OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiShahrlik kuyov (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shahrlik kuyov (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Toʻngʻich kuyov boʻlganimiz uchunmi, qishloqqa borsak, darrov shaharlik kuyov keldi, deb ovoza boʻlib ketadi. Olmoqning bermogʻi bor, deganlaridek, tez-tez javob vizitlari ham boʻlib turadi. Yaqinda yana shunday boʻldi. Ishdan qaytib eshikni ochishim bilan yangangiz Tursunoy roʻparamga keldi.
— Tsh... — dedi u koʻrsatkich barmogʻini labiga bosib. — Sekinroq, namoz oʻqiyaptilar.
— Kim? — dedim men ham beixtiyor pichirlab.
— Bogʻbon amaki.
— Kim u, bogʻbon amaki?

Tursunoy shuncha yildan buyon bogʻbon amakini tanimaysizmi, degandek qoshini chimirdi.
— Qishloqda u kishini hamma taniydi. Xudo yarlaqab bir kelib qolibdilar.

Sekin yechinib, oyoq uchida uyga kirdim. Bogʻbon amaki televizorning antennasini moʻljallab sajdaga bosh qoʻygan ekanlar. Anchadan keyin koʻtarib, oʻng tomonga, chap tomonga salom berdilar-da, qaddilarini rostlab, menga oʻgirildilar.
— Assalomu alaykum, kuyov bola! Xoʻp salomatgina bormisiz? — Bogʻbon amaki bilan birinchi marta koʻrishib turgan boʻlsak ham eski qadrdonlardek quchoqlashdik. Odamni bir qarashda bilsa boʻladi. Bogʻbon amaki koʻp odamoxun kishi ekan. Dasturxon atrofiga oʻtirishimiz bilan mosh-guruch soqolini tutamlab gapga kirishib ketdi.
— Bu deyman, kuyov yigit, ishlar koʻpayib ketdimi? Qishloqqa kam boradigan boʻlib qoldingiz. Qaynotangiz koʻp asl odam-da! Bolalikdan tepkilashib katta boʻlganmiz. Shu deng shaharga ketyapman, deb qolmaymanmi! Bizning farzandlarimiznikida oʻn-oʻn besh kun turib kelmasangiz qattiq xafa boʻlaman, deb turib oldi. Men ham yuzidan oʻtolmadim.
— Juda yaxshi qilibsiz, rahmat, — dedim quvonib.

Bogʻbon amaki, u dunyoni ham, bu dunyoni ham baravar olib boradiganlardan ekan. Osh oldidan qittak-qittak haligi narsadan qilsakmikan, degandim, noz qilib oʻtirmadi.
— Ha, endi buning oʻzi harommas. Kayfi harom, — dedi piyolani qoʻliga olib. Shundan keyin ikkovimizning ham qulfi dilimiz ochilib ketdi. Bogʻbon amaki ogʻzidan bol tomib yangangizni maqtay ketdi.
— Tursunoy qishloqning eng oldi qizi edi-da, oʻziyam. Baxtingiz bor ekan. Shundoq qizimizga uylandingiz. Qaynotangizni aytmaysizmi? Shaharga uzum sotgani ketyapman desam, gastinisa-pastinisa qilib urinib yursangiz, betingizga qaramayman, deydi-da! Bu yil bozorda uzum serob. Shu kunda sotib qolmasak, erta-indin yanayam arzonlashib ketadi. Oʻn-oʻn besh kun bir gʻayrat qilamiz-da, endi. Yolgʻiz qoʻllik qilmayin deb, jiyanni olib kelganmiz. Bozorda uzumga qorovul boʻlib qoldi. Uyam siz bilan bir otamlashmoqchi oʻzi. Oʻqishga kiraman, soʻt boʻlaman, deydi. Topgan hunarini qarang.
— Nega olib kelmadingiz? — dedim astoydil ranjib.
— Aytayapman-ku, bozorda qorovullik qilib qoldi. Ertaga albatta olib kelaman. Xoʻp ulfat yigit-da, oʻziyam!

