OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Tun (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiTun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tun (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

U endi shoshilmasdi. Otishmalar ancha orqada qolib ketgan oʻrmonga esa u orziqib kutgan qorongʻilik choʻkkan edi. Shunday boʻlsa ham uzoq yugurishdan va haligacha butun vujudini iskanjaga olgan qoʻrquvdan yuragi dukillab urar, charchagan tizzalari har qadam bosganida bukilib ketay, bukilib ketay der edi.

Atrof jimjit. Onda-sonda orqadan oʻq tovushi eshitilib qoladi. U shunday yaqqol eshitilardiki, goʻyo yoningda otishayotgandek boʻlib yurakni battar gʻulgʻulaga solardi. Har oʻq otilganda, u orqasiga oʻgirilar, ammo oyoqlari yurishdan toʻxtamasdi, kuchi boricha, sudralib boʻlsa ham, oldinga intilardi. Shu alfozda u ancha yurdi, otishma bu-tunlay tindi yo unga shunday tuyuldi, daraxtlar orasidan sargʻayib bir-ikkita yulduz koʻrindi. Yurak urishi bir oz sekinlashdi. Kichkina bir tepalikka chiqqanda, toʻxtadi, birpas dam olgisi keldi. Ammo hamon tarqalmagan qoʻrquv bilan orqasiga qaradi. Orqada hech nima koʻrinmasdi. Hammayoq qorongʻilik va jimlik ichiga gʻarq boʻlgan edi. U buni sabrsizlik bilan kutgan boʻlsa ham, endi yuragiga gʻulgʻula tusha boshladi. Odatda shunday jimlikdan soʻng hammayoqni itlarning tovushlari tutib ketardi. Nemislarning oʻzlaridan koʻra itlari uni koʻproq qoʻrqitardi. Lagerdagi itlarni u yaxshi bilardi, qancha odam ularga qurbon boʻlmadi, kochganlarning deyarli hammasini shu itlar topdi. Uning oʻzini ham birinchi marta qochganda itlar talagan edi. Bu gal qanday boʻlar ekan? Nahotki, yana tutib olishsa? U shuni oʻylab, hozirgina bosib oʻtgan yoʻliga tikildi. Qorongʻi parda va soqchilardek qaqqayib turgan daraxtlar tanasidan boshqa hech narsa koʻrinmadi, hech qanday tovush ham eshitilmadi. Shu topda agar yuz chaqirim narida biron narsa tiqillasa u eshitar, biron narsa gʻimirlasa, bexato koʻrardi. Lager hayoti uning butun vujudini koʻz bilan quloqqa aylantirib qoʻygan edi. Shuning uchun ham atro-figa yana bir qarab chiqib, bir oz taskin topdi, ammo oʻtirmadi. Oldinda, pastlikda nimadir ingichka kumush tasmadek yaltiradi. Nahotki yoʻl boʻlsa? U beixtiyor choʻchib tushdi. Hozir yoʻl uning dushmani edi. Shu dushman uni yakindagina sheriklaridan ajratdi, yana asirlikka giriftor qildi. Qanday boʻlmasin, undan tez oʻtib olish kerak. Dam olish xayolidan koʻtarilib, u pastga otildi. Tepalikdan tushganida kumush tasma yoʻqoldi. Yoʻqoldi-yu, u yengil tortdi. Kumush tasma yoʻl emas, jilgʻa edi. Suvning ohista jildirab oqayotganini u aniq eshitdi va yuragini benihoya sevinch qopladi. Bir necha oydan beri u jilgʻaning ovozini birinchi marta eshitishi, bir necha oydan beri tayyorgarlik koʻrib kelgan qochishning birinchi marta muvaffaqiyatli amalga oshganiga ishonishi edi. Shundagina u nihoyatda chanqaganini, lablari qurib, yorilib ketganini sezdi. U yutindi, ammo hech narsa tomogʻidan oʻtmadi. Ogʻzi qaqrab ketgan edi. Jilgʻaga yetib keldi-yu, engashdi va shoshib ikkala qoʻlini suvga tikdi. Ammo hovuchida suv ololmadi. Ikkala qoʻli band, ikkala qoʻlida u taglari yeyilib, egilib qolgan lagerining yogʻoch kavushlarini ushlab olgan edi. Ularni koʻrdi-yu, tishlari alamdan gʻijirlab ketdi: birpas tikilib turdi-da, bor kuchi bilan uloqtirdi. Kavushning ikkala poyi qandaydir daraxtning shoxlariga ilindi, keyin birin-ketin doʻp etib, yerga tushdi. Shundagina u rasmana choʻkkalab, qoʻllarini yana suvga soldi, muzdek suv tirsaklarigacha koʻmdi, hovuchini ogʻziga olib bormasdanoq, vujudini orombaxsh sokinlik qoplay boshladi. Yuz-koʻzi, qurigan lablarida qotgan ter shoʻri aralash u necha hovuch suv ichdi, bilmaydi. Lekin hech mahal esini taniganidan beri bunchalik shirin suv ichmagan edi. Jilgʻa unga yangitdan quvvat berdi, charchoqlari unutilgandek boʻldi. Endi u hamma narsaga, hatto oʻlimga ham tayyor edi. Biroq endi u tirikligicha qoʻlga tushmasligini bilardi. Shunga ahd qilgan edi. Nemislarning oʻzi ham endi uni tutib olishsa, omon qoʻyishmasdi.

