OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiYoz yomgʻiri (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» NMAK Bosh tahririyati, Toshkent - 2005
Hajm265KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/21
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Oʻlmas Umarbekovning «Tanlangan asarlar»i II jildidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Yoz yomgʻiri (qissa)
Oʻlmas Umarbekov

1

Bu kun, 197... yilning 22 avgusti, tramvay haydovchi qiz Munira Shayxuddinova xotirasidan umr boʻyi oʻchmaydi...

Hali tong otmagan, kulrang osmon asta-sekin oqara boshlaganiga qaramay, xiyobonlar, koʻchalar, binolarning pastki qavatlari tun qoʻynida edi. Suv sepilgan asfalʼt yoʻllar qora duxoba toʻshab qoʻyilgandek... Qoʻngʻiz nusxa fonarlargina sargʻayib yoʻlni bir quloch, bir qulochdan oqartirib turibdi.

Munira parkdan tramvayni chinqiratib haydab chiqdi-da, Chorsu aylanmasidagi birinchi bekatda toʻxtatdi. Bekatda deyarli odam yoʻq edi. Vagonga atigi bitta yoʻlovchi koʻtarildi. Bu temiryoʻlchilar kiyimidagi shopmoʻylov, oʻrta yashar bir kishi edi. Qoʻlida katta qora sumka. Munira har smenasida uni koʻrardi.
— Assalomu alaykum! Ha, amaki, ishgami? — soʻradi, eski tanishlardek.
— Tirikchlik, qizim, — dedi yoʻlovchi. — Sal kechikdingmi? Soating necha boʻldi?

Munira qoʻlidagi kichkina kumush soatiga qaradi.
— Yoʻq, vaqtida chiqdim. Beshdan oʻnta oʻtdi.
— Ha, yaxshi. Bugun teplovozni topshiramiz. Oʻzi ham rosa qiynadi.

U yana nimalar dedi, Munira eshitmadi. Avtomat kassa oldiga borib, yangi gʻaltak biletni qoʻyar ekan, koʻzi bekat yonidagi na’matak butalari orasidan chiqib turgan ayol kishining oyogʻiga tushdi. Qoʻngʻiz nusxa fonarʼ yoritib turgan paypoqsiz oppoq oyoqdagi uzun poshnali oq tuflining uchi osmonga qaragan, tovoni yerga tiralib turardi. Munira avval qoʻrqib ketdi. Keyin, mast boʻlsa kerak, deb oʻylab, bir oz tinchidi va temiryoʻlchi amakini chaqirdi.
— Anavini qarang, amaki, mastmi, nima balo?!
— Qani? — temiryoʻlchi amaki oʻrnidan turib, uning yoniga keldi.
— Ana, butalarning orasida. Oʻlib ketsin, tuppa-tuzuk xotinga oʻxshaydi tuflisidan.
— Mastmasdirov?! — Temiryoʻlchi amaki qoʻllarini soyabon qilib yaxshiroq tikildi.
— Mast boʻlmasa, shu yerda yotarmidi?!
— Qani, shoshma, koʻraylikchi?

Ular pastga tushishdi. Shoxlab ketgan na’matakning osti kichkina chaylani eslatardi. Temiryoʻlchi amaki epchillik bilan shoxlarni koʻtarib engashdi. Ayol nafas olmas edi.
— Chirogʻing bormi? — qichqirdi u.

Munira yugurib vagonga chiqdi-da, qoʻl fonarini olib tushdi.
— Mana.
— Oʻzing yoq!
— Oʻldirib ketishganga oʻxshaydi! — dedi temiryoʻlchi amaki.
— Voy oʻlmasam! — Munira qichqirib yubordi.
— Yuz-koʻzi qonku! Qara!

Munira shundagina ayolning basharasiga qaradi, qaradi-yu, boʻshashib ketdi. Ayolning toʻzgʻigan, yuzi bilan bitta boʻlib yotgan sochlari hoʻl edi. Kichkina ogʻzining ikki chetida qon qotib qolgandi.
— Endi nima qilamiz! — dedi Munira uning yoniga choʻkkalab.

Idorangga yugur. Tez yordamga telefon qilish kerak.
— Men... men... — Munira dagʻ-dagʻ titrardi. Chunki birinchi marta shunday yaqindan oʻlik koʻrishi edi.
— Chop, deyapman senga! — qichqirdi temiryoʻlchi amaki. Uning doʻqi ta’sir qildimi, yo qoʻrquvdan dovdirab qoldimi, Munira orqasiga tisarila-tisarila tramvayga yetdi, keyin shpallar ustidan park tomon yugurib ketdi.

Temiryoʻlchi oʻlikning olataroq yuziga, tizzasigacha koʻtarilgan noʻxat gulli yupqa koʻylagiga, barmoqlarida uzuqlar yaltirab turgan qoʻllariga tikilar ekan, hech narsa tushunmasdi.
— Yosh ekan, bechora... — derdi faqat. — Ha, yosh ekan...

2

Er-xotinning urishi, doka roʻmolning qurishi... Ota-bobolarimiz toʻqigan bu maqolning qanchalik toʻgʻri-notoʻgʻriligini har bir oila oʻzicha tasdiqlaydi. Uylanganiga toʻrt yildan ozgina oshgan Rahim Saidov bu maqolni mutlaqo notoʻgʻri hisoblardi. Uning nazarida oiladagi urish-janjal bamisoli daraxtning ichidagi qurt. Daraxt qanchalik mustahkam boʻlmasin, shu qurt, shu kichkinagina qurt albatta bir kun uni yo qulatadi, yo quritadi. Oila ham xuddi shu daraxtga oʻxshaydi. Urish-janjal bir kunmas-bir kun uning asosi boʻlgan muhabbatni kemirib tashlab, er-xotinning yuragini nafratga lang ochib beradi. Rahim Saidov shunday oʻylar va yil oʻtgan sari oʻyining toʻgʻriligiga ishonchi kuchayib borardi. Axir hamma daraxtga ham qurt tushavermaydi-ku? U iloji boricha uyda urish boʻlmaslik-ka, agar boʻlib qolsa, birovlarga eshittirmaslikka harakat qilardi. Lekin kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi deganlaridek, koʻpincha xotini bilan boʻlib oʻtgan gʻidi-bidi gaplar oʻsha kuni, juda boʻlmaganda ertasiga, kamalak tus olib, yetti mahalla nariga, qolaversa, ishxonasiga ham yetib borardi. Albatta, koʻpchilik unga achinardi.

Oradan bir-ikki kun, yo bir-ikki soat oʻtib, ish bilan ovungach, iloji boricha tezroq janjalning sabablarini unutib, aybi boʻlmasa ham, odatdagidek, xotinidan kechirim soʻrashga, yarashishga oshiqardi.

Albatta, yarashish oʻz-oʻzidan boʻlmasdi, quruq qoshiq ogʻiz yirtadi — biron narsa, biron va’da evaziga yana uyda noma’lum muddatga tinch-totuvlik barpo boʻlardi. Rahim Saidov dissertatsiya yoqlagan kuni oʻrtoqlari sovgʻa qilgan, romba shaklidagi yarqiroq temir parchasiga ismi, familiyasi yozilgan qora portfelda shampanʼ vinosi olib kelar, shunda qoʻni-qoʻshnilar, hatto shoʻx kulgi, qadahlarning jarangini eshitib qolishardi. Shunday paytlarda rahmdil ayollar koʻngillari yumshab:
— Munisxonga Xudo bitta farzand berganda, ikkovi ham tinchirdi-qoʻyardi, — deb allavaqtgacha bolaning oilani mustahkamlashdagi roli haqida gap sotishardi. Munisxon atayin bola istamasligidan ular bexabar edi. Buni faqat Rahim Saidov bilar, bilgani bilan hech narsa qila olmasdi.

Oralarida Xitoy devoridek toʻsiq koʻtarilganda, Rahim Saidov oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmay qolardi. Ammo dilida bunday yashash mumkin emasligini, bir kunmas-bir kun orani ochiq qilish zarurati tugʻilajagini yaxshi bilardi. Bilardi-yu, ojizlikmi, yo muhabbatning oʻti hamon balandmi, shunday kunning kelishini orqaga choʻzardi. Boʻlmasa, eh-ha, necha marta bunga imkon boʻldi.

Rahim Saidov shularni oʻylab ba’zan oʻzini lanjlikda ayblardi. Ba’zan esa xotinining kulib turgan basharasini koʻz oldiga keltirardi-yu, yana muhabbatning qudrati haqida xayol surib ketardi.

Munisxonga u oʻzi, birovlarning aralashuvisiz, muhabbat qoʻyib uylangan edi. Birinchi marta uni Qoʻqon — Ohangaron yoʻlida shunday dovonning ustida, besoʻnaqay ganch sherning yonida koʻrdi. Koʻrdi-yu, bitta qiz boʻlsa shunchalik boʻladi-da, deb sevinch bilan koʻnglidan oʻtkazdi.

Oʻshanda institutlarining Oltiarikdagi tajriba uchastkasidan kelayotgan edi. Institut direktori ertalab uning poezdga chiqishiga ham qoʻymay, mashina topib yoʻlga chiqishni buyurdi. Ular olib borayotgan tajribadan katta manfaat kutgan kolxoz raisi darhol oʻzining «Volga»sini berdi. Rahim Saidov apil-tapil tushlikka qovurilgan ovqatdan yeb, yoʻlga tushdi.

Mashina Qoʻqondan chiqqach, shofer raisning gapiga amal qilib, gazni bosdi. Mashina qushdek uchar, orqa oʻrindiqda oʻtirgan Rahim Saidov yosh boladek koʻzlarini pirpiratib, entikib nafas olari.
— Sulaymon akani hayron qoldiramiz toʻgʻri idoraga borib, — dedi gʻurur bilan shofer. — Ja sekin yuradilar u kishi, xit qilib yuboradilar.

Sulaymon aka institut direktori edi. Katta odam, qishloq xoʻjalik sohasidagi bir qancha ilmiy kitoblarning avtori, oblastlarda tez-tez boʻlib turar, institut xodimlaridan ham shuni talab qilardi. «Bizning ishimizni kolxozlarda bilishmasa, quvvatlashmasa, bizning mutlaqo keragimiz yoʻq», — derdi u koʻp yigʻilishlarda. Shu gapiga amal qilib, deyarli har bir oblastda tajriba uchastkalari tashkil etgan, xodimlarni ham shunga qarab turli guruhlarga boʻlib yuborgan edi. Rahim Saidov ishlayotgan sektor, asosan, Toshkent, Fargʻona viloyatlarida tajriba oʻtkazardi. Keyingi yillarda shu oblastlarda paxtachilik oqsab, turli kasalliklar koʻpaygan edi. Paxtaga tushgan kasalliklarning eng dahshatlisi bu- vilt edi. Uning kushandasi nima, qanday dori bilan paxtani undan xalos qilish mumkin? Bu savol bir necha yildan beri paxtakorlarni ham, olimlarni ham qiynab kelardi. Ammo buning chorasi topilmagan, har yili davlat moʻljaldagidan yigirma besh, oʻttiz protsent hosil kam olardi. Rahim Saidovning Oltiariqqa kelganining ham boisi shu edi. Yangi nav paxta ekilgan, u gullab, endi koʻsak tuga boshlagan edi. Lekin nima uchun shu muhim paytda u Toshkentga borishi kerak? Qancha oʻylamasin, Rahim Saidov sababini bilolmadi. Direktorning oʻzi esa telefonda «keling», dedi-yu, boshqa hech narsa aytmadi.

Mashina dovonga koʻtarila boshladi. Issiq shamol oʻrnini muzdek togʻ havosi egalladi. Oqtepadan oʻtishganlarida yomgʻir tomchilay boshladi. Lekin darhol tindi.
— Yaxshi boʻldi, — dedi shofer, — tushishga qiynalardik...

Rahim Saidov koʻp marta shu yoʻldan yurgan boʻlsa ham har gal suq bilan atrofiga qarardi, bu baland-past, xavfli olataroq togʻ yoʻli uni oʻziga maftun qilib qoʻygan edi. Bir tomon togʻ, tuya oʻrkachidek katta-kichik, ba’zilari ustida qor erimagan qoyalar, bir tomon esa qaraganda yurakni muzlatadigan jarlik, sharqiragan tiniq suv, koʻm-koʻk may-sa koʻrpalar... Ba’zi qoyalar ustida olislarga koʻz qadagan soqchidek chinor yoki archa. Har aylanishda manzara xuddi kinodagidek oʻzgaradi. Togʻlar goh chap, goh oʻng tomoningda paydo boʻlib qoladi. Goh tubi yoʻq jarlikka shoʻngʻiyotgandek his qilasan, goh odam oyogʻi yetmagan qoyaga chiqib ketayotgandek boʻlasan. Ba’zan dovon oshishingga koʻzing yetmay, yuraging orqangga tortib ketadi. Yoʻl shunday tikka! Lekin mashina toʻxtamaydi, inqillab, titrab-qaqshab oldinga intiladi va bir amallab dovonning ustiga chiqasan, hamma narsa, shaharlar, daryolar, togʻlar oyogʻing ostida qolgandek, dunyoning ustiga chiqqandek boʻlasan, yengil nafas olasan, zum oʻtmay nafasing tomogʻingga tiqiladi — mashina pastga shoʻngʻiydi...

Ana shu yoʻlda Rahim Saidov oʻz baxtini uchratdi. Hozircha shundai deymiz, negaki uning oʻzi shu uchrashuvni uzoq vaqtgacha baxtim deb yurdi.

Shofyor soʻnggi dovonning ustidagi choyxona oldida mashinasini toʻxtatdi. Uni tanishsa kerak (Fargʻonada bir-birini tanimaydigan odam kam), bir bola kosada yaxna choy olib chiqdi. Shofyor miriqib ichdi. Rahim Saidovga ham uzatdi. Keyin yana yoʻlga tushishdi. Dovon usti ikki kilometrcha tekis yoʻl. Yoʻlning oxiridagi burilishda katta xarsang ustiga sherni eslatadigan ganch haykal oʻrnatilgan, uning yonidagi taxtachaga «2342» raqami yozib qoʻyilibdi. Bu dovonning dengiz sathidan balandligi.

Rahim Saidov Munisxonni shu yerda koʻrdi. Koʻrdi-yu, es-hushini yoʻqotdi.

Munisxon bir oyogʻini sher ostidagi xarsangga qoʻyib, qoʻllarini beliga tiraganicha jarlikka tikilib turardi. Undan narirokda, shunday jar yoqasida kapoti ochilgan qizil «Moskvich» quyuq zangori tutun chiqarib, titrardi.

Munisxon «Volga»ni koʻrishi bilan qoʻlini belidan olib, boshi uzra silkitdi.
— Suvi qaynab ketibdi shekilli? — dedi shofer va hamrohining roziligini kutib oʻtirmay, shunday qizning oldida mashinasini toʻxtatdi.
— Nima boʻldi? — soʻradi u eshigi derazasidan boshini chiqarib.
— Yurmayapti, — dedi qiz shoferning oldiga kelib va ichkariga qaradi. — Meni olib ketinglar?!

Bu iltijo bir paytda ham shoferga, ham Rahim Saidovga qaratilgan edi.

Rahim Saidov uning tilidan qoʻqonlik ekanini darrov bildi. Qoʻqonlik qizlarning tili unga studentlik paytidan beri yoqimli, shirin tuyulardi. Shofyor bir narsa deyishga ulgurmasdan u qizni mashinaga taklif qildi:
— Marhamat!

Shu payt ular oldiga oppoq neylon koʻylagi qoramoy, yuz-koʻzi terga botgan yoshgina yigit keldi.
— Salom alaykum, — dedi u uyalinqirab.
— Nima boʻldi? — soʻradi shofyor.
— Tortmayapti, qarab yuboring, bir soatdan beri unnayman.

Shofer mashinadan tushib, yigit bilan ketdi.
— Siz oʻtiring, — dedi Rahim Saidov nima qilishini bilmay turgan qizga va orqa eshikni ochdi.
— Men hozir!

Munisxon «Moskvich» tomon yugurib ketdi. Rahim Saidov beixtiyor orqasidan qarab qoldi. Ha, u kelishgan qiz edi. Oyoqlari uzun, toʻla ham emas, oriq ham emas, oʻrtacha. Yevropacha tikilgan yirik katakli koʻylagi badanini tortib turibdi. Qalin qora sochi orqasiga tugilgan. Koʻp oʻtmay shofer qaytdi.
— Prokladkasi teshilibdi.
— Sizda yoʻqmi? — soʻradi Rahim Saidov.
— E, aka, u anqoning urugʻi, — dedi shofer. – Innaykeyin «Volga»niki tushmaydi. Poʻnkandan olib keladi endi. Adres berdim.

Rahim Saidov shoferning gaplarini chala eshitdi... Uning koʻzlari «Moskvich»ning eshigini ochib, engashganicha nimalarnidir olayotgan Munisxonda edi. Nihoyat, u qaddini rostladi, xomush turgan yigitga nimalarnidir dedi, keyin yugurib iziga qaytdi.
— Maylimi?
— Marhamat!

Rahim Saidov chetroqqa surilib, yonidan joy berdi.
— Judayam zarur ishim bor edi, bormasam boʻlmaydi, — dedi qiz mashinaga oʻtirar ekan, kechirim soʻraganday.
— Kuyov bola yolgʻiz qolar ekanlarda? — qizning hara-katlari negadir shoferga yoqmadi shekilli, ensasi qotib, rulga oʻtirdi.
— Voy, nega unday deysiz? — qiz qoʻllari bilan yuzini berkitib kuldi. — Jiyanimku bu yigit. Meni tashlab kelmoqchi edi Toshkentga.
— Bilmabman, uzr, — dedi shofer, baribir uning qovogʻi ochilmadi. — Ketdikmi?
— Ha, — dedi Rahim Saidov. Mashina siltanib joyidan qoʻzgʻaldi.
— Toshkentda oʻqiysizmi? — Rahim Saidov qiz tomon oʻgirildi.
— Ha. Inyazda. Toʻrtinchini tugalladim.
— O, juda yaxshi, — dedi Rahim Saidov, lekin nega «yaxshi» dedi, bilmadi. — Yaqinda bitirar ekansizda?

Qiz kuldi. Uning kulgisi xuddi duxobadek yumshoq edi.
— Hali bir yil bor.
— Xoʻsh, rejalar qanday?

Qiz qoshlarini chimirib, unga qaradi.
— Qanday reja?
— Bitirib, nima qilmoqchisiz?
— Qaydam?. — Qiz yelkalarini qisdi. — Nima deyishsa, shu.

Rahim Saidov yana bir narsa deyish kerakligini bilardi, lekin gap topolmadi, shuning uchunmi, orzusi amalga oshmagan odamdek xoʻrsindi.
— Men ham bir vaqtlar inyazga kirmoqchi edim... Ingliz tili fakulʼtetiga...
— Hozir kimsiz? — qiz jonlanib soʻradi.
— Ximik, bioximik...
— Bu ham yaxshi kasb. Men asli tarixchi boʻlmoqchi edim. Tarixni juda yaxshi koʻraman. Samarqand... Salb yurishlar... Monomax... Kirish imtihonida yiqildim.
— Yaxshi boʻlgan ekan...
— Nega? — yana qoshlarini chimirdi Munisxon.
— Chet tilini bilgan odamlarni yaxshi koʻraman. Ularda qandaydir sirli bir narsa bor. Masalan, sen bilmagan narsani bilishadi.
— Maqtab yubordingizku? — Munisxon kuldi. — Men esa ximiklarni sirli odamlar deb bilaman. Ular yoʻkdan bor qilishadi. Masalan, misdan oltin.

Rahim Saidov xursand boʻlib ketdi va Munisxonga qoʻshilib kuldi. Shu kulgi uning xayolini olislarga olib ketdi, oʻzini oʻzga goʻzal bir olamda, oila olamida koʻrdi. Shunday odam bilan birga boʻlish qanday yaxshi! Buning ustiga aqlli boʻlsa kerak. Shundayligi koʻzlaridan ham bilinib turibdi. Oʻz fikrini tasdiqlash uchun qizga qaradi. Munisxon suyanchiqqa boshini tashlab, derazaga tikilib borardi.
— Charchadingizmi? — soʻradi Rahim Saidov.
— Ha, oftobda uzoq qoldik, — dedi qiz hozirjavoblik bilan. — Oftobda salga boshim ogʻriydi.
— Dam oling. Toshkentga hali ancha.
— Bir yarim soat, — dedi shofer.
— Rahmat, — dedi qiz va oppoq yuzini chetga oʻgirib, koʻzlarini yumdi.

Rahim Saidov unga xalaqit bermaslik uchun yanada chetroqqa surildi. Uning nazarida Munisxon hozirgina osmondan uchib tushgan farishtaning oʻzi edi.

Olmaliq — Toshkent yoʻliga chiqishganda, mashina yana qushdek ucha boshladi. Yoniga goʻzal qizning uxlab borishi, tekis yoʻl, bepoyon adir, nozik atir hidiga qoʻshilgan oʻtkir oʻt-oʻlan hidi Rahim Saidovni elitdi, u koʻzlarini yumdi. Anchagacha shirin xayollar ogʻushida mudrab bordi. Bir siltanib, boshi koʻkragiga tushganda, choʻchib koʻzlarini ochdiyu, lol boʻlib qoldi. Munisxonning kichkina boshi yelkasida edi, sochlarini shamol toʻzgʻitgan, bir-ikki tolasi boʻynini qitiqlardi. Rahim Saidov nima qilishini bilmay, qotib qoldi. Qimirlasa, qiz uygʻonib ketadi. Keyin qachon uning yelkasiga boshini qoʻyadi? Qoʻyarmikan, umuman? Shu oʻy bilan Rahim Saidov qimir etmaslikka qaror qildi va shu alfozda, yuragi shodlikdan hapriqib, ne-ne shirin rejalar bilan Toshkentga kirib keldi. U albatta, Munisxon bilan yaqinroq tanishishga, agar oʻrni kelib qolsa, kinogami, teatrgami taklif qilishni oʻylab qoʻydi.

Kurantga yetilganda, shofer mashinasini toʻxtatdi.
— Opa! Shu yerda tushasizmi? Munisxon choʻchib, boshini koʻtardi.
— Voy, keldikmi? — dedi u koʻzlarini pirpiratib.
— Skverdamiz, — tushuntirdi shofer.
— Uxlab qolibman, — qiz uyalinqirab jilmaydi.
— Ha, dam oldingiz ozgina, — dedi Rahim Saidov. — Qayoqqa borasiz?
— Oqtepaga, yotoqqa.
— Aylanish ekan, — uni boʻldi shofer. — Akademgoro-dokka...

Rahim Saidov ichida shoferdan jahli chiqdi-yu, lekin hech narsa deyolmadi.
— Kechirasiz, — qoʻlini uzatdi u qizga. — Shoshib turibmiz.
— Voy, shunga ham rahmat.
— Yotoq Oqtepaning qaerida?
— Shunday oʻzida. Aptekaning oldida.

Munisxon shunday deb mashinadan chiqdi. Shofer gaz berdi.
— Zap qiz ekanmi? Tavba!
— Ha? — tushunmadi Rahim Saidov.
— Ukasini yarim yoʻlda yolgʻiz tashlab ketsa... Begona erkakning koʻkragida uxlasa... Endi aytyapmanda...

Rahim Saidov bir narsa deb Munisxonni himoya qilmoqchi edi, kayfiyatini buzgisi kelmadi. Kayfiyati esa nihoyatda yaxshi edi. Umuman, oʻsha kun uning xotirasida umrbod ajoyib, baxtli kun boʻlib qolgan edi. Institut hovlisiga kirishganda Sulaymon aka endi uyiga ketmoqchi boʻlib turgan ekan. Ularni koʻrib, qoʻllarini yozdi:
— Rahimjon! Uka! Tabriklayman! Kandidatlik diplomingiz keldi!

Rahim Saidov hang-mang boʻlib qoldi. Odamlar yillab kutadi diplomni, uniki esa himoyadan soʻng uch oy oʻtgach keldi. Juda tez!
— Darrov-a? — hayron boʻlib soʻradi oxiri.
— Nimasi darrov? — Oʻz navbatida unga gʻalati qaradi direktor. — Yaxshi ishga uch oy ham kam emas. Ishingiz esa yaxshi, juda yaxshi! Men shunga sizni chaqirtirgan edim. Yana ba’zi ishlar bor. Ertaga gaplashamiz. Kelishdikmi?
— Kelishdik! — dedi Rahim Saidov direktorning yumshoq yirik qoʻlini siqarkan.
— Juda yaxshi! – Sulaymon aka ketdi.

Soʻnggi bir-ikki soat ichida yuz bergan bu ikki quvonchli hodisa Rahim Saidovning boshini aylantirib qoʻygan, kim bilandir ularni oʻrtoqlashgisi kelib qolgan edi.
— Sadriddin! — chaqirdi u. — Planlar qanday?
— Nima edi? — tushunmay soʻradi shofer.
— Hozir nima qilmoqchisiz?
— Joʻnamoqchiman. Fayzimat akam ertaga rayonga bo-rishlari kerak.
— Kolxozda boshqa mashina qurib qolganmi?! Bugun men bilan boʻlasiz. Mashinani shu yerda qoldiring.

Shofer yigit bir oz oʻylanib turdi-da:
— Ha, mayli, — dedi. — Yigit kishining ra’yini qaytarib boʻlmaydi. Ammo lekin bugun omadingiz kelgan kun ekan.
— Nimasini aytasiz, Sadriddin doʻstim! — Rahim Saidov uning yelkasiga qokdi. — Koʻchamizda bayram, deb shuni aytadilar!

Oʻsha kuni ular Olimlar shaharchasining yakkayu yagona restoranida yarim kechagacha oʻtirishdi. Ikki kishiga moʻljallangan stol yoniga restoran yopiladigan paytga borib besh-oltita stol qoʻshilib ketgan, orkestr tinmay kuy chalar, goʻyo dissertatsiya yoqlagan kuni qilingan va hammaga manzur boʻlgan banket qaytadan boshlanib ketgandek edi. Faqat navbat bilan soʻzlovchilar yoʻq, hamma baravar soʻzlar, kular edi.

Hayot tasodiflardan iborat, lekin har qanday tasodif ham ma’lum kunda zanjiriga bogʻlangan. Demak, hech narsa oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi.

Rahim Saidov shunday oʻylar va oʻsha kungi quvonchlarini qay darajadadir dovon ustida uchragan qiz — Munisxonga tegishli, deb hisoblardi. Kim biladi, agar uni uchratmaganda, diplom kelmasmidi, direktor ham boshqa narsaga chaqirgan boʻlarmidi? Shunday emasligini u yaxshi bilardi, lekin koʻngil, koʻngil shunday oʻylaganing ma’qul, derdi. Shuning uchun ham keyinchalik qachon kayfiyati buzilsa, (kayfiyati esa, koʻpincha, uyda buzilardi) shu kunni eslar, koʻz oldida baland togʻ tepasida xarsangga bir oyogʻini qoʻyib, unga xomush va oʻychan tikilib turgan qizning siymosi paydo boʻlardi. Shu bilan yengil tortar, tashvishli xayollardan oʻzini xalos qilganday boʻlardi.

Oʻsha kunning ertasiga u Munisxonni topdi. Teatrga borishdi. «Sevgi tumori» baletini tomosha qilishdi. Keyin boqqa oʻtishdi. Shu boqqa ertasi kuni ham kelishdi. Undan keyin ham. Albatta, bogʻning yolgʻiz oyoq yoʻllarida odamning koʻngli nimalarni tusamaydi? Avval qoʻl ushlashib yurishdi, keyin ora-sira Munisxonning xipcha beliga qoʻl oʻtadigan boʻlib qolganday, soʻngra boʻlsa... Undan keyin nima boʻldi. Hozir gapirib oʻtirmayman. Faqat bitta narsani aytib oʻtish shart. Hikoyamiz boshlangan kundan bir kun oldin er-xotin odatdagidek qattiq urishib qolishdi. Hamma narsa tushdan boshlandi. Ha-ha, oddiy tush, hammamizning vaqt-bevaqt dilimizni ravshan, yo xira qiladigan tush. Rahim Saidov boshi ogʻrib turdi. Munisxon hali uyquda edi. Sochlari yuzi bilan bitta. Lablari choʻchchaygan. Oyogʻiga ilinib qolgan choyshab tortilib beligacha tushgan. Rahim Saidov hayajonlanmadi. U hozirgina koʻrgan tushi ta’sirida edi. Begona bir erkak xotinining qoʻliga uzuk taqyapti. Katta yoqut koʻzli tilla uzuk. Rahim Saidov jahl bilan:
— Nima qilyapsiz? — dedi.

Begona erkak javob bermay, tirjaydi.
— Sizga aytyapman!

Rahim Saidov xotinining qoʻlidan ushlab uzukni su-gʻurmoqchi boʻldi. Uzuk chiqmadi. Shunda xotini bir siltanib qoʻlini tortib oldi-da, begona kishini imladi. Ikkalovi qayoqqadir ketdi. Rahim Saidov qichqirdi, ammo ovozi chiqmadi.

Koʻzlarini ishqalab, shu tushning ta’birini oʻylab oʻtirar ekan, beixtiyor xotinining qoʻliga koʻzi tushdi. Qay koʻz bilan koʻrsinki, uning semiz, oppoq barmogʻida hozirgina tushida koʻrgan uzuk yaltirardi. U shoshib, ushlab koʻrdi. Rostmana uzuk, katta, yoqut koʻzli. Olmoqchi boʻldi, uzuk chiqmadi. Munisxon koʻzlarini ochdi:
— Nima qilyapsiz?
— Hech nima, — dedi terslik bilan Rahim Saidov. Erining kayfi buzilganligini payqab, Munisxon choyshabni boʻynigacha tortdi, qoʻllarini uning ostiga yashirdi va erinibgina esnadi.
— Erta turibsiz?

Rahim Saidov javob bermadi. Birpas xomush oʻtirgach, tomdan tarasha tushgandek:
— Uzuk muborak boʻlsin!
— Yarashibdimi? — shoshib soʻradi Munisxon.
— Juda ham, — zaharxandalik bilan javob qildi Rahim Saidov.

Munisxon buni sezmadi yo oʻzini sezmaganlikka soldi. U sapchib oʻrnidan turdi-da, issiq qoʻllarini erining boʻyniga tashladi.
— Shundan bitta olib bering, rostakamidan!.. Uzukning qip-qizil yirik koʻzi Rahim Saidovning shunday burnining uchida oʻynay boshladi.
— Bu-chi? Bu yolgʻondakammi? — dedi u kallasini orqaga tashlab.
— Voy, koʻrmayapsizmi? — erkalandi Munisxon. — Magazinniki. Jez. Besh soʻm oʻn tiyin turadi.

Rahim Saidovning ustidan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Shunday boʻlsa ham tusmollab soʻradi.
— Rostakamga oʻxshaydi-ku?
— Voy, rostakamni qaysi pulga olaman? Mashinachidagi koʻylagimni olib kelolmayapmanku, pul yoʻqligidan! Oʻn kun boʻldi bitganiga. Nomuslarga oʻlyapman.

Rahim Saidov tilini tishladi. Tush qolib ketdi. Munisxon doim gʻolib keladigan otiga hech qiyinchiliksiz minib olgan edi. Shunday boʻlsa ham Rahim Saidov boʻsh kel-maslikka urinib koʻrdi:
— Tunov kuni olib keldingiz-ku?
—_ U boshqa edi. Uni ayamlar Mayga olib kelgan edilar. Yoz oʻtib boryapti, men boʻlsam endi tikdirdim. Olib berasizmi?
— Nimani?
— Voy, qulogʻingizga tanbur chertyapmanmi? Uzuknida! Qarang, shunaqasi menga juda yarashar ekan.
— Shuni taqib tura qoling! Maoshga hali ancha bor. Munisxonning issiq qoʻllari sovib, shilq etib choyshab ustiga tushdi.
— Sizdan boshqa javob kutmovdim. Satqai kandidat keting!
— Munisxon?! Bu nima deganingiz? Men, axir... Munisxon quloq solmadi, shippagini shipillatib yotoqxonadan chiqib ketdi.

Rahim Saidov boʻshashganicha joyidan turolmay qolgan edi. Koʻp oʻtmay Munisxon kirdi.
— Baribir olaman. Qarzga botsam ham olaman. Shu paytgacha siz nima olib beruvdingiz, buni olib berasiz?! Oʻrtoqlarimning hammasi tillaga koʻmilib yotishibdi. Bitta men shoʻrlik kechalari bilan tiyinni hisoblab chiqaman.
— Yolgʻon! — qichqirib yubordi Rahim Saidov oʻzini tutolmay.
— Ha! Alam qildimi?! Ovozingiz chiqib qoldi? Menga baqirmang!
— Baqirganim yoʻq. — Rahim Saidov xatosini tuzatishga urindi. — Tushuning axir, pulga zarurligingiz yolgʻon, deyapman, xolos.
— Baqirdingiz. Kimga? Menga-ya, eshik tiq etsa, keldilarmi deb, koʻchaga yuguradigan odamga-ya?! Mendan boʻlak kim yarim kechagacha yolgʻiz oʻtiradi sizni poylab? Kim sassiq noskilaringizni yuvadi? Changga, loyga botib kelasiz dala-dashtdan, churq etib ogʻiz ochmayman. Bitta uzuk desamu, baloga qolsam-a? «Shuni taqib tura qoling»mish! Mana taqish!

Munisxon uzukni barmogʻidan sugʻurib uloqtirdi, uzuk dumalab-dumalab taxta karavotning tagida toʻxtadi.
— Boʻldi, — dedi Munisxon. — Bu oxirgi tomchi. Ketaman. Ayamlar, hali ham kech emas, deydilar, ketaman.

Uyni yigʻi ovozi tutib ketdi. Rahim Saidov xotinini ovutmoqchi boʻlib u yogʻidan oʻtdi, bu yogʻidan oʻtdi. Munisxon yoʻlatmadi.

Oʻsha kuni institutdan uyga besh-olti marta qoʻngʻiroq qildi. Munisxon trubkani koʻtarmadi. Laboratoriyada oʻsha kunlari viltga qarshi yangi preparatning ximiyaviy analizlari olib borilayotgan edi. Rahim Saidov topgan va uning bevosita rahbarligida oʻtkazilayotgan tajribalari agar natija bersa, fanda katta kashfiyot qilingan boʻlar edi. Paxta hosili ancha koʻtarilar edi. Ana shu muhim ish ustida ham bizning qahramonimiz tinch emas edi, ba’zan «nega ham shu la’nati tushni koʻrdim?» — deb oʻzini koyib qoʻyardi.
— Yanami? — soʻradi tushlik mahali undan hafsala-sizlik bilan kavshanib oʻtirganiga achinib, laboratoriya boshligʻi, kursdoshi Hafiz Abdullaev.
— Ajralmasam boʻlmaydi, — dedi Rahim Saidov. — Bugungisi oxirgi tomchi. Ajralaman.
— Oʻzing bilasan, — dedi Hafiz. — Lekin men senga aytsam, doʻstim, xotin-xalajning dilini bilish ham katta kashfiyot. Ha, bu senga vilt emas.

Rahim Saidov rozi boʻlib boshini xam qildi. Oʻsha kuni u ishdan chiqib, Oʻrdadagi tilla magaziniga kirdi. Munisxonning qoʻlidagi uzukdan yoʻq edi.
— Uzuk kerakmidi? — soʻradi yoshgina, kelishgan so-tuvchi yigit.
— Ha, yoqut koʻzli uzuk.
— Unaqasi anchadan beri yoʻq. — Rahim Saidovning oʻylanib qolganini koʻrib, sotuvchi: — Toʻxtang-chi! — dedi-da, ichkariga kirib ketdi.

Bir mahal u qora duxoba qutichaga solingan uchta kichki-na-kichkina brilliant koʻzli uzuk olib chiqdi.
— Hozirgi eng yaxshi uzuklardan.

Uzuk chindan ham yaxshi edi. Koʻzlari yonma-yon joylashtirilgan, tillasi qalin edi.
— Qancha?
— Ikki yuz oltmish yetti soʻm.

Rahim Saidovning ichida bir narsa uzilgandek boʻlib ketdi, lekin sir boy bermadi. Uzukni sekin qaytarar ekan:
— Chiroyli ekan, — dedi.
— Olasizmi? Oʻzi bitta, — sotuvchi yigit peshtaxtaga ishora qildi. — Agar bu yoqqa qoʻysam, qolmasdi.

Rahim Saidov oʻylanib qoldi. Buncha pul yonidagina emas, uyida ham yoʻq edi. Albatta, yarim oylik maoshiga avansini qoʻshib olsa — ba’zan shunday qilib turardi — yetadi, lekin maoshga hali bor. Nima qilish kerak?
— Qachon bekitasizlar? — soʻradi u sotuvchidan.
— Yarim soat qoldi. Agar hozir pulingiz boʻlmasa, — sotuvchi ogʻzi toʻla tilla tishlarini koʻrsatib iljaydi, — ertalabgacha olib qoʻyaman, xursand qilarsiz.
— Albatta, — dedi shoshib Rahim Saidov va koʻchaga chiqdi.

Uning esiga oʻrtogʻi Hafiz kelib qolgan edi. Unda doim pul boʻladi. Xotini ham kandidat.

Shunday magazinning yonida telefon-avtomat bor edi. Rahim Saidov Hafizning uyiga qoʻngʻiroq qila boshladi.
— Manavi ishing joyida, — dedi Hafiz uning koʻnglini koʻtarib. — Albatta beraman.
— Oʻn minutda yetib boraman. Koʻchaga chiqib tur. Xotiningdan uyalaman! — qichqirdi sevinib Rahim Saidov va trubkani ildi.

Yarim soatdan soʻng u toʻrt qavatli bino oldida taksidan tushdi. Bir qoʻlida portfelʼ, bir qoʻlida Munisxon yaxshi koʻradigan «Paxta» torti. Uning chehrasi shod, togʻni talqon qiladigan odamdek, koʻkragi ham koʻtarilgan edi.

Toʻrtinchi qavatga liftning tushishini kutmay koʻtari-lib, yuragini toʻldirib turgan gʻurur bilan qoʻngʻiroq tug-masini bosdi. Oʻzining kaliti boʻlsa ham, u Munisxonning oʻzi eshikni ochishini va uning sevinch barq urib turgan yuzini koʻrishini istardi. Lekin eshik orqasida hech kimning tovushi eshitilmadi. «Uxlab yotibdimikin?» — Oʻyladi Rahim Saidov va portfelini yerga qoʻyib, choʻntagidan kalitni oldi.
— Munis!... Munisxon?!

Hech qaysi xonada xotini yoʻq edi. Rahim Saidov boʻsha-shib, oshxonadagi stulga oʻtirdi. «Qayoqqa ketishi mumkin?» U qancha oʻylamasin, xotinining qaerdaligini oʻylab topolmadi. Albatta, Qoʻqonga ketmagan. Yosh bola emas. Arzi-magan janjalga ketib qolsa. Oʻrtoqlarinikidamikan? U soatiga qaradi. Toʻqqizdan oʻnta oʻtibdi. Zamiralarnikidamikin? Keyingi paytlarda shu oʻrtogʻini koʻp gapirardi. U ham chet tillar institutini bitirgan. Institutda dars beradi. Zamira, Zamira... Zamira Karimova. Rahim Saidov shoshib telefon kitobini qoʻliga oldi. Haytovur, telefoni bor ekan. Trubkani oldi. Shu zahoti aynidi. Balki u yerdamasdir? Yoʻq, deyishsa xunuk ahvolga tushib qoladi. Bir marta shunday boʻlgan. Qaysi bir oʻrtogʻinikiga telefon qilib, juda uyatga qolgan. Munisxon oʻshanda koʻchada yolgʻiz yurgan ekan. Yana janjal koʻtariladi.

U trubkani qoʻyib, yotoqxonaga kirdi. Oʻrin yigʻishtirilmagan. Ertalab ketayotganida qanday boʻlsa, shundayligicha yoyilib yotibdi. Toshoyna oldidagi koʻk duxoba gʻilof tortilgan kursida Munisxonning ichki koʻylagi osilib yotibdi. Upa-elik qutilari betartib. Demak, pardoz qilibdi. Uning esiga ertalab xotini uloqtirgan jez uzuk tushdi. Engashib karavotning ostiga qaradi. Hech qaerda u yoʻq. Taqibdi. Qayoqqa ketdi ekan? Balki koʻchalarda sanqib yurgandir?

Rahim Saidov shu qarorga kelib, kutishni lozim topdida, oshxonaga oʻtdi. Shoshilmasdan choy qanatdi. Hech narsa yegisi kelmadi. Achchiq koʻk choy ichib, bugungi gazetalarni varaqlay boshladi. Shu alfozda bilinmay vaqt oʻta boshladi. Nima qilish kerak? «Inturist»ning «Toshkent» mehmonxonasidagi boʻlimida ishlaydigan Farida xotinining sirdoshroq dugonasi edi. Bir-ikki marta eri bilan urishib kelib, hasrat qilib oʻtirganini koʻrgan. Shunga telefon qilmoqchi boʻldi. Nima deydi? Avval, hol-ahvol soʻraydi, keyin xotini uning oldiga kirmoqchi boʻlganini aytadi. Shu fikr bilan u trubkani oldi.
— Farida? Salom, bu men, Rahimjonman. Yaxshimisiz? Rahmat, rahmat. Men hozir ishdan keldim. Ha, dalada edim. Munisxon sizning oldingizga kirmoqchi edi? Yoʻq?! Kechirasiz.

U trubkani qoʻydi. Qayokda boʻlishi mumkin. U tasavvur qilolmasdi. Soat oʻn bir ham boʻldi. Endi u jiddiy xavotir ola boshladi. Yana birpas kutib oʻtirdida, koʻchaga chiqdi. U xiyobon tomon ohista yura boshladi. Koʻchada odam siyrak, fonarlarning yorugʻidan uning ikki betidagi odam-larni ham tanish mumkin edi. Munisxon koʻrinmadi. Xiyo-bonni ikki marta aylanib chiqdi. Yana uyga kirdi. Uy ichi koʻchgan hovlidek huvillab turardi. Uyatni yigʻishtirib qoʻyib, Zamiralarnikiga telefon qildi. Uyqusiragan ovoz «yoʻq», dedi. Shunda u xotinining soʻnggi gapini esladi: «Ayamlar hali ham kech emas, dedilar». Nahotki ketib qolgan boʻlsa? Unda biror iz qoldirib ketardi. Rahim Saidov shifonerni ochdi. Chamadonlar joyida. Uniki ham. Munisxon yaxshi koʻradigan sariq charm chamadon ham. Jahl ustida hech narsa olmay ketgan boʻlsachi? U shunday oʻylab, trubkani yana qoʻliga oldi. Soat toʻrtdan yigirma minut oʻtgan edi shunda. Telefonchi qiz bir soat kutishni soʻradi.
— Yoʻq, yoʻq, singlim, — yalindi Rahim Saidov. — Oʻtinaman, hozir bering. Juda ham zarur!
— Hammaning ham gapi zarur, — xotirjamlik bilan javob qildi telefonchi qiz. — Boʻlmasa kim kechasi telefon qiladi?
— Siz meni eshiting, singlim! — yigʻlagudek boʻldi Rahim Saidov. — gap odam ustida ketyapti! Odam yoʻqoldi. Eshityapsizmi, odam!
— Kuting, — trubka band boʻlib qoldi.

