OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiYer yonganda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm61KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yer yonganda (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Tonggi gʻira-shirada shaharga tushib ketgan kelinini Solihabibi bu gal qandaydir umid va sabrsizlik bilan kutdi. Ammo kun oʻtishi qiyin boʻldi. Peshingacha hovlida gʻimirlab yurdi: ogʻilxona oldida gʻujanak boʻlib yotgan pomidorni tirgovich qoʻyib taradi, boʻyi kelib tursin deb, ayvonga yaqin ekilgan boʻyradek joydagi oshrayhonning tagini chopdi. Chorsigina, uch sotix yerda yana nima qilish mumkin edi? Molga qaray desa, yoʻq, sotilib ketgan. Nevarasining toʻyiga atab boqib qoʻyilgan dumbasi hali taxtakachdek qoʻchqorni ham bir oy boʻldi kolxozga olingan qarzlar hisobiga topshirib yuborishdi, tirik mol-holdan qolgani bitta kalonnur tovuq. Uning nimasiga qaraydi? O’zi suv, oʻzi don topsa?..Peshindan keyin qoʻshnisining beqasam koʻrpasini qavishga oʻtirdi. Yaxshi ham shu hunari bor ekan, koriga yarab turibdi. Koʻrpaning bahosi bir chelak kartoshka boʻldi. Soʻragani yoʻq. Qoʻshnisining oʻzi tashlab ketdi. Shu kartoshka bilan kun oʻtib turibdi. Ertaga bitadi koʻrpa, bir burchagi qoldi xolos. Keyin nima qiladi? Qavigʻi ma’qul kelsa, talabgorlar chiqib qolar. Qavigʻi ma’qul kelishi turgan gap. Solixabibi koʻrpaga bu gal palak nusxasini berdi. O’rtasida oftob, toʻrttala burchagida toʻrtta qoʻqonguli. Toʻgʻri qaviganida uch kundayoq bitardi. Mayli, baxtli boʻlsin qiz. O’gʻli qaytsa, keliniga ham shunday koʻrpa qilib beradi. Hozirgisi titilib, paxtasi koptok-koptok boʻlib qolibdi. Bir qarichda kamida ellikta qaviq boʻlishi kerak. Ana oʻshanda qancha tutma, tep-tekis turaveradi, paxtasi siljimaydi.

Tovuqning qa-qolagani eshitildi. Solihabibi beixtiyor hovliga nazar tashladi. Kun botdi. Nega kelinidan darak yoʻq? Hech mahal u shaharda bunchalik qolib ketmas edi. Yaxshilikkamikan? Ajab emas, tuzuk xabar bilan kelsa! Qishloqqa oxirgi avtobus kun botganda keladi. Shunga ulgurarmikan? Ulgurmasa qoʻlidagi emizuklik bolasi bilan qiynalib ketadi, bolaboyaqish.

Solihabibi ehtiyotlik bilan koʻrpani tizzasidan olib qoʻydi-da, hovliga tushdi. Nevarasi maktabiga kitob almashtirgani ketgan edi. Halizamon keladi. Nima yedirsa ekan unga? Yana tovuq qa-qoladi, bir-ikki qanot qoqib, boshini sarak-sarak qildi-da, ogʻilxonaga kirib ketdi. Solihabibining yaxshi koʻrgan ovqati esiga tushdi. Ogʻilxonaga kirib, huvillab turgan oxurning burchagidagi tovuqning inidan moyakni olib chiqdi. «O’rniga piyoz qoʻyib qoʻysa ham boʻladi. Bola boyaqish bir haftadan beri goʻsht koʻrgani yoʻq, rangi ketib qoldi. Dadasi qamaldi-yu, ilgarigi shoʻxligi yoʻqoldi, koʻchaga chiqmaydi, qachon qaramang, uyning u yoki bu burchagida xayol surib oʻtiradi, kitob varaqlaydi. Toʻqqiz yoshlik bola ham shunchalik eziladimi?!»

Solihabibi qozon tagiga oʻt yoqib, ozgina piyoz, bitta pomidor toʻgʻradi, sopol tovoqning yuqidagi yogʻni qozonga solib, non olib kelgani ayvonga oʻtdi. Rahmatli onasi ramazon oylarida saharlikka koʻpincha shunday qovurdoq qilardi, pomidor bilan hali qotmay xil-xillab turgan tuxumning mazasi nonga oʻtib juda shirin boʻlib ketardi. Dadasi ham ishtaha bilan yerdi, u ham. Shu-shu oʻrganib qolgan, vaqt tigʻiz boʻlsa, yo uyda boshqa narsa boʻlmasa, darrov shunday qovurdoq qiladi.

Tuxum chaqib turgan payti hovlidan nevarasining tapir-tupir oyoq tovushlari keldi:
— Oyi?!
— Kelavermaysanmi, buyoqdaman!..

Solihabibi shoshilib qovurdoqni bir-ikki agʻdardi, tuxum non burdalariga yopishib, oq-sariqqa ajradi.
— Ovqat qilib turibman, senga, kelaver!.. Tursunboy!

O’choqboshining eshigi oldida Tursun paydo boʻldi.
— Muncha ichikmasang? — soʻradi Solihabibi sopol tovoqqa qovurdoqni olarkan.

Tursun javob bermadi. Uning koʻzlari oʻynar, ter bosgan yuzlari qip-qizarib ketgan edi.
— Oyi! Toʻlagan... Toʻlaganning dadasini olib ketishdi. Solihabibining qoʻlidan kapgiri tushib ketdi.
— Nega olib ketishadi? Qachon?

Toʻlagan nevarasi tenggi bola edi, u bilan bir sinfda oʻqirdi. Otasi kolxoz buxgalteri edi.
— Nega olib ketishadi? Qachon? — qayta soʻradi Solihabibi.
— Hozir! — dedi Tursun. — Maktabdan kelayotgandim. Bunday qarasam, darvozalari oldida militsiyaning mashinasi turibdi. Yugurib bordim. Shundoq oldimda olib chiqib ketishdi Mirvali akani. Oyi! Bilasizmi?! Qoʻllarini... qoʻllarini orqasiga qayirib olib ketishdi!

Tursunning ovozida ham qandaydir xursandlik bor edi. Solihabibi ichida zil ketdi, ammo hech narsa demadi. Nevarasining oʻzi xursandchiligining sababini hayajon bilan aytib berdi:
— Dadam qamalganlaridan keyin Toʻlagan boshqa partaga oʻtib olgan edi, aytmovdim sizga. Innaykeyin men bilan oʻynamay qoʻygan edi. Endi baravar boʻldik!..
— Nima qilgan ekan Mirvali? — xayolchan soʻradi Solihabibi.

Tursun yelkasini qisdi.
— Prpiska qilgan boʻlsa kerak, — Oʻzicha xulosa qildi Solihabibi.— Uyidan biron narsa chiqibdimi?
— Bilmadim, — dedi Tursun.
— Ishqilib chiqmasin. — Solihabibi tintuvdan qoʻrqib qolgan edi. — Chiqsa koʻpga kesib yuborishadi. Yur, ovqatingni yeb ol.
— Keyin!

Tursun yana yugurib koʻchaga chiqib ketdi.

Solihabibi: «Hoy! Toʻxta!» deganicha qoldi. Tovoqni qozonga qoʻyib, tuvogʻini yopdi-da, hovliga chiqdi. Toʻlaganlarnikiga borib kelish koʻnglidan oʻtdi, yoʻlak tomon yura-boshladi ham, ammo oʻzini toʻxtatib qoldi. O’gʻlini olib ketishayotgan kun esiga tushdi. Militsionerlar haydamaganda eshikning oldi uyoqda tursin, hovli ham odamga toʻlib ketardi. Hamma narsa odamning yuzida yozugʻlik boʻlar ekan. Buni Solihabibi alam, azob, uyatdan ichini it timdalayotgan boʻlsa ham oʻsha kuni yaqqol koʻrdi. Tintuv boshlanishi bilan oʻz uyiga begona boʻlib qolib, tintuvchilarning yonida soyadek yurar ekan, yer ostidan odamlarga — qoʻni-qoʻshnilari, allaqayoqdan paydo boʻlib qolgan notanish basharalarga yer ostidan qarab qoʻyardi. Shunda bildi, achinganlar bor. Ammo tomoshaga kelganlar koʻproq edi. Ular uchun tintuv qancha choʻzilsa, qancha koʻp narsa chiqsa, shuncha yaxshi edi. Bu istak, bu niyat shunday yuz, koʻzlariga yozib qoʻyilgan edi. Bu ham mayli, harakatlarida ham, shivir-shivirlarining ohangida ham niyatlari aniq edi. Militsionerlar haydaydi, nari turinglar, halaqit bermanglar, deydi, zum oʻtmay avvalgi joylariga qaytib kelishadi, undan ham yaqinroqqa oʻtishga intilishadi.

Shuning uchun oʻzini ushlab qoldi, bormadi. Ammo borishi kerak edi. Dardman odamgina birovning dardini tushunadi, achinadi. Borib, uydagilardan hol-ahvol soʻrashi kerak edi. Mayli, kelini qaytsin, qorongʻi tushsin, shunda oʻtib keladi. Turgʻun qamalganidan beri, oʻzi sezib-sezmay qorongʻini yaxshi koʻradigan boʻlib qolgan edi. Tong saharda turib, tezroq kun botishini tilaydi, zaruratdan koʻchaga chiqmasa, oʻzicha chiqmaydi, uy ichida, hovlida gʻimirlab kunni kech qiladi. Kelini, nevaralari uxlashi bilan oʻrnidan turadi, hovliga tushib oʻgʻli yurgan yoʻllarga tikiladi, koʻchaga chiqadi, qop-qorongʻi onda-sonda fonarlari miltillab turgan qishloq koʻchasida yoʻl poylaydi, yana hovliga qaytib, ayvon zinapoyasiga omonatgina oʻtiradi-da, osmonga qaraydi, yulduzlarga, oyga tikilib kun sanaydi. Yetmishga yetib, u shunday kulfat boshiga tushishini bilmagan edi. Ba’zi-ba’zida Xudodan oʻlim tilab, qoʻllarini choʻzadi, ammo keksalik aql-idroki bilan niyatidan qaytib, qoʻllarini yuziga surtmaydi, aksincha, oʻgʻli eson-omon qaytgunicha, nevaralarini yoʻlga solib olguncha, sogʻlik, quvvat tilaydi. Un uch oydan beri shunday qorongʻi kecha uning maslahatchisi, ovunchi. Kechalarigina u oʻzini odamdek his qiladi, rejalar rejalab chiqadi. Kun tugʻishi bilan yana tunni kutadi.