Nemislar xayoliga kelishi bilan u yana xavotirlanib atrofga quloq soldi. Jilgʻaning sokin, butun dunyo tashvishlariga befarq jildirashidan boshqa hech narsa eshitilmadi. Nahotki qutulgan boʻlsa, u shunga ishongisi kelardi, ammo lagerda orttirilgan tajriba, birinchi marta qochgandagi tahlika umr boʻyi olis oʻrmon etagida qolib ketgan sheriklarining jasadlari hali suyunish ertaligidan, hali necha marta oʻlim unga yuzma-yuz kelishidan darak berib turardi. Nemislar hali tinchishmaydi. Hozir ular, albatta, butun lagerni oyoqqa turgʻazishadi, tiriklarni ham, oʻliklarni ham tong otishi bilan yana sanab chiqishadi, uni topishmagach, oʻrmonni tit-pit qilishadi, hamma postlarga, otryadlarga xabar berishadi, xabar berishgandir ham. Bugun esa boʻldi, bugun oʻrmonga boshqa kirishmadi, kirishga qoʻrqishadi. Tun qochoqlarniki. Unga oʻxshaganlarniki. Ertaga boshqa gap. Ertaga u mabodo qoʻlga tushadigan boʻlsa, faqat oʻligi tushadi. Ertagacha esa hali vaqt koʻp. Butun tun uning ixtiyorida.

U shunday xayollar bilan osmonga qaradi. Yangi oyning taqadek nim rang gardishi gʻarbda koʻrindi. Yulduzlar koʻpaydi. Ammo hamon oʻrmon yorishmagan, yuz metr narida nima bor, nima yoʻq bilib boʻlmasdi. U oyga qarab tonggacha taxminan qancha vaqt borligini hisoblab chiqdi va oʻzi kutmagan xotirjamlik bilan oyoqlarini suvga soldi. Soldi-yu, ogʻriqqa chidolmay ingrab yubordi. Tovonlari va pan-jalariga kimdir pichoq solib yuborgandek boʻldi. Darrov tortib oldi. Nega bunday boʻlganini u endi bildi. Ikkala oyogʻi ham olis yoʻlda tilinib, taram-taram boʻlib ketgan edi. Ikkinchi marta ohista suvga tushirganda ogʻriq uncha bilinmadi va beixtiyor, shunday oyoqlarini tizzalarigacha suvga solib jilgʻa labiga chuzildi. Turish kerakligini, bu yerdan tezroq ketish kerakligini bilsa ham, hozir hech qanday kuch uni turgʻaza olmas, uch yillik urush, asrlar kabi chuzilgan dahshatli asirlik davomida erishgan shu birgina daqiqalik oromini buzolmas edi. U rohat bilan koʻzlarini yumdi, ammo uxlab qolishdan qoʻrkib, darhol ochdi, shuning oʻzi, shunday yotishning oʻzi bir olam baxt edi. Qancha chuzilar ekan bu baxt? Yillarmi, oylarmi, kunlarmi? Yo shu tunning oʻzimi? Buni u bilmasdi, bilishni ham istamasdi. Ikki tomonga yoyilgan qush qanotidek qoʻllari tagidagi mayin, nam maysalar, yumshoq tuproq, oyoqlaridagi har bir moʻyni silab oqayotgan begʻubor jilgʻa, tepada, sokin osmonda miltillab turgan yulduzlar, bugundan boshlab, uning sirdoshi, xaloskori, doʻsti boʻlib qolgan qorongʻi oʻrmon uni olis xayollarga gʻarq qilgan edi. Koʻz oldiga onasining surati keldi. Nega oʻzi emas? Nega uning yurish-turishi, oʻqishdan kelishini poylab, eshik tagida oʻtirishi, kechalari bir necha marta turib, ustidan sirgʻalib tushgan koʻrpasini tuzatishi emasu, oddiygina, bozordagi besh daqiqalik omonat suratxonada oldirilgan xira surati keldi? Balki bu suratdan onasi unga qandaydir dard bilan, suratkashning talabi bilan kulishga harakat qilsa ham, koʻzlarida tashvish, cheksiz gʻam bilan qarab turganidandir? Kim biladi, balki shundaydir. Har holda bu surat hech qachon koʻz oldidan ketmaydi. Hozir ham shunday boʻldi, uni qoʻliga olib gaplashayotgandek boʻldi. Bir uchi ezilgan, oddiygina surat. Boshida oq doka roʻmol, sochi koʻrinmaydi, balki oqarib, dokaga qoʻshilib ketgandir? Kulmoqchi boʻlganidan yuzidagi ajinlar battar tortilib ketgan, old tishlari tushib, shunday milklari koʻrinib turibdi. Suratni birinchi marta koʻrganida uning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. Ham sevindi, ham rahmi keldi. Keyin koʻnikib ketdi. Boʻsh qoldi, uni gimnastyorkasining choʻntagidan olib tikiladi, gaplashadi, keyin yana ehtiyotlik bilan gazetaga oʻrab choʻntagiga solib koʻyadi. Asir tushgan kuni undan ajradi. Yil boʻldi shunga. Shundan beri xayolidan shu surat ketmaydi. Hozir ham shu surat koʻz oldiga keldi-yu, ammo endi u onasiga emas, onasi unga achinib tikilayotgandek boʻldi. Nega achinadi? Shu ahvolga tushganigami yo yolgʻiz oʻzi qutulib ketayotganigami? Bunga u aybdor emas. Ahvol shunday boʻlib qoldi. Uning omadi keldi, boshqalarniki kelmadi. Tagʻin kim biladi, sogʻ qolganlar ham bordir? Balki ertaga uchrashib qolishar?

Uning xayoli boʻlindi. Yuragini yana gʻashlik qoplay boshlaydi.
— Front olis, Ziyamat. Partizanlarga qoʻshilish kerak.

