Oʻtkan kunlar» - ulugʻ kitob. Faqat oʻzbek adabiyotining emas, butun musulmon xalqlari madaniyatining faxri.

Abdulla Avloniyning: «Millat bari arbokash-u hammoldir, afti-angori qaro, kiygani juldur-juldur» satrlarini oʻsha yillari dadamdan eshitganman.

* * *

Oyim shovqin-suronsiz, shikoyatsiz, sokin, tinch umr kechirdilar. Shunday sokin, tinch, shikoyatsiz olamdan oʻtdilar.

Shifokorlar imkonlari boricha, u kishining ogʻriqsiz, uzoq umr koʻrishlariga harakat qilishdi. Ammo hammaning peshanasiga yozilgani boʻladi. Sakson ikki yil yashab, oyinining birovga ogʻirliklari tushganini, birovdan oʻpkalanganlarini bilmayman. Oyim chinakam oʻzbek ayoli edilar.

* * *

Nazarimda Moskvada meni davolay boshlaganlaridan beri, anchagina dilim tinchib, qoʻlimga qalam oladigan holatga kelganimdan beri senga atab yozmoqchi boʻlganlarim nihoyasiga yetib qoldi. Hozircha kifoya. Xudo xohlasa, uyga qaytsam, esimga tushgan voqealarni yozib berarman. Xatlarimning soʻngida ustoz Abdulla Qahhorga oʻxshab, senga, qizim, beradigan ikkita maslahatim bor. Birinchisi:
— Bu dunyoda opangchalik senga mehribon, yaqin, aziz, sendan jonini ham ayamaydigan odam yoʻq. Birga boʻl. Yolgʻizlatib qoʻyma. Asra.

Ikkinchi maslahatim:
— Davr oʻzgarib ketdi, qadriyatlar oʻzgardi. Lekin hamma davrda halol mehnat, poklik, odamiylik qadrlangan. Shu yodingda boʻlsin.

Yolgʻizim, suyukligim, xayr, omon boʻl, baxtli boʻl.