OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiYoʻlda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm43KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻlda (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Toshkent — Namangan poezdi yoʻlga chiqqanda, qosh qoraya boshlagan edi. Boyagina koʻzga tashlanib turgan past-baland imoratlar, daraxtlar asta-sekin qorongʻilik ichiga gʻarq boʻla boshladi. Shahardan chiqilganda esa, hech narsa koʻrinmay ketdi. Faqat olislarda tup-toʻp boʻlib chiroqlar miltillar va vagon derazasi ortida semaforlarning koʻm-koʻk koʻzlari lipillab oʻtib turardi.

Olis safarga chiqqaningda atrofingdagi odamlar bilan tezroq tanishib, birpasda kadrdon boʻlib ketasan va koʻpincha hammadan, hatto eng yaqin doʻstlaringdan ham sir tutgan narsalarni uyalmay-netmay aytib berasan, bu ham yetmaganday, sirli, nozik, faqat oʻzingga, juda boʻlmaganda, doʻstingga tegishli boʻlgan orzularingni oʻrtaga tashlab, begona odamlardan maslahat soʻraysan. Xullas, boshqa paytda izzat-nafsingga tegadigan ancha-muncha gaplar bilan oʻzingni ovutib, safarni koʻngilli oʻtkazishga harakat qilasan. Bizning kupeda ham shunday boʻldi. Poezd bir stantsiya yoʻl bosar-bosmas, hammamiz tanishib oldik. Hamrohlarimning bittasi yoshi elliklardan oʻtib qolgan bank inspektori ekan. Qora qunduz yoqali, koʻkimtir palto kiyib olgan bu odam asli namanganlik boʻlib, hisobot ishlari bilan markazga tushgan ekan. U vagonga chiqqanidan beri qora mayiz yeyishu koʻk choy ichish bilan ovora edi. Aytishiga qaragan-da, mayiz bilan choy har qanday dori-darmondan afzal emish.
— Ota-bobolarimiz buning sirini yaxshi bilishgan, — derdi u gap orasida. — Yozda nonushtadan uzumni kanda qilishmagan, qishda mayizni. Shuning uchun-da, kasal nimaligini bilishmagan. Mana, men oʻzim ham shu yoshga kelib, haligacha biron marta doktorga murojaat qilganim yoʻq. Yo ishonmaysizmi?

Uning gaplariga ishonmay boʻlmasdi. Qip-qizil magʻizdek yuzlari, oq oralay boshlagan soch-soqolidan sogʻlom, baquvvat odamning nafasi ufurib turardi.

Ikkinchi hamrohimiz birinchisidan bir oz keksaroq, qotmadan kelgan, koʻz osti qovoqlari salqib tushgan... Cheksa kerak, moshkichiri moʻylovi sargʻayib ketgan edi. Bu odam shahar arxivida ishlar ekan. Qarindoshlarini koʻrgani kelayotgan ekan. Uchinchi hamroh bilan faqat salom-alik qildik, xolos. Charchagan ekanmi, poezd yurishi bilanoq, bir oz mizgʻib olaman, uzr, deb tepaga chiqib olgan edi.

Poezd qandaydir bir stantsiyaga kelib toʻxtadi. Bank inspektori termosini qoʻltiklab gʻizillaganicha pastga tushib ketdi. Men ham oʻrnimdan turdim. Pastga tushaymi, tushmaymi, deb birpas derazadan tashqariga qarab turdim. Stantsiya kichkina boʻlsa kerak, ikki-uch joydagina chiroq yonib turibdi. Boshqa hech narsa koʻrinmaydi. Tushishga axd qilib, endi eshik tomon yuruvdimki:
— Ulgurmaysiz, — deb qoldi xirildoq ovoz bilan moʻylovli hamrohim. — Bu yerda poezd koʻp toʻxtamaydi.

Haqiqatan ham shunday boʻldi. U gapni tugatishi bilan qoʻngʻiroq chalindi. Poezd bir siltanib, sekin qoʻzgʻaldi. Bank inspektori hovliqib kirib keldi. Uning yuzida sevinch barq urib turardi.
— Sal boʻlmasa qolib ketardim-a! — dedi u nafasini rostlar ekan. — Yoʻlda issiq choy boʻlmasa qiyin. Ayniqsa, mendaqa choyxoʻrlarga! — U katta ogʻzini toʻldirib kulib qoʻydi. — Piyoladan bugʻ chiqib turmasa, choy ichganday boʻlmayman, gapimdan adashib ketaveraman. Hozir yangitdan damlaymiz. Qani, marhamat qilinglar!

U menga roʻparasidagi boʻsh joyni koʻrsatib, paltosini yecha boshladi. Keyin, kissasidan bir siqim mayiz olib stolga sochdi-da, choy damlay boshladi. U bu ishni shunday hafsala bilan qildiki, goʻyo choy damlash hayot-mamot masalasini hal qiladigandek tuyuldi. Damlab boʻlib, ogʻir xoʻrsindi, hammaga bir-bir qarab chiqdi. Undan koʻzimizni uzmay turganimizga qanoat hosil qilgach:
— Qani, olinglar, — dedi mayizga ishora qilib va termosning kumush rang qalpogʻiga choy quyib birinchi oʻzi icha boshladi. — Asil choy boʻlibdi.

Biz kulib qoʻydik.
— Qani, qarasinlar, taqsir, — dedi koʻp oʻtmay u va termos qopqogʻini yangitdan toʻldirib, yonidagi moʻysafidga uzatdi. — Bu, oshnamiz deyman, rosa uyquni uryaptilar-ku, a?!

Beixtiyor tepaga qaradim. Yuqori polkadan yengil xurrak tovushi eshitilardi.
— Har kimning tabiati har xil ekan-da, — inspektor jilmayib koʻydi. — Yoʻlda uxlash u yoqda tursin, men koʻzimni ham yumolmayman.
— Men ham shunday, — uning gapini quvvatladi arxiv-chi, — Oʻzimni majbur qilsam ham boʻlmaydi. Yoʻl azobi — goʻr azobi, deyishadi-ku, ammo yoʻl qanchalik ogʻir boʻlsa ham uyqu kelmaydi. Ishxonada-chi? Qanday hujjatni tekshirma — qiziqmi, qiziqmasmi, baribir tushdan keyin esnoq bosaveradi. Ha... har kimning tabiati har xil. Goʻyo ming yillik arxiv deysiz. Qayogʻidan kirib oʻqimang, tushunib tagiga yetolmaysiz.
— Yoʻlda gaplashib ketganga nima yetsin? — inspektor yana ogʻzini katta ochib jilmaydi. — Ba’zilar vagonga chiqdimi, tamom, yo oʻzini uyquga uradi, yo biror narsa oʻqishga tushib ketadi. Zarurmi shu, nozarurmi, choʻt qoqib koʻrmaydi. Ishqilib, bironta narsa ustida koʻz yugurtirib tursa boʻlgani. Ha, aytganday, yangi gazeta olib chiqdim, talabgorlar boʻlsa, marhamat.

