OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻrinboy Usmon
Asar nomiKatta dada (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻrinboy Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Katta dada (hikoya)
Oʻrinboy Usmon

«Yoʻq, boʻlishi mumkin emas!» Ana shu toʻrttagina soʻz, lekin miyasining toʻrt tomonini egallab olgan, ming boshqa narsani oʻylashga urinmasin, oʻzini chalgʻitish uchun hech bir keraksiz yumushlarga qoʻl urmasin, xotiniga qoʻshilib jini suymaydigan tele-seriallarni koʻrib, haligina eshitgan, musaffo osmonni tilib oʻtgan chaqinga oʻxshash xabarni unutishga urinmasin, hech bir boʻlmasdi. Uxlasam, unutarman, deya yostiqqa bosh qoʻyib, yupqagina xitoytoʻshakni naq boshigacha tortdi. Qayoqda! «Yoʻq, boʻlishi mumkin emas!»

Toʻshak titrayotgan qoʻllarning ayovsiz gʻijimlashidan choʻchiydi, gʻijimlash yirtish-ga aylanishidan qoʻrqadi. «Yoʻq, boʻlishi mumkin emas!» - ich-ichini tirnab tashlayotgan, miyasiga toʻrtta chayondek yopishayotgan soʻzlar yigirmanchimi-oʻttizinchimi, kim buni hisob-lab oʻtiribdi, allanechanchi martadir takrorlanganda, boʻshashgan barmoqlar orasidan toʻshak pastga sirgʻalib tushayotib quvonadi. Lekin toʻshak oʻzidagi norozilikni televizordan bosh koʻtarmay oʻtirgan uy bekasiga koʻchganini bilmaydi. Oʻrtadagi eshik yarim ochilib, ichkariga suqilgan oppoq sochlari toʻzgʻigan boshni koʻrarkan ayol eriga oshkora norozi koʻzlarini tikadi-da, xuddi bir narsadan quruq qolgandek televizorga oʻgiriladi. Hozir-gina u anov kinodagi turk ayolning kuniga bir-biridan chiroyli yangi-yangi roʻmol oʻrashiga havasi kelayotgan, eri jimgina uxlamasdan, qoʻlimizga pul tushsa, bozorga chiqaman-da ikkita, yoʻq, uchta roʻmol sotib olaman, degan shirindan-shirin xayolining naq beliga tepganidan ogʻrindi. Ogʻrinadi-da, roʻmol olaman deb yigʻayotgan nafaqa pulini qiziga berganini eslab, eridan koʻzini olib qochadi. Nima qilsin, bitta-yu bitta qizi bemorxonada topgan puli ikkita bolasini yedirish-kiydirishga yetmasdan, yarim kecha demasdan, yogʻin-sochin demasdan eshik qoqib kelgan odamga ergashib, yoʻliga intiq yotgan bemorni ukol qilib, toʻrt tanga topay deya yelib-yugurib yurganda, uning tumshugʻi ajralay-ajralay deb turgan tuflisini koʻrib, ol qizim, oyogʻingga tuzukroq narsa sotvolgin demoq oʻrniga boshiga yangi roʻmol oʻrasinmi… Erining pulini surishtiradigan xotin boʻlmasa. Yoʻ, hammasi kundek ravshan koʻrinib turganda, ha, eri uch yildan beri bitta kastumda yurgan-da, pensiyaga chiqdim deb, uyda oʻtirmasdan, yana tong oqarar-oqarmas maktabga yugurayotganda oladigan pulini surishtirib, aqlini yebdimi? Faqat shiringina orzu qilib turganda, toʻsatdan taraqlatib eshik ochishi…
— Kampir, shu-u, jiyan uyimni sotaman, deb oʻz ogʻzi bilan aytdimi?
— Ha, oʻz ogʻzi bilan aytdi, men mana shu quloqlarim bilan eshitdim. U aytdi, men eshitdim, eshitganimni sizga yetkazdim. Boʻldi-da endi, uy sotadigan jiyaningiz, sizga nima, uxlang, dunyoni suv bossa odamlarning toʻpigʻiga chiqmaydi, bu kishim arzimagan bir gapga bosh qotirib, uxlayolmaydilar. Uxlang, ertaga darsda koʻzingizni yumib, esnab oʻtir-mang tagʻin, - televizorda yana yangi roʻmol oʻragan kekkaygan ayol koʻrinib bekaning oʻchayotgan oʻtiga moy sepdi.
— Sen uy sotishni oddiygina gap deb oʻylaysanmi? Jiyanning boshiga biron tash-vish tushgan. Ha, sira kutilmagan tashvish tushgan. Yoʻgʻasam, kim yashab turgan uyini sotadi? Yo notoʻgʻri gapiryapmanmi, kampir?
— Men biron nima dedimmi? Lekin uy sotadigan u, balki jiyaningizning koʻngli katta-roq, dangʻillama uyni tusab qolgandir…
— Ha, shu mening aqlimga kelmabdi. Keyingi paytlar allaqanday biznesga ara-lashib yurgan, deb eshitgandim…U boshqa hech narsa demadimi?
— Yoʻ-oʻq… Shoshmang, u… jiyaningiz bojangizni surishtirdimi-ey. Katta dadam bojalarinikiga borib-kelyaptilarmi, deganday boʻldimi-ey…
— Bojamni nega surishtiradi?
— Men qaqdan bilay, uxlab tush koʻribmanmi? Ana, kinoyam tugadi, koʻrganday boʻlmadim. Uzzukun poylab oʻtirgandim, hah essiz… Qaqdan keldi oʻsha Sulton satang! Katta dadalari endi esiga tushib qolibdimi? Yil-oʻn ikki oyda ikki marta keladigan hayitda ikkita issiq non bilan yarim kilo novvotga arzitmasa! Bir oy ana ketaman-mana ketaman, deb yotdingiz, katta dadamga nima boʻldi, deb holingizni soʻrab kelmagan boʻlsa!
— Sen bu gaplarni qoʻy, kampir, u mening jigarim, vaqti boʻlmagandir, boshqa bir muhim sababi bordir, he, sen jiyanim meni koʻrganda, «katta dada»lab aylanib-oʻrgi-lishini bilmaysan-da. Erta darsdan keyin undan bir xabar olmasam boʻlmaydi…