Rahim Saidov xoʻrsinib, stulga omonatgina oʻtirdi. Shu tob anchadan beri chekmaganligi esiga tushdi. U uyda chekmasdi, ba’zi-ba’zida oʻrtoqlariga qoʻshilib tutatib qolardi. Lekin Munisxon yaxshi sigaretlarning uyida turishini istardi. Onda-sonda chekardi ham. «Filips», «BT», «Styuardessa» va yana allaqanday uzun sigaretlarni qayoqdandir topib kelardi.

Rahim Saidov mehmonxonaga oʻtib, stol ustidagi sigaret qutisini oldi. Allaqanday bir sigaretni olib tutatdi. Yoʻtal tutdi, dastroʻmolini choʻntagidan olib, ogʻziga tutguncha ham vaqt oʻtgani yoʻq, telefon jiringlab qoldi. Yugurib borib trubkani koʻtardi.
— Allo! Toshkent! — Boyagi telefonchi qizning ovozi keldi. — Qoʻqonni soʻrovdingizmi?
— Ha-ha, Qoʻqon kerak! — shoshib javob qildi Rahim Saidov.
— Hozir ulayman. Nomerini ayting.
— 33-47.
— Ulayman!
— Allo! Aya! — Rahim Saidov trubkadan erkak ovozini eshitdi. — Dada! Sizmisiz? Assalomu alaykum! Bezovta qilganim uchun kechiring, Munisxon bordimi?
— Qayoqqa? — hech narsa tushunmay soʻradi erkak ovozi.
— Sizlarnikiga-da!
— Yoʻq. Kelgani yoʻq. Nima, yana urishib qoldilaringmi? Rahim Saidov rostini aytishga majbur boʻldi.
— Ha, jindek aytishib qoldik. Uyda yoʻq. Ayamnikiga ketaman deyayotuvdi ertalab. Shunday, ishdan kelsam yoʻq.

Rahim Saidov sevinib ketdi va xotini tomon qadam tashladi. Shu payt Munisxon yoʻqoldi. Rahim Saidov alanglab atrofiga qaragan edi, anhor ichida boshini koʻrdi.
— Qayoqqa?... — qichqirdi u.
— Yuring, — chaqirdi Munisxon.

Rahim Saidov yechinmasdan, shunday tuflisi bilan suvga oyoq qoʻydi va shu zahoti shalop etib agʻdarildi...

U sapchib oʻrnidan turganda, koʻcha eshik qoʻngʻirogʻi ti-nimsiz jiringlardi, yugurib borib ochdi.
— Munis?

Lekin bu Munisxon emas, erkak kishi edi.
— Kechirasiz Saidova Munisning uylari shumi?
— Ha, nima edi? Tinchlikmi?

Erkak kishi ichkariga kirdi va soat choʻntagidan hujja-tini olib koʻrsatdi.
— Militsiyadanman. Leytenant Sultonov.
— Tinchlikmi? Munisga nima boʻldi? Kechadan beri yoʻq.
— U kishi sizga kim boʻladilar?

Leytenant Sultonov boshdan-oyoq unga razm solib chiqdi.
— Xotinim, xotinim boʻladi. Aytsangiz-chi, unga nima boʻldi? — jahl bilan soʻradi Rahim Saidov.
— Oʻzingizni qoʻlga oling, xunuk xabar keltirdim.
— Nima?! — Rahim Saidovning yuragi orqasiga tortib ketdi.
— Xotiningiz... Xotiningiz qazo qilibdi. Bundan ikki soat burun Chorsuda oʻligini topdik.
— Oʻligini topdik?!

   — Ҳа.

— Nega oʻlik? Kim oʻldiradi? — boʻshashib ketdi Rahim Saidov.
— Bu hali noma’lum.

Rahim Saidov gandiraklab ketdi. Leytenant uni qoʻltiqlab ichkariga olib kirdi-da, mehmonxonadagi kresloga oʻtqazdi.
— Oʻzingizni bosing, endi foydasiz, — dedi u.
— Munis! Munis!!

Rahim Saidovning lablari titrab, koʻzlaridan yosh quyulib ketdi. U har qanday xunuk xabarni kutishga tayyor edi, lekin oʻlimni emas. Endi u nima qiladi? Munis, Munis! Nima qilib qoʻyding?
— Men oʻldirdim uni!... — Boʻgʻilib dedi Rahim Saidov. — Hammasiga men aybdorman, men!
— Oʻzingizni qoʻlga oling, — uni yupatdi yana leytenant. — Endi tashvishingiz koʻp. Yolgʻiz oʻzingizmisiz?
— Ha, — boshini liqillatdi Rahim Saidov. — Nima edi?
— Xabar berish kerak. Qarindosh-urugʻ deganday...
— Ha, ota-onasiga aytish kerak.
— Ular qaerda turadi? Chekasizmi? — leytenant unga sigaret qutisini uzatdi.

Rahim Saidov titroq qoʻllari bilan bitta sigaretni olib ogʻziga olib borgan edi, tushib ketdi.
— Boshqasini oling, — taklif qildi leytenant va unga bilintirmay yerdagi sigaretni koʻtarib, choʻntagiga soldi.
— Ular qaerda turishadi? — yana soʻradi leytenant.
— Ha... Qoʻqonda. 33-47.
— Ishxonadan telefon qilaman. Xoʻp, men ketdim. Leytenant eshikka borganda toʻxtadi.
— Xotiningiz... ikki soatdan soʻng ToshMI morgida boʻladi. Dadil boʻling.

U ketdi. Rahim Saidov hech narsaga parvosiz, boʻshashga-nicha oʻtirardi. U xuddi tush koʻrayotganday edi. Mana, hozir Munisxon yotoqxonadan chiqib keladi. Egnida oq koʻylak. U shu koʻylakni yaxshi koʻrardi. Chiqadi-yu, kelib peshanasidan oʻpadi...

Birdan uning qulogʻi ostida leytenantning soʻnggi gapi jaranglab ketdi. U morgda!
— Munis! Munisxon!..

Rahim Saidov oʻzini tutolmay, yigʻlab yubordi.

3

Militsiya kapitani Sobir Aliev oʻz kabinetida xomush oʻtirardi. U ertadan mehnat otpuskasiga chiqishi kerak edi. Ariza berib qoʻyganiga bir haftadan oshdi. Ikki yildan beri xotiniga birga dam olib kelamiz, derdi, lekin hech imkoni boʻlmasdi. Bu yil nihoyat orzusi amalga oshadigan boʻlib, Truskovetsga ikkita putyovka olib qoʻygandi, tasodifan qoʻliga yangi ish tushib qoldi. Agar kuni kecha otpuskaga chiqqanda, bu ishni boshqa odam olardi. Endi kech. U ichida yordamchisi leytenant Sultonovdan xafa edi. Uyga u telefon qildi. Xotini ham soddalik qilib uni chaqirib berdi. Mana endi otpuska bekor. U oʻzi uchun juda ham xafa emas edi. Xotinidan uyalardi. Toʻydan beri mana ikki yarim yil ham oʻtdi, hech qayoqqa olib borolgani yoʻq. Va’dalari esa quyuq edi. Fargʻonani aylantirib kelmoqchi boʻldi. Bir yogʻi Shohimardon, bir yogʻi Arslonbob. Boʻlmadi. Samarqandga borib, Urgutda dam olib kelamiz, dedi. Boʻlmadi. Yaltani ham va’da qildi. Endi joʻnaymiz deb turishganda jinnixonadagi ish ochilib qoldi. Juda gʻalati, bosh ogʻritadigan ish edi. Uch oy — yozning deyarli hammasi shu ishni tekshirishga ketdi. Yalta olis yulduzdek olisda miltillab qolaverdi. Oʻshanda bir tasodif sabab boʻldi-yu, kasalxonaning bosh hamshirasi soʻroq paytda ikkita roʻmolcha ishlatdi. Bittasi juda gʻalati, kapitan izlab yurgan toʻr roʻmolcha edi. Keyinchalik shu roʻmolcha kasalxona territoriyasidagi yashirin sexga, undan esa respublikaning turli rayonlariga joʻnatilgan million-million metr kashtalarga olib bordi. Lekin shungacha ozmuncha ter toʻkildimi?!

Kapitan Aliev hozir shuni oʻylar ekan, yangi ish ham uzoq choʻzilishini, bu oddiygina qotillik emasligini, qotilni topish va fojianing sabablarini aniqlash ancha vaqt olishini sezardi. Shuning uchun uyga qanday telefon qilishini bilmay oʻtirardi. Xotini samolyotga bilet olishni va Truskovetsga olib ketish uchun bozordan uzoq turadigan meva-cheva xarid qilishni topshirgan edi.

Sekretarʼ qiz choy olib kirdi.
— Sultonov kelmadimi? — soʻradi kapitan qizning qoʻlidan paxta gulli piyolani olar ekan.
— Yoʻq, — qiz oq qogʻoz ustiga choynakni qoʻydi.
— Kelsa albatta chaqiring.
— Xoʻp boʻladi.
— Ekspertizadan hech nima kelmadimi?
— Hali yoʻq. Yarim soatdan soʻng Gʻulomovning oʻzlari keladilar.
— Yaxshi.

Sekretarʼ qiz yana biror savol boʻlib qolar, deb poylab turdi. Kapitan choy bilan ovora, unga e’tibor bermadi. Qiz eshik tomon yuzlanib, soʻradi:
— Otpuskangiz nima boʻldi?
— Nima edi?
— Men ham chiqmoqchi edim.
— Nazarimda hali-veri otpuskaga chiqolmasam kerak.
— Ketavermaymi?
— Marhamat.

Sekretarʼ qiz chiqib ketdi. «Buning ham rejalari buzildi», oʻyladi ichida kapitan achinib. Lekin nima qilish mumkin? Ish boʻlgandan keyin shu-da. U trubkani koʻtardi.
— Eshitaman, — sekretarʼ qizning ovozi eshitildi.
— Meni uy bilan ulang. Sanobar? Ha, menman. Yoʻq, hali hech qayoqqa borolganim yoʻq. Borolmasam kerak. Eshiting, eshiting axir! Muhim ish chiqib qoldi. Otpuskani bekor qilishdi. Eshityapsizmi? Ha, shunday boʻlib qoldi. Bir oy. Boʻldi, boʻldi, oʻzingizni bosing. Bir oy nihoyati. Putyovkalarni oʻzim almashtiraman. Ha, ha, atigi bir oy. Dam olishga kuz ham juda yaxshi boʻladi. Truskovets boʻlmasa boʻlmas. Qrimga boramiz. Bilasizmi, oktyabrni u yerda barxatniy sezon deyishar ekan. Oʻsha yoqqa boramiz. Xoʻp, hozircha. Kechqurun albatta uyga boraman.

Kapitan trubkani qoʻydi, ogʻir xoʻrsinib, peshanasidagi terni artdi-da, oldidagi papkani ochdi.

«Saidova Munis... 197... yil, 22 avgust...» Nima boʻlishi mumkin? Kim oʻldirdi? Nega?

U papka yonida turgan oppoq qogʻozga qandaydir uchta belgi qoʻydi va avtoruchkasi bilan chakkasini qashib oʻyga toldi. U hozir bu tungi fojia haqida hech narsa bilmasdi. Oldida faqat fojia tafsiloti yozilgan ikki varaq qogʻoz, marhumning sumkasidan chiqqan shaxsiy shahodatnomasi va zudlik bilan katta qilingan shu shahodatnomadagi surat...

Boshqa hech narsa hali unga kelib tekkani yoʻq. Hammasi tungi operativ gruppa boʻlimida. Lekin hammasimikin? Ular orasida tugunni yechadigan biron narsa bormikan? Saidova Munis... yosh ekan, chiroyli ekan... Buning endi hech qanday ahamiyati yoʻq...

Kapitan shahodatnomani olib oʻqiy boshladi. Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti. Fransuz tili kabineti boshligʻi, 197... 26 yanvarʼ... Hammasi aniq va ravshan. Shahodatnomadan boshqa hech narsa bilib boʻlmaydi. Nega oʻldirishdi? Kim oʻldirdi?

Kapitan oq qogʻozga yana bitta belgi qoʻydi.

Sekretarʼ kirdi.
— Guvoh Shayxuddinova keldi.
— Chaqiring.

Xonaga rangi oqargan tramvay haydovchi qiz uyalinqirab kirdi-da, javdirab kapitanga qaradi.
— Keling, oʻrtoq Shayxuddinova, oʻtiring.

Kapitan roʻparasidagi stulni koʻrsatdi.
— Xoʻsh, oʻrtoq Shayxuddinova, fojia qanday yuz berdi?

Munira sapchib oʻrnidan turdi.
— Men hech narsa bilmayman. Men koʻrdim, xolos!
— Xoʻp, xoʻp. Tinchlaning. Koʻrganingizni gapirib bering. Oʻtirsangiz yaxshi boʻlardi.

Munira hozirjavoblik bilan oʻtirdi.
— Rahmat. Bu shunday boʻldi: men birinchi smenada edim kecha. Sakkizinchi marshrutda ishlayman. Chorsu — Toʻqimachilar kombinati. Ertalab, hali qorongʻi edi...
— Soat necha edi!
— Soatmi? Soat beshlar edi. Ha, toʻgʻri, besh edi. Chunki ostanovkaga kelganimda, beshdan oʻn minut oʻtgan edi.
— Qaysi ostanovkaga?
— Chorsuga-da. Parkimiz Chorsuda. Undan chiqib, maydonni aylansak birinchi ostanovka.
— Xoʻsh, keyin-chi?
— Shunday qilib, ertalab hali qorongʻi edi, parkdan chiqdim. Vagondagi bitta lampochka yonmagan ekan, shunday darvoza oldida, orqamga qarab koʻrib qoldim. Toʻxtab, Klavaning vagonidan bitta lampochka olib keldim. Sklad ertalab ishlamaydi. Keyin maydonga oʻtdim.
— Hech kim yoʻqmidi maydonda?
— Hech zogʻ! Mendan boshqa, albatta.
— Tushunaman, davom eting.
— Maydonni aylanib, ostanovkaga keldim. Bu yer ham jimjit. Hech kim yoʻq edi.
— Kechirasiz, har doim ertalab jimjit boʻladimi oʻsha yer?
— Har doim. Faqat ikkitami-uchta odam tramvayga chiqadi. Ikkinchi reysga juda koʻp. Ishga borishadida. Birinchi reysga chiqadiganlarni bilaman. Bir kishi. Temiryoʻlchi. Kecha ham u bor edi. Keyin bir yigit, vrachman, deydi. Yangiyoʻlda ishlar ekan. Keyin yana bir kampir. Vera xola. Uborshitsa. Kombinatga boradi. Yana...
— Juda yaxshi. Demak, ostanovkaga keldingiz?
— Ha, ostanovkaga keldim. Jimjit. Hech kim yoʻq edi. Bir minut ham turganim yoʻq edi, amaki chiqdi.
— Kim?
— Amaki. Temiryoʻlchi-da.
— Xoʻsh?
— Soʻrashdik. U oʻrtaga borib oʻtirdi. Men yangi biletni shunday kassaga solayotganimda... gapira olmayman...
— Nega? — hayron boʻldi kapitan.
— Qoʻrqib ketyapman...
— Nimadan qoʻrqasiz? Choy ichib yuboring. Kapitan unga choy quyib uzatdi.
— Rahmat. — Munira qalqib-qalqib ichdi. — Bechoraga odam juda achinadi. Yosh ekanmi?
— Ha, ancha yosh ekan. Xoʻsh, bilet solayotuvdingiz.
— Ha, kassaga yangi bilet solayotgan edim, koʻzimga oq tufli koʻrindi. Chiroyli oq tufli. Uchi osmonga qaragan. Koʻrinib turibdi, kimdir dumalab yotibdi.
— Dumalab yotibdi?
— Ha, bu yerda mastlar koʻp boʻladi. Katta na’matak bor ostanovkada. Xuddi sadaga oʻxshaydi. Oʻshaning tagida. Koʻrdi-mu, jahlim chiqib ketdi. Mast deb oʻyladim-da! Keyin amakini chaqirdim. Amaki uni koʻrib, mastmas, dedilar. Keyin pastga tushdik. Avval amaki, keyin men. Ha, men vagonga qaytib fonarimni olib tushdim. Shunday yuziga tutdimu, qotib qoldim. Bilasizmi, yuz-koʻzi shundoq qon edi. Afti qanaqaligini ham bilib boʻlmaydi. Bechoraga judayam achinib ketdim. Keyin amaki, yugur, telefon qil, dedilar. Yugurib parkka keldim. Brigadirimiz biram urishib berdi!
— Nega?
— Tramvay turib qolmasin, dedi-da. Shunday boʻlsa ham direktorning kabinetiga kirib telefon qildim. Gapiraveraymi?
— Rahmat, boʻldi, — dedi kapitan. Fojianing davo-mini leytenant Sultonov aytib bergan edi. — Uni ilgari koʻrganmidingiz?
— Ilgarimi? — Oʻylanib qoldi Munira, keyin yelkalarini qisdi. — Qaydam... Aftini koʻrolmadim, qonga botgan, yorilgan edi.
— Manavi ayolnichi?

Kapitan Saidovaning shahodatnomasidan katta qilingan suratni koʻrsatdi.
— Qani? — Munira kapitan qoʻlidan suratni yulib oldi-da, unga qattiq tikila boshladi. — Koʻrgandayman. Ha, bir-ikki marta koʻrganman. Chorsuda tushgan edi, bir-ikki marta. Lekin qaerda tramvayga chiqqan, bilmayman.
— Shu surat oʻsha ayolniki.
— Voy! — Munira qoʻlidagi suratni tashlab yubordi. — Bechora-ey!.. Judayam chiroyli ekan-a!
— Ha, u chiroyli ayol edi. Xoʻp, oʻrtoq Shayxuddinova, hozircha xayr. — Kapitan stol ostidagi qoʻngʻiroq tugmasini bosdi.

Sekretarʼ qiz kirdi.
— Eshitaman?
— Bu kishiga qogʻoz-ruchka bering. Oʻrtoq Shayxuddinova, hozir menga gapirib berganlaringizning hammasini yozib, shu qizga bering. Keyin sizga ruxsat.

Munira kabinetdan chiqayotganda, leytenant Sultonovga duch keldi va choʻchib, unga yoʻl berdi.
— Salom.
— Salom, — dedi leytenant va unga qaramay, yonidan oʻtib ketdi.
— Xoʻsh? — soʻradi kapitan Munira chiqib ketgach, undan.
— Uyini topdim. S—5 da turar ekan. Erini koʻrdim. Kiyimlari gʻijim, nazarimda, kechadan beri yechinmagan. Har ehtimolga qarshi barmoqlarining izini oldim.
— Chekar ekanmi?
— Chektirdim. Sigaretni ekspertizaga berib kelyapman.
— Yaxshi.
— Sobir aka?
— Labbay?
— Qoʻqonga telefon qilish kerak. Ota-onasi Qoʻqonda turar ekan. 33-47. Oʻlikni qachon beramiz?

Kapitan javob berishga ulgurmay, sekretarʼ qiz kirdi.
— Kapitan Gʻulomov keldilar.
— Chaqiring.

Xonaga harbiy meditsina formasidagi toʻladan kelgan ofitser kirdi.
— Tugatdik, — dedi u Sultonovning roʻparasiga oʻtirar ekan. — Marhuma kecha kechqurun, soat yigirma toʻrtlarda oʻlgan. Yarim soatcha qiynalgan. Ikki joyidan — koʻkragi va qornidan pichoq yegan, boshiga oʻng chakkasi aralash ogʻir narsa bilan urilgan. Bosh suyagining orqasi darz ketgan. Xullas, haqiqiy qotillik. La’nati, urganga ham oʻxshaydi, badanlarida, ayniqsa, qoʻllarida koʻkargan joylari bor. Yana bir detalʼ. Marhuma fojiadan bir soat oldin konʼyak ichgan. Pliski.

Gʻulomov, gap tamom, degandek tekshirish oqibatlari solingan papkani Alievning oldiga qoʻydi.
— Eri kechqurun qaerda boʻlgan? Aliev leytenantga murojaat qildi.
— Bu bilan leytenant Qodirov shugʻullanyapti. Kapitan radiorubkani ilgagini koʻtardi.
— Menga starshiy leytenant Roʻzievni ulang.
— Roʻziev eshitadi!
— Oʻrtoq starshiy leytenant! Tekshirish tugadimi?
— Tugadi.
— Boʻlmasa Saidovaning buyumlari va tekshirish natijalari bilan mening oldimga kiring.
— Xoʻp, oʻrtoq kapitan.
— Konʼyak ichgan, deng? Kapitan Gʻulomovga oʻgirildi.
— Ha, yuz grammcha.
— Demak, yengil kayfi boʻlgan?..
— Gavdasiga qaraganda, uncha sezilarli emas, lekin... — Gʻulomov qoshlarini chimirdi. — Ayol kishining shuncha konʼyak ichishiga biror sabab boʻlishi kerak.
— Ichirishgan, demoqchimisiz?
—Bilmadim. Chiroyli ekan, bironta bezori ketiga tushgan boʻlishi mumkin.
— Uni bitta deb oʻylaysizmi?
— Har holda murdada bitta odamning izi. Hammasi yozilgan.

Kapitan Aliev beixtiyor vrach qoʻygan papkani ochdi va protokolga koʻz yugurtirdi.
— Ha, taxminingiz haqiqatga yaqin. Tajovuzga oʻxshaydi.
— Mumkinmi?

Kabinetga starshiy leytenant Roʻziev kirdi. Bu qotmadan kelgan, qoracha, leytenant Sultonov tengi yigit edi. Qoʻlida temir quti.
— Mana buyumlari.

U qutini ochib, buyumlarni ola boshladi.
— Zirak. Koʻzlari brilliant. Toʻrt yuz sakson soʻm turadi. Uzuk. Koʻzi yoqutdan. Bahosi uch yuz qirq olti soʻm. Toshkentda faqat Urdadagi magazinda bir yil oldin boʻlgan. Uch dona. Uchalovini ham sotib olgan odamlar ma’lum. Bu uzukni u qaerdan olganligini aniqlay olmadik. Ziraklar «Rubin»dan shu yil bahorda olingan. Bu magazin Bogdan Xmelʼnitskiy koʻchasida. Tilla soat. Erkaklarniki. Bir yuz yetmish soʻm. Sovgʻa: R. Saidovdan.
— Bu eri, — izoh berdi leytenant Sultonov.
— Sumkasidan oʻn uch soʻm pul chiqdi, — davom etdi Roʻziev. — Qosh boʻyaydigan qora qalam. Upa, oyna. Roʻmolcha. Magazinniki. Tutilgan. Faqat oʻzi tutgan. Keyin gazeta parchasiga oʻrogʻliq mana bu quticha.

Roʻziev qutichani kapitanga uzatdi.
— Nima ekan bu?
— Uzukning qutichasi. Aniqladik. Quticha shu qoʻlidagi uzukniki. Yangi. Uzuk ham yangi. Ikki kun boʻlgan qoʻliga taqqaniga. Manavi nikoh uzuk. Oltmish toʻrt soʻm turadi. Kiyim-kechagini olib kelganim yoʻq.

Kapitan Aliev marhumaning taqinchoqlariga qarab, oʻylanib qoldi.
— Ha, badavlat ayol ekan. Eri qaerda ishlaydi?
— Oʻsimliklar biologiyasi ilmiy-tekshirish institutida, — javob qildi leytenant Sultonov. — Yaqinda kandidatlik dissertatsiyasini yoqlagan. Starshiy ilmiy xodim.
— Demak, qotil oʻgʻri emas.
— Ha, — gapga qoʻshildi Gʻulomov, — bu yo nomusiga tegmoqchi boʻlgan odam, yo...
— Dalilingiz toʻgʻri, — dedi kapitan. — Oʻlikni bersak boʻladimi?
— Agar siz ruxsat bersangiz...
— Morgga joʻnating, menga kerak emas.
— Yaxshi, ketsam maylimi?
— Marhamat.

Kapitan Gʻulomov chiqib ketdi.
— Xoʻsh, nima deysizlar? Aliev yordamchilariga tikildi.
— Erini soʻroq qilish kerak, — dedi leytenant Sultonov.
— Boshida shuncha tashvish turganda-ya? Oʻlikni ertaga olib ketsa, indinga koʻmadi. Oʻshandan keyin u bilan gaplashamiz. Hozir marhuma kecha qaerda, kim bilan boʻlgan, kim bilan ichgan — shuni aniqlaylik. Kelishdikmi?

Kapitan yordamchilariga gap tamom, degandek qaradi va koʻzlarini yumdi.

Ha, bu voqea ancha vaqtini oladiganga oʻxshaydi. Hozir uning sabablarini taxmin qilish foydasiz, hozir marhumaning kechagi har bir qadamini shoshmasdan zargardek aniq belgilab chiqish kerak edi...

Xuddi shunday voqea kapitanning boshidan oʻtgan. Olti yil boʻldi shunga. Ha, roppa-rosa olti yil. Oʻshanda u rayon militsiya boʻlimida ishlardi. ToshMIning orqasidagi madaniyat va istirohat bogʻiga tutashib ketgan «Shanxay» deb nom olgan pastak, omonat uylar orasidagi jinkoʻchalarning birida yosh bir ayolning oʻligi topildi. Oʻshanda ham qotil uning hech narsasiga — na taqinchoqlari, na sumkasidagi talaygina pulga (ayol oziq-ovqat magazinida sotuvchi boʻlib ishlardi) tekkan, lekin ashaddiy dushman sifatida butun yerini qoldirmagan, urgan, boʻgʻgan, oxiri boshiga tosh bilan urib oʻldirgan. Bir oy deganda u topildi. Xuddi shu yerda, fojia sodir boʻlgan joyda qoʻlga tushdi. Sababi — rashk. Ayol u bilan bir yilcha yurgan, hatto yashagan, keyin boshqa odam bilan turmush qurgan. Yigirma yilga kesilib ketdi.

Bu fojianing ham nimasidir shunga oʻxshab ketardi. Yosh, chiroyli ayol. Koʻp odam unga xushtor boʻlgan boʻlishi kerak. Lekin rashkmikan?

Kapitan marhuma ishlagan institutga oʻzi borib kelishni lozim topdi. Kabinetning orqasidagi dam olish xonasiga oʻtib, formasini grajdan kiyimiga almashtirdida, koʻchaga chiqdi. Uni yana bir narsa xavotirga solib qoʻygan edi. U ham boʻlsa, fojia yuz bergan joy. Chorsu Toshkentning eng gavjum rayonlaridan biri. Nahotki hech kim ularni koʻrmadi? Kechki oʻn bir — bu hali juda kech, bitta ham odam bu yerdan oʻtmaydi, degan gap emas-ku? Yo...

Uning xayoliga yangi fikr keldi-yu, hozircha institutga borishdan voz kechdi. Qayoqqa yurishini bilmay, gazni bosib qoʻyganicha buyruq kutib oʻtirgan shofer soʻradi:
— Qaysi tomonga?
— Chorsuga yur!

Mashina u koʻchadan chiqib, Navoiy prospektiga burildi. Kapitan shofer yonidagi mikrofonni olib tizzasiga qoʻydi.
— Eshitaman! — Sekretarʼ qizning ovozi keldi undan.
— Oʻlikni olib ketishlari bilan menga xabar qilishsin.
— Xoʻp boʻladi.

«Volga» Xadradagi fontanni aylanib oʻngga burilishi bilan kapitan buyurdi:
— Shu yerda kuting.

Mashina tramvay parkining darvozasi oldida toʻxtadi.

Havo dim, issiq asfalʼt ustida suvdek jimirlardi. Koʻchaning narigi betidagi kabobxonadan tarqayotgan koʻkimtir quyuq tutun havoda buralib-buralib qayoqqa ketishini bilmay, serbarg daraxtlar orasiga oʻzini urardi.

Kapitan qora koʻzoynagini taqib, shu tomonga oʻtdi-da, keng trotuar boʻylab pastga, Chorsu tomon jadal yurib ketdi. Uning hozir biron narsa aniqlashi qiyin edi. Odam koʻp, izlar toptalgan, kecha kechqurundan beri necha marta suv sepilgandir? Lekin odat—odat. Leytenant Sultonovning batafsil hikoyasini eshitib, aniq tasavvurga kelgan boʻlsa ham oʻsha joyni oʻz koʻzi bilan koʻrishi kerak edi.

Mana, bekat. Odam koʻp. Har xil odamlar. Birov ishga shoshilyapti, birov bozordan kelyapti, ikki qoʻlida setka, korzinka...

Kapitan bekatga kelib, na’matak oldida toʻxtadi. U katta sadadek shox otgan. Tagiga uch-toʻrt odam bemalol sigʻadi, yotsa ham boʻladi. Ketmon ushlagan ikki moʻysafid uning yonidagi elektr ustuni tagida gaplashib turardi. Kapitan beixtiyor ular qarshisiga borib sigaret tutatdi. Gaplashib turganlar unga parvo qilishmadi.
— Topiladi, — dedi bittasi ogʻzidagi nosvoyni na’ma-takka tupurib. — Odam oʻldirarmishu topilmaydimi?
— Milisani oʻzi boʻlib gapirasan-a, chilton?! — e’tiroz bildirdi ikkinchi yoshrogʻi. — Kecha oʻlgan boʻlsa, oʻldirgan odam shu paytgacha manaman deb turadimi? Allaqachon juftakni rostlagan, la’nati!

«Chilton» laqabli kishi yana tupurdi.
— Qochib qayoqqa borardi? Tutiladi. Lekin men senga aytsam, shunaqa odamni otish kerak emas.
— Nega? — hayron boʻldi sherigi.
— Boʻyniga zanjir solib, shoʻtga bogʻlab qoʻyish kerak. Shu joyni koʻraverib, koʻr boʻlsin, boshqalar ham koʻrsin. Yaponlar shunaqa qilarmish, men senga aytsam...
— Yoʻgʻ-e?..
— Nima «yoʻgʻ-e...» Oʻzim eshitdim. Choʻntakka tushsa — bir qoʻlini, uyni bossa — bir qoʻl, bir oyogʻini kesisharmish. Odam oʻldirsa, boyagiday, oʻldirgan joyiga oʻla-oʻlguncha bogʻlab qoʻyisharmish, boʻyniga zanjir solib.
— Zoʻr ekan, — dedi sherigi soqolini tutamlab.
— Men senga aytsam, — davom etdi ikkinchi kishi sirli ohangda, — eski zamonda shunday qilar ekan.
— Bechora, kim ekan, eshitdingmi?
— Hech kim bilmaydi. E Mamarasul, nima, bir bebaxt odamning farzandi-da!.. Ota-onasini qaqshatib ketdi-ku!..

Chinqirib tramvay keldi. «Shuv» etib odamlar tushdi undan. Bekatdagilar ham shunday «shuv» etib bir zumda uni toʻldirishdi. Moʻysafidlar ham tramvayga chiqishdi. Chorsu maydonida bir qancha vaqt suv budkasiga suyanib turgan yigit va kapitandan boʻlak hech kim koʻrinmadi.

Kapitan chollarning ketib qolganidan ichida achindi va yana na’matakka qaradi. Shu top trotuar bilan katta yoʻlni ajratib turgan qalin ajriqning shunday na’matak qarshisida uch-toʻrtta singan shoxlariga koʻzi tushib qoldi. Xayoliga boya, mashinaga tushayotgandagi fikri keldi. Uni olib kelib tashlashgan boʻlsa-chi? Shu xayol bilan singan shoxlarni sindirib ola boshladi.
— Hoy, nima qilyapsiz? — qichqirdi orqadan qandaydir ayol ovozi.

Kapitan oʻgirilib qaradi. Uning qarshisiga supurgi va xokandoz koʻtargan, etagini lippasiga qistirgan oʻrta yoshli bir ayol shaxt bilan kelardi.
— Kap-katta odam, uyalmaysizmi? Buni oʻstirguncha ozmuncha urindimmi?
— Kechirasiz, opa, sinib yotibdi. Kimdir bosib oʻtgan boʻlsa kerak, qarang. Shu yerda ishlaysizmi? — soʻradi kapitan kulgisi qistab.
— Koʻrmayapsizmi, qoʻlimda supurgi! Bir oydan beri shoʻtdaman, rahmatlik erimning oʻrnida.
— Nechagacha ishlaysiz?
— E, ukam, soatning tayini bormi bizning ishda? Uyim shoʻtda. Suv doʻkonining orqasida turaman. Boʻsh qoldim, chiqib supurib-sidiramanda. Odamlarda insof yoʻq, ukam. Chekishadi, shunday oyoqning tagiga tashlashadi. Bir qadam yur, yashik qoʻyib qoʻyibman, shunga tashla! Roʻpara bozor. Keldi-ketdi koʻp.
— Kechqurun ham chiqib turasizmi?
— Kechquruni bor ekanmi?! Etvotmanku, boʻsh qoldim, chiqaman, deb. Ertalab ham, kechqurun ham, kechasi ham. Uyda nimayam qilardim, kun-uzzukun bekorman.
— Kecha kechqurungi voqeani bilasizmi?
— Ana shunga kuyib turibman, ukam. Kecha rahmatlik erimning qirqini oʻtkazuvdim. Chiqqanim yoʻq. Bir kun chiqmaganimga shundoq falokat yuz beribdi-qoʻyibdi. Oʻziz qayokdan bilasiz?
— Men militsiyadanman, — dedi kapitan Aliev. — Uyingizga kirsak maylimi?
— Jonim bilan, ukam. Ovqat mahali boʻlib qoldi. Yuring, aylanay.

Uzilgan ajriq shoxlarini olib kapitan ayol ketidan yurdi.

Ayol qancha qistamasin, kapitan uyga kirmadi, yoʻlakda toʻxtab, choʻntagidan Munis Saidovaning suratini chiqardi.
— Mana shu ayolni koʻrganmisiz?
— Voy, shumi oʻlgan? -Ha.

Ayol suratga diqqat bilan tikildi.
— Qaydam, ukam, hech eslolmayapman.
— Yaxshilab oʻylang. Sochi kalta qirqilgan. Qora qosh, qora koʻz... Uning yuzida, shunday burnining uchida xoli bor, moshdek keladi. Kecha qoʻlida oq sumka ham bor edi. Bandi toʻqima charmdan qilingan, oq sumka. Oq bosonojka oyogʻida.
— Tatiring, tatiring!.. Oq sumka deysizmi? Sochi kalta qirqilgan?.. Oʻtgan kuni koʻrdimov, chamamda. Kunduz kuni. Ha, koʻrdim. Doʻkondan suv ichdi. Men shundoq doʻkonning oldini supurvotuvdim... Ha, oʻsha, aylanay, oʻsha... — ayol jonlanib ketdi. — Yuzida xoli bor. Moshdekkina. Biram kelishgan. Menga gap otdi ham! Supuryapman, koʻrib turibdi. «Nega changitasiz, xola?» deydi. Jahlim chiqib ketdi. «Avvalo, xolang emasman, qoqindiq, dedim. Keyin, koʻrmayapsanmi, dedim». Indamadi.
— Suv ichdi. Keyin nima qildi?
— Keyinmi? Tatiring, tatiring... Keyin ketdi. Samar-qand darvozasiga kirib ketdi. Sumkasini shunda koʻrdim. Oq sumka, bandi toʻqilgan. Biram koʻhlik. Oʻziga shundoq yarashib turuvdi.
— Yonida hech kim yoʻqmidi?
— Yoʻq, yolgʻiz edi. Tagʻin bilmasam... Shunaqalarni, aylanay, qaramayman.
— Opa, sizdan iltimos. Avvalo, men bilan gaplashganingizni hech kimga aytmaysiz.
— Esimni yebmanmi, ukam.
— Keyin, yana bir oʻylab koʻrarsiz. Balki bitta-yarimta bilan ilgari koʻrgandirsiz? Har holda oʻylab koʻring. Bu juda muhim. Bir-ikki kundan keyin xabar olamiz.
— Oʻzim boraman, aylanay, oʻzim. Kapitan boshini qimirlatib, koʻchaga chiqdi.

«Har kanday jinoyat izsiz boʻlmaydi, — Oʻylardi u Xadra tomon yurar ekan. — Ertami, kechmi, biron belgisi topiladi. Lekin qanday belgi? Gap ana shunda».

Munis Saidovaning kvartirasi ma’lum. Ish joyi ma’lum. Samarqand darvozaga uni nima yoki kim boshlab keldi? Ikki kun ketma-ket shu yoqqa kelibdi. Nima bor bu yerda?

Kapitan kabinetidagi oq qogʻozga xayolan yana bir belgi qoʻyib qoʻydi. U mashinaga oʻtirganda shofer: «Hozir oʻlikni morgga olib ketishdi», dedi.

Kechga yaqin marhumaning biografiyasi unga ayon boʻldi. 28 yoshda. Qoʻqonda tugʻilgan. Otasi — Ubaydulla Xoliqov — xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi, hozir pensiyada. Onasi ishlamaydi, qandaydir artelda urush yillari ishlagan, atigi ikki yil. Asosan, uyda. Oltmish uchinchi yili ToshDUga kirmoqchi boʻladi, imtihondan yiqilib, hujjatlarini chet tillar institutiga topshiradi. Oltmish sakkizinchi yili institutni bitiradi. Bir yilcha 40-maktabda fransuzchadan dars beradi. Keyin sakkiz oy «Inturist»da ishlaydi. Bir yil ishlamaydi. Sababi noma’lum. Oʻtgan yilning sentyabridan institutda fransuz tili kabineti boshligʻi boʻlib ishlaydi.

Eri — bioximik. Oʻsimliklarning eksperimental bio-logiyasi ilmiy-tekshirish institutida katta ilmiy xodim. Ximiya fanlari kandidati. Asosan, paxtachilik bilan shugʻullanadi. Yangi «Toshkent-2» nomli paxta sortlarini yetishtirishda qatnashgan. Hozir viltga qarshi qandaydir yangi preparat ustida ish olib boryapti.
— Bu institutda kim bor? — soʻradi kapitan Sultonovdan.
— Starshiy leytenant Abdullaev.
— U nima fikrda?
— Saidov katta olim va uning hozirgi ishi koʻp mamlakatlardagi institutlarni qiziqtirgan, ba’zilarini hatto tashvishga solgan. Vilt faqat bizda emas, AQShda ham paxtani kamaytirib yuboryapti.
— Durustsiz-ku? — jilmaydi kapitan.
— Toʻgʻri keldi, — mamnunlik bilan javob qildi leytenant.
— Xoʻsh, kecha Saidova qaerda boʻlgan?
— Saidova kecha soat oʻn ikkilarda ishga kelgan, — javob qildi starshiy leytenant Roʻziev. — Bir soatcha ishda boʻlgan. Keyin kabinet kalitini bibliotekachi kampirga berib ketgan. Qayoqqa ketayotganini aytmagan. Oʻzi toʻrtgacha ishlashi lozim ekan. Uning qaerda boʻlgani noma’lum.
— Eri-chi?
— Eri kecha yettilargacha ishda boʻlgan. Keyin Oʻrdadagi tilla magaziniga kirib uzuk koʻrgan. Uchta koʻzlik brilliant uzuk. Magazinchidan ertagacha ushlab turishni iltimos qilib, ketgan. Magazin yonidagi avtomatdan telefon qilgan.
— Kimga?
— Hamkasbi, institutdagi laboratoriya boshligʻi Hafiz Abdullaevga. Undan pul soʻragan. Keyin uning uyi oldida pulni olib, yana iziga joʻnagan. Soat sakkiz yarimda uni bir qoʻlida katta qora portfelʼ, bir qoʻlida tort koʻtargan holda uyiga kirib kelayotganini koʻrishgan. Keyin ertalab leytenant Saidov uyiga borguncha bir necha marta koʻchaga chiqib kelgan, juda tashvishli koʻringan. Ha, kechasi soat toʻrtlarda Qoʻqonga telefon qilib, qaynatasi bilan gap-lashgan, xotini yoʻqligini aytgan.
— Hamkasbi bilan gaplashdingizmi?
— Ha, uning aytishicha, er-xotin juda koʻp urishishar ekan. Kecha ertalab ham u uyidan xotini bilan urishib chiqqan. Ajralishga ahd qilganini aytgan. Qoʻshnilari ham ularning yomon turishlarini aytishdi. Saidova koʻpincha onasinikiga, Qoʻqonga ketib qolar ekan. Uch-toʻrt kundan keyin yo eri, yo otasi olib kelar ekan. Qoʻshnilar onasini ancha koyishdi. Aftidan, u xotin qizini juda yaxshi koʻrsa kerak. Albatta, oʻzicha. Har kelganida kuyovidan qoʻshnilarga shikoyat qilar ekan. Hamma gapni pulga olib borib taqar ekan.
— Saidovning oylik daromadi?
— Ikki yuz oltmish soʻm.
— Oʻziniki-chi?
— Toʻqson sakkiz soʻm.
— Nechta bolasi bor?
— Bolalari yoʻq. U istamas ekan. Hozircha. Oʻttizga chiqay, keyin der ekan.
— Tilla asboblari oʻzinikimi?
— Ular yangi, demak, oʻziniki. Lekin qaysi pulga olgan, noma’lum.
— S-5 da qachondan beri turishar ekan?
— Ha. Lekin undagi iz Chorsudagi izlarga oʻxshamaydi. Oʻrtoq kapitan, — leytenant Sultonov qoshlarini chimirdi. — Saidovni soʻroq qilsak boʻlardi hozir.
— U qochib ketmaydi, — dedi kapitan va gapim toʻgʻrimi, degandek Roʻzievga qaradi.

Roʻziev boshini qimirlatdi.

Sekretarʼ qiz kirib kapitanga qogʻoz uzatdi.
— Hmm... — Oʻylanib qoldi kapitan. — Ajriq xuddi fojia yuz bergan paytda bosilgan.
— Demak, ular mashinada kelgan boʻlishlari mumkin? — faraz qildi leytenant.
— Ha, — tasdiqladi kapitan. — Lekin bu ham tekshiruvga muhtoj. Xoʻsh, hozir biz nimalarga egamiz? Birinchidan, kim oʻldirganligi ma’lum...

Ular uzoq oʻtirishdi. Kech kirib, qorongʻi tushdi. Sekretarʼ qiz uyiga ketish oldidan kapitandan ruxsat soʻradi. Aliev ruxsat berdi-yu, yana qator belgilar qoʻygan qogʻozi ustiga egildi.

Bir kunda ular ancha narsani aniqlashgan, marhumaning hayotiga oid deyarli hamma hujjatlarni toʻplashgan edi. Rahim Saidovning qanday odamligi ham, uning hayoti ham, asosan, ma’lum edi. Lekin hali koʻp narsa — ularning fojia yuz berganda birga yo birga emasliklari, marhumaning oʻldirilishi sabablari, qotil kimligi hali qorongʻi edi.

