OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻrinboy Usmon. Sanjob (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻrinboy Usmon
Asar nomiSanjob (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻrinboy Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sanjob (hikoya)
Oʻrinboy Usmon

(«Lahzaning larzalari» turkumidan)

Iliqqina, yumshoqqina edi siypalayotgan narsa. Yigitchaning qitigʻi kelib, nariroq surildi. Iliqqina, yumshoqkina vujud shu zahotiyoq u tomon surildi va yana qitiqlay-qitiq-lay siypalay ketdi. Siypaladi-siypaladi-da, uni quchoqlab oldi. Birdaniga a’zoi badanini oʻnlab, yuzlab barmoqlar, iliqqina, yumshoqqina, lekin etingni seskantiruvchi barmoqlar qitiqlay ketdi. Yigitcha koʻz ochishga urindi, kipriklar ajralmadi, qoʻli bilan itarmoqchi boʻldi, tirsaklari biqiniga yopishib qolgandi. Toʻsatdan iliqqina, yumshoqqina narsa beoʻx-shov, yoʻq, faqat beoʻxshovgina emas, yoqimsiz, quloqlaring borligiga ham oʻkintiradigan al-fozda xunuk kuldi. Koʻzlar ochilishga intilar, kipriklar ajralmasdi, qoʻllar kuchini koʻrsa-tishga tirishar, biqin sira qoʻyvormasdi. «Ovora boʻlma, bolakay, meni koʻrolmaysan… Chun-ki men yoʻqman. Yoʻqman. Sen yoʻq qilding meni! Nega bilmaslikka olasan? Darrov tanimay qoldingmi? Darrov-a? Boʻynimga arqon solib, bozorga sudraganing esingdan chiqdimi? Ha-ha, zigʻircha insof qolgan ekan-ku! Tanimadim, deb qutulishing mumkin edi-da. Yoʻq-yoʻq, oʻzingni oqlamagin. Yigit degan bunday boʻlmapti. «Men obormoqchi emasdim, otam qoʻyma-dilar, oxur toʻla yem boʻlsa, yeb turib ma’raydigan qoʻyni yoʻqot, dedilar?!» Jazo boshiga soya solganda birovni qalqon qiladigan odamni jinim suymaydi. Sen oʻz otangni oʻqqa tutib, omon qolmoqchimisan? Kasal otangning qulogʻiga ma’raganim yoqmay qolib, egizak tugʻadigan boʻlsa ham, sotib kel, deganida, koʻngli uchun xoʻp dedingu oldimga xashak solding, suvni yangilading. Na xashakka, na suvga qaramasdan ma’rayvergandim, oldimga kelib, xuddi odam bilan gaplashganday gaplashding. «Sen esli qoʻysan-ku, ma’ramagin, otam betob yotibdilar, ma’rayversang, boshlari qattiq ogʻriydi, ana-ana, gapimga tushunding-a, esing bor, dedim-ku!» Ogʻzingga qarab bir zum jim qolgandim, gaping tugashi bilan otang opangga enchi qilgan qoʻzichogʻim koʻz oldimga keldi-yu… «Nega yana ma’rayapsan, bolang boʻlsa yoningda, uni qara, hech ma’ramaydi, oʻshandan oʻrgansang boʻlmaydimi? Yoki ikkinchi qoʻzingni oʻylayapsan-mi?!» Sen odam boʻlsang-da, meni tushunganday eding. Endi opangnikiga borib egizimning kichigini olib kelarsan, deya xursand boʻlayotgandim. Qayoqda? Baribir odamligingga bor-ding. Ma’rashdan toʻxtaganimga quvonib, uyga kirib qoʻlingga kitobingni olding. Alam qilib ketdi menga. Allaqayoqlarda, opasinikida qoʻzichogʻim meni qoʻmsab boʻzlab yursa-yu, bu meni aldab qoʻyib, yonboshlaganicha bemalol kitob oʻqiyversa! Endi mendan koʻrasan! Otangning boshi ogʻrisa-ogʻrir, nima ishim bor? Nevaram xursand boʻlsin, kuyovim qizimga qattiq gapirishini qoʻysin, deya qoʻzichogʻimni bervordi-ku oʻzi! Boʻlmasa odamlar, ja, himmat qilganlarida, uzatgan qizlariga enchiga bitta buzoq berishadi. Otang kuyoviga yaxshi koʻrinmoq-chi-da, buzoqqa koʻshib qoʻzichogʻimni yetaklatvordi. Koshki, oʻsha kuyov deganlari minnatdor boʻlsa. Ana, qizi koʻzining suvini oqizib keldi-ku! «Yaxshilikni bilmaydigan odamlarga bergansiz meni. «Qurumsoq otang oʻlay deb turgan tirraqi buzoqcha-yu mushukday qoʻzi bilan ogʻzimni yopmoqchi