OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻlmas Umarbekov. Vela (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiVela (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vela (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Velingrad — Rodopi etagidagi yassilikka joylashgan kichkina shahar. O’tgan yili Bolgariyaga borganimda shu shaharda ham boʻldim. Uni, albatta, qanchadan-qancha tarixiy voqealarning guvohi boʻlgan Ulugʻ Tirnovo yoki Pleven bilan solishtirib boʻlmaydi. Unda na yarim beligacha yerga koʻmilib yotgan xristian cherkovlari bor, na oltin quymalarni eslatuvchi, hamon sayyohlar e’tiborini tortuvchi tor gʻishtin yoʻllaru, na turk beklarining jimjimador peshtoqlari koʻchaning yarmigacha turtib chiqqan serboʻyoq yogʻoch qasrlari bor. Hamma binolar oddiy, sodda va deyarli bir xil, faqat shaharning qoq oʻrtasiga tushgan toʻrt qavatli mehmonxonagina ajralib turadi. Oldi chorsi maydon, atrofi gulzor, maydon oʻrtasidagi kattagina hovuzdan mis qurbaqa gulzorga suv purkab turibdi. Bino devorlari boshqa imoratlarnikidek silliq emas, qandaydir hayvonlar, ularni quvlab ketayotgan tosh davr ovchilari rasmlari bilan bezatilgan. Meni shu mehmonxonaga joylashtirishdi. Yuvinib, kiyimlarimni oʻzgartirib, pastga tushdim. Kun peshindan oqqan edi. Yoz kelganiga qaramay, havo salqin. Shamol gʻuvillab turibdi. Birpas maydonni aylanib, mehmonxonaga qaytdim.
— Shahrimizni kechqurun tomosha qiling, — dedi administrator xonamga koʻtarilayotganimda. — Hali u yangi. Faqat odamlar, chiroqlar bilan chiroyli. Hozir restoranga kiring. Bizda yaxshi qahva tayyorlashadi. Butun Bolgariyada bunday qahva icholmaysiz.

Men u aytganday qildim. Restoranda ikki-uch keksadan boshqa hech kim yoʻq edi. Administrator aytganicha bor ekan. Chindan ham qahva yaxshi edi. Beti yupqa qaymoq tortgan toʻq shokolad tusidagi bu ichimlikni ichar ekanman, charchoqlarimni unutdim, koʻnglimning bir chetini xijil qilib turgan olis safar gʻashligi yoʻqola boshladi. O’zimcha, shunday joylarni ham koʻrish kerak, goʻzallik va tarix faqat qadimiy, mashhur shaharlarda emas, deb oʻyladim, derazaga tikildim. Ikki tomonida olxoʻri qizarib turgan yoʻl toqqa tutashib ketgan. Unda hech kim koʻrinmaydi: na odam, na bironta mashina. Olisda faqat qor bosgan kumush qoyalar yaltiraydi. Ular hisobsiz, biri ketidan ikkinchisi turtib chiqqan, xuddi marmar zinapoyalarga oʻxshaydi. Kun oqqan sari bu zinalar birin-ketin qorayib, goʻyo kimdir gilam toʻshayotgandek tuyuladi. Gilamning esa chegarasi yoʻq, borgan sari u sizga yaqinlashib, oyogʻingiz ostiga poyandoz boʻladiganday... chuziladi, chuziladi, ammo yetib kelmaydi. Men shu manzaraga qarab, togʻli shaharning ham oʻzgacha husni borligini, qaytarilmaydigan, hech qanday boshqa joyga oʻxshamaydigan husni borligini koʻrdim va shu kichkina shaharga kelganimga endi achinmay qoʻydim.
— Qalay, qahva durustmi?

O’girildim. Tepamda administrator turardi.
— Zoʻr.
— Men sizga aytdim-ku, butun Bolgariyada bunday qahva topilmaydi. Yana ichasizmi?
— Rahmat. Nazarimda...

Administrator gapimni kutmasdan ofitsiantga ishora qildi.
— O’tiring oʻzingiz ham, — dedim yonimdan joy koʻrsatib.

