OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomi«Butilka» hoji (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Butilka» hoji (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

«
Boshqa hojilarga daxli yoʻq
»

Doʻstim oʻgʻlini uylantirayotgan edi. Endi... toʻy boʻlganidan keyin... Oʻzingiz bilasiz... Haligi qurgʻurdan jinday-jinday qilib oʻtirsak, davramizga oq yaktak, oq doʻppi kiygan ketmonsoqol yigit kelib qoʻshildi. Kelin-kuyovga baxt-saodat tilab, fotiha tortdi.
— Yaratganga shukronalar boʻlsin! — dedi qiroat bilan. -Muqaddas safar sharafi kaminaga ham nasib ayladi!

«Qulluq boʻlsin», dedik. Dasturxonda anavi «shayton suvi» turganidan xijolat chekdik.
— Ming bor uzr, Hoji aka. — Kosagul shunday deb, shishalarni imi-jimida stol tagiga olib qoʻyayotgan edi, Hoji aka keskin bosh chayqadi.
— Yoʻq-yoʻ-yoʻ, taqsir! - dedi dalda berib. — Sizlar bahuzur, taqsir, bahuzur. Toʻyda xursandchilik qilishning aybi yoʻq.

Kosagul ikkilanib qoldi.
— Sizdek moʻ'tabar odamning oldida...
— Beziyon, taqsir, beziyon... Biz ham bundan bisyor noʻsh aylaganmiz. - Hoji aka jinday-jinday ichkilik quyilayotgan piyolalardan koʻz uzmay ta’kidladi: - Noʻsh aylaganmiz, bisyor noʻsh aylaganmiz.

Kosagul shumgina yigit ekan, Hoji akaning koʻzlari suvga tushgan munchoqdek yiltirab turganini payqab qoldi.
— Soʻraganning aybi yoʻq, Hoji aka. Mabodo oʻzlariyam...
— Yoʻ-yoʻ-yoʻ! — Hoji aka keskin bosh chayqadi. - Biz ham noʻsh aylaganmiz... Aylaganmiz.
— Koʻp emas, jichchagina, - dedi kosagul iljayib. Hoji aka ogʻir muammo qarshisida qolgandek, bir zum oʻyga toldi.
— Kaminani koʻp xijolatli ahvolga sop qoʻydilarda, -dedi xoʻrsinib. - Keling, yigitning sazasi oʻlguncha shaytonning boʻyni uzilsin!
— Qaysi biridan?
— Kaminaga «qizili»yam boʻlaveradi, - dedi Hoji aka kamtarlik bilan.

Kosagul piyolaga bir qultum konyak quyib uzatgan edi, Hoji aka yanayam siniqroq ohangda qoʻshib qoʻydi:
— Jonliroq boʻlaversin, taqsir.

«Jonligina» quyilgan piyolani olib, qisqa nutq irod etdi:
— Yoshlar qoʻsha qarisin! Uvali-juvali boʻlsin!

Baayni sovuq choy ichayotgandek, qop-qora soqolining bittayam tuki qilt etmadi. Bodring bilan gazak qilib, «Yaratgan ne’matingga shukr», deb qoʻydi.
— Oxirigacha olmabsiz-ku, Hoji aka? - dedi kosagul piyola tagida qolgan jinday konyakka qarab.
— Har narsaning qonun-qoidasi bor, ukam! - dedi Hoji aka viqor bilan. - Ichkilik xamr, ya’nikim makruh nimarsa. Ammo uning ichida suv ham bor. Suv - eng pokiza ne’mat. Shundaymi? Kamina suvini ichdim. Makruhi tagida qoldi. Aytyapman-ku, kamina ham bundan bisyor noʻsh aylaganmiz. -U qiqirlab kuldi. - Bir ulfatimiz boʻlardi. Gʻalati gaplarni topib yurardi. Bir gapi hech esimdan chiqmaydi. «Birinchi qadah bilan ikkinchisining orasiga qil ham sigʻmasligi kerak», derdi. Topgan gapini qarang, battolning! Qil sigʻmasin, deydi-ya!

Kosagul Hoji akaning ishorasini darrov tushundi. Paysochga solmay, piyolani toʻldirib uzatdi.
— Yoʻ-yoʻ-yoʻ! Undoq qilmasinlar-da, ukam! - Hoji aka shunday dedi-yu konyakni sipqardi. «Yaratgan ne’matingga shukr», deb piyolani kosagulga uzatdi. - Koʻrdilarmi, ukam, makruhi yana tagida qoldi. Oʻzlariyam oʻrgansinlar!

Davradagilardan biri safar taassurotlarini soʻragan edi, Hoji aka yayrab ketdi.
— E, nimasini soʻraysiz, uka! - dedi shangʻillab. - U yoqlar Xizr nazar solgan yurt! Har qadamda magazin! Har qadamda doʻkon. Jamiyki nimarsa muhayyo! Apelsinlarni tekinga tarqatadi-ey! Xohla - bir yashik ol! Xohla - bir tonna ol! Buni qarang, hamma narsa bor-ku, termos yoʻq ekan. Uch-taginasini obketuvdim, olam jahon pul boʻldi! Ulfatim, shuni mengayam aytsang, oʻlarmiding, deb yomon xapa boʻldi.
— Kechirasiz, qaysi ulfatingiz? - dedim tushunmay.
— Haligi battol-da! Birinchi qadah bilan ikkinchisining orasiga qil sigʻmasin, deydigan. Shu battolning yana byr gapi bor. «Ikkinchi qadah bilan uchinchisining orasiga qil sigʻmasin, deyman-ku, ammo ip sigʻmasligi kerak», deydi!

Kosagul yana piyolani toʻldirdi. Hoji tagida ozgina qoldirib, piyolani qaytardi.
— Yaratgan ne’matingga shukr, - dedi viqor bilan. - Koʻrib qoʻy, ukam! Tagida har gal bir xil makruhi qolyapti! U yoqda-chi, vey, vidik, televizor, kamera deganlari kapiyka! «Soni» deysanmi, «Panasonik» deysanmi, «Plips» deysanmi. Ikkita «vidik» olsang, bittasi tekin!
— Nega, Hoji aka? - dedim hayratlanib. - Bittasini pulga, bittasini tekinga beradimi?

Hoji aka he-helab kuldi.
— Nega tekinga boʻlarkan? Ikki hissa arzon boʻlganidan keyin bittasi yonga qoladimi, axir? Tijoratning aybi yoʻq-ku, toʻgʻrimi?! Biz tijorat qilaveribmiz, qilaveribmiz, qarasam, yukim koʻpayib ketibdi. Ikki qoʻlimda ikkita chamadon. Orqamda sandiqdek sumka. Salapan xaltaning bogʻichini tishimga tishlab olganman. Ketyapsam, bittasi yoʻlimni toʻsdi. Oʻzining tilida vajir-vajir qiladi, tushunsam oʻlay! Tarjimon keldi. «Nima deb aljirayapti bu?» desam, tushuntirdi. «Yukingiz yuz kilodan oshib ketibdi-ku», deydi. «Yukimni ogʻirligi unga tushibdimi, oʻzim koʻtarib ketyapman-ku», desam, yana vajir-vajir qildi. «Nima deyapti?» desam, «Janob ziyoratchimilar yo otmilar?» deb soʻrayapti deydi. «Men ot boʻlsam, bu eshshak», dedim-da, amallab samolyotga chiqib oldim. - Hoji aka xaxolab kuldi. Kosagulga qarab ma’noli tomoq qirib qoʻydi. - Toʻrtta vidik obkelgandim, ikkitasi yonga qoldi. Oʻgʻilchayam qiziqadi-da texnikaga. - Shunday deb yana kosagulga qarab qoʻydi. - U yoqda-chi, dazmol pul ekan. Yanagi gal dazmol oboraman. Battol ikkalamiz oʻnta-oʻntadan olvolsak, o-key boʻladi! Battolning yana bir gapi bor. Uchinchi qadah bilan toʻrtinchisining orasiga qil sigʻmasin deyman, ip sigʻmasin demayman, ammo-lekin arqon sigʻadigan boʻp ketsa, yurak siqiladi-da, deydi. Topgan gapini qarang! Voy battol-ey!

Kosagul shishadagi oxirgi konyakni silqitib quyib uzatdi.

Shishani yerga tashladi. Hoji aka tagida ozgina qoldirib, piyolani qaytardi.
— Yaratgan ne’matingga shukr! Koʻrib qoʻy, bratan! Makruhi tagida qoldi!
— U yoqda manavi masalaga qandoq qaraydilar, taqsir? —"dedi kosagul.
— Unaqangi betamiz gaplarni gapirma, bratan! - dedi Hoji aka achchiqlanib. — Ichkilik ichgan odam oʻlimga mahkum qilinadi!
— Voy-boʻ, bir oʻlimdan qopsiz-da, taqsir! - dedi kosa-gul. - Taqsir oʻn beshinchi boʻchka bilan oʻn oltinchi boʻchka orasidan samosval oʻtmaguncha qoʻymaydilar shekilli!

Hoji aka tutaqib ketdi.
— Ogʻzingga qarab gapir, oʻv bratan! - dedi qoʻlini paxsa qilib. - Men suvini ichdim, bildingmi? Makruhi tagida qoldi, bildingmi?! Avval oʻrganib olgin-da, keyin vistupat qil, bildingmi?!

Qarasam, janjal chiqadigan. Sekin turib keta qoldim.