OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻlmas Umarbekov
Asar nomiYulduzlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻlmas Umarbekov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduzlar (hikoya)
Oʻlmas Umarbekov

Tunda mashina haydashning oʻziga xos gashti boʻladi. Hamma yoq suv quygandek jimjit. Olis-olislarda chiroqlar miltillab koʻrinardi. Yoʻl yuqorilab borgan sari koʻkda goh yonib, goh soʻnib turgan son-sanoqsiz yulduzlardan farq qilib boʻlmaydi ularni. Yulduzlar... Yulduzlar... Yulduzlar porlab turgan tunda yoʻling sira tugamasa, qancha olis yursang, shuncha yaxshi. Charchoq sezmaysan, rohat bilan nafas olasan, ruhing yengil tortadi, nimalarnidir xirgoyi qilasan.

Kun boʻyi shagʻal tashigan Nazirpolvon qurilish omboridan hammadan keyin chiqdi. Samosvalini muyulishdagi suv krani tagiga tutib, koʻylagini yechdi, boshini tarillab oqayotgan suv tagiga tutib, shaloplatib yuvindi. Keyin, qonib suv ichib, koʻylagi bilan artindi. Yaqindagina oʻstirgan ingichka, mayin moʻylovini silab qoʻydi.

Koʻp oʻtmay, mashina guvillab katta yoʻlga chiqdi-da, shahar tomon yelib ketdi.

Nazirpolvonning kayfi chogʻ edi. Bugun har kungidan koʻp ishlagan boʻlsa ham, charchaganini sira sezmasdi. Papiros tutatar ekan, ikki tomondan lip-lip oʻtib turgan koʻm-koʻk daraxtlarga, koʻkda koʻzni kamashtiradigan darajada jimirlayotgan oq sariq yulduzlarga suq bilan qarab qoʻyardi. Bir mahal nimadir esiga tushib qoldi, shosha-pisha kabina qutisini ochdi. Unda uchi zar qogʻoz bilan oʻralgan besh yulduzli kon’yak tebranib yotardi. Nazirpolvon jilmayib qoʻydi, oy shu’lasida tekis, oppoq tishlari xuddi konyakning zar qogʻozidek yaltirab ketdi. U qoʻliga shishani olib, u yoq-bu yogʻini koʻrdi-da, yana joyiga qoʻydi.

Bugun soʻnggi bir yil ichida ikkinchi marta qoʻliga ichimlik olishi. Birinchi marta qamoqdan chiqqan kuni oldi. Unda ham oʻzi emas, doʻsti Semyon ichirgan edi. «Kel, oshna, — degan edi u oʻshanda. — Biznikiga yur. Bir oʻtirishaylik. Bugun gʻam-gʻussalaringni koʻngildan chiqarib tashlaysan». Nazirpolvon yoʻq demadi.

O’sha kuni doʻstining uyida qoldi. Mana hozir ham shu uyga ketyapti. Bugun Semyonning tugʻilgan kuni. Kech boʻlsa ham, borib tabriklamasa, koʻngli joyiga tushmaydi. Semyon unga ne-ne yaxshiliklar qilmadi!

Mashina yurishini sekinlatdi. Nazirpolvon xayol bilan boʻlib, Qoʻrgʻontepadan oʻtib borayotganini endi payqadi. Pedalni bosib, gaz berdi. O’chib qolgan papirosini yondirmoqchi boʻlgan edi, oldinda ikki kishining qoʻl koʻtarib turganini koʻrib qoldi. Tormozni bosdi.
— Ha, nima gap? — Nazirpolvon mashinadan boshini chiqardi.
— Aka, iltimos, — Oʻrta boʻyli yigit mashinaga yaqinlashdi. — Shu kishining hojatini chiqarib yuboring. Koʻk-orol qurilish trestiga ketayotuvdik, ballon yorilib qoldi. Zapas ballon olib yurardim, bu gal jin urib, esimdan chiqibdi.

