OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiOʻzbeklar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzbeklar (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Mahallada qaysi kampirni uyidan topolmasangiz, toʻppa-toʻgʻri Otinoyinikiga boravering! Otinoyining hovlisi past koʻchaning etagida. Uyi ham boshqalarnikidan ajralib turadi. Ikkita derazali pastak uy. Boshqalarning derazasi oldida gilos boʻlsa, Otinoyinikida ikki tup tut bor. Boshqalarning tomi tunuka boʻlsa, Otinoyining tomi shifer. Hammaning tomida televizor antennasi bor, Otinoyinikida yoʻq. Ammo uning uyi hamisha hammanikidan gavjum boʻladi. Doimo ochiq turadigan pastak darvozadan kirishingiz bilan eng avval dimogʻingizga gup etib rayhon isi uriladi. Keyin bir mahalla xotinning gangur-gungur suhbatini, bolalarning qiy-chuvini eshitasiz. Mashina sigʻmaydigan (unga mashinaning nimayam keragi bor) tor yoʻlakdan oʻtib, qutidekkina shinam hovliga kirasiz. Ariq tortib ekilgan rayhonlar belga uradi. Osh rayhon, sada rayhon, oq rayhon, qora rayhon. Hovli etagida, eski bostirma oldida bir tup oʻrik bor. Dovuchcha tukkanidan boshlab turshak boʻlguncha mahallaning qora-qura bolalari shoxdan-shoxga tarmashadi. Otinoyi oʻrikni qizgʻanganidan emas, bolalarga achinganidan chirqillaydi: «Hoy, uyingga bugʻdoy toʻlgur takalar, tush, yiqilib ketasan!» «Takalar» parvo qilmaydi. Biladiki, Otinoyining tuti ham, oʻrik ham ularniki! Umuman, bu hovli hammaniki. Erta koʻklamda sumalak shu yerda boʻladi. Ismaloq somsa, yalpiz somsa Otinoyining bostirmasidagi tandirda yopiladi. Keyin tut pishadi. Ketidan oʻrik. Mahalladagi xotinoshi bormi, challarmi, beshik toʻyi bormi, quda chaqiriqmi — hammasining maslahati shu yerda pishadi. Qancha non yopiladi, qancha guruch damlanadi. Qudalarga «toʻqqiz-toʻqqiz»da nimalar tortish kerak...

Toʻgʻri, u otinlikdan koʻra koʻproq xodimlik qilgan. Ammo uni xodim xola emas, Otinoyi deyishadi. Qolaversa, hozir dasturxonchilikni tashlagan. Uch yil boʻldi. Keksayib, kuchi yetmay qoldi. Lekin haliyam Otinoyi deyishadi. Yozda oʻrik tagidagi eski soʻri, qishda «chiylampa» suvoq qilingan pastak shiftli, tokchalariga barkashlar, chegalangan qadimiy «gardim» laganlar terib qoʻyilgan uy hamisha gavjum boʻladi.

Hozir yoz. Dumbul boʻlgan oʻrik shoxida odatdagidek qoʻshni bolalar kir maykasining qoʻyniga oʻrik toʻldiryapti. Bittasini ogʻziga tashlaydi, bittasini qoʻyniga soladi. (Har ehtimolga qarshi.) Otinoyi pastak shiftli uyida ogʻzi ochilgan eski sandiq oldida choʻkkalab oʻtiribdi. Uyni kuyadori hidi tutib ketgan. Oʻrtadagi xontaxta atrofida Inoy garangning xotini Bahri xola, zavodda ishlaydigan «giroy» Ahmadning onasi Muattar xola, «Kelinposhsha» oʻtirishibdi. Otinoyi sandiqdan birma-bir oʻlimliklarini olib «koʻz-koʻz» qilyapti.
— Mana bu — kafanlik, - deydi u bejirim qilib oʻralgan dokani koʻrsatib.

Muattar xola dokaning bir uchini chimchilab koʻradi.
— Yaxshi, misqoli doka ekan.
— Iskandarim ataylab Maskovdan obkelgan. - Otinoyi kerilib qaddini rostlaydi. - Mana buni yirtishga berasila. - U tagʻin bir tugunni ochadi. - Ammo-lekin roʻmollardan sal koʻnglim toʻlmay turibdi. Hammasi bir xil boʻlgani yaxshi. Mana, oʻttiztasi koʻk, yigirmatasi moshrang. Mayli, Iskandarimga aytaman, obkelib beradi.
— Qoʻying, ovsin poshsha, hali koʻp yurasiz, - deydi Bahri xola mingʻirlab. U mingʻirlamasdan gapirolmaydi. Dimogʻi shunaqa bechoraning. Ayniqsa «p»ni aytolmaydi, «m» deydi. Sal gʻiybatchiroq-ku, ammo yaxshi xotin, koʻngli boʻsh. Qoʻshnining mushugi tugʻsayam, «joni ogʻrigandir», deb yigʻlaydi. U roʻmolining uchini mijjasiga bosib xoʻrsindi. - Qarab turing, hali qoʻsha-qoʻsha nevaralar koʻrasiz, toʻylar qilasiz, ovsin moshsha! — U «poshsha» deganda ovozi «moshsha» boʻlib chiqadi.

- Aytganingiz kelsin. - Otinoyi ma’yus jilmayadi. «oʻlimligini» tartib bilan yana sandiqqa joylaydi. - Xudo Iskandarimgayam qoʻchqordek oʻgʻillar bersa ajabmas. Kechayam kelib ketdi, bolam boyaqish. - Otinoyi sandiqni qaytadan titkilaydi. - Mana, - deydi ikki loʻppi yaltiroq qogʻozli sovunni olib. — Polcha degan joydan mozor bosib kelgan. Iskandarim obkeldi.

U sovunning bittasini Bahri xolaga, bittasini Muattar xolaga beradi.
— Voy, munchayam yaxshi! - Muattar xola «polskiy» sovunni huzur qilib hidlaydi. Bahri xola ham hidlayotganida Muattar xoladan dashnom eshitadi.
— Is bilmaysiz-ku, hidlab nimaning farqiga bordin-giz...
— Oʻgʻlimni duo qilinglar, - deydi Otinoyi astoydil yalinib. - oʻzidan koʻpaysin, denglar, yaxshi farzandlar bersin, denglar.

Boyadan beri indamay oʻtirgan «Kelinposhsha» jilmayadi.
— Menga-chi, Otinoyi? Mozor bosib kelgan «Polcha» sovundan menga bermaysizmi!
— Siz sovunni nima qilasiz, Kelinposhsha, oʻzingiz oydaysiz. Undan koʻra borib choy damlab keling.

«Kelinposhsha» - Otinoyining devor -darmiyon qoʻshnisi. Oʻrtadan tuynuk ochib qoʻyishgan. Eri provodnik. Mahalladagi yosh-yalanglar uni Kelinoyi deb chaqirishadi. Otinoyi uchun u «Kelinposhsha». Yaxshi juvon, bechora. Sakkizta bolasi bor. Eng kichkinasi endi yoʻlga kirdi. «Kelinposhsha» shu koʻklam tagʻin boshqorongʻi boʻldi: dovuchchaga. Hovuch-hovuch dovuchcha yeb esi ketdi boyaqishni. Kelinposhsha «dik» etib oʻrnidan turadi. Otinoyi ketidan tayinlab qoladi:
— Iskandarim obkegan choydan damlang, bolam. Dutor chalib turganidan.

«Kelinposhsha» bir zumda choy damlab keladi.
— «Polcha» sovunni toʻyana qilasiz, Otinoyi, - deydi kulib. - Aqining toʻyiga!

Aqida «Kelinposhsha»ning toʻngʻich qizi. Hamshira boʻlib ishlaydi. Yaqinda uzatishmoqchi. Yangiyoʻllik paxta brigadiriga fotiha qilishgan.
— Toʻyana sizdan aylansin! — Otinoyi ham kulimsiraydi. - Aqi qizimning toʻyi boʻladi-yu, men qarab turarmidim. Sovun nima boʻpti, hali Iskandarimga aytsam, gilam olib beradi.

Iskandar - Otinoyining yolgʻiz oʻgʻli. Katta joyda ishlaydi. Oq mashinada yuradi. Markazda toʻrt xonali uyi bor. Otinoyining aytishicha, vannasi chinnidan emish. Iskandar yaxshi bola. Domga olib ketaman, deb uvvalo yalinsayam, Otinoyi koʻnmaydi: hovlisiga oʻrganib qolgan. Otinoyining bittayu bitta orzusi bor. Shu - Iskandarining aqalli bittagina bolasini bagʻriga bossa, oyoq-qoʻlini bemalol uzatib ketardi.
— Mayli, toʻy boʻlsin, - deydi u negadir xoʻrsinib. -Endi... Tirik jon-da, oʻrgilaylar. Vaqti qazoim yetsa, bolam bechora yugurgilab qolmasin, deyman-da, ishi ogʻir, lak-lak odamga xoʻjayin boʻlish osonmi?

* * *

Iskandar Vahobovich «vertushka» goʻshagini joyiga qoʻydi-yu, ichidan xoʻrsiniq keldi. Ministr oʻrinbosari telefonda yigirma minut «qovurdi». Yubiley ob'ekti oʻlda-joʻlda boʻlib yotgani uchun Iskandar Vahobovich boshchilik qilayotgan trest aybdor emish. Iskandar Vahobovich yotigʻi bilan tushuntirmoq-chi edi, zamministr, «bahona izlamang», deb jerkib berdi.

U sirqillab ketayotgan chakkalarini kafti orasiga olib bir zum koʻzlarini yarim yumgancha stol qirrasiga tikilib oʻtirdi. «Har kuni bir gʻalva!»

Eshik gʻiyqillab ochildi. Iskandar Vahobovich ostonada turgan doʻmboq kotibaga «ha, tagʻin nima gap!» degandek zardali qaradi.
— Shahar telefonida soʻrashyapti, — dedi kotiba hurkibroq.
— Kim?

Kotiba quyuq boʻyalgan kipriklarini pirpiratdi.
— Tanishiman, deydi.

«Padariga la’nat tanishlarniyam, notanishlarniyam! Qaysi birining ishi tushsa, darrov «tanish» boʻlib qoladi». U olcharang telefon goʻshagini shaxt bilan koʻtardi.
— Ha!

Shu zahotiyoq shangʻillagan ovoz qulogʻini teshib yuboray dedi.
— Iskandarmisan?

«Qanaqa savodsiz bu! Baqiradi, sansiraydi!»
— Kim oʻzi bu? - dedi Iskandar Vahobovich qoni qaynab. Javob oʻrniga yana savol eshitdi.
— Iskandarmisan?
— Ha? oʻzingiz kimsiz? Goʻshak yana shangʻilladi:
— Xolmatman! Qoʻshning...

Iskandar Vahobovich beixtiyor qoʻshnilarini bir-bir eslab koʻrdi, Xolmat degan qoʻshnisi yoʻq. Jinni boʻlganmi bu odamlar?!
— Qiladigan ishingiz boʻlmasa, telefonni joyiga qoʻying! Shunday deb endi goʻshakni uloqgirmoqchi edi, boyagi ovoz

yana shangʻilladi:
— Otinoyimning ahvoli ogʻir!

Iskandar Vahobovich esankirab qoldi. Axir Otinoyi... Oʻzining onasi-ku!

Boʻldi-boʻldi! Xolmat aka ularning devor-darmiyon qoʻshnisi. Provodnik!
— Nima boʻldi?! -dedi birdan yuragiga gʻulgʻula tushib. -Oyimga nima boʻldi?
— Ahvoli ogʻir.
— Shoshmang, hozir «skoriy» chaqiraman.
— «Skoriy»ni nima qilasan? — Xolmat aka tagʻin baqir-di: - oʻzing kel, tezroq!

Telefon uzilib, «tut-tut-tut» degan qisqa tovush eshitila boshladi. Iskandar Vahobovichning ichida bir nima uzilib ketgandek boʻldi. Nahotki onasi...

U yugurib qabulxonaga chiqdi. Mashinka chiqillatayotgan kotibaga buyurdi:
— Dilya! Tezroq mashina chaqiring! Pod'ezdga!

...Oq «Volga» gavjum koʻchalardan shiddat bilan uchib borar, Iskandar Vahobovich orqa oʻrindiqda oʻtirgancha yuragi gursillab bir savolni xayolan qaytarardi. «Nahotki!»

Mashina chorrahalarda hadeb toʻxtar, u xayoliga kelgan dahshatli oʻyni haydashga, «toblari qochgandir-da», deb oʻzini yupatishga urinar, ammo oʻsha zahoti boyagi shafqatsiz savol yana vujudini teshib oʻtar edi. «Nahotki!»

Mashina choyxoʻrlar chaqchaqlashib oʻtirgan guzar oldidan oʻtayotganida u bir qadar taskin topgandek boʻldi. «Xayriyat, tinchlik ekan». U biladi. Xudo koʻrsatmasin, biron korhol boʻlsa, choyxonada odam qolarmidi? Ammo mashina past koʻcha-ga kirishi bilanoq yuragi muzlab ketdi. Ana, oʻsha shifer tomli pastak uy, ana ikki tup tut, rangi unniqib ketgan taxta darvoza. Darvoza oldida besh-olti erkak toʻdalashib turishibdi. Allaqanday ayol tut tagini supuryapti.

«Nahotki!» Bu savol uning miyasiga soʻnggi bor chaqmoqday urildi-yu, majolsiz oyoqlarini arang sudrab, mashinadan tushdi. Shu ondayoq Xolmat aka yugurib kelib, uni quchoqladi.
— Onamizdan ayrilib qoldik-ku, ukam! - U Iskandar Vahobovichni bagʻriga bosgancha birdan oʻkrab yigʻlab yubordi.— Ayrilib qoldik!

Iskandar Vahobovichning koʻz oʻngi qorongʻilashib ketdi. U karaxt boʻlib qolgan, Xolmat akaning yelkasi muttasil silkinayotganini, moʻylovi oʻzining yuziga tegib gʻashini kel-tirayotganini sezib turar, ammo boshqa narsani idrok etolmas, xayolida faqat bir fikr charx urardi. «Oyim!» «Oyim!» U amallab Xolmat akaning quchogʻidan chiqdi-da, gandiraklagudek boʻlib uy tomon yoʻnaldi. Darvoza oldida turgan kishilar negadir unga tik qaramas, biri boshini xam qilib turar, biri yuzini oʻgirganga oʻxshardi. Biroq hozir u bunga e’tibor beradigan ahvolda emasdi.

Chayqalib-chayqalib gʻishtin zinalardan chiqdi-yu, salqin dahlizdan oʻtib, uyga otilib kirdi. Qandaydir ayollar (Iskandar qaramadi) unga yoʻl boʻshatishdi.

Iskandar yaltiroq qubbalari zanglab ketgan sim karavotda yotgan onasini koʻrdi. Ustiga oq choyshab yopib qoʻyilgan. Onasi qandaydir osoyishta yotar, xuddi uxlayotganga oʻxshardi. Iskandar hozir «Oyi!» deb chaqirsa, uygʻonib ketadigandek.

U shunday qildi. Karavot oldiga, namatga tiz choʻkkancha iltijo qildi:
— Oyi! Oyi-i!

Yoʻq, onasi koʻzini ochmadi. Shunda u choyshabni ochib tashladi-yu, onasining qoʻlini, yillar zahmatidan barmoklari qingʻir-qiyshiq boʻlib ketgan qoʻlini changallab oʻpdi. Qiziq, onasining qoʻli muzdek edi!
— Oyi! Oyijo-on! - dedi hayqirib. Keyingi soʻzlar boʻgʻzidan yigʻi aralash otilib chiqdi.- Oyi-i!

U koʻz yoshlaridan hoʻl boʻlib ketgan lablari bilan onasining qoʻllarini oʻpa boshladi. Keyin nima uchundir ikki qoʻllab namat toʻshalgan yerni mushtladi.
— Nega! Oyi, ayting, nega?

U esdan ogʻib qolganga oʻxshar, hadeb yerni mushtlar, ammo bu xitob onasiga qaratilganmi, oʻzigami, aqli yetmas edi. U choʻkkalagan koʻyi tagʻin onasining qoʻllariga yopishdi. Muzdek, dagʻal qoʻlni yuziga bosib, oʻkrab yubordi.

...Bu qoʻllar uning boshini silagan, koʻp silagan. Koʻngli oʻksiganida, betob boʻlganida, ilk bor maktabga borganida, maktabni oltin medal bilan bitirganida... Institutga kir-ganida, bitirganida... Nihoyat... uylanganida... Bu qoʻllar uning boshini koʻp silagan. Oʻzichi, oʻzi onasining boshini silaganmi? Biron marta, aqalli biron marta silaganmi?!

Yuragining tub-tubidan otilib chiqqan bu savol a’zoyi badanini oʻrtab yubordi.
— Oyi-i-i-i! - dedi ingrab.

Bu qoʻllar uni yoʻrgaklagan, unga koʻkrak tutgan, shamollaganida badaniga qoʻy yogʻi surgan. Bu qoʻllar sigir soqqan, tappi qilgan, kir yuvgan, ovqat pishirgan, non yopgan...

Non! Onasining nazarida nondan tabarruk narsa yoʻq edi. Qoʻni-qoʻshnilarning goʻdak bolasi yoʻlga kirsa oyogʻi orasidan kulcha yumalatib, boshqa bolalarga obqochtirardi. Nikoh toʻyidan avval ikki yoshning pok turmushidan nishona boʻlsin deb non ushatardi. Bostirmadagi tandirda kunora non yopardi. Zogʻorami, arpa nonmi, ishqilib, non-da! Tandir yonida oʻralashib yurgan Iskandarga eng avval pishgan nonni yuziga suv sepib uzib berardi...

U yosh toʻla koʻzlari bilan beixtiyor karavot ustiga, shift tomonga tikildi. Ana, ana oʻsha non! «Chiylampa» qilib suvalgan shift ostida, devordagi mixga iligʻliq turibdi. Bir cheti tishlangan. Ana, oʻsha tish izlari. Bu — dadasi tishlagan non. Qip-qizil...

U onasining nonni arta-arta joyiga ilib qoʻyganini koʻrgan. Mixdan hadeb olib qoʻyilavergani uchun teshigi kengayib ketgan. Ammo non hamon turibdi. Mogʻor bosmagan, qip-qizil...

Bir mahal u kimdir ohista turtganini idrok etib, yelkasi osha burilib qaradi. Tanidi: Bahri xola. Koʻk roʻmol tangʻib, koʻk koʻylak kiyib olibdi. Yigʻlayverib, shishib ketibdi.
— Bandalikda, bolam, - dedi u mingʻirlab. — Olloning irodasi, jon bolam! Yuvgʻuvchi keldi... - Shunday dedi-yu, hiqillab yigʻlagancha koʻk roʻmolini yuziga bosdi.

Iskandar chiqib ketishi kerakligini tushundi. Ostonaga borganida toʻxtab qoldi. Onasiga termildi. Onasi qubbalari zanglab ketgan sim karavotda yotar, goʻyo uxlayotgandek, hozir oʻrnidan turib, uni bagʻriga bosadigandek, ikki kafti bilan ikki yuzidan ushlab, peshonasidan oʻpadigandek edi. U doim shunday qilardi. Shu uyda, shu karavotda onasi uni bagʻriga bosib uxlatgan. Ertalab peshonasini silab uygʻotgan.

...Esida, oʻshanda Iskandar birinchi sinfda oʻqirdi. Oʻrik gullagan kun edi. Maktabdan isitmalab keldi. Onasi ming zoʻrlamasin, bir piyola choy ichdi-yu, xuddi mana shu karavotga choʻzil-di. Uyda xotinlar koʻp edi. U isitma aralash Bahri xolaning dimogʻi bilan mingʻirlab aytayotgan gaplarini eshitib yotardi.

«Endi, ovsinmoshsha, Xudodan ham, bandasidanam qarzingiz qolmadi. Urush bitdi. Kelganlar keldi. Oʻlganlarni joni jannatda boʻlsin. Yosh umringizni xazon qilmang. Bolagayam ota kerak, oʻrgilay. Sizga ogʻiz solayotganlar tag-zoti koʻrgan odamlar...»

Iskandar onasining javobini eshitmadi. Uxlab qoldi-mi, hushidan ketdimi, oʻzi bilmasdi. Umuman, bu gaplarning ma’nosini tushunmasdi. Faqat ertasiga onasi kuyib-yonib aytgan soʻzlar qulogʻiga oʻrnashib qoldi.

«Ikkinchi unaqa gaplarni gapirmanglar! Xudoni qahri keldi. Bolamga qizamiq toshib ketdi. Dadasi omon boʻlsa kelar, kelmasa peshonamdan koʻrdim. Yolgʻiz emasman, shukr, oldimda bolam bor...»
— Iskandarjon, jon bolam, - Bahri xola uning yelkasiga qoqdi. — Chiqa qoling, qoqindiq.

Iskandar (u endi Iskandar Vahobovich emas, Iskandar, oddiy Iskandar boʻlib qolgandi, negaki, oʻlim hammani baravar qilib qoʻyadi) vazmin qadamlar bilan salqin dahlizga chiqdi.

Peshayvon ustunidagi mixlarga onasining butun «bisoti» ilib qoʻyilibdi: bitta yangi, ikkita eski koʻylak, unniqib ketgan baxmal nimcha, bir burchi teshilgan jun roʻmol, hali tikilmagan bir kiyimlik shtapel, shol dasturxon...

Kavshandozda onasining kavushi turibdi. Qiziq, bu kavushni Iskandar uch yil ilgari olib bergan edi. Nega yap-yangi turibdi?

Xolmat akaning xotini - Kelinoyi yigʻidan qizargan koʻzlari bilan unga termildi. Iskandar kavushga tikilib turganini sezdi shekilli, tushuntirdi:
— Ayab yurardilar. Toʻyga borsalar yonboshlariga — koʻrpachaning tagiga berkitib oʻtirardilar. Iskandarim obergan, deb maqtanardilar.

Iskandar hamon kavushdan koʻz uzmasdi. Kelinoyining savolini daf’atan yaxshi eshitmadi.
— Nima qilaylik, mastavami, shoʻrvami? Iskandar hech nimaga tushunmadi.
— Nima? - dedi garangsib.
— Hali-zamon uyni odam bosadi. Issiq ovqat qilish kerak, - Kelinoyi kuymanib tushuntirdi. - oʻlik chiqqan uyda qozon qaynatib boʻlmaydi. Biznikida qilamiz. Soʻramasam ham boʻlardi-ku, siz - oʻzimiznikisiz, ukam.

Iskandarni Kelinoyining savoli emas, oʻzini oʻrtayotgan muammo qiynar edi.
— Nima boʻldi? - dedi ingrab. - Oyim soppa-sogʻ edilar-ku! Kelinoyi oʻpkasi toʻlib xoʻrsindi.
— Tuppa-tuzuk edilar, - dedi burnini tortib. - Ertalab oʻynab-kulib oʻtirdilar. Oʻlimliklarini koʻrsatdilar. Hazillashdik. Men aytdim: «oʻlimni oʻylamang. Aqining toʻyi-ni... - Kelinoyi hiqillab qoldi. — Aqidaning toʻyini oʻzingiz bosh boʻlib oʻtkazasiz», dedim. Xoʻp, dedilar. Keyin birdan, gʻalati boʻp ketyapman, dedilar. Karavotga yotqizgan edik...

Iskandar kavshandozga oʻtirgancha boshini changalladi. Bu qanday gap! Bu qandoq adolatsizlik! Nimaga? Tuppa-tuzuk yurgan onasi nimaga toʻsatdan...

Kelinoyi hamon hiqillagan koʻyq uning boshiga egildi.
— Shoʻrva qila qolamiz.

Ajab, shu topda taom oʻtadimi tomoqdan! Darvoqe, onasi shoʻrva pishirishga usta edi. Toʻyda, ma’rakada xotinlar uning ovqatini maqtashsa quvonib ketardi. Ayniqsa, moxorani koʻp qilardi. Bu taomni Iskandar ham yegan. Koʻp yegan! Onasi beva qolganidan keyin jamoat uni Otinoyi qildi. U maktabda farrosh boʻlib ishlar, lekin uyda ham tinchi yoʻq edi. «Kelin tushdi»ga qovurma chuchvara pishirish bormi, «toʻqqiz-toʻqqiz»ga qatlama qilish bormi, nikoh toʻyida «tortishmachoq» boʻladimi, kuyov-kelinning boshidan sochqi sochishmi, kelin salomda quda-qudagʻaylarga salom berishmi - hammasi onasining zimmasida edi. U toʻydan albatta tuguncha olib kelar, tugunchada non, monpasi, qovurma chuchvara, keyin... albatta-moxora boʻlardi. Ba’zan yarim kechalari eshik taqillab qolar, Iskandar onasining dik etib oʻrnidan turib ketganidan uygʻonar, zum oʻtmay onasi qaytib kirardi. «Jon bolam, Ismat choʻloq omonatini topshiribdi, bormasam boʻlmaydi, sen qoʻrqmaysan-a, katta yigitsan-ku», deb peshonasidan oʻpib chiqib ketar, shu ketgancha ertasiga peshinda qaytib kelar, oʻzicha qur'on oʻqir: «Joyi jannatda boʻlsin», deb yuziga fotiha tortar edi.

...U onasi yotgan uyga oqsoqlanib kirib ketayotgan paranjili kampirni koʻrdi-yu, garangsib hovliga tushdi. Dimogʻiga rayhon hidi kirdi. Negadir onasining isi kelgandek boʻldi.

Kelinoyi hovlidagi rayhonlardan shosha-pisha yulgancha uyga kirib ketdi. Iskandarning xayoliga yarq etib bir fikr urildi: «Gulyaga aytish kerak. Xabari yoʻq-ku hali».

U endi eshik tomon yoʻnalgan edi, xotiniga koʻzi tushdi. Gulya, qoʻlida oq sumkacha, xuddi toʻyga kelgandek yasanib olgan, vodolazka kiygan, qulogʻida brilliant zirak yaltirab turardi. «Qayoqdan eshitibdi bu!» degan xayolga bordi-yu, uning orqasidan sumka koʻtarib kelayotgan shofyori Shavkatni koʻrib, hammasini tushundi: «Shavkat xabar qilgan».
— Iskandar aka! — Gulya uning yelkasiga boshini qoʻyib quchoqladi.— Bechora oyim! - U bir zum shu alfozda turdi-da, negadir teskari qarab kafti bilan yuzini changalladi. Shosha-pisha oq sumkachasidan roʻmolcha olib koʻziga bosdi.

«Sen aybdorsan! - deb oʻyladi Iskandar vujudi titrab. -Hammasiga sen - qanjiq aybdorsan!» U xotinidan chirillatib yuzini oʻgirdi-da, burchakda, oʻrik ostida turgan soʻriga borib oʻtirdi.

Shu ondayoq shafqatsiz bir savol a’zoyi badanini sirqiratib yubordi. «oʻzing-chi, oʻzing!»

Uning uylanishi qiziq boʻldi. Qurilish fakultetida Iskandar Vahobovning oldiga tushadigan talaba yoʻq edi. a’lochi, jamoatchi... Toʻrtinchi kursda oʻqiyotganida SNOda «Grajdan qurilishini mahalliy sharoitga moslash» degan mavzuda ma’ruza qildi. U shu qadar dadil fikrlarni oʻrtaga tashladi-ki, muhokama janjalga aylanib ketdi. Birovlar uni modernist dedi, boshqalar donishmandga chiqardi. Shunda kafedra mudiri, Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, professor Zarif Hodievich uni himoya qildi. «Yosh doʻstimiz Iskandar Vahobovichdan kelgusida yetuk olim chiqadi», dedi komil ishonch bilan. Rostdan ham shunday boʻldi. Zarif Hodievich uni oʻz tarbiyasiga oldi. Iskandar aspiranturada qoldi. Birinchi bor domlaning qizi - jinsi shim kiyib yuradigan Gulyani koʻrganida e’tibor bermadi. Toʻgʻrirogʻi, e’tibor bermaslikka harakat qildi. Kimsan, akademikning qizi qayoqda-yu, mahalla otinining oʻgʻli qayoqda! U shunday deb oʻylar, lekin domla bilan olcha soyasida oʻtirib suhbatlashayotganda ichkarida royal chalayotgan, ba’zan xiyol boʻgʻiq, ammo yurakni oʻrtovchi ovozda qoʻshiq aytayotgan Gulandom - Gulyaga koʻngli talpinayotganini sezib turardi. Gulya konservatoriyada oʻqir, zamonaviy, oʻktam qiz edi. Xullas, Gulyaning oʻzi unga koʻnglini yordi.

Toʻy restoranda oʻtdi. Kelinning dugonalari past koʻchadagi kulbaga kelishganida Iskandarning yetti nomusi yerga bukildi. Nazarida, Otinoyi kelinining boshidan sochgan soch-qilar ham, pishirgan moxorasi ham oʻta bachkana, oʻta gʻarib koʻrinar edi. Buni qarangki, Zarif Hodievich mard odam ekan! Xuddi shu hovlida, xuddi shu soʻrida oʻtirib (Otinoyi katta oxurdan yem yegan qudalaridan uyalib, restoranga bormagan, ammo uyda chiroyli dasturxon tuzab qoʻygan edi) qiziga nasihat qildi:

«Iskandarni oʻzing tanladingmi, endi bilib qoʻy, shu oilaning jirini jirlaysan. Onang bechora bir koʻz bilan oʻgʻil oʻstiribdi. Mening ham bir bolam ikkita boʻldi, Otinoyining ham».

Otinoyi bu gapdan boshi osmonga yetdi. Togʻdek suyanchiq topganiga quvonib, qudasining yelkasiga bosh qoʻyib yigʻlab yubordi.

Yarim yilcha yaxshi turishdi. Otinoyi kelini uygʻonmasidan avval pechkaga koʻmir qalab qoʻyar, ataylabdan tandirda non yopar, kechqurun er-xotin ishdan qaytishiga ovqat tayyor turar edi... Boshqa paytlarda u toʻygami, ma’rakagami chiqib ketar, allapallada bir lagan sovigan osh, bir kosa moxora, bir chekkasi ushatilgan qatlama olib kelib, oʻrtaga qoʻyar, tan-tana bilan e’lon qilar edi. «Olinglar, bolajonlarim! Sizlarniyam toʻyga yetkazsin!» Keyin bir kiyimlik chitmi, sa-tinmi qeliniga uzatardi: «Obqoʻying, kelinposhsha, xudo xohlasa, oʻgʻil toʻyi qilsangiz kerak boʻladi!»

Gulya qaynonasining oldida bir nima deya olmas, kechasi Iskandarni egovlardi: «Onangiz tilanchilikni bas qilsin! Menga birov tishlagan qatlamalar, birov sadaqa qilgan lattalar kerakmas».

Katta janjal arzimagan narsadan boshlandi. Bir kuni Iskandar ishdan kelsa, xotini divanga muk tushib yigʻlab yotibdi. Iskandar uning yelkasidan ohista tutgan edi, Gulya divan suyanchigʻini mushtladi, yoshdan tushi erib ketgan koʻzida gʻazab chaqnadi:

«Yoʻqoling! — dedi yigʻlab. —Tilanchi onangiz bilan qoʻshmozor boʻling! Gilamim! Gilamimni nima qildi? Ikki mingʻ soʻmlik gilam edi! Irim-sirimlaring boshingda qolgurlar!»

Iskandar esankirab qoldi. Devordagi ipak gilamga qaradi. Yoʻq, hammasi joyida. Keyin, yerga toʻshalgan «Turkman» gilamini sinchiklab tekshira boshladi. Qarasa Gulyaning gapi rost. Gilamning bir burchi teshilib qolibdi. Tangadek teshik. Iskandar goʻyo shu bilan teshik bekilib qoladigandek barmogʻini tiqib koʻrdi. Yuragi siqilib uf tortdi. Boshini koʻtarsa, tepasida onasi turibdi. Otinoyi, «bu yoqqa kel», degandek uni imladi. Iskandar hamon divanda yuztuban yotgan xotiniga oʻgʻrincha qarab qoʻydi-da, onasiga ergashdi.

«Ayb manda, - dedi onasi shivirlab. - Kecha toʻyda bir uy xotin Gulandomni maqtadi. Kelinimga koʻz tegmasin, deb isirigʻ tutatgandim. Xokandoz oʻlgurdan choʻgʻ tushganini bilmay qolibman. - U bir zum oʻylanib turdi-da, tushuntirdi: -Xotiningni koʻnglini ol. Xapa boʻmasin. Ja boʻmasa, pensiyamdan yigʻib-yigʻib olib berarman!»

Na ilojki, bu bilan janjal tugamadi. Gulya masalani koʻndalang qoʻydi: «Yo meni deng, yo tilanchi onangizni! Ketaman! Dadamnikiga ketaman! Onam meni koʻmirning sassigʻini hidlasin, deb tuqqan emas».

Oxiri er-xotin boshlashib Zarif Hodievichning oldiga borishdi. Maslahat soʻrashgan edi, qaynotasi Iskandarni jerkib berdi: «Qanaqa erkaksiz oʻzi! Bir yil turmasdan onangizni tashlab qochishni moʻljallab qoldingizmi? Xotin deganni qattiq ushlash kerak-da, bundoq!»

Dadasining gapi Gulyaning jon-jonidan oʻtib ketdi. «Uyingizga sigʻmasam, ijaraga kvartira olaman», deb yigʻladi. Qiziq, shunda yana Otinoyining oʻzi yordamga keldi. «Bolalarimga yordam bering, joy olishsin. Gulandomim katta oxurdan yem yegan, mening chaldevorimda tursa uyat boʻladi», deb qudasiga yalindi.

Shundoq boʻldi. Zarif Hodievichning koʻmagida shahar markazidan uy olishdi. Er-xotin, «yuring biz bilan», deb Otinoyini hol-joniga qoʻyishmadi. Ammo Otinoyi koʻnmadi. «Qorada koʻrsam qornim toʻq, oʻzlaringdan koʻpayinglar. Men cholimning chirogʻini oʻchirib ketmayman».

Toʻgʻri, Iskandar onasini qarovsiz qoldirmadi. Loysuvoq tom ustiga starapil oʻrnatib, shifer yoptirdi. Uy «zamo-naviyroq» boʻldi. Keyin... keyin gaz kirgizib berdi. Toʻgʻri, tabiiy emas, ballonli... Otinoyi ularning «dom»iga borsa koʻp oʻtirolmas, mahalladagi biron toʻynimi, ma’rakanimi bahona qilib, tezgina tura qolardi.

Avvaliga er-xotin bu hovliga bot-bot kelib turishdi. Keyin Iskandarning ishlari koʻpaydi. Iskandar endi kimsan Iskandar Vahobovichga aylandi, fan kandidati, trest boshqaruvchisi... Ajab, uning ishi koʻpaygandan-koʻpayib borar, biroq hammasiga ulgurar edi. Faqat bir narsaga onasini koʻrishga vaqt topolmasdi. Bunga bir chekkasi Gulya ham sababchi edi. Er-xotinning umri oʻtib borardi. Farzandlari yoʻqligi avvaliga bilinmasa ham bora-bora Gulya serzarda boʻlib qoldi. Bir kuni eriga piching qildi: «Oyingiz sizga yangi xotin izlab yurganmish. Eshikma-eshik tentirab oʻrganib qolgan-da! Topsa-topadiyam!»

Iskandar oʻshanda xotinini birinchi marta sansiradi. «Uyat bormi sanda», — dedi gʻazabdan titrab. Onasi har doim bir gapni qaytarardi: «Xotiningni xafa qilma, bolam. Umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan». Gulya har ehtimolga qarshi «profilaktika» uchun shunday deganini bilib, Iskandar battar gʻazablandi: «Uyat bormi sanda?» — Gulya kinoyali kuldi: «Uyat nima qiladi menda, hammasini yigʻishtirib sizga bergan».

«Mana endi hammasi tamom boʻldi. Hammasi». Iskandar hovlida odamlar kuymanib yurganini payqar, ammo hech nimani» koʻrmas edi.

Chekkisi keldi. Shimining choʻntagiga qoʻl suqsa, sigaret yoʻq. Hali ishxonada stol ustida qolib ketaveribdi. U ma’nosiz nigohini roʻparasidagi bostirmaga tikdi. Loysuvoq tom yupqalashib qolibdi. Katalakdek derazaning bir koʻzi singan, oynalari xiralashib ketgan.