boʻldimi», dedi. Nega keng hovlingizga sigʻmay qoldim, otajon? Oʻzi peshonam shoʻr ekanmi… Onajonim boʻlganlarida…» Otang oʻshanda peshonasini ushlab qol-madimi? «Oh, ona qizim-a, ona qizim… Mayli, yana picha chida, bolang hurmati. Kuyov bir kunmas-bir kuni it fe’lidan tushar. Bor, boraqol, janjal koʻtarib yurmasin yana», dedi u. Opang yigʻlab-yigʻlab darvozadan chiqarkan, otang boshini changallab yotib qolmadimi? Bil-dingmi, endi nega dard tortayotganini? Unga bola aziz boʻlsa, menga ham aziz. Keyin u sotib kel, desa, arqonlab, hol-jonimga qoʻymasdan bozorga sudrayverasanmi? Nima, oʻsha kuni jahlim chiqib turgandi, deysanmi? Urishing, agʻanatib-agʻanatib tepishing kerak edi oʻshalarni. Yoningda qiz bola turib u gaplarga chidading-a? Oʻshanda ular ikkita edi. Ikkita-ku, uchta boʻlganda ham urib tashlarding. Ayading. Janjal chiqmasin, deding. «Toʻyga qachon boraylik, shu oʻninchi sinfda qilasilami yo bitiruv kechasini qoʻshvorasilami? Nega ogʻiz ochmiysan? Tilingni yutvordingmi? Yo mum tishlaganlarmi kuyov pochcha? Mahallamizning oy-day qizini qoʻltiqlab yurolasanu, qaynilaringga bittagina salomni nasiya qilasanmi?» Mushtlaring tugildi-yu… yoningdagi qiz ularni yozib qoʻydi: «Qoʻying, arzimaydi, bularning faqat ogʻzi botir, qoʻl koʻtarishingiz bilanoq sichqonning inini izlashadi.» Sen ular-ga qattiq oʻqrayding-da, indamay oʻtib ketdilaring. Orqadan yana gap otib qolishdi. Sassiq-sassiq… Qizni kuzatib qaytganingda ular yoʻq edi. Asabing buzilib qaytding. Endi shuni bahona qilyapsanmi? Vaqtida ora ochdi qilgin edi. «Qanaqa bolasan oʻzi, bozorga obor, toʻrt tangaga olsa ham, sot, qaytarib kelma.» «Ota, oʻzingiz bu yil ham egizak tugʻadi, degandin-giz.» «Oʻnta tugʻsa ham, kerakmas, quloq-miyamni yevordi. Koʻp ma’ragan qoʻy xosiyatsiz keladi. Obor, yoʻqotib kel! Qaytib koʻzimga koʻrsatma!» Ana-ana, baribir otangga toʻnkayapsan-a.?.. Bozorda qoʻy koʻp ekan, hadeganda, senikiga xaridor kelavermadi, kelgani ham menga emas, senga qarardi-yu, kepak bahosini aytardi. Turaverib zerikib ketding. Qaytarib ketay, desang, otangning gapi, sotay desang, xaridor yoʻq. Bozorqaytish boʻlib qolgandi. Bir mahal shokosaday koʻzlari qip-qizil kishi kelib u yoq-bu yogʻimdan ushlab koʻrdi. «Sotamizmi?» «Sotamiz!» «Yetmish beraymi?» Indamading. Nima-nima deysan? Oʻshanda qizilkoʻzning arzimagan pul aytayotganini emas, nahotki, seni sotvorsam, deb oʻyladim?! Nega unda bari-bir koʻnding? Xaridor asta-asta yuz soʻmga chiqib borib toʻxtaganida, «barakasini bersinmi», deganida uning qip-qizil koʻziga qaramasdan qoʻl uzatding? U odam meni sudrab ketayotganda, zorlanib ma’rovdim, qoʻlingda pul, qaqqayib qolding. «Qanchaga sotding, bola? Yuzga? Yomon emas, sahardan beri oʻtiribsan. Agar shu qassob amaking boʻlmaganda, uyingga qaytarib ketarding!» Sen bu gaplarni aytgan odamning aftiga ham qaramading. Ortingga chopib borib boʻynimdagi arqondan ushlading. «Ha, bola, arqonni qaytarib olish endi esingga kel-dimi? Irimni bilarkansan-a?» «Amaki, mabodo, qoʻyimni soʻymang. Qornida bolasi bor. Egizak tugʻadi. Maylimi, amaki? Ishoning menga. Har yili egizak qoʻzilaydi.» «Moʻyloving chiqib qolibdi-yu, gʻirt bola ekansan-da, haliyam. Barakasini oldingmi, boʻldi-da. Endi qoʻy-ni yemlab semirtiramanmi, koʻpaytiraminmi, soʻyib, goʻshtini sotamanmi, oborib Sirdaryoga oqizamanmi, buyogʻi mening ishim!» Qassob meni mol-qoʻylar ortilgan ulovga chiqardi-yu, joʻnadi-ketdi. Sen qoqqan qoziqdek qotib qolding…