U qoʻlini choʻzib, kupe eshigi yoniga osib qoʻygan paltosi choʻntagidan toʻrt buklogʻliq gazeta oldi.
— Gazeta oʻqisam, avvalo toʻrtinchi betini koʻrib chiqaman. Qiziq-a? Hamma ham shundaymikin? Tagʻin qaerini deng? E’lonlarini. Qoʻydi-chiqdilar yozilgan yerini. Nega shunday, oʻzim ham tushunolmayman. Aytganday, bu gazetda ham bir-ikkita qoʻydi-chiqdi bor.

Inspektor choyni qanday jiddiylik bilan damlagan boʻlsa, gazetani ham shunday jiddiylik bilan oʻqiy boshladi. Uning burgutniki kabi oʻynoqi koʻzlari e’londan e’longa oʻtar, lablari xuddi mayiz chaynayotganday nimalarnidir shivirlardi. Bir mahal qoshlari chimirilib ketdi, peshonasi tirishdi. Lekin darrov avvalgi holiga qaytdi.
— Tavba, hozirgi yoshlarga hayronman-da, — u yuzini burishtirib, bitta e’lonni chertib qoʻydi. — Mana bu yigit bultur uylangan edi, ajralishga tushib qolibdi. Toʻyida boʻlganman. Xotinini koʻrganman. Suqsurday juvon edy. Nimasi yoqmaydikan?..
— Xarakterlari toʻgʻri kelmagandir-da, — soʻz qotdi moʻysafid arxivchi.
— Xarakter? Xarakter nima oʻzi? — inspektor qizishib gapira boshladi. — Xarakter deb, men fe’l-atvor, odob, tarbiya, izzat-ikromni tushunaman. Shunday emasmi?

U oʻz gapini tasdiqlash uchun menga bir qarab qoʻydi. Jim oʻtirganimni oʻzicha tushunib, gapini davom ettirdi:
— Shunday ekan, xarakterlari toʻgʻri kelmadi, degan gap — bittasi odobli, bittasi odobsiz, degan gap boʻladi, menimcha. Demak, bu yigit xotinini odobsizga chiqargan. Men bunga qoʻshilmayman. Odamning qanaqaligini bir koʻrishdayoq bilib olish mumkin. Toʻy kuniyoq bu qiz menga yoqib qolgan edi. Kiroyi kelin qilsang, shunaqasini qilsang-da, deboʻylagandim oʻzimcha. Shu qiz endi beodob boʻlib qoldimi?! Yoʻq, bunga qoʻshilib boʻlmaydi. Shuncha yoshga kirib, odam ajratishni bilsak kerak, axir!

Inspektor jahl bilan kupeni aylana boshladi. Lekin joyning torligidan battar jahli chiqib, moʻysafidning yoniga oʻtirdi.
— Men sizga rostini aytsam, hozirgi yoshlarning, umuman, mazasi yoʻq. Ayniqsa, yigitlarning. Bular oʻzlariga shunaqangi bino qoʻygan, shunaqangi katta ogʻiz, mahmadanaki, bunaqalarni bizning davrimizda qidirib topib boʻlmasdi. Kiyim tanlash, ovqat tanlash, oʻyin-kulgi tushimizga ham kirmasdi. Oilaviy hayot biz uchun qandaydir sirli, muqaddas dunyo edi. Hozir-chi, kechqurun topishib, ertalab ZAGSdan oʻtib kelishyapti.
— Bunchalik emas, — dedi istehzo bilan arxivchi. — ZAGSda, bir oy oʻylab keling, deyishadi.
— Boring, shunday deyishsin ham. Bir oy nima degan gap? Bir oy ichida ikkita butun boshli odam bir-birini oʻrganib, bir-biriga koʻngil qoʻyishi mumkinmi? Albatta, yoʻq. Aql bovar qilmaydi bunga. Lekin hozirgi yoshlarga shu muddat ham koʻp. Bir oyning ichida bir necha marta qoʻydi-chiqdi boʻlishlari mumkin.
— Hamma yoshlar ham shunday emas.

Biz yalt etib tepaga qaradik. Toʻrtinchi hamrohimiz oʻng yoniga yonboshlaganicha, bizga tikilib yotardi. Uygʻonganiga ancha boʻlgan boʻlsa kerak, qiyiq koʻzlari tetik, suyagi yoʻgʻon yuziga qizillik yugurgan edi.
— Hamma yoshlar ham shunaqa emas, — dedi u yana dona-dona qilib.

Inspektor, yaxshi ovqat paytida eshik taqillab ishtahasi boʻgʻilgan odamdek, oʻrnidan bir qoʻzgʻalib qoʻydi. Keyin bizga koʻzlarini javdiratib, tepa tomonga yuzini burdi.

Moʻysafid arxivchi beparvolik bilan papiros tutata boshladi.

Men inspektordan koʻzimni uzmasam ham, qulogʻim tepada edi.

Kupega bir zum sukunat choʻqdi.
— Yoshlarning koʻpchiligi hozir biz kattalar qilolmagan ishlarni qilyapti, — dedi nihoyat jimlikni buzib yuqori polkadagi yoʻlovchi. — Qurilishlarda — yoshlar, qoʻriq yerlarda — yoshlar. Oliy matematika, fizikaning biz tushunmaydigan sehrli uchastkalarida ham yoshlar. Yana nimani istaysiz?

Inspektor kulib qoʻydi.
— Siz meni tushunmadingiz. Men yoshlarning faoliyati xaqida gapirayotganim yoʻq. Bu hakda bahs boylash haqiqatdan koʻz yumish boʻlar edi. Mana, mening boshligʻim ham xuddi siz aytgan yoshlardan. Endigina yigirma sakkizga kirdi. Agar u hozirgi gʻayrati bilan ishlayversa, bilmadim, uch-toʻrt yilda nima ishlarni qilmasikin?! Men bu hakda emas, yoshlarning hayoti haqida, ularning ma’naviy, axloqiy tomonlari; oilaviy turmush masalalariga boʻlgan munosabatlari haqida gapiryapman. Soddaroq qilib aytganda, men yoshlarning muhabbat, vafo kabi nozik fazilatlarga qarashi haqida gapiryapman. Bu masalalarda ularni yengiltak deb hisoblayman. Mana, oʻzingiz qarang-a, yoshgina yigit, yaxshi kasb egasi boʻlgan odam uylanganiga bir yil boʻlar-boʻlmas, xotinidan ajralmoqchi. Uylanmasdan ilgari qayoqda edi esi? Bir yil turar-turmas ajralar ekan, ekan, nega uylanadi?!
— Bunaqalar juda ham oz. Ular sevgi nimaligini bilishmaydi. Hali haqiqiy sevgi kelmasdan turib yo uni oʻtkazib yuborib, ishq-muhabbat haqida lof urishadi. Natijada hayotlari buziladi. Boshqalarning hayotini ham buzishadi. Lekin... lekin, bilasizmi, ilgarilari..
— Ilgarilari biz sevgi nimaligini bilmasdik, — gapni boʻldi arxivchi. — Bunaqa soʻzlarni qariganimizda eshityapmiz. Men kampirimni nikoh kuni goʻshangada koʻrganman.
— Ajrashmaganmisiz, ishqilib? — kulgi aralash soʻradi inspektor.
— Nega ajrashar ekanman, yaxshi boʻlgandan keyin, — Gʻurur bilan javob qildi u. — Qirq yildan beri yashab kelyapmiz.
— Barakalla. Koʻrdingizmi? — inspektorga jon kirdi. — Ilgari bunaqa qoʻydi-chiqdilar kam edi yoshlar orasida.
— Balki shundaydir. Lekin siz bitta e’longa qarab baho bermang. Yoshlar biz keksalarga qaraganda, hayotni yaxshi tushunadi. Chunki ularning koʻz oldida shunday voqealar sodir boʻlyaptiki, bu voqealarning har biri katta tarix. Bizning ilgarigi bir yilimiz hozirgi yoshlarning bir kuniga ham teng kelmaydi. Bularning hammasi, shubhasiz, yoshlarning ichki dunyosiga ta’sir etyapti. Koʻp narsalarni oʻylashga majbur qilyapti, yoshlar jiddiylashib ketyapti. Agar xoʻp desalaring, men bir voqeani aytib beraman.

