OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻtam Mirzayor. Kuyov (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtam Mirzayor
Asar nomiKuyov (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻtam Mirzayor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2010-yil, 11-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuyov (hikoya)
Oʻtam Mirzayor

Zafarxoʻjaev domla tilidan ilindi. Oʻzimizga oʻxshagan-da. Xotini Floraxonim bilan suhbatlashib oʻtirib, bir-ikki shogirdini maqtab qoldi:

– Bunaqa shogirdlar hech kimda boʻlmagan, ular ishimning davomchilari, shu paytgacha oʻttiz nafar shogird tarbiyaladim, ammo bular boshqacha-millatimiz boyligi! Har biri ikki, uch xorijiy tilni biladi. Kompyuter texnikalarini-ku oʻzlari yaratgandek buzib, tuzishadi, – endi xotirjamman, – dedi soʻlish olib, gʻurur bilan.

– Hih, padumaesh, xotirjam boʻlishga balo bormi, – deya da’fatan shangʻilladi Flora. Soʻng, labini burib, chaqchaygancha eriga tikilib koʻnglidagini toʻkishda davom etdi: – Dinaraga kuyov topishni qachon oʻylaysiz? Shogirdlarim, shogirdlarim deysiz nuqul. Qirq ikki yoshingizda koʻrgan qizingiz-a! Peshonangizda bori shu, – u oʻtirgan joyida beliga chap qoʻlini tirab, oʻng qoʻlining koʻrsatgich barmogʻini havoda oʻynatib, ovozini xirillagunicha qoʻyib dona-dona qilib ta’kidladi, – Boʻy... yetib...qoldi! Bundoq, uning taqdirini ham oʻylash kerak. Toʻxtang-toʻxtang, shogirdlaringiz orasida pichoqqa ilinadigani bormi oʻzi? Hammasi ham oʻzingizga oʻxsha¬magandir-a?!

Zafarxoʻjaev gap nimadaligini anglab, dovdirab qoldi. Yoʻq desa, maqtanib qoʻydi. Bor desa, bechoralardan birining shoʻri qurishi turgan gap. Floraning hijjakilashiga qaraganda astoydil kirishganga oʻxshaydi. Ishqilib, boʻlajak kuyov ham oʻziga oʻxshab kafedrada yotib yurmasaydi. Ey, Xudoyim-ey, bu nima koʻrgilik-a? Bu xotinda or bormi oʻzi?

Zafarxoʻjaev katta chinni bakalini koʻtarib, yumshoqqina shippagini shippillatib, munkayganicha lapanglab, xonasi tomon borayotgandi, Floraxonim chaqqon oʻrnidan turib, mushukday yaltoqlana boshladi.

– Menga qarang, domlajon, shogirdlaringizni bir koʻrsatmaysizmi-a?

– Nima qilasan ularni, – dedi eri zorlanganday,- bizga toʻgʻri kelmaydi. Birovining uyi yoʻq, boshqasining puli. Ilmning orqasidan quvib yurgan goʻdaklar-da.

– Nima qilibdi. Oʻzingiz avliyomidingiz. Sizni odam qilgan mana men, – u haligina havoda qilichday oʻynatib turgan barmogʻini koʻksiga qadadi, – men boʻlmaganimda... ux, neblogodarniy odamning xunigi, esingizdan chiqibdi-da, a? – dedi vajohat bilan choʻzib.

Xonim shu darajada gʻazablangan ediki, hatto uning asabiy xatti-harakati belidan pastiga larzon soldi.

– Qoʻysang-chi.., – chol qoʻl siltab, yoʻlida davom etdi.

Alamdan Floraning koʻzlari qisildi. U koʻzini ochishni ham unutib, telefon goʻshagi tomon intildi. Chap qoʻlida goʻshak, oʻngi bilan telefon daftarini varaqlay-varaqlay raqamlarni terishga ham ulgirdi.