Muhib muallim ertasiga darsdan chiqib, tuman markaziga boradigan «marshrut-ka»ga chiqdi. Shunday mashinadan tushganida jiyanining qoʻshnisi uchrab qoldi. Yoʻli yaqin boʻlishini oʻylagan muallim ildam qadam tashlayotgan qoʻshniga yetib yurishga urinardi. Lekin qoʻshnining gaplarini eshitib, oyoqlari boʻshashdi. Yana kechagi toʻrtta soʻz miyasiga chumolilarni yugurtirdi: «Yoʻq, boʻlishi mumkin emas!» Nimaymish, qoʻshnining aytishi-cha Sulton qoʻlidagi oʻn barmogʻi qolib, oyogʻidagi barmoqlarni ham ogʻziga solishga uringanmish. Ana keyin yogʻliq palov yeb yurgan odamning kuni qotgan nonga qolibdi. Qoʻshni Muhib muallimning oyoqlari chalishib, orqada qolib ketayotganiga zarracha e’tibor ber-mas, Sultonning «bankrotcha» boʻlganini, singanini xuddi quvonchli bir yangilikni hikoya qilayotgandek ataylab chertib-chertib soʻzlardi. Muallim qoʻshnining ogʻziga urib tashlagi-si keldi. Toʻy-hashamlarda, choyxona, katta davralarda karillab yurgan, oʻzining tagida «Neksiya», oʻgʻlining tagida «Mersedes» jiyanini toptab tashlayapti-yu. Shu, hovli olma, qoʻshni ol, deganlari toʻgʻri ekan-da. Jiyan hovli olayotganda qoʻshnilarini tuzukroq surishtirmagan chiqadi. Odam bolasining ichi qora boʻlmasin-da. Qoʻshniga yetkazgan Xudo menga ham yetkazsin, deb niyat qilsa boʻlmaydimi. Bu yonimda kelayotgan odam yon qoʻshnimning amakisi, yetti yot begona emas, deb oʻylamaydiyam. Xudoyim har bir bandangga oʻzing insof bergin-da…
— Semizlikni qoʻy koʻtaradi deganlar, aka, odam emas, - qoʻshni eshigiga yaqin-lashganda toʻxtadi. – Aka, uyga kiraylik, bir piyola choy ichib ketasiz.

Muhib muallim qoʻli bilan hovlisiga ishora qilib, jilmayib turgan qoʻshniga rahmat aytish uchun tilini ikki-uch lahza qiynadi. Oltmish uch yoshlik umri davomida birinchi marta, ha, birinchi marta, oldingisi esida qolmagan, agar aytganida hozir eslagan boʻlardi, birinchi marta «rahmat» degan yurakdan toshib chiqadigan soʻzning shunchalik quruq chiqqaniga, ustiga ikki chakkasini loʻqillatganiga oʻzidan koyinib borarkan, bunday qarasa naq peshonasiga bir qarich-bir qarich qilib yozilgan harflar urilayozdi. «Hovli sotiladi!» Koʻm-koʻk darvoza peshonasiga oq boʻr bilan yozilgan bu ikki soʻzni uch qayta oʻqidimi, toʻrt martami, muallimning xayolida qoʻsh fikr aylanardi – oʻyinqaroq bolalar hazillashib yozib ketishgan, yo men adashyapman, bu jiyanimning dar-vozasi emas… Qoʻsh fikr bir-bir-biri bilan talashib, oʻrin almashaverdi, lekin koʻm-koʻk ikki tavaqali katta darvoza, peshonasiga oppoq boʻr bilan yozilgan bir qarich-bir qarich harflar sira nari ketmasdan jimirlagancha turaverdi. Muallim toʻxtovsiz jimirlayotgan boʻr yozuvlar tepasidagi toʻrt tomoni bir qarichlik qora temir parchaga umid bilan tikildi. Yoʻq, umidi bir lahzada sarobga aylandi - oʻsha koʻcha, oʻsha raqam. Qora temir parchadagi shafqatsiz yozuv bu hovlida jiyani yashashini loʻqillayotgan chakkalariga cherta-cherta ustma-ust ta’kidladi…

Shivalab yomgʻir quyishidan yarim soatcha oldin qiyshaygan tarnovlarni tuzatib tushgan Muhib kech kuzdagi sovuqda eti dildirab koʻrpaga oʻralib yotganda eshik taqillaganday tuyuldi. Avvaliga shamol ters esgan boʻlsa, yomgʻir urilayotgandir deya e’tibor ber-magan, taqillash takrorlanavergach, issiq koʻrpadan chiqqisi kelmasdan yotavergan muallim tanish ovozni eshitib, eshik ochdi. Ustidagi baxmal koʻylagi ivib ketgan, oyogʻida orti qirqib tashlangan kalishcha kiygan bolani bagʻriga bosgancha ichkari oldi. Sochi yopishgan boshini, hoʻl betini sochiqqa artib, koʻylagini yechib, sandal chetiga yoyib qoʻydi-da, oʻzini avaylab issiq koʻrpaga oʻradi. «Katta dada, endi men siz bilan yashayman… Yo… yo… yo…» Bola sochiq bilan oʻralgan boshini silayotgan Muhibga yosh toʻla, qizarib ketgan koʻzlarini tikar ekan, ich-ichidan toshib chiqayotgan xoʻrsiniq boʻgʻzidagi soʻzlarni itarib tashladi. Yoʻq, baribir bolaning ichiga toʻlgan, miyasiga boshqa hech narsani sigʻdirmayotgan soʻzlar qiynala-qiynala xoʻrsiniq orasidan yorib oʻtdi: « Yo endi oʻgʻlingiz bor… Katta dada, endi meni oʻgʻil qilmaysizmi…»

