OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻrinboy Usmon
Asar nomiQorachiq tubidagi mung (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻrinboy Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qorachiq tubidagi mung (hikoya)
Oʻrinboy Usmon

Agar yana bir zum, bor-yoʻgʻi bir zumgina suratga qarab tursa, koʻksini changallab yiqilishiga uning koʻzi yetdi. Kulgi deganiyam shunchalik oʻtkir, shafqatsiz boʻladimi! Koʻzlardan otilayotgan xanjar Erkinning oʻng-soʻlida yaltirar, xanjardan uzilgan sirtmoq tomogʻiga yopishar, boʻynini ayovsiz qitiqlab, biroz chekinganday boʻlardi-yu, «a» deyishlik vaqt oʻtmasdan yana qaytadan hujumga oʻtardi. Erkin xonaning qaysi tomoniga koʻzini olib qochmasin, xanjar yashindek quvib yetardi. Toʻrt tomon devor, shift, eshik, deraza, xonadagi katta-kichik narsalarning hammasiga yopishib olgan, kulayotgan koʻzlar ta’qib etardi. Sassiz-ovozsiz kulgi shunchalik dahshatli boʻladimi-ya? Bundan koʻra quloqlarini qomatga keltirib, uzib-uzib olgudayin baqirib kulsa yaxshi emasmi?

Erkinning qoʻlidagi boʻyoq choʻtka titray-titray yerdan najot izladi. Tezroq ilojini topmasa boʻlmaydi, yana bir lahzagina kechiksa, xanjar va sirtmoq sheriklashib olib, uni yerparchin qilishadi. Tezroq! Erkin qoʻliga ilashgan matoni surat ustiga yopdi. Sirtmoqni yigʻishtirib olgan xanjar qop-qora mato ortiga yashirinar ekan, Erkin holsizlanib, liqildoq kursiga choʻkdi.

Norozi gʻijirlayotgan kursida besh daqiqa oʻtirdimi, oʻn daqiqami, oʻzining aftoda holidan gʻashi kelgan Erkin peshonasiga ustma-ust shapatilab urdi-da, qora mato yopilgan rasmga qaramasdan oʻtishga urinib, xona burchagida qapishib yotgan suratlar tomon yetib oldi. Qidirgan rasmini osongina topdi. Boshdan-oyoq yarmi qorongʻulikka kirib boʻlgan odam ortidan soch-soqoli oʻsib ketgan, uzun choponi yerda sudralib borayotgan yigitning iltijo toʻla nigohi quvlardi. Yigitning ortida yam-yashil maysalar qoplagan yoʻl, ikki qadam ortda toshlar turtib chiqqan oʻnqir-choʻnqirlik, oldinda taram-taram yorilgan choʻl, bir qadam narida qumloq sahro yoʻli… Erkin ba’zan bu rasmni oʻzi chizganini ham unutgan holda unga soatlab termulib oʻtirardi. «Vaqti kelib bu surat seni dunyoga tanitadi. Yigitning koʻzidagi iltijoning oʻzi bir olam. Har gal tomosha qilganimda bir oʻylanaman: bu begʻubor nigohdagi iltijo nima uchun? U qorongʻulikka singib borayotgan insonni toʻxtatmoqchimi? Yo yigit oʻzidan ancha oldinda borayotgan insonga yetib olish, u kabi zulmat qoʻynidan nur, haqiqat qidirish uchun iltijo qilyaptimi? Balki… yoʻq, bu rasmni sharhlash ogʻir. Men inson koʻzlarini, undagi ma’no, ifodani bunchalik ustalik, mahorat bilan chiza olmasdim. Esingdami, koʻp rassomlar aynan inson koʻzini tasvirlashdan choʻchishadi, deganlarim?!»