Kelini namozshom payti Tursun bilan birga kirib keldi.

Solihabibi uning avzoyidan bu galgi safari ham natijasiz boʻlganini sezdi. Buning ustiga Tursun Mirvali voqeasini aytib bergan boʻlsa kerak, kelini uning qoʻliga bolasini tashladi-yu, eshiklarni tars-turs ochib, ichkariga kirib ketdi. Tursun orqasidan bormoqchi edi, Solihabibi toʻxtatdi:
— Opang charchagan, oʻziga kelsin.

Ikkalovi issiqda pishib ketgan, olis yoʻl elitib uxlab qolgan chaqaloqni yechintirib, quruq choyshabiga oʻrashdi. Otasi qamalgandan keyin tugʻilgan, endigina sakkiz oylik boʻlgan bolaga ular otasisiz, oʻzlari ism qoʻyishgan edi. Kichkina Toʻlqin qosh-koʻzlari, burnining kichkina bugri bilan otasiga, buvasiga oʻxshar edi. Solihabibi uning tugʻilganidan qanchalik quvonmasin, dilida unga achinar, otasi qamoqdaligida tugʻilgan, shum qadam, degan gap umr boʻyi unga yopishib qolishidan qoʻrqar, kechalari uxlamay oʻtirgan paytlari Xudoga yolborib, oʻgʻlining tezroq qaytishini, shoʻr peshona nevaralariga baxt, uzoq umr tilardi.

Koʻp oʻtmay Rahima ayvonga chiqdi. Shishgan qovoqlari, chimirilgan qoshlaridan hali asabidan tushmaganligi bilinib turardi. Solihabibi nevarasiga qilgan ovqatni olib keldi, choy qoʻydi. Tursunning ikkala koʻzi opasida edi.
— Muncha tikilasan?! Ovqatingni yesang-chi! — jerkib berdi Rahima. — Ertaga shuyam bormi — Xudo biladi!

U tovoqqa qoʻl uzatdi. Bir burda yogʻliq nonni qotib qolgan tuxumdan ajratdi, tuxumni oʻgʻlining oldiga surib, nonni ogʻziga soldi. Ammo yutolmay chaynalib oʻtirar ekan, qayinonasiga qaradi:
— Haqiqat yoʻq dunyoda oyi. O’gʻlingiz hech kimga kerakmas. Biz ham. Birov kimsan, odammisan demaydi. Nega tugʻdim bularni, oyi? Nega erga tegdim?!

Rahimaning koʻzlariga yosh keldi. Zoʻrgʻa yutinib, yonida yostiq ustida uxlab yotgan Toʻlqinni qoʻliga oldi, bagʻriga bosib, nam koʻzlarini choyshabga surtdi.
— Yigʻlamang opa, — yalindi Tursun.
— O’zingni bos, bolam, — Solihabibi uni yupatdi. — Hechkimga kerak boʻlmasalaring oʻzlaringga keraksizlar, menga keraksizlar. Koʻyvorishmasa qoʻyvorishmas. Sakkiz yil xash-

pash deguncha oʻtib ketadi. Tursuning oʻn beshga toʻladi, tuppa-tuzzuk yigit boʻladi. Ering qaytadi. Ana oʻshanda ikkalamiz toʻrt qavat koʻrpaning ustida oʻtiramiz. Tashvishimiz boʻlmaydi.
— Ovqatlarniyam oʻzim qilaman! — dedi Tursun.

Rahima labining chetida jilmaydi.
— Togʻangga uchrashdingmi?! — uning biroz tinchiganini koʻrib soʻradi Solihabibi.
— Ha, — dedi Rahima. — U kishiga ham bizzi keragimiz yoʻq. U kishigayam biz oʻgʻrimiz, poraxoʻrmiz. Bizdan jirkanadi u kishi. Iloji boʻlsa bizni koʻrmasa!
— Urishib qoldingmi? — Solihabibi xavotir oldi.
— Urishadigan holim bormi, oyi? — istehzo bilan javob qildi Rahima. — Nimamga ishonib urishaman u kishi bilan? Tilanchiman-ku man, oyi!
— Unaqa dema, bolam, — Avvalambor jigaring. Qolaversa, buvang koʻp qarashgan unga. Menam... Menam qarab turmaganman. Uylanganda bir sidra koʻrpa-yastigʻini man qilib berganman. Nima boʻldi oʻzi?
— Birinchi oblsudga bordim, — Oʻziga kelgan Rahima ohista gapira boshladi. — Yozilib qoʻyganimni bilisharkan, ikkinchi ekanman raisning qabuliga. Birinchi gʻazalkentlik chol-kampirlarakan. Xoʻp dedim. Faqat rais bugun har galgidek oʻn birda emas, ikkidan keyin qabul qilarkan. Shoshilinch yuqoriga, majlisga chaqirib qolishibdi. Mayli, dedim, ishqilib qabul qilarkan-ku, dedim ichimda. Pastga tushib, oblsudning oldidagi boqqa oʻtdim. Shoʻtta kutay, dedim-da.
— Togʻangnikiga borsang boʻlmasmidi, issiqda koʻchada oʻtirmay? — soʻradi Solihabibi.

Rahima bir chimirildi-yu, lekin oʻzini tutib oldi:
— Shu paytda u kishi ishda boʻladilar. Ishxonalariga borgani uyaldim. Qoʻlimda bola, qanday boraman? Bogʻda skameyka koʻp, bittasida oʻtirib kutdim. Haligi chol-kampir ham kelib yonimda oʻtirishdi. Bir joyga ish tushgandan keyin yaqin boʻlib qolarkansan odam. Bechoralarga yuragim achidi. O’gʻillari toʻrt yarim yildan beri qamoqda ekan. Uchta bolasi, xotini bor ekan. Esi pas odam gapga qoʻshilib qolgan ekan. Navbati kelib gap beribdi. Xotini yaxshi dasturxon yozibdi. Quyuq-suyuq tortibdi. Oshnalari ketgandan keyin, kayf baland, bechorani tutvolib uribdi, oʻrtoqlarimni yaxshi kutmading, deb. Koʻr boʻlasiz meni bilmasayiz, deb yigʻlabdi xotini. Bilmayman, taloqsan, debdi eri. Uchta bola bilan qayoqqa boraman, undan koʻra, oʻldirib qoʻyaqoling, deb xotin boyaqish mast erining qoʻliga pichoq uzatibdi. Er oʻlgur oʻylab-netib oʻtirmasdan, mast-da, qorniga pichoq solib yuboribdi.
— Voy yashshamagur! — Solihabibi hayron boʻlib keli-niga tikilib qoldi. — O’ldirib qoʻyibdimi?
— Yoʻq, qoʻlini tutib qolgan ekan, yuragiga tegmabdi.
— Voy yashshamagur!

Solihabibining hayrat va gʻazabdan yuzlari choʻzilib ketdi.

Tursun ham opasiga xayron qarab qolgan edi. Ichida adasi qamoqda yotgan boʻlsa ham bunday odam emasligidan, hechmahal u bunday qilmasligidan, opasini yaxshi koʻrishidan xursand edi. Uning koʻz oldida opasi qamoqxonaga olib borgan kun paydo boʻldi. Adasi ozib, rangi ketib qolgan, ilgarigi qoshlarigacha tushib turadigan quyuq qora sochlari olingan edi. Ammo oʻsha-oʻsha, oʻzi bilgan, oʻzi koʻrgan adasi. Uchrashuv xonasiga kirishi bilan uni koʻtarib oldi, yuz-koʻzlaridan, boshidan oʻpdi. Keyin Toʻlqinni qoʻliga oldi. Ana oʻshanda adasi opasi bilan qanday yaxshi gaplashganini koʻrdi. Opasini ham quchoqladi, sekin oʻpdi, qoʻllarini qoʻllariga olib yuziga surtdi. Yoʻq, adasi yaxshi odam, hechmahal bunday qilmaydi, hechkimga pichoq urmaydi.
— Qanchaga kesilibdi?

Buvisining savoli uning xayolini boʻldi.
— Toʻqqiz yilga. Chol-kampir ilgari kelishmagan ekan. Yarmi oʻtgani uchun kelishibdi. Chol juda dono odam ekan. Menga shunday yoqdi, shunday yoqdi! Kampir ham yomon emas. Ammo ancha koʻngli boʻsh ekan. Salga yigʻlaydi. Roʻmolini ikkala uchi jiqqa hoʻl. Ayb oʻgʻlimizda, deydi chol, oʻldirib qoʻyishi mumkin edi. Uchta bolasi yetim qolardi. Qamalgani bir hisobda yomon boʻlmadi. Esini yigʻib oldi. Xotin nimaligini, bola-chaqa, ota-ena nimaligini oʻsha yerda bildi. Tavbasiga tayanib oʻtiribdi hozir. Endi kechirishsin, ayting, dermish. Endi qoʻliga pichoq olgan odam nomard, dermish. Hikoyatning soyasiga salom berib oʻtaman endi, dermish. Hikoyat kelinlari, — tushuntirdi qayinonasiga Rahima. — Yigit kishining tavbasi yangitdan dunyoga kelgani bilan baravar, deydi chol, inobatga olmasligi gunoh. Kelin baraka topkur kechirdi uni, hukumat ham kechirsin, deb keldik, deydi. Kampir nima deydi deng? — Rahima beixtiyor kulib yubordi. — O’gʻlimning qoʻliga kelinni oʻzi pichoq tutqazdi, gunohhi yarmi uni boʻynida, mast odammi qoʻliga pichoq berib boʻlami? — deydi. Toʻrt yarim yil ikkalovi — biri qamoqda, biri uyda baravar azob chekdi. Qoʻshsa toʻqqiz yil boʻladi. Yetadi shu, — deydi. Mundoq qaraganda toʻgʻrimasmi, oyi?