Leytenantning oxirgi gapi shu boʻldi. Ziyamat boshqa uni koʻrmadi, ovozini eshitmadi ham. Otishma boshlani-shi bilan birinchi u yiqildi. O’q shunday orqa miyasiga tegdi.
— Saidmursal! Doʻstim! — deganicha, Ziyamatning gapi ogʻzida qoldi.

Leytenant koʻz yumdi. Ziyamat uni koʻtarib oʻrmongacha olib bormoqchi boʻldi, lekin:
— Qoch! Esingni yedingmy?! — degan ovoz uni toʻxtatdi, kimdir yelkasiga turtdi.

U leytenantning burishgan va birpasda qorayib ketgan yuziga qaradi-yu, oʻrnidan turdi, negadir yogʻoch kavushlarini yechib, qoʻliga oldi-da, oʻrmon tomonga yugurdi. Oldinda kimdir yiqildi, kimdir ovozi boricha dodladi. Ziyamat shu ovoz kelgan tomonga yugurdi, ammo kech qolgan edi. Sherigi allaqachon jon taslim qilgan edi. Boshqa hech kim koʻrinmadi. Orqadan «Xalt! Xalt!» degan ovozlar, oʻq tovushlari borgan sari yaqinlashib kelardi. Ziyamat alanglab, atrofga qaradi. Oldinda chakalakzor koʻrindi, uning ketida oʻrmon. U bor kuchini toʻplab shu tomonga yugurdi. Yuz-koʻzlari, qoʻllari tilinib-timdalanib, oʻrmonga yetib kelganda yon-verida hech kim qolmaganini payqadi, quvlab kelayotgan nemislarning chinqiroq ovozlari, avtomat tovushlari esa hamon birdek eshitilardi. Ziyamat nafasini rostlamoqchi boʻlib toʻxtadi va orqasiga oʻgirildi, shu zahoti avtomat oʻqlari vizillab shunday boshi ustidan oʻtib ketdi. U shoshib egildi, oʻqlar endi beli ustidan vizillab oʻta boshladi. «Tamom!» — Oʻyladi u qoʻrquv va qandaydir oʻzi anglamagan sovuqqonlik bilan. Shunday boʻlsa ham, u yotdi, peshonasi nimagadir doʻq etib tegdi, ammo u parvo qilmadi. Ovozlar endi orqadan emas, chap tomondan eshitila boshladi, oʻqlar tingandek boʻldi. Ziyamat oʻrnidan dast turdi-yu, oʻngga qarab yugurib ketdi. Koʻp oʻtmay yana otishma boshlan-di, itlarning hurishi eshitildi. Ziyamatning yuragi orqasiga tortib ketdi. U oʻkdan koʻra itlardan koʻproq qoʻrqardi. Uning nazarida hozir oʻqqa chap berish mumkin edi, itlarga esa chap berib boʻlmasdi. Ular is bilsa boʻldi, oʻljasini topmasdan qoʻymasdi, ayniqsa, lagerdagi itlar shunday edi. U buni koʻrgan, hatto boldirining bir parchasidan ajralib, oʻz boshidan oʻtkazgan edi. Lagerga keltirilganining ikkinchi kuni edi oʻshanda.

Ular kun boʻyi tosh tashishdi. Minglab odam togʻni yoʻnar, guldirab pastga, jarlikka tushayotgan toshlarni minglab odam, xuddi zanjirdek tizilib, ilon izi yoʻldan tepaga olib chiqardi va yana shu jarlikka, faqat yoʻlga yaqin tomonga tashlardi. Yarim och, yarim yalangʻoch, qiltillab oʻzidan ogʻir toshlarni koʻtargan asirlar orasida kimlar yoʻq edi?! Ziyamat ularni koʻrdi-yu, vahmi uchib ketdi. Uning nazarida butun dunyoning erkaklari shu yerga keltirilib kishanlangandek edi. Yonma-yon oʻtib qolishganda, kirtaygan koʻzlari demasangiz, hamma goʻyo bir qolipdan chiqqan, odam zotidan ancha yiroq qandaydir dahshatli maxluqlarni eslatardi. Hammaning soch-soqoli oʻsgan, hammada olataroq, ham oldi, ham orqasiga raqamlar osilgan yagʻir kiyim. Oyoqlarida toshdan battar taraqlaydigan yogʻoch kavush... Kechagina ular odam edi, kechagina ularning tili bor edi. Bugun esa ularda na til, na ism bor. Faqat raqam. Ziyamatda ham shunday raqam. U endi Ziyamat emas, ikki ming yetti yuz oʻn oltili rakam edi. Bundan buyoq u shunday, oʻlgunga qadar ikki ming yetti yuz oʻn oltili raqam boʻlib qoladi. Ulim esa uzoq emas, yelkasida turibdi. Qochish kerak. Ziyamat barakka kirishi bilan qoʻlansa hid dimogʻiga urildi-yu, shu fikr miyasiga quyildi. Lekin qanday qilib? Bironta odam yuzlab soqchilar, elektr toki yuborilgan tikan simlar bilan oʻralgan bu doʻzaxdan qochib qutulganmikan? Barakda hech kim uning bu savollariga javob bermadi. Barak tinch, faqat orqa tomonda kimdir ingrab yigʻlardi.

Kun peshindan oqqanda u butunlay darmoni quriganini payqadi. O’q tekkan chakkasi qulogʻi aralash loʻqillab ogʻriy boshladi. Birpas oʻtirgisi keldi. Biroq buning iloji yoʻq edi. It yetaklagan avtomatli soqchilar mahbuslarning har bir harakatini kuzatib turardi. Yiqilganlarning deyarli hammasi oʻsha zahotiyoq otilardi.