«Hayallab ketding, oʻgʻlim, umringda bozorni koʻrmaganding, chuv tushirishmadimi, ish-qilib? Yuz soʻmga sotding? Boya bolasini ham qoʻshib ketsang boʻlarkan. Uni qara, ilgari ma’rash nimaligini bilmasdi, onasini obketdingu, miyamni egovlashni boshladi. Aslida shahardagi katalakdek hovlida qoʻy boqish nimasi? Qishloqda yashaganimizda qoʻton toʻla qoʻy edi. Bittasining ovozini eshitmasding. Qoʻyxona hovlining etagida, chaqirsang, eshitmaydigan joyda. Betta-chi, shundoqqina peshonangda…»

«Ota, qoʻyni bir qassob oldi. Koʻzlari qip-qizil. Uni soʻyadimi endi!»

«Qassob? Balki soʻymas… Yoʻgʻ-ey, soʻymasov. Bolasi borligini aytdingmi? Asli oʻzi-yam bilar-a… Qassob boʻlsa, soʻymaydi…»

Shunda sal xotirjam tortding. Lekin qoʻzichoqqinam onamni topib berlab ma’ray-verdi. Oʻsha tun qanday uxlaganingni bilmading. Ertasi chala-chulpa nonushta qilib, oʻsha qizilkoʻz qassobni qidirishga otlanding. Soʻrab-surishtirib, uning doʻkonini topding. Navbatda turgan odamlar seni doʻkon oldiga yaqinlashtirishmadi. «Bular mushtdayligidan hammani bosib-yanchib oʻtaman, deydi». «Hov bola, navbatda tur, otang tengi odamlardan uyalmaysanmi?» «Qassobga gapi bormish, goʻsht kerak, deb toʻgʻrisini ayt-qoʻy-da, oraga tiqilma, deyapman…» Odamlar ortidan turding ham. Tarozi oldiga yaqinlashganda oʻsha qizilkoʻz «Xoʻsh, ogʻayni, qancha tortay», deya qoʻlidagi pichogʻini oʻynatdi. «Shu pichogʻini qoʻyimning boʻynidayam oʻynatsa-ya, yo allaqachon…» «Meni tanimayapsizmi, amaki?» «Sendaqalarning urugʻing koʻp boʻlsa. Qaydam…» « Oʻv bola, boʻl tez, oladiganingni ol, ekib qoʻygan vaqtimiz yoʻq». «Men kecha sizga qoʻy sotuvdim». Qassob hayron boʻlib yelka qisdi. Odamlar seni nari surishdi. Alaming keldi… Kechagina «bor, baraka»lab qoʻlingni uzvorayin degan kishining bugun tanimaganga olishi… Bir mahal qarasang, doʻkon oldida hech kim qolmabdi.

«E, haliyam shettamisan, ogʻayni. Qoʻyingni sogʻinib qoldingmi? Unda nega sotding?»

«Amaki, pulingizni olkeldim, qoʻyimni bersangiz».

«Hi-hi-hi, qiziq ekansan-ku, sal oldinroq aytmaysanmi, bir qadoq ham goʻshti qol-madi, ana kerak boʻlsa, kallasini ol!»

