OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiUrush farzandi (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» NMAK Bosh tahririyati, Toshkent - 2005
Hajm78KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/18
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Oʻlmas Umarbekovning «Tanlangan asarlar»i II jildidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Urush farzandi (qissa)
Oʻlmas Umarbekov

1

— Kishi hayotida shunday voqealar boʻladiki, umrbod xotiridan koʻtarilmaydi, — deb hikoyasini boshladi Aziz Komilov. — Ularni eslaganingda dam sevinasan, dam qaygʻurasan. Bundan yetti-sakkiz yil muqaddam mening boshimdan ham shunday bir voqea kechdi. Oʻshanda men oʻqishni tamomlab, Qishloq xoʻjalik ilmiy-tekshirish institutida ishlardim. Bu institut, bilsangiz kerak, deyarli hamma paxtakor respublikalar bilan, hatto chet ellar bilan paxtachilikni rivojlantirish bobida aloqa qiladi, paxtaning yangi navlarini yetishtirib beradi. Institutning bir qancha ilmiy xodimlari Misr, Jazoir, Yaman va boshqa bir necha mamlakatda ishlashardi. Men ularni tanirdim, otpuskaga kelishganda ularning hikoyalarini maroqlanib eshitardim, ularga havasim kelardi. Lekin bu sohadagi ishda qali oʻzini durust koʻrsatmagan yosh agronomni olis, oʻzga mamlakatga kim yuborardi? Bunga umid bogʻlab boʻlarmidi?! Har qalay, men shunday deb oʻylardim va oʻzimni shu bilan ovutardim. Ammo bunday boʻlib chiqmadi. Bir kuni meni institut direktori chaqirib qoldi:
— Sizni Bolgariyaga yubormoqchimiz. Nima deysiz? — dedi u.

Toʻsatdan qilingan bu taklifdan gangib, nima deyishimni bilmay qoldim.
— Xaskovodan 108-Fni soʻrashibdi, — javobimni kutmasdan gapida davom etdi direktor. — Yangi ochilgan yerlariga ekishar emish. Olib borasiz, ekishda koʻmaklashasiz. Mavsumni tugatib qaytasiz.
— Eplay... eplay olarmikinman? — vujudimni ham sevinch, ham qoʻrquv qamrab olgandi.
— Eplaysiz, —dedi direktor va gap tamom deganday oʻrnidan turib, menga qoʻl uzatdi.

Mast odamdek uning kabinetidan chiqdim.
— Tabriklayman, — dedi sekretarʼ qiz menga havas bilan tikilib. — Kecha kimni yuborishni oʻylab ancha oʻtirishdi. Keyin sizni lozim topishdi!
— Rahmat! — dedim minnatdorlik bilan, goʻyo meni u yuborayotganday mahkam bilaklarini qisib. — Kachon ketaman?
— Bir haftadan soʻng. Hujjatlaringizni toʻgʻrilang. Boshim osmonda edi. Oʻsha kuniyoq shosha-pisha hujjatlarimni tayyorladim, suratga tushdim. Keyin uyga joʻnadim. Uyimiz institutdan ancha olis boʻlib, ikki haftada bir borib kelardim. Otam urushda halok boʻlgan. Uyda oyim bilan singlim turishadi. Sevinchli xabardan ular ham shoshib qolishdi. Singlim darhol kiyim-kechaklarimni hozirlashga tushib ketdi. Ovqat yeb boʻlishgan boʻlsa ham, men hozir ketayotgandek, yangitdan ovqatga unnashdi.

Xullas, bir hafta safar orzusida oʻtib ketdi. Urugʻliklarni joʻnatdik. Rahbarlarimdan kerakli maslahatlar, kitoblar oldim. Hafta oxirida oʻrtoqlarim, hamkasblarim bilan quyuqqina xayrlashib, Moskvaga joʻnadim. Ikki kundan keyin esa Bolgariya tuprogʻiga qadam qoʻydim.

2

Bolgariya ajoyib mamlakat. Bir borgan kishi uning maftuni boʻlib qoladi. Koʻkoʻpar togʻlar, qishin-yozin zumrad oʻrmonlar, goh birlashib, goh ajralib oqadigan kumush daryolar bu oʻlkaning husni, gʻururi. Uning qishloqlari, yoʻllarini aytmaysizmi? Ikki yoqasi olma-gilos yoxud olxoʻri, bu yoʻllardan oʻtganda, oʻzingizni cheksiz mevazor ichida borayotgandek sezasiz. Hech kutilmaganda qishloq ustidan chiqib qolasiz. Qishloqlar bir-biriga oʻxshamaydi, hammasining oʻziga xos arxitekturasi bor. Bir qishloq ikki qavatli jimjimador uylardan iborat boʻlsa, ikkinchisi uning teskarisi — uylarning yarmi yoʻlning pastida, keng ayvonli, yassi, aylanma zinalardan tushiladi. Ba’zi uylarning tomiga garaj qurilgan. Hammasiga odamning havasi keladi, hammasi bejirim, chiroyli. Shaharlari ham xuddi shunday. Butun Bolgariyani aylanib, bir-biriga oʻxshagan ikkita binoni topish qiyin. Xullas, bu mamlakatda hamma narsa — yer ham, suv ham, havo ham goʻzal, maftunkor. Bolgarlar oʻz yurtlari haqida shunday rivoyat toʻqishgan Xudo hammaga yer ulashib, bolgarlarni unutibdi. Ular xafa boʻlib Xudoga arz qilishibdi. Xudo jannatning bir boʻlagini kesib, bolgarlarga beribdi.

Bu rivoyat. Ammo dunyoda jannat deyiladigan joy bor boʻlsa agar, u Bolgariya, uni bolgarlar oʻzlari yaratgan. Shuning uchun ham dunyoning har burchagidan bu yerga dam olgani, tomosha qilgani har yili ming-minglab odamlar kelishadi, uni koʻrib, oʻzlarini baxtiyor his qilishadi.

Men ham shunday baxtiyorlardan edim. Xaskovoda bir yil ishladim. Kooperativ xodimlari mendan xursand edi. Men ham ulardan xursand edim. 108-F yaxshi undi. Yaxshi hosil koʻtarildi. Shu vaqt ichida men bolgarcha tushunadigan, hatto uncha-muncha gaplashadigan boʻlib qoldim, anchagina doʻst orttirdim. Ayniqsa, kooperativ agronomi Yordan Konev bilan juda qalin boʻlib ketdik. U ikki yil Boyovutda ishlab ketgan ekan. Ikki gapning birida oʻzbeklarning mehmondoʻstligini maqtar va Boyovutda kechgan hayotini zavq bilan eslar edi.

Paxta ikki marta terib boʻlingach, mening ishlarim ancha yengillashdi. Koʻp vaqtimni okrugning xushmanzara yerlarini koʻrish, choʻmilish bilan oʻtkaza boshladim.

Bir kuni ertalab nonushta qilib oʻtirgan edim Yordan kolib qoldi.
— Tabriklayman, doʻstim! — dedi u qarshimga oʻtirar ekan.
— Nima boʻldi? — hayron boʻlib soʻradim men.
— Kooperativ bizga koʻrsatgan yordaming uchun seni bir oyga Zlatni Pyassiga yuborishga qaror qildi.
— Nahotki? — sevinib ketdim.
— Bu yogʻini eshit, — Yordan qoʻlini koʻtarib, meni toʻxtatdi. — U yokda bir oʻzing zerikib qolma tagʻin deb, men ham boradigan boʻldim.

Yosh boladek chapak chalib yubordim.
— Ertalab yoʻlga tushamiz. Tayyorgarligingni koʻraver. Yordan shunday dediyu, shoshib chiqib ketdi. Kechqurun kooperativ bogʻida ziyofat boʻldi. Kooperativ a’zolari nomidan direktor gapirib, menga va institutimizga minnatdorlik bildirdi. Ertasiga esa, tonggi salqinda Yordanning mashinasida Yordan, uning xotini Lada, ikki yoshli oʻgʻli Matey va men Qora dengiz tomon joʻnadik. Oqshom payti dongʻi jahonga taralgan Zlatni Pyassiga kirib bordik.

Zlatni Pyassi Bolgariyaning yirik port shahri Varnadan oʻn olti kilometr nari boʻlib, togʻ va dengiz oraligʻiga joylashgan kurort shahar. Kimdir bu shaharni jahonning kelajagi, degan ekan. Bu fikr haqiqatdan yiroq emas. Butun shahar gulga oʻralgan. Har qadamingizda meva... bir yoqda gilos, bir yoqda olma, uzumzorlari baland qoyalarga chirmashib ketgan. Aqlni shoshiradigan sayilgohlar, istirohat bogʻlari, bir-biridan goʻzal hovli-joylar, mehmonxonalar koʻzni qamashtiradi.

Biz shahar oʻrtasidagi «Nimfa» mehmonxonasiga joylashdik. Bu mehmonxona shunday sohilda boʻlib, dengizdan atigi ellik qadamcha narida edi. Oʻz xonamga kirib yechindim, keyin balkonga chiqdim. Muzdek dengiz nafasi gup etib dimogʻimga urildi. Toʻyib simirdim-da, dengizga qaradim. Koʻm-koʻk osmon bilan tutash moviy dengiz tinch, sokin edi. Botib borayotgan quyosh nurlaridan u atlasdek tovlanib, koʻzni olardi. Yengil shamol turdi. Kamalak tus toʻlqin ohista suzib kelib, qirgʻoqqa urildi. Sohildagi oltin rang qumni nam qildi, keyin shunday ohista qaytib ketdi. Yana keldi, yana qaytdi. U xuddi tun boʻyi ov qilgan, ammo hech narsa topolmay charchab tin olayotgan sherga oʻxshardi.

Yordan kirdi.
— Qalay?
— Zoʻr, — dedim hamon dengizdan koʻz uzmay.
— Ovqatdan soʻng choʻmilamiz. Nima deding? Men xoʻp deganday boshimni qimirlatdim.

Koʻp oʻtmay, restoranga tushdik. Odam kam edi. Burchakda ikki qiz va bir yigit oʻtirishardi. Zal oʻrtasida orkestr qandaydir mayin kuy chalardi. Ofitsiant keldi.
— Mole?
— Meshana skara, rakiya, — dedi Yordan hozirjavoblik bilan.

U meni ham oʻzi kabi bu ajoyib qovurma taomni va olxoʻridan tayyorlanadigan aroqni yaxshi koʻrishimni bilardi. Ofitsiant ketishi bilan qayoqdandir shoʻx ayol kulgisi eshitildi. Zalga qaradim. Kichkinagina Matey gʻalati qiliqlar bilan raqs tushardi. Orkestrdagilar kuyni tezlashtirishdi, Matey yanada shoʻx oʻynay boshladi. Yana ayol kulgisi eshitildi. U juda tiniq va jarangdor edi. Men qizlarga bir-bir qarab chiqdim. Dengizga qaragan ochiq deraza tagida bir yigit va ikki qiz oʻtirardi. Kulayotgan shu qizlardan biri edi. Lekin qaysi biriligini ajrata olmadim. Ikkovining koʻzi Mateyda boʻlib, yuzlarida tabassum oʻynardi. Ikkalovi bir xil yengsiz oq kofta kiygan. Biri qora-magʻiz, ammo sochi (boʻyalgan boʻlsa kerak) oppoq, ikkinchisi esa, oq badanu, qosh-koʻzi qora, qubba qilib tugilgan qalin sochi zuluqdek edi. Shu ikkinchi qiz roʻparasida sigaret chekib oʻtirgan yigit allanima deb kuldi. Keyin boshini qimirlatdi. Qiz chaqqon oʻrnidan turib, doʻmboq qoʻllarini yozib oʻynayotgan Mateyga yaqinlashdi va unga shoʻx tikilganicha raqsga tushib ketdi. Xuddi shuni kutib turgandek, orkestr oʻynoqi bir kuyni chalib yubordi. Qiz Mateyni quchoqlab olib, zalni aylana ketdi. Oq havo rang shim uchun, kelishgan oyoqlariga chippa yopishgan, koftasi xipcha belini tarang tortib turardi. Ingichka, oppoq boʻynidan mahkam quchoqlab olgan Matey oʻzida yoʻq shod, qiqir-qiqir kulardi. Qiz sheriklari yoniga kelganda nimadir dedi. Yana quvnoq ayol kulgisi eshitildi. Bu shu qizning oʻzi edi. Kulgi aralash yana bir nimalar dedi-da, Mateyni yerga qoʻyib, qoʻllaridan ushlagancha raksga tushib ketdi.
— Tuzuk-ku, — dedim men unga mahliyo boʻlib. Lada mening gapimni oʻzicha tushunib:
— Yotsirashni bilmaydi, — dedi.

Orkestr tindi. Hammamiz, hatto orkestrdagilar ham beixtiyor chapak chalib yubordik. Qiz Mateyni yetaklab stolimiz yoniga olib keldi. Keyin:
— Mersi, musʼe, — dedi-da, qoʻlidan oʻpib, Yordanga tutqazdi.