– S. S. S. Sobirov, mana, hozir soʻraymiz... – Alo, Sapar Nazarovich! Vaalaykum assalom, xizmatlar bilan charchamayapsizmi ukajon? – dedi u ayyorona, – domlangiz bilan suhbatlashib oʻtirib, bir fikr kallaga keldi. Shogirdlaringizdan tuzukrogʻi bormi? Voy oʻlay, unday demang, domlangizning shogirdlari siznikiyam, oʻsha juldurvoqilarni oyoqqa qoʻyish uchun ozmuncha mehnatingiz singayaptimi. Bunday, pichoqqa ilinadigani boʻlsa, degandim. Qaerdan boʻlishi shart emas, odam qilib olamiz. Maqsadmi? Keyin aytaman. Yoʻq, lavozimga emas, boʻsh joy yoʻq-ku opovsi, shaxsiy masalada. Yuboraymi, deysizmi. Yaxshi boʻlardiyu, ammo ularning hammasini biror bahona bilan toʻplab, bir-bir solishtirib, koʻrsam, tanishsam, devdim-da. Biznikidami? Yoʻq, kerakmas, yubormang, dasturxon, choy-poy deganday. Mehmon kutadigan avvalgi quvvatim yoʻq, ukajon, mayli, bir ilojini toping, xayr.

Ilib qolgan choyni ijodxonasida hoʻplab oʻtirgan domla eshik tirqishidan xotinining shahdini koʻrib oʻrnidan turdiyu kirpidek u yoqdan bu yoqqa gʻimirlab borib kela boshladi.

Kirishgan ishini oxiriga yetkazmasa koʻngli tinchimaydigan bu jodugar bir baloni boshlamasaydi. Endi loʻttiboz Sobirovni qoʻlga oladi.

Sobirovga Ilmning «i» harfi ham begona. Har yili bir-ikki takasaltangni oʻqishga tiqib kun koʻradi. Eshikdan haydasang teshikdan bosh suqadi. Xufya rejalar bobida Floraning ittifoqdoshi. Strategiyani Flora belgilaydi, amaliyot Sobirovniki. Imtihon paytida gaplashilganlarni «bunkir» qilish, «shatakka olish», yana allambalo usullarni oʻylab topganlar ham shular. Flora barcha qaltis ishlarini ana shu loʻttiboz Sobirov orqali bitiradi.

Yaramas Flora! Domla hademay nafaqaga chiqadi, oʻrniga sizni tavsiya etamiz, deb uni umid bilan qoʻrquv orasida saqlaydi. Oʻl, ahmoq, ishonib yuribdi. Floraga esa gah desa qoʻliga qoʻnadigan ana shunday yugurdak kuyov kerak. Chol hammasini biladi. Ammo kech. Biror chora koʻra olmaydi.

Shu shogirdida adashdi-da! Tuppa-tuzuk maqolalar yozib yurardi, keyin bilsa, ular «changlatilgan» ekan. Bir kuni uning ta’zirini bermoqchi boʻlib, nomzodlik ishi uchun manba boʻlgan kitoblarni toʻpladi. Qarshisiga oʻtqazib olib, ayamay tuzladi. Oxiri vujudidan sovuq ter chiqib ketgan Saparvoy: «Domla, odamdan odam tugʻilganidek, kitobdan kitob tugʻiladi-da» deb tullaklik yoʻliga oʻtdi. Biror chora koʻrishga kechikkan domla uning ilmiy ishi kunlari deyarli tilini tishlab yurdi.

Ilmiy kengash domlaning hurmati uchun Sobirovning ishini qabul qildi. Bu nuqsonlarga Zafarxoʻjaevdan boshqa hech kim ahamiyat bermadi. Domlaning odam boʻlib qilgan gunohi shu. Shu-shu undan koʻngli sovigan. Oʻsha kezlari Floraning yoʻl-yoʻrigʻi bilan rahbariyatga odam qoʻyib, katta oʻqituvchi ham boʻlib olishga ulgurdi. Vaqt oliy hakam, degan aqidaga amal qiladigan Zafarxoʻjaev uning katta oʻqituvchi boʻlishiga ortiqcha monelik qilmadi.

Bora-bora u domlaga sezdirmay orqavoratdan ham ish bitiradigan qiliq chiqardi. Pul gapirganda haqiqat jim turadi, degani shu boʻlsa kerak-da! Afsus!

Domla oʻzini Floraning qolipiga tushib qolganini juda kech bildi. Avvallari hammasi risoladagidek edi. Domla navqiron, bir soʻzli, shijoatkor, butun umrini iqtisodiyot ilmiga bagʻishladi. Gʻamxoʻr domlalari qurshovida yetimligini ham unutdi. Ilmiy ishini yoqlaganidan soʻng domla Kamronovning xotini Zubayda aya unga onalik qildi – oʻzi bosh boʻlib, uzoq qarindoshining oʻtirib qolgan qizi – Floraga uylantirdi.