Hammamiz rozi boʻldik.

Hikoyachimiz oʻrnidan turib, pastga tusha boshladi. Shu mahal deraza ortida chiroqlar koʻrinib ketdi. Poezd yurishini sekinlatdi.
— Stantsiyaga kelib qoldik shekilli? — dedi inspektor ixtiyorsiz ravishda termosga qoʻl choʻzib. — Ha, stantsiyaga kelibmiz. Qaer ekan?
— Bilib boʻlmayapti, — dedi arxivchi yangitdan papiros tutatib.
— Buning ahamiyati yoʻq. Dogʻ suv boʻlsa, boʻldi. — Inspektor shunday deb eshik tomon yurar ekan, hikoyachimizga qarab jilmaydi. — Yangi choy bilan eshitadigan boʻldik-da endi, a?

Poezd toʻxtaganda, men ham tamburga chiqdim. Eshikni ochishim bilan yuzimga gup etib muzdek havo urildi. Beixtiyor orqamga tisarildim, eshikni yopdim-da, derazadan osmonga qaradim. Havo ochilibdi, u yer-bu yerda yulduzlar charaqlab turibdi. Ikki soat chamasi bulutlar orasida yashirinib yurgan kulchadek oy sezilar-sezilmas nur sochyapti.
— Shunaqa stantsiyalarning sadagʻasi ketsang arziydi-da! — Termosini koʻtarib vagonga inspektor chiqdi. Sovuqdan qizarib ketgan yuzlarida har doimgidek sevinch barq urib turardi. — Dogʻ suv bor ekan. Qani, yuring!

Uning ketidan kupega kirdim. Koʻp oʻtmay yana yoʻlga tushdik. Inspektor yaxshilab choy damlab, hammamizga bir siqim-bir siqimdan mayiz ulashib chiqqach, tepadagi hamrohimiz oʻz hikoyasini boshladi.
— Men quruvchi-injenerman. Toshkentdagi Olmazor massivida boʻlgan boʻlsalaringiz kerak. Shu massivdagi yangi uslubdagi koʻp qavatli turar-joy binolarini biz qurganmiz. Ilgarilari Olmazor nomiga mos tushmagan qup-quruq dasht edi. Suv yoʻq, daraxt yoʻq. Bitta-yarimta mashina oʻtib qolsa, yozda tuproqqa, qishda loyga botardi. Soʻnggi ikki yil ichida massiv oʻzgardi-qoʻydi. Birinchi bino qad koʻtarishi bilan koʻpchilik quruvchilar butun mavsum boʻyi shu yerda yashab ishlashga axd qilishdi. Binoning quyosh kam tushadigan tomoniga chodirlar tikib yashay boshladik.

Men koʻp qurilishlarda boʻlganman. Mirzachoʻlda ham, Ohangaronda ham. Lekin Olmazorning nimasidir meni oʻziga rom qilib qoʻygan edi. Balki ishning koʻp va tezkorligidir, bilmadim. Har holda qandaydir yangicha kuch va hayajon bilan men ham ishga kirishib ketdim. Kompleks brigadasiga boshliq qilib qoʻyishdi. Buni qarangki, hammasi yoshlar. Avval ranjidim. Xuddi boyagi siz aytgan gap miyamdan oʻtdi. Hatto boshliqlarga toʻpolon qilib kirdim. Kulishdi. Oyogʻimni tirab turib oluvdim, mayli, boshqa brigadalarni koʻr, istagan odamingni ol, deyishdi. Lekin olmadim. Bunday qarasam, qolgan brigadalarda ham deyarli yoshlar ekan. Buning ustiga, bekorga ranjigan ekanman, meni shoshirib Qoʻyishdi. Hammasi emas, albatta, lekin koʻpchiligi. Ishdan qochish degan gap yoʻq, brak yoʻq. Aytganingizni kilishadi. Qurilishda bundan muhimroq yana nima boʻlishi mumkin? Qirq sakkiz kvartirali gʻisht uyni birinchi gal roppa-rosa bir yarim oyda bitkazdik. Bu, albatta, katta yutuq. Ishlar, umuman, yaxshi edi, bolalarning dimogʻi chogʻ. Ular xursand boʻlgandan keyin, mening ham doʻppim yarimta edi. Boshqarmada Olmazorning orqa tomoniga tushadigan binoni bermoqchi boʻlishuvdi, koʻnmadim. Bu yerda anchagina qiynalishga toʻgʻri kelardi. Chunki imorat pastlikka qurilishi kerak edi. Bu, poydevorni chuqur qazish degan soʻz. Lekin yigitlar gʻayrati joʻshib ketganidanmi yo bu qiyinchilikni qiyinchilik sanashmaganidanmi, olavering, quramiz, deb qolishdi. Oldim. Keyin bilsam, bularning gapida ham jon bor ekan. Olmazorning orqa tomonida katta ariq boʻlib, yonverida ozmi-koʻpmi daraxtlar bor ekan. Yoshlik-da, ish ogʻir boʻlsa ham mayli, lekin koʻngil chogʻ boʻlsin.

Shunday qilib, yana ishga tushib ketdik. Ikkita buldozer yerni tekislay boshladi, ikkita koʻtarma kran keltirildi. To ularni oʻrnatguncha, yigitlarning boʻshlari chodirlarni koʻchirish bilan ovora boʻlishdi. Yozning oʻrtalari edi oʻshanda. Jazirama issiq tomoqni quritadi, koʻylak-shim oʻshanda. terdan badanga sirachday yopishib ketgan... Imoratni qurib bitirgandan keyin gashti kat-ta-yu, azobi ham chakki emas. Axir, oʻylab koʻring, uyingizda bitta choʻpni u yerdan-bu yerga olib qoʻyish uchun necha marta egilasiz-turasiz! Bu imorat-ku! Tagʻin qanaqasi deng! Yoshlikda e’tibor bermas ekansan kishi. Ammo ulgʻayganing sari mehnatning qadriga yetar ekansan. Ayniqsa, har bir gʻishtida oʻzingdan bir nima qolgan binoni koʻrsang, shunday boʻlar ekan.