U yoʻq, demadi. Tanishdik...
— Nega boshqa joyda bunday tayyorlasha olmaydi?
— Bu odamga bogʻliq, har kimning qoʻlidan kelavermaydi. Peychoning oʻzi tayyorlaydi bizda qahvani. Eh-ha, uning ta’rifi sizlarga, Moskvaga ham ketgan. Bay Vasilning shogirdi-da, u axir!

Men Peycho kim, Bay Vasil qanday odam, mutlaqo xabarsiz edim. Surishtirgani esa — u shunday ishonch va Eynshteyn haqida gapirganday qat’iyat bilan gapirdi — uyaldim, kulib qoʻya qoldim. Qahva keldi. E’tirozimga qaramay, Emil — yangi tanishimning ismi shunday edi — ikkita konyak buyurdi.
— Na zdrave, — dedi u.

Urishtirdik. Emil oʻzi haqida gapirdi. Shu yerda tugʻilgan ekan. Sofiyada savdo texnikumini bitirib, yana shu yerga kelibdi. Yaqinda uylanibdi. Yangi uy olibdi. Taklif qildi. Men ham oʻzim haqimda gapirib berdim. Bir-ikki oydan beri Bolgariyani aylanib yurganimni aytdim. Emil juda kuvnoq yigit ekan. Bir qancha latifalar aytib, kuldirdi, Moskvada boʻlganini, metroga tushib, kun boʻyi chiqolmay yurganini kula-kula hikoya qilib berdi. Yana ichdik. Xayolim Bay Vasilda edi, ammo Emil u hakda churq etmasdi. Nihoyat, chiday olmadim:
— Bu boyagi aytgan qahvachingiz, Bay Vasil kim?

Emil birdan jidtsiylashdi, qalin qoshlari chimirilib, bir oz oʻylanib qoldi.
— Velaning otasi, mening togʻam — Bay Vasil, — dedi keyin ma’yus ohangda. — O’lib ketdi. Qirq toʻrtinchi yili uni oʻldirishdi. Velani ham oʻldirishdi. Shahrimiz uning nomiga qoʻyilgan...

Emil jimib qoldi. Nazarimda, u oʻsha mudhish yillarni eslab ketdi. Yirik qoʻllari musht boʻlib tugildi, koʻzlari gʻazabga toʻlib, yona boshladi. Keyin oʻzini bosib sigaret tutatdi.
— Vaqtingizni olmayapmanmi?
— Mutlaqo! — dedim men.
— Besh yoshlarda edim oʻshanda, — Emil hikoyasini boshladi. Hammamiz yonma-yon turardik. Bir hovlida togʻamgilar, bir hovlida biz. Unda bu joylar kichkina bir qishloq edi. Mana shu mehmonxonaning oʻrnida cherkov bor edi. Yarmi toshdan, yarmi yogʻochdan qurilgan koʻrimsiz bir cherkov. Qirq toʻrtinchi yili fashistlar oʻt qoʻyib yuborishdi unga. Ichida partizanlar bor edi. O’ntacha odam. Haytovur omon qolishdi. Qizil askarlar kelib qolishdi. Hay, gap bunda emas. Nemislar sizlarga hujum qilganidan keyin, butun Rodopini partizanlar bosib ketdi. Shunday boʻlishi tabiiy edi. Birinchidan, xalq ezilgan, ikkinchidan — qaysi bir bolgar ruslarga qarshi urishardi, deysiz? Bunday boʻlgan emas, ikki dunyoda boʻlmaydi ham. O’shanda, qishlogʻimizda qurol ushlashga yaraydigan bitta ham erkak qolmadi. Hammasi toqqa chiqib ketdi. Mening otam bilan Bay Vasil ham ketdi. Haftada, oyda bir koʻradigan boʻlib qoldik ularni. Lekin partizanlar haqida koʻp eshitamiz. Hali qurol-yarogʻ ortilgan eshelon izdan chiqib ketibdi, degan xabar kelib qoladi, hali qamoqxona portlab ketibdi, qamoqdagilar qochibdi, deyishadi. Kim qilgan bu ishlarni, hech kim bilmaydi, bilsa ham oʻzini bilmaganlikka soladi. Qishloqning tepasidan harbiy yoʻl oʻtgan. Shu yoʻlda ikkita oʻq-dori ortilgan mashina portlab ketgandan keyin, Qishloqni politsaylar bosib ketdi. Kechqurun qorongʻi tushishi bilan hech kim koʻchaga chiqolmaydigan boʻlib qoldi. Kim chiqsa otiladi, degan buyruq. Biz oʻzimizdan emas, togʻdagilardan xavotir ola boshladik. Kelib qolishsa nima boʻladi? Qoʻlga tushishlari aniq. La’nati politsaylar nima qilishgan deng? Hammasi xonadonlarga boʻlingan. Kech boʻldi, uyning toʻriga kirib yotib oladi. Hech kimni tashqariga chiqarmaydi. Chiqarsa ham, birga chiqadi. Shuning uchun ertalabgacha qishloqda nima boʻlyapti, hatto qoʻshningiznikida nima boʻlyapti, bilib boʻlmaydi.