Uning ovozi yoqimli, qoʻngʻiroqdek edi. Biz unga biron narsa deguncha joyiga borib oʻtirdi.
— Taklif qilsak boʻlardi stolimizga, —dedi Lada eriga.
— Sen nima deysan? — Yordan menga qaradi.
— Chakki boʻlmaydi, — dedim men. — Lekin chaqirsak hammasini chaqiraylik.
— Bu ishni manavi musʼega topshiramiz. — Yordan shunday deb, oʻgʻliga ularning stolini koʻrsatdi. — Ikkala opangni qoʻlidan ushlab olib kel. Amaking oʻzi keladi.

Matey dadasi aytgandek qildi. Koʻp oʻtmay, ikki stolni birlashtirib yangitdan ovqat, ichimlik buyurdik. Keyin tanishib oldik.

Yigit — Dragomir Shopov Bolgariya grajdan flotida shturman ekan. Oq soch qiz uning qayligʻi — Lili, styuardessa. Matey bilan raqs tushgan qiz esa Anna-Mariya. U ham styuardessa boʻlib, Vengriya grajdan havo flotida ishlarkan.
— Anna-Mariya eski qadrdonimiz, — deb izoh berdi Dragomir. — Otpuskani bizda oʻtkazishni iltimos qiluvdik, keldi. «Neptun»da turibmiz.

Yordan meni tanishtirdi.
— О, Тошкент, Самарканд? — havas bilan dedi Anna-Mariya, — хорошо!

Uning oppoq tishlari marvarid donalariga oʻxshardi.
— Borganmisiz?

Anna-Mariya yoʻq, deya boshini qimirlatdi.
— Но оччен-н, оччен-н по-бивать...

U ruscha toʻgʻri gapirdimmi, deganday Dragomirga qaradi.
— Toʻgʻri, — dedi Dragomir. Keyin menga ishora qilib, qoʻshib qoʻydi. — Mana, yaxshi tanish orttirdik. Bu kishi faqatgina ruschani emas, oʻzbekchani ham oʻrgatib qoʻyadi.
— Qiziqish boʻlsa bas, — dedim men. — Marks oʻn kunda lotincha oʻrgangan ekan.
— O, — kuldi Anna-Mariya, — Marks qayoqdayu, men qayokda?

Hammamiz unga qoʻshilib kuldik.
— Qani, tanishganimiz uchun, — dedi Yordan oʻz qadahini koʻtarib.

Hammamiz ichdik. Anna-Mariya men bilan qadahni urishtirayotib gʻalati tabassum bilan qarab qoʻydi. Uning yirik qora koʻzlarida sevinch porlardi. «Juda shoʻx, quvnoq boʻlsa kerak», — xayolimdan oʻtkazdim men.

Chindan ham butun suhbatimiz davomida uning chehrasidan tabassum arimadi. Kimga qaramasin, koʻzlari, lablarida kulgu oʻynardi. Ozgina qizishib olganimizdanmi, suhbatimiz qizgʻin tus olib ketdi. Nimalar haqida gaplashganimiz hozir esimda yoʻq. Har holda, ancha oʻtirdik. Suhbatga faqat Anna-Mariya aralashmadi. U goh Mateyni tizzasiga olib erkalar, goh oʻzidan-oʻzi menga qarab kulib qoʻyardi. Men nimalarnidir gapirsam ham, koʻzim unda edi. Toʻgʻrirogʻi, nigohim koʻpincha unga tushardi. Nega bunday? Men buni oʻsha payt bilolmadim. Lekin bir narsa aniq edi bunaqa chiroyli qizni men hali uchratmagandim. Nazarimda, u bizning oldimizga toʻppa-toʻgʻri ajoyib sevgi haqidagi kitobdan yo boʻlmasa olis bir afsonadan tushib kelganday edi.

Bir mahal u shoshib oʻrnidan turdi.
— Mircho! — U Dragomirga fransuzchalab allanima dedi-da, soatini koʻrsatdi.
— Bizni kechirasizlar. — Dragomir oʻrnidan turdi. — Anna-Mariyani Budapeshtdan onasi telefonga chakiribdi.
— Uchrashguncha, — dedi Lili.

Anna-Mariya boshini qimirlatib xayrlashdi. Koʻp oʻtmay, biz ham turdik.
— Yaxshi qizlar ekan, — dedi Lada koʻchaga chiqqanimiz-da. — Ayniqsa, Anna-Mariyasi.
— Yigit ham durust, — deb unga qoʻshildi Yordan. Men indamadim. Sohilga tushdik. Ming xil chiroqlar ogʻushida sokin dengiz boʻyi hozirgina Anna-Mariya tushib kelgan afsonaviy shaharga oʻxshardi. Anchagina aylandik. Matey otasining qoʻlida uxlab qoldi.
— Xursandmisan? — soʻradi Yordan mehmonxonaga yetganimizda.
— Juda, — dedim men.

Chindan ham xursand edim. Yuragimni sevinch va allaqanday shirin orzular qoplagan, hech narsani oʻylagim, istagim kelmasa ham xayolimda oʻzim tushunmagan fikrlar, orzular kezardi.

Yordanlar bilan xayrlashib (ular odamlarni bezovta qiladi, deb Mateydan choʻchib birinchi qavatga joylashgan, men esa oʻninchi qavatda edim), oʻz xonamga koʻtarildim. Yotgim kelmadi. Balkonga chiqdim. Dengizda baland-past toʻlqinlar paydo boʻlgan, allaqaerda muzika yangrardi. Birpas dengizni, oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlarning qirgʻoqqa urilishini, son-sanoqsiz yulduzlar uchayotganini tomosha qilib, oʻrnimga choʻzildim. Yuragimni qoplagan sevinch va qandaydir baxt hissi hamon tarqalmas, koʻz oldimdan esa yangi tanishlarim, Anna-Mariyaning kulib turgan siymosi ketmasdi. Koʻp oʻtmay olis yoʻl mashaqqati oʻz ishini bajardi, uxlab qoldim.

3

Ertalab endi tong yorisha boshlaganda Yordan eshigimni taqillatdi.
— Tur, — dedi u xonaga kirib, ustimdan choyshabni tortar ekan. — Choʻmilib kelamiz.

Uning egnida plavki va olachipor koʻylak bor edi, xolos. Men ham shunday kiyinib, qora koʻzoynagimni taqdim-da, pastga tushdik. Yumshoq, nam qum oyoqqa chilp-chilp yopishardi. Hali chiqmagan quyoshning qizgʻish nurlari osmonga nayza kabi sanchilgan, dengiz ohista qirgʻoqqa urilib, sherdek pishillardi.
— Koʻryapsanmi? — dedi Yordan dengizda, qirgʻoqdan ikki yuz qulochcha narida qaqqayib turgan qora qoyani koʻrsatib. — Shunga borib kelamiz. Ketdik!

U dengizga shoʻngʻidi. Muzdek suv tomchilari yuzimga urildi. Seskanib ketdim. Birpas sovib olay, deb shunday dengiz labiga oʻtirdim. Yordan ancha joyga borib, menga oʻgirildi.
— Tushmaysanmi?
— Hozir, — qoʻlimni silkidim.

Shu payt men tomon oqib kelayotgan dumaloq, oppoq bir narsaga koʻzim tushib qoldi. U xuddi koptokka oʻxshardi. «Nima boʻldiykin?» — koʻzoynagimni olib, unga tikildim. Koptok oqib kelaverdi. Ancha yaqinlashdi. Oʻrnimdan turib qaradim. Bu — odamning boshi edi. Koʻzlari yumilgan, qoʻl-oyoqlari dengiz ostida juda tinch, sharpasiz va erkin harakat qilardi. Havas bilan tomosha qilib turdim. Qirgʻoqqa ozgina qolganda u oʻrnidan turib, men tomon oʻgirildi. «Kim ekan bu suv parisi?» — dedim oʻzimga undan koʻz uzmay. U oyoqlari ostidagi suvni shaloplatib, qirgʻoq tomon yurar ekan, menga parvo qilmasdi. Men esa unga tikilib qolgan edim. Qaddi-qomati bunchalik raso, kelishgan qizni kamdan-kam uchratish mumkin. Ingichka oq plavki ingichka belini tarang tortgan, har qadam bosganda oftob birozgina qoraytirgan silliq badanidan suv tomchilari duv-duv toʻkilardi. Plavki tusidagi ingichka oq mato ostida sovqotgan dumaloq koʻkraklarining uchi ikkita koʻzmunchokdek qorayib turardi. Sohilga chiqib, boshidagi oppoq qalpoqchasini olganda qalin qora sochlari nozik yelkalari bilan bitta boʻlib yoyildi. Sevinib ketdim. Bu — Anna-Mariya edi.
— Qalay, suv yokdimi? — Men u tomon yurdim.
— O, sizmisiz? — Anna-Mariya tishlarini yaltiratib jilmaydi. — Suv juda yaxshi.

Biz koʻrishdik.
— Siz ham ertalab choʻmilishni yaxshi koʻrasizmi?
— Juda ham.

Anna-Mariya oʻtirdi. Men ham uning yoniga choʻkkaladim. Ertalab odam kam boʻladi sohilda, ba’zan hech kim boʻlmaydi.
— Tinchlikni yaxshi koʻrar ekansiz-da? Anna-Mariya kuldi.
— Tinchlikni ham, tiniq suvni ham. Ertalab suv juda toza boʻladi, muzdek boʻladi. Siz nega choʻmilmaysiz?
— Choʻchiyapman.
— Nimadan? — u koʻzlarini yirik ochib, menga qaradi. — Suzishni bilmaysizmi?
— Har holda, sizchalik emas. Yaxshi suzar ekansiz.
— O, men Dunayni suzib oʻtganman.
— Oho-ho-ho! — qoya ustidan Yordaning ovozi keldi. U bizni chaqirdi.
— Kim? — soʻradi Anna-Mariya.
— Yordan.
— Yuring, boramiz.

Anna-Mariya sakrab turdi-da, menga qoʻlini uzatdi.
— Yuring, — dedim men ham uning zavqiga qoʻshilib. Ikkalamiz yonma-yon suzib ketdik. Men yomon suzmasdim.

Lekin Anna-Mariyachalik emas. U dam yonboshlab, dam bir qoʻllab suzar ekan, xuddi delʼfinga oʻxshardi.

Qoyaga yetib kelganimizda Yordan unga qoʻlini uzatdi.
— Mana, — dedim men. — Bir oʻzim emas, suv parisini ham olib kelyapman.

Anna-Mariya xaxolab kuldi.
— Oltinsoch Loreleya degin! — dedi Yordan.
— O, yoʻq, — dedi Anna-Mariya sochini siqar ekan. — Uni men tushunaman, lekin unga oʻxshagim kelmaydi.
— Oʻh-hoʻ! — xayolimdan oʻtkazdim men. — Oʻz qadrini yaxshi biladiganga oʻxshaydi». Keyin ovozimni chiqarib dedim — Bizning davrimizda muhabbatdan hech kim zarar koʻrgan emas. Nima, qoʻrqasizmi?
— Yoʻq, — Anna-Mariya jiddiylashdi. — Sevgidan qoʻrqmayman, uning oqibatidan koʻrqaman.
— Shuning uchun...
— Shuning uchun qaytamiz, — gapimni kesdi u birdan oʻzgarib. — Nonushta vaqtim boʻldi.

U bizni kutmay, suvga shoʻngʻidi. Sohilga qaytishdan boshqa ilojimiz qolmadi.
— Kurort joyda jiddiy suhbatni qoʻy, — dedi Yordan suvdan chiqqanimizda.

Men qizarib ketdim. Lekin ayb mendami? Oʻzi boshladi-ku? Gapimni tasdiqlamoqchidek, atrofga qaradim. Ammo Anna-Mariya hech yerda koʻrinmasdi. Nahotki, xafa boʻlgan boʻlsa?
— Juda boʻlmasa xayrlashsa boʻlardi, — dedim oʻzimni oqlashga urinib Yordanga.

Yordan yelkalarini qisdi.

Shu kuni kechgacha uni va sheriklarini koʻrmadik. Oʻzimiz ham ularni koʻrishga oshiqmadik. Nonushtadan soʻng Yordanning mashinasiga oʻtirib, Zlatni Pyassini aylanib chiqdik. «Loʻlilar chodiri», «Kukari», «Tegirmon» kabi restoranlarni tomosha qildik.

