OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiDehqonning bir tuni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dehqonning bir tuni (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

«
Bundan yigirma ikki yil avval «Guliston» jurnalida «Dehqonning bir kuni» degan hikoya bosilgan edi. Unda oddiy paxtakor oilaning bir kunlik hayoti tasvirlangan...
Hikoya rus tilida «Literaturnaya Rossiya» haftaligida chiqdi, toʻplamlarga kirdi, talay qardosh xalqlar tillariga, chet el tillariga oʻgirildi.
Oradan shuncha fursat oʻtgach, eski doʻstlarim, qariyb oʻz tengqurlarim — Muyassar va Alijonni qoʻmsayverdim... Mana, ular bilan tagʻin uchrashdik.

Muallif, 1989 yil, mart.
»

Yo-yo-tishibdi... Oʻng tomonda Alijon. Chap tomonda Muyassar... Yonboshida toʻrt yashar Doniyor... Uy ichi salqin, choʻyan pechkaning gʻira qopqogʻidan tushayotgan nur devorga qizgʻish chiziq tortgan. Tashqari oydin shekilli, deraza yorugʻ. Eski toshoyna xira yiltiraydi. Toshoyna burchagiga qistirib qoʻyilgan rasm oqarib koʻrinadi. Lekin Muyassar uni ravshan tasavvur qiladi: Valijonning surati. Uni Halimaxon chizgan. Boʻyoq qalam bilan... Oʻlmasidan yarim yil ilgari... Toshoyna tokchasidagi soat shoshilinch chiqillaydi. (Valijon Novgorod tomonlardan olib kelgan batareyali soat)... Alijon yonboshiga agʻdarilib «imm» deb qoʻyadi. «Tagʻin beli ogʻriyapti», deb oʻylaydi Muyassar yuragi achishib. Ammo eridan hol soʻrashga botinmaydi: «Uygʻonib ketmasin».

Yetti yil boʻldi. Tuppa-tuzuk mashinasini haydab yurgan odam ayni qish chillasi «pichan obkelmasak boʻlmaydi», deb toqqa ketdi-yu, bir haftada shu dardni orttirib keldi. Bormasa boʻlmasdiyam-da... Fermaning mollari ochlikdan boʻkirib yotgan boʻlsa... Kolxozning oʻzi beda sepmasa...

Alijon avvaliga sezdirmadi. Ichidan Muyassarning jun roʻmolini beliga bogʻlab yuraverdi. Keyin yotib qoldi. Qimir etsa joni chiqib ketayotgandek ingraydi. Oʻshanda «yorildi». Xashak olib qaytishayotganda qor koʻchib, ikki kecha togʻda qolib ketishibdi...

Uy ichi salqin... Choʻyan pechka eshigidan tushayotgan chiziq ojiz miltiraydi. Valijonning soati shoshqin chiqillaydi. Muyassarni xayol olib qochadi. Valijon sogʻmikin... U yoqlarda sovuq qattiq boʻlarmish. Bugun «Vremya»da aytdi. Moskvada 28—33 daraja... Novgorod Moskvaga yaqin emish. Valijon aytgan.

Doniyor quv-quv yoʻtaladi. Oyoq-qoʻlini tipirlatib, ustidagi koʻrpani ochib tashlaydi.
— Aya-a-a! — deydi yigʻlamsirab.

Muyassar tirsagiga tayanib, bolaning ustiga koʻrpa tortadi. Peshonasiga kaftini bosib koʻradi. Xayriyat, isitmasi yoʻq.
— Uxla, bolam, uxla, — deydi sekin.
— Buning yana yoʻtalyapti-ku, onasi...
— Sizniyam uygʻotib yubordimi? — Muyassar eriga achinib qaraydi. — Shoʻx-da, boya Salimangiz aytdi: pechkada qor eritib, pishillatibdi... Uxlang.