Bir kuni ertalab Vela biznikiga chiqdi. U mendan ancha katta edi. O’n oltilarda edi. Oyim bilan gaplashib oʻtirib, Spas amakim tinch, deb qoldi. Bu gapni mendan yashirib aytdi, albatta, lekin eshitib qoldim. Yugurib borib uni quchoqlab oldim.
— Qachon keladilar? — soʻradim suyunib.

Oyim nima deyishini bilmay, labini tishladi.
— Hech kimga aytmaysanmi? — soʻradi Vela xavotirlanib.
— Non ursin, aytmayman!
— Yaqinda, — dedi Vela. — Lekin, bilib qoʻy, men gapirmadim, sen eshitmading.

Xoʻp, dedim. Lekin shu kuni kechqurun mudhish voqea yuz berdi. Oyim bilan men yotuvdik. Politsay oshxonada timirskilanib yuruvdi, otishma ovozi eshitilib qoldi. Keyin ayol kishining qichqirigʻi eshitildi. Darrov tanidim. Bu Vela edi. Sakrab oʻrnimdan turdim. Oyim ham turdilar. Eshikka endi qadam qoʻyuvdilarki, politsay qichqirdi:
— Qayoqqa?! Toʻxta! Orqaga qayt.
— Qoʻshnimiznikida bir narsa boʻlganga oʻxshaydi, — dedilar oyim. — Xabar olaylik.
— Mumkin emas! — Oʻshqirdi politsay.
— Jiyanim axir. Insofing bormi?
— Mumkin emas, deyapman. Bor joyingga.

Biz noiloj yotdik. Ammo tonggacha mijja qoqqanimiz yoʻq. Ertalab hammamizni cherkov yoniga toʻplashdi. Shunda, kechasi Bay Vasil qishloqqa kelib qoʻlga tushib qolganini eshitdik. Uni oʻldirishibdi. Bizni cherkovga olib kelishganda, uning yerda tuproqqa belanib yotganini koʻrdim. Hamma yigʻilgach, qoʻllari bogʻliq Vela bilan uning onasini olib kelishdi.
— Koʻringlar, — dedi nemis ofitseri. — Bular partizan. Agar kim bizga qarshi boʻlsa shu holga tushadi. Hozir ularni sizning oldingizda soʻroq qilamiz. Partizanlarning qaerdaligini aytib berishsa, ozod qilamiz. Aytishmasa, shu yerda osiladi.

U shunday deb, Marina xolaga yaqinlashdi.
— Xoʻsh, ayt, ering qaerdan keldi? Otryad qaerda?
— Bilmayman, — dedi Marina xola. Uning ikkala koʻzi erining murdasida edi.
— Yolgʻon! — qichqirdi ofitser. — Bilasan. Ayt. Aytma-sang, eringning holiga tushasan.
— Bilmayman.

Ofitser uni ura boshladi. Bechora Marina xola boshini qayoqqa berkitishni bilmasdi. Ofitser urib charchadi. Shun-da uning oldiga choʻgʻ solingan chelak keltirishdi.
— Koʻryapsanmi? — dedi ofitser. — Aytmasang, qizdirilgan temirni oyogʻingga sanchamiz.
— Bilmayman, — dedi yana Marina xola.
— Shundaymi! Ablah!

Ofitser miltiq nayzasini choʻqqa tiqdi.
— Toʻxtanglar! — qichqirib yubordi shu payt Vela. — Oyimga tegmanglar. Oyim bilmaydi hech narsani!
— Sen bilasanmi? — soʻradi ofitser.
— Ha, — dedi boshini egib Vela.