Bolgarlarning mehnatsevarligiga qoyil qoldim. Oddiy materiallardan ham shunday ajoyib sayilgoh, mehmonxona, restoranlar qurib tashlashganki, koʻrib toʻymaysiz. «Loʻlilar chodiri»da bironta stol yoki stul yoʻq. Stol oʻrnida arava, stullar esa egarlardan iborat. Tabiiy boʻlishi uchun bir-ikkita aravaga ot, eshak bogʻlab qoʻyilibdi. «Kulibi» degan restoran esa faqat qamishdan, oʻzimizning oddiy qamishdan boʻlib, toʻrt kishilik, olti kishilik, ikki kishilik chaylalardan tashkil topgan. Chaylalar shunday chiroyli toʻqilganki, odamlar hashamatli restoranlarga borishdan koʻra, shu yerni afzal koʻrishadi. Ikki-uch kun avval joyni band qilib qoʻyishadi.

Peshingacha aylanib, «Tegirmon»ga kirdik. Bu restoran daryo boʻyida boʻlib, ilgarilari chindan ham tegirmon boʻlgan ekan. Unga zarurat qolmagach, restoran qilishibdi. Qizigʻi shundaki, xoʻrandalar uchun hozir ham bunda un tortiladi, shu yerda non yopiladi. Restoranda faqat non bilan yeyiladigan ovqatlar tayyorlanadi.

Odam kam edi. Kabob buyurdik. Ofitsiant issiq non bilan pivo, magʻiz olib keldi-da, engashib Yordanga nimadir dedi.
— Nima dedi? — soʻradi Lada u ketgach.
— Hozir koʻrasan. — Yordan kulib, menga gʻalati qarab qoʻydi. Keyin chidamadi shekilli, aytdi. — Azizning Oʻzbekistondan ekanligini bilib, mehmonga palamut qovurib kelsam maylimi, deyapti.
— Yoʻgʻ-e, — sevinib ketdi Lada. — Palamut bor ekanmi?
— Kecha bir nechta tutib kelgan ekan.
— Palamuting nima? — soʻradim qiziqib.
— Antiqa baliq, — tushuntirdi Yordan. — Kamdan-kam boʻladi. Juda shirin, semiz. U faqat qovuriladi. Oq vino, konʼyak bilan juda ketadi-da.

Hammamiz bu gʻalati baliqni orziqib kutdik. Nihoyat, ofitsiant keldi. U tantana bilan qoʻlidagi laganni stolga qoʻydi. Ajoyib kovurma taom hidi dimoqqa urildi. Lagandagi baliq uncha katta emas, kelsa yarim kilodan oshiqroq kelardi. Ammo tusi gʻalati edi. Qora, tim qora, har yer-har yerida koʻndalangiga kumush rang qalin chiziqlar bor, bosh-tanasi teng. Lagan ustida u xuddi dumba yogʻdek titrab turardi.
— Kechirasizlar, — dedi ofitsiant hammamizga bir-bir qarab chiqib, — shu bitta qoluvdi.
— Zarari yoʻq, rahmat, — dedim men.
— Men partizan boʻlganman, — dedi ofitsiant menga qarab. — Bizning otryadda bir oʻzbek bor edi. Ziyomat Husanov. Yaxshi odam edi. Tanimaysizmi?
— Yoʻq, — dedim men.
— Tanish qiyin. U bilan Italiyagacha borganmiz urushib. Meni ikki marta oʻlimdan qutqarib qolgan. Urushdan keyin ikki marta xat yozdim. Javob kelmadi.
— Surishtiraman, — va’da qildim men. — Balki, toparman.
— Rahmat, — ofitsiant minnatdor boʻlib, baliqqa ishora qildi. — Olinglar. Hozir kabob ham tayyor boʻladi.

Lada sevinganicha bor ekan. Baliq juda mazali edi. Lekin birpasda tamom boʻlib qoldi.
— Bir tanishim bor, — dedi Yordan. — Palamut toptiramiz.
— Bay Yeftimmi? — soʻradi Lada.
— Ha. Hozir oʻzi bar ochgan. U topadi.

Ovqatdan soʻng mehmonxonaga qaytdik. Lada bilan Matey dam olgani oʻz xonalariga kirib ketishdi. Biz esa Bay Yeftimni qidirib ketdik. Uni topish qiyin boʻlmadi. U ochgan bar shunday mehmonxonamizning tagida boʻlib, yoʻgʻon zanjirlar bilan qirgʻoqqa tortib qoʻyilgan ikkita qayiqdan iborat edi. Ammo ikkala qayikda ham hech kim koʻrinmadi. Bardan sal narida fanerdan yasalgan pastak uy bor edi. Shu yoqqa yurdik.
— Bay Yeftim! — qichqirdi Yordan.

Eshik ochilib, ichkaridan matroslarning olachipor maykasidagi sersoqol bir moʻysafid chiqdi. Aftidan, u endi uyqudan turgan boʻlsa kerak, yirik qoʻllari bilan koʻzlarini ishqalardi.
— Zdravey, Bay Yeftim! — dedi unga yaqinlashib Yordan.
— A! Yordancho! Salom, azizim! — moʻysafid uni tanib, qoʻl berdi. — Qachon kelding?
— Kecha. Lada ham keldi. Oʻgʻilchani ham olib keldik. Mana bu — mening doʻstim. Oʻzbekistondan, — Yordan meni tanishtirdi.
— Demak, Oʻzbekistondan? — soʻradi Bay Yeftim menga qoʻl uzatib.
— Ha, — dedim men.
— Juda soz. Kechqurun kelinglar. Yaxshi narsalarim bor. Mehmon qilaman.
— Bay Yeftim, — dedi Yordan. — Mening doʻstimga palamut yoqib qoldi. Lada ham qoʻymayapti. Shundan topilmaydimi?
— Bay Yeftimda nima topilmaydi oʻzi?! — dedi gʻurur bilan chol. — Kechqurun kelinglar. Jiyanim ham qayligʻi bilan shu yerda. U ham palamut buyurgan. Hammangga bittadan qovurib beraman.
— Rahmat, — dedi xursand boʻlib Yordan.

Biz tepaga koʻtarildik. Mehmonxonaga yetay deganimiz-da oldimizga «Volga» kelib toʻxtadi. Dragomir tushdi. Mashinada Anna-Mariya, Lili ham bor edi. Soʻrashdik. Anna-Mariya yana tishlari yaraqlab jilmaydi. Koʻnglim joyiga tushdi. Demak, xafa boʻlmapti.
— Kechqurun nima qilasizlar? — soʻradi Dragomir.
— Palamut buyurdik, shunga boramiz, — dedi Yordan.
— Biz ham buyurganmiz. Men sizlarni taklif qilmoqchi edim. Qizlar ham iltimos qilishdi.

Men yalt etib Yordanga qaradim. U miyigʻida kulib qoʻydi.
— Qaerda?
— «Drakon»da, — dedi Dragomir. — Amakim ochgan bar. — U birdan kulib yubordi. — Ikkita ishdan chiqqan qayiqqa «Drakon» deb nom qoʻyibdi. Juda gʻalati odam.
— Toʻxtang?! — dedi Yordan. — Bay Yeftim amakingizmi? -Ha.

Hammamiz kulib yubordik.
— Hozir biz uning oldidan kelyapmiz, — dedi Yordan. — Sizni aytgan ekan-da, jiyanim keladi deb?
— Ha.
— Boʻpti boʻlmasa. Kechqurun uchrashamiz.
— Boʻpti.

Biz xayrlashdik. Mashina ketdi.
— U ham iltimos qilgan boʻlsa, jiddiy qizga oʻxshay-di, — dedi Yordan mehmonxonaga kirar ekanmiz. — Lekin xayrlashsa boʻlardi ertalab.
— Hozir xayrlashdi-ku? — dedim men.
— Koʻrganim yoʻq.
— Sen oʻzi koʻp narsani koʻrmaysan, — negadir hozir Anna-Mariyani himoya qilgim kelib ketdi. — Qoʻl silkitib xayrlashdi.
— Koʻrmadim, — Oʻjarlik qildi Yordan.
— Men koʻrdim! — dedim men ham oʻjarlik qilib.
— Mayli, mayli, — Yordan qoʻllarini koʻziga tutib kuldi-da (u doim shunday kulardi), qoʻshib qoʻydi: — Ishqilib, zerikmasang boʻlgani. Yaxshi qiz ekan.

Jahlim chiqib ketdi. Lekin unga javob qaytarish oʻrniga yosh boladek qizardim.

«Chindan ham yaxshi qiz!» — Oʻyladim xonamga kirganim-da yana Anna-Mariyani koʻz oldimga keltirib va tungi uchrashuvni orziqib kuta boshladim.

4

Kechqurun shahar aylana boshladik, u boshidan bu boshiga bir necha marta piyoda borib keldik. Shuncha yursak ham aksiga olib vaqt juda sekin oʻtardi. Nihoyat «Nimfa»ga soʻnggi bor qaytib kelganimizda soat oʻn ikkiga bong urdi. Pastga tushdik. Chiroqlari dam koʻk, dam qizil tusda parpirayotgan qayiqlarning birida Dragomirlar anchadan beri oʻtirishgan ekan. Bay Yeftim Lada va Matey bilan ota-boladek koʻrishdi, keyin hammamizni qayiqqa taklif qildi. Men oʻzim ham sezmay Anna-Mariyaning yoniga oʻtirib qoldim.
— Qalay? Yaxshi dam oldinglarmi? — soʻradi Yordan.
— Ha, — dedi Dragomir. — Anna-Mariyani rosa charchatyapmiz. Anna-Mariya yer ostidan Dragomirga yalt etib qaradi-da, kuldi.
— Varnaga borib keldik, — gapida davom etdi Dragomir. — Magazinlarni aylandik. Qizlar bilan yursang — shu. Kurortdan ham magazin afzal ularga.
— Mircho! — Lili lablarini choʻchchaytirib, Dragomirni turtdi.
— Tuzuk narsalar bormi? — soʻradi Lada. Hammamiz kulib yubordik.
— Ayollarning hammasi bir xil, — dedi Yordan. Ammo ayollar bizga e’tibor qilishmadi. Anna-Mariya oʻrnidan turib, oyogʻidagi hal shippakni koʻrsatdi.
— Yaxshimi? — u shunday deb menga qarab qoʻydi.
— Juda ham! — dedi Lada shoshib. — Yordan, ertaga biz ham borib kelaylik?
— Seniki bor-ku, — dedi Yordan.
— Bu boshqacha, koʻrmayapsanmi?
— Juda yaxshi! — dedim men Anna-Mariyaga. — Yarashibdi. U muloyim jilmaydi.

Hazil-mutoyiba gaplar bilan ancha vaqt oʻtib ketdi. Bay Yeftim bor mahoratini koʻrsatib, palamutlarni qovurib keldi. Anna-Mariya, Lada yosh bolalardek sakrab ketishdi. Hammamiz Bay Yeftimning oshpazlik mahoratini maqtab, uning sogʻligʻiga qadah koʻtardik. Bay Yeftim ham biz bilan oʻtirdi. Besh-olti ryumkadan soʻng u qizishib:
— Shu palamut deb men odam oʻldirganman, —dedi toʻsatdan.

Angrayib qoldik. U bir chekkadan bizga qarab chiqdi.
— Ha, odam oʻldirganman.
— Qoʻysangiz-chi! — dedi Dragomir va bizga qarab, qoʻshib qoʻydi: — Keksa dengizchi dengiz ertaklarini eslayapti.

Biz kulgan boʻldik. Lekin hech qaysimizning tomogʻimizdan ovqat oʻtmay qoldi.
— Janob baron, — dedim shunda men. — Bu baliqni hech kim menchalik pishira olmaydi. Agar bizga bir ryumkadan rakiya bersangiz, oʻzim qovurib berardim.
— Gans! — qichqirdi baron va meni koʻrsatdi. — Buni oshxonaga olib bor! Mana bularga rakiya ber! Ey! — Meni turtdi. — Hozir tayyorlaysan. Madam boʻladi, madam!..

U xursand edi. Men ham ishim oʻngidan kelayotganiga xursand edim. Gans meni baronning oshxonasiga olib bordi. Mehmonxona uning yonida edi. «Ishqilib, soqchi qoʻymasin-da yonimga», — Oʻyladim men. Keyin dadil boʻlish uchun yarim stakan rakiya ichib yubordim. Xayolim tepamda qaqqayib turgan Gansda. La’nati hech ketmaydi-da. Nima qilish kerak?

Bay Yeftim yana ryumkasini toʻlatdi.
— Nima qilish kerak? — dedi uni ichib yuborib. — La’natiga bitta baliqni qovurib berib ichirmaymanmi, deb oʻylab qoldim.

Uyladimu, shosha-pisha bitta baliqni qovurdim. Keyin bir stakan toʻlatib rakiya quydim-da, Gansga uzatdim.
— Ol, Gansik, azizginam, baronga ham yetadi.

U qoʻrqa-pisa tarelkani qoʻlimdan oldi. Bir burchakka borib, apil-tapil baliqni tushira ketdi. Toʻxtatdim.
— E, Gansik, bunday boʻlmaydi, azizim. Mazasi manavi bilan-da.