Ana shu paytlari brigadamizda yangi bir yigit paydo boʻlib qoldi. Boshqarmada, institutga kirolmabdi, biron ishga qoʻy, otasi iltimos qilib keldi, deyishdi. Nima derdim, xoʻp, dedim. Lekin uni koʻrdimu, ensam qotib ketdi. Nega desangiz, u hali yuziga oftob tegmagan nozik yigitlardan edi. Jussasi ham kichkina, qurilishdagi yigitlarga mutlaqo oʻxshamaydi. Maktabni bitirganu, institutga ariza bergan, lekin kirolmagan. Hayotidagi birinchi koʻrgan qiyinchiligi ham shu boʻlsa kerak. Lekin nima qilasiz? Ishga kelgandan keyin bironta ish berasiz-da. Avval boshim qotdi. Nima ishga qoʻyishni bilmadim. Oxiri, oʻylab-oʻylab sim qirqadigan dastgohga qoʻyib qoʻydim. Bilasizlarmi, yoʻqmi, beton plitalarni poydevorga yotqizilganda orasiga sim tiqib ketiladi. Birinchidan, bu, plitalarni bir-biri bilan ulaydi. Ikkinchidan, gʻisht terayotganda koʻz adashmaydi. Shunday qilib desangiz, yigitcha ishga tushib ketdi. Lekin rosa bizni xunob qildi. Ish boshlagan kunidayoq undan shikoyat ustiga shikoyat yogʻilib ketdi.

Avval men kuldim-qoʻydim. Besh panja baravar emas, bir kun oldin-bir kun keyin oʻrganib ketar, deb oʻyladim. Lekin men oʻylagancha boʻlmadi. Bir kuni tush payti hammamiz ovqatlanib boʻlib ariqning labida oʻtirgan edik, slesarimiz Fatxilla degan yigit bir bogʻlam sim koʻtarib kelib qoldi. Qovogʻi soliq, koʻzlaridan oʻt chaqnaydi. Uni hech qachon bunaqa ahvolda koʻrmagandim. Fatxilla brigadamizdagi eng quvnoq, shoʻx yigitlardan edi. Hatto, oʻzi bilan oʻqiydigan bir qizni talashib, oʻrtoqlaridan bittasini pichoqlab qoʻygani uchun institutdan haydalgan, qamalib ham chiqqan. Qamoqdan hunarli boʻlib kelib, qurilishlarda ishlab yurgan. Ohangaronda mening brigadamga tushib qoldi. Shu-shu qayoqqa borsam, men bilan birga. Ana shu yigitning avzoyini koʻrib, hayron qoldim.
— Ha, nima boʻldi? — soʻradim undan.

Fatxilla javob oʻrniga qoʻlidagi simlarni oyogʻim tagiga tashladi. Keyin, roʻparamga oʻtirib, «chirs» etib tupurdi-da, yer ostidan menga tikildi.
— Bu oyimqizni qaerdan topdingiz?

Hamma kulib yubordi.
— Nega kulasanlar? — dedi Fatxilla doʻq aralash tishlarini qisirlatib. Bolalar jim boʻlishgach, u yana menga qaradi. — Qilgan ishini koʻring! Axir koʻr odam ham bunaqa qirqmaydi-ku!

Men oyogʻim tagida yoyilib yotgan simlarga qaradim. Fatxillaning jahli chiqqanicha bor ekan: simlarning hammasi har xil qirqilgan edi.
— O’lchab bermaganimdayam mayli edi, bilmagan-da, der edim, — kuyunib gapirdi Fatxilla. — Ertalab kelishlari bilan qoʻllariga metrni tutqazdim. Uch metr-uch metr qilib qirqasiz, dedim. Bu ham yetmaganday, bittasini oʻzim qirqib oʻlchov qilib berdim. Skladga borib kelgunimcha hammasini rasvo qilibdi-qoʻyibdi!
— O’ziga koʻrsatdingmi?
— Koʻrsatish ham gapmi? Burniga tiqib olay dedimu oʻzimdan choʻchidim. — Yigitlardan bittasi, piqir-piqir kula boshladi, lekin Fatxillaga koʻzi tushishi bilan kulgisi ogʻzida qoldi. — Innaykeyin, Usmon aka, jon aka, rostini aytsam, menga shogird kerak emas. Ana, Vosiqqa bering, gʻisht terishga oʻrgatsin.
— Nima? Nima deding?! — oyoqlarini suvga solib oʻtirgan Vosiq Fatxillaga oʻqraydi. Fatxilla butun qurilishda faqat undan hayiqardi. Oralarida nima oʻtgan, bilmayman, lekin kamgap, ogʻir tabiatli, toʻladan kelgan bu yigitning gaplarini Fatxilla nimagadir hech mahal ikkita qilolmasdi. Bilasizmi, ba’zan shunday odamlar boʻladiki, ular seni nimalari bilandir oʻzlariga sehrlab oladilar, ularni xafa qilging kelmaydi. Yo boʻlmasa, doim ularning aytganlarini bajo keltirging keladi. Vosiq ham nima bilandir Fatxillani oʻziga sexrlab olgan edi. Uning shu, nima deding, soʻzining oʻzidayoq Fatxilla gangib qoldi.
— Hazil-ku bu, hazilni tushunmaysanmi? — dedi guldirab.
— Xoʻp, bu ikkinchi masala, — dedim men. — O’zi qani?
— Ushatda, — ensasi qotib gapirdi Fatxilla. — Oyisi bir xalta varaqi somsa berib yuborgan ekan, kavshab oʻtiribdi.
— Qani, chaqir-chi!
— Men bormayman, koʻrgani toqatim yoʻk.
— Somsa yevotgan boʻlsa, Parpi borsin, — dedi kulib Vosiq.

Parpi pakana, baqaloq yigit. Unga yaxshi ovqat boʻlsa boʻldi, boshqa hech narsa bilan ishi boʻlmasdi. Dam olish kunlari qurilish choyxonasida osh qilishadigan boʻlsa, yarmi hazil-yarmi chin qabilida unga alohida laganda uyub berilardi. Shunday boʻlsa ham, oʻzinikini yeb boʻlib, bizning laganga qoʻl choʻzardi. O’shanda ham somsaning daragini eshitib:
— Mayli, borsam bora qolay, — deb dik etib oʻrnidan turdi.
— Ja boʻlmasa, xaltasi bizga qolsin, — dedi kimdir.
— Xomtama boʻlma, ochofat, oyimqizga oʻzim tuya qilib beraman.

Koʻp oʻtmay Parpi ikki lunjini somsaga toʻldirgancha oyimqizni, ya’ni Shavkatni — uning asli ismi shunday edi, boshlab keldi. Bechorani koʻrdimu rahmim kelib ketdi. Hech kimga qarolmaydi, ikki yuzi sholgʻomday qizarib ketibdi. Bitta-bitta yurib yonimga keldi-yu, nima qilishini bilmaydi: dam labini tishlaydi, dam oyogʻi bilan yer chizadi.
— Ha, ishlar chatoqmi? — dedim uni xijolatlikdan chiqarish uchun.
— Ha, chatoq, — dedi sekin labilabiga tegmay.
— Nima qilasan endi?
— Bilmadim.
— Varaqi yeydilar, — dedi kimdir. Gur etib kulgi koʻtarildi.
— Joʻnalaring!

Jahlim chiqqanini sezishdi shekilli, yigitlar oʻrinlaridan turishdi. Ular ketishi bilan.
— Xoʻsh, nima qilasan endi? — deb soʻradim yana.
— Hayronman. Sim qirqishniyam bilmaganimdan keyin, yana nima qilardim...

