OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻrinboy Usmon. Alam (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻrinboy Usmon
Asar nomiAlam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻrinboy Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Alam (hikoya)
Oʻrinboy Usmon

«
Sinfdoshim Oʻktam xotirasiga
»

Onda-sonda tomchilayotgan yomgʻir doʻlga aylandi. Panaga oʻtayotgan yonidagi kishilardan biri Kenjaning qoʻltigʻidan oldi. «Yur darvozaxonaga, ivib ketasan-ku butkul!» U joyidan siljimadi. Qoʻltiqdan tutgan qoʻl boʻshashdi. «Kenja, uka, nima qilasan endi, aslida u seni tepib-tepib koʻmishi kerak edi-yu… Olloning irodasiga bir narsa deb boʻlarmidi. Oʻzi bogʻ yaratgan, gulzor yaratgan. Oʻzi bogʻbon, istagan gulini oʻzi istagan paytida qirqib oladi… Yaratganning qoʻlida-da hammasi. Yur buyoqqa-ey!..»

Uni sudraguday qoʻltiqlab borib, oʻtqazib qoʻyishdi. Kenja bir kundayoq qorayib ketgan, koʻzlari ich-ichiga botgandi. Oʻzining tusidagi oʻzgarishdan xabari yoʻq, dardini ichiga yutishga shunchalik urinishga qaramasdan, odamlarning unga achinishlaridan hayron edi. «Nega menga achinishadi, oʻzlari aytmoqchi tirik bir kunini qiladi-ku. Goʻyoki oʻgʻlim emas, men oʻlgandayin…»

«Kenja qoʻshnikidan ugra chiqarishibdi, yarim kosagina ichvol. Ichsang-chi, kechadan beri ogʻzingga tuz totganing yoʻq-q! Yo ichkariga kirasanmi?.. E, odam degan oʻzidan kattaning gapiga kiradi-da. Bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz. Baribir bittamiz oldin, bittamiz keyin…

«Voy, bolam, voy, bo-lam, - ichkaridan ayol kishining boʻgʻiq ovozdagi nolasi eshitildi. – Sengina sovuq tuproqqa kirmasdan, men oʻlsam boʻlmasmidi, bo-lam! Koʻzimning oq-qorasidan ajraldim, odamlar…»

«Xotinlar kelishdi, chogʻi. Ularga yaxshi-da, yigʻlab-siqtab yurak boʻshatishadi.» «Ken-javoy, ukajon, bundoq koʻzingga yosh olsang-chi, xotinlardan uyalib oʻlyapman, bittayu bitta oʻgʻlini koʻmsayam, diydasini buzmaydi, deyishyapti». «Opajon, yuragimni yulib olib koʻrsa-taymi oʻshalarga!»

«Aqalli manovi suvni ichvolgin», - Kenjaning gʻuldullayotganidan savdoyi boʻpqol-dimi, deya choʻchigan yonidagi kishi uning yelkasidan tutib silkitdi.

Yelkasidan uzib olgudayin tutgan qoʻl tinmay silkitardi. U qoʻldan tutdi-yu, egasiga qarab qotganicha qoldi. Yengi uzun oppoq koʻylak kiygan kishining boshi yoʻq edi. Kenja qoʻl-ni qoʻyvorib, ortga tislandi. Orqasi devorga tegib toʻxtadi.
— Dada, nega mendan qoʻrqyapsiz? Meni tanimayapsizmi?
— Tur… Tur… Tursunboy! Oʻgʻlim! Gavdang, ovozing oʻxshayapti. Lekin… bosh… boshing qani?
— Boshim?! Mana-ku, koʻrmayapsizmi?