Muyassar erining uyqusini oʻchirib yuborishdan qoʻrqib, qimir etmay yotadi. Soat chiqillaydi. U tagʻin Valijonini oʻylaydi. Moʻmin bola. Otasiga tortgan. Oʻnni bitirib institutga kirmoqchi edi. Yigʻlamoqdan beri boʻlib qaytib keldi. Domla aytganmish. «Ekonomist boʻlishni orzu qiladigan odam avval familiyasini toʻgʻri yozishni oʻrganadi, yigitcha! Qishlogʻingizga borib paxta teravering!»

Muyassar kuydi. Otasi kuldi: «Biz tomonlarda paxta terishdan boshqani oʻrgatmaydi, demadingmi, oʻgʻlim... Mayli, parvo qilma, hamma olim boʻlib ketsa, podani kim boqadi». Valijon poda boqmadi-yu, tagʻin paxta terdi.

Keyin... Boshqa gap chiqib qoldi. Yangi rais (avvalgi Rais buva qamalib ketdi, uch yil boʻldi: paxtani qoʻshib yozgan ekan) majlis qildi. Xoʻp aqlli gaplar aytdi. (Aytadiyam-da, yosh, oʻqimishli). «Koʻrib turibsizlar, biz tomonlarda tugʻilish koʻpayib ketyapti, — dedi, — har bitta oilaga oʻn besh sotixdan tomorqani qaerdan topamiz, paxtaga yer yetmayapti-ku»: Xullas, ayon boʻldiki, Rossiyaning noqoratuproq yerlari «oʻtyurak» dyohqonlarni, iloji boʻlsa, yoshlarni kutib yotgan emish.

Valijon tushmagur shu gapni eshitdi-yu, patagiga qurt tushib qoddi. Muyassar «ketma», deb uvvalo yalinsa ham koʻnmadi. «Tushunsangiz-chi, aya, oʻz holimga qoʻying, yosh bola emasman», dedi.

Dadasi yonini oldi (har qalay erkak-da). «Bolani oʻz holiga qoʻy, onasi, rais bir nimani bilmasa gapirmaydi», dedi.

Valijon bir yilchadan keyin kech kuzakda toʻsatdan kelib qoldi. Otpuskaga. Qarang, Muyassar oʻgʻlini tanimay qolsa deng... Soqol qoʻygan... Boshida telpak... Ralatiroq boʻlib qolgan. Kamgapmi-ey, odamovimi-ey...

Ikki marta singlisining mozoriga borib keldi-da, tagʻin yoʻlga otlanib qoldi. Oʻsha kuni dadasiga dilini yordi: «Xoʻroz hamma yerda bir xil qichqirarkan, hech kim bizni quchoq ochib kutib olgani yoʻq. Oʻzlarining turish-turmushi yaxshi boʻlsa, qishlogʻini tashlab qocharmidi, jonimga tegdi, bahorda qaytib kelaman», dedi. Otasi gapini ma’qulladi: «Tentirab yurma begona yurtlarda! Kelaver, ochingdan oʻlsang men kafil».
— Uyingda is bormi, onasi?

Xayol surib yotgan Muyassar eri tomon ilkis oʻgiriladi.
— Uxlamadingizmi?.. Oʻlsin... koʻmirxonaga kirsam, yakkash kukun qopti. — U bir zum jim yotadi-da, soʻraydi.
— Poezd biletini ertaga olasizmi?
— Olaman, — Alijon negadir xoʻrsindi. — Buyam bir qop gʻalva shekilli. Avval Moskvaga borilarkan, undan Tbilisiga, undan Kutaisiga...
— Mayli, dadasi. Koʻrmagan joylarni koʻrib kelasiz.

Jimib qolishadi. Yangi rais Alijonning belidagi bodini davolash uchun Kavkaz tomondagi allaqaysi «kurot»ga putyovka beribdi.
— Joningizdan aylansin, — deydi Muyassar osoyishta ohangda. — Qiynalib yurasizmi?