Muhibning xotini toʻngʻich qizidan keyin necha yilgacha hech yukli boʻlmadi. Besh yil oʻtdi, olti yil oʻtdi, oʻzidan ikki yil keyin uylanib, ustma-ust uch oʻgʻillik boʻlgan ukasiga bilib-bildirmay havas qilayotgan Muhib uyquga yotayotganda ham, tong saharda ham Xudodan oʻgʻil tilardi. «Yiqilganda suyanmoqqa oʻgʻil kerakdir yigitga» - hali uylan-masidan oldin eshitgan bu gap ayniqsa keyingi yili quloqlari ostida toʻxtovsiz yang-raydi, yangrayverardi. Akasining hovlini toʻldirib, baqirib-chaqirib oʻynab yurgan oʻgʻillariga mehr bilan tikilib qolishini koʻrgan, bu tikilib qolishlarning har gal uzoqroq choʻzilayotganini payqagan uka nihoyat bir qarorga keldi. «Aka, agar istasangiz, oʻgʻillarimdan birini sizga beraman. Koʻnglingizga yoqqanini ayting. Siz unga katta dada boʻlasiz. Nega indamaysiz? Tortinmang, aytavering…» Uka soʻzini davom ettira olmadi. U «agar oʻgʻlimga oʻz farzandingizday mehr qoʻysangiz, kennayamning mehrlari toʻlib-toshsa, ajab emas, xudoyim unga pahlavondek uka bersa», demoqchi edi. Lekin tilini tishlab qoldi. Uka bu gapining ikki uchi borligini, bir uchi akasiga ogʻirroq botishi mumkin-ligini, u inisining himmati faqatgina uning koʻnglini koʻtarish uchun qilinayotganligini, bu ham vaqtincha, omonat ekanligini, agar oʻgʻil koʻrsa, jiyanini qaytarib berishini sezib qolishidan choʻchidi. Lekin ayni oʻsha payt aka ham ukaning koʻnglidan oʻtgan, lekin ichida qolib ketgan gapni xayolidan oʻtkazgandi. U farzandsiz ayollar asrab olingan bolasiga ich-ichidan mehr qoʻygach, uzoq yillar intiqib kutilgan chaqaloq yigʻisi uy tinchini buzib, shodlikka koʻmib tashlagani haqida koʻp voqealarni eshitgandi. Aka oʻzidan javob kutib turgan ukasini bagʻriga bosdi… Shu-shu Muhib «katta dada»ga aylandi. Ukasining unga oʻgʻillikka berilgan uch yashar Sultoniga qoʻshilib akasi, endi tili chiqayotgan ukachasi ham Muhibni «katta dada» deb chaqirishardi. Muhibning xotini esa ovsinining bolalari uchun katta ayaga aylandi. U faqat oʻgʻilxonlari Sultonni emas, balki ovsinining hamma bolalarini oʻz tuqqanidek koʻrar, qizini qancha erkalab-suysa, toʻpolonchi bolalarni bundan koʻp boʻlsa koʻp, aslo oz erkalab-suymasdi. Oradan ikki yil oʻtib-oʻtmay Muhib ishonib kutgan hodisa yuz berdi, Xudo unga oʻgʻil berdi. Lekin u hamon «katta dada»ligicha qolgan, Sultonni oʻz oʻgʻlidek koʻrardi. Sulton sakkiz yoshdamidi, Muhib boshqa hovliga koʻchadigan boʻlib qoldi. Muhib Sultonni oʻzi bilan olib ketmoqchi edi. Xotiniga bu haqda ogʻiz ochgandi, u «oʻzingiz bilasiz, bola nima desa shu, ov-sinimning gap-soʻzidan oʻgʻlini biz bilan ketishini istamayotgangan oʻxshaydi. Endi, dadasi, kim tuqqanini birovga berib qoʻyadi,» dedi pichirlagandan-da pastroq tovushda. Oʻgʻillik boʻlishgach, xotinining Sultonga avvalgiday mehri yoʻqligini sezib yurgan Muhib shu topda «sen sochi uzun, aqli kalta, nimalar deyapsan, shu bola tufayli Xudo senu menga yana farzand bermadimi», demoqchi boʻldi. Lekin ukasi «aka, Sultoningiz boshqa maktabga bormayman, deyapti. Endi mahallaning bolalariga oʻrganib qolganda, siz besh chaqirimdan maktabga olib kelib-olib ketolmaysiz… Endi darrov qovogʻingizni uymang-da, aka. Siz uning «katta dada»si boʻlib qolaverasiz. Bir umrga…» deganda, uning ortida qiya ochilgan eshik yonida Sultonni bagʻriga mahkam bosgancha, ha, xuddi shu lahza-dayoq oʻzidan birov tortib olib ketadiganday, qattiq quchoqlagancha turgan kenayasining koʻzidagi xavotirlikni ilgʻagan Muhib indamadi, faqatgina bir kungina avval xotinini siltab tashlamaganidan quvondi…

«Sultonjon, oʻgʻlim, qaerdagi gaplarni topasan-a? Men senga ming marta aytgan-man – menda ikki oʻgʻlim bor, kattasi sensan!»

Bola qoʻlini koʻrpadan chiqarib, Muhibning boʻynini quchdi.

« Dadam kelsala, meni berib yubormang. Uradila…»

Bola oʻksinib yigʻlar ekan, eshik ochilib, Muhibning xotini koʻrindi.

«Xoʻjayin, koʻchaga qaraysizmi, odamlar sharros yomgʻirdayam uyida tinchgina oʻti-rishmaydi-ya… Ie, Sulton, sen qachon kelding? Ha, nega yigʻlaysan? Choy ichasanmi? Sen koʻrpaga oʻralib yotgin, men qaynoqqina choy damlab kelaman. Asalchoyni haliyam yaxshi koʻrasanmi? Men hozir… oʻral, yaxshilab oʻral…»

Muhib xotirjam eshik yopadi. Darvozaxona tomon shoshib borar ekan, tashqaridan tanish ovoz eshitiladi: «Aka, uydamisizlar, nega hech kim eshitmayapti, yo tovuq yotish qilishganmi?.. Aka, a-k-a-a-a!»

Eshikcha kaliti buralishi zahoti darvozaxonaga otilib kirgan ukasini koʻrgan Muhib unga quchoq ochdi. Uka sovuqqina qoʻl choʻzib, soʻrashganday boʻldi-yu, kosasidan chiqa-yozgan koʻzlari akasiga oʻqdek qadaldi.

«Qani u!?»

«Kim?»

«Aka, oʻzingizni ovsarlikka olmang? Sulton qani? Oʻgʻilxoningizni qaerga yashir-dingiz? Men bilaman, u shu yerga kelgan. Ezib, ezgʻilab tashlamasammi u quloqsiz bolani!»

«Oʻzingni bos, uka, oʻgʻling shu yerda, yomgʻirda ivib ketibdi, ust-boshini yechib, issiq koʻrpaga oʻrab qoʻydim. Shuncha yoʻldan yayov kelganmi… Shamollab-netib qolmasin, deb…»

«E, menga desa, oʻlib ketmaydimi. Ikki soatdan beri qidiraman, bormagan joyim qolmadi. Bu xomkallamga hadeganda «katta dada»si, aќlsiz bolani oʻz otasiga qarshi qoʻya-digan togʻdek suyanchigʻi borligi kelmabdi. U tirrancha meni bitta tirgakchadek bilmaydi. Aka, bolani ikkiyuzlama boʻlishiga, beti eshakning terisidan qalinlashganiga siz ayb-dorsiz! Bildingizmi, siz aybdorsiz!»

«Aybdor boʻlsam, aybdordirman, uka! Yur, ichkariga boshdan-oyoq ivib ketibsan.»

«Burnichasidan bittagina ortiq gapni ayta olmasam. Akangni narsasini soʻramasdan olma, ukangning ishkalatini yeb qoʻyma, desam darrov panoh izlab siznikiga chopadi. Siz bolani bunday koyib, toʻgʻri yoʻlga solish oʻrniga, uni menga, onasiga, aka-ukasiga qay-raysiz.»