Rahima qandaydir umid va oʻzini yupatish istagi bilan qayinonasiga qaradi. Solihabibi uning niyatini sezdi.
— Toʻgʻri, bolam. Kampir toʻgʻri gapiribdi. Er-xotinning orasida nima oʻtmaydi? Erning azobi — xotinning azobi. Kelin erining gunohidan oʻtib yaxshi qilibdi. Yaxshi juvon ekan. Senam koʻp ezilaverma. Ajab emas Turgʻunboyam tez qaytsa!
— Koshkiydi?.. — Rahima yana jiddiylashdi, quyuq qora qoshlari chimirilib, lablari titray boshladi.
— Sud nima dedi? — uning xayolini boʻldi Solihabibi.
— Nima derdi?! Yana oʻsha gap. — Rahima xayolchan javob berdi. — Chol-kampir kirib chiqqandan keyin kirdim. Qovoq-tumshugʻi osilib oʻtiribdi raisni. Biladi nimaga kelganimni. Koʻrishiminan oʻzi gapirib ketdi. Paxta boʻyicha qamalganlarni boshqatdan koʻrib chiqishayapti. Eringizga ham navbat keladi. Sabr qiling. Lekin hech narsa va’da berolmayman, dedi. Aybini boʻyniga olgan, dedi. Shuni inobatga olishsin, ikkinchi qilmaydi, bolalariga, menga rahmingiz kelsin, dedim. Yigʻladim. Parvoyi palak. Bez boʻlib oʻtiraverdi. Shu tob Toʻlqin bigʻillab yigʻlab berdi. Ovitay deyman, bagʻrimga bosaman, qani endi tinsa! O’zimmi bosolmay soʻradim. Qanday bagʻritosh odamsiz, ayting, nima qilay? Qoʻlidagi qalamini oʻynab manga tikilib turdi-da, keyin oʻrnidan turib yonimga keldi. Xafa boʻlmang, dedi, rostini aytay. Eringizning ishida oʻzgarish boʻlmaydi, dedi. Muz boʻb ketdim. Bilardim shundoq deyishini. Ammo shundoq deydi, deb oʻylamagan edim. Oyi! Bu qandoq koʻrgilik?! Sakkiz yil sakkiz kun emas, chidolmayman oyi, chidolmayman!...

Rahima yigʻlab yubordi. Unga qoʻshilib, allaqachon uygʻonib ketgan, koʻzlarini shiftga qadab yotgan chaqaloq ham yigʻlay boshladi, Rahima beixtiyor uni bagʻriga bosdi, allalab tebrana boshladi, lekin anchagacha oʻzi ham, bola ham yigʻidan tinishmadi. Solihabibining yupatishlari, Tursunning yalinishlari kor qilmadi.

Tun kirdi. Yulduzlar charaqlay boshladi. Haligina oqarib turgan oy sariq xandalaqdek toʻlishib qoʻshni tom ustiga keldi. Shabboda ayvonni aylanib esa boshladi. Tungi salqin ta’sir qildimi, yo charchadimi, Toʻlqin onasining qoʻlida uxlab qoldi. Rahima ham oʻziga kelgandek boʻldi. Bolasini yoniga yotqizib oʻrin solgani turdi. Tursun xontaxtaga boshini qoʻyganicha mudrab oʻtirar edi. Uni joyiga yotqizdi. Kiyimlarini yechar ekan, yuz-koʻzlaridan oʻpdi. Keyin togʻasini koʻrganini aytib berdi. Uni ham tasodifan uchratibdi. Uyga ovqatlangani kelgan ekan. Kelinoyisining ensasi qotsa ham indamay gaplashtiribdi. Togʻasi yanagi haftaga bir kelib ket, surishtirib koʻraman, debdi.

Solihabibi kelinining birmuncha tinchiganidan xursand boʻlib, hovliga tushdi. Eshikdan xabar olib, vodoprovod tagida tahorat qildi. Ayvonga koʻtarilar ekan, bir pas quloq soldi, uy jimjit edi. Kelinini yotibdi deb oʻyladi u. «Bechora, qanday quvnoq edi, xayolidan oʻtdi uning, kulgisidan dil yashnardi, bir yilda toʻkildi-qoʻydi, sochigayam oq tushibdi. Koʻrdimikan oʻzi? Koʻrsa yana eziladi».

Rahima u qaytguncha ayvonning biqiniga oʻrnini solib qoʻyibdi. Koʻrpa ustiga chuzildi. Shu tob ichkaridan ichki oq koʻylagini kiygan Rahima chiqdi.
— Ha, bolam? — soʻradi Solihabibi.
— Yuvinmoqchiman, — dedi Rahima. — Ichim yonib ketayapti.
— Qarashvoraymi? — Solihabibi boshini koʻtardi.
— Yoʻq, oʻzim. Shunday, vodoprovodning tagiga oʻtiraman.

Rahima oyoq yalang hovliga tushib ketdi.

Koʻp oʻtmay Solihabibi suvning sharqirab ochilganini, kelinining avval seskanib, keyin huzur qilib, hammayoqqa suv sachratib yuvinayotganini eshitdi. «Nimani koʻrdi bechora, — xayolidan oʻtdi uning. — Shundoq quvnab-yashnab yashashi oʻrniga, boshi tashvishdan chiqmay qoldi».

Rahima qayinonasini bezovta qilgisi kelmadimi, yo uyaldimi, oyoq uchida ayvonga chiqdi. Solihabibi beixtiyor unga tikilib qoldi, kelinini xushbichimligini bilardi, ammo anchagina koʻhlik ekan. Boʻyi baland, sarvdek tikka ekan. Sochlari ham uzun ekan. Shunday yoyilib beligacha tushib turibdi. Nozik badaniga taram-taram boʻlib yopishgan jiqqa hoʻl koʻylagidan chak-chak tomayotgan suv tomchilaridan bir tomchisi sachrab Solihabibining labiga tushdi. Bahor nafasi, binafshaningmi, yalpizningmi yoqimli isi dimogʻiga urilgandek boʻlib ketdi. «Ishqilib baxti ochilib ketsin», — yashin tezligida xayolidan oʻtkazdi Solihabibi.

Rahima ichkariga kirib ketdi.

«Ishqilib baxti ochilib ketsin», — dedi yana ichida Sdlihabibi. Keyingi paytlarda u oʻgʻlidan ham koʻra koʻproq kelinini oʻylaydigan boʻlib qolgan edi. Birovning bolasi, yakka yolgʻiz qizi. Unikiga kelib, kelin tushib, nima koʻrdi? Endi biri ikki boʻlay deganda yosh boshi bilan tashvishga qoldi. Tagʻin ham fil ekan, kasal-pasal boʻlib, yotib qolsa nima boʻladi? Bolalarining holi nima kechadi?

Solihabibi shunday ogʻir xayollar bilan yotar ekan, tun yarimlab qolganini sezmadi. Ammo uning hamon uyqusi kelmasdi. Hammayoq jimjit. Osmon tinch, yulduzlar tinch. Tom orqalab yurgan oy tikkaga koʻtarilgan. Faqat olisda, qishloqning oldidagi katta yoʻl tomondan itlarning vovullagani, paxsa devorlarning kovaklaridan chigirtkalarning chirqillagani onda-sonda quloqqa chalinardi. Boshqa hamma narsa, bor tirik jon tin olayapti, uyquda. Hammamikan? Bugundan boshlab qishloqning yana bir uyida tinchlik yoʻqoldi. Mirvalilarnikida. Kelini ogʻiz ochmadi bu haqda. Uning ham gapirgisi kelmadi. Yaraga tuz sepib nima qiladi? Beayb parvardigor. Lekin nahotki shuncha odam aybdor boʻlsa? Shuncha odam harom yashasa? Said oqsoqol oʻn sakkiz ming, dedi. Nahotki oʻn sakkiz ming kishidan insof, diyonat ketgan boʻlsa?

Ichkari uyning eshigi sekin ochilib, Rahima paydo boʻldi.
— Oyi? — chaqirdi u boʻgʻiq ovozda.

Solihabibi nima qilishini bilmay qoldi. Ha desa, yana uxlamayapsizmi, deb xafa boʻladi. Indamasa, dardini yozolmay tonggacha ezilib chiqadi. Yaxshisi, indamagani ma’qul. Yotsin, birpas bolaboyaqish dam olsin. Shunday qildi, ovoz bermadi.

Rahima oyoq uchida hovliga tushdi. Solihabibi koʻzlarini ochdi. Shaharga kiyib tushgan tovar koʻylagini kiyib olgan kelini ogʻilxona tomon yurib borardi. Kechasi hovliga chiqib yuradigan odati yoʻq edi uning, qoʻrqardi. Qorni ochdimikan? Qozonda hech vaqo yoʻq-ku?! Solihabibi boshini koʻtardi. Rahima oʻchoqboshiga kirmadi, birpas eshik oldida turdi-da, devordagi qozikda osigʻliq turgan arqonni oldi. Keyin qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Shaftoli shoxlari toʻsib turgan ogʻilxona eshigi «gʻiyq» etib ochilib-yopilgani eshitildi. Solihabibining yuragi orqasiga tortib ketdi. Dahshatli gumon xayolidan oʻtdi. «Rahima!» deb qichqirdi. Lekin qoʻrquv va hayajondan ovozi chiqmadi. Shoshib oʻrnidan turdi-da, ayvondan qanday tushganini bilmay ogʻilxonaga yugurdi. Eshikni ochganda, Rahima gʻisht oxurning ustiga chiqib, boʻyniga sirtmoq solayotgan edi.

Solihabibi «Hoy!» dedi-yu, yugurib borib, qoʻllariga chang soldi.
— Nima qilayapsan, ahmoq?!

Rahima boʻshashib oxurga oʻtirdi.
— Jinni boʻldingmi? — qichqirdi yana uni yelkalaridan silkitib Solihabibi. — Bollarni oʻylamadingmi? Manda nima kasding bor? Sharmanda qilmoqchimisan hammamizzi?!
— Toʻydim, — Rahimaning ovozida na alam bor edi, na gʻazab. — Toʻydim, oyi. Hamma mendan yuz oʻgirdi. Ertaga bolaga nima beraman? Ishga chiqay desam, Toʻlqinni qayoqqa qoʻyaman? O’gʻliz hali-veri qaytmaydi. Nima qilay? O’zimmi bozorga solaymi?