«Siz?! Siz… darrov…»

«Oʻlgudek jagʻi ochiq ekan, boʻlmasa, bir-ikki hafta boqib semirtirmoqchiydim. Naq quloq-miyamni yeb tashladi. Lekin toʻgʻrisoʻz yigit ekansan. Aytganingday, egizak bolasi borakan. Soʻyib qoʻyib, kunkoʻrmas yerimni oʻyib-oʻyvoldim… Umrimda birinchi marta boʻgʻoz qoʻyni soʻyishim. Qara, hozirdan qoʻlim qaltirayapti… Senga oʻxshash bitta shogird izlayotgandim. Mabodo, menga shogird tushmiysanmi? Ie, yigʻlayapsanmi? Bitta qoʻyga shunchami? Qoʻy inson uchun yaralgan, senu mening nasibamiz».

«Siz jalloddan battar ekansiz!»

«Hi-hi, koʻrinishing yigitday boʻlsayam, aslida ogʻzidan suti ketmagan goʻdak ekan-sanu… Xuddi kenja oʻgʻlimning oʻzi-ya… U roppa-rosa oʻn yilgacha ogʻziga goʻsht olmasa-ya! Kenjam oʻshanda ikki yasharmidi, ikki yarim yasharmidi, bitta echkini soʻyishga toʻgʻri keldi. Qarasam, mushtchalari bilan uryapti. «Ha, toy, mushtlashgingiz kep qoldimi», dedim. «Shij momonshij, ba-ani pix qildij. Shij momonshij, momonshij…»! Yo, qudratingdan, goʻdak koʻzidayam shunchalik qahr boʻladimi? Qarashga choʻchiysan. Erkalamoqchi boʻluvdim, nari qochdi. Shu-shu goʻshtni koʻrsa, koʻngli ozadi, oldimga yaqinlashmaydi. Uyam hatto sendayligida mol soʻysam, koʻchaga chiqib ketardi. Bilasanmi, u hozir nima ish qilyapti? Qassob! Nega ang-rayasan? Ishonmayapsan-a? Mol achchigʻi – jon achchigʻi, deb eshitgandirsan? Oʻgʻlim ikkita bola-lik boʻlgandan keyin boshqa hovli olib ketgandi. Oldin men uni oʻylasam, u endi oʻz jujuqlarini oʻylaydi. Bola-chaqam deb mol-hol ham qildi. Bir kuni kechda uyiga qaytsa, xotinining rangi oʻchgan. «Sigirga bir narsa boʻlgan. Na xashakka qaraydi, na kavsh qaytaradi. Bir joyda qimirlamay yotibdi.» Oʻgʻlim molxonaga kirib, xotinining vahimasi bejiz emasligi-ni anglaydi. Shoshib qoʻshnisini aytib chiqadi. «Halollab olish kerak», deydi qoʻshni sigirning u yoq- bu yogʻini koʻrib. U amallang deganday qoʻshniga moʻltiraydi. «Umrimda chum-chuq soʻygan emasman, qoʻlimdan kelmaydi. Lekin tezda halollab olmasangiz, uvoliga qola-siz», deydi qoʻshni. «Siz qarab turing, men otamni aytib kelay, boʻlmasa,» deydi oʻgʻlim. «Nimalar deyapsiz, jon talvasasida-ku bu, ja nari borsa, toʻrt-besh daqiqadan soʻng…» Oʻgʻlim sigirga bir qaraydi-yu, oshxonaga chopib borib pichoq olib keladi. Xirillayotgan sigirning boʻgʻziga pichoq tortvoradi… Tushungandirsan, uning nega bunday qilganini? Puli kuygan-da. Sigiri jon berayotganda, uni soʻysa, necha pul sotishini-yu, agar harom qot-sa, qancha zarar koʻrishini tiyin-tiyinigacha hisoblab chiqqan. Soʻygan sigiri moʻmay pul boʻlgach, oldimga kelib, yorilib qoldi. Nimaymish, ota kasbini olmoqchiymish. «Pichogʻin-gizni berasiz, ota», deb turvoldi. Qonida bor boʻlgandan keyin, baribir ota kasbini qilarkan-da. Uni yonimga oldim. Hozir oʻsha echkini soʻyganimda mushtlagan, oʻn yilgacha ogʻziga goʻsht olmagan oʻsha kenjatoyim hozirda shaharning eng katta, oldi qassoblaridan. Sen bola, bu gaplarni nega aytganimni tushundingmi? Tushunding… Senga pul kerak boʻlgani uchun qoʻyni bozorga olib chiqqansan. Keyin egizak tugʻsa koʻpayishi esingga kelib, yo oʻzboshimchalik qilganing uchun otangdan eshitadiganingni-eshitib, meni qidirishga tushgansan. Xoʻsh, ogʻayni, kallani olasanmi? Mana u!»

