OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻrxon Kamol. Bezori (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻrxon Kamol
Asar nomiBezori (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻrxon Kamol
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bezori (hikoya)
Oʻrxon Kamol

Istambulda bahor boʻlmaydi!

Istambulda olti oy qish, olti oy yoz boʻladi. Bahor — bu qishga uloqib kirgan yoz zarrasi boʻlsada, ajabtovur yorugʻlik hamda iliqlikka ega. U xuddi chaqindek qish zulmatini parchalab, qor pardasini supurib tashlaydi, lahzalik baxti evaziga qishga oʻrin boʻshatib beradi. Oʻshanda ham yanada badqovoq kunlar shamol, yomgʻir va loygarchiligi bilan oldinma-ketin sudralib oʻtaveradi.

Istambulda bahor boʻlmaydi!

Aprelning oʻrtalari edi. Kunduz kundan keyin yozdagidek issiq va nurafshon, bir tutam qish zulmati yangligʻ qosh qoraydi. Osmonda yulduzlar charaqladi. Istiqlol xiyobonidan avto hamda trolleybuslar oqimi toʻxtovsiz oʻtib turar, ba’zi-ba’zida koʻcha posbonlarining keskin xushtagi eshitilib qolardi.

Xiyobonning oʻng tomonidan Taqsim maydoni yoʻnalishida bir yigitcha ketib borardi. U oyoq yalang boʻlib, chilvir bilan tangʻilgan shimining julduri chiqib ketganidan pochasi xuddi shokilaga oʻxshab osilib yotardi, Yigitcha bu shimni Harbiya mavzeidagi axlatxonadan topib olgandi. Bunday topildiqdan sevinib ketgan yigitcha dalva-dalvasi chiqib, kalta boʻlib qolgan shimini yechib, axlatga otib yubordi. Koʻylak deb ataluvchi uvadasi esa iflosligidan xuddi klyonkaga oʻxshab ketgandi. Uning yirtiqlaridan oʻsmirning qoracha tanasi shundoqqina koʻrinib turardi. Iigitchaning patila-patila, yuvuqsiz uzun sochlari yelkasigacha osilib tushgandi. U na Boyoʻgʻlidagi dangʻillama uylarga, na avto hamda trolleybuslar oqimi toʻldirib oʻtayotgan Istiqlol xiyoboniga, na yoʻlka boʻylab shundoq yonginasida ketayotgan odamlarga e’tibor berardi. U xiyobonning ikki tomonida xuddi togʻ tizmalaridek tizilgan bahaybat uylaru nurafshon, koʻrkam vitrinalarni payqamayotgandek edi. U mushtumiga qisib olgan sigareta qoldigʻini jon-jahdi bilan chekkancha, mana shu gung, loqayd hamda xudbin olamning bahaybat uylariga, koʻzni qamashtiruvchi vitrinalariga, moʻynayu baxmalga oʻralgan tamtam ayollariga, benihoya rashk qilgan qiyofada xonimlarining qoʻlidan ushlab xoʻmrayib borayotgan erkaklariga goʻyo tupurmoqchi boʻlgandek pagʻa-pagʻa tutun chiqarardi.

U qora hoshiyali qimmatbaho sigareta qoldigʻi tutunini ichiga tortgancha oʻzining yalang oyoqlariga qaradida, alam bilan xoʻrsinib qoʻydi. Uning oyoqlari baquvvat va chayir edi. Agar, hatto Beton ogʻaning oʻzi undan mana shu sigareta qoldigʻini tortib olmoqchi boʻlsa, oyoqlari uni falokatdan qutqarib qolishi aniq.

Ha-a, Beto-o-on! Bir kalla qoʻyib, ikki musht tushirsa, tamom-vassalom! Bir marta esa Beton ogʻa bir musht bilan qandaydir norgʻul kishini yer tishlatib, qamoqqa ham tushib chiqqandi.