Ustozining hayrat toʻla kӯzlari Erkinning yelkasidan tortib, yerda mungʻayib yotgan boʻyoq choʻtka tomon yetakladi. Erkin bundan uch kun oldin, tashqarida yomgʻir sim-sim yogʻib turgan mahal boshlab qoʻygan surati nusxasini qoʻliga oldi. Osmonni qora bulut qoplagan, oq roʻmolini tomogʻidan aylantirib tangʻib olgan oltmish yoshlardagi ayol qoʻlida bir tutam yam-yashil koʻkat, koʻzlari kulib qarayotganday tuyulsa-da, qorachiqlarining tub-tubida ogʻir bir mung yashiringan…

Erkin surat nusxasini chizib boʻlar ekan, qorachiqlardagi mung soʻrogʻi nigohiga qadalib oldi. Qaerda koʻrgan edi bu mungni? Balkim, hech qaerda, hech qachon koʻrmagandir. Shunchaki xayol mahsulidir? Xayoliga kelgach, chizdi-qoʻydi-da. Mung yashiringan qorachiqni oʻzi ifodalab, oʻzi undan qochishga panoh izlaydimi? Erkin koʻzini qattiq yumgan koʻyi bor narsani unutishga urinar ekan, toʻsatdan gʻira-shira manzara bostirib keldi-yu, haligacha yolgʻon tasalli izlab, oʻz-oʻzini aldayotganini tan oldi…

… Shahar oʻrtasidagi daryoga tutashib ketgan xiyobon. Hali barg yozishni xayoliga ham keltirmagan atirgul koʻchatlari atrofini yam-yashil maysalar qoplagan. Osmonni egallab olgan qop-qora bulutlar qiytigʻidan sizayotgan bir tutam nur maysalar betini erkalab silaydi. Qoʻlida jimit pichoqcha tutgan, oq roʻmolini tomogʻidan oʻrab tangʻib olgan ayol maysalarga ozor berishdan choʻchigandayin ohista qadam qoʻyib, jagʻjagʻ terib, ipini yelkasiga tashlab olgan xaltachasiga avaylab solardi. Maysalar uzra engashganicha zoʻrgʻa zarur giyohni izlayotgan ayol besh-oʻn qadam narida toʻxtagan qop-qora «Mersedes»ga, undan tushib, oʻzi tomon yaqinlashib kelayotgan yigitga va ikki qadam tashlar-tashlamas, labini burgancha toʻxtagan juvonga e’tibor ham bermadi.
— Oyi, oyijonim-ey, izlamagan joyim qolmadi-ya. Bir ogʻizgina aytib ketsangiz boʻlmaydimi-ya! Uyqudan turib xonangizdan chiqib qolarsiz, deb qancha poyladim. Yoʻqsiz. Tong saharlab nima qilib yuribsiz bu yerda? Ie-ie, yelkangizga nima osib olibsiz? Oyijonim-ey, - oʻgʻil xotirjam, shirin gapirishga urinayotgan boʻlsa-da, ovoz ohangida bilinar-bilinmas ranjish sezilardi.

Ayol oʻzi izlayotgan navbatdagi maysani pichoqchasi bilan ohista qirqib olgach, yelkasidagi xaltachasiga soldi-da, oʻgʻliga yuzlandi:
— Bolam, koʻnglim jagʻ-jagʻ somsa tusab qoldi. Koʻkka yetkazganiga shukr, deb…
— Obbo, oyijonim-ey, - oʻgʻil onaning kulimsiragan koʻzlaridagi oʻtinchga e’tibor ham bermasdan, soʻzini shartta boʻldi. – Koʻksomsa yegingiz kelgan boʻlsa, menga aytmaysizmi! Hozir bozorda odamning jonini ham topsa boʻladi.
— Men, men… oʻz qoʻling bilan terganing boshqacha-da, bolam. Nevaralarimga oʻzim pishirib berayin deb…
— Nevaralaringiz… bolalarim shu sassiq oʻtga qarab qolishgan emas, - bu gal ayolning soʻzini yupqa lablari toʻxtovsiz ochilib-yumilayotgan juvonning shangʻillashi boʻldi. – Yeganingiz oldingizda boʻlsa, odamlarning qozoni oylab goʻsht koʻrmayotgan mahal kuniga uch marta sergoʻsht ovqat pishirsak! Sizning maqsadingiz boshqa – oʻgʻlingizni, meni yomonotliq qilish! Odamlar anov kampirning qorni nonga toʻymasdan oʻt terib yuribdi, deb aytishsin-da, kimsan Oʻtkirbekning onasi-ya, deyishsin-da…
— Xonim, oʻzingizni bosing, uyimizda emasmiz, - oʻgʻil onasining qoʻlidan avaylab yetaklar ekan, xotiniga oʻqraydi.
— Menga koʻzingizni olaytirmang! Siz uchun odamlarning gap-soʻzi bir tiyin boʻlsa, ana, boring, onangiz bilan birga-birga sassiq oʻt tering!