Yo, tovba! Agar yelkalaridagi engashgan boʻyin boʻlmaganda oʻzini Tursunboy deb atayotgan, ovozi quyib quygandek oʻgʻlining ovoziday bu kimsaning boshini u koʻkrakdan oʻsib chiq-qan deb oʻylardi. Bosh koʻkrakka shunday yopishgandiki, faqat soch koʻrinardi, xolos. Yerga yot-volib qaraganingdan soʻnggina quyi tikilgan koʻzlarni, qosh, yuz, burun, ogʻizni koʻrishing mumkin edi.
— Boshingni koʻtarib gapir, oʻgʻlim!
— Dada, soʻzingizni qaytib oling, darhol qaytib oling, sizning koʻzingizga qarab gapirish gunohi azim-ku! Qoʻtardim deganimcha, boshim uzilib ketadi. Soʻzingizni qaytarib oling, oʻtinaman, dadajon! Bobom eshitib turibdilar. Ana, supaga qarang oʻzingiz!

Hovuz chetidagi loysupaga sholcha toʻshalgan. Uch qavat koʻrpachada qoʻshyostiqqa yonbosh-lagan norgʻul cholning labida istehzo. Supadan pastda tizzalagan, boshi egik turgan kishi titroq qoʻllarini yashirishga urinadi.
-Bittayu bitta oʻgʻil deb bevosh qilvoryapsan, Kenja. Otasiga sapchiy deb turibdi-ya. Bizlar otamiz yotgan uyga kirolmasdik, tomiga chiqolmasdik. Ota tugul, yetti yot begona yoʻlda borayotgan boʻlsa, yoshini izzat qilib, undan oʻtib ketolmasdik. Bu mushtdek boshidan koʻzlarini chaqchaytirib, senga gap qaytaryapti. Oxirzamonning bolasi-da. Lekin haliyam kech emas. Niholligida egib ol. Tiysang, tiyding, yoʻgʻasam, naq boshingga chiqvoladi. Boʻyningga arqon solib, eshak qilib minadi. Bolaning oʻziga qoʻyib bersang, nima noma’qulchiliklar qilmaydi!..

Kenjaning hassa tutgan qoʻli qaqshadi.
— Qoʻlingiz ogʻridimi, dada, hozir qulogʻimni kesib tashlayman. Hali sizning qoʻlin-gizga ozor beradimi…

«Agar yana bir marta chaqchayganingni koʻrsam, koʻzlaringni oʻyvolaman. Gapga gap qay-taradigan boʻlsang, tiling uzvolib, itni toʻydiraman. Bobongning tahorat suvini aytganida obormasang…» Dagʻal qoʻl nozikkina quloqni ayamay burardi. Bolaning miq etmay turganiga chidayolmay yuz-koʻzi aralash ustma-ust shapaloq tortadi.
— Qoʻying, dada, nima qilasiz, oʻtgan gaplarni eslab. Ota degan oʻgʻlini koyiydi, ura-di-da. Yomon boʻl, deganingiz yoʻq-ku…

Kenja boshi koʻkragiga yopishgan oʻgʻlining quloqlaridan, qip-qizil goʻshtga aylangan quloqlaridan sira koʻz uzolmasdi. Qoʻlidagi ogʻriq tobora kuchayib borardi…