Zafarxoʻjaevning boshqa iloji ham yoʻq edi. Yoshi oʻttizdan oshgan, choʻntagida nomzodlik diplomidan boshqa hech vaqosi yoʻq. Yotoqxonama-yotoqxona koʻchaverib joniga tekkan edi. Uylandiyu suyagi tinchidi. Butun kuchini ilmiy izlanishlarga bagʻishladi. Zubayda ayaning maslahati bilan Floraning ota-onasidan qolgan hoyhotday kottejga koʻchib oʻtdi. Floraxonim ham shunday talantli erga tegib, yuzi yorugʻ boʻlganidan xursand. Ancha paytgacha yoshligida yetisholmagan davrini surish uchun farzand orttirmay yurdi. Kap-katta xotin boʻlganida yaqinlarining qiyin-qistovi bilan qizchalik boʻldi. Oʻsha damlardagina domla Zafarxoʻjaev haqiqatdan ham baxtli edi.

Xotini bir-ikki yil uyda oʻtirib zerikdi. Har xil mashmashalarni oʻylab topadigan boʻldi. Hayotdan orqada qolib ketyapman, ishga kiraman deb xarxasha qildi. Tanishlar erining hurmati uchun uni bankka ishga joylab qoʻyishdi. Bu orada Zafarxoʻjaev onasiday gʻamxoʻr, maslahatgoʻyi Zubayda ayadan ayrildi. Ayadan soʻng domla Kamronov ham uzoq yashamadi. Shunday qilib, Florani tergab turadigan hech kimi qolmadi. Flora esa bu paytga kelib erining hurmatidan foydalanish hadisini olgan, katta oxurning mazasini tatib ulgurgandi. Ziyofatlar, tantanalar, hasham kiyim-kechaklar, zebu ziynatlar – bularning hammasi uchun jaraq-jaraq pul kerak boʻlardi. Domlaning narxi esa ulardan ham qimmat edi. Flora ana shu bebaho yombini quchoqlab yotgan mor edi.

Domla ish bilan ovora boʻldimi yo peshonada bori shu ekan-da dedimi, har holda xotinini jilovlashga kuch ham, jur’at ham topa olmadi. Umuman, qattiqqoʻllik uning tabiatiga zid edi. Ayniqsa, xotin kishiga. Olmaning boʻshini qurt yeydi, degani shu boʻlsa kerak-da!

Domla, qizi Dinarani qancha yaxshi koʻrmasin, Flora oʻylaganidek, shogirdlaridan kuyov qilish niyati yoʻq. Buning ustiga qizini kuyovga berishdan koʻproq Flora manfaatdor – er qariyapti, unga esa «boʻladigan» kuyov kerak. Kuyovning orqasidan kerilish, iloji boʻlsa uni kattaroq lavozimga oʻtqazib qoʻyib, bir umr e’zozu e’tiborda ayshini surish Floraning azaliy orzusi.

Yaqinda institut boʻyicha «Yosh tadqiqotchi» klubi a’zolarining ma’ruzalari tinglanadi. Hoy-nahoy, Sobirov Florani xabardor qiladi. U esa, bir narsani bahona qilib, kuyov tanlashga boradi. Voy yaramas..!

Zafarxoʻjaev ertalab kafedra eshigi oldida Abdurashidni uchratdi.

– Oʻgʻlim, bir daqiqa vaqtingizni olaman.

– Marhamat domla, qulogʻim sizda, – dedi Abdurashid qoʻltigʻiga qisib olgan kitob-daftarlariga tartib berib.

– Shu desangiz, sizni bir-ikki haftaga Zarafshonga yuborsak, nima deysiz?.

– Mayliku-ya domla, anjuman kuni ma’ruzam bor-ku!

– Bilaman, ma’ruzangiz bilan tanishdim, yaxshi. Hammasi joyida. Lekin moʻljallab qoʻygan oʻta muhim ishlarimiz ham yoʻq emas. Zarafshonda bir korxonaning ishlab chiqarish suratini tahlil qilish kerak boʻlyapti. Oʻsish suratlarini ilmiy asoslashimiz zarur. Yuqoridan shunday topshiriq olganmiz. – U koʻrsatkich barmogʻini tepaga qaratdi. – Oʻzim bora olmayapman. Oʻrnimga sizni yubormoqchiman. Juda muhim topshiriq. Kelajagingiz uchun ham yaxshi boʻladi. Qolaversa, tajriba orttirasiz.