Juvon shartta burilib, chopganicha mashinaga oʻtirib oldi. Qarsillab yopilgan eshik ingragancha ogʻir xoʻrsindi…

Erkinning yarim soatcha ilgari oʻksinib turgan xotirasi yengil nafas oldi-da, bundan besh yil burungi manzarani bor boʻyicha tasvirladi. Oʻng qoʻlida jimit pichoqcha, chap yelkasida xaltacha, oq roʻmoli tomogʻidan tangʻib oʻralgan ayolning kulimsiragan koʻzlari qorachiqlari tubida mung. Yuraklarni teshib yuboruvchi mung!

Hali tayyor boʻlmagan suratning nusxasi oʻz nomi bilan nusxa. Erkin nusxaga qaramaslikka urinib, xotirasi araz qilmasdan burun yangi rasm chizishga tutindi. Koʻpincha yangi asarni boshlashdan oldin injiqlik bilan rang tanlar, tanlagan ranglaridan koʻngli toʻlmasdan, boshqasini izlar, qayta-qayta almashtirardi. Bu gal zarur ranglar osongina topilganidan oʻzi ham hayron, faqat koʻzlariga qadalgancha nari ketmayotgan mungli qorachiqlarni aslidayin tasvirlay olishni oʻylab xavotir tortar edi.

Ikki soat ishladimi, uch soatmi, eshik ohista taqilladi. Erkinning norozi nigohi ostonada choynak tutgan xotinining hurkak koʻzlariga toʻqnashdi.
— Eshikni yop! Men sendan choy soʻradimmi? – Erkin baqirib aytishi zarur boʻlgan gapni pichirlayotganidan hayron edi.
— Dadasi… anov… buyurtmachilar kelishuvdi. Sizni koʻramiz deb… ikki oyoqni bir etikka… ha, bir etikka…
— Chaynalma buncha. Choynakni qoʻygin-da, eshikni yop!

Ayol kichik xontaxta ustiga choynakni qoʻyarkan, ichkariga hech qanday takallufsiz ikki yigit kirib keldi.
— Assalomu alaykum, akajon! Bu sizning oldingizga kirish xoʻjayinning huzuriga kirishdan oʻn baravar qiyin ekanmi…

Erkin qoʻshqoʻllab koʻrishgan birinchi yigitga xuddi Azroilni koʻrganday olaygandi, ikkinchi yigit sadaqa uzatayotganday qoʻl choʻzdi.
— Bizni xoʻjayin yubordilar, - Erkinning tiliga koʻchayotgan alamli nafratini qoʻshqoʻllab soʻrashgan yigit toʻxtatib qoldi. - Borib, bir xabar olinglarchi, surat bitdimikan, dedilar. Endi, akajon, erta oʻtib, indin yubiley. Onaxonimiz hayot boʻlganlarida yetmishga kirardilar. Kim oʻlgan onasining yubileyini qilib, odam toʻplaydi, ayting. Xoʻjayinning vallomatliklarini butun shahar biladi. Agar siz ham onaxonning suratlarini koʻngillaridagiday chizgan boʻlsangiz, agar toʻyga kelganlar qoyil qolib ketishsa, bilasizmi, xoʻjayin sizni zarga koʻmib tashlaydilar…

« E, keling, keling, nima deydilar, shahrimizning, nima deydilar, Behzodi, yoʻq, Moniysi siz ekansiz-da…»