Uning lablari titray boshladi. Hozirgina uni urishmoqchi boʻlgan odam, yupatishga tushib ketdim.
— Hechqisi yoʻq, oʻrganib ketasan, qunt kerak. Men yoshligimda sendan battar edim. Diqqat qilsang, hammasini oʻrganaverasan.

Shavkat boshini etgancha jim turardi. Nazarimda, hamma gapni tushunganday boʻldi, ammo ertasiga aqlga sigʻmaydigan hodisa yuz berdi. Shavkat ishlayotgan dastgoh choʻrt ikkiga boʻlinib ketibdi. Qanday qilib, nima sababdan — hech kim bilmasdi. Uni oʻzi ham tushuntirib berolmadi. Keyin bilsak, Fatxillaning qovogʻiga dosh berolmay, stanokka yetti-sakkizta simni qatorlashtirib qoʻyib, bolgʻa bilan uraveribdi. Ehtiyot qilmasa, tosh ham sinadi-da, axir! — Usmon aka sovib qolgan choyini bir koʻtarishda simirib, boʻsh idishni bank inspektoriga uzatdi-da, hammaga bir-bir qarab chiqdi. — Ana shunaqa, ehtiyot qilmasa tosh ham sinadi. Lekin har bir kishining hayotida uni yo tubanlikka tushiradigan yo koʻklarga koʻtarib martabasini baland qiladigan bir narsa boʻladi. Shaxsan menga, urush shunday narsa boʻldi. Urushga borib kelib hayotga boshqacha koʻz bilan qaraydigan boʻldim. O’tmishni gapirishning hojati yoʻq, rostini aytsam, urushdan odam boʻlib qaytdim. Shavkatning hayotida esa, shunday burilish yasaydigan narsa muhabbat boʻldi. Gap shundaki, bizning brigadamizga oʻsha kezlari yangi bir kranchi qiz keldi. Bu texnikumni bitirgan, Mahfuza ismli yoshgina, koʻhlik qiz edi.
— Qiz deysanmi? — hayron boʻlib soʻradi arxivchi. — Kranchi-a?
— Ha, ha! Kranchi qiz! — gapida davom etdi Usmon aka. — Men ham sizga oʻxshab juda hayron boʻldim. O’n besh yillik ish davrimda ayol kishidan kranchi chiqqanini koʻrmaganman. Albatta, oʻzbeklardan. Bilasiz-ku, bizda negadir, bunday ishlarga panja orasidan qarashadi. Toʻgʻrirogʻi, qara-shardi. Hozir bunday emas. Men yaqinda buldozer haydayotgan oʻzbek qizlarini koʻrdim. Vaholanki, bundan ogʻirroq ish yoʻq... Mahfuza juda alomat qiz edi.
— Alomat edi? — uning gapini boʻldim men nimadan-dir choʻchib. — Unga biron narsa boʻldimi?
— Aytib beraman, hali yoʻl olis. Qani, domla, choydan

quying-chi! — Usmon aka inspektorga oʻgirilib, yutinib qoʻydi. Termos qopqogʻidagi bugʻi koʻtarilib turgan choydan bosib bir-ikki hoʻplagach, yana menga yuzlandi. — Men sizga boya uni koʻhlik dedim. Balki bir oz oshirib yuborgandirman. U uncha chiroylik emasdi. Lekin nimasidir, sal choʻziq-roq rangpar yuziga omonatgina oʻrnatilib qoʻyilgan kichkina dumaloq burnimi va tiyrak, qoʻngʻir koʻzlarimi, yo boʻlmasa, oʻng kulgichi ustidagi moshdek xolimi, bilmadim, ishqilib, allanimasi oʻziga mahliyo qilardi. Jussasi ham aytarli emas: koʻpchilik qizlarnikidek yelkalari bir oz egilib tushgan, boʻyni ingichka, lekin qoʻllari... bunaqa qoʻllarni men uchratmaganman. Ham nozik, ham baquvvat bu kelishgan qoʻllar unga husn boʻlib tushgan edi. Menga u birinchi koʻrishimdayoq yoqib qoldi. Ertalab ishga kelganida hamma bilan tanishtirdim. Yigitlarga avval xush kelmadi -shekil-li, istar-istamas koʻrishishdi. Parpi boʻlsa hatto:
— Ishimiz xurjun ekan-da endi, — deb toʻngʻillab qoʻydi.
— Xurjun ham gapmi, sassiqalaf! — dedi kimdir.
— Parpi! Endi qorinni siqibroq bogʻlaysan-da, uka, — gap kistirdi Fatxilla.
— Nega? — Parpining koʻzlari yiriklashib ketdi.
— Nega boʻlardi? G’isht poylab sargʻayganingdan keyin mullajiring kamayadi-da!
— Bas qilinglar, — dedi Vosiq jahlim chiqayotganini koʻrib. — Ketdik. Yaxshi qiz, borarsiz-a?!

Mahfuza indamadi.
— Xafa boʻlma, qizim, — dedim men. — Qizlar bilan ishlashmagan, bilishmaydi-da. Yomon bolalar emas, koʻnikib ketasan.
— Men ham shunday oʻylayapman, — dedi Mahfuza jilmayib. — Uning ovozi juda shirali edi. — Boraveraymi?
—Ha.

Mahfuza ketdi. Anchagacha orqasidan qarab qoldim. Rostini aytsam, oʻzim ham choʻchigan edim. Yosh boʻlsa, buning ustiga qiz bola, eplay olarmikin?..

O’yim notoʻgʻri chiqdi. Kechqurun chodirga yigʻilganimizda gap faqat shu hakda ketdi. Parpi bilan Vosiqning boshi osmonda edi.
— Besh mingta-ya, qoyil!
— Yoʻq, sen qaragin oʻzing, charchadim demaydi-ya. Tagʻin, yana olib beraymi, degani qiziq.
— Ishqilib, koʻz tegmasin. Lekin ertalab bekorga xafa qildilaring.
— Kim? — Vosiq Parpiga oʻqraydi. — O’zing-ku boshlagan, pakana.
— Men nima dedim? Aytdim-qoʻydim-da... — Parpining lablari osildi. — Fatxilla-ku, sasigan.
— O’zi qani, oʻzi? — soʻradi Fatxilla.
— Ketdi. Shirinda turar ekan.
— Shirinda? Yaqin ekan-ku, — Fatxilla iljaydi. — Lekin oʻzi ham yomon emas-a, Vosiq?
— Tuzuk.
— Tuzuk ham gapmi! Lablariga e’tibor berdingmi? Xuddi pishgan olchaning oʻzi. Bilasanmi, men uni taniyman.
— Taniysan? — hayron boʻldi Vosiq.
— Ha.
— Nega aytmading?
— Nima keragi bor? — Fatxilla yana iljaydi.
— Ha, nima?
— Shunday, oʻzim. Yoshligim esimga tushib ketdi. Eh... agar istasam, ertagayoq shu qiz meniki boʻladi.
— Yurakdan urdimi deyman-a? — domino terayotgan Parpi piq-piq kuldi.
— Jigʻimga tegma, pakana, — zarda bilan gapirdi Fatxilla. — Yurakdan uradigan hali onasining qornida.
— Nega bunaqa deysan boʻlmasa?
— O’zim shunday. Ermak uchun-da, — Fatxilla yana iljaydi. Hech kim indamadi. Uning ba’zan shunaqa jinniligi tutib turishini, qoʻpol hazil qilishini bilganim uchun men ham indamadim, Shunday boʻlsa ham ovqatlanib boʻlib, domino oʻynagani oʻtirganimizda bir ogʻiz gap tashlab qoʻydim:
— O’ylab gapir. Hazil ham evi bilan, — dedim. O’shanda men chindan ham hazil deb oʻylagan edim. Fatxilla menga bir qarab qoʻydi-yu, javob bermadi. O’yinga berilib ketganimdan javob ham kutmadim. Koʻp oʻtmay u yana shu gapni boshladi.
— Vosiq, ishonasanmi?
— Yoʻq.
— Istasam, bir kunda qoʻlga olaman.
— Ololmaysan. Ancha pishiqqa oʻxshaydi.
— Sen uni bilmaysan-da. Qanchadan oʻynaysan?
— Kanchadan emas, nimadan degin.
— Xoʻp, nimadan?
— Bir litr bilan bitta oshdan.
— Boʻpti, faqat hozir emas.
— Mayli. Koʻchgunimizgacha.
— Boʻpti.
— Bu axir pastlik-ku!