Shu payt yigitning oldida kichkina chamadon koʻtargan bir ayol paydo boʻldi. Nazirpolvon unga ensasi qotib qaradi-da, yigitdan soʻradi:
— Shu kishimi?
— Ha, iltimos, eltib tashlang.
— Ertaga oylik tarqatmasam otpuskachilardan baloga qolaman, — gapga aralashdi ayol.

Nazirpolvon oʻylanib qoldi. Yigitning yalinib-yolvorishi, ayolning yoqimtoy qoʻngʻiroq ovozi shunga majbur qilgan edi. «Ikki soatda borib kelaman, — xayolidan oʻtkazdi u. — Baribir Syomka meni kutmaydi-ku!»
— Mayli, oʻtiring!
— Yashang-e, aka. Huri opa, bu yoqqa oʻting.

Yigit birpasda ayolni kabinaga oʻtqazib, chamadonini oldiga qoʻydi-da, yoniga oʻzi ham joylashdi.
— Ha, siz qayoqqa? — soʻradi ayol undan.
— Sizni qoʻyib kelaman.
— Qoʻying, oʻzim ketaveraman.

Yigit nima deyishini bilmay qoldi, Nazirpolvonga gʻalati qarab qoʻydi-da:
— Axir, yolgʻiz oʻzingiz... qandogʻ boʻlarkin? — dedi ikkilanib.
— Hechqisi yoʻq, birinchi marta emas-ku. Yaxshi qoling!

Nazirpolvon mashinani orqaga burdi, yigit hamon joyidan jilmas, chamadonning bandini mahkam ushlagancha jim oʻtirardi. Bu Nazirpolvonni gʻijintirdi.
— Ishonmasangiz yuring, aylanib kelasiz! — dedi u zaharxandalik bilan.
— Yoʻq, ishonishga-ku ishonaman-a, lekin... — yigit ayolga oʻgirildi. — Hay, mayli, oʻzingiz boravering. Ertalab ballon yuborishsin, esingizdan chiqib qolmasin.

Ayol boshini qimirlatdi. Yigit mashinadan tushishi bilan Nazirpolvon gaz berdi.

Yana oʻsha ma’lum va tanish yoʻl... Hamma yoq jim-jit. Motorning bir ohangda gurillashidan boshqa hech narsa quloqqa chalinmaydi. Oldinda son-sanoqsiz yulduzlar... Nazirpolvon boya shaharga qaytayotganida, bitta anjirdek yulduzni koʻz ostiga olib qoʻygan edi. O’sha yulduz mana hozir ham shunday toʻgʻrisida turibdi, na nariga oʻtadi, na beriga. Xuddi soqchidek u bilan barobar boradi. Qani endi shunday hayot yulduzing boʻlsa! Ogʻiringni yengil qilsa, oʻnqir-choʻnqir koʻchalarga tushib qolib adashib yurganingda, seni qoʻlingdan ushlab, katta koʻchaga olib chiqsa, yoʻlingni ravshan qilib tursa!

Nazirpolvon papiros tutatib, chuqur uh tortdi. Keyin ayolga koʻzqirini tashladi, sekin boshini ham shu tomonga burdi.
— Kassirmisiz?
— Ha, trestda ishlayman. Nima edi? — ayol Nazirpolvonga qaradi.
— O’zim shunday.
— Otpuskaga chiqadiganlar bor edi, bankda ushlanib qoldim. Yoʻlda ballon yorildi.

Nazirpolvonni nimadir siltab yuborganday boʻldi. Koʻzlari oʻzidan-oʻzi chamadonga qadaldi.
— Koʻpchilikmi otpuskachilar? — soʻradi u boʻgʻiq ovoz bilan.
— O’n kishi.
— O’n kishi?!