Ziyamat yengilroq bir toshni koʻtarib, yelkasiga bir amallab qoʻydi-da, tepaga yura boshladi, ammo oyoqlari qaltirab, yurishi sekinlashdi. «Nahotki shunday oʻlib ketsam? — Oʻyladi u xavotirlanib. — Yoʻq, chidash kerak, chidash. Keyin qochaman. Hech kim qochmagan boʻlsa, men birinchi boʻlaman. Unda oʻlsam, mayli».

Lekin yurish borgan sari qiyinlashdi, yelkasidagi tosh ogʻirlashdi. Tepaga koʻtarilganda koʻz oldi qorongʻilashdi, gandiraklab, toshni tashlashga ulgurolmay orqasiga gurs etib yiqildi. Shu zahoti it huridi va oyogʻiga nimadir sanchildi. Ziyamat hovliqib oʻrnidan turishga intilar, it esa oyogʻiga mahkam yopishganicha irillardi. «Shnel! Shnel!» — qichqirdi qoya ustidagi soqchi. Kimdir qoʻltigʻiga kirdi. Ziyamat bir amallab oʻrnidan turdi, it qaytib ketdi. Qoʻlti-gʻiga kirgan kishi toshni yelkasiga qoʻyib qoʻydi. «Rahmat», — deb yubordi Ziyamat shunda oʻz tilida. Sherigi indamadi, faqat oʻz toshini koʻtarganicha, «yuring», deganday oldinga ishora qildi.

Ular toshlarni jarlikka uloqtirib pastga tushishayotganda, sherigi sekingina soʻradi:
— Qaerdansiz?
— Toshkentdan, Shayxantavurdan, — shunday sekingina javob berdi Ziyamat.
— Men Turkistondan. Voronejda qoʻlga tushdim. Siz-chi?
— Kurskda. Ismingiz nima?
— Saidmursal.
— Meniki Ziyamat. Bu yer qaer?
— Yugoslaviya.
— Atrof oʻrmon ekan, — Ziyamat shunday deb, sherigining qochish haqidagi fikrini bilmoqchi boʻldi.
— Partizanlar ham bor. Ziyamat uni tushundi.
— Urinmadingizmi?
— Hozircha chora yoʻq. Barakda gaplashamiz. — Saidmursal «gap tamom» degandek, oldinga oʻta boshladi. — Chidash kerak. Oyogʻingiz qon.

Ziyamat shundagina it boldiridan bir parchasini uzib olganini sezdi. Biroq nachora? Chidash kerak. U shu fikr bilan oʻzini bosdi, zirqiragan ogʻriqqa e’tibor qilmaslikka urindi.

Kech kirib, jarlikni tuman qoplay boshlaganda, tepada zang urildi. Mahbuslar yana zanjirdek tizilib, yuqoriga koʻtarila boshladi. Jarlikni aylanib oʻtib, tosh yoʻlga chiqishganda, Ziyamat oʻng tomoni pastlik, quyuq chakalakzor ekanligini koʻrdi. «Qochish kerak!» Yashin tezligida miyasidan shu fikr oʻtdi-yu, beixtiyor yoniga qaradi. Soqchi undan besh metrcha narida edi. O’rtada qator mahbuslar, Saidmursal koʻrinmadi. «O’zim urinib koʻraman, — hayolidan oʻtkazdi va orqasiga qarab qoʻydi. Orqadagi soqchi ham besh metrcha masofada edi. Qochsa boʻladi. Faqat bironta muyulish kelganda, shunda oldindagi ham, orqadagisi ham koʻrmay qolishi mumkin edi. Shu xayol bilan u yuz metrcha yurdi. Nihoyat, u kutgan muyulish keldi. Oldindagi mahbus aylanishi bilan, Ziyamat bir siltanib, oʻzini chakalakka otdi. Gurs etib tushdi-yu, pastga dumalab ketdi. Avtomat tarilladi. Itlar dahshat bilan huriy boshladi. Ziyamat oʻrnidan turib, qayoqqa chopishni moʻljallaguncha bitta it yetib kelib, yopishdi. Koʻp oʻtmay nemislarning ovozlari chakalakzorni tutib ketdi. «Tamom», — Oʻyladi Ziyamat itning boʻgʻziga kuchining boricha yopishar ekan.

Lekin u bu gal ham tirik qoldi. Hushiga kelganida korongʻi bir muzxonada yotganini koʻrdi. Qanday azoblarni boshidan kechirmadi u oʻshanda. Bir hafta och qoʻyishdi, kaltaklashdi. Hamma yogʻi momataloq boʻlib ketdi. Joni kattiq ekan, oʻlmadi. Bir haftadan soʻng yana tosh tashishga haydab ketishdi.
— Baxtli ekansiz, — dedi Saidmursal uni koʻrib. — Omon qoldingiz. Endi mening buyrugʻimni kuting!