Shom qorongʻusi tushgandi. Ishdan charchab kelgan Kenja qoratol soyasida choʻzilib yotgandi, koʻcha tomondan birov toʻxtovsiz chaqirdi. Xushlar-xushlamas qoʻzgʻalgan Kenja hovliga xomush qaytdi. U yon-bu yon alanglab, oʻgʻlini qidirdi. Bir nima esiga tushib, poliz tomonga oʻtdi. Qorongʻida oyogʻi suvga tushib ketib, gʻijinib soʻkindi. Picha joyida turib, atrofga quloq tutdi. Suv shildirashiga qoʻshilib ketayotgan gʻoʻngʻillagan ovoz tomon tusmollab yurdi. «Ha, boyvachcha, yulduz sanab yotibdilarmi?» Osmonga tikilib, xirgoyi qilib yotgan bola sak-rab turdi. Xayriyat, otasining qorongʻulikka koʻzi oʻrganmayotgani, yoʻqsa, uning qiyofasidagi oshkora norozilikni aniq sezgan boʻlardi.
— Ashila aytib yotibsizmi? Hamma gapni otangiz eshitsin, siz bemalol yulduzlarga koʻz urishtirib yotavering… Hoʻv, san bolaning dastingdan mahalla-koʻyda bosh koʻtarib yurolmay-digan boʻpqolaman, chogʻi?
— Dada, men nima qilyapman? - yurak yutib javob qaytaradi bola.
— Tilingni uzvolaman deganim chap qulogʻingdan kirib, oʻngidan chiqib ketdimi? Nega oʻzingdan kattalarni pisand qilmiysan? Nega chap qoʻshni bilan suv talashding?
— Dada, oʻzingiz poliz suvsab ketibdi, degandingiz. Anhordan suv ochib kelsam, u tay-yorga ayyorlik qilib, boʻgʻvolipti. Ikki ogʻiz gapirdim-da, suvni ochvoldim.

Qulochkashlab tushgan shapaloq bolani yerga qulatdi. Ota endi tepishga oyoq koʻtargandi, oraga ayol koʻndalang boʻldi.
— Dadajonisi, kim nima desa, surishtirmay, oʻgʻlimni uraverasizmi? Uch kungacha ariq qurib yotuvdi. Shu yomon oʻgʻlingiz anhorga tushib, quvurga tiqilgan toshni obtashlamasa, suv qayoqdaydi. Beli ogʻrimagan qoʻshni ham ekinini sugʻorvolib, ham bolaginamni kaltaklatadi-mi?
— Xotin kishi bola tarbiyasiga aralashdimi, Xudo urdi-ketdi. Kelin, bor, yamoq-chamogʻingni qil, - polizning oʻrtasidagi supa ustida yonboshlagan chol Kenjaning qoʻlidan tutdi. – Uning koʻzlarini koʻryapsanmi, agar sen menga aqalli bir marta shunday qaraganing-da, naq qorachiqlaringni oʻyvolardim. Otasining koʻziga tik qaragan oʻgʻilning ikki dunyosi kuyib ketadi. Ha, ikkala dunyosi! Haliyam, bolaga tarbiya berishni oʻrganmapsan. Farzand hammagayam shirin.
— Dada, nima qilay, mushtdayligidan oʻzidan kattani izzat-hurmat qilishni qulogʻiga quyib kelyapman.
— Yomon quygansan, yomon. Qoʻlingdan kelmasa, menga qoʻyib ber…

Supa poliz ortiga oʻtib ketdi. Kenjaning otasi tomon yozilgan iltijoli qoʻllari havoni kesgancha qolaverdi. U alamidan qoʻllariga kuch berdi. Bolani yelkasidan changallab yertoʻla tomon sudradi…
— Dada, dadajon, yuring, bu yerdan ketaylik, yuring!..

Yonida hech kim yoʻq, lekin qoʻlidan birov ushlab tortayotgandayin. Oʻrnidan qoʻzgʻal-moqqa urindi-yu, boʻlmadi.

«Voy, iloyim, qoʻshnining uyi kuysin, uyginasi kuysin. Huv, oʻsha bolaginamni yomon-lagan tili lahatda chirisin. Bittayu bitta oʻgʻlim kalamushlarga yem boʻlay depti-ya…»

«Ovozingni oʻchir, sharmanda», deya xezlanib borayotgan Kenja xotini quchoqlab olgan oʻgʻlining holsiz osilib turgan gavdasini koʻrib yugurgiladi. Tursunboyning yuzida qon qolmagan, a’zoi badani qaltirardi, lablari titrarmidi, pichirlamoqchi boʻlib qimirlar-midi… Yana bir qadam tashlagandi, yertoʻlaga tushib ketdi. Bilaklaridan, boldirlaridan, koʻkragidan, yelkasidan har biri mushukday-mushukday kalamushlar tishlab tortishardi. Ana, quloqlarini yeb qoʻyishdi, bittasi burnini gʻajiyapti, bittasi…
— Dada, siz ketmasangiz, men butunlay ketaman, keyin sirayam qaytib kelmiyman!

Kenja qarshisidagi boshi koʻkragiga yopishgan oʻgʻliga iltijoli termuldi. « Men… men seni nobud qildim, oʻgʻlim. Oʻsha oʻqituvchingning xatosini koʻrsatganingdan keyin, u «qanaqa bola oʻstiryapsiz, odamning yuz-koʻzi bor, demaydi»lab arz qilib kelganidayam, yangi ish boshlaganingda «notoʻgʻri buyruqni bajarmiyman», deb boshligʻing soʻzini ikki qilganingdayam, seni urishib… e, har kuni umringni egovlab bordim, bolam, kechir otangni…»
— Dada, men ketyapman. Agar hozir yurmasangiz, koʻp ajoyib tomoshadan quruq qolasiz.

Kenja asta oʻrnidan qoʻzgʻalib, oppoq kiyimi badaniga yopishgan oʻgʻliga ergashdi. Hozir uning ortidan yurmasa, oʻgʻlidan bir umr ajralib qolishiga koʻzi yetib, tezroq yurmoq-chi boʻlar, lekin oyoqlari, tosh bogʻlagandayin oyoqlari oʻziga boʻysunmasdi. Qarshisida bir qoʻlida qon chakillab turgan koʻylakcha, bir qoʻlida katta, naq qilichdek igna tutgan, qordek roʻmoli koʻylakchaga tegay-tegay deb hilpirayotgan ayol chiqib, oyogʻidagi tosh yuz chandon ogʻir-lashdi. «Q-qaerda koʻrgandim sizni», Kenja ming azobda yarim qadam qoʻydi. Ayol roʻmolini hilpiratib, ignani oʻynatib, koʻylakcha bilan yuzini toʻsib uchib ketdi.

«Dada!- Tursunboy alamli qichqirdi. – Katta momomni tanimadingizmi?» «Tanigan-da nima, - ota-oʻgʻil oʻrtasida supa oʻsib chiqdi. Qoʻshyostiqqa yastanib olgan bobo koʻzlarida qaxr yonardi. – qatta momomish? U otangga buvi boʻlsa, menga ona boʻladi. Hammangdan ham menga yaqinroq. Lekin men undan uzoq yurdim. Kenja, bu aqlini yeganning gapiga quloq sol-ma. Oxirati kuydi uning!»

Kenja ayamasdan miyasiga oʻt sochayotgan quloqlarini berkitib oldi. Oʻgʻlining lablari qimirlamasdi. Lekin ota uning hikoyasini baralla eshitardi.

… Katta momojonim. Nega oʻshanda bitta himoyasiz ayolga kuchi yetgan nomardlarga ignangizni tiqvolmadingiz? «Hokimiyam, oqsoqoliyam bir goʻr ekan. Bir koʻppakning ustidan ikkinchisiga shikoyat qilib boribman. Adolat qilamiz, deganiga laqqa ishonib, arzga borib-man-chi…» «Momojonim, momojonginam, boshingizga soʻyil koʻtargan qoʻllarni, biqinin-gizni tepkilagan oyoqlarni ignangiz bilan uzib tashlamaysizmi? «Mening ustimdan chaqim-chilik kilganning urugʻini quritaman», degan tilni shartta uzvolmaysizmi? Men nega bun-day deyapman? Haqqim yoʻq, haq-qim yoʻq!.. Uh, nomardlar-a, uch davangirning kuchi bittagina ayolga yetdimi? Siz-chi, bobo, hoy supangizdan tushing, siz oq sut bergan onangizni urayotganlarini, tepayotganlarini, xoʻrlab-xoʻrlab oʻldirayotganlarini qanday qilib tomosha qip tur-dingiz? Koʻzlaringiz oqib tushmadimi? Keyinchalik otamga nasihat qiladigan tilingizni oʻshanda chaynab-chaynab tupurib tashlasangiz boʻlmasmidi?.. Nega oʻylamay-netmay gapiryap-man? Haqqim yoʻq bunga, sira haq-qim yoʻq!..»