Hali eshikdan kirmasdan oldin ham Erkin oʻzi oʻzidan oʻpkalab kelayotgan edi. Avvaliga shaharda Oʻtkirbek deb nom chiqargan, qoʻli uzoq-uzoqlarga yetadigan odam yuborgan vakilni quruq qaytarmoqchi boʻldi. Ishi boʻlsa, oʻzi kelsin edi, manovi vakil koʻzini loʻq qilgancha, agar xoʻjayin oʻta muhim ishlar bilan band boʻlmaganlarida , oʻzlari kelardilar, deganda, shartta nima men bekorchilikdan pashsha qoʻrib oʻtiribmanmi, deya tarsakilashga chogʻlandi-yu, ostonasiga birinchi marta qadam bosgan mehmon hurmati shashtiga suv sepdi. «Borganingizda oʻzlari aytarlar, lekin mening eshitishimcha, onaxonimizning suratlarini chizdirmoqchilar. Xoʻjayinning ta’blari nozik, uncha-muncha narsani yoqtirmaydilar. Manaman degan rassomlarning suratlarini koʻrib, sizni ma’qul topdilar», vakil negadir choʻchinqirayotgandayin soʻzlardi.

Poʻrim kiyingan, salobatidan ot hurkadigan odam bozor oralab mol tanlamoqda. Atrofdagi xilma-xil mollarga nopisandlik bilan koʻz qirini tashlab oʻtdi, nihoyat, bittasiga qoʻlini bigiz qildi: menga mana shu ma’qul, narxi qancha?

Bormaydi! Shaharni soʻrab turgan boy boʻlsa, oʻziga!

Vakil titrab-qaqshab qoʻlidagi telefon raqamini terib, pichirlaydi:
— Aka, xoʻjayin siz bilan gaplashmoqchilar. – Vakil telefonni Erkinga uzatgach, titrayotgan qoʻllarini orqasiga yashirdi.
— Assalomu alaykum. Erkin aka, bezovta qilganim uchun uzr, - Erkin telefonda gapirayotgan odamning faqat shaharga emas, butun muzofotga nomi ketgan Oʻtkirbek ekanligiga oʻzini ishontirishga urindi. – Agar oʻta sertashvish boʻlmaganimda, oʻzim bosh urib borgan boʻlardim. Bilaman, ijodkor odamning ortiqcha vaqti boʻlmaydi, boʻsh yurganlaringda ham xayollaring yangi mavzu bilan band. Shu… onajonimizning hurmatlari uchun birrov kelib-ketsangiz, sizdan minnatdor boʻlardim…

Erkin «mayli, vaqt topib borarman», deganini sezmay qoldi.Oʻtkirbekka «borarman», deb aytgan boʻlsa-da, Erkinning hech oyogʻi tortmadi. Agar oʻsha kuni uyidagi qadimiy arabi gilamiga xaridor kelmaganida va qaynisining achchiq-tiziq maslahatlarini eshitmaganda edi, Oʻtkirbekka sim qoqib, uzrini aytib, yuragida olishayotgan itlarni quvib chiqargan boʻlardi.

Lekin oʻsha kuni avvaliga kun oralab eshik qoqadigan, eski buyumlarni qidirib yuradigan qoʻshnisi keldi va yana oʻn marta takrorlagan eski gapini boshladi: «Bozori kelganda sotib qoling bu eski matohingizni, oʻrniga oʻnta yangi gilam olib tashlaysiz. Erta-indin hech kim soʻramasa, pushaymon ich-etingizni yeb qoʻymasin, qoʻshni. Qiyomat qoʻshnidan deganlaridek, bir yarim baravar narxini aytyapman. Oʻylab oʻtirmang.» Qoʻshnining gaplaridan gʻashi kelsa-da, Erkin gʻazabini ichiga yutdi. «Qoʻshni, qochib ketayotganingiz yoʻq-ku, sotadigan boʻlsam, oʻzim uyingizga chiqaman» - Erkin bu soʻzlarning tiliga qanday kelganligiga taajjubda edi.