Nazirpolvon shunday savol berdi-yu, oʻz ovozidan oʻzi qoʻrqib ketdi. U bu ovozni tanidi, tanigani uchun ham qoʻrqib ketdi. Bu Nazirpolvonning emas, bundan ikki yil burungi Nazir oliftaning ovozi edi. Uning butun badani junjikib ketdi. Peshonasida sovuq ter yaltiradi. O’zidagi yashin tezligida yuz bergan oʻzgarishni yashirish uchunmi, sekin yoniga qaradi-da, yengi bilan peshonasini artdi.

Ayol eshikning bandiga tirsagini tirab, parvozsiztina oʻtirardi. Koʻzlari yoʻlda, yoqut yulduzlarda. Charchaganmi, yo uyqusi kelyaptimi, ba’zi-ba’zida suyanchiqqa suyanib, chuqur nafas olib qoʻyadi.

Nazirpolvon yengil tortdi. Sezmapti. Yaxshi boʻldi sezmagani. Uni shayton vasvasaga solayotgani ma’lum edi. Shuncha-ya? Chamadon toʻla boʻlsa kerak. Nima qilsa ekan? Yaxshisi, mashinani toʻxtatib, tushirib yuborish kerak. Nega? Beixtiyor kelib qolgan bu savol Nazirpolvonning tishlarini gʻijirlatib yubordi. Toʻgʻri-da, nega tushirib yuboradi? Omad har doim kelavermaydi-ku!

Nazirpolvon atrofga olazarak boʻlib qarab chiqdi. Milt-milt qilib turgan yulduzlardan boshqa hech narsa koʻzga chalinmaydi. Hozir temir yoʻlni kesib oʻtiladi. O’ndan sal narirokda yoʻl qalin tutzorning ichiga kirib ketadi. Koʻk-orolga esa, eh-he, hali qancha bor. O’sha yoqqa koʻp qatnagan. Har bir uy, daraxt unga ma’lum. Trest darvozasining oldidagi pivoxonada sheriklari bilan rosa pivoxoʻrlik qilgan. Trestdagilarning koʻpini biladi. Qamoqdan yangi chiqqanida Semyon uni mashinasida olib borgan edi. Toʻrtta-beshta shofyor yigitlar bilan yarim kechagacha chaqchaqlashib oʻtirishgan. Shaharga qaytayotganida bittasi, ermak qilib turing, deb qanchayam pul uzatgan edi.

Ana, temir yoʻldan ham oʻtildi. Tutzor boshlandi. Qop-qorongʻi. Nazirpolvon beixtiyor mashinani toʻxtatdi. O’chib qolgan papirosini tutatib, ustma-ust tortdi. Shuncha pul-a! Hazil gapmi? Quruvchilar yaxshi topadi. Nazirpolvon eshikni ohista ochib, pastga tushdi. Qayoqdanir qoʻlida katta klyuch paydo boʻlib qoldi. Uni mahkam siqdi-da, ayolga qaradi. U shirin uyquda edi. Polvon bir oz oʻylanib turib, zarb bilan zinaga oyogʻini qoʻydi, klyuchni kabinaning pastki tomoniga uloqtirdi. Nimadir taraqlab ketdi.
— A? Tinchlikmi? — ayol choʻchib uygʻondi.

Nazirpolvon javob bermadi.
— Nima, siznikiyam buzilib qoldimi? — soʻradi ayol koʻzlarini ishqalab.
— Hm... — dedi polvon va istehzo bilan jilmaydi, buni ayol sezmadi.
— Koʻzim ilinibdi, — dedi u yengil esnab. — Yoʻlda hech uxlaydigan odatim yoʻq edi. Ancha turamizmi?

Nazirpolvon ayolning gapiga e’tibor bermay, pedalni xarsang tosh itarganday, kuch bilan bosdi. Mashina bundan bir daqiqa oldin hukmron boʻlib turgan xavfli sukunatni buzib, yurib ketdi.

