OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiDehqonning bir kuni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dehqonning bir kuni (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Muyassar tong saharda uygʻonib ketadi-yu, Alijonning bir tekis chuqur-chuqur nafas olishiga quloq solib, jimgina yotadi. «Qachon qaytganini bilmabman ham», deb oʻyladi u satin koʻrpadan boshini chiqarib. Devordagi osma soat besh marta zang uradi. Uning titroq sadollari uyning shiftiga, zardevorlar, kirpechlar osilgan devorlarga yumshoqqina urilib, singib ketadi. Uy ichi yana jimjit boʻlib qoladi. Soat kaftgiri sukunat qoʻynida goh sekin, goh qattiqroq chiqillayotganday boʻladi. Oy derazadan oʻychan moʻralaydi.

Muyassar erining yelkasidan quchgisi keladi-yu, oʻylab qoladi. «Charchagan, dam olsin...».

Muyassar tong saharda uygʻonib ketadi-yu, Alijonning bir tekis chuqur-chuqur nafas olishiga quloq solib, jimgina yotadi. «Qachon qaytganini bilmabman ham», deb oʻyladi u satin koʻrpadan boshini chiqarib. Devordagi osma soat besh marta zang uradi. Uning titroq sadollari uyning shiftiga, zardevorlar, kirpechlar osilgan devorlarga yumshoqqina urilib, singib ketadi. Uy ichi yana jimjit boʻlib qoladi. Soat kaftgiri sukunat qoʻynida goh sekin, goh qattiqroq chiqillayotganday boʻladi. Oy derazadan oʻychan moʻralaydi.

Muyassar erining yelkasidan quchgisi keladi-yu, oʻylab qoladi. «Charchagan, dam olsin...».U oʻrnidan ohista sirgʻalib chiqadi. Sandiq ustida yotgan nimchasini kiyib oladi-da, yana erining tepasiga keladi, uzoq qarab qoladi. Alijonning keng, tarang peshonasiga mayda ter tepchib chiqibdi. «Bechoraginam, — deb oʻyladi Muyassar undan koʻz uzmay, — biram toliqibdiki, doʻppisini ham olib qoʻymabdi».

U erining peshonasini kafti bilan avaylab artadi. Keyin ayvonga chiqadi.

Ayvon labiga tegib turgan gultojixoʻrozlar boshida, hovli etagida uyib qoʻyilgan gʻoʻzapoyalar ustida shabnam yaltiraydi. Yum-yumaloq toʻlin oy qishloqni oʻzining nurli yoʻrgagiga oʻrab, uyquga, shirin tong uyqusiga chorlaydi, unda-munda yulduzlar mudraydi. Ammo qishloq allaqachon uygʻongan. Har qaysi hovlining burchagida tunning baxmal pardasini parchalab oʻt yaltiraydi: odamlar tandirlariga olov yoqishgan.

Muyassar ham ayvondan chaqqon sakrab tushadi-yu, samovarga oʻt tashlaydi. Keyin oʻchoqboshidan suprani olib kelib, choʻkkalab oʻtyrgancha xamir qoradi. Togʻorani dasturxon bilan oʻrab-chirmab, hovli burchagidagi uyilib yotgan gʻoʻzapoyalar oldiga boradi. Bir quchoq gʻoʻzapoya olayotganida, qoʻllarini havoda muallaq tutgancha toʻxtab qoladi. Dastak devorning orqasidagi, qoʻshni hovlidagi bir tup oʻrikning duv toʻkila boshlagan yaproqlari tong shamolida ohista pirpiraydi. Muyassarning yaqingina oʻtmishini, kechagi kunlarini yodiga solganday shivirlaydi. Bir paytlar mana shu oʻrik shoxiga arqon ilib argʻimchoq uchardi. Shu oʻrikning gʻoʻrasini birinchi boʻlib oʻzi yerdi.