Qassob pastga egilishi bilan keskin burilding-da, uyga qarab joʻnading. Oyogʻingni qoʻltigʻingga qistirgandayin tez yurib borarding, lekin chopging kelardi, goʻyo hozir orqangdan kalla yetib keladi-yu, qoʻlingga pichoq tutqazadi: «Bor endi, bolalarimni ham soʻy, bor!» Oldingdan esa, oldingdan mushtchalari tugilgan, koʻzlari toʻla yosh bolakay chiqadi. Unga yetay deganingda tislanib-tislanib, devor panasiga oʻtib ketadi. Endi yoʻlingda bir qoʻlida pichoq, bir qoʻlida pul changallagan notanish odam koʻndalang boʻladi. «Koʻrdingmi, qancha pulim bor, pichogʻimni beraymi, sening puling bundan ham koʻp boʻladi, ma, ma...» Undan qochayotganingda koʻz oldingni qora devor toʻsib chiqadi. Tentirab-tentirab, oʻz mahallangdan emas, qoʻshni mahalladan chiqasan. Kimnidir kutasan, intiq boʻlasan. U tezroq kelsa-yu, yuragingni ochsang. Hozir u keladi-yu, pichoqni irgʻitvoradi. Uzoq-uzoqlarga, qoʻl yetmas tomonlarga otvoradi. Toʻsatdan xunuk qahqaha oʻzingga keltiradi. Shunday roʻparangda, uch qadam narida uchta bashara tirjayib turardi. «Pochcha kelibdilar-da, bir miriqib gurung-lasharkanmiz-da». «Keling, mahallamizga soʻnggi, tarixiy safaringizni nishonlaylik!» «Biqinlaridan darcha ochishimizni kutadilarmi yoki quyon bilan oshna boʻladilarmi?» Uch bashara tirjayadi, tahqir toshayotgan nigohlar qizilkoʻz qassob qoʻlida oʻynatgan pichoqday naq boʻgʻziga qadaladi. Basharalar chayqaladi, chayqalaveradi, uchta edi, toʻrtta boʻldi – qizil-koʻz qoʻshildi, toʻrtta edi, beshta boʻldi - qizilkoʻz qassobning bir qoʻlida pichoq, bir qoʻlida pul oʻgʻli qoʻshildi, beshta edi, oltita boʻldi – opasiga qoʻl koʻtarayotgan pochchasi qoʻshildi, basharalar chayqalaverdi, koʻpayaverdi, chayqalaverdi, koʻpayaverdi. Ortiq oʻzingni tutib turolmading. Bir musht bilan bitta basharani urib qulatding, oyogʻingni chalgan ikkinchi-sini aylantirib tepganding, qayoqqadir uchib ketdi. Qolganlari qochib qolishdi. Musht yegani gandiraklab kelib gardaningga tushirib qoldi. U shu lahzayoq yana bir musht yeb quladi. Qulayotib oyogʻingga yopishdi: «Mahalladan izingni quritaman!» « Qadamingni qirqa-man», yana biri ikkinchi oyoqqa yopishdi. Oyoqlaringngi siltab chiqarding-da, tepaverding, tepaverding… Basharalar koʻrinmas, faqat gʻujanak gavdalar u yon-bu yon yumalardi. Shu payt kimdir yengingdan tortdi: «Nahotki, siz… siz shunchalik rahmsiz boʻpketdingiz. Chumoliga ozor bermaydigan inson… Qoʻying endi… Yo meni aldab kelayotgandingizmi?..» « Sen ara-lashma, jonim, bularni tepish, tepkilash kerak!» Sen ayamay tepkilayverding, yumaloq-yostiq qilib tepkilayverding. Qiz yalina-yalina seni koʻndirolmagach, yum-yum yigʻlagancha yugurib ketdi..» Siz – siz emassiz, siz – siz emassiz!» «Siz - siz emassiz!» - keyin bu soʻzlar ma’no-sini anglab yetding. Yerda yumalab yotgan ikki yigitni turgʻazib qoʻyding-da, uyingga qarab sudralding.

