OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomi«Hayajonlanmang» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Hayajonlanmang» (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Mashoyixlar bilib aytgan ekan: doʻstning eskisi, xotinning yangisi yaxshi boʻlarkan. Yangi xotin degani-chi, yangi kalishga oʻxsharkan, vey! Issiqqina, yumshoqqina. Torgina... Avvalgi xotini sigirmijoz edi. Lapanglab yuradimi-ey, ovqatni pishillab yeydimi-ey... Bunisining yurgani bilin-maydi-ya! Mushukka oʻxshaydi, baraka topgur! Biram odobli, biram mehribon! Ikki gapning birida «jonim» deydi.

Unsizgina pildirab keladi-da, tizzasiga oʻtirib oladi. Tizzasiga oʻtiri-i-i-b, tomogʻini yalaydi. Shunday qilsa, erkak kishining asabi orom olarmish. Doʻxtir-da, biladi... Avvalgi eri shundoq xotinning qadriga yetmagan ekan, nomard!

Mana, bugun ham divanda oʻtire-e-eb, «Salomatlik» jurnalini oʻqiyotgan ekan. Eri eshikdan kirib kelishi bilan muloyim tovushda soʻradi:
— Yaxshi keldingizmi, jonim?
— Yaxshi, - dedi er, - bugun majlis boʻldi.
— Hayajonlanmang, jonim, hayajonlanmang, - dedi xotin. Er hayron boʻldi.
— Hayajonlanayotganim yoʻq. Ishxonada majlis boʻldi. Majlisda...
— Ana, yana hayajonlanyapsiz! Majlis boʻlsa boʻpti-da! Shungayam hayajonlanish kerakmi?
— Hayajonlanayotganim yoʻq, axir! - dedi er battar hayratlanib.
— Qoʻying, jonim, arzimagan majlis deb hayajonlanmang. Bir marta gapimga kiring. Iltimos, hayajonlanmang!
— Hoy, baraka topgur, hayajonlanayotganim yoʻq!
— Ana, qoʻlingizni paxsa qilyapsiz. Birinchi stadiya. - Xotin uning koʻziga diqqat bilan tikildi. - Nima keragi bor ortiqcha hayajonni! — Hayajonlanayotganim yoʻq, dedim-ku! -Er ingrab yubordi. — Hayajonlanayotganim yoʻ-oʻ-oʻq!
— Ovozingiz titra-a-ab chiqyapti. Demak, hayajonlanyapsiz. Odam hayajonlansa, yurak tez uradi. Yurak tez ursa, tomirdagi qon oqimi kuchayadi. Hayajonlanmang, jonim, hayajonlanmang! Oʻtiring, tomogʻingizni yalab qoʻyaman. Faqat hayajonlanmang!
— Hayajonlanayotganim yoʻq, inson, hayajonlanayotganim yoʻ-oʻ-oʻq!
— Koʻrdingizmi, ovozingiz borgan sayin baland chiqyapti, jonim. Odam qattiq hayajonlansa shunaqa boʻladi. Avval ovozi titrab chiqadi. Keyin balandlashadi. Qon oqimi quchaysa, adrinalin koʻpayadi. Andrialin koʻpaysa, bosim koʻtariladi. Bosim koʻtarilsa, qon tomirlari zoʻriqadi. — Xotan azza-bazza yalindi. — Xoʻp deng, jonim, hayajonlanmang!

Er tizzasini mushtladi.
— Hayajonlanayotganim yoʻq, deyman-a, hayajonlanayotganim yoʻq!
— Ana, baqiryapsiz! Koʻzingiz bejo... Ikkinchi stadiya! Qon tomirlari zoʻriqsa, asab tolalari oʻladi. Asab tolasi oʻlsa, odam insult boʻladi: falaj! Koʻzi gʻilay boʻli-i-ib, ogʻzi qiyshayi-i-b qoladi. Oyoq-qoʻli ishlamay qoladi. Men psixiatrman-ku, jonim, bilaman-ku! Xoʻp deng, hayajonlanmang!
— Hayajonlanayotganim yoʻq! - dedi er boʻkirib. - Hayajonlanayotganim yoʻq, gʻalcha, hayajonlanayotganim yoʻ-oʻ-q!
— Ogʻzingizdan koʻpik chiqa boshladi. Uchinchi stadiya! Falaj boʻlsangiz undan nari-ya, jinni boʻp qolsangiz... Xoʻp deb qoʻya qoling, jonim, hayajonlanmang!
— Nima? «Jinni?» Kim jinni?! - Er avval stolni mushtladi. Keyin qoʻshqoʻllab sochini yula boshladi. - Hayajonlana-yotganim yoʻq! Do-o-od! Voyd v-a-od! Hayajonlanayotganim yoʻ-oʻ-oʻ-q!

... Hushiga kelib qarasa, xotin narigi xonadan kimgadir telefon qilyapti.

— Allyoyoyo, bu jinnixonami? Florochka, oʻzingmisan, jonim? Hayajonlanma-a-a-ay oʻtiribsanmi? Erimga necha marta aytyap-man: hayajonlanmang, hayajonlanmang, desam, bu yana hayajonlanyapti. Peshonam qursin, avvalgi erim ham hayajonlanib-hayajonlanib, uch oyda jinni boʻp qoluvdi. Bunisi bir oygayam bormaydi shekilli?.. Nima? Yoʻ-oʻ-oʻq, u yogʻini oʻylab qoʻyganman. Gugurt, pichoq, bolta - hammasini bekitib tashlaganman. Nima deding? Voy, sening eringni uje opkelishdimi? Yana bitta koyka tayyorlab qoʻy, jonim! Erta-indin menikiyam borib qoladi-yov...