Yigitcha yalang oyoqlarini hamon shaxdam tashlagancha ketib borardi. Sigareta qoldigʻi barmogʻini kuydirgandi, u boloxonador soʻkingancha uni otib yubordi. Zar hoshiyali sigareta qoldigʻi uchqunli yoy yasab shundoqqina yonginasida goʻzal xonimni qoʻltiqlab ketayotgan oliftaning loklangan tuflisiga borib tushdi. Olifta juldurvoqiga yeb yuborgudek oʻqrayib qaradi. Agar yonidagi hamrohi boʻlmaganda, juldurvoqining rosa adabini berib qoʻygan boʻlardi. Yigitcha qoʻrqoq oldin musht koʻtarar qabilida:
—Ha, namuncha koʻzingni paxtasini chiqarmasang?!— deb oʻshqirdi.

Yoʻlovchi hayratdan dong qotib qoldi: yalangoyoq, pax-moq soch bezori Ollo taolo nomidan sadaqa soʻrash oʻrniga oʻzini hayosizlarcha tutyaptiya!

Yigitcha chirt etib tupurdida:
— Bor, aravangni tort!— deb toʻngʻilladi.

Mana shu daqiqada u xuddi Beton ogʻaga oʻxshab kuchli edi. Bir kalla qoʻyib, ikki musht tushirsa, tamom-vassalom! Keyin nima boʻladi? Beton ogʻaga oʻxshab qamoqxonaga tushadimi? Undan battari boʻlmaydimi, unga bari bir. Qamoqxona boʻlsa nima boʻpti? Beton ogʻa nari borsa uch oy yo olti oy oʻtirdida, yana ayshini qilib yuribdi. Hozir aprelning oʻrtalari, uylarning bugʻ isitgichlari ishlamay qoʻygan, qamoqxonada esa aytishlaricha, pechkalar mayning oxirigacha yoqilarkan, qorning ham toʻq boʻladi. Boz ustiga, Beton ogʻa hikoyasicha, u yerda papirosga oshiq oʻynasharkan. Qamoqda eng muhimi: oʻzingni qanday tuta bilishingda. Shunday qilish kerakki, odamlar sendan qoʻrqib tursin. Betonogʻa nima qilibdi deng? Qameraga olib kirishganda uni aristonlar boʻlar-boʻlmasga oʻrtaga olib, turtkilashaverishibdi. Qarasa, boʻlmaydigan. Beton ogʻa bir kalla qoʻyib, ikki musht tushiribdi! Shundan keyin oʻzi xon, koʻlankasi maydon boʻlib olibdi.

Birovning gʻami erta kirib, kech chiqadi, deganlaridek, u kimning ham esiga kelardiyu, kim ham u haqda qaygʻurardi? Qarindoshlaridanku — he, onasini emsin! foyda yoʻq. Ota-onasiyu xola-togʻalari, buvi-buvasiyu hammasi bir goʻr, hech kimning u bilan ishi yoʻq. Umuman, hozirgi odamlarga ham hayron qolasan: kuniga besh marta minoradan azon aytib namozga chaqirishadi, cherkovda qoʻngʻiroqlar chalinadi, odamlar toʻp-toʻp boʻlib machit, cherkov, sinagoglarga borishadi, yana shunday olomon boʻlgancha machit, cherkov, sinagoglardan chiqib kelishadi. U yerganimaga borishadi? Ramazon, hayit yoki boshqa bayramlarda odamlar havo shari uchirishadi, bolalarga pushti, binafsha, koʻk, sariq rangli koʻylaklar kiydirib yasantirib qoʻyishadi, bolalar ham rosa yayrab olishadi. Keyin ramazon hamda boshqa bayramlar oʻtgach, yana odatdagi olachalpoq kunlar boshlanadi. Yomgʻir yogʻib, shiddatli shamol uy piromonlarini uzibyulqiydi, yomgʻir aralash parcha-parcha qor yogʻadi, izgʻirin kuchayadi. Qor yogʻib, izgʻirin zabtiga olgan, diydiragan Istambul shalabbo boʻlgan vaqtidagi kunlar qandogʻam yaxshi edi! Ushanda hamma uylardagi qozonxonalar yoqilardi pod’ezdlardagi batareyalar ham chunonam issiq boʻlardi. Hovuri koʻtarilib turgan batareyaga Beton ogʻa savlat toʻkib oʻtirib olardi, keyin esa Erol Uch Qarta, Demir Tvist, Ali Anqov va boshqalar ham papiros qoldigʻiga pirra oʻynashdan charchaganlarida issiq batareyalarga oʻtirib olishardi. Hozir-chi? Batareyalar sovuq, qozonxonalardagi olov oʻchgan, e, hammasi onasini emsin!