Qoʻzichogʻim tinmay ma’rardi. Sen unga qarab turding-turding-da, qoʻl siltab koʻchaga chiqib ketding. Qosh qorayganda qaytding. «Oʻgʻlim!» - chaqirib qoldi otang. Ovozi negadir ma’yus edi. «Yana opam yigʻlab keldimi», degan oʻyda hadiksirab otangning ogʻziga tikilding. U boshini qiyiqcha bilan bogʻlab olgan, yostiqqa suyangan koʻyi kirtaygan koʻzlarini kattaroq ochishga urinardi. «Qayoqlarda yuribsan, oʻgʻlim?» Yoʻq, opang kelmagan, hech kutilmagan bosh-qa biron koʻngilsizlik yuz bergan,otangning ovozi ma’yus edi, lekin qandaydir bir boshqa-charoq. Ma’yuslikka gina aralashganmi, ranjishmi… «Nega indamiysan? Oh, bolam-a, men seni shunchalik bagʻritosh qilib tarbiyaladimmi? Esingdami, «Ota, koʻchaga yuring, bolalar kuchuk urishtirishyapti, bittasidan rosa qon oqyapti, oʻlib qoladi», deb kelganing? Oddiy-gina qush, hayvonga yuraging achiydigan bola insonga qoʻl koʻtardingmi, oyoqosti qilib tep-kiladingmi?» «Darrov arz qilib kelishibdi-da. Ularning oʻzlari meni oyoqosti qilishdi.» «Sen tuppa-tuzuksan-ku! Yo oyoq-poyogʻing sindimi? Ikkita yigitni qonga belab tashlabsan. Bittasi belini koʻtarolmay yotganmish. Hozirgina otasi chiqib ketdi. Uning ta’na-malomatlari boshimni yoryapti. Zoʻravonning otasi, deydi-ya!» «Ularning oʻzlari meni oyoqosti qilishdi. Oldinlari ham…» «Yana bitta gapni qaytarasan-a, toʻrt muchang soppa-sogʻ, tuppa-tuzuksan-ku!»

«Tuppa-tuzuksan-a!» Bagʻriqurt qoʻyning oʻpkasiga tushsa, u sening yuragingga oralaganini bilmasdi otang. Butun vujudingni joʻlak ayamay chaqardi. Dodlavorging kelardi. Shunday dodlasangki, bir lahzada iching boʻshasa. Ich-etingni kemirib yotgan oʻy-xayollar olis-olislarga sira qaytib kelmas boʻlib uchib ketsa!..»

«Ota, ularning oʻzlari meni oyoqosti qilishdi, men tepdim, xolos. Opamni, sizni poch-cham oyoqosti qilgandan battar muomala qilishdi. Men ularni tepkiladim, xolos.». Otang koʻzini yerga tikdi, boshini ushlagancha qoldi. Oldinlari uning oldiga tiz choʻkkan, «Ota, siz-ga nima qildi, boshingizni bosib qoʻyaymi, yo achchiq choy damlab kelay, ichasizmi», deya mehri-bonlik qilgan boʻlarding. Endi qoqqan qoziqdek turaverding. Otang «e, dunyo», dedi-yu, oʻr-niga choʻzilib, toʻshakni boshigacha tortib oldi. Turib-turib, alaming keldi. «Ota, qassob qoʻyimizni soʻyibdi. Egizak bolasi borakan!» Koʻrpa bir koʻtarildi-yu, otang yanada qattiq-roq burkanib oldi. Sen indamay qarab turding-turding-da, tashqariga chiqding. Orqangdan eshitilgan ma’yus tovush joyingda toʻxtatdi. «Qanday zamon boʻldi-ya? Oʻz pushti kamaringdan boʻlgan zurriyoding ta’na-malomatga koʻmsa-ya, zarracha ayamasdan, otam demasdan! Qarib, kuchdan qolaversang, oʻz bolangning koʻziga ham xunuk koʻrinarkansan. Hali uylanmasdan shuncha-lik, bittasini boshlab kelsa, nimalar qilsa? Ey, qari boshim, ustingda chaqiladigan toshyon-gʻoqlarga chidayolasanmi?!»