Stakanni uzatdim. U ikkilanib turdi. Qarasam, boʻlmaydigan. Shunda tarelkani koʻzlarini baqraytirib turib tortib oldim.
— Yaxshi, yaxshi! — dedi u shoshib. — Ber bu yoqqa!

U shunday dedi-yu, aftini bujmaytirib, stakanni boʻshatdi. Rakiya jonivor ham oʻtkir ekan, koʻzlari yonib ketdi, nafasi xalqumiga kelib, oʻqchiy boshladi.

«Bittang ketding», — dedim ichimda sevinib.

Yana beshta-oltita baliqni qovurgunimcha Gans «tayyor» boʻldi. Oʻzicha nimanidir xirgoyi qilib, kuylay boshladi. Shu payt «Gans!» deya qichqirib qoldi mehmonxonadan baron. Gansning esa parvoyi falak. Shoshib baliqlarni tarelkalarga soldim-da, oʻzim mehmonxonaga kirib bordim. Lippamga pichoq qistirib olganman. Baron bir qizni tizzasiga oʻtqazib ichib oʻtirardi. Magnitofondan allaqanday nemischa kuy yangrardi.
— O, bolgar! — dedi baron ogʻzi qulogʻiga yetib. — Bolgar yaxshi, palamut bolgardan yaxshi!

U xaxolab kuldi. Qiz ham unga qoʻshildi. Gʻazabimni sezdirmaslik uchun men ham tirjayib qoʻydim. Tarelkalarni stolga qoʻyayotib, koʻzim muz solingan chelakdagi shampanskoega tushib qoldi.
— Marsh! Shnelʼ, shnelʼ!

Baronning shunday deganini bilaman, shishaning uchidan ushladimu, qarsillatib boshiga soldim. Qiz dodlab yubordi. Yuz-koʻzlari vinodan koʻpirib ketgan baron polga agʻdarildi. «T-s-s!» — dedim qizga qoʻlimni bigiz qilib. Derazaga bordim. Endi uni ochgan edim, belimga bir narsa sanchildi. Qarasam, pichoq. Qaytdim. Pishillab yotgan baronning koʻkragini moʻljallab turib, uni otdim, keyin derazadan sakradim. Shu payt otishma boshlanib ketdi. Avtomatchilarning bir qanchasini qirib, baliqchilar bilan joyimizga qaytdik. Oʻshanda ikkita panjamni oʻq uzib ketgan.

Bay Yeftim ikki barmogʻi yoʻq chap qoʻlini koʻrsatdi. Biz jim edik. Hammamizga uning hikoyasi qattiq ta’sir qilgan edi.
— Hay, — dedi bir mahal Bay Yeftim. — Qani, Mircho, ryumkalarni toʻlat. Biz urushni koʻrdik. Sizlar uni bilmaysizlar. Ishqilib, bilmanglar.

Dragomir ryumkalarni toʻlatdi.
— Qani, omon boʻlinglar!

Bay Yeftim hammamiz bilan ryumkasini urishtira boshladi.
— Ie, — dedi u menga navbat kelganda. — Bu qiz qani?

Men yonimga qaradim. Anna-Mariya yoʻq edi. Qachon ketib qolgan ekan.
— Anna-Mariya! — qichqirdi Lili. Hech kim javob bermadi.
— Qayoqqa ketdiykin? — hayron boʻldi Yordan.
— Shu yerdadir, — dedi Dragomir. — Qani, qoʻlimizdagini ichib yuboraylik.

Biz istar-istamas ichdik. Xayolimiz Anna-Mariyada edi.
— Hikoyam yoqmadi shekilli? — dedi Bay Yeftim xijolat boʻlib.
— Unga tushunish qiyin, — dedi Dragomir. — Birpas kutaylik.

Lekin Anna-Mariya kelmadi. Men uni qidirishni taklif qildim. Dragomir «Neptun»ga ketdi. Yordan bilan men xiyobon tomon yoʻl oldik.

Bir soatcha aylandik. Biroq, hech qaerda uni koʻrmadik. Qaytib kelganimizda Dragomir ham uning memonxonada yoʻqligini aytdi. Unga nima yoqmagan boʻlishi mumkin? Yo biron voqeani eslab ketdimikin? Hech qaysimiz buni bilmas edik.
— Men uni yaxshi bilaman, — dedi bir mahal Lili. — Qaerdadir u hozir xayol surib oʻtiribdi. Shunaqa odatlari bor. Kelinglar, undan tashvishlanmaylik.
— Shunday de, qizim, — dedi Bay Yeftim. — Men rosa xijolatga tushib qoldim. Qayokdan ham shu voqea esimga keldi oʻzi? Vino olib chiqaymi?
— Olib chiqing, — dedi Dragomir.

Ammo vinodan men icholmadim. Bir qultum yutdim, xolos. Koʻnglim negadir gʻash edi. Qancha oʻylamay, bu gʻashlikning sababini topolmadim. Sheriklarim yana suhbatga tushib ketishgan, lekin ularning gapi qulogʻimga kirmas, dengizga tikilganimcha oʻtirardim. Osmonda bulutlar paydo boʻlganidanmi, dengiz motam tutayotgan ayolga oʻxshardi. Hamma yoq qop-qorongʻi. Uzr soʻrab, oʻrnimdan turdim. Yordan kuzatib qoʻymoqchi boʻluvdi, koʻnmadim. Ertalab sohilda uchrashishga axdlashib, mehmonxonaga ketdim.

5

Yarim yoʻlga borganimda negadir sohilga burildim. Tuflimga qum toʻlib borayotganiga parvo qilmay qirgʻoq boʻylab yurdim. Mehmonxonaning roʻparasiga kelganimda oldimda bir narsa qorayib koʻrindi. Nimaligini olisdan koʻrib boʻlmasdi. Yaqinlashdim.
— Anna-Mariya?! — deb yubordim shu top hayajon ichida. Qora narsa menga oʻgirildi. Uning koʻzlari qoplonning koʻzlaridek yonardi.
— Ha? — dedi u sekin.
— Nega ketib qoldingiz? Xavotir oldik.
— Lili tinchlantirmadimi? Uning ovozida kinoya sezildi.
— Tashvishlanmanglar, dedi. Lekin har holda...
— Koʻnglim yakkalikni tiladi.
— Yarim kechada bir oʻzingiz choʻchimaysizmi? Tagʻin, tun qorongʻi. Anna-Mariya istehzo bilan kuldi.
— Ba’zan shunday tun kunduzdan yaxshi koʻrinadi odamga.
— Yoʻgʻ-e...

U gapimni tugattirmadi
— Menga achinyapsizmi? Yo tanbeh bermoqchimisiz?
— Nega tanbeh boʻlsin?
— Boʻlmasa oʻtiring.

U yonidagi shippaklarini chetroq surib, joy koʻrsatdi. Oʻtirdim.
— Ha, — dedi u, — bugun tun qorongʻi. Dengizda hech narsa koʻrinmaydi. Osmonda ham. Tun qanchalik qorongʻi boʻlsa, kunni shunchalik ravshan his qilging keladi. Afsuski, koʻpincha bunday emas.
— Anna-Mariya.
— Ha.
— Sizni nimadir qiynayapti?
— Yoʻq, nima qiynashi mumkin? Yosh boʻlsam, chiroyli boʻlsam, kulgi yuzimdan arimasa, nima qiynashi mumkin?

U birdan kulib yubordi. Lekin uning bu kulgisi qandaydir sovuq, yasama edi. Choʻchib ketdim. Buni payqadi shekilli, jiddiy ohangda dedi:
— Yuring, yaxshisi qoyamizga borib kelamiz.
— Qoyamizga? — hayron boʻlib soʻradim men.
— Ha. Suv parisi chiqqan qoyaga. Yuring! U bu gal, balki, sizga boʻsa hadya qilar.

U javobimni kutmasdan yechina boshladi. Uyalib, koʻzimni chetga oldim.
— Yuring!

Suv shalopladi. Boshimni koʻtarganimda u ancha olisda suzib ketayotgan edi. Darhol yechindim-da, men ham oʻzimni suvga otdim. Unga yetib olganimda vujudimni sevinch qoplagan, kutilmagan yaqinlikdan boshim osmonga yetgan edi.

Koʻp oʻtmay, qoya ustiga chiqdik. Anna-Mariyaning toʻzgʻigan sochlari yelkalari, koʻkraklariga tushib turar, chindan ham suv parisiga oʻxshar edi.
— Menga bu yer juda yoqib qoldi, — u entikib nafas olardi.
— Bugundan boshlab menga ham, — dedim tonggi uchrashuvimizni eslab.

U jilmaydi, guruch tishlari birin-ketin koʻrina boshlagan yulduzlar shu'lasida yaltirab ketdi. Keyin sehrli ohangda dedi:
— Har kuni shu mahal keling. Suv parisi sizni kutadi.
— Agar hadyasini bersa... kelaman.

Anna-Mariya yana jilmaydi. Keyin nam lablarini ohista yuzimga tegizdi. Vujudimni shirin titroq qopladi, ehtiyotlik bilan sochi aralash yelkalaridan quchoqlab, oʻzimga tortdim. U indamadi, muzdek qattiq koʻkraklari koʻkragimga yopishdi, yuzimni yuziga qoʻydim, keyin lablaridan uzoq oʻpdim. Issiq nafasi yuzimga, koʻzlarimga urildi. Uning yuragi dukillab urar, hoʻl qoʻllari peshonamni, sochlarimni silardi. Birdan u boshini koʻtarib, mendan oʻzini tortdi.
— Siz chiroyliksiz, Anna-Mariya, — dedim boshqa nima deyishimni bilmay.
— Hamma shunday deydi.
— Oʻzingiz ham buni bilasiz... Boya...
— Boya jahl ustida shunday dedim. e’tibor qilmang.
— Mening ham oʻz fikrim bor. Shuni aytdim, xolos.
— Rahmat, — Anna-Mariya oʻylanib qoldi. — Lekin... baxt chiroyda emas, — dedi u bir ozdan soʻng. — Baxt nimaligini odam hech mahal bilmaydi. Qarang! Paroxod!

Anna-Mariya sakrab oʻrnidan turdi. Qoʻllarini choʻzib, olisni koʻrsatdi. Men u koʻrsatgan tomonga emas, uning oʻziga tikilardim. Shu topda u qoya ustiga qora marmardan yoʻnilgan ajoyib haykalga oʻxshardi. Kuni kecha shunday goʻzal qizni koʻrishni, u bilan mana shunday rohat quchogʻida boʻlishni xayolimga keltirgan edim. Nahotki, muhabbat shunday birinchi uchrashishda, shunday tasodifan yuz bersa? «Sevib qoldimmi uni?» — xayolimdan oʻtdi. Lekin «ha», deyolmadim. Hammasi shunchalik tez yuz bergan ediki, oʻylashga fursat yetmagan edi.
— Koʻryapsizmi? — xayolimni boʻldi Anna-Mariya. Turdim.
— Huv ana!

Olisda miltillab qandaydir chiroqlar suzib borardi.
— Men sayohatni yaxshi koʻraman.
— Men ham, — dedim uni tirsagidan ushlab.
— Ertaga Balchiqqa bormoqchimiz. Siz bormaysizmi? U iltijo bilan menga qaradi.
— Boraman, — dedim. — Albatta boraman! Anna-Mariya dengizga shungʻidi. Men qirgʻoqqa chiqqanimda kiyinib boʻlgan, engashib sochlarini siqardi. Koʻp oʻtmay koʻchaga koʻtarildik.
— Meni kuzatmang, — dedi u.
— Nega?
— Yomon koʻraman. Ertalab Yordan ham keladimi choʻmilgani?
— Bilmadim.
— Tunda faqat ikkimiz, xoʻpmi?

Men «xoʻp», deb boshimni qimirlatdim. U chopib koʻchaning narigi betiga oʻtdi-da, daraxtlar ichida gʻoyib boʻldi. Anchagacha u ketgan tomonga qarab qoldim. «Nima boʻlyapti oʻzi? Bu, yengiltaklikmi yo jiddiy?» Qancha oʻylamay, savollarim javobsiz qoldi. Anna-Mariya murakkab qiz edi. Unga hali tushunmas edim.

6

Ertasiga ertalab anchagacha u kelmadi. Yordan bilan ikki marta qoyaga borib keldik, nam qumda yotdik. Sohilning u yer-bu yerida odamlar paydo boʻla boshladi. Men hammaga tikilardim. Hatto, oqarib qirgʻoqqa yaqinlashayotgan toʻlqinlarga ham, goʻyo u suvdan chiqib kelayotgandek umid bilan qarardim.
— Kayfing yoʻqroq koʻrinadi? — soʻradi Yordan.
— Unchalikmas, — dedim undan koʻzimni olib qochib, — Bay Yeftimning hikoyasi xayolimdan koʻtarilmayapti.
— Ha, Bay Yeftim... — dedi Yordan. — Koʻpni koʻrgan u. Lekin kecha ayollarning oldida shuni gapirmasa boʻlardi. Lada endi palamutni ogʻziga olmaydigan boʻldi. Anavi suv parimiz topilganmikin?