Endi u shoʻx qizaloq emas, kelin. Devor-darmiyon qoʻshnisiga tushgan. Dadasi ham ularga — Muyassar bilan Alijonga oʻz qoʻli bilan fotiha bergan. «Alijon yaxshi yigit, oʻzimizning sinashta bola. Yetim oʻsgan. Bir-biriga koʻngil qoʻyibdi, boʻldi-da!», degan.

Muyassar toʻy kuni dadasi qanchalik uzundan-uzun duo qilganini eslab jilmayib qoʻyadi-yu, gʻoʻzaloyani olib tez-tez yurib ketadi. Qoq-quruq gʻoʻzapoya gup etib yonadi, yuziga olov tafti uradi. U endi uy tomonga yurganida buzoq ma’raydi. Sigir ham Muyassarning qadam tovushlaridan uygʻonganday asta moʻ‘rab qoʻyadi.

Muyassar ayvon labidagi kattakon sirli chelakni koʻtarib, xashak isi anqib turgan ogʻilxonaga kiradi. Nimqorongʻi burchakda yotgan sigir pishillab oʻrnidan turadi.

«Tagi hoʻl boʻlibdi, tozalash kerak», deb oʻylaydi u. Keyin sigirning yelinini hoʻllangan eski sochiq bilan tozalab artadi-da, choʻqqayib oʻtirgancha sogʻa bosh-laydi. Iliq sut tomchilari chelakka shovillab tushib, koʻpirib ketadi, bilaklariga sachraydi.

Chelak toʻlganidan keyin qoziq atrofida aylanib, onasiga talpinayotgan buzoqchaning arqonini yechib yuboradi. Buzoq shodon dikonglab sigir tagiga kirib ketadi.

Muyassar bolalikdan odat boʻlib qolgan chaqqonlik bilan non yasaydi. Bir savat qilib tandir oldiga koʻtarib boradi, bitta-bittadan yopa boshlaydi. Oxirgi nonni yopadi-yu, yengil nafas oladi.
— Muyas!..

U erining ovozini eshitib, chaqqon burilib qaraydi. Beqasam toʻnini yelkasiga tashlab olgan Alijon aivon labida unga qarab turibdi.
— Keling! — deydi Muyassar obdastaga suv quya turib.

Alijon ayvondan ildam tushib, gulzor labiga keladi. Muyassarga tikilib jilmayadi.
— Punktda navbat kutish yomon-da, Muyas... Har kecha yuztalab mashina qatorlashib ketadi. Qoʻyib bersa tong otguncha turaverasan kishi, — deydi sekingina. Muyassar uning kecha uyga barvaqt qaytolmagani uchun uzr soʻrayotganini tushunadi.

Erining baquvvat yelkasidan ushlab jilmayadi...
— Engashing.

Alijon ham uning arazlamaganini payqaydi-yu, boshini quyi soladi.
— Mana, boshim sizniki, — deydi kulib.

Muyassar suv quya boshlaydi. Alijon muzday suvdan seskanib, pishqira-pishqira yuvinadi.
— Yuvinayotganingizda har doim otga oʻxshab pishqirasiz-a... Qarang, koʻylagimni jiqqa suv qilib yubordingiz, — deydi Muyassar hoʻl boʻlgan etaklarini koʻrsatib.

Alijon boshini koʻtarib astoydil yalinadi:
— Hech boʻlmasa toychoq deng, Muyas.

Muyassar uning yosh bolalarday boshini bir yonga tashlab turishiga qarab, kulib yuboradi.

Shu ondayoq tandirdagi non esiga tushib, yuguradi. Qoʻllari kuya-kuya bir savat non uzib oladi. Tong yorishadi, tun qushi qop-qora qanotlarini yigʻib, qishloq ustidan olislarga uchib ketadi-da, chor-atrof odatdagi qiy-chuvga toʻlib-toshadi.