Anchagacha ikkovi ham jim bordi. Ayol orqaga boshini tashlab, nimalarnidir oʻylab borar, goh-gohida jilmayib qoʻyardi. Nazirpolvon ham oʻz oʻyi bilan band. Ammo bu oʻylar boya shaharga qaytayotganidagi oʻylar singari quvnoq emas, koʻz ostiga olib qoʻygan yulduzi hamon uning oldida ketayotgan boʻlsa ham, boyagidek unga huzur bagʻishlamaydi. Nazirpolvon unga qarab ijirgʻanib qoʻydi, goʻyo kimdir bahaybat qoʻli bilan shu yulduzni osmondan uzib olib, yorugʻida uning yuragini timirskilayapti.
— Menga qarang, — dedi toʻsatdan Nazirpolvon ayolga,— mendan qoʻrqmaysizmi?
— Nega qoʻrqay? — hayron boʻldi ayol, keyin kulib yubordi. — Nima, siz qaroqchimidingiz?

Nazirpolvon quloqlarigacha qizarib ketganini sezdi.
— Nega soʻrayapsiz?
— Yoʻl olis... Ayol kishi...
— Ayol kishi ham odam-ku! Odam odamga ishonishi kerak! Nazirpolvon yalt etib unga qaradi. Odam odamga ishonadi... U bu gapni ikkinchi odamdan eshitishi. Birinchi gapirgan odam qamoqxona boshligʻining yordamchisi, militsiya kapitani Qodirov edi. Nazirpolvonning esiga toʻladan kelgan, novcha bu odam keldi-yu, soʻnggi yillardagi butun qilmishlari, tortgan azoblari, yolgʻizgina onasining faryodi, bir xillari tishining oqini koʻrsatib tirjaygan, bir xillari esa, jirkanch, achinish bilan uni kuzatib qolgan tanish-bilishlari, yor-birodarlari, xuddi hozir lip-lip oʻtib turgan daraxtlardek, koʻz oldida paydo boʻla boshladi.

Nazirpolvon maktabni bitirgan yili otasi vafot etdi. Qiyinchilik koʻrmay oʻsgan yigit bu ogʻir musibatdan tahlikaga tushib qoldi. O’ydagi yigʻi-sigʻidan, onasining yuraklarni ezib yuboradigan nidolaridan uzoqda, kechgacha koʻchama-koʻcha sandiroqlab yuradigan boʻlib qoldi. Shu kezlari tanish-tanishmas sirdosh ogʻaynilar uni qoʻltiqlariga olishdi, oʻzlaricha yupatishdi, oʻynatishdi. Bir kuni qayoqqadir borib, shular bilan uzoq qolib ketdi. Ichishdi, kulishdi. Allamahal koʻzi soatga tushib choʻchib ketdi. Ketamanga tushib qoldi. Yoʻq, deyishdi. Uni rahmatli otasi bekorga polvon deb atamas edi, haqiqatan ham polvon edi. Yigit yonida turgan sheriklaridan bittasini qulochkashlab tushirdi. Toʻpolon boʻlib ketdi. Nazirpolvon anchadan soʻng hushiga kelib qarasa, qorongʻi bir xonada qoʻl-oyogʻi bogʻliq yotibdi. Shu kundan boshlab u, qoʻltiqlariga olgan ogʻaynilari bilan chinakam sirdosh boʻlib qoldi. Nimalar qilmadi ular bilan birga!

Mahallada Nazir olifta degan nom chiqardi. Qop-qora sochini jingalak-jingalak qilib taragan, ingichka, ilon izi nusxa galstuk taqib, kifti keng kostyum kiygan oʻrta boʻyli yigitga ilgarilari havas bilan qaragan odamlar endi uni koʻrishsa, chetlab oʻtadigan boʻlib qolishdi. Mahallaning keksasi Xolparang otaning sandiqqa solib qoʻygan puli yoʻqoldi. Yana allakimning ikki kiyimlik kimxobi, tilla asboblari Nazir olifta kirib, hol-ahvol soʻrab chiqqan kuni gʻoyib boʻldi. Guvohlik berish qiyin boʻlsa ham, bu ishlarni hamma polvondan koʻrdi. Buni payqagan Nazirpolvon bunday ishlarni chetroq joylarda qiladigan boʻldi. O’qish ham esdan chiqdi, onasi ham. Toʻgʻri, uzok yurib kelib, unga qimmatbaho sovgʻalar berib turadi. Biroq, oʻrtada gap yoʻq, onaning soʻroqlari javobsiz qoladi. Qancha vaqt oʻtdi shundan keyin, Nazirpolvon yaxshi bilmaydi, tugun yechildi. Yarim kechada uni olib ketishdi. Ona bechora uyni boshiga koʻtarib yubordi. Qoʻni-qoʻshni yigʻildi. Hammaning yuzida iztirob, birov bir ogʻiz gapirmaydi. Soʻkishsa ham, oʻlasi qilib urishsa ham mayli edi oʻshanda. Nazirpol-von oʻzi yelkasini tutib berardi, ammo bu jimjitlik, sovuq koʻzlar... Nazirpolvon chiday olmadi, koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Qalbi iztirobga toʻldi.

Sudda u qoʻlga tushgan sheriklarining qanaqaliklarini juda yaxshi bilib oldi, bilib oldi-yu, oʻkindi. Boshqa nima ham qila olar edi? Ularning hammasi pivo doʻkonini bosishda Nazirpolvonni ayblashdi. Biroq, sud ularga ham tegishli jazo berdi. Nazir olifta esa uch yilga kesildi.

Erining vafotidan keyin madordan qolgan ona uchun bu — Oʻlganning ustiga koʻmgan boʻldi. Ikki ogʻir dardni koʻtarolmay, yil oʻtmasdan qazo qildi.

Nazirpolvon bu xabarni yarim kechasi kamera darchasidan koʻqda charaqlab turgan yulduzlarga qarab yotganida eshitdi. Kapitan Qodirovning oʻzi kirib aytdi. Nazirpolvon yotgan joyidan turolay qoldi. Nimadir boʻgʻziga kelib tiqildi. Keyin xuddi goʻdak boladek hoʻngrab yubordi. Ertasiga kapitan uni chaqirtirdi.
— Senga endi javob, — dedi uni yoniga oʻtqazib. — Qilgan ahmoqliklaringga tegishli jazo olding. Otang, onang xotirasi hurmati, toʻgʻri yur!

Nazirpolvon gapirolmadi. Koʻzlarini pirpiratib, Qodirovga ancha vaqt qarab turdi-da, oyogʻiga oʻzini tashladi.

O’sha kuni Nazirpolvon onasining qabri yonida kunni kech qildi. Ming xil fikr miyasini chulgʻab olgan edi. Uyga borsinmi? Qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshni qanday kutib olar ekan? Yo boshqa yoqqa bosh olib ketsinmi? Nima degan odam boʻladi ketsa?

Nazirpolvon oʻrnidan turdi-da, chigirtkalar chirillab, zim-ziyo kechaga sehrli tus berib turgan qorongʻi qabristondan chiqdi. Bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, uyiga kelib qolganini sezmadi. Eshik tirqishidan ichkariga qaradi. Hovlida besh-olti kishi gʻivirlab yuribdi... Xolparang ota samovar qoʻyayotgan bolaga nimanidir qizishib gapiryapti. Nazirpolvon eshikni ochdi, hamma unga oʻgirildi. Hovliga jimlik choʻkdi. Avvaliga Nazirpolvon nima deyishini bilmay turdi. Nihoyat, zoʻrgʻa tili tanglayiga yopishib:
— Meni kechiringlar... gunohkorman... — deyoldi, xolos.

Odamlar xuddi shu gapni kutib turishgandek, harakatga tushib qolishdi.
— O’tgan ishga salavot, — dedi unga qoʻlini uzatib Xolparang ota. — Salomat keldingmi, endi bu yogʻiga hushyor boʻl.

Shu kuni u uxlay olmadi. Odamlar tarqalishgach, bir oz mizgʻib olmoqchi boʻlib, hovlidagi soʻriga chuzildi-yu, ammo koʻzini yuma olmadi. Yuragi hapriqib, oʻrnidan turib ketdi. Koʻchada birga koptok tepishib oʻsgan oʻrtogʻi Semyonni uchratib qoldi. Ishdan kelayotgan ekan, qoʻyarda-qoʻymay uyiga olib ketdi. Keyinchalik ishga joylashtirib qoʻygan ham shu boʻldi...

Nazirpolvon chuqur xoʻrsinib qoʻydi. Mana, Koʻkorolga ham oz qoldi. Yana chorak soatda yetiladi. Yoʻlda hamon jimjitlik hukmron. Faqat bir marta Qoʻrgʻontepada ketishayotganida bitta «GAZ-69» «viz» etib oʻtib ketdi. Boshqa hech narsa uchramadi.

Nazirpolvon ayolni uygʻotib yubormaslik uchun rulni chap qoʻli bilan ushlab borardi. Bechora, rosa charchaganga oʻxshaydi. «Yoʻlda uxlash odatim yoʻq edi» — deb tutzordan endi oʻtilganda aytuvdi. Mana, bir soatcha boʻldi, koʻz ochmaydi. Tutzor... Nazirpolvon seskanib ketdi. Nima qilmoqchi edi-ya, boya? Agar oʻshanda ish oʻylaganiday chiqqanda, hozir qaerda boʻlardi? Qodirov, senga ishonamiz, degan. Manavi kassir xotin ham shunday deb uyquni uryapti.
— Yetib qoldik, turing, opa! — dedi Nazirpolvon baland ovoz bilan. Shunday dedi-yu, ruhi yengillashganini sezdi, yuzida tabassum oʻynay boshladi. — Yulduzlarni qarang, charaqlab yotibdi-ya.

Ayol sekin boshini koʻtardi. Kichkina dumaloq mushtlari bilan koʻzlarini ishqaladi.
— Rostdan ham kelib qolibmiz-ku! O’zim ham rosa uxlabman shekilli!

Nazirpolvon kuldi. Ayol ham unga qoʻshildi. Uzokdan trest bazasining darvozasi koʻrindi.
— Qaerda tushasiz?
— Pulni bazaga tashlab ketaman.

Nazirpolvon mashinani shunday darvoza oldida toʻxtatdi. Ayol yerga tushdi.
— Rahmat, — dedi qoʻlini choʻzib. — Katta rahmat. Sizni ancha ovora qildim.
— Hechqisi yoʻq, — Nazirpolvon uni darvozagacha kuzatib qoʻydi. — Darrov chiqasiz-a, poylab turaman. Uyingizga olib borib qoʻyay.
— Rahmat, — dedi ayol jilmayib va baza roʻparasidagi toʻrt qavatli binoni koʻrsatdi. — Mana shu yerda turaman. Yaxshisi, oʻzingiz qoling.

Nazirpolvon kuldi.
— Rahmat, men bir oʻrtogʻimnikiga bormoqchiman. Xayr.
— Xayr, rahmat.

Ayol ichkariga kirib ketdi. Nazirpolvon anchagacha orqasidan qarab qoldi. Uning kayfi chogʻ edi. Papiros olib tutatdi-da, osmonga qaradi. G’uj-gʻuj yulduzlar. Uning yulduzi ana shunday tepasida porlab turibdi. Nazirpolvon nimani-dir esladi, oʻzicha jilmayib qoʻydi-da, kabinaga chiqdi.

Yana oʻsha tanish yoʻl. Anjirsurat yulduz hamon tepasida charaqlaydi. Yulduzlar... Yulduzlar... Yulduzlar porlab turgan tunda yoʻling sira tugamasa, qancha olis yursang, shuncha yaxshi. Charchamaysan, rohat bilan nafas olasan. Mashinani oʻz holiga qoʻyib, oʻy oʻylaysan yo nimalarnidir xirgoyi qilib ketasan. Nazirpolvon ham nimanidir kuylab borardi.

1960