– Domla, balki, anjumandan keyin...– dedi nafasi ichiga tushib. Shu dam oʻzini ilmda raqobatlashib yurgan doʻstlaridan yengilib qoladiganday his etdi.

– Shoshilmang, oʻgʻlim, hali ma’ruza qilishga xoʻb ulgirasiz. Bu gal boʻlmasa, boshqa safar. Bemalol borib kelavering. Ha aytganday, uydagilarni ham koʻrib kelasiz. Hujjatlarni ertaga beraman. Rahbariyat bilan kelishib qoʻyganman. Bizdan otangizga salom ayting.

Abdurashid domlaning ra’yini qaytara olmasdi. Uning «oʻzimning oʻrnimga»degani koʻnglini sirli oʻrtab oʻtdi. Ajabtovur fikrlar kun boʻyi oromini buzib yurdi. Nusxa koʻchirish uchun qoldirgan «Iqtisodda muvozanatning buzilish oqibatlari» mavzusidagi ma’ruza matnini olib, bir nusxasini kengash hay’atiga qoldirgach, yotogʻiga ketdi.

Odamzod peshonasiga yozilganidan qochib qutulmas ekan. Abdurashidning Zarafshondagi ishlari bir zumda bitdi. Qaytayotib, uyiga kirishga ham ulgurdi. Ota-onasidan xabar oldi. Hamma ishlar joyida. Koʻngli togʻday boʻlib, kengash oʻtadigan kuni gʻozday kerilib Toshkentga yetib kelsa boʻladimi?

Domla Zafarxoʻjaev oʻz kabineti yonida Abdura–shidni koʻrdiyu tomogʻiga qiltiq tiqilgandek, gʻalati boʻlib ketdi. Uning safarda qilgan ishlari yuzasidan bergan hisoboti ham qulogʻiga kirmadi. «Oʻzingdan koʻr, bola», degandek bir ola qarab, xonaga kirdi. Domlaning ketidan soyaday ergashib yuradigan Sobirovgina unga yoqimli munosabatda boʻldi. Ma’ruzasini maqtadi. Ikkinchi yo uchinchi boʻlib minbarga chiqasan, dadil boʻl, deb gʻayratlantirdi.

Abdurashidning yuragida doimgiday birinchi boʻlish ishtiyoqi yolqinlanar, shusiz ham yod boʻlib ketgan ma’ruzasini orqa oʻrindiqda varaqlab, jangga shay sherday gʻoʻddayib oʻtirardi.

Yigʻilganlar orasida xotin-qizlar ham anchagina edi. Ularning ayrimlari oldingi qatordagi yumshoq oʻrindiqlardan birida koʻzida qora koʻzoynak, bir qop boʻlib oʻtirgan Floraxonim bilan «choʻlpillashib» ketardi.

Hay’at raisi ma’ruzachilarni nomma-nom minbarga taklif etdi. Sobirov esa Floraning biqiniga qapishib, agentlik faoliyatini boshlab yuborganiga ancha boʻlgandi. Ma’ruzachilarning kiyinishidan tortib, notiqligigacha, boʻyi-bastiyu... xullas hamma oʻlchamlari tahlil etilmoqda...

– Kelajagini oʻzimiz yaratamiz, Xudo xohlasa, – dedi aya Sobirovga. Ammo kimning kelajagini oʻzlari yaratishini aytmadi mugʻombir.

Bu orada Floraxonim suvilonday buralib, domlani oldiga solib, «Buxoroga oʻtayotib», Abdurashidning otasi Nafas togʻani ham bir necha marta «ziyorat» qilib qaytdi. Gap orasida otaga oʻgʻli ishonchli qoʻllarda, shaxsan domla Zafarxoʻjaevning qoʻl ostidaligiga sha’ma qildi, Zartepaning qatigʻini maqtadi, xullas, Abdurashidning qarindoshlarini oʻziga rom etib qaytdi. Oʻgʻlining muvaffaqiyatidan Nafas togʻaning boshi aylanib, gʻururi oshdi.

Bir yil davomida domla-shogirdlik falsafasining oxiri Dinarani sevib qolish bilan yakun topdi. Ancha soʻzamol, uzoqni koʻra biladigan, katta- kichikka birday yoqadigan Abdurashid Nafasovni uylanish borasida hech kim ahdidan qaytara olmadi. Uning aql koʻzini yo ayol zotining makri, yo shuhrat tojining yogʻdusi basir qilib qoʻygandi. Ha, xom sut emgan banda-ya!