«Nima qilaman?! Ha, mayli, uka ichkari kiraylik, kennayang choy damlagandir, avval bir piyoladan ichib, soʻng mayli, ginaxonlikni davom ettiraveramiz.»

«Bilardim shu yerdaligini…»

Akasining ortidan uyga kirgan uka yangasi choy ichirayotgan boshi sochiq bilan oʻralgan oʻgʻlini koʻrib, doʻlaygan mushtini pastga tushirdi. Xonani qoʻrqitgan zildek sukunatdan soʻng ukaning lablari qiynala-qiynala soʻkildi:

«Mana shunaqa-da, taltaytirib yuborgansizlar…»

Sulton piyolani itarib tashlab, qalin koʻrpadan panoh izladi…

Muhib muallim eslashga urindi. Oʻshanda Sulton yo oʻn ikki, yo oʻn uch yoshda edi. Mana endi bolaligida uyiga panoh izlab kelgan katta oʻgʻli hovlisini sotmoqchi. Hovli-sini sotgandan soʻng nima boʻladi? Uysiz qoladimi? Dadasi qarab oʻtirmas, ota degani oʻgʻli, nevaralari koʻchada qolayotganiga indamaygina qarab oʻtiraveradimi? Yoʻgʻ-ey, ukasi uyiga olib ketar. Shoshma, olib ketganda Sulton xotini va uchta bolasi bilan ota hovliga sigʻarmidi. U bobosi – Muhibning otasi davrida bu hovlida uchta oila, ikkita kelin, nevaralar, Muhibning toʻrtta singlisi - oʻn besh jon seniki-meniki nimaligini bilmasdan, ahil-inoq yashardi. Hozir-chi?! Ukasining noligani hali qulogʻidan nari ketmaydi: «Aka, bizzi paytda dunyo keng ekanmi, oʻshancha odam, yana Xudoning bergan kuni mehmon – ammalarim, xolalarim, otamning togʻdagi, shahardagi ogʻaynilari, qoʻnoq topmagan muso-firlar, uyimni ivirsitding, hovli supurish jonimga tegdi, bir kunda toʻrt marta qozon osamanmi, bular bola emas, baloning oʻqi, degan gaplarni bir marta eshitmasdik. Hamma-miz dasturxon atrofini toʻldirib, qoshiq navbati yetishini kutib ovqatlanardik. Hozir-gilar… Hovlimiz toraydimi, dunyo toraydimi, yo fe’limiz torayib ketdimi. Shu, ishoning Sultonning bolalari bir kecha yotib qolishsa, ertasiga ular bir yoqda uydagi nevaralar bilan jiqqamusht, ustiga onalarining qovoq-tumshugʻi osilgan. Esim borida Sultonni chiqarib yuborgan ekanman, men tirikligimda toʻngʻichim bilan kenjam hovlining oʻrtasiga devor urishmoqchi. Oʻsha paytda toʻngʻichniyam chiqarsam boʻlarkan. He, siz bittagina oʻgʻlingiz borligiga Xudoga shukr qiling!» Yoʻq, Sulton ota hovlisiga qaytib bora olmaydi. Bora ol-may-di! Unda koʻchada qoladimi? Yo ijara uy izlab yuradimi? Odamlar nima deydi? Bir emas, ikkita dadasi boʻla turib, uy-joysiz qolibdi, deyishmay-dimi? Deyishadi! Olomonga bir nima deb boʻladimi? Bittasi tushunsa, ikkitasi tushunmaydi. Oʻzicha toʻqib-bichaveradi. Muhib muallim, bunday tanangga yaxshilab oʻyla-gin. Odamlarning gap-soʻziga men chidarman, Sultonning otasiyam chidar, lekin uning oʻzi-chi?! Yigitning boshi yerda boʻlib qolsa…

Muhib muallim oʻylab-oʻylab, oʻzicha jiyanining boshi quyi egilmasligi yoʻlini topdi. Toʻrtta xonaning ikkitasida oʻgʻli, kelini, nevaralari yashayverishadi. Hovli toʻri-da xotini ikkov yashab turgan uylariga Sultonni bola-chaqasi bilan koʻchirib kelishadi. Chol-kampir mehmonxonaga koʻchib chiqishadi. Ha, nima, onda-sonda bir keladigan mehmon-ni kutib olishga alohida uy boʻlishi shartmi?

Muhibning rejasi pishib qolganda eshik taqilladi. Koʻchada jilmaygancha Sulton turardi. Muhib jiyanini qattiq bagʻriga bosdi, lekin uning darvozasiga yozib qoʻyilgan, haligacha koʻz oldini qorongʻilashtirayotgan yozuvni oʻqiganini, boshiga tushgan mushkul-likni sezganini bildirmaslika intildi.

Sultonning ikki yelkasiga qoqib soʻrashgan muallimning xotini taxmondan yangi koʻrpacha olar ekan, Muhib uning koʻzidagi allanechuk xavotirlikni ilgʻab, ovozini atay-lab balandlashtirdi:
— Xotin, oʻgʻlingni qoʻlidagi olmaysanmi!

Ayol ham shuncha yil yostiqqa qoʻyib, erining nima deyotganligini-yu, aslida nima demoqchi ekanligini ajratib olishga oʻrganib ketgan, kosa tagidagi piyolani darrov sezdi: «bizning jiyan sen aytgandek meni unutgan emas, qurumsoq boʻlsa, shuncha narsa koʻtarib kelarmidi» - Muhib muallimning koʻzlaridagi ma’nodan ayni shu fikrni uqish qiyin emas edi.
— Sultonjon, ovora boʻlib nima qilardingiz, shunday, quruqqina kelavermaysizmi, - ayol Sultonning qoʻlidan ustiga allaqaysi bir ashulachining surati tushirilgan shildir-shildir toʻrvani olib, eshik yoniga qoʻydi.