Kapitan bir narsani yaxshi bilardi. Qotil kim boʻli-shidan qat'i nazar, oʻz ishini ustalik bilan bajargan, deyarli hech qanday iz qoldirmagan edi. Biroq bunday boʻli-shi mumkin emas. Undan biror iz qolgan, lekin u qaerda, qanday iz?
— Bunday qilamiz, — kapitan oʻrnidan turdi. — Ertaga tramvayda yuradigan chorsuliklar blan uchrashish kerak. Shayxuddinova qandadir temiryoʻlchi, keyin toʻqimachilar kombinatida ishlaydigan ayol, yana kimlarnidir aytgan edi. Uni topib, shu odamlarni surishtirish kerak.
— Xoʻp, men shugʻullanaman bu bilan, — dedi starshiy leytenant Roʻziev.
— Boʻlmasa, Anvarjon siz Saidovaning oʻrtoqlari bi-lan shugʻullaning. Qachon koʻmishar ekan?
— Hali noma’lum, — dedi Sultonov. — Aftidan, ertaga. Faqat bir narsani bilmayman.
— Xoʻsh?
— Qaerga koʻmishar ekan? Ota-onasi Qoʻqonga olib ketamiz, deb turib olishlari mumkin?
— Agar shunday boʻlsa, Qoʻqonga xabar berib qoʻyamiz. Xoʻsh, ertagacha xayr.

Roʻziev bilan leytenant Sultonov ketishdi. Kapitan belgilar qoʻyilgan qogʻoz ustida birpas ruchkasini oʻynatib turdi-da, joyiga oʻtirdi. U uyiga telefon qilib, xotini-ga: hozir boraman, demoqchi edi, aynidi. Boshqa nomerni terdi.
— Oʻrtoq polkovnik?
— Oʻrtoq polkovnik ministr oldiga ketdilar, — javob qildi ayol ovozi.
— Zamira?
— Ha, menman. Oʻrtoq kapitan, sizmisiz?
— Men.
— Ahmad aka arizangizga qoʻl qoʻydilar. Ertalab kadrlar boʻlimiga olib chiqib beraman.
— Keragi yoʻq.
— Voy, nega?
— Otpuskam qoldi. Ish chiqib qoldi.
— Ahmad akamga aytib qoʻyaymi?
— Hojati yoʻq. Ertalab oʻzim kiraman.

Kapitan trubkani qoʻydi. Shu payt leytenant Sultonov qaytib kirdi.
— Oʻrtoq kapitan?
— Eshitaman!
— Sizni bir ayol soʻrayapti. Zarur ishim bor, deydi.

Menga aytmadi.
— Chaqiring.

Kabinetga qorovul ayol kirdi.
— Ha, opa, keling? — tanidi kapitan.
— Ukam, topdim! — dedi hovliqib ayol. — Uni bir-ikki marta bir erkak bilan koʻrganman.
— Qanday erkak?
— Oʻrta boʻyli, oʻziga oʻxshagan qora qosh, qora koʻz. Qoʻlida katta qora papkasi bor.
— Manavi emasmi? — leytenant choʻntagidan Rahim Saidovning ertalab eshikni ochganda olingan suratini koʻrsatdi.
— Oʻxshab ketadi, — dedi ayol iyagini ushlab. — Tagʻin, kim biladi, qoʻrqaman bir narsa deyishga. Oʻzini koʻrganda tanimasam?
— Qora portfelʼ deng qoʻlida? — soʻradi kapitan.
— Ha, katta qora port... portfelʼ...

Kapitan va Sultonov bir-birlariga tikilib qolishdi.

4

Kun chiqib, uy nurga toʻlib, isib ketdi. Rahim Saidov esa hamon joyidan qimirlamay oʻtirardi. Qirra burnining ikkala chetidan lablariga oqib tushgan yosh yaltiroq iz qoldirib, allaqachon qotib qolgan, qoʻlidagi chekilmagan sigaret tutab soʻngan, ammo u buni payqamas, panjalari orasidan siqqanicha, bir nuqtaga tikilib qolgan edi.

Mudhish xabarni eshitganidan keyin ikki-uch soat oʻtgani uchunmi, u endi ancha tinch, boyagina butun vujudini qoplab olgan hayajon, titroq bosilgan, oʻzining qaerdaligini, nima uchun oʻtirganini aniq his qilardi. Biroq qopdan tikilgandek ichi boʻm-boʻsh, hech narsa yigʻisini, hech narsa gʻazabini qoʻzgʻatmasdi, goʻyo shunday boʻlishini bilgandek, hatto qachonlardir boshidan oʻtkazgandek oʻtirardi. Shu uy, xuddi shu kreslo... Stol ustida hozirgidek xuddi shu narsalar — paxta gullik choynak, ikkita piyola, sindirilmagan yarimta gijda non... Egnida ham xuddi shu kiyimi, gʻijim. Gʻijim triko shim, koʻk vʼetnamcha koʻylak... Qachon shunday boʻlgan edi? Ha, esida... doim shunday edi. Urishishdimi, u nima qilishini bilmay, gunohkor odamdek, shu kresloga oʻtirib boshini egardi va ogʻir xayollarga choʻmardi. Kecha ertalab ham shunday boʻldi. Yotoqxonadan chiqib yuvindida, kiyinib, oshxonaga oʻtdi, lekin hech narsa yegisi kelmadi. Keyin mehmonxonaga chiqib, shu choynaqdan sovuq choy ichdi, yuqigacha simirdi va butun ogʻirligi bilan oʻzini kresloga tashladi. U Munis chiqib, biror narsa deyishini kutgan edi. Xotini chiqmadi, yotoqxonadan uning «piq-piq» yigʻisi eshitildi. Keyin jim boʻlib qoldi. Rahim Saidov nafas olishga ham qoʻrqib, quloq soldi. Oyoq tovushlari eshitilmadi. Chidolmay:
— Munisxon!.. — deb ohista chaqirdi. — Men... men ketyapman.

Urishmagan paytlari yugurib chiqib, «choʻlp» etib yuzidan oʻpadigan xotini ovoz ham bermadi.

Rahim Saidov joʻrttaga oyoqlarini tapillatib eshikkacha bordi. Portfelini qoʻliga olib bir oz turdi. Yoʻq, Munisxon chiqmadi. Ovoz chiqarib orqasidan qargʻab qolsa ham mayli edi, tezroq yarashishga bahona boʻlardi. Koʻpdan shunday boʻlib qolgan edi, xotini qanchalik ovozini baland qilsa, u shunchalik past tushar, ba’zan esa, miq etmay, boshini xam qilib turaverardi.

Munisxon battar jahli chiqib:
— Bir balo desangiz-chi! Qon qilib yubordingiz-ku! — derdi va yigʻlab yuborardi.

Bu yarashishning birinchi belgisi edi. U yigʻlab yotoqxonaga kirib ketgandan keyin tashabbus Rahim Saidovning qoʻliga oʻtardi. U kirib xotini yoniga oʻtirar va sekin yigʻidan titrab turgan yelkalarini silar, xotini indamagach, boʻyniga lablarini koʻyardi.
— Meni kechiring, Munisxon, ayb menda. Eshityapsizmi? Ayb menda...
— Siz faqat shuni bilasiz, — derdi yigʻi aralash Munisxon. — Ming marta kechirgandirman.
— Ming birinchisi ham boʻlsin. Kechiring...

Nam yostiq ustida Munisxonning chiroyli boshi qimirlardi.

Shunday paytlarda Rahim Saidov uchun undan aziz, undan mehribon, undan sevikli odam yoʻq edi. Shunday odamni qiynab, yigʻlatib oʻtiribdi-ya?! Aytganini qila qolsa nima qilardi?!

Rahim Saidov mehr bilan xotinini bagʻriga bosar, yuz-koʻzidan oʻpardi. Munisxon birdan oʻzgarardi, bir zumda ochilib, husniga husn qoʻshilib ketardi. Yengil bir harakat bilan toʻzgʻigan sochlarini orqaga tashlab, hozirgina toʻyib uyqudan turgan odamdek, eriga koʻzlari toʻla tabassum bilan tikilardi...

Endi u yoʻq. Yuragi muz boʻlib oʻtirgan Rahim Saidov buni aniq his qilardi. Lekin nega, kim uni oʻldirdi? Shu savollar miyasida aylanar ekan, u bir narsaga hamon tushunmasdi. Munisxon nega kechqurun Chorsuga bordi? U yerda nima qildi? Bunga u javob topolmadi. U endi yolgʻiz, umrbod yolgʻiz. U shunday oʻyladi-yu, yana tomogʻiga bir narsa kelib tiqildi.
— Munis, Munis, nima qilib qoʻyding?.. Men aybdorman, men!.. Agar urishmaganimizda u tirik boʻlardi. Yana birga boʻlardik...

U ovoz chiqarib gapira boshlaganini sezib qoldi-yu, choʻchib ketdi. Alanglab atrofiga qaradi. Hech kim yoʻq. Yolgʻiz oʻzi uyda. Nima qilish kerak?

U oʻrnidan turdi, qayoqqa borishini bilmay xona oʻrtasida bir oz turdi-da, yotoqxonaga kirdi. Oʻrni yigʻilmagan, toshoyna oldidagi kursida Munisxonning ichki koʻylagi yotardi. U shu koʻylakka tikilib qoldi. Koʻylak orasidan Munisxon chiqib kelayotgandek boʻldi bir mahal. U orqasiga tisarildi, toshoynada soqollari oʻsgan, rangi quv oʻchib, koʻkarib ketgan oʻzining basharasini koʻrdi-yu, bu xayol ekanini tushundi.

Koʻylakni olib, karavot zixiga oʻtirdi. Nazarida uyni Munisxonning yoqimli hidi qoplab ketgandek boʻldi, lablari nimalarnidir shivirlab, koʻzlariga oʻz-oʻzidan yosh keldi. U seskanib oʻrnidan turdi, koʻylakni yostiq ostiga qoʻyib, oʻrinni yigʻishtirdi. Yotoqxonadan chiqayotib, yana bir marta hamma yoqqa razm soldi, ortiqcha hech narsa koʻziga koʻrinmadi. Keyin negadir oshxonaga oʻtdi. Bufetning ustida ogʻzi ochiq «Pliski» turardi. Oʻtgan kuni Hafiz kelganda ochishgan edi. Bitta Hafizning oʻzi ichdi oʻshanda. Ryumkasi ham shunday patnis ustida turibdi. U shu ryumkaga toʻlatib konʼyak quydi-da, zarb bilan ichdi. Hech narsa sezmadi, hatto hech narsa yegisi ham kelmadi. Yana quyayotganda telefon jiringlab qoldi.
— Rahimjon? Senmisan?

Rahim Saidov tanidi. Hamkasbi Hafiz Abdullaev edi.
— Nega ishga kelmayapsan? Tinchlikmi?
— Munis... Munis yoʻq, — dedi zoʻrgʻa boʻgʻilib Rahim Saidov. — Uni kecha oʻldirib ketishibdi.
— Nima?! Esing joyidami oʻzi? Nima deyapsan?
— Rost, Munis endi yoʻq.

Trubka jimib qoldi. Qandaydir gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovushlar eshitildi.
— Men hozir boraman! — qichqirdi keyin Hafiz va trubkani ildi.

Rahim Saidov boʻshashib, telefon yonidagi stulga oʻtirdi. Chindan ham esi joyidamikan uning? Yolgʻon boʻlsa-chi? Kechasi bilan koʻchalarda sangʻigani, militsionerning kelgani, mana hozir shunday, gʻussaga toʻlib oʻtirgani tush boʻlsa-chi?

U sapchib oʻrnidan turdi.
— Munis!

Munis yoʻq edi, oshxonada ham, yotoqxonada ham. Toshoyna oldidagi kursicha yonida uning yaltiroq shippaklari yotardi. Oʻzi yoʻq.

Eshik taqilladi. Pochta.
— Telegramma! — qichqirdi eshik orqasidan kimdir. Rahim Saidov eshikni ochdi.

«Viletaem dvux chasovim reysom» — deyilgan edi telegrammada. Bu qaynatasi. U beixtiyor soatiga qaradi. Soat strelkasi sakkizni koʻrsatardi. Qulogʻiga tutdi. Yotib qolibdi. Oshxonadagi osma soatni koʻrdi. Oʻn ikkidan oʻnta oʻtibdi. Ular kelishiga hali uch soat bor. Yuklari boʻlsa, yana bir soat ketadi. Yuksiz boʻlishsa kerak bu gal. Ubaydulla aka uchun xotinining oʻzi katta yuk. Bechoraning yuragi chiqib ketgandir? U mayli, kelgani qaytanga yaxshi. Dalda boʻladi. Aya bilan gaplashish qiyin. U albatta, kuyovini ayblaydi. Negadir u kuyovini yoqtirmaydi. Rahim Saidov ham shunday. Sergap, tamagir, pul desa oʻzini tomdan tashlaydigan bu xotinni koʻrdi, ensasi qotaveradi. Uning uchun qizidan boshqa hamma yomon, xunuk, ahmoq. Dunyodagi odamga berilgan jamiki yaxshi fazilatlar goʻyo qizida mujassamlashgan. Unga tushuntirish qiyin boʻladi. Yaxshiyam militsiyadan telefon qilishdi. U aytolmasdi. Aytib ulgurguncha aya miyasini qoqib qoʻliga berardi.

Hafiz keldi. Rahim Saidov oʻpkasi toʻlib unga qaradi, lekin yigʻi kelmadi.
— Nima boʻldi? — hovliqib soʻradi Hafiz.
— Shu, kecha kelsam uyda yoʻq. Kechasi bilan qidirib chiqdim. Ertalab militsiyadan kelib aytishdi.
— Nima boʻlibdi?
— Chorsuda oʻligini topishibdi... Chorsuga nega borgan? Hech narsani bilmayman.
— Qaerda emish?
— Hozir ToshMIga olib kelishadi.
— Hech kimga aytdingmi?
— Yoʻq.
— Aytish kerak. Oʻzingni qoʻlga ol. Qarindoshlaringni sana, men aytib chiqaman.
— Boshim gʻuvillab ketyapti...
— Tushunaman, ogʻir... — Hafiz uning yelkasiga qoʻlini qoʻydi. — Yomon boʻlibdi. Kimlar... shu ishni qilibdi?
— Bilmayman. Ammo bilsam ham sogʻ qoʻymayman...
— Boʻldi, doʻstim, oʻzingni bos. Militsiya topadi. Qotil tegishli jazosini oladi.
— Uzuk devdi... Katta yoqut koʻzli uzuk... — xayolchan gapirdi Rahim Saidov. — Unaqasini topolmadim. Anchadan beri yoʻq ekan. Lekin men koʻrgan uzuk ham juda chiroyli ekan. Ustida kichkina-kichkina koʻzi bor. Brilliant koʻzlar... Endi keragi yoʻq...
— Boʻldi, Rahimjon, oʻzingni qiynama. Ichasanmi? Hafiz oshxonaga kirib, konʼyak va ikkita ryumka olib keldi.
— Ma, shuni ichib ol. Yaxshi boʻladi.

Rahim Saidov qarshilik qilmadi. Hafizning oʻzi ham ichdi.
— Uyingdagilarga qachon aytasan? Qoʻqonga-chi? Rahim Saidov telegrammani koʻrsatdi:
— Uyga hali boraman. Hozir ToshMIga boraman. Borasanmi?
— Boʻlmasa-chi!
— Yoʻq, ToshMiga oʻzim boraman. Sen shu yerda qol. Nima qilsang, shuni qil. Bilasan nima qilishni.
— Pastda mashina bor, — dedi Hafiz. — Sulaymon aka berdi. Ta’ziya bildirdi.

Rahim Saidovning bu birinchi eshitgan ta’ziyasi edi. Yana qancha eshitadi?..
— Munis, Munis... nima qilib ketding?

U pastga tushdi. Kun tikkaga kelgan, koʻcha yonardi. Odam koʻp, hamma oʻz ishi bilan ovora. Hech kim unga qaragani ham yoʻq, dardini surishtirgani ham yoʻq... Hech kim uning hozir yuragida nimalar boʻlayotganini, eng yaqin, suyukli odamidan hozir judo boʻlib turganini bilmaydi. Hatto uning kimligini, nima uchun yashayotganini ham bilmaydi. Hayot shunday. Har kim oʻzi bilan oʻzi ovora, oʻzining tashvishi bor...

Rahim Saidov institutning koʻk «Volga»sini darrov tanidi. Mashinaga yaqinlashayotganda shofer yigit turib kelib tirsaklaridan ushladi.
— Bandalik, Rahimjon aka!..

Rahim Saidov nima javob qilishini bilmay, tutilib qoldi. Shofer buni sezib, xijolatlikdan qutqardi.
— Qayoqqa boravuz?
— ToshMIga.
— Bu koʻrgilik sizga qayokdan yopishdi-ya, aka-ya!.. Shofer chaqqonlik bilan Rahim Saidovning eshigini yopib, joyiga oʻtirdi va starterni bosdi. Mashina gʻizillab katta koʻchaga chiqdi.

ToshMI darvozasi oldida qorovul ularni toʻxtatdi.
— Propusk!
— Xotinimni olib ketgani keldim, — dedi Rahim Saidov.
— Xotiningiz qaerda?
— Xotinim... Xotinim morgda...
— Bandalik, uka... kiringlar...

Shofer bilar ekan, kasalxonaning orqasidagi sister-naga oʻxshagan dumaloq, koʻrimsiz gʻisht bino oldida toʻx-tadi.
— Keldik, — dedi u va mashinadan tushib, Rahim Sai-dovning eshigini ochdi.

Ular oldinma-keyin morgga kirishganda, muzdek zax havo dimogʻlariga «gup» etib urildi. Eshik oldida qora xalat kiygan sap-sariq, oriq moʻysafid ularga orqa oʻgirib, ovqatlanib oʻtirardi.
— Mumkinmi? — soʻradi Rahim Saidov.

Moʻysafid shoshmasdan oʻgirildi. Rahim Saidovning koʻzi kleyonka solingan stol ustidagi non toʻgʻralgan bir tovoq achchiq-chuchukka tushdi. Beixtiyor oʻxchiq kelib, koʻngli agʻdarildi.

Zoʻrgʻa oʻzini tutib olib, cholga murojaat qildi:
— Xotinim... Xotinimni koʻrsam boʻladimi?
— Kim u? — soqol-moʻylabini roʻmolcha bilan artib, chol oʻrnidan turdi.
— Munis... Munis Saidova. Bugun olib kelishgan boʻlishlari kerak.
— E, chavaqlangan juvonmi? — soʻradi chol.

Rahim Saidovning jahli chiqib ketdi, tishini tishiga qoʻyib, boshini qimirlatdi.
— Ana, toʻrdagi stolda. Rahmatlik yosh ketibdi-da... Rahim Saidov toʻrdagi uzun stolga qaradi. Xotinining ustiga oppoq choyshab tortilgan, yuz-koʻzini koʻrib boʻlmasdi.
— Koʻrsam boʻladimi?
— Ha... agar... choʻchimasangiz.

Cholning bu gapi dalda berdi. U stol yoniga borib, choyshabni ohista koʻtardi. Munisxon uyquda yotgandek tinch yotardi. Yumuq koʻzlari ostidagi uzun kipriklari bir-biriga chirmashib ketgan, bitta uzun soch tolasi oppoq peshanasi, burni ustidan tushib, bilinar-bilinmas koʻkara boshlagan lablariga tegib turardi. Unga hech narsa boʻlmagandek edi... Faqat chakkasi yongʻokdek qoraygan, undan chiqqan bitta qora chiziq koʻziga tutashgan.

Rahim Saidov titroq qoʻllari bilan soch tolasini yuz-koʻzi aralash sidirib, kichkina yostiqcha bilan bitta boʻlib yotgan sochlariga sekin qoʻshib qoʻydi, ichidan boʻgʻilib yigʻi keldi.
— Munis, azizim... — deb yubordi xirildoq ovoz bilan u va xotinining boshi uzra egildi.

Munisxonning oyoq tomonida turgan shofer yigit oʻzini tutib turolmadi, koʻziga yosh oldi.
— Rahimjon aka, boʻldi, oʻzingizni ezmang...
— Qoʻyaver, oʻgʻlim... — dedi chol unga. — Koʻrib olsin. Odamning hayoti shu. Kecha bor, bugun yoʻq. Koʻrib olsin.

Anchadan soʻng u Rahim Saidovning oldiga kelib, Munisxonning yuzini berkitdi. Rahim Saidov qarshilik koʻrsatmadi. Kaftlari bilan koʻzlarini artar ekan, soʻradi:
— Mashina topiladimi, ota?
— Olib ketmoqchimisiz hozir?
— Ha.
— Qachon koʻmasizlar?
— Bilmadim.

Rahim Saidov buni oʻylamagan edi. Chindan ham qachon koʻmadi? Buni uydagilar bilan maslahatlashish kerak edi. Hafizni olib kelsa boʻlar ekan. U bilardi.

Uning oʻylanib qolganini koʻrib, chol maslahat berdi:
— Hoynahoy ertaga koʻmarsizlar. Bugun tegmanglar. Issikda nima qilasizlar qiynab! Tinch yotibdi shu yerda. Ertaga olib ketinglar.

Shofyor ham uning gapini ma’qulladi. Rahim Saidovga bu qanchalik ogʻir botmasin, u Munisxonning shu yerda tun boʻyi yolgʻiz qolishini istamas edi, rozi boʻldi. Choʻntagiga qoʻl solgan edi, bir dasta pul chiqdi. Qaerdan keldi bu pullar? Ha, kecha Hafizdan olgan edi. Munisga uzuk olib bermoqchi edi... U bitta qogʻoz pulni cholga uzatdi.
— Qarab turing...

Chol pulni rad qilar ekan, koʻllarini fotihaga yozdi.
— Omin, joyi jannatda boʻlsin. Ollohu akbar! Rahim Saidov beixtiyor yuziga qoʻllarini surtib, tashqariga chiqdi.

Ular eski hovliga kelishganda kun peshin boʻlgan edi. Eshikdan kirishlari bilan katta kul rang it vovillagani-cha, lapanglab ular qarshisiga kela boshladi. Shofer yigit choʻchib, oʻzini eshik orqasiga olayotgan edi, Rahim Saidov toʻxtatdi.
— Qoʻrqmang. Tashlanmaydi. Koʻktoy! Jim boʻl, Koʻktoy! It tanib, Rahim Saidovning oyogʻini yaladi va erkalanib, dumini likillatdi.
— Yuravering.

Ular katta hovli oʻrtasidagi soʻri tagiga kelishdi. Chorsi supa ustiga namat tashlangan. Atrofida koʻrpachalar yozigʻ-liq edi.
— Oʻtirib turing.

Rahim Saidov hovlining toʻridagi derazalari lang ochiq uylar tomon ketdi.
— Oyi!

Hech kim javob bermadi.

Rahim Saidov oʻrtadagi oldi ochiq ayvonga koʻtarilib, uylarni qarab chiqsi.

Hech kim yoʻq edi. U kutishga qaror qilib, soʻri tagiga qaytdi.
— Qoʻshnilarnikiga chiqishgan boʻlishsa kerak.

U shoferning yoniga oʻtirdi. Koʻktoy oyogʻi ostiga choʻkka-lab tilini osiltirdi.
— Shu yerda tugʻilganman...

Rahim Saidov bu gapni oʻziga aytdimi, shofer yigitgami — bilmasdi. U doim shu hovliga kelganida yuragida ham quvonch, ham faqat oʻzigina payqab oladigan ogʻriq sezardi. Oʻttiz yil shu uyda yashadi. Undagi har bir eshik, har bir deraza, hovlining burchagiga omonatgina solingan hujradagi eski-tuski narsalar, har bir daraxt unga tanish edi. Mana shu oldida unga termilib oʻtirgan it ham xuddi uning singari shu hovlida tugʻilgan. Rahim Saidov uni mushuk bolasidek kichkina, hali koʻzini ochmagan vaqtidan beri biladi. Uning onasini ham, otasini ham biladi. Mahallaning yarmida ularning itlari. Olapar, Toʻrtkoʻz, Sharik... Koʻktoy unga yoqib qolgan edi. Katta savatga solib, sakkizta kuchuk bolani qoʻshnilarga tarqatib chiqdi. Shu koʻkimtirini olib qoldi. Shunga ham ancha boʻldi. Institutda oʻqirdi oʻshanda. Sut berib bokdi. Oyisi unga atab olib qoʻygan ovqatdan berdi. Mana endi u qaribdi. Koʻzlari yoshlanadigan boʻlib qolibdi. Negadir Munisxon uni yoqtirmasdi. «Oʻlsin, tasqara», derdi. Koʻktoy ham uni koʻrishi bilan dumini qisib, hujra yonidagi uyasiga kirib ketardi. Aftidan, urgan boʻlsa kerak. Munisxon oʻzi, umuman, hayvonlarni yomon koʻrardi. Mushuk desa kapalagi uchib ketardi.

Koʻchib ketishayotgan kuni, xuddi xunuk bir ish sodir boʻlganini sezgandek, Koʻktoy juda koʻp gʻingshidi, vovilladi. Rahim Saidov yuklarni har safar mashinaga ortib ketayotganida, muyulishgacha vovillab bordi. Oxirgi marta kelishganda, u yaqin kelmadi. Olisdan bir-ikki vovillab uyasiga kirib ketganicha, ular qaytayotganda chiqdi va Rahim Saidovning oldiga kelib, tuflisining uchini yaladi.

Munisxon tiqilinch qilmaganda ular koʻchib ketishmasdi. Rahim Saidov oʻz uyini yaxshi koʻrar, unda oʻzini tinch va betashvish his qilardi. U shuncha yoshga kirib, mustaqil hayot kechirishga qurbi yetadigan boʻlganiga qaramay, onasi uchun baribir bola ekanligini bilardi. Har kuni, ishga ketayotganida ham, ishdan qaytganida ham Hakima opa buni oʻzi sezmagan holda, esiga solib turardi. Lekin Munisxon bilan ular kelishishmadi. Bu kelishmovchilik birdan, toʻyning ertasidan boshlandi. Rahim Saidov oʻsha kuni nima boʻlganini, kim birinchi kimga yoqmaganligini, kim xato qilib qoʻyganini haligacha bilmaydi. Ular esa — na ona, na xotin bunday aniqroq qilib aytib berishmadi.

Hakima opa katta qiyinchiliklar koʻrgan, shuning uchun ham oʻz farzandlarini erkalatmasdan, har bir buyum, har bir kiyimning qadriga yetadigan qilib oʻstirgan edi. Munisxon buning aksi. U erka, hayotga anchayin yengil qaraydigan, ertaga nima boʻlishi bilan uncha qiziqmaydigan odam edi. Kim biladi, balki shu asosiy sababdir, ularning kelishmaganiga? Har holda, toʻyning ertasigayoq Munisxonga shaharning deyarli markazida katta binolar panasida qolib ketgan hovli ham, yangi kelin-kuyovga atab solingan ikki xonalik uy ham yoqmay boshlagan edi. Hakima opa ham uning biron narsasini, garchi ular maqtovga arziydigan buyumlar boʻlmasa ham, biron harakati, yo gapini kinoyasiz tilga olmaydigan boʻlib qoldi. Lekin qudalarini yaxshi koʻrar, ular kelsa oʻtqizgani joy topolmay qolar edi. Anchagina bosiq, hayotning achchiq-chuchugini totgan tajribali ayol boʻlganidan, buning ustiga oʻgʻlini yaxshi koʻrganligidan biron marta kelinidan shikoyat qilgani yoʻq. Shuning uchunmi, Rahim Saidov aybni koʻproq xotiniga qoʻyardi va ota-onasi oldida uni maqtab gapirolmasdi, uyalardi. Munisxon boʻlsa battar jahli chiqar, ayasi kelganda zorlanib yigʻlardi:
— Men begonaman bularga! Rahimjon akam ham meni yakkalab qoʻyganlar. Yo olib keting, yo uyimizni boshqa qilib bering!

Ikki yil oʻtgach, hammasini zimdan kuzatib yurgan va oʻzicha ezilgan Said aka oʻgʻlini yoniga chaqirdi. Qaynana-kelin haqida gapirgani yoʻq.
— Oʻgʻlim, — dedi. — Alohida turib koʻrmaysizmi? Biz qarib qoldik. Keyin qiynalib qolmanglar.

Rahim Saidov otasini yaxshi tushundi va ich-ichida undan minnatdor boʻldi.

Hakima opa esa, bir haftagacha u bilan gaplashmadi.

Yangi uyga koʻchib ketgan boʻlsalar ham, Munisxon toʻla mustaqillikka erishgan boʻlsa ham, qaynana va kelin munosabati oʻzgarmadi. Munisxon har safar qaynanasi kelib-ketganda, yo ularning oʻzi eski hovliga borib kelishganda kerosin sepilgan oʻtindek, bir necha kun asablari tarang boʻlardi. Shunday paytda arzimagan gap gugurtdek uni pov etib yondirib yuborardi. Rahim Saidov uni oʻchirishdan yangi dissertatsiya yoqlashni oson, deb bilardi.

Mana endi «sovuq urishlar» oʻz-oʻzidan yoʻqoldi. Rahim Saidov shunday oʻylab onasidan ranjidi. Nima qilardi uni xafa qilib? Dunyoda kamdan-kam kelin qaynanaga ma’qul keladi. Munis ham oʻshalardan biri edi.

Koʻktoy bir-ikki vovillab, koʻcha tomon yugurib ketdi. Koʻp oʻtmay, eshikda ogʻir sumka koʻtargan Hakima opa paydo boʻldi.
— Buncha jilpanglaysan, Koʻktoy, kim keldi?.. Rahim Saidov oʻrnidan turib, onasi qarshisiga yurdi.
— Rahimjon? Voy, bolamdan aylanay!.. — Hakima opa sumkani yerga qoʻyib, quchogʻini ochdi. — Qachon kelding? Koʻzlarim toʻrt boʻlib oʻtiruvdim oʻzim. Esonmisan, omonmisan? Kelinposhsha qalay? Kecha birrov borib kelay desam, dadang urishib berdi. Dadangni fe’lini bilasanku!..
— Borsangiz boʻlar ekan, — dedi Rahim Saidov onasiga tik qaray olmay.
— Ha, yana...
— Yoʻq. Munisdan ajrab qoldik...
— Nima boʻldi? Nima deganing, bolam? Tuzukroq gapir!
— Munis... Munisni kecha oʻldirib ketishibdi...
— Voy shoʻrim!.. Voy mening shoʻr peshanam! Nega oʻldirishdi? Kimning qasdi bor ekan unda?
— Bilmadim. Hozir ToshMIdan kelayotganim. U... U... Oʻshatda.
— Voy shoʻrim!.. Voy bechora qiz!..

Hakima opa yana nimalardir dedi, yigʻladi, oʻgʻlini yupatgan boʻldi.
— Dadam qanilar? — soʻradi gap orasida Rahim Saidov.
— Hozir keladilar. Putyovka berishgan ekan kombinatdan. Shunga ketuvdilar. Qatda oʻldirishibdi?
— Chorsuda...

Rahim Saidov bilganlarini gapirib berdi.
— Qudalarga xabar berdingmi?
— Ha. Uchlarga kelishadi.
— Men ham hozir bora qolay boʻlmasam! Avval choy qoʻyay sizlarga. Voy bolam, voy bolaginam-ey, shu tashvish ham bormidi senga?!

Hakima opa oʻchoqboshiga ketdi. U yerdan ham uning nimalardir deyayotgani, dam tinib, dam yigʻlayotgani bilinib turardi.

Rahim Saidov uning chindan qaygʻurayotganini koʻrib, ancha yengil tortdi. Odamlar begonaga yigʻlashadi, bu axir kelini-ku? Lekin hozir bu hakda oʻylashga uning na imkoni, na xohishi bor edi. Onasi toʻgʻri aytdi, shu tashvish ham bormidi unga? Onasi tashvish deganda uning azoblarini tushundi, unga achindi. Rahim Saidovning oʻzi esa hech qanday tashvishni xayoliga keltirgani yoʻq. Qayoqqa qaramasin, koʻzini ochsa ham, yumsa ham oldida Munisxon paydo boʻlardi. Bechora qanday azob chekkan ekan? Dodlagandir? Uni chaqirgandir? Rahim Saidov unga achinardi. Odam qoʻliga igna kirsa qanday ogʻriqni sezadi. Uni esa urishgan, pichoq sanchishgan...
— Munis, azizim...

Rahim Saidovning vujudi titrab, koʻziga yosh quyildi.
— Rahimjon aka... — uning tirsagini ushladi shofer yigit.
— Ha, ha foydasiz, — rozi boʻldi u. Choynak koʻtarib, Hakima opa keldi.
— Mana bolam, manavini ichib tur. Rangingda rang qolmabdi... Yer yutkurlar, yer yutkurlar! Kelinimning yosh joni kimga kerak ekan?.. Aylanay, oling, siz ham iching.

Ular endi bir piyoladan achchiq choy ichishgan edi, hassaga tayangan Said aka keldi. Uni koʻrishi bilan Hakima opa dodlab qarshisiga yugurdi.
— Dadasi! Shoʻrimiz quribdi! Shoʻrimiz quribdi! Munisxondan ajralib qopmiz!

Said akaning qoʻlidan hassasi tushib ketdi.
— Nima deyapsan oʻzi? Boʻkirmasdan gapir!
— Munisxonni kecha oʻldirib ketishibdi!.. Voy shoʻr peshanam! U oʻlgandan koʻra, men oʻlsam boʻlmasmidi?!
— Bor, uyga kir! — Jerkib berdi Said aka. — Rahimjon?! Nima boʻldi?

Rahimjon voqeani yana bir boshidan otasiga aytib berdi. Said aka boshini xam qilib, anchagacha jim oʻtirdi. Oxiri oʻgʻliga oʻgirildi.
— Qoʻqonga xabar berdingmi?
— Ha, hozir ikkidagi reysda kelishadi.

Rahim Saidov soatiga qaradi. Ikkidan chorak oʻtibdi.
— Hozir kelib qolishadi.
— Mashina senikimi? -Ha.
— Ketdik boʻlmasa. Uyingda gaplashamiz. Hakima! Koʻzlari shishgan Hakima opa ayvondan tushdi.
— Boʻl, qudalar kelishadi. Boraylik.
— Tayyorman. Putyovkangiz nima boʻldi? Said aka oʻqrayib xotiniga qaradi.
— Dard boʻldi.

Hakima opa indamadi. U shunday paytda qandaydir putyovkani surishtirib, xato qilganini sezgan edi. Shu bittagina savoldan uning keliniga chin munosabati bilinib qoldi. Rahim Saidov peshanasidan sovuq ter chiqib, ogʻir «uh» tortdi. Mana odamning qadri, xayolidan oʻtdi uning va bir daqiqa oʻzini Munisxonning oʻrnida tasavvur qilib koʻrdi... U morgda yotibdi... Qaynanasi tepasida achchiq-chuchuk yeb oʻtiribdi. Hech kim yigʻlayotgani yoʻq. Onasi shoshib-pishib nimalarnidir qilyapti. Ish orasida «voy bolam»lab qoʻyadi. Faqat Said aka gʻam-gʻussaga toʻla. U oʻgʻlining oyogʻida hassasiga qoʻllarini tirab xomush turibdi. Ikkala koʻzi jiqqa yosh...

Rahim Saidov otasining yigʻlaganini sira koʻrmagan edi. Umuman, Said akaning koʻp odatlari uning havasini keltirardi. Kamgap, bir soʻzli, bekor oʻtirsa charchaydi. Pensiyaga chiqqanidan keyin ham kombinatdan oʻziga qandaydir ish topgan edi. U bir marta ham oʻgʻlini urish u yokda tursin, urishmagan ham. U juda qattiq xafa boʻlganda «sizlashib» gapirardi. Lekin hech kim uning ana shunday muomalasiga dosh berolmas edi. U bir marta oʻgʻli bilan ham shunday gaplashgan. Ancha boʻldi unga. Oʻninchi sinfga endi oʻtgan edi. Oʻshanda mahallaga bir polkovnik koʻchib keldi. Uning Rahim tengi oʻgʻli va undan bir yosh kichik qizi bor edi. Oti — Sveta. Juda gʻalati qiz edi u. Doim kulib turardi. Rahim ular bilan oʻrtoq boʻlib, Svetani yaxshi koʻrib qoldi. Boʻsh qoldi ularnikiga yuguradi. Uydagilarni xavotir oldirib, kech qaytadi. Bu ham mayli, oʻqishi yomonlashib ketdi. Birinchi chorakda bir-ikkita uch baho paydo boʻlib qoldi. Vaholanki, u yaxshi oʻqir edi. Maktab direksiyasi uch-toʻrtta a’lochilar qatorida uni ham oltin medalga moʻljallagan edi.

Bir kuni u Svetalarnikidan qaytayotganda, uylaridan direktor chiqib ketayotganini koʻrib qoldi. Darrov oʻzini panaga olib, anchagacha uning ketidan qarab turdi. Nega keldi ekan? U taxminan bilardi, lekin ikkita «uch» uchun direktorning oʻzi uyga kelishiga ishonmas edi.

Oʻsha kuni Said aka u bilan gaplashmadi. Rahim kechasi bilan alahsirab chiqdi, yomon uxladi. Ertalab nonushta paytida otasi gap qotdi:
— Oʻgʻlim, katta boʻlib qolibsizmi?

Rahim tushunmadi. Koʻzlarini pirpiratib, dam otasiga, dam onasiga qaradi.
— Nima edi?
— Qizlar bilan podruchka qilib yurarmishsiz? Rahim quloqlari qizarib ketganini sezdi.
— Unaqa boʻlsa, uylantirib qoʻya qolaylik. Oʻqishni tashlang... Nima deysan, Hakima?

Rahimning yeb turgan noni ogʻzida qoldi, yutolmadi.
— Unaqa demang, dadasi, — kulib javob qildi Hakima opa. — Rahimjon hali yosh. Hali maktabni bitiradi medalga, institut bor. Undan keyin bir gap boʻlar...
— Shundoqmi? Sizdan soʻrayapman? Rahim zoʻrgʻa boshini qimirlatdi.
— Eshitmadim, bir narsa dedingizmi? Rahim ogʻzidagi nonini kaftiga tashlab:
— Ha, — dedi.
— Barakalla.

U oʻsha kuni uydan qanday chiqib ketganini bilmaydi. Boshi gʻuvillab ogʻrir, yuragi hozirgina krossdan qaytgan odamnikidek gupillab urardi. U bir necha kun otasiga koʻrinmay yurdi. Otasi ishdan kelmasdan oʻz xonasiga kirib ketadi, u turmasdan qochadi. Direktorga ham bir necha kun koʻrinish bermay yurdi. Svetalarnikiga ham bormadi. Ammo uni tushlarida koʻrib chiqdi. Shundan bir hafta oʻtar-oʻtmas, kutilmagan voqea yuz berdi. Rahim maktabdan qaytayotganida Mirobod bozori ogʻzida Svetaning akasini koʻrib qoldi.
— Ha, koʻrinmay ketding? — soʻradi u. Rahim qizarib ketdi.
— Ish koʻp. Ulgurmayapman, — aldadi u boshini koʻtar-may.
— Biz ketyapmiz...
— Qayoqqa? — choʻchib soʻradi Rahim.
— Dadamni yangi ishga oʻtkazishdi. Olmaotaga ketyapmiz.
— Oʻqishing... Oʻqishlaring nima boʻladi? — nima deyishini bilmay boʻshashib soʻradi Rahim.
— Oʻsha yerda oʻqiymiz. U yerda ham maktablar koʻp. Kel, ertaga joʻnaymiz.

Rahim uyaldimi, yo xayrlashish ogʻir tuyuldimi, kuzatgani bormadi.

Bir oydan soʻng katta konvertga solingan xat oldi. Unga «Rahim Saidovu lichno», deb yozilgan edi. Haytovur pochtalʼon qiz uning qoʻliga berdi xatni. Bu xat emas edi. Svetaning katta fotosurati edi. Beligacha olingan bu suratda Sveta maktab formasida edi. Boʻynida oq atirgulni eslatuvchi bant. Toʻlqin-toʻlqin qilib taralgan sariq sochi quloqlarini berkitib turibdi. Uzunchoq, oriq yuzida yengil tabassum... Koʻm-koʻk koʻzlari oʻychan... Yaqin-yaqingacha suratni u kitobning orasidan bu kitobning orasiga solib yashirib yurdi. Yaqinda yoʻqoldi. Kim biladi, Munisxon rashk qilib, unga bildirmay yirtib tashladimi?!

Hamma yoqni yigʻi tutib ketdi. Rahim Saidov chidolmay yuqoriga otildi. Eshik oldida terga botgan Hafizga duch keldi.
— Keldingmi? Endi xavotir olib turuvdim. Sulaymon akalar shu yerda! Men ketdim.
— Qayoqqa? — koʻzlarini artib soʻradi Rahim Saidov.
— Aeroportga. Qaynatalaringni kutib olish kerak. Bu yerda hammasi joyida.

Rahim Saidov toʻlqinlanib ketdi. Shuncha gʻamxoʻrlari borligini u xayoliga ham keltirmagan edi. Ichkariga kirdi. Uy toʻla odam edi.
— Bandalik, Rahimjon, uka, — toʻrda oʻtirgan Sulaymon aka oʻrnidan turdi. — Falokat oyoq ostidan chiqadi, deb shuni aytadilar.

U odamlar oldidan oʻtib, qoʻlini uzatdi. Boshqalar ham oʻrinlaridan qoʻzgʻalib, unga ta’ziya bildirishdi. Kimdir fotihaga qoʻl yozdi.
— Omin! Falokat ikkinchi bu uyga qadam qoʻymasin. Ollohu akbar!

Rahim Saidov qoʻllarini yuziga surtayotib, hammaning dasturxon atrofida oʻtirganini koʻrdi. Kim tashkil qildi bularni? Qachon? Uning aqli bovar qilmasdi. Shu top kimdir uning oldiga yarim kosa mastava olib kelib qoʻydi. Rahmat, deb Rahim Saidov kosani surib qoʻygan edi, Sulaymon aka urishib berdi.
— Oling, uka! Bunaqada yotib qolasiz. Bir-ikki qoshiq iching.

Rahim Saidov oʻzini majbur qilib, uch-toʻrt qoshiq ichdi. Boshqa oʻtmadi.
— Otangiz qanilar? — soʻradi Sulaymon aka. Rahim Saidov uchun kimdir javob berdi.
— U kishi qoʻshni xonadalar. Qariyalar bilan.
— Men soʻrashib kelay.

Sulaymon aka oʻrnidan turdi. Odamlar unga yoʻl berib, joylaridan qoʻzgʻalishdi.

Oshxonadagi soat uchga bong urdi. «Hozir kelishadi», — xayolidan oʻtkazdi Rahim Saidov. Lekin qaynatasi bilan uchrashuv ertalabkidek uni tashvishga solmadi. Xotinining oʻlimidan ogʻir nima boʻlishi mumkin?.. Munis... Munis... Nima qilib qoʻyding?.. Bitta emas, mingta uzuk desang ham olib berardim!.. Aytganingni qilardim! Rahim Saidov xotinining uzun stol ustida hozir yolgʻiz yotganini esladiyu, badani muzdek boʻlib ketdi. Necha oylab, yillab tortgan azoblari, hamma janjallar, beandisha gaplar, hammasi xayolidan koʻtarildi. Koʻz oldida Munisxonning kulib turgan koʻzlari, qulogʻi ostida jarangdor shoʻx kulgisi qoldi, xolos!
— Qadrimga yetmaysiz, — derdi u ba’zan ham hazil, ham chin qilib. — Bir kun oʻlib qolsam, oʻshanda koʻrasiz. Biram pushaymon yeysizki...
— Nafasingizni issiq qiling! — jahli chiqardi Ra-him Saidovning va beixtiyor oʻshanday, xotini oʻlib yolgʻiz qolgan kunini tasavvur qilardi, lekin tasavvuridagi yolgʻizlik negadir yoqardi... Tinch, hech qanday tashvish, janjal yoʻq. Ertalab ishga boradi, kechqurun qaytadi. U kino, teatrni yoqtirmasdi. Ba’zida televizor qoʻyib, detektiv kinolarni koʻrib oʻtirardi. Baribir zerikmaydi, ishi bilan kechalari ham band boʻladi.

