OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻrinboy Usmon. Sazoyi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻrinboy Usmon
Asar nomiSazoyi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻrinboy Usmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sazoyi (hikoya)
Oʻrinboy Usmon

Bir tekis chopib borayotgan ot keskin toʻxtadi. Koʻzlarini yumgancha xayolga berilgan koʻyi kelayotgan Arslon oldinga xavotirlanib qaradi. Quyida Sirdaryo tinchgina oqardi, oqshom gʻira-shirasida suvi goh oqarib, goh qorayib koʻrinardi. Arslon otdan tushib nam-xush oʻtlar ustiga choʻzildi. Maysalardan taralayotgan dimoqni qitiqlovchi boʻy, daryodan esayotgan yoqimli shabada horgʻin vujudinini allaladi. Bir mahal koʻzini ochsa, daryoda oqib boryapti. U toʻppa-toʻgʻri uyurma tomon oqardi. Hozir suv u tomon surib boradi-yu, uyurma ajdahodek ogʻzini ochib yutvoradi. Uyurmadan chetroqqa suzib ketish uchun qoʻl-oyoqlarini harakatlantirishga urinar, uvvalo urinmasin, qimirlatolmasdi. Qarasa, qoʻl-oyoqlari beshikka mahkam chandib tashlangan. Beshik qalqib-qalqib oʻpqondek ogʻzini ochib turgan uyurmaga yaqinlashardi. Toʻsatdan qirgʻoqda oyoqyalang, boshyalang ayol koʻrindi. «Musulmonlar, yordam beringlar, bolaginam oqib ketyapti, nega qarab turibsizlar, insof bormi sizlarda!..» Ayol oʻzini suvga otdi. Anchagacha daryoda koʻrinmay, beshik yonidan chiqdi. Endi qoʻlini uzatgandi, beshikni uyurma yamladi…

Arslon seskanib daryoga tikildi. U hamon goh oqarib, goh qorayib oqardi. Koʻzlari bejo boʻlib, daryodan beshikka qoʻl uzatgancha qolgan ayolni – onasini izlayotganini anglab qolib, oʻrnidan turib ketdi. Nima boʻldi oʻzi? Uch kun avvalgi tushini tagʻin koʻrdimi yo es-ladimi? Hali uyga borgach, onasiga koʻngli gʻashligini, yomon tush koʻrganligini aytadi. Tushni yomon dema-e, bolam, deydi sogʻinch toʻla koʻzlarini undan olmay onasi, bosinqiragansan, boshingdan don-dun oʻgirib sochdingmi?.. Ilgariyam onasini koʻp sogʻinardi, uzoq borsa, oyiga bir marta koʻrib kelmasa, hech kimga tuzukroq gapirmasdan, tund yuraverardi. Birontasi unga yurak betlab soʻz qotmas, ogʻzidan chiqqanini darhol bajarishga tirishardi. Faqat qutiulugʻlik oʻspirin Turdiboygina «qishloqni sogʻingansiz, aka, borib kelmaymizmi,» deyishga botinardi. Qishloqqa uning birov bilan borishini xushlamasligini oʻspirin yaxshi bilardi, lekin har gal «borib kelasizmi», demasdan, «borib kelmaymizmi», deyaverardi. Hali negadir otning jilovidan ushlab oldi, «shu bugun bormang», dedi qayta-qayta yalinib.

U yoqdan-bu yoqqa toʻxtamay yurayotgan Arslon daryoning nariyogʻiga tikildi. Qorongʻuda hech narsani koʻz ilgʻamasdi. Bu atrofda oʻzi biron makon yoʻq. Faqat daryoning yuqorirogʻidan, bundan bir chaqirim naridan kechilsa, toʻgʻri Qutiulugʻdan chiqiladi. Turdiboy ana shu oʻn besh-yigirma uyli choqqina qishloqdan. Otasi oʻlgach, Turdiboy daryodan oʻtib, Arslonga qoʻshilib qolgan. Oʻtgan oy besh kishi boʻlib Turdiboylarning uyini tortib olgan boyning uyini bosishdi. Shirin tush koʻrib yotgan ekanmi, boy tepasidagi qop-qora odamlarni koʻrib, oʻtakasi yorilayozdi. Ikkitasi boyni daraxtga bogʻladi, uchtasi qoʻlga ilingan boyliklarni qopga tiqdi. Oq yaktak, oq ishtonchan boy u yoqdan-bu yoqqa gʻizillayotgan sharpalar har oʻtganda chunonam qaltirar, daraxt yoshroq yoki tagi boʻshroq boʻlganida ildiz-pildizi bilan qoʻporib yuborgudek edi. «Yetimning haqiga koʻz olaytirganning jazosi shu, hali bu xamir uchidan patir, agar yana boshqalarning uy-joyiga ola qaraydigan boʻlsang!..» Boy tomogʻiga tegay deb turgan kelidastadek qoʻllardan qoʻrqib, dagʻ-dagʻ qaltirardi…