Buyruq bir oydan keyin keldi. Ziyamat bilmagan ekan, lagerda butun bir tashkilot mavjud ekan. Saidmursal uning rahbarlaridan biri ekan. Buni u kartserdan chiqqan kuni kechqurun bildi. Barakda yigʻilish boʻldi. Qochish va partizanlarga qoʻshilish, keyinchalik butun lagerni ozod qilish leytenant Saidmursal Xudoyberganov boshliq asirlarga topshirildi. Qochish kartoshka kovlagani olib chiqiladigan kunga belgilandi. Kartoshka oʻrmon etagiga ekilgan edi. Nihoyat shu kun yetib keldi. Nemislar ellik kishini mashinalarga bosib olib ketishdi. Ziyamat ham shular orasiga tushdi. Kun botguncha hamma jon-jaxdi bilan ishladi. Lekin hammaning koʻzi Saidmursalda edi. Nemislar ularning berilib ishlayotganlarini koʻrib, tushdan keyin ancha beparvo boʻlib qolishdi. Kun botganda Saidmursal signal berdi, hamma oʻzini chakalakzorga urdi. Ziyamat yonida turgan soqchini yuz-koʻzi aralash tushirib, yiqitdi-yu, sheriklari ketidan yugurdi...

...Ziyamat oʻrnidan turdi. Oyoqlarining ogʻrigʻi qolgan, bosh ogʻrigʻi ham ancha tingan edi. U chuqur nafas oldi-da, osmonga qaradi. Oy tikkaga kelibdi. Demak, tun endi yarim boʻlibdi. Hali vaqt koʻp, tonggacha u ancha yoʻl bosishi mumkin. Lekin qayoqqa yuradi? Partizanlar qaysi tomonda? Buni u bilmasdi. Hamma yoq qorongʻi. Begona oʻrmon, begona yer. Biroq u endi ancha tinch edi. Har holda endi u erkin. Erkinlikda oʻlim ham havfli emas.

U jilgʻani tizzasigacha suvga botib kechib oʻtdi va birinchi marta yengil nafas olib yoʻlga tushdi.

Tongga hali erta edi. O’rmon hamon tun qoʻynida, churq etgan tovush eshitilmasdi. U toʻngaklarga, shox-shabbalarga qoqilib-qoqilib borar ekan, tongda qaerdan chiqib qolishini oʻylardi. O’rmon tugab, bironta qishloq chiqib qolarmikin, yo toqqa tutashib ketarmikan? U koʻproq ikkinchisini, juda boʻlmaganda, oʻrmonning tugamasligini istardi. Qishloqda nemislarning boʻlishi turgan gap. Balki uning atrofida soqchilar ham bordir. Ha, albatta, nemislar soqchi qoʻymasa tinchimaydi. Yshqilib, qishloqdan chiqib qolmasin, unda hamma urinishlari barbod boʻladi. Partizanlarning esa qishloq yoki uning atrofida boʻlishi mumkin emas. Ular yo togʻda, yo oʻrmonda. Kim biladi, balki tonggacha ularga duch kelib qolishi ham mumkin. Koshki edi shunday boʻlsa!

Allaqaerda parovoz jonholatda qichqirdi. Ziyamat diq-qat bilan quloq soldi. Gudok, aftidan, orqa tomondan eshitildi. Nahotki, lager shunchalik yaqin boʻlsa? Ancha yoʻl bosdi-ku! Uning yuragi orqasiga tortib ketdi. Nazarida, adashib ketib, bir joyda aylanayotgandek tuyuldi. La-gerdan qochishga qochib, tamom qutulay deganda, nahotki yana qoʻlga tushsa?! U shunday oʻylab, atrofga hadiksirab qaradi. Yoʻq, hech narsa bilib boʻlmaydi. Hamma yoq daraxt, archa, qora qayin, yana qandaydir daraxtlar... Lager yonida ham shunday edi, bu yerda ham shunday. Yoʻq, u adashmagan, yulduzlarga qarab yurdi-ku! U tanlagan yulduzlar hamon oldinda. Yoʻq, adashmagan. Innaykeyin, adashgan boʻlsa, itlarning ovozini eshitardi. Ular tun boʻyi tinmay akil-laydi. Bu fikr unga ancha dalda boʻldi, qadamini tezlatdi. Bir chaqirimcha yurgandan soʻng, oʻrmon siyraklashdi, oy bir oz oqarib, daraxtlarning uchlarida koʻkimtir tutun koʻrindi. «Tongga yaqin qolibdi, — Oʻyladi Ziyamat. — Oldinda nima ekan — yoʻlmi yo qishloq? Nima boʻlsa ham tezroq bilgan ma’qul». Shu xayol bilan u chopib ketdi. Lekin yarim chaqirimcha ham yurgani yoʻq ediki, keng asfalt yoʻl ustidan chiqib qoldi. Shu zahoti orqaga qaytdi, yuragi dukillab ura boshladi, peshonasini sovuq ter qopladi. Yaxshiyamki, bironta postga toʻgʻri kelmadi. Endi nima qilish kerak? U oʻyga toldi.

Chindan ham uning oldida jiddiy muammo turardi. Yoʻl boʻylab borish kerakmi yo uni kesib oʻtib, toʻgʻriga — Oʻrmon ichidan ketishi kerakmi? Yoʻl toʻppa-toʻgʻri uni nemislar qoʻliga olib borib topshirishi aniq edi. Ammo toʻgʻrida nima bor? Ioʻl aylanib, shu yoqqa oʻtgan boʻlsa-chi? Togʻli joyda toʻgʻri yoʻl kamdan-kam boʻladi. Shunday boʻlsa ham u toʻgʻri yoʻlni kesib oʻtishga qaror qildi. Ohista oʻrmondan chiqib, yoʻlga qaradi. Yoʻl jimjit, qora asfalt oy yorugʻida erigan saqichdek yaltirardi.