Albatta oʻsha paytlari bularni u faqat tasavvur qilgan edi, chindan ham shunday boʻlib qolishi uning xayoliga ham kelmagan edi. Chunki, hech mahal xotinining oʻlimini tilamas, aksincha, ba’zan oʻziga oʻlim tilagan paytlari boʻlardi. Xayol hayot emas ekan. Hozirgi uning boshiga tushgan yolgʻizlik hech kimning boshiga tushmasin...

Bir kuni Munisxon koʻlga olib boring, deb turib oldi. Dam olish kuni edi. Kuzning oʻrtalari. Havo issiq ham emas, sovuq ham. Juda sayr qiladigan havo. Ertalabdan beri qogʻozlari ustida bosh qotirgan Rahim Saidov «yoʻq» demadi. Oʻzining ham borgisi kelib qoldi. Ancha aylanishdi koʻlni. Kafega kirib, morojenoe yeyishdi. Shampanskoe ichishdi. Munisxonning ba’zi-ba’zida oʻtkir ichimliklarni koʻngli tusab qolardi. Shuning uchun ham uylarida doim gʻalati markali, chiroyli idishlardagi ichimliklar boʻlardi.

Rahim Saidov endi ketamiz deb turganida, Munisxon:
— Bir qayiqda aylantiring, jon Rahimjon aka!.. — deb yelkasiga yopishdi. — Anavilarni qarang, nimamiz kam?

Rahim Saidov koʻl ichida suzib yurgan qayiqlarni koʻrdi. Lekin hech qanday xohish sezmadi. Buning ustiga, u hech mahal qoʻliga eshkak ushlamagan edi. Suzishni ham bilmasdi. Yigitligi qoʻzib ketdimi, yo Munisxonni xafa qilgisi kelmadimi:
— Boʻpti, yuring! — dedi.

Ular bir soatcha qayiqda suzishdi. Munisxonning boshi osmonda edi. Yosh boladek eshkaklardan suv sachraganda, oʻzini tutolmay qiyqirar, «Tuzuksiz-ku, endi har otdix kelamiz!» — degancha kulib eriga qarardi. Rahim Saidovning esa qoʻrquvdan rangi quv oʻchib ketgan, kulishga ham majoli yoʻq edi...

Uyga kelishganda:
— Bilasizmi, Munis... men suzishni bilmayman, — dedi kresloga oʻzini tashlab.
— Qoʻying-e... — kuldi xotini, keyin tutaqib ket-di: — Agʻdarilsak nima boʻlardi?
— Qoʻrqmang , bir amallab sizni qirgʻoqqa olib chiqib qoʻyardim. Oʻzim...
— Yoʻq, nima boʻlsa ham avval men bilan boʻladi. — Munisxon qat'iy ohangda gapirdi. — Sizdan keyin qanday yashayman? Brr-r-r!..
— Bitta-yarimta moʻylovdor topilar, — gapni hazilga burdi Rahim Saidov.

Munisxon bir vaqt gap orasida «moʻylov qoʻysangiz boʻlmaydimi?» degan edi. Uning esa bir kun soqol olmasa, gʻashi kelardi, xuddi bir yil hammomga tushmagan odamdek his qilardi oʻzini.
— Siz-chi, — dedi qoshlarini chimirib Munisxon. — Men oʻlsam shunday koʻmib kelib, bittasini olib kirib olarsiz uyga. Nima koʻp, institutingizda qiz koʻp... Bitta -yarimtasini koʻz ostingizga olib qoʻygandirsiz ham? Nima qilsangiz qilavering, mayli. Bilaman, yolgʻiz qolmaysiz, uylanasiz... Faqat, baraka topkur, bu karavotni sotib, boshqa oling. Boʻlmasa, goʻrimdan turib kelib, sochingizni bittalab yulaman!.. Rozimisiz?! Xoʻp deng!

Munisxon otilib kelib, oʻzini erining quchogʻiga tashladi...
— Sizni chaqirishyapti... — dedi kimdir Rahim Saidovning yelkasiga qoʻlini qoʻyib.

U choʻchib oʻrnidan turdi.
— Kim? Qaerda?!
— Dadangiz bilan Sulaymon aka. Rahim Saidov tashqariga chiqdi.
— Bu yokda...

Rahim Saidov qoʻshnisining uyiga kirdi. Bu yerda ham odam tiqilinch edi. Bir xonada qariyalar orasida otasi va Sulaymon aka oʻtirishardi.
— Ertalab chiqariladigan boʻldi, — dedi Said aka oʻgʻli kirishi bilan. — Nima deysan?
— Nima desanglar, shu.
— Oʻzimizning Minordagi maqbaramizga qoʻyadigan boʻldik. Bobolaring shu yerda, — davom etdi salmoqlanib Said aka. — Munisxon ham farzandimiz edi. Qolaversa, hammamizning boradigan joyimiz shu yer.

Uning yonida oʻtirgan moʻysafidlar boshlarini egib tasdiqlashdi.
— Qudalarga tushuntiramiz. Keyin, shu issiqda olib ketish ham qiyin. Azoblanadi.

Rahim Saidov «toʻgʻri» degandek, boshini qimirlatdi. Pastdan yigʻi ovozi koʻtarildi.
— Bolajonim Munisim!.. Qayga ketding, yolgʻizim!.. Rahim Saidov tanidi. Bu qaynanasi edi. Uning ovoziga onasining yigʻisi qoʻshildi. Yana hamma yoqni qiy-chuv, yigʻi tovushlari tutib ketdi. Rahim Saidov otasiga qaradi.
— Qudalar kelishdi... — dedi Said aka. — Kutib olaylik..-

Hamma «gur» etib oʻrnidan turdi.

Uchrashuv Rahim Saidov oʻylaganidek koʻngilsiz boʻlmadi. Uyga birinchi boʻlib Ubaydulla aka koʻtarildi. U Said aka va pod'ezdda turgan boshqa moʻysafidlar bilan koʻrishib boʻlgach, kuyovini bagʻriga bosdi.
— Qizimizdan ajralib qolibmiz-da, oʻgʻlim?.. Uning ovozi titrardi.
— Ayb menda. Uydan chiqarmasligim kerak edi...
— Unday demang, oʻgʻlim. Qaerdan bilibsiz... Peshanamizga yozilgani shu ekan... Qizim, qizim bechora... Xuddi uxlayotgandek yotibdi...

Ubaydulla aka piq-piq yigʻlab yubordi.
— Bordingizmi?
— Oʻsha yokdan kelyapmiz. Ayangizga qiyin boʻldi. Shoʻrlikning bittayu bitta tilab olgan bolasi shu edi...

Aya koʻtarildi. Beliga qiyiqcha bogʻlagan. Qovoqlari shishib ketgan. Qudasini koʻrib, yigʻidan toʻxtadi.
— Saidxon aka... bu qanday koʻrgilik-a?.. Endi men nima qildim? Men oʻlsam, endi kim yigʻlaydi onam deb?..
— Koʻrgilik, quda, koʻrgilik... Boshimizda bor ekan... Said aka u bilan koʻrishib ichkariga oʻtqazdi.
— Salom alaykum, aya.. Rahim Saidov unga yaqinlashdi.
— Voy bolam, Munisxon nima qilib ketdi oʻzi? Hammamizni qon yigʻlatib ketdi-ku, a?! Oʻsha qonxoʻrlar meni oʻldirib ketisha qolsa boʻlmas ekanmi? Bolam, bolajonim!

U kuyovini quchoqlab oʻkirib-oʻkirib yigʻladi. Hakima opa uni zoʻrlab qoʻltigʻidan olib ichkari xonaga yetakladi.
— Sen ul-bul yeb oldingmi, — dedi kimdir ayollar ketishgach.

Rahim Saidov yonida Hafizini koʻrdi.
— Ha, qornim toʻq...

U shunday dedi-yu, birdan koʻzlari tinib ketdi, muvozanatini yoʻqotib, «gurs» etib yoʻlakka yiqildi. Bu shu qadar tez yuz berdiki, Hafiz ham, uning yonida turgan odamlar ham yiqilganidagina koʻrib qolishdi.

Anchadan soʻng u oʻziga kelib, koʻzlarini ochganida, oʻz yotoqxonasida yotardi. Tepasida qandaydir basharalar... U tanidi: otasi, Hafiz, Ubaydulla aka... yana qandaydir ayollar...
— Hechqisi yoʻq, oʻgʻlim... — dedi Said aka. — Dadil boʻl...

5

Sanobar ertalab erining shimini choʻtkalayotib, qoʻli qattiq bir narsaga tegib ketdi. Gugurtga oʻxshaydi. Lekin eri gugurt tutmasdi. Zajigalka tutardi. Zajigalkasi esa doim koʻkrak choʻntagida boʻladi. Hozir uyda, tokchada turibdi. Boya koʻrdi. Nima boʻldiykin? Uning choʻntak kovlash odati yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham choʻntakka qoʻl soldi. Kichkina, gugurt qutichasidek quticha. Ochdi. Ichida katta yoqut koʻzli yangi uzuk. Yangiligi shunday koʻzidan bilinib turibdi, kir emas.

Koʻrdi-yu, sevinib ketdi. Nahotki unga boʻlsa? Barmogʻiga solib koʻrdi. Zoʻrgʻa sigʻdi uzuk. Hechqisi yoʻq, kengaytirib olish mumkin. Uzuk qoʻliga yarashdi. Unda ZAGSdan oʻtayotganlarida erining oʻzi taqib qoʻygan koʻzsiz tilla uzuqdan boshqa hech narsa yoʻq edi. Bitta zirak. Bir koʻzli kichkinagina zirak. Uni ham otasi qizligida olib bergan. Eri taqinchoqlarni yomon koʻrardi. Dur, tilla, yoqut... shularni eshitsa ensasi qotardi. Nima boʻldiykin unga? Yo birov olib berdimikan? Albatta, biron kishi olib bergan, magazin desa quti uchadi-yu, oʻzi olarmidi? Sanobar yana qoʻliga qaradi, oftobga soldi. Baland soʻri orasidan tushib turgan tonggi quyosh nurlarida uzukning koʻzi qip-qizil anor donasidek yaltirardi...

Birdan xayoliga boshqa narsa keldi. Nega kechqurun bermadi? Yo «syurpriz» qilgisi keldimi?

U oyoq uchida yotoqxonaga kirib, eriga qaradi. Eri boshini qoʻllariga qoʻyib, shiftga termilib yotardi.
— Sobir aka, uygʻondizmi? -Ha.

Sobir Aliev boshini koʻtardi.
— Qarang!..

Sanobar oʻng qoʻlining panjalarini yozib eriga koʻrsatdi. Sobir Aliev birpas hech narsa tushunmay unga qarab turdi, keyin birdan doʻq urdi:
— Yech, darrov!

Starshiy leytenant Roʻziev Chorsuda turadiganlar va ishga koʻpincha tramvayda qatnaydiganlar bilan gaplashdi. Ularning bittasi ham Munis Saidovani tanishini, hatto uni koʻrganini aytib berolmadi. Tramvay haydovchi Shayxuddinova bilan birinchi boʻlib oʻlikni koʻrgan temiryoʻlchi amaki ham masalaga ravshanlik kiritolmadi.
— Hech unga koʻzim tushmagan, — dedi u. — Azonda ishga ketaman. Toʻrtlarda qaytaman. Qaytayotganimda ham tramvay xuddi ertalabgidek boʻsh boʻladi. Atigi besh-oltita odam. Agar shu paytlari u tramvayda boʻlganda koʻzim tushardi. Yoʻq, koʻrmaganman...

Toʻqimachilar kombinatida ishlaydigan Vera Ivanovna Sokolova ham xuddi shunday dedi:
— Chorsuda tramvayga chiqadiganlarni yaxshi bilaman. Hammasi chaqarlik, samarqand darvozaliklar.. Ular ham meni tanishadi. Shu yerda tugʻilganman. Lekin bu ayolni sira uchratmaganman. Na tramvayda, na koʻcha-koʻyda. Tagʻin kim biladi? Chorsu gavjum joy. Keyin, yoshlar koʻp. Hammaga e’tibor berib boʻlarmidi?

Yoqut koʻzli uzukni tekshirish ham hech qanday natija bermadi. Kapitan Aliev shunga katta umid bogʻlagan edi. Oʻzi shaxsan Samarqandga borib keldi. Oʻzuk shu shahardagi yuvilertorg magazinidan xarid qilingan edi. Sotuvchi kim olganini aytib berolmadi. Lekin qachon sotilganini daftaridan qarab bilib berdi. Oʻn toʻrtinchi avgustda sotilgan. Yanabir narsa. Ayol kishi olgani yoʻq. Buni u aniq biladi. Oʻzi oltita shunday uzuk kelgan. Beshtasi Samar-qandning oʻzida, kimlarda ekaninin ham biladi. Yashirishning hojati yoʻq — tanishlari. Uzuk juda chiroyli boʻlganidan ularga oʻzi xabar berdi. Albatta, bu uning aybi, lekin hammasini oʻz narxiga sotgan. Tekshirib koʻrish mumkin. Oltinchi uzukni u prilavkaga qoʻygan edi, hech kim soʻramadi. Tomosha qilishdi-yu, olishmadi. Tanishlari ham olmadi. Sotilgan kuni magazinga xrustalʼ vaza kelgan edi. Bilasiz, hozir bu juda noyob narsa. Odam yopirilib ketdi. Shuning uchun kim sotib olganini eslolmaydi.

Sotuvchi yana nimalarnidir gapirib, kechirim soʻradi. Kapitan eshitmadi. Tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, soʻnggi samolyotda Toshkentga qaytdi. Rahim Saidov 12—15 avgust kunlari Oltiarikda boʻlgan, institutning tajriba uchastkasida. 15 da kechqurun qaytib kelgan. Kim olgan uzukni? Yo Oltiarikdan Samarqandga oʻtganmikin? Yoʻq, yoʻl teskari. Mabodo oʻtgan boʻlsa, institutdagilar bilishadi. Har holda soʻrash kerak.

Kapitan Aliev kecha Samarqandga joʻnayotib, uni chaqirishni leytenant Sultonovga topshirdi. Besh kun boʻldi xotinining koʻmilganiga. Ancha oʻziga kelib qolgandir?

Sultonov uning Qoʻqondaligini, qaynatasi bilan xotinining yettisidan soʻng Qoʻqonda tashkil etilgan ma’rakada qatnashayotganini, kechqurun qaytishini aytdi.
— Juda yaxshi, — dedi kapitan. — Ertalabga chaqiring. Qorovul xotinni ham.

Sultonov chestʼ berdi.

Kapitan Aliev negadir Rahim Saidovning qotil boʻlib chiqishini istamasdi. Koʻngli boʻsh, moʻmin odamga oʻxshaydi. Ta’riflaridan ham yaxshi odamligi sezilib turibdi. Lekin hayotda nimalar boʻlmaydi. Tuppa-tuzuk odamlar oʻz xotinlarini juda puxta oʻylab oʻldirganlariga misollar yoʻq emas. Obroʻli bir vrach shunday qilgan. Bunga ancha boʻldi. Kapitan koʻrgan emas, delosini oʻqigan. Yangi yil kechasi ichib oʻtirib, zahar bergan. Qizigʻi shundaki, ertasiga oʻzi militsiyaga borib aytib bergan. Rahim Saidov bunday odamga oʻxshamaydi. Keyin, nima uchun oʻldirishi kerak? Yomon turishgan. Unda ajralishi mumkin edi.

Leytenant Sultonov kirdi.
— Rahim Saidov shu yerda.
— Qorovul xotinchi?
— Roʻparasida oʻtiribdi.
— Demak, koʻrdi?
— Yeb qoʻygudek boʻlib tikilib oʻtiribdi.
— Chaqiring. Qorovul xotin kirdi.
— Keling, opa. Yana ovora qildik-da, sizni?
— Ovorasi bor ekanmi, uka. Zarur boʻlgandan keyin chaqirasizlar-da.

Qorovul xotin kresloga oʻtirdi.
— Hoʻsh, yangilik bormi?
— Yoʻq, aylanay. Hech kimni koʻrganim yoʻq. Koʻrsam, tanir edim.
— Hozir oldingizda oʻtirgan yigit-chi?
— Oʻxshaydi. Lekin u emas.
— Nega?
— Negaligini bilmayman. Oʻxshamaydi. Buni hech koʻrgan emasman biz tomonda.
— Yaxshilab qaradingizmi?
— Voy, ukam. Oʻsha kundan beri durbin boʻlib ketdim. Bu emas. Tepamda Xudo turibdi, aylanay. Yolgʻon gapirib bir bechorani tashvishga qoʻyaymi? Bu oʻzi kim? Siz chaqirdingizmi?
— Ha. Oʻsha oʻldirilgan juvonning eri.
— Voy shoʻring qurgʻur-e!.. Voy tuppa-tuzuk eri bor ekan-a.
— Ha, unga qiyin boʻldi. — Kapitan, gap tamom degandek, oʻrnidan turdi. — Xoʻp opa, xayr boʻlmasam...
— Nega chaqiruvdingiz, ukam? — Qorovul ayol hayron boʻlib unga tikildi.
— Yangilik bormi, deb chaqiruvdim-da, — kapitan jilmaydi.
— Yangilik boʻlsa oʻzim yugurib kelaman. Koʻrsam taniyman, aylanay. Koʻrdim deguncha oldingizga yuguraman.
— Boʻpti boʻlmasam, kelishdik...

Qorovul xotin chiqib ketdi. «Tanimadi, — xayolidan oʻtkazdi kapitan. — Yo chindan ham bu emas. Ishqilib shunday boʻlsin».

U stol ostidagi knopkani bosdi. Sekretarʼ qiz kirdi.
— Rahim Saidovni chaqiring.

Kabinetga bir necha kundayok oʻzini oldirib, chakkalari turtib chiqqan Rahim Saidov kirdi.
— Salom, oʻrtoq Saidov!

Kapitan chaqqonlik bilan uning oldiga borib soʻrashdi va kresloga oʻtqazdi.
— Bilaman, sizga ogʻir boʻldi. Katta kulfat tushdi boshingizga... Chin yurakdan sizga chuqur ta’ziya bildiraman.
— Rahmat, — dedi Rahim Saidov eshitilar-eshitilmas.

U bugun ham deyarli mijja qoqmay chiqqan edi. Kechqurun samolyotdan tushib toʻgʻri uyiga bordi. Singlisi achchiq mastava qilgan ekan, yarim kosa ichdi. Keyin oʻringa choʻzildi. Anchagacha uyqusi kelmadi. U yoniga-bu yoniga agʻdarilib yotdi. Koʻzi ilinganda uzuq-yuluq tushlar koʻrdi. Qandaydir odamlar uni quvlashdi, urishdi, yechintirishdi... Xotini yana paydo boʻldi. Bu gal u kulmadi. Odatda u qahqaha otib kulardi, uni qayoqqadir imlardi. Bu gal kulmadi ham, imlamadi ham. Boshida oʻtirdi. Katta lolazor emish. Qip-qizil gilamdek lolazor. Sharqirab oqayotgan ariq labida Rahim Saidov choʻzilib yotgan emish. Boshida Munisxon oʻtirib, ohista-ohista uning sochlarini silarmish...
— Judayam sogʻindim. Bu gal uzoq qolib ketdingiz... — dermish u.

Rahim Saidov qancha oʻylamasin, qaerda uzoq qolib ketganini eslolmasmish. Soʻray desa, tili gapga kelmasmish... Yana nimalardir koʻrdi, u ilib ololmadi. Faqat ertalabga yaqin bir oz tinch uxladi.

Qoʻqondan u kayfi buzilib qaytdi. Kunduzi mahallaga osh berilayotganda qandaydir ahmoq, mast boʻlsa kerak, Ubaydulla akani quchoqlab yigʻladi:
— Munisni bekor Toshkentga uzatdingiz, domla! Menga berganingizda hozir oldingizda boʻlardi, besh-oltita churvaqalar bilan. Manavi hezalak... uni xor qilgan!..

Rahim Saidovning gʻazabi qaynab ketdi. Borib basharasiga musht solmoqchi boʻlganida odamlar sudrab olib ketishdi.
— Koʻnglingizga olmang, oʻgʻlim, — yupatdi Ubaydulla aka. — Bu yaramas bir vaqtlar Munis bilan oʻqigan. Sovchi ham yuborgan edi... Hafa boʻlmang.

Rahim Saidov oʻzini bosib oldi, lekin baribir dilidagi gʻashlik uyga qaytganida ham tarqamadi.

Hozir ham u militsiya kapitanining xonasida oʻtirar ekan, negadir kechagi voqeani esladi. Kim biladi, balki Munis shunday mastlarning qoʻlida qurbon boʻlgandir?
— Nima uchun chaqirganimizni, albatta, bilarsiz... — dedi kapitan joyiga oʻtirib. — Xotiningiz... Munis Sai-dovaning qotili hali topilgani yoʻq...

U shunday deb, yer ostidan Rahim Saidovga qarab qoʻydi.
— Tushunaman, — dedi Rahim Saidov boshini quyi solib.
— Bizni juda koʻp narsalar qiziqtiradi, — davom etdi kapitan. — Yordamingizga muhtojmiz. Ogʻir boʻlsa ham, bezovta qilishga majbur boʻldik... Chorsuga xotiningiz nega borgan? Bilmaysizmi?
— Yoʻq, oʻzim ham hayronman.
— Balki u tomonda qarindoshlar yoki tanish-bilishlar bordir?
— Yoʻq. Shaxsan mening u tomonda hech kimim yoʻq.
— Xotiningizning-chi?
— Uning ham qarindoshlari yoʻq u tomonda, umuman Toshkentda. U qoʻqonlik.
— Bilaman. Balki, tanishlari bordir? Siz xotiningizning hamma tanishlarini bilasizmi?

Rahim Saidov oʻylanib qoldi. Bilarmidi? Munisxonning oʻrtoqlari koʻp edi. Ilgari, hali turmush qurmaslaridan uchrashuvlariga u har doim yangi oʻrtoq boshlab kelardi. Rahim Saidovning istagi faqat Munisxonning oʻzi bilan birga boʻlish edi, shunday boʻlsa ham noiloj indolmasdi. Munisxon uni ranjitmasdi. Kino yo teatrga borib kelishgandan soʻng oʻrtogʻini yotoqqa kiritib yuborib, oʻzi qolardi.

Bu oʻrtoqlarining koʻpi hozir har yoqqa tarqab ketgan. U Faridani biladi. Zubayda degan qiz bor. Doʻstlik jamiyatida tarjimon. Ishxonasidagilar. Oʻzining ham, xotinining ham. Lekin bularning hammasi ikkalovining ham tanishi edi. Boshqa tanishlari bormidi uning? Albatta, boʻlsa kerak... Lekin ular kimlar?
— Yoʻq, bilmaganlarim ham boʻlishi kerak...
— Oʻsha kuni u nima qilmoqchi edi? Bilmaysizmi? Odatda ertalab er-xotin qandaydir rejalar haqida gaplashib olishadi...
— Oʻsha kunimi?.. Oʻsha kuni... biz janjallashib qoldik. Arzimagan narsadan chiqdi janjal. Men ishga ketdim keyin. U uyda qoldi...
— Iltimos, toʻlaroq gapirsangiz...
— Buning nima ahamiyati bor?
— Hozir bir narsa deyish qiyin. Iltimos, toʻlaroq gapiring, nimadan janjal chiqdi...
— Nima desam boʻladi?..

Rahim Saidov oʻylanib qoldi. U hech kimga, ayniqsa, rasmiy kishilarga oilaning ikir-chikirlaridan gapirmasdi. Shunday odamlarni yomon koʻrardi. Uning uchun er-xotinning urishi haqida gapirish qandaydir juda uyatli koʻrinardi. U hatto Hafizga ham anchagacha uyidagi toʻpolonlarni gapirolmay yurdi. Lekin odam qachonlardir yoʻlini topib yuragini boʻshatishi kerak. Bir kuni Hafiz bilan qaerdadir ichishdi, Olimlar shaharchasida boʻlsa kerak. Rahim Saidovning kayfiyati juda buzuq edi. Oʻshanda yorildi. Ertasiga esa eslab, bir necha kun oʻzidan nafratlanib yurdi.

Kapitan uni majbur qilyapti... Nima qilishi mumkin... Aytishi kerak. Shunday boʻlsa ham u ancha oʻngʻaysizlandi.
— Ertalab uning qoʻlida yangi uzuk koʻrib qoldim. Katta qizil koʻzli uzuk. Tabrikladim. Bu jez uzuk, dedi. Rostakamidan olib bering, dedi. Yoʻq, bunday demadi. Agar darrov shunday deganida janjal boʻlmasdi. Qandaydir gaplarni aytdi. Gina qildi. Hech narsa sizdan koʻrganim yoʻq, dedi. Men ham biror narsa degan boʻlsam kerak, uzukni yechib, otib yubordi. Xullas, aytishib qoldik... Keyin men ishga ketdim. Ishxonadan bir-ikki marta telefon qilmoqchi boʻldim, lekin... lekin la’nati gʻurur yoʻl qoʻymadi. Men oʻzimni aybdor hisoblolmadim. Bunday qimmatbaho sovgʻalarga qurbim yetmasa, menda nima gunoh? Lekin koʻrishingiz mumkin. Yomon yashamaymiz. Hamma narsamiz bor. Munis ham yomon kiyinmasdi. Har holda, nima desa shuni qilishga harakat qilardim. Oʻsha kuni ishning oxiriga borib, yarashishga, unga oʻshanaqa uzuk va’da qilishga qaror qildim. Shuning uchun uyga borishdan oldin, Oʻrdadagi tilla magaziniga kirdim. Bitta uzukni koʻrdim. Ancha qimmat ekan. Ikki yuz qanchayam. Buncha pulim yoʻq edi. Lekin uyga quruq borgim kelmadi. Bir oʻrtogʻimga telefon qildim. Hafiz. Birga maktabda oʻqiganmiz. Birga ishlaymiz. Uni puli bor ekan. Lekin magazinga ulgura olmadim. Sotuvchi bola ertalabgacha olib qoʻyishni va’da qildi. Keyin uyga bordim. Ha... Yoʻlda gastronomga kirib tort oldim. Munis «Paxta» tortini yaxshi koʻrardi. Uyga borsam, yoʻq. Kechasi bilan qidirib chiqdim.
— Qaerlarga bordingiz?
— Qaerga?.. Skverga bordim, butun Engelʼs koʻchasini kezib chiqdim. Xadicha Sulaymonova koʻchasini aylandim.
— Nega qoʻshnilaringizdan soʻramadingiz? Yo militsiyaga xabar bermadingiz?
— Militsiya... Militsiya esimga kelmabdi. Qoʻshnilardan soʻragani... rostini aytsam, uyaldim. Biz koʻp janjallashib turardik. Ayniqsa, keyingi paytlarda...
— Taxminan, qanchadan beri?
— Bir yilcha... ha, bir yilchadan beri. Rahim Saidov birdan oʻrnidan turib ketdi.
— Oʻrtoq kapitan! Mendan shubhalanyapsiz shekilli? Nahotki men!.. Nahotki!..
— Oʻzingizni tuting! — uni boʻldi xotirjamlik bilan kapitan. — Tinchlaning, oʻrtoq Saidov. Hech narsa deyolmayman. Bizda sizdan shubhalanishga asos yoʻq. Lekin mening oʻrnimda boʻlganingizda nima qilar edingiz?
— Tushunaman... — dedi Rahim Saidov va ogʻir xoʻrsinib joyiga oʻtirdi.
— Biz hammasini bilishimiz kerak. Oʻsha kuni xotiningiz bir yarimlarda institutdan ketgan. Keyin qaerda boʻlganligi bizga noma’lum. Manavi uzukni taniyapsizmi?

Kapitan stol tortmasidan nikoh uzukni olib koʻrsatdi.
— Yoʻq, lekin shunday uzugi bor edi. ZAGSdan oʻtayotganimizda olib bergan edim.
— Manavi soatchi?
— Buni tanidim. Men sovgʻa qilganman. Tugʻilgan kuni. Toʻgʻrirogʻi, men pul berganman, oʻzi olgan.
— Manavi ziraklarchi?

Kapitan brilliant koʻzli ziraklarni uning oldiga qoʻydi. Rahim Saidov ziraklarga ancha tikildi. Ammo taniy olmadi. Bunday ziraklarni xotinida sira koʻrmagan edi.
— Kimning ziraklari?
— Xotiningizniki, — dedi kapitan. — Manavi uzuk ham.

U yoqut koʻzli uzukni qutichasi bilan uning oldiga qoʻydi.
— Bu uzukni tanidim. Bu oʻsha, janjalga sabab boʻlgan uzuk! Jezdan.
— Jezdan? — hayron boʻldi kapitan.
— Ha, jezdan. Xotinim shunday degan edi.
— Bahosini bilasizmi?
— Bahosini ham aytuvdi... Hah!.. Esimdan koʻtarilib-di. Esladim! Besh soʻm necha tiyin ham!

Kapitan jilmaydi.
— Bilasizmi, bu uzukning bahosi qancha?
— Aytdim-ku!
— Yoʻq, bilmas ekansiz, uch yuz qirq olti soʻm.
— Nima?! — endi Rahim Saidov hayron boʻldi. — Uch yuz...
— Ha, uch yuz qirq olti soʻm.
— Nahotki xotinim adashgan boʻlsa?!
— Xotiningiz adashmagan. Kim jez uzukni haqiqiy tilla uzukka almashtirib beradi? Keyin jezni tilladan ajratish qiyin emas.
— Demak... xotinim...
— Xotiningiz... notoʻgʻri gapirgan, — kapitan «alda-gan» demoqchi edi, aytolmadi.
— Nega axir? — Rahim Saidovning koʻzlari pirpirardi. — Nima zarurati bor edi?
— Manavi ziraklar esa toʻrt yuzdan oshiq turadi.
— Tushunmay qoldim. Muncha pulni u qaerdan oldi ekan?
— Demak, siz ilgari bularni koʻrmagansiz?
— Yoʻq, uning ziragi bor edi. Bunaqa emas. Yarim oyga oʻxshagan tilla sim. Oyim sovgʻa qilgan edilar toʻyda. Boshqa ziragi yoʻq edi.
— Ota-onasichi? Bilishimcha, xotiningiz yolgʻiz farzand edi...
— Ha, shunaqa. Lekin... yoʻq, ular bunaqa sovgʻa qilisholmaydi. Ayniqsa, hozir. Otasi pensiyaga chiqqan. Toʻxtang!.. Balki oʻrtoqlaridan birortasinikidir? Vaqtincha taqib turishga olgandir?
— Biron kishi surishtirdimi? — soʻradi oʻz navbatida kapitan.
— Yoʻq, — boʻshashib javob qildi Rahim Saidov.
— Bizga ham hech kim murojaat qilgani yoʻq. Shunday qimmatbaho narsalarni berib turadigan odamlar, agar oʻrtoqlari boʻlsa, uning qanday vafot etganini eshitishardi. Toʻgʻri emasmi?

Rahim Saidov «ha», deb boshini egdi. U gʻalati ahvolga tushib qolgan edi. Xotinining shuncha siri bor ekan, u bilmabdi, hatto gumon ham qilmabdi.
— Oʻrtoq kapitan, nahotki?..
— Buni men sizdan soʻrashim kerak, — uni tushundi kapitan. — Xotiningizning harakatlarida hech narsa sezganmidingiz?

Yoʻq, hech narsa sezmagan edi u. Endi fahmlayapti. Har hafta yangi koʻylak, antiqa tuflilar... Munisxon eriga koʻrsatardi ularni. Soatlab oyna oldida oʻzini koʻz-koʻz qilardi. Shunda ham fahmlamabdi u.
— Ish koʻp. Ikki-uch yildan beri yangi preparat ustida bosh qotiryapmiz. Ertalab ketaman, kechqurun kelaman. Hech narsa sezmasdim...

Sezmaganmidi?.. U xayolga choʻmdi. Fikrini bir joyga toʻplab, eslay boshladi. Xotini yangi narsa koʻrsatgan har bir kunni eslashga urindi, koʻz oldiga keltirdi.

Nahotki?! U bir kunni esladi. Erta kuz edi. Negadir ishdan erta qaytdi. Munisxon yoʻq. Oʻzi oshxonaga oʻtib qozonni ochdi. Yogʻ yuqi suv ichida qozon sochiq ivib yotardi. Choy qaynatib ichdi. Televizor qoʻydi. «Soʻnggi axborot» berilayotgan ekan, koʻrdi. Qorongʻi tusha boshladi. Xotinidan darak yoʻq. Diqqat boʻlib, sigaret tutatdi. Koʻcha tomonga qaragan deraza fortochkasini ochgan edi, unga tegib turgan terak shoxidan bir-ikkita barg uzilib, qogʻoz qushdek pirpirab pastga tusha boshladi. Rahim Saidov barglar yerga tushguncha qarab turdi. Shu payt uy oldiga bir «Pobeda» kelib toʻxtadi. Undan Munisxon tushdi. Qoʻlida paket. Shoferning basharasi koʻrinmadi. Munisxon mashinaning oldingi oynasiga boshini suqib birpas turdi. Rahim Saidov sezdi, kulyapti, keyin yugurganicha uy tomon ketdi. Mashina oʻsha zahoti joyidan qoʻzgʻaldi.

Munisxon uyga koʻtarilganda ikki yuzi qizarib ketgandi, hansirardi.
— Rahimjon aka, kechiring, magazinga boruvdim, ushlanib qoldim.
— Hechqisi yoʻq, — dedi Rahim Saidov oʻzini bosib.
— Ul-bul yedingizmi? Ovqat ham qilolmadim. Hozir goʻsht qovurib beraman.
— Choy ichdim. Keragi yoʻq. Oʻzingiz agar istamasangiz...
— Qornim toʻq. Oʻshatda kabob yedim. Kutaverib koʻnglim ozib ketdi. Rahimjon aka! - Munisxon erining boʻynidan quchoqladi. — Nima olding ham demaysiz? Xotiningizning qayoqlarda yurgani bilan ishingiz yoʻgʻ-a!
— Nega, endi xavotir ola boshlovdim, — dedi Rahim Saidov xotinini yengil itarib, xotini soxtalik qilayotganini u bilardi. — Nima oldingiz?
— Vuy, ajoyib narsa! Anchadan beri shuni orzu qilib yurardim.
— Nima ekan?
— Angliyskiy kofta. Qarang!

Rahim Saidov ensasi qotib, xotinining qoʻliga qaradi.
— Egnimga qarang, egnimga!

Munisxon olib kelgan narsasini kiyib ulgurgan edi. Oddiy, qora kofta. Balki chindan ham ajoyib narsadir. Rahim Saidov farqiga bormadi. Lekin xotinini xafa qilmaslik uchun maqtadi.
— Yaxshi ekan. Sizga yarashdi.
— Vuy! Judayam! Anatoliy Nazarovich ham shunday deyapti.
— Anatoliy Nazarovich?! — hayron boʻldi Rahim Saidov.
— Magazinchi-da, — tushuntirdi Munisxon. — Biram yaxshi odam. Ustiga atigi besh soʻm oldi.
— Nega?
— Voy, judayam soddasiz-da! Shunaqa narsani ochiq olib boʻladimi! Hammasi prilavkaning tagida. Anatoliy Nazarovich bilan bir oʻrtogʻim tanishtirib qoʻydi. Anavi fransuzskiy, keng poshnalik tufligimchi, oʻshaniyam u olib berdi.
— Mashinada olib kelgan kim? — Oʻzini tutolmay soʻradi Rahim Saidov.
— Voy, koʻrib turuvdingizmi? Anatoliy Nazarovichda. Vaxlik olib berolmadi. Skladga tushish kerak ekan. Poylab turdim. «Uyim oʻsha yokda, tashlab ketaman», dedi. Voy, rashk qilyapsizmi? — Munisxon kuldi. — Oʻsha besoʻnaqayga-ya! Boshimga uramanmi?! Burni katta, hamma yogʻi yung. Oti ham gʻalati. Anatoliy Nazarovich! Gʻirt qishloqi odam-ku, Anatoliy Nazarovichmish. Oʻla qolsin!.. Koʻnglingiz toʻldimi?

Rahim Saidov boshini qimirlatdi. Munisxon «choʻlp» etib uning yuzidan oʻpdi.
— Biram charchab ketdim! Vannada issiq suv bordir-a, choʻmilib chiqay...

Yarim soatdan soʻng u yupqa neylon koʻylakda nozik, pushti rang badanini koʻz-koʻz qilib, vannadan chiqdi. Rahim Saidovdagi gʻubor shu zahoti yoʻqoldi...

Shuni aytish kerakmi kapitanga?! Boʻlar ish boʻldi, endi yashirib nima qiladi?
— Uning bir tanishi bor edi. Shaxtyorlar uyidagi magazinda. Tayyor kiyimlar magazini. Sotuvchi boʻlsa kerak. Ba’zan kam topiladigan narsalarni oʻshandan olib kelardi. Oti Anatoliy Nazarovich.
— Koʻrganmisiz?
— Yoʻq, koʻrmaganman, — dedi Rahim Saidov va nimadir yuragini timdalab oʻtdi. —Yoʻq, boʻlishi mumkin emas! Xotinimning aytishicha, juda besoʻnaqay odam. Hamma yogʻi jun. Burni katta.
— Biz ayollarni yaxshi bilmaymiz, — ohista e’tiroz bildirdi kapitan. — Ishqilib, aytganingiz kelsin. Anatoliy Nazarovich, deysizmi?
— Ha, «Pobeda» mashinasi bor. Bir kuni xotinimni... uni olib kelib qoʻyganini koʻrganman.

Rahim Saidov kapitan koʻrsatgan xonaga chiqdi. Leytenant Sultonov unga qogʻoz, ruchka tutqazdi.
— Hammasini yozaymi? — soʻradi Rahim Saidov uyalinqirab.
— Nimani lozim topsangiz, shuni yozing... — dedi leytenant.

Rahim Saidov qoʻliga oʻz avtoruchkasini oldi. Nimadan boshlash kerak? U oʻylanib qoldi. U hech mahal bunday noqulay ahvolga tushib qolishini xayoliga keltirmagan edi. Fojia, motam, aldanish... Nahotki Munisxon, sevikli xotini uni yosh boladek oʻynatib kelgan, oʻzining undan boʻlak, faqat oʻzi biladigan oʻzga hayoti boʻlgan? Nahotki, uning hamma kulib boqishlari, ishdan kelganida yugurib borib quchogʻiga otilishlari, hamma iliq, faqat sevimli odamga aytiladigan gaplari boʻhton, koʻzboʻyamachilik boʻlsa?!

Rahim Saidovning xoʻrligi kelib ketdi, oldidagi oppoq qogʻozga «tak» etib yosh tomchiladi.
— Mazangiz yoʻqqa oʻxshaydi, choy olib kelaymi? — soʻradi leytenant.

Rahim Saidov oʻzini tinchitib olish uchun zoʻrgʻa boshini liqillatib «mayli», dedi.

Leytenant choy olib kelganida, orqasidan sekretarʼ qiz kirdi.
— Sizni Sobir akam chaqiryaptilar, oʻrtoq leytenant.
— Hozir. Oling, achchiq-achchiq ichib oling.
— Rahmat, — dedi Rahim Saidov uning qoʻlidan piyolani olar ekan.

Leytenant chiqib ketdi. Rahim Saidov choydan bir-ikki hoʻplab, oldidagi oq qogʻozga tikildi...

Kapitanning xonasida starshiy leytenant Roʻziev oʻtirardi.
— Eshitaman, oʻrtoq kapitan! — Sultonov chestʼ berdi.
— Yozib oling, Anvarjon. Shaxtyorlar uyi. Tayyor kiyimlar magazini. Anatoliy Nazarovich. Kim u, nima ish qiladi, qaerda turadi, xullas, bizga tegishli hamma narsani aniqlash kerak.
— Xoʻp boʻladi.

Leytenant Sultonov chiqib ketdi.
— Davom eting, — kapitan Roʻzievga oʻgirildi.
— Suv sotuvchi kampir uni tanidi, — dedi Roʻziev.
— Bu yaxshi, xoʻsh?
— Uning aytishicha, Munis Saidova juda koʻp marta Chorsuda boʻlgan, shunday budkaning oldidan Samarqand darvoza tomonga oʻtib ketar ekan. Ba’zan suv ichar ekan.

Kampirga ishonish mumkin. Doim unga havasim kelardi, deydi. Kelishgan, yaxshi kiyinadigan ayol edi, deydi.
— Yolgʻiz oʻtar ekanmi doʻkonning oldidan?
— Buni aytib berolmadi. Gavjum joy, deydi. Koʻrmaganman, deydi. Nazarimda, oʻrtoq kapitan, u koʻrgan, lekin choʻchiyapti aytishga.
— Odam qoʻyamiz yoningizga, sizga hech narsa qilmaydi, demadingizmi?
— Aytdim. Serjant Qoraboev oʻsha yerda.
— Yaxshi qilibsiz.
— Oxirgi marta uni kechqurun sakkizlarda koʻribdi. Negadir bu gal u juda shoshib oʻtib ketibdi. Kampir endi budka berkitmoqchi boʻlib turgan ekan. Bu gal u yolgʻiz edi, dedi. Shundan ushlab oldim. Demak, ilgari birovlar bilan koʻrgan ekansiz-da, dedim. Indamadi. Koʻrsatadi. Qoraboev aqlli yigit, uni koʻndiradi.
— Yaxshi. Gazeta parchasini aniqladingizmi?
— Ha, oʻrtoq kapitan. — Roʻziev oldida turgan papkani ochib, karton qogʻozga ehtiyotlik bilan yopishtirilgan gazeta parchasini oldi. Munis Saidovaning sumkasidan chiqqan uzuk qutichasi shu gazetaga oʻralgan edi. — Bu parcha «Toshkent oqshomi» gazetasining birinchi beti, oʻng tomondagi tepa burchagi. Qaysi kuniligini ham aniqladim. 20 avgust, shu yil. Undagi qalamda yozilgan raqamlar esa pochtalʼonniki boʻlishi kerak. Buni ham ekspertlar aniqlab berishdi. Mana, chiziq bor, manavinisi olti ekan. Demak, uy nomeri 16/44. Bunga ishonish mumkin. Pochtalʼonlarning hammasi gazeta, jurnallarga uylarning nomerlarini yozib qoʻyishadi. Lekin qaysi pochtalʼon buni yozgan, obunachi kim, qaysi koʻchada turadi, aniqlab boʻlmadi. Buning uchun hamma pochtalarni aylanib chiqish kerak, hamma pochtalʼonlarning yozuvini koʻrish kerak. Bu qiyin. Bir-ikkita soʻz yozilgan boʻlganda ham mayli edi...
— Ha, bu ogʻir... — rozi boʻldi kapitan. Sekretarʼ qiz kirdi.
— Oʻrtoq starshiy leytenant! Sizni serjant Qoraboev soʻrayapti. Radiodan.
— Menga ulang! — dedi kapitan. — Tez! Sekretarʼ qiz shoshib chiqib ketdi.
— Oʻrtoq starshiy leytenant! — radio rubkadan Qoraboevning ovozi eshitildi.
— Kapitan Alievman. Gapiravering.
— Chorsudagi operativ boʻlimdan gapiryapman. Suv doʻkonidagi kampir tanidi. Bu oʻrta yashar kishi. Suratini oldim... «Moskvich» mashinada doʻkon oldida toʻxtab, bir yashik pivo oldi, keyin mashinasida bozorga kirib ketdi. Mashinaning nomeri TNB 50-50. Oʻrtoq kapitan, buyrugʻingizni kutaman!
— Sotuvchi nima deydi? — soʻradi kapitan.
— Sotuvchi mashina toʻxtaganda, menga imlab koʻrsatdi. «Shu», dedi. Boshqa hech narsa degani yoʻq. Qoʻrqqanidan yuragi chiqib oʻtiribdi. Hozir koʻryapman, doʻkonini bekityapti.
— Siz nimadasiz?
— Mototsiklim bor.
— Taksi yoki shaxsiy mashinalardan birortasini toʻxtatib, «Moskvich»ni kuzating. Plyonkani zudlik bilan menga joʻnating.
— Tushunaman, oʻrtoq kapitan!
— Boʻpti. Aloqa tamom! Kapitan radiorubkani oʻchirdi.
— Uning tanishlari hammasi mashinalik toʻkislarga oʻxshaydi. Bittasida «Pobeda», bittasida «Moskvich». Bechora Rahim Saidov... Hali «Volga»ligi ham chiqib qolmasa?..
— Uning oʻynashlari boʻlgan deb oʻylaysizmi? — soʻradi Roʻziev.
— Qosimjon!.. — kapitan yordamchisini uyaltirdi. — Boshqa soʻz topolmadingizmi?
— Rosti-da, Sobir aka.
— Aftidan, shundayga oʻxshaydi. Lekin nega oʻldirish kerak boʻlib qoldi? Kim oʻldirdi? Mana masala qaerda. — Kapitan sigaret tutatib oʻyga toldi. — Ba’zan odamlarga tushunmayman besh qoʻllarini ogʻizlariga tiqishadi. Shu xotinga nima yetishmayotuvdi? Taqinchoqlarmi? Ularsiz ham yashash mumkin. Aminmanki, uch-toʻrt yildan keyin puli koʻpligidan nima qilishini bilmay qolardi. Erini koʻrdingizmi? Kelishgan, aqlli odam. Kelajagi porloq odam. Xotin kishiga yana nima kerak? Aqlning chegarasi bor, ahmoqlik esa cheksiz, deb bekorga aytishmagan ekan.
— Balki undan foydalanishmoqchi boʻlishgandir? — taxmin qildi Roʻziev.
— Nima uchun? Nima maqsadda?