Solihabibi uning yoniga oʻtirdi. Yelkalaridan quchoqlab, bagʻriga tortdi.
— Bolajonim! Shoʻrpeshonam! Qoʻy, oʻziyni bos. Ikkita kap-katta xotin joʻjadek bollarni boqolmaymizmi? Boqamiz. Qoʻgʻirchoqdek yasatib ham qoʻyamiz. Sabr qil, bolam, sabr qil. Oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ. Odam boshidan nimalar oʻtmaydi? Otilib ketganlarning ham bola-chaqasi yuribdi. Innaykeyin sanda nima gunoh? Nimangdan uyalasan? Parishtaning oʻzisan. Ering qaytadi. Undan uyalayotgan boʻlsang, men onasiman, bilib qoʻy. Unda gunoh yoʻq. Uning boshini aylantirishgan. Bir balolarni va’da qilishgan, yo qoʻrqitishgan. Ochiladi bu hali. Tinch boʻl, bolam. Ikkinchi bunaqa ish qilma. Qani, manga qara-chi? Manga qara!

Solihabibi kelinning boshidan, yuzlaridan silab, oʻziga qaratdi.
— Oppogʻim! Begʻuborginam!..

Shu alpozda ular bir-birlariga suyanib oxur ustida oʻtirishganicha tong ota boshlaganini sezishmadi. Rahima kampirni ayasa, Solihabibi uni uydami, shu yerdami, yolgʻiz qoldirishdan qoʻrqdi.

Tong otib, qishloqdan chiqaverishdagi bozorchadan Solihabibi bir tovoq qaymoq va ikkita issiq non olib kelgan-da, Rahima goʻyo hech narsa boʻlmagandek koʻylagining etagini lippasiga qistirib, hovli supurardi.
— Muncha erta turmasang, bolam? Hovliyam chinnidek edi!

Rahima boshini koʻtarmadi:
— Kun isiydiganga oʻxshaydi. Uyning ichi yonayapti. Uxlolmadim. Qalin qilib suv sepmoqchiman.

U nimanidir xirgoyi qilaboshladi. Keyin birdan toʻxtadi:
— Oyi! Togʻam harakat qilarmikanlar?
— Nega harakat qilmasakan? Jigaring-ku! Qiladi, — ayvonda dasturxon yozaboshlagan Solihabibi keliniga oʻgirildi. — Turgʻunni u yaxshi koʻrardi. Ishi chiqib qolsa hovlisida, chaqirib turardi. Harakat qiladi.

U shunday dedi-yu, oʻz gapiga oʻzi ishonmayotganini sezdi. Turgʻunni olib ketishgan kuni oʻzi borib keldi jiyaninikiga. Keyin ikki marta Rahima bordi, kecha mana, yana kirib kelibdi. Ammo Toshkentda kattakon ishdagi jiyanidan aniq gap eshitgani yoʻq. Nahotki shunchalik bemehr boʻlsa? Yo u ham qoʻrqayotganmikan? Nimadan qoʻrqadi? Turgʻunda ayb yoʻq. Aybi boshligʻining aytganini qilgani. O’ziga nima olibdi? Tintuvda chiqardi olgan boʻlsa? Innaykeyin u, yo boʻlmasa kelini bilardi olgan narsasini. Buning ustiga, uyiga harom narsa, oʻgʻirlik narsa keltirarmidi?! O’zi boradi, oʻzi borib, gaplashadi. Solihabibi minnat qiladigan odamlardan emas. Innaykeyin, tugʻishgan akasi, qoni bir odamning bolasidan minnat qilarmidi?! Adhambek urushda bedarak ketgandan keyin er-xotin topishganini ukasining oilasi bilan boʻlib yeyishdi. Ravshanbek buni yaxshi biladi. O’zi gapirgan necha marta. Nahotki, boshlariga shunday ogʻir tashvish tushganda, oʻzini chetga olsa?

Bugunoq boradi, nonushta qiladi-yu, joʻnaydi.

Shu fikr miyasiga kelib, Solihabibi ancha yengil tortdi, tungi dahshatli voqeani unutdi. Kelini oldiga non ushatib qoʻyar ekan, yana uni oʻzicha yupatdi:
— Xudo poshsho, bolam. Hech mahal bandasini zor qilib qoʻymaydi. Choyingni ichib boʻlib, manga kichkina chelakda pomidor terib ber. Tursunboyni yasantir.
— Nima qilmoqchisiz?

Rahima hayron boʻldi.
— Shaharga tushib chiqaman, — Solihabibi gap qaytarib boʻlmaydigan, qat’iy ohangda gapirdi. — Ravshanbekka oʻzim uchrashib kelaman...

Qoraqishloq Yangiyoʻlning shunday biqinida. Ellik yil muqaddam Andijonning Naymanchasidan quloq qilinganlar shu, Toshkentning yuqorisidagi, Sariogʻochga tutash tashlandiq joyga koʻchib kelishgan. Ular orasida Solihabibining otasi Hamrobek aka ham bor edi. Soliha oʻshanda xuddi Tursundek yosh, endigina toʻqqizga kirgan, Ravshanbek hali tugʻilmagan edi. Urush boshlanishidan bir oy burun uni uzatishdi. Eri Obidjon urushga ketdi. Solihabibi u yillarni eslashni yomon koʻrardi. Ketma-ket otasini, onasini koʻmdi. Buning ustiga hali tanib-bilib ulgurmagan erining xonadoniga kulfat tushdi. Qayinotasi ham urushga ketib, yil oʻtmay halok boʻldi. Ikki oilaning tashvishi uning yelkasiga tushdi. O’qishni tashlab, fermaga ishga kirdi. Qorongʻida ketib, qorongʻuda qaytadi. Qaytganida ham tinchlik yoʻq, kechasi bilan kiyim tikadi. Yengsiz paxtalik nimchani oʻsha yillari u oʻylab topdi. Qoʻshni qishloqlardan kelib buyurib ketishadi, Qoraqishloqning yarmi qishni uning shu paxtalik nimchalarida oʻtkazadigan boʻldi.

Obidjon bir qoʻlidan ajrab urushdan qaytgan yili Kalinin oʻldi-yu, Qoraqishloqqa uning nomi berildi. Lekin haligacha qari ham, yosh ham bu nomga koʻnikkani yoʻq. Rasmiy qogʻozlardagina yoziladi, xolos. Ogʻizda hamma Qoraqishloq deydi. Butun vodiyga dongʻi ketgan Naymanchaning qora anjiri bu yerda ham bitadigan boʻlganidanmi, yo quloq qilingan qora kunlardan xotirami, yo urush yillari qora xat koʻp kelgandanmi, hechkim aniq bilmaydi, bu tashlandiq joy Qoraqishloq boʻlib ketdi, hamma shunga oʻrganib ham ketdi.

Obidjon kolxozga ishga kirdi, xotini bilan fermada ishlay boshladi, keyin mudirlik qildi. Uchinchi farzandlari, Turgʻunboy tugʻilganda (oldingi ikkitasi turmadi, qizamiqdan oʻlib ketishdi) Obidjon fermada edi. Xushxabarni eshitishi bilan otga minib, uyga joʻnadi. Qattiq hayajonga tushib koʻrmay qoldimi yoki ot hurkdimi, temir yoʻldan oʻtayotganda poezd urib yubordi. Ot omon qoldi, toʻrt yillik dahshatli urushdan oʻtib kelgan odam esa uyining oldida jon berdi. Solihabibining eng katta alami shu edi. Otasi singari, koʻpchilik tengqurlari singari urushda halok boʻlganida bunchalik alam qilmasdi. Omon qaytsa-da, pishqirib kelayotgan poezdni koʻrmay, uning tagida qolib oʻlsa?! Bundan ham qattiq alam, dard boʻlishi mumkinmi?

Otasining yettisi kuni, chaqaloqqa Turgʻun deb ism qoʻyishdi. O’shanda Solihabibi oʻttiz uch yoshda edi. Turmush qurmadi, ne-ne joylardan sovchilar keldi, yoʻq dedi. Bitta bola bilan qoldi. Mana endi shu bolani deb, shaharga ketayapti. Akasining oʻgʻli Ravshanbek shaharda oʻqib, shaharda qolib ketdi. Uch-toʻrt yildan beri ministr oʻrinbosari boʻlib ishlaydi. Nimjon, kasalmand bola edi, otasiga ikkita keladigan boʻlib ketgan. Solihabibi uni yaxshi koʻrardi, bolaligida koʻtarardi, katta ariqda oyoqlaridan, qoʻllaridan ushlab, choʻmiltirardi. Obidjon ham «godovoy» chiqqanida, bir arava-bir arava sabzi, piyoz qilib tashlab kelardi. Nahotki shularni unutgan boʻlsa? Ammo odam bolasini bilish qiyin. Ichiga kirib boʻlmasa! Davlat kelib, aqli ketganlar, bosar-tusarini bilolmay, bu dunyoga omonat ekanlarini unutganlar oz emas. Keliniga juda qat’iy gapirsa ham, Solihabibining dilida shunday shubha gʻimirlab turardi. Turgʻun kesilganidan beri Ravshanbek tayinli bir gapni ularga va’da qilgani yoʻq.

Shaharga tushishidan, tagʻin buvisi bilan tushishidan Tursun ham xursand edi.
— Oyi, adamlarniyam koʻramizmi?
— Koʻrsatsa, — dedi Solihabibi. — Koʻrsatmasa, opang bilan tushganingda koʻrasan.
— Oyi! Toʻlaganniyam adasi poraxoʻrmi? — soʻradi Tursun.
— Qaydam? — ikkilanib javob qildi Solihabibi. — Pora olganmi, pora berganmi, bilmayman. Ikkaloviyam bir goʻr. Gunoh. Toʻxta! — hushyor tortdi birdan u. — Toʻlaganniyam adasi, deganing nimasi? Adangni poraxoʻr deb oʻylayapsanmi?

Tursun uyalib boshini qimirlatdi.
— Yoʻq, adang poraxoʻr emas. Poraxoʻrlarni pichogʻi moy ustida boʻladi. Adang labarant edi. Labarantda nima boʻlardi? Adangni aldashgan. Manavini xoʻjayinizga berib qoʻying, deyishgan. Adangam bu gazetaga oʻrogʻliq narsa nima ekan, deb surishtirmay-netmay olib qolgan. Xoʻjayiniga berguncha milisa bosgan. Adangni gunohi shu. Adang poraxoʻrmas, oʻgʻriyammas.