Kechuvni toʻgʻri tanlaganiga yana bir karra ishonch hosil qilish uchun Arslon tuyatoshni qidirdi. Uni topib, xotirjamlashdi. «Lochin!» Egasi pichirlagan boʻlsa-da, oʻtlab yurgan ot yeldek yelib keldi. Hayal oʻtmay, ikkov daryoda suzib borishardi…

Daryodan chiqishgach, ot oldinga yurishni istamay, depsinaverdi. Biron yirtqichning isini oldimi, deya xavotirlangan Arslon atrofga quloq tutdi. Jimjitlik. Faqat yuqoridan – Lochinxona adirlaridan kaltakesaklarning, tunda yemish qidirib izgʻib yurgan hasharotlarning chirillagani eshitilardi. Tixirlik qilayotgan ot egasining achchiq qamchisi zarbi hadigida yurib ketdi. Tezda adir ustidagi oʻzi koʻp yurgan yoʻlni topib oldi. Adir kimsasiz, ot tuyoqlari oldidan gʻizillagancha kaltakesaklar oʻtar, tinchlarini buzib borayotgan bahaybat maxluqni choʻchitishga urinishardi. Ot ularning urinishlarini sezish nari tursin, hatto oʻzlariga ham parvo qilmasdi. Yuz qadamcha narida eski qoʻrgʻon xarobalari qorayib koʻrindi. Otning sarkashlik qilayotganidan xavotir Arslon qoʻrgʻonda picha nafas rostlamoqni oʻyladi. Biroq yulduzlar charaqlayotgan osmon bu oʻyidan qaytardi.

Qishloqqa qadam qoʻyishlari zahoti nafas olish yengillashdi. Arslonning otdan tushib, yayov yurgisi kelar, lekin vaqt allamahal boʻlganidan tashvishlanib, koʻpchib yotgan tuprogʻidan, dov-daraxtlardan ruhiga zavqli bir yengillik ato etayotgan boʻydan uzoq-uzoq totishdan oʻzini tiyardi. Lochinning ixtiyorini oʻziga qoʻyib bergan, u katta koʻchalarni chetlab, dala yoʻllaridan yoʻrtardi. Koʻkka boʻy choʻzgan teraklar koʻringach, otning qulogʻiga pichirlab, qoʻyvordi. Lochin egasi bilan picha yonma-yon borgach, uning joyida toʻxtab qolganini koʻrib, dala tomon yoʻrgʻaladi.

Terakzorda Arslon oʻzini tanasi bir qulochcha keladigan daraxt panasiga olib, atrofga quloq tutdi. Xavf yoʻqligiga ishongach, bogʻ maydonlari tomon yurdi. Pastqam devordan oshdi, sharpa chiqarmay borib, onasi yotadigan uycha devoriga qapishdi. Oyogʻiga bir narsa kelib suykaldi. Choʻchib oʻzini nari olgandi, u yana suykaldi. Qarasa, it. Xoʻrligi keldi. Itning gʻingshib, hovlidagilarni uygʻotib yuborishidan xavotirlanib, ochiq derazadan asta sakradi. Qorongʻiga koʻzi koʻnikmay turgandi, qoʻlidan birov yetakladi. Onasining hech narsa bilan tenglanmaydigan boʻyidan oʻzini yoʻqotay dedi. Uy toʻriga oʻtkazgach, ona oʻgʻlining yuz-koʻzlaridan oʻpdi. Ogʻzi shoʻrlanib, alam bilan yigʻladi.

-Uxlamay oʻtiruvdingizmi, onajon?
— Kelishingni biluvdim. Endi sira ketmasang, deyman, oʻgʻlim. Hech qayoqqa qimirlamasdan, oldiginamda oʻtirsang.
— Sizni koʻp sogʻinyapman. Yoningizdan nari ketmayin deyman. Lekin… ilojim yoʻq-da…
— Seni sargardon qilganlarni saharlarda qargʻayman. Xudoning koʻzi boʻlsa, hammasini koʻrayotgandir… Bolam, ishqilib beva-bechoralarni xafa qilayotganing yoʻkmi?
— Onajon, nahotki siz ham menga ishonmasangiz?
— Dushman koʻngil-da… Onaginangni kechir, oʻgʻlim… Elning ogʻzida xilma-xil gap.
— Bilaman, onajon, sizlarni qiynab qoʻydim, yomon ahvolga soldim. Oʻgʻri degan soʻzning oʻzi xunuk…

Ona-bola gapga berilib, deraza yonida turgan sharpani sezishmadi. U eshikdan kirganda ona oʻgʻliga osilib yigʻlardi. Oʻgʻil tush koʻrgan kecha ona ham dahshatli tush koʻrgan, oʻshandan beri tunlar koʻzidan uyqu qochgandi. Hozir ikkovi ham tushini oʻylar, bir-biriga aytishdan choʻchib, nuqul oʻtgan-ketganlarni eslashardi. Oʻgʻilning goʻdak boʻlib qolgisi, onasining issiq pinjiga tiqilib olib, rohat qilib uxlagisi kelardi.