Istambulda bahor boʻlmaydi!

Istambulda olti oy qish, olti oy esa yoz. Aprelda pechkalarni isitishni toʻxtatishadi, axir, aprelning koʻp qismi qish qaramogʻida shamol-boʻron, hoʻl qor, yer yaxlaydi. Faqat bu bilan kimning necha pullik ishi bor? Beton ogʻa, Erol Uch Qarta, Demir Tvist, Ali Anqovni demasak.

Erdalni «Abidik-Gubidik» filmini koʻrishgach, Oʻzturk—haqiqiy turk deb atay boshlashdi. «Yashasi-i-in!» deya hayqirgancha u kino qahramonlariga xuddi quyib qoʻyganday taqlid qilardi. Tvistga tushgandaku, hammaning ogʻzi ochilib qolardi! Axir, bu haqda kinochilar bilishadimi? Eh, agar ular Erdali Oʻzturkga rol berishganda edi, u qotirib tashlardi-ya! Tungi pistirmadagi gangster rolini berishganda edi! Masalan, u bahaybat uyning orqasida oʻtirib olib, uch barmoq orasidan hushtak chalsa bormi, hatto politsiya mashinalarini ham izdan chiqarib yuborishi hech gapmas, agar izdan chiqazolmasa oʻzini naq oʻlikday yerga tashlaydi!

«Oʻlay agar qarsaklardan zal bosib tushmasa!

Lekin bu haqda kinochilarga gapirib koʻr-chi? Ularga faqat oʻzlarining Oysha hamda Pari kabi goʻzallarini suratga tushirishsa boʻlgani. Xorijiy filmlar boʻlsa boshqa gap! Eh, agar Amerikada boʻlib qolsam edi. Sen nimaga kulyapsan, Uch Qarta! Aldayapti, deb oʻylayapsanmi? Yoki eshitmasdan, tevarak-atrofga alanglayapsanmi?»

Birdan u kinochilarni ham, xorijiy filmlarni ham, Uch Qartani ham, umuman, hamma narsani unutib toʻxtab qoldi. Uning oldida kattakon tungi restoran, toʻgʻrirogʻi, qandillar shu’lasiga chulgʻangan, atrofida erkagu ayollar oʻtirgan hamda yoʻq yerdagi narsalar uyib tashlangan stol qoʻyilgan restoranning oʻzi ham emas, faqatgina ana shu restoranning vitrinasigina turardi, xolos. Uning e’tiborini jalb qilgan vitrina yo boʻlmasam, u yerga koʻz-koʻz qilib qoʻyilgan ovqatlar ham emas, balki oʻtkir oshpichoq bilan qoq oʻrtasidan ikkiga boʻlingan ulkan baliq edi. Mazkur baliq dengiz maxluqiga oʻxshardi — u buni yo kinoda, yoki kechasilari Beton ogʻa oʻqib beradigan rasmli kitobda koʻrgandi. Dengiz, yirtqich maxluq, paroxod. Mallasoqol kapitan, matroslar. Bir vaqtlar borliq qanday goʻzal boʻlgan-a! Qaroqchi kemalar! Qaroqchi kemalardagi yungalar.