Roʻziev yelkalarini qisdi. Hali koʻp narsa ikkaloviga tundek qorongʻi edi.
— Yana bir narsani biz bilmaymiz...
— Nimani? — soʻradi Roʻziev.
— Chorsuga kelguncha u qaerda boʻlgan? Radiorubkaning koʻk chirogʻi yondi.
— Eshitaman?
— Oʻrtoq kapitan! — Bu Qoraboev edi. — «Moskvich» bozordan chiqib, Samarqand darvozaga kirib boryapti.
— Yaxshi. Kuzating. Iloji boricha u sizni koʻrmasin.
— U toʻxtadi! Hozir men yonidan oʻtib ketib, qaytaman.
— Kimning mashinasidasiz! Uni ogohlantirganmisiz?
— Ha. Jamoatchi avtoinspektor. Plyonkani joʻnatdim. Orqadan koʻryapman. U koʻk darvozaga kirib ketdi... Hozir qaytyapman... Yaqinlashdim. Uy nomeri oʻn olti-yu, qirq toʻrt, oʻrtoq kapitan.

Kapitan yalt etib Roʻzievga qaradi.
— Endi nima qilay, oʻrtoq kapitan?
— Qayting. Postingizni egallang.
— Eshitaman, oʻrtoq kapitan.
— Kalavaning uchi topildi! — Kapitan oʻrnidan turib ketdi. — Ish endi boshlanadi. Nima qilish kerakligini bilasizmi?
— Ha. — Roʻziev ham oʻrnidan turdi.
— Boring.

6

Rahim Saidov xiyobonda bitta-bitta yurib borardi. Bu yerda hali tong hovri koʻtarilmagan, salqin. Qizil qum sepilgan yumshoq yoʻlkalar, asfalʼt trotuar tunda sepilgan suvdan ola-bula boʻlib turibdi. Qalin barglar orasidan tanga-tanga tushib turgan nurlar hali ularni quritishga ojiz. Quyosh endi bu yerga boshini koʻtarib qarayapti. Odam kam. «Doʻstlik» kafesining orqasida esa deyarli hech kim yoʻq. Kafening usti ochiq zali boʻm-boʻsh. Rahim Saidov uchun bu ayni muddao edi. U hozir hech kimni koʻrgisi, hech kim bilan gaplashgisi kelmas edi. Hozirgina militsiya idorasida u yozib chiqqan «insho», u yerda koʻrgan narsalari, eshitgan gaplari hayotini agʻdar-toʻntar qilib yuborgan edi. Nahotki rost boʻlsa? Kimga almashtirdi uni Munis? Qachon? Balki buning hammasi taxmindir? Unda qaysi ahmoq bekordan-bekorga shunday sovgʻalar qiladi?

U argʻuvon tagidagi stol yoniga oʻtirdi. Ofitsiant qiz keldi.
— Nima istaysiz?
— Mumkin boʻlsa konʼyak. Ha, yuz gramm konʼyak...
— Bizda konʼyak boʻlmaydi. Shampanskoe bor.
— Mayli, bir bokal keltiring. Muzdagidan.
— Bokallab sotmaymiz. Shishasi bilan sotamiz...
— Shishasi bilan olib keling. Oʻzingiz sherik boʻlasiz.
— Men ish paytida ichmayman.
— Darvoqe, ish payti-ya!

Rahim Saidov soatiga qaradi. Oʻn birdan yigirmata oʻtibdi. Undan boshqa hamma ishda hozir. Institutdagilarning hammasi. U ham ishda boʻlishi kerak edi. Zotan, uning keragi yoʻq hozir. Hamma hisoblar qilingan, preparat tayyor. Hafizning navbati hozir. Lekin ishga borsa, yomon boʻlmaydi. Mayli, biron soat shu yerda boʻladi, nafasini rostlaydi, keyin boradi...
— Xoʻsh, nima olib kelay? — soʻradi ofitsiantka.
— Shampanskoe...
— Shishasi bilan-a?
— Olib kelavering.
— Tavba! Basharasidan tuppa-tuzukka oʻxshaydi... Rahim Saidov beixtiyor jilmaydi. «Ha, — Oʻyladi ichida u, — basharadan hech bilib boʻlmaydi. Qani endi shunday bir apparat oʻylab chiqarilsa-yu, shunday knopkasini bosishing bilan istagan odamingni dilidagini bilsang!.. Fiziklarga aytib qoʻyish kerak. Bu yaxshi fikr...»

U shu apparatni koʻz oldiga keltirdi ham. Kichkina boʻladi u, gugurt qutichasidek. Soat choʻntakda ham olib yursa boʻladi. Sochning tolasidek quloqqa taqiladi. Yupqa membrana roʻparasidagi kishining yurak urishiga monand harakatga keladi. Knopka bosildimi bas, marhamat qilib eshitaver!

Rahim Saidov shu top fizik boʻlmaganiga achindi. Boʻlmasa, albatta shunday apparat ijod qilardi. Eh-ha, qanday sirlar ayon boʻlmasdi deng oʻshanda. Munisning ham sirlari ma’lum boʻlardi. Qachondan beri alday boshladi ekan u? Eski uydaliklaridami, yo bu yoqqa koʻchib kelishganidan keyinmi? Anatoliy Nazarovichning otini qachon eshitdi?

Oʻtgan yili kuzda. Yilga yaqinlashib qolibdi. Shumikan yo boshqa?..

Rahim Saidov yana oʻylanib ketib, ofitsiantka uzun fujer bilan ogʻzi ochilgan shampanskoe shishasini olib kelganini koʻrmadi. Qiz shishani toʻq etib marmar stolga qoʻydi-da, bloknotini ochdi.
— Sizdan toʻrt soʻm ellik tiyin!
— Xoʻp, — dedi Rahim Saidov.
— Marhamat qilib hozir toʻlasangiz.
— Qochib ketadi deb oʻylaysizmi?
— Yoʻq, gaplashish qiyin boʻlsa kerak, deb oʻylayman.
— Aytganingiz boʻlsin.

Qiz Rahim Saidovning negadir kulgisini keltirardi. Sababini bilolmadi. Balki, kalta, orqasiga sichqonning dumidek ingichka oʻrib tashlangan sochidagi besoʻnaqay qizil lentadir, balki muomalasidir? Buning unga ahamiyati yoʻq edi, nimadir uning chehrasini ochgan edi.

U choʻntagidan besh soʻmlik pul chiqarib uzatdi.
— Maydasi kerak emas.
— Kechirasiz, bizning kafeda yoshlar brigadasi ishlaydi.
— Yoshlarga pul kerak emasmi?
— Bunaqa pul kerak emas. Marhamat, oling.
— Boʻlmasa bitta shartim bor.
— Yana qanaqa shart? — qiz qoshlarini chimirdi.
— Men bilan urishtirasiz.
— Grajdanin! Boya aytdim-ku, ishdaman, deb.
— Bilaman, bugun mening... tugʻilgan kunim. Bir hoʻplam boʻlsa ham ichasiz...
— Unda mayli. Men hozir fujer olib kelay.

U tezda qaytdi va Rahim Saidovning roʻparasiga oʻtirdi. Rahim Saidov ikkala fujerni toʻlatdi. Uchqunlar sachratib oppoq koʻpik fujerlar chetidan osha boshladi.
— Nima uchun ichamiz? — soʻradi Rahim Saidov.
— Aytdingiz-ku, tugʻilgan kunim, deb. Siz uchun. — Qiz fujerni qoʻliga oldi. — Baxtli boʻling.

Ular urishtirishi. Fujerlarning jarangi Rahim Saidovning diliga chiroq yoqqandek boʻldi. U fujerni oxirigacha, bir tomchi qoʻymay boʻshatdi. Qiz yaxshi niyat qilgan edi. Shunday boʻlarmikin?
— Kayfingiz yoʻq koʻrinadi? — soʻradi qiz.
— Ha, kechasi kam uxladim.
— Sezilib turibdi. Kamroq ichish kerak. Yaxshisi, ichmaslik kerak. Samugʻ akamga doim shunday deyman.
— U kishi kim?
— Oʻrtogʻim, — qiz uyalib yerga qaradi.
— Juda yoshsiz-ku?
— Bir yil boʻldi turmush qurganimizga. Armiyadan qaytdilar-ku, toʻy qildik. Shofer. Taksi haydaydi.
— Yaxshi kasbi bor ekan.
— Kasbi yaxshi-yu, oʻrtoqlari yomon.
— Nega?
— Ichirishadi. Ilgari ichmasdilar. Endi ichib keladigan boʻlib qoldilar.
— Ha, ichmaslik kerak.
— Siz ham ichmang, — qiz unga mehr bilan tikildi. — Shuncha shampanskoeni ichib nima qilasiz?
— Ichmaymi?
— Ichmang.
— Boʻpti. Negadir boya ichgim kelib ketdi. Endi yoʻq.
— Boya sizni koʻrib qoʻrqib ketdim.
— Nega?
— Mastga oʻxshadingiz. Rahim Saidov jilmaydi.
— Mast emasman. Ishim yurishmay qoldi.
— Xafa boʻlmang, yurishib ketadi.
— Rahmat, singlim. Xoʻp, men ketdim.
— Ichmaysizmi?
— Yoʻq, ichmayman. Yaxshisi, ichmaslik kerak, shundaymi? Qiz boshini qimirlatdi.
— Kelib turing!..

Rahim Saidov xiyobondan chiqib, katta koʻchaga oʻtdi. «Yaxshi qiz ekan. Nimasidir Munisga oʻxshaydi. Nimasi? Munis, Munis!..»

U nima deyishini bilmadi. Militsiya idorasidan chiqqanidan beri u xotiniga achinmasdi ham, undan nafratlanmasdi ham. Lekin koʻz oldidan kapitan koʻrsatgan buyumlar ketmasdi, qulogʻi ostida uning gaplari jaranglardi...

«Xotiningizning hamma tanishlarini bilarmidingiz? Hech kimdan gumoningiz yoʻqmi? Nahotki hech narsa sezmagansiz?..»

Qanday uyat! Qanday dahshat!.. Hech kimga aytib ham boʻlmaydi buni! Balki bular hammasi taxmindir? Militsiya masalani har tomonlama tekshiradi. Yaxshimi, yomonmi ajratib oʻtirmaydi. Ular hamma narsani taxmin qilishga, hammadan gumon qilishga majbur. Bu ham shunday boʻlsachi? Kapitanning savollaridan uning oʻzidan ham gumon qilishayotgani ma’lum boʻlib qoldiku? Rahim Saidov oʻz xotinining qotili. Tavba, aql bovar qilmaydi. Shunday ekan, Munisni ham har narsada gumon qilishlari mumkin. Lekin, taqinchoqlar kimniki?

Munisni koʻmib kelishgan kuni hamma tanish-bilishlar anchagacha oʻtirishdi. Hech kim hech narsa soʻragani yoʻq. Uyalishdimikin? Shunday qimmatbaho narsalarni soʻrashga kim uyalardi?

Rahim Saidov surishtirishga qaror qildi. Buning nimasi yomon? Balki izi chiqib qolar? Ishxonadan koʻra, uyda turib surishtirgani ma’qul.

U uyiga qarab yoʻl oldi. Muhabbat singlisi hozir u bilan turardi. Balki u bilar? Onasiga qaraganda uning xotini bilan aloqasi yaxshi edi. Munis ham uni yaxshi koʻrardi. Ba’zi narsalarni unga hadya qilgan edi. Muhabbatning gavdasi unikidek kelishgan, taxminan u bilan baravar. Koʻcha-koʻyda ikkalovini koʻrgan odam opa-singil derdi.

Rahim Saidov oʻzi eshikni ochib, uyga kirdi. Muhabbat oshxonada dars tayyorlab oʻtirardi. Akasini koʻrib yugurib oldiga keldi.
— Tinchlikmi?
— Tinchlik, odatdagi savol-javoblar.

Rahim Saidov singlisini koʻrdi-yu, fikridan qaytdi. Qanday soʻraydi? Agar u hech narsani bilmasa, uyalib qolishi mumkin. Begona odam bilan gaplashish yengilroq.
— Ha, oʻqishga bormadingmi?
— Hozir ketaman. Bugun birinchi para yoʻq. Oʻzingiz nega qaytdingiz, aka?
— Menmi?.. Portfelim qolib ketibdi. Keyin, ba’zi qogʻozlarni olishim kerak.
— Choy ichasizmi?
— Yoʻq, sen ketaver. Muhabbat kiyinib chiqdi.
— Kechqurun nima ovqat qilay?
— Ixtiyoring.
— Osh qilaman.
— Mayli.

Rahim Saidov kabinetiga oʻtdi. U tezroq singlisining ketishini istardi. Koʻp oʻtmay, eshik yopilib, qulfning shirq etgani eshitildi. U shoshib, oshxonaga chiqdi. Avval Faridaga telefon qiladi. Sirdoshroq oʻrtogʻi shu edi. U telefon kitobining soʻnggi betiga Munis shosha-pisha yozgan nomerlarni qidira boshladi. «Far», degan yozuvga koʻzi tushdi. Shu boʻlsa kerak. U telefonni buray boshladi.
— Inturistmi? Menga Farida kerak edilar. Farida? Salom, bu menman, Rahimjonman. Yaxshimisiz?
— Eshitaman, Rahimjon aka? Tinchlikmi?
— Tinchlik. Oldingizda odam bormi? — soʻradi Rahim Saidov keyin «Baribir emasmi?» deb koʻydi ichida.
— Yoʻq, nima edi?
— Ioʻq, yoʻq, hech nima. Farida, Munis sizdan hech narsa olganmidi?
— Tushunmadim, qanaqa narsa?
— Masalan, zirak, uzuk...
— Yoʻ-oʻ-q. Nega soʻrayapsiz, Rahimjon aka? Biron narsa yoʻqolibdimi uyda?
— Aksincha, paydo boʻlib qolibdi?
— Nima?
— Masalan, uzuk. Katta, qizil yoqut koʻzli uzuk. Keyin brilliant zirak.
— Voy, Rahimjon aka! Nima deyapsiz oʻzingiz! Zirak Munisning oʻziniki-ku? Kichkina, binafsha gulga oʻxsha-ganmi?
— Ha.
— Bu oʻziniki. Esingizdan chiqdimi, oʻzingiz olib ber-gansiz-ku?
— Men?! — hayron boʻldi Rahim Saidov.
— Ha. 8 Martga olib bergansiz. Toʻrt yuz qirq olti soʻmmi, shunaqa turadi. Nahotki esingizda yoʻq? Oʻsha kuniyoq menga koʻrsatdi. Qaerdan olganingizni ham aytdi.
— Qaerdan olibman? — boʻshashib soʻradi Rahim Saidov.
— Oʻrdadan. Oʻrdadagi tilla magazindan. Biram havasim kelgan edi. Borsam, qolmabdi.
— Uzuk-chi? — boʻgʻilib soʻradi Rahim Saidov.
— Eshitmadim, nima?
— Uzukni soʻrayapman?
— Buni bilmadim. Shunaqa uzuk bor ekanmi? Yana bir ayting, qanaqa dedingiz?
— Katta, qizil koʻzli tilla uzuk...
— Yoʻq, buni koʻrmaganman...
— Kechirasiz... — Rahim Saidov undan, «Bilmaysizmi, kimniki boʻlishi mumkin», deb soʻramoqchi edi, aynidi... Oʻzi soʻragani ma’qul. — Demak, u sizdan hech narsa olmagan?
— Yoʻq, Rahimjon aka.
— Rahmat. — U trubkani qoʻydi.

Endi kimga telefon qilsin ekan? Yaqinroq oʻrtoqlaridan yana kim bor? Zubayda. «Doʻstlik» jamiyatidagi oʻrtogʻi. Birga oʻqishgan. Ammo bu ayol bilan Rahim Saidov kam uchrashgan edi. Zubayda u yoʻgʻida bir-ikki uyga kelgan ekan. Ular asosan koʻchada uchrashar edilar. Munis shunday derdi.

Rahim Saidov jamiyatning telefonini topdi. Telefon qilsinmi? Tavakkal!
— Allo! «Doʻstlik» jamiyatimi?
— Ha, — javob qildi erkak ovozi.
— Zubayda bormilar?
— Kim soʻrayapti?
— Bir tanishi.
— Kechirasiz, bu kishining tanishlari juda koʻp. Telefon esa bitta, mening oldimda. Nima ishingiz bor, ayting, aytib qoʻyaman.
— Oʻzlari kerak edilar, iltimos!..

Trubkadan xoʻrsinish eshitildi, keyin nimadir taqil-ladi.
— Zubayda! Yana telefonga!

Koʻp oʻtmay, trubkadan qoʻngʻiroq ovoz eshitildi:
— Eshitaman?
— Zubayda? Sizmisiz?
— Men!
— Sizni Rahim Saidov bezovta qilyapti.
— Kim? Kim?
— Rahim Saidov. Munisxonning eri.
— E, salom, Rahim aka! Eshitaman.
— Sizdan bir narsani soʻramokchi edim... Munis... Mu-nisxon sizdan hech narsa olmaganmidi?
— Nima edi? — xavotirlanib soʻradi Zubayda.
— Oʻzim, shunday. Uyda ba’zi narsalar chiqdi. Kimni-kiligini bilolmayapman.
— Eslolmayapman, Rahimjon aka... Nima boʻlishi mumkin? Voy! Agar jurnallar boʻlsa, hech kimga koʻrsatmang! Munis bir-ikki kunga deb olgan edi... Annaqa jurnallarda, bilasiz-ku... Iltimos, hech kimga koʻrsatmang. Mendan zoʻrlab olib ketgan edi.
— Yoʻq, jurnallar emas...
— Nima boʻlmasam? — Hayron boʻldi Zubayda.
— Uzuk.
— Uzuk?
— Yoʻq, mening ikkita uzugim bor, ikkalovi ham qoʻlim-da. Qanaqa uzuk ekan?
— Qizil koʻzli uzuk, tilla uzuk. Men siznikimi, deb oʻylagan edim.
— Yoʻq. Surishtirib koʻraymi? Xadichada shunaqa uzuk bor edi.
— U kishi kim?
—Tanimaysizmi? Inostranniyda ingliz fakulʼtetining dekani. Birga oʻqiganmiz.
— Mayli. Poylab turaymi?
— Hozir soʻrab beraman.

Zubayda trubkani qoʻydi. Rahim Saidov oʻylanib qoldi. Xadichani u hech koʻrmagan edi, Munis ham u hakda hech gapirmagan. Tagʻin kim biladi, xayolidan koʻtarilgandir?

U stulga oʻtirib, sigareta tutatdi. Yaxshi. Aftidan, ular hech narsa sezishmadi. Farida ham, Zubayda ham. Sezishsa nima edi? Balki ular bilishar Munisning tanishlarini? Soʻrasinmi? Yoʻq, yoʻq, bu uyat, keyin oʻtaketgan pastkashlik! Qanday soʻraydi, qanday tili boradi? Balki ular birga boʻlishgandir? Ular ham shunday...

Rahim Saidov bu dahshatli fikrlarni miyasidan quvishga harakat qilib, qoʻllarini beixtiyor siltadi. Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. Ularning aloqasi yoʻq. Munis oʻzi yolgʻiz... Boʻlmasa, uchala er ham gʻirt ahmoq boʻladi, hozir esa bitta u... Balki u ham aldamagandir? Hammasi, hammasi faraz... Uning esiga bir oʻqituvchisi keldi. Harbiydan dars berardi maktabda. Baland boʻyli, barvasta odam. Urushda boʻlgan. Uning xotini ham dars berardi. Boshlangʻich sinflarda. Oynisa opa. Juda shoʻx, hazilkash ayol. Rahim Saidov uni yaxshi koʻrardi. Bir kunda bir necha marta salom berardi. Uni koʻrish uchun, kulganini tomosha qilish uchun. Eri negadir doim gʻamgin yurardi, ogʻzidan papirosi tushmasdi... Lekin hech kimni urishmasdi. Bir kuni u kelmadi. Dars boʻlmadi.
— Men bilaman nega kelmaganini, — dedi kimdir. — U Oynisa opani tutvopti ilmiy mudir bilan.

Bolalar kulib yuborishdi. Ertasiga Rahim Saidov uning xotini bilan qoʻl ushlashib ketayotganini koʻrdi. Yana avvalgidek darsiga kela boshladi. Ammo Rahim Saidov ikkalovini ham xush koʻrmay qoldi. Oynisa opaning shoʻxligidan endi u jirkanadigan boʻldi. Nahotki u ham oʻsha oʻqituvchisi holiga tushib qoldi? Hamma bilgan, hamma koʻrgan, lekin hech kim unga aytmagan, undan jirkangan?..

Telefon jiringladi.
— Men Zubayda. Rahim aka, Xadicha bilan gaplashdim. Yoʻq, uniki emas.
— Kechirasiz, ovora qildim sizni...
— Ovorasi bor ekanmi?.. — Zubayda oʻylanib qoldi. — Kimniki boʻlishi mumkin? Balki oʻzinikidir?

Rahim Saidov «unda bilardim» demoqchi edi, oʻzini tutdi.
— Balki... Balki oʻzinikidir. Xoʻp, kechirasiz.
— Men yana surishtirib koʻraman, — va’da qildi Zubayda.

Yana kimga telefon qilish mumkin? Munisning atelʼeda, sartaroshxonada tanishlari bor. Ulardan olmagandir? Olgan boʻlsa ular yugurib kelishardi. Kim qoldi? Rahim Saidov bir-bir eslab chiqdi. Yoʻq, boshqa hech kimdan olishi mumkin emas. Ba’zi oʻrtoqlarini bilardi. Lekin ular haqida Munis hech tayinli gap aytmagan, demak, yaxshi emas. La’nati uzuk! Nahotki odam shunday yashay olmasa? U jiddiyroq xulosa chiqarishga urinib koʻradi. Biroq fikrlari shunday xulosalar atrofidan nariga ketmasdi.

Birdan miyasiga yangi fikr kelib qoldi. Shoshilib yotoqxonaga oʻtdi. Bu yerda hamma narsa Munisxon tirikligidagidek qolgan, faqat toshoyna tagidagi atir-upalar oʻrni boʻsh edi.

Rahim Saidov shosha-pisha shkafni ochdi. Kiyimlar, bir-biriga yopishgan kiyimlar qator osigʻliq turibdi. Koʻpi Munisxonniki. Oq, sariq, shohi, sherstʼ koʻylaklar... Ularning ba’zilarini Rahim Saidov koʻrgan, ba’zilarini koʻrmagan. Sherstʼ koftalar, kostyumlar... Ana, qora ingliz kostyum ham osigʻliq turibdi. Uning yonida palʼtolar, bir emas, uchta palʼto. Polkalarda latta-puttalar, ular nima, Rahim Saidov bilmaydi ham. Lekin hamma yokdan xotinining hidi anqib turibdi. U kiyimlarni titkilar ekan, har bir koʻylak ichidan Munisxon unga tikilib, «nima qilyapsiz?» degandek boʻlardi.

Qaralmagan pastdagi tortmalar qoldi. Rahim Saidov engashdi. Birinchi tortmada noski, paypoqlar turardi. Ikkinchi tortmada qandaydir materiallarning qiyqimlari. Oxirgisini ochganida, uch rus bahodiri rasmi solingan qutichaga koʻzi tushdi. Qutini tanidi. Hafizning xotini sovgʻa qilgandi qaysi bir bayramda. Olib qopqogʻini koʻtardi. Qutida bir siqim dur yotardi, yana allaqanday tugmachalar, barg nusxa klipsi... Durlarni u koʻrgan.
— Qarang, xuddi rostakam durga oʻxshaydi, — degan edi uni olib kelganda Munisxon. — Rostakami, bilasizmi, qancha turadi? Besh yuz, olti yuz soʻm. Bir ipi. Buning ikki ipi toʻrt soʻm. Doktor boʻlganingizda olib berasiz. Mabo-do, Yaponiyaga borib qolsangiz, oʻsha yoqdan olib kelasiz. U yokda arzon emish.

Rahim Saidov va’da qildi va Yaponiyaga borib, olayotganda adashmaslik uchun yaxshilab xotinining boʻynidagi ikki qator osilib turgan shu durlarga qaradi.

Yoki bu ham... Uning yuragi orqasiga tortib ketdi. Durlarni changallab, choʻntagiga soldi-da, koʻchaga otildi.

Oʻrdadagi tilla magaziniga u besh minutda yetib keldi. Prilavka yonida oʻsha tanish sotuvchi yigit turardi. U Rahim Saidovning hovliqib kirganini koʻrdi-da, boshini chayqadi:
— Attang, aka, kecha sotib yubordim. Sizni koʻp kutdim. Yaxshi uzuk edi...
— Men... men boshqa narsaga keldim...
— Labbay?
— Manavi... manavi... — Rahim Saidov choʻntagidan durni chiqarib unga uzatdi. — Rostakammi, bilib bering!..

Yigit durga tikildi.
— Yaxshi durga oʻxshaydi. Olyapsizmi, yo sotmoqchimisiz?..
— Ol... olyapman, — dedi Rahim Saidov.
— Qancha soʻrashyapti? — yigit durdan koʻz uzolmay qoldi.
— Toʻrt yuz... Yoʻq, besh yuz soʻm... bir ipi.
— Besh yuz soʻm? Yaxshi dur. Ziyon qilmaysiz. Tagʻin surishtiraylik-chi? Rahmatillaka!

Ichkaridan koʻk duxoba doʻppi kiygan moʻysafid bir odam chiqdi.
— Manavi qalay? — yigit unga durni uzatdi.
— Yaxshi dur. Qancha ekan?
— Besh yuz.
— Arziydi. Yaxshi dur. Kimniki?
— Manavi akamlarniki. Aka!
— Ha, — dedi zoʻrgʻa Rahim Saidov.
— Olavering. Buyursin. Bu juda kam topiladigan narsa.
— Ha, ha, — dedi Rahim Saidov va tizzalari qaltirab koʻchaga chiqdi. Endi unga hamma narsa ayon edi. U aldangan! Munis, suyukli xotini uni aldagan. Qanday dahshat! Benomus, uyatsiz xotin!..

U bitta-bitta yurib piyoda uyga keldi. Bufetni ochib, bosib ikki ryumka konʼyak ichdi. Badani qizib, peshanasidan ter chiqdi. Bufet yonida turgan stulga oʻzini tashladi-da, boshini qoʻllari orasiga oldi. Butun vujudi titrardi.

Shu alfozda ancha oʻtirdi. Keyin sekin boshini koʻtardi. Nima qilish kerak? Militsiyaga borsinmi? Koʻrsatsinmi? Nahotki oʻzi aniqlay olmasa? Unda nima qilib erkak boʻlib yuribdi? Har holda bir narsa qilish kerak edi. Shu fikr unga dalda boʻldi shekilli, oʻrnidan turdi.

Avvalo u oʻzini qoʻlga olishi kerak, tinchlanishi kerak. Uning oʻrnida boshqa odam boʻlganda, allaqachon qogʻoz, qalam olib, nima qilish kerakligini yozib chiqarardi va harakatga tushardi.
— Oʻgʻlingiz qanday qilib oʻqiydi, bilmayman. Hech bir yerda qoʻnim topib, dars qilganini koʻrmayman.

Yoshligida oyisi shunday derdi, undan shikoyat qilgandek boʻlib, Said aka kulib qoʻyardi.

U varrak uchirishni yaxshi koʻrardi. Dam olish kunlari, kanikullarida bolalar ertalab varrak yasashga kirishishardi. Birov qamish olib kelgan, birov shildiroq qogʻoz, birov un, yo shaftolining sirachi... U hech narsa qilmasdi. Varraklar bitguncha tomosha qilib oʻtirardi. Uchirishayotganda esa havasi kelardi, u ham uchirmoqchi boʻlardi. Lekin qaysi bola oʻz varragini beradi? Shunda dadasiga yalinardi:
— Jon dada, qilib bering!.. Hammasining varragi bor, meniki yoʻq.
— Oʻzing qil. Ular oʻzlari yasaydi-ku, sening qaering kam?

Shu gap ta’sir qilarmidi, yo tezroq varrak uchirgisi kelarmidi, birpasda yasab tashlardi. Uning varragi hammanikidan baland, tekis uchardi... Oʻqishda ham shunday edi. Tayyorlanmay yurib-yurib, imtihonga bir-ikki kun qolganda, mukkasidan tushib dars qilardi va doim «besh» olardi. Institutda ham shunday oʻqidi. Ish boshqa gap. Ish odamni qolipga solib qoʻyadi, tartibga oʻrgatadi. Shunday boʻlsa ham Rahim Saidov bir gʻoyani uzoq oʻylab yurib, tajribani juda tez oʻtkazardi...

Ha, u oʻzini qoʻlga olishi kerak, tinchlanishi kerak. Dur, zirak, uzuk — hozircha ish boshlash uchun shular yetarli. U telefon trubkasini qoʻlga oldi.
— Hafiz? Bu men — Rahimjonman.
— Salom, Rahimjon. Nega kelmading? Tuzukmisan?
— Sen menga juda keraksan.
— Eshitaman.
— Yoʻq, telefonda aytolmayman. Kela olasanmi?
— Hozir, laborantlarga javob berib yuboray. Oldimda turishibdi. Bilasanmi, preparatli paxta ochildi. Bir chanokdagisi olti gramm! Uchastkadagi ham shunday natija bersa, marra bizniki!
— Juda yaxshi. Xursandman. Preparatsizligichi?
— Qovjirab yotibdi.
— Demak, bekorga ishlamabmiz. Xoʻsh, kelasanmi?
— Oʻn minutda uyingda boʻlaman...

Rahim Saidov uyni yana bir bor qarab chiqdi. Tryumoning hamma tortmalarini axtardi, yozuv stolining tortmalarini bir-bir titkiladi. Boshqa hech narsa chiqmadi. «Shuning oʻzi ham yetar», xayolidan oʻtdi uning. Munis oʻzi molparast edi. Rahim Saidovning sira yodidan chiqmaydi, toʻyning ertasiga u xotinidan qattiq ta’na eshitgan edi.

Said aka toʻy boʻlishi aniqlangach, tezlik bilan kelin tushirish uchun eski hovlining burchagiga bir uy, bir kichkinagina dahliz soldirdi. Uy shunchalik tez bitdiki, Rahim Saidov qurilish qachon boshlanib, qachon tugaganini payqamadi. Oʻrtamiyona uy. Oynalik, eshiklik... Hatto dahlizga kiraverishdagi zinaning ustiga zont ham qoʻndirildi. Rahim Saidovning oʻzi dadasining yonida turib eshiklarni qurishga yordamlashdi. Magazinda faqat yashil boʻyoq qolgan ekan, shuni olib keldi. Shiftini esa koʻchaning ogʻzida qurilayotgan koʻp qavatli binodan ikkita xotin ke-lib moylab ketishdi. Boʻyoq hidi ketmay toʻy boʻldi. Ertalab Rahim Saidov pishillab uxlab yotgan yosh xotinining yonidan turib institutga ketdi. Bormasa boʻlmasdi. Oʻrtoqlari uni uyaltirishdi, urishishdi, shundan keyingina uyiga qaytdi. Kelsa, Munisxon yigʻlagudek boʻlib oʻtiribdi. Tepasida ayasi.
— Nima qildi? — xavotirlanib soʻradi Rahim Saidov. Munisxon uchun ayasi javob berdi:
— Oʻgʻlim, sizdan shuni kutmovdim. Toʻyning birinchi kuni ham tashlab ketasizmi xotiningizni?
— Kechirasiz, bugun ish kuni edi, bilmabman. — Qizarib ketdi Rahim Saidov.
— Ministr uylansayam uch kun palagaysa. Bilishingiz kerak edi. Bu ham mayli. Qanday uyga tushirdinglar qizim bechorani? Boya kelsam, dagʻ-dagʻ titrab oʻtiribdi. Nima ekan desam, shiftda kaltakesak yuribdi, dumini lapanglatib!

Munisxon ham yigʻi aralash luqma tashladi.
— Qayoqdan topdingiz bu boʻyoqni? Hamma yoq olataroq boʻlib yotibdi.
— Xafa boʻlmanglar, shoshilib qoldik, — dedi boshini egib Rahim Saidov. — Boshqatdan remont qilaman. Kechirasizlar.

Aya chimirilib chiqib ketdi. Rahim Saidov xotinining yoniga oʻtirib, uni quchoqladi.
— e’tibor bermang, Munisxon, ozgina sabr qiling, ajoyib uyda yashaysiz. Yorugʻ, keng, katta...

Munisxon indamadi. Oʻsha kuni Rahim Saidov odati boʻyicha mollarga ovqat bergani molxonaga kirdi. Ularning ikki-uchta qoʻyi, bitta katta targʻil sigirlari bor edi. Said aka, bolalar ertalab albatta sut ichishi kerak, deb koʻp yillardan beri mol ushlardi... Rahim Saidov qoʻylarning bittasini koʻrmadi, sigir ham yoʻq edi. Qoʻy albatta toʻyga soʻyilgan boʻlishi kerak. Sigir-chi? U molxonadan chiqib supada bir guruh kishilar va qudasi bilan oʻtirgan dadasining yoniga bordi.
— Dada, sigir qani? Said aka jilmaydi.
— Uy qurishning oʻzi boʻladi, deysanmi, oʻgʻlim. Sotdim.

Rahim Saidov ogʻir xoʻrsindi. Said aka oʻgʻlining dilida nima boʻlayotganini sezdi shekilli, atrofdagilarga eshittirib gapirdi:
— Uyingiz omonat, oʻgʻlim. Kuzga borib remont qilamiz, charaqlab ketadi.

Rahim Saidov minnatdor ohangda otasiga qarab qoʻydi.

Kuzda uy remont qilindi. Yaxshi ustalar topildi, yaxshi ooʻyoqlar olib kelindi. Yashil shift oqish tus olib, yaraqlay boshladi. Sinʼka bilan oqlangan devorlar pushti rangga kirdi. Munisxon uch-toʻrt kun juda xursand boʻlib yurdi. Keyin boshqa narsa uni qiynay boshladi: qaynana yomon boʻlib qoldi. Har kuni mayda-chuyda gaplar, gʻiybat...

«Mana koʻrasiz, alohida tursak, juda yaxshi boʻladi. Atigi ikkalamiz boʻlamiz. Biz nimani talashardik?».

Rahim Saidov to bir qarorga kelguncha, Said aka masalani hal qildi. Munisxonning boshi osmonda edi. Koʻp oʻtmay yangi uyga koʻchishdi. Lekin... lekin janjal kamaymadi. Qaytanga koʻpaydi. Hammasining sababi mol edi, pul edi. Rahim Saidov shu qimmatbaho taqinchoqlarni oʻzi olib berganda ham, Munisxon yana bir yetishmovchilik topib janjal koʻtarishiga endi butkul ishongan edi.

Hafiz kelganda u oshxonada bufetning tortmalarini titkilardi. Kim biladi, balki bu yerga ham biron narsa yashirib qoʻygandir? U ancha oʻzini bosib olgan, tinch edi.
— Ha, nima qilyapsan? — soʻradi Hafiz.
— Qidiryapman.
— Nima?

Hafiz zoʻr yigit. Tanimagan odami, bilmagan narsasi yoʻq. Birpasda aeroportning xalqaro boʻlimiga kirib bilet toʻgʻrilab chiqdi. Hatto Qoʻqonga telefon ham qildirdi. Shu odam ertaga qaysi reysga bilet soʻrasa topib berishlariga unattirdi. Mana, ikki soat ichida Qoʻqonga kelib turibdi. Havo anchayin salqin edi. Toshkentdagidek dim emas. Yengil shamol esardi. Aeroportdan chiqqanda suv sepadigan mashina hamma yoqni changitib trotuar aralash suv purkab oʻtdi. Rahim Saidov qanchalik epchillik qilmasin, tuflisiga loy sachradi, aeroport binosiga kirishga toʻgʻri keldi. Kioskadan gazeta olib artdi. Qaytib koʻchaga chiqqanda trolleybus koʻrindi.

Munisxonlarning uyi teatrning orqasida edi, shunday markazda. Rahim Saidov bu shaharga kelishni yaxshi koʻrardi. Xotini shu yerlik boʻlgani, yo shahar markazida qoʻnadigan joyi boʻlgani uchun emas, shaharning oʻzi yoqardi. Kichkina, tinch, salqin... U kechqurunlari havo olib kelay, deb koʻchaga chiqar, allamahalgacha yopilmay turadigan, har qadamida uchraydigan doʻkonlar, velosiped mingan moʻysafidlar, yosh-yalangni tomosha qilardi. Tanish-bilishlar yo qaynatasi bilan takyalardan biriga borib devziradan osh qilishardi. Qoʻqonliklar choyxonani yaxshi koʻrishadi. Har bir mahallaning deyarli oʻz choyxonasi bor, shunga qaramay, har bir qoʻqonlikning oʻzi yaxshi koʻradigan joyi ham bor edi. Ubaydulla akaga Terakzor takya ma’qul tushib qolgan edi. Baland, tanasi qulochga sigʻmaydigan teraklar ostida yetti-sakkizta taxta soʻri qoʻyilgan, yoʻlkaning yonidan jildirab suv oqardi. Ozoda, tinch. Eng muhimi, bu yerga kelgan odam shahar ichida oʻtirganini unutardi. Rahim Saidovni uch-toʻrt marta qaynatasi shu yerga olib keldi, oʻzi osh qildi. Qip-qizil, har bir guruchi yaltirab koʻzni oladigan osh... Shu-shu Rahim Saidov qachon Qoʻqonga kelmasin, Terakzorga kelib, bitta osh qildirmasa koʻngli joyiga tushmasdi.

Trolleybusda ketayotib, choyxonaga kiradigan tor koʻchaga

koʻzi tushdi. «Ubaydulla aka balki shu yerdadir! — xayolidan oʻtdi uning, lekin nima haqida u bilan gaplashishi esiga tushib, tushgisi kelmadi. — Uyga boray-chi!»

Ubaydulla aka uyida edi. Soʻriga narvon qoʻyib, sap-sariq charos boshlarini qogʻozga oʻrayotgan edi. Kuyovini koʻrib, pastga tushdi.
— Keling, Rahimjon, oʻgʻlim!

Rahim Saidov salom berdi. Ubaydulla aka uni uyga boshladi.
— Keling, nechuk?
— Oʻzim, shunday...

Ubaydulla aka, ayvondagi xontaxta yoniga oʻtirishar ekan, kuyoviga sinchiklab qaradi.
— Said akam tinchmilar? Quda aya?..
— Hammasi tinch, salom deb yuborishdi... — dedi Rahim Saidov masalaga qanday yondoshishni oʻylar ekan. — Ayam qanilar?
— Shu yerda. Nonga chiqib ketuvdi. Halizamon kelib qoladi. Xoʻsh, Toshkentlar tinchmi?

Rahim Saidov qaynatasining nimani nazarda tutayotganini fahmladi. Qizining yettisini oʻtkazib qaytayotganida, u militsiyaga kirmoqchi va qotilni surishtirmoqchi edi. Rahim Saidov qaytardi, oʻzim xabar olaman, ovora boʻlmang, dedi. U qaynatasini ayagan, militsiyaga borib fojiani yana bir bor koʻz oldidan oʻtkazishini istamagan edi.
— Hali hech gap yoʻq. Shugʻullanishyapti, — dedi u va bugun uni chaqirishgani, ba’zi narsalarni soʻrashganini aytib berdi, lekin undan ham gumonlari borligi haqida ogʻiz ochmadi.
— Munisning qandaydir tanishlarini surishtirishdi, — dedi u gapining oxirida.
— Qanday tanishlari? — qiziqdi Ubaydulla aka.
— Men bilmagan tanishlari. Bilmadim, — dedi.
— Bor ekanmi shunaqalar?
— Ha, bor ekan?
— Ularni qidirib nima qilishmoqchi?
— Nazarimda, oʻsha kuni qaerlarda boʻlgan, shuni bilishmoqchi boʻlsa kerak. Men bilgan narsamning hammasini aytib berdim.
— Ha, durust. Qani, choyga qarang. — Ubaydulla aka telpak bosilgan choynakdan choy quyib uzatdi. — Men qotilni koʻrishga toqatim yoʻq. Basharasi qursin uning. Nega oʻldirgan, sababini bilmoqchiman. Nima uchun endi tuppa-tuzuk yurgan odam oʻlib ketaveradi? Munisning kimga ogʻirligi tushgan ekan? Yo bu oddiy bezorilikmikan? Sizning oʻzi hech tusmolingiz yoʻqmidi?