Nima deyishimni bilmay qoldim. «Aytaymi? — Oʻyladim men. — Yoʻq, yaxshisi keyin. Aloqalarimiz nimaga olib keladi, hali bilmasam. Keyin aytaman». Shunday qarorga keldim-da, javob bermadim.
— Unga cholning hikoyasi yoqmadi, nazarimda, — gapida davom etdi Yordan. — Ha, yoqmadi. Boʻlmasa, nega ketadi? Innaykeyin, men senga aytsam, haddan tashqari dimogʻdor, erka. Sheriklari atrofida girdikapalak boʻlishlarini koʻrdingmi?
— Mehmonda, — e’tiroz bildirdim men.
— Sen ham mehmonsan. Tuppa-tuzuk yuribsan-ku!

Men indamadim. «Nega kelmayapti?» Bu savol bosh ogʻritadigan darajada meni qiynardi. Birdan uning kechagi taklifi esimga tushib qoldi. Balki oʻsha yoqqa ketgandir?
— Yordan!
— Labbay?
— Balchiqqa olib bormoqchi eding. Bormaymizmi bugun?
— Boʻpti.
— Uzoqmi Balchiq?
— Oʻttiz kilometr keladi.
— Nonushtadan keyin boraylik, boʻlmasa?
— Boʻpti. Qani, yur, yana bitta choʻmilaylik, — Yordan urnidan turdi.
— Men boʻldim.

Yordan dengizga shoʻngʻidi. «Ha, u albatta Balchikda, — Oʻyladim men. — Boʻlmasa kelardi».

Oftob koʻzimni oldi. Qirgʻoqqa oʻgirildim. Sohilning pastak tosh devori yonidagi sarv daraxti tagida tizzalarini quchoqlab bir qiz oʻtirardi. Anna-Mariya! U meni koʻrmasdi. Yo oʻzini koʻrmaganlikka solardi. Oldiga bordim.
— Salom!

U sekin boshini koʻtarib, koʻzlarini menga tikdi. Uning rangi soʻlgʻin, qovoqlari shishgan edi.
— Kech keldingiz?
— Ha, — dedi u. Ovozi har galgidek emas, boʻgʻiq edi. — Yomon uxladim. Tun boʻyi oʻylab chiqdim.
— Nimani?
— Har narsani. Boshim gʻovlab ketdi. Yoshligimdan shunaqaman. Koʻp oʻylayman. Koʻp xayol suraman. Aziz birdan u ismimni aytib murojaat qildi. — Baxt nima?
— Baxt? -Ha.
— Baxt... Nima desam ekan? — dedim men oʻylanib. — Agar... agar odam oʻz hayotidan rozi boʻlsa, xursand boʻlsa, menimcha shu baxt.
— Siz oʻz hayotingizdan xursandmisiz?
— Hozircha shikoyatim yoʻq. Keyin nima boʻladi, bilmayman. Har holda, yomon boʻlmasa kerak. Orzularim koʻp.
— Men esa oʻz hayotimdan xursand emasman. Siz aytgandek, rozi ham emasman.
— Nega? — hayron boʻldim men.
— Kim biladi, nazarimda, men xuddi kapalakka oʻxshayman. Umri qisqa, kichkina kapalak... U guldan bu gulga qoʻnaman. Ammo bittasida ham qoʻnim topolmayman. Tikan kirgandek, sakrab boshqasiga oʻtaman...
— Koʻp oʻylaganingizdan. Qarang, bu yer qanday goʻzal, — dedim uni ovutmoqchi boʻlib. — Oʻynang, kuling, yoshsiz hali, oʻylashning vaqti keladi.

Anna-Mariya gʻamgin jilmaydi.
— Siz xuddi oyimga oʻxshab gapirasiz. U ham doim shunday deydi. Keyin yigʻlab qoʻshib qoʻyadi: «Sen mening baxtimsan, sen xursand boʻlsang, men xursand boʻlaman, tinch boʻlaman». Uning baxtli emasligini allaqachon bilganman, men uning tashvishiman, meni bilganlarning hammasiga tashvishman... Mana, kecha ham qancha tashvish orttirdim.
— Unday demang. Siz bilan tanishganimdan juda xursandman.
— Rostdanmi? — uning koʻzlari pirpirab ketdi.
— Rost. Yordan keldi.
— Ha, qochoq qiz! Kecha bizni rosa tashvishga qoʻydingiz-da, — dedi u hazil aralash.

Anna-Mariya «ana koʻrdingizmi», degandek menga qaradi.
— Nega choʻmilmayapsizlar? Bugun suv juda yaxshi.
— Hozir, — dedi Anna-Mariya. — Oʻrtogʻingiz Toshkentga taklif qilyaptilar.
— O, Toshkent... — Yordan boshini qimirlatib qoʻydi. — Goʻzal shahar. Koʻp boʻlganman Toshkentda. Borish kerak. Hozir esa mening boshqa taklifim bor. Biz bugun Balchiqqa bormoqchimiz. Marhamat, agar istasangiz, birga boramiz.

Anna-Mariya menga ma’nodor koʻz qirini tashlab qoʻydi.
— Qaydam, — dedi u, keyin yelkalarini qisib: — Mirchoga aytaman.
— Sizni Ruminiya qirolichasining taxtida suratga olaman, — dedi Yordan. — Aytishlaricha, u juda goʻzal boʻlgan emish. Ammo tirik boʻlganda, hech shubhasiz, u sizga tan bergan boʻlardi.
— O, judayam oshirib yubordingiz-ku! — Kuldi Anna-Mariya.
— Men xato qilmayman, koʻzim pishib ketgan. Xoʻp, uzr. — Yordan oʻrta asr ritsarlaridek egilib xayrlashdi.— Bizni qirolicha va shahzoda kutib qoldilar. Koʻrishguncha, xayr!
— Choʻmilamizmi? — soʻradim Yordan ketgach.
— Ha, — Anna-Mariya oʻrnidan turdi. — Suv — davo. Ketdik.

U yana avvalgidek quvnoq va shoʻx boʻlib qolgandi. Betoʻxtov kular, yuz-koʻzimga suv sepib, atrofimda balikday aylanardi.

Ancha choʻmildik. Men qoyaga taklif qildim.
— Yoʻq, tunda, — dedi u.

Qirgʻoqqa chiqqanimizda nonushta payti boʻlgan edi. Bir soatlardan soʻng uchrashishga va’da berib, u ketdi. Men ham oʻz xonamga koʻtarilib, kiyindim-da, restoranga tushdim. Lada, Yordan, Matey allaqachon ovqatlanib oʻtirishardi. Ofitsiant mening ham ovqatimni olib keldi. Shosha-pisha yeya boshladim.
— Ishtahang tuzuk, — dedi Yordan. — Bu — ertalab choʻmilishning foydasi.
— Har kuni choʻmilish kerak, — dedi Lada. — Matey boʻlmaganda men ham shunday qilardim.
— Ikki kishi boʻlib choʻmilsa, yanada yaxshi boʻladi, — dedi Yordan va har doimgidek qoʻlini koʻzlariga tutib, piq-piq kulib yubordi.

Uning nimaga shama qilayotganini bilib, qizarib ketdim. Lada tushunmadi.
— Sen ham choʻmilyapsan-ku, dedi soddalik bilan u eriga.

7

Balchiq — Qora dengiz boʻyidagi kichkina qadimiy shahar. Uning bir tomoni dengizga, bir tomoni esa baland tepaliklarga tutashib ketgan. Har qadamingizda uzoq oʻtmish hidi anqib turadi. Oʻrta asrning gotik usulidagi cherkovlari hamon ishlab turibdi. Endi ularning behisob qoʻngʻiroqlari har soat hamma notalarda jaranglab, vaqtdan darak beradi. Nazarimda, bu shaharchada imoratlardan koʻra koʻchalar koʻp. Qingʻir-qiyshiq, past-baland tosh koʻchalar... Shuning uchun boʻlsa kerak, odam siyrakligiga qaramay, shahar sershovqin shoʻx koʻrinadi. Yuzlab oyoq tovushlariga, oq xalat kiygan, savatchalarda issiq teshik kulcha sotadigan bolalarning «Mole bonboni! Mole gevritsi!» — degan ovozlari koʻshilib, ajoyib ohang kasb etadi, kayfiyatingizni koʻtaradi. Teshik kulchalarni esa bu yerda yaxshi pishirishadi sedana sepishadi, qip-qizil, yumshoq, ogʻzingizga solsangiz, erib ketadi.

Lekin Balchiq faqat bular bilan sayohatchilarni oʻziga tortmaydi. Shaharning janubida, shunday dengiz boʻyida ajoyib saroy bor. Ulkan san'at va tabiat yodgorligi boʻlgan bu saroy oʻtmishda qandaydir Ruminiya qirolichasining yozlik qarorgohi boʻlgan. Sayohatchilarning koʻpi shu saroyni koʻrgani kelishadi.

Biz Balchiqqa yetib kelganimizda quyosh endi sarv boʻyi koʻtarilgan edi. Chet ellik ekanimizni sezishib, darhol atrofimizni bolalar oʻrab olishdi. Yordan hammaga teshik kulcha, men esa ayollarga sadaf marjon olib berdim. Bir mahal Anna-Mariya qayoqqadir chopib ketdi. Ketidan bordim.

Bir kampir katta-kichik chigʻanoqlarni yozib oʻtirardi. Anna-Mariya eng kattasini olib, qulogʻiga tutdi.
— Dengiz, xuddi dengizning oʻzi! — dedi u zavqlanib. — Ana, toʻlqinlar qirgʻoqqa urilyapti! Eshiting!

U chigʻanoqni menga uzatdi. Qulogʻimga tutdim. Haqiqatan ham chigʻanoqdan dengiz shovqini kelardi.
— Oling, — dedim unga qaytarib. — Balchiqdan xotira.
— Yoʻgʻ-e, qimmat boʻlsa kerak? — dedi u. Ammo sevinib ketayotgani koʻzlaridan bilinib turardi.
— Sovgʻaning narxini surishtirmaydilar.
— Rahmat. — Anna-Mariya mashinalarimiz tomon tez-tez yurib ketdi. — Lili, qara, menda nima bor!

Men kampir bilan hisoblashib, ularning oldiga kelganimda, Anna-Mariya chigʻanoqni hammaning qulogʻiga bir-bir tutib chiqayotgan edi.
— Hech esdan chiqmaydigan esdalik boʻldi bu, — dedi u, menga minnatdorlik bilan tikilib. — Kattaligini qarang...

Men kuldim. Arzimagan sovgʻamni olganidan va undan zavqlanayotganidan men ham xursand edim.

Bir soatcha shahar aylandik. Uymakor darvozalarni, devorlari nuragan qal'alarni tomosha qildik. Xaroba qasrlarga koʻtarildik. Cherkovlarni, turklar hukmdorligi davridan qolgan machit va unga tutash oʻt bosgan qabristonni koʻrdik. Keyin mashinalarimizga oʻtirib, Ruminiya qirolichasining saroyiga bordik. Darvozadan kirishimizdayoq hayratga tushdik. Keng yoʻlka, ikki tomoni yuz yashar argʻuvonlar, chinorlar... Ularning soyasidan yoʻlkaga tangadek shu'la tushmaydi. Dimoqqa gupillab atirgullarning yoqimli hidi uriladi. Yuz qadamcha yurganimizdan soʻng taxta koʻprik keldi. Uning tagi jar, allaqaerdan sharsharaning ovozi eshitilardi. Jarlikda jimirlab oqayotgan kumushdek tiniq suv koʻprikning oʻng tomonidagi tepalik tagida yoʻq boʻlib ketardi. Oldimizda ikki qubbalik qizil tom koʻrindi. U shunday dengiz boʻyida edi.
— Qasr shu, — dedi Yordan. — Dengizga chiqqan.

Biz aylanma zinadan pastga tushdik. Qasr uncha katta emas edi. Lekin did bilan qurilgan. Ikki tabaqali oʻymakor eshikdan ichkariga kirdik. Katta dahliz, undan toʻrt tomonga eshik ketgan, toʻrda zal. Uning oʻrtasida oʻsha davrdan qolgan jimjimador kumush qandil osigʻliq turardi. Zalga bir xona tutash edi. Unga ketma-ket qurilgan ikkita eshikdan kirilar ekan. Qirolichaning yotoqxonasi ekan bu xona. Xonaning oʻrtasida baland, keng taxta karavot turardi.

Toʻrttala tomonda shiftga tutashib ketgan tosh oyna, bir burchakda atir-upa stoli, bir burchakda esa karavot rangida shkaf. U ham oynalik.
— Shu yerda u baliqchilarni qabul qilgan, — dedi Lada.
— Baliqchilarni? — hayron boʻldim men.