Qoʻshnining ortidan qaynisi kirib keldi. Darrov qaerdan xabar topa qolibdi, opasidan eshitganmi yo, bir piyola choy ichar-ichmas, Oʻtkirbekning taklifidan gap ochib qoldi. «Pochcha, dangaliga koʻchay, bunaqa imkoniyatni faqatgina gʻirt ahmoq odamgina qoʻldan chiqaradi. Oʻtkirbekning marhamatini istab uning eshigida sargʻayib oʻtiradagin rassomu shoirlar, hofizu yozuvchilar son mingta. Ana, hamkasblaringiz mayda-chuyda boyvachcha-yu, amaldorlarning rasmini chizib, kun kechirishyapti. Pochcha, agar oʻzimdan orttira olganimda, jiyanlarimdan topgan-tutganimni ayamasdim. Erta-indin oʻgʻlingizni uylantirishingiz kerak. Nima, kelinni shu katalakdek ikki xonali uyingizga tushirasizmi? Kelin-kuyov opam bilan bir xonada yashashadimi yoki ustaxonangizda rasmlar bilan gaplashib yotishadimi? Agar Oʻtkirbekning etagidan tutsangiz, koʻrgazmayam qilasiz, keyin, - qayni ikkita non, taqsimchadagi qand va choynak-piyoladan boshqa hech narsa yoʻq, bir chetida noʻxatdek teshik qorayib turgan dasturxonda koʻz aylantirdi, - keyin roʻzgʻoringizni butlab olarsiz.»

Koʻngli ogʻrib, yuragi atrofi sim-simlayotgan boʻlsa-da, Erkin tilini tishladi. Opa-sining oʻn yildan buyon eski paltosini almashtirmaganini, jiyanlarining yoʻlkira topa olmay, oʻqishga yayov borishlarini, kunda bir mahal arang qaynaydigan qozonlarining goʻsht nimaligini unutib yuborganligini yaxshi bilsa-da, qaynisi hech qachon ogʻiz ochgan emas. Xotini-ku, nolish deganlaridan yetti chaqirim naridan oʻtadi. Oʻtgan oy oʻgʻlini universitet yoʻlida hamsaboqlari bilan uchratganda oʻzining nochorligidan birinchi marta oshkora oʻkindi: qimmatbaho kiyimlari oʻzlariga yarashgan yigitlar orasidagi oʻgʻli egnidagi rangi unniqib ketgan koʻylak-shimidan boʻyin qisib jimgina borayotganday edi… Agar… agar Oʻtkirbekning koʻngliga yoʻl topsa, uning oʻgʻliyam boshqa tengdoshlari qatori boshini baland koʻtarib, hech kimga gap bermay yurardi, roʻzgʻori yaxshilanardi, balki ikki azaliy orzusiga yetardi ham: alohida ustaxona ochib olardi va suratlarining koʻrgazmasini tashkil etardi. Oʻtkirbekning oldiga borsa-boribdi, ustiga qaynisi aytmoqchi boshqalar eshigida sargʻayib oʻtiradigan odamning oʻzi yoʻqlayotgan boʻlsa, u yalinayotgan boʻlmasa…

… Behzod deyapti bu, Moniy deyapti… Oʻzini bilimdon koʻrsatish uchun kitob varaqlaganmi? Aslida qoʻliga kitob olishga vaqti bormikan? Bir ishoraga mahtal shogirdlari soʻrab-surishtirishgandir balkim…
— Erkin aka, oʻtgan yili men shahar rassomlari koʻrgazmasida sizni bir koʻrgandim. Oʻshanda, koʻnglingizga kelmasin, hamma suratlar oldida yoʻq deganda besh-oltitadan odam, faqat eng chekkadagi rasm oldida bittagina yigitcha turardi. Boshqa suratlarni tomosha qilayotganlar almashar, yigitcha esa, joyidan jilmasdi. Men yigitchani maftun etgan surat tomon yurdim. Unda bir odam qorongʻulik qoʻyniga kirib borar, undan anchagina ortda kelayotgan uzun choponli inson izma-iz borar edi. Birpasda men haligi yigitcha holiga tushdim. Ana shunda shahrimizda shunchalik zoʻr rasm chizadigan rassom borligini bilmasligimni oʻyladim…

«Koʻngil topishga ustasi farang ekan. Bir zumda oʻziga rom etdi-qoʻydi-ya». Erkin hali dabdabali uyga qadam qoʻyganida koʻkragidan itargan yotsirashning begona boʻlganini tan oldi.
— Xullas, Erkin aka, rahmatli onamizning yetmish yoshlariga osh berish niyatidamiz. Shunga ikkiyu-uch hajmda portretlarini chizib bersangiz. Minnatdor boʻlardim. Istagan paytingizda xizmatingizdaman. Eshitdim, portret ishlashni unchalik xush koʻrmas ekansiz. Lekin «Jokonda – Mona Liza», «Madonna Konestabils», garchi bola bilan boʻlsa-da, «Noma’lum ayol» kabi buyuk asarlar ham bor-ku…