«Hozir qaytib kiraman. Ota, siz men uchun eng aziz insonsiz, oʻylamasdan gapirib-man, sizni boshimda koʻtarib yuraman, deyman… Yoʻq, otam nolish qilyaptilar-ku. Erkak kishi!.. Darvoza gʻiyqillab ochiladi, gʻiyqillab yopiladi. Sen oʻychan ketaverasan, ketavera-san. Yurib-yurib, bittagina derazasidan yop-yorugʻ nur sochilib turgan uy oldiga kelasanu, sira nari oʻtib keta olmaysan. Yurmoqchi boʻlasanu, oyoqlaring boʻysanmaydi, qotib qolgan-dayin. Deraza oldiga qanday borganingni, barmoqlaring oʻz-oʻzidan choʻzilib, yorugʻ sochilayotgan oynani chertganingni bilmaysan. Barmoqlaring derazaga yopishib qoladi. Koʻzlarida qoʻrquvmi, hayajonmi, qiz koʻringanda ham barmoqlaringni derazadan olishga kuching yetmaydi. Seni koʻrgan qizning savol toʻlgan nigohida dahshat oʻynaydi. «Ketma! Senga aytadigan gapim bor. Ketma! Agar aytmasam, yuraging hozir tars yoriladi!» Xayriyat, bu soʻzlarning tilingga chiqmagani. Ularning qanchalar yigʻloqiligidan oʻzing ham uyalasan, terga botasan. Nari ketayotgan qizni ustma-ust deraza chertib toʻxtatasan. Endi qiz nigohidan dahshat ariigan, oʻkinch qadalib turardi senga: «Men sizni sira bunday deb oʻylamagandim. Shafqatsiz ekansiz. Giyohni ezgʻilashsa ham kuyinishlaringiz aldamchi ekan-da. Aldamchi ekan-da!» Yigit nigohing shiddat bilan oʻkinchni teshmoqqa urinadi: «Iltimos, pardani tushirma! Menga bir zumgina quloq sol. Qoʻshnilaringni oʻzlari meni oyoqosti qilishdi. Men ularni tepki-ladim, xolos. Sen bilan gaplashib olishim kerak. Menga nimalardir boʻlyapti. Dunyoga sigʻma-yapman, sigʻmay ketyapman. Iltimos, pardani tushirma!» Qiz yerga qaragancha pardani tushiradi. Haligina zim-ziyo koʻchani quvontirgancha sochilib turgan nur parda ostiga yashirinadi. Sen umid bilan kutasan. «Hazillashyapti, hozir derazani ochvoradi». Uyda chiroq oʻchadi. Zulmat aro tentirab-tentirab, noiloj uyga qaytasan.

Otang sharpangga ilhaq yotgan ekanmi, ostonadan oʻtishing bilanoq shivirlab chaqiradi. «Keldingmi, bu yoqqa kir, oʻgʻlim!» U avzoyingga qararkan, xavotirlanadi. «Yonimga oʻtir, oʻgʻlim! Ketganingdan beri oʻylanaman. Nega toʻsatdan bunchalik oʻzgarib qoldiykin, deyman. Bilsam, ayb menda ekan. Lekin men qoʻyni qassob olishini-yu, kasbiga isnod keltirib, dar-rovgina soʻyib sotishini tush koʻribmanmi, oʻgʻlim! Ammo odam degan Isaning oʻchini Musadan olmaydi. Jahling chiqqanda, shaytonga hay berib, astagʻfurullo, desang, tamom, oʻtadi-keta-di». «U meni «siz – siz emassiz», dedi. «Gapirsang-chi, bundoq, qon qilvording-ku! Boʻlar ish boʻldi, endi ming oʻylaganing bilan oʻrniga tushmaydi. Lekin inson koʻnglini olish qiyin. Ertaga fursat topib oʻsha bolalardan uzr soʻra. Otalariga oʻzim tushuntiraman, yigit-chilikda boʻladi, oʻzlaringni boshlaringdan oʻtmabdimi, bir oʻziga uch kishi yopishgach, hech narsa koʻziga koʻrinmapti, hozir pushaymon, deyman. Katta boshimni kichik qilaman…» «Yoʻq, ota, ular mendan uzr soʻrashsin!» «Uh!.. Senga nima boʻlgan oʻzi? Odam bir kechadayoq shunchalik oʻzgaradimi? Sen quloqsiz bola emasding-ku.» «Men – men emasman!» «Nima-a? Bu nima deganing?»

Iliqqina, yumshoqqina narsa minglab barmoqlari bilan yigitchaning boshini chim-chilar, u toʻshakdan u yon-bu yon toʻlgʻanardi.