OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomi«Ijod – koʻngil ishi, ijtimoiy hodisa»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 30-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Ijod – koʻngil ishi, ijtimoiy hodisa»
Oʻtkir Hoshimov

— Oʻtkir aka, Sizning asarlaringizda inson qismati, uning baxti va fojiasi, fazilati va nuqsonlari tasvirlanadi. Shuningdek, kitoblaringizda jamiyat hayotiga aloqador ma’naviy-axloqiy masalalar ham, zamon va makon tushunchasi ham e’tibordan chetda qolmaydi. Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, yozuvchi oʻz zamonasiga daxldor shaxs boʻlishi kerakmi yoki bir asaringizda yozganingizdek, «qalbiga quloq solgani» ma’qulmi, degan savol tugʻiladi.
— Agar toʻgʻri tushungan boʻlsam, yozuvchilik koʻngil ishimi yoki ijtimoiy hodisami, demoqchisiz. Chindan ham keyingi paytlarda «ijod — koʻngil ishi» degan fikr koʻp aytiladigan boʻldi. (Oldindan uzr soʻrashim kerak. Bu muammo haqida avval ham oʻz qarashlarimni aytganman. Binobarin, ayrim gaplar takror boʻlsa, gazetxondan uzr soʻrayman). Xullas, shunday fikr koʻp aytilyapti. Ha, chindan ham badiiy ijod — koʻngil ishi! Mening e’tiqod darajasiga aylangan shiorim bor. Xudo koʻngliga solmaguncha, yozuvchi qoʻliga qalam olmaydi. Iste’dodning birinchi talabi ham shu boʻlsa ehtimol. Ijod shunchaki qogʻoz qoralash emas. Aks holda savodi bor har qanday odam adib yoki shoir boʻlib ketaverardi. Chinakam badiiy asar yozilmaydi, katta hayajon, ichki ehtiyoj bilan tugʻiladi.

Shoʻrolar zamonida badiiy ijodga propagandaning ta’sirchan vositasi sifatida qaraldi. Musavvir va aktyor, bastakor va rejissyor kabi yozuvchi va shoirlar ham partiyaning dastyori, «yugurdagi» boʻlishi, yagona mafkuraning karnayini chalishi talab qilindi. Kim karnayni qanchalik kuchanib chalsa, «xalqlar otasi»ni qanchalik «kimoshdi» qilib madh etsa, partiya gʻoyalarini qanchalik «yorqin» aks ettirsa, u shunchalik qadrlandi. Shu tariqa bir-biridan tumtaroq maddohliklar, havoyiliklar avj oldi. Biroq oʻquvchi ularni qabul qilmadi. Negaki bunday «asarlar» puch edi. Ularda jon yoʻq edi. «Jon» degani esa koʻngil mulki, qalbi buyurganini yozish demakdir.

Shu bilan birga bu iborani tor ma’noda, soʻzma-soʻz tushunish ham toʻgʻri boʻlmaydi. Agar ijod shunchaki «koʻngil ishi» boʻlsa, shoir yozgan she’rini xotiniga oʻqib berishi, adib romanini toʻrtta ulfatiga tarqatishi kifoya qilardi. Axir u koʻnglidagini qogʻozga tushirdi, xolos. Shunday ekan «koʻngil ishi»ni minglab, yuz minglab nusxada kitob qilib chiqarish shartmi? Bu savol tagida jiddiy masala yotibdi. Ha, ijod shubhasiz, koʻngil ishi! Ayni paytda bu nihoyatda jiddiy ijtimoiy hodisa ham! Negaki ijodkorning «koʻngil ishi» kitobga aylanganidan keyin uning shaxsiy boyligi emas, xalq mulkiga aylanadi. Endi u kitobxon ma’naviyatiga ta’sir qiluvchi, oʻquvchini inson qismati haqida oʻylashga, hayot toʻgʻrisida mushohada qilishga majbur etuvchi sehrli kuch sanaladi. Bu — badiiy ijodning ma’naviyatga aloqador jihati. Masalaning moddiy jihatida ham bosh qotirish kerak boʻlgan holatlar yoʻq emas. Har qanday hunar egasi qatori qalamkash ham oʻz iste’dodi, ogʻir yaratuvchilik mehnatiga yarasha moddiy ragʻbatlanishga haqli. Ijodga shunchaki «koʻngil ishi» deb qarash tagida shu holatni nazardan qochirish koʻzga tashlanadi. Qoʻpolroq qilib aytadigan boʻlsak, shoir kitobi chiqqaniga rahmat deyaversin qabilida oʻylaydiganlar bor.