Baribir Erkin Oʻtkirbekning onasi rasmini chizishga istar-istamas kirish-di. Oʻtkirbek mana shu suratga qarab chizsangiz, yaxshi boʻlardi, deya oʻz qoʻli bilan bergan fotosuratni oʻrganayotgan paytda ustaxona eshigi taqilladi. «Onaxonning boshqa suratlarini berib yuborishdi. Bunisiga qarab ishlarkansiz», - deya fotosurat uzatdi qoʻshqoʻllab soʻrashadigan yigit. – Manovi pulga boʻyoq, mato, boshqa kerakli narsalarni sotib olarkansiz!» Yigit Erkinning qoʻliga yuz dollarlik tutqazdi. «Suratni xoʻjayinning koʻngillariga yoqadigan qilib chiza olsangiz, mingta koʻkidan olasiz. Agar vaqtida va xoʻjayin aytganlariday qilib chizmasangiz, siz mingta berasiz! – Sadaqa uzatayotganday qoʻl choʻzadigan yigit beoʻxshov ishshaydi, - oʻn kun yetib-ortsa kerak bitta surat chizishga! Nima oʻn kunda ming dollarlik boʻlib qolsangiz yomonmi?..»

«Oʻtkirbek onasining qiyofasini baxtiyor tasvirlashimni istabdi-da». Erkin «yugurdaklar» tashlab ketgan fotosuratni koʻzdan kechirar ekan, miyasida shu fikr chaqnadi. Bu surat Oʻtkirbek oldin berib yuborgan suratdan butunlay farq qilardi. Oldingi suratda chehrasidan nur yogʻilib turgan oltmish yoshlardagi onaxon ma’yusgina turardi. Yangi suratda suratchi «kuling», degan chamasi, ellik yoshlardagi ayolning zoʻraki tabassumdan koʻzlari qisilgan.Erkin yaxshiroq qarab, fotosuratning keyinchalik qayta tayyorlanganini sezib qoldi. Ayolning boʻyni va undagi tilla zanjir, atirgulli qora barqut koʻylak oʻziniki emas edi…

«Onasini baxtiyor tasvirlashimni istabdimi, istagini yuz foiz bajarganim boʻlsin. Jokonda, noma’lum ayol haqida safsata sotgan ekanda. Men laqma… laqqa tushaveribman-chi. Yoʻq, chizmayman bunaqa rasmni! Ana, eshigida sargʻaygan rassomlar kammi, kimga istasa chizdiraversin!» Erkin surat va pulni choʻntagiga solib, eshik ochganida, yoʻlakda pastak kursida oʻtirgancha poshnasi yeyilgan tuflisini yechayotgan oʻgʻliga koʻzi tushdi. Oʻgʻliga ortiq qaramaslikka tirishib, oyogʻiga poyabzalini ildi. Surat uchun zarur ashyolar olishga ahd qilib bozorga yoʻl oldi…

Qoʻshqoʻllab soʻrashadigan yigit Erkin chizayotgan rasmga ogʻzini ochgancha tikilib qoldi.
— Yo qudratingdan, onaxon tirilib qolibdilarmi?
— Najot, surat tayyor boʻptimi? Qani qoch, men ham bir koʻray, - sadaqa berayotganday qoʻl uzatadigan yigit suratga qarab aftini burishtirdi. – Kim bu kafanga oʻralgan kampir? Hoy, akaxon, biz buyurgan surat qani? Yo fotosuratni yoʻqotib qoʻy-dingizmi? Quloqlaringizga paxta tiqilmaganmi? Agar ertaga kechgacha suratni tay-yorlamasangiz, ming dollarni sanab qoʻyavering.

Erkin ustiga qora mato tashlangan surat tomon yurdi. Mato ortidan oʻqdek otilgan kulgi choʻzilgan qoʻlini qaytarib tashladi.
— Quloqdan paxtani oldingizmi? Ertaga boshqacha gaplashamiz! Biz sizga oʻxshab soʻzimizni havoga uchirib, bosh qashib oʻtiradigan emasmiz! Najot, nega anqayasan? Ketdik!