Dunyoda shunaqa ishlar borligini Nafas togʻa ham oʻylamagan ekan. Noiloj rozi boʻldi. Afsuski, Zafarxoʻjaevning xatosi takrorlandi. Bunda domlaning zarracha aybi yoʻq.

Magistrlik ishi mavzusini tasdiqlatib olgach, Abdurashid oldida toʻy masalasini ham bir yoqlik qilish istagi paydo boʻldi. Zartepa – Toshkent oʻrtasidagi qatnovlardan soʻng as’asayu dabdaba bilan uylanish kompaniyasi boshlandi. Biroq barcha harakatlar qancha tez boshlangan boʻlsa, shuncha tez va kutilmaganda sustlashdi.

Hamma ishlar kelin-kuyovning toʻydan keyin qaerda turishi masalasiga borib taqalgach, orqaga keta boshladi. Toʻyning barcha xarajatlarini oʻzim hal qilaman, siz aralashmang, deb kerilgan Floraxonim mum tishlab oldi.

Xullas, navbatdagi uchrashuvlarning birida Dinara Abdurashidni Chilonzor metrosining shunday yonidagi koʻpqavatli uylardan biriga boshlab bordi. Uchinchi qavatdagi ikki xonali shinamgina kvartirada hech kim yoʻq edi. Qizning daf’atan yolgʻiz joyga andishasiz boshlab kelishi boʻlajak kuyovning koʻnglida shubha uygʻotdi. Bilagidan ham ushlamagan qiz bilan yolgʻiz qolish yigitni biroz esankiratdi.

– Buncha shalviraysiz, – dedi Dinara hali xayolini yigʻib ulgurmagan qayligʻining boʻyniga osilib. – Mana shu uy endi bizniki. Toʻydan keyin shu yerda mazza qilib yashaymiz. Oyimlardan bizga sovgʻa. Qalay, sizga yoqdimi? Yaqinda ikkalamiz uchun ataylab sotib oldilar:

– Nega endi? Biznikida turmaymizmi? – dedi ajablanib kuyov.

– Qaerda? Qishloqdami?

– Nima qipti? Toshkentda ham toʻy qilamiz, qishloqda ham. Toʻydan keyin chillamiz chiqqunicha u yerda turamiz, keyin oʻqish tugagunicha bu yerda, – dedi Abdurashid koʻngli gʻashlanayotganini sezib shalvirabgina.

– Undan keyin-chi?

– Undan keyinini vaqt koʻrsatadi.

– Chilla-pillangizni qoʻying, Abdurashid aka, oyim eshitsala xafa boʻladila. Bilasizmi? – dedi Dinara chimirilib, soʻng qandaydir sirli xabarni aytishga chogʻlandi. Ammo birdan shashti oʻzgardi.

– Nimani? – dedi Abdurashid ovozini balandlatib. Endi u oʻzini ancha tutib olgan, jiddiylasha boshlagandi.

– Oyim sizni juda yaxshi koʻradilar, ularni xafa qilmang, iltimos. Toʻy oʻtguncha nima desalar xoʻp deng. Qolaversa, bittayu bitta qizman, oʻlib qolsalar ham bunga rozi boʻlmaydilar.

– Ey, nima, men ichkuyovmidimki... Yoʻq-yoʻq, bunaqasi ketmaydi. Hoziroq bu masalani bir yoqlik qilish kerak. Ijarada tursak, turamizki, bu yerda turmaymiz. Meni shunchalar orsiz, deb oʻylayapsizmi?

Dinara Abdurashidni harchand tinchlantirishga harakat qilmasin, uddasidan chiqa olmadi. Ne-ne umidlarda qalligʻini xilvatga boshlab borgan Dinara oqshomning oyogʻida suvga boʻkkan bulkaday uyiga kirib keldi. Oyisiga boʻlgan voqeani aytib, koʻz yoshi qildi.

Hoziroq yotoqxonaga borib, yalangoyoq kuyovning tonobini tortib qoʻymoqchi boʻlgan Florani qandaydir kuch toʻxtatib qoldi. U uzun uf tortib, stolga oʻtirib oldi.

Domla Zafarxoʻjaev esa shunga oʻxshagan muammolar koʻndalang boʻlishini bilardi. Chunki shogirdi unaqa yigitlardanmasdi.