Hammamiz birdaniga boshimizni koʻtardik. Bu — Shavkat edi.
— Bu axir pastlik-ku! — dedi u yana baland ovoz bilan. Uning mushtlari tugilgan, ingichka lablari titrar, rangi quv oʻchib ketgan edi.

Palatkaga birdan jimlik choʻkdi. Shavkatning jur’atidan hamma hayron qolgan edi. Rostini aytsam, men ham undan buni kutmagan edim. Shuning uchun boʻlsa kerak, anchagacha indamay qoldim. Boshqalar ham shunday. Bir mahal Fatxilla bir lunji bilan iljaydi, keyin sekin oʻrnidan turdi. Hammamizning koʻzimiz unda. Lekin bittamiz ham qimir etolmaymiz.
— Qaytaring-chi, oyimqiz, nima dedingiz? — dedi u boʻgʻiq ovozda. — Yana bir marta eshitay.
— Qaytarishim mumkin! — avvalgiday shahd bilan gapirdi Shavkat. — Siz qiz bolani haqorat qildingiz. Bu — pastlik!

Fatxillaning tishlari qisirlab ketdi. Kosaday musht bilan koʻtarildi. Men oʻrnimdan turib ketdim. Biroq kechikkan edim. Fatxilla bilan Shavkatning oʻrtasida Vosiq paydo boʻlgan edi. U menga qarab jilmaygan boʻldi-da:
— Yotsak-a endi, kech boʻlib qoldi, — dedi va Fatxillaga karavotni ishora qildi.

Yigitlar sekin-sekin tarqalishdi. Fatxilla ham joyiga borib yotdi. Shavkat esa hamon joyidan qimirlamasdi. Men ham yotdim. Hozir biron narsa deyish befoyda edi. Ammo koʻzim Shavkatda. Undan xursand edim. U anchagacha qimir etmay turdi, keyin yugurib chodirdan chiqib ketdi. Koʻzimga uyqu kelmadi. Bitta menmi desam, Parpi ham uygʻoq ekan. Qoʻlida kitob, lekin oʻqimayapti. Chamamda yarim soatcha vaqt oʻtdi. Shavkatdan darak yoʻq edi. Bir mahal Parpi sekin oʻrnidan turdi. Fatxilla tomonga qarab qoʻydi-da, eshikka chiqib ketdi. Koʻp oʻtmay qaytib keldi. Palatkaning oʻrtasida birpas xayol surib turgach, Vosiqning yoniga borib, uni turta boshladi. Lekin hech uygʻota olmadi. Ittifoqo, koʻzi menga tushib qoldi, oldimga keldi.
— Usmon aka, — dedi shivirlab. — Yigʻlab oʻtiribdi!
— Qaerda?
— Ariq boʻyida.
— Chaqirdingmi?
— Yoʻq, oldiga borganim yoʻq.
— Borma. O’zi keladi.
— Kelmasa-chi?
— Keladi. Qayoqqa borardi?!

Parpi joyiga borib yotdi. Uyqu butunlay qochgan edi. Hamma yoq jimjit. Faqat ahyon-ahyonda qurbaqa qurillagani, it vovillagani quloqqa chalinadi. Palatkaning ochiq eshigidan osmonga qaradim. Havo ochiq. Yulduzlar charaqlab turibdi. Olisda, juda balandda toʻlin oy suzib bormoqda. Bir mahal u toʻsatdan xiralandi. Choʻchib qaradim. Bir parcha olataroq bulut unga yopishib qolganday edi. Qaerdan paydo boʻldi ekan, oʻylab tagiga yetolmayman. Rostini aytsam, tabiat sirlariga uncha tushunmayman, qiziqishim ham yoʻq. Lekin oʻshanda behuzur boʻlib ketdim. O’rnimdan dast turib, koʻngli ozor chekkan bolani bagʻrimga bosgim, oʻrniga olib kelib yotqizgim kelib ketdi. O’zi kelib qolmaganda shunday qilishim turgan gap edi. Keldi-yu, Parpining yonidagi karavotiga chuzildi. Parpi uni koʻrishi bilan kitob oʻqishga tushib ketdi. Koʻzimni yumdim. Bir mahal Shavkatning ovozini eshitib qoldim: — Nima oʻqiyapsan?

P a r p i. «Samarqand osmonida yulduzlar». O’qiganmisan?

Sh a v k a t. O’qiganman.

P a r p i. Yaxshi-a?

Sh a v k a t. Nimasini aytasan? Senga Temur obrazi yoqadimi?

P a r p i. Temur, nimasi?

Sh a v k a t. Obrazi.

P a r p i. Bu nima?

Sh a v k a t. Kitobdagi asosiy qahramonlarni obraz deyiladi.

P a r p i. Balosan-ku!

Sh a v k a t. Agar istasang, gʻalati kitoblarim bor. Beraman. «Qutlugʻ qon»ni oʻqiganmisan?

P a r p i. Yaxshimi?

Sh a v k a t. Zoʻr. Yoʻlchi degan bir yigit haqida.

P a r p i. E, boʻldi, kinosini koʻrganman. Bitta boyni rosa doʻpposlaydi-da. Mazza!

Sh a v k a t. Kitob undan zoʻr. O’qisang, Yoʻlchi, Gulnorlar xuddi yoningda turganday boʻladi. Sevgi deb shularning sevgisini aytsa boʻladi.

P a r p i. Hozir bunaqalar yoʻq.

Sh a v k a t. Yoʻq, bor. Faqat biz bilmaymiz-da. Bizning bir qoʻshnimiz bor, koʻrga tekkan.

P a r p i. Qoʻy-e?!

Sh a v k a t. Rost. Boyagidaqa gaplarni eshitganingdan keyin, bunga ishonmaysan-da.

P a r p i. Qoʻy, oʻshani eslama. Fatxilla oʻzi yomon odam emas.

Sh a v k a t. Odamda hamma narsa yaxshi boʻlishi kerak.

P a r p i. Bizga oʻtmaysanmi?

Sh a v k a t. Hozir emas. Juda boʻlmasa, sim qirqishni oʻrganib olay.

Mudroq aralash ularning kulgisini eshitdim.