Qarsillab yopilgan eshik «menda nima ayb», deganday gʻijirlab Erkinning tiliga koʻchayotgan gʻazab yoʻlini toʻsib, boʻgʻziga qaytardi.Madorsiz oyoqlar shalvirab egasini boʻyogʻi qurimagan surat qarshisidagi liqildoq kursiga boshladi. Erkinning yuragi simillab ogʻrir, umidvor nigohi yopiq eshik ortidan najot izlardi. Xotinining ruxsatsiz kirishga yuragi betlamasligini yaxshi bilsa-da, hozir uning bir piyola suv va yurakdori koʻtarib kirishini istardi. Eshik ochilavermagach, oʻrnidan turayotgandi, mungli nigoh iltijosi yelkasidan bosdi. «Ona sutini unutgan bir yugurdak yigitchaning gaplariga aza ochyapsanmi, oʻgʻlim? Yorugʻ dunyoning gʻalvalari koʻp, lekin bosh qotirishga arziydiganlari oz». Qorachiqlar tubidagi mung yurakdagi sim-sim ogʻriqni sugʻurib oldi.

Yoʻq, bir dunyo zar bersa-da, koʻksiga zambarak tirasa-da, bu suratni oʻsha Oʻtkirbek deganlariga bermaydi. Agar, bordi-yu, Oʻtkirbek onasining suratini koʻr-sa, qorachiqlardagi mungga chiday olarmikan? Gʻalati xayollarga boradi-ya! Shaharda faqat oʻzidan boshqaning nomini tilga olmasliklari uchun chiranadigan Oʻtkirbek deganlari suratdagi ifodani qanday his qilsin? Unga onasining asil qiyofasi emas. hayotidan mamnun, qoʻli osmonlarga yetguvchi oʻgʻlining toʻkin-sochin xonadonidagi baxtiyor tasviri kerak! Yoʻq, hech qachon qorachiqdagi mungni koʻr yurakka topshirib qoʻymaydi. Ming dollarmish-a?! Qorachiqdagi mungni bozorga solib boʻlarkanmi? Berib boʻpti! Birpas toʻxta, Oʻtkirbek bu suratga emas. boshqa baxtiyor qiyofaga xaridor-ku!

Erkin ustiga qora mato oʻralgan suratni avaylab koʻtarib, yashirishga joy izladi. Xonaning toʻrt tomonida ancha kezindi, oxiri nusxa suratlar ortiga joyladi. Oʻn-oʻn besh daqiqadan soʻng uyga eski buyumlarni sotib oluvchi qoʻshnisini boshlab keldi…
— Dadasi, sizni soʻrashyapti…
— Kim? - Erkin ostonada qimtinib turgan xotiniga norozi boqdi.
— Chiqsangiz koʻrasiz…

Xotini ortga burilarkan, noiloj ergashgan Erkin yoʻlakdagi arabi gilamni koʻrib toʻxtadi.
— Qoʻshni aynab qolibdimi, xotin? Pulini… haligi yugurdaklar olib ketishgandimi? Endi…
— Dadasi tashqariga qarang, kutib qolishdi, - xotini pichirlar, lekin shunday boʻlsa-da, ovozidagi titroq cezilardi.
— Namuncha ichimdagini top, boʻlmasang?! – Erkin gʻudrangancha eshik ochdi.
— Assalomu alaykum, Erkin aka…

Erkin kulimsiragancha qoʻl uzatgan Oʻtkirbekka baqrayib qoldi.
— Uyingizga kirsam boʻladimi, Erkin aka…
— E, mayli, mayli…marhamat, - Erkin Oʻtkirbekni ustaxonaga boshladi. – Aybga buyurmaysiz, hammayoq ivirsib yotibdi. Biz sizni…

«Nimaga kiritdi uni? Nega oʻgʻirlik qilgan yosh bola misol titrab-qaqshayapti?»
— Men… men onajonimni sogʻindim, - Oʻtkirbek Erkinning norozi, algʻov-dalgʻov xayollarini titkilab tashladi. – Onajonimning qorachiqlaridagi mungni koʻrgani keldim…

Ispisor,

dekabr, 2003- yil.</div>