Shu payt olisda nimadir sargʻayib koʻrindi. Ziyamat shoshib oʻzini orqaga oldi. Baland toʻnka yoniga yotib, yoʻlga tikildi. Sargʻayib koʻringan narsa chiroq edi. Koʻp oʻtmay u ikkita boʻldi. Ziyamat mashina kelayotganini angladi. Motorning guvillagan ovozi ham eshitila boshladi. Minutlar soatdek chuzilib, nihoyat, mashina yaqinlashdi. Uning yorugʻida Ziyamat yoʻlning narigi beti ham kattagina oʻrmonligini koʻrib oldi. Ogʻir yuk ortilgan besoʻnaqay mashina uning roʻparasiga yetib kelganda, Ziyamatning koʻzlari qamashib ketdi. Qoʻli bilan yuzini berkitdi. Mashina uzoqlasha boshladi. Shundagina koʻzlarini ochdi va yana ehtiyotlik bilan yoʻlga tikildi. Ammo boshqa mashina koʻrinmadi. Ziyamat toʻgʻri qarorga kelganiga ichida suyunib, yoʻlni kesib oʻtdi va yana oʻrmon ichiga kirdi.

U ancha yoʻl bosdi. Lekin oʻrmonning keti koʻrinmasdi. Tong ota boshladi. Quyoshning iliq nurlari daraxtlar orasidan oʻtib, yerga nayzadek sanchildi. Ziyamat toʻxtadi. Endi yurish xavfli edi. U yana kech kirishini yo bironta baxtli tasodif yuz berishini kutishga qaror qilib, atrofiga qaradi. O’zidan sal narida, chap tomonda, voronka sifat oʻra koʻrindi. U shu yoqqa yurdi. O’ra kattagina edi. Eski bir daraxtning ildizini kovlab olishgan boʻlsa kerak, ichi ham chuqurgina, odam oʻtirsa koʻrinmas edi. U shu oʻraga tushdi va huzur bilan oyoqlarini choʻzib oʻtirdi. Endi u qutulganiga, nemislar qidirib kelmasligiga toʻla ishongan edi. Shuning uchunmi, oʻtirishi bilan badani boʻshashdi, koʻzlari oʻz-oʻzidan yumildi.

Qirq uchinchi yilning yozi, nemislarning hujumi oldidan, u xuddi mana shunday oʻz okopida oʻtirgan edi. Unda egni but — oyogʻida etik, qoʻlida avtomat bor edi, hozirgidek yalang oyoq va yupun emas edi. Nemislar oʻshanda tunlari ham hujumni toʻxtatishmasdi, bir vzvoddan ikkinchi vzvodga oʻtish amri mahol edi.

Ziyamatning vzvodi tepalikka joylashgan boʻlib, dushmanning asosiy e’tibori shu tomonda edi. Kombatning asl niyati ham shu edi. Shuning uchun ham u vzvodga bitta ortiqcha pulemyot bergan edi.
— Husanov, senga ogʻir boʻladi, — dedi u dushman tongda yana hujumga oʻtganda. — Mahkam tur. Nemislar bu yerda katta kuch bor, deb oʻylashsin. Tushundingmi?
— Tushundim, oʻrtoq kombat! Buyrugʻingiz bajariladi.
— Vaziyat oʻzgarsa, kapitanning oʻzi keladi.
— Xoʻp boʻladi, oʻrtoq kombat!

Kombat ketdi. U kecha kechqurundan beri rota komandiri kapitan Kravtsovning oʻrnida edi. Kravtsov qoʻlidan oʻq yeb, sanbatga olib ketilgan edi.

Ziyamat Kravtsovni ham, kombat Sinichenkoni ham yaxshi bilardi. Gospitaldan qaytishi bilan uni shu batalonga vzvod komandiri qilib yuborishgan edi. Ikki yillik jang davomida u oʻz komandirlarini yaxshi koʻrib qolgan va har doim ularning jangdagi sovuqqonligi va botirligini koʻrib qoyil qolardi. Kombat anchagina kamgap boʻlib, Kravtsovning aksi edi. U doim aniq va qisqa koʻrsatma berar, kapitan esa juda uzokdan kelardi. Asosiy maqsadga koʻchguncha odam qon boʻlib ketardi. «Xoʻsh, ahvollar qalay, azizim!» U shunday deb gap boshladimi, tamom, biron oyair topshiriq bermoqchiligini hamma bilib olardi. Soʻkadigan boʻlsa, avval qoʻshni rotalardan gap ochardi, qoʻshni rotaning kechagina kelgan, hali dushman bilan hatto yuzma-yuz ham kelmagan soldatini koʻklarga koʻtarib maqtardi, keyin, sen-chi, deb, gunohkor jangchini soʻkib ketardi, bechoraning gap eshitmagan bironta urugʻ-aymogʻi qolmasdi. Shunga qaramay uni soldatlar yaxshi koʻrishardi. Bunday hurmatga u jangda bevosita ishtirok etishi bilan, soldatni ayashi, uning ahvolidan doimo xabardor boʻlib turishi bilan erishgan edi.

Qoʻshni rota ikki kun avvalgi ogʻir jangdan soʻng, mudofaaning ikkinchi liniyasiga oʻtganda, shu tepalikni egallashni Kravtsov Ziyamatga topshirdi.

Tungi tinchliqdan foydalanib, Ziyamat oʻz vzvodini qiyinchiliksiz tepalikka olib chiqdi. Lekin shu payt qattiq otishma boshlandi. Artilleriya qoʻshilgandagina nemislar anchagina jimidi. Shunday kapitan yaralandi. E’tiroziga qaramay, shaxsan kombatning buyrugʻi bilan sanbatga olib ketishdi.
— Husanov, joyingdan siljima, — dedi u keta turib.

Ziyamat uning buyrugʻini bajardi. Kun boʻyi nemislar yetti marta hujum qilishdi. Lekin bir marta ham tepalikka yaqinlashib kela olishmadi.