Ajab, oxirgi marta qachon keluvdi bu hovliga? Ha, bayram arafasida, yettinchi martda kelgan edi. Tushlik tanaffusidan foydalanib, birrov keldiyu ketdi. Odatdagidek shoshib turardi. Keyin, Gulya mehmon keladi deb qoʻygan... Onasini toʻrtta choy, sovun bilan qutladi. Mashina kutib turganini bahona qilib tuflisini ham yechmadi. Onasi shoshib qoldi. Yalpiz somsa qilgan ekan.Majbur qilib shundan bittasini yedirdi. Iskandar mashinaga oʻtirganda harsillab yugurib chiqdi. Roʻmoli qiyshayib yelkasiga tushib ketgan. Qoʻlida eski gazetaga oʻrogʻlik bir nima. «Ma, - dedi mashinaning qiya ochiq eshigidan uzatib. - Gulandomniyam ogʻzi tegsin». Iskandar gazeta ostidan issigʻi sezilib turgan somsalarni mashinaning orqa oynasi tagiga tashlab eshikni yopdi... Oʻshanda onasini oxirgi marta koʻrayotganini bilsa edi! Bugun nechanchi oʻzi? oʻn ikkinchi iyul. Bundan chiqdi uch oydan oshibdi. Uch oy! Nahotki shuncha vaqt ichida bir soat vaqt topolmadi? Topardi, xohlasa albatta topardi...

U allakim oʻzining otini aytib chaqirayotganini idrok etib, boshini koʻtardi. Qarasa, jinsi shim kiygan talabanamo yigit yelkasida karton quti koʻtarib turibdi. Iskandar uni tanimadi. Talmovsirab qaragan edi, yigit soʻradi:
— Qayoqqa qoʻyay?

Iskandar hech nimaga tushunmadi. Yuki ogʻirroq boʻlsa kerak, yigit qutini qoʻsh qoʻllab chiranib yelkasidan oldi-da, soʻri burchagiga - soyaga qoʻydi. Iskandarning koʻzi qutiga yopishti-rilgan etiketkaga tushdi. «Qoraqum». Zum oʻtmay boyagi yigit tagʻin bir quti koʻtarib keldi. Uniyam soʻri ustiga, boyagi qutining yoniga qoʻydi.
— Mayiz, - dedi sekin.

Shundagina Iskandarning xayoliga keldi: «Pulini berish kerak».
— Shoshmang, — dedi choʻntagini kavlab. — Necha pul boʻladi? Yigit toʻxtab qoldi. Hayron boʻlib unga tikildi.
— Necha soʻm? — dedi Iskandar ovozi xirillab. Yigit negadir yerga qaradi.
— Otinoyim... — Shunday dedi-yu, u yogʻini gapirmadi. Koʻzi-ga shu qadar ma’noli tikilib qaradiki, Iskandar beixtiyor pulni qaytib kissasiga soldi. Yigit ohista burildi-da, indamay ketaverdi. Qiziq, nima demoqchi boʻldi u! «Otinoyim mening ham onam edi, sen pastkash hamma narsani pulga chaqasanmi», dedimi! Kim oʻzi bu yigit? Nimaga Iskandar uni tanimaydi? Umuman, oʻzidan boshqa — Iskandar Vahobovichdan boshqa kimni taniydi?!

Bir mahal u kavshandozda Kelinoyi imlab chaqirayotganini koʻrdi. Paranjili yuvgʻuvchi oqsoqlanib zinadan tushib kelardi. Kelinoyi yoshdan qizargan koʻzlarini Iskandarga tikdi.
— Otinoyimning ziraklarini yuvgʻuvchiga berdik, — dedi sekin. - oʻzlari vasiyat qilgandilar.

«Yuvgʻuvchi», «vasiyat...» Bu soʻzlar Iskandarga xunuk, sovuq eshitilar, goʻyo bu gaplar hammasi yolgʻondek, tushida boʻlayotgandek edi. Hozir uygʻonib ketadi-yu, yengil tortadi.
— Mana... Olib qoʻying...

Iskandar merovsirab Kelinoyining qoʻliga qaradi. Ikki loʻppi choy. «Indiyskiy».
— Ikkitasini yuvgʻuvchiga berdik. Rozi boʻling. - Kelinoyi titrayotgan labini tishladi..— Toʻrtga edi. Sakkizinchi martda olib kelgan ekansiz. Otinoyim... Otinoyim... - Kelinoyi en-tikib qoldi. — Barkash orqasiga bekitib qoʻygan edilar. Birov kelsa, Iskandarim obkelgan choydan damlang, dutor chalib turgan choydan, derdilar. Men boshqa choy damlardim. Bunisini Otinoyim har kuni hidlab-hidlab barkash orqasiga bekitib qoʻyardilar.

Iskandar boshi gʻuvillab borayotganini, hozir yiqilib ketishini his etib turardi. Kelinoyi «dutor chalib turgan» hind choyini peshayvon taxtasiga qoʻydi. Burnini torta-torta yigʻlagancha koʻylagining yoqasidan qoʻyniga qoʻl suqib, eski gazeta qogʻoziga oʻroqlik allanima chiqardi.
— Olib qoʻying, - dedi qogʻozni uzatib. — Oʻlimligim deb, yostiqlarining orasiga tiqib qoʻygan edilar. Siz tashlab ketgan ekansiz. Qirq soʻmini yuvgʻuvchiga berdik. Ikki yuz oltmish soʻm qoldi. Sanab oling. - U gazeta qatini ochib, bir soʻmlik, uch soʻmlik pullarni Iskandarga uzatdi.

Qachon, qachon shuncha pul bergandi u onasiga!! Bu qandoq jazo! Bu qandoq bedodlik! Shu kunidan koʻra onasi emas, oʻzi oʻlgani yaxshi emasmidi!!! Onasi bir soʻmlab yiqqan pensiya pulini ham Iskandarim berdi degan. Shu gapga oʻziyam ishongan, boshqalarniyam ishontirgan. Qani endi koʻkragini shundoq yirtsa-yu, yuragini sugʻurib olib yerga uloqtirsa!

Ich-ichidan otilib kelgan boʻgʻiq yigʻidan titrab, pulni tashlab yubordi. Bir soʻmlik, uch soʻmliklar parishon pirpirab kavshandozga tushdi.