Lada boshini qimirlatib, negadir qizarib ketdi.
— Bu — afsona, — dedi Yordan.
— Afsona emas, rost, — e’tiroz bildirdi Lada.
— Qanaqa afsona? — gapga aralashdi Anna-Mariya.
— Aytib ber, endi, — dedi Yordan xotiniga.
— Tepaga chiqaylik.

Biz qasrning birinchi qavatini yana bir oz aylanib, tepaga koʻtarila boshlagan edik, devorga yopishtirilgan koʻk chinniga koʻzim tushib qoldi. Unga arab harflarida nimalardir yozilgan edi. Oʻqiy olmadim.
— Bu nima? — soʻradim Yordandan.
— Bironta sharq shahzodasini qabul qilgan boʻlsa kerakda qirolicha, — dedi Yordan va kulib koʻydi.

Lada ham kuldi.
— Har holda, uni oʻldirmagandir?
— Kim biladi, — dedi yelkalarini qisib Yordan. — Balki, oʻldirgani uchun yodgorlik qoldirgandir?

Er-xotin yana kulishdi. Ularga Dragomir bilan Lili ham qoʻshildi.
— Nimaga kulyapsizlar? — Soʻradi Anna-Mariya.
— Men ham hech narsa tushunmayapman, — dedim men.
— Hozir, — dedi Yordan. — Hozir hammasini Lada aytib beradi. U ertak aytishga usta.

Biz dengizga qaragan uzun ayvonga chiqdik. Ayvonning oʻrtasida oq marmardan yoʻnilgan baland taxt turardi.
— Qirolicha shu yerda oʻtirardi, — dedi Lada.
— Nahotki? — Anna-Mariya yugurib borib, taxtga oʻtirdi.
— O, bu yerdan dengiz juda chiroyli koʻrinarkan. Hammamiz beixtiyor dengizga qaradik. Koʻm-koʻk dengiz firuza devorlar bilan oʻralgan ulkan hovuzga oʻxshardi. Men panjaraga suyanib, pastga qaradim. Koʻzim tinib ketdi. Ayvon dengizdan ancha baland boʻlib, suv ustida lapanglab turardi.
— Ha, qirolicha ahmoq emas ekan, — dedi Dragomir istehzo bilan. — Lada, afsonangni aytib ber endi.
— Aytishlaricha, qirolicha juda ehtirosli ayol boʻlgan ekan, — deb Lada hikoyasini boshladi. — Har yoz shu yerga kelar ekan-da, kun boʻyi bogʻni aylanar ekan, oqshom tushishi bilan shu ayvonga chiqib, taxtiga oʻtirar ekan. Xuddi shu paytda ovdan qaytayotgan baliqchilar oʻz qayiqlarida uning qasri oldidan oʻtishar ekan. Qirolicha ulardan eng yoshini, eng chiroylisini tanlab chaqirtirar ekan. Tun boʻyi u bilan kayf-safo surib, tongda oʻldirar ekan. Shu ahvol har kuni, har yili takror boʻlar ekan. Bir kuni dengizga shunday termilib oʻtirgan ekan, ajoyib bir baliqchi oʻtibdi. Yosh emish, kelishgan, baquvvat emish. Qirolicha uni ajoyib taomlar, ichimliklar bilan boyagi siz koʻrgan zalda mehmon qilibdi. Qirolichaning bunday mehribonchiligini tushunmagan yigit ovqatlanib boʻlib, ketmoqchi boʻlibdi. Qirolicha kulib yuboribdi. «Sen menga yoqib qolding, yigit, — debdi u. — Bugun men bilan boʻlasan». Bechora yigit boʻshashganicha joyidan qimirlolmay qolibdi. Nima qilsin? Qirolichaga gap qaytarib boʻladimi? Qolibdi. Odatdagidek, tun boʻyi kayf-safo boʻlibdi. Kayfi oshgan yigit uyini ham, yosh xotinini ham unutibdi. Ammo u qirolichaga yoqib qolibdi. Shuning uchun tongda uni oʻldirmabdi. Kechqurun kelish sharti bilan qoʻyib yuboribdi. Kun oʻtibdi, oqshom tushibdi. Dengizda birin-ketin qayiqlar koʻrinibdi. Ammo yigit koʻrinmabdi. Bir kun kutibdi qirolicha, ikki kun kutibdi. Uchinchi kuni chidolmay, butun shaharga odam choptirib, yigitni qidirtiribdi. Ammo hech qaerdan oʻ topilmabdi. Bir kuni qirolicha dengizga termilib oʻtirgan ekan, bir narsa oqib borayotgandek koʻrinibdi, darrov xizmatkorlarini chaqirtirib, tutib kelishni buyuribdi, keltirishibdi. Qirolicha qarasa, oʻsha yigit ekan. Bechora sharmandalikdan uyalib, oʻzini dengizga tashlabdi. Sevgisi barbod boʻlganini sezgan qirolicha ham shunda oʻzini suvga otibdi.
— Qaygʻuli afsona, — dedi Anna-Mariya oʻylanib. Men unga qaradim. U uzun oyoqlarini chalishtirib, xayolchan, yarim yumuq koʻzlarini dengizga tikkanicha qoʻlidagi yirik yoqut koʻz uzugini ohista oʻynab oʻtirardi. Shu topda oʻsha baxtsiz muhabbat oshigʻi — qirolicha tirilib kelib, oʻz taxtida oʻtirgandek boʻlib ketdi menga. Undan koʻz uzolmay qoldim. U goʻzal, bagʻoyat goʻzal edi. Fotoapparat «shirq» etdi.
— Suratingiz tayyor, mening qirolicham! — dedi Yordan shoʻx ovoz bilan.

Anna-Mariya e’tibor bermadi. U oʻz xayollari bilan band edi. Boshi sal orqaga tashlangan, ingichka, yoqut rang lenta bilan tangʻilgan sochlari taxt suyanchigʻi ustida yoyilib yotardi.
— Qaygʻuli afsona, — qaytardi u. — Lekin bir kun boʻlsa ham men shu qirolicha oʻrnida boʻlishni istardim.
— O, — dedi Yordan kinoya bilan. — Sevish va oʻldirish uchunmi?
— Yoʻq, faqat sevish uchun. Bundan katta baxt bormi? Hech kim javob bermadi. Soʻzsiz ham uning haqligini hamma ichida tasdiqlagan edi.
— Dada, suv! — dedi Matey.

Bu gap hammamizni parishonlikdan chiqardi.
— Darvoqe, qorin ham ochdi, — dedi Dragomir.
— Hozir ketamiz. Bittadan suratlaringizni olay. Yordan ayollarni birma-bir taxtga oʻtqazib, suratga oldi.

Keyin hammamiz yonma-yon turib tushdik.

Zlatni Pyassiga qaytganimizda kun peshindan oqqan edi. Koʻchalarda odamlar deyarli koʻrinmasdi, restoranlar boʻm-boʻsh. Kuz quyoshi xuddi Toshkentdagidek seryogʻdu va issiq edi. Anna-Mariya negadir horgʻin va ma’yus koʻrinardi. U yoʻl-yoʻlakay bir ogʻiz ham gapirmadi. Yordanning ba’zi hazil-huzul gaplariga yengil jilmayish bilan javob bergan boʻlsa ham koʻzlari oʻychan va jiddiy edi.

Shaharning markazidagi «Astoriya» restoranida ovqatlandik. Ovqat mahali ham u churq etmadi, tuzukroq ovqatlanmadi. Erinibgina kofe ichar ekan, koʻzlarini restoran roʻparasidagi pristandan uzmasdi. Pristanʼ tinch, koʻprik ustida ikkita kalta shim kiygan semiz, yuzlari tandirdan yangi uzilgan nondek qip-qizil, oʻrta yoshli kishi (nemis boʻlsa kerak) besoʻnaqay latta shlyapa kiygan bir kampir bilan gaplashib turishardi. Koʻprik yonidagi qum sohilda qizil tasma bilan egar tortilgan oq tuya uzun boʻynini choʻzib, soʻlaklarini oqizganicha erinchoqlik bilan kavsh qaytarardi.

Tashqariga chiqdik.
— Ana, tuya, tuya! — dedi Matey onasiga yopishib. — Bitta minay.
— Yordancho! — dedi Lada. — Tinch qoʻymaydi endi. Minsin.

Hammamiz tuyaning oldiga bordik. Qari fotograf darrov tuyaning ustiga narvon qoʻydi.
— Mole, — dedi u ogʻzi qulogʻiga yetib jilmayar ekan. Tuya beparvolik bilan kavshanar, joyidan qimirlamasdi.

Matey esa oʻzida yoʻq shod edi. Uni pastga tushirganda:
— Men ham! — deb qoldi Anna-Mariya koʻzlari chaqnab.
— Moment! — fotograf yonida turgan chamadondan oq choyshab olib, Anna-Mariyaning ustiga tashladi, keyin oq roʻmol bilan boshini tangʻidi, faqatgina koʻzlari ochiq qoldi. Tuya ustiga chiqqanda u xuddi jazirama sahroda ketayotgan arab ayoliga oʻxshardi. Fotograf qoʻliga uzun tayoq ham tutqazdi. Anna-Mariyaning chehrasida boyagi ma’yuslikdan asar ham qolmadi. Yosh boladek oyoqlari bilan tuyani niqtab, oʻz tilida nimalardir deb kulardi. Fotograf uni nemis deb oʻyladi shekilli, apparatini toʻgʻrilab qoʻlini koʻtardi.
— Axtung! Axtung!

Anna-Mariya unga yalt etib qaradi. Uning qoshlari chimirilgan, koʻzlari gʻazab bilan yonardi. Ammo, fotograf oʻz ishi bilan band, undagi oʻzgarishni payqamadi. Men hayron boʻldim. «Nega jahli chiqdi?» — Oʻyladim oʻzimcha, lekin hech narsa tushunmadim. Anna-Mariya yana birpasda oʻzgardi, jilmayib Liliga ruscha murojaat qildi.
— Unga ayt, tuya boshini koʻtarsin.

Lili bolgarchalab fotografga uning iltimosini tushuntirdi.
— O, sega! Sega!

Fotograf hozirjavoblik bilan tuyaning oldiga borib, yerda yotgan tizginini oldi-da, Anna-Mariyaga uzatdi. Tuya erinibgina boshini koʻtardi. Keyin yana egildi. Anna-Mariya qoʻlidagi tayoq bilan uning boʻyniga urdi. Tuya boshini koʻtarmadi. Anna-Mariya yana urdi. Tuya parvo qilmadi. Anna-Mariyaning koʻzlari chaqnab ketdi. Chap qoʻli bilan tizginni tortar ekan, oʻng qoʻlidagi tayoq bilan tuyani yuz-koʻzi aralash savalay boshladi. Avval indamay turgan tuya boshini olib qochib, birdan aylana boshladi. Anna-Mariya toʻxtamadi. Savalayverdi. Tuya kaltakdan koʻzlarini yashirib, koʻz atrofida gir-gir aylanardi. Birdan u boʻkirdi, oyoqlarini besoʻnaqay koʻtarib, sakray boshladi.
— Mole vi! Drugarka! Mole vi! — qichqirdi jon holatda fotograf.

Biz qoʻrqib ketdik. Ammo nima qilishimizni bilmas edik. Lili nimadir deb qichqirdi. Dragomir ham bir nimalar dedi. Anna-Mariya esa hech kimga parvo qilmay tuyani savalar, oʻz tilida nimalardir deb qichqirardi. Bir mahal epchillik bilan tuya ustidan sakrab tushdi. Shunday epchillik bilan boshidagi roʻmolini, choyshabni yechdi-da, qum ustiga uloqtirib, yugurganicha mehmonxona tomon ketdi. U yigʻlardi.
— Nima boʻldi unga? — dedi hayron boʻlib Yordan. Dragomir bilan Lili bir-birlariga qarashdi, ammo hech narsa deyishmadi. Men ham nima deyishimni, bu dahshatli voqeani qanday tushunishni bilmasdim. Fotograf hansirab nafas olayotgan tuyaning boshini silar ekan, yalingansimon derdi:
— Menda ayb yoʻq, tuya juda yuvosh edi, menda ayb yoʻq. Bilmadim, nima boʻldi?
— Madam juda qiziqqon ekan, — dedi pristandagi nemislardan biri, — gut, gut!

Biz kayfimiz buzilib, mehmonxonaga joʻnadik.

8

Allamahalgacha oʻzimga kelolmay yotdim. Bu qanday qiz oʻzi? Nega bunchalik tez oʻzgarib turadi? Bechora tuyani nima uchun bunchalik gʻazab bilan savaladi? Shu savollar bilan unga boʻlgan munosabatimni aniqlab olishim kerak edi. Lekin munosabatim qanday? Men hech narsani bilmasdim, xayollarim meni qayoqqa olib ketmasin, boshi berk koʻchaga borib taqalardim.