Ikkovlari shosha-pisha shirchoy ichishadi. Alijon tushlik ovqatini belbogʻiga tugadiyu mashinasining yoniga ketadi. Darvozaxona tomondan motorning guldiragan ovozi eshitiladi. Kabina eshiklari qarsillab yopiladi.

Muyassar uyni naridan-beri yigʻishtiradi-da, ikki chetida qator-qator teraklar shovillab turgan toshloq yoʻldan dalaga tomon yurib ketadi. Uzoqda, togʻ ortidan quyosh bosh koʻtaradi. Qishloq suv quyganday jimib qoladi. Paxtazor katta-kichik hammani, maktab bolalarigacha domiga tortgan.

Muyassar etakni beliga bogʻlab olgancha paykalga shoʻngʻiydi. Paxtalar yonogʻiga ilingan qirov sekin-sekin shudringga aylanadi. U esini taniganidan beri oʻrganib ketgan ishini tagʻin qaytadan boshlaydi. Zum oʻtmay etak toʻlib-toshadi. Bora-bora beli zirqillab ogʻriy boshlaydi. Zax, yumshoq egat ichiga etakni agʻdaradi-yu, yana qayta bogʻlaydi. Koʻz oʻngidan oʻnlab, yuzlab, minglab chanoqlar birma-bir oʻtadi. Goho shunday boshi aylanib ketadiki, koʻzini yumsa, tasavvurda oppoq chanoqlardan boshqa hech narsa koʻrinmay qoladi. Ammo u toʻxtamaydi. Engashib oldinga intilaveradi,

Peshinga yaqin kun qizdira boshlaydi. Muyassar nimchasini yechib tashlab, tagʻin gʻoʻzalar orasiga shoʻngʻiydi. Shu payt muloyim kuz quyoshida erigan yumshoqqina havoni titratib, tabelchi Shoqosim akaning tanish ovozi yangraydi.
— Hoy, ho-oy, qizlarov, ovqatga-e-e! Uning tovushi paxtazor ustida anchagacha elas-elas sado berib turadi.

Muyassar tergan paxtalarini uyib, etakka bosadi, yukning ogʻirligidanmi, oʻyga tolibmi, boshini quyi solgancha, xirmonga chiqib boradi.

Shoqosim aka etakni temir taroziga qoʻyib, toshni surarkan, salqi qovoqlarini lipillatib Muyassarga qarab qoʻyadi. Burushiq yuzi oqarib ketganday boʻladi: — Qirq sakkiz kilo... Mazangiz yoʻq-ku, kelin! Muyassar uning nimaga shama qilayotganini bilib gʻijinadi. «oʻyin-kulgidan boʻshamay qolding», demoqchi-da!

U bir gap bilan qayirib tashlagisi keladi-yu, yoshini hurmat qilib, oʻzini tiyib qoladi. «Mayli, — deb oʻylaydi paxtani xirmonga agʻdara turib. — Bu odamning odati shu. Yuz yil asal bilan boqsangiz ham ogʻzidan shirin gap chiqmaydi».

Qizlar kattakon qayragʻoch soyasida, hovuz labida oʻtirib, tushlik qilishadi. Qayragʻoch shoxlarida yuz-yuzlab chumchuqlar chirqillaydi. Qayoqdandir shamol kelib, hovuz yuzidagi mayda-mayda jilolar yelkasiga minib oladi.

Orqa tomondan mashina signali eshitiladi.
— Rais buva kelyaptilar! — deydi qaysidir qiz qoʻngʻirokday ovoz bilan.

Baland boʻyli, qotma, ammo tetik rais ochiq chehra bilan hayqiradi:
— Hormanglar, qizlar!

Qizlar quvnoq salomlashishadi.
— Barakalla, qizlar! Yashanglar. Plan toʻlgan kuni hammangizni Toshkeshta — tomoshaga olib boraman.
— Naq Toshkentning oʻzigami? — deydi orqaroqda oʻtirgan qizlardan biri ishonqiramay.
— Naq Toshkentning oʻziga!
— Panoramaga ham tushamizmi? Rais begʻaraz qahqaha uradi:
— Oʻsha panoramaga tushamiz-da!