Tagʻin jimlik choʻkadi. Allaqaerda it akillaydi.
— Koʻmir olish kerak, — dedi Alijon boʻgʻiq ovozda. — Qishning keti koʻrinmayapti.
— Oʻlsin, anqoning urugʻi-ku. — Kechagi voqea daf’atan Muyassarning esiga tushadi. — Magazinga qand kelgan ekan. Tumonat odam... Qarasam, Tursunoy xolayam ochiritda turibdi. «Erimda gunoh yoʻq, majbur qilishgan», deydi. Adoyi tamom boʻpti.
— Rais buva insofli edi, — Alijon tagʻin xoʻrsinadi. — Xalqqa qayishardi.
— Oʻgʻlini qargʻadi, — deydi Muyassar kuyinib. — Toshkentda oʻqigan oʻgʻli bor edi-ku... hozir Qoʻqonda ishlayotgan ekan. Sudmishmiey, advokatmi... Tursunoy xola «otangni qamoqdan chiqarib ber, shu odamning pushtikamaridan boʻlgansan-ku, bolam», deb yigʻlasa, oʻgʻli koʻnmabdi. «Pripiska qilganlarga chora yoʻq, aya», dermish.
— Ungayam osonmas, — deydi Alijon xomushlik bilan. — Nima qilsin, davlatning odami.
— Ularnikidayam koʻmir ado boʻlgan ekan, — deydi Muyassar Tursunoy xolaning gapini eslab. — Shotursunga bir mashina koʻmir obkeb bering, baraka topkur, rahmatli otangiz rais buvaning qadrdoni edi, desa Shotursun jerkib beribdi: «Ikki yuzdan kamiga boʻlmaydi, men yetimxonaning direktori emasman. Rais buva koʻmib ketgan tillalarni chiqaring-da, mundoq», dyopti.
— Otasiga oʻxshagan errayim-da, bu bola! — Alijon jahl bilan toʻngʻillaydi. — Shoqosim aka ham shunaqa xudobexabar odam edi.

Muyassar qovogʻi muttasil uchib turadigan Shoqosim akani, hozir stantsiyadagi koʻmir iskaladda ishlaydigan Shotursunni eslab, koʻngli gʻash tortadi, rais buvaning xotinigaki shundoq degan boʻlsa, boshqalarga ikki yuz ellikdan kamiga koʻnmaydi.

Tursunoy xolaning yigʻlab aytgan gaplari tagʻin xayoliga jonlanadi: «Sizga yolgʻon, Xudoga chin, jon qizim, cholim bir xil raislarga oʻxshab sandiq-sandiq pul yigʻmadi. Boshqalardan nimamiz ortiq, mana, bir paqir koʻmirga zor boʻlib oʻtiribman...»
— Rais buva vaqtida pensiyaga chiqib ketsa shu ishlarga aralashmasmidi, — deydi Muyassar oʻziga oʻzi gapirib.
— A? — Alijon endi mudray boshlagan shekilli, qayta soʻraydi. — Kim deysan?
— Rais buvani aytaman-da.
— Undayam baribir qamalardi...

Muyassar astoydil ajablanadi:
— Nega endi? oʻziga toʻgʻri boʻlsa. Birovga ogʻzi tegmasa, tili tegmasa...
— Planni bajarmasa boʻlmasdi-da, onasi, — deydi Alijon ishonch bilan. — U zamonlarda bajarmasa qamalardi. Endi bajargani uchun qamayapti.

«oʻzing panohingda asra, Xudo!», deydi Muyassar xayolan. Dili yorishadi. Yaxshiyam eri raismi, brigadirmi boʻlmagani... Ana, qanchasi qamoqda yotibdi.

Narigi xonadan ingroq tovush keladi.
— Qaysi biri? — deydi Alijon xavotir bilan.
— Salimangiz... — Muyassar narigi xonada yotgan uch qizining qaysi biri tushida alahsiragani-yu, qaysi biri ingraganini aniq biladi.
— Yana bannisaga yotqizsakmikan, — deydi Alijon. — Jigar ogʻrigʻi qoʻzgʻadi shekilli. Halimaga oʻxshab...
— Nafasingizni issiq qiling! — deydi Muyassar beozor jerkib.