Tuyqusdan dagʻal qoʻllar uni ona pinjidan yulib oldi. Munkayib ketgan Arslon oʻzini oʻnglarkan, koʻzlari qoʻl egasini izlab, qorongʻini paypaslardi. Ortiga oʻgirilib, joyiga choʻkkalab qoldi. Ming qorongʻi boʻlmasin, uch-toʻrt yil berisiga otasini bunchalik yaqindan koʻrmagandi. Uning nafasi bolalik xotiralarini titkilab yubordi. Ota daladan horib-charchab kelganda, loyqoʻrgʻon qurayotgan oʻgʻlini koʻtarib olib, loy yopishgan betidan oʻpar, yuzini yuzlariga surkardi. Loyqoʻrgʻonni tezroq bitkazish oʻyidan boshqa oʻyi yoʻq bola pastga tushaman, deb tipirchilar, nihoyat, charchogʻi yozilgach, otasi uni ohista yerga qoʻyardi…
— Sen bolada tariqcha oriyat bormi? Qaysi yuz bilan ostonamdan hatlading? – Arslonning otasiga rahmi kelardi, uning ovozidagi gʻalati titroqdan koʻngli gʻashlanardi. – El-yurtda boshimni egganing yetmaydimi?
— Otasi, rahmatli qaynatam, yurtning oʻgʻrisi boʻlsa-da, oʻgʻling boʻlsin, derdilar,- biron kor-hol boʻlishidan qoʻrqib dagʻ-dagʻ titrayotgan ona erini yumshatish yoʻlini izlardi.
— Miyasi suyulganda bir aytgan-qoʻygan-da. Otamning boshqa bir hikoyati bor edi. Eshit-gandirsan, oʻgʻrini osayotganlarida onasining tilini tishlab-tishlab uzvolganini…

Erining nimaga shama qilayotganini tushungan ayol kuchini koʻz yoshiga berdi. Hamon choʻkkalagancha oʻtirgan oʻgʻlini quchoqladi. Dagʻal qoʻllar uni oʻgʻlidan ajratib, bir burchakka itqitdi.
— Gap shu, senga! Men allaqachon senday oʻgʻildan kechganman. Agar, yana shu xonadonga qadamingni qoʻyadigan boʻlsang, yoqangdan olaman-da, mana shu ikki qoʻlim bilan dor tagiga oʻzim sudrab boraman. Yoki sazoyi qilib, falonchining oʻgʻli edi degan isnoddan qutulish uchun janazangni bitta oʻzim oʻqiy qolaman…

Ona oʻrmalab oʻgʻli tomon yaqinlasharkan «bolam, otangning gaplarini koʻnglingga olma, uning ichiga shayton kirvolgan, shayton» derdi birdayin. Arslon esa bir oʻyda – otasi-ning yuzini yuziga bosishini istardi. Ota birdan yumshab, emaklab kelayotgan kampiri tomon koʻtargan oyogʻini joyiga qoʻydi. Bir ogʻiz soʻzlamay choʻkkalagancha oʻtirgan oʻgʻlini bosish istagi yuragiga hamla qildi. U tomon bir qadam qoʻydi-yu, xuddi oyogʻi ostidan ilon chiqqanday ilkis orqaga tashladi.
— Baribir seni sazoyi qilishadi. Mayda oʻgʻri boʻlganingda qoʻlingni chopishardi. Seni sazoyi qilishadi, - ota choʻziq «uh» tortdi, boʻgʻzidan otilgan oʻtli nafas Arslonning loyqoʻrgʻon loyi izi achishtirayotgan yuzini kuydirdi. – Sazoyi qilishadi. Sen butun avlod-ajdodimizga isnod keltirding! Yoʻqol!.. Sazoyi… Daryo-paryoga choʻkib oʻlganing, dasht-pashtda boʻriga yem boʻlganing yaxshi bundan. Yoʻqol, deyapman!

Arslon onasini avaylab oʻrnidan turgʻazib, yelkasiga boshini qoʻydi. Hoʻl yelkasi titra-yotgan onasidan bazoʻr koʻngil uzib, tislandi, derazadan sakradi. Orqasiga qaramasdan chopib borarkan, derazadan qoʻllarini uzatgancha qolgan onasini koʻrmadi. Devor oshayot-ganda, ortiga qaytmoqchi boʻlgan Arslonni qattiq bir kuch koʻkragidan itardi.