Bir davrada ziyoli ukaxonimiz «dutorning qorni teshik boʻlgani uchun ovozi yaxshi jaranglaydi, shunga oʻxshab shoirlar ham qancha yupun yashasa, shuncha yaxshi ijod qiladi», degandi. Albatta, bu — shunchaki hazilomuz taqqos sifatida aytilgan deylik. Bunday «hazil»ni «asoslash»ga urinuvchilar boʻlishi ham mumkin. Ularning «asosi» quyidagicha. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy shuncha daho asarlar yaratib qoʻyib, bir chaqa «gonorar» olganmi? Shoh Boburchi? Mashrab, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz Oʻtar, Maxmur va boshqa oʻnlab qalam ahli she’r yozib shuning orqasidan kun koʻrmagan-ku. Ularning deyarli hammasi yupungina yashagan-ku!

Keling, hazrat Navoiy bilan Bobur shohga til tegizmay qoʻya qolaylik. Navoiy hazratlari butun bir saltanatning bosh vaziri boʻlganlar. Tarixchilarning yozishicha, lozim boʻlsa davlat xazinasiga ham yordam berib turganlar. Bobur ham kambagʻal boʻlgan emas. Binobarin, «qalam haqi» degan narsaga ehtiyoj sezmagan. Yuqorida nomlari sanalgan talay shoirlar chindan ham ijod qilish hisobiga bola-chaqa boqmagan. Biri hattot, biri sarboz, biri sartarosh va hokazo boʻlgan. Biroq ular yashagan muhit bilan bugungi kunni solishtirish mumkinmi? Muqimiy yoki Furqatning, Zavqiy yoki Avaz Oʻtarning nechta kitobi necha ming nusxada nashr etilib, necha yuz ming (yoki necha million) soʻmga sotilgan? Ularning bironta kitobi chop etilganmi oʻzi?

Soʻnggi yuz yil davomida kitob nashr etish butun bir industriyaga aylandi. Yaxshi yozuvchi va shoirlarning kitoblari (yaxshi kitoblari) oʻn ming, ellik ming, yuz ming nusxada nashr etiladigan boʻldi. Asarni bosmaga tayyorlagan nashriyot ham, chop etgan matbaa korxonasi ham, mahsulot ustiga oʻz «ustama» narxini qoʻyib sotadigan kitob savdosi xodimlari ham shu jarayonda ishtirok etgani uchun haq oladi va bu tabiiy hol. Shunday ekan, nega endi asarni yaratgan, yoʻq joydan bor qilgan ijodkorning manfaati birinchi oʻringa qoʻyilmasligi kerak? Mashhur estrada xonandasi, mashhur rassom, mashhur «qiziqchi» moddiy jihatdan qanchalik toʻkin yashasa, mashhur yozuvchi va shoir ham shunchalik badastur yashashga haqli. «Ijod — koʻngil ishi, asarini boʻsh vaqtda yozaversin» deyish adolatdan emas. Agar haqiqiy qalamkash haqiqiy san’at asarini yaratishdan koʻngli sovib ketsa, uning oʻrnini saviyasi past kitoblar toʻldira boshlashi tayin. Albatta, «samizdat» degan tushuncha ham bor. Muallif oʻz mablagʻiga kitob chop etishi, oʻz xotiralarini nashr ettirishi mumkin. Biroq qandaydir «boyvachcha» azbaroyi «nom qozonish» uchun «roman» yoki «shigʻir kitob» chiqargisi kelib qolsa, hamma xarajatlarni toʻlab, oʻsha «ijodi»ni nashr ettirib tarqatsa (bu ham «koʻngil ishi»da) oxiri nima boʻladi? Oqibatda shu boʻladiki, adabiyotning insonparvarlik missiyasi tamom boʻladi! Ma’naviyat mayib-majruhga aylanadi! Minglab kitobxonlar haqiqiy ijod xazinasidan benasib qoladi!..

Koʻrinib turibdiki, «moddiy» tushuncha bilan «ma’naviy» tushuncha bir-biriga bogʻlanib ketayapti.

Haqiqiy ijodkor zimmasida yana bir zalvorli yuk bor. U, oʻzi bilibmi, goho bilmaymi, xalqning nazariga tushishdek ijtimoiy vazifani yelkasiga oladi. Xalq haqiqiy yozuvchi yoki shoir deganda Vatan qismatini oʻylaydigan, odamlar dilidagini ifodalaydigan katta shaxsni tushunadi, unga ergashadi. Bu — butun jahonda bor narsa. Qaysi yurtga bormang, eng avvalo, oʻsha xalqning klassik shoiri, adib yoki dramaturgini ziyorat qilishga taklif etadilar. Uning haykalini, muzeyini tomosha qildiradilar. Har bir xalq oʻzidan chiqqan ulugʻ ijodkor bilan faxrlanadi. Negaki, ular bir tomondan oʻz xalqini jahonga tanitgan boʻlsa, ikkinchidan umumbashariy xazinaga ulush qoʻshgan. Shu ma’noda katta ijodkor katta ijtimoiy shaxs ham sanaladi. Xulosa shuki, adabiyot — koʻngil ishi. Biroq bu ijod ahlining jamiyat hayotida tutgan jiddiy nufuziga aslo monelik qilmaydi, aksincha, bu tushunchalar bir-birini toʻldiradi...
— Chinakam yozuvchi badiiy asarda qahramonlarini oʻziga boʻysundira oladi, degan fikrlar ham mavjud...
— «Qahramon» degan soʻzning oʻziga bir qadar shubha bilan qarayman. Menga qolsa «asar qahramoni» emas, «asardagi inson» degan ibora ishlatilsa aniqroq boʻlar edi. Sababi, «qahramon» degani qandaydir «boshqalardan ajralib turadigan», yaxshimi-yomonmi biron «hunar» koʻrsatadigan shaxs boʻlishi kerakdek tuyuladi. Mayli, hamonki, adabiyotshunoslikda «qahramon» degan ibora qabul qilingan ekan, shuni qoʻllay qolaylik. Shoʻro zamonida hali aytganimizdek, yozuvchiga partiyaning dastyori, adabiyotga esa kommunistik mafkuraning quroli deb qarab kelindi. Shunga yarasha qahramonlar ham ikki toifaga boʻlingan edi: ijobiy va salbiy. (Bu toifalar sinfiy pozitsiyani aks ettirsa yana yaxshi). Shu tariqa badiiy asarda faqat oq va qora ranglar, faqat yaxshi va yomon odamlar harakat qilishi udum boʻldi. Kommunist hech qachon xato qilmaydi. Ichmaydi, chekmaydi, partiya topshirigʻi bilan olis safarga borsayu, biron begona ayolga koʻzi tushib qolsa, qochib ketadi. Xullas, odam emas, «farishta». Mahalliy xalqning mingta donishmandi ming yil oʻylab hal qilolmagan muammoni markaz tomondan kelgan «ogʻa-amaki» bir soatda yechib beradi... Bular — ijobiy qahramon. Salbiy qahramonning qolipi ham tayyor. Ota-bobosi quloq yoki bosmachi boʻlgan. Oʻzi tekinxoʻr, xotinboz... Bu — ijod emas, masxarabozlik edi.

Shunga qaramay oʻsha zamonda ham har qanday qatagʻonlaru, «sosrealizm» qoliplaridan qoʻrqmasdan goʻzal va haqqoniy asarlar yozib, xalq mulkiga aylantirgan ijodkorlar oz boʻlmadi. Oʻtgan asrda yaratilgan oʻnlab roman va dostonlarda, she’rlar va dramatik asarlarda insonning murakkab va chigal qismati aks ettirildi. Bu sohada oʻzbek adabiyotining boshqa biron adabiyotdan qolishadigan joyi yoʻq. Shu boisdan murakkab qahramonlar faqat chet el adabiyotida yaratildi, desak, notoʻgʻri boʻladi. Ijodkor uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bugungi kunda bizning adabiyotimizda bunday qahramonlar safi yanada kengayadi, deb oʻylayman.

Aslida «murakkab qahramon» degani asardagi «ijobiy» odamga ataylab illat yopishtirish yoki «salbiy» qahramonga fazilat yelimlash degani emas. Kitobdagi odam chin ma’noda tirik insonga aylansa, fazilat va nuqsonlari bilan oʻquvchini larzaga solsa, kitobxon uni sevib qolsa yoki yomon koʻrsa, xullas, uning qismati sizni loqayd qoldirmay, hayot haqida oʻylashga majbur qilsa, demak bunday «qahramon» ham, kitob ham uzoq yashashga haqli. Bunda yozuvchining gʻoyalari badiiy tafakkur choʻqqisiga chiqqan boʻladi.
— Oʻtkir aka, bu borada oʻzingizning asarlaringizdan bir misol keltirish mumkin. «Tushda kechgan umrlar» romanida Komissar obrazi bor. Bu odamni mustabid tuzumning timsoli desa boʻladi. Uning shiori — hammani qoʻrquv iskanjasida ushlab turish, mavh etish, yoʻq qilish... Hatto bir oʻrinda u «men printsip uchun onasidan voz kechgan odamman», deydi. Bir qarashda siz bu qahramon tasvirida qora boʻyoqni quyuqlashtirib yuborgandeksiz. Ammo asarni sinchiklab oʻqigan kitobxon mana shu palid bir kimsaning ham katta fojialari borligini payqaydi. Uning chekist otasini «sinfiy dushmanlar» otib ketgan. Buning xunini butun bir qishloq «toʻlashga» majbur boʻladi. Shoʻro siyosati boʻlajak «komissar»ga «atrofingdagilar hammasi dushman» deb oʻrgatadi. Shuning uchun ham u oʻz hamqishlogʻini «xoin» deb otib tashlaganda zarracha iztirob chekmaydi. Uning nazarida hamma «dushman»! Shu kimsa kasriga farishtadek xotini hayotdan erta koʻz yumadi. Bir oʻgʻli chet elga qochib ketadi, biri undan yuz oʻgiradi. Ikinchi xotini koʻz oʻngida unga xiyonat qiladi. Uni hech kim odam oʻrnida koʻrmaydi, el-yurtga qoʻshilolmaydi, birov bilan dardlasholmaydi, yakkamoxov, kechalari uyquda alahsirab chiqadi...

Xullas, Umarali Normatov ta’kidlaganidek, Komissarning bu dunyoda tirik yurganining oʻzi — unga Xudo tomonidan berilgan jazo... Komissar faqat manfur shaxs sifatidagina emas, cheksiz fojialari bilan ham esda qoladi va oʻquvchi koʻz oʻngida tirik odamga aylanadi...

Oʻtkir aka, adib, shoir, umuman qalam ahlining ommaviy axborot vositalari bilan aloqasi, ularning bir-biriga ta’siri haqidagi mulohazalaringiz bilan ham oʻrtoqlashsangiz.
— El ardogʻiga sazovor boʻlgan shoiru adiblar, dramaturgu allomalarning deyarli hammasi ommaviy axborot vositalari maktabini oʻtagan. Abdulla Qodiriydan tortib Xayriddin Sultonovgacha, Gʻafur Gʻulomdan tortib Sirojiddin Saidovgacha barchasi gazeta yoki jurnalda, nashriyot yoki teleradioda ishlagan. Ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, gazeta, jurnal tahririyatlari, nashriyotlar qalam ahli uchun hayot va tajriba maktabi boʻlgan va bundan keyin ham shunday boʻladi, deb oʻylayman...

Xalq ehtiromidagi ijodkorlar ommaviy axborot vositalari bilan yaqin aloqada boʻlganlar. Ularning eng sara she’r va dostonlari, hikoya va romanlari gazeta va jurnallarda bosilgan. Bundan tashqari, oʻzini hurmat qilgan ijodkor jamiyatda va dunyoda roʻy berayotgan voqealar haqida ommaviy axborot vositalarida muntazam chiqib turishni oʻz burchi sanagan. Gʻ.Gʻulom va Oybek, A.Qahhor va A.Muxtor kabi ustozlarning jonkuyarlik bilan yozgan publitsistik chiqishlari jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olingan.

Bu yaxshi an’ana hozir ham davom etyapti. Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ozod Sharafiddinov, Naim Karimov, Salohiddin Mamajonov, Ibrohim Gʻafurov, Oydin Hojieva, Toʻra Sulaymon, Qutlibeka Rahimboeva, Xurshid Doʻstmuhamedov, Qoʻchqor Norqobilov kabi turli avlod vakillari boʻlmish adib shoir va olimlarning aqalli keyingi bir yil ichida gazeta va jurnallarda, televidenie va radioda qilgan chiqishlarini sanayman desangiz ancha vaqt kerak boʻladi. Bular she’r, hikoya va maqolalargina emas, bugungi kunning kechiktirib boʻlmas masalalari haqida kuyib-yonib koʻtarilgan muammolardir! Oʻzbekning or-nomus, vijdon, uyat, burch, andisha, insof, kechirimlilik degan muqaddas tushunchalari qadrsizlanib qolmayaptimi? Odamlar nima sababdan bu qadar yuzsiz, ibosiz, ochkoʻz boʻlib ketyapti? Bular ijod ahlining iztirob, dil faryodi bilan koʻtargan muammolari... Yaqinda mashhur rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoning matbuotda e’lon qilingan mulohazalarida insonlar orasida mehr-oqibat kamayib ketgani teran dard bilan aytilganini oʻqib, bunday muammo hamma yerda ham borligiga yana bir karra ishonch hosil qildim...

Oʻzim guvoh boʻlgan bir voqeani aytishim mumkin. Amerikalik jurnalist bilan suhbatimizda mehmon medan mahalla degani nima uchun oʻzbek hayotida bunchalik katta oʻrin tutishi, umuman, oʻzbek mentaliteti nimaligini tushuntirib berishni soʻraganida, bu masalada bir-birimizni tushunishimiz hiyla ogʻirligini aytib, bir misol keltirgan edim. Masalan, Amerikada voyaga yetib-etmagan bola ellik dollar pul talashib otasini sudga bersayu, sudda yutib chiqib, otasini besh ming dollar toʻlashga majbur qilsa, bu demokratiya tantanasi hisoblanadi. Mabodo shunday holat Oʻzbekistonda roʻy bersa, bunaqa bola «oqpadar» hisoblanadi. Hamma undan yuz oʻgiradi. Negaki, oʻzbekning farzandi oʻz padarini sudga yetaklab borgandan koʻra oʻlgani ma’qul, har nima boʻlgani ma’qul.

Yaqinda Toshkentdagi oliy oʻquv yurtlaridan birida boʻlib oʻtgan uchrashuvda shuni eslagan edim, bir talaba «agar pulni oʻsha bolaning oʻzi topgan boʻlsa otasini sudga berib, toʻgʻri qipti», dedi! Rostini aytsam, bu gap menga juda ogʻir botdi. Nahotki, yoshlarimiz orasida shu qadar shafqatsiz tafakkur qiladiganlar bor boʻlsa? Nahotki, mol-dunyoni oʻz padaridan yuqoriroq baholash mumkin boʻlsa?! Mayli, bugungi muayyan taqchilliklar oʻtar-ketar. Boy-badavlat ham boʻlarmiz. Ammo avlod-ajdodlarimiz ming yillar davomida avaylab kelgan qadriyatlarni tiklash, singan koʻngilni yamash, yoʻqolgan mehrni topish oson boʻlarmikan?

Avvallari ommaviy axborot vositalarida jamiyat qismatiga aloqador chiqish boʻlsa, keng muhokama qilinar, kerak boʻlsa oʻsha maqola yuzasidan tadbirlar belgilanar, qarorlar chiqarilar edi. Hozir ham ma’naviyat masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Ma’naviyat va ma’rifat markazlari gazeta yoki teleradiodagi eng jiddiy chiqishlarga e’tibor qaratsa, aqalli oʻsha maqolani maktab va kollejlarda, litsey va institutlarda, mahalla-koʻyda oʻqish uchun oʻn besh daqiqa vaqt ajratishga da’vat qilsa boʻlmaydimi?..

Xullas, ijod ahli matbuot, teleradioda oʻz burchini bajaryapti. Hamma gap jonkuyarlik bilan aytilgan oʻsha dardlar yuzasidan amaliy choralar koʻrishga kelib taqaladi...
— Keyingi paytda kitob oʻqishga ixlos susayib ketyapti...
— Bu hammamizning ogʻriq nuqtamiz. Chindan ham kitobxonlar kamayib boryapti. Buning sabablari koʻp. Hozir axborot vositalarining soni ham, koʻrinishi ham keskin koʻpaydi. Teleradio, kompyuterlar, seriallar, odamni oʻylashdan koʻra oʻylamaslikka undaydigan oldi-qochdi nashrlar, diskotekalar... Bular yoshlarning mazmunli «vaqt oʻtkazishi»ga xizmat qilayapti. Jiddiy adabiyot esa «vaqt oʻtkazish» emas kishini oʻylash, iztirob chekish, xulosa chiqarishga majbur qiladi. Koʻngilochar narsalar tez va oson hazm boʻladi. Ammo oson hazm boʻladigan narsaning hammasi ham foydali boʻlavermaydi. Fikrni qashshoq, tanbal qilib qoʻyadi... Bu masalaning bir tomoni.