Erining koʻnglidan oʻtayotganlarni biladi. Oʻzining ham koʻz oʻngiga lop etib Halimaxon keladi. Valijondan keyin tuqqan qizi. Oʻziyam bu dunyoga sigʻadigan qiz emasdi-da. Sochi yer supurardi. Kiprigi yuziga tushardi. Otasi ham hayron: kimga tortgan bu qiz? Chap qoʻllab rasm chizsa (chapaqay edi), odamning aqli shoshardi. Shunaqa mehnatkash, shunaqa chaqqon. Non yopadi, sigir sogʻadi, pillaga qaraydi, dalaga chiqib chopiq qiladi, yuz kilolab paxta teradi. Yaxshi qiz mahalladan chiqmaydi, degan gap rost ekan. Oʻn oltiga toʻlib-toʻlmasdan turnaqator sovchilar qatnasa deng... Boʻlmasa toʻqqizinchiga endi koʻchgan qiz...

Bir kuni Muyassar ishdan kelsa, Halimaxon akasini ayvon burchagidagi kursiga oʻtqizib qoʻyib, albomga rasmini chizyapti. Qoʻlida boʻyoqqalam. «E, buningizga ayting, aya, xit qilib yubordi-ku, odamni, — dedi Valijon doʻrillab. — Nima, men vistavkaga qoʻyilgan echkimanmi? Ikki soatdan beri qoqqan qoziqdek oʻtiribman. E, bor-e!» — Valijon qoʻlini paxsa qilib oʻrnidan turib ketayotgan edi, Halimaxon muloyim jilmaydi. «Qirqiga chidadingiz, qirq birigayam chidang-da, akajon! Besh minut qoldi».

Muyassar qizi chizgan rasmga bunday qarasa... Yo tavba! oʻgʻli shunaqa katta yigit boʻp qoptimi? Moʻylovi sabza urgan... Koʻzlarida, qop-qora koʻzlarida allanechuk shoʻxlik... Hatto iyagidagi husunbuzar ham yarashib tushgan.

... Muyassar oʻsha kungi gapi uchun hanuz ich-etini yeydi. Nega baqirdi qiziga? «Sen ahmoqqa qachon aql kiradi, qiz oʻlgur! Ovqatga unnash oʻrniga... Akang bu yil oʻnni bitiradi, ahmoq, nima qilasan vaqtini olib? Yigʻishtir qalam-palamingni!» Bilsa edi, olti oy oʻtmay gʻunchadek qizini tuproqqa topshirishini... Halimaxon dori sepilgan dalada ishlayveribdi jigari ezilib adoyi-tamom boʻpti-yu, ih demabdi. Oʻzi-chi? «Ayajon, qornim ogʻriyapti, koʻnglim behuzur boʻlyapti», desa: «Yoqmasroq narsa yegandirsan-da, qatiq ichsang bosiladi», deb qoʻya qolibdi... Bannisaga olib borishganida kasali oʻtib ketgan ekan... Yoʻlakka, eshik tagiga yotqizishdi.

Muyassar erini bunaqa alpozda birinchi koʻrishi edi. Avval doʻxtirlarga yalindi: «Jon akalar, qancha olsangiz oling, qizimni tuzating», dedi. Birov quloq solsa qani! Hammayoq oh-voh, hammayoqda rangi za’faron kasallar. Shunda Alijonning koʻzi gʻazabdan yonib ketdi. Qiyomat qoʻpdi. (Yuvosh odamning jahli chiqsa yomon boʻlarkan.) «Kattang kim? — dedi oʻdagʻaylab. — Mening qizim xolasining chorbogʻida ishlab sariq boʻlgani yoʻq. Paxtada ketmon chopib shu dardga yoʻliqdi! Tuzatasan! Tuzatmasang, onangni Uchqoʻrgʻondan koʻrsataman!»