«Soʻrashga haqqing bor, jiyan! Agar sen soʻrashdan tortingsang, mana men soʻrayman». Tursunboyning yonida norgʻul kishi paydo boʻlishi zahoti supa turgan yer choʻka boshladi. Oʻrta-dagi jarlikka kirib ketgan supa koʻrinmay qoldi.

«Jarlik tugul, jahannamga berkinsang ham, endi qutulmiysan! Oʻshanda onamni, onangni oʻldirishayotganda qanday chidading? Bilaman, javobing tayyor doim, hali bola edim, ularga kuchim yetmasdi, deysan. Lekin ogʻzinggayam kuching yetmasdimi? Dodlab, qoʻshnilarni chaqirsang, boʻlmasmidi?! Bor, mayli, dodlashga ham kuching yetmagandir. Xoʻsh, keyin-chi, nimaga onangning qotillari bilan olishish oʻrniga, ularning tovonini yalab yurding?!

«Bitta olishgan senmi, - jarlik tubidan boʻgʻiq ovoz keldi. – Yigit yoshingdayoq sovuq yurtlarda naq suyaging chirib ketuvdi. Menga koʻp gerdayib qarama. U yoqdan qaytib hokimni oʻldirgan boʻlsang, uning oʻgʻli qoldi, oqsoqolni chopib tashladim, deysanmi, lekin sen oʻshanda uning oʻgʻillari qanday tish qayrayotganlarini koʻrmading. Borib-borib botir-liging boshingga yetgani yolgʻonmi?»

«Boʻldi, boʻldi…» Kenjaning miyasi zirqiradi. U amakisini oxirgi marta qachon koʻrganini eslashga urindi. Oʻshanda amakisining oʻzi tengi oʻgʻli bilan oʻynagani borgandi. Amaki koʻchadan qovogʻi soliq, oʻychan qaytdi. Choy ichib oʻtirib, ustma-ust «uh» tortdi. «Nega «uh» tortasiz, deysan-a, xotin, boʻgʻilib ketyapman, boʻgʻilib… Bugun yana bitta begunoh odamni opketishdi. Bola-chaqasi chirqiragancha qolaverdi. Boya oʻsha temirchini surishtirgani boruvdim, birontasi lom-mim demadi. Boshligʻiga kirib aytdim, temirchi xalq uchun jonini jabborga bergan odam, yurtini deb oʻlimga tik boradi. Kimningdir chaquvi bilan toʻgʻri odamning shoʻri quriyveradimi, dedim. Yaxshi odam koʻrinadi. «Xoʻp-xoʻp, hisobga olamiz, surishtiramiz, aybi boʻlmasa, qoʻyvoramiz, kelganingiz yaxshi boʻldi, dedi. Zora chiqarvor-sa…» Koʻcha eshik toʻxtovsiz taqillab, amakimning soʻzi ogʻzida qoldi. Amakimning oʻgʻli yugurib borib eshik ochdi. Hovliga birin-ketin uchta odam kirib keldi. Uchoviyam notanish, uchovining ham turqidan bir narsa anglash qiyin, nigohlar sovuq, tund. Ular uy egasining kimligini soʻragandayin boʻlishdi-yu, ikkitasi hammayoqni titkilashga tushdi. Bittasi soʻroq boshladi.
— Temirchiga kim boʻlasiz?
— Qoʻshni.
— Birga oʻtirib-turarmidilaring?
— Ha, bir mahallada yashagandan keyin. Ma’rakalarda, choyxonada, koʻcha-koʻyda.