Hamma hayron boʻlib qoldi.
— Vela! — kuchini toʻplab qichqirdi Marina xola. — Esingni yedingmi? Agar aytsang, sendan yuz oʻgiraman.

Vela javob bermadi. Ofitser unga yaqinlashdi.
— Aytasanmi?
— Ha, dedim-ku! — dedi Vela hamon boshini koʻtarmay, — O’zim boshlab boraman. Faqat... faqat onamga tegmanglar.

Ofitser uni yechishni buyurdi. Shu payt:
— Sotqin! — qichqirdi kimdir olomon ichidan.

Kimdir tosh otdi. Tosh shunday Velaning peshanasiga tegdi. Tirqirib qon oqa boshladi.
— Tarqal! — ofitser shunday deb, politsaylarga buyruq berdi.

Hammamizni qoʻy haydagandek hayday boshlashdi. Hamma xunob edi, hamma Veladan nafratlanardi. Onam ham gʻazabdan yonib, uni qargʻardi. O’zingiz oʻylab koʻring, bitta Velaning sotqinligi qishlogʻimizdan ketgan yigirmadan ortiq kishining yostigʻini quritishi mumkin edi. Birovning akasi, birovning otasi, eri... Buning ustiga, otryadda qancha odam bor? Onam Velani qargʻar, ayni vaqtda bizning urugʻdan sotqin chiqqanidan kuyardi.

Oradan bir soat oʻtar-oʻtmas nemis ofitseri boshliq politsiya otryadi Velani oʻrtaga olib, togʻ tomon yoʻlga tushdi.

O’sha kuni qanday kech kirganini bilmaymiz. Qishloq suv quygandek jimjit. Unda politsay qolmagan edi. Faqat cherkovda Marina xolani qoʻriqlab qolgan bir soqchi bor edi, xolos. Tong otdi, kun peshin ham boʻldi, qishloq hamon jimjit. Hamma tiq etgan ovozga quloq soladi. Kechki payt ot tuyoklari dupurlari eshitildi. Hammamiz koʻchaga otildik. Baxtni qarang, qishloqqa partizanlar kirib kelishdi. Ular orasida otam ham bor edi. Darhol Marina xolani ozod qilishdi. Bechora nuqul yigʻlardi va yigʻi aralash qizini qargʻardi. Partizanlar hech qanday politsiya otryadini koʻrishmabdi. Boʻlmasa, Vela yoʻlni juda yaxshi bilar ekan. Koʻp borib turar ekan. Hamma yana hayron edi. Vela fashistlarni qayoqqa olib ketdi ekan? Buni hech kim bilmasdi. Oxiri otryadni qidirishga qaror qilishdi. O’n-oʻn besh kishini qishloqda pistirmada qoldirib, yoʻlga tushishdi. Ikki kun deganda otryad topildi. Ammo ular ichida Vela yoʻq edi.

Vela otryadni adashtiribdi. Aldanganini bilgan ofi-tser uni otib tashlabdi. Buni asir tushgan politsaylar aytib berishdi.

Ertasiga Velaning oʻligi olib kelindi. Uni otasining yoniga koʻmdik. Butun qishloq motam tutdi oʻsha kuni. O’shanda gilos endi pishgan edi. Vela gilosni yaxshi koʻrardi. Qiz bola boʻlishiga qaramay, daraxtning uchiga chiqib terardi. Har gilos pishigʻi uning qabriga boraman, gilos olib boraman...

Emil jimib qoldi. Nimalarnidir oʻylab ketdi. Keyin yangitdan sigaret tutatdi.
— Bolgariya ozod boʻlgach, qishlogʻimizni uning nomiga qoʻydik. Mana endi kichkina qishloq shaharga aylanib ketdi. Qarang, kech kiryapti, shahrimiz ochilyapti!..

Men derazaga qaradim. Ha, u chindan ham ochilib bormoqda edi. Hamma yoq chiroq, ming xil tusdagi chiroqlar... Koʻcha toʻla odam. Shoʻx, quvnoq odamlar! «Yaxshiyam keldim bu shaharga, — dedim oʻzimcha ulardan koʻz uzmay. — Yaxshiyam keldim!»

1970