Rangi zahil, qiltiriq doʻxtirning gapi Muyassarning esidan chiqmaydi: «Menga nima deysiz, aka! Bola bogʻchasiniyam kasalxonaga boʻshatib bergan boʻlsak, koʻrib turibsiz, koridorgacha toʻlib ketdi. Boring, oʻsha kattalarning oldiga!»

Alijon «kattalarning oldiga bormadi. Boradigan ahvolda emasdi.

Bola bola ekan-da. Valijon singlisi bilan koʻp gʻijillashardi. Goh ruchka talashadi, goh daftar... Ammo Halimaxonning oʻligini bannisadan olib kelishganida yerga muk tushib shunaqa yigʻladi, shunaqa yigʻladi...

Muyassarning mijjalariga yosh qalqiydi. Tomogʻiga yigʻi tiqilib, dimogʻi achishadi. Erini bezovta qilishdan qoʻrqib, labini tishlaydi.
— Ha, onasi? — deydi eri xavotirlanib.
— Oʻzim... — Muyassar hiqillab, burnini tortadi. — Uxlang... Charchagansiz.
— Qoʻy, onasi... — Alijon dagʻal qoʻli bilan uning boshini silaydi. — Bahorda oʻgʻling keladi. Nasib etsa toʻy qilamiz... Nevara koʻrasan...

Ajab, bir vaqtlar kelinlik paytida (qarang, shungayam yigirma ikki yil boʻpti) erining qoʻli bexosdan tegib ketsa, badani jimirlashib ketardi. Endi boʻlsa eri boshini silasa yosh boladek orom topadi. Nima bu? oʻziyam tushunmaydi.

Narigi xonada tagʻin Salima ingraydi. Muyassarning koʻngliga gʻul-gʻula tushadi. Balki yana bannisaga yotqizish kerakdir. Yoʻ-oʻq, bittasidan ayrilgani yetadi! oʻt tushsin, oʻsha paxtalariga!

Sutdan ogʻzi kuygan qatiqniyam puflab icharkan. Bultur kuzda Salima «koʻnglim ayniyapti, biqinim sanchib ogʻriydi» deganida er-xotin yugurgilab qolishdi.

Xayriyat, bu safar vaqtida oldini olishdi. Haliyam asorati qolgan shekilli, bu sariq oʻlgurning... Alijon inqillab oʻrnidan qoʻzgʻaladi.
— Ha? — deydi Muyassar tashvishlanib. — Belingiz...

Alijon uh tortadi. Yotgan joyida choʻzilib ti-mirskilanady. Namat ustidagi sigaret bilan gugurtni oladi.
— Shu odatingiz qolmadi-da, dadasi, — deydi Muyassar dashnom berib. — Bola yotibdi demaysiz.

Alijon indamay gugurt chizadi. Chakkasidagi oqargan sochlari, ajin tushgan peshonasi bir lahza yorishib ketadi.

«Umr ham oʻtdi, — deb oʻylaydi Muyassar. — Ikkovimiz ham oʻtin boʻldik. Qiziq, koʻnglida na alam, na ogʻriq sezadi. Bu gap shunchaki lip etib xayolidan kechadi. — «Dunyoning ishlari shu ekan».

... Oy botgan shekilli, derazadan tushayotgan nur xiralashadi. Hovli tomonda qoʻy ma’raydi. (Valijonning toʻyiga atab boqilayotgan qoʻy).
—Onasi, — deydi Alijon sigaret kulini yonboshidagi piyolaga chertib. — Oʻgʻling kelguncha uyni sal epaqaga keltirib qoʻysakmidi...

Yaxshi niyat bilan hovli etagiga bir uy, bir ayvon solishgan. Tomini yopishdiyu u yogʻiga qoʻl qisqalik qilib qoldi. Valijon u yoqda boʻlsa, hali qancha ish bor. Eshik-deraza oʻrnatish, somon suvoq, oq suvoq, boʻyoq... Eh-he!

Ajab, Alijon uning dilidan oʻtganini darrov sezadi.
— Qoʻyaver, onasi, — deydi yupatib, — musulmonchilik — astachilik. Baxtimizga bolalar sogʻ boʻlsin.
— Shunday deb sigaretni piyolaga bosib oʻchiradi. — Uxla, onasi, charchagansan.