Xotini toʻrt tarafiga koʻrpacha toʻshalgan xontaxtaga dasturxon yozar ekan, Muhib muallim jiyanini zimdan kuzatib, uy sotishga majburlik unga qanchalik ta’sir qilganini oʻrganishga urinardi. Sulton esa, bozordagi narx-navo, qaergadir hech kutil-maganda bevaqt qor yogʻib, hali uzib olinmagan uzumlar, mevalarni bosib qolgani, qoʻshni mahallalarida yangi bitkazilgan uyning yonib, batamom kul boʻlgani, yana allanimalar haqida gapirib oʻtirardi. Bir choynak choy tugab boʻldi, Muhib muallim jiyanining ogʻzi-ni poylar, lekin u darvozasiga yozib qoʻyilgan «Hovli sotiladi!»ga sira yaqin kelay demasdi. Xotini boʻshagan choynakni koʻtarib chiqib ketar ekan, Muhib muallim haligacha ogʻzi gapdan toʻxtamayotgan Sultonni shartta toʻxtatgisi va nega uyingni sotyapsan, deya soʻramoqchi boʻldi. Sulton katta dadasiga bir qarashda buni sezdimi, yo uning ogʻziga kaftini bosgancha esnayotganidan ensasi qotayotganini payqadimi, jim qoldi. Oraga yuragini ezib-ezib tashlayotgan sukunat hukmini oʻtkazishga kirishgach, Muhib muallim mayli kerak-nokerak boʻlsa-da gapirib turgani yaxshi ekan, degan oʻyini tiliga chiqarishidan oʻzini zoʻrgʻa tiyib qoldi.
— Katta dada, bu haligi bojangiz bor-ku, otlari nima edi, ha, Mardon aka, yaxshi yuribdilarmi? – Sultonning lablaridagi jilmayishning aldamchi ekanligini katta dadadan boshqa bir sinchkov odam sezib olishi hech bir qiyin emas edi.

Muhib muallim esa, Sultonning ogʻziga tikilgancha xotinining gaplarini eslar-di: «Katta dadam bojalarinikiga borib-kelyaptilarmi, deganday boʻldimi-ey…» Nega Sulton ilgari surib-surishtirmagan bojasini soʻrab qoldi. Yo… shoshmagin, bojamni surishtirishdan oldin yangasiga uy sotmoqchi ekanligini aytgan ekan-ku. Balki bojam bironta oʻgʻliga uy izlayapti, deb eshitgan boʻlsa…
— Endi oʻzingdan qolar gap yoʻq, oʻgʻlim, hozirgi zamonda hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. Yugur-yugur, chop-chop, top-top. Mardonni oxirgi marta qachon koʻrgandim? Ukasining toʻyida edi, shekilli… Nimaydi, unga biron ishing bormidi?

Sulton ayni shu savolni kutib turgan ekanmi, ogʻzi soʻkildi-ketdi. Mardonga Xizr nazar qilgani, u qurgan uy shaharda ham yoʻqligi, lekin hech qachon katta ketmasligi, qoʻli ochiq inson boʻlgani uchun ishi mudom oʻngidan kelishi, shundaygina tuproqqa qoʻl choʻzsa, oltinga aylanishi… Sulton gapiraverdi, Muhib muallim indalloni kutib oʻtiraverdi. Indallo – agar katta dadaning bojasi oʻn minggina koʻkidan qarz berib tursa Sulton uyini sotmas ekan. Muhib muallim men yoshim oltmishdan oʻtib hali biron kimdan bir soʻm qarz soʻramaganman, demoqchi boʻldi. Lekin haligina xayolini tit-pit qilib tashlagan fikr qayta-qayta boshida aylandi: «Odamlarning gap-soʻziga men chidarman, Sultonning otasiyam chidar, lekin uning oʻzi-chi?! Yigitning boshi yerda boʻlib qolsa…»
— Katta dada, yaxshilik yerda qolmas, deydilar, boshimga tushgan qiyinchiliklar oʻtib ketar, qarzni ha, ana, nari borsa, bir yilda qaytaraman, Xudo ol, qulim desa, ikki marta Xitoydan mol olib kelsam, hammasi joyiga tushadi. Ana oʻshanda Mardon akamlar, bojangizning yaxshiliklarini qoʻlimdan kelgancha qaytaraman. Ikki baravar qilib qay-tararman.

«Yigitning boshi yerda boʻlib qolsa…» Muhib muallimning miyasini ezgʻilagancha aylanayotgan gap uning tiliga egalik qildi:
— Mayli, oʻgʻlim, agar mening bitta iltimosim yerda qolmasa va sen uyingni sot-masang, bojanikiga borganim boʻlsin…

Muhib muallim jiyani bilan kelishganlariday ertasiga kechki beshda endi koʻchaga chiqqandi, shundaygina yoniga notanish bir mashina kelib toʻxtadi. Kulrang «Audi» eshigi ochilib, quchogʻini yozgancha Sulton tushib keldi…

Boja «Siz bir marta iltimos qilasiz-u, men yoʻq deymanmi», degancha oʻn ming dollar sanab berdi. U haligacha xijolatlik yuzidan ketmayotgan Muhib muallimni va koʻzlaridan oshkora mamnunlik toshib chiqayotgan Sultonni kuzatib chiqar ekan, eshigi avaylab yopilayotgan qimmatbaho «Audi»ga ma’noli tikilgancha qoldi. Muhib muallim oradan bir yil emas, bir yarim yil oʻtib, jiyani bojasidan olgan pulni qaytarishni xayoliga keltirmay yurgan paytda Mardonning xotini aytgan gapini esladi. Bojasining xotini eridan eshitganini opasi, ya’ni Muhib muallimning zaifasiga aytgan, ikki xotin bildimi, demak, butun qishloq xabar topdi, agar u oʻrmalab-oʻrmalab, qoʻshni qish-loqlarga, shaharga ham yetib bormagan boʻlsa! Xullas, Mardon agar men bojamning jiyani oʻrnida boʻlganimda, tagimda yigirma ming dollarlik mashina turib, hech qachon birovdan qarz soʻramagan boʻlardim, topiladigan mataњni sotardim, hech kimga boshimni egib bor-masdim, degan ekan. Lekin oʻshanda na bojasi, na Muhib muallim Sulton mingan mashina uning oʻziniki emasligi, qaysi bir oʻrtogʻinikini bir kunga soʻrab olganini bilishmas edi. Har ikkovining xayoliga Sulton oʻzini boy koʻrsatish uchun «Audi»da savlat toʻkib borganligi ham kelmagandi…

Sulton qarzni beray demasdi, Mardon bojasining hurmati uchunmi, qarzni qaytarishni soʻramasdi. Lekin toʻsatdan, hech bir kutilmaganda bojasining oʻgʻli yigʻlab keldi: «Dadam oʻlib qoldilar…»

