OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiSevgim-sevgilim (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm137KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Ўлмас Умарбековнинг «Танланган асарлар»и II жилдидан олинди.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sevgim-sevgilim (qissa)
Oʻlmas Umarbekov

1

Bu voqeaga ancha boʻldi. Men endigina institutni tamomlagan yigirma ikki-yigirma uch yoshlardagi yigit edim. Orzu-havas katta. Qayoqqa qoʻl uzatsam, yetadi. Bilaklarimda quvvat, qalbimda gʻayrat joʻsh urardi.

Yoshlik endigina qanot chiqargan uchirma qushga oʻxshaydi. Hech narsadan tap tortmaydi, hech narsadan choʻchimaydi. Butun borliq unga yangicha, sirli boʻlib tuyuladi. Hamma narsani koʻrgisi, bilgisi, hamma narsada oʻzidan qandaydir iz qoldirgisi keladi. Lekin bu izning qanday boʻlishini, unga sevinch baxsh etadimi, yo gʻam keltiradimi, toʻgʻrirogʻi, bilishni istamaydi. Agar shu istak unda hamma narsadan kuchli boʻlganda edi oʻzini bunchalik tutmasmidi?! Kim biladi, balki men xato qilayotgandirman. Rostini aytganda, buning hozir mendan boshqa hech kimga ahamiyati yoʻq. Biroq men oʻzimni uchirma qushdek his qilib, oʻsha paytlar notanish joylarga ketib qolganimdan sira afsuslanmayman.

Gap shundaki, men Yakkachinor qishlogʻiga ishga joʻnadim. Rostini aytsam, otam majbur qildi. Institutda meni aspiranturaga olib qolishmoqchi edi. Otam shaharda qolmaysan, qishloqda ishlab kelasan, bu oʻzingga foyda boʻladi, deb turib oldi. Qanaqa foyda keltirishi mumkin qishloq shahar turganda?

Men unga avval tushunmadim. Jahlim chiqdi. Axir oʻzingiz oʻylab koʻring, men uning yolgʻiz oʻgʻli boʻlsam, buning ustiga oʻzi ancha keksayib qolgan boʻlsa, nega meni haydaydi?

Men juda erka oʻsgan edim. Onam toʻqqiz yoshligimda zotiljam kasalligidan vafot etgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, otamning menga boʻlgan munosabatida ikki kishining mehrini his qilardim. Tarbiyamga bu ta’sir qilmay qolmadi, albatta. Mendagi ikkilanish, hadiksirash kabi illatlar, balki shuning oqibatidir? Sirasini aytganda, bir onadan har xil bola tugʻiladi, deyishadi. Ammo buning hozir kizigʻi yoʻq. Har kim oʻz qilmishlariga oʻzi javobgar boʻlishi kerak.

Shunday qilib, jahlim chiqsa ham otamning ra’yini qaytarmadim. Institutda menga taklif qilingan joylar orasida «Yakkachinor» nomli kolxoz ham bor edi. Samarqand oblastida, togʻning tagida ekan bu kolxoz. Qishloq ham Yakkachinor, deb atalar ekan. Shuni tanladim. Hozir oʻsha yillarni eslasam, institutda qolmaganimga xursand boʻlaman, xursand boʻlamanu butun hayotimni bir umr ogʻir musibatlarga gʻarq qilganimdan oʻksinaman...

Diplom olgan kunim kechqurun shaharda qolgan oʻrtoqlarim bilan «Toshkent» restoranida quyuq xayrlashib, uyga keldim-da, yoʻl hozirligini koʻra boshladim. Samolyot Samarqandga tunda uchishi kerak edi. Xayrlashayotib otam bir oz koʻz yoshi qilib oldi. Uning qovoqlari salqigan, taram-taram ajin bosgan ozgʻin yuziga qarab, rahmim kelib ketdi. Lekin nachora? Oʻzi ketishimni istagan edi. Tez-tez xat yozib turishga va’da berib, uydan chiqdim. Ikki soatcha aeroportda sanqib, nihoyat samolyotga oʻtirdim.

Charchagan ekanman, darrov koʻzim ilindi. Samolyot yerda pildirab ketayotganida uygʻondim. Koʻp oʻtmay, tong ota boshladi. Yana yoʻl harakatiga tushdim. Lekin ancha vaqt shaharda qolib ketdim: Yakkachinorga boradigan bironta ham mashina yoʻq edi. Shofyorlardan bittasi bozorga borishni, «Yakkachinor» kolxoz doʻkonini topishni maslahat berdi.
— Topsam nima boʻladi? — hayron boʻlib soʻradim.
— Topsangiz, mashina boʻladi-da, akasi! — dedi shofyor. — Doʻkonga mol-pol keladi-ku, axir!

Minnatdorchilik bildirib, bozorga yoʻl oldim. Bir amallab doʻkonni topdim ham. Biroq u berk edi. Boshim qotib bozorning oʻrtasiga joylashgan choyxonaga kirdim. Hali oʻtirganim ham yoʻq ediki, shopmoʻylov choyxonachi bir choynak koʻk choy bilan patnisda toʻrt chaqmoq qand va yangi uzilgan Samarqand nonidan keltirib qoʻydi.
— Mehmon nima istaydilar? — soʻradi u tabassum bilan choyni shopirar ekan.
— Qaymoq, — dedim men.

Shu topdayoq bir sopol tovoq qaymoq oldimda hozir boʻldi.
— Mana, mehmon, marhamat qilsinlar, — dedi choyxonachi yana tabassum qilib.

Samarqand bozorlaridagi qaymoq bilan tandir nonining dovrugʻini eshitgan edim. Ammo bunchalik mazali boʻlishini bilmasdim. Non koʻrinishda Toshkentning shirmonidan farq qilmaydi. Faqat bezaksiz, sipo. Shuning uchun ham shirmondan anchagina yeyildi. Qaymoq ham quyuq, tovoqning chetlarida yangiligidan darak berib, koʻpirib turadi. Mazasi demasangiz, xuddi nisholdaning oʻzi. Bir tishlam nonni unga botirib, ogʻzingizga soldingizmi, tamom, tovoqni sob qilguningizcha oʻrningizdan turmaysiz.

Nonushta qilib boʻlib, qayoqqa borishimni bilmay turganimda:
— Yoʻl boʻlsin, mehmon? — deb soʻradi choyxonachi.
— Yakkachinorga, — dedim hafsalasizlik bilan. Keyin nimaningdir ilinjida soʻradim. — Bilasizmi?
— Kim bilmaydi? — dedi choyxonachi jilmayib. — Uzumning koni bu qishloq. Innaykeyin, bizzi jiyan Yakkachinorga doʻxtir!.. Sizni oʻsha yoqa otpravka qilishdimi?
— Ha, — dedim men ham noiloj iljayib. Choyxonachi boshini liqillatib qoʻydi. Aftidan, menga achinayotganday edi.
— Juda olis... — dedi choyxonachi battar boshini liqillatib. — A, nichavo!.. Koʻnikib ketasiz. Mana, bizzi jiyan. Uch-toʻrt oydan beri jim. Ungacha besh-olti marta qochaman, deb kategoricheskiy xat yozgan. Hozir jim. Innaykeyin...
— Avtobus yuradimi? — soʻradim gapini boʻlib.
— Avtobus? — choyxonachi aftini burishtirdi, keyin yana ogʻzini katta ochib jilmaydi. — Avtobus yoʻq. Lekin xafa boʻlmang. Poputniy mashina boʻlib turadi. Qani, toʻxtang-chi!

Choyxonachi qoʻlidagi piyola sochiqni yelkasiga tashlab, choyxonadan chiqib ketdi. Ancha kutdim. Bir mahal tojikcha gaplashib, qop-qora bir yigitni boshlab keldi.
— Shu yigit eltib qoʻyadi, — dedi choyxonachi yigitga ishora qilib. — Choy haqi bersangiz boʻldi.
— Xoʻp, — dedim. Koʻp savdolashmay kirani kelishdik. Yigit yoʻl boshladi. Choyxonachi bozor darvozasigacha kuzatib chiqdi. Mashinaga oʻtirganimda u bitta kir xaltani uzatdi.
— Shoʻrdanak. Bizdan jiyanga — Mavlonga berib qoʻying. Salom ayting. Onasiga xat yozsin. Omon boʻling. Samarqandga kslsangiz kiring!

Yoʻlga tushdik.

2

Yakkachinor — ikki togʻ oraligʻida qisilib yotgan kichkina qishloq. Aholisi ham uncha koʻp emas. Yuz xonadondan oshmaydi. Odamlarning deyarli hammasi shu yerlik. Shu yerda tupilishgan, shu yerda oʻsishgan, shu yerda ajoyib bogʻlar yaratishgan. Bu bogʻlarning dovrugʻi butun respublikaga ketgan. Qaysi bir yozuvchining kitobida yozilganidek, poʻstini archib, tanglayingga bosishing bilan erib ketadigan sap-sarigʻ shaftolilar, har biri piyoladek-piyoladek keladigan achchiq-chuchuk qizil olmalar shu yerda bitadi. Chet el yarmarkalarida oʻttizdan ortiq oltin medalь olgan oʻzbekning «Oq musallas»i ham Yakkachinorning buvakisidan. Tokzor bu yerda bir necha oʻn gektarga choʻzilgan boʻlib, bir yogʻi Zarafshonga, bir yogʻi toqqa tutashib ketgan.

Yakkachinor qishlogʻi yangi kelgan kishiga koʻrimsizroq, betartibroq koʻrinadi. Lekin bu birinchi taassurot. Soʻnggi yillarda men koʻp qishloqlarda boʻldim. Hammasining oʻziga xos fazilati, husni bor. Ammo hech qaysisi Yakkachinorga tenglasha olmaydi. Qishloqni ikkita teng qismga boʻlib koʻcha oʻtgan. Samarqanddan choʻzilib kelgan bu koʻcha shu yerda toqqa tutashib, yoʻqolib ketadi. Katta yoʻl faqat shu. Biroq qishloq hisobsiz tor koʻcha va soʻqmoqlar bilan toʻla. Deyarli har bir uydan toqqa, dalaga yoʻl chiqadi. Past-baland bu yoʻllardan shaharlik kishining yurishi qiyin. Lekin yakkachinorliklar parvo qilishmaydi. Boshlariga katta-katta savatlarni qoʻyib olib, togʻdan qishloqqa, qishloqdan toqqa chiqib ketaveradilar. Bolalar ham, ayollar ham xuddi shunday.

Ularning mehmondoʻstligini aytmaysizmi? Agar biron kishinikiga mehmon kelib qolsa, hammasi navbatma-navbat chaqirishadi. Bormaganingizga qoʻyishmaydi. Bordingizmi, tamom, butun boyligini oldingizga toʻkadi. Hech narsasi boʻlmasa, bir patnis non bilan choy qoʻyib, ashula qilib beradi. Qishloqda bironta odam yoʻqki, ashula aytishni yoki qandaydir muzika asbobini chalishni bilmasin! Erta tong mahali, hali quyosh togʻning ortidan koʻtarilmasdan dalaga chiqsangiz, qishloqning oʻng tomonida osma koʻprik kesib turgan olmazordan oʻtib, daryo labiga borsangiz, hisobsiz qoʻy-qoʻzi podalarini koʻrasiz. Ular endigina boshini suvdan koʻtarishi bilan olisdan nay tovushi eshitiladi. Qoʻylar bu mayin, yuz xil ohangda yangrayotgan yoqimli tovushni bilishadi va birin-ketin oʻsha tomonga yurishadi. Sizning ham oʻsha yoqqa beixtiyor oyogʻingiz tortadi, bir daqiqa tashvishlaringizni unutasiz, oʻzingizni qandaydir bir sehrli dunyoda his qilasiz, onalaridan oʻynoqlab ortda qolib ketgan qoʻzilarning har chekkadan tartibsiz ma’rashi ham qulogʻingizga xuddi nay sadosidek yoqimli eshitiladi. Men koʻp tonglarni ana shunday, daryo labida oʻtkazganman. Quyoshning oltin nurlariga choʻmilgan daraxtlar, kumush jilgʻalarga tikilib, choʻpon nayining sirli sadolariga quloq solganman. Zarafshonning beshik-beshik toʻlqinlanib, sekin oqishi meni maftun qilgan...

Yakkachinor oqshomlarining ham goʻzal husni bor. Kun qorayishi bilan butun qishloq qorongʻulik ichiga gʻarq boʻladi. Oltinrang derazalargina bu yerda uylar borligidan darak beradi, xolos. Yarim kechaga borib chirogʻlar birin-ketin soʻnadi. Shunda dalada boʻlsangiz, olisda, baland qoyaning tepasida oy nuridan barglari mayda-mayda yulduzchalar hosil qilib, qishloq tomonga egilib turgan daraxtni koʻrasiz. Bu yakkachinor. Qishloq shu chinorning nomiga qoʻyilgan. Chinorni qishloqning hamma yeridan koʻrish mumkin. Qorongʻilikda u xuddi qoʻlini qishloq tomon choʻzib turgan devqomat inson haykaliday tuyuladi. Ba’zi qariyalar serxarxasha bolalarini shu chinor bilan olaboʻji, deb qoʻrqitadilar. Lekin sevishganlar uchun esa u abadiy sevgi, vafo timsoli boʻlib tuyuladi. Rivoyatlarga qaraganda, bir choʻpon yigit begona mamlakat malikasini tushida koʻrib, oshiq boʻlib qolibdi. Dard zoʻr kelib, qari onasi va oy desa oy, kun desa kundek yoshgina xotinini tashlab, qishloqdan bosh olib ketibdi. Oradan koʻp yillar oʻtibdi. Bir kuii tong mahali tul qolgan bechora juvon koʻza koʻtarib suvga chiqsa, eshik tagida bevafo eri turgan emish. Yigit unga boshidan oʻtgan voqealarni gapirib, oʻz yurtidan boʻlak yurt yoʻqligini, oʻz xotinidan koʻhlik ayol yoʻqdigini aytibdi va gunohidan oʻtishni soʻrabdi. Juvon koʻnmabdi. Yigit ketibdi. Togʻda makon qilibdi. U kunduzlari hech kimga koʻrinmay qoyalar orasida yotar ekan. Qosh qorayishi bilan baland qoya ustiga chiqib, qishlogʻiga, uyiga termilar va gunohidan oʻtishni soʻrab, xudoga iltijo qilar ekan. Keyin u gʻoyib boʻlib ketibdi. Rivoyatda aytilishicha, chinor shu yigit emish. Yakkachinorning faqat bir tomonga, qishloq tomonga qarab shox otib oʻsganining boisi shu ekan.

Bu qadimiy rivoyat qariyalarning deyarli hammasiga tanish. Yoshlar ham bilishadi. Hatto, ashulalar ham toʻqishgan. Kechqurunlari gulxan atrofiga toʻplanib, yoshlar sevgi haqidagi ana shunday qoʻshiqlarni aytishganda qalbing toʻlqinlanadi, butun vujuding bilan insonning naqadar sofligiga, naqadar olijanob va naqadar goʻzalligiga tahsin oʻqiging keladi!..

Afsuski, men bularning hammasini keyin bildim, keyin tushundim. Qariyalar, hayot koʻrsang odam koʻrasan, deyishadi. Haqiqatan ham shunday ekan. Hayot koʻrmagan, dovon oshib oʻzga joylarda boʻlmagan kishi yaxshi-yomonni ajratishi, odamlarning dilini anglashi mumkinmi?! Albatta yoʻq. Chogʻimda men chalgʻib ketdim. Bularning hammasi keyinchalik aytiladigan gaplar edi. Xoʻsh, shunday qilib, bundan oʻn ikki yil muqaddam Samarqand bozoridagi choyxonachining yordamida mashina topib, Yakkachinorga yoʻl oldim. Chamamda, uch soatcha yurdik. Koʻzim atrofda, birinchi koʻrayotgan joylarimda. Koʻchaning ikki chetida bir tekisda boʻy choʻzib turgan tollarni hisobga olmaganda, hammayoq paxtazor, bepoyon koʻm-koʻk paxtazor. Boshqa hech narsa yoʻq. Lekin Zarafshonning tor joyiga qurilgan, bitta mashina yurarli ingichka yogʻoch koʻprikdan oʻtishimiz bilan manzara keskin oʻzgardi. Dov-daraxt shu qadar koʻpayib ketdiki, men oʻzimni oʻrmonzorga kirib qolgandek his qildim. Chehram yorishib ketdi, jilmayib shofyorga qaradim. Ammo u parvosiz edi. Yoʻl boʻyi sado chiqmagan, savollarimga ham imo bilan javob bergan bu yigitdan boshqa nima ham kutish mumkin edi? Balki, bu yerlarda koʻp boʻlganidan koʻnikib ketgandir, balki, oʻzi shunaqa beparvo odamdir? Shu xayollar bilan boʻlib mashina peshayvonli oq bino oldiga kelib toʻxtaganini sezmay qolibman.
— Idora shu, — dedi shofyor yigit. Uning yoʻlga chiqqa-nimizdan beri aytgan gapi bu boʻldi. — Tushing.

Men tushib ulgurmasimdan u chamadonimni yoʻlkaga doʻq etib qoʻydi-da, qoʻlimdagi pulni yulib olib, joʻnab qoldi. Men idoraga razm soldim. Toqqa qaratib qurilgan bu bir qavatli baland binoning atrofi gulzor edi. Oldidan ingichka ariq oʻtgan. Toza, tiniq suv jildirab oqib yotibdi. Ichkariga kirdim. Idorada hech kim yoʻq edi. Chamadonni ayvonga qoʻyib, ochiq turgan eshiklardan bittasini sekin taqillatdim. «Kim?» degan ingichka ovoz eshitildi va shu ondayoq oldimda atlas koʻylak kiygan yoshgina qiz paydo boʻldi.
— Salom, keling? — dedi u.
— Rais shu yerdami?
— Rayondalar. Idorada mendan boshqa hech kim yoʻq, — qiz, mening qoʻlimdan hech qanday ish kelmaydi, deganday uyalinqirab jilmaydi.

Shu top qoʻlimdagi shoʻrdanak esimga tushdi.
— Medpunktni bilasizmi?
— Ha, choyxonaning yonida, — dedi qiz hozirjavoblik bilan. — Yuring, olib boraman.
— Yoʻq, rahmat. Koʻrsatsangiz boʻldi.

Tashqariga chiqdik. Qiz roʻparadagi oq tunuka tomni koʻrsatdi.
— Shu uyning orqasi choyxona.

Darrov topdim. Choyxona koʻchaning shunday labida, katta hovuzning boʻyida edi. Panjara eshikdan kirishim bilan gup etib rayhon hidi dimogʻimga urildi. Entikib Ketdim. Hovuzning atrofiga besh-oltita havorang boʻyoqqa boʻyalgan taxta soʻri qoʻyilgan edi. Bittasida ikki chol, ikkinchisida oq jujun kitelь kiygan bir odam oʻtirardi. Aftini koʻrolmadim. U hovuzga teskari oʻgirilib, erinchoqlik bilan papiros tutatardi. Olis yoʻl bosib chirchaganim sezildi. Jovdirab, oʻtirishga ma’qulroq joy qidira boshladim. Shu tob oʻn uch-oʻn toʻrt yoshlar chamasidagi, yuzlariga sepkil toshgan, malla soch bir bola yugurib oldimga keldi-da, salomlashib qoʻlimdagi chamadonni ildi.
— Bu yoqqa oʻtiring! — dedi u doʻrildoq ovozda va shoxlari hovuzga shoʻngʻib, muzdek shabadada tebranib turgan majnuntol tagidagi kichkina soʻri tomon yurdi. Bolaning tovushini eshitib, chollar biz tomonga oʻgirilishdi. Qoʻlimni koʻksimga qoʻyib salomlashgan boʻldim. Sipolik bilan soqollarini tutamlab, alik olishdi. Jujun kitelь kiygan kishi oʻgirilish u yoqda tursin, koʻz qirini tashlamadi ham. Yangi atlas koʻrpacha ustiga oʻtirdim. Malla soch bola choy olib kelib qoʻydi. Juda chanqagan ekanman, ikki piyola bosib ichdim. Keyin bolani chnqirdim.
— Akasi, doktorni koʻrmadingmi?

Mavlonboy akanimi? — soʻradi bola.
— Ha.
— Ana oʻtiribdilar, — bola qoʻli bilan ishora qilib kitelli kishini koʻrsatdi. — Mavlonboy aka!

Doktor erinchoqlik bilan biz tomonga oʻgirildi. U — yirik qora koʻzlari ustidagi baroq qoshlari bir-biri bilan tutashib ketgan, dumaloq yuzli, men tengi yigit edi.
— Nima deysan? — dedi u bir menga, bir bolaga zarda bilan qarab.
— Mehmon akamlar sizni soʻrayaptilar, — dedi bola menga ishora qilib. — Baqqa keling.

Doktor avvalgidek erinchoqlik bilan oʻrnidan turdi. Men oʻzimcha kulib qoʻydim. Bola uni koʻrsatishi bilan u:shm oldiga borishim mumkin edi. Bilmadim, gʻurur yoʻl kuymadimi — yoshlikda nimalar qilmaydi kishi — yo uning Menga e’tiborsizlik bilan qaragani yoqmadimi, bormadim, hatto, qarshisiga ham yurmadim. Doktor oldimga kelib, savol nazari bilan salomlashdi.
— Oʻtiring, — dedim qarshimdagi joyni koʻrsatib. — Mavlon siz boʻlasizmi? — qoʻshib qoʻydim u oʻtirgach Mavlonligini bilib tursam ham.
— Men, nima edi? — doktor qoshlarini chimirdi.
— Manavini togʻangiz berib yubordilar, ermak qilarmishsiz.

Doktor nimagadir qizardi-da, qoʻlimdan xaltani oldi.
— Choyga qarang, — dedim men piyolani uzatib.
— Rahmat. Bahodir! — doktor kimnidir chaqirdi. Yugurib boyagi malla soch bola keldi. — Uzumdan olib chiq. — Bola ketgach menga qaradi. — Xoʻsh, keling?
— Ishga yuborishdi, — dedim men va nima uchundir yon choʻntagimdan diplomimni olib, oldiga tashladim.

Doktor diplomni koʻrib, qaytarar ekan, jilmayib qoʻydi. U juda chiroyli jilmayardi. Pastki qalin labi sal choʻzilib, oʻng yuzida kichkina chuqurcha hosil boʻlardi. Ingichka moʻylovi yonidagi moshdek xol boʻrtib chiqib, uni xuddi yosh bolaga oʻxshatib qoʻyardi. Buni oʻzi ham sezsa kerak, jilmayganda yuzlariga qizillik yugurardi. Oʻshanda ham xuddi shunday boʻldi. U qizarib, mendan koʻzini oldi-da:
— Qalay, qishloq yoqdimi? — deb soʻradi.
— Tuzuk, — dedim men. — Yaxshi joylar ekan.
— Qishloq yaxshi! — gapimni boʻldi doktor. — Bir yogʻi togʻ, bir yogʻi daryo, mevazor bogʻ, uzumzor... Insonga yana nima kerak? Qorni toʻq, sogʻ boʻlsa — boʻldi-da. Lekin bu menga toʻgʻri kelmaydi, yoʻq. Bahodir!
— Labbay-y, — dedi doʻrilloq ovoz qayerdadir ichkari-da va shu ondayoq bir patnis husayni koʻtargan Bahodir oldimizda paydo boʻldi. — Yangi uzib kelaqoldim, — dedi u gunohkorona jilmayib.
— Yasha akasi.

Doktor patnisni menga yaqinroq surib, bir shingil uzum oldi-da, karsillatib chaynar ekan, gapida davom etdi:
— Mana, bir yilcha boʻlib qoldi kelganimga. Oʻzim kelganman. Hech kim majbur qilgani yoʻq. Lekin rosa pushaymonman. Kechirasiz, bu gaplarni sizga aytmasligim kerak edi. Yangi odamsiz. Lekin nachora. Manavi chollarga aytolmayman. Bu yerda hech kimga hech nima deyolmayman. Meni begona odam tushunishi mumkin. Men sizga aytsam, zerikish nimaligini shu yerda bildim. Meni choʻchityapti, deb oʻylamang, yoʻq. Sizning yoʻlingiz boshqa. Agronom ekansiz. Ertalabdan kechgacha ochiq havoda, dalada boʻlasiz. Yurasiz, ishlaysiz. Men-chi? Men deraza yonida turli xil sassiq, — doktor aftini burishtirdi, — achchiq dorilarni hidlab, kasal poylashim kerak. Kasal boʻlmasa nima qilaman? Shaharda bemor doktor izlasa, bu yerda doktor bemor izlaydi.
— Kasal kam boʻlgani yaxshi emasmi? — hayron boʻlib soʻradim men.
— Boshqalarga yaxshidir, lekin doktorlarga, ayniqsa menga, buning bir tiyinlik foydasi yoʻq. Kasal boʻlmasa davolash ham yoʻq. Davolash boʻlmagandan keyin oʻz-oʻzidan tajriba ham boʻlmaydi-da.

Men beixtiyor kulib yubordim.
— Kulmang, — zarda bilan dedi doktor oʻchib qolgan papirosini qaytadan tutatib. — Buning hech kulgili joyi yoʻq.
— Nahotki bitta ham kasal boʻlmasa? — soʻradim oʻzimni tutib olib.
— Bitta ham? Toʻgʻrisi, kasallar bor, lekin qanaqa kasallar deng? Bittasi mayib — oyogʻi chiqqan. Bittasi — otdan yiqilib tushgan — qoʻli singan. Xullas, hammasi yara-chaqalar. Rasmana kasal yoʻq.
— Sizga achinaman, — dedim men ham joʻrttaga xoʻrsinib.
— Achinmang, — javob qildi doktor. — Foydasi yoʻq. Baribir ketaman. Shaharga ketaman. Aytganday, siz raisni koʻrdingizmi?
— Yoʻq, rayonga ketgan ekan.
— Qayerda yashaysiz? Xabar qilganmidingiz oldin?
— Yoʻq, — dedim men yelkamni qisib.
— Boʻlmasa, biznikiga yuring. Ikkalamiz turamiz.

Doktor yalinganomuz menga tikildi. Yoʻq, deyolmadim.

Shu zahotiyoq yoʻlga tushdik. Mavlon qoʻyarda-qoʻymay chamadonimni koʻtarib oldi. Koʻp oʻtmay, yetib bordik. Mavlon yashayotgan uy togʻning etagidagi tepalikka joylashgan boʻlib, urtasi katta ravonli ikki xonadan iborat edi. Egasi eri oʻlib ketgan bir kampir ekan. Mavlon yangi kelganda yaqindagina harbiy xizmatga ketgan oʻgʻlining xonasiga koʻchirib olib kelibdi.

Uyga kirganimizda kampir yoʻq edi.
— Bogʻda boʻlsa kerak, — dedi Mavlon va oʻz xonasiga kirib, derazalarni ochib yubordi. Xona birdan yorishib, muzdek shamol yuzga urildi. Men deraza yoniga keldim.
— Qalay? — dedi Mavlon zavq bilan havoni shimirib.
— Yaxshi! — dedim toʻyib nafas olarkanman.

Bu yerning faqatgina havosi emas, manzarasi ham yaxshi edi. Olisda, koʻm-koʻk olmazorning ortida kumushdek tovlanib Zarafshon oqardi. Chap tomoningizda turli xil daraxtlar pana qilib turgan oq, sariq uylar... Oʻng tomoningizda esa, koʻm-koʻk osmon bilan oʻpishib ketgan past-baland togʻ tizmalari va qirraburun qora qoya ustida devqomat chinor...
— Yaxshi!.. — dedim derazadan koʻzimni uzolmay. — Yaxshi.
— Xoʻp, boʻlmasa, — dedi Mavlon jilmayib. — Siz yotib dam oling. Manavi karavot sizniki. Men qoʻlbola osh tayyorlayman. Keyin maktabga boramiz.
— Maktabga?
— Ha, maktabga, — dedi doktor. — Qishlokda qolgan bolalar yigʻilishadi. Bazm boʻladi. Tomosha qilib kelamiz. Aytganday, men haligacha sizni...

Doktor jilmaydi. Ismimni aytdim. U chiqib ketgach, koʻylagimni yechib, muzdek karavotga choʻzildim. Oʻrnimdan turganimda quyoshning botishiga bir qarich qolgan edi. Eshikka chiqib, toshlari koʻrinib turgan ariq suvida yuvina boshladim.
— Turdingizmi? — Bu doktor edi. U katta sochiqni yelkasiga tashlab yonimda turardi. — Bu yerda koʻzingiz ilinsa boʻldi, kechasi-kunduzining farqiga bormay uxlayverasiz. Qani, yuring.

Biz uyga kirdik. Stol ustida uchi singan grafin bilan taqsimchada achchiq-chuchuk turardi. Mavlon uyalinqirab jilmaydi:
— Aybga buyurmaysiz, boshqa idish yoʻq edi musallasga. Qani, marhamat. Kampirning oʻzi qilgan. Qoʻlbola. Marhamat.

U piyolalarga rangpar musallasdan toʻlatib quydi-da, birinchi oʻzi ichdi. Hayron boʻlib ichmay turganimni koʻrgach:
— Hali koʻp ichamiz bu yerda, — dedi lablarini sochiq bilan artib. — Innaykeyin, gapirishib ichishni yomon koʻraman. Gap ishtahani boʻgʻadi. Oling.

Ichdim. Koʻp oʻtmay, osh suzib kelindi. Doktor toshkentcha oshga usta ekan. Ishtaha bilan yedik, ora-chora nordon, lekin yoqimli musallasdan ichdik.
— Boya men sizga, oʻz ixtiyorim bilan kelganman dedim, — dedi gap orasida qizishib Mavlon. — Toʻgʻri, shunday boʻlgan. Lekin sizga rostini aytsam, bu yoqqa majburan joʻnatishgan.

Men ham shunday, deganday kulib qoʻydim. Koʻchaga chiqqanimizda quyosh botgan, qishloqning pastki tomoni qorongʻilashib, birin-ketin chiroqlar miltillay boshlagan edi. Katta yoʻlga chiqib, choyxonaga yaqinlashganimizda allaqayerdan chirmanda tovushi eshitildi.
— Boshlanyapti, — dedi Mavlon. — Demak, majlis tamom boʻlibdi. Maktabni oʻn ikki kishi tamomladi. Oʻntasi qishloqda qolyapti. Odam kerakligini bilishadi-da. Aytganday, bu yerda tomosha gʻalati boʻladi. Hamma oʻynashi, oʻyinni bilmagan odam hamma qatori aytilayotgan ashulaga joʻr boʻlishi kerak. Boʻlmasa kulgi qilishadi. Albatta, mehmonlar bundan mustasno.

Mavlon mening chimirilib ketganimni koʻrib, jilmaydi:
— Siz bugun-erta mehmonsiz, choʻchimang.

Biz kolxoz idorasi joylashgan gulzordan oʻtib, katta nllnglikka chiqdik. Koʻzlarim qamashib ketdi. Maydonning oʻrtasiga gulxan yoqilgan edi. Bir yigit ukraincha koʻylagining yenglarini tirsagigacha shimarib olib, chirmanda chalardi. Uning yonida zar doʻppili yoshgina bir bola qashqar rubobining qulogʻini burar va «sekin, sekin» deb chirmandakashni turtardi.

Chirmandakash parvo qilmasdi. Maydonda boshqa hech kim yoʻq edi. Men hayron boʻldim. Mavlon, shoshmay turing hali, deganday yengimdan tortib qoʻydi. Boʻsh skameykalardan biriga oʻtirdik. Koʻp oʻtmay, qayoqdandir bir gala qiz yopirilib keldi. Maydonni qiy-chuv, kulgi bosib ketdi. Oyogʻim tagida paydo boʻlib qolgan katta ola chinoq it vovillab yubordi. Qayerdandir shu tobda qora etik kiyib, oq yaktaklari ustidan koʻk qiyiq bogʻlab olgan yigitlar kelib qolishdi. Hech qanday e’lonsiz, gapsiz raqs boshlanib ketdi. Men mahliyo boʻlib qoldim. Hozirgina toʻpolon qilib, betartib turgan qizlar gulxan atrofida tovusdek bir tekis suzib ketishdi. Men Toshkentda bunaqa oʻyinni koʻrmaganman. Doktordan soʻradim, oʻzlik oʻzi toʻqishgan, «Besh qarsak» deb ataladi, dedi u. Men raqsdan koʻzimni uzolmadim. Gulxan atrofida doira boʻlib, boshlarini eggancha oyoq uchndl tebranayotgan qizlarni yigitlar oʻrab olgan edi. Ularning oyoq tepishi, koʻkraklarini kerib, sipolik bilan qizlar atrofida aylanishi va chirmandaga joʻr boʻlib qarsak chalishlaridan cheksiz shodlik va gʻurur nafasi ufurib turardi. Oʻyin davomida beixtiyor yangragan kulgi, sof, sokin kulgi, faqat yoshlarga xos boʻlgan samimiy koʻz urishtirishlar meni rom qilib qoʻydi... Oʻyin tugab, lapar boshlanib ketdi. Maydonni toʻldirib qoʻngʻiroq ovozlar yangradi. Keyin yana oʻyin... Bu gal yakka oʻyin boʻldi. Hamma qator tizilib, keng doira tashkil etdi, chirmanda bilan rubob «Tanovar»ni kuylab yubordi. Oʻrtaga xonatlas kiygan bir qiz chiqdi. U boshidagi havo rang peshonabogʻini yangitdan bogʻlab, ingichka qoʻllarini yozganicha sekin oʻyinga tushib ketdi. Lovullab yonayotan gulxandan qizarib ketgan nozik yuzlarida yengil tabassum oʻynay boshladi. Qiyiq qora koʻzlari olis-olislarga qadaldi... Nazarimda «Tanovar» — bu ogʻir, ammo hayot muhabbati bilan toʻlgan raqs uning uchungina yaratilgandek edi.
— Kim bu? — soʻradim beixtiyor doktordan.
— Oypopuk, — dedi u. — Usmon akaning qizi. Usmon akaning kimligini bilmasam ham, soʻramadim.

Lekin doktor oʻzi izoh berdi:
— Raisning qizi. Qoyil-a?!

Soʻnggi soʻz qizning oʻyiniga qaratilganmidi, yo oʻzigami, bilolmadim.
— Tuzuk, — dedim, yaxshi deyishdan oʻzimni tiyib.
— Chaqiraymi? — soʻradi doktor yosh bolalardek koʻzlarini oʻynatib va javobimni kutmasdan qoʻshib qoʻydi: — Hozir tamom boʻlsin.

Bir mahal maydonda qarsak koʻtarildi. Mavlon oʻrnidan turib, qizlar davrasi tomonga bir-ikki qadam qoʻydi.
— Oypopuk!
— Labbay?

Oypopuk «yalt» etib qaradi. Uning yoqimli, qoʻngʻiroq ovozi bor edi.

Meni koʻrib, uyaldi shekilli boshini sal egib salom berdi. Unga tikilib qoldim. Oypopuk oʻrta boʻyli, qotmadan kelgan qiz edi. Qora ipak tolasidek ingichka, uzun kipriklari xuddi surma surgandek koʻzlarini ajratib turardi. Gulxan nuridan yaltirab, yuziga ozgina soya tashlab turgan qirra burni ostidagi chiziqlar ozgʻinligini boʻrttirar, lekin bu ozgʻinlik uning oʻziga yarashib tushgan edi.
— Dadangiz uydamilar? — soʻradi Mavlon.
— Yoʻq, rayonga ketganlar. Majlis bor ekan, — dedi qiz.
— Mana, tanishing, yangi agronom, — gapida davom etdi Mavlon menga ishora qilib.

Otimni aytib, qoʻlimni uzatdim. U yalt etib menga bir qaradi-da, sekingina qoʻlini uzatdi. Kichkina qoʻl muzdek edi. Buni oʻzi sezdi shekilli, darhol tortib oldi.
— Toshkentdanmisiz?
— Ha.
— Men ham. Toshkent issiq.
— Sizga yoqmaydimi?

Oypopuk nima deyishini bilmay, koʻzlarini javdiratdi.
— Yoʻq, yoqadi. Lekin bu yer yaxshi. Sizga yoqdimi?
— Yoqdi, — dedim hozirjavoblik bilan.

Nimagadir u qizarib ketdi-da, jilmaydi. Keyin, ketaveraymi, deganday qilib Mavlonga qaradi.
— Mayli, boring, — dedi Mavlon uni tushunib. — Biz ham ketamiz. Kech boʻlib qoldi.

Oypopuk ketdi. Lekin biz oʻrnimizdan qimirlamadik. Bilmayman, nima meni oʻziga tortdi? Nima meni bunchalik hayajonga soldi? Maydondagi oʻyin-kulgiga tikilib oʻtirgan boʻlsam ham hech nimani koʻrmasdim. Xayolim nimalar pilandir band edi. Lekin nima bilan? Bilmasdim. Ammo bir narsa aniq edi. Men xursand edim, nihoyatda xursand edim. Mendagi bu hayajonni oʻzicha tushunib, Mavlon uyga qaytayotganimizda:
— Bular nima boʻpti! Hali shunday tomoshalarni koʻrasanki!.. — dedi.

Kuldim, undan emas, oʻzimcha kuldim. Nazarimda, men bu yerga bugun emas, bir yil oldin kelganmanu, lekin shu bir Yil ichida koʻrolmagan narsalarni bugun koʻrganday edim.

3

Ertasiga ertalab Usmon aka bilan uchrashdim. U idorada meni kutib oʻtirgan ekan. Sekretarь qiz oldiga boshlab kirdi. Koʻrishdik. Usmon aka kecha rayonda uzoq qolib ketib, meni uchratolmaganiga afsuslanib, kechirim soʻradi. Men ayb oʻzimdaligini, xabardor qilib qoʻymaganligimni aytdim. Diplomimni olib tanisha boshladi. Roʻparasiga oʻtprib, unga razm soldim. Unda qiziga oʻxshaydigan bironta alomat yoʻq edi. Kulcha yuz, sargʻish qoshlari siyrak, yapaloq goʻshtdor burni gʻadir yuziga yopishib ketgan. Lekin ikki Chakkasidan oqara boshlagan qalin sochlari uni ancha savlatli qilib turardi.
— Juda yaxshi! — dedi bir mahal u oʻrnidan turib. — Xuddi bizga kerak kasbni tanlagan ekansiz. Juda yaxshi. Yakkachinorda bogʻ koʻp, ammo qarovning mazasi yoʻq. Endi yoʻlga tushadi. Nima deysiz?

Biron narsa deyishga ojiz edim, jilmayib qoʻya qoldim.
— Men ham yangiman bu yerda, — dedi Usmon aka oʻngʻaysizlanganimni koʻrib. — Faqat bir yil boʻldi kelganimga. Ilgari rayonda ishlardim. Bir bogʻdorchilik bilan shugʻullangim kelib qoldi.

Shu payt eshik taqilladi. Sekretarь qiz kirib keldi.
— Oypopuk chaqiryapti. Choy tayyormish, — dedi u.
— Juda yaxshi. Bugun miriqib choy ichsak boʻladi. Qani, yuring.

Usmon aka e’tirozimga qaramay uyga boshladi. Rostini aytsam, oʻzim ham shunchaki nomiga e’tiroz bildirdim. Aslida, Oypopukning ismini eshitishim bilan yana bir marta koʻrishni istab qolgan edim.

Uy olis emas ekan. Birpasda yetdik. Paxsa devor bilan oʻralgan hovliga kirganimizda:
— Popuk-k! — deb chaqirdi Usmon aka. — Mehmon olib kelyapman. Bu yoqqa chiq!

Ayvonga chiqqanimizda ichkari eshik ochilib, Oypopuk koʻrindi. U iroqi doʻppi kiyib, sochini chambarak qilib tangʻib olgan, noʻxat gulli koʻylagi badaniga yopishib turardi. Salom berdim.
— Tanish, — dedi Usmon aka menga ishora qilib. — Yangi agronomimiz.

Oypopuk jilmaydi.
— Tanishmiz, — dedi sekin menga yer ostidan qarab qoʻyib.
— Tanishmiz? — hayron boʻldi Usmon aka. — Axir, kecha keldilar-ku, qayokdan taniysan?

Gapga aralashdim.
— Kecha kechqurun maktabda tanishdik, — dedim. — Doktor tanishtirib qoʻydi.
— E, bunday deng! Juda yaxshi, — dedi Usmon aka qiziga oʻgirilib. — Sen ham oʻynadingmi?

Oypopuk bosh silkidi.
— Attang, men boʻlmadim-da, — dedi Usmon aka. — Nimaga oʻynading? Yana «Tanovar»gami? Nega uyalasan?

Oypopuk qizarib, ichkariga kirib ketdi. Usmon aka kuldi.
— Buni qarang, mendan uyaladi. Haligacha uning oʻyinini koʻrganim yoʻq. Hamma koʻrdi, faqat men koʻrganim yoʻq.

Men juda yaxshi oʻynadilar, demoqchi edim, demadim. Uyaldimmi, yo sir tutgim keldimi, bilmayman.

Koʻp oʻtmay, Oypopuk ichkaridan chiqdi-da, ayvonga dasturxon yozdi va oʻzi ham oʻtirdi. Lekin hech narsa yemadi. U oʻng chakkasidan tushib turgan bir tutam sochini ingichka barmoqlari bilan oʻynab lablariga tekkizar, ba’zi-bazida otasiga qarab qoʻyib, oldidagi sovib qolgan choyni erin-choqlik bilan qult-qult qilib dori ichganday ichardi.

U menga erka koʻrinib ketdi. Yakka qiz boʻlgandan keyin shu-da. Istaganini qiladi. Lekin erka boʻlsa nega qishlokda qoladi, kolxozda ishlaydi? Nahotki, bu ham erkalik boʻlsa? Men tushunolmadim. Ammo sekin-sekin achchiq koʻk choyni ichar ekanman, undan koʻzimni uzolmasdim. Buni sezdimi, bir mahal oʻrnidan turib, ichkariga kirib ketdi.

Nonushta qilib boʻlib, ketay deb turganimizda u eshikdan moʻralab otasini imlab chaqirdi va nimadir dedi. Us-mon aka kuldi.
— Mayli, olib chiq boʻlmasa, — dedi u kulgi aralash. Oypopuk koʻp oʻtmay, ichkaridan yangi qoʻqon doʻppi olib chiqdi va otasiga kiygizib qoʻydi.
— Rahmat, qizim, rahmat, — dedi Usmon aka qizini bagʻriga bosib. Keyin menga oʻgirildi. — Oʻzi tikdi!

Oypopuk qizarib ketdi.
— Kechga nima qilay? — soʻradi koʻzlarini mushti bilan yashirib.
— Koʻngling tusaganini qil. Men sal kech kelaman, — dedi Usmon aka.
— Oʻzingiz kelasizmi?
— Bilmadim, — dedi Usmon aka menga qarab qoʻyib. — Lekin har holda, koʻproq qilganing ma’qul.

Oypopuk bosh silkidi. Biz eshikka chiqdik.

Oʻsha kuni kechqurun men Usmon akalarnikiga kelmadim. Birinchidan, ish koʻpayib ketdi. Ikkinchidan, Oypopukning xatti-harakati meni ikkilantirib qoʻygan edi. Bu qanday qiz oʻzi? Nega oʻzini bunday tutyapti? Nima uchun mening oldimda oʻzi tikkan doʻppi bilan maqtandi? Shularni oʻylab, boshim qotdi. Keyin ishga berilib ketdim. Oʻsha kuni biz Usmon aka bilan uzumzorga bordik. Rais meni Saksonboy ota bilan tanishtirdi. Ancha yoshga borib qolgan bu odam u.chumchilik brigadasining boshligʻi ekan. Keyin rais ketdi. Litvadan oʻnta nasldor sigir kelgan ekan. Shuni koʻrgani ketdi. Men brigadada qoldim.

Usmon aka aytganidek, Yakkachinorda bogʻ koʻp, lekin qarovning mazasi yoʻq edi. Rayon asosan paxtakor rayon ooʻlgani uchun hamma kuch paxtaga berilib, bogʻdorchilik unutilgan edi. Oʻsha yillari faqatgina bizda emas, boshqa koʻigina kolxozlarda ham ahvol shunday chatoq edi. Buning ustiga men yangi odamman qishloqda, qoʻlimda agronomlik diplomidan boshqa hech narsa yoʻq. Tajriba qayoqda deysiz! Esimda, besh yil davomida besh-olti martagina bir oy-bir oydan uchxozda boʻlganmiz. Qolgan vaqtlarda institutdan gashqari chiqilmagan. Shuning uchun ham bepoyon uzumzorni koʻrib vahmim keldi.
— Choʻchimang, oʻgʻlim, — dedi Saksonboy ota koʻzim javdirayotganini payqab. — Qoʻrqqan koʻzga qoʻsha koʻrinadi. Koʻnikib, oʻrganib ketasiz.

Men ishshaydim. Oʻsha paytdagi oʻzimning ahvolimni boshqacha tasvirlay olmayman. Oʻzining ojizligidan boʻlak hech narsa koʻziga koʻrinmay, shu qishloqqa kelganiga achinib turgan odam keksa dehqonning bu gapini qanday kutib olishi mumkin edi?!
— Usmonjon ham yangi kelganida choʻchigan edi, — gapida davom etdi Saksonboy ota. — Unda ahvol hozirgidan ham yomon edi. Keldi-yu, oʻt bosib yotgan uzumzorga tikilib, xuddi sizdek boshini qashidi. Keyin papiros chekib, xayol surib ketdi. Oʻshanda unga ham choʻchimang, dedim. Qoʻrqqan koʻzga qoʻsha koʻrinadi, dedim. Kuldi. Ertasiga oʻnta odamni boshlab kelib, menga topshirdi. Bahor edi oʻshanda. Endi tok ochayotgan edik. Topshirdi-yu, shular kuzgacha sizda ishlaydi, dedi. Dam sevinaman, dam hayron boʻlaman. Qayerdan topdi shuncha odamni deyman.
— Usmon aka asli shu yerlikmi? — soʻradim gapini boʻlib.
— Ha, — dedi Saksonboy ota. — Shu yerda tugʻilgan. Lekin ketib qolgan. Qaytib kelganiga yildan oshib qoldi. Ilgari raykomda ishlagan. Ancha ishlagan. Keyin obkomga olishdi. Undan oldin nima qilgan, bilmayman. Eshitishimcha, Toshkentda katta xizmatda ham boʻlgan. Yakkachinor gazetaga tushgandan keyin bu yoqqa keldi.
— Gazetaga nega tushadi?
— Eshitmaganmisiz? — Saksonboy ota boshini chayqab, moshkichiri soqolini bir-ikki siladi-da dedi: — Oʻtgan yili kolxozimizni butun oblastga koʻtarib urishdi. Bu shunday boʻldi. Kolxozga qandaydir yoʻl bilan Egamqul Toshmatov degan odam rais boʻlib qoldi. Urushdan keyin oʻzini eplolmay, inqillab-sinqillab turgan kolxoz u kelganidan keyin birdaniga orqaga tashlab yubordi. Yulgʻichlar koʻpaydi, boshimiz qarzga botib ketdi. Bir-ikki shikoyat qilib, rayonga bordik. Foyda bermadi. Keyin gazetga yozdik. Bir yigit oʻn kuncha qishloqda boʻlib, boplab yozdi. Egamqul qochdi. Hali ham qorasini koʻrsatmay qochib yuribdi. Shundan keyin bir oy oʻtib, Usmonjon keldi. Baraka topsin, tuzuk. E, oʻgʻlim, kishida gʻayrat boʻlsa hammasiga oʻrganib ketadi. Gap gʻayratda, mehnatda.

Cholning gapi ancha dalda boʻldi. Ishni uzumzordan boshlashga oʻzimcha ahd qildim. Toʻgʻri qilgan ekanman, Saksonboy ota menga koʻp narsani oʻrgatdi. Oypopuk xayolimdan koʻtarildi. Ertalab uydan chiqamanu, kechgacha goh Usmon aka bilan, goh oʻzim, ba’zida esa Saksonboy ota bilan, Qaydarali aka bilan dalada boʻlaman, qirga boraman. Bir xoiada tursak ham Mavlon bilan ba’zan koʻrishmaydigan boʻlib qoldim. Men kelganda u boʻlmaydi, u kelganda men uxlab yotgan boʻlaman. Shunday vaqtlarda uy egasi Shahodat xola orqali aloqa qilamiz.

Bir kuni ertalab ishga ketayotganimda Shahodat xola orqamdan chiqib toʻxtatdi.
— Bugun bir amallab doʻxturxonaga kirarmishsiz, — dedi u sirli ohangda. — Doktor gʻalati dori topgan emish. Tushda kelib, ichib ketarmishsiz.
— Qaydam, — dedim men ishim koʻpligini bilib.
— Bunaqa demang, — dedi kampir yalinib, — doktor oʻtinib soʻradi, keyin, kelmasa boshqa uy topsin, dedi.

Kampir kuldi.
— Uy meniki, shu yerda turaverasiz. Ammo lekin oʻrtogʻingizning soʻzini qaytarmang. Bechora kun boʻyi bir oʻzi, zerikadi-da.

Shu payt Mavlonning hovuz labida esnab oʻtirgani koʻz oldimga keldi.
— Xoʻp, kelaman. Shunday deb ayting, — dedim. Va’daga muvofiq kun tikkaga kelganda, uzumzordan chiqib choyxonaga keldim. Medpunkt berk edi. Hayron boʻlib soʻriga oʻtirdim. Shu top choyxonaning tomida mallasoch bolani koʻrib qoldim. U daryo tomonga oʻgirilib olib, hadeb doʻppisini silkitardi. Koʻp oʻtmay, u tushdi va bir choynak choy olib kelib:
— Mavlonboy akam hozir keladilar, — dedi va ma’nodor kulib qoʻydi.

Haqiqatan ham chorak soat oʻtar-oʻtmas Mavlon keldi. Koʻlida chelak. Nuqul jilmayadi.
— Tinchlikmi? — soʻradim hech narsaga tushunmay. — Kanaqa dori topdingiz?
— Mana, — dedi Mavlon chelakni oldimga qoʻyib. — Sizni koʻrolmay shuni oʻylab topdim. Ishlash ham evi bilan-da.

Chelakka qaradim. Ichida bir necha baliq bor edi.
— Oʻzim tutdim! — dedi Mavlon gʻurur bilan. — Hozir qovuramiz.
— Xoʻp, siz qovurasiz, — dedim. — Men nima qilaman?
— Dam oling. Charchagandirsiz? — dedi doktor. — Bugun kun juda isib ketdi.

Kun haqiqatan ham issiq edi. Havo dim. Daraxtning uchi qimirlamaydi. Churq etgan tovush yoʻq. Qush-qumursqa ham aftidan oʻzini panaga olgan edi. Bunday kunlar togʻli joylarda kamdan-kam boʻladi.
— Choʻmilib kelaman, — dedim men.
— Mayli, — dedi doktor.

Qishloqqa kelganimdan beri daryo tomonda boʻlmagan edim.
— Lekin qolib ketmang, tez qayting, — dedi doktor.
— Yarim soatda kelaman, — dedim men.

Zarafshon juda tinch edi. Qayoqqa qarab oqayotgani bilinmasdi. Yechinib, shamol boʻlmasa ham kiyimlarimning ustiga tosh bostirdim-da, suvga shoʻngʻidim. Shundagina daryoning katta kuch va tezlik bilan oqayotganini sezdim. Studentlik yillarimda bolalar bilan komsomol koʻliga borib musobaqa oʻtkazardik. Shunda suzishning bir nechta turlarini oʻrganib olgan edim. Oqimga qarshi batterflyay usulida suzib ketdim. Bir mahal bunday qarasam, ancha joyga borib qolibman. Qirgʻoqqa chiqdim. Yana boyagi joyga borib tushmoqchi boʻldim. Borganimda esa, aynidim. Suv muzdek, juda choʻmilishli edi. Olis-roqdan oqib kelmoqchi boʻldim. Birpas qirgʻoq boʻylab yurib, olmazorga kelib qoldim. Roʻparamda, shunday suvning labida katta xarsangtosh turardi. Shuning ustidan kalla tashlamoqchi boʻlib, endi oyoq qoʻyuvdim, nima boʻldi-yu, shalop etib suvga agʻdarilib tushdim. Shoʻx kulgi qulogʻimga kirdi. Oʻzimni eplab olib, tagi pastroq joyga oʻrnashdim-da, qirgʻoqqa qaradim. Sershox olma tagida Oypopuk oʻtirardi. Egnida oʻsha men uyida koʻrgan noʻxat gulli koʻylagi, boshida oʻsha iroqi doʻppi. U oʻzini kulgidan toʻxtatolmasdi. Nima qilishimni bilmay qoldim. Qulogʻim sholgʻomday qizarib ketgan, joyimdan qimirlamayman. Buni sezdi shekilli, tizzasidagi kitob bilan yuzini yashirib, kulgisini toʻxtatdi. Noqulay ahvoldan qutulishni oʻylab, savol tashladim.
— Nima oʻqiyapsiz?
— «Dengiz sirlari»ni, — dedi Oypopuk hozirjavoblik bilan. Aftidan, u ham bu ahvoldan meni qutqarmoqchi edi. — Oʻqiganmisiz?
— Yoʻq, — dedim pushaymon bilan. Oʻqish u yoqda tursin nomini ham eshitmagan edim. — Sir koʻp ekanmi dengizda?
— Bilmadim, — dedi u jilmayib. — Endi boshladim. Lekin halitdan yoqmayapti. Urush haqida boʻlsa kerak. Urushni yomon koʻraman.

Oypopuk birdaniga jiddiylashdi. Lablari yumilib, chap koʻzi sal qisildi:
— Kim yaxshi koʻradi urushni? — dedim men. — Hamma yomon koʻradi.
— Hech kim menchalik yomon koʻrmaydi, — dedi Oypopuk e’tiroz bildirib boʻlmaydigan ohangda. Keyin birdan kulib yubordi. — Siz yaxshi suzar ekansiz!

Quloqlarim yana qizarib ketdi.
— Kulmang, — dedim yalingansimon.
— Kulayotganim yoʻq, — dedi Oypopuk. — Chindan aytyapman. Huv anavi yerda suzganingizni koʻrdim. Men sira shunday suzolmayman.
— Oʻrgatib qoʻyaymi? — dedim gapim unga qanday botishini oʻylab oʻtirmay.
— Rahmat, — dedi u va negadir qizarib ketdi. — Boring, sovuq qotgandirsiz.

Ketgim kelmasa ham uning soʻzini qaytarolmadim. Buning ustiga vaqt ham boʻlib qolgan edi. Shunday boʻlsa ham:
— Shu yerdaligingizni bilsam, choʻmilmasdim, — dedim uni gapirtirish uchun.
— Nega? — hayron boʻlib soʻradi u.
— Yana kulasiz-da.

Oypopuk kuldi. Men ham unga qoʻshildim.
— Boring, sovuq qotib ketgandirsiz.
— Kulmaysizmi?
— Yoʻq, kulmayman.

Men bir shoʻngʻib suzib ketdim.
— Biznikiga keling! — deb qichqirdi anchadan soʻng orqamdan u.

Qoʻl silkidim.
— Talqon yeb sizni suvga yuboradigan ekan! — dedi Mavlon choyxonaga kelganimda. — Qani, manavi piyozni toʻgʻrang.

U qoʻlimga ikkita tuxumdek piyozni tutqazib, oʻzi oshxonaga ketdi.

Koʻp oʻtmay, qip-qizil qilib, butun-butun qovurilgan baliqlar keltirildi. Mavlon oʻzida yoʻq xursand edi.
— Endi bu yoqqa qarang! — dedi u piyozga murch sepib aralashtirgach. — Tobingiz qalay?
— Nimaga? — dedim men.
— Mana bunga-da, — u hovuzdan atir shishaga oʻxshagan idishni tortib oldi va sirli ohangda dedi: — Qoʻlbola. Toʻqson oltitalikdan.

Ishtaha bilan ovqatlandik. Mavlon ozgina ichib olib, odatdagidek gapga tushib ketdi.
— Bu yerda nima bor bizga? Ishmi? U ham sizda bor, menda yoʻq. Oling, tuzuk-tuzuk oling. Yo ketaman, yo boshqa ishga oʻtib ketaman. Bu yer menga toʻgʻri kelmaydi. Qalay, baliq tuzukmi?

Bosh irgʻitib, maqtab qoʻydim. Mavlon yana gapga tushib ketdi. Ammo nima deganini eshitmadim. Xayolim daryo labida boʻlgan uchrashuvda edi, qulogʻim ostida hamon «Biznikiga keling!» — degan qoʻngʻiroq ovoz jaranglardi.
— Oypopukni bugun koʻrdingizmi? — soʻradim birdan doktordan.
— Qayerda? — dedi u. Daryoga ishora qildim.
— Yoʻq.

Doktorning bu gapi negadir menga yoqib ketdi. Koʻz oldimda Oypopukning kulib turgan chehrasi paydo boʻldi.
— Quying, doktor! Qoʻlboladan quying! — dedim zavq bilan.

...Salqin tushganda dalaga yoʻl oldim. Xayolim hamon daryo labida edi. Nima boʻldi menga? Nega bunchalik shodman? — derdim oʻz-oʻzimga.

4

Oʻsha kuni kechasi tush koʻrdim. Ikki tomoni togʻ bilan oʻralgan koʻm-koʻk adir emish. Adirning oʻrtasiga qizil gilam toʻshalgan. Uning ustida men oq ot minib turgan emishman. Qayerdandir, olisdan qoʻshiq eshitilardi. Soʻzlarini anglamasam ham, uning menga bagʻishlanganini bilar emishman. Birdan osmonni qora bulut bosdi, momaqaldiroq guldirab chaqmoq chaqdi. Tagimdagi ot tipirchilab qochmoqchi boʻldi. Ammo men yuganidan mahkam ushlab, qadam bosgani qoʻymadim. Hammayogʻim ivib ketdi, gilam qayoqqadir yoʻqoldi, qoʻshiq tindi. Hammayoqni mudhish sukunat qopladi. Koʻzlarimni yumdim. Bir mahal bunday qarasam, havo ochilib ketibdi. Oldimda esa... oldimda katta qizil gilamni, xuddi boyagi ostimdagidek gilamni yozib, Oypopuk turibdi.

Rostini aytsam, oʻsha kuni oʻzimning tushimdan oʻzim choʻchib ketdim. Nega choʻchidim, bilmayman. Biroq bir narsa ravshan edi. Men Oypopuk haqida koʻp oʻylaydigan boʻlib qolgan edim. Bu sevgimi, yo shunchaki yigitlik shoʻxligimi, aniqlash qiyin edi oʻshanda. Sevgi desam, uning bunchalik tez paydo boʻlishiga ishonmasdim. Shoʻxlik desam, oʻzimni ixshi bilaman, shoʻxlikka tobim yoʻq edi. Lekin bordi-yu shunday boʻlib qolsa, qizga xiyonat qilmaslik, uni hech parsaga ishontirmaslik lozim edi.

Shunday xayollar bilan kun boʻyi nasha chekkan odamday gangib yurdim. Qayerlarga bordim, nimalar qildim, kimlar bilan gaplashdim — yaxshi bilolmayman. Lekin olmazorga oʻtayotib, osma koʻprikdan dumalab tushay deganim hali-hali koʻz oldimda.

Uyga odatdagidan ertaroq qaytib, karavotga choʻzildim. Shahodat xola ovqat olib kirdi.
— Moshxoʻrda, bolam, — dedi u stolga bugʻi chiqib turgan kosani qoʻyib. — Achchiq-achchiq ichib oling. Butun glrmdoridan ikkita solganman. Mazangiz yoʻq koʻrinadi.
— Sal bosh ogʻriyapti, — dedim gapni koʻpaytirmaslik uchun. Kampir bir gapga tushib ketsa, toʻxtatish qiyin edi. Baxtga qarshi bu gal ham shunday boʻldi.
— Oʻzim ham aytdim-a, — dedi u stulga yaxshilab oʻtirib olib. — Koʻzlaringiz kirtayib turibdi. Issigʻida ichib oling. Keyin oʻralib yotsangiz, gʻuborlaringiz chiqadi-qoʻyadi tsrlab. Sobirim omon boʻlgʻur, doim shunaqa qilardi. Qilmaganiga qoʻymasdim-da oʻzim ham. Sizga oʻqib berdimmi-yoʻqmi, anov kuni xatida, moshxoʻrdangizni sogʻindim oyi, depti. Musofir yurtda moshxoʻrda boʻlarmidi!

Ingrab yubordim.
— Tura qoling, bolam, — dedi u gapidan toʻxtab, — doktor kelgunlaricha ichib oling, zora oʻzingizga kelib qolsangiz. Bosh ogʻrigʻi oʻlsin, odamning tinka-tinkasini quritib yuboradi. Bir-ikkita dori ham ichib yuboring. Dori ham foyda beradi. Mavlonboy yangi kelganlarida men shunaqa boʻldim. Ikki chakkam yorilib ketay-yorilib ketay dedi...

Kampir yana gapga tushib ketdi. Boshim rostdanam ogʻrib qolmasmikin, deb choʻchib turgan edim, Mavlon kelib qoldi. Ancha yengil tortdim.
— Qaynonangiz suygan ekan, bolam-ey, birga icha qolinglar. Turing, bolam, — dedi Shahodat xola xonadan chiqayotib.

Achchigʻim chiqqanidan kulib yubordim-da, oʻrnimdan turdim.
— Ha, tinchlikmi? — soʻradi Mavlon beixtiyor jilmayib.
— Kampir tushmagur miyamni qoqib, qoʻlimga beray dedi, — dedim.

Shu tob Shahodat xola yana bir kosa moshxoʻrda olib kirdi. Qoladimi, deb qoʻrqib turuvdim, yoʻq, tez chiqib keta qoldi.
— Icha qolinglar. Biram shirin boʻptiki! — dedi ketayotib.

Mavlon birdaniga ovqatga yopishdi.
— Bugun tuzuk, — dedi u ogʻzini toʻldirib. — Ikkita kasal koʻrdim. Ikkalovi ham gripp. Bittasi ogʻirroq. Bilasizmi kim?
— Yoʻq, — dedim men.
— Raisning qizi. Oypopuk.
— Oypopuk?
— Ha, — dedi Mavlon parvosizlik bilan. — Nima, uning kasal boʻlishi mumkin emasmi?
— Axir, kecha... — dedim men hayron boʻlib, lekin gapim ogʻzimda qoldi. Daryo labidagi uchrashuvni aytgim kelmadi.
— Ha, xuddi kecha shamollab qolibdi, — dedi Mavlon. — Kechasi bilan isitmalab chiqibdi. Hozir ham temperaturasi qirq. Usmon akaning vahmi uchib ketibdi. Bitta qiz-da. Arzanda. Shaharga yubormoqchi edi, kerakmas dedim; nahotki oddiy grippni shu yerda tuzatib boʻlmasa! Rozi boʻldi. Ichsangiz-chi, ovqat sovib qoldi.
— Nima qilib shamollabdi? Mavlon kuldi.
— Choʻmilibdi daryoda. Yangicha suzishni oʻrganmoqchi boʻlibdi. Kechqurun shamol turdi-yu, oʻshanda ham daryoda ekan.

Men tilimni tishladim.
— Yotibdimi?
— Yotibdi. Ancha yotadi. Hamma kasalning asosiy davosi — qimirlamay yotish. Bu qonun. Un kuncha yotadi. Ha, oʻylanib qoldingiz? Iching.

Bir-ikki qoshiq ichib, joyimga borib yotdim. Lekin uyqu kelmadi. «Bu qanaqasi boʻldi? — derdim oʻzimcha. — U mendan kulmagan ekan-da. Kulsa, mendaqa suzishni oʻrganmoqchi boʻlarmidi? Shunaqa suzish nega kerak boʻlib qoldi unga? Nahotki, meni yoqtirib qolgan boʻlsa? Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. Meni bilmaydi-ku! Balki, shunday, oʻzicha oʻrganmoqchi boʻlgandir?»
— Doktor, — dedim fikrim chalgʻib ketganini sezib.
— Labbay? — Mavlon men tomonga oʻgirildi.
— Oypopuk qanaqa qiz?
— Yaxshi qiz, — dedi u hayron boʻlib. — Nima edi?
— Sizga yoqadimi?
— Yoʻq.

Nega?
— Me’yor yoʻq unda. Bir qarasangiz, charaqlagan kun, bir qarasangiz, qovogʻidan qor yogʻiladi. Bunaqalar menga yoqmaydi. Mana, Farida boshqa gap, — dedi doktor tamshanib. Sekretarь qizning ismi Farida edi. — Jahli qirq darajaga chiqib ketsa ham iljayib turaveradi. Ha, aytmoqchi, nima edi?
— Oʻzim, shunday, — dedim xayol surib.
— Bir gap borga oʻxshaydi. Yashirmang, — dedi doktor yonboshlab olib. — Vrachlar sir saqlashni biladi. Ayting.
— Yoʻq, hech gap yoʻq, — dedim avvalgiday xayolchanlik bilan.
— Sizga yoqadimi?
— Bilmadim, — dedim men.

Rostini aytgan edim. Shunday boʻlsa ham doktorning savolidan negadir yuragim jizillab ketdi. Oypopuk yoqarmidi menga? Bunga javob berish qiyin edi.

Ertalab idoraga chiqdim. Usmon aka ikkalamiz qirga borib keladigan edik. Besh gektar yerdagi beda shu paytgacha oʻrilmabdi. Brigadir pravleniye majlisida nimadir deb gʻoʻldiradi. Oʻzimiz borib koʻrmoqchi va oʻsha yerning oʻzida nima ekishimizni maslahatlashib kelmoqchi edik.

Idorada rais yoʻq edi. Farida telefon qilmoqchi boʻluvdi, yoʻq, dedim. Oypopukning kasali esimga tushdi. M.shlon ham oʻsha yerda edi. Ancha kutdim. Bir mahal rais keldi. Rangi soʻlgʻin, uxlamaganga oʻxshaydi. U kechirim soʻrab, Faridaga, tushga qaytib kelaman, deb bir qancha topshiriq berdi-da, otga mindi. Yoʻlga tushdik. Msn Oypopukning sogʻligʻini soʻramoqchi boʻlib, bir-ikki mmrta ogʻiz juftladim, lekin botinolmadim, uyaldim. Qishloqdan chiqquncha jim bordik. Usmon aka otning tizginini boʻsh qoʻyib, qoʻlini egarning qoshiga tirab olgan edi. Sezib turibman, charchagan. Koʻzlari ba’zan oʻzidan-oʻzi yumilib ketadi. Olmazordan oʻtdik. Usmon aka papiros tutatdi. Ogʻzi-burni aralash kuch bilan tutun chiqarib, menga oʻgirildi.
— Uyqu bosyapti, — dedi gunohkorona jilmayib. — Kechasi bilan mijja qoqmay chiqdim. Popukning tobi yoʻq.
— Ogʻirmi shunaqa? — soʻradim sekin.
— Yoʻq, ogʻirmas, — dedi rais. — Lekin qoʻrqitib yubordi. Yetti-sakkiz yildan beri oʻzining ham endi ogʻrishi. Bilasizmi, uyingizdagi yakkayu yagona odamingiz oʻzini noxush sezsa, kayfingiz juda buzilib ketar ekan. Ayniqsa, yoshingiz oʻtib qolganda. Kechqurun kelsam, uy jimjit. Kunduzi fermada ham koʻrganim yoʻq edi. Hayron boʻldim. Ilgari eshiqdan kirishingiz bilan vangʻillab radio gapirardi yo plastinka qoʻyilardi. Oʻrtoqlarinikidadir, deb ichkariga kirdim. Yotibdi. Nuqul aksiradi. Doktorni chaqirdim. Isitmasi qirq. Qandaydir yangicha suzishni oʻrganmoqchi boʻpti. Kimga kerak ekan bu!

Qizarib ketganimni sezdim-da, koʻzimni raisdan olib qochdim.

U gapida davom etdi.
— Oʻzi ancha chayir. Shamol turdi-ku, shunda ogʻrib qolgan-da. Ogʻirmas. Mavlonjon ham shunday deyapti. Lekin men juda qoʻrqib ketdim. Bir marta shunaqa, yomon yurak oldirib qoʻyganman. Ancha boʻldi bunga. Oʻn yashar bola edi Oypopuk oʻshanda. Nima boʻldi-yu, bir kechada hamma tishi tushib ketdi. Qoʻl-oyogʻi shishib, mayda-mayda pufakchalar hosil boʻldi. Toshkentda ishlardim. Bitta tanish oshnam ishlaydigan klinika bor edi. Shu yoqqa olib bordim. Vrachlar koʻrib, kasalxonaga yotqizishdi. Uch oy yotdi. Uch oy mening uchun uch yil boʻlib ketdi. Boʻsh qoldim, kasalxonaga yuguraman. Ertalab, kechqurun-ku, soʻzsiz. Bir oycha har borganimda, ana ketadi-mana ketadi, degan gapni eshitib yurdim. Yoʻq, tuzalib ketdi. Oʻshandan beri yurak oʻynogʻiman. Lekin hozir oʻzini eplab olgan. Doktorning aytganini qiladi. Ilgari dori ichmay xunob qilardi.

Usmon aka kuldi.
— Kecha hatto ukolga ham rozi boʻldi. Ammo rosa afti burishdi.
— Kelinoyimlar yoʻqmilar? — dedim birdan men. Nega bunday deb soʻradim, oʻzim bilmayman. Lekin bu savol menga koʻp narsani oydinlashtirdi.

Usmon aka savolimni eshitib, avval oʻylanib qoldi, keyin esa, yangitdan papiros tutatib, chuqur tortdi-da, dedi:
— Siz menga qiyin savol berdingiz. Buning tarixi katta. Mayli, sizga aytsam, ayta qolay. Rosti, buning hech qanday siri yoʻq, lekin duch kelgan odamga gapirishni yoqtirmayman. Odamlar bir xil emas. Ba’zilar toʻgʻri tushunadi, ba’zilar notoʻgʻri. Siz tushunishga harakat qilarsiz, deb oʻylayman. Xoʻp, boʻlmasa eshiting. Yoʻl olis, zerikmaysiz ham.

5

— Men uylanmaganman, — dedi anchadan soʻng u. — Buning sabablari koʻp. Yaxshisi bir boshdan aytib beraqolay. Urush boshlanganda men endigina institutni bitirgan edim. Asli oʻzim tarixchiman. Qishloq xoʻjaligi ikkinchi mutaxassisligim. Diplomimni olgan kunimoq voyenkomatga chaqirishdi. Uch kundan keyin esa, frontga joʻnadim.

Mening hech kimim yoʻq, bolalar uyida tarbiyalanganman. Otam ham, onam ham yoshligimda oʻlib ketgan. Qarindosh-urugʻlarim bormi-yoʻqmi, bilmayman. Rosti, unchalik koʻm qidirganim ham yoʻq. Bolalar uyi — bor qarindosh-urugʻim, oʻz uyim edi.

Men tushgan polk uch oycha Saratovda mashgʻulot oʻtkazib, Ukrainaga yuborildi. Kiyev uchun jang qildik. Mendaqa oliy ma’lumotlilar polkda kam edi. Shuning uchun ikki oy oʻtar-oʻtmas rotaga komandirlik qila boshladim. Lekin frontda koʻp boʻlganim yoʻq, chekinayotganimizda ogʻir yarador boʻlib qoldim. Dushman bombasi shunday blindaj ustiga tushdi. Uch-toʻrt joyimga oskolka tegdi. Ichkariga joʻnatishdi. Ikki oy gospitalda yotdim. Shundan keyin mepi butunlay joʻnatib yuborishdi. Gospitalda men bir hamshira bilan tanishib qoldim. Operatsiyadan chiqib, koʻzimni ochsam, oldimda chiroyli bir qiz menga tikilib oʻtiribdi. Uning oppoq yuzi, bilinar-bilinmas sepkil toshgan kichkina burni, ayniqsa doim kulib turadigan osmopdek tiniq koʻm-koʻk koʻzlari hali-hali koʻz oldimdan ketmaydi. Tabiiy, men uni yaxshi koʻrib qoldim. Baxtimga u ham mendan oʻzini olib qochmadi. Boʻsh qoldi deguncha men yotgan palataga kelardi. Men ham uning kelishini sabrsizlik bilan kutardim. Kelganida esa, gapga tushib ketardim. Gapimiz sira ado boʻlmasdi.

Yaxshi narsalar haqida gaplashsak, baravar shodlanar, yomon narsalar haqida gaplashsak, baravar nafratlanardik. Nalarimda, biz tilga olmagan, hayajon bilan muhokama qilmagan biron narsa dunyoda qolmagan edi. Biz urushdan keyin toʻy qilishga ahd qildik. Xayrlashadigan kunimiz u oʻzining eng sevimli va menga yoqqan ukraincha koʻylagini kiyib keldi. «Koʻrishgunimizcha meni shunday eslab yur», — dedi. Ancha joygacha kuzatib qoʻydi. Biz xat orqali aloqa qilib turishga ahd qildik. Urushdan keyin Olesya, uning ismi ham chiroyli edi, Toshkentga kelishga va umrbod shu yorda men bilan yashashga va’da berdi. Urush koʻp choʻzilmaydi, dsb oʻylagan edik oʻshanda biz. Keyin xayrlashdik. Men uni boshqa koʻrmadim. Toshkentga kelganimda ichki ishlar ministrligiga ishga yuborishdi. Oʻsha paytlari mening uchun qayerda ishlashimning ahamiyati yoʻq edi. Bironta ish bilan mashgʻul boʻlsam boʻldi, deb oʻylardim oʻzimcha. Axir ayting, ancha ishdan chiqqan sogʻliq bilan tuzukroq ish tanlashim mumkinmidi?! Ishga tushgan kunimoq Olesyaga xat yozib yubordim. Ammo bir oy oʻtar-oʻtmas gospitalь boshligʻidan xunuk xabar oldim. Olesya bomba tagida qolib, halok boʻlgan edi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Hech narsa koʻzimga koʻrinmay qoldi. Nazarimda, dunyoning lazzati men uchun qolmagan edi. Unda faqat bitta majruh odam bor, u ham boʻlsa — men edim. Buning ustiga yolgʻizlik... Yurakni ezadigan, yorugʻ kunni ham qora parda orqasidan koʻrsatadigan badbaxt yolgʻizlik. Nima qilishimni bilmay, mukkamdan ishga tushib ketdim. Men sizga aytsam, kishini har qanday ogʻir ahvoldan qutqaradigan narsa bu mehnat ekan. Uch-toʻrt oy ishlab, hayotga boshqacha koʻz bilan qaraydigan boʻlib qoldim. Nima qilmay: korxonalarda boʻlib, poraxoʻrlik, aldamchilikni tekshiraymi, yo dezertirlik qilib yurganlarni tutaymi, urush yillari bizga shunday ishlar bilan ham shugʻullanishga toʻgʻri kelardi, hamma joyda, hamma narsada oʻzimning hayotga kerakligimni tushunib oldim, gʻam unutila boshladi. Bir kuni Qashqar mahalladan oʻtib ketayotib, bolalar uyiga koʻzim tushib qoldi. Nimadir yuragimni tirnab ketdi. Ichkariga kirdim. Hovlining oʻrtasida bolalarga pirojki ulashishayotgan ekan. Birpas qarab turdim. Bolalar navbat bilan tarbiyachi oldiga borib, bittadan pirojki olishar va quvonganlaridan hovlini boshlariga koʻtarib chugʻurlashardi. Bir mahal kichkina bir qizcha «Dada!» deb qichqirib yubordi va yugurib kelib, oʻzini oyogʻimga tashladi. Men to sarosimadan qutulib, qizchani qoʻlimga olgunimcha, atrofim odamlar bilan toʻlib ketdi. Kattalarning chehrasida kulgi, bolalar esa «urra, urra!» — deb chapak chalishardi. Men hayron edim. Qizcha boʻynimga mahkam yopishib olgan, butun badani titrardi. Qoʻlimga oqib tushgan issiq yosh meni oʻzimga keltirdi, uni sekin yerga qoʻydim.
— Yigʻlama, qizim, yigʻlama, — dedim boʻgʻilib. Lekin uning doʻmboq yuziga tirqirab oqib tushayotgan yoshni koʻrib, oʻzimning ham koʻzlarim namlanib ketdi.
— Nega hech xat yozmadingiz? Judayam sogʻindim, — dedi qizcha oʻpkasini tutolmay.

Men yana hayron boʻlib qoldim. Qizcha meni dadasi bilan adashtirayotgan edi. Shu yerda men xato qildim. Uning savoliga yolgʻon boʻlsa ham biron narsani bahona qilib, javob berishim kerak edi. Men boʻlsam:
— Oting nima? — deb yubordim.
— Otim? — qizcha baqrayib menga qarab qoldi. Keyin hoʻngrab yigʻlab yubordi-da, qochib ketdi.

Shu payt meni koʻrsangiz edi! Oyoqlarim uvishib, rangimda rang qolmagan... Hech kim bunchalik achinarli ahvolga tushmagan boʻlsa kerak. Bolalar tarqalib, hovlida bitta mendan boshqa hech kim qolmadi. Hammayoqni ayanchli jimlik qopladi. Koʻzlarim yana yoshlandi. Oʻpkam toʻlib ketdi. Qimirlamay joyimda turib qoldim. Qancha turdim, bilmadim, orqamdan kimningdir yoʻtalgani eshitildi. Oʻgirildim. Oltmishlarga borib qolgan bir moʻysafid hassaga tayanib turardi.
— Hammasini koʻrdim, — dedi u qaltiroq ovozda. — Adashdi. Sizni otam, deb oʻyladi. Otasining halok boʻlganini oilmaydi bechora.

U jim boʻlib qoldi. Men ham indamadim. Chunki, bu mudhish sukunatning ma’nosi ikkalamizga ham ayon edi.
— Onasi ham yoʻq, — dedi u bir ozdan soʻng. — Bir yoshligida oʻlgan. Mana, yil boʻldi, oʻgay ona bizga tashlab ketdi.
— Kechirasiz, siz kim boʻlasiz? — soʻradim undan.
— Direktorman. Asomiddin Qoriyev. — Moʻysafid salom berib, qoʻlini uzatdi. — Siz kimsiz?

Tanishdik.
— Endi nima qilish kerak, domla? — soʻradim maslahat solib.
— Nima qilib boʻlardi?! — dedi u. — Yosh narsa kunikib ketadi. Ammo qiyin boʻldi, ancha qiyin boʻldi. Endigina otasini unuta boshlagan edi. Siz otasiga oʻxshab ketasiz. Adashtirgani ham bejiz emas. Qiyin boʻldi, juda qiyin boʻldi. Ichikib, sogʻligʻini yoʻqotishi ham mumkin.
— Olib ketsam nima deysiz? — birdaniga miyamga shu qaror kelib qoldi. Asomiddin aka yalt etib menga qaradi.
— Olib ketsam? Butunlaymi?
— Ha, — dedim men.
— Bilmadim, bilmadim, — dedi u bosh chayqab. — Qaroringiz qat’iymi?
— Qat’iy! — dedim jiddiy ohangda va qisqa qilib soʻnggi yillardagi hayotimni gapirib berdim, yolgʻizligimni aytdim.
— Ixtiyoringiz, — dedi u nihoyat. — Lekin eplay olarmikansiz?
— Eplayman, bering, — dedim men.
— Boʻlmasa, oʻzidan soʻrang. Kimligingizni ayting. Qizi tushmagur juda ziyrak. Besh-olti marta uyingizga olib boring, oʻrgansin. Keyin olib keting, mayli.

Asomiddin aka shunday deb meni kabinetiga boshladi. Koʻp oʻtmay, qizchani olib kirishdi. U meni koʻrib, uyalib ketdi. Bagʻrimga bosdim. Nimalarnidir deb, yupatdim. Koʻkragimdagi ordenni olib qoʻliga berdim. Ancha oʻziga keldi.
— Dadamlardayam shunaqa orden bor-a? — dedi jilmayib.
— Ha. Bittamas, ikkita, — dedim. — Dadang juda botir odam.

Keyin:
— Yur, uyga olib ketaman. Ancha suratlarim bor, koʻrib kelasan, — dedim.
— Xoʻp, — dedi.

Uyda bor narsalarni dasturxonga tashlab, uni mehmon qildim. Lekin urush yillari, uyda nima ham boʻlardi, deysiz? Ikki-uch burda non, uch-toʻrt chaqmoq qand. Menga invalidligim uchun ozgina oq non ham qoʻshib berishardi. Qizcha shu nonni yedi. Ozgina osh ham qildim. Boshim osmonda edi. Axir oʻzingiz oʻylab koʻring, bir yildan beri huvillab yotgan uyda bola tovushi yangraydi-yu, boshim osmonga yetmaydimi?! Lekin qorongʻi tushganda u ketamanga tushib qoldi. Aldadim, yalindim, foyda bermadi. Keyin oʻzim ham zoʻrlamadim. Asomiddin akaning gaplari esimga tushdi. Eltib qoʻydim. Lekin kunda oʻsha yerda boʻlaman, ishdan keyin esa, bir necha soatga uyga olib kelaman, keyin yana eltib qoʻyaman. Bir oycha shunday qildim. Qizcha haqiqatan ham, Asomiddin aka aytgandek, ziyrak edi. Qorongʻi tushdimi, tamom, ketaman, deb turib oladi. Bir oydan keyin qoʻrqib ketdim. Menga oʻrganmasa nima qilaman? Avvallari unga achinib yursam, endi oʻzimga achina boshladim. Chunki, usiz turolmasligim ravshan boʻlib qolgan edi.

Asomiddin akaga yana maslahat soldim U bir-ikki kun kelmaslikni aytdi. Shunday qildim. Toʻrtinchi kuni chidolmay, bolalar uyiga bordim. Qizcha meni koʻrib yugurib keldi-da, bagʻrimga oʻzini otdi. Shunday qilib, Oypopuk uyimga butunlay keldi. Men bolalik boʻlib qoldim.

Men sizga aytsam, hayotim shundan keyin oʻzgarib ketdi. Tashvishim ortdi. Bu tashvish qandaydir quvonchli, orzu-umidlar toʻla tashvish edi, otalik tashvishi edi. Lekin meni hamon bir narsa qiynaydi: Oypopuk koʻpincha deraza oldiga oʻtirib olib xayol surar, otasini soʻrardi. Dadang olisda, u yoqdan xat yozib boʻlmaydi, urush tamom boʻlsin, oʻzi keladi, deb ovutardim. Urush tamom boʻlgan yili u oltinchi sinfga oʻtdi. Asomiddin aka bilan maslahatlashib, rostini aytishga qaror qildik. U katta boʻlib qoldi, aytsangiz boʻladi, dedi Asomiddin aka. Aytdim! Uning oʻshanda qanchalik qiynalganini koʻrsangiz edi?! Ikki-uch kun ichida koʻzlari kirtayib, choʻp boʻlib qoldi.

Usmon aka ogʻir xoʻrsindi. Keyin yoʻlga qarab qoʻyib, hali ancha borligiga ishonch hosil qilgach, papiros tutatdi-da, gapida davom etdi. Men xuddi shimol afsonasida qorbobo bir umrga muzlatib ketgan boladek otning ustida qimir etmay borardim.
— Shunday qilib, ikki-uch kun ichida choʻp boʻlib qoldi. Hech parsa yemaydi, hech narsa ichmaydi, derazaning oldiga oʻtirib olib, nuqul xayol suradi. Kechalari esa, menga bildirmay yigʻlab chiqadi. Lekin men sizga aytsam, dunyoda odamdek baquvvat maxluq yoʻq ekan. Odam hamma narsaga chidar ekan, hamma narsaga koʻnikar ekan. Kunlar, oylar oʻtdi, Oypopuk ham sekin-sekin oʻziga kela boshladi. Avvalgi quvnoqligi oz boʻlsa ham qaytdi, yuzlariga qon yugurdi. Erkin nafas ola boshladim.

Yettinchi sinfni a’lo bitirib, shahodatnoma olganda ziyofat qilib berdim. Hamma oʻrtoqlarini, oʻqituvchilarini chaqirdim. Asomiddin aka ham keldi. Oʻyin-kulgi, muzika uyni tutib ketdi. Kechqurun esa, hamma ketgach, Oypopuk meni birinchi marta rostakamiga «dada!» deb chaqirdi. Men uchun hamma narsadan shirin va aziz boʻlgan bu soʻzga u bor muhabbatini va minnatdorchiligini qoʻshib aytdi. Shunda men uning uchun eng mehribon odam ekanligimni tushundim. Boshim osmonga yetib ketdi. Oʻsha minutda dunyoda mendan baxtliroq odam yoʻq edi. Sevinchim ichimga sigʻmay, uni mahkam bagʻrimga bosdimu, yigʻlab bordim. Bu — koʻp yillardan beri yuragimda zardob boʻlib yigʻilgan gʻam, alam, oʻkinch yoshlari emas, yoʻq, bu — katta baxtga ega boʻlgan odamning cheksiz sevinch yoshlari edi. Bu yoshlar bir zumda yurakdagi hamma gʻuborlarni yuvib tashladi. Butun jahon koʻz oldimda yorishib, jami yaxshiliklar yer yuziga kalqib chiqqandek boʻldi. Ota-bola kelajak rejalarini tuzib, tong ottirdik.

Uch yildan beri Samarqanddamiz. Oʻtgan yili bu yerga koʻchib keldik. Butunlay koʻchib keldik.

Usmon aka jimib qoldi. Qalbimni qandaydir iliqlik qopladi. Shimirib nafas oldim. Havo xuddi qalbimdagi iliqlik singari yoqimli edi. Atrofga suq bilan qaray boshladim. Hamma narsa olisda, baland choʻqqilar ustida tutundek buralib koʻtarilayotgan bulutlar ham, yostanib yotgan koʻm-koʻk adir ham, daryo ham, tosh ham, hamma-hamma narsa koʻzimga xuddi boshqacha — goʻzal va orombaxsh koʻrinib ketdi. Hamma narsada hayot qulf urardi. Hayot! U naqadar murakkab va naqadar ulugʻ! U insonni goʻzal va olijanob sehrgar kabi oʻziga chorlaydi, erkalaydi. U inson uchun nimalar qilmagan, yana nimalar qilishi mumkin emas!
— Endi nima uchun kelinoyingiz yoʻqligini tushungandirsiz? — dedi Usmon aka xayolimni boʻlib.
— Ha, — dedim.
— Qizim — bu mening hayotim, — dedi u oʻychan holda va yoʻlga bir qarab qoʻyib, otiga qamchi bosdi.

Usmon akaning xunob boʻlganicha bor ekan. Bedazor — bedazor emas, yovvoyi oʻt bosib yotgan tashlandiq joyga oʻxshar edi. Ayrim yerlarda sargʻayib chaqirtikanak ham oʻsib yotibdi.

Buni koʻrib Usmon akaning qovoqlari osilib ketdi.
— Koʻryapsizmi? — dedi u otdan tusharkan. — Oʻtgan yili qirning bagʻridan tortib olgan edim bu yerni. Qancha kuch sarf boʻlgan, qancha kun ovora boʻlingan.
— Lekin yer kuchli ekan, — dedim men.
— Yer kuchli, — raisning chehrasi yorishgandek boʻldi. — Ammo bekor yotibdi. Tok ekish kerak. Yangi kelganimda shunday oʻylab qoʻygan edim. Nima deysiz?

Men nima derdim? Ma’qul, dedim.
— Kamida yigirma tonnadan hosil koʻtarish mumkin. Yigirma tonna-ya! — gapida davom etdi rais. — Shu yiliyoq ekamiz! Uzingiz bosh boʻlasiz. Birinchi katta ishingiz shu boʻlsin.
— Ma’qul, — dedim yana men negadir oʻzimdan uyalib. Shu payt brigadir keldi. U boshini qiyiq bilan bogʻlab olgan edi. Usmon akaning yana qovoqlari osilib ketdi.
— Kombayn chaqirdingizmi? — soʻradi u salomlashishni ham unutib.
— Ha, chaqirdim, — dedi sekingina brigadir.
— Nima qildi? — Usmon aka qiyiqqa ishora qilib soʻradi.
— Kechadan beri issigʻim oshib turibdi.
— Dori-pori qildingizmi?
— Yoʻq, oʻzi bosilib qolar.

Bunaqa emas-da. Doktorga boring. Doktor kasal yoʻqligini pashsha qoʻrib oʻtiribdi. Hoziroq boring. Aytganday, — Usmon aka bedazorning etagidagi omonatgina qurilgan chaylaga qarab soʻradi, — oʻroq bormi?
— Bor, nima edi? — brigadir hayron boʻldi.
— Olib keling, — Usmon aka kitelini yechib, oʻt ustiga tashladi. — Kombayn kelguncha oʻrib turamiz. Vaqt ketyapti.
— Qoʻying, oʻzimiz qilamiz, — dedi brigadir qizarib — Uyaltirmang.
— Olib keling, olib keling!

Brigadir, nima qilay, deganday menga qaradi. Indamadim.
— Erinchoq odamni koʻrsam, jinim qoʻzgʻaydi, — dedi Usmon aka brigadir ketgach. — Erkak kishi degan tinib-tinchimasa-da! Saksonboy otaning shunisiga qoyil qolaman.
— Mana, — brigadir ketmon sopi qoqilgan oʻroqni olib kelib, raisga uzatdi.
— Yaxshi, — dedi Usmon aka oʻroqqa tikilib. — Oʻtkir ekan. Xoʻp, siz endi qishloqqa boring. Mavlonga uchrashing.

Brigadir javdirab, anchagina dam raisga, dam menga qarab turdi-da, keyin boshini qashiganicha bitta-bitta yurib ketdi.

Usmon aka yaxshigina oʻroqchi ekan. Ogʻzim ochilganicha uning epchil harakatlariga qarab qoldim. Usta qayiqchi qoʻlida eshilgan eshkakdek, uning qoʻlidan oʻroq ham bir ohangda «shirt-shirt» etib tortilar va har tortilganda bir bogʻlam-bir bogʻlam gʻumay, urugʻlagan beda bir tekisda yerga qulardi va gʻalati chuchmal hid dimoqqa urilardi.

Ancha vaqt oʻtdi. Usmon aka jiqqa terga botdi. Ammo, parvo qilmadi. Peshonasini bilagi bilan sidirib tashlayverdi. Uyalib ketdim. Qoʻlidan borib oʻroqni oldim. Birinchi tortishimdayoq oyogʻimni tilib ketishiga sal qoldi.
— Hechqisi yoʻq, — dedi Usmon aka, — oʻrganib ketasiz, gʻayrat boʻlsa, bas. Gʻayrat boʻlsa, odam uddalay olmaydigan ish yoʻq.

Shu kuni oqshomgacha qirda qolib ketdik. Ammo mening harakatlarim toʻrt-besh bogʻ pichanga toʻgʻri keldi, xolos. Bunga faqat uquvsizligim emas, boshqa sabab ham bor edi. Xayolim qishloqda, Oypopukda edi. Shuning uchun ham qishloqqa kirishim bilan medpunktga yugurdim. Ammo u berk edi. Choyxonaga kirdim.
— Mavlon akang qani? — soʻradim Bahodirdan.
— Hozir ketdilar, — dedi u har galgidek hozirjavoblik bilan.

Uyga chopdim. Doktor ovqatlanib oʻtirardi.
— Oypopuk tuzukmi? — soʻradim hovliqib.
— Tuzuk, — beparvo gapirdi Mavlon, — issigʻi tushdi. Nima edi?

Javob bermadim. Yuragim ancha taskin topgan edi. Charchaganim sezildi. Apil-tapil ovqatlanib, yotdim. Yotdim-u, uyquga ketdim.

6

Ertalab nonushta qilayotganimizda doktor kechagidek parvosizlik bilan dedi:
— Aytganday, sizni Oypopuk soʻradi.
— Meni?
— Ha, sizni.
— Nima dedi?
— Qiz bola nima derdi? Sogʻligʻingizni soʻradi. Yaxshi yuribdilarmi, dedi. Qishloqqa oʻrganyaptilarmi, dedi.
— Siz nima dedingiz?
— Siz soʻraganingizdan beri oʻrganyaptilar, dedim. — Mavlon kuldi. — Faqat kechalari toshkentlik qizlarning ismlarini aytib, uyqusiraydilar, dedim. Kuldi.
— Nima qilardingiz yolgʻon gapirib?
— Uni kuldirish kerak edi-da, — dedi Mavlon jilmayib. — Lekin sizni jindek qurbon qildim. Nima boʻpti?

Usmon akaning hikoyasi meni ostin-ustin qilib yuborgan edi. Doktorning gaplari unga qoʻshimcha boʻldi. Borishga qaror qildim. Qiladigan ishlarim koʻp boʻlishiga qaramay, doktor bilan birga yoʻlga tushdim. Yuragim shunchalik kuchli dukillab urardiki, raisnikiga qanday qilib yetib kelganimni sezmay qoldim. Oypopuk deraza qarshisiga qoʻyilgan karavotda yotardi. Boʻynigacha koʻrpa tortilgan. Qalin qilib oʻrilgan uzun qora sochlari yostiq ustidan tushib, polga tegay-tegay deb turardi. Meni koʻrib, u qizarib ketdi, ingichka qoramtir qoʻli bilan koʻrpani dahanigacha tortib qoʻydi.
— Bugun ancha tuzuk, — dedi Usmon aka qiziga qarab. Oypopuk yengilgina jilmaydi.
— Qani koʻraylik-chi! — Mavlon qizning peshonasini ushladi. — Ha, yana ikki kundan keyin yurib ketadilar. Yoʻtal qoldimi, yo hali ham bormi?

Oypopuk bosh chayqadi.
— Oʻtiringlar, — dedi u sekin menga koʻz qirini tashlab.
— Aytganday, oʻtiringlar, oʻtiringlar! — Usmon aka deraza yonida turgan stulni menga yaqinroq qoʻydi. — Kechirasizlar, uy betartib. Kecha kech keldim rayondan. Bugun yana chaqirishibdi. Majlislar ham koʻpayib ketdi-di oʻzi! — dedi u qiziga gunohkorona tikilib. — Yolgʻiz qolasan yana.
— Yoʻq, Farida keladi, Mahfuza ham keladi, — dedi Oypopuk. — Xavotir olmang.
— Mayli, darrov kelaman, — dedi Usmon aka. — Doktor, kecha rayonga tushmoqchi edingiz tushasizmi?
— Ha, — dedi Mavlon oʻrnidan turib. Men ham turdim. Usmon aka menga qaradi.
— Siz nega turdingiz? — dedi u yalingansimon. — Shoshilinch ishingiz boʻlmasa, oʻtira turing. Hozir qizlar kelib qoladi.
— Xoʻp, — dedim va joyimga oʻtirdim. Oypopuk jilmayib qoʻydi.

Koʻp oʻtmay, Usmon aka bilan doktor ketdi. Xonaga noqulay jimlik choʻkdi.
— Kelganingizga juda xursandman, — dedi bir mahal Oypopuk.
— Men ham sizni koʻrganimga xursandman, — dedim men — Tuzalib qolibsiz.

Oypopuk boshini qimirlatdi.
— Siz mendan xafa boʻlsangiz kerak-a? — soʻradi u oraga tushgan jimlikni buzib.
— Nega?
— Anavi kuni yiqilib tushganingizda kulganimga-da.
— Yoʻgʻ-e, esimdan chiqib ketdi.

—Mening esimdan chiqqani yoʻq, — dedi u. — Siz yaxshi suzar ekansiz. Oʻshanaqa suzishni batterflyay deydimi?
— Ha.
— Yaxshi suzar ekansiz. Lekin xafa boʻldingiz.
— Yoʻq, — dedim qat’iy qilib. — Nega xafa boʻlay? Sira xafa boʻlganim yoʻq.
— Men juda sezgirman, — dedi u qandaydir bolalarga xos zavq bilan. — Sizning oʻrningizda boshqa odam boʻlganda xafa boʻlardi.
— Siz xafa boʻlarmidingiz? — soʻradim men.
— Bilmadim, — dedi u koʻzlarini yashirib, keyin derazaga tikildi. — Siz Yakkachinor afsonasini eshitganmisiz? — soʻradi u toʻsatdan menga oʻgirilib.
— Ha, — dedim men.
— Men ishonmayman, — dedi u qoshlarini chimirib. — Ayol kishi shunchalik qahri qattiq boʻladimi? Siz nima deysiz?
— Qaydam, — dedim men yelkamni qisib.
— Hayotda bunday boʻlmasa kerak, — dedi u gapida davom etib. — Agar birovni sevsang, uni kechirishing kerak. Tagʻin kim biladi? Aytganday, toshkentlik anavi qizning suratini menga koʻrsatmaysizmi?
— Qaysi qizning suratini? — hayron boʻldim.
— Doktor aytgan qizning-da, — uning lablari bilinar-bilinmas titradi.
— Doktor bekor aytibdi, — dedim jahlimni bosish uchun jilmayib. — Men Toshkentda hech kimni yaxshi koʻrgan emasman.
— Kechiring, sizni yana xafa qildim, — dedi Oypopuk mayin ohangda va jim boʻlib qoldi.
— Men gʻalati odamman, — dedi bir mahal yana qoshlarini chimirib. — Birovni quvontiraman, deb xafa qilib qoʻyaman. Nega shunday, oʻzim ham bilmayman. Yoshligimda isib ketayotgan boʻlsam, sovuq yeb ketyapman, deb yigʻlar ekanman. Qiziq-a? Ba’zan esa... ba’zan deraza tagiga oʻtirib olib, xayol suraman, oʻylayman.
— Nimalarni oʻylaysiz?
— Hamma narsani. Hayotni oʻylayman, — dedi u koʻzlarini xayolchan suzib. — Hayot juda qiziq. Unda hamma narsani mukammal bilgan, hamma orzulariga yetishgan odam boʻlmasa kerak. Mana, men oʻn sakkizga qadam qoʻydim. Balki, hayotimning yarmi oʻtib ketgandir, kim biladi. Ammo hali hech narsa qilolganim yoʻq. Qiladigan ishlarim esa juda koʻp. Mening qarzim bor, juda katta qarzim bor. Shuni uzishim kerak.
— Uzasiz, — dedim ishonch bilan qanaqa qarziligini bilmasam ham.

Oypopuk parvo qilmay, gapida davom etdi:
— Menga yaxshilik qilishdi. Hayotni sevishni oʻrgatishdi. Bunga faqat rahmat aytish kifoya qilmaydi. Siz ertaklarni yaxshi koʻrasizmi? — Oypopukning ovozi oʻzgardi. Hozirgina xonani sehrlab turgan mayin, sal gʻamgin, lekin qat’iy ovozni shoʻx, oʻynoqi, qoʻngʻiroq ovoz egalladi. — Men judayam yaxshi koʻraman. Faqat birov aytib tursa, men koʻzimni yumib eshitsam. Meni deb dadamlar bir qancha ertaklarni yodlaganlar. Qiziq-a?

Men boshimni qimirlatdim. Gapirishga quvvatim yoʻq edi. Unga tikilib qolgan edim. Derazadan tushayotgan quyosh nurlari uning sal choʻzilgan nozik yuzini, qoshlarini yoritib turardi. Polga tegay deb turgan sochlari qimirlashi bilan tsbranib, yuz xil tusda tovlanardi.
— Nega jim boʻlib qoldingiz? — dedim bir mahal zoʻrgʻa ovoz chiqarib.
— Sizga qarab qoldim, — dedi Oypopuk jilmayib. — Meni juda ezma ekan, deb oʻylasangiz kerak-a? Unchalik emas. Ba’zan shunaqa koʻp gapirgim kelib qoladi. Ishonmaysizmi?
— Ishonaman, — dedim men. — Siz juda yaxshi qizsiz.
— Rostdanmi?
— Ha, — dedim men. Uning chehrasi ochilib ketdi.
— Boʻlmasa, bitta ertak aytib beraman. Saksonboy otamdan eshitganman. Quloq soling. Bir yigit bor ekan. U keksa, kasalmand onasi bilan olis bir shaharda yashar ekan. Yigit katta boʻlib, yaxshi-yomonni ajratadigan boʻlgach, bir donishmandning oldiga boribdi-da, nima qilsam onamning roziligini olaman, deb soʻrabdi. Donishmand, onangning kasalini davola, obizamzamga opichlab olib borib, choʻmiltir, debdi. Obizamzamga borish uchun qirqta togʻni oshib oʻtish kerak ekan. Yigit koʻp oʻylab oʻtirmay, onasini opichlab olib ketibdi. Uch yil uch oy deganda qaytib kelibdi-da, yana oʻsha donishmandning oldiga boribdi. Mana, aytganingni qildim, onamning roziligini oldimmi? — deb soʻrabdi. Shunda donishmand: sen onangning seni boqqandagi bir kunlik azobidan qutulding. Rozimi-yoʻqmi, oʻzidan soʻra, — debdi.

Oypopuk jimib qoldi. Lablari yumildi, koʻzlari yaltirab ketdi.
— Mening ana shu oq sut bergan onadan ham aziz odamim bor, — dedi anchadan soʻng jiddiy ohangda.

Bu odamning kimligini soʻramadim. Gap otasi haqida borayotgani aniq edi.

Koʻp oʻtmay, qizlar kelishdi. Xayrlashib, oʻrnimdan turdim. Qoʻlimni uzatgan edim, mahkam qisdi.
— Ha, aytganday, — dedi u zavq bilan. — Meni tabriklashingiz mumkin. Siz kelgan kuningiz komsomolga oʻtdim. Yaqinda raykomda tasdiqlashadi.
— Tabriklayman, — dedim chin koʻngildan.
— Rahmat. Kelib turing.
— Xoʻp, — dedim, — albatta kelaman.

Uydan chiqib, oʻzimdan-oʻzim daryo tomonga yurib ketdim.

Havo ochiq, osmon zangori shishaday tiniq edi. Daryo labiga kelib, meni yiqitgan xarsangtosh ustiga oʻtirdim. Daryo tinch oqardi. Faqatgina daryo emas, atrofimdagi hamma narsa tinch edi. Churq etgan tovush qulogʻimga chalinmas, goʻyo butun borliq sokin uyquga ketgandek edi. Bir mahal nimaningdir ovozi eshitildi. Quloq soldim. Kimdir nay chalardi. Tovush goh yaqinlashar, goh yana olislab ketardi. Koʻp oʻtmay, u bir me’yorda eshitila boshladi. Xuddi baland qoya ustida qimir etmay qorayib turgan chinorday sehrlanib qoldim. Kuy hamma narsaga jon kirgizganday boʻldi. Yengil shamol yuzimni silay boshladi, daryo toʻlqinlandi, ufqqa tutashgan togʻ choʻqqilari ustidan oppok bulut parchalari koʻtarila boshladi. Koʻk, sariq, qizil rangdagi tovlanib yotgan olma barglari mayin shitirlab, ajoyib ohang kasb etdi. Daryoga tikilar ekanman, shu toʻlqinlar bilan baravar suzgim keldi. Yechinib, oʻzimni suvga tashladim-da, xuddi Oypopuk bilan uchrashgan kunimdagidek suzib ketdim.

Suvdan chiqqanimda nayning tovushini eshitmadim. Nimanidir yoʻqotgan odamdek osmonga qaradim. Havoda qora bulutlar suzib yurardi. Bir mahal hammayoq qop-qorongʻi boʻlib qoldi. Qayerdadir momaqaldiroq guldiradi, daryoning narigi qirgʻogʻida oʻtlab yurgan targʻil buzoq shataloq otib qochdi. Yomgʻir tomchilay boshladi. Ammo men parvo qilmadim. Ruhim shunchalik tetik, koʻnglim shunchalik shod edi! Yakkachinorga kelganimdan, shunday ajoyib qiz bilan, shunday ajoyib odamlar bilan tanishib olganimdan cheksiz xursand edim...

Oʻsha kuni birinchi marta koʻnglim oftobdek charaqlab otamga xat yozdim. Bu xat yakkachinorliklarga bagʻishlangan qasida edi.

7

Ertasi kuni kechqurun Mavlonning otday, deganiga qaramay Usmon akalarnikiga yoʻl oldim. Usmon aka beqasam toʻnini yelkasiga tashlab, leykada gullarga suv quyardi.
— Juda yaxshi qildingiz kelib! — dedi u qoʻlini uzatib.

Kun boʻyi uch-toʻrt marta koʻrishgan boʻlsak ham salom berdim.
— Bir kirib ketay dedim.
— Juda yaxshi, juda yaxshi! Bu yoqqa yuring!

Usmon aka ayvonga boshladi. Koʻtarildim. Ayvonning toʻrida Oypopuk bir kosa guruchning kurmagini tozalab oʻtirardi. Sochlari iroqi doʻppisi ustiga chambarak qilib oʻralgan. Bir oʻrimining uchi qulogʻining ustiga tushib, kichkina yoqut koʻzli ziragini berkitib turibdi. Meni koʻrib, turmoqchi boʻldi.
— Oʻtiravering, oʻtiravering! — dedim shoshib. — Tuzalib ketibsiz-ku?!

Oypopuk yengil jilmaydi.
— Juda yaxshi boʻldi-da, kelganlari, — dedi Usmon aka qiziga qarab, keyin menga oʻgirilib, qoʻshib qoʻydi: — Oʻzim bir osh qilishga orzumand edim. Bugun vaqt-soati kelgan ekan.
— Oʻzingizga olmang. Men aytdim osh qilaylik deb, — drdi Oypopuk uyalinqirab.
— Sen ham aytding, — Usmon aka kuldi. — Oʻchoq ooshida yurishimni yoqtirmaydi. Nuqul oʻzi qiladi, lekin yugun mening qilgim kelib qoldi. Boshlayveraymi?

Oypopuk ha deganday boshini qimirlatdi.
— Men yordamlashay? — dedim Usmon akaga.
— Yoʻq, ikkita erkak oʻchoq ustida tursa, osh buziladi. Siz shu yerda oʻtiring. Ana, Oypopukka qarashing.

Usmon aka ketdi. Ayvonda Oypopuk ikkalamiz qoldik.
— Xomush koʻrinasiz? — soʻradim roʻparasiga oʻtirib.
— Ha, — dedi u koʻzlarini uzun kipriklari orasiga ishirib. — Koʻp oʻyladim.
— Nimalarni oʻyladingiz?
— Aytolmayman. Oʻyladim-da. Yoshligimdan shundayman. Derazaning oldiga oʻtirib olib oʻylayveraman, oʻylayveraman. Siz ham koʻp oʻylaysizmi?
— Sizchalik emas, — dedim men qoʻlimga bir kaft guruch olib.

Oypopuk, qoʻyavering, oʻzim, deganday qoʻlimni ushladi. Qoʻllari yonardi.
— Nimalarni oʻylaysiz?
— Har narsani, — dedim yelkalarimni qisib.
— Bu yerda-chi? Uyingizni, Toshkentni oʻylarsiz? Oypopuk koʻzlarini ayyorona suzdi.
— Balki qishlogʻimiz yoqmagandir?
— Yoʻq, juda yoqdi. Kelganimga pushaymon emasman.
— Agar Toshkentga chaqirishsa, ketarmidingiz?
— Qaydam, bir narsa deyish qiyin. Siz-chi?
— Yoʻq, — dedi u qat’iy. — Tagʻin kim biladi? Agar dadamlar boshqa ishga oʻtib ketsalar, iloji yoʻq. Shu yer menga juda yoqib qoldi. Tinch, chiroyli. Odamlari ham yaxshi. Shovqin-suronni yomon koʻraman. Gʻalati-a? Toʻgʻrimi?
— Nega? Har kimning oʻz ixtiyori.
— Ha, har kimning oʻz ixtiyori... — Oypopuk oʻylanib qoldi. Ingichka barmoqlari orasidagi kurmaklar kosaga tushib, guruchga aralashib ketdi. — Bilasizmi, men shu haqda oʻyladim. Nega odamlar har doim oʻz ixtiyorlari bilan ish qilolmaydilar? Nima ularni shunga majbur qiladi? Yaxshi odamlarda yomon xohish boʻlmaydi-ku?! Yaxshi odamlar esa juda koʻp.
— Men nimani nazarda tutib gapirayotganingizni bilolmayapman, — dedim xijolat boʻlib.
— Bilmaganingiz ma’qul. — Oypopuk xoʻrsindi. — Yaxshisi, oʻzingiz haqingizda gapirib bering. Tanishmizu sizni bilmayman. Faqat otangiz borligini bilaman, xolos.
— Shuni bilsangiz, boshqasini gapirishning hojati yoʻq.
— Nega? — hayron boʻldi u.
— Qiziq emas, — dedim men.
— Mayli, gapirib bering.
— Oʻttizinchi yilda tugʻildim. Tishim chiqib, olti yarim yoshga toʻlganimda maktabga bordim. Bitirib, institutga kirdim. Uni tamomlab, bu yoqqa keldim. Tamom. Buning nimasi qiziq?
— Bilib qoʻygan yaxshi-da, — dedi Oypopuk jilmayib. — Qizigʻi endi keladi.
— Kim biladi, — dedim men.
— Men bilaman, — dedi Oypopuk quvonch bilan. — Qani, qoʻlingizni bering-chi, bir fol ochib qoʻyay!

Men qoʻlimni uzatdim.
— Oʻhoʻ, — dedi u zavq bilan kaftimga tikilib. — Bunaqa katta qoʻl bilan istagan orzuingizga yetasiz. Innaykeyin, chiziqlarini qarang. Aytaveraymi?

U menga gʻalati tikildi. Men ha, deganday boshimni qimirlatdim.
— Ishingiz yaxshi. Martabangiz baland boʻladi. Manavi chiziqni qarang-a, muncha uzun. Uzoq umr koʻrar ekansiz. Lekin, lekin... Aytaveraymi?
— Aytavering! — dedim hayajon bilan.
— Lekin... sizga sevgining yoʻli berk.
— Nima?!

Angrayib qoldim. Oypopuk birdan qah-qah otib, kulib yubordi.
— Hazillashdim, hazillashdim, — dedi u kulgidan oʻzini toʻxtatolmay. — Nahotki folga ishonsangiz? Hammasi yolgʻon-ku?! — Keyin jiddiy ohangda qoʻshib qoʻydi: — Men sizning baxtli boʻlishingizni istardim, judayam istardim.
— Men ham sizga shuni istayman, — dedim men.
— Rahmat, — dedi u oʻylanib.

Shu payt Usmon aka chaqirib qoldi.
— Bu yoqqa yuring, oshning tuzini koʻrib yuboring! Oʻchoq boshiga bordim.

Yarim soatdan keyin osh suzib kelindi. Oypopuk bir grafin «Hosilot» olib chiqdi. Bir piyoladan toʻlatib ichdik. Oypopuk ichmadi. Shunday labiga tegizib qoʻydi. Usmon akaning ikki koʻzi qizida edi. Oypopuk bir osham olib:
— Judayam shirin boʻpti, dada, — deganidan keyin qoʻl uzatdi.

Ovqat mahali Oypopuk negadir boʻshashib oʻtirdi. Oshdan ham tuzuk yemadi. Biz Usmon aka bilan oʻzimizning ishlarimiz, kuzgi sabzavot, yangi ochilmoqchi boʻlgan yer va boshqa ishlar haqida gaplashdik. U churq etmadi. Lekin sezib oʻtiribman, yer ostidan menga qarab-qarab qoʻyadi.

Vaqt allamahal boʻlganda oʻrnimdan turib xayrlashdim. Eshikka yetganimda Oypopuk:
— Oʻktam aka! — deb chaqirib qoldi. — Soʻragan kitobingiz qolib ketdi.

Hayron boʻlib, toʻxtab qoldim. Men undan hech qanday kitob soʻramagan edim. Oypopuk yugurib oldimga keldi. U alahsirardi.
— Kechirasiz, — dedi past ovozda. Aftidan, gapirishga qiynalardi. — Kitob... shunchaki bahona. Sizdan bir narsani soʻramoqchi edim...
— Nimani?
— Men... men... yoqamanmi sizga?
— Nima? — deb yubordim shoshib, yuragim dukillab urib ketdi.
— Kechirasiz, — dedi u ham shoshib. — Bunday demoqchi emas edim. Kechirasiz, — u labini tishladi. — Shu kunlarda menga nima boʻlganini bilmayman. Gʻalati boʻlib qoldim. Kasallikdan emas bu, yoʻq. Dadamlar ham hayronlar. Sezyapman. Siz meni bilmaysiz. Men bunaqa emas edim. Mendan kulmang!

Oypopuk jimib qoldi. Uning koʻzlarida yosh yiltirardi.
— Qoʻying, — dedim titroq qoʻllarini ushlab. — Siz juda yaxshi qizsiz. Nega sizdan kular ekanman? Ishoning, gapim chin. Sizni, sizni juda hurmat qilaman!
— Rostdanmi?
— Yolgʻonni yomon koʻraman.

U qoʻlimni mahkam qisdi-da, chehrasi yorishib, orqasiga qaytdi.

«Nima boʻldi oʻzi? — dedim koʻchaga chiqib. — Unga nima boʻldi? Nahotki meni sevib qolgan boʻlsa?!»

8

«Nahotki meni sevib qolgan boʻlsa?!» — derdim men oʻz-oʻzimga. Bunga oʻzimni ishontirishga harakat qilib, sevinardim va ayni vaqtda nimadandir choʻchirdim.

Sevinishimning sababi — shunday ajoyib qizning menga muhabbat qoʻyishini butun vujudim bilan istaganim edi. Ha, men uning meni sevishini istardim. Uning sevgisisiz hayotning menga qizigʻi yoʻq edi. Buni endi yaxshi bilardim. Chunki, men uni allaqachon yaxshi koʻrib qolgan edim. Men uni betobligida borib koʻrganimda emas, allaqanday kitobni bahona qilib, men bilan gʻalati xayrlashganida ham emas. Yoʻq, men uni Yakkachinorga birinchi kelgan kunim lovullab turgan gulxan yonida koʻrganimda, yuzlari anordek qizarib, sokin raqs tushganida, uyatchanlik bilan koʻzlarini yashirib, eshitilar-eshitilmas salom berganida sevib qolgan edim. Birinchi koʻrganimdayoq bezovta boʻlib, yuragimni qandaydir hali mengatanish boʻlmagan lazzatli tuygʻu qoplagan, hayotning yangi bir sehrli dunyosi menga oʻz quchogʻini ochgan edi. Men buni Oypopuklarnikidan yarim kechada qaytayotganimda tushundim, tushundimu hamma narsa boshqacha tuyulib ketdi. Qorongʻi boʻshlikda xiragina qalqib turgan oy projektor singari yoʻlimni yoritdi, yulduzlar charaqlay boshladi, uylar, dov-daraxt kumushdek yarqirab, ajoyib husn kashf etdi. Jimjit qishloqni tonggacha aylanib yurdim.

Oypopuk, Oypopuk!.. Bulokdek tiniq, sof inson, tengi yoʻq qiz!.. Uni sevmay boʻlarmidi?! U hayotning oʻzi, u — kelajak, bitmas-tuganmas orzular!.. Hali-hali uning shoʻx kulgilari, yurakni allalovchi gaplari, qoʻngʻiroq ovozi qulogʻim ostida jaranglaydi, tizzalarini quchoqlab, bitta-bittalab guruch tozalab oʻtirgani koʻz oldimdan ketmaydi...

Ha... Men uning menga muhabbat qoʻyishini istardim va ayni vaqtda nimadandir choʻchirdim. «Meni sevmasa-chi? — derdim oʻzimcha. — Shunday, yaqin olib yurgan boʻlsa-chi?» Ayollarning juda murakkab va mugʻambir boʻlishini eshitganman. Lekin Oypopukni shunday ayollar qatoriga mutlaqo qoʻshgim kelmasdi. Toʻgʻri, u juda murakkab tabiatli qiz edi. Uni darrov tushunish, gapirayotganida xayolida nimalar kezayotganini bilish ancha qiyin, koʻpincha esa mutlaqo mumkin emas edi. Xoʻsh, sevmasa nega bunday tutadi oʻzini? Nega bunday gʻalati fol ochadi? Uning haqidagi fikrlarimdan nega xuddi yosh boladek xursand boʻlib, chapak chaladi? Boshim qotdi. Uchrashishga, butun dardimni toʻkib solishga ahd qildim.

Ertasiga uyiga bordim. Uy berk edi. Qaytib ketayotib, idoraning oldida Faridani uchratib qoldim. Ikkalovi oʻrtoq ekanligini, maktabni birga tamomlaganliklarini bilardim. Har qanday uyatni yigʻishtirib qoʻyib, soʻradim:
— Oypopukni koʻrmadingizmi? Uyda yoʻq. Tuzukmikan?
— Tuzuk, — dedi Farida. — Bugundan ishga chiqqan. Fermada. Nima edi?

Javob berishga sabrim chidamay, fermaga yugurdim. Ammo u yerda ham yoʻq edi. Hozir shu yerda edi, qayoqqadir ketdi, deyishdi. Qayoqqaligini aytishmadi. Butun qishloqni aylanib chiqsim, ammo topolmadim. Kunni zoʻrgʻa oʻtkazdim-da, kechqurun uyiga bordim. Usmon aka ayvonda choʻt qoqib, qandaydir hujjatlarni tekshirib oʻtirardi. Oypopuk koʻrinmadi. Soʻrashga esa, botinolmadim. Bir mahal, uyning eshigi ochilib, u chiqdi. Lekin... lekin koʻrishi bilan qaytib kirib ketdi. Hayron qoldim. Yuragim orqamga tortib, oyoqlarimgacha boʻshashib ketdi. Ancha oʻtirdim. Lekin u chiqmadi.

Xomush boʻlib uyga qaytdim.

Mavlon Shahodat xola bilan gaplashib oʻtirardi.
— Sobirdan xat kelibdi, — dedi u meni koʻrib. — Ming metr balandlikdan parashyutda sakrabdi.

Sobir kampirning oʻgʻli edi.
— Yaxshi, — dedim parvosizlik bilan.
— Ha, kayfingiz buzuq? — soʻradi doktor. Indamadim.
— Bu kishining muchali qishmi deyman, nima balo?! — dedi Shahodat xola. — Sal narsaga kuyunaverasizmi, bolam? Mundogʻ yozilsangiz-chi!

Erinibgina jilmayib qoʻydim. Gapirishga majolim yoʻq edi.

Zoʻrgʻa tunni oʻtkazdim. Boshim guvillab ogʻrirdi, nima qilishimni bilmasdim. Ruhim tushgan, kayfim buzuq edi. «Nega bunday qildi? Nega birdan oʻzgarib ketdi?» — oʻylardim nuqul. Qancha oʻylasam ham oʻyimning tagiga yetolmasdim. Kechqurun pravleniye yigʻilishi boʻldi. Yigʻilishda xuddi nina ustida oʻtirgandek oʻtirdim. Yuragimga hech narsa sigʻmasdi. Yigʻilish tamom boʻlishi bilan otilib eshikka chiqdim.
— Oʻktam aka! — dedi shu payt orqamdan kimdir. Oʻgirildim, Farida edi.
— Xoʻsh?
— Manavi xat sizga, — dedi u. — Popuk berib yubordi. Yuragim hapqirib ketdi. Xatni shu yerdayoq ochib oʻqiy boshladim.

«Bezovta qilganim uchun kechiring, — deyilgan edi xat-da. — Sizda zarur ishim bor. Daryo labidagi oʻsha oʻzingizga tanish boʻlgan xarsangtosh yonida kutaman. Yigʻilishdan chiqib keling. Oʻtinib soʻrayman. Oypopuk».

Menga jon kirdi. Xatni mahkam ushlaganimcha olmazorga qarab yugurdim.

Oydin kecha edi. Hammayoq kumushrang nurga koʻmilgan. Jimjitlik. Faqat olma barglari sehrli shitirlardi. Xarsangtosh oldida nimadir qorayib koʻrindi. Oypopuk! Yuragim battar oʻynab ketdi. Yaqinlashdim. Oypopuk menga oʻgirildi, uning koʻzlari charaqlardi.
— Salom. Tinchlikmi? — dedim muzdek qoʻlini qisib.
— Tinchlik. Meni kechiring, — dedi u. — Bemahalda qiz bolaning bunday pastqam joyga erkak kishini chaqirishi odobdan emas. Bilaman. Lekin majbur boʻldim. Men... men...

U jimib qoldi. Boshi egildi, birdan yelkalari titrab ketdi. U yigʻlardi.
— Nima boʻldi oʻzi? Aytsangiz-chi! Meni qiynamang! — dedim oʻpkam toʻlib borayotganini sezib.
— Men... men.. sizni yaxshi koʻrib qoldim...

Oypopuk shunday deb, boshini koʻkragimga tashladi.
— Men ham... men ham!.. — dedim uni bagʻrimga bosar ekanman. — Oʻsha birinchi koʻrishgan kunimizoq yaxshi koʻrib qoldim!.. Gulxan yonida...
— Rostdanmi? — soʻradi u boshini koʻtarmay.
— Rostdan, rostdan! — dedim men. — O, qanday yaxshi! Oypopuk, jonim!.. — oʻpa boshladim. U indamasdi. Keyin hozirgina menga baxt ato qilgan lablaridan oʻpmoqchi boʻlib, yonib turgan quloqlarini qisib, boshini koʻtardim. Uning jiqqa yosh koʻzlari mehribonlik bilan menga tikildi. Birdan u siltanib qoʻlimdan chiqdi. Xarsangtoshning ikkinchi tomoniga oʻtdi-da, menga teskari oʻgirilib, unga suyandi. U yigʻidan toʻxtagan, lekin xomush edi. Yoniga borib, bilagidan ushladim.
— Qoʻying, — dedi qoʻlini tortib. — Sizni bunga chaqirmagan edim. Qoʻrqqanim boʻldi. Shundan qoʻrqqan edim.
— Nima boʻldi? Nima deyapsiz oʻzi? — soʻradim men.
— Oʻktam aka, — dedi Oypopuk savolimga javob bermay, jiddiy ohangda. — Sizdan katta iltimosim bor. Shuni bajarsangiz, men sizdan bir umr minnatdor boʻlaman.
— Ayting, qanday iltimos?
— Keting bu qishloqdan... Butunlay keting.
— Nima?! — hayron boʻlib qoldim. — Nima deyapsiz oʻzi?
— Keting, deyapman, — Oypopuk menga tik qarab gapirdi. — Yoshsiz. Yaxshi qizlar koʻp boshqa joylarda ham, oʻtinib soʻrayman, keting. Men bilan hayotingiz azobda oʻtadi.
— Unday demang, — dedim men jahl bilan. — Nega azobda oʻtar ekan? Meni sevasiz-ku!
— Ha, sevaman, judayam sevaman. Lekin... lekin, — dedi Oypopuk. — Men oʻzimni yaxshi bilaman. Yarimta odam bilan hayot qurib boʻlmaydi. Men esa, siz bilan boʻlsam yarimta boʻlib qolaman.
— Nega axir?
— Dadamlar-chi? U kishi mening tugʻishgan otam emas. Lekin men uchun tugʻishgan otamdan ham aziz. Tashlab ketolmayman. Xuddi menga oʻxshab, u ham yolgʻiz. Meni deb hatto turmush qurmagan. Men ham oʻzimni unga bagʻishlamoqchiman. Buning uchun men hamma narsadan, sevgimdan ham, baxtimdan ham voz kechishim mumkin. Keting. Agar meni sevsangiz, ketasiz. Axir, ayting, bir odam oʻzini ikki kishiga bagʻishlay oladimi?

Men turgan joyimda qotib qolgan edim. Hozirgina yuragimni yoritib turgan baxt chirogʻi soʻnayotgandek edi. Uning oxirgi soʻzlari meni oʻzimga keltirdi.
— Men hamma narsaga tayyorman, — dedim hayajon bilan. — Nima desangiz, shuni qilaman. Faqat siz bilan birga boʻlsam boʻldi. Haydamang, Oypopuk!
— Yoʻq, yoʻq! — u koʻzlarini yumdi. — Keting, oʻtinaman, keting. Sevaman, dedingiz-ku! Meni qiynamang.
— Xoʻp, — dedim nihoyat. — Hozir ketaymi?
— Ha, hozir keting.

Butun vujudim boʻshashib, mast odamday gandiraklab yoʻlga tushdim. Men yigʻlardim. Birdan ogʻir yoʻqotish boshimga tushganiga yigʻlardim. Boyagina koʻzimga ming xil rangda tovlanib koʻringan dunyo qorongʻi zimistonga aylandi. Timirskilanib olmazorga kirib ketdim. Shu payt:
— Oʻktam aka! — degan chinqiroq ovoz qulogʻimni teshib yuboray dedi.

Toʻxtab qoldim.
— Oʻktam aka! — dedi yana shu ovoz. Endi yaqinroqdan eshitildi. Quloq soldim. Kimdir men tomonga yugurib kelardi. Tanidim. Yuragim qinidan chiqib ketayozdi. Bu Oypopuk edi! U yugurib kelib, oʻzini bagʻrimga otdi-da, yigʻlab yubordi...

9

Oʻsha kuni dimogʻimda nozik, yoqimli hid qoldirib, Oypopuk ketdi. Men ham uyga yoʻl oldim. Kayfim chogʻ edi, lablarimda tabassum oʻynardi. Uyga kirganimda doktor otamdan xat kelganini aytdi. Olib oʻqiy boshladim.

«Oʻgʻlim, — deb yozibdi otam. — Soʻnggi xatingni olib xursand boʻldim. Yakkachinorning yaxshi joyligini bilardim. — Eskadronimiz 29-yili oʻsha qishloqda turgan, lekin senga bunchalik yoqib qolishini oʻylamagan edim. Ketib qolasanmi, deb qoʻrqib yuruvdim. Endi koʻnglim joyiga tushdi. Ogʻir boʻl, nojoʻya ishlar qilib qoʻyma.

Mening ahvolimni soʻrasang, yomon emas. «Semashko»ga yoting deyishyapti. Yotgim yoʻq, tuzukman.

Ha, aytganday, bir narsani soʻramoqchi edim. Xating bu gal ancha tarqoq, ega-kesimining tayini yoʻq. Tinchlikmi oʻzi, yo ishing koʻpligidan shoshib yozdingmi? Bir kun oldin, bir kun keyin, shoshma.

Salom bilan otang».

Oʻsha zahotiyoq javob yozdim.

«Xatingizni oldim, — dedim unda. — Salomatligingizni bilib, xursand boʻldim. «Semashko»ga yotsangiz, yaxshi boʻlarmidi? Harholda, yurak bilan oʻynashib boʻlmaydi.

Mening ishlarim yaxshi. Avvalgi xatimning tarqoqligiga sabab koʻp. Bu yer menga juda yoqib qoldi.

Kuzning oxirlarida ikki-uch kunga borib kelaman. Shunda bafurja gaplasharmiz».

Ha, Yakkachinor haqiqatan ham menga yoqib qolgan edi. Oʻzimni baxtli his qilardim. Inson oʻzi bilmagan, lekin tusmol qilib yurgan butun orzulariga yetishadi-yu, baxtli boʻlmaydimi?!

Biz Oypopuk bilan har kuni uchrashardik. U adasiga turli bahonalarni qilib, uydan chiqardi, bir-ikki soat daryo labida, olmazor ichida aylanardik, gaplashardik... Gapimiz sira ado boʻlmasdi. Hayajon, hazil, kulgi aralash tuzilgan ming xil reja, ming xil orzularni, hattoki oddiy gaplarni kunda ming martadan qaytarsak ham jonimizga tegmasdi. Aksincha, har gal har xil jaranglardi.

Yoshlikdagi orzu, rejalarni bilasizmi? O, bu orzular!.. Qanday shirin, lazzatli... ularni tilga olish bilanoq oʻzingizni oʻzga dunyoda his qilasiz, qalbingiz toʻlqinlanadi, koʻzlaringizda, lablaringizda tabassum oʻynaydi.

Bir qarasangiz, qush boʻlishni orzu qilib, turnalar singari koʻkda parvoz qilardik. Bir qarasangiz, dalalar, qir, togʻ-toshlar oshib, sevgimizni butun dunyoga jaranglatib kuylardik. Bizning yuzga kirishimiz aniq edi. Shu yuz yil ichida qiladigan ishlarimiz ham aniq edi. Oypopuk doim yonimda boʻladi. U mendan bir qadam siljimaydi. Menga tikilib oʻtiradi, albatta kechqurun, ishdan keyin. Dadasi ham biz bilan boʻladi. U biz bilan birga yashaydi, biz bilan baravar umr koʻradi. Uning bizdan oldin oʻlib ketishi mumkin emas. Shunday odamning oʻlishi mumkinmi? Ikkalamizga baravar dada boʻladi. Men ham otamni olib kelaman. Biz ishda boʻlganda, ikkalovi zerikmay oʻtirishadi. Biz koʻp sayohat qilamiz, butun dunyoni aylanib chiqamiz. Yakkachinorda esa, biz bormagan joy qolmaydi.

Bir kuni biz, odatdagidek, daryo labida uchrashdik. Kuzning oʻrtalari edi oʻshanda. Bogʻlar, dalalar oltin tusga kirgan. Havo bir oz sovigan boʻlsa ham, iliq shamol esardi. Biz oyoqlarimizni suvga osiltirib, daryoga tikilib oʻtirardik.
— Oʻktam aka, — dedi bir mahal Oypopuk, — esingizdami, xuddi shu yerda «Dengiz sirlari»ni oʻqib oʻtirganimda, gir koʻp ekanmi dengizda, deb soʻradingiz. Esingizdami?
— Ha, siz hali bilmayman, dedingiz. Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri. Esingizda ekan. — U kuldi.
— Nima edi? — soʻradim men.
— Dengizda sir koʻp ekan, — dedi u xayolchan. — Odamlarda undan ham koʻp boʻlsa kerak-a?
— Ha, undan ham koʻp, — dedim men. — Lekin ular oʻz sirlarini yashirmaydilar. Yashirishsa, shunday goʻzal joylarda yasharmidik?
— Sizning ham sirlaringiz bormi? — soʻradi u koʻzlarini ayyorona suzib.
— Sizdan yashiradigan hech qanday sir yoʻq menda.
— Qaydam?.. — u oyoqlarini shapillatib, koʻzlarini ayyorona suzdi.
— Nima, menga ishonmaysizmi?
— Qaydam?

Men uning hazillashayotganini bilardim, lekin bilsam ham negadir tashvishlandim.
— Axir, kechagina, ishonaman, deb aytgan edingiz-ku?
— Kecha boshqa, bugun boshqa, — dedi u qoshlarini chimirib. — Kecha havo bulut edi, bugun esa ochiq.

U xaxolash bilan birdan oʻrnidan turdi-yu, peshonamdan oʻpdi.
— Sizni yaxshi koʻraman. Ishonaman. Yuring, toqqa chiqamiz!

Oypopuk tuflisini qoʻliga olib yugurib ketdi. Men ham oʻrnimdan turdim. Chinorli qoyaga yetib kelganimizda kun ancha ogʻib qolgan edi. Havo ham salqin edi. Kurtkamni yechib, qoramtir bilaklarini quchoqlab olgan Oypopukning yelkasiga tashladim. Osmonda katta-katta bulut parchalari suzib yurardi. Ular orasidan tushib turgan ingichka shu’lalardan chinorning qizgʻish barglari oltin tangalardek yaraqlardi. Koʻzim qamashib ketdi.
— Yuring, qoyaga chiqamiz, — dedi Oypopuk, — sira chiqqan emasman.

Toshdan-toshga bitta-bitta oyoq qoʻyib, qoyaning ustiga koʻtarildim.
— Voy-boʻ! — deb yubordi Oypopuk atrofga qarab.

Koʻz oldimizda ajoyib manzara ochilgan edi. Butun qishloq, past-baland uylar, bogʻlar, polizlar, toʻlqinlanib oqayotgan daryo tagimizda edi. Tepamizda esa baland qoyalar, oq-qora bulutlar, gʻuvillagan shamol!
— Qanday chiroyli! — dedi Oypopuk entikib.
— Ha, judayam, — dedim men.
— Tez-tez kelib turamiz, xoʻpmi?
— Xoʻp.
— Men qishlogʻimizning bunchalik chiroyliligini endi bildim! Qarang, hov ana, uyimizni koʻryapman. Hov ana, tolning tagida. Koʻryapsizmi?
— Ha, hov ana idora.
— Ha. Sizning uyingizni topib beraymi? Oypopuk bahaybat chinorga yaqinlashib, suyandi.
— Topdim, topdim. Bu yoqqa yaqin ekan-ku! Qarang.

Uning yoniga borib, men ham chinorga suyandim.
— Ha. Doktor uydaga oʻxshaydi. Deraza ochiq.

Bir mahal Oypopuk titrab ketdi-da, menga yopishib oldi.
— Qarang! — dedi qoʻli bilan pastni koʻrsatib. Qaradim-u, yuragim orqamga tortib ketdi. Qoyaning tagi qandaydir chuqur boʻshliq edi. Kichkina jilgʻa xuddi ilondek toʻlgʻanib oqardi. Katta-kichik toshlar atrofida dumalab yotardi.
— Shu yerdan tushib ketgan odam oʻlsa kerak-a? — dedi Oypopuk sirli ohangda.
— Ha. Chuqurligini qarang. Bunchalik balanddamiz, deb oʻylamagan edim.
— Men ham. — Oypopuk oʻylanib qoldi, bir ozdan keyin dedi: — Balki xotinini tashlab ketgan yigit shu yerdan yiqilib oʻlgandir?
— Qaysi yigit?
— Yakkachinor afsonasidagi yigit-da. Mening unga rahmim keladi. Bechora qanday azob chekkanikin?
— Yuring, qaytamiz, — dedim gapni boshqa yoqqa burish uchun.
— Yoʻq, yoʻq. Yana bir oz turaylik, — dedi shoshib Oypopuk va qoʻlimni ushladi. — Qarang, quyosh botyapti. U xuddi soʻnayotgan vulqonga oʻxshaydi. Siz quyosh botishini yaxshi koʻrasizmi? Men juda yaxshi koʻraman. Shunday qarab oʻtiraversam, oʻtiraversam. U botib, qorongʻu tushishini esa, yomon koʻraman. Hamma jonivorlar ham buni yomon koʻrsa kerak. Nega boʻlmasa sigirlar ma’raydi, tovuqlar qaqillaydi? Men ham oʻzimni yomon his qilaman. Ichimda nimadir uzilib ketganday boʻladi. Oʻktam aka?
— Labbay? — dedim uning gaplariga berilib.
— Meni yaxshi koʻrasizmi?
— Judayam!
— Meni hech yolgʻiz tashlab ketmaysiz-a?
— Yoʻq!
— Doim men bilan birga boʻlasiz-a?
— Ha!
— Sizsiz bir soat ham, bir minut ham turolmayman, deng!
— Sizsiz bir minut ham turolmayman.
— Men ham. Men ham sizsiz bir minut turolmayman. Sizni sira ham, sira ham yolgʻiz tashlab ketmayman. O, men naqadar baxtliman, baxtliman!

Ha, biz ikkalamiz ham baxtli edik. Goʻyo, dunyo faqat biz uchun yaratilgandek, undagi hamma narsa, bepoyon dalalar ham, koʻkoʻpar togʻlar ham, kumush daryolar, jilgʻalar, lolarang chamandek yastanib yotgan bogʻlar ham biz uchun, yolgʻiz biz uchun barpo etilgandek edi. Qaytayotganimizda soʻradim:
— Usmon akamga nima deysiz? Oypopuk qizarib ketdi.
— Har kungi gapimni aytaman. Faridalarnikidaydim, deyman.
— Hech narsani sezmayaptilarmi?
— Yoʻq, — dedi u xayol surib. — Sezmayotgan boʻlsalar kerak. Aytish kerak edi. Lekin qanday qilib aytaman?
— Men aytaymi?
— Yoʻq, yoʻq, — dedi shoshib Oypopuk. — Men oʻzim... oʻzim aytaman. Baribir, aytish kerak-ku axir. Yashirib boʻlmaydi.
— Qiz bolasiz, qiyin boʻlar? Men aytaqolay?
— Yoʻq, — dedi u, — dadamlardan hech narsani yashirmayman. Buni ham aytaman. Lekin... ikki kundan beri nash’alari past.
— Ha, men ham sezdim, — dedim men. — Lekin nega? Kolxozda ishlar yomon emas.
— Men bilaman, — dedi Oypopuk. — Toshkentda bir oʻrtoqlari bor edi. Qosim aka degan. Injener. Shu kishi qamalibdi.
— Qamalibdi? — ajablanib soʻradim men.
— Ha.
— Nega qamalibdi?
— Hech kim bilmaydi. Uydagilar ham. Dadamlar, adashib qamalgandir, bunaqa voqealar boʻlib turadi, deyaptilar. Qosim aka biznikiga koʻp kelib turardilar. Utgan yili kuzda Yakkachinorga ham kelib, uch-toʻrt kun turib ketganlar. Doktor u kishiga juda yoqib qolgan edi. Ay-niqsa, pazandaligi. Yakkachinorga yana kelsam, Mavlonjonning oshi uchunoq kelaman, degan edilar. Urushda ham boʻlganlar, koʻp qiyinchiliklarni tortganlar. Asirda boʻlganlar-da, keyin qochganlar. Polьshadan. Ancha vaqt ishga joylasholmay yurdilar. Dadam joylashtirib qoʻydilar. Eh, tortgan azoblarini gapirib bersalar, yuraklaringiz ezilib ketadi. Oʻktam aka, adashib qamalgandir-a, nima deysiz?
— Menimcha ham shunday boʻlsa kerak, — dedim men.
— Biram yaxshi oyilari bor. Xuddi qoʻgʻirchoqning oʻzi deysiz.

Oypopuk kuldi.
— Uylarida koʻp boʻlganman. Meni nuqul puchuq, deydilar. Men puchuqmanmi?

Oypopuk erkalanib menga qaradi.
— Puchuqsiz, — dedim men. Ikkalamiz kuldik.

Uyga kelganimda Mavlon yuziga jurnal yopib, karavotda yotardi.
— Ha, doktor? Kasalmisiz? — dedim hazillashib. U uh tortdi.
— Turing, ovqatlanamiz. Shunday qornim ochdi.
— Koʻproq yuring, — dedi u zaharxandalik bilan, keyin qoʻshib qoʻydi. — Tagʻin mening tegishimni ham tushirib qoʻymang. Oʻlayotgan boʻlsam ham ovqatni yeyman. Menga qarang!
— Xoʻp, qaradim, — dedim ovqatga yopishib.
— Men ketaman.
— Qayoqqa?
— Shaharga. Bu yerda men ishlolmayman. Yoʻq. Ketaman.
— Jinnilik qilmang.
— Bu jinnilik emas. — Doktor oʻrnidan turib, yonimga kelib oʻtirdi. — Bir yildan oshdi, chidadim. Endi toqatim yoʻq. Qishloq — qishloqda. Umrim bekorga oʻtib ketadiganga oʻxshaydi. Medikka shahar kerak.
— Farida-chi? — soʻradim men.

Ularning soʻnggi paytlarda bir-birlariga boshqacha qarab yurishganini bilardim.
— Nima boʻpti? Qiz bola birovning xasmi, — dedi Mavlon beparvolik bilan. — Joylashgach, olib ketaman.
— Rozi boʻlarmikin?
— Koʻndiraman, — dedi qat’iylik bilan u.
— Ixtiyoringiz, — dedim men ovqatdan bosh koʻtarmay, Mavlon mendan bunday javobni kutmagan edi shekilli, boʻshashib qoldi.
— Ertaga bir osh qilaylik, — dedi anchadan soʻng menga aybdorlarcha boqib. — Qoʻlboladan ozgina bor. Ketar jafosiga yaraydi.
— Oshingizning tarixini Toshkentda ham bilishar-kan, — dedim Oypopukning gaplari esimga tushib.
— Yoʻgʻ-e, kim bilar ekan? E-ha, injener Vohidovmi? Utgan yili kuzda kelgan edi u. — Mavlonning chehrasi ochilib ketdi. — Oshni shu choyxonada qilib bergan edim. Juda ochiq, sergap odam. Uch kun turibdi-yu, bittamizga ogʻiz ochirmabdi-ya! Tagʻin nimalarni gapiradi deng? Nuqul qandaydir shpindelь-mpindellarni!
— Shu odam qamalibdi.
— Qamalibdi? Nega?

Yelkamni qisdim. Mavlon ham jimib qoldi.

Koʻp oʻtmay yotdik. Darrov koʻzim ilindi. Mavlon ham xurrak ota boshladi. Bir mahal choʻchib uygʻonib ketdim. Kimdir jonholatda derazani taqillatardi.
— Kimdi, kim? — shoshib ochdim. Oypopuk ekan.
— Dadamlar! Dadamlarni!.. — dedi u entikib va gapirolmay hoʻngrab yubordi.
— Bu yoqqa kiring! Nima boʻldi oʻzi? — deb eshikka yugurdim. Oypopukni qoʻltiqlab olib kirgunimcha, uydagilar allaqachon turishgan edi. Shahodat xola lablari titrab gapirolmasdi. Mavlonning rangi quv oʻchib ketgan. Nuqul entikayotgan Oypopukka qarab qolgan edi.
— Nima boʻldi? — derdim men nuqul va zoʻr berib Oypopukni xonaga olib kirishga harakat qilardim.

Stulga oʻtqazganimda oʻzini bosib oldi shekilli:
— Dadamlarni... dadamlarni... qamoqqa olib ketishdi, — dedi va hushidan ketib qoldi.

Mavlon uyqusi qochib, nima boʻlganiga tushundi va Oypopukni mendan oldi. Ogʻzi ochilib, bizga qarab turgan Shahodat xola birdan:
— Voy, voy shoʻrim! — deb baqirib yubordi. Birpasda uy qoʻni-qoʻshniga toʻlib ketdi. Hovlini qiy-chuv bosdi. Ayollar bir-birlariga quloq solmay, nimalarnidir hovliqib gapirishar, ora-sira yigʻlab ham olishardi. Haydarali aka, kolxoz partorgi kelib, hammani haydab yubordi-da, xonaning eshigini berkitdi. Oypopuk oʻziga kela boshladi. Bir ozdan soʻng koʻzlarini ochib, xonadagilarga bir-bir qarab chiqdi-da, piqillab yigʻlab yubordi.
— Yigʻlama, qizim, — dedi Haydarali aka. — Ertalab hammasi ayon boʻladi. Otangning gunohi yoʻq, men bilaman. Anglashilmovchilik boʻlsa kerak bu. Ertalab hammasi ayon boʻladi. Otangning gunohi yoʻq. Yigʻlama.

Oypopuk oʻrnidan turmoqchi boʻlib, qoʻzgʻaldi.
— Turmang, — dedi Mavlon. — Bugun shu yerda yoting.
— Ha, shu yerda qoling, — dedim men ham.
— Qayoqqa borasan? Shoʻtta qol! — dedi Shahodat xola.
— Shu yerda qol, — dedi Haydarali aka va menga oʻgirildi. — Ertalab idoraga yigʻilaylik.
— Xoʻp, — dedim men.
— Endi yotinglar, hali erta, — dedi Haydarali aka. — Baribir foydasi yoʻq.

U ketdi. Lekin hech qaysimiz mijja qoqqanimiz yoʻq.

Tong otishi bilan idoraga bordim. Usmon akaning kabineti odamlar bilan liq toʻla edi. Koʻp oʻtmay Saksonboy ota bilan Haydarali aka ham kelishdi. Hamma negadir jim, hech kim gapni nimadan boshlashni bilmasdi. Bu ayanchli sukunat ancha davom etdi. Nihoyat, Saksonboy ota chiday olmadi shekilli, mendan soʻradi:
— Oypopukka nima qilibdi, yotibdimi?
— Yotibdi, mazasi yoʻqroq, — dedim men.
— Nima qilamiz? — dedi Haydarali aka hammaga bir-bir qarab chiqib. — Bir narsa qilish kerak.

Hech kimdan sado chiqmadi.
— Men kechasi butun ishlarimni xomchoʻt qilib chiqdim, — dedi Haydarali aka. — Kolxozda chatoqlik yoʻq. Boshqa ish boʻlsa kerak, chamamda, faqat Usmonjonning oʻziga aloqador boʻlgan ish.
— Nima ish boʻlishi mumkin? — soʻradi Saksonboy ota. — Doim katta-katta ishlarda ishlab kelgan. Doim mukofotlanib yurgan.
— Bilmadim, — uning gapini boʻldi Haydarali aka. — Menimcha, qandaydir anglashilmovchilik boʻlsa kerak.
— Ishqilib, shunday boʻlsin-da, — dedi kimdir yengil xoʻrsinib, — yaxshi odam edi.
— Ha, tilla odam Usmonjon, menimcha bunday qilsak... — dedi Haydarali aka bir oz oʻylanib. — Rais oʻrnini bilintirmay ishlayveramiz. Vahimaga tushish kerak emas. Ikki-uch kishi rayonga boraylik. Har holda, u yerda bilishsa kerak. Nima deysizlar?

Hamma bu taklifni ma’qulladi.
— Qizi nima boʻladi? U yolgʻiz-ku! — dedi kimdir.
— Nima boʻlardi? — qizishdi Haydarali aka. — Hech narsa boʻlmaydi.
— Farida bilan turadi, — dedi Saksonboy ota. — Yo biznikida, yo oʻzinikida.
— Uch-toʻrt kunlik gap bu, — dedi Haydarali aka. — Hech nima qilmaydi. Usmonjon kelguncha Saksonboy ota aytganday turaturadi. Xoʻp, raykomga men boraman. Yana kim boradi?
— Men! — dedim oʻrnimdan turib.
— Boʻlmasa ketdik. Ikki kishi boʻladi.

Haydarali aka odamlarga ba’zi topshiriqlarni berdi-da, eshikka chiqdi. Ketidan men ham chiqdim. Shu zahotiyoq rayonga joʻnadik.
— Juda erta ketyapmiz, — dedi yoʻlda Haydarali aka. — Raykomda hech kim boʻlmasa kerak.

Lekin bunday boʻlib chiqmadi. Mashinamiz gulzor yonida toʻxtaganda Qodirovning oʻzi chiqib kelayotganini koʻrib qoldik.
— Juda yaxshi boʻldi, — dedi Haydarali aka. — Oʻzini uchratib qoldik.

Qodirov bizni koʻrib, qarshimizga yurdi.
— Ha, buncha saharlab yurmasalaring? Salom, — dedi u qoʻlini omonatgina choʻzib.
— Usmonjon kecha qamaldi, — dedi Haydarali aka.
— Ha, eshitdim, — dedi Qodirov. — Yaxshi boʻlmabdi.
— Sababini bilsangiz kerak? — soʻradim men.
— Afsuski, bilmayman, — dedi u bosh chayqab. — Bilmayman.
— Nima qilamiz endi? — soʻradi Haydarali aka.
— Sizlar qishloqqa ketaveringlar, — dedi Qodirov. — Surishtiramiz. Uch-toʻrt kun sabr qilinglar. Aybi boʻlmasa oʻzi ham kelib qoladi.
— Uning qanaqa aybi boʻlishi mumkin! — dedi zarda bilan Haydarali aka. — Tilladay sof odam!
— Bilaman, bilaman, — dedi Qodirov uni boʻlib. — Surishtiramiz.

Qishloqqa qaytib, hamma gapni odamlarga yetkazdim-da, biznikiga bordik.

Oypopuk hali shu yerda edi. Bizni koʻrib, sakrab oʻrnidan turdi. Bechora qiz bir kechada choʻp boʻlib qolibdi. Rangi quv oʻchgan, kirtaygan koʻzlari javdiraydi.
— Nima gap? Tinchlikmi? — soʻradi u hovliqib.
— Tinchlik, qizim, tinchlik, — dedi Haydarali aka vazminlik bilan. — Xavotir olma. Dadangning hech qanday gunohi yoʻq. Bir oz sabr qilish kerak. Bir-ikki kunda hammasi ravshan boʻladi. Yo dadangning oʻzi kirib keladi. Sabr qilasanmi?
— Ha, — deya Oypopuk itoatkorona boshini egdi. Oradan, Qodirov aytgandek, uch-toʻrt kun emas, bir oy oʻtib ketdi. Rayondan hech qanday javob boʻlmadi. Oypopukning bir oy ichida surati qoldi, xolos. Bechora qiz tiq etsa eshikka yugurar, hol-ahvol soʻrab kelgan odamlarga, biron yangilik aytisharmikan, deb najot bilan boqardi.
— Mana, — dedi bir kuni u xoli uchrashganimizda. — Hamma orzularimiz bulut parchalaridek tarqalib ketdi. Keting, deb iltimos qilganimda nega ketmadingiz? Mana, endi bitta men bilan dadamlar emas, siz ham baxtsizsiz.
— Unday demang, — dedim men yupatishga intilib. — Dadangiz keladi, yana hamma narsa oʻz iziga tushib ketadi.
— Yoʻq, endi iziga tushmaydi, — dedi u lablariga oqib tushgan yoshini artar ekan. — Tushmaydi. Yuragim sezib turibdi. Men judayam baxtli edim. Baxt esa doimiy narsa emas. Dadamlarga achinaman. Yana yolgʻiz qoldilar. Nima qilayotgan ekanlar hozir?
— Qoʻying, xafa boʻlmang, yana bir oz sabr qiling.
— Sabr!.. Sabr qilmay ilojim qancha?

Lekin mening ilojim qolmadi. Haydarali aka bilan maslahatlashib, yana raykomga borishga qaror qildim. Bordik. Qodirovni topdik.
— E, kelinglar, — dedi u bizni koʻrishi bilan oʻrnidan turib, — ishlar yaxshimi? Durust, durust. Uzumchilikdan bu yil birinchi oʻringa chiqibsizlar. Kecha hisob qilishdi. Durust, durust...
— Biz Usmonjon masalasi bilan keluvdik, — dedi Haydarali aka uning gapini boʻlib.
— Ha, ha, tushundim. Qodirov oʻyga toldi.
— Bilasizlarmi, — dedi u bir ozdan soʻng. — Koʻp joylar bilan gaplashdim. Lekin natija bermadi.
— Aybi nima ekan?
— Bilolmadim, bilolmadim. Lekin oʻzlaring aytinglar, aybi boʻlmasa qamalarmidi?
— Aybi yoʻq uning! — dedi qizishib Haydarali aka. — Halol odam-ku u axir!

Qodirov yelkalarini qisdi.
— Biz uni yaxshi bilamiz! — dedi Haydarali aka.
— Toʻgʻri, — dedi Qodirov sekinlik bilan. — Men uni yaxshi bilmayman. Lekin uni biladigan odamlar, tashkilotlar bor. Balki adash qamalgandir, balki... Yana kim biladi deysiz. Men qoʻlimdan kelganini qildim. Bir necha joyga telefon qilib... surishtirdim. Xoʻsh... Lekin nega qamaladi, bilmayman. Aybi boʻlmasa qamalarmidi!

Qodirov qoshlarini chimirib, gap tamom, deganday soatiga qaradi. Boʻshashganimizcha tashqariga chiqdik.
— Qishloqqa kelib, Oypopukka Qodirov aytgan gaplarning birontasini ham aytmadik. Oʻzi zoʻrgʻa yuribdi, — dedi Haydarali aka, — buni eshitsa, tamom boʻladi-qoʻyadi. Qodirovning gaplari rost boʻlsa, keyin oʻzi bilib olar. Bu fikrga men ham qoʻshildim. Oypopukka hali hech narsa ma’lum emas, deb koʻya qoldik.

Yana bir necha kun oʻtib ketdi. Oypopuk endi yigʻlamas, aftidan sekin-asta koʻnika boshlagan edi. Lekin hamon chehrasi soʻlgʻin, kamgap edi. Bu orada miyamda bir fikr paydo boʻldi. Toshkentga tushib, Qosim akaning oilasi bilan gaplashib kelmoqchi boʻldim. Axir ikkalovining bir vaqtda qamalishi bejiz emasdir! Fikrimni Mavlonga, Haydarali akaga aytdim. Ma’qullashdi. Oypopuk boʻlsa, sevinib ketdi.
— Men ham boraman! — dedi u.
— Qanday qilib borasan? — gapga aralashdi Farida. — Ertaga raykomda boʻlishing kerak. Esingdan chiqdimi? Seni tasdiqlashadi.
— Xayolimdan koʻtarilibdi, — dedi Oypopuk boʻshashib. — Endi nima qilaman-a? Juda ham borishni istardim!..

Mening oʻzim ham ichimda uning borishiga qarshi edim. Nima qiladi qyynalib? Yaxshi gap eshitsak mayli. Hech narsa bilolmasak-chi? Qodirovning gaplarini u yerda ham eshitsak-chi?
— Siz qoling, — dedim. — Raykom chaqirtirgan boʻlsa, shu yerda boʻlishingiz kerak.
— Xoʻp, — dedi u, — sizga ishonaman. Quruq qaytmaysiz.
— Albatta, — dedim men. — Hammasini surishtiraman. Mana, koʻrasiz, dadangiz chiqib keladilar.
— Koshkiydi...
— Oʻzingizni qiynamang. Va’da berasizmi?

Oypopuk indamadi. Bagʻrimga ohista bosdim-da, issiq peshonasidan oʻpdim...

Oʻsha kuniyoq pravleniyedan ruxsat olib, Toshkentga joʻnadim.

10

Otam meni ham sevinch, ham hayrat bilan qarshi oldi.
— Kutmagan edim, — dedi uyda oʻtirganimizda gap orasida. — Oʻzing keldingmi yo ish bilan?

Hammasini gapirib berdim.
— Endi Qosim akanikiga boraman, — dedim gapimning oxirida. — Balki Usmon akaning bunga aloqasi bordir?
— Usmon akangni... — dedi otam menga diqqat bilan tikilib, — yaxshi bilasanmi?
— Ha, — dedim men. — Nima edi?
— Oʻzim, shunday, — otamning negadir gapirgisi kelmadi. — Odamni bilish qiyin. Ba’zilarning tili boshqa-yu, dili boshqa boʻladi.
— Bilmadim, — dedim qanday javob qilishni bilmay. — Lekin Usmon aka bunaqa boʻlmasa kerak.
— Ishqilib, shunday boʻlsin, — dedi otam. — Oʻzingga ehtiyot boʻl.
— Nega bunday deyapsiz? — soʻradim hayron boʻlib. Otam indamay koʻrpacha ustida yotgan gazetani olib, menga uzatdi-da:
— Toʻrtinchi betdagi e’lonni oʻqi, — dedi.

Oʻqiy boshladim. Bular ajralish haqidagi e’lonlar edi.

Otamga qaradim.
— Oʻqi, oʻqi, oxirigacha oʻqi, — dedi u

Yana oʻqishga tushdim. Soʻnggi satrlarda Sanobar Vohidova degan qandaydir ayolning Qosim Vohidovdan ajralishi haqidagi arizasi shahar sudida koʻriladi, deb yozilgan edi. Hayron boʻlib qoldim.
— Vohidovni taniysizmi? — soʻradim otamdan.
— Yoʻq. Lekin yomon gap tez tarqaladi. Xoʻsh, endi nima deysan? — dedi otam. — Aybi boʻlmasa ajralarmidi? Asirlikda boʻlgan ekan, nimalar qilgan u yokda, kim biladi?!

Otam bilan boʻlgan bu suhbatdan soʻng Qosim akanikiga oyogʻim tortmay bordim. Eshikni sekin taqillatdim. «Kim?» — degan xasta ovoz eshitildi. Koʻp oʻtmay eshik ochildi.

Oldimda oq doka roʻmol oʻragan bir kampir turardi. Salom berdim.
— Alaykum salom. Keling, bolam? — dedi kampir menga koʻzlarini tikib. — Ichkariga kiring. Kimsiz, bolam?
— Tanimaysiz meni, — dedim uning orqasidan ichkariga kirib.
— Suddanmasmisiz?
— Yoʻq. Men qishloqdanman. Yakkachinordan.
— Yakkachinordan? — soʻradi kampir hovlining oʻrtasidagi supaga oʻtirib. — Usmonjonning oldidanmi?
— Ha.
— Voy aylanay-ey, salomatmisiz? Usmonjon oʻzi eson-omon yuribdimi? Popuk qalay? Katta qiz boʻlib yuribdimi? Anchadan beri koʻrganim yoʻq. Maktabni bitiray dedimi?
— Ha, bitirgan. Kolxozda ishlayapti.
— Baraka topsin. Biram aqlli qizki! Biram yoqimtoyki! Xuddi popukning oʻzi deysiz. Omin! Hamma balo-qazolardan xudo oʻzi asrasin, Ollohu akbar!

Kampir fotiha oʻqib, menga yuzlandi.
— Keling, bolam?
— Kelinoyim uydamilar?
— Yoʻq, halizamon kelib qoladi. Nima edi?
— Usmon akam... Usmon akam qamalib qoldi.
— Voy shoʻrim? Voy shoʻr peshonam! Voy bola bechora!.. Kampirning koʻzlaridan tirqirab yosh oqib ketdi. U entikardi. Anchadan soʻng ogʻir xoʻrsinib, roʻmol uchi bilan koʻzlarini artdi-da, menga qaradi.
— Nega qamaldi? Nima gunoh qilgan ekan?
— Bilmaymiz, — dedim men. — Qosim akamlarning ishlariga aloqadormikin, deb bu yoqqa keldim. Kelinoyimlar bilan surishtirsakmikin?
— Surishtirishning hojati yoʻq, — dedi shu tob orqamdan begona ovoz.

Oʻgirildim. Bu yosh, kelishgan juvon edi. Qosim akaning xotini ekanligini darrov payqadim.
— Surishtirishning hojati yoʻq, — dedi u men bilan soʻrashar ekan yangitdan. — Hech qanday natija bermaydi. Men bilaman.
— Sen hammasini bilasan, bolam, — dedi kampir istehzo bilan.
— Ha, bilaman, oyi! — dedi juvon jiddiy ohangda. — Kesatmang.
— Bilganing uchun ajralayotgan ekansan-da! — kampir yigʻlab yubordi.
— Ha, bilganim uchun! — dedi juvon oʻzini jahldan zoʻrgʻa tutib. — Mayli, mendan xafa boʻlavering. Lekin bir narsani yaxshi bilib qoʻying. Oʻgʻlingiz sizga qanchalik aziz boʻlsa, menga ham shunchalik azizlar.

Juvon shunday deb menga oʻgirildi-da, ogʻir xoʻrsinib, dedi:
— Hozir oʻsha yoqdan kelyapman. Usmon akam shu yerda emish. Qosim akam koʻribdilar. Lekin gaplasha olmaptilar. Menimcha, Usmon akam Qosim akamning ishlari bilan qamalgan boʻlsalar kerak. Ular juda yaqin edi. Bormoqchimisiz?

Boshimni qimirlatdim.
— Foydasi yoʻq, — dedi juvon. — Hech narsa bilolmaysiz. Salomat, deyishadi, xolos. Hech narsa qilolmaysiz. Yaxshisi, qayting, Oypopukni ovuting, koʻp qaygʻurmasin. Peshonamizdagini koʻramiz. Mendan salom ayting. Sal tinchiy, boraman oʻzim.

Kampir bilan xayrlashdim-da, eshikka yoʻl oldim. Juvon kuzatib qoʻydi.
— Menga qarang, — dedi ketayotganimda toʻxtatib. — Sizdan iltimos, oyimlar bilan, boyagi... ajralish haqidagi gapimiz oramizda qolsin. Xoʻpmi?
— Xoʻp, — dedim.
— Rahmat.

Shunday deb, u kirib ketdi. Eshik yopildi. Men joyimda turib qoldim. Boshim gangigan edi. Hech narsani tushunmas edim. Ammo borgan sari yuragimda paydo boʻlgan gʻulgʻula kuchayardi. «Nahotki rost boʻlsa? — derdim oʻzimcha. — Nahotki Usmon aka aybdor boʻlsa!» — Shunday derdim-u, bu gapga ishonishimni ham, ishonmasligimni ham bilmasdim.
— Nima gap? — soʻradi otam uyga kelganimda. — Biron narsa bildingmi?
— Yoʻq, — dedim men. — Lekin Qosim akaning xotini, hammalari bir ish yuzasidan boʻlsa kerak, deyapti.
— Ha... — dedi otam oʻylanib. — Aybi boʻlmasa qamalmasdi.

Men indamadim. Nazarimda, otam haqday edi...

Ana shunday ahmoqona, bir umrga meni badbaxt qilgan gunohkorona ishonch bilan uchinchi kuni qishloqqa qaytdim. Toʻgʻri uyimga bordim. Mavlon nimanidir yozib oʻtirardi.
— Nima gap? — deb soʻradi u ham otamga oʻxshab.

Hech gap yoʻq, degandek boshimni qimirlatdim-da, karavotga choʻzildim. Mavlon yonimga oʻtirdi. Qancha vaqt oʻtdi, bilmayman, bir mahal:
— Oypopukni tasdiqlamadi, — dedi u. Oʻrnimdan turib ketdim.
— Aldamang!
— Aldab nima qilaman? — dedi doktor. — Rost.
— Nega? Nima uchun?
— Bilmayman. Vaqtincha sabr qiling, deyishibdi. Boshqa hech narsa bilmayman. Otasi uchun boʻlsa kerak-da!
— Otasi uchun?

Mavlon indamadi. Boʻshashganimcha yostiqqa yonboshladim. Men oʻylardim. Ammo miyaga hech narsa kelmasdi. Qorongʻi tushdi. Qayerdadir tovuq qoʻrquv aralash qaqilladi. Men hamon yonboshlab yotardim.
— Oypopukni koʻrdingizmi? — soʻradi doktor.
— Yoʻq, — dedim.
— Bormaysizmi? Sizni kutib oʻtirgandir?

Bu gap meni oʻzimga keltirdi. Oʻrnimdan turib, Oypopuklarnikiga yoʻl oldim.

Hovlida Farida meni qarshi oldi.
— Keldingizmi! — dedi u quvonib. — Popukning mazasi yoʻq. Hech narsa yemaydi, hech narsa demaydi. Raykomda tasdiqlashmadi...

U piqirlab yigʻlab yubordi.
— Eshitdim, — dedim men, — oʻzi qani?
— Uyda. Oʻtiribdi. Koʻzi oynada.

Ichkariga kirdim. Oypopuk deraza oldida oʻtirardi. Egnida noʻxat gulli koʻylagi. Boshida dadasiga tikib bergan qoʻqon doʻppisi. Hali-hali esimda. Mening kirganimni sezmadi. Koʻzlarini olis-olislarga qadab oʻtiraverdi. Mah-liyo boʻlib qoldim. Koʻzlarimga u butunlay boshqacha boʻlib koʻrinib ketdi. U ancha ulgʻaygan, butun qomatida, chimirilgan qoshlari bir-biriga yopishib, gʻunchadek tugilgan lablarida salobat, vazminlik sezilib turardi.
— Oypopuk? — dedim sekin.

U choʻchib, orqasiga qaradi-da, sevinib ketdi.
— Keldingizmi?! — dedi qarshimga yurib. — Sizni rosayam kutdim. Lekin kelguningizcha yigʻlaganim yoʻq. Mana, qarang. Yigʻlaganga oʻxshaymanmi?

U oʻzini qanchalik shoʻx tutishga harakat qilmasin, qaltiroq ovozi, qovoqlari shishgan koʻzlari ancha azob tortganini, yigʻlaganini bildirib turardi.
— Yoʻq, oʻxshamaysiz, — dedim jilmayib.
— Xoʻsh, nima gap? Qosim akamnikiga bordingizmi? Men hammasini aytib berdim. Oypopuk yana xomush boʻlib qoldi. Koʻzlari derazaga qadaldi, rangsiz lablari nimanidir shivirlay boshladi.
— Yoʻq! — dedi u bir mahal qat’iy ohangda. — Dadamlarning ayblari yoʻq. Bu tuhmat. Dadamlarda ayb yoʻq.
— Kim biladi, — dedim men. — Ayblari boʻlmasa qamashmasdi.

Bu gap, shu birgina shafqatsizlik bilan aytilgan gap meni umrbod badbaxt qildi, hamma narsadan aziz va qimmatli boʻlgan odamimdan judo qildi. Nega shunday dedim, nima majbur qildi, hozirgacha bilolmayman.

Oypopuk menga yalt etib qaradi. Uning bu qarashini men sira yodimdan chiqara olmayman. Uning koʻzlari xuddi gʻazabga kelgan sherning koʻzlaridek yonardi.
— Nima?! — dedi u boʻgʻilib va yana nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi, lekin ayta olmadi. U titrardi.
— Keting, — dedi u bir mahal bosiq ovozda. — Keting bu uydan.
— Oypopuk, axir men...
— Keting deyapman! — U koʻzlarini yumib, mendan yuzini oʻgirdi.

Chiqib ketdim. Nega chiqib ketdim. Nega qolib yupatmadim, kechirim soʻramadim? Axir har qanday bagʻritosh odam ham bunday qilmaydi-ku! Endi oʻylab koʻrsam, men oʻshanda «haqoratlanibman», ha, uning «keting» deganidan haqoratlanibman. Eh, bachkana gʻurur, pastkash odam!.. Men Oypopukdan xafa boʻlibman-u, ammo oʻzim uni haqoratlaganimni, ipakdek nozik qalbiga bir gap bilan xanjar sanchib qoʻyganimni sezmapman.

Uyga kelganimda doktor uxlab yotardi. Men ham yotdim. Ammo uyqu kelmadi. Miyamda ming xil fikr, lekin nimaligini bilmasdim. Faqat bir narsani, tuzatib boʻlmaydigan hodisaning yuz berganini va bunga bitta oʻzim aybdor ekanligimni aniq his qilardim.

Oradan koʻp vaqt oʻtmadi. Deraza sekin-sekin taqillay boshladi. Ochdim. Farida edi.
— Nima gap? — soʻradim undan.
— Popuk yoʻq, — dedi javdirab. — Siz ketganingizdan keyin, bir aylanib kelaman, boshim ogʻriyapti, deb chiqib ketuvdi, haliyam kelmayapti.

Derazadan sakrab koʻchaga tushdim. Nima qilishimni, qayoqqa borishimni bilmasdim. Yuragim dukullar, dam yigʻlamsirab turgan Faridaga, dam koʻchaga qarab alanglardim. Keyin daryo tomonga yugurib ketdim. Barglari toʻkilib, yalangʻoch boʻlib qolgan olmazordan oʻtib, xarsangtosh yoniga bordim. Oypopuk yoʻq edi. Qirgʻoq boʻylab choyxona tomonga chopib ketdim. U yerda ham yoʻq edi. Orqamga qaytib, uzumzor tomonga yugurdim. Bir marta shu yerda aylangan edik. Yoʻq, koʻrinmadi. «Oypopuk, Popuv-v!» — deb qichqirdim. Hech qanday javob boʻlmadi. Qoʻrqib ketdim. Qishloqqa yugurdim. Oypopuklarning uyi odamga toʻlib ketgan edi.
— Yoʻqmi? — soʻradi Saksonboy ota.
— Yoʻq, — dedim.
— Qayoqqa ketdiykin?
— Qidiramiz! — dedi Haydarali aka.

Hamma har tarafga tarqalib ketdi. Men ham ketdim. Birga boʻlgan joylarimizni boshqatdan aylana boshladim. Oypopuk yoʻq edi. Hammayoq jimjit. Faqat olis-olislardan: «Popuv-v! Popuv-v!» degan boʻgʻiq tovushlar eshitilardi...

Tongga yaqin Yakkachinor oʻsgan qoya tagida Oypopuk topildi. Ammo u... jonsiz edi.

11

Dunyo koʻzimizga qorongʻi koʻrinib ketdi. Men har qanday qiyinchilikni kutgan edim, ammo bunday fojia xayolimga ham kelmagan edi. Hamma hayron. Uning qanday qilib halok boʻlganini hech kim bilmas edi. Lekin men uchun buning mutlako ahamiyati yoʻq edi. U qanday qilib halok boʻlgan boʻlsa ham, aybdori men edim. Ha, men, shafqatsiz, qoʻrqoq, oʻz tinchligini oʻylagan badbaxt odam! Agar men oʻshanda birgina soʻzni aytmaganimda, uni yupatganimda, hech kimga quloq solmasdan, unga ishonganimda, bu fojia, butun qishloqni zilzilaga solgan bu mudhish fojia yuz bermasdi. Ha, yuz bermasdi.

Buni yaxshi bilardim. Shuning uchun vahimaga tushib qoldim. Nuqul yigʻlayman. Tilimga soʻz kelmaydi. Agar oʻshanda: «Odamlar! Vijdonini yoʻqotgan odam men, men qotil! Men uni, bu saxiy, mehribon, katta qalb egasi boʻlgan qizni, bulokdek sof, hayotining oʻziday goʻzal qizni oʻldirdim!» — deb hammasini roʻy-rost aytganimda yengil tortarmidim? Yoʻq, bu gapni aytmadim, aytolmadim, qoʻrqoq-lik qildim.

Oypopukni dafn etib qaytganimizda Mavlonning oldiga kirdim.
— Doktor, — dedim unga. — Esingizdami, ketaman bu yerdan, degan edingiz. Yuring, birga ketamiz.

Mavlon oʻylanib qoldi. Keyin menga yeb yuborguday boʻlib tikilib:
— Yoʻq. Endi men ketmayman, — dedi. — Ketsangiz oʻzingiz ketavering, katta yoʻl.

Oʻsha kuniyoq Yakkachinordan ketib qoldim. Nazarimda, butun qishloq, dov-daraxt, oʻt-oʻlan menga nafrat va cheksiz gʻazab bilan qarayotgandek edi... Koʻkdagi yulduzlar ham soʻnik, kechagina toʻlishib turgan oy bulutlar orasiga kirib yoʻqolgan, yoʻlim qorongʻi edi.

12

Oradan olti yil oʻtdi. Hayot butunlay oʻzgarib ketdi. Necha yillab berk turgan derazalar ochilib, uylar saxiy quyosh nuriga koʻmildi. Kulgi unutilgan xonadonlarda qadahlar jarangi, shoʻx qahqaha sadolari yana paydo boʻldi. Koʻchalarni ishonch bilan tashlangan dadil qadamlar bosib ketdi.

Ishonch! Inson ishonch bilan tirik. Unga ishonish kerak. Agar insonga ishonilmasa, falokat yuz beradi. Afsus-ki, men buni keyin tushundim. Mendaqalar esa ozmidi?!

Men ularga achinaman. Insonga ishonmay ular nima foyda koʻrishdi? Nima orttirishdi? Faqat gʻam va iztirob!

Men-chi? Men gʻam va iztirobdan tashqari yolgʻizlik orttirdim. Gʻamim bir umrga yetadi, yolgʻizligim esa u bilan doim esh.

Yakkachinordan ketib qolganimdan beri faqat ishgina ovunchogʻim boʻldi. Toshkentga kelib ilmiy-tekshirish institutiga kirdim. Ertalab kelaman-u, turli qogʻozlarga mukkamdan tushib, kunni kech qilaman. Keyin yolgʻizlik... Pushaymon, oʻkinch. Mening aybim umr boʻyi yuvilmasa kerak. Ba’zan qishloqni oʻylab ketaman. Oypopuk bilan yurgan joylarimiz, bepoyon dalalar, qir, shoʻx daryo, uzumzor, bogʻlar birma-bir koʻz oldimdan oʻtadi. Doktorni eslayman. Negadir mallasoch bola — Bahodir xayolimga keladi. Ba’zan Shahodat xolaning serqatiq moshxoʻrdasi dimogʻimni qitiqlaydi. Usmon akani negadir kam oʻylayman. Lekin koʻp tushimga kiradi. Tushlarim negadir deyarli bir xil: bepoyon dala. Oʻrtasiga qizil gilam toʻshalgan. Usmon aka shu gilamning ustida oq ot minib turadi. Oypopuk unga oq, sariq, qizil gullardan guldasta tutadi.

Qachonlardir tushimda shu oq otni men minib turgan edim...

Usmon aka chiqib kelgan. Ancha boʻlgan kelganiga. Buni tasodifan bilib qoldim.

Bir kuni kechqurun Karl Marks koʻchasidan ketayotsam, oldimda ikki kishi koʻrindi. Ular men tomonga kelishardi. Biri ayol, biri erkak. Ayol erkakni qoʻltiqlab olib, nimanidir gapirib kelyapti. Ikkovi shod. Yaqinroq kelishganda ularni tanidim. Qosim aka bilan xotini, oʻsha men uchratgan ayol edi.

Ular meni koʻrishmadi. Yonimdan oʻtib ketishayotganda yuragim oʻynab ketdi. Salom berib yubordim.
— Salom, — dedi Qosim aka toʻxtab va qoʻlini uzatdi. Shu payt ayol bilan koʻzimiz toʻqnashdi.
— E, salom, — dedi u jilmayib, — yaxshi yuribsizmi?
— Usmon akamdan hech qanday xabar bormi? — soʻradim shoshib.
— Hali xabaringiz yoʻqmi? — dedi ayol. — Allaqachon kelganlar. Mana, Qosim akangiz bilan birga kelishgan.
— Rahmat, kechirasiz, bezovta qildim, — dedim men.
— Hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq! — dedi Qosim aka va bu kim, deganday xotiniga qaradi.

Ayol koʻzlarini bilinar-bilinmas qisib qoʻydi. Men yoʻlga tushdim.
— Yaxshi yigit! — chaqirdi bir-ikki qadam bosganimda ayol.

Toʻxtadim.
— Agar u kishini koʻrmoqchi boʻlsangiz, yakshanba kuni kechqurun biznikiga keling. Adres esingizdadir.
— Esimda, rahmat! — dedim men.

Yakshanba kuni bordim. Lekin kirmadim. Kirishga jur’at qilolmadim. Ancha vaqt uyning atrofida aylanib yurdim. Keyin, oʻgʻri odamday deraza yoniga borib, ichkariga moʻraladim. Usmon aka roʻparamda oʻtirardi. Yuragim oʻynab ketdi. Xuddi Oypopukni koʻrgandek boʻlib ketdim. Usmon aka oʻzgarmabdi. Faqat sochi kumushdek oqarib ketibdi, koʻz ostidagi ajinlari koʻpayibdi. Uzoq qarab turdim. U nimanidir goh kuyinib, goh kulib hikoya qilardi. Koʻp oʻtmay, oʻrnidan turdi. Oʻzimni panaga oldim. Eshikda xayrlashib, yana anchagacha gaplashib turishdi. Keyin Usmon aka «Gazik»ka oʻtirib joʻnadi.

Bu uchrashuv menga qanday ta’sir qilganini bilsangiz edi! Yolgʻiz oʻzim tonggacha koʻchalarni aylanib yurdim. Miyamni turli fikrlar qopladi. Men Yakkachinorga borishim kerak. Ha, borishim kerak. Men ular bilan birga boʻlishim kerak, dedim oʻzimga nihoyat va shunday qildim.

Qishloqqa oqshom payti yetib bordim. Uzoqda, kolxoz idorasining orqasida kimdir chirmanda chalardi. Nimadir tomogʻimga kelib tiqildi. Oypopuk bilan birinchi uchrashgan kunim xuddi chaqmoq chaqqandek koʻz oldimdan oʻtib ketdi. Toʻgʻriga yurolmadim.

Chapga burildim. Koʻprikdan oʻtganimda oyoqlarim boʻshashib, toʻxtab qoldim. Qancha turdim, bilmayman. Nihoyat, oʻzimni bosib olib, daryo labidan bitta-bitta yurib ketdim. Olisdan choyxona koʻrindi. Oʻsha, oʻsha choyxona. Oʻzgarmabdi. Faqat yoniga ikki qavatli bino tushibdi. Shu tomonga yurdim. Choyxonaga yaqinlashganimda medpunktdan yoshgina ayol kichkina bir bolani yetaklab chiqib ketdi. Yuragim dukillab ura boshladi. Ichkariga kirdim. Oq xalat kiygan toʻlagina bir kishi mikroskopda nimanidir koʻrib oʻtirardi. Tanidim. Mavlon.
— Doktor, — dedim sekin.

U oʻgirildi. Birpas qarab turdi. Keyin:
— Oʻktamjon! — deb dast oʻrnidan turdi.

Quchogʻiga tashlanib, oʻzimni tutolmay, yigʻlab yubordim.
— Butunlaymi?! — dedi u anchadan soʻng.
— Ha, — dedim qat’iy ravishda. — Butunlay. Lekin...
— Nima lekin? — qoshlarini chimirdi Mavlon.
— Lekin meni qabul qilisharmikin? Men axir oʻshanda... — gapirolmadim. — Men gunohkorman, axir!

Mavlon indamadi. Anchagina jim qoldi. Oʻ oʻylardi. Qoshlari chimirilgan, lablari yumuq.
— Ha... — dedi u bir mahal. — Qanday kunlarni boshimizdan kechirmadik. Lekin koʻp qaygʻurmang, davr oʻzi shunaqa edi. U ba’zi odamlarni esankiratib qoʻydi, yuragiga gʻulgʻula soldi, yoʻldan ozdirdi, hatto oʻzidan choʻchiydigan qam qilib qoʻydi. Baxtimizga u kunlar oʻtib ketdi. Yuring, uyga boramiz. Hoynahoy, charchagansiz. Farida chuchvara qilmoqchi bugun. Oʻzi ham hozirgina oʻgʻilcha bilan shu yerda edi. Yuring.
— Yoʻq, — dedim men oʻrnimdan turib. — Avval boshqa joyga borishim kerak.

Doktor qayergaligini surishtirmadi.

Medpunktdan chiqib, togʻ tomonga ketdim. Qabriston olis emas edi. Birpasda yetib bordim. Oypopukning qabri ustiga katta qora marmartosh yotqizilibdi. Toshning ustida yangi uzilgan gullar sochilib yotibdi. Mayin shamol ularning muattar hidini dimogʻimga urdi. Seskanib ketdim. Lablarimni iliq nam achita boshladi. Boshimni egganimcha turib qoldim. Bir zumda koʻz oldimdan Oypopuk bilan oʻtkazganim ajoyib damlar, unutilmas kulgi jaranglardi, dunyodagi eng lazzatli gaplarning musiqiy ohangi, yurakni ezuvchi koʻz yoshlar va mudhish fojia oʻtib ketdi. Xayolga choʻmdim. Nima qilish kerak, nima qilsam koʻnglim taskin topadi, nima qilsam hayoti gullamay xazon boʻlgan, mening uchun dunyodagi eng aziz odamning ruhini shod qilgan boʻlaman, — derdim oʻzimcha va oʻyga botardim. Shu alfozda qancha turdim, bilmayman. Bir mahal kimdir tirsagimni ushladi. Bu doktor edi.
— Boʻldi, yuring, — dedi u.

Qaytdik. Osma koʻprikka yetganimizda orqamga oʻgirildim. Qorongʻi tushgan, hech narsa koʻrinmasdi. Faqat baland qoya ustida qishloq tomonga egilib oʻsgan yakkachinor botayotgan quyoshning qizgʻish nurlaridan yaltirardi. U xuddi qoʻllarini choʻzib, sevikli hayot yoʻldoshiga oltin guldasta uzatib turgan pahlavon yigitga oʻxshardi. Yuragim battar ezilib ketdi. Chinorga havasim keldi. Bu havas, tirik chkanman, qalbimda soʻnmaydi va doim Oypopuk qabrini ziyorat qilgani borganimda, unga qarab: «Odamlar! Sevgi ishonchsiz boʻlmaydi. Bir-biringizga ishoning. Dunyoda bundan katta baxt yoʻq!» — deb qichqirgim keladi.

1961—1962 yillar.