Terakzorga yetar-etmas Lochin qorongʻulik qoʻynidan chiqib keldi. Egarga oʻtirishi zahoti ot yeldek uchdi. Adirga yetishgach, Arslon jilovni tortdi, pastga tushib, eski qoʻr-gʻon tarafga yurdi. Ot u bilan yonma-yon yurar, na orqada qolardi, na oʻtib ketardi. «Lochinim, bu tun daryodan oʻtmaymiz, eski qoʻrgʻonda qolamiz, suvning nariyogʻiga qishloq havosi yetib borishi qiyin. Nega jim ketyapsan, kishnasang, sezib qolib, ortimizdan quvishlaridan xavfsirayapsanmi? Yo boʻlmasa, mening xafaligimni sezyapsanmi? Xafa boʻlaman-da, lochinim! Ona qishlogʻimga, ota yurtimga sigʻmay qolyapman-u… Aytgin, men ularga nima yomonlik qildim? Axir, hammasiga yaxshilik qilmoqchiydim-ku!.. Yil-oʻn ikki oy ishlab topgan bor-yoʻqlarini boy qarzlaringga deya omboriga bosganida , xun-xun yigʻ-lagan odamlarga achindim-da. Bu zamonda, yorugʻ dunyoda adolat bormi, deya nola qilishgan-da., chidayolmadim, bilasanmi buni! Boyning omboridagi don-dunni egalarinikiga oborib tashladim. Ertasiga qishloq ostin-ustin boʻp ketdi. Boy anoyi emas, yoʻqolgan gʻallani toptirdi. Sen oʻgʻrilarning umringni zindonda chirittiraman, deganida haligi beshovi baravariga boyga egilib, biz emas, oʻlimdan xabarimiz bor, ammo-lekin bu gaplardan xabarimiz yoʻq, deyishipti. Boy nima degan, de: «Mana shu qoplardagi gʻalla menikimi, senlarnikimi?» Beshovi toʻtiqushday «sizniki, boy ota, sizniki», deyishgan. «Mening narsalarim senlarning hovlingdan topilgan, bu oʻgʻirlikmi, yo?..» «Oʻgʻirlik, boy ota, oʻgʻirlik». «Demak, senlar oʻgʻrisanlar! Hammangni qoʻlingni qirqtiraman. Ana keyin choʻloq qoʻllaringga qarab erta-yu-kech tavba-tazarru qilasanlar! Boy beshoviniyam yertoʻlasiga qamab qoʻydi oʻshanda. Ertasiga ularni qoʻyvorib, meni opketishdi. Qaysi biri men-dan gumoni borligini aytibdi. Uh, lochinim, lochinim, xayriyat, odam boʻlib tugʻilmagan-san-a… Oʻsha adolat istaganlar bilan boy meni yuzlashtirdi. Beshovidan birma-bir «bu kim» deb soʻrashdi. Hammasi «oʻgʻri» dedi. Hammasi-ya… Yertoʻladagi tuynukdan tashqari qarab turgandim, seni koʻrib qoldim. Oʻshanda hali toy eding. Esingdami? Tuynuk oldiga kelding-da, ketmay turaverding. Bir kechayu bir kunduz zax yertoʻlada yotgan boʻlsam-da, oʻshanda birinchi marta xoʻrligim keldi. Toychogʻim meni sogʻinib, qidirib kepti-da, dedim. Koʻzlaringda sogʻinch koʻrdim-da. Kechqurun otam kelib, rosa koyidi. Uzundan uzoq nasihat qildi: boy otadan uzr soʻra, tovba qil, bolalik qilibman, degin… Otam boyga bosh urib kelgach, u bitta toying bor, oʻshani bersang, yopti-yopti qilamiz, ertaga oʻgʻlingni qoʻyvoramiz, depti. Oʻsha toy sen eding, lochinim! Tushingni suvga aytasan, boy, dedim. Yarim kechada payt poylab turib, yertoʻla eshigini buzdim. Otxonadan seni topib chiqib, uyga joʻnadim. Meni koʻrib otamni qaltiroq tutdi. «Boy tong otgach, qoʻyvormoqchi edi-ku! Yo qochib keldingmi?» Indamay turaverdim. «Hoziroq toyni oborib ber. Ertaga oʻzim borib obkelmaganimcha, ostonadan oʻtma!» Otam choʻrtkesar edi. Gapini ikki qilib boʻlmasdi. Seni yetaklab hovlimizdan chiqarkanman, oʻylanib qoldim. Nega endi faqat boyning aytgani boʻladi? Men oʻgʻirlik qildimmikin, otamning tili qisiq, toyimni boyga berib qoʻyadi? Nazarimda boy ustingga oʻtirayotganday, semiz gavdasini koʻtarolmay beling mayishib ketayotgandayin boʻldi. Xayol surib-surib, bir mahal qarasam, Lochinxonada, eski qoʻrgʻon oldida turibman. «Endi sen Lochin boʻlasan, men ham lochin boʻlaman, shu yerda yashayveramiz!» Sen gapimni tasdiqlagandayin kishnading. Ikki-uch kun u yoq-bu yoqda tentirab yurdik. Kunduzi bir iloj qilib oʻtardi, kechalari koʻz yumishim bilan hovlimiz, onajonim koʻrinaverardi. Bir kecha uyqum kelmay, yotolmadim. Qishloqqa joʻnadim. Onam avvaliga rosa suyunib, keyin xavotirga tushdilar.

«Nega bu ishni qilding-a, bolam? Zarur boʻlsa, alam oʻtsa, haqlarini oʻzlari topvolishsin edi, senga nimaydi-ya, bolam?»

«Onajon, oʻzingiz yaxshilik yerda qolmaydi, deysiz-ku».

«Toʻgʻriku-ya… Ular yaxshilikni bilmaydigan chiqishdi. Boy hammasini bir qop-bir qop donga sotvolibdi. Faqat bittasi olmabdi, xolos, imoni borakan.»