Solihabibi ishonch bilan gapirdi. Nevarasini ham, oʻzini ham u aldashni istamasdi. Agar oʻgʻli chindan pora olganida bunday demasdi. Yolgʻon ham poraxoʻrliqdan battar gunoh. Rostini aytardi, nevarasini boshqa gaplar bilan ovutardi, boshqacha nasihat berardi. Ammo oʻgʻli faqat unga emas, sudda ham shunday dedi, qogʻozga oʻrogʻlik narsa pulligini bilganimda, poraligini bilganimda olmas edim, dedi. Sud ishonmadi. Nega u, ona, oʻz bolasiga ishonmas ekan? Innaykeyin shunday ogʻir paytda bola onasini aldarmidi?!
— Katta boʻlsam, man hecham buxgalter boʻlmayman, laborantam boʻlmayman.

Uning xayolini boʻldi Tursun.
— Toʻgʻri qilasan, — ma’qulladi Solihabibi. — Olim boʻgin, yo doʻxtir boʻgin. Olimlar har xil kitoblar yozishadi, odamlarni yaxshilikka oʻrgatishadi. Doʻxtirlar shifo keltiradi. Yoshu qarining duosini oladi. Pora nimaligini bilmaydi. Kim boʻlasan? Doʻxtir boʻlasanmi?
— Mayli, doʻxtir boʻlaman, — buvisini xafa qilgisi kelmay rozi boʻldi Tursun. — Tish doʻxtiri boʻlaman. Anavi gʻit-gʻit mashina bilan Toʻlaganni adabini beraman.
— Undogʻ dema, qoʻy, — Solihabibi nevarasini yomon niyatidan qaytardi. — Bechora bola adabini yeb oʻtiribdi otasi qamalib. Seni mazax qilmaydi endi.

Ular shunday gaplar bilan katta koʻchaga chiqaverishdagi tolzorga yetishdi. Avtobusning soʻnggi bekati shu yerda, choyxona roʻparasida edi.

Solihabibi qoʻlidagi usti doka bilan yopilgan chelakni yerga qoʻyib, qaddini rostladi. U ham nevarasi kabi birdan qaror qilib, shaharga tushayotganidan xursand edi. Har holda bir gap topib keladi, xotiri jam boʻladi. Kelinidan ham koʻngli tinch edi. Yomon fikr odamning xayoliga kechasi keladi, qorongʻida keladi. U esa qorongʻi tushguncha qaytadi.

Choyxona tomonda yoz boʻlishiga qaramay, koʻk movut chakmon kiyib olgan bir chol koʻrindi. U hassaga tayanib bitta-bitta yurib keladi. Solihabibi tanidi. Qishloq mutavvalisi Saidoqsoqol edi. Aytishlaricha, dinga qarshi yurish avjiga chiqqan yillari Shirinsoydagi machitni buzishga qaror qilishibdi. Ammo hech kimning yuragi dov bermabdi. Shunda yaqinda komsomolga oʻtgan Said machitning tomiga chiqib birinchi ketmon urgan ekan. O’shandan koʻp oʻtmay oʻng tarafi, yuzidan oyogʻigacha qotib qolgan. Ne-ne doktorlar koʻrmadi. Qoʻli, oyogʻi harakatga keldi-yu, ammo yuzi qotganicha qoldi. Shundan boʻlsa kerak, xalq uni orqasidan Saidqiyshiq ham deydi. Anchagina oʻqimishli boʻlganidan, va’zxonligidan uzoq yil qishloq kengashida ishladi. Urush yillari xalq uning gunohidan oʻtib mutavvali qilib qoʻydi. Shu-shu biron ma’raka usiz oʻtmaydi, kattalar qatori uyning toʻri uniki. Obid akaning yiligacha hamma ma’rakalarida oʻzi bosh boʻlib turdi, Turgʻun qamalgandan keyin ham bir necha marta kelib hol soʻrab ketdi.
— Ha, chevar, yoʻl boʻlsin? Shahargami? — soʻradi yaqinlashganda.
— Shundoq, — Solihabibi iymanib javob qildi, xayrli ishga ketayotib birinchi koʻrgan odami Saidoqsoqol boʻlganidan, yaxshilikkamikan, yomonlikkamikan, bilolmay xavotirlandi. — Aylanib kelaylik ona-bola.
— Toʻgʻri qilasiz, chevar, — Saidoqsoqol toʻxtadi. — Koʻrgan eshitgandan ma’qul. Turgʻunboyga salom ayting. Sabr qilsin. Yaxshi ishlasin. Yaxshi ishlaganga bir kun uch kunga oʻtarmish.
— Koʻrsatadimi, koʻrsatmaydimi, bilmayman, — javob qildi Solihabibi. — Bugun koʻrsatadigan kunimas.
— Koʻrsatadi! Shunday pahlavon bilan borasiz-ku, koʻrsatmaydimi?!

Saidoqsoqol Tursunning boshidan siladi. Avtobus keldi. Solihabibi chelakni qoʻliga oldi.
— Salomni unutmang, chevar! — bir yuzi bilan jilmayib qichqirdi Saidoqsoqol. Solihabibi nevarasini mashinaga chiqarish bilan ovora edi, indamadi.

Bir yarim soat chamasi har yer-har yerda toʻxtab, avtobus ularni Oloy bozoriga olib keldi. Shu yerdan u orqaga qaytardi. Solihabibi bir koʻlida chelak, bir qoʻli bilan nevarasini mahkam ushlaganicha avtobusdan tushdi. Jiyaniga uchrashish zarurligini tushunsa ham avval turmaga borishga qaror qildi. Bozor darvozasidan sal narida tramvay toʻxtardi. Shu yoqqa yurdi. Tursun uning niyatini sezdi.
— Adamlarni koʻramizmi oldin? — soʻradi u quvonib.
— Boraylikchi, bolam. Zora koʻrsatsa!.. Solihabibi buyogʻiga yoʻlni yaxshi bilardi.

Turgʻunni suddan keyin toʻgʻri shu yoqqa olib kelishganda, orqama-orqa u ham kelgan edi. Sud hukmini yaxshi eshitgan boʻlsa ham, oʻgʻlining qamalganiga ishonmay, uch kun turma oldida qolib ketdi. Goʻyo xato tuzaladi-yu, Turgʻun mana, hozir boʻshab chiqadi! Qorni och chiqadi hoynahoy. U shu fikr bilan uch kun turmadan bozorga, bozordan turmaga qatnab issiq-issiq narsalar olib kelib oʻtirdi. Ammo turmaning besoʻnaqay temir darvozasi uning oʻgʻliga ochilmadi.

Tramvay tez keldi. Odam kam edi. Ikkalovlari yumshoq kursilarda oʻtirib turmaga yetib borishdi. Ammo orzulari ushalmadi. Solihabibi qancha iltimos qilmasin, ichkariga kiritishmadi. Pogoniga qoʻsh yulduz taqqan oʻgʻli tengi yosh militsioner chiqib, hatto koyib berdi. Mumkin emas, dedi. Yakshanba kuni kelinglar, dedi. Tursun yigʻlab jon amaki, deb yalinsa ham koʻnmadi, haqqim yoʻq, dedi.

Suvi qurigan ariq labida, qovjiragan oʻt ustida ketolmay oʻtirishar ekan, Tursun baland temir darvozaga sim-simdek taraq-turiq qilib har ochilganda qizargan koʻzlarini moʻltiratib qarar, ichkariga kirib ketayotgan usti berk mashinalar ortidan yugurgisi, dadasining boʻyniga yopishib: «Ada! Sizni judayam sogʻindim, tezroq uyga qayting!» degisi kelardi. Ertalab onasi kiyintirayotganda ham, avtobusda kelishayotganida ham dadasiga aytadigan koʻp gaplarni oʻylab qoʻygan edi, arifmetikadan oxirgi chorakka besh olganini, sinf rahbari uni maqtab, hammaga oʻrnak qilib koʻrsatganini aytmoqchi edi, yana ancha oʻylagan gaplari bor edi, hammasi ichida qoldi.
— Xafa boʻlma, bolam, — yupatdi uni Solihabibi. — Otdix kuni opang bilan kelasan, koʻrasan adangni. Bularga ham qiyin, har kim xohlagan kuni kelaversa, turma turma boʻladimi? Tartib boʻlishi kerak, ayniqsa shunaqa joyda. Kelasanmi otdix kuni?

Tursun yoshga toʻlib turgan koʻzlarini mushtlari bilan artib, boshini qimirlatdi.
— Xafa boʻlma. O’zim chetlariga gul solib patir non yopib beraman. Adang patir nonni yaxshi koʻradi. Sanam yaxshi koʻrasan-a? — Tursun yana boshini silkitdi. — O’rgulay sandan, qoqindigʻim. Chanqamadingmi? Chanqagan boʻlsang, gaz suv oberaman. Qanaqasini oberay? Qizil suvmi, yo sariq suvmi?
— Qizil, — dedi oʻpkasi toʻlib Tursun va birdan oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi.

Solihabibi uni oʻziga tortib, bagʻriga bosdi. Yelkalaridan, bosh-koʻzidan silab, oʻpdi. Tursun anchagacha oʻziga kelolmay, boʻgʻilib-boʻgʻilib yigʻladi-da, charchadimi, yo buvisining erkalagani elitdimi, uxlab qoldi...

Kun tikkaga kelganda, ular qarindoshlarinikiga yetib borishdi. Hayvonot bogʻiga yaqin sokin va salqin koʻchadagi eshiklari ham hovliga, ham koʻchaga chiqadigan toʻrt qavatli gʻisht uyning keng zinalaridan koʻtarilishar ekan, Tursun xavotir olib, soʻradi:
— Uyda hech kim boʻlmasa-ya, oyi?
— Unda hayvonot bogʻiga olib kiraman sani, — dedi Solihabibi yuragi gʻulgʻulaga tushib. — Uzoqmas, hov ana, koʻchaning oxirida.
— Bilaman, opam olib tushganlar. Togʻammi koʻrganimiz yaxshi.

Tursun yugurib uchinchi qavatga koʻtarildi va tanish eshikning qoʻngʻirogʻini bosdi. Allambalo muzika chalinib boʻlishi bilan eshik ochildi.
— Voy, Tursunmisan?
— Assalomalaykum!

Tursun uzun gulli xalat kiyib olgan xush tabiat ayolga qoʻlini uzatdi. Ayol uni quchoqlab, peshonasidan oʻpdi.
— Kim bilan kelding? Opang qani?

Tursun javob berib ulgurmadi, pastdan buvisining ovozi keldi:
— Zumradxon! Man keldim, bolam!..