- U qanaqa odam edi?

— Edi, deysizmi?.. Nega endi edi?..
— Savolni men beraman, siz aniq, loʻnda javob bering! Tushundingizmi? Xoʻsh, temir-chi qanaqa odam edi?
— Yaxshi odam. Toʻgʻrisoʻz, haqiqatchi.
— Hm, haqiqatchi, deng, - sovuq nigohlar yaltilladi. – Siz onangiz haqida yoshlarga gapirib berarkansiz-a? Har kishi oʻzining qadriga yetishi kerak, xalq boshida oʻtirganlarning hammasiyam xalq dardini tushunavermaydi, debmidingiz?
— Desam, degandirman. Onam haqida qancha gapirsam arziydi. Erkaklar bir yoqda qolib, boylar zulmiga u kishi qarshi chiqqanlar.
— Boʻldi! Yetarli! Manovinga qoʻl qoʻying! Endi oʻrningizdan turing, ketdik!
— Qayoqqa? Nega?
— Hammasini borgan joyingizda bilasiz.

Kennoyim hovlini boshiga koʻtarib dodladi. Haligi soʻroq qilgani bir oʻqrayuvdi, kennoyimning ovozi pasayib, hiqillashga tushdi. «Bu anglashilmovchilik. Haq joyida qaror topadi. Poshsho zamonlari oʻtib ketgan.» Amakim mungʻayib qolgan hovlidan uch kishi qurshovida qaddi gʻoz, magʻrur chiqib ketdi…

«Esingdami, oʻshanda senga nima deyishdi? - jardan ovoz chiqdi. – Xalq dushmanining doʻsti hech qachon xalqqa doʻst boʻlmaydi!»

«Kim doʻst, kim dushmanligini hayot koʻrsatdi-ku», amakining ovozi alamli titradi.

«Eh-he, hali ungacha… Sen yaxshi odam koʻrinadi, deb oʻylaganing, «kelganingiz yaxshi boʻldi», degan boshliqni oʻshanda tanimading-a? Ustingdan ariza yozdirgan, seni xalq dush-maniga chiqarganning kimligini ham bilmasding. Ularning biri hokimning, ikkinchisi oq-soqolning oʻgʻli edi… Sen yoʻq boʻlib ketaverding, ular aysh suraverishdi. Buyoqda mening boʻynimga «xalq dushmanining akasi» tavqila’nati osildi. Men boʻynimni qisib, zamon tinchiguncha gadoytopmas kavaklarda jon asradim».

«Sen asli kavak uchun yaralgansan!»

«Pichingingni pishirib ye. Nima boʻlgandayam, men yoshimni yashab, oshimni oshadim. Sen-chi, sen, oʻgʻlingniyam boshiga yetding! U sendan norozi boʻlib ketdi!»

Amaki choʻkib qoldi. Supa koʻtarilib chiqib, jarlik koʻrinmay ketdi. Supada soqoli-ni silagancha oʻtirgan aka tobora kichrayayotgan akasiga viqor bilan boqardi.

«Dada, bu odamning gaplariga ishonmang. U ogʻziga kelganini valaqlayveradi, - Ken-ja supaning nariyogʻida amakisi tomon borayotgan amakivachchasini koʻrdi. U yaqinlasharkan otasining gavdasi tiklashaverdi. - Oʻshanda… Sizni opketishgandan keyin bu menga otalik qilmoqchi boʻlgan. Otang oʻrniga otangman. Men seni aslo yomon boʻl, demiyman, soʻzimga quloq tutsang, sira kam boʻlmiysan, degan. Oʻzingdan atigi bir yosh katta boʻlsayam katta, jil-la qursa, bitta koʻylakni koʻp kiygandir, uni albatta hurmat qilgin, nima desa, xoʻp degin, kichkina rahbar boʻlsayam, baribir rahbar, hali ishlaganingda bilasan, rahbarning soʻzini sira ikki qilmagin, deya nasihat qilardi…»

«Nima, notoʻgʻri nasihat qilgan ekanmanmi? Ana, oʻzboshimchalik qilib, sen nima boʻlding? Kenjayam senga oʻxshagan sarkor edi. Kattalarga xoʻp deb, shox-poxi uzilib tushdimi?