Rais yaxshi odam. Chindan ham har yili qizlarni bir-ikki marta shaharga — teatrga olib boradi.
— Qani, — deydi u hammaga bir-bir qarab. — Kim eng yaxshi ishlasa, oʻshani kelin qilaman. Xohlasa, mexanizatorlar kursiga joʻnataman.

Hovuzda kosasini yuvayotgan qop-qora qiz — e’tibor yelkasi osha oʻgirilib qarab, bijir-bijir qilib gapirib tashlaydi:
— Oʻzi bitta oʻgʻlingiz bor, qaysi birimizni kelin qilasiz. Uyam boʻlsa shaharda oʻqiydi. Kim bilsin, hali bola-chaqasini boshlab keladimi.

Hamma qah-qah urib kuladi, rais ham...

... Yana oʻsha paykallar, chanoqlar, paxtalar... Muyassar yana ishga shoʻngʻib ketadi... Qoʻllari yana chanoqlar ustida oʻynaydi.

Oqshom shafagʻi yuziga kul tortganida paykaldan chiqishadi. Muyassar uyga qaytishdan oldin kanal boʻyiga keladi: sigirga oʻt yulish kerak. Muyassarning yonginasida chigirtka nagʻmasini boshlaydi. Oromli sukunatni chuqurlashtirib, uzoq tinimsiz chirillaydi. Suv yuzida baliq sakraydi. Choʻlp etgan ovoz eshitiladiyu yana sukunat quyilib keladi. Allaqayoqdan uchib kelgan baliqchi qush suvga shoʻngʻiydi. Shu ondayoq qiyqirib havoga koʻtariladi. Muyassar qirgʻoqda oʻsib yotgan barra maysalarni shart-shurt yulishga tushadi. Allanechuk qadrdon, mast qiluvchi koʻkatlar isidan boshi aylanib ketadi. Suv yuzi qop-qorayib qoladi. Eng avval uygʻongan shoshqaloq bir yulduzcha kanal suviga shoʻngʻiydi. Goh jilolarda koʻmilib ketadi, goh yana qaytib chiqadi.

Orqa tomondan mototsiklning gurillagan tovushi eshitiladi. Mototsikl sukunatni tilka-pora qilib yaqinlashadi-da, uning yonginasida taqqa toʻxtaydi. — Yana kolxozning oʻtini yulyapsanmi? Muyassar qayrilib qaramasdanoq taniydi. Oʻsha — Shoqosim aka. U sekin boshini koʻtarib qaraydi. Tabelchi mototsiklining egaridan tushgisi kelmay, bir oyoqlab yerga tiralib turgan boʻladi. Muyassar uning yuzini gʻira-shira qorongʻida aniq koʻrmasa ham, qovoqlari pir-pir uchib turganini payqaydi.

Bu odam shunday oʻzi: otdan tushsa ham, egardan tushgisi kelmaydi. Bir vaqtlar rais boʻlgan edi. Unda Muyassar qizaloq edi. Bir kuni sigiri paxtazorga tushib ketgani uchun Qoravoy taqachining toʻqqiz yashar oʻgʻlini oʻlar holatda doʻpposlagan.

Shoqosim aka haliyam oʻsha kunlarini qoʻmsaydi. Menga odamlarning dimoq-firogʻi emas, paxta kerak, deydi. Muyassar bu safar ham olishib oʻtirmay, qishloqqa qaytadi.

U endi oʻchoqqa olov yoqqanida eshikdan ola sigir moʻ‘rab kirib keladi. Muyassar gullarni payhon qilib tashlamasin, deb darrov arqonlaydi. Kattakon sirli chelak yani iliq, serkoʻpik sutga toʻladi.

Muyassar buzoqchani yechib yuboradi.