Mana shunday kemalardan birontasida yunga boʻlishga joni jahonini berishga ham tayyor edi. Qorning toʻq, tryumda issiq oʻrin. Birdan yarim kechada — trevoga chinqirib qoladi! Dushman kemasi! Qaroqchilar ularni abordajga olib, xuddi «Temir niqob» filmidagi kabi barcha komanda a’zolarini xanjar bilan chavoqlashgach, kapitanning qoʻl-oyogʻini bogʻlab tryumga tashlashadi. Tun. Gʻalabadan mast boʻlgan qaroqchilar dong qotib uxlab qolishadi. Shunda u, xuddi «Temir niqob»-dagi bola kabi ohista oʻrnidan turib, asir kapitan bogʻlab tashlangan arqonni yechadi. Lekin qochishdan oldin palubaga kerosin shimdirilgan lattalarni tashlab qaroqchi kemani yoqib yuborishadi. Kema qop-qora dengiz qa’rida yorqin shu’laday lovillaydi! Keyin kapitan xazinasini koʻmib qoʻygan kimsasiz orolga borishadi. Ular boyliklarni qayiqqa ortib, kattakon portga yetib borishadi. Bu yerda ular kema sotib olishlari kerak. Qapitan xuddi «Temir niqob»dagi kabi uni kemani qoʻriqlashga qoldirib, revolver beradida, oʻzi bayrogʻiga bosh suyak hamda suyaklar tikilgan qaroqchi kemalari sotib olish uchun ketadi. Lekin mana shu vaqt portda qulogʻiga isirgʻa taqqan qandaydir yovuz, mast-alast, qoʻpol, yaramas kishilar oʻralashib yurishgan boʻladi. Ular bu qayiqning oddiy qayiqlardan emasligini fahmlab qolib, bolani tutib olib yashirin zindonga tashlash, hamda qayiqni egallash uchun bostirib kela boshlashadi. U qayiqni oʻrab olishayotganini koʻrib turadi va qaroqchilardan oʻzini muhofaza qilish uchun otishi lozimligini oʻylaydi-yu, qoʻlida revolver boʻlishiga qaramay, qoʻrqqanidan gangib qoladi. Xuddi shu vaqt allaqayoqdan oʻq ovozi eshitiladi. Qulogʻiga isirgʻa taqqan qaroqchilar birin-ketin qop-qora, iflos suvga qulay boshlashadi. Bolani port soqchilari oʻrab olib, qoʻliga kishan solishadi:— qamoq! Xoʻsh, nima qipti, qamoq boʻlsa qamoqda! Axir, Beton ogʻa ham u yerda oʻtirib chiqqanku, bir yeri kamayib qolgani ham, oʻlgani ham yoʻq. Kunlardan bir kuni kechasi issiq batareyada yotib, uyqugaketish oldidan u shunday degandi: qamoqxonada pechkalar butun aprel davomida, hattoki mayning oxirlarigacha yoqiladi, qorinning gʻamini yemasang ham boʻladi, oshiqda xohlasang pulga, pul yoʻgʻida esa papirosga oʻynasang ham boʻlaveradi.

Yigitcha xoʻrsindi. Uning qarshisidagi restoran vitrinasida — kattakon baliq, tok bargidan qilingan doʻlma, qip-qizil pamildorilar, kuydirilgan qoʻy oyogʻi, buyrak, jigar, koʻk salat.

U yoʻlkaga tupurdi. «Agar qamoqqa tushib qolsang,— derdi Beton ogʻa,— hech narsadan qoʻrqmaslik kerak. Bir kalla qoʻyib, ikki musht tushirsang, tamom-vassalom! Birorta ahmoqrogʻini boplab adabini berib qoʻysang, qolganlari oʻz-oʻzidan ipakday muloyim tortib qolishadi. Keyin yeganing oldingda, yemaganing ortingda, deganlaridek, xuddi poshshoday davru davron suraverasan!»

Uning nazari oldingi stolda oʻtirib kattagina boʻlak goʻshtni saranjomlayotgan dumaloq bagʻbaqali, baqaloq amakida toʻxtadi. «Mana buni goʻsht desalar boʻladi! Nega menga koʻzini olaytiryapti, bu baqaloq? Kostyum bilan galstugini yechib, sochini tap-taqir qilib olib, qulogʻiga isirgʻa taqib, qaroqchilarga oʻxshatib kiyintirib qoʻysang, tap-tayyor «Temir niqob»dagi qaroqchi boʻladi-qoʻyadi. Eh, yunga rolini oʻynashni menga topshirishsa edi, oʻlay agar!— zal qarsaklardan qomatga kelardi.»