Janaza oʻtdi. Ertasi fotihaga kelayotgan odamlar kamaygach, bojasining katta oʻgʻli Muhib muallimni ichkariga boshladi. Indamay qoʻliga bitta daftarni tutqazdi. Jimir-layotgan qoʻngʻizchalar harflarga aylangach, Muhib muallim qoʻlidagi daftar qarzdorlar roʻyxati ekanligini angladi. «Pochcha, kecha oʻzingiz janazada eshitdingiz, dadamning hamma oldi-berdilarini men boʻynimga oldim. Xudoga shukr, dadam hech kimdan bir tiyin qarz emas ekanlar. Lekin, mana qarang, shuncha odamga qarz bergan ekanlar. Mana, mana… hozir… qarang, oʻn birinchiga qarang, Sulton, oʻn ming dollar, ana qarang, qachon berganlarini yozib qoʻyibdilar, ikki yildan oʻtibdi. Jiyaningiz fotihada koʻrinmadi. Ikki yildan beri qorasini koʻrsatmagan odam fotihaga kelarmidi. Lekin oʻrtada siz turgan ekansiz. Endi qoʻl qoʻlni taniydi, deydilar, pochcha. Mendan oʻn marta yaxshi bilasiz - oʻlim soʻrab kelmaydi, kim tayyorgarligini koʻradi. Ustiga otdek yurgan dadamlar birdan… Buyogʻiga ustma-ust ma’rakalarini oʻtkazish kerak. Yurtning oldi boʻlib yurgan odamning ma’rakalarini sal bundayroq oʻtkazsak, gap-soʻz tagida qolib ketamiz. Xullas, pochcha, bizga pul kerak. Jiyaningizga ayting, qarzini olib kelsin. Dadamlar shuncha qarz berib, hech kimdan foiz olmaganlar, biz ham foiz talab qilmaymiz. Tanasini keltirib bersa, boʻlgani. Nima dedingiz, pochcha?!»

Muhib muallim birgina «boʻpti»dan ortiq boshqa soʻz ayta olmadi. U shu topda bir yildan beri qorasini koʻrsatmayotgan, uyini sotib, xotini, bolalarini ham olib qaerga-dir ishlashga ketgan jiyanini qanday izlab topishni oʻylardi.

Jiyanni uch kun izladi, hech qaerdan darak topmadi. Uyida yashayotgan odam, hovlini Sultondan emas, Toʻychi sudxoʻrdan sotib olganini aytdi. Toʻychi sudxoʻr esa, ochigʻini ayta-verdi: «Jiyaningni topsang, mendan salom ayt, xayriyat, uyni garovga olib, notariusda tasdiqlatganim, aqlimdan aylanay, yoʻgʻasam, yigirma mingga kuyib qolgan boʻlarmidim.» «Qirq ming turadigan uyni yarim narxga tashlab ketdimi», Muhib muallimning jiz-gʻinagi chiqdi. «Ma’lim, bunisini jiyanchangizdan soʻraysiz!» Qarsillab yopilgan eshik Muhib muallimning boʻgʻzidan oʻtayotgan «Sizda insof bormi, hovlini ellik mingga sotibsiz-ku», degan soʻzlarni itarib tashladi. U ikki soatgina oldin keyingi oldi-sotdini Sultonning uyida yashayotgan odamdan eshitgandi…

Sultonning qaerda ishlayotganini, qaerda yashayotganini hech kim bilmasdi. Yo bilsalar ham, aytishmasdi. Muhib muallimning bormagan yeri qolmadi, akasining oʻz oʻgʻli qaerdaligidan sira xabari yoʻq, Sultonning qaynatasinikiga bordi, yaqin oʻrtoqlari qolmadi. Uyiga kelsa, xotini qovogʻiga qulf osib oladi. «Singlim bir uy xotinning orasida yer bilan bitta qildi. Eringiz qachon qarzni toʻlaydi, dedi. Oʻshanda meni bir ogʻizgina maslahatga tengsitmadingiz. Men oʻzingizda boʻlsa, oshib-toshib yotgan boʻlsan-giz, bering, boʻlmasa, jimgina oʻtiring, derdim. Ana butun qishloq jiyaningizzi uchragan itdan suyak qarzdor, deyapti. Oʻsha tariqcha oriyati yoʻq bezbetni deb men endi bittagina singlimdan tirik judo boʻlamanmi? Yo qarzni oʻzingiz toʻlamoqchimisiz? Nimangizni sotib toʻlaysiz? Oʻgʻlim oʻz aravasini zoʻrgʻa tortib yurgan boʻlsa, qizimning ahvolini oʻzingiz yaxshi bilasiz, men bitta roʻmolni uch yildan beri oʻrayman, rangi oʻchib ketdi…» Ana shu paytda Muhib muallim qulogʻining kar boʻlmaganiga afsuslanib ketadi.

Bojasi qazo qilgandan keyin oʻn kun oʻtgach, uning ikki oʻgʻli Muhib mual-limnikiga kelib, avvaliga muloyimgina soʻz boshlab, oxiri qarzni toʻlaysizmi-yoʻqmi, deya shovqin-suron koʻtarishgach, yuragi tinmay sanchayotgan katta dada jiyanining oriyatini oʻylab bosh ogʻritganidan birinchi marta afsus chekdi. Ertasi kuni oʻlikkayam-tirikkayam kerak, deb boqayotgan ikkita qoʻchqorni bozorga olib chiqdi. Qoʻylarning puliga oʻlimlikka deb yigʻib qoʻyayotgan jamgʻarmasini qoʻshdi. Oʻgʻliga dollarga chaq, degandi, mingtaga oʻn dollar yetmadi. Xayriyat, ertasiga maktabdan oylik berib qolishdi. Pulni rosa ming dollarga yetkazib, bojasining eshigini qoqdi. Pulni sanayotgan katta oʻgʻilning chehrasi bilinar-bilinmas ochilganday boʻldi. «Pochcha, qoʻlimizda boʻlganda, sizdan soʻrarmidik» - qaynsingil uh tortgancha oʻgʻlining qoʻlidagi pulga koʻz qirini tashlar ekan, lab burdi…