«Bittasida imoni borakanmi, ishqilib. Demak…»

«Bolam koʻnglim allanechuk xavotir, boyning odamlari necha marta izgʻib kelishdi. Tagʻin…»

«Men ketaymi, boʻlmasa?»

«Mayli, boraqol, boshing toshdan boʻlsin!»

Devordan oʻtishimni bilaman, qoʻllarimni qayirishdi. Oʻsha zax yertoʻlada yana bir kecha tunadim. Ertasiga guzar oldidan olib oʻtishdi. Koʻcha toʻla tumonat odam. Hamqishloqlarim meni sogʻinib qolishipti-da, dedim. Bir mahal qaysi goʻrdan boy paydo boʻldi. «Xaloyiq, bu kim?» Soʻzi ogʻzidan chiqar-chiqmas oʻn-oʻn beshtasi «oʻgʻri» deb baqirdi. Ovozlarini boy otalari eshitmay qolmasin, deb choʻchisharmidi, tomoq yiritgudek baqirishar-di. Hech kim bilan ishim yoʻgʻidi, oʻsha beshovlonni qidirardim. Nihoyat, toʻrttasini top-dim. Boy ular tomon qarashi bilanoq «oʻgʻri, oʻgʻri» debon chiyillashardi. Lekin bittasi koʻrinmasdi. Izlab-izlab uniyam topdim. U odamlar ortida boshini eggancha turardi. «Boshingizni koʻtaring, imoni bor odam, anovilar bosh egsin!» Haligi bir qop donga sotilganlarning basharasini koʻrolmay qolganim rosa alam qildi. Aravaga qoʻshilgan otga qamchi bosishdi. Achchiq qamchi zarbidan bir irgʻishlab chopib ketgan otga qoʻshilgan arava qattiq chayqaldi. Sal boʻlsa, qulayozgandim. Oʻsha kuni otamni koʻrmadim… Zerikdingmi, lochinim? Nima qilay, yuragim tars yorilay deyapti. Oʻshanda baribir shaharga yetmasdan qochib ketdim-ku. Oʻt-betlarda uloqib yura-yura, qosh qorayganda Lochinxonaga keldim. Sen eski qoʻrgʻon atrofida yurgan ekansan… Oʻshanda oʻn yettidamidim? Allaqachon oʻn yildan oshibdi-da… Lochin, esingdami, oʻsha gaplardan keyin bir yil oʻtgach, qishloqqa borganimiz? Anovi toʻrttaning uyiga qoplarda mayda-chuyda olib boruvdik-ku! Tilanchi boʻlib qishloqqa borgan yigitimiz nima gap topib keluvdi? Osmondan tushgan boylik hammasiniyam es-hushini ogʻdirayozibdi. Toʻrttoviyam garangga oʻxsharmish. Har gapining boshida «Ollohga shukr» deyisharmishu, lekin tilanchiga bir burda non ham berishmapti. Eshigiga borgan tilanchiga… Eh, sen odamzot fe’lini bilmaysan-da. Men keyinchalik u yoq-bu yoqdan surishtirganman. Toʻrttoviyam «osmondan tushgan boylik» haqida hech kimga ogʻiz ochmagan… Lochin, endi bor, sen bir yayrab kel, men biroz dam olayin, tongga yaqin daryo kechamiz».

Arslon qoʻrgʻon devoriga sakrab chiqdi. Oldinlari yurtga oralaydigan yovning yoʻli avvalo shu qoʻrgʻonda toʻsilardi. Bora-bora tashlandiqqa aylangan qoʻrgʻon xonalarining butun qolgan tomlaridan birida Arslon picha mizgʻimoqchi boʻldi. Lekin qattiq toliq-qaniga qaramay hech uyqusi kelmasdi. Koʻzi ilindi, deguncha, qishloq odamlari soʻyil, ket-mon, bel koʻtarib boshiga kelishar, «oʻgʻri, boringdan yoʻgʻing yaxshi, hammamizni isnodga qoldirding», deya baqirib-chaqirishardi. Tevarak-atrofga Lochin oʻgʻri deya nomi ketgan yigitning koʻkragini achishtirib bir nima gʻimirladi. Uyqusi butkul oʻchdi. Yuragini boʻshatay desa, biron suhbatdosh yoʻq. Hozir qutiulugʻlik yigitcha yonida boʻlganda edi… Dunyo qiziq-da, shuncha odamni koʻrdi-yu, birontasi uni shu yigitchalik tushunmagan. Hozir qutiulugʻlik yigitcha yonida boʻlganda edi… Dunyo qiziq-da, shuncha odamni koʻrdi-yu, Birontasi uni shu yigitchalik tushunmagan. Naq oʻyidagini topadi-ya… Aytish kerak, u toʻdadan ketsin, boshqa kasb etagini tutsin.