... Iskandar hovliga, undan yoʻlakka otildi. Uzun atlas lozim kiygan qandaydir kelinchak tor yoʻlakka «shakarob» qilib suv separ, sachramaslik uchun qoʻlidagi paqirni borgan sayin pastroqqa egar edi. Ochiq darvozadan zabardast yigit kirib keldi. Iskandar uning aftini koʻrmadi. Yigit maykachan yelkasiga yoʻl-yoʻl dasturxon tashlab olgan, yelkasi aralash gardaniga ortilgan bir qop un zalvari ostida ikki bukilib kelardi. Iskandar bir tomonga, suv sepayotgan kelinchak bir tomon-ga chetlab yoʻl berishdi. Yigit yalang oyoklarini gurs-gurs bosgancha Iskandarning oldidan oʻtib, hovliga kirib ketdi.

Iskandar darvozadan chiqdi-yu, toʻxtab qoldi. Eshik oldiga tumonat odam toʻplangan, tor koʻchaga mashina sigʻmay ketgandi. Qiziq, qayoqdan keldi shuncha mashina! «Ishxonadan boʻlsa kerak», degan oʻy xayolidan lip etib oʻtdi. Ammo oʻsha ondayoq bular «Jiguli»,«Moskvich» mashinalari ekanini, ishxonadan faqat oʻzining mashinasi bir chekkada turganini payqadi.

Nariroqda yuk mashinasi turibdi. Mashina ustida ikki oʻspirin turib olib, yigʻma stollarni, xarraklarni uzatib beryapti. Pastda esa toʻrt yigit stollarni paydar-pay tushi-rishib, bir chekkaga olib qoʻyishyapti.

Iskandar tut panasida turgan tobutni koʻrib, koʻngli uzilib ketdi. Tobutdan beriroqda, hozirgina mashinadan tushirilgan xarraklarda salla oʻragan, yaktak kiygan chollar oʻtirishibdi.
— Bandalik-da, ukam!

Iskandar yonida turgan mahalla oqsoqoli Shokir akaga ma’nosiz qarab qoʻydi.
— Hammaning boshida bor, - oqsoqol xoʻrsindi. — Onamiz boshqacha edilar-da, jannati xotin edilar.

Keyin oqsoqolning poxol shlyapa kiygan «zami» Iskandarning qoʻlini qisdi.
— Necha yoshda edilar? — dedi sekin.

«Buning nima ahamiyati bor?! - Iskandar shuni oʻyladi-yu, daf’atan xayoliga boshqa fikr keldi. - Darvoqe, necha yoshda edi onasi! Ha, oʻn sakkizinchi yil edi. Oʻzi qirq ikkinchi yilda tu-gʻilgan boʻlsa, demak, onasi yigirma toʻrt yoshda beva qolgan ekan».

Oʻzini quchoqlagan toʻnli kishini Iskandar daf’atan taniy olmadi. Keyin bildi: qaynotasi. Zarif Hodievich uning peshonasidan ohista oʻpdi.
— Bardam boʻling, oʻgʻlim, - dedi sekin. - Ota-ona oʻlmogʻi farz...

Keyin kimdir yelkasiga turtdi. Qarasa Xolmat aka.
— Bu yoqqa yur, — dedi-yu, uni yoʻlakka boshlab kirdi. Devor tagidagi kursida yotgan toʻnni kiygizdi, beliga belbogʻ oʻradi. Qati buzilmagan doʻppi uzatdi, — kiyib ol!

Doʻppi kichkina ekan. Iskandar kafti bilan bosib-bosib tashqariga yoʻnalarkan, Xolmat aka yana pichirladi:
— Laylaktepaga olib boramiz-da, a! oʻzlari aytgan ekanlar. Iskandar yuk mashinasi faqat stol-stulni olib kelishga moʻljallanmaganini tushundi. Laylaktepa olis, toʻrt chaqirim keladi. Oyogʻi ostida oʻralashayotgan oʻn-oʻn ikki yashar bolakaylar ham toʻn kiyib, belini bogʻlab olganiga avval hayron qoldi-yu, keyin tushunganday boʻldi. Ehtimol, Xolmat akaning bolalaridir, ehtimol, qoʻshni bolalardir...

... Old tomoniga paranji, orqasiga mursak yopilgan tobutni olib chiqishganida hammayoq dilni oʻrtovchi faryodga toʻlib ketdi. Kelinoyi, Bahri xola, Muattar xola, allaqanday qizlar, kelinlar chuvvos solib tobut ketidan yugurishdi.
— Voy onam!
— Roʻshnolik koʻrmagan onam!

Toʻn kiyib, belbogʻ bogʻlagan bolakaylar koʻzidan duv-duv yosh oqib: «Buvijonim, buvijonim!» deb chirillashar edi. Xolmat akaning moʻylovi hoʻl boʻlib ketgan, nuqul titrardi.
— Hammamizning onamiz edingiz-a!

Yoʻq, Iskandar oʻylagandek tobutni mashinaga ortishmadi. Yelkada koʻtargancha yoʻlga tushishdi. Iskandar tobut bandidan ushlab olti-etti qadam yurgan edi, uni siqib chiqarishdi. U tobut bandiga hadeb qoʻl choʻzar, ammo navbat tegmas edi. Tanish-notanish odamlar goh oldinga, goh orqaga oʻtib talashib-tortishib tobutga yopishar, har kim iloji boricha koʻproq koʻtarishga, yelkasini uzoqroq tutib berishga harakat qilar edi.

Bekatga chiqishganda trolleybus kelib qoldi. Toʻxtashi bilan duv etib oʻttiztacha erkak tushdiyu tobutga yopishdi.
— Kim? - deb soʻradi ziyolinamo koʻzoynakli yigit Iskandarning yonida koʻz yoshini toʻnining yengiga artib-artib ketayotgan Xolmat akadan.
— Otinoyim!
— Ie! — koʻzoynakli yigit rangi oʻchgancha tobutga qaytadan tirmashdi.

Endi katta koʻcha odamga toʻlib ketgan, orqada trolleybus toʻxtab qolgan, roʻparadan kelayotgan yengil mashinalar chekkaga chiqib toʻxtar, haydovchi ham, yoʻlovchilar ham shu tomonga yugurishar edi.
— Kim?
— Otinoyim!
— Ie!

Koʻchada harakat butunlay toʻxtab qoldi. Burilishga yetganlarida Iskandar beixtiyor orqasiga qaradi. Odamlar oqimi ikki bekat orasiga choʻzilib, butun koʻchani toʻldirib kelar, tobut ularning yelkasida osoyishta tebranib borar, oqimga esa yangidan-yangi odamlar kelib qoʻshilar, qoʻshilar, qoʻshilar edi...