Ikkinchi tarafdan qaralsa, yana oʻsha «bozor iqtisodi»ning ta’sirini koʻramiz. Qogʻoz, matbaa xarajatlari qimmatlashib ketgani bois kitoblar narxi ham oshib ketdi. (Shundan kelib chiqib, tiraj keskin kamaydi). Hozir oʻrtacha hajmdagi kitob bahosi 3 ming soʻm atrofida. Albatta, bunday narxga har kuni ham kitob sotib olish qiyin. Shu bilan birga kitob savdosida ham hal etilishi zarur boʻlgan muammolar bor. (Bu haqda maxsus qaror qabul qilingani bejiz emas). Nashriyotdagilar «kitob yaxshi sotilmayapti», deb noliydi. Markazdan bir qadam chetga chiqsangiz, maktab va kollej domlalari, kutubxonachilar, oddiy oʻquvchilar «kitobingiz nega chiqmayapti?» deb soʻraydi.

Misol tariqasida bir xatdan parcha koʻchirib olishingiz mumkin. Bu xat Samarqand viloyat Pastdargʻom tumani Q.Toʻraev nomidagi shirkat xoʻjaligi Baxshiboy mahallasida istiqomat qiluvchi Xoliq Amirovdan kelgan. «Men Sizning asarlaringizni katta qiziqish bilan oʻqiyman. Ular kitob doʻkoniga keladi-yu, darhol gʻoyib boʻladi. Yaqinda tuman markazidagi kitob magaziniga kirsam, ikki jildli asarlaringiz bor ekan. Sevinib ketdim. Narxini soʻrasam, olti ming soʻm ekan. Pulim yetmay, bittasini oldim. Ikki kundan keyin kelib, ikkinchisini soʻrasam, narxi deyarli besh hissa oshib ketibdi. «Nega bunday?» desam, sotuvchi «bu kitob yolgʻiz sotilmaydi», deb yana beshta kitob qoʻshib oʻrab qoʻyilgan boylamni koʻrsatdi. Qiziq, nega endi men oʻzim xohlagan kitobga «dum» qilib oʻzim xohlamagan kitoblarni ham sotib olishim kerak... Xullas, kitobni ololmadim. Yana bir gap. Televizorda «Dentomed»mi, balomi degan tish pastasini shu qadar koʻp reklama qildiki, bir kuni saksondan oshgan onamiz menga yalinib qoldilar. «Jon bolam, oʻsha aytayotgan «detamit»dan menga bir juftgina keltirib bersang, odamning tishi «karis» boʻlmasmish» ... Mazza qilib kuldik. Onamizning tishi plastmassa, tanglay tish boʻlsa, ularga pastaning nima keragi bor? Men boshqa narsani aytmoqchiman. Nima uchun har xil pasta, lab boʻyoq va yana allaqanday iprisqi narsalarni shu qadar keng reklama qiladilar-u, yaxshi asarlar targʻib qilinmaydi?»

Kitobxon Xoliq Amirovning bu gapiga qanday qoʻshimcha qilish mumkin? Oramizda shunday kitobsevarlar borligiga shukr! Oʻylaymanki, hamma baravariga kitobdan sovidi, desak, insofdan boʻlmas. Hamkasblarim kitobxonlar bilan uchrashuvlarda bunga oʻzlari ham guvoh boʻlyaptilar. Biroq kitobxonlikni oʻz xoliga tashlab qoʻyish ham mumkin emas. Kitob targʻibotini, savdosini tubdan yaxshilash kerak koʻrinadi. Qolaversa, biz — ijodkorlarning oʻzimizda ham ayb bor. Kitobxonlar bilan tez-tez uchrashishga goho vaqt topolmaymiz. Goho... erinamiz... Nima boʻlganda ham oʻquvchilarning badiiy asarga, soʻz sehriga boʻlgan mehrini saqlab qolish shart. Bu — ma’naviyat bilan, keskinroq qilib aytadigan boʻlsak, millat kelajagi bilan bogʻliq narsa.
— Oʻtkir aka, sir boʻlmasa, yozayotgan eng yangi asaringiz haqida...
— Keling, ukajon, shunisi «sir» boʻlib qolaqolsin. Xudo xohlasa, oʻsha asar tugʻilsa Sizga oʻzim xabar qilaman.

Suhbatdosh: Usmon Murodov