Ular quyuq koʻrishishdi. Ichkariga kirishganda, Tursun kelinoyisiga yaxshi koʻringisi keldimi, yo ochiq chehra bilan kutib olganidan xursand boʻlib ketdimi, shoshib buvisining qoʻlidagi chelakni koʻrsatdi:
— Biz sizga pomildori olib keldik. Dorisi yoʻq. Oyim oʻzlari ekkanlar! Qarang!
— Voy, oyingdan aylanay! Ovora boʻlib nima qilardinglar shu issiqda?

Zumradxon shunday dedi-yu, Tursun bilan birga Solihabibining qoʻlidan chelakni olib, ustini yechdi.
— Muncha chiroylik?!
— Mazasini ayting, bolam, mazasini! — Solihabibi ham kelinning chehrasi yorishib turganidan yengil tortib gapga aralashdi. — Shakar, shakar!..

Zumradxon bir xil, qip-qizil olma nav pomidordan bittasini olib hidladi.
— Hidiyam boshqacha! — maqtadi u va ichkari xonalardan biriga kirib, bir hovuch zar qogʻozli konfet olib chiqdi-da, Tursunning qoʻllariga soldi. — Katta yigit boʻlib ketibsan-ku, Tursun?!

Tursun uyalib jilmaydi.

Fotihadan soʻng Zumradxon dasturxon yozayotgan edi, Solihabibi toʻxtatmoqchi boʻldi.
— Birrov koʻrgani keldik. Ovora boʻlmang, bolam. Ravshanbek yaxshi yuribdimi?
— Yaxshilar, rahmat. — Kelin baribir dasturxon tuzadi, non, qand-qurs olib kelib qoʻydi. — E, opa, uzzu kun ishdalar. Shanba yoʻq, otdix yoʻq, uzilib qolasiz bunaqada, sal oʻzingizga qarang, deyman. U kishini bilasiz-ku, onalari ishga tuqqan. Hammaning ishi, tashvishi u kishining boshida. Ministr bor, boshqa oʻrinbosarlar ham bor-ku, deyman jahlim chiqib. Yoʻq, oʻz bilganlaridan qolmaydilar. Koshki odamlar qadriga yetsa, yetmaydi.

Solihabibi Zumradxonning gap orasida gap qistirib ketish odatlarini bilardi, hozir ham uning nima demoqchiligini sezdi, lekin boshqa iloji yoʻq edi, shuning uchun maqsadga oʻtaqoldi.
— Baraka topsin Ravshanbek. Hojat chiqarish ota kasbi. Birovlar qadriga yetmasa yetmas. O’zi xursand boʻlsa boʻldi. Bolam, manam Turgʻunboyni gaplashib kelay, deb keldim. Nima derkin, nima yordam berarkin... Yildan oshdi, hech oʻzgarish yoʻq.
— Turgʻunni yaxshi koʻradilar jiyaniz. Qoʻllaridan kelganini qiladilar.

Zumradxon shunday deb, burchakda, televizor ustida turgan telefonni oldi.
— Rahmat, baraka toping, bolam.

Solihabibi roʻmoli uchi bilan namlangan koʻzlarini artdi.
— Ravshan aka? Menman, ha, — Zumradxon unga e’tibor bermay, trubkaga gapirdi. — Tinchlik. Solxapam kelganlar. Gaplari bor ekan sizda. Kelasizmi? Osh qilib turaman. Labbay?

Solihabibi unga iltijo bilan tikildi. Zumradxon telefonni joyiga qoʻydi.
— Obedga keladilar. Xursand boʻlib ketdilar kelganingizni eshitib.
— Baraka topsin Ravshanbek. — Solihabibi duo qilib, qoʻllarini yuziga surtdi va kelinning oʻrnidan turganini koʻrib, qoʻshib qoʻydi. — Bizani oʻylayotgan boʻlsangiz ovora boʻlmang, bolam.
— Ovorasi bor ekanmi! Innaykeyin tuzukroq ovqat yedirmasam boʻlmaydi jiyanizga. Och qolib ketadilar, hech oʻzlarini oʻylamaydilar.

Zumradxon oshxonaga yoʻl oldi, nimadir esiga tushib qaytdi-da, televizorni qoʻydi.
— Zerikmanglar. Men darrov.

Tursun oʻzida yoʻq shod edi. Yeyishga uyalib, zarhal qogʻozlarga oʻralgan konfetlarni stol ustiga goh unday, goh bunday taxlab oʻynar ekan, sevinchini yashirolmay buvisiga qaradi. Uning bu qarashida ham havas, ham shunday qarindoshlari, shunday chiroyli, kelishgan, muloyim kelinoyisi borligiga gʻurur yozugʻlik edi. Solihabibi jilmayib qoʻydi. Televizorda qandaydir film ketayotgan edi. Koʻzlari ekranda boʻlsa ham, ammo hech narsa koʻrishmadi, ikkalovi oʻz xayollari bilan band edi. Tursunning boyagi, qamoqxona oldidagi alamlaridan asar qolmagan, kelinoyisining muomalasidan semirib, togʻasi keladi-yu, bitta telefon qilishi bilan adasini qoʻyib yuborishadigandek yashirib boʻlmaydigan sabrsiz hayajon ichida oʻtirardi. Solihabibi ham birdan-bir umidi Ravshanbek bilan uchrashishga muyassar boʻlganidan ancha oʻziga kelgan, nevarasi oldida juda boʻlmaganda bitta ishi amalga oshganidan koʻngli taskin topgan edi. «Harholda qarindosh-ku, — Oʻylardi u jiyanini. — Harakat qilar. Kelin tushmagur hech kim qadriga yetmaydi, deydi. Yoʻq, yaxshi odam koʻp dunyoda. Qadriga yetadi. Harakat qilsa, Turgʻuni chiqsa, boshiga koʻtaradi ikkalovini, soyasiga salom berib oʻtadi».

Dam yeyayotgan gurunchning yoqimli isi dimoqqa urildi.
— Xursandmisan, bolam? — soʻradi Solihabibi nevarasidan.

Tursun ogʻzi qulogʻiga yetib jilmaydi.

Ravshanbek kelib, ikkalovi bilan quyuq koʻrishdi, Tursunni hatto dast koʻtarib, peshonasidan oʻpdi. Osh kelguncha gap bermay, hammani bir-bir soʻrab chiqdi. Solihabibi uning koʻnglini olish uchun ichini it timdalayotgan boʻlsa ham niyatiga oʻtmay, hamma savollariga toqat bilan, hatto keragidan ham ziyod, bafurja javob berdi, Zumradxon qip-qizil, har bitta gurunchi dona-dona boʻlib yaltirab turgan osh olib kelganida ham oʻz gapiga oʻtmadi.
— Achichuvni qarang, Solxapam olib kelgan pomidordan. Biram shirin, — maqtadi Zumradxon.
— Dori solinmagan, togʻa, — qoʻshib qoʻydi Tursun.

Ravshanbek achchiq-chuchukni ham, oshni ham ishtaha bilan yedi. Solihabibi chaynalib oʻtirdi. Koʻz oldiga oʻgʻli, tungi qiligʻi bilan yuragini tilka-pora qilgan kelini keldi-da, tomogʻidan oʻtmadi, nevarasini undadi. Ammo Tursun ham chaynalib oʻtirdi. Hashamatli uy, togʻasi, ikki gapning birida olinglar, deb qistagan kelinoyisining salobati bosdi.

Ovqatdan soʻng, Ravshanbekning oʻzi gap ochdi, Rahimaga kecha yana bir surishtirishni va’da qilganini aytdi. «Turgʻunda ayb yoʻq. Albatta qonun nuqtai nazaridan pora olgan ham, pora bergan ham jazoga tortilishi kerak», — dedi u. Turgʻun oʻrtada turgan, xolos. Paxta punktining boshliqlari bilan poraxoʻrga chiqarib qoʻyishganiga u ham qoʻshilmaydi. Bir narsa qilish kerak. Maslahatlashib koʻradi, tanish-bilish qidiradi.

Shu tob oshxonada yurgan Zumradxon erini chaqirdi. Ravshanbek anchagacha yoʻq boʻlib ketdi. Ular nimani gaplashishdi, Solihabibi eshitmadi. Ammo jiyani oʻzgarib qaytdi.
— Tanishlarni surishtiraman, — dedi u gapga xulosa qilgandek. — Lekin bilasiz-ku, opa, hozir qanaqa davr, qamalibdimi, demak biron pap boʻlsa kerak, deb oʻylaydi hamma. Nima qilish kerak, bilolmadim. Quruq gapdan boshqa biron isbot yoʻq.
— Isbot uning rost gapi, — e’tiroz bildirgan boʻldi Solihabibi. — Yoʻq dema, bolam. Bir unnab koʻr. Obis qilishdi, obisda hech narsa chiqmadi, shu isbotmasmi?
— Harakat qiladilar. — Yangi choy koʻtarib qelgan Zumradxon gapga aralashdi. — Tanish-bilishlari sud idoralarida yoʻq-ku, lekin harakat qiladilar. — U eriga murojaat qildi. — Solxapammi gaplari toʻgʻri. Rost gap isbotamasmi, Ravshan aka?
— Isbot-ku, ammo... — Ravshanbek oʻylanib qoldi. Soatiga bir qarab qoʻyib, Solihabibiga oʻgirildi. — Harakat qilaman.
— Shunday qil, bolam. Qachon xabar olay? — soʻradi Solihabibi.

Eri uchun Zumradxon javob berdi.
— Voy, siz ovora boʻlib nima qilasiz? Taglarida mashina. O’zlari xabar beradilar. Ilojlari boʻlmasa, mashina berib turadilar, men gʻir etib borib kelaman.
— Ha, siz ovora boʻlmang, — uni quvvatladi Ravshanbek oʻrnidan turar ekan. — Men endi boray. Tursunboy, xayr, jiyan. Kelib turgin, xayr, opa. O’zimiz xabar beramiz.

U shoshilib, orqasidan birov quvayotgandek, eshikka otildi.

«Harakat qilmaydi», — xayolidan oʻtkazdi Solihabibi.

U jiyanining hechmahal sud idoralariga ishi tushmaganini, bunday ishlardan mutlaqo chetda ekanligini bilmasdi. Gap jiyanimning oʻzida, deb oʻylardi.

Shu mulohaza bilan noumid shayton, yuziga tabassum yurgizib, erini kuzatib kelgan keliniga murojaat kildi:
— Zumradxon, manavi divanizga koʻrpacha yozib qoʻysa boʻlar ekan. Beqasamdan. Qavib beraymi? Yosh narsa qiynalmang, aytib turing shunaqa ishla boʻsa.

Zumradxon suyunib ketib:
— Voy rahmat, opa! Jiyaniz koʻrpachani yaxshi koʻradilar. O’zimam bitta xonani shunaqa, oʻzbekcha qilib qoʻymoqchiman. Xontaxtada, atropida koʻrpachala.
— O’zim qilib beraman. Mayda qaviq qilib, yengil qilib!..

Solihabibi gapi ma’qul tushganini koʻrib maqsadga oʻtdi.
— Jon bolam, ayting! Ravshanbek harakat qilsin, bitta-yu bitta oʻgʻlim-a!

Zumradhonning oʻzi sezmagan holda qoshlari chimirildi.
— Va’da qildilar-ku, opa! Mayli, yana aytaman.
— Ayting. Umr boʻyi duoyilani qilib oʻtaman!

* * *

...Avtobus qishloqqa kirib kelganda, kun hali yorugʻ edi, issiqning tafti tushmagan, mashinaning koʻkish tutuni changga qoʻshilib havoda jimirlardi.
— Oyi, qornim ochdi, — dedi Tursun yerga tushishganda.
— Uyga keldik, bolam, — yupatdi uni Solihabibi. — Opang hoynahoy biron ovqat qilayotgandir. Toʻxta-chi! — uning esiga qoʻlidagi chelak tushdi. — Qaraylik, kelinposhsha nima solib qoʻydiykin...

U shunday deb, yoʻl yoqasida yotgan xarsang tosh ustiga oʻtirdi.
— Charchadim-a jindak.

U chelak ustidagi dokani koʻtardi. Zumradxon ikki quti pechene, har xil konfet solib qoʻyibdi. Bitta qutini yirtib, nevarasiga uzatdi.
— Ol. Yaxshiga oʻxshaydi.

Tursun yupqa, cheti gullik sap-sariq pechenedan olib, bittasini tishladi. Qars-qurs qilib chaynar ekan, hayron boʻldi:
— Bulani pechenniysiyam boshqacha-ya, oyi? Shirinmas. Yeb koʻring.

Solihabibi nevarasi uzatgan pechenening bir chetini sindirib ogʻziga soldi.
— Ulani hamma narsasi boshqacha. Ula shirinlik yeyishmaydi.
— Nega? — qizikdi Tursun.
— Shirinlik semirtiradi, deyishadi. Achchiq narsayam yeyishmaydi. Tuz kam ishlatishadi. Boya achichuvdan yedingmi?

Tursun yoʻq, deb boshini qimirlatdi.
— Yaxshi qipsan. Tuzsizidi. Kelinposhsha mayli, pigurasidan qoʻrqadi. Ravshanbekni nima jin urdi? Achichuvni tuzsiz yeb boʻlarkanmi?! O’z nomiminam achchiq-chuchuk.

Solihabibi jiyanini tilga olib oʻylanib ketdi. «Nahotki harakat qilmasa? Nima qilarkan, shunday telefonni olib, bir yildan buyon qamalib yotgan Turgʻunboy jiyanim boʻladi, boshqatdan tekshiringlar, uni juda katta aybi yoʻq, desa? Aybi oʻrtada turgani. Mayli, shungayam jazo kerak boʻlsa, jazosini tortdi. Bir yildan buyon qamalib yotibdi. Uyida ikkita bolasi qolgan. Ikkaloviyam yosh. Bittasi, qamalgandan keyin tugʻilgan. Xotini, onasini borishmagan joyi qolmadi, yaxshilab boshqatdan tekshiringlar, desa? Yo oʻzidan qoʻrqayaptimikan?

Solihabibi shunday oʻylab, nima uchun harakat qilmasligining sababini topgandek boʻldi. Zumradxonga oʻxshaganlar birovga yordam qoʻlini choʻzmaydi. Gap bilan avrab, oʻzini olib qochadi, ular oʻzini oʻylaydi. Ravshanbek ham boshini ogʻritib, tinchligini buzib nima qiladi?

Nimadir guvillagandek boʻldi. Solihabibi hushyor tortib, atrofiga qaradi. Hammayoq tinch edi. Bekatga birin-ketin yigʻilgan odamlar xotirjam avtobus kutishardi, choyxona tomonda, tolzorning tagida tizgini shoxlariga oʻrab qoʻyilgan targʻil sigir erinib kavshanardi. Nima guvilladi? Solihabibi toshga qoʻlini qoʻydi. Tosh yonardi. Yana guvillagan tovush qulogʻiga chalindi. U tanidi bu tovushni. Naymanchadan koʻchishayotgan payti yaqin qoʻshnilardan biri uyiga oʻt qoʻyib yuborgan edi. Qiy-chuv boʻlgani yoʻq, hech kim toʻpalon qilgani yoʻq oʻshanda. Yoshu-qari indamay uyning yonishiga tikilib turishdi. Qamish yopilgan loy tom, yogʻoch ustunlar ana shunday, tovush chiqarib, guvillab yongan edi.

Solihabibi xavotirlanib yana atrofiga qaradi, qimir etmay turgan daraxtlarning uchiga, osmonga tikildi. Hech qaerda yongʻin nishonasi yoʻq, hammayoq tinch edi.
— Yer yonayapti, — xulosa qildi oʻzicha u. — Bu yerning yongani.
— Nima dediz, oyi? — soʻradi Tursun.
— Yer yonyapti, — qaytardi Solihabibi.
— Qani?

Tursun qiziqib atrofiga qaray boshladi. Ammo hech narsa koʻrmadi.
— Hech narsa yoʻq-ku? — hayron boʻldi u.

Solihabibi bolani qoʻrqitib qoʻyayotganini sezdi.
— Issiq boʻlganda shunaqa deyishadi, bolam. Hech narsa yonayotgani yoʻq. Qani, ketdik!
— Chelakni manga bering, ogʻirmas.

Solihabibi yoʻq demadi. Ikkalovi yana yoʻlga tushishdi. Yoʻllari endi yaqin edi. Uylarigacha bir qadam. Hali zamon yetishadi. Solihabibi kelinini tinchitadi. Togʻang Ravshan astoydil va’da qildi, deydi. Keyin qolgan-qutgan narsalarni yigʻishtirib, bir kosa boʻlsa ham issiq ovqat qiladi. Bolalarga issiq ovqat kerak. Yosh bolalik keliniga ham. U shunday oʻylab, bitta-bitta yurib borar ekan, ichi yonib ketayotganini sezdi, tomogʻi, ogʻzini kuydirib yuragidan olov gurillab chiqayotgandek boʻldi. Yarim kechada oʻgʻlini olib ketishganda ham, sudning hukmi oʻqilganda ham u bunday ahvolga tushmagan edi. Nima bugun uni bunchalik qiynoqqa soldi? O’gʻlini koʻrsatishmaganimi, yo jiyanining soxta muomalasimi? Hammasi qoʻshilgan, bugungi azoblari ham, kelinining tungi qoʻrqitishlari ham, hammasi yuragiga tugilib qolgan edi. Uning nazarida issiqdan havo jimirlab, yer yonayotgandek boʻlsa, yigʻilib-yigʻilib, yorilay deb turgan dardlaridan oʻzi yonayotgandek edi.

Uyga kirishganda, Rahima ayvon zixida bolasini emizib oʻtirardi. Tursun yugurib borib chelakni tutqazdi.
— Qarang!

Solihabibi jilmaydi.
— Eringni koʻrolmadik. Qoʻyishmadi. Ammo togʻang baraka topsin, va’da qildi. Katta-katta odamlaminam zud gaplashaman, dedi.

Tursun ogʻzi qulogʻiga yetib, kelinoyisi osh qilib kelganini, togʻasi qoʻliga koʻtarib, peshonasidan oʻpganini gapirib berdi.
— Oldinroq borsangiz boʻlar ekan, — jindek oʻpkalandi Rahima.
— Shuni ayt, bolam! — qoʻshildi unga Solihabibi va kelini boshqa gapga tutmasligi uchun oʻchoqboshiga yoʻl oldi.

Rahima hech narsaga unnamagan edi. Kim biladi, balki kechagi voqeadan keyin bu tomonga kelishga choʻchigan hamdir?

Solihabibi qozonning tuvogʻini koʻtardi. Nima qilsa ekan?

U tandirning yonida qogʻoz qopda kartoshka borligini bilardi. Yana nima bor ekan? Sabzi bor. Bitta tovokda oq yogʻning jizzasi boʻlishi kerak. Shu jizzaga kartoshkani parrak-parrak qilib toʻgʻrab, pomidor bilan qovursamikan?

Solihabibi supaning burchagida turgan xumlarni qaramoqchi boʻldi. Bir paytlar shu katta-kichik xumlarda un, yogʻ, don turardi. Nimadir balki qolgandir? Anchadan beri qaramagan edi. U supaga koʻtarilib birinchi xumga qoʻl soldi. Boʻm-boʻsh. Bitta-ikkita guruch donalari qoʻliga botdi. Ikkinchi xumga qoʻl soldi. U ham boʻsh edi. Yogʻ turgan ekan unda, panjalari yaltirab chiqdi. Uchinchi xumda nimadir bor edi. Unmi, kepakmi, bilolmadi. Qoʻlini sugʻurmasdan kovlab koʻrdi. Kepak boʻlsa kerak, panjalariga tikan botgandek boʻldi. Umid bilan yana kovladi. Qattiq bir narsa qoʻliga tegdi. Nima boʻldi ekan? U yana kovladi. Xamirturush boʻlsa kerak. Lekin kim solib qoʻydi uni? U eslolmadi. O’zi solmagani aniq edi. Rahima soldimikan? Kepakka ham xamirturush soladimi, tentak? Xamirturush kaftiga zoʻrgʻa sigʻdi.

Qoʻlini sugʻurganda koʻrdi, bu xamirturush emas, tsellofanga oʻralib ustidan kanop bilan tangʻib tashlangan bir narsa edi. Nima boʻldi ekan?

Solihabibi kanopni yechib, tsellofanni ochaboshladi. Ochdi-yu, hang-mang boʻlib qoldi. Sellofanning ichi bir hovuch Nikolay podshoning suvrati solingan tilla tanga edi. Sanadi. O’nta ekan. Yuz soʻmdan boʻlsa ming soʻm. Bundan ham qimmatdir balki? Qaerdan kelib qoldi bu tilla pullar? Kim berkitib qoʻydi bu yerga?