Oʻsha kuni tunda sohilga tushdim. Negadir, uni kelmaydi deb oʻylagan edim. Yoʻq, kelibdi. Qoya qarshisida xuddi avvalgidek — tizzalarini quchoqlab oʻtirardi. Ammo bu gal kiyimda edi. Oʻsha qora shim. Badaniga yopishib turgan oq kofta. Tiniq osmonda ohista suzib borayotgan oy uning soʻlgʻin yuzini yoritib turardi.
— Qarang, bugun dengiz juda tinch, — dedi u meni oldida koʻrib.

Yoniga oʻtirdim.
— Tinch, ham salobatli... — U menga oʻgirilmadi. — Lekin nega odamlar shunday tinch boʻlolmaydi?
— Kim biladi, — dedim men. — Har holda, odam oʻzini jilovlagani ma’qul.

U indamadi. Ikkalamiz ancha vaqtgacha jim oʻtirdik. Men undan koʻp narsani soʻramoqchi boʻlib, bir necha marta ogʻiz juftladim. Lekin nimadan boshlashni bilolmay turdim. Keyin bu fikrdan qaytdim. Agar uning dardi boʻlsa, oʻz savollarim bilan yarasiga tuz sepgan boʻlaman.
— Meni kechiring, — dedi u, hamon dengizdan koʻz uzmay. — Bugun nojoʻya qiliqlar qildim. Ah, faqat bugun emas! Har kuni shunday qildim. Bugun esa fotografning menga nemischa gapirganidan jahlim chiqdi. Bechora tuyada hech gunoh yoʻq edi. Anna-Mariya boshini egib, qoʻllari orasiga oldi, yelkalari titrab ketdi.
— ... Esingizdami, men hech kimga baxt keltirmayman, faqat tashvish keltiraman, degan edim. Toʻgʻri shu. Hech kim mendan xursand boʻlmaydi. Hatto, hayvonlar ham. Ha, hayvonlar ham!
— Qoʻying, yigʻlamang, — men yelkalaridan quchoqlab, uni ovuta boshladim. — Qirolichalarga yigʻlash uyat.

Anna-Mariya yigʻi aralash kulgan boʻldi. Boshini koʻtarib, mushtlari bilan koʻzlarini artdi.
— Siz yaxshi odamsiz. Siz bilan tanishganimdan juda xursandman. Ammo sizga ham tashvish orttirdim. Ishoning, men shu paytgacha mushukka ham ozor bergan emasman.
— Ishonaman, — dedim men. — Keling, shu haqda gaplashmaylik. Yaxshisi, yuring, bir choʻmilib chiqamiz. Suv tinchlantiradi, asablarni joyiga keltiradi. Oʻzingiz shunday deysiz-ku!
— Yoʻq, — Anna-Mariya yana oʻylanib qoldi. Bir mahal u oʻzining yirik koʻzlarini menga tikdi. — Aziz!.. Meni oʻping!

Men hayron boʻlib va shu bilan birga quvonchli hayajon bilan uni boʻynidan quchoqladim. U boshini qoʻlimga tashlab, yumshoq lablarini menga tutdi. Uning butun badani, yuzlari yonardi. Uzoq oʻpdim, u qafasga tushgan qushdek tipirchilar, ammo lablarini labimdan uzmasdi. Birdan u sugʻurilib, quchogʻimdan chiqdi, toʻzgʻigan sochlarini toʻgʻrilar ekan
— Rahmat, — dedi va dengizga koʻz tikdi. Uning koʻzlarida yosh yaltirardi.
— Anna-Mariya...
— Anna-Mariya...
— Hech narsa demang.

U oʻrnidan turib, qoʻlini uzatdi.
— Xayr.
— Anna-Mariya!
— Xayr.

Beixtiyor qoʻlimni uzatdim. U mahkam qisdi, keyin yengil burilib, shahar tomon ohista yurib ketdi.

Men angrayganimcha uning ortidan qarab qoldim. Nima boʻlyapti oʻzi? Bu baxtmi, kulfatmi, nima? Men hech narsaga tushunmay qolgan edim. Lekin bir narsa aniq edi. Men sevib qolgan edim. Bahor havosidek sof, dengizdek notinch sehrgar qizni sevib qolgan edim. Sevgim qanday natijalarga olib kelishidan qat'iy nazar, oʻz hayotimni oʻsha paytda usiz tasavvur qilolmasdim.

9

Ertasiga azonda uygʻonib, pastga tushdim. Yordanni uygʻotdim.
— Tonggi choʻmilish yoqib qoldi shekilli? — dedi u kulib.

Sohilga tushdik. Men oʻzimda yoʻq shod edim. Qoyaga yetib borib, tosh ustiga oʻtirdik. Koʻzim qirgʻokda, ammo u boʻsh, hech kim koʻrinmasdi. «Nahotki kelmasa?» — Oʻyladim xavotirlanib. Ammo bu xavotirlanish oʻzimga oʻrinsiz koʻrindi. U kelishi kerak, albatta kelishi kerak edi. Biroq u kelmadi. Tunda ham kelmadi. Tonggacha mijja qoqmay chiqdim. Tong otishi bilan esa shoshib sohilga tushdim. Hech kim yoʻq. Nima qilishimni bilmay qoldim. Nimadir ichimda uzilib ketgandek boʻldi. Yordan keldi.
— Ha, kayfing yoʻq koʻrinadi?
— Sal boshim ogʻriyapti.

U choʻmila boshladi. Nonushtagacha oʻtirdim shu yerda. Nonushtadan soʻng Yordan Varnaga borib kelishni taklif qildi. Lada haligacha Anna-Mariyaning oyogʻidagi tuflidan ololmagan, kimdir shu kunga va’da bergan edi. Bosh ogʻrigʻini bahona qilib qoldim. Ular ketishi bilan «Neptun» mehmonxonasiga yugurdim. Borib Dragomir Shopovni soʻradim.
— Ikki kun boʻldi ketganiga, — dedi administrator ayol.
— Qizlar-chi? — shoshib soʻradim.
— Qanaqa qizlar?
— Anna-Mariya, Lili?
— Ular ham ketishdi. Hammasi birga ketishdi.
— Butunlaymi?
— Bilmadim, har holda, bizning mehmonxonadan ketishdi.

Boʻshashganimcha tashqariga chiqdim. Kechgacha shaharni aylandim, ammo hech qaerda uni uchratmadim. «Nega ketdi? — Oʻyladim oʻzimcha. — Nega xayrlashmadi? Nahotki, men ham unga bir ermak boʻlgan boʻlsam?» Bu dahshatli fikr miyamga keldi-yu, jahlim chiqa boshladi. «Yengiltak, bagʻri tosh qiz!» — koyidim oʻzimcha va uning gʻayri-tabiiy qiliqlarini birma-bir eslay boshladim. Ammo uning yomon tomonlarini qancha boʻrttirib eslayman, u men uchun aziz boʻlib qolganiga, xamma qiliqlari, gaplari shirin, yoqimli ekaniga ishondim. Bu ishonch kun sayin kuchayar va uni unutish juda ogʻir boʻlishiga iqror qilardi.

Yordan bilan Lada mendagi oʻzgarishning sababi bosh ogʻrigʻi emasligini sezishardi, albatta. Ammo menga bildirishmasdi. Faqat bir marta Yordan:
— Bu, bizning ogʻaynilar yoʻq boʻlib qolishdiku-a? — dedi gap orasida.

10

Oradan bir hafta oʻtdi. Bu hafta men uchun yildek tuyulib ketdi. Hech narsa tatimas, hech narsa qiziqtirmas, tezroq uyga ketishni istab qolgan edim. Bu haqda Yordanga ham aytdim.
— Doʻstim, bu dunyoda hech narsa boqiy emas, — dedi u. — Ketarsan ham, uyingda boʻlarsan ham. Ammo shu yerda oʻtkazgan kunlaring umrbod xotirangdan koʻtarilmaydi. Har holda, begona yurt. Shoshma. Yana bir hafta turaylik. Neptun bayramini koʻraylik.

Yoʻq deya olmadim. Chunki, men ketsam, ularning ham ketishi kerak edi.

Usha kuni tushdan soʻng Lada Mateyni uxlatgani ketdi. Yordan sohilga tushdi. U yana bir oz qoraymoqchi edi. Men tushmadim, uxlagim ham kelmadi. Qoʻllarimni orqamga tugib, markaziy xiyobonni aylana boshladim. Oyogʻim beixtiyor «Neptun» tomon boshladi. Uning yoʻlkasiga endi yetganimni bilaman, orqamdan kimdir salom berdi. Tanish ovoz. Ugirildim. Lili! Soʻrashdik.
— Men sizning mehmonxonangizdan kelyapman, — dedi u.
— Anna-Mariya qaerda? — shoshib soʻradim.
— Shu yerda. Sizga salom aytdi.
— Men uni koʻrishim kerak.
— Koʻrasiz. Avval sizga aytadigan gapim bor.

Lili xoliroq joy qidira boshladi. Mehmonxona yonidagi argʻuvon tagiga oʻtirdik.
— Gapiring, qulogʻim sizda! — men shoshilardim.
— Anna-Mariya hozir siz bilan uchrashganimni bilmaydi. Gap shundaki... — Lili oʻylanib qoldi. Aftidan, u nimadandir xijolatda edi.
— Gap shundaki, Anna-Mariya sizni sevib qolgan...
— Nega qochib ketdi boʻlmasa? — hayron boʻldim men.
— Buning sabablari koʻp. e’tibor bergan boʻlsangiz kerak? U juda gʻalati, — gapida davom etdi Lili. — Men oʻzim ham ilgarilari unga hayron boʻlardim. Lekin uning hayoti bilan tanishgach, tushuna boshladim. Uning otasi yoʻq, toʻgʻrirogʻi, otasi bor-ku, lekin yoʻkdek. U urush farzandi... Onasining azoblari, oʻzining gʻussali hayotidan oʻsha odamga nafrati shu qadar kuchliki, birov uning tilida gapirsa, jigʻibiyroni chiqib ketadi. Buning ahmoqlik ekanini, hech kimda ayb yoʻqligini biladi, lekin ba’zida oʻzini tutolmaydi. Tuyaga xuruji esingizdami? Tuyada ham, fotografda ham hech gunoh yoʻq edi...

Men Lilining gaplaridan hech narsa tushunmadim. U esa ochiq aytishdan yo choʻchirdi, yo uyalardi.
— Biz hammamiz urush yillari tugʻilganmiz.
— Biz boshqa gap, Aziz, — dedi Lili. — Birinchi uchrashuvimizdayoq siz bizga yoqib qoldingiz. Mulohazali, jiddiy odam koʻrinasiz. Shuning uchun ham Anna-Mariya qiynalayotganini koʻrib, garchi, u ruxsat bermasa ham, siz bilan gaplashishga qaror qildim. Men uni urush farzandi dedim. Urush yillari onasi yolgʻiz yashardi. Uning eri kommunist boʻlib, qamoqqa olingan, qandaydir qonslagerga joʻnatilgan. Uyga esa bir nemis ofitseri joylashgan. Onasi bilan uning aloqalari qanday boʻlgan — buni ularning oʻzidan boshqa hech kim bilmaydi. Lekin Vengriya ozod qilingan yili Anna-Mariya tugʻilgan. Onasining eri qaytib kelmadi. Onasi ham hali yosh boʻlishiga qaramay, boshqa turmush qurmadi. Hayotini qiziga bagʻishladi. Anna-Mariya yetti-sakkiz yoshigacha hech narsadan xabarsiz, erkin oʻsdi. Ammo oʻqishga boradigan boʻlganidan boshlab, unda oʻzgarish yuz berdi. Bunga uning oʻzi yoki onasi emas, ba’zi qoʻni-qoʻshnilar sabab boʻlishdi. Anna-Mariya juda shoʻx, hozir ham oʻzingiz koʻrdingiz, shoʻxligi qoʻzib qoladi. Bolaligida oʻgʻil bolalar bilan teppa-teng oʻynayverar ekan. Bir kuni oʻzi tengi bir bolani nima uchundir uribdi. Bola yigʻlabdi. Onasi kelib, Anna-Mariyani urishibdi. «Ha, fashistning urugʻi! Oʻzingni koʻrsatyapsanmi!» — debdi u. Anna-Mariya bu gapning ma’nosiga avval tushunmapti. Uyga kelib onasiga aytib beribdi. Onasi uni ovutibdi, ammo oʻzini tutolmay yigʻlabdi. Anna-Mariya oʻz hayotida nimadir chatoqligini shunda anglabdi va otasini soʻrabdi. Ona oʻz erini aytibdi, suratini koʻrsatibdi. «Dadang fashistlar qoʻlida oʻlgan, u yaxshi odam edi», — debdi.