Kunduzgi chiroq bilan yoritilgan restoran derazasining roʻparasida oʻtirgan baqaloq amaki juldurvoqiga baqrayib qarab turardi. Bir vaqtlar uning oʻzi ham mana shunday bezori boʻlib, aprelning sovuq kunlarida tosh koʻchalarida oyoq yalang yurar, kiyimlari ham xuddi shu yigitchanikiga oʻxshardi, restoran oynasi orqali kavshanayotgan xoʻrandalarga och koʻzlari bilan tikilib qarardi. U ham otasiz, onasiz hamda xola-ammasiz oʻsdi-yu, lekin bari bir odam boʻlib yetishdi. Suv, qandolat sotdi, dastyorchilik, hammolchilik qildi. Sultonaxmatda yongʻin boʻlganda esa, Rasim Cherkeshli bilan oʻgʻirlik qildi, keyin oʻgʻirlangan mollar bilan Machki, Shishli, Hamalboshida berkinib yurdi. Bu yerda uni tutib olib, boplab adabini berishdi. Shundan keyin oʻylay-oʻylay gardanini qashidida, katta yoʻlga chiqib oldi. U yoʻltoʻsarlik qilib odamlarni tunar, bosqinchilik qilardi, ba’zan oʻzi ham biqinidan pichoq yeb qolardi-yu, lekin oʻz ulushini qoʻldan boy bermasdi. Qayerda? Qanday qilib? «E-e, oʻtgan narsalarni kavlashtirishning nima hojati bor? Asosiysi, hozir nufuzli odamman, pudratlarim bor, kontoram hattoki Savdo palatasida ham qayd qilingan!»

Xoʻranda bir koʻtarishda qadahni boʻshatdi-da:
— Garson!— deb baqirdi.

Boshdan-oyoq qora kiyingan ofitsiant yugurib keldi:
— Xizmat, beyim?
— Hov anavi yaramasni haydab yubor! Koʻryapsanmi, oyna oldida qaqqayib turibdi.

«Yaramas? Hali shunaqami? Xoʻsh, agar yaramas boʻlgan taqdirda ham, unga nima? Unga nima yomonlik qildi, aybi nima?»
— Hoy, yigitcha, qani, tuyogʻingni shiqillatib qol-chi «Nega? Nima uchun? Men axir sizlardan ovqat soʻramayapman-ku? Manavi nusxani qulogʻida isirgʻali qaroq-chi sifatida tasavvur qilganim bilan osmon uzilib yerga tushmadi-ku?»
— Senga aytyapman, joʻna bu yerdan!
— Nega haydayapsan, ogʻa? YOKI men uning goʻshtini yeb qoʻydimmi?
— Koʻp valdirayverma!

Ofitsiantning kulgisi qistadi. U endi bolaning oldiga bormoqchi boʻlib turuvdiyamki, uni boshqa odam oriq, qizil galstuk taqib, silliq tarangan erkak/ chaqirib qoldi:
— Garson!
— Labbay, beyim?
— Bolani nega haydayapsan?

Savdo palatasida qayd qilingan sobiq oʻgʻri uning jigʻiga tegib javob qildi:
— Xohishim— shu!
— Shu? Shunaqa deng! Nega endi?
— Uning koʻrinishi koʻnglimni aynityapti!
— Ah-ha, demak, uni koʻrsangiz koʻnglingiz ayniyaptimi?
— Nima, senga yoqmayaptimi, toʻnka?
— Nima-a-a? Siz toʻnka dedingizmi?
— Boʻlmasa kimsan, bema’ni?
— Sen otangni sansiragin, tentak! Mening kimligimni bilasanmi?
— Naq Ollo taoloning oʻzimasmisan, ishqilib? Menga desa xudo boʻlmaysanmi, bari bir chumolidek ezib tashlayman!

Salfetkalar gʻijimlanib stolga tashlandi. «He, onangni seni! - Hoy, qumkapiliklar! Yenikapliklar! Oqsaroy, bu yoqqa kel! Samatya! Yedikule!..» «Qani, Atika, Yavuzsalim Edirnekanlarning adabini ber-chi, biznikilar bilan oʻynashib boʻlmasligini koʻrsatib qoʻyinglar-chi!» «Malta, Fotix, Unkapi, Shishxona buyoqqa!»

Havoda mushtlar doʻlaydi, stollar toʻnkarildi, bokallar, stakanu grafinlar sindi, vilkayu qoshiqlar polga uloqtirildi
— Shveysar!
— Politsiya! Shveysar!Politsiya!

Hammasi xuddi kinodagidek boʻldi. U restorandagi mushtlashuvni qandaydir, nomini esdan chiqarib qoʻygan kinoda koʻrayotgandek his qilardi. U xursandligidan nafasi boʻgʻziga tiqilib qolay derdi: «Ur, ursang-chi!

Voy anavini-ey, boʻshashma! Sol uni, ogʻa, boplab ada-bini bersang-chi! Eh, bir vaqtlar Oyxon Ishik qanday mushtlashardi-ya! E yoʻq, oʻshanda Eshref Kolchak edi, shekilli. Ana mushtlashuvu mana mushtlashuv boʻlgandida, oʻziyam!»

Politsiyachilar, kvartal qorovullari chopib kelishdi mushtlashganlar hamda restoranning boshqa xoʻrandalari, ofitsiantlari — hammadari birgalikda politsiya uchastkasi tomon yoʻnalishdi. Yigitcha ham ularga ergashdi. Axir, mushtlashuv u tufayli kelib chiqdida! Hozir uchastkaga borishgach, haqiqatanam hammasi shunday boʻldimi, deb soʻrashadi, shunda u gʻururla koʻkrakkerib: «Ha» deb javob beradi. Shundan keyin uni qamab qoʻyisharmikan? Ishqilib, qamab qoʻysinlarda. U yerda pechka mayning oxirigacha yoqiladi, xohlaganingcha ovqat yeysan, oshiq, qarta. Xudo beraman desa hech gapmas, endi yashasa boʻladi! Bugunku koʻcha issiq, ertaga qarabsanki, ob-havoning avzoyi buzuq. Uylarning isitgichlari ishlamaydi, batareyalar sovuq, ularda isinib boʻpsan. O-o-oh! Qamoq, qamoq, qamoq.

Lekin, mushtlashuv ishtirokchilari politsiya uchastkasiga kirishayotganda politsiyachi bolani qoʻlidan ushlab qoldi.
— Sen qayoqqa ketyapsan? Qani, joʻna bu yerdan!
— Axir, ogʻay.
— Tezroq joʻna, kimga aytyapman?

«Axir, bu qanaqasi boʻldi, ogʻa? Nahotki, shu adolatdan, qonunan boʻlsa? Axir, men maygacha maza qilib qamoqda oʻtirib chiqishim mumkin ediku! Issiq ovqat, oshiqlar. Papiros qoldigʻi boʻlsa ham mayli, men roziman. Tfu, jin ursin, yana omadim kelmadi-da!»

Politsiya uchastkasi eshigi oldida yana boshqa politsiyachi paydo boʻldi. Bola boshini egganicha unga yaqinlashdi.
— Politsiyachi amakijon, hoy, politsiyachi amaki.

Axir, mushtlashuv men sababli chiqdi. Meni qamoqqa oʻtkazib qoʻying!

Politsiyachi uning yonidan beparvo oʻtib kyotdi. U bolaning gaplarini eshitdimi yo oʻzini eshitmaganga soldimi — xudo biladi.

— Tfu, jin ursin, hammasi qoʻshmozor boʻlsin! Nahotki, bu mamlakatda hech qanday qonun qolmagan boʻlsa! Hattoki, qamoqqa tushishga ham imkon berishmaydiya! Oʻsha yerda hech boʻlmasa qishni oʻtkazib olsaydim!