Solihabibi oʻyladi-yu, yuragi orkasiga tortib ketdi. «Turgʻunjon bolam! Nima qilib qoʻyding?! — dedi ichida tizzalariga tayanib choʻkkalar ekan. — Nima qilib qoʻyding, bola tushmagur?!»

Turgʻundan boshqa bu ishni hech kim qilmasdi. Bir koʻngli kelinidan soʻramoqchi boʻldi. Lekin oʻzini tutdi. U bu ishni qilmaydi. Tiyinga zor oʻtiribdi-yu, shu ishni qiladimi? U farishtaning oʻzi. Bu ishni qilish u yoqda tursin, eshitsa, oʻzini bir balo qilib qoʻyadi. Bu Turgʻun. Demak, xoʻjayinlarining qingʻir ishlariga u sherik. Ular bilan birga. Tintuv boʻlishini bilib, buyoqqa yashirgan. Militsiyaning xayoligʻa kelmagan bu yoqni koʻrish. Nega aytmadi, oyisiga, Xotiniga? Ulardan ham yashirdimi? Yo omonatmikan? Omonatligi uchun aytmadimikan? Baribir, omonat boʻlsa ham oʻgʻirlik bu. Uning Turgʻuni, yakkayu yagona, gard yuqtirmasdan, yetimlikni sezmasin, deb, tul oʻtib oʻstirgan bolasi oʻgʻri. Nima qilish kerak? Keliniga qanday aytadi? Odamlarning koʻziga, Ravshanbekka qanday qaraydi endi? Tursunga nima deydi?

Solihabibi miyasini chulgʻab olgan shunday oʻy, xayollar bilan ancha oʻtirda. Keyin tangalarni bitta-bitta taxlab, qogʻoziga oʻradi. Yoʻq, aytolmaydi keliniga, tili bormaydi, aytishga or qiladi. U shu qarorga kelib qogʻozni xumga soldi, negadir ustidan yana kepak ham sochib qoʻydi. Pastga tushib butun vujudi boʻshashib ketgan boʻlsa ham bir amallab ovqatga unnadi. Kartoshka qovurdi. Ish bilan ovora fikrini jamlab olgandek boʻldi shekilli, bir-ikki kelib xabar olib ketgan Rahima ham, nevarasi ham undagi oʻzgarishni sezishmadi.
— Ertalab, sizlardan keyin ispolkomga borib keldim, — dedi ovqat mahali Rahima. — Rais borakan, kolxoz bilan gaplashib sigirni qaytarib beradigan boʻlishdi.
—Yaxshi qipsan, — ma’qulladi Solihabibi va ichida: «Sigir endi judayam kerak bularga», — deb koʻydi. Shunday dedi-yu, choʻchib ketdi. Toʻsatdan, hech oʻylamay u oʻzini ulardan ajratib gapirgan edi. Nega shunday dedi, u hali aniq bilmasdi. Boshida gʻuvillab turgan ming xil fikrlar ichida shu qaror ham paydo boʻlgan edi, qariganida gunohga botgan odamdan oʻzi sezmagan holda, onalik, ayollik hissi bilan pokiza kelinini, norasida, gʻuborsiz nevaralarini ajratib olgan edi.

Rahima joy solib bolalarini ichkariga olib kirib ketganda, u odatdagidek tahorat qilib keldi-da, joyiga yotdi. Ammo uyqu yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham uxlab qolishdan qoʻrqib, oʻrnidan turdi. Hovliga tushib tungi yengil shabadadan silkinib turgan shaftoli shoxlariga, nimrang oy nurida dam yaltirab, dam qorayib shitirlagan barglarga, tolyogʻochlarga oʻzi bir tekisda kecha terib chiqqan pomidorlarga suq bilan tikildi. Vodoprovod yonidagi oshrayhondan bir shox sindirib olib, kaftiga urdi. Yoqimli hid dimogʻini qitiqladi. Koʻchaga chykdi. Koʻcha jimjit, hamma yotgan edi. U yer-bu yerda xuddi yulduzlardek fonarlar miltillab turibdi. Ertalab ular oʻchadi, yulduzlar ham oʻchadi. Kun yoriydi, oftob chiqib yer yuzini qizdiradi. Hamma uy-uyidan chiqib oʻz nasibasini tergani ketadi. U ham yaqin-yaqingacha shu odamlarning biri edi. Umid bilan turardi, umid bilan kunni kech qilib, yana tongni kutardi. Endi unga tong kerakmas, tong odamlarning nazari, vijdoni, odamlarga qarolmaydi endi.

Ichkaridan tovuqning bezovta qa-qolagani eshitildi. Solihabibi eshikni tambalab, orqasiga qaytdi. Ogʻilxonadan katta qora mushuk chiqdi, paxsa devorni timdalab-timdalab tomga koʻtarildi. Choʻgʻdek koʻzlarini ayvon tomonga birpas tikib turdi-da, gʻoyib boʻldi. «Bekorga ovora boʻlding, jonivor, — xayolidan oʻtkazdi Solihabibi. — Tuxum boʻlganda ovqatga solardim. Piyoz turibdi tuxum oʻrnida».

U ayvon zixiga oʻtirdi.
— Xudoey! Manda nima qasding bor edi!

U ovozini chiqarib shunday deb yuborganini oʻzi bilmay qoldi. Havotirlanib ichkariga quloq soldi. Yoʻq, hech kim eshitmadi uni. Eshitmagani ma’qul. Uyqulari bezovta boʻladi eshitishsa. Ordona qolgurni nega yana xumga solib qoʻydi? Koʻz koʻradigan joyda turgani yaxshi emasmi? Tezroq topishadi. U oʻzi aytolmaydi. Ojizlik qiladi aytishga. O’z ogʻzi bilan oʻz bolasini oʻgʻri, deydimi? Yo olib, uyoq-buyoqqa tashlab yuborsinmi? Hech kim bilmagani ma’qulmi? Shunday oʻyladi-yu, kaftlari yongandek boʻlib ketdi. «Turgʻunboy, bolam, nima qilib qoʻyding? Nega qari onangga rahming kelmadi?»

Solihabibi oshxonaga bordi, timiskilanib, xumdan tselofanni oldi-da, oʻchoq yoniga qoʻyib qoʻydi. Shu joy ma’qul. Rahimadan boshqa hech kim koʻrmaydi. U ham darrov koʻrmaydi, anchadan keyin koʻradi.

Oshxonadan chiqib osmonga qaradi. Oy tikkaga kelgan edi. «Hali vaqt bor, — xayolidan oʻtdi uning. — G’ira-shiraga yaqin tuzzuk».

U ayvonga qaytdi. Ichkari xonada qator yotishgan nevaralari, kelini ustiga keldi. Tursun isib ketibdi shekilli, ustini ochib tashlabdi. Rahima Toʻlqinning boshini bilagiga qoʻyganicha, yonboshida uxlab qolibdi. Hech kim uning kirganini sezmadi.

Solihabibi engashib, Tursunning peshonasidan oʻpdi. Keliniga tekkani choʻchidi, uygʻonib ketadi deb. Bir pas mehr bilan tikilib turdi-da, hovliga tushdi. Nazarida kun yorishayotgandek boʻdtsi.
— Vaqt boʻpti, — dedi oʻzicha u va oshxona tomon yoʻl oldi.

Kerosin soligʻliq temir kanistrning qaerdaligini u yaxshi bilardi. Darrov topdi. Tandir tagida edi. Hovliga olib chiqdi. Qoʻlida qaerdan gugurt quti paydo boʻlib qoldi, bilmaydi. Demak, boʻldi. Shunday chaqsa tamom, guvillab, oʻsha, bolaligida koʻrgan Naymanchadagi uydek yonadi-ketadi. Dardlari, tashvishlari shu bilan tugaydi. O’zining, oʻgʻlining gunohlarini shu bilan yuvadi, nevaralari, kelinining yuzi yorugʻ boʻladi.

U qancha oʻylamasin, toʻgʻri ish qilayotganiga ishonchi komil edi, boya, oʻchoqboshida charsillab yonayotgan gʻoʻzapoyaga tikilib turganida shu qarorga keldimi, yo tilla tangalarni koʻrganidami, buning endi ahamiyati yoʻq edi. Bu dunyoda endi u bosh koʻtarib yurolmaydigan boʻlib qolgan edi.

Yer bekorga yonmagan ekan, unga xabar bergan ekan, chaqirgan ekan oʻz bagʻriga...

Shu payt: «Oyi!» degan ovoz qulogʻiga chalingandek boʻldi.

Tanidi, bu Turgʻunning ovozi edi, «Oyi! Nima qilayapsiz? Toʻxtang!» degandek boʻldi oʻgʻli yana.

Solihabibi umid bilan eshik tomonga qaradi. U oʻgʻlining kelib qoʻlidan tortishini, niyatidan qaytarishini istagan edi.

Ammo qorongʻi hovlining boshida hech kim koʻrinmadi. Olov avval «gup» etib, yuziga urdi. U beixtiyor koʻzlarini yumdi, boshini orqaga tortdi. Shu zahoti jizgʻanak, kuyundi hidi dimogʻiga urildi, sochlari chirsillay boshladi. Bir amallab koʻzlarini ochganda, olov guvillab, oshxonaning qamish tomiga oʻtayotgandek boʻldi. U xavotir olib, oʻzini pomidor ichiga otdi.
— Xudo oʻzing kechir! Kechir mani Xudo!

Uning oxirgi gaplari shu boʻldi.

* * *

Saidoqsoqol tuproq tortilib, goʻrkov bir-ikki ketmon urib qoʻyguncha kutib turdi. Keyin soʻradi:
— Xaloyiq! Marhuma qanday odam edi?

Hozirgina gʻala-gʻovur boʻlib turgan qabristonga sukunat choʻkdi. Hech kimdan sado chiqmadi. Saidoqsoqol yana soʻradi:
— Marhuma qanday odam edi, xaloyiq?

Ketmon sopiga qoʻllarini tirab, xomush turgan goʻrkov boshini koʻtardi.
— Yaxshi odam edi! — dedi u tiniq ovoz bilan.
— Yaxshi odam edi! — qichqirdi orqa qatordan yana kimdir.

Saidoqsoqol qoʻllarini yozdi:
— Omin! Joyi jannatda boʻlsin!

Ish kuni, boshni yoradigan issiq boʻlishiga qaramay, qabristonda odam koʻp edi.

Yanvar, 1989 yil.