Yarim kechgacha gurunglashib oʻtirdik. Keyin Tursunoy bogʻbon amaki ikkalamizga uyga joy solib berdi. Oʻzi balkonga chiqib yotdi. Bir xonalik uyda turgandan keyin odam oʻrganib ketarkan. Ayol mehmon kelib qolsa, men, erkak mehmon kelsa, Tursunoy balkonga chiqib ketadi.

Bogʻbon amaki soʻzida turadigan odam ekan. Ertasiga ishdan kelsam chust doʻppi kiygan, ixchamgina yigit bilan gurunglashib oʻtirishibdi.
— Ie, assalomu alaykum! — Yigitcha sakrab turib men bilan quchoqlashib koʻrishdi. — Sogʻ-salomat yuribsizmi, pochchajon? Eshik-ellar tinchmi, pochchajon! Bardamgina yuribsizmi, pochchajon? Togʻamlar bilan bir kelib qolgandik. — U bogʻbon amakiga ishora qildi. — Pochchang bilan otamlashmasang boʻlmaydi, deb turib oldilar. Tursunoy opamizning xoʻjayinlari bilan tanishamanu quvonmaymanmi, deb yugurib keldim. Mening bozor-oʻcharga tobim yoʻq. Asli bu yerga oʻqishga kirish uchun kelganman. Bir yordamlashib yuridicheskiyga joylab qoʻymasangiz boʻlmaydi, pochchajon. Hozir tanish-bilishsiz ish bitmaydi.
— Bilasizmi, oʻqishga kirish qiyin, — dedim mingʻillab. — Mening tanishlarim yoʻq.

Bogʻbon amakining qulogʻida lokator bor ekanmi, mingʻillab aytgan gapimni ham darrov eshita qoldi.
— Ashnaqa demasinlar-da, kuyov! Siz ham soʻt tayyorlaydigan institutda ishlaysizmi, axir?
— Amakijon, men domla emas, aspirantman, — dedim tushuntirib.
— Aspirantmi-maspirantmi, bir joyda ishlagandan keyin baribir emasmi? — Bogʻbon amaki astoydil ajablandi. — Men ham boqqa suv taragan suvchiga besh-oʻn yashik uzum beramanmi? Buyam shunga oʻxshagan narsa-da! Institut ham oʻzlariga dehqonchilik!

Nima deyishimni bilmay turgan edim, oshxona tomondan Tursunoyning yoʻtalgani eshitildi.

Bunaqa «adresli» yoʻtallarning ma’nosini yaxshi bilib qolganman. Meni chaqiryapti. Darrov oldiga chiqdim.
— Goʻrga unaqa deysizmi? — dedi pichirlab. — Oʻzini olib qochyapti, deb oʻylamaydimi?
— Nima qilay, rostini aytayapman-da!
— Qishloqdagilar sizni butun shaharni yotqizib turgʻizadigan odam, deb oʻylashadi. Bir gap qilarmiz, deya qoʻya qoling. Ha, undan keyin. — Tursunoy ovozini yanayam pasaytirdi. — Anavu sapojki oʻlgurni olmasam boʻlarkan. Uyda bir tiyin pul qolmabdi. Mehmonlar yana oʻn-oʻn besh kun turadiganga oʻxshaydi. Oylikkacha biror yerdan pul topmasangiz boʻlmaydi.

Bu kecha ham mehmonlar bilan allapallagacha gaplashib oʻtirdik. Togʻa-jiyanni xoli qoldirish uchun alohida joy qilib berdik. Yangangiz odatdagidek balkonda, men boʻlsam oshxonada yotdim. Oshxonaga oʻrnashib qolgan piyozdogʻ hidi koʻnglimni bir oz behuzur qilganini hisobga olmaganda juda yaxshi uxladim.

Ertalab qoʻngʻiroq tovushidan uygʻonib ketdim. Shosha-pisha yoʻlakka chiqsam, Tursunoy chaqqonlