OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiShirinsoy oqshomlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shirinsoy oqshomlari (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Shirinsoy oqshomlari! Naqadar jozibador, naqadar orombaxsh!.. Quyosh qizil baxmal singari tovlanib, oʻzini azim chinorlar panasiga olganda, bu oqshomlar koʻhna tabiat koʻrki — tongdan ham musaffo boʻlib ketadi. Goʻyo butun qishloqqa atlas poyandoz solinganday... Keng koʻchalar ham, qator ok uylar ham, oldi gulzor kolxoz klubi ham goh sariq, goh qizgʻish tusga kirib qishloq husniga husn qoʻshadi. Bu yerning odamlari-chi? Ular orombaxsh oqshomlardan ham goʻzal. Bu odamlar bilan suhbatlashib toʻymaysan. Ular uddasidan chiqmagan ish yoʻq. Shuning uchun ham lablarida doim tabassum, koʻzlarida sevinch, ular tongni ham, tunni ham qoʻshiq bilan qarshi olishadi.

Qishloq qizlarining shoʻx, oʻynoqi yallalarini eshitsang, Shohimardonning shifobaxsh buloqlaridan toʻyib-toʻyib suv ichgandek boʻlasan, gʻuboring tarqalib, rohatlanasan.

Nazira qishloqqa tushib kelgan kunning ertasigayoq, qizlar uni oʻrtaga olib, qoʻshiq ayttirishgan edi. Yoʻq deganiga qoʻyishmadi. Shunda u qandaydir laparni tutila-tutila aytib, zoʻrgʻa qutulgan edi...

Hozir u ikki qoʻlini iyagiga tirab, deraza yonida oʻtirarkan, daladan qaytayotgan qizlarning yallalarini eshitib, negadir shu voqeani esladi. Oʻshanda bir chekkada daraxtga suyanib turgan Qosimjon ham: «Yoʻq, demang, ayta qoling. Baribir qutulmaysiz» — degan edi. Qosimjon shunday demaganda, Nazira qizlarga quloq solmasdi. Bilmayman, deyardi-qoʻyardi. Lekin nega Qosimjonning soʻzini qaytara olmadi? Yaxshi koʻrinmoqchimidi unga?

Nazira bir xoʻrsinib qoʻydi. Yoʻq, yaxshi koʻrinaman desa, bilmagan narsasini aytarmidi? Ishqilib, nima boʻlsa ham lapar Qosimjonga yoqdi. Qizlarga qoʻshilib chapak chaldi. Keyin... Keyin... mehmonxonagacha kuzatib koʻydi. Xayrlasha turib, qoʻlini mahkam siqdi. Endi-chi? Endi bunday qilmaydi... Kechqurunlari qolmaydi. Qolsa ham, endi baribir Naziraga buning ahamiyati yoʻq. U uylanyapti. Boya toʻyga aytib ketdi. «Oʻzingiz bosh boʻling», dedi. Bosh boʻling, emish. Nimaga? Oʻzining eshsiz sevgisigami? Yoʻq, u ketadi, ha, ketadi.

Nazira derazani berkitdi, siqilib ketdi shekilli, yana ochdi. Chuqur bir uh tortdi, boshini kichkina qoʻllari ustiga qoʻydi.

Shu payt kimdir deraza oldidan oʻtib ketdi. Ketidan yana kimningdir sharpasi eshitildi. Koʻp oʻtmay, mehmonxona qarshisidagi klub odamlar bilan toʻldi. Kimdir dutor chala boshladi. Bu Sherali boʻlsa kerak, Nazira darrov angladi. Sherali dutordan hech ajralmaydi. Ishga ham olib boradi. Boʻsh qoldi deguncha, tingʻillatgani-tingʻillatgan. Ana, kimdir ashula aytib yubordi. Kim boʻldi ekan? Biram yaxshi aytyaptiki... Nazira beixtiyor quloq soldi.

Quralay koʻz yigitga

Ishqim tushdi.

Tush koʻribman, tushimda

Meni quchdi,

Meni quchma, topganing

Men emasman.

Va’dasi yoʻq yigitni

Yor demasman.

«Va’dasi yoʻq yigitni yor demasman»... Va’da... Va’da berganmidi? Shunchaki, keling, birga ishlaymiz, degan edi, xolos. Birgina shu gapi bilan kelaverdimi?

Nazira oldida turgan Qosimjonning suratiga tikildi va beixtiyor xayol surib ketdi.

Qosimjon institutni bitirayotganida, Nazira toʻrtinchi kursda edi. Ikkovi bir-birini yaxshi bilsa ham, aloqalari salom-alikdan, oʻqish haqidagi gaplardan nari oʻtmasdi. Nima boʻldi-yu, yangi yilni bir joyda kutadigan boʻlib qolishdi. Oʻshanda qora kostyumini yaxshilab dazmollab, birinchi marta galstuk taqqan, qoʻngʻir sochlarini chap tomonga tekis qilib taragan Qosimjon Naziraga juda boshqacha boʻlib koʻrindi. Qoʻl berib koʻrishganda esa, yuragi jiz etib ketdi. Oʻtirish avji qizigan payti, Qosimjon hazil aralash:
— Uylansam, Naziradaqa qizga uylanman, — deb yubordi.

Yigitlar «diding durust», deganday Naziraga qarab qoʻyishdi. Nazira seskanib ketdi. Lekin hazil aralash aytilgan shu soʻz ikkovini bir-biriga juda yaqin qilib qoʻydi. Qosimjon qishlogʻiga ketadigan kuni:
— Bitirib, Shirinsoyga boring, birga ishlaymiz, — dedi.

Nazira qanot paydo qilib, orqasidan uchguday boʻldi. Ha, oʻshanda u oʻz hayotini Qosimjonsiz tasavvur qila olmadi. Shuning uchun ham institutni bitirishi bilan Shirinsoyga yoʻl oldi. Kolxoz raisi mehmondoʻst odam ekan. Nazira kelishi bilan uyiga olib ketdi. Alohida uy berishguncha shu yerda turishni taklif qildi. Choy ichib oʻtirishgan edi, bir qiz kelib qoldi.
— Tanishib qoʻy, Gulchehra, — dedi Nurmat aka Nazirani koʻrsatib, — bu kishi yangi zootexnigimiz.

Qiz muloyim jilmayib qoʻydi.
— Juda yaxshi. Salom, — dedi qoʻlini uzatib.

Ikki qiz choy ichilib boʻlguncha apoq-chapoq boʻlib ketishdi. Raisning e’tiroziga qaramay, Gulchehra yangi dugonasini uyiga olib ketmoqchi boʻldi.
— Nurmat aka, xoʻp deya qoling. Ikkalamiz gaplashib yotamiz. Xoʻpmi?

Nazira uyalinqirab yerga qaradi.
— Mana koʻrdingizmi? — Gulchehra yana raisga yopishdi. — Bir marta xoʻp desangiz nima qiladi? Qosimjon akam bilan qirga yuboring, deb qancha yalindim, yubormadingiz. Endi bunga ham yoʻq deysizmi?

Nazira Qosimjonning ismini eshitishi bilan yalt etib unga qaradi-yu, qizarib ketdi. Buni oʻzi ham sezdi shekilli, yuzini dastroʻmoli bilan sekin yashirdi.
— Xoʻp, xoʻp. Buncha qaqillamasang? — dedi nihoyat rais kulgi aralash. — Senga yoʻq deb boʻlarmidi? Mehmon rozi boʻlsa, olib keta qol. Siz nima deysiz, Nazira?
— Mayli, — deb rozilik berdi Nazira. U Gulchehradan Qosimjonning qachon kelishini tezroq bilishga oshikardi.
— Boʻlmasa, bularni ertaga oʻzing fermaga olib borarsan.
— Xoʻp boʻladi. Qani, ketdik, — Gulchehra Nazirani qoʻlidan ushlab hovliga olib tushdi. Shu mahal qaerdadir it huridi, tovuq qaqilladi.
— Tavba, — dedi Nazira, — dalada kun juda tez kech boʻlarkan-a?
— Yoqmadimi? — samimiylik bilan soʻradi Gulchehra.
— Yoʻq, nega? Yaqindagina mashinadan tushganimda kun tepamda edi. Birpasda kech boʻldi-qoʻydi. Shunga aytyapman.
— Toʻgʻri, oʻrganmagan kishiga shunaqa koʻrinadi. Qosimjon aka ham yangi kelganlarida shunaqa boʻluvdilar.

Naziraning yuziga yana qizillik yugurdi. Lekin bu gal ortiq chiday olmadi. Sherigi qiz boʻlgani uchunmi, yo hozir oʻzini raisning uyidagidan dadilroq sezdimi, soʻradi:
— Aytganday, Qosimjon akangiz qirdan qachon keladi?
— Ertaga. Ana, uyga ham keldik.

Nazira soʻnggi gapni eshitmadi. Ertaga... Mayli, ertaga boʻlsa ertaga! Koʻpi ketib, ozi qoldi. Qanday boʻlib ketgan ekan? Qanday koʻrishar ekan? Hali ham avvalgidek kamgap, muloyim, uyatchanmikan?.. Yo... U shunday xayollar bilan Gulchehraning mehmondoʻstligiga ham uncha e’tibor bermadi. Ikki chimdim osh yedi-yu, bir hoʻplam choy ichdi. Keyin Gulchehra solib bergan oʻringa yonboshladi.

«Mana, Qosimjon aka, — Oʻyladi Nazira, — qishlo-gʻingizdaman. Sevinchim ichimga sigʻmayapti. Siz-chi? Siz xursand boʻlarmikinsiz?»

U koʻzlarini shiringina suzib, yumshoq par yostiqqa yuzini qoʻydi.

Begona joyda oldinga xilma-xil ovqat qoʻyishsa ham, yeganday boʻlmaysan, kechasi qanday uxlaganingni bilmaysan. Shuning uchun boʻlsa kerak, Nazira dugonasidan oldin gʻira-shirada uygʻondi. Tizzalarini koʻrpaning ustidan quchoqlab, birinchi mehnat kunining qanday boʻlishini, Qosimjon bilan qanday uchrashishni oʻylab ketdi. U ishdan qoʻrqmasdi. Albatta, shunday katta kolxozda zootexnik boʻlib ishlash ancha mas’uliyatli narsa, lekin bu uni choʻchitmasdi. Biroq yuragiga gʻulgʻula solgan narsa ham yoʻq emas... Qosimjon uni qanday qarshi olarkin? Orzulari roʻyobga chiqarmikan?

Tong yorishganda ikki qiz fermaga kirib kelishdi. Bu yerda allaqachon ish boshlangan edi. Birov xashak tashigan, birov sigir sugʻorgan. Katta ferma hovlisining oʻrtasida ikkita sut tashiydigan mashina turibdi. Yonida qator-qator bidonlar... Nazira alan-jalang, hamma narsaga suq bilan qaraydi.
— Nazira! — kimdir toʻsatdan chaqirib qoldi.

Nazira bu ovozni tanidi, tanidi-yu, yuragi shuv etib ketdi, turgan joyida qotib qoldi.
— Salom. Kechirasiz, kecha qirda edim, kutib ololmadim.

Nazira orziqib kutgan kishisi oldiga qanot paydo qilib uchib kelgan, yuragiga yaqin odami paydo boʻlib qolganini, avval uning, keyin kulib turgan Gulchehraning qoʻlini siqqanini bilmay qoldi. Qosimjon ularni xonasiga boshlab kirib, divanga oʻtqazganidagina Nazira oʻziga keldi, biroq hali ham boshini koʻtara olmay, yer ostidan Qosimjonga qaradi.
— Tinch yuribsizmi?
— Rahmat. E, bu yerda tinch yurib boʻladimi? Bir kun ham boshingiz gʻalvadan chiqmaydi. Ish-ish-ish.
— Qoʻying, — gapga aralashdi Gulchehra. — Bu kishini halitdan choʻchitmang.
— Nazira qoʻrqadiganlardan emas. Innaykeyin, shu yerda ishlaydigan boʻlsalar, gʻalva, tashvishlarimizga sherik boʻlsinlar-da!

Uchovlari kulib yuborishdi. Shu payt telefon jiringlab qoldi. Qosimjon trubkani oldi.
— Labbay. Salom, Nurmat aka. Ha, shu yerda oʻtiribdilar. — Qosimjon Nazirga qarab jilmayib qoʻydi, — ha, endi koʻnikib ketarlar. Xoʻp, hozir.

Qosimjon trubkani qoʻydi.
— Rais sizga, salom, dedilar.
— Rahmat.
— Men hozir idoraga borib kelaman, keyin bafurja gaplashamiz. Ungacha Gulchehra bilan fermani aylaninglar. Yangi apparatlarni koʻringlar.

Qosimjon qandaydir papkani olib chiqib ketdi. Nazira yengil nafas oldi. Unga Qosimjonning shu topda ketgani yokdi. Fermaning ishlari bilan yaxshilab tanishib oladi, boʻlmasa, qulogʻiga gap kirarmidi? Lekin shu kuni Qosimjondan darak boʻlmadi. Gulchehra bilan fermani aylanar ekan, eshik tomonga qarab-qarab oladi. Qani endi kelsa! Uzoqdan bir koʻrinib ketsa ham mayli edi. Naziraga hozir shu ham kifoya qilardi.

«Ishi koʻp, — dedi oʻzicha, yangi tugʻilgan buzoqlarni koʻrishayotganda, — bechora, tinib-tinchimaydiganga oʻxshaydi».
— Bularda hech tinim yoʻq, — qizishib gapirdi Gulchehra. — Sigirlardan ham koʻra bularga koʻp qaraymiz. Shunday qilmasangiz ham boʻlmaydi. Hammasi zotli! Fermani shular hisobiga kengaytiramiz. Qosimjon akam ham har kuni ikki mahal shu yerga kirib ketmasalar, koʻngillari joyiga tushmaydi. Raisni aytmaysizmi? U kishi ham shunday. Kolxozning boʻlinmas fondi emish bular.

Nazira beixtiyor jilmaydi. Shunday yonginasida quloqlarini dikkaytirib, oppoq tilini choʻzib turgan ola buzoqning boshidan siladi.

«Ishi koʻp. Bitta «boʻlinmas fond»ning oʻzi qancha ish. Mayli, qoʻlimdan kelganicha yordam beraman. Lekin nega kelmayapti? Kech kirdi. Bugun ham daragi yoʻq...»

Keyin-chi? Keyin nima boʻldi? Qosimjonni kunda koʻradigan boʻldi. Hatto, kechalari fermada qolib ham ketishdi. Nazira oʻz hayotining eng quvonchli davri hisoblangan ana shu toʻrt-besh oy ichida Qosimjonning haqiqiy koʻmakchisiga aylandi. Sigirlarning ratsioni ikki marta koʻpaytirildi. Elektrchoʻpon, elektropoilkalar har bir boʻlimga qurildi. Nazira kolxozda hammaga yaqin va jonkuyar boʻlib qoldi. Kolxoz umumiy majlislarining birida rais hammaning oldida uning peshonasidan oʻpdi.
— Agar oʻgʻlim boʻlganida, oʻzim kelin qilardim, — dedi hazil aralash.

Zalda kulgi koʻtarildi. Nazira yer ostidan yonida oʻtirgan Qosimjonga qarab qoʻydi. Qosimjon samimiylik bilan jilmaydi.

Majlisdan soʻng klubda odatdagidek oʻyin-kulgi boshlanib ketdi. Gulchehra qoʻshiq aytdi. Yaxshigina ovozi bor ekan. Fermaning shofyori Sherali dutorda unga joʻr boʻldi. Birinchi pok sevgi haqidagi yurakdan aytilgan bu qoʻshiq Nazirani toʻlqinlantirib yubordi. Qoʻshiq tugashi bilan eshikka chiqdi.

Tun. Shirinsoyning orombaxsh tuni. Koʻkda son-sanoqsiz yulduzlar... Qaysi biri soʻnib, qaysi biri yonayotganini sezmaysan kishi. Shulardan biri Naziraniki. Hov, ana... Hammasidan yorugʻ, hammasidan katta. Biroq nega yolgʻiz?

Endigina bargak yozgan tolzordan mayin shamol esdi. Nazira oʻsha tomonga yurdi... Bir mahal oldinda kimningdir sharpasi koʻrindi. Uning yonida yana birov borga oʻxshaydi? Kim ekan bular? Nazira yurishini ham, orqaga qaytishini ham bilmay, toʻxtab qoldi.
— Endi qoʻyib yubormayman, — derdi erkak ovozi, — Gulchehra rostini ayting, qachongacha qiynaysiz?

Nazira boʻshashib, oyoqlari madorsiz chalishib ketdi. Bu Qosimjon edi.

«Qosimjon... Endi nima qildim? Ishqilib, oʻzimni sezdirmay... ketish kerak, bildirmay ketish kerak».

Nazira zoʻrgʻa uyga yetib keldi. U yechinmasdan oʻzini sovuq karavotga tashladi-da, yigʻlab yubordi.

Ertasiga ertalab Qosimjon keldi. U xuddi yosh boladek sevinchini ichiga sigʻdira olmay, toʻy haqida gapirdi. Oʻzingiz bosh boʻling, dedi Naziraga. Nazira yurak yigʻisini boʻgʻib, jilmaydi...
— Rost, siz hamma narsaning uddasidan chiqasiz. Bormasangiz, xafa boʻlamiz. Kelishdik-a?

«Nahotki, sezmagan boʻlsa? Nahotki, sevishimni bilma-sa? — Oʻylardi Nazira, uning gaplariga qulok solarkan.

Bilsa shunday dermidi? Ayb oʻzimda. Nega bildirmadim? Nega aytmadim? Hozir aytaymi?»
— Qosimjon aka?
— Nima, borasizmi? Nazira orir xoʻrsindi.
— Ha, boraman... Qosimjon chiqib ketdi.
— Ketish kerak, — dedi oʻziga kelib Nazira. — Tezroq ketish kerak.

Bu soʻz unda kuch paydo qildi. Oʻrnidan turib bor narsasini taxladi.

«Ketish kerak, tezroq ketish kerak!»

Birpasda kiyinib, chamadonini koʻtardi-da, koʻchaga chiqdi. Shu mahal klubda chiroq yondi. Yana Sherali dutorini cherta boshladi. Nega mungli, boyagidek quvnoq emas? Ha, bu kuyni Sheralining oʻzi yaxshi koʻradi. Yolgʻiz qolsa, nuqul shuni chaladi. Qiziq, nahotki u ham Naziraga oʻxshasa?..

Nazira katta yoʻlga chiqquncha hech kimni uchratmadi. U yengil nafas oldi. Markazga hali yiroq. Lekin hechqisi yoʻq. Shu yerdan ketib olsa, boʻldi. Nazira atrofga mehr bilan boqdi. Qanchalik tanish joylar!.. Yarim yil ichida bu yerlar xuddi tugʻilgan qishlorvdek unga juda aziz va yaqin boʻlib qolgan edi. Nurmat aka-chi? Sherali-chi? Qizlar-chi? Ularni tashlab ketaveradimi? Lekin ketishi kerak.

Uning oʻpkasi toʻldi. Koʻzlariga yana yosh keldi. Oʻzini qanchalik bosmasin, quyilib kelayotgan bu yoshni toʻxtata olmadi. Shu alfozda qancha yurdi, bilmaydi, qarshisidan kelayotgan mashinaning chirogʻi koʻzlarini qamashtirib yubordi. Mashina uning yoniga kelib taqqa toʻxtadi.
— Shu mahalda qayoqqa? — Nazira hovliqib mashinadan tushayotgan kishining Nurmat aka ekanini bildi. Bildi-yu, nima deyishini bilmay qoldi.
— Qayoqqa ketayapsan, hoy, menga qara? — soʻradi yana rais va hech narsani bilmaganday roʻmolchasini uzatdi. — Ma, yuzingni artib ol. Qayoqqa ketyapsan?
— Shaharga... — boʻshashib javob berdi Nazira yoshlarini artarkan.
— Shunday degin? Qani, mashinaga chiq-chi!

Nurmat aka bir zumda chamadonini mashinaga soldi va Nazirani yoniga oʻtqazdi-da, kishloq tomon haydab ketdi.
— Qayoqqa olib ketyapsiz, toʻxtating! — Nazira jonholatda raisning qoʻliga yopishdi.
— Qayoqqa boʻlardi! — jilmayib javob berdi rais. — Shirinsoyga! Sen bizni tashlab ketarmiding?

Nazira javob bermadi. Nurmat aka ham anchagacha jim bordi.
— Nega xafaligingni bilmayman, lekin gʻam yomon narsa, — dedi nihoyat rais. — Uni yengmasang, hayoting buzila-di, orzularing puchga chiqadi. Uni yengish kerak!

«Uni yengish kerak, — takrorladi raisning soʻzini ichida Nazira va shu topda qattiq charchaganini sezdi, — yengish kerak. Qanday qilib?»

Oʻziga-oʻzi bergan bu savoli javobsiz qoldi. Mudroq bosgan koʻzlari yumilib, boshini sekingina Nurmat akaning yelkasiga qoʻydi. «Baribir ketaman. Lekin shunday yelkaga bosh qoʻyib uxlash qanday yaxshi!..» U bundan bir necha yil muqaddam otasi frontga ketadigan kuni ana shunday orom olgan edi. Labidan tabassum arimaydigan Nurmat aka, hozir uning uchun oʻz otasidek aziz va mehribon boʻlib ketdi.

«Shularni tashlab ketamanmi? — xayolidan oʻtkazdi Nazira. — Oʻz qizidek bagʻriga olishdi. Yolgʻizligimni bildirishmadi. Nahotki baxt faqat sevgida boʻlsa? Bu odamlar bilan yashashning oʻzi baxt emasmi?!»

Mashina kolxoz idorasiga yaqinlashganda, klubdan yana quvnoq kuy yangray boshladi. Nazira ancha yengil tortdi. Boshini koʻtarib, quloq sola boshladi. Buncha dilbar chalayotgan kim ekan? Sheralimasmi?

1959