Rahim Saidov endi aytish mumkinligini sezdi.
— Shu masalada keldim oldingizga.
— Xoʻsh-xoʻsh?
— Munisning yonidan bir qancha qimmatli narsalar topishibdi. Uzuk, zirak. Ancha qimmat. Ikkalovi ming soʻmga boradi. Koʻrsatishdi. Bunaqa narsalar unda yoʻq edi. Bitta ziragi bor. Uni bilaman. Bu boshqacha. Koʻzlari brilliantdan. Uzugi katta, yoqut koʻzli uzuk. Oʻsha kuni ertalab qoʻlida koʻrgan edim. Jez, degan edi. Jez emas ekan. Uch yuzu qancha turar ekan. Qaerdan olgan bularni, kim bergan? Ayam bilmasalar, boshqa hech kim bilolmayapti. Keyin uydan manavi dur chiqdi.

Rahim Saidov choʻntagidan durni olib, qaynatasining oldiga qoʻydi.
— Bu ham juda qimmat turar ekan. Bitta ipi besh yuz atrofida. Boshim qotib qoldi.

Rahim Saidov boshini egdi.
— Bu dur ayangizda yoʻq edi. Boʻlsa, men bilardim. Ubaydulla aka durni kunga soldi.
— Shunaqa qimmat turar ekanmi?
— Shunaqa deyishdi.
— Surishtirmaganmidingiz, qaerdan olding, deb?
— Oddiy munchoq degan edi. Rostini aytmaganini qaerdan bilaman?

Ubaydulla aka soqolini tutamlab, xayolga toldi. Qizidan ajragani oʻzi bir azob edi, yoniga bu ham qoʻshildimi endi? Qaerdan oldi ekan u bularni?

U qizini yaxshi bilardi. Tutgan yeridan kesadigan odam. Bu jihatdan onasiga oʻxshardi. Onasidan u yana yasan-tusanni, molga havas qoʻyishni olgan edi. Yoshgina qizcha ekan, uyiga kim kelsa boʻyrachoʻp koʻtarib oldiga borardi.
— Oʻsma qoʻyib qoʻying.

Oʻsma, keyin surmaga oʻtdi, xinaga...

Ubaydulla aka oʻz ta’sirini unga oʻtkaza olmaganidan koʻp kuyinardi, lekin hech narsa qila olmasdi. Tabiatan yumshoq, koʻngilchan odam, yolgʻiz farzandini urishishga tili bormasdi. Buning ustiga xotini butun vujudi, yuragi bilan qiziga yopishib olgan edi.

Uzoq yillar tirnoqqa zor boʻlib ne-ne doktorlar, tabib va folbinlarga qatnagan va hamma narsadan umid uzganida boʻyida boʻlib, farzand koʻrgan aya Munisxonga sigʻinish darajasiga yetgan edi. U qizining otasi ham borligini, u ham ta’lim-tarbiya ishlariga faqat maktabda emas, uyda ham aloqadorligini unutgan, hatto tan olmas edi. Xotinining tabiatini yaxshi bilgan Ubaydulla aka koʻp urinishlardan soʻng qoʻlini yuvib qoʻltiqqa urdi. Ammo juda ham koyindi. Munis tengqurlariga oʻxshamasdi: juda erka edi, serjahl edi... Qiziga qarab turib, oʻzidan juda kam oʻxshashlik topardi. Qirra burni, qalin qoshi bir oz unga oʻxshab ketardi. Qolgan hamma tomondan butunlay onasining oʻzi edi. Toshkentlikka turmushga chiqmoqchiligini eshitib, u xursand boʻldi. Olis joy, yolgʻizlik Munisning ancha tanobini tortib qoʻyadi, deb oʻyladi. Xotini bilan qattiq tortishdi. Oxiri u aytgandek boʻldi. Aya rozi boʻldi. Lekin eriga quloq solganidan emas, qizining boʻyida boʻlib qolganidan, noiloj rozi boʻldi. Buni Ubaydulla aka toʻydan keyin bildi. Bildi-yu, xunob boʻlmadi. U shunday ketaversa, qizi bir kun ularni sharmanda qilishiga koʻzi yetardi. Yigit insofli ekan, shunday boʻlmadi. Uning Rahim Saidovga boshqacha, juda iliq munosabatda boʻlishining sabablaridan biri ham shu edi. Rahim Saidovni koʻrgandan keyin esa, qizidan ham xursand boʻlib qoʻydi. Kuyov bir koʻrishdayoq unga yoqib qoldi. «Oʻzimga oʻxshagan ekan, yumshoq, koʻngilchan», — xayolidan oʻtkazdi u va ayni vaqtda unga achindi ham. Qiziga bunday yigit emas — Oʻjar, qattiqqoʻl, uning oʻziga oʻxshab tutgan yerini kesadigan odam er boʻlishi kerak edi. Shunda Munis popukdek boʻlib yurishi mumkin edi. Bunday yigitning esa u boshiga minib olishi turgan gap edi. Shunday boʻldi ham. Toʻydan keyin Ubaydulla akaning birdan-bir tashvishi — kuyovini qoʻldan chiqarmaslik boʻlib qoldi. Oʻzicha Rahim Saidov ajralmas edi qizidan. Lekin doʻst-birodarlarining maslahatiga kirib ketishi mumkin edi. Shuning uchun Ubaydulla aka har bir masalada kuyovining yonini olar, xotini sal gʻingshiy boshlasa, darhol hujumga oʻtardi.

Qiziga aloqador bu sabablardan qat'i nazar, Rahim Saidov unga odam sifatida yoqib qolgan edi. Bitta yigit boʻlsa shunchalik boʻladi-da, derdi ikki gapining birida va xotiniga maslahat berardi:
— Qizingga aytib qoʻy, bunaqa er koʻchada yotmaydi. Pul kerak narsa, pulsiz hayot boʻlmaydi. Lekin undan qimmatli narsalar ham bor: obroʻ, vijdon, aql, madaniyat. Shunaqa narsalar borligini biladimi qizing?
— Voy, muncha qizimni yerga urasiz? — zarda bilan javob qilardi xotini. — Pul deb, nima, erining hiqildogʻidan boʻgʻyaptimi? Yosh narsa, kiyingisi, oʻynagisi keladi-da. Oʻsha siz aytgan narsalar qizimda ham oshib-toshib yotibdi. Qopga solsa ogʻzini yopolmaysiz!

Ubaydulla aka gapni chuvalatib oʻtirmasdi. Xotinining jahli chiqqani, jindek boʻlsa ham unga qoʻshilgani edi. Ikkinchidan, oʻsha «ogʻzi yopilmaydigan qop»da nima borligini yaxshi bilardi. Har qoʻl solganda bironta tashvish chiqardi u qopdan. Mana, hozir ham yangi tashvish paydo boʻlgandi...

Dimoqqa issiq non hidi urildi. Ostonada aya paydo boʻldi. Rahim Saidov uni koʻrishi bilan hayron qoldi. Toʻla, qip-qizil magʻizdek ayol bir haftada choʻpdek boʻlib qolgan edi. Oʻrnidan turdi.
— Voy, Rahimjon, keling, bolam!

Aya shunday deb unga yuzlandi-yu, yigʻlab yubordi.
— Qanday kunga qoldi boshim?.. Yonizda Munisimni koʻrganday boʻlib ketdim!.. Bolam, bolaginam! Qaysi uyga kirmay, sharaqlagan kulgisini eshitaman, yuraklarim ezilib ketadi. Yolgʻon boʻlsa-ya, bolam, Rahimjon! Boshqa odamdir oʻlgan? U tirikdir? Mani tashlab ketadimi shunaqa ezib?..

Ubaydulla aka ham, Rahim Saidov ham u koʻnglini boʻshatib olguncha jim, boshlarini egganlaricha turishdi. Aya yana nimalarnidir gapirib, qoʻlidagi roʻmolga tugilgan nonni tokchaga qoʻydi. Roʻmol uchi bilan koʻzlarini artib, oʻtirishga taklif etdi.
— Eson-omonmisiz? Oyiz, dadayiz tinchmilar?
— Rahmat... Bir koʻrib ketay dedim...
— Yaxshi qilibsiz, — aya shunday dedi-yu, kuyovining kelishi bejiz emasligini sezdi. — Nima, yigirma oʻtkazasizlarmi? — U qoshlarini chimirdi, aftidan jahli chiqqan edi. — Muncha tez?
— Yoʻq, yigirmani hali oʻylaganimiz yoʻq. Men... Ubaydulla aka imo bilan kuyovini toʻxtatdi, oʻzim aytaman, degandek unga imlab qoʻydi.
— Nima gap? — sabri chidamay soʻradi aya.
— Hech gap yoʻq, — dedi Ubaydulla aka. — Qotillarni qidirishayotgan emish. Bugun Rahimjonni chaqirishibdi.
— Ha, ma’lum boʻlibdimi?
— Hali yoʻq. Topishadi.
— Menga nima foyda? Topishgani bilan qizim tirilib kelarmidi?

Aya yana koʻziga yosh oldi.
— Menga qara, bu... marvaridingni qizingga berganmiding?
— Ulgurolmadim, dadasi, ulgurolmadim. Endi beraman deb turuvdim.

Ubaydulla aka kaftidagi durlarni xotini oldiga tashladi.
— Manavi emasmi?
— Yoʻq, maniki mayda. Bu qatdan kelib qoldi? Aya durlarni qoʻliga olib koʻrdi.
— Bu kimniki ekan?
— Qizingniki...
— Qizimniki? Yoʻq, unda dur yoʻq edi. Yo olib beribmidingiz?

Aya kuyoviga qaradi.
— Yoʻq. Oʻzi olgan.
— Bu qimmat turadi-ku? Shuncha pulni qayoqdan olibdi?
— Sen bermaganmiding? — soʻradi Ubaydulla aka.
— Voy, menda pul bormidi? Oʻlimligimga atab qoʻyganim bor. U urvoq ham boʻlmaydi. Nima gap oʻzi? Tinch-likmi?

Aya koʻzlarini pirpiratib, bir eriga, bir xomush oʻtirgan kuyoviga qaradi.
— Qizingning yonidan yana ming soʻmga yaqin mol chiqibdi.
— Nima ekan?
— Zirak, uzuk...
— Qudam bergan zirakni bilaman. U bunaqa qimmat emas. Nikoxda taqqan uzugi juda arzon, ellik soʻmmi, oltmish soʻmmi.
— Xoʻp, bu narsalar qizingda qanday paydo boʻlib qoldi?
— Men qatdan bilay? Oʻrtoq-poʻrtogʻinikidir?..
— Surishtirdik, — dedi Rahim Saidov.
— Biron-yarimtadan qarz olib beribmiding? — tus-mollab soʻradi Ubaydulla aka.
— Voy, kimdan olib beraman shuncha pulni?
— Rostini gapir, dayus!

Ubaydulla aka xontaxtaga musht urdi. Rahim Saidov qaynatasini bunday ahvolda birinchi koʻrishi edi, qoʻrqib ketdi.
— Qoʻying, dada! — deb uni qoʻlidan ushladi. Ubaydulla aka parvo qilmadi. Kuyovidan ham battar qoʻrqib ketgan aya oʻzini orqaga tashlab, eriga tikilganicha qolgan edi...
— Gapir, deyapman! Kimdan olgansan?
— Hech kimdan olganim yoʻq. Nima deyapsiz, oʻzi? Olsam, sizdan yashiramanmi? — Zoʻrgʻa, lablari pirpirab javob kildi aya.
— Rostmi?
— Tepamda Xudo turibdi!
— Yolgʻon boʻlsa, tilingni sugʻurib olaman!
— Xudo ursin, rost! Qariganimda aldab oʻlibmanmi? , — Boʻlmasa kim bergan qizingga bularni?
— Men qatdan bilay?..

Oʻrtaga noqulay jimlik tushdi. Rahim Saidov oʻrnidan turib ketmoqchi boʻldi, lekin ularni shu ahvolda tashlab ketgisi kelmadi. Ularda nima gunoh? Ular ham hech narsani bilmagan boʻlishlari kerak. Ha, bilishmagan. Munis hech kimni oʻz ishlariga aralashtirmagan. U endi buyumlarning qanday paydo boʻlganini aniq bilardi. Qiziq, biladi-yu Munisga nisbatan oʻzida hech qanday nafrat sezmasdi. U oʻzidan nafratlanardi, oʻzining ahvolidan kuyunardi.
— Men boray...
— Qayoqqa? — Ubaydulla aka kuyoviga oʻgirildi.
— Ketishim kerak...

Rahim Saidov oʻrnidan turdi.
— Choy ham qoʻymadim sizga.. — dedi aya.
— Rahmat.
— Kuzatib qoʻyaman. Nimada ketasiz?

Buning ahamiyati yoʻq edi. Biron narsa topilar. Ular oldinma-ketin koʻchaga chiqishdi.
— Aeroportning oldida taksi boʻladi. Lekin qolsangiz boʻlardi.

Rahim Saidov javob bermadi.

Aeroportda soʻnggi samolyot oʻn minut oldin uchganligini, lekin bitta ham boʻsh joy boʻlmaganligini aytishdi.
— Taksi boʻlib qoladi, — dedi Ubaydulla aka.
— Siz ketaversangiz boʻlardi, — iltimos qildi Rahim Saidov.
— Siz bilan ketgim kelyapti-yu Toshkentga, ilojim yoʻq. Ayangiz oʻzini bir balo qilib qoʻyishi mumkin. Siz olib kelgan xabardan keyin u oʻzini yoʻqotib qoʻydi.
— Meni kechiring.
— Sizda nima ayb?.. — Ubaydulla aka bosh chayqadi. — Sizda ayb yoʻq...
— Yoʻq, ayb menda... — Rahim Saidov ogʻir xoʻrsindi. — Nazarimda unga yaxshi qaray olmadim. Uni oʻz holiga tashlab qoʻydim.

U shunday dedi-yu, haqligini angladi. Chindan ham xayolidan oʻtdi uning, Munisni oʻz holiga tashlab qoʻymadimi u? Uning ishiga aralashdimi? Istaklari nima? Bilishga qiziqdimi? Ertalab ishiga ketdi, kechqurun charchab qaytdi. Uyida ham oʻz ishini oʻyladi. Munis kun boʻyi nima qilgani bilan, qaerlarda boʻlgani bilan ishi boʻlmadi. U oʻzi gapirsa quloq soldi. Savollariga xolis, bafurja javob berdi, lekin shundan nariga oʻtmadi. Onasi ishlayotgan maktabdan boʻshagani esida. Toʻgʻrirogʻi, boʻshaganini bilmadi, boʻshab, yangi ishga kirganini bildi. Buni ham Munisning oʻzi aytdi.
— Juda zerikib ketdim. Nuqul bolalar, bolalar! Mendan oʻqituvchi chiqmaydi.
— Bu ishingiz tuzukmi?

Rahim Saidov komandirovkaga tayyorgarlik koʻrayotuvdi. Ertalab uchishi kerak edi.
— Albatta. Muhimi, ish kam. Kabinet nomigagina kabinet. Hamma kerakli oʻqish qurollari kutubxonada. Faqat maoshdan oʻn soʻm yutqazdim.
— Pulni oʻylamang. Maoshingizga men qoʻshib beraman. Oʻzingiz xursand boʻlsangiz, boʻldi. Plashimni koʻrmadingizmi?
— Shifonerda boʻlsa kerak...
— Topdim. Kabinetda ekan. Qoʻrqmaysizmi men yoʻgʻimda? Rahim Saidov xotinini quchoqladi.
— Oʻrgatib qoʻydingiz-ku! Men aytgan atlasni albatta olib keling, boʻlmasa, uyga kiritmayman.
— Xoʻp boʻladi. Qanaqa edi?
— Ana, aytmadimmi, esingizdan chiqadi deb?! Yozib oling. Namozshomgul.
— Boʻldi, esladim...

Har doim shunday edi. Uning uchun xotinining yonida oʻtirgani, ishlayotganida tepasiga kelib qogʻozlariga tushunmasa ham, yosh boladek iyaklariga mushtlarini tirab tikilishi kifoya edi. Toʻgʻrirogʻi, u shuni istardi, boshqa narsa bilan ishi yoʻq edi. Oʻyga ham, xotiniga ham oʻz institutining, oʻz hayotining bir qismi deb qarardi. Albatta, buni oʻzi bilmasdi. Bir kuni laboratoriyada nima ham qilayotganida, ha, vilt tushgan gʻoʻzaga issiqlikning ta’sirini tekshirib turganida Munis telefonda chaqirib qoldi.
— Rahimjon aka, bugun Faridalarnikiga boramiz-a? Esingizdami?
— Yoʻq, nega boramiz?
— Axir, bugun uning tugʻilgan kuni! Ertalab gaplashdik-ku! Men sovgʻa ham olib qoʻydim. Indiyskiy vaza. Juda chiroylik. Nechalarda kelasiz?
— Munisxon, azizim, oʻzingiz bora qoling... Juda ish koʻp.

Munisxon «uh» tortdi.
— Bitta oʻzim boramanmi?
— Nima qilibdi, oʻrtogʻingiz-ku?! Men kutib olaman. Koʻchaning ogʻzida turaman. Kelishdikmi?
— Kelishdik, — xoʻrsindi Munisxon. — Oʻnlarda qaytaman.
— Boʻpti.

U oʻnda emas, oʻn ikkilarda qaytdi. Rahim Saidov xafa boʻlgani yoʻq. Oʻzi shuni istagan edi. Xotini kechiqdi, xolos. Mehmonga borgandan keyin, shu-da.
— Voy, Rahimjon aka!.. — dedi xursand holda Munis. Undan yengil konʼyak hidi kelardi. — Biram yaxshi boʻldi. Juda achindim bormaganingizga... Faridaning eri shunaqangi quvnoq odam ekan... Kuldiraverib ichaklarimizni uzdi.
— Xursandmisiz, ishqilib?
— Judayam.

Rahim Saidov shularni va shunga oʻxshash voqealarni eslab, oʻzini gunohkor sanay boshlagan edi.
— Ha, ayb menda, — dedi ovozini chiqarib. — Uni yolgʻiz qoʻyib qoʻydim. Bunday qilmaslik kerak edi.

Ubaydulla aka uning gapini oʻzicha tushundi.
— Siz uni erkin qoʻyib qoʻydingiz. Buning qadriga yetmadi u. Boʻldi, oʻgʻlim, oʻzingizni qiynamang. Bilaman, sizga ogʻir. Menga ham ogʻir. Qizim bor, deb faxrlanardim. Bir hafta burun qizimdan mahrum boʻldim, bugun esa... faxrimdan...

Rahim Saidov uni nima deb yupatishni bilmadi. Taksi keldi.
— Toshkentga borasizmi?
— Necha kishisiz?
— Bir oʻzim.
— Yana uch kishi kerak.
— Ularning haqini toʻlasam-chi?

Shofer bir oz oʻylanib turdi-da, keyin qoʻlini siltadi.
— Oʻtiring!..

... Tun qoʻyniga kirgan shahar asta-sekin uyquga keta boshlagan edi. Katta yoʻlga chiqishganda, chiroqlar kamaydi, Rahim Saidovning choʻntagida ipga tizilgan durdek yoʻlning ikki chekkasida miltillay boshladi. Shofer gazni bosdi. Mashina bir-ikki entikib, qushdek uchib ketdi.

Rahim Saidov oʻz xayollari bilan band boʻlib, Poʻnkanga yetganlarini, oldinda qorayib togʻning baland-past qoyalari koʻrina boshlaganini payqamay qoldi. Dovonga chiqayotganlarini eti junjikib, sovuq yeya boshlaganidan bildi. Beixtiyor yelkalarini silay boshladi.
— Orqangizda kostyum bor, tashlab oling, — dedi shofer.

Rahim Saidov uyalib turgan edi, oʻzi olib berdi.
— Ancha yengil chiqibsiz, shamollab qolmang tagʻing... Rahim Saidov pidjakni yelkasiga tashladi. Birpasda badaniga iliqlik yugurdi.
— Ish zarurmi, deyman, kutgingiz kelmadi?
— Ha, ketish kerak boʻlib qoldi.
— Cheking... — shofer «BT» qutisini uzatdi. — Birlarda Toshkentda boʻlamiz.

Rahim Saidovga buning ahamiyati yoʻq edi. Uning xotinining uyidan tezroq chiqib ketgisi kelgan edi, niyatiga yetdi. Endi ertalab Toshkentga kirib borishsa ham mayli.

Mashina qiynalmasdan dovonning tepasiga chiqdi. Choyxona oldida ikki-uchta mashina koʻrindi.
— Qorin qalay? - soʻradi shofer.
— Nima edi?
— Kechasi shu yerda ovqat qilishadi. Yeb ketsak...
— Mayli.

Ular choyxonaga kirishdi. Deraza yonida uch-toʻrt kishi ovqatlanib oʻtirishardi. Boshqa hech kim yoʻq. Shoferga tanish chiqib qolishdi shekilli, ular bilan soʻrashib ketdi. Rahim Saidov burchakdagi stol yoniga oʻtirdi. Choyxonachi bola darhol choy, qand olib keldi.
— Ovqatlanasizmi?
— Ha. Ikkita lagʻmon ber.

U bir piyola achchiq koʻk choyni ichib boʻlganda, shofer yoniga keldi.
— Zerikmayapsizmi? Hozir bittadan lagʻmon yeymizu, yoʻlga tushamiz. Shundogʻ eshigingizning tagiga olib borib qoʻyaman.

Choyxonachi bola ikkita toʻla kosa lagʻmon olib keldi. Sarimsoq, rayhon hidi dimoqqa urildi.
— Shu yerda yaxshi tayyorlashadi, — dedi shofer. — Qani, oling... Men lagʻmonni yaxshi koʻraman... Rahmatlik xotinim yaxshi tayyorlardi.. Yeb toʻymasdim...

Rahim Saidov shoferga qaradi. U oʻrta yashar, qirqlarga borgan boʻlsa kerak...
— Toʻrt oy boʻldi oʻlganiga. Beshta bola bilan qoldim, — shofer ishtaha bilan ovqatlana boshladi. — Uchtasining esi kirib qolgan. Ikkitasi yosh. Bittasi bogʻchada, bittasi yaslida. Shuning uchun ham kechasi ishlayman. Ha, mazangiz yoʻq? Oling! Koʻz-quloq boʻlib turmasam boʻlmaydi, hammasi oʻgʻil... Odamdek chidamli maxluq boʻlmas ekan. Oʻlib qolaman, devdim gʻamdan. Yoʻq, koʻnikib ketdim. Bir oy yotdi shoʻrlik. Rangi-boshi joyida, nimaligini qazosidan keyin bilishdi. Miya raki boʻlgan ekan. Yemadingiz-ku?
— Boʻladi shu.

Rahim Saidov qoʻlidagi qoshiqni deyarli buzilmagan kosaga soldi.
— Ketdik boʻlmasa, — shofer fotihaga qoʻl yozdi. — Yigit oʻlmaylik. Omin!

Rahim Saidovning shoferga havasi kelib ketgan edi. Qanday odamlar bor-a, dunyoda! Ular qanday yashash, nima qilish kerakligini bilishadi. Ularning har bir qadami rejali. U shunday oʻylab, boshidan oʻtganlarning hammasini aytib bermoqchi boʻldi, shu zabardast odamning maslahatini olmoqchi boʻldi, lekin negadir yuragi dov bermadi. Lozimmidi shu? Nahotki oʻz yelkasidagi yukni oʻzi koʻtara olmasa?

Oldinda sherning haykali oqarib koʻrindi.
— Shu yerda toʻxtating, — iltimos qildi u.

Shofer mashinani chetga oldi. Rahim Saidov choʻqqilarga tikilib turgan sherning oldiga keldi. Shu yerda u Munisni koʻrgan edi. Shu yerda, baxtimni topdim, deb oʻylagan edi. Koʻz oldiga oʻsha birinchi marta koʻrgandagi Munis keldi. Mana, u qoʻllarini beliga tirab turibdi... Yosh, kelishgan, quvnoq...

«— Meni olib ketinglar... Zarur ishim bor edi Toshkentda...»

«— Kuyov bola yolgʻiz qolar ekan-da?» «— Voy, nega unday deysiz? Jiyanim-ku?» Munis, uyalmaysizmi, degandek unga qaradi. Uning shun-day qarashini Rahim Saidov yaxshi koʻrardi. Shuning uchun ham qanchalik achchiq gaplarni eshitmasin, qanchalik jahli chiqmasin, shunday qarashini koʻrishi bilan erib ketardi, bagʻriga bosib, choʻchchaygan lablaridan oʻpardi. Toshkentda boʻron turdi. Uch yil boʻldi shekilli shunga. Institut hovlisida simlar bir-biriga urilib, charaqlardi, moʻrt daraxtlarning shoxlari sinib tushdi. Keyin doʻl yogʻdi. Undan keyin yomgʻir. Rahim Saidov kabineti derazasidan qarab turardi. Hovlida zont tutgan ayol paydo boʻldi. Sariq rang etigidan tanidi. Munis edi. Yugurib chiqdi. Xotini plash olib kelgan edi.
— Ertalab aytdim-ku, kiyib keting, deb? — zarda qildi u.

Rahim Saidov zont ostiga boshini suqib, xotinining choʻchchaygan lablaridan oʻpdi.

Xotini hozir ham uning tepasida zont ushlab turgandek boʻlib ketdi nazarida. U seskanib atrofiga qaradi. Tilsiz, bir oyogʻi singan sher choʻqqilarga qarab turardi.
— Munis... Munis... nima qilib ketding?..

Hech kim javob bermadi. Munis oʻz sirini oʻzi bilan olib ketgan edi.

7

Kapitan Aliev serjant Qoraboev va leytenant Sultonovlar olib kelgan suratlarni solishtirdi. Oʻn olti-yu qirq toʻrtinchi uyda turuvchi odam ham, «Gulchehra» tayyor kiyimlar magazinining bosh tovarovedi ham bir odam edi: Anatoliy Nazarovich Olloyorov.

Leytenant Sultonovning aniqlashicha, u shu magazinda uch yildan beri ishlaydi. Obroʻyi yaxshi. U kelgandan beri magazin planini ortigʻi bilan bajaradigan boʻlib qoldi. Oʻtgan yili hatto rayon koʻchma Qizil bayrogʻini oldi. Xushmuomala, chaqqon, juda intizomli odam. Xullas, magazin direktori uni juda maqtadi.

Mahalladan olingan ma’lumot ham uni ancha-muncha shubhadan xoli odam qilib koʻrsatdi. Toʻrt yil boʻlibdi Samarqand darvozaga koʻchib kelganiga. Qaerdan kelgan — buni mahalla komissiyasining raisi aytib berolmadi. Moʻmin, qobil, anchayin mahallagoʻy odam, dedi u. Oʻtgan yili mahallada ishlatish uchun yigirma chinni choynak, yuzta piyola olib berdi. Tekinga. Aytilgan joydan qolmaydi. Janozalarda tobutni birinchi shu koʻtaradi. Keksa onasi bor. Bechora, koʻr. Shuning uchun mahallaga aralashmaydi, doim uyda. Bir-ikki toʻyga aytib koʻrildi, chiqmadi. Toʻpaxoʻjaning oʻzi ham (uning asli ismi shunday edi) u kishini bezovta qilmanglar, qiynaladi, dedi. Shu-shu unga tegilmaydi.

Kapitan Aliev Olloyorovni chaqirishga qaror qildi. Undan oldin qorovul ayolga uning suratini koʻrsatmoqchi boʻldi. Kim biladi, balki tanir? Oʻsha qora portfelʼ koʻtargan odam shudir?

Qorovul ayol oʻzini koʻp kuttirmay gʻirillab keldi. Suratga uzoq tikilib turib:
— Shu! — dedi qat'iy ohangda. — Tanidim, shu, yashshamagur!..
— Oʻzi bilan yuzlashtirsak, soʻzingizdan qaytmaysizmi? — soʻradi kapitan.
— Meni kim deb oʻylayapsiz? — Xafa boʻldi qorovul ayol. — Rahmatlik amakingizdan ham koʻrqmaganman! Amakingizni jahli yomon edi. Bir oʻqraysa bormi, odamni yuragi chiqib ketardi!..
— Boʻpti boʻlmasa! — dedi kapitan. — Ertaga oʻn birga mashina yuboraman. Kelib ketasiz.
— Shu oʻldirganmi? — soʻradi qorovul xotin qiziqib.
— Buni hali hech kim bilmaydi. Balki shunchaki tanishdir?..
— Silarniyam ishiyla ogʻir...

Ertasi kuni ertalab, kapitan belgilagan vaqtda Olloyorov keldi. Aliev unga qaradi-yu, Rahim Saidovning xotini bergan xarakteristika esiga tushdi. Soʻlaxmonday burni... soqol-moʻylabi yaxshilab qirilgan boʻlsa ham, shunday qorayib turibdi. Oxirgi tugmasi solinmagan finkasidan koʻkrak yunglari chiqib turibdi.
— Keling, grajdanin Olloyorov! — Kapitan roʻparasidagi kresloni koʻrsatdi. — Marhamat.
— Rahmat.

Olloyorov oʻtirdi. Uning ovozi yirik gavdasiga yarashmagan ingichka edi.
— Nima uchun chaqirganimizni bilasizmi?
— Mutlaqo xabarsizman, oʻrtoq kapitan... Olloyorov oʻrnidan turmoqchi edi, kapitan qoʻlini koʻtardi.
— Oʻtiravering, oʻtiravering. Chekasizmi?

Kapitan oldidagi sigaret qutisini Olloyorovga tutdi.
— Chekmayman, kechirasiz.

«Xarakteristika toʻgʻriga oʻxshaydi, — xayolidan oʻtkazdi Aliev. — Oʻta muloyim».
— Biz sizni grajdanka Munis Saidova masalasida chaqirdik. Siz uni bilarmidingiz?

Kapitan unga tikilib qaradi. Ammo unda hech qanday oʻzgarish sezmadi.
— Munis Saidova? — soʻradi u. — Birinchi eshitishim. Kim ekan u? Bilsam boʻladimi?
— Ha. Mijozlaringizdan. U sizdan mol olib turgan, kofta, tufli.
— Kechirasizu, eslolmayapman. Olloyorov xijolat chekkandek jilmaydi.
— Nahotki bilmasangiz? — Oʻz navbatida samimiy, hayron boʻlib soʻradi kapitan. — Magaziningizga u koʻp qatnagan boʻlishi kerak?
— Oʻlay agar, eslolmayapman. Bilasiz-ku, bizning magazin chorrahada. Odam koʻp. Ayniqsa, ayollar. Hech eslolmayapman.
— Manavi ayolni taniyapsizmi?

Kapitan Olloyorovga Munis Saidovaning suratini uzatdi.
— Tanishga oʻxshaydi. — Olloyorov suratni koʻziga yaqinroq olib borib qaradi, uzoqroqdan tomosha qildi. — Koʻrgandekman. Qaerdadir koʻrgandekman. Magazinda boʻlsa kerak, albatta. Saidova shumi?
— Ha, — dedi kapitan va suratni undan oldi. — Demak, qaerdadir koʻrgansiz? Aniqrogʻi, magazinda?
— Ha-ha, shunday boʻlishi kerak. Nima edi, oʻrtoq kapi-tan, tinchlikmi?

Aliev javob bermay, oʻchib qolgan sigaretini tutatdi.
— Ayollar qiziq, — dedi Olloyorov kresloga suyanib, jilmaydi. — Hech yaxshilik qilmay deymanu, koʻngil boʻshlik qilib qoʻyaman, keyin boshim gʻalvadan chiqmaydi.
— Saidovaga qanday koʻngil boʻshlik qilgan edingiz?
— Bilmasam, — xotirjamlik bilan javob berdi Olloyorov. — Odatdagidek, biron narsani beochered olib bergandirmanda... Suratiga qaraganda, yaxshi ayolga oʻxshaydi...
— Ha, chiroyli ayol, — unga qoʻshildi kapitan. — Demak, u bilan tanishmassiz? Faqat koʻrgansiz, xolos?
— Xuddi shunday, oʻrtoq kapitan. Nima, — Olloyorov sirli ohangda kapitanga engashib soʻradi, — biron chatoqlik qilib qoʻyibdimi?
— Munis Saidova... Munis Saidovani oʻldirib ketishibdi.
— Yoʻgʻ-e! — Olloyorovning koʻzlari qinidan chiqib ketayozdi. — Nega? Qachon?
— 21 avgust kechasi, — kapitan unga yana jiddiy tikildi.

Bu gal Olloyorov dosh berolmay koʻzini chetga oldi.
— Attang!.. Yosh ekan!.. — Olloyorov boshini sarak-sarak qildi. — Bechora uvol ketibdi. Ota-onasi qaqshab qolibdida, attang, attang! Bola-chaqasi bor ekanmi?
— Yoʻq. Yolgʻiz eri, xolos.
— Baribir jabr boʻlibdi, attang... Qotil topildimi, oʻrtoq kapitan?
— Qidiryapmiz...
— Ha, yaramaslar!.. — Olloyorov mushtini tugdi. — Xuliganlar! Bunaqalarni topish ham hazil gap emas. Odam oʻldiradi-yu, mana men, deb turarmidi?! Allaqachon qochib ketgandir?..
— Shu yerda boʻlishi ham mumkin, — dedi kapitan. Olloyorov yalt etib unga qaradi-yu, darrov koʻzini oldi.

Boshqa odam buni sezmasligi mumkin edi, lekin zajigalkasini oʻynab oʻtirgan kapitan Aliev sezdi va beparvolik bilan suhbatdoshidan soʻradi:
— Nima deysiz?
— Nima desam boʻladi... — Olloyorov qoʻllarini yoyib, kapitanga qaradi. — Xato qildim. Boshida rostini aytsam boʻlardi. Ishoning, oʻrtoq kapitan, qoʻrqib ketdim.
— Nimadan? Nimadan qoʻrqdingiz?
— Oʻzingizdan oʻtadigan gap yoʻq, ishimiz nozik, savdo ishi. Tanirdim, Munis Saidovani. Toʻgʻrisi, Saidovaligini bilmasdim. Faqat nomini bilardim. Munis, Munisxon. Juda kelishgan, xushtabiat ayol edi. Yasan-tusanni yaxshi koʻrardi. Bir marta keldi yalinib, ikki marta keldi. Rahmim keldi. Odamgarchilik yuzasidan unga ul-bul olib bergandim. Bechora, doim xursand boʻlib ketardi.
— Uyingizga ham borarmidi?
— Bir-ikki marta borgan. Anavi ayol toʻgʻri gapiryapti. Tirikchilik, ba’zi noyob narsalardan uch-toʻrttasini olib qoʻyaman. Uydan olib ketishadi. Albatta, tanish-bilishlar. Saidova ham bir-ikki marta borgan. Kechiring, oʻrtoq kapitan, ikkinchi bu noma’qulchilikni qilmayman. Qari, nogiron onam bor. Shuning hurmati, kechiring.

Kapitan uning koʻzida yosh koʻrib, ijirgʻanib ketdi.
— Oxirgi marta uni qachon koʻrgan edingiz?
— Hozir, hozir eslayman... — Olloyorov shosha-pisha lablarini osiltirib, mushtlari bilan koʻzlarini artdi. — Buni qarang, hech esimga kelmayapti... Ha, xotirladim, avgustning boshlarida.
— Nima berdingiz?
— Sotding, deng?
— Xoʻp, sotdingiz?
— Oʻlay agar, esimda yoʻq. Oʻrtoq kapitan, kechiring, esimda yoʻq. Ruxsat bersangiz, ertaga bilib kelaman nima olganini. E Xudo, nima kunga qoldi boshim?! Shundan keyin, yaxshilik qilay birovga... ahmoq!

Olloyorov peshanasiga urdi.
— Ogʻir boʻling, grajdanin Olloyorov. Demak, eslolmayapsiz?
— Xudo ursin, agar eslasam!

Kapitan tortmadan uzukli qutichani chiqardi.
— Endi esladingizmi?
— Oʻrtoq kapitan! Bizning magazinda faqat kiyim-kechak sotiladi. Bu narsani men birinchi koʻrishim.
— Nahotki?
— Ishoning, oʻrtoq kapitan. Birinchi marta koʻrib turibman. Bu ham Saidovadan chiqdimi?
— Ha.
— Tavba, u demak, u juda ham nochor emas ekan-da. Menga doim shikoyat qilardi. Molni ham, iloji boricha, qarzga olishga harakat qilardi...
— Berarmidingiz?
— Ilojim qancha? Bechora «yoʻq» desam, duv etib koʻz yosh toʻkardi. Rahmim kelardi, oʻrtoq kapitan! — Olloyorov koʻkragiga qoʻllarini qoʻyib, iltimos qildi: — Mening gumohimdan oʻting, ikkinchi bunaqa bemaza ishlarni qilmayman. Shayton yoʻldan urdi, oʻrtoq kapitan! Onam yolgʻiz, buning ustiga koʻrmaydigan boʻlib qolgan. Rahm qiling!..

Kapitan oʻyga tolgan edi. Nima qilish mumkin? Avvalo shunday boʻlishini, Olloyorov tonishini bilgan edi. Xoʻp, uni Saidova bilan birga koʻrishgan. Nima boʻlibdi? Hatto fojia kuni birga boʻlgan boʻlsa ham, uni ayblash mumkin emas. Qoʻlda hech qanday dalil yoʻq. Uning olib sotarligi esa fojiaga aloqasiz. OBXSS shugʻullanadi bu ish bilan. Hozir uni qoʻyib yuborishdan boshqa iloj yoʻq. Faqat shunday koʻyib yuborish kerakki, u choʻchimasin, uni kuzatishimizni ham sezmasin.

U oʻrnidan turib, kabinetning u boshidan-bu boshiga yura boshladi. Olloyorov undan koʻzini uzmasdi. Anchadan Soʻng kapitan uning oldida toʻxtadi-da:
— Xoʻp, boʻpti, sizga ruxsat, — dedi.

Olloyorov eshikka otildi. Lekin nimadir esiga keldi shekilli, toʻxtadi.
— Oʻrtoq kapitan! Ishimdagilar nima deydi?
— Agar oʻzingiz aytmasangiz?..
— Tushundim, oʻrtoq kapitan. Rahmat. Olloyorov chiqib ketdi.

«Ha, bu odam bilan ehtiyot boʻlish kerak, — xayolidan oʻtkazdi Aliev. — Ilintiradigan narsa qoʻlimda yoʻqligipi sezyapti. Bir jihatdan chaqirganim yaxshi boʻldi. Tinchligini yoʻqotdi endi u. Biron nojoʻya harakat qilib qoʻyishi mumkin. Qilmasa-chi?»

U radiorubkani qoʻydi.
— Leytenant Sultonov!
— Eshitaman, oʻrtoq kapitan?
— Olloyorovning hozir qayoqqa borishini kuzatish kerak.
— Xoʻp boʻladi.
— Roʻziev kelmadimi?
— Yoʻq hali, oʻrtoq kapitan.
— Boʻlmasa yana bitta topshiriq: Olloyorov avgustning 13-14- da qaerda boʻlgan, aniqlash kerak.
— Aniqlangan, oʻrtoq kapitan.
— Xoʻsh?
— Olloyorov 13—14 avgustda ishda boʻlmagan.
— Qaerda boʻlgan?
— Samarqandda, oʻrtoq kapitan.
— Nega ilgari aytmadingiz?
— Kechirasiz, oʻrtoq kapitan. Hozir bildim. Uning mashinasini Jizzaxdagi avtoinspeksiya toʻxtatgan.
— Nega?
— Tezlikni oshirgani uchun.
— Rahmat. Topshiriqni bajaring.
— Xoʻp boʻladi, oʻrtoq kapitan!..

«Olloyorov Samarqandda boʻlgan. Demak, uzukni u sotib olgan, deb faraz qilish mumkin. Saidovaga sovgʻa qilgan. Nega?..»

Kapitan qancha oʻylamasin bu savolga javob topolmadi. Uning taxminlari koʻp edi. Birinchi taxmin — muhabbat. Olloyorov Saidovani yaxshi koʻrib qoladi. Uni qoʻlga olishga harakat qiladi. Saidova koʻnmaydi, eri bor. Buni Olloyorov ham biladi. Nima qilish kerak? Saidovaning molga oʻchligini payqagan Olloyorov qimmatbaho sovgʻalar qila boshlaydi. Aftidan, Saidova shunga koʻnikadi, keyinchalik esa oʻrganib qoladi. Nega eridan ajramaydi? Shunday qilishi oson edi. Er-xotinni bogʻlaydigan bolalar yoʻq oʻrtada. Buning ustiga Olloyorov yolgʻiz. Balki unga uylanishni Olloyorov istamagandir? Shunday yashash unga qulay tuyulgandir?

Kapitan oldidagi qogʻozga nimadir yozmoqchi boʻldi, lekin uning boʻsh yeri qolmagan edi. Tortmadan yangi qogʻoz olib, bitta belgi qoʻydi. Diqqat bilan qaralganda bu belgi oʻq-yoy teshib oʻtgan yurakni eslatardi.

Ikkinchi taxmin — Saidovaning oʻzi. Olloyorov u bilan ishqiy aloqada boʻlmagan. Saidova undan qarzga mol ola boshlagan. Nihoyat, qarz koʻpayib ketgan. Olloyorov unga ishonmay koʻygan. Fojia shunda yuz bergan. Kapitan yana bir belgi qoʻydi. Birpasdan soʻng unga savol qoʻydi.

Kapitanni chuqur oʻylatib qoʻygan uchinchi bir taxmin ham bor edi. Ular ishqiy aloqada boʻlgan boʻlishlari mumkin. Olloyorov oʻzi shu narsalarni sovgʻa qilgan. Saidova olgan. Lekin evaziga nima bergan? Oʻzinimi? Nahotki u shunchalik qimmat tursa? Olloyorovning atrofida chiroyli ayollar koʻp boʻlgan, hozir ham koʻp. Nega u Saidovani tanladi? Pulga oʻch odam bekordan-bekorga serharajat boʻlmaydi.

Kapitan qogʻozga «sh» harfidek uchinchi belgi qoʻydi-da, uni doiraga oldi.

Starshiy leytenant Roʻziev kirdi.
— Xoʻsh?
— Olloyorov asli urganchlik. 31-yilda tugʻilgan, — dedi Roʻziev papkasini ochib. — 60-yilda uylangan. Ikki yil turib, xotini bilan ajrashgan. «Urgench» restoranida bufetchi boʻlib ishlagan. 60-yildan 61-yilning oktyabrigacha. Keyin Toshkentga koʻchib kelgan. Bu yerda avval 2-taksoparkda shofer boʻlib ishlagan. Sirtdan savdo texnikumida oʻqigan. Oʻqishni bitirib, Eski Joʻva bozoridagi «Tohir va Zuhra» magazinida sotuvchi boʻlib ishlagan. Xalq xoʻjaligi institutiga sirtdan oʻqishga kirgan.