Ertasiga ertalab goʻyo hech narsa yuz bermagandek, hamma oʻz ishi bilan ovora boʻlib ketdi. Tushga yaqin Vosiq oldimga keldi. Uning toʻla yuzlari kulib turardi.
— Usmon aka, — dedi birpas oʻylanib turgach. — Parpi bilan bir narsani maslahat qiluvdik. Aytsam, yoʻq demaysizmi?
— Yoʻq. Nima edi? — soʻradim men ham beixtiyor jilmayib.
— Bugun osh qilsak?
— Ha, tinchlikmi oʻzi?
— Tinchligu lekin brigadamizga ikkita yangi odam keldi. Yuvsak boʻlardi. Ishdan keyin, albatta.

Nima derdim? Xoʻp dedim. Hatto yigitlarning ziyrakligidan xursand ham boʻldim. Gap, albatta, oshda emas, ikkita yangi odamga boʻlgan hurmatda.
— Lekin, — dedim unga, — qiz bola choyxonaga borarmikin?
— Olib bormaymiz, — dedi hozirjavoblik bilan Vosiq. — Oshni qilib, chodirga olib kelamiz.
— Mayli, boʻlmasa aytib qoʻy, ketib qolmasin.
— Ioʻq, oʻzingiz ayting. Men nima deyman? — dedi u qizarib.

Kuldim.

Kechqurun hammamiz chodirga yigʻildik. Mahfuza ochiq qiz ekan. Birpasda bizga qoʻshilib ketdi. Yuvinib-taranib, ikki-uch partiya domino oʻynab boʻlishimiz bilan, katta togʻorani koʻtarib Vosiq bilan Parpi kelib qolishdi. Qaerdandir ikki shisha «Oq musallas» ham topildi. Vosiq menga ayyorona qarab qoʻyib, shishalarni ochdi. Birinchi qadahni, odat boʻyicha, yoshi kattaroq odam, ya’ni men koʻtardim. Keyin Vosiq allanima degan boʻldi. Xullas, juda shirin oʻtirdik. Bir mahal Mahfuza ketamanga tushib qoldi. Xavotir olishadi uyda, dedi. Yoʻq demadim.
— Men kuzatib qoʻyaman, — dedi Fatxilla oʻrnidan turib. Koʻproq ichganidan quloqlarigacha qip-qizarib ketgan edi. Boshqa hech kim indamadi. Ittifoqo, koʻzim Mahfuzaga tushib qoldi. Uning hozirgina kulib turgan koʻzlarida soʻlgʻinlik paydo boʻlgan edi. Nima boʻldiykin? Nega birdan xafa boʻlib qoldi? Fikrimni Shavkat boʻlib yubordi:
— Men ham boraman, — dedi u menga qarab.
— Nima qilasan? — Fatxilla iljaydi. — Men kichkina bolamanmi? Yaxshisi, uxla, ertaga uzilib qolmagin tagʻin.

Kimdir kulib yubordi. Shavkat biron narsa desa xunuk boʻladi-da, deb turgan edim, haytovur indamadi. Faqat tuflisini kiyib boʻlib:
— Men ham boraman, — dedi qat’iy qilib.
— Bormaysan! — Fatxilla tutaqdi.
— Qoʻyinglar, oʻzim ketaman, — dedi Mahfuza jilmayishga harakat qilib. — Qoʻrqmayman.

Vosiq gapga aralashdi:
— Fatxi, sen charchading, dam ol, — dedi vazminlik bilan. — Shavkat kuzatib kelsin. Yo hammamiz boraylik.
— Ovora boʻlmanglar, oʻzim ketaman, — dedi yana Mahfuza. Bu gal u rasmana jilmaydi. Nazarimda, Vosiqning gapidan keyin koʻngli joyiga tushdi shekilli.
— Yoʻq, Shavkat boradi, — dedi Vosiq Fatxillaga tikilib.
— Mayli, rahmat, — Mahfuza shunday deb palatkadan chiqdi.

Shavkat ham ketdi. Palatkaga jimlik choʻqdi. hamma birin-ketin yechinib yota boshladi. Faqat Fatxilla qimir etmay oʻtirardi.
— Men ham seni yubormasdim, — dedim yotganimdan soʻng unga. — Kecha nimalar deding?!
— Hazil edi, nahotki ishonmasangiz? — Fatxillaning koʻzlari olayib ketdi. — Sen-chi, Vosiq?
— Hazilning tagi zil, — dedi Vosiq.
— Shu tirrancha, koʻlidan bir tiyinlik ish kelmaydigan oyimqiz mendan afzal boʻldimi?
— Boʻldi, yot, — dedim zarda bilan. — Tiling qichishyaptimi?

Shu voqea sabab boʻldimi yo oʻzlik-oʻzi topishib ketishdimi, Shavkat bilan Mahfuzani koʻpincha birga koʻradigan boʻlib qoldik. Tushlik paytida birga ovqatlanishadi, kech-qurunlari boʻlsa, Shavkat apil-tapil yuvinib, gʻoyib boʻladi. Hammamiz bunga koʻnikib qoldik. Bu orada yangi binoning beton plitalarini yotqizib boʻldik, birinchi qavatni koʻtarib, ikkinchisiga unnay boshladik. Shu kunlarning birida men, ittifoqo, gʻalati suhbatning guvohi boʻlib qoldim. Yakshanba edi. Ertalab hammamiz yasanib, shaharga tushadigan boʻldik. Har dam olish kuni odatda oʻzi shunday qilamiz. Men bolalarning oldiga tushaman. Vosiq ham. Fatxilla bilan Parpi shaharni aylanadi. Yo uylariga posilka joʻnatishadi. Fatxilla asli qarshilik, hech kimi yoʻq. Parpi pskentlik, oʻqishga mehri boʻlmay, ishga berilib ketgan. Oilaning kattasi shu. Toʻrtta ukasi bor. Shavkat Toshkentning oʻzidan. Otasi katta injener-geolog. Onasi ham oʻqimishli ayol. Bir-ikki marta uylarida boʻlganman. Yaxshi odamlar. Shavkat uyga borib qolsa, oʻtqazgani joy topisholmaydi. Lekin oʻshanda u negadir uyga bormadi. Keyin boraman, dedi. Men ham zoʻrlamadim. Uyga borib, kechqurun qaytdim. Endi qorongʻi tusha boshlagan edi. Chodirga yaqinlashganimda ayol kishining ovozi eshitildi. Kirishimni ham, kirmasimni ham bilmay toʻxtab qoldim.
— Yoʻq, yoʻq, unday demang! — gapirardi qiz boʻgʻiq ovozda. — Siz meni bilmaysiz. Nima qilasiz oʻzingizni ham, meni ham qiynab?! O’sha kuni, ariq labida oʻtirganimizda aytganlarim rost... O’tinib soʻrayman, qoʻying.

Bu — Mahfuzaning ovozi edi.
— Nahotki, menga ishonmasangiz? O’sha kuniyoq, sizni oʻsha birinchi marta koʻrganimdayoq buni sezgan edim. Mahfuza, menga qarasangiz-chi!

Bu ovozni ham tanidim: Shavkat.