Shu topda shart otiga minsa-yu, boshi oqqan tomonga ketsa. Biron odam kimsan, qaerdan kelyapsan, qaerga ketyapsan, deb soʻramasa. Ketaversa, ketaversa…

Birdan pastda sharpa eshitildi. Kimlardir ehtiyotkorlik bilan qadam bosishardi. «Koʻzingga qarasang-chi, eshak!» Xunuk toʻngʻillagan ovoz tun sukunatini toʻlgʻatdi. Qaerda-dir eshitgandi bu ovozni. Tanish…
— Yosh ketib, yurak shirillaydigan boʻpqopti-da, ogʻa. Bu boyoʻgʻlixonaga yarim tunda kela-digan odamning yuragi otdek boʻlishi kerak.
— E, hali sen ertalab tuxum yorgan joʻjasan. Menga oʻxshab shatta yeyversang, ukkilar makonidayam bir choʻqib, oʻn qaraydigan boʻpqolasan. Bor, sarkardani boshlab kelaver.

Tanidi, endi tanidi, qoraquroqlik kal oʻgʻri-ku. Chulchutning toʻdasidan. Sarkarda emish. Hadeganda gapga tushunavermaganidan chulchul laqabini olgan oʻgʻriboshiyam qora-quroqlik edi. Uzogʻi yili u Arslonning toʻdasiga qoʻshilgandi. Bir kosibning uyini tunagach, Arslon urib-soʻkib haydavorgandi.

Qoraquroqlik oʻgʻrilarning rejasini eshitib, Arslonning a’zoi badanini ari chaqqan-day boʻldi. «Oʻn yildan beri Ispisorga oʻgʻri oralamasa-ya. Qachongacha oʻsha oʻgʻri mushukcha-dan qoʻrqib yuramiz? Qani, boʻlinglar, yoz kechasi bir tutam, bitta-ikkitasi uygʻonmasdan burun ishshi bitiraylik!»

Tom zirillab ketgandayin boʻldi. Mayli, uni mushuk deydimi, boshqami, u baribir arslonligicha qolaveradi. Lekin daryoning nariyogʻidan, qoraquroqdan kelib, uning qish-logʻida oʻgʻirlik qilishlarini oʻylab, suyak-suyagicha zirqiradi. Tomdan sakrab tushib uchoviniyam dabdalasini chiqarishga chogʻlandi. Yoʻq, pastga tushishiyam shart emas, tomdan turib bir baqirsa boʻldi, ovozidan tanib, orqalariga qaramay qochishadi. Lekin ursayam, qochishsayam, bir tun kelib, Ispisorga oʻgʻirlikka tushishni oʻylashmaydimi... Arslon oshib-toshib kelayotgan gʻazabini ichiga yutdi. Qoraquroqliklarning qoʻrgʻondan chiqib ketishlarini tishini tishiga qoʻyib poyladi. Qoʻrgʻon boʻshagach, oradan xiyol vaqt oʻtkazib, Lochinni chaqirdi. Qorama-qora yoʻlga tushdi.

… Erta tongda butun qishloq vahimadan tong qotdi. Boyning, yana bir oʻziga toʻqroq kishining eshigi buzilgan, anchagina narsa koʻchaga tashib chiqarilgandi. Qishloqqa oʻgʻri tushibdi xabarini eshitgan har bir odam oʻz uyidan xavotirlandi. Boshqa uylar tinch edi. Ikki soat orasidayoq hammayoqni vahima xabarlar bosib ketdi. «Oʻgʻrilar molga kelishol-may janjallashishipti., bittasining oʻligini topishibdi.» « Arslon oʻgʻriniyam tutishib-di, uniyam pichoqlashgan ekan…»

Arslonni hovlilari yaqinidagi terakzordan topishdi. U tunda qoraquroqliklar-ning ortidan qorama-qora kelgach, avvaliga ularning uy tunashlarini kuzatib turdi, keyin Chulchutni ushlab olib, oʻgʻirlagan narsalarining hammasini joy-joyiga kiritib qoʻyishni buyurdi. Qoraquroqliklar narsalarni tashisharkan, Arslonning istehzo aralash gerdayib jonlari halqumga keldi. Bittasi koʻzshamgʻalat qilgancha orqaga oʻtib, Arslonga pichoq sanchdi. Qoʻrqqanidan qoʻli qaltirab pichoqni moʻljalidan – yurakdan ancha yiroqqa urdi. Arslon ogʻir ogʻriqqa dosh berib, pichoqni orqasidan sugʻurib olib, qochib borayotgan qoraquroqlikka otdi. U dodlab yubordi. Odamlar uygʻonishlaridan qoʻrqqan Chulchut bilan Kal qochib qolishdi…

… Arslonning kuragidan pastrogʻi qattiq ogʻrirdi. Terakzor tomon gandiraklab borayot-gan Arslon koʻyligini yirtib, yarasini bogʻladi. Pichoq oʻrni jonini achishtirib ogʻrir, lekin miyasida yolgʻiz bir oʻy – uyiga yetvolish, onasini koʻrish! Ana, beshik uyurmaga yaqin-lashyapti, onaginasi qoʻlini uzatyapti. Nimadir kelib qoʻlini yalaydi, qarasa, oti. Lochin zorlanganday boʻladi. Lekin egasi buni sezmaydi, koʻz oʻngida qoʻl uzatib turgan onasi…