1967 yili uni Markaziy univermagga tovaroved qilib olishgan. 68-yilning aprelida Oʻrta yer dengizi boʻylab turistik sayohatda boʻlgan. Oʻsha yili, u institutni bitirgach, bosh tovaroved boʻlib «Gulchehra» magaziniga tayinlangan. Sudlanmagan. Uch marta ministrlikning faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan. Chet elga chiqayotganda berilgan xarakteristika ham juda yaxshi. Shaxsiy delosida turibdi. Xullas, toza odam.
— Demak, toza odam... — dedi kapitan oʻylanib.
— Xuddi shunday, oʻrtoq kapitan! — tasdiqladi Roʻziev.
— Siz oʻzingiz nima deysiz?
— Bir narsa deyish qiyin, Sobir aka... Radiorubkaning koʻk chirogʻi yondi.
— Eshitaman, — dedi kapitan.
— Oʻrtoq kapitan! — leytenant Sultonovning ovozi eshitildi. — Olloyorov magazinga keldi.
— Juda yaxshi. Anvarjon, uyiga odam qoʻying. Qachon boʻlsa ham uyiga yaqinlashganida, xabar berishsin.
— Xoʻp boʻladi.
— Ha, bir narsa deyish qiyin... — Kapitan Roʻzievga oʻgirildi. — Oʻrtoq Roʻziev! Yana bir ish qoldi. Saidova soʻnggi bir yil ichida nima qilgan, nima bilan qiziqqan, albatta ishdan keyin, shuni aniqlashimiz kerak.
— Bu ancha qiyin...
— Lekin boshqa ilojimiz yoʻq. Bilasizmi, men nimani oʻylayapman. Shunday qimmatbaho narsalarni faqat ayolligi uchun olganmikan yoki boshqa biror xizmat evazigami? Agar shunday boʻlsa, u qanday xizmat? Qotil ana shunda topiladi. Oʻzingiz oʻylab qarang. Eri bilan oʻzining maoshini koʻshganda ham bu narsalarni ololmasligi, juda boʻlmaganda yarmisini, amri mahol. Buning ustiga Saidov, bilmayman, deyapti. Olloyorovdan koʻra unga ishonch koʻproq. Bundan tashqari, biz uning ertalab uyidan chiqib ketganicha xotinini boshqa koʻrmaganini bilamiz. Qoʻshila olasizmi shunga?
— Ha, oʻrtoq kapitan.
— Saidova soat bir yarimdan keyin qaerda boʻlgan? Kimlar bilan uchrashgan? Bu hamon bizga qorongʻi. Olloyorov tonyapti. Balki rost gapirayotgandir, hozir bir narsa deyish qiyin. Agar biz uning qiziqishlarini, nima bilan shugʻullanishini bilsak, masala ancha ravshan boʻladi.
— Bunga bir necha kun ketadi.
— Turgan gap. Ikki kun sizga muhlat. Butun apparatni ishga soling. Istasangiz, Sultonovni ham oling.
— Oʻzimiz uddalaymiz. Boraveraymi?
— Ha.

Kapitan u bilan xayrlashdi-da, sekretarni chaqirdi.
— Menga oʻsimliklar biologiyasi institutining hamma materiallari kerak. Birinchi galda institut faoliyatiga doir...
— Xoʻp boʻladi.

Kapitan tushki ovqatdan soʻng kabinetiga qaytib kirganida stolning ustida turli xil broshyuralar, diagrammalar, avtoreferatlar qalashib yotardi. Bir chekkadan u broshyuralarni varaqlashga kirishdi. Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti respublikadagi yangi ilmiy muassasa ekanligini u bilardi. Qisqa muddat ichida seleksionerlar, bioximiklar talay ishlar qilib qoʻyishganidan, yuzaki boʻlsa ham, xabari bor edi. Paxtaning yangi, viltga chidamli sortlari shu institutda yetishtirildi. Ikki yuz ming gektardan ortiq yerda shu paxta ekildi, yaxshi hosil koʻtarildi. Bundan tashqari, institut ximiklar bilan hamkorliqda viltning oʻzini yoʻqotadigan preparat ustida muvaffaqiyatli ish olib borayotgani ham kapitanga ma’lum edi. Saidov shu ishga aloqador. Ammo preparat tayyormi, yoʻqmi, hali noma’lum edi.

Aliev broshyuralar orasida viltga chidamli paxta sortlari «Toshkent — I, «Toshkent — II» haqidagi maqolalarni koʻrdi. Lekin yangi preparat haqida hech narsa topmadi. Bu albatta tushunarli edi. Birinchidan, eksperiment hali tugagani yoʻq, ikkinchidan, uni ovoza qilishga hojat yoʻq edi.

Aliev shu haqda oʻylar ekan, starshiy leytenant Abdullaev bilan gaplashib olishni miyasiga tugib qoʻydi.

Broshyuralarni tugatib, qoʻliga endi bitta avtorefe-ratni olgan edi, leytenant Sultonov kirib qoldi.
— Oʻrtoq kapitan! Olloyorov oʻz «Moskvich»ida Eski shahar tomon ketdi. Serjant Qoraboev uni kuzatib boryapti.
— Juda yaxshi.
— Yana bir yangilik! — dedi leytenant.
— Xoʻsh?
— Samarqanddan xabar keldi. 14 avgust kuni sotilgan uzukni Olloyorov olgan ekan. Magazinchi uning suratidan tanibdi.
— Bu chindan ham yangilik! — Kapitan sevinib ketdi. — Rahmat, Anvar! Chek kvitansiyasi sizdami?
— Ha.
— Manavi qutichadagi iz bilan solishtiring. Boya Olloyorovga ushlatdim.

Kapitan uzuk qutichasini leytenantga uzatdi.
— Endi u bizdan qutulolmaydi! Lekin baribir... ba-ribir qotil ma’lum emas. — Kapitan oʻrnidan turdi. — Qoʻlimizda yana bir dalil bor. Bu, gazeta parchasi. Agar shu ham toʻgʻri chiqsa, unda ishimiz ancha yurishadi.
— Oʻrtoq kapitan! Qotil... Olloyorov deb oʻylaysizmi? — soʻradi leytenant.
— Hozir bir narsa deyish qiyin... Radiorubkaning koʻk chirogʻi yondi.
— Kapitan Aliev eshitadi.
— Oʻrtoq kapitan, serjant Qoraboev gapiryapti. «Mos-kvich» Samarqand darvoza tomon yoʻl oldi. Buyrugʻingizni kutaman.
— Men yetib borguncha kuzating.
— Yestʼ, oʻrtoq kapitan!
— Toʻxtang! Agar mendan oldin uyga yetib borsa, kiritmay turing. Eshitdingizmi?
— Eshitdim, oʻrtoq kapitan! Mashina hujjatlarini surishtirib turaman.
— Boʻpti!

Kapitan leytenantni oʻz oʻrnida qoldirdi-da, shoshib kabinetdan chiqdi.

Samarqand darvozaga yetib kelganida, koʻchaning ogʻzida mashinalar qalashib yotardi. Nima boʻlganini tushunmay, shu yerda mashinadan tushdi. Oʻttiz metrcha yurganidan keyin koʻndalang turgan qizil «Moskvich»ga koʻzi tushdi. Uning oldida qorachadan kelgan, jikkak serjant turardi. Kapitanni koʻrib chestʼ berdi, boshqa ilojim yoʻq edi, degandek yelkalarini qisib qoʻydi. Mashina ichida terga botgan Olloyorov turardi. U zoʻr berib mashinasini qayirmoqchi boʻlar, yoʻlning torligi, odamlar bunga xalaqit berardi.
— Nima boʻlyapti? — soʻradi baland ovozda kapitan.
— Pravasiz haydayapti, oʻrtoq kapitan, — dedi serjant.

Kapitanni koʻrib, Olloyorov mashinadan chiqdi.
— Oʻrtoq kapitan, pravam boshqa kiyimimda qolib ketibdi. Uyim shu yerda. Olib chiqay desam, qoʻymayaptilar.
— Oʻrtoq serjant, bu gal kechiring.

Serjant tushundi va Olloyorovga oʻqrayib qaradi.
— Ikkinchi bunday boʻlmasin.
— Ketavering, serjant.

Kapitan shunday deb serjantga ma’nodor qarab koʻydi.
— Rahmat, oʻrtoq kapitan.

Odamlarning e’tiborini tortmaslik uchun kapitan boshini qimirlatib yoʻlga tushdi. 16/44 raqamli koʻk darvoza oldiga kelganda toʻxtadi. Bir ozdan soʻng Olloyorov ham mashinasida yetib keldi.
— Mehmonni qabul qilasizmi?
— Ie, marhamat, marhamat!

Olloyorov xuddi xursand boʻlganday mashinadan tushdi, lekin oʻynab turgan koʻzlaridan uni vahima bosganligini kapitan darrov payqab oldi.

Olloyorov darvozani ochib, mashinasini hovliga olib kirdi.
— Qani, marhamat!

Kapitan ichkariga kirdi. Hovli tor edi. Ikki tup olma, bitta, deyarli butun hovliga soya tashlab turgan oʻrik... Daraxtlarning tagiga beda sepilgan. Anchadan beri qarovsiz qolgan shekilli, bedani sassiq oʻt, chim, qiyoq bosib ketgan edi. Umuman, hovli koʻchib ketgan odamning tashlandiq uyini eslatardi. Toʻrda kichkina ikki ustunli rovon koʻrindi.
— Qani, xush koʻrdik, — shu tomonga boshladi Olloyorov.

Ular rovonga koʻtarilishganda, kapitan burchakdagi xontaxta yonida oʻtirgan kampirni koʻrib, choʻchib ketdi. Kampir unga tikilganicha, xuddi haykaldek qotib qolgan edi.
— Ena, mehmon keldi, — dedi Olloyorov. Kapitan salom berdi.

Kampir yuzidagi ajinlari tortilib, tamshandi.
— Koʻrmaydilar, — tushuntirdi Olloyorov ichkari xonaning eshigini ochar ekan.
— Nima qilgan? — soʻradi kapitan ichkariga kirganda.
— E, siz soʻramang, men gapirmay!.. Gʻamning izi, gʻamning. Dadamdan qoraxat kelgach, bu kishini quritdi...

Bu xona ancha durust edi. Devorda ham, polda ham gilam... Bir kishilik qizil mebelʼ... Bufetda har xil xrustalʼ idishlar...
— Qani, oʻtiring! — taklif qildi Olloyorov qizil material qoplangan kresloni koʻrsatib.

Kapitan oʻtirdi.

— Чой ичасизми, ё... — Оллоёров буфетга ишора қилди.        — Муздек вино жуда кетадида ҳозир!

Kapitan e’tiroz bildirib ulgurmasidan Olloyorov chiqib ketdi. Birpasda u bir qoʻlida bir lagan tarvuz, bir qoʻlida bolgar vinosini koʻtarib kirdi. Bufetdan fujerlar olib qoʻydi.
— Marhamat. Sogʻ boʻling, aka!

Kapitan bir qultum vinodan ichdi, fujerni qoʻydi. Uning koʻzi kitob shkafiga tushdi. Flober, Mopassan, Chexov tanlangan asarlari. Oyna tagidagilari koʻrinmadi.
— Kitobni yaxshi koʻrasizmi, deyman?
— Kim kitobni yomon koʻradi, aka? Yaqinda «Oʻtgan kunlar»ni yana bir oʻqib chiqdim. Ana kitob!.. Qoyilman, yozuvchisiga.
— Gazeta, jurnallar ham olib turarsiz unda?
— Albatta. «Guliston» olaman, «Pravda Vostoka», «Toshkent oqshomi»...
— Ha, durust, «Toshkent oqshomi»ga bir asar chiqa-yotuvdi.
— Shpion haqidami? Oʻqidim. Yaqinda tugadi. Zoʻr asar ekan. Shu bizning chekistlarimizga ham qoyilman. Qildek narsani ham koʻrishadi. Shunday boʻlishi ham kerakda. Zamon notinch. Keldi-ketdi koʻp. Bitta-yarimta olakoʻzi yoʻq deysizmi ichida. Oʻqidingizmi?
— Hammasini emas. II bobidan keyin oʻqiy olmadim.
— Albatta, albatta. Ishingiz koʻp. Bu yogʻi juda qiziq. Vaqt topsangiz, oʻqing albatta.
— Sizda bormi? — soʻradi toʻsatdan kapitan.
— Albatta, bor. Men hech gazetani yoʻqotmayman. Vaqt boʻlmay oʻqiy olmasam ham, tikib qoʻyaman. Keyin oʻqiyman. Hozir beraymi?
— Agar ogʻir boʻlmasa!
— E, aka, ogʻirligi bor ekanmi? Hozir-da!

Olloyorov kitob shkafining eshigini ochib, bir dasta gazeta oldi.
— Bu bir oyligi. Avgust. Asarning boshi ham kerakmi?
— Yoʻq, — dedi kapitan, — boshini oʻqiganman.
— Ammo lekin zoʻr asar ekanda. Kinosini chiqadi, deb eshitdim. Rostmi shu?
— Bilmadim...

Kapitan gazetalarni bir boshdan varaqlay boshladi. Olloyorov toʻgʻri aytgan edi. Gazeta sonlarining hammasi bor. Nega yigʻar ekan?
— Durust ekansiz. Hamma sonlari borga oʻxshaydi.
— Hammasi, aka. Gazetani hech yoʻqotmayman. Studentlikdan qolgan kasal. Texnikumda oʻqib yurganimda, matematika domlamiz bor edi. Bechora infarktdan oʻlib ketdi. Shu aytardi, savdo xodimlarini koʻpchilik, omi, puldan boshqa dardi yoʻq, deb oʻylaydi.

. Senlar, juda boʻlmasa, gazeta oʻqinglar. Vaqtlaring boʻlmasa olib qoʻylaring, hammasini bir qilib oʻqiysanlar. Men shunday qilaman, derdi. Shu odat boʻlib qolgan. Bir yilgacha yigʻaman, keyin tashlab yuboraman.

Kapitan 19 avgust soniga keldi. Beixtiyor yuragi dukillab ura boshlaganini sezdi. Olloyorov uning hayajonga tusha boshlaganini payqamasligi uchun, qoʻli keyingi varaqqa qarab ketayotgan boʻlsa ham, joʻrttaga shu sondagi materiallarga koʻproq qaradi, keyin yangi varaqni ochdi.

20 avgust! Tezda unga koʻz yugurtdi-da, keyingisini ochdi.

21 avgust ham bor edi. Birinchi betning oʻng tomonidagi tepa burchak yoʻq! Yon choʻntagidagi gazeta parchasi badaniga botayotgandek boʻlib ketdi. Gazetaning yirtilgan joyiga diqqat bilan qaradi. Ha, bu oʻsha Munis Saidovaning sumkasidan chiqqan va hozir choʻntagini kuydirayotgan parchaning oʻrni edi. Kapitan ogʻir nafas olib, oʻzini kresloga tashladi.
— Ha, yaxshi asar. Kino qilsa, arziydi. — U bir oz oʻylanib turdi, keyin boshini koʻtardi. — Oʻrtoq Olloyo-rov!
— Eshitaman, aka?
— 21 avgust kuni kechqurun qaerda edingiz?
— 21 avgust kuni kechqurun?! Hozir... hozir... Uyda edim, oʻrtoq kapitan. Nima edi? Yana soʻroq boshlandi shekilli?

Olloyorov istehzoli jilmaydi.
— Saidova bilan birga. Shundaymi?
— Yolgʻiz! Uni men oʻsha kuni koʻrganim yoʻq.
— Koʻrgansiz, oʻzingizni paysalga solmang.
— Men uni koʻrganim yoʻq. Isbotlay olmaysiz.
— Mana isbot! — Kapitan gazetaning yirtiq joyiga qoʻlini tashladi.
— Nima qilibdi? Yirtiq gazeta... Yirtgan boʻlishim mumkin nimagadir. Siz yirtmaysizmi?
— Oʻsha yirtiq parcha Saidovaning sumkasidan chiqdi. Boya siz tan olmagan uzuk qutisi unga oʻrogʻliq ekan.
— Boʻlishi mumkin emas! Ishonmayman! Tuhmat bu!
— Ishonmasangiz, mana, koʻring.

Kapitan choʻntagidan gazeta parchasini olib, Olloyorovga uzatdi. Olloyorov uni olar ekan, qoʻli titrar, rangi dokadek oqarib ketgandi.
— Endi nima deysiz?
— Oʻrtoq kapitan, — Olloyorov boʻshashib gazeta parchasini stolga qoʻydi. — Oʻrtoq kapitan, men sizni aldadim. Rost, oʻsha kuni Saidova kelgan edi. Nimadir soʻradi. Esimda yoʻq, hozir. Keyin oʻsha uzukni koʻrsatdi.
— Xoʻsh? — qiziqib soʻradi kapitan.
— Chiroyli uzuk, dedim, — davom etdi Olloyorov. — Buyursin, dedim. Keyin qutisiga solib, bir narsaga oʻrab olay, dedi. Oldimda gazeta turgan edi, yirtib berdim.
— Yana yolgʻon gapiryapsiz. Uzukka pul toʻlangan chekda sizning qoʻl izlaringiz bor. Siz bu uzukni 14 avgust kuni Samarqandda olgansiz. — Olloyorov jim boshini egdi. — Endi ayting, Olloyorov, nima sababdan qimmatbaho sovgʻalar qildingiz Saidovaga? Faqat rost gapiring.
— Xoʻp, oʻrtoq kapitan. — Olloyorov xoʻrsindi. — Buning tarixi uzun, oʻrtoq kapitan.
— Men shoshmayapman.
— Kechirasiz.
— Gapiring.
— Men uni, Munisxonni, bir koʻrishdayoq yaxshi koʻrib qoldim, oʻrtoq kapitan. Ishoning, shunday yaxshi koʻrib qoldimki, jinni boʻlayozdim. Na ishimda halovat bor, na uyqumda. Oʻylayman, oʻylayman, soatlab, kunlab kutaman. Siz uni koʻrmagansiz. Juda chiroyli ayol edi u. Chiroyli boʻlmasa ham, yoqimtoy. Xullas, mening dilimdagi ayol edi. Afsus, eri bor ekan. Lekin yurak bilan nima qilib boʻlardi? Shunday boʻlsa ham, avval ancha oʻzimni bosdim. Hoy, janjalga yoʻliqma, endi oyoqqa turib kelayotgan odamsan-a, dedi aql. Yurak qurgʻur quloq solmadi. Baxtimga deymi, yo buning aksimi, Munisxon kiyim-kechakni yaxshi koʻradigan ayol ekan. Kimning egnida yaxshi bir narsa koʻrib qolsa yugurib keladi, topib bering, deydi. Topib beraman. Bir kuni qaysi bir oʻrtogʻida angliyskiy kofta koʻrib qolibdi. Keldi. Hali bu moldan bizda yoʻq edi. Hamma tanishlarimga telefon qilib chiqdim. «Tohir va Zuhra»da bitta bor ekan, oʻzim borib olib keldim. Oʻshanda, oʻrtoq kapitan, shayton meni yoʻldan urdi. Niyatimni aytdim. Toʻgʻrirogʻi, restoranga taklif qildim. Koʻnmadi. Uyiga olib borib qoʻyayotganimda, ertaga telefon qilaman, dedi.
— Oʻtgan yili kuzdami? — soʻradi kapitan. Olloyorovning koʻzlari olayib ketdi.
— Siz qaerdan bilasiz?
— Davom eting, — kapitan sigaret tutatdi.
— Ha, oʻtgan yili kuzda...
— Xoʻsh, gapiring, gapiring!..
— Ertasiga... ertasiga soat oʻn ikkilarda telefon qildi. Men, dedi, kechqurunlari bandman, uyda boʻlishim kerak. Istasangiz, birga tushda ovqatlanishimiz mumkin. Yoʻq deb boʻladimi? Sevinib ketdim. Oʻsha kuni uchrashdik... Aeroport restoraniga olib bordim. Ozgina ichdik. Konʼyak. Keyin... keyin qaytayotib mashinani Beshyogʻoch tomon burdim. Qayoqqa ketyapmiz, deb soʻrovdi, kofe, turkcha usulda qora kofe ichamiz, dedim. Kofe tayyorlashga ustaman. Agar istasangiz, hozir sizga ham tayyorlab beraman. Shoshmayapman deyapsiz?
— Rahmat, — dedi kapitan. — Hojati yoʻq. Davom eting.
— Yoʻq, demadi. Uyga olib keldim. Shu xonaga... Oʻrtoq kapitan, bu yogʻining qizigʻi yoʻq. Xullas, haftada bir kelib turadigan boʻldi.
— Kunduzlari?
— Ha, kunduzlari, eri... eri yoʻgʻida kechqurunlari ham. Ertalab telefon qilib xabar berib qoʻyardi kachon kelishini...
— Ishxonagami?
— Ha, uyda telefonim yoʻq. Magazinda oʻzimning alohida telefonim bor. Oʻrtoq kapitan, mening niyatlarim xolis edi. Unga uylanmoqchi edim. Koʻp marta gapirganman. Kulardi. Shuning oʻzi yetmaydimi, derdi. Lekin baribir uni koʻndirmoqchi edim. Hech narsamni ayamadim. Dur ham olib berdim, uzuk ham, zirak ham...
— Yana nima?
— Boshqa hech narsa, oʻrtoq kapitan! Xudo ursin!
— 21-da nechalarda u oldingizdan ketdi?
— Hozir... hozir... Toʻqqizlarda. Ha, roppa-rosa oʻnda. Televizorda oʻnda kino bor edi. U ketishi bilan burasam, boshlandi. Buni qarang, oʻrtoq kapitan! Falokat oyoq ostida turadi, deb shuni aytishar ekan-da. Ketmang, deb biror soat olib qolsam boʻlmasmidi? Olib borib qoʻysam ham boʻlardi. Aytsam ham, yoʻq, dedi. Eh, oʻrtoq kapitan, bu dunyo shunaqa ekan, bugun borsiz, ertaga esa...
— Nima kinoni koʻrdingiz oʻsha kuni?
— Oʻsha kunimi? «Urush va tinchlik».
— Qaysi seriyasi ekan?
— Uchinchi seriyasi. «Andrey Bolkonskiy». Koʻrganmisiz?

Kapitan javob bermadi. «Artistning oʻzi, — Oʻylardi u. — Tutib ololmayotganimizni sezyapti. Baribir tutish kerak. Lekin qanday qilib? Qoʻrqitaymi? Yoʻq, bu qoʻrqmaydi. Oralarida chindan ham muhabbat bormidi? Oʻxshamaydi. Bu ham uni yengil qoʻlga tushirgan, u ham shunday, yengil oʻzini sotgan. Bu koʻrinib turibdi. Lekin bu soxta muhabbatning tagida nima bor edi? Nega oʻldirdi? Nimadan koʻrkdi? Eri bilib qoladi debmi? Erining bunga nima aloqasi bor? U xotinini tiyib olsin. Nega, nega oʻldirdi? Oʻzi oʻldirdimi?..»

Rovonda nimadir taqillab ketdi. Olloyorov shoshib oʻrnidan turdi-da, eshikni tepib yubordi. Eshik orqasida koʻzlarini bir nuqtaga tikkan kampir turardi.
— Yana quloq solyapsanmi? — qichqirdi Olloyorov. Kampir miq etmadi, qonsiz lablari nimalarnidir shivirladi, keyin sekin burilib, devorga qoʻlini qoʻydi-da, koʻzdan yoʻqoldi.
— Kechirasiz, — Olloyorov zoʻrgʻa jilmaydi. — Bechora yolgʻiz zerikadi...

Kapitan buni oʻzicha tushundi.
— Ha, men hozir ketaman. Televizor qaerda?
— Narigi xonada. Kampir eshitsin deymanda.
— Demak, oʻnda boshlandi deng kino?
— Ha, roppa-rosa oʻnda. Munisxon shundan bir-ikki minut oldin ketdi. Ishonmayapsizmi, oʻrtoq kapitan?
— Saidovaning ketganigami? Ishonaman. U ketmasa, balki omon qolardi...
— Shuni ayting, oʻrtoq kapitan, shuni ayting! Qancha iltimos qildim boʻlmasa!
— Saidova oʻn bir bilan oʻn ikki oʻrtasida oʻldirilgan! Siz televizor koʻrib oʻtirgan paytingizda.
— Attang! Attang! Oʻrtoq kapitan, eri biladimi?
— Nimani?
— Men bilan... haligi...
— Buning nima ahamiyati bor?
— Bu gapingiz ham toʻgʻri. Bechora qiynalmasin, deymanda. Shu azobning oʻzi kammidi?..

«Uni hozir qamay olmaymiz, — Oʻylardi kapitan. — Yana bir narsa topish kerak, yana bir narsa...»
— Xoʻp, hozircha yetar. Aytganday, Saidova nechada keldi siznikiga?
— Oltilarda. Oʻtirsangiz boʻlardi, — Olloyorov shunday dedi-yu, lekin kapitandan oldin oʻrnidan turdi.
— Boshqa gal.

Kapitan rovonga chiqdi, beixtiyor yoniga qaradi. Kampir yana unga koʻzlarini tikkanicha, haykaldek qotib oʻtirardi. Oʻzi_sezmagan holda eti jimirlab ketdi.

Oʻn minutdan soʻng u idorasiga qaytar ekan (Olloyorovning uyidan piyoda Chorsuga chiqqunicha shuncha vaqt ketdi), leytenant Sultonov bilan bogʻlandi.
— Anvar! Tezda telestudiya bilan bogʻlaning. 21 avgust-da 21.00 dan 24 gacha nima berilgan, aniqlang, e’lon qilingan programma bilan solishtiring.
— Xoʻp boʻladi, oʻrtoq kapitan.

Ha, manzara endi unga ancha oydinlashgan edi. Munis Saidova oʻsha kuni bir yarimda institutdan chiqqan. Besh yarimlarda Chorsu yoʻlida boʻlgan. Olti bilan oʻn oʻrtasida Olloyorov bilan maishat qilgan. («Buncha uzoq?» — xayolidan oʻtdi uning). Toʻqqizda koʻchaga chiqqan. Ha, oʻn besh minutdan soʻng Chorsuda boʻlgan. Tramvay kutgan. Nahotki shu paytda bu yerda hech kim boʻlmagan boʻlsa? Oʻndan oʻn besh-yigirma minut oʻtganda qotil paydo boʻlgan. Gap, janjal. Saidova nimagadir rozi boʻlmagan yoki qotilni ayblagan. Nimada ayblagan? Kapitan xayolan qogʻozga yana bitta belgi qoʻyib qoʻydi. Oʻn bir yarimda esa fojia yuz bergan. Ammo shu yerda yuz berganmikan? Olib kelib tashlagan boʻlsachi? Unda hech kim koʻrmay qolgani tabiiy. Bekat qorongʻi. Bittagina fonarʼ turibdi. U ham singan. Kapitanning nazarida yana ikkita narsani aniqlash qolgan edi. Birinchidan, fojia qaerda yuz berdi? Ikkinchidan, uning sababi. Qotil Saidovaning tanishi ekanligiga unda shubha qolmagan edi. Yoki uning ikkinchi Olloyorovi ham boʻlganmikan? Oʻz-oʻzidan tugʻilgan bu savol kapitanning xayolini marhumaning eriga olib ketdi. Rahim Saidov bilib qolgan boʻlsa-chi? Oʻsha kungi ertalabki janjal uzukdan emas, «oʻynash»dan chiqqan boʻlsa-chi? Kechqurun xotinini tutib olgan yoki Ol-loyorovning uyidan oʻzi olib ketgan boʻlsa-chi? Unda fojia Chorsuda yuz bergan boʻladi. «Har holda bu taxminni ham xayoldan chiqarmaslik kerak», — Oʻyladi kapitan.

U kabinetga kirganda leytenant Sultonov haftalik televizion programma bilan oʻtirardi.
— Xoʻsh?
— Aniqladim, oʻrtoq kapitan, — leytenant oʻrnidan turdi. — Soat 21da «Istiqbol egalari» telejurnali ketgan. Oʻz vaqtida. Besh minut kech tugagan. Yigirma biru qirqda tugash oʻrniga yigirma biru qirq beshda tugagan. Keyin televizion yangiliklar boshlangan. Bu ham oʻz vaqtida. Oʻnga ikki minut qolganda Moskva ulangan. Intervidenie orqali Sofiyadan klassik kurash boʻyicha Jahon birinchiligi olib koʻrsatilgan.
— Nima? — hovliqib ketdi kapitan.
— Klassik kurash boʻyicha Jahon birinchiligi, — qaytardi leytenant Sultonov.
— Programmada nima?
— Programmada «Urush va tinchlik» kinofilʼmi e’lon qilingan. Uchinchi seriya. Filʼm oʻndan qirq toʻrt minut oʻtganda boshlangan.
— Leytenant!..
— Eshitaman, oʻrtoq kapitan!
— Qotil topildi!..
— Kim, oʻrtoq kapitan?
— Olloyorov!
— Buni qarang, men bechora Saidov boʻlsa kerak, deb yuruvdim.
— Mening ham gumonim bor edi.
— Qamoqqa olaymi?
— Shoshmang, shoshmang, leytenant. Qamash qochib ketmaydi. Hozir uyida tintuv oʻtkazish uchun order tayyorlang.
— Qachonga?
— Ertaga.
— Xoʻp boʻladi, oʻrtoq kapitan.
— Birga boramiz. Gruppangizga ayting, unga koʻz-quloq boʻlib turishsin. Endi men uyga boray.
— Xayr, oʻrtoq kapitan.
— Omon boʻling.

Kapitan koʻchaga chiqdi. Qorongʻi tushgan, issiqning tafti bosilib, mayin shamol esardi.
— Qayoqqa boramiz? — soʻradi shofer mashinaga oʻtirganda.
— Uyga.

Shofer hayron boʻlib unga qarab qoldi.
— Ha?
— Ishonmayapman. Kelinoyim ham toza hayron qolsalar kerak.
— Bir uydagilar bilan birgalashib ovqat yeyay...
— Men ham, Sobir aka, — dedi shofer jilmayib. Ikkovlari kulib yuborishdi.

8

— Munis... Munisdan menga ancha mol qolibdi... — Rahim Saidov kulimsirab dadasiga qaradi.
— Qanaqa mol? — tushunmadi Said aka.
— Tilla, dur... Mana, — Rahim Saidov choʻntagidan durni olib otasi oldiga qoʻydi.

U aytmoqchi emas edi. Qoʻqonga borib kelganiga boshqa sabab topmoqchi edi, lekin otasini koʻrib, bu fikridan qaytdi. Nima qiladi yashirib? Qaynatasi bildi, oʻrtoqlari bildi, militsiya biladi, otasi eshitmaydimi? Eshitadi. Keyin otasi birovning ustidan kuladigan odam emas, tagʻin oʻgʻlining ustidan. Shu qarorga kelib, u uyatni yigʻishtirdi.

Said aka durni qoʻliga olmadi, unga bir oz tikilib turdi-da, oʻgʻliga koʻzlarini tikdi.
— Oʻzinikimi?
— Ha, faqat oʻziniki. Men olib bermaganman.
— Puli bor ekan-da?
— Qayokda boʻladi?! Tramvayga ham mendan soʻrardi.
— Mendan soʻrardi? — hayron boʻldi Said aka.
— Pullaring oʻrtada emasmidi?
— Oʻrtada edi. Maoshimni olishim bilan qoʻliga tutqizardim. Undan oʻn besh soʻm olib qolardim. Buni ham oʻziga koʻrsatib. Oʻzining maoshini surishtirmaganman ham, koʻrmaganman ham.
— Unda oʻzi olgan boʻlsa olgandir. Nega xunob boʻlyapsan?
— Buning qancha turishini bilasizmi? Ming soʻm! Yana militsiyada shunchasi bor.
— Nimaning?
— Pulni-da! Zirak, uzuk. Ular ham ming soʻmcha turar ekan. Oʻziniki u yokda tursin, mening bir yillik maoshim ham yetmaydi bunga.
— Unda nima, oyogʻi egri ekan, demoqchimisan? Rahim Saidov boshini egdi.
— Qoʻqonga shuning uchun bordingmi?
— Ha, — dedi Rahim Saidov eshitilar-eshitilmas. Said aka jim qoldi. Qoshlari chimirildi. Yirik qoʻllari bilan soqolini tutamlay boshladi. Jahli chiqsa u doim shunday qilardi. Rahim Saidov buni yaxshi bilardi.
— Yaxshi qilmabsiz, oʻgʻlim, — dedi u nihoyat. — Ularning oʻz tashvishi boshlaridan oshib yotibdi. Bu yangilik ularni qaysi ahvolga soldi ekan? Qachon bildingiz buni?
— Kecha.
— Kecha bildingizu, yugurdingizmi? Juda boʻlmaganda men bilan maslahatlashsangiz boʻlardi.
— Dada, Qoʻqonga shu xabarni yetkizgani borganim yoʻq edi. Onasini bilasiz. Shunaqa narsalarga oʻch. Oʻsha berganmikan, deb oʻyladim. Uniki emas ekan. Bittasi ham uniki emas ekan.
— Shunday boʻlsa ham, bekor qilibsiz... Bunchalik shoshilishga hojat yoʻq edi. Ularda nima gunoh?

Rahim Saidov nima deyishini bilmay qoldi. Bunday qaraganda, otasi haq edi. Ularda nima gunoh? Qizlarini shu rasvo yoʻlga ular boshlabdimi? Yo bilib-bilmaslikka olibdimi oʻzlarini? Surishtirilsa, ayb uning oʻzida. Xotinini eplolmagan erkak, qanday erkak. U otasining gaplaridan xuddi shu gaplarni uqqandek boʻldi. Esiga Qoʻqondagi marosim payti mast yigit aytgan soʻz keldi. Peshanasidan sovuq ter chiqib ketdi, seskanib boshini koʻtardi. Oʻzini oklamoqchi boʻlib, ogʻiz juftlagan edi, laganda osh koʻtarib opasi kelib qoldi.
— Bir yutum ham tomogʻimizdan oʻtgani yoʻq, shunday qoldi kecha. Odam degan bundoq boʻlmaydi. Uyingga Muhabni...

Hakima opaning koʻzi durga tushib gapi chala qoldi.
— Bu nima?
— Keliningniki ekan, — dedi Said aka.
— Dur-ku?!

Hakima opa laganni qoʻyib, durni qoʻliga oldi.
— Taqqanini koʻrmagan edim. Yaqinda olib beruvdingmi? Rahim Saidov yer ostidan otasiga qaradi. Said aka bilinar-bilinmas boshini qimirlatib qoʻydi. -Ha.
— Buyurmabdi-da. Yaxshi dur ekan.
— Qani, Rahim, osh sovumasin. — Said aka gapni burdi. — Hoynahoy kechadan beri ochdirsan? Ol.

Rahim Saidov otasidan minnatdor boʻlib, oshga qoʻl uzatdi. U bir necha kundan beri birinchi marta qorni ochganini sezdi va ishtaha bilan yeya boshladi. Umuman, u oʻz uyida, onasi pishirgan ovqatni yeyishni yaxshi koʻrardi. Shu yerdagina ovqat yegandek boʻlardi. Hakima opa yaxshi pazanda edi. Tez va mazali pishirardi. Nima qilmasin, unda faqat uning oʻziga xos bir narsa boʻlardiki, yegan sari odamning yegisi kelardi. Rahim Saidov nimaligini aytib berolmaydi, har holda onasi tayyorlagan ovqat hech kimnikiga oʻxshamasdi. Buni birinchi marta yangi uyga koʻchib borganida bildi.

Yuklarini tushirib, stol-stullarni joy-joyiga qoʻyib boʻlishgach, Munisxon ovqatga unnay boshladi. Hakima opa soʻnggi mashina joʻnayotganda koʻzida yosh bilan bir korzinka narsa, bitta ichi kuydirilgan yaxshi qozon berib yuborgan edi. Munisxon korzinkani ochdi. Kartoshka, piyoz chiqdi undan. Bir paket guruch. Yonida gazetaga oʻrogʻlik goʻsht va toʻgʻralgan sabzi. Bir shisha paxta yogʻi ham bor edi. Oshxonadagi stolga shularni terib qoʻydi-da, Rahim Saidovni chaqirdi, qaynanasi sha’niga yaxshi gap aytgisi keldi.
— Buni qarang, ayam boyoqish, shuncha narsa berib yuboribdilar. Nima qilib beray?
— Biron narsa bilasizmi oʻzi? — Hazillashdi Rahim Saidov.
— Voy, nima deyapsiz! Ayamlardan yaxshi qilarman!
— Boʻlmasa, nima istasangiz, shuni qiling. Siz tayyorlagan ovqat zahar boʻlsa ham yeyman.

Rahim Saidov xotinining yuzidan oʻpdi.
— Boʻldi, boʻldi, boring. Biram shirin ovqat qilayki... Koʻp oʻtmay, ancha yuk tushirib horigan Rahim Saidovning dimogʻini piyozdogʻ hidi qitiqlay boshladi. Endi jahli chiqib, onasining ovqatlarini eslay boshlaganda, ovqat pishdi. Munisxon jarkop qilgan edi. Rahim Saidov ovqatga qaradi-yu, nafasi ichiga tushib ketdi. Piyozi kuygan, kartoshkaning atalasi chiqib ketgan edi, goʻsht qorayib, toshdek qotgan. Bitta jazni ogʻziga solib, zoʻrgʻa chaynab yutdi-yu, afti burishib ketdi.
— Tuz esimdan chiqibdi, — dedi Munisxon jilmayib. — Xafa boʻlmang, hozir namakob qilib ustiga sepaman, binoyidek boʻladi.

Albatta, Munisxon keyin oʻrganib ketdi, mazali ovqatlar qiladigan boʻldi. Hech qaysi ovqat, baribir, onasinikiga oʻxshamasdi. Qaynanasi ham yaxshi ovqat pishirardi. Biroq u ham Rahim Saidovning nazarida onasiga teng kelolmasdi. Balki bu oʻrganishdandir? Lekin bitta narsani u yaxshi bilardi. Hakima opa masalligʻni urintirmay ovqat qilardi, har bir narsa oʻz mazasi bilan ajralib turardi. Hozirgi osh ham, isitib kelganiga qaramay, juda yeyishli edi.
— Bolam boyoqish-ey... — dedi Hakima opa uning shoshilib ovqat yeyishiga tikilar ekan. — Oʻzingni juda oldirib qoʻyibsan, tuzuk-tuzuk ol.

Rahim Saidov qorni toʻyib, qoʻlini artdi.
— Ishgami hozir? — soʻradi Said aka. -Ha.
— Birga ketamiz.
— Ha, siz qayoqqa? — Hakima opa eriga qaradi.
— Bir kombinatga oʻtib kelay...
— Putyovkani surishtirib qoʻying. Qirqni oʻtkazib, bir dam olib kelasiz.
— Koʻramiz.

Said aka oʻrnidan turdi. Eshikka chiqishganda u soʻradi.
— Nima qilmoqchisan?
— Nima qilardim?..
— Ishlash kerak, — dedi Said aka. — Ishda odam hamma narsani unutadi. Qotil... qotilni sensiz ham topishadi. Xoʻpmi?
— Xoʻp, ada.

Koʻnglida otasining maslahatiga qoʻshilmasa ham, hozir uning borligidan, unga mehr bilan gapirayotganidan, yosh boladek uning oldida bosh egib turganidan u xursand edi. Yaxshi ham ular bor. Onasi bor. Qayoqqa borardi, kimning oldiga shunday bor gʻamini, kulfatini koʻtarib kelardi?
— Ma’rakalarni oʻylama. Qildik. Bu yogʻini ham oʻzimiz, chol-kampir oʻtkazamiz. Bora qol endi.

Rahim Saidov koʻngli koʻtarilib, ishxonasiga ketdi. Institut darvozasidan kirayotganda direktorning mashinasiga duch keldi.
— Chaqirishyapti, — dedi Sulaymon aka mashina derazasidan boshini chiqarib. — Preparatni soʻrashyapti.
— Nima deysiz?
— Nima deyman? Javobimiz tayyor. Bir haftadan soʻng ishlab chiqarishga topshirsak boʻladi. Yo ertami?
— Yoʻq. Bir hafta yetadi.
— Rahimjon! Oʻzing qarashib yubor, kechikmaylik. Yo boshqa planlaring bormi?

Direktor shunday deb mashinadan tushdi.
— Yoʻq, hech qanday planim yoʻq.
— Agar istasang, otpuska berishim mumkin. Bir oy dam olib kel. A, nima deysan?
— Kerak emas, Sulaymon aka. Ishni bitiraylik.
— Men ham shunday deysan, deb oʻylovdim. — Sulaymon aka Rahim Saidovning yelkasiga qoqib qoʻydi. — Ezilganning foydasi yoʻq. Yolgʻiz har qayoqlarda yurganingdan koʻra, institutda boʻlganing ma’qul. Xoʻp, men ketdim. Prezidentning oʻzi chaqiribdi.

Sulaymon aka mashinasiga oʻtirdi. Rahim Saidov ustozining ketidan birpas qarab turdi-da, toʻppa-toʻgʻri laboratoriyaga qarab yoʻl oldi. Bu yerda ish qizgʻin ketayotganini u yaxshi bilardi. Viltga qarshi tayyorlangan dorining sostavini ham teplitsa, ham ochiq sharoitda tekshirib chiqish bir yildan koʻp vaqtni oldi. Ammo hali ham tugamagan. Endi nihoyasiga yetib qolayotgan edi. Hafiz aralashmaganida, kim biladi, yana qancha choʻzilardi. Uning qoʻli gul. Shuning uchun ham sinovning hammasini u Hafizga topshirdi. Natija yaxshi. Sulaymon akaning xursandligi bejiz emas. Agar fojia yuz bermaganda preparat allaqachon tayyor boʻlardi. Fojia uning rejalarini buzib yubordi.

Rahim Saidov shuni oʻyladi-yu, yana yuragini sanchiq tutganini sezdi. Tishini tishiga qoʻyib ijirgʻandi.

Laboratoriyaga kirganida olisdan uni koʻrib, Hafiz qarshisiga yurdi.
— Buncha tez? Qachon qaytding?
— Kechasi. Mashinada.
— Bir oz dam olsang boʻlardi. Rahim Saidov yuragini koʻrsatdi.
— Zerikdim. Qalay ketyapti?
— Nazarimda, durust. Yana oʻzing koʻr.

Rahim Saidov Hafizning oʻrniga borib, kolbalarga koʻz tashladi. Ular koʻp edi. Hammasida turli rangdagi suyuqliklar... Hammasi bir necha yillik tinimsiz mehnat mahsuli... Rahim Saidov shu dorilar, shu kolbalar orasida oʻzini erkin, mustaqil odam his qilardi. Shu yerda u oʻzini biror ishga qodirligini tushunardi. Bu yerda hamma narsa unga ma’lum. Shu ma’lum narsalar ichida u qushdek parvoz qilib, sehrli olamlarda kezardi, nimalardir izlardi, topardi, «Otam haq, — xayolidan oʻtdi uning. — Mening hayotim shu yerda oʻtishi kerak».
— Payqadingmi, stenofimitsin qoʻshilganida chigit tozalandi, — uning xayolini boʻldi Hafiz.
— Demak, qoʻshamiz?
— Albatta. Shunda chigit uch-toʻrt kun ilgari unib chiqadi.
— Boʻpti. Zavoddagilar nima deyishyapti?
— Ular poylab turishibdi bizni. Bir sex bizga ajratilgan.
— Bir hafta yetarmikan bizga?
— Harakat qilamiz. Agar sen oʻzing ham boʻlsang, yetadi.
— Boʻlaman.
— Bilasanmi, preparatni qanday nomladik?
— Qanday?
— I-109 S.

Rahim Saidov I-109 nimaligini bilardi. Institut tayyorlagan preparatlarning soni. Lekin «S» nima boʻldi ekan?
— «S» nima?
— Sen, — dedi Hafiz gʻurur bilan jilmayib. — Sulaymon akaning oʻzi taklif qildi. — I-109 Saidov!
— Qalay?