...Toʻp ovozlari tindi. Bir zum hamma yoqni jimlik qopladi. Qishloq tomondan allaqanday qushning chivchivi eshitildi-yu, yana tindi. «Bulbulga oʻxshaydi», — xayolidan oʻtkazdi Ziyamat va koʻz oldiga Qorasuvdagi hovlisi keldi. Hozir uzumlar yetilib yotibdi u yerda. Husayni ham, shivilgʻoni ham. Chugʻurchiq koʻproq shivilgʻoniga keladi. Zangʻar, qaysi uzumni yeyishni biladi. Birpas qaramadingmi, talab ketadi. Onasi ishkomga toʻrttami-beshta eski chelak osib, tizginlarini ayvonning ustuniga bogʻlab qoʻyardi. Bironta kush koʻrdimi, shu tizginni tortardi, butun bogʻkoʻchani chelaklarning taraq-turugʻi, chugʻurchiqlarning chagʻ-chagʻi bosib ketardi. Hozir kim qarayotgan ekan boqqa?
— Mana shunisi odamni xunob qiladi, — dedi kimdir.

Ziyamat xayoli boʻlinib, yoniga qaradi. PTR ushlagan jangchi jahl bilan tamaki tutatar ekan, pastdagi yalanglikdan koʻzini uzmasdi.
— Nimasi, Volodya? — soʻradi Ziyamat.
— Artpodgotovkadan keyingi jimlik-da, qon boʻlib ketadi kishi. Oliftagarchilik qilmasdan kela qolishsa, oʻladimi la’natilar!
— Hovliqma, hozir kelishadi.

Ziyamat shunday deb ulgurmagan edi, oldinda tank koʻrindi.
— Aytmadimmi!
— Xuddi shunday, oʻrtoq komandir! — jangchi bolalarga xos quvonch bilan tankni moʻljalga ola boshladi. — Kela qol, azizim, kela qol.
— Shoshilma.

Tank oʻn metrcha ham yurmagan ediki, yonida ikkinchisi paydo boʻldi. Koʻp oʻtmay, toʻrtta boʻldi. Keyin yana ikkita qoʻshildi. Ular har galgidek, yoyilib emas — ikki qator boʻlib kelardi.
— «Tigr»larga oʻxshaydi, — dedi Volodya.

Ziyamat indamadi. Nemislarning bu mashhur tanklarini u birinchi marta koʻrayotgani yoʻq edi. Agar yon tomonidan otilsa, avtomat bilan ham ularni ishdan chiqarish mumkin edi.
— Pulemyotlarni hozirlang! — buyruq berdi u. — Mening komandam bilan otilsin!

Masofa borgan sari qisqardi. Yuz metrga yetganda, tanklar oʻt ochdi. Transheyani achchiq tutun, chang qopladi.
— Yigitlar! Boshladik! — qichqirdi Ziyamat va oʻzi birinchi boʻlib oʻt ochdi.

Oltmish metrga kelib qolgan birinchi tank toʻxtadi. Lyuk ochilib, nemis tankchisining kallasi koʻrindi. Avtomat tirilladi, u ikki qoʻlini yozib, tank ustiga agʻdarildi. Shu payt ikkinchi qatorda kelayotgan tank yonib ketdi.
— Men! Men yondirdim! — qichqirdi Volodya.

Ammo Ziyamat uni eshitmadi. Shunday yonida snaryad portladi. Koʻzlariga nimadir yopishdi. Yengi bilan artar ekan, yana snaryad gumburlaganini eshitdi.
— Volodya! Galiulin!

Hech kim javob bermadi. U koʻzini ochganda, bitta tank tepalikka koʻtarilayotganini koʻrdi. Tankning uzun stvoli xuddi uni nishonga olayotgandek edi. Ziyamat shoshib oʻzini chapga oldi. Shunda u Volodyaning transheya ichida tuproqqa belanib yotganini koʻrdi.
— Volodya!

Ammo Volodya jim edi. Ziyamat PTRga yetguncha, yonidagi granatani olib pastga, tankning gʻildiraklarini poylab uloqtirdi. Tank toʻxtadi, bir siltanib orqasiga qayrilmoqchi boʻlganida, yonib ketdi. Lekin shu zahoti undan sal narida boshqasi koʻrindi. U tepalikka koʻtarilmadi. Toʻxtab, tepalikni oʻqqa tuta boshladi. Boshqa tanklar ham shunday qilgan boʻlsa kerak, Ziyamatning gir atrofida snaryadlar yorila boshladi. U endi vzvoddagilardan kim bor, kim yoʻq, bilolmay qoldi. Bir amallab PTRni topib, transheyadan boshini koʻtardi. Pastda yana bir tank va uning atrofida nemislar koʻrindi. U tankning tuynugini poylab, PTR ni boʻshatdi. Tank portladi. Shu payt kimdir uni turtdi va nimalardir deb qichqirdi. Ziyamat eshitmadi. Bitta tank shunday ustidan oʻtib ketdi. Ziyamat chaqqonlik bilan orqasiga oʻgirilib, uni nishonga oldi. Ammo PTR otilmadi. O’q tugagan edi. Shu payt choʻntagidagi granata esyga keldi. Oldi-yu, tezlik bilan uloqtirdi. Granata shunday lyuk ustiga tushdi. Orqadan avtomat tovushlari eshitildi. Nemislar transheyaga juda ham yaqinlashib qolishgan edi. Ziyamat ularni aniq koʻrdi. Darhol avtomatini yelkasidan olib, ota boshladi. Uch-toʻrt nemis shu zahoti yiqildi. Boshqalari yotib oldi. Hujum yana tingandek boʻldi.
— Stepanov! — qichqirdi Ziyamat yuzidagi terni sidirar ekan.

Hech kim javob bermadi.
— «Nahotki, ular...» — Ziyamat shunday deb oʻyladi-yu, oʻz xayolidan oʻzi choʻchib ketdi va shoshib atrofiga qaradi.

Transheyaning u turgan joydan boʻlak hamma yeri buzi-lib, uyum-uyum tuproq boʻlib yotardi.

Oldinda yana tanklar paydo boʻldi. Endi ular yolgʻiz emas, har birining orqasida avtomatchilar bor edi.

Ziyamat ularni koʻrib, avtomatiga yangi disk qoʻydi. Choʻntagidan soʻnggi granatani olib, kamariga qistirdi.
— O’rtoq komandir! — qichqirdi shu payt kimdir. Ziyamat tanidi.
— Galiulin! — sevinib chaqirdi u.
— Menman, oʻrtoq komandir!
— Yoningda kim bor?
— Stepanov bor edi. Snaryad qorniga tegdi. Boshqalarni koʻrmayapman.
— Chaqirib koʻr. Galiulin qichqirdi.
— Hech kim javob bermayapti.
— Dadil boʻl, oshna. Kelishyapti, koʻryapsanmi?
— Koʻryapman. Ikkita granatam qoldi, oʻrtoq komandir.
— Tankni poyla.
— Tushundim, oʻrtoq komandir! O’zingizda-chi?
— Bitta!

U boshqa hech narsa aytib ulgurmadi. Kuchli portlash uni siltab tashladi. Ogʻir bir narsa boshiga tushdi. O’ziga kelib, oʻrnidan turganida, transheya ustidan tank oʻtib ketayotganini koʻrdi, granatani olib ulgurmadi, bir nemis ustiga tashlandi. Ziyamat bor kuchini toʻplab, uni uloqtirdi-da, atrofini oʻrab kelayotgan nemislarni nishonga ola boshladi. Nemislar yotib olishdi. «Tirik olishmoqchi she-killi? — Oʻyladi Ziyamat. — «Olib boʻpsanlar, ablahlar!» Galiulin! Bardam boʻl!» — u shunday deb qichqirdi-da, qoʻlidagi granatani nemislar gʻuj boʻlib yotgan tomonga uloqtirdi. Shu payt chakkasiga nimadir urildi, u koʻzlari tinib yiqildi va hushidan ketdi.

Koʻzini ochganida, oʻrmonda yotganini koʻrdi. «Xudoga shukur, tirik ekanman», — xayolidan oʻtkazdi u. Ammo bu tiriklik juda qimmatga tushdi unga. U hali asir tushganini, oʻziga oʻxshagan yuzlab asirlar ichida yotganini bilmasdi. Bilganda esa, butun vujudi boʻshashib ketdi.

Bir haftadan soʻng asirlarning hammasini yuk vagonlarga bosishdi. Eshelon qoʻzgʻalganda olisda dahshatli toʻp ovozlari eshitildi.
— Biznikilar! — dedi kimdir zavq va shu paytning oʻzida cheksiz oʻkinch bilan. — Tanidim! Bizning toʻplar!..

Hech kim unga javob bermadi. Eshelon gʻarbga yoʻl oldi.

Ziyamat koʻzini ochganda, kun tikkaga kelgan edi.

O’rmon jimjit. Hech nima koʻrinmaydi. Nima qilish kerak? Nahotki, qorongʻi tushganga qadar kutishga toʻgʻri kelsa?.. U hech qanday qarorga kelmay, oʻrnidan turdi. Shu payt olisda ola echki yetaklagan bir odamning qorasi koʻrindi. Ziyamat shoshib oʻzini daraxtning panasiga oldi. Kim ekan u? Qaerdan paydo boʻlib qoldi? Qishloq nahotki shunchalik yaqin boʻlsa? Echki bir yoʻqolib, yana koʻrindi. Uning egasini Ziyamat endi yaqqol koʻrdi. U chol edi. Bu Ziyamatni tinchitdi. Chol unga yaqinlashdi. Bekinishning mutlaqo iloji qolmadi. Koʻz-koʻzga tushdi. Chol xuddi Ziyamatdek, joyida qotib qoldi. Ancha vaqt ular bir-biriga tikilib turishdi. Nihoyat, Ziyamat chidamadi. Imladi. Ammo chol joyidan qimirlamadi. Echki uning qoʻlidan tushib ketgan chilvirni sudrab, qochib ketdi. Chol parvo qilmadi. U, sehrlangan odamdek, Ziyamatga tikilib qolgan edi.
— Ya plen, ponimaesh? Plen... — dedi sekin Ziyamat koʻkragiga qoʻlini bigiz qilib.

Chol uni tushunmadi.
— Ya plen! Ponimaesh? — dedi yana Ziyamat. — Rus, rus... Moskva!..

Cholning koʻzlarida tabassum paydo boʻldi.
— Az b’lgarin, — dedi keyin va Ziyamatga yaqinlashdi.
— Partizan... menga partizanlar kerak, — dedi Ziyamat, chol uning oldiga kelgach.
— Partizan? — soʻradi chol unga tikilib.
— Ha, partizanlar kerak, — dedi yana Ziyamat.

Chol «tushundim» degandek, boshini qimirlatdi. Ziyamat koʻnglida bir olam sevinch bilan uni quchoqladi va oʻpkasi toʻlib, yigʻlab yubordi.

1970