Taom pishgandan keyingina Muyassar qattiq to-liqqanini sezadi. Uch-toʻrt jazni ogʻziga soladi-yu, tovoqni berkitib qoʻyadi. «Hali Alijon akam kelsa, birgalashib ovqatlanamiz».

Lekin Alijon hali-beri qaytmasligini oʻzi ham biladi. Terim kunlari shofyorlar kecha-kunduzning farqiga bormay qolishadi.

Guzar tomondan baland muzika ovozi yangraydi. «Klubda kino boʻlyapti, — deb oʻylaydi Muyassar jimgina quloq solib. — Qanaqa kino ekan?»

U uyiga kirib, elektr yoqadi. Burchakdagi toshoynaga oʻzini soladi. Qora qosh, qora koʻz, moʻ‘jazgina qiz unga qarab jilmayib turadi. Birdan uning shoʻxligi tutib ketadiyu oʻzining aksini oʻzi masxara qila boshlaydi. Tilining uchini chiqarib, boshini likillatib qoʻyadi. Keyin mayin jilmayib, oyna tokchasidagi upani oladi. Upaga botirilgan paxtani yuziga yaqinlashtirishi bilan toʻxtab qoladi.

«Yana qoʻlim yorilibdi», gʻoʻzapoya tirnab tashlagan qoʻllariga qaraydi. Tagʻin jilmayib qoʻyadi. Mana shu nozik, chayir barmoqlari, tiqmachoqday qoʻllari bilan allaqachon oʻziga haykal bitgulik ishlar qilib qoʻyganligi, bugun ham oʻsha haykalga yana jilo bergani uning xayoliga ham kelmaydi.

Keyin uxlab qolishdan choʻchib, yechinmasdan oʻrniga choʻziladi, kuta boshlaydi. Ana, koʻchadan mashina ovozi keldi. Muyassar ildam qaddini rostlab oʻtirib oladi. Motor tovushi kuchaya-kuchaya yaqinlashadi-da, yana sekin-sekin uzokdashib ketadi. «Yoʻq, Alijon akam emas, Idora tomonga oʻtib ketdi-ku».

U shiftta tikilib uzoq yotadi. Lekin endi motor ovozi kelmaydi. Itlar akillamaydi. Bedana ham sayramaydi. Qishloqni uyquning sukunat toʻlqinlari oʻz bagʻriga oladi.

Faqat qaerdadir — uzoqda alla eshitiladi. Qaysidir ona oʻz kichkintoyining boshida qoʻshiq aytyapti. Muyassar shirin jilmayib qoʻyadi. Mana, bir yildan keyinmi, ikki yildan keyinmi oʻzi ham ona boʻladi. Oʻshanda oʻzi ham shunaqa sokin kechalarga jon kiritib alla aytadi. Bir vaqtlar ayasi kenja ukasiga alla aytayotganida quloq solib oʻrganib olgan.

Uyqu uning ham kipriklarini aldab-aldab qovushtirib ketadi. Muyassar toliqqan oyoq-qoʻllarini yozgancha, dong qotib uxlab qoladi.

U tush koʻradi. Tushida jajjigina qizaloq emish. Oʻrikning shoxiga arqon tashlab argʻimchoq uchayotganmish. Oʻrik qiygʻos gullaganmish. Argʻimchoq har silkinganida uning boshidan bir dunyo gul sochilarmish. Argʻimchoq borgan sayin qatiqroq lopillarmish. U borgan sayin balandga, osmon-falakka chiqib tusharmish. Yer ham, osmon ham, argʻimchoqning arqoni ham — hammayoq gul emish. Oqish pushtigul emish. U xandon urib, qiyqirib-qiyqirib kularmish. Koʻzlaridan yosh chiqib ketarmish...

U tush koʻradi. Ammo oy fonusining piligini pasaytira boshlaydi.

Kunchiqar tomonda osmon sutday oqish rangga kiradi. Yangi kun boshlanadi.