Anna-Mariya ertasiga kaltak yegan bolaning uyiga boradi.
— Mening dadam kimligini bilasizmi? — deydi gʻazab bilan u.
— Kim ekan dadang? — kinoya bilan soʻraydi bagʻri tosh ayol.
— Dadam fashistlar qoʻlida oʻlgan!
— Shunday de? — ayol kuladi. — Oying yaxshi ertak toʻqibdi. Borib soʻra, yubkasining tagida yashagan nemis kim ekan!
— Oyimni haqorat qilmang! — deydi Anna-Mariya yigʻi aralash va qoʻlidagi papkasini ayolga otadi.

Shu kuni u oʻzining kimligini biladi. Onasidan uyaladi, oʻrtoqlaridan, oʻzidan uyaladi. Onasi bechora uni qanday qilib ovutishni bilmaydi. Anna-Mariya boshqa maktabda oʻqiy boshlaydi. Asta-sekin u oʻz ahvoliga koʻnikadi. Ammo odamovi boʻlib oʻsadi. Hammadan qochadi, koʻp vaqtini uyda oʻtkazadi. Ayni vaqtda, unda magʻrurlik, oʻz tengqurlarini mensimaslik kayfiyatlari paydo boʻladi. U yaxshi oʻqiydi, yangi maktabda unga juda yaxshi munosabatda boʻli-shadi. Toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurgan paytlari, bir kuni oʻqishdan qaytsa, eshiklari tagida baland boʻyli, basavlat bir odam turgan ekan.
— Sizga kim kerak? — soʻrabdi Anna-Mariya.
— Men frau Xorvatni koʻrmoqchi edim, — debdi begona kishi nemis tilida.
— Ishdalar. Hozir keladilar. Men qizlari boʻlaman. Uyga kiring.
— Qizlari? — begona kishi unga tikilib qolibdi.
— Ha. Anna-Mariya. Yuring.

Anna-Mariya uni uyga olib kiribdi. Kofe tayyorlaguncha onasi kelibdi. Oʻ begona kishini koʻribdi-yu, turgan joyida qotib qolibdi.
— Erix?!
— Ha, — begona kishi jilmayib oʻrnidan turibdi.
— Nega kelding? — doʻq qilibdi Anna-Mariyaning onasi. — Anna-Mariya! Chiqib tur!

Anna-Mariya hech narsaga tushunmay, qoʻshni xonaga chiqadi. Onasi uning ketidan eshikni yopadi. Ammo ularning gapini u eshitadi.
— Nega kelding? — soʻradi yana onasi.
— Tinchlan, Eliza, — deydi begona kishi yalinib. — Tinchlan. Soʻnggi uchrashuvimizga oʻn olti yil boʻldi. Koʻrgani keldim. Biz, axir, yaqin edik...
— Buni endi ahamiyati yoʻq. Oʻshanda qol, taslim boʻl, dedim. Koʻnmading.
— Men ofitser edim, Eliza.
— Nega kelding?
— Koʻrgim keldi. Anna... Anna-Mariya katta qiz boʻlibdi.
— Unga sening haqqing yoʻq. U mening qizim.
— Bilaman. Men uni faqat koʻrmoqchi edim. Eliza, unga sovgʻa olib kelganman. Shuni berishga ruxsat et.

Eliza xola zoʻrgʻa rozi boʻlibdi. Qizini chaqiribdi. Begona kishi unga ancha tikilib oʻtiribdi. Keyin koʻrgan boʻlsangiz kerak, Anna-Mariyaning qoʻlida katta yoqut koʻzli uzuk bor, shuni beribdi. Hamma gapni eshitgan Anna-Mariya yigʻlaganicha uydan chiqib ketibdi. Shu kuni ona-bola mijja qoqishmabdi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Anna-Mariyaning nomiga Kyolʼndan xat kelibdi. Otasidan ekan. «Anna-Mariya, — deyilgan ekan unda, — bilaman, sen meni yomon koʻrasan. Meni deb koʻp azob chekding. Ammo men oʻz gunohimni yuvish uchun hamma narsaga tayyorman. Seni olib ketish niyatida uylaringga borgan edim. Lekin gapimiz qovushmadi. Onang rozi boʻlmadi. Sen endi kattasan. Oʻzing kel. Men senga butun dunyoni koʻrsataman. Parij, Rim, London... Faqat, xoʻp desang boʻldi. Xatingni kutaman». Anna-Mariya javob yozmadi. Onasiga ham xatni koʻrsatmadi. Ammo tun boʻyi alahlab chiqdi. Shundan keyin ularning aloqasi uzildi. Chunki, Anna-Mariya bu paytda katta qiz, yaxshi-yomonning farqiga boradigan boʻlib qolgan edi. Unga kim kerak? Butun umrini unga bagʻishlagan onami, yo begona bir odammi? Albatta — ona! Ammo u oʻzgarib qoldi. Sal narsadan jahli chiqadi, oʻzidan-oʻzi yigʻlaydi, koʻp oʻylaydi. Buning ustiga bir yigit uni haqorat qilib, unda odamlarga ishonchsizlik tugʻdirdi.
— Nima qilib? — soʻradim men. Lili xoʻrsindi:
— Anna-Mariya chiroyli qiz. Uning xushtorlari juda koʻp boʻlgan. Hozir ham koʻp. Lekin oʻsha paytlari bir yigitga koʻngil qoʻygan. Aloqalari ancha chuqurlashgach, Anna-Mariya unga oʻz hayotini aytib bergan. Shu kundan boshlab, yigit unga koʻrinish bermagan. Juda ezildi. Unga qoʻshilib, onasi ham ezildi. Bechora, oʻzini qizi oldida gunohkor hisobladi-da. Toʻrt yildan beri men Anna-Mariyani bilaman. Bir liniyada ishlaymiz. Shu payt ichida koʻp yigitlar unga muhabbat qoʻyishdi. Lekin u oʻzini olib qochdi. Hech qaysisiga ishonmadi. Sizga ham koʻrinmoqchi emas. Hatto, Budapeshtga ketib qolmoqchi edi. Bir amallab olib qoldik. U hozir jinni odamga oʻxshaydi... Borasizmi?
— Ha, — dedim. — Yuring.
— Biz Bay Yeftimning uyida turibmiz, — dedi Lili sevinib oʻrnidan qoʻzgʻalar ekan.

11

Bay Yeftimning uyi Zlatni Pyassinining eng chetida ekan. Pastak taxta panjara bilan oʻralgan hovli. Toʻrida ikki qavatli oq uy. Ichkariga kirdik. Lili burama zina tagiga kelib qichqirdi.
— Anna-Mariya!

Hech kim javob bermadi. Yuragim dukillab ura boshladi.
— Anna-Mariya! — qichqirdi yana Lili.

Ikkinchi qavatdagi deraza ochildi, kimdir moʻraladi-da, keyin sharaqlatib derazani yopdi.
— Tepada u! — dedim hovliqib.
— Hozir.

Lili chopib, tepaga chiqib ketdi. Qancha vaqt oʻtdi, bilmayman. Yuragim dukillab urishdan toʻxtamas, xayolimda ming xil fikrlar uymalashardi. «Topdim! Topdim! Endi u men bilan!» — derdim oʻzimcha sevinchim ichimga sigʻmay.

Bir mahal tepada oyoq tovushlari eshitildi. Qaradim. Anna-Mariya koʻzlaridan nur yogʻilib, oʻzining ajoyib tabassumi bilan menga qarab turardi.
— Anna-Mariya!

U pastga yugurdi. Tusha solib, bagʻrimga otildi.
— Anna-Mariya!..

U nam koʻzlarini boʻynimga surtar, allanimalar deb shivirlardi.
— Biron yoqqa ketamizmi?

U boshini qimirlatdi. Eshikka chiqdik. Roʻparadagi restoran oldida ikki otli fayton turardi. Chaqirdim.
— Chetga! Shahardan chetga!

Izvoshchi otlarga qamchi bosdi. Fayton uchib ketdi. Men Anna-Mariyadan koʻz uzmasdim. Qoʻllaridan, mast qiluvchi sochlaridan, yuzlaridan oʻpardim. Ikkalamiz oʻzimizda yoʻq shod edik.

Kechqurun hamma doʻstlarimizni yigʻib, Bay Yeftimning bariga tushdik. Keksa dengizchi oʻzining oshpazlik mahoratini yana bir bor koʻrsatdi.
— Tabriklayman, — dedi Yordan qoʻlimni siqib.

U ham, hamma ham xursad edi. Anna-Mariya ilgarigidek ochilib ketgan, dam men bilan, dam Dragomir bilan, dam Mateni koʻtarib olib raqs qilar, shoʻx latifalar aytib, hammamizni kuldirardi.

Barda tonggacha oʻtirdik. Keyin, Bay Yeftimning uyiga bordik. Bolgar odati boʻyicha, u, sopol idishlarga qoʻlbola vino quyib chiqdi.
— Baxtli boʻlinglar, — dedi u. — Sizlarni koʻrib, men ham yosharib ketdim.

Tushda uchrashishga va’dalashib, tarqaldik.

Xonamga koʻtarilib, karavotga oʻzimni tashladimu, dong qotdim. Necha kunlardan beri bunchalik qattiq va shirin uxlamagan edim. Koʻzimni ochganimda kimdir zarb bilan eshikni taqillatardi. Uyqusirab borib ochdim. Dragomir bilan Lili.
— Kechiring, bezovta qildik, — dedi Dragomir, u nimadandir xavotirda edi, — Anna-Mariya kelmadimi?
— Yoʻq, — dedim men qoʻrquv aralash.
— U yoʻq. Chamadoni ham yoʻq.

Men qotib qoldim. Pastdan Yordan koʻtarildi.
— Kelmaptimi?
— Yoʻq.
— Aeroportga borish kerak, — dedi Yordan. — Yuringlar.

Shosha-pisha kiyinib, pastga tushdik. Keyin Yordanning mashinasida aeroportga joʻnadik. Aeroportda u yoʻq edi. Varna — Budapesht samolyoti bir soat burun uchib ketibdi. Dragomir kassaga borib, uni surishtirdi. Boʻshashib qaytdi. Ha, u shu samolyotda uchib ketibdi. Men nima qilishimni bilmay, gandiraklab aeroportdan chiqdim.
— Xavotir olma, — dedi Yordan. — Qandaydir maqsad bilan uyiga ketgan. Adresni bilamiz, balki, oʻzi ham xabar berar.

Lili ham shunday dedi, hatto hoziroq telegramma yuborishini aytdi. Qaytdik. Mehmonxona oldida Bay Yeftim turar edi.
— Mana buni u turgan xonadan topdim, — dedi u Dragomirga qogʻozga oʻrogʻlik bir narsa bilan konvert uzatar ekan.

Dragomir shoshib konvertni yirtdi. «Lili, Mircho! — deyilgan edi unda. — Boshqa ilojim yoʻq. Uchrashguncha xayr. Anna-Mariya». Xatning tagida ilova bor edi:

« ...Mircho, mana shu zajigalka bilan xatni Azizga ber. Iltimos».

Dragomir konvertdagi ikkinchi qogʻozni menga uzatdi.

«Aziz, meni kechiring. Xayrlashmadim. Shu ma’qul. Men sizga baxt keltira olmayman. Takdirim shunday. Bu yerda oʻtkazgan ajoyib kunlarimiz — mening eng baxtiyor kunlarim boʻldi, shunday boʻlib qoladi. Meni qidirmang. Ba’zi-bazida shu zajigalkani yoqib, meni eslasangiz boʻldi. Esdalikka arzigulik boshqa narsa topolmadim. Sizning chigʻanogʻingiz esa, doim men bilan boʻladi. Uni qulogʻimga tutib, hayotimning eng ajoyib kunlarini eslayman. Kechalari ham yostigʻim tagiga qoʻyib, uni tinglayman, tovushingizni eshitgandek, nafasingizni tuygandek boʻlaman. Baxtli boʻling. Anna-Mariya».

12

Zlatni Pyassida ortiq turolmadim. Har bir toshda uning izi bordek koʻrindi, har qadamda uning ovozini eshitgandek boʻldim. Ertasigayoq Xaskovoga joʻnadim.

Mana, oʻshandan beri qancha vaqt oʻtib ketdi. Undan bitta ham xat olganim yoʻq. Ammo uning iltimosini bajarmadim. Qidirdim. Oradan bir yil oʻtgach, uyidan «adresat koʻchib ketgan» degan javob keldi. Budapesht katta shahar, biron joyga koʻchgandir. Gʻalati qiz, nega doʻstlariga tayin joyini bildirmaydi? Lili uning oʻsha yili aeroflotdan boʻshaganini xabar qildi. Lekin u qayokda? — Ular ham, men ham bilmayman. Shundan keyin yana ikki marta Bolgariyaga bordim. U bilan borgan joylarimizni koʻrdim, dengizda choʻmildim, qoyada uzoq-uzoq oʻtirib, xayolan uni quchdim, ammo oʻzini qaytib koʻrmadim. Har gal papiros chekkanimda shu zajigalkani qoʻlimga olar ekanman, kapalak umridek qisqa sevgimizni eslayman... «Anna-Mariya! Sogʻ boʻl, senga baxt tilayman».