Uni terakzordan topishganda behush edi. Oʻsha ondayoq butun viloyatga xabar ketdi: «Lochin oʻgʻri qoʻlga tushibdi. Osimboyning mulkiga koʻz olaytirgan ekan, Olloh taoloning tigʻi parroniga uchrabdi. Viloyatning diyonatli boylaridan boʻlmish koʻp shafqat koʻrsatib, uni buyogʻi qoʻqonlik, uyogʻi toshkentlik eng zoʻr tabiblarga davolatmoqda…»

Qoraquroqlik oʻgʻrining oʻligini hech kim soʻrab kelmadi. Arslon uni tanimayman dedi. U Chulchutni, Kalni tanirdi-yu, lekin bu yosh yigitni tanimasdi. Tanigandayam, uning kim-ligini aytmasdi. U yigitning yigirma yoshlar atrofida eshitar ekan, yuragi jizilladi…

Arslon picha sogʻaygach, uni boyning yertoʻlasiga qamashdi. «Uchinchisi… uchinchisi…» Ortiq qutulish haqida oʻylamay qoʻydi. Nuqul koʻziga uyurma koʻrinar, choʻkib borayot-gan beshikka onasining qoʻllari choʻzilgancha qolgan, qoraquroqlik oʻgʻri yigitning qoʻli uyur-ma ichidan Arslonning bilagini mahkam ushlagancha tortardi. «Jazo haq… haq . Nega endi pichoq sanchishganda oʻlmadim? Xudobexabar boylar shuncha pistirma qoʻyishdi, qotillar yollashdi, birontasining oʻqiga uchsam boʻlmasmidi…» U jazodan qoʻrqmasdi, aslo. Agar, bordi-yu, sazoyi qiladigan boʻlishsa, otasining, ukalarining ne ahvolga tushishlaridan tashvishlanardi.

Yertoʻlada uch kecha-yu uch kunduz yotgan boʻlsa, bugun tong sari koʻzi ilinibdi. Tuynuk oldi-ga Lochini kelib uygʻotibdi. Otning ma’yus koʻzlari bir nimalarga imlarmish. Tuynukdan chiqishi zahoti otini qayoqqadir sudrab ketishibdi. Ot chopib kelib, yertoʻla eshigini buzibdi…
— Tur, namuncha uyqung qattiq, - Arslon Lochinini haydavorgan odamlarning yoqasidan olmoqqa tutindi. Biroq ikki qadam tashlamasdan, oyogʻidagi zanjir tarang tortildi.
— Bukrini goʻr toʻgʻrilaydi, deyishadi-ya. Yana bunga boy ota shafqat koʻrsatib oʻtirib-dilar. Hoy, koʻzingni och, boy ota biron-bir tilagi boʻlsa, aytsin, deyaptilar.

Arslon xuddi arvohlarni koʻrayotgandek baqrayib turaverdi. Qarshisida turganlar «e, bor-e» deya gʻazab bilan qayrilishganda, oʻziga keldi.
— Tilak?! Boy aytgan soʻzida turadimi? Boʻpti, ishondim. Agar sazoyi qilishsa, otamni, ukalarimni tashqari chiqqani qoʻyishmasin…

Yertoʻla devori qahqahadan choʻchib tuproq toʻkdi. Ikki kishi bir-biriga qarab qorin ush-lagancha qotib-qotib kulishardi.
— Boʻpti. Boy ota hech qachon soʻzlarini qaytib olmaganlar, - dedi nihoyat ulardan biri qoʻli biqiniga yugurib.

Sazoyini u birda koʻrgandi. Eshakka teskari mindirilgan, qora surkalgan yuz-koʻzi qon-ga boʻyalgan kishiga odamlar ayamay tosh otishardi. «Ota, ularga ayting, tosh otishmasin, otishmasin!» Oʻshanda u otasiga yopishib yigʻlagandi… Endi oʻzi qora eshakka teskari oʻtqazilgan, yuziga qorakuya surkalgan. Namuncha bu qishloqning koʻchasi koʻp boʻlmasa? Hali u koʻchadan, hali bu guzardan olib oʻtishadi. Tomoshani sogʻinib qolishiptimi, yo Lochin oʻgʻri deganlarini bir koʻrvolay, unga tosh otib savob orttiray, deyishiptimi, yaqin-atrofda odam qolmay kelipti oʻziyam. Koʻchaning ikki tarafidan tosh yogʻilar, yuziga, qoʻliga, koʻkragiga kelib urilar, lekin Arslon qaddini egmasdi. Ie, quramalik qoʻychi boy ham keliptimi? Yonidagi xizmatkori unga tosh uzatib turibdi. Uch yuzta qoʻyini haydab ketib, kambagʻal togʻliklar ulashib berishuvdi, endi uch yuzta tosh otar ekan-da. Qutiulugʻlik boy ham keptilar-da. Ular kelmasalar, kim kelardi. Oʻnlab chaqirim joydan tomosha oʻchlar kelishsa-yu, bu kishim ikki qadam naridan kelmasalar uyat-da. Mitti koʻzlarining huzurdan qisilganini… Mayli, bir yayrab qolsinlar. Ana-ana, u kishining yonlarida qamagʻanlik boy tosh gʻijimlab turibdilar. Oting, otaqoling, bir xalta tillaning alami chiqishi osonmi? Sazoyi bir umrga choʻzilmaydi-ku, vaqt borida otib qoling…
— Oʻgʻriga oʻlim!
— Oʻgʻirlik qilgan kishining jazosi shu! Oʻzing qaytar bu gapni, oʻzing qaytar!
— Boshingni eg, sharmanda, yo tosh bilan egib qoʻyaylikmi? Butun qishloqni nomusga oʻldirding…