Bilmayman, oʻshanda menga nima boʻldi, nimadandir xa-votirlanar, choʻchir va shu paytning oʻzidayoq nimadandir quvonar edim. Shuning uchun boʻlsa kerak, joyimdan jilmadim. Chodirga bir zum jimlik choʻkdi. Lekin koʻp oʻtmay yana Shavkatning ovozi eshitildi:
— Nega indamaysiz? Yo meni...
— Unday demang. Yoʻq, unday demang, Shavkatjon, — Mahfuzaning ovozi qaltirardi. — Lekin men sizga aytdim-ku, meni bilmaysiz. Bilganingizda bunday demas edingiz. Aytsam... Mendan kulmaysizmi?

Sh a v k a t. Yoʻq, nega kularkanman?

M a h f u z a. Kulmang, xoʻpmi? Rosti, menga bari-bir. Chunki endi hech kimni sevolmayman... Ha, sevolmayman.

Sh a v k a t. Nima gap oʻzi? Tinchlikmi?

M a h f u z a. Eshiting... men... men... siz oʻylagan, siz orzu qilgan qiz emasman. Men aldangan, xoʻrlangan, baxtsiz bir odamman...

Sh a v k a t. Qoʻying, Mahfuza, oʻzingizni qiynamang. Menga buning keragi yoʻq. Gapirmang.

M a h f u z a. Yoʻq, endi aytmasam boʻlmaydi. Eshiting, hammasini eshiting. Men oʻn uch yoshimda oʻgay ota koʻlida qolganman. Oyim ogʻir kasallikdan vafot etgan. O’z otamni esa mutlaqo bilmayman. Urushda halok boʻlganligini eshitganman, xolos. Oyimning vafotidan koʻp oʻtmay oʻgay otam uylandi. Uylandi-yu, boshim gʻalvadan chiqmay qoldi. Har kuni goh puldan, goh ovqatdan janjal chiqardi. Chiday olmadim. Shahardagi xolamnikiga qochib ketdim. Oradan toʻrt yil oʻtdi. Maktabni bitiradigan payt keldi. Shunda bir yigit bilan tanishib qoldim. Kinoda tanishdim. Chiroyli yigit edi. Puli koʻp edi. Xolam boʻlsa, oʻz bolasidan orttirib, menga kinoga ham zoʻrgʻa pul topib berardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, men oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Buning ustiga u, sizni sevaman, sizsiz turolmayman, deb kunda ont ichardi. Maktabni bitirgan kunim u, bugun bir joyga yigʻilsak, uydan bir amallab chiqing, dedi. Rozi boʻldim. Kechqurun xolamga allanimalarni bahona qilib, uydan chiqdim. Belgilangan joyda uchrashdik. Keyin... keyin... yoʻq, aytolmayman, aytolmayman!..

Mahfuza yigʻlab yubordi. Tomogʻiga bir narsa kelib qadaldi. Shavkatning ham ovozi titrardi.
— Qoʻying, yigʻlamang, — derdi u nuqul. — Yigʻlamang.

Koʻp oʻtmay palatka yana jimjit boʻlib qoldi. Mahfuza oʻzini tutib oldi shekilli, yigʻisi eshitilmay qoldi.
— Fatxilla biladi, — dedi u bir ozdan soʻng ogʻir xoʻrsinib. — Bir mahallada turganmiz.

Bu gapni eshitdimu miyamga bir narsa kelib urildi. Mahfuza yangi kelgan kundagi Fatxillaning gaplari esimga tushib, oʻzidan oʻzi qoʻllarim musht boʻlib tugildi. Mana, nima uchun u maqtangan ekan! Beixtiyor yoʻlga qaradim. Lekin hech kimning qorasi koʻrinmas edi.
— Keyin xolam bilan Shiringa koʻchib keldik, — gapida davom etdi Mahfuza. — Mana endi meni bildingiz. Fikringizdan qaytgandirsiz?

Sh a v k a t. Yoʻq. Endi qarorim qat’iy!

M a h f u z a. Achinyapsizmi?

Sh a v k a t. Bu achinishdan emas. Sizni... sevaman!

M a h f u z a. Shuncha gapdan keyin-a?

Sh a v k a t. Ha.

M a h f u z a. Sizdan katta boʻlsam ham-a?

Sh a v k a t. Ha. Meni qiynamang, Mahfuza. Sevsangiz boʻldi. Nima desangiz shuni qilaman. Sevasizmi?

Mahfuza indamadi.

Ertasiga u ishga chiqmadi. Kechqurun trestdan telefon qilib, uning boʻshab ketganini aytishdi. Hamma hayron edi. Hech kim oʻylab oʻyining tagiga yetolmasdi. Faqat men bilardim. Lekin aytmadim. Nima keragi bor? Shu kuni tuni boʻyi Shavkat mijja qoqmay chiqdi. Ertalab yonimga kelib, ketmoqchi ekanini aytdi. Rozi boʻlmadim. Shunda u, bilmadim, nima uchun shunday qildi, yuragini boʻshatgisi keldimi, yo boʻlmasa, meni oʻziga yaqin oldimi:
— Men Mahfuzani topishim kerak, — dedi.

Nima deya olardim? Xoʻp, dedim. Shu kuniyoq u ham ketdi.
— Ha... — dedi xayolga choʻmib bank inspektori. — Shunaqa sevgi ham boʻlar ekan.

Hech kim indamadi. Kupeda jimlik hukm surar, faqat poezd gʻildiraklarining bir ohangdagi taq-tuqigina bu jimlikni buzib turardi.
— Choydan bormi, inspektor? — dedi anchadan soʻng Usmon aka kulimsirab.

Bu kulimsirash oʻtirganlarga jon kirgizdi shekilli, hamma joy-joyidan qimirlab qoʻydi.
— Choy sovib qolibdi-da, — dedi inspektor termosni olib.
— Mayli, bizga boʻlaveradi.
— Marhamat.
— Ular hozir qaerda ekan? — dedi oʻzicha keksa arxivchi yangi papiros tutatar ekan, oʻychan holda.
— Shu yerda, Toshkentda.

Usmon akaning bu gapidan hammamiz bir choʻchib tushdik.
— Kecha birga edik.
— Shavkat, Mahfuzalar bilan-a? — ishonqiramay soʻradi inspektor.
— Ha. Ikkovi ham Qarshidan quruvchilar s’ezdiga delegat boʻlib kelishibdi. Kichkina qizaloqlari ham bor. Xuddi otasining oʻzi.

Usmon aka faxr bilan hammamizga bir-bir qarab chiqdi.
— Siz s’ezddan kelyapsizmi? — soʻradi keksa arxivchi.
— Ha.
— Barakalla, barakalla.

Uning bu gapi kimga qaratilganini bilib boʻlmadi.
— Ha, aytganday, s’ezdda Vosiq va Fatxilla ham bor edi, — dedi Usmon aka. — Kecha kechqurun hammamiz biznikida yigʻildik. Faqat Fatxilla kelmadi. Mahfuzalarning

boʻlishini bilib uyalgan chogʻi.
— Barakalla, barakalla, — dedi gapini choʻzib arxivchi.

Bank inspektori unga bir qarab qoʻydi-da, koʻzlarini yumdi. U xayolga choʻmgan edi.

Men kupedan chiqib, roʻparadagi derazaning pardasini ochdim. Havo ochiq edi. Koʻkda charaqlab turgan son-sanoqsiz yulduzlar va kulchadek oy biz bilan barobar suzib borardi.

1960