«Bor narsa uzilib tushadi-da… Dada, siz eshitmagansiz. Bir yili yozda jala, doʻl yogʻib, gʻoʻzani nobud qildi. Javzo oyoqlagan, kattalar kelib, biz hech narsani bilmiymiz, chigit ekasan, davlatga paxta kerak, deb turvolishibdi. Hoy, insonlar, sizlarning ham ota-bobolaringiz dehqon oʻtgan, shimollik odam nimani bilardi, qilgan mehnatimiz, sarflagan xarajatimiz hayf boʻladi, shuncha yerdan olsak, bir etak paxta olamiz, oʻshaniyam qish izgʻi-rinida, odamlarniyam oʻylaylik, boshqa ekin ekaylik, desam, hech koʻnishmaydi-da. Biri qoʻyib, biri baqiradi, sendan boshqa, sendan yaxshiroq oʻylaydiganlar bor, davlatga paxta kerak, dedikmi, paxta kerak, qaytadan chigit ekasan, yoʻqsa, sarkorlikni havas qiladiganlar navbatda qatorlashib turibdi, deyishdi. Qarasam boʻlmaydigan, yerni haydadik. Ular bergan chigitni koʻzdan panaroqqa yashirib, boshqa urugʻ ekdik. Ana undan keyingi gʻalvani koʻring…»

Kenja qochgani joy topolmay qoldi. Orqaga qayrilay desa, kimdir darhol burib qoʻyadi. Oyoq koʻtaray desa, birov qattiq tortadi… «Oʻshanda qishloqda ilonning bolasi ilon boʻlarkan-da, degan gap tarqaldi. Koʻcha-koʻyda bosh koʻtarib yurolmay qoldim. Goʻyoki har bir oʻtgan-ketgan manovining amakivachchasi paxta dushmani ekan, qamalibdi», deya koʻrsatayotgan-day. Men ahmoq oilangdan xabar olish oʻrniga, ular bilan bordi-keldimiz yoʻq, debman soʻragan-soʻramaganga. Oʻsha yili qishloq xalqi sabzavotga, moli xashakka toʻydi. Kuzga borib, odamlar sarkor nohaq ketdi, aslida u toʻgʻri qilganakan, mana Kenjaning yeridan bir aravayam paxta chiqmadi, deb burchak-burchakda pichirlashganda, yer yorilishini tiladim. Lekin u haq edi, deya hech kimga, hech qaerga borib aytolmadim… Sen boʻlsang… u yoqdan sogʻligingni yoʻqotib, ozib-toʻzib, ranging sargʻayib qaytding va bir yil oʻtar-oʻtmas…»