Rahim Saidov qizarib ketdi. Preparatni topishda uning xizmatlari koʻp edi. Biroq kollektiv ham ancha ish qildi. Sulaymon akaning oʻzi ham. Shu jihatdan qaraganda uni juda yuqori baholab yuborishmadimikan?
— Yaxshi emas.
— Nega? — hayron boʻldi Hafiz.
— Yaxshi bir nom topish kerak, hammaga aloqador.
— I-109 kollektivni bildiradi. Kamtarlikning ham chegarasi boʻladi. Mening familiyamni qoʻshishsa, jon-jon derdim...

Hafiz kuldi. Rahim Saidov oʻzida yoʻq xursand edi. Ha, bu dunyo qiziq. Besh minutdan keyin seni nima kutishini bilmaysan. Kecha u qanday edi-yu, bugun qanday!.. Hayot yana unga goʻzal, quvonch, baxtga toʻliq boʻlib koʻrindi. Bu baxt, bu shodlik oldida uning yuragini qimtiyotgan gʻam oʻtkinchi bir narsa, halizamon undan qutuladi, zavqli, ilhom va iqbolga toʻla saxiy hayot uni oʻz quchogʻiga oladi.
— Safar qalay boʻldi? — soʻrab qoldi. Hafiz uning xayolga choʻmganini oʻzicha tushunib.
— Safarmi? — Rahim Saidov choʻchib tushdi. — Safar... Yaxshilik yoʻq.

U shunday deb, choʻntagidagi durni esladi? «Nega olib yuribman, boya uyga tashlab kelsam boʻlmasmidi?» Uning yana xayoli boʻlingan edi. Kechga yaqin esa kayfiyati butunlay buzilib ketdi. Laboratoriyadan chiqib, oʻz kabinetiga yoʻl oldi.

Rahim Saidov kabinetiga kelib, oʻzini kresloga tashladi. Shu tob Hafiz kirdi.
— Rahim, doʻstim, — dedi unga mehribonlik bilan Hafiz, — Oʻlgudek charchabsan. Koʻzlaring ich-ichiga tushib ketibdi. Bor, yaxshisi ket, koʻchaga chiq, shaharni aylan. Yaxshi kino ketyapti. «Spartak». Borib koʻr. Kechqurun uyingdan olib ketaman. Vaziraga yaxshi ovqat qildiramiz. Bitta arman konʼyagim bor. Ashot oʻzi Yerevandan olib kelgan. Bilasan-a uni, qoʻshnim. Kelishdikmi?

Rahim Saidov boshini qimirlatdi.
— Yo uyingga olib borib qoʻyaymi?
— Oʻzim, — dedi Rahim Saidov. — Sal turib. Hozir meni yolgʻiz qoʻy. Ozgina ishlayman.

Lekin u ishlay olmadi. Hafiz ketgach, birpas oʻtirdi-da, koʻchaga chiqdi. Kun har doimgidek issiq emas edi. U bitta-bitta yurib, tramvay bekatiga keldi. Lekin tramvayga chiqmadi. Ikkita tramvayni oʻtkazib, uchinchisi kelayotganida piyoda yoʻlga tushdi. Ish payti boʻlganidanmi, koʻchada odam siyrak edi. Faqat mashinalar turnaqator oʻtib turibdi. Ular koʻp, keti uzilmaydi. Qaysi bir chorrahada u ancha turib qoldi. Keyin endi oʻtaman degan edi, yuk mashinasi chinqirib oldida toʻxtadi, shofer derazadan boshini chiqarib, soʻkindi:
— Koʻzmi, peshanami, kallavaram! Koʻk chiroq-ku?! Rahim Saidov orqasiga qaytdi. Svetoforda qizil chiroq yongach, chorrahani kesib oʻtdi. Hozir uni mashina urib olishi hech gap emas edi. Bir marta shunday boʻlgan. Unda Munis bir oʻlimdan qolgan edi. Toʻyga borishganmidi oʻshan-da? Yoʻq, Faridalarnikiga borishgan edi. Bolalaridan birining tugʻilgan kuni edi. Oʻshandan oldin qattiq urishishdi. Munis bir chamadon kiyim-kechak qilib ayasinikiga, Qoʻqonga joʻnab ketdi. Bir hafta oʻtgach, Rahim Saidov yalinib-yolborib olib keldi. Yana apoq-chapoq boʻlib ketishdi. Lekin uning dilidagi gʻashlik anchagacha tarqamadi. Mehmonga borishganda ham ochilmadi, qaytanga Farida bilan uning eri oʻrtasidagi munosabatini koʻrib, battar yuragi ezildi, ularga havasi keldi. Munisxon esa hech narsa boʻlmagandek qah-qah urib kular, dimogʻi chogʻ edi. Eriga u parvo ham qilmadi. Faqat osh suzilayotganda oʻrtogʻiga yordam bermoqchi boʻlib oshxonaga bordi-yu, qaytib kelib eriga piching otdi.
— Qovogʻingizdan qor yogʻilyapti, nima balodan tuta qoldi?

Rahim Saidov tishlarini gʻijirlatib, xotiniga qaradi, lekin hech narsa demadi. Agar bir narsa desa oʻsha paytda, Munis miyasini qoqib qoʻliga berishini, uyga kelib esa yana chamadonni qoʻltiqlab qolishi mumkinligini bilar edi. Aytgandek, oʻshanda janjal Muhabbatdan chiqdi.

Rahim Saidovning singlisi Munisxon bilan jussa jihatidan teng ekanligini aytib oʻtgan edik. Bir kuni u kelinoyisidan qora yubkasini bir kechaga berib turishini soʻradi. Munisxon berdigina emas, uydan kiydirib chiqardi. Muhabbat qayoqqadir bormoqchi boʻlgan boʻlsa kerakda. Yubkaga mos tushsin deb, qora amirkon yoʻgʻon poshnalik tuflisini ham berdi. Muhabbat xursand chiqib ketdi. Oradan bir necha kun oʻtdi. Bu voqea unutildi. Rahim Saidov bir kuni ishdan kelsa, Munisxon shu qora yubkasini kiyib, toshoyna oldida xunob boʻlib oʻtiribdi.
— Ha, nima boʻldi? — soʻradi Rahim Saidov.

Munisxon javob bermadi.
— Tinchlikmi? — yana soʻradi Rahim Saidov. Shunda Munisxon tilga kirdi:
— Sizga tinchlik boʻlsa boʻldi, mening adoyi tamom boʻlganim bilan ishingiz yoʻq.
— Nima boʻldi oʻzi?
— Singlingiz yubkamni dogʻ qilibdi. Yer yutkur mingʻaymas. Hali tufligimni koʻrganim yoʻq. U nima boʻlgan ekan, Xudo biladi.
— Shunga shuncha tashvishmi? — ovutmoqchi boʻldi Rahim Saidov, lekin ichida singlisini qargʻaganidan zil ketdi.
— Tashvish boʻlmay nima? — Zarda qildi Munisxon. — Bir yilda bitta koʻylakka zoʻrgʻa yetishaman. Topgan pulingiz uyingizga ketadi. Kecha onangiz kelib, yana qoqib ketdilar. Tashvishmasmish-a!
— Oʻn soʻm soʻradi. Bozorga kelgan ekan, yetmay qolibdi. Aytdi-ku! Boshqa qancha pul beribmiz?
— Qoʻying, bilmaydi deb oʻylaysizmi? Doim mendan yashirib berib yuborasiz.
— Qancha olishimni bilasiz-ku, — Rahim Saidovning jahli chiqa boshladi. — Toʻppa-toʻgʻri qoʻlingizga olib kelib beraman. Nega yolgʻon gapirasiz?
— Ana shu-da. Yolgʻonchiga ham chiqdim endi. Singlingiz toʻgʻri gapiradi, oyingiz farishtaning oʻzi. Bitta men yomonman. Oʻlay men sizga tegmay!..

Shunday paytda Munisxonni toʻxtatib boʻlmasdi, ovutib ham boʻlmasdi. Ovutish uchun aytilgan gap haqoratdek tuyulardi. Avval ichida singlisi, oyisining yonini olgan Rahim Saidov janjal qizigach, ularni urishdi. Keyin esa janjal doirasi oʻzlarining munosabatlariga borib taqaldi. Tutab turgan pilik kuyib kerosinga tushdi. Munisxon lov etib yondi-da, chamadonini koʻtarib, qora yubkasida Qoʻqonga qarab joʻnadi.

Mehmonda oʻtirib, Rahim Saidov Faridaning eriga qilayotgan muomalasini koʻrdi, ezildi, Qoʻqonga borib, xotiniga yalinganini esladi. Oʻshanda Munisxon bir martayam «ayb mendan ham oʻtdi», degani yoʻq, dimogʻ bilan uyga qaytdi.

Nihoyat, mehmondorchilik tugadi. Uyga yetguncha ikkalovi churq etgani yoʻq. Muyulishda Munisxon chidamadi shekilli, dedi:
— Meni rosa uyaltirdingiz. Sal odamga oʻxshab oʻltirsangiz, asakangiz ketarmidi!
— Sizni oʻylab oʻtirdim-da... — dedi Rahim Saidov piching bilan.
— Oʻ, chiyon!

Munisxon shunday dedi-da, chopqillab koʻchani kesib oʻta boshladi. U ham, Rahim Saidov ham orqadan kelib qolgan mashinani koʻrishgani yoʻq. Mashina shunday Munisxonning qoʻliga tegib toʻxtadi.
— Qarash kerak-da, bundoq, opa! — qichqirdi shofyor. Rahim Saidov yugurib kelib xotinini quchoqladi.
— Hech narsa qilmadimi?
— Yoʻq, — dedi Munisxon, uning koʻkragiga boshini qoʻyib. — Yuragim chiqib ketay dedi.
— Endi zarda qilmaysiz, — kuldi Rahim Saidov uning boshini silar ekan.

Oʻshanda uning xayoliga yomon fikr keldi: mashina xotinini yoki oʻzini bosib ketganda nima boʻlardi? Ikkalovi bir-biridan qutulardi. Bunday ahmoqona tashvishlar boʻlmasdi. U shunday oʻyladi-yu, oʻz fikridan oʻzi choʻchib ketdi. Albatta, mashina hozir uni emas, xotinini urib yuborishi aniq edi. Nahot u shuni istadi? Yoʻq, yoʻq, boʻlishi mumkin emas. U Munisni yaxshi koʻradi, usiz yashay olmaydi.

Rahim Saidov bir necha marta shu voqeani eslab, oʻzidan oʻzi uyalib yurdi. Hozir ham oʻsha voqea esiga tushdi-yu, qizarib ketayotganini payqadi. Oʻshanda u xotinining oʻlimi uni bunchalik azobga solishini bilmagan edi. Azobga u rozi edi, hatto umr boʻyi azob tortib, hayotini yolgʻizlikda oʻtkazishga ham tayyor edi. Shunday qarorga keldi ham, oʻziga va’da berdi ham. Xotinining oʻlimini eshitgan kuni shunday oʻyladi, ertasiga ham, uni koʻmishganda ham. Endi esa bu azobga yangi azob qoʻshilgan, bu azobning avvalgisidan ham yomonligini u tushungan edi. Qani endi hozir Munis tirik boʻlsa! Ochiq-oydin gaplashardi, agar aldagani, unga xiyonat qilgani rost boʻlsa, uydan boshini olib chiqib ketardi. Keyin nima qilsa qilsin Munis: istasa, oʻntasi bilan yursin, unga baribir edi. Chunki unda bitta narsa uni qiynardi: yolgʻizlik, xolos!..

Oldinda xiyobon koʻrindi. Rahim Saidov shu yerda bir pas boʻlgisi keldi. U bu xiyobonni sevardi. Sersoya, baland argʻuvon, chinorlar ostida studentlik yillari koʻp yurgan, ajoyib rejalar tuzgan, xayollarga erk berib, kechalari yulduzlarning koʻz ilgʻamas yoʻllarini axtargan... Shu yerda bir necha bor Munisxonni bagʻriga bosgan, qorongʻida yalt-yalt yongan koʻzlaridan, issiq lablaridan oʻpgan... Rahim Saidov koʻp uchrashuvlarni shu yerga tayin qilardi va betoqatlik bilan uni koʻtardi. Bir marta vaqtida kelmadi.

Bir soat kutdi. Yoʻq. Ikki soat kutdi — yoʻq. Oxiri xavotir olib endi yotoqxonaga bormoqchi boʻlib turganida Munis koʻrindi. Uning yuragi toʻlqinlanar, zoʻrgʻa nafas olardi.
— Biram chopdim, biram chopdim, — dedi u Rahim Saidovning bagʻriga oʻzini tashlab. — Endi ketaman deb turganimda, dadam kelib qolsalar boʻladimi?! Mehmonxonaga olib bordimu, bu yogʻiga chopdim. Koʻp kutdingizmi?

Ha, u juda ajoyib edi u paytlari! Mehribon, muloyim, sodda, yana nima desa boʻladi? Yana Rahim Saidovni yaxshi koʻrardi. Judayam yaxshi koʻrardi. Kichkina, nozik, biram sergap!.. Oʻsha kech qolgan kuni oppoq tufli kiygan edi, egnida katta-katta binafsha gulli yengsiz koʻylak. Tekis taralgan qalin sochlari bitta oʻrim qilib orqasiga tashlangan... Qiziq, nega odamlar turmush qurganlaridan soʻng bunchalik tez oʻzgarib ketar ekanlar? Sabab nima? Rahim Saidov oʻzida hech qanday oʻzgarish sezmasdi. Albatta, u oʻzgardi: ulgʻaydi, oila tashvishi boshiga tushdi, dunyoqarashi kengaydi. Lekin Munisga nisbatan qildek oʻzgarish sezgani yoʻq oʻzida. Munis esa birpasda boshqa odam boʻldi-qoʻydi. Yo ilgari ham shunday edi-yu, Rahim Saidov payqamaganmidi?!

Uning gruppasida bir qiz bor edi. Adolat. Hozir u qaerda, nima qiladi, noma’lum. Yaxshi oʻqimasdi. Bir amallab diplom olsam boʻldi, deb oʻzi aytardi. Ikkinchi kursdan soʻng u Rahim Saidov bilan ancha yaxshi boʻlib qoldi. Ularni hamma opa-uka deb chaqiradigan boʻlib qolishdi. U Rahim Saidovdan uch yosh katta edi. Oʻrtoqlashib ketishgach, Rahim Saidov uning erga tegib chiqqanini, hatto bitta bolasi borligini bildi. Rahmi kelib, qoʻlidan kelganicha ham moddiy, ham ma’naviy yordam berib turdi.

Oʻqishlar bitdi. Hamma har tarafga tarqab ketdi. Toʻyga yaqin Rahim Saidov Munisga tufli olib bermoqchi boʻlib, univermagga kirganida Adolatni koʻrib qoldi. Quyuq soʻrashishdi. Qishlogʻida oʻqituvchilik qilayotgan ekan. Rahim Saidov Munis bilan tanishtirdi. Uchalovi keyin birga poyafzal boʻlimiga borishdi. Munisxon eng qimmat, eng chiroyli bir tuflini tanladi. Oʻlchab koʻrayotganida oyogʻiga sigʻmadi. Shunda Rahim Saidov engashib yordamlasha boshladi. Tufli olindi. Univermagdan chiqishayotganda Adolat uni chekkaga tortdi:
— Tanlagan qizing yaxshi, lekin bunchalik egilaverma, boshingga chiqib oladi. Xafa boʻlma-yu, koʻzidan bilib turibman.

Rahim Saidov kuldi.
— Belim uncha-bunchaga egilmaydi. Lekin hozir yomon ish qildimmi?
— Tushunmading, — dedi Adolat. — Mayli, ishqilib baxtli boʻl.

Nahotki ayollar bir-birini shunchalik yaxshi bilsa? Qani endi hozir Adolat yonida boʻlsa! Albatta, bironta yaxshi maslahat berardi, koʻnglini koʻtarardi.

Rahim Saidov xiyobon chekkasidagi skameykaga oʻtirdi. Shu yer tinch va ancha salqin edi. Sigaret tutatib, yonboshladi. Olisda, haykal oʻrnatilgan maydonning orqasida kimningdir kallasi koʻziga issiq koʻrindi. Unga tikilib turib, tanidi. Bu u bilan shampan vinosi ichgan ofitsiantka qizning boshi edi. «Qiziq, — Oʻyladi Rahim Saidov, — eri hamon ichayotganmikan?» U kafega borib, qiz bilan gaplashmoqchi, muzdek shampandan ichmoqchi boʻldi. Oʻrnidan qoʻzgʻaldi ham, keyin aynidi. Nimani gaplashadi? Erinimi? Axir ichayotgan boʻlsa, nima qiladi yarasiga tuz sepib? Qiz boshini orqaga tashlab kuldi, yana koʻrinmay ketdi. Ammo Rahim Saidov anchagacha oʻsha tomonga termilib oʻtirdi. Ofitsiantka boshqa koʻrinmadi. Maydonda bir ayol paydo boʻldi. Baland boʻylik, sochi kalta qirqilgan. Semiz chorsi sumkasi yelkasiga osilgan. Kalta, badaniga yopishib turgan yashil koʻylagi, uzun oppoq oyoqlarini yanada oqartirib turardi. Rahim Saidov beixtiyor unga qarab qoldi.

Ayol maydonni kesib oʻtib, keng yoʻlkadan u tomonga kela boshladi. Rahim Saidovning yuragi dukillab urib ketdi. Ayol unga kimnidir eslatdi. Kim ekan? Yaqinlashib qolgan ayol unga tikilib turganini koʻrib, toʻxtadi, u yoq-bu yogʻiga qaradi, keyin yana unga oʻgirildi va qichqirib yubordi:
— Rahim?!
— Sveta!
— Buni qara-ya, Rahim! Azizim!.. Ayol yugurib kelib, unga qoʻl uzatdi.
— Sveta! Nahotki sen boʻlsang?
— Men, Rahim, men! Salom, Rahim. Yaxshimisan?
— Oʻtir.

Rahim Saidov uni oʻtqazdi, oʻzi ham yoniga oʻtirdi.
— Seni koʻraman, deb sira oʻylamagan edim.
— Qachon kelding? Toshkentda nima qilyapsan?
— Uch kun boʻldi kelganimga. Bir yoshligim oʻtgan shaharni koʻray dedim. Toshkent oʻzgarib ketibdi, yaxshi boʻlib ketibdi!..
— Ha, Toshkentni hozir tanish qiyin. Xoʻsh, ahvollaring yaxshimi, dadang qalay. Akang?

Rahim Saidov suq bilan unga tikildi.
— Dadam pensiyada. Biz hozir Moskvada turamiz. Volodyaning ham ishlari yaxshi. Lekin juda olisda.
— Qaerda?
— U geofizik. Antarktikada.
— Oʻh-hoʻ! Juda uzoqqa ketibdi-ku?
— Yaqinda qaytadi. Muddati tugaydi. Rahim, Rahim... Biz seni koʻp eslaymiz. Oʻzing qalaysan?
— Rahmat, durust... — Rahim Saidov hech narsani aytgisi kelmadi. — Akang uylangandir?
— Ha, ikkita bolasi bor, bir qiz, bir oʻgʻil. Juda shirin bolalar!
— Oʻzing-chi? Oʻzing...
— Men ham turmush qurganman... Erim... Sasha, uchuvchi. Hozir Toshkentda. Men u bilan birga keldim.
— Juda yaxshi. Tabriklayman.
— Rahmat, — dedi Sveta.
— Biz oʻz koʻchamizda toʻxtadik. Eshitdim, Rahim. Boshingga kulfat tushibdi.
— Ha, shunday boʻldi... Hech kutmagan edim...
— Falokat oʻzi shunday toʻsatdan keladi. Yaxshi koʻrarmiding?
— Juda ham.

Rahim Saidov rostini aytdi. Sevardi uni. Usiz hayotni tasavvur qilolmasdi. U shunday dedi-yu, yengil tortib ketdi. Fikrlari oydinlashgandek boʻldi. Xotini uni qanday ahvolga solib ketganidan qat'i nazar, uning munosabati oʻzgarmaydi. Sevgan edi, sevadi. Uning haqida eng yaxshi xotiralar bilan qoladi. U shu paytdagina miyasiga kelgan bu fikrni quvvatlash, yuragiga mustahkamroq jo qilish uchun qoʻshib aytdi:
— U judayam yaxshi edi...
— Eshitdim. Qoʻshnilaring aytishdi. Kechqurunlari eshik tagida seni poylab oʻtirar ekan. Uzokdan koʻrishi bilan qarshingga yugurar ekan.

Shundaymidi? Rahim Saidov eslab ketdi. Ha, eski hovlida turishardi unda. Chindan ham tramvaydan tushishi bilan u eshik oldida turgan xotinini koʻrardi. Munis qoʻlini silkitib, u tomonga yugurardi, keyin qoʻltigʻidan olib uyga boshlardi. Nega shularni eslamaydi u? Yaxshi kunlar ham koʻp boʻlgan-ku, ular hayotida!..
— Xoʻsh, bu yerda nima qilib oʻtiribsan? — uning hayolini boʻldi Sveta.
— Shunday, oʻzim... — yuragi ilib, jilmaydi Rahim Saidov.
— Tushunaman, ilmiy xodim ijodiy izlanishda...
— Ijodiy boʻlmasa ham, toʻgʻri topding, izlanishda. Sveta! Ering bilan... Oti nima edi?
— Sasha.
— Sasha bilan biznikiga kel. Hozir adresimni beraman.
— Mening ham adresimni yozib ol. — dedi Sveta va xoʻrsinib qoʻydi. — Lekin senga adres berish foydasiz.
— Nega?
— Baribir javob yozmaysan. Suratimni olganmiding oʻshanda?
— Ha. Juda chiroyli tushgan ekansan.
— Hozir-chi? Hozir xunukmanmi?
— Hozir yanada ochilibsan.
— Komplimenting uchun rahmat. Nega xat yozmading menga? Koʻp kutdim.

Rahim Saidov uyalib boshini egdi.
— Yosh edik. Sen olisga ketib qolgan eding. Lekin suratlaringni uzoq saqladim.
— Keyin xotining yirtib tashladi...

Rahim Saidov javob bermadi, gapni burib, shoshilinch soʻradi:
— Xoʻsh, kelasanmi?

Xayolga choʻmgan Sveta boshini koʻtardi.
— Boshqa gal. Sasha endi tez-tez kelib turadi. Xoʻp, men boray!

Sveta oʻrnidan turdi.

Rahim Saidov magazindan chiqdi. «Borish kerak, — Oʻyladi u. — Uning xotirasi uchunoq borish kerak. Shu bilan hamma narsaga chek qoʻyiladi. Dilida yana bitta Munis, u yaxshi koʻrgan, u yaxshi bilgan Munis qoladi. Ikkinchisidan qutuladi, bugunning oʻzidayoq shartta yuragidan uzib tashlaydi. Avval uyga kirish kerak. Balki yana biron narsa qolgandir? Hammasini oladi. Hammasidan qutuladi. Birdaniga. Shu bugunoq. Keyin tinchiydi. Anatoliy... Anatoliy Nazarovich emas, boshqa odam boʻlsachi? Buning ahamiyati yoʻq. U yoki unga oʻxshaganlarning biri. U shu odamni taxmin qiladi. Shunikiga boradi...».

Muhabbat uyda yoʻq edi. Rahim Saidov shkafni ochdi. Hamma narsa tartibli taxlangan. Singlisi qilgan boʻlsa kerak. Buzishga toʻgʻri keladi. Surishtirsa, koʻylagimni qidirgan edim, deydi. U shkafdagi hamma narsani karavotga olib qoʻydi. Tortmalarni bitta-bitta ochib kovladi. Yoʻq, hech narsa chiqmadi. Tryumoning tortmalarini ochdi. U yerda ham hech nima yoʻq edi. Oshxonaga oʻtdi. Bu yerda nima boʻlishi mumkin? Har ehtimolga qarshi bufetni ochdi. Ogʻzi ochiq yarim shisha «Pliski» hamon joyida turibdi. U beixtiyor ryumkani toʻlatib qoʻydi. Keyin, qarab qoldi, tortmadi konʼyak. Shunday boʻlsa ham, oʻzini majbur qilib bir koʻtarishda dori ichgandek, ichib yubordi.

Bufetdan ham hech narsa topilmadi. Rahim Saidov yotoqxonaga qaytib kirdi. Bir karavot boʻlib yotgan kiyim-kechaklarni bitta-bitta qoʻlidan kelgancha shkafga taxlay boshladi. Kiyimlar koʻp edi... Hammasidan hamon faqat ugina seza oladigan Munisxonning nafasi ufurib turardi. Bu narsalarni endi nima qilish kerak? Biron-yarimtaga berish kerakmidi? Yoʻq, turaversin. Turgani ma’qul. Shkafni yopayotib choʻchib ketdi. Toshoyna oldida Munisxon turgandek tuyuldi. Tisarilib, qoʻrqa-pisa oʻsha tomonga qaradi. Yoʻq, hech kim yoʻq edi. Yuragi bir orziqib tushdi. Yoʻq, Munisxon endi mutlaqo yoʻq. Uni endi hech koʻrmaydi. Issiq boʻsalar, oxiri xuddi yangi tanishgan, yangi turmush qurishgan kunlaridagidek muhabbat izhor qilish bilan tugaydigan janjallar endi yoʻq. U endi huvillagan uyga yolgʻiz kirib, yolgʻiz tunaydi. Munisxon endi uning yuragida, xayolida...

Rahim Saidov xoʻrsindi va ogʻir qadam tashlab uydan chiqdi.

Chorsuga gʻira-shirada yetib bordi. U shoshilmasdan, piyo-da yoʻlga chiqqan edi uydan. Shoirlar xiyobonida anchagina oʻtirdi ham. Qaysi bir shoirning qoʻshiq boʻlib ketgan she’rini esladi:

Gulni gul dermu kishi gulning tikoni boʻlmasa,
Yorni yor dermu kishi yorning jafosi boʻlmasa?..

Davomi hech esiga kelmadi. Davomi qiziq boʻlmasa ham kerak. Hafizmi, kimdir aytgan edi, shoirlar bitta soʻz topib olishsa, atrofida doston bitib yuborishadi deb. Toʻgʻri boʻlsa kerak, boʻlmasa esiga tushardi... Nahotki jafo qilmagan odam, yor boʻlolmasa?

Oldinda uchta koʻcha koʻrindi. Oʻrtadagisi Samarqand darvoza. Rahim Saidov shu tor koʻchaga kirdi. U negadir tinch edi. Nima tinchitganini bilmasa ham, ertalabgidek xayollari parishon, fikrlari chalkash emas edi.

Bir oz yurishi bilan oʻng tomonda koʻk darvozaning zihi koʻrindi. «Shu boʻlsa kerak, — xayolidan oʻtkazdi u. — Ha, nomeri 16/44. Demak, shu». U yaqin borib, ustunga qoqilgan qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Hech kim javob bermadi. Yana bosdi. «Hozir» degan erkak ovozi eshitildi ichkaridan.

Koʻp oʻtmay darvoza tavaqasidagi eshik ochildi. Rahim Saidovning qarshisida besoʻnaqay burunli, serjun bir odam paydo boʻldi. Bu — tanigan boʻlsangiz kerak, Olloyorov edi. «Toʻtiqushga oʻxshaydi, — dedi oʻzicha Rahim Saidov. — Munisxon toʻgʻri aytgan ekan».
— Keling, — dedi Olloyorov uni tanimay.
— Men Saidovman. Munis... Munisxonning eri. Olloyorov murdadek oqarib ketdi.
— Endi tanidingiz shekilli?
— Ha, ha... tanidim. Ichkariga... Ichkariga kiring! — dedi tutilib Olloyorov.

Rahim Saidov joyidan qimirlamadi. «Uraymi yo tupuraymi?» — Oʻyladi u. Lekin bunday qilmadi, choʻntagidan durni chiqarib uzatdi.
— Olib qoʻying, yana kerak boʻlib qolar...

Olloyorov bir narsa deb gʻoʻldiradi, u eshitmadi. Orqasiga qaytdi.

Ana ish bitdi! Endi uni hech narsa qiynamaydi. Hamma iflos narsalar, iflos xayollar shu yerda qoldi. Orqaga oʻgirilish yoʻq endi... U Chorsuga chiqdi. Qayoqqa borsin bu yerdan? Albatta, uyga. Muhabbat yana xavotir olib oʻtirmasin. Lekin piyoda boradi. Uydan Hafizga telefon qiladi. Ertalab vaqtli ishga borishini aytadi. U endi ishlashi mumkin. Tinch, xotirjam.

U maydonni kesib oʻtayotib, toʻxtadi. Nima qiladi, piyoda yurib? Tezroq uyga borgani yaxshi emasmi? Ana, tramvay ham kelyapti!..

U bekat tomon yura boshladi. Shu top nimadir qulogʻi ostida jaranglab ketdi, nimadir yelkasiga urildi. Keyin u dumalab ketayotganini payqadi va hushini yoʻqotdi.

9

Gʻira-shirada shatir-shutur ovoz deraza tagida yotgan kapitan Alievni uygʻotib yubordi. Aliev erinibgina boshini koʻtarib, hovliga qaradi. Uy oldidagi baland soʻrida tok barglari «gurr» etib uchgan kaptar qanotlaridek titrar edi. Koʻp oʻtmay tunuka tomni ham patir-putur tovushlar bosib ketdi.

Eriga teskari oʻgirilib yotgan Sanobarxon gʻingshidi.
— Nima ekan? — soʻradi Aliev hech narsaga tushunmay.
— Men melisamasman, — toʻngʻilladi xotini. Otpuska bekor boʻlganidan beri Aliev undan bir ogʻiz shirin soʻz eshitmay qoʻygan edi. Jahli chiqdi-yu, indamadi. Indasa bormi, tuni bilan mijja qoqmay chiqishi aniq edi. Hozir ham oʻzini bosdi.

Tarnovdan jildirab suv oqa boshladi. Aliev junjikib ketdi.
— Yomgʻir, — dedi ovozini chiqarib u. — Yaxshiyam hovlida yotmadik.
— Nima? — soʻradi Sanobarxon zarda bilan.
— Yomgʻir yogʻyapti... — dedi Aliev.
— Voy! — Sanobarxon sapchib oʻrnidan turdi. — Kirlarim yoyigʻliq edi!
— Tinadi hozir. Yoz yomgʻiri-ku bu! — uni yupatgan boʻldi Aliev.
— Balo boʻlmaydimi menga desa, baribir yomgʻirda, — Sanobarxon apil-tapil xalatini kiya boshladi. — Idorayizzi ishi boʻlsa bunaqa yalpayib oʻtirmasdingiz!

Aliev ichida kuldi va xotini ketidan hovliga tushdi. Iliq tomchilar xuddi shiradek yelkalariga, burniga yopishdi. Sanobarxonning tashvish tortganicha bor. Bemavrid yomgʻir shunday shiradek tom, hovli toʻla dovdaraxtning changi aralash kirlarga dogʻ boʻlib yopishishi turgan gap edi.

Aliev shosha-pisha bir quchoq kir bilan ayvonga koʻtarilganda telefon jiringlab qoldi. Kapitanning yuragi bir orziqib tushdi.
— Eshitaman? — tashvishlanib soʻradi u.
— Kechirasiz, oʻrtoq kapitan, — trubkadan leytenant Sultonovning ovozi keldi. — Saidovni kechqurun mashina urib ketibdi.
— Tirikmi? — shoshib soʻradi Aliev.
— Tirik. Boshi yorilibdi, keyin... jindek qovurgʻasi sinibdi.
— Jindek deganingiz nimasi?.. — Kapitanning jahli chiqdi.
— Ikkita qovurgʻasi sinibdi. Hozir hushiga kelgan. Uxlab yotibdi. Xavotir olmang, oʻrtoq kapitan.
— Hozir boraman. Mashina yuboring.

Aliev trubkani qoʻydi. Xotini eshitib turgan boʻlsa kerak, hovlidan ovozi keldi:
— Nechuk bugun telefon qilishmadi, deb turuvdim oʻzi.
— Qarashvoraymi?
— Boʻldi. Yogʻmay oʻlsin, bemahalda! Aliev kiyina boshladi. Xotini kirdi.
— Anavi oʻlgan juvonning erini mashina urib ketibdi.
— Voy shoʻring qurgʻur. Qattiq uribdimi?
— Bilmasam. Har holda, tirikmish.

Idoraga kelib, u darhol leytenant Sultonovni chaqirdi.
— Shofer tutildimi?
— U qochgan emas, oʻrtoq kapitan. Oʻzi kasalxonaga olib borgan. GAI inspektorining aytishicha, Saidovning oʻzi aybdor. Shofer bir necha marta signal bergan. Eshitmaganmi, nima balo... Shoferning aytishicha, oʻzini tashlaganmish. Qizigʻi shuki Sobirjon aka, fojia Chorsuda yuz bergan.
— Chorsuda? — hayron boʻldi kapitan.
— Ha, Saidov Olloyorovning uyida boʻlgan.
— Tentak ekan-ku Saidov, — kapitan tutaqib ketdi. — Ishning rasvosini chiqargan boʻlmasin tagʻin. Olloyorov uydami?
— Uyida boʻlishi kerak, — dedi Sultonov. — Qoraboev kuzatib turibdi.
— Boring boʻlmasa.

Sultonov chiqib ketdi. Kapitan stol tugmasiga qoʻl uzatdi, ammo bosmadi. Hali erta edi. Idorada deyarli hech kim yoʻq. U «kabinetini qulflab, pastga tushdi. «Nega Olloyorovnikiga bordi ekan? — kapitan yana Rahim Saidovni oʻylay boshladi. — Borib nima qiladi? Nega mashinaga urildi? Gʻamdanmikin bu, yoki...».

U Saidovni qotillikka aloqador boʻlishini istamasdi. Yaxshi odam. Uni birinchi koʻrgandayoq shu fikr xayolidan oʻtgan edi. Ish tugaguncha shu fikrda qolgisi kelardi. Odamlarning yaxshi-yomonligi peshanasiga yozib qoʻyilmaydi.

Lekin oʻn besh yillik hayot tajribasi Alievda qandaydir ichki bir kompas paydo qilgan va uning strelkasi deyarli bexato ishlardi. Olloyorovni ham koʻrmasidan, isminigina eshitishi bilanoq Alievda unga nisbatan shubha tugʻilgan edi. Rahim Saidovga esa u faqat achindi, xolos. Albatta, bu taxminlar hali qanchadan-qancha isbot talab qiladi, sezgilarga koʻr-koʻrona ishonib boʻlmaydi. Shunday boʻlsa ham u Rahim Saidovni aybdor sanashga koʻngli bormasdi. Aybsiz deyishga esa ish, qolaversa, erkaklik gʻururi yoʻl bermasdi. U juda koʻp marta oʻzini Saidovning oʻrniga qoʻyib, usta shaxmatchidek bir qancha «yurish»lar qilib koʻrdi. Deyarli hamma «yurish»larda Munisxonning qilmishlari yashirin qolmadi. Oʻlim bilan tugagan fojiaga kelishga Saidovning beparvoligi ham sabab boʻlgan edi. Albatta, agar u mutlaqo pok, qotillikka aralashmagan boʻlsa! Agar aralashgan boʻlsa fojianing sababchisi Olloyorov emas, boshqa odam va boshqa narsa boʻlib chiqadi. Nima u? Kim?

Kapitan mashinaga oʻtirdi.
— Qayoqqa? — soʻradi shofer mudroq bosgan koʻzlarini ishqalab.
— Samarqand darvozaga.

Ular Olloyorovning uyiga yetib kelishganda, koʻcha eshik oldida ancha-muncha odamlar toʻplanib turishardi. «Hech narsa izsiz boʻlmaydi», — xayolidan oʻtkazdi Aliev.

Serjant Qoraboev uni koʻrib, chestʼ berdi.
— Odamlarni nega toʻpladingiz? — soʻradi kapitan. Serjant «nima qilay» degandek yelkasini qisdi.
— Oʻrtoq kapitan, tinchlikmi?.. — soʻradi kimdir.
— Melisaga ish kerak, — poʻngʻilladi kimdir.

Aliev toʻxtadi. Koʻnglida yaxshilab javob qilgisi keldi-yu, oʻzini bosdi.
— Tarqalishsin, — dedi sekingina serjantga va ichkariga kirdi.

Hovlining oʻrtasida va rovon oldida turgan ikki militsioner u bilan salomlashdi. Aliev rovonga koʻtarildi va beixtiyor chap tomonga oʻgirildi. Rovonning etagida xuddi birinchi gal kelganida koʻrganidek yirik koʻzlarini unga qadab Olloyorovning onasi oʻtirardi. Qoʻlida tasbeh, boshiga uzun doka roʻmol omonatgina tashlangan.

Ajin bosgan lablari nimalarnidir shivirlardi. Aliev seskanib koʻzini oldi. Ertaklardagi dahshatli yalmogʻizni eslatadigan vajohati bilan kampir bu gal ham uni qoʻrqitib yuborgan edi.
— Oʻrtoq kapitan! Bu qanday bemazagarchilik?! — ichkaridan Olloyorov chiqdi. — Kecha qandaydir bir odam menga doʻq qilib, bir hovuch dur tashlab ketdi. Bugun boʻlsa tintuv! Hech narsaga tushunmay qoldim!
— Qoʻrqyapsizmi? — tusmollab soʻradi kapitan.
— Qoʻrqayotganim yoʻq, lekin yaxshi emas. Birovning uyiga bostirib kirish!.. Keyin...
— Toʻgʻri, yaxshi emas, — uni boʻldi kapitan. — Boshqa chora yoʻq. Chidashga toʻgʻri keladi.
— Xudo chidashni Toʻpa xoʻjaga chiqargan! Kapitan yalt etib kampirga qaradi. Gapirgan u edi. Kapitan yana bir narsa dermikin, deb kutdi. Ammo kampir hech narsa demadi. Qoʻllarini yerga tirab oʻrnidan turdi, ustunga tirogʻliq hassasini oldi, hovliga tushdi.
— Bechoraga qiyin boʻldi, — dedi xoʻrsinib Olloyorov.
— Yordam bering! — buyurdi kapitan militsionerlardan biriga.

Ammo kampir yordamni rad etdi. Hassasini doʻqillatib trotuardan koʻcha eshigigacha yetdi-da, hovliga tushdi. Olcha tagiga borib choʻnqaydi.
— Ena! — qichqirib yubordi shu tob Olloyorov va rovondan oʻzini hovliga otdi.

Ammo Aliev epchillik qilib, bilagidan ushlab qoldi.
— Toʻxtang! — dedi u sokinlik bilan va bilagini qattiqroq qisdi.

Olloyorov boʻshashib, rovon zihiga oʻtirdi.

Kampir qoʻllari bilan olcha tagini kovlab, bir narsa oldi-da, oʻrnidan turdi. Qanday borgan boʻlsa, xuddi shunday iziga qaytib rovonga yaqinlashdi. Qoʻlidagi narsa loy yopishgan oʻzbekcha pichoq edi.
— Nima qilib qoʻyding, ena! — dedi Olloyorov boʻgʻiq ovoz bilan.
— Xudo buyurganini!..

Kampir pichoqni rovonga tashladi va hassasini doʻqillatganicha oʻgʻli yonidan oʻtdi-da, joyiga borib chordana qurdi. Hayrat ichida qolgan Aliev uning sokin koʻzlarida yosh yaltirab ketganini koʻrdi.
— Nega oʻldirdingiz? — Oʻzini tutolmay soʻradi Aliev. Olloyorov boshini koʻtardi. Uning rangida rang qolmagan edi.
— Erining ixtirosini olib kelishdan bosh tortdi. Keyin... Sizlarga xabar bermoqchi boʻldi.

Alievning tusmoli toʻgʻri chiqdi. Munisxon erining ixtirosi uchun shahid ketgan. Har holda vijdoni bor ekan. Yengiltaklik qilibdi-yu, sotqinlik qilmabdi.
— Olib keting! — dedi Aliev Olloyorovga ishora qilib.
— Oʻrtoq kapitan! Hammasini aytib beraman! Inobatga olishingizni soʻrayman! Hammasini aytib beraman.

Olloyorov ikki tomonidan qoʻltiqlagan militsionerlar qoʻlidan chiqishga harakat qildi.
— Eshityapsizmi? Oʻrtoq kapitan!..
— Boshqa ilojingiz ham yoʻq. Albatta, aytib berasiz. Ichkari xonadan leytenant Sultonov bilan oʻrta yoshli bir kishi chiqdi.
— Mahallakom Qodirov, — tanishtirdi leytenant.
— Boʻldilaringmi? — soʻradi kapitan.
— Qayokda?! — ensasi qotib javob qildi leytenant. — Faqat roʻyxatga ikki kun kerak.
— Amir Buxoroning xazinasi ekan bu uy, — qoʻshib qoʻydi Qodirov. — Mahallani ham harom qildi yaramas.
— Endi qutuldingiz, — yupatdi Aliev va leytenantga oʻgirildi. — Boʻpti boʻlmasa, men ketdim.

Kapitan koʻcha eshikka yetganida toʻxtadi va orqasiga qayt-di. Rovonga koʻtarilib, kampirning yoniga bordi.
— Rahmat, ona. Bizga katta yordam qildingiz. Harakatsiz koʻzlarini hovliga qadagan kampir javob bermadi, lablarigina nimalarnidir shivirladi.

Aliev Chorsudan toʻgʻri ToshMIga bordi. Hamshira qiz uni Rahim Saidov yotgan palataga boshlar ekan, sirli ohangda soʻradi:
— Bu odam kim oʻzi, oʻrtoq kapitan? Ertalabdan beri kasalxonaga odam toʻlib ketdi.
— Katta odam, — javob qildi Aliev.

Hamshira goʻyo tushungandek «ha-a!» deb boshini qimirlatib qoʻydi.

Rahim Saidov deraza yonida yotardi. Boshi bogʻlangan. Qoramtir yuzlarida koʻk dori surilgan chiziqlar. Kapitanni koʻrib, u oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻldi.
— Yotavering, yotavering! — Aliev yugurib borib qoʻlidan ushladi. — Qalay ahvollar, Sherlok Xolms?

Rahim Saidov koʻzi bilan jilmaydi.
— Olib borib berdim, hammasini olib borib berdim!..
— Bilaman, — dedi Aliev, — yaxshi qilibsiz.
— Oʻsha ekanmi?
— Ha.
— Nega... Nega oʻldiribdi?
— Sizning ishingiz deb.
— Mening ishim? — hayron boʻldi Rahim Saidov.
— Ha. I-109 S deb. Ular preparatingizni yo oʻgʻirlamoqchi, yo yoʻq qilmoqchi boʻlishgan. Xotiningiz... Munisxon bosh tortgan.
— Demak, Munisda ayb yoʻq?

Aliev bir oz oʻylanib turdi-da, keyin boshini egdi.
— Mutlaqo.

Rahim Saidov koʻzini yumdi.
— Ular koʻpchilikmi? — soʻradi u bir ozdan soʻng.
— Ijrochisi qoʻlimizda. Ish endi boshlanadi.
— Oʻrtoq kapitan, shoferga tegishmasin. Qoidani men oʻzim buzdim. Xayol bilan...
— Xoʻp boʻladi, — Aliev oʻrnidan turdi. — Boshqa gapingiz yoʻqmi?

Rahim Saidov boshini qimirlatdi.
— Rahmat.

Aliev uni tushundi-da, ehtiyotlik bilan qoʻlini qisib koʻydi.

1973