Zildek soʻzlar quloqlarining yonidan toshlardan qattiqroq vizillab oʻtardi. Lekin yuz-koʻzini qonga boʻyagan toshlar ham, yuragini kemirgan soʻzlar ham boʻynini egdirolmadi.

Olomon ayovsiz tosh otardi. Nogoh Arslonning koʻzi «osmondan uyiga boylik tushgan» hamqishloqlariga tushdi. Ularning yuqori koʻtarilgan qoʻllari oʻz-oʻzidan boʻshashib, toshlari oyoqlariga tegdi. «Nega toshni tashladinglar? Otsalaring-chi, boy bergan donini tortib olmasin tagʻin!» Toʻrt juft koʻz bab-baravar yerga tikildi, boshlar egildi.

Bularning beshinchisi, imoni bor odam kelmadimikin? Ie, ana-ku! Yoningizdagilarga pichirlashning vaqtimi hozir? Tezroq yerga engashing, tosh deganga qiron kelgani yoʻq, oting, otib qoling imkon borida.

Imoni bor hamqishloqning yonidagi odamlarning yuzlari qizarib, qoʻllaridagi toshni bildirmasdan chetga tashlashdi.

Yoʻllar namuncha uzun boʻlmasa? Qoʻrgʻongacha hali qancha bor? Yiqilib qolmasa boʻlgani. Yoʻq, zuvillayotgan toshlar badanini ogʻritmaydi, oʻlimdan qoʻrqmaydi u. Lekin hushidan ketmasa boʻlgani. Hushidan ketsa, boshi egilib qolishi mumkin. Hushidan ketmasa boʻlgani…

Arslon oʻziga gʻamgin tikilib turgan qadrdon chehrani koʻrib hushyor tortdi. Bir sil-kinuvdi, koʻz oldini olgan qon nari ketdi. Turdiboy-ku! Ukaginam, yigʻlama, boshingni baland koʻtar. Men nima uchun oʻlayotganimni sen hammadan oldin tushunasan. Boshingni baland koʻtar!

E, voh, yana qayoqqa opketishyapti? Terakzorga kelishdi-ku? Nahotki koʻchalaridan olib oʻtishsa? Boy soʻzida turmasmikin? Otajon, ukajonlar, oʻtinaman, meni kechiringlar…

Butkul holdan toygan Arslon egilib qolishdan yanada koʻproq qoʻrqa boshladi. Darvozalari oldiga yetganda, dodlavoray dedi. Titrab-qaqshab turgan ayollar orasida onasini koʻr-di. Onasi koʻzlarini yengiga artib, unga tikildi. «Onajon, yomon tush koʻribman». «Tushni yomon demaydilar, bolam». Hozir birinchi marta ilojsizligidan qattiq oʻkindi. Qani endi qoʻl-oyogʻini yechishsa-yu, boydan bir alamini olsa… Alamini ooollsa… Keyin nima boʻlsayam… Toʻsatdan boshi egilayotganini sezib qoldi. Alamidan hayqirgisi keldi. Namuncha bu eshak sekin yurmasa? Lochinim qaerdasan? Oʻlimga oʻzing olib borsang, boʻl-masmidi?!

Qoʻrgʻonga yetganida eshakni toʻxtatishdi. Arslonning qoʻl-oyogʻini yechmoqchi boʻlib borgan xizmatkor uning koʻzidagi tigʻ sanchayotgan ta’nani koʻrib iziga qaytdi. Osimboy qamchi aylantirib tushiruvdi, qoʻrqqanidan yuragi taka-puka boʻlib eshakka yaqinlashdi. Boshini magʻrur koʻtargan Arslon qimirlamay turardi. Unga qoʻl tegizdi-yu, xizmatkor boyning qamchisidan ham qoʻrqmay orqasiga qaramay qochdi…

Oʻlikni qishloq qabristoniga koʻmishga qoʻyishmadi. Lochinxonada yolgʻiz qabr doʻmpaydi. Oqshomlari qabr oldiga bir oʻspirin va bir ot kelardi. Ular ikki tungacha bir-birlari-ni koʻrishmadi. Uchinchi oqshom uzoqroq qolib ketgan ot egasi oʻlgandan keyin birinchi bor odamdan qochmadi. Ikkov qabr oldida tonggacha qolib ketdi. Tongda esa, daryo kechishdi…

Qishloqda bir oygacha sazoyi haqida gapirishdi. Bir oydan soʻng esa boshqa gap topildi – boyning uyiga oʻgʻri tushib, ship-shiydam qilib ketibdi.

1982
Ispisor