Kenja amakivachchasining gʻazabli qarashiga chidayolmay koʻzlarini olib qochdi. Shu zahotiyoq uning boshini tagʻin amakivachchasi tomon burib qoʻyishdi. Qarasa, buvisi, amaki-si, oʻgʻli yonma-yon ketib borishardi. Tursunboy ularning ortidan emaklardi. «Qayoqqa, qayoq-qa ketyapsizlar?» Qarindoshlariga yetib olmoqchi boʻlib ildamlagan Kenja supaga urilib yiqildi. U boshini koʻtarib supaga tirmashuvdi, otasining oʻqraygan koʻzlaridan qoʻrqib ketdi. Biroq koʻzlarini olib qochmadi. Horgʻin, gʻamgin, oʻychan koʻzlar supaga qadalgancha turaverdi. Supa joyidan siljib, quyiga otildi. Uning oʻrnida paydo boʻlgan jarlik Ken-jani uzoqlashib borayotgan oppoq koʻylakli toʻrt kishidan ajratib qoʻydi. «Baribir yetvola-man, yetvolaman». Kenja oyoq qoʻyishi bilanoq zim-ziyo yertoʻlaga quladi. U yon emakladi, bu yon emakladi, biron-bir tuynuk yoʻq. Tashqaridan suvning shovullagani eshitilardi. Shovullash toʻxtovsiz kuchayardi. Kenja gʻuvillayotgan quloqlaridan kaftlarini olgancha devorga yopishdi. Devor ortida soy bor-ku! Ana oʻgʻli qirgʻoqda oʻylanib turibdi. Oʻtma u yoqqa, oʻgʻlim, oʻtma! Kim u oʻgʻlining orqasidan itarayotgan? «Ishonganimiz sen, Tursunboy uka, bu yoshlarning qulogʻiga gap kirmaydi, yurak deb, oʻpkani qoʻltiqlab yurishibdi bari. Suvning pasayishini poylab oʻtiraversak, mollar ochdan harom oʻladi. Ie, nega qadaming tortmaydi? Ilgari necha martalab oʻtgansan! Qani, hayda mashinani!» Tovba, raisning afti oʻziga oʻxshab qoptimi? Tursunboy ortiga qarab bir xoʻrsindi-yu, kabinaga oʻtirdi… Kenja tirnoqlari bilan devorni koʻchira boshladi. Tezroq bu qafasdan qutulishi, oʻgʻlini qutqarishi kerak. Barmoqlari achishib ogʻrir, devor esa qalin edi. O, mashina lapanglab soyga kirdi-ku! Ana, suvning oʻrtasiga yetib boryapti. E, tiqilib qoldi. Oʻgʻlim, Tursunboy, tushaqol, bolam, tezroq qir-gʻoqqa oʻt. Tezroq!» Hozir balo-qazoday, tomdan baland suv bostirib keladi. Tursunboy, tushaqol! Nega ovozimni eshitmayapsan? Suvni koʻrmayapsanmi? Hozir mashinangni agʻdaradi, keyin oʻzingni…

Tishlari shamshirdek hayvonlar miyasini gʻajib-gʻajib, yuragiga oʻtishdi. Uray desa, qoʻli, tepay desa, oyogʻi yoʻq. Shovqin solib qoʻrqitay desa, tilini allaqachon kemirib boʻlishgan. Faqat yuragi qoluvdi, endi uniyam…

Yumshoq qoʻllar avval yuzini siypaladi. Asta-asta choponidan tortib, yertoʻladan sud-rab chiqa boshladi. Oʻtkir yorugʻlikdan koʻzi qamashib ketdi…
— Chiroqni oʻchiraylikmi, bobojon, - Kenja tikila-tikila roʻparasidagi uzun toʻn kiyib olgan bolani, Tursunboyning oʻgʻlini bazoʻr tanidi. – Qorongʻi tushgani qachoniydi, shuncha ichkari kir, deyishsayam, kirmadingiz. Keyin meni chaqirishdi. Qarasam, uxlab qolgan ekansiz…

Bola yerga qarab gapirardi. Uning boshi koʻkragiga egilib borardi. Yana picha egilsa, yopishib qolishi mumkin. Kenja oʻrnidan irgʻib turdi.
— Boshingni koʻtar! Koʻzimga qarab gapir! Namuncha mingʻillaysan? Shartta-shartta gapir!

Bola indamay turgandi, Kenja uning tomogʻidan ushlab, boshini koʻtardi. Bobosiga koʻzi tushgan bola yigʻlavordi va yana boshini eggancha ichkariga yugurib ketdi.

Kenja alamidan titrar, qoʻlidagi hassani tinmay boshiga urardi.