Qaynsinglisining yuziga aslo qaramaydigan odamning kelib-kelib oʻsha lab burishga koʻzi tushib qolsa boʻladimi. Muњib bojasinikidan boʻshashibgina chiqdi-yu, toʻgʻri ukasinikiga yoʻl oldi. Ukasining yoqinqiramaygina soʻrashishiga e’tibor bermasdan, indamasdan mehmonxonaga kiraverdi. Gapni bojasining oʻlimidan boshlab, jiyanlarining uyiga pul qistab kelishgani, qoʻylarini sotib, oʻlimligini qoʻshib ming dollar olib borib berganigacha aytgan Muhib muallim koʻzlaridan uyqusigacha olib qoʻygan, koʻcha-ga chiqsa, bir chekkada hech kimga koʻrinmay yuradigan akaga ukasining zarracha achinmasdan, bir tukini oʻzgartirmay beparvogina oʻtirishiga alami keldi. Alamini ichiga yutdi-yu, baribir yoʻl-yoʻlakay oʻylab kelganini aytdi: «Uka, koʻplashib bir ilojini topaylik!» «Qanaqa iloj, aka? Sizga birov oʻrtaga tushing, debdimi? Tushdingizmi, edi pishirgan oshingizni oʻzingiz ichavering. Katta dadaman deb, bunday oʻz otasidan bir maslahat olishni oʻzingizga ep koʻrmadingiz. Oʻshanda oldimga kelganingizda bugunga kelib qoʻy sotdim, oʻlimligimni berdim, deb ta’na qilib yurmasdingiz, aka!» Muhib ukasining gaplari qanchalik achchiq, naq yuragiga nashtardek sanchilayotgan boʻlmasin, chidadi. «Uka, bir mushtdan berib, oʻldiribdi, bir toʻgʻramdan berib, toʻydiribdi. Sultondan boshqa yana uchta oʻgʻlingiz bor, oz-ozdan berishsa, hech boʻlmaganda oyiga mingtadan berib tursak, toʻqqiz oyda qarzdan uzilamiz.» Ukaning lablari zaharli kulgidan yoyildi: «Aka, siz faqat «katta dada» deb boshingizni aylantirgan Sultonni bilasiz, qolgan uchta jiyaningizzi uyiga biron marta kirganmisiz? Bittasining uyida sichqonlar hassaga tayangancha yigʻlab yurishibdi. Yangi uy, yangi roʻzgʻor nimaligini yaxshi bilasiz. Ikkita-sining xotini bolalarining oʻrtasiga tushib har kun janjaldan charchashmaydi. Oʻrtada mening boshim yorilay deydi. Qoʻlimizda pul boʻlganda doʻppidekkina hovli olib, oʻgʻillardan bittasini chiqarmasmidim, boshim gʻalvadan qutilmasmidi. Siz shukr qiling, toʻrtta emas, bittagina oʻgʻlingiz bor!»

Muhib muallim indamaygina qoʻllarini yuziga surtdi-yu, oʻrnidan turdi. Koʻchaga chiqib ukasining gaplari badan-badanidan oʻtib ketdi. Mayli, bir tiyin berishni istamas ekansan, aka, hadeb kuyib-pishavermang, qarz olgan odamning oʻzi insofga kelib qolar, yo boʻlmasa, mehribon xudoyimning oʻzi bir yoʻlga olar, desa, choʻkkan koʻnglini koʻtarsa boʻlmasmidi. Jiyanning oriyatini oʻylading, halovatingni yoʻqotding, bojangning uyiga katta boshingni kichik qilib bording, mana endi… Oʻz otasi na oʻgʻlining oriyatini, na meni - akasining oriyatini oʻylayapti. Uchragan har bitta odam bojasining qarzini toʻlamagan ana shu, debon barmoq nuqadimi, toʻrtta odamning orasiga kira olmaydigan boʻlib qolamanmi, kecha-yu-kunduz miyamdan pul topish xayoli nari ketmaydimi, tugʻishgan inimga esa aslo farqi yoʻq!

Muallimning tuyqusdan boshi aylandi. Yiqilayotib, devorga suyanib qoldi.
— Sizga nima boʻldi, muallim? Keling, menga suyaning. Sekin, sekin… mashinaga oʻtiring…

Muhib muallim oʻzini avaylabgina mashinaga oʻtqazgan yigit uyiga olib kirib qoʻyib chiqib ketayotganidan soʻnggina uni tanidi: maktabni oʻn yil oldin bitirib ketgan oʻquvchisi, u oʻqigan sinfga rahbar edi…

Muallimning xayolidan tezroq qarzdan qutulish, nima qilsa-da, pul topish nari ketmay qoldi. Maktab direktoriga iltimos qilib, yana olti soat dars oldi. Muhib muallim erta sahardan maktabga yugurar, kechgacha tik oyoqda turib dars oʻtar, qosh qorayganda shalviragancha uyiga qaytardi. U hech qachon hamkasblari oʻynaydigan oylik oʻzaro pul toʻplash – «oltin gʻazna»ga qoʻshilmasdi. Iltimos qilib oʻyinga qoʻshildi, faqat keyingi oyda «gʻazna»ni oʻziga berishlarini soʻradi. Bu yana bir oy «ming dollarlik»ni eltib berishning bitta-yu- bitta imkoni edi. U yogʻiga Xudo – podshoh, Sulton pul topgan boʻlsa, kelib qolar… Muњib muallim maktabda charchasa-da, uyiga borishga yuragi bet-lamas edi. «Huv, «katta dada» degan makkor tili uzilib tushsin! Qariganingizda sizni sarson qilgan oʻsha la’nati qoʻlimga tushsa, mana shu qoʻlimdagi igna bilan butun badanini teshib tashlamasam… Oʻzi-oʻzi, otasi, aka-ukalarining ham oriyati yoʻgʻakan…» Muallim xotinining gaplarini eshitib, eshitmaslikka olar, koʻzlarini yumgancha uxlagandek yotardi. Lekin uyqu qayoqda? Miyasi loʻqillab ogʻrir, shundaygina koʻz oldida boja-sining katta oʻgʻli tirjaygancha bir xil gapni takrorlardi: «Pochcha, yana esingizdan chiq-masin, oʻninchida ming dollar tayyorlab qoʻying! Oʻzingizdan chiqqan gap. Mayli, yana toʻq-qiz oy har oʻninchini poylab, chidab turamiz-da!»

Nafaqaga chiqqanda maktab direktori «hech kim sizni shu yoshga kirgan demaydi, aftingiz ellik yoshdagidek, yurishingiz yigitchalardan qolishmaydi», deganda yayragan Muhib muallim keyingi kunlarda ozib-toʻzib, kichrayib borar, shu paytgacha tik qomati bukilib qolgan, ustiga koʻzlaridan nur qochayotgandi. Toʻplayotgan pulining choʻgʻi esa, hech koʻpayar demasdi. Kecha taqvimga qarar ekan, yuragi orqa tortdi: oʻninchiga bor-yoʻgʻi yetti kun qolibdi. Yetti kundan keyin bojasinikiga borib, ming dollarni sanab bermasa, telefon toʻxtovsiz jiringlayveradi. Avval bojasining katta oʻgʻli, keyin kichik oʻgʻli, ortidan ularning onasi - Muhib muallimning qaynsinglisi… «Hammasining gapi bitta – erkak odamda lafz boʻlishi kerak-da!» Ertasi xoʻroz qichqirishga ulgurar-ulgurmas eshik qoqiladi. Eshik tagida bojasining rangi oʻchgan katta oʻgʻli ishshaygancha turadi…

Uylaridan xabar olgani kelgan qizi Muhib muallimning tobora choʻkib borayotgan gavdasiga achinish bilan qarar ekan, oʻzi bolalarini zoʻrgʻa boqayotganidan, otasiga yordam bera olmayotganidan alam tortadi. Qizining koʻzidagi achinishni koʻrgan muallimning miyasidan bir nima qirsillab uziladi. «Men uni topaman! Topmay qoʻymayman!»

Muallim qizini hayron qoldirgancha koʻchaga otilib chiqib ketadi. Soʻrab-soʻrab Sultonning daragini topganday boʻladi. Muhib bilan maktabda birga ishlagan, qaeridir ogʻriganini aytib, erta nafaqaga chiqqan, uch yildan buyon shahardagi ulgurji bozordan mol olib kelib, qishloqdagi doʻkonchasida sotadigan sobiq hamkasbi Sultonni koʻrganini aytib qoldi. Bozordan chiqib ketayotganini koʻrganmish. Yoʻq, koʻzdan qolgan emas, tanimasa, aytarmidi…

Muhib muallim hordiq kelishini poylaydi. Tong otishi bilan yoʻlga chiqadi. Ulgurji bozor deganlari shahar chekkasida ekan, soʻrab-soʻrab topadi. Bozorni aylanib chiqadi, Sulton tugul, unga oʻxshash odamni uchratmaydi. Koʻchaga chiqib, eshik oldida poylaydi. Mashinadan tushgan har bitta odamga umid bilan tikiladi: Sulton emasmikan? Lekin tarvuzi qoʻltigʻidan tushgancha uyiga qaytadi. Biroq umidini uzmaydi - doʻkonchiga aylangan hamkasbi Sultonni koʻribdimi, ungayam uchrashi mumkin. Shu tarzda yana ikki bozor kuni oʻtadi. Orada muddati yetib, «oltin gʻazna»dan tushgan pulni bojasinikiga olib borib beradi. Uchinchi marta ham shaharga tushib, Sultonni uchratmagan Muhib mual-lim boshqacha yoʻl tutadi: bozordagi har bir sotuvchidan tortib pattachi-yu qorovulgacha - hamma odamdan Sultonni tanish-tanimasliklarini surishtiradi. Yuk mashinasidan mol tushirayotgan oʻttiz yoshlardagi yigit uning haydovchiga bergan savolini eshitib qoladi-yu, «Amaki, qaysi Sultonni surishtiryapsiz, qaerdan deysiz, shoshmang, endi men anigʻini ayta olmayman, lekin karnaychidan bir puf, bizning koʻchamizga bittasi koʻchib kelgan, erinmasangiz, bir borib koʻring…» Muhib faqat bir narsani aniqlashtirib oldi: u yerda yashayotgan Sulton degan odam uyni katta pulga sotib olgan, Xitoyga qatnaydigan savdogar ekan…

Oyogʻi yerga tegmayotgan Muhib muallim yigit yashaydigan koʻchani, u tayinlagan uyni topib borganda, qosh qorayotgandi. Ikki odam boʻyi keladigan oʻymakor yogʻoch darvoza cheti-dagi tugmachani topib, chaqirish uchun qoʻl choʻzgan mahal, yondagi eshikcha ochilib… Muhib muallim tush koʻrayotgandek koʻzlarini ishqaladi. Ostonada jiyani Sulton koʻrindi. Koʻrindi-yu, eshikcha tez yopildi. «Sulton!..» Koʻcha chirogʻi yoqilib, eshikcha qiya ochilib, Sulton tashqari chiqdi.
— Ie, sizmisiz, bu gʻira-shirada tanimabman. Bu tomonlarda nima qilib yuribsiz?

Sultonning eshik oldini toʻsib olgan, «katta dada»sini ichkariga kiritish xayoliga kelmayotganday edi. Toʻsatdan koʻrgani uchun shoshib qoldi, degan xulosa chiqargan Muhib muallim oʻng qoʻlini jiyanining chap yelkasidan oʻtkazib, quchogʻiga tortdi.
— Obbo, siz-ey, e, boʻldi-boʻldi, - Sulton oʻzini orqaga tashladi.

Jiyani taklif etmasa-da, Muhib muallim hovliga kirdi. Ikki qavatli uy, oldi gulzor, toʻrt tomonida yoqilgan chiroqlar nurida suvi jilvalanayotgan katta hovuz…
— Muborak boʻlsin, oʻgʻlim! – muallim atrofga havas bilan tikilardi.
— Egasiga muborak deng! Men bu yerda ijarada turaman. Egasi chet elga ketgan, qarab turinglar degandi, uysiz qolgan odamda shu topda suyak boʻladimi…
— Egasining oti…
— Obbo, siz-ey, ipidan ignasigacha bilishni istaysiz-da. Uning oti Ilyos boyvachcha.
— Mayli, Ilyosmi, boshqami, menga baribir. Sen meni eshit…

Muhib muallim uy egasining nomini aytayotib, koʻzlarini olib qochishga uringan Sultonga bojasining oʻlimidan keyin boshiga tushgan savdolarni gapirib berdi. Uning uzun hikoyasini beshiktebratardek tebrangancha eshitgan Sulton qah-qahlab kuldi:
— Shu oʻsha xotiningizzi jiyanlari oʻn ming dollarga zor boʻlib qolishibdimi? Bunaqa choʻpchakni menga aytdingiz, boshqa odamga aytmang, kulgiga qolasiz. U bolalar bojangizdan qolgan togʻdek davlatni bir umr yeb yotishsa ham, aqalli bir tomonini oʻpira olishmaydi-ku!
— Endi, oʻgʻlim, qiyomat qarz degan gaplar bor, - toʻsatdan ich-ichidan otilib kelayotgan alam Muhib muallimning boʻgʻzini tilib tashladi.
— Nima men arzimagan pulni berolmasdan qochib ketibmanmi! Topdim olib borib beraman. Qiyomatgacha qoldirmayman, amaki!

«Amaki?!» Muhib quloqlariga ishonmayotgan edi, hozirgina yurak-bagʻrini oʻrtab tashlagan soʻz chertib-chertib aytildi:
— A-ma-ki, biz ham yigitmiz, koʻpchilikning orasida koʻkrak kerib yuramiz! Siz-chi, siz xotin urugʻi - ilonboshlarning tuxumdan chiqqani gah desa, qoʻliga qoʻnib, qancha yoʻl bosib keldingizmi, a-ma-ki!

Muhib muallimning oppoq sochidan oyogʻidagi tirnoqlargacha muzlab ketdi. Qoʻl-oyoqlari boʻshashib borar, eshikning qanday, qachon yopilganini bilmay qolib, yiqilmas- lik uchun yogʻoch darvozaga suyanishga intildi. Darvozaga kuragi tegishi bilanoq nimadir qattiq itardi: «A-ma-ki». Nima dedi u? Nima dedi…

2011 yil, noyabr.