Toshoyna yanayam xiraroq yaltiraydi. Soat allalovchi ohangda chiqillayotganga oʻxshaydi. Bora-bora soat ovozi jimlik qoʻyniga singib ketadi. Muyassarni uyqu elitadi. Shunda eri yelkasiga ohista turtganini sezib norozilik bilan koʻzini ochadi.
— Nima deysiz? — deydi ozorlanib.
— Onasi... — Alijon yoʻtalib qoʻyadi. — Oʻylab qarasam, oʻshayoq menga toʻgʻri kelmas ekan.

Muyassar uyqusirab yaxshi tushunmaydi:
— Qanaqa oʻshayoq?
— Oʻsha-da! Xaltubami, Maltubami... Borish yuz soʻm... Kelish yuz soʻm... Undan koʻra koʻmir olaylik... Valijoning kelguncha uyni suvokdan chiqarib qoʻyaylik.

Muyassarning uyqusi bir zumda oʻchadi.
— Esingiz joyidami, dadasi! — deydi astoydil koyib. — Yetti yil kutib, endi putyovka olgan boʻlsangiz, yarimjon boʻlib qolgan boʻlsangiz... Siz ham umringizda bir marta...
— Ke, qoʻy, onasi! — Alijon tagʻin uning boshini silaydi. — Oltiariq tomonda issiq suv bormish. Shunga uch marta tushsam, otdek boʻlib ketaman. Mana koʻrasan.

Eri shu qadar ishonch bilan gapirdiki, Muyassar ikkilanib qoldi.
— Qandoq boʻlarkin, dadasi, — deydi boʻshashib. — Labzdan qaytsangiz...
— Uxla, — deydi Alijon allanechuk xotirjamlik bilan.

Muyassar tushunadi. Bu — erining qat'iy qarori. U bir lahza alagʻda boʻlib yotadi. Keyin uyqu uning kipriklarini aldab-suldab qovushtiradi. Qancha fursat oʻtganini bilmaydi-yu, ayvonda chiroq yonganini his etadi. «Salima turdi, — deb oʻylaydi uyqu aralash. — Xoʻp mehnatkash chiqdi-da, shu qizim. Umridan baraka tonsin». Paqir bandi daranglaganini ham eshitadi. «Turish kerak, xamir koʻpchib ketgandir... Salima sigir sogʻguncha non zuvalab qoʻymasam boʻlmas». Uygʻonmoqchi boʻladi-yu, koʻzini ocholmaydi.

Tush koʻradi... Bahor emish. Oʻrik gullaganmish. Qizaloq emish. Oʻrik shoxiga ilingan argʻimchoqda uchayotganmish. Argʻimchoq silkingan sayin boshiga duv-duv gul yogʻilarmish. Oq, pushti gullar...

Shunda... Halimaxon paydo boʻpti. Sochlari yer supuradigan, kiprigi yuziga tushadigan qizi Halimaxon...

«Kel, qizim, kelaqol! — dermish u qoʻl choʻzib. Qizini quchogʻiga olibdiyu uchaveribdi-uchaveribdi. Halimaxon uning pinjiga kirib, «ayajon, ayajon» dermish. Argʻimchoq borgan sayin biland havolanarmish... Ona-bola bir-birini quchokdab osmon-falakka uchib ketishayotganmish. Negadir Muyassarning yigʻlagisi kelarmish.

U tush koʻradi. Oy fonusi allaqachon oʻchgan. Kunchiqar tomonda esa koʻkimtir qor bosgan togʻlar ortida osmon yorishadi. Hovli etagida pastak bostirmada «pov-pov» degan ovoz eshitiladi. Salima sigir sogʻayapti. Sogʻib boʻlib, qoziq atrofida betoqat aylanayotgan buzoqchani yechib yuboradi, keyin tandirga oʻt qalaydi... Non yopadi... Shirchoy qiladi... Yangi kun boshlanadi...