OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiSovgʻa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sovgʻa (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

— Men tayyorman. Tayyormisiz? — soʻradi Valijon.
— Tayyorman, bolam. Yoz! — dedi Shahodat xola. - Lekin nimadan boshlashni bilmay, oʻylanib qoldi. U sira oʻgʻliga xat yozmagan edi. Eriga yozar edi. Rahmatli Rahmonqul aka arabcha oʻqishni bilardi. Innaykeyin, uning yozuvini yaxshi koʻrardi. «Shahodat, zerzabarini xoʻp keltirasan-da. Pulemyotday oʻqiyman xatingni!» — derdi har yozganida.

Oʻgʻli arabchani bilmaydi. Oʻzining esa yangi alifbega uquvi yoʻq. Uquvi boʻlganda qoʻshnisining oʻgʻlini chaqirib oʻtirmasdi, oʻzi yozardi. Yozadigan gapi koʻp edi. Mana, bir yil boʻldiki, oʻgʻlidan xat olmaydi, nom-nishonsiz ketdi. Oʻqib yurgan paytlarida tuzuk edi, haftada, juda boʻlmasa oyda bir yozib turardi. Ishga kirdi-yu, bedarak ketdi. Ammo ishga kirganda oʻn besh soʻm pul yubordi! Erta kuz edi oʻshanda. Avji dolzarb payt. Butun qishloq, tirik jon borki, dalada. Shahodat xola kolxoz bogʻchasida tushlikdan keyin bolalarni endigina uxlatib oʻtirgan edi, hovlini boshiga koʻtarib Qoravoy pochtachi kelib qoldi.
— Shovqining qursin, namuncha baqirasan? — dedi boʻgʻilib Shahodat xola. — Bolla uxlavotti! Nima deysan?
— Sizga pul keldi, pul! — dedi pochtalon ogʻzining tanobi qochib.
— Qanaqa pul? Qatdan? — hayron boʻldi Shahodat xola.
— Qanaqa pul boʻlardi? Qogʻoz pul-da! — dedi pochtalon. — Naxt oʻn besh soʻm! Oʻgʻlingiz yuboribdi.
— Oʻgʻlingiz yuboribdi? Voy, oʻgʻlimdan aylanay! — Shahodat xola sevinib ketdi, bolalar esidan chiqdi, shangʻillab gapira boshladi. — Voy, bolaginam-a! Pul yuborib nima qilarkan! Xat-pat ham bormi?
— E, xola! — pochtalonning jahli chiqdi. — Xatni nima qilasiz? Pul yuboribdi, boʻldi-da. Nochor odam pul yuboradimi! Pul soʻraydi. Xoʻsh, hozir olasizmi? Yo ertaga pochtaxonadan olasizmi?

Shahodat xola oʻylanib qoldi. Nima qilish kerak? Hozir olib qolsa, hech kim bilmaydi. Bilsa yaxshi boʻlardi. Ayniqsa, Qumri otin bilan A’lobush bilsa yaxshi boʻlardi. Goʻyo ikkalovining farzandi farzandu boshqalarniki farzand emas. Boladan gap ochildimi, tamom, biri biriga gap bermay ertani kech qilishadi, kechni erta. «Xolposhsham tushmagur... balo-da, balo!..» deb otin boshlasa, bilginki, ketidan A’lobush turadi: «Sobirjonimni aytmaysizmi, tasadduq!» «Tasadduq» demay ket ikkaloving ham!
— Ertaga pochtaxonadan ola qolay?!
— Oʻzim ham shunday dersiz, deb turuvdim, — pochtalon tirjaydi. — Butun qishloq bilsin, deysiz-da! Durust, durust. A’lobush kennoyim ham hech uyda olmaydilar, borib oladilar.

Ertasiga ertalab Shahodat xola yangi kavush-mahsisini, Qumri otin bilan birga oʻzoq yili tiktirgan qora duxoba kamzulini kiyib koʻchaga chiqdi. Hali erta edi. Hech kim yoʻq. Faqat muyulishda rais shofyorining eshigini taqillatib turardi. «Ichibdi-da yana, — xayolidan oʻtkazdi Shahodat xola. — Rais endi yeb qoʻyadi». Shu payt dimogʻiga gup etib issiq nonning hidi urildi. Osmonga qaradi. A’lobushning moʻrisidan tutun chiqib turardi. Shahodat xola shu yoqqa yurdi.
— A’lobush! Hoy, A’lobush! — dedi eshikni qiya ochib. — A’lobush-uvv!

Avval javob boʻlmadi. Keyin:
— Huvv, tasadduq, huv-v-v! — degan choʻziq ovoz eshitildi.

Bu A’lobush edi. Shahodat xola jilmayib qoʻydi. Koʻp oʻtmay bir savat bugʻi chiqib turgan kulcha koʻtarib yoʻlakda A’lobushning oʻzi koʻrindi.
— Eshikda nima qilib turibsiz, tasadduq? — dedi A’lobush Shahodat xolaga boshdan-oyoq qarab chiqib. — Ichkariga kiring. Choyim tayyor.
— Shoshib turibman, rahmat, — dedi Shahodat xola.
— Ha, yoʻl boʻlsin, tasadduq? — soʻradi A’lobush, yangi kavush-mahsiga koʻz qirini tashlab.
— Poʻshtaga ketyapman, aylanay, — dedi beparvolik bilan.
— Ha, tinchlikmi, tasadduq? — soʻradi A’lobush.
— Adhamjon pul yuboribdi, — dedi Shahodat xola. — Shuni olib kelmoqchiman.
— Voy, tasaddugʻ-ey, ey, voy, tasaddugʻ-ey! Hoʻ-oʻp bolalarimiz bor-da, tasadduq! — dedi A’lobush. — Sobirjonimni aytmaysizmi, tunov kuni xatida, oyi, mandalinni posilka qilsam nima deysiz, depti. Yoʻq, dedim, tasadduq, yoʻq, dedim. Oʻzing kiyaver, dedim. Maskopda yarashadi bunaqa kiyimlar, dedim.
— Mandalini nima ekan, aylanay? — soʻradi Shahodat xola, kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tiyib.
— Nima boʻlardi, tasadduk, allambalo materiyal boʻlsa kerak-da!

Shahodat xola endi oʻzini tutib turolmadi. Mandarinning nimaligini aytib yuboray dedi-yu, lekin aytmadi, oʻrtogʻini xafa qilgisi kelmadi. Faqat toʻyib-toʻyib kuldi.
— Nega kulyapsiz, tasadduq? — soʻradi A’lobush.
— Bolalarning qilgan ishiga kulmay boʻladimi?
— Toʻgʻri aytasiz.

A’lobush qoʻshnisiga qoʻshilib kuldi. — Xoʻp, men boray boʻlmasa, — dedi Shahodat xola va koʻchaga chiqdi. Chiqdi-yu, qurukdan-quruq ketayotganidan tortindi. Maqtangani kirgan ekan, deb oʻylamasin tagʻin A’lobush! Orqasiga qaytdi.
— Aytganday, A’lobush! Esim qursin, nega kirding ham demaysiz. Bir qatim oq ipingiz bormi? Buvinisaning kenjasi fartugʻini yiritib qoʻyibdi. Tikay desam, ipim tamom boʻlibdi.
— Bir qatim emas, bir gʻaltak oling, tasadduk. Ip sizdan aylansin!

Pochta Qumri otinning uyidan ikki hovli nari edi. Shahodat xola kiray dedi-yu, bogʻchaga kech qolishini oʻylab, kirmadi. Kirib ham nima qiladi?! A’lobush bildi — butun qishloq bildi degan gap!

Pochtada darrov ishi bitdi. Taxi buzilmagan oʻn soʻmlik bilan besh soʻmlikni qoʻliga olar ekan, koʻzlarida yosh yiltiradi. Pichirlab, oʻgʻlini duo qildi. Pulni choʻtagiga solishni ham, solmaslikni ham bilmay, qoʻlida ushlagancha koʻchaga chiqdi. Toʻlib turgan yuragi boʻshashib ketdi — yigʻlab yubordi. Uning birinchi marta shunday yigʻlashi edi. Rahmatli eridan qolgan dard ham, oʻzining tortgan hamma qaygʻu-alamlari ham, oʻgʻlining mana shunday obroʻga erishib, pul yuborishi ham shu yigʻida aks etar edi.
— Shahodatxon, ho, Shahodatxon! Koʻchaning oʻrtasidan nima qilib turibsiz?

Shahodat xola shosha-pisha roʻmol uchi bilan koʻzlarini artdi, yoniga qaradi.

Ikki qoʻlini beliga tirab, eshik oldida Qumri otin turardi.

Shahodat xola oʻzini bosib olib, shu tomonga yurdi. Pulni choʻntagiga solmoqchi edi, solmadi. «Otin ham bilib koʻysin!» — dedi ichida.
— Assalomu alaykum! Ertalab poʻshtada nima qilib yuribsiz? Adhamjonga pul yuboryapsizmi? Bola tushmagurga haliyam pul yuborasizmi-a?
— Yoʻq, otin, — Shahodat xola jilmaydi. — Men yuborayotganim yoʻq. Adhamingizning oʻzidan pul kelibdi. Shuni olib kelyapman!
— Shundogʻ deng, voy, umringdan baraka topkurey. — Qumri otin qoʻlini yozib duo qildi. — Martabasi baland boʻlsin, topgani tugallik bilan oʻtsin. Omin! Shundoq deng?
— Shundoq, aylanay, shundoq.

Shahodat xola uyiga qanday yetib kelganini bilmadi. Keldi-yu, pulni kechagina oʻqib oʻtirgan «Yusuf va Zulayho»ning oʻrtasiga solib, tokchaga qoʻyib koʻydi. Oʻn soʻmligi hali ham taxi buzilmay turibdi. Besh soʻmlikni ishlatib yubordi. Ishlatmoqchi emas edi, Adhamjon kelganda ikkovini ham oʻziga bermoqchi edi. Pulga zor boʻlmasa nima qiladi ishlatib? Buning ustiga yaqinda pensiya bera boshlashdi. Pulga zor emas. Lekin ishlatib yubordi. Qoravoy pochtachi uylanganda toʻyona oldi-yu, miyonchaga yetishmay qoldi. Shunda ishlatib yubordi. Oʻn soʻmligi turibdi. Juda oʻksib ketganda tokchadan kitobi bilan olib qarab oʻtiradi. Kecha chidolmadi. Pochtaga bordi. Qoravoy yolgʻiz oʻtirgan ekan.
— Yoʻqmi? — soʻradi unga termilib.
— Yoʻgʻ-a, xola, yoʻq, — dedi Qoravoy aybdor ohangda. — Men ham tushunolmay qoldim. U yoq-bu yoqqa ketib qolgan boʻlsa kerak-da... — U shunday dedi-yu, yaxshi bahona topganday, shu gapga mahkam yopishib oldi. — Ha, u yoq-bu yoqqa ketgan!! Injener degan gap hozir juda zarur gap, xola. Injener hamma yoqda kerak. Biron yoqqa joʻnatishgan. Kelib qoladi. Mana koʻrasiz, yo xat keladi, yo oʻzi kelib qoladi.

Shahodat xola uyiga qaytdi. Koʻngli xira edi. Zora Qoravoyning aytgani kelsa?! U erinibgina ovqatga unnadi. Piyoz bilan goʻshtni qovurib boʻlib, nima qilishini bilmay oʻylanib qoldi. Keyin, boʻlganicha boʻlar, deb bir tovoq suv solib yopib qoʻydi.

Shu payt kimdir eshik tomondan:
— Xola, kirsam maylimi? — deb qichqirdi.
— Boʻmasa-chi, kiraver, — dedi Shahodat xola. Bu Buvinisaning toʻngʻichi — Valijon edi.
— Kel, bolam, kel, — dedi Shahodat xola. — Ha, nima deysan?
— Xola, meni maktabimdan yuborishdi, yoʻq... Oʻzim keldim. Anaqa... — Valijon tutilib qoldi.
— Ha, qanaqa? Gapiraver, — dedi Shahodat xola.
— Bilasizmi, yaqinda... Sakkizinchi Mart, — dedi Valijon oʻylanib-oʻylanib. — Shunga... shunga sovgʻa qilmoqchiydik. Men. Annaqa... qanaqa sovgʻa qilishimni bilmayman.

Valijon burnini shoʻlq etib tortdi-da, Shahodat xolaga qarab javdiray boshladi.
— Tuzukroq gapir, bolam, nima qilmoqchisan, qanaqa sovgʻa?
— Sizga sovgʻa, — dedi Valijon.
— Menga? — hayron boʻldi Shahodat xola.
— Sizga. Uchinchi «B» dagilar hama xotinlarni boʻlib olishdi. Men oyim bilan sizni tanladim. Ukam sizni yaxshi koʻradi. Nuqul bogʻchadan kelganda «buvimga boyaman» deb yigʻlaydi.

Shahodat xola jilmaydi.
— Shuning uchun menga sovgʻa qilmoqchimisan?
— Ha, — dedi Valijon. — Lekin nima qilishimni bilmayapman. Oʻzingiz aytib bera qoling.

Shahodat xola kulib yubordi. Koʻngli birdan yorishib ketdi. Valijonni bagʻriga bosdi.
— Rahmat, bolam, rahmat, — dedi u Valijonni oʻparkan. — Menga sovgʻa kerakmas. Hamma sovgʻani oyingga qilgin. Oyingga kerak sovgʻa. Senlarni boqaman, deb bechora tinim bilmaydi.
— Oyimlarga tayyorlab qoʻydim, — dedi Valijon.
— Boʻlmasa, qoʻya qol. Menga kerakmas.
— Ayta qoling!

Valijon yigʻlaguday boʻlib turardi. Kampir oʻylanib qoldi.
— Nima sovgʻa qilsang ekan? Koʻp oʻyladi. Nihoyat topdi:
— Yozuving koʻhlikmi? — soʻradi u.
— Doim besh olaman! — dedi Valijon.
— Boʻlmasa Adham akangga bitta xat yozib berasan.
— Xat? — Valijonning lablari choʻchchaydi.
— Men aytib turaman, sen yozasan. Bu juda gʻalati xat. Ana shu menga sovgʻang boʻladi. Boʻptimi?
— Boʻpti! — dedi Valijon.
— Yozmaymizmi? — soʻradi Valijon zerikib.
— Yozamiz, bolam, yozamiz, — dedi Shahodat xola oʻpkasi toʻlib va sekin gapira boshladi.

U shunchalik sekin gapirardiki, Valijonga bir marta ham qayta soʻrashga toʻgʻri kelmadi. Qosh qorayganda xat tayyor boʻldi.
— Qani, oʻqib ber-chi, — dedi Shahodat xola.

Valijon salmoqlab oʻqiy boshladi:

«Assalomu alaykum, Adhamjon, oʻgʻilginam! Esonmisan, omonmisan? Tinchmisan? Yuborgan pulingni olib, boshim osmonga yetdi. Rahmat. Rahmatli dadangning oʻrnini bosib turganligingdan benihoya xursandman. Ishqilib, umring uzoq, martabang baland boʻlsin. Niyatingga yet.

Oʻgʻlim, bolajonim, koʻnglimni gʻash qilib turgan bir gapni aytsam, xafa boʻlma, har holda onangman. Mana, yil boʻlib qoldi, sendan xat olmayapman. Oʻzing ham kelmaysan. Bilaman, ishing koʻp, vaqting yoʻq. Lekin ikki enlik boʻlsa ham xat yozsang, shu menga kifoya. Sogʻligʻingni, oʻynab-kulib yurganingni bilsam, bas.

Mendan ahvol soʻrasang, ahvolim yaxshi. Hali ham bogʻchada bolalar bilan bagʻ-bugʻlashib yotibman. Kecha mozor boshiga borib, dadangning mozorini suvab keldim. Rahmatli orzu-havasingni koʻrolmay ketdi. Tunov kuni Sobirjondan xat kelgan ekan, seni soʻrabdi. Yaxshi, dedim. Ishqilib, qaerda boʻlsang ham omon boʻl.

Sen sogʻinib kutguvchi oying Shahodat».

Valijon xatni shu kuniyoq pochta qutisiga tashladi.

Oradan bir hafta oʻtdi. Shahodat xola bogʻchadan kelib, ayvonda koʻrpa qavib oʻtirardi. Koʻchadan shangʻillab A’lobush oʻtib qoldi. Koʻp oʻtmay oʻzi kirib keldi. Qoʻlida posilka quti.
— Tasadduq! Sobirjoningizdan posilka keldi, — dedi u ayvonga chiqib va birdan kulib yubordi.
— Ha, tinchlikmi? — soʻradi Shahodat xola.
— Tinchlik, tasadduq, tinchlik!... — u kulgidan oʻzini toʻxtatolmay zoʻrgʻa gapirardi: — Maldalini tushmagur kiyimlik emas ekan, tasadduq, yeydigan narsa ekan, yeydigan! Nima ekan, deb sabrim chidamay poʻshtada ochdim. Bundoq qarasam maldalin! Oling, mazasini koʻring, tasadduq.

U bir hovuch mandarinni Shahodat xolaning etagiga tashladi.
— Biram mazali, biram mazali! Maskopda yoʻq narsa bor ekan, tasadduq, yoʻq narsa bor ekan.

Shahodat xola zoʻr-bazoʻr iljaydi.
— Umridan baraka topsin Sobirjon.
— Iloyim aytganingiz kelsin, tasadduq. Xoʻp, men chiqay, ovqatim kechikib kstdi. Chiqing, tasadduq chaqchaqlashib oʻtiramiz, chiqing.

A’lobush yana shangʻillab chiqib ketdi.

Shahodat xola mandarindan bittasini archib, ogʻziga soldi. Lekin oʻtmadi. Chaynalib qoldi. Koʻzlari yoshga toʻldi. Miyasiga quyilib kelayotgan ogʻir fikrlarni haydamoqchi boʻlib oʻrnidan turdi. Hovliga, tushib ogʻzidagini tupurib tashladi. Oʻchoq boshiga borib, qaytib keldi. Ayvon ustuniga suyandi.
— Yana koʻz yoshimi-a? — dedi shu payt kimdir. Shahodat xola choʻchib orqasiga oʻgirildi. Yoʻlakda ogʻzi qulogʻiga yetib Qoravoy turardi.
— Qani, darrov koʻzingizni artib oling-chi!
— Xoʻp, bolam, xoʻp.

Shahodat xola yengi bilan koʻzlarini artib, jilmaygan boʻldi.
— Mana bu boshqa gap, — dedi Qoravoy. — Endi manavi xatni oling.

Shahodat xolaning yuragi oʻynab ketdi.
— Oʻgʻlimdanmi?
— Ha, oʻgʻlingizdan.
— Voy, bolam-ey, bolajonim-ey! — Shahodat xola gullik konvertdagi xatni bagʻriga bosib yigʻlab yubordi.
— Iya-iya! Bu qanaqasi boʻldi? — dedi Qoravoy kulib. — Xat kelmasayam yigʻi, kelsayam yigʻi ekan-da? Oʻqib beraymi?

Shahodat xola bosh irgʻadi.
— Bu yoqqa bering.

Qoravoy konvertni ochdi-yu, hayron boʻlib qoldi. Xatni u yoq-bu yoqqa aylantirib koʻrdi, konvertni yangitdan qarab chiqdi. Keyin oʻylanib qoldi.
— Oʻqimaysanmi?! — dedi Shahodat xola yengidan tortib. — Adhamdan ekanmi?
— Ha, ha, oʻgʻlingizdan.. Adhamdan... — dedi Qoravoy xatdan koʻzini oʻzmay.
— Oʻqi boʻlmasa!
— Hozir... mana... eshiting, — Qoravoy Shahodat xolaga bir qarab qoʻydi-da, oʻqiy boshladi. — «Assalomu alaykum, oyijon. Sizni sogʻintirib qoʻyganim uchun meni kechiring. Uzoqqa ketib qoluvdim. Oyijon, sizni juda sogʻindim. Ahvollaringiz tuzukmi? Xatingizni olib juda xursand boʻldim. Oʻznngizni urintirmang. Mening ishlarim yaxshi. Yaqinda uchrashib qolamiz.

Oyijon! Sizni xotin-qizlarning xalqaro bayrami — Sakkizinchi Mart bilan tabriklayman. Xatingizni sogʻinib kutuvchi oʻgʻlingiz — Adham».
— Bolam, bolajonim!

Shahodat xola koʻzini daryo qilib xatni Qoravoyning qoʻlidan oldi-da, bagʻriga bosganicha uyga kirib ketdi.

Qoravoy hech narsaga tushunmay joyida turib qolgan edi.

Xatni Valijon yozganidan u ham xabarsiz edi.

1964