Gap uqmas Floraxonim insof, diyonat bobida ancha tarbiyalanadigan boʻldi. Ishqilib bola sinmasin-da! Bir xiyol domla Abdurashidni yoniga olib, nasihat qilsammikan, deb oʻyladi. Ammo gʻururi yoʻl qoʻymadi. Aralashmay qoʻya qoldi. Vaqt – oliy hakam! Abdurashid ham odob yuzasidan koʻzga tashlanmay qoʻydi. Flora bilan kuyov orasida Sobirov chopar.

Vaqt esa oʻtib borar, ilmiy ishlar bilan ovora boʻlib, yotoqxonaning toʻrtinchi qavatidagi xonada qogʻozlarga koʻmilib olgan Abdurashidning huzuriga Floraxonimning xos elchisi Sobirov domla kelib-ketaverib charchadi. Bir kuni Dinaraning oʻzi keldi.

– Roziman, siz nima desangiz shu, – dedi koʻzida yoshi bilan.

Onasi shunday oʻrgatgan edi. Qizni oʻz izmiga boʻy- soʻndirganidan koʻngli oʻsgan Abdurashidning shu orada mansabi ham oʻsib qoldi. Yosh boʻlishiga qaramay, kafedraga yetakchi mutaxassis lavozimiga taklif qilindi. Diplom himoyasidan keyin toʻy ham boshlanadigan boʻldi. Toʻydan oldin undoq qiladurman, bundoq boʻladur, deb kerilgan Floraxonim el koʻzi uchun avval Talabalar shaharchasidagi kafeda kamtargina, keyin qishloqda toʻy oʻtkazishga qaror qildi. Muborak boʻlsinga xotin-xalaj, qoʻni-qoʻshni yigʻildi, deguncha Floraxonim toʻtiday bitta gapni takrorlaydi: «Toʻyni kattaroq oʻtkazaylik, el koʻziga kamtarroq boʻlgani yaxshi, domlaga gap tegib qolmasin...»

Bir oʻzi toʻy tashvishi bilan u yoqqa, bu yoqqa yuguraverib, Floraning yuragi dogʻlanib ketdi. Er jonivorning soʻligan savlati jigarini ezdi. Kuyovidan ololmagan oʻchini toʻydan keyin domladan olib, shu dogʻni «oʻxshatib» yuvishni diliga tugib qoʻydi. Ammo shu kunlarda toʻyning tashvishi bir oʻziga qolib ketgani bois, koʻzini shasht bilan qisganicha, kalovlanib, «ux, neblogodarniy odamning xunigi», deya u xonadan bu xonaga zuvillab borib kelib yuribdi. Qarindosh-urugʻsiz toʻy qilish oson deysizmi?! Sobirov bechora mardligi tutib: «Siz toʻyni boshlayvering, xizmatni mana, men qilay-da» deb kerilgan edi. Oʻylamay gapirgan ogʻrimay oʻlar, deganidek, xotini bilan ertadan to shomga qadar shuncha harakat qilmasin, toʻyning tashvishini ado qila olmayapti. Hali unisi kam, hali bunisi...Floraxonim masalaning bu jihatini oʻylamagan ekan! Shunday kunlarda yonida turadigan maslakdoshlari, aka-ukasi, jonkuyar singlisi boʻlmaganidan oʻksidi. Yolgʻizlik alami dilini kesdi. Ammo ichiga yutdi...

Mana toʻy oʻtganiga ham uch oy boʻlyapti. Ochigʻini aytganda toʻy mashmashasi boshlanganida kalavaning uchini yoʻqotib, qochgani goʻr topolmay qolgan Floraxonim endi uning qanday oʻtganini eslayolmay oʻtiribdi.

Qoʻni-qoʻshnilar qarab turishmadi. Oriyat kuchlilik qildi. Unisi u yoqdan, bunisi bu yoqdan deganday Flora gangib qolganida joniga oro kirishdi.

Shu kunlarda cholu kampir hamyonini oldirgan loʻliday bir-biri bilan dam arazlashib, dam yarashib kunni oʻtkazishmoqda.

Vaqt samarasiz oʻtgani sayin Floraxonim siqilib ketyapti. Bu yoqda Chilonzor metrosi yonidagi qiziga atab olgan uy ham huvillab yotibdi. Kuyov jonivor hech kimning gapiga kirmaydi. Loaqal koʻngli uchun «Oyijon, ovora boʻlibsiz-da» ham demadi. Odamni sharmanda qilib, ijarada yashayapti. Shularni eslagani sari xonimning ichagigacha achib ketadi. « Oʻrgildim gʻururingdan! Hali burningdan toʻqamni oʻtkazib olay, koʻrsataman sen galvarsga. Kimning orqasidan odam boʻlib yurganingni bilmabsan ...» degan fasodli gʻazab avval miyasining orqa tomonini jazillatib, soʻng koʻzining gardishini achishtirib, qorachoʻgʻida oʻtday yashnadi. Xonim shunday damlarda yoʻliqqanni yeb-yutishga tayyor arslonday hurpayib ketadi. Joyida soatlab qilt etmay oʻtiradi.

Hozir ham oynavand ayvonda kuz oftobining taftiga toblanib, zahar toʻplab turganida bir nuqtaga tikilib turgan koʻz qiri shart ochilgan darvozaga tushdi. Vaqt peshindan oshgandi. Sobirov iljayib, oʻzi uchun qadrdon boʻlib qolgan tanish xonadonning tanish eshigi tutqichiga shahd bilan qoʻl choʻzdi.

– Obbo, – dedi xonim eshittirmay.

– Assalomu alaykum ayajon!

– Vaalaykum assalom, keling Saparjon, bormisiz, – dedi Floraxonim toʻydan charchab chiqqanga yoʻyib, odamning rahmini keltiradigan ohangda inqillab, uning yelkasiga qoʻl uchida qoqarkan. – Oʻzingizning charchogʻingiz chiqdimi, ukajon, kelinim tuzukmi? Baraka topinglar, sizlar boʻlmasangiz naq abjagʻim chiqar ekan, rahmat oʻrgilaylar, rahmat, yaxshiliklaringga qaytaray! – U yonidagi oʻrindiqqa imo qildi.

– Rahmat, ayajon, rahmat. Sizdan hech yomonlik koʻrmaganmiz. Qoʻlimizdan kelganicha-da!

Ayasi Sobirovning bunday tanish yaltoqlanishidan xiyol hushyor tortib, xushlamay turdi. Shunchaki xabar olgani kelmagandir, yo, toʻyda qilgan xizmatlari esdan chiqmasdan biror nozikroq iltimos bilan kelgan.... Yo...

– Aya, suyunchi bering, – dedi Saparvoy ortiqcha choʻzmay yaltoqlanib.

– Nima gap, birov ishdan ketdimi? – dedi Flora muhim yangilikdan tezroq xabar topish uchun qulogʻi naq Saparvoyning burniga tekkudek beoʻxshov engashib. Shu dam uning qoshi, ham koʻzi ham birvarakayiga bir necha marta uchib tushdi.

– Hech kim ishdan ketgani yoʻq,, – yoyilib iljaydi Saparvoy, – aksincha, kuyovingizni ishga taklif qilishyapti.

– Voy, qaerga, ogʻzingizga moy, nega men bilmayman?

– Yuqoriga, – Saparvoy bosh barmogʻi bilan tepaga imo qildi, – yuqoridan soʻrashyapti. Ishxonada gʻala-gʻovur gap. Gazetada chiqqan maqolasi kattalarga yoqib qolibdi.

– Rostdan-a?! Yashshamagurning oʻzi ham balo-da! Gap-soʻzlari biram botir. Buni qarang-a? Qaerga ekan?

– Bilmaymiz, domlayam yaqinda eshitdilar. Ertalab rektorning naq oʻzlari xarakteristika yozibdi. Prorektor ham, dekan ham xalloslab tavsifnoma yozib yurishibdi. Sir tutishyapti. Xullas, hammamiz hayron. Siz bilarsiz, deb keluvdim.

– Ertami-kechmi shunday boʻlishini bilardim, – dedi aya soʻlish olib. – Ammo bunchalik tez niyatimga yetaman, deb oʻylamagandim. – U ichidan qisib kelayotgan quvonchini yashirishga harakat qilib, iljaydi. – Abdurashidjonning oʻzlari biladimi? – u yonidagi telefon goʻshagini qoʻlga olib, raqamlarni bosa boshladi.

– Bilmasa kerak, domla ham, men ham qoʻngʻiroq qilib bogʻlana olmadik.

– Javob bermayapti. Dinara-chi? Uniyam telefoni oʻchiq.

– Shoshmang, aya, kerak boʻlsa topishadi. Avval qaergaligini bilaylik.

– Domla qaerda?

– Ishxonada.

– Menga qarang, tezlik bilan harakat qilish kerak, bu imkoniyatni qoʻldan boy bermaylik...

– Nima qil, deysiz? Axir qaergaligi hali noma’lum-ku!

– Biladiganlarning ogʻzini iskang, domlangizga qarab oʻtirmang, olamni suv bossa ham u kishining toʻpigʻiga chiqmaydi. Ishxonaga qaytib boring, xabarlashib turaylik. Biror joʻyali fikr chiqsa oʻzim qoʻngʻiroq qilaman. Yoʻq, toʻxtang, topdim, – Floraxonim koʻrsatkich barmogʻini havoga tirkadi, – topdim. Ertaga domlangizning tugʻilgan kuni. E ha-ya! Toʻydan keyin ortiqcha chiqim boʻlmasin, devdim. Baribir iloji yoʻq koʻrinadi. Boʻldi, shunday qilamiz. Roʻyxat tuzing. Shu bahonada xabari bor hammani ertagayoq chorlaymiz. Biridan boʻlmasa, biridan gap chiqadi, mana koʻrasiz...

– Domla nima derkin?

– Ey, bu yogʻini menga qoʻyib bering...

Ittifoqchilar shunday qarorga kelib tarqalishdi. Floraxonim domla ishdan qaytgunicha ich-etini yeb boʻldi. Kelganida ham u kishidan biror joʻyali gap ola olmadi.... Floraxonim marosim haqidagi qarorni oshkor etay, deb turganida,.kuyov bilan kelinning oʻzi bir quchoq gul, sovgʻa-salom koʻtarib kirib kelishdi.

Yoshlar baxtli edi. Biri gapirib, biri kulardi. Ularning baxtiyorligi Floraxonimga ham koʻchdi. Birinchi marta rosmanasiga kuyovini bagʻriga bosib, astoydil suydi.

– Onang oʻrgulsin, boʻylaringga qoqindiq. Hozir yoʻqlab turuvdik-a! Qani, qani, marhamat...

Ularni hamisha mehmonga muntazir turadigan uzun, aylana stolning toʻriga taklif qildi. Domla ham koʻrishish uchun kuyoviga quchoq ochdi.

– Suyunchi beringlar, suyunchi, – dedi Dinara yosh qizchalardek tantiqlanib.

– Voy, tinchlikmi? Nima gap? – dedi Floraxonim toqatsizlanib, guyo oʻsha sirli yangilikdan xabar topish mavridi kelganligiga amin boʻlib.

– Biz chet elga ketyapmiz....

– Voy! – Filoraxonimning boshidan sovuq suv quyganday stol atrofidagi duch kelgan stulga oʻtirib oldi.

– Shunaqa boʻlib qoldi, – dedi Abdurashid avval qaynotasini toʻrga oʻtqazib, soʻng yonidan oʻzi joy olarkan, – Bir yil davomida avval Yaponiyadagi nufuzli banklarda navbati bilan malaka oshirib qaytadigan boʻldim. Ilmiy ish mavzusi juda toʻgʻri tanlangan ekan. Internet orqali anketa toʻlgʻizgandim, savol-javoblar boʻluvdi.... Rasmiy taklifnoma ham yuborishibdi....

– Ha, iqtisodda muvozanatning buzilishi haqidagi tezislaringiz qaltisroq edi. Vaqt koʻrsatdi. Baxtingizga dunyo iqtisodiyoti eski aravaga oʻxshab shaldirab, sizning qarashlaringiz asosli ekanini isbotladi.

– Dinara-chi? U ham birga ketadimi? – soʻradi Flora quvonishini ham, quvonmasligini ham bilmay.

– Birga ketamiz, – dedi Dinara onasini tinchlantirish uchun boʻynidan quchib.

Bu yangilikdan Floraning koʻngli toʻlmadi. Yanada oydinroq fikr eshitish uchun oʻsmoqchiladi:

– Bu yoqda lavozimga ham taklif qilishibdi, deb eshitdik....

– Ha, shunday boʻluvdi, – dedi Abdurashid jiddiy tortib, – ammo maqsadimni eshitishgach, qoʻllab- quvvatlashdi.

Flora ikkinchi marta sapchib tushdi. Bir yillik oʻqishni deb shunday taklifdan voz kechgan kuyovini bundan keyin hech qachon jilovlay olmasligiga koʻzi yetib, uni suyib-ardoqlashdan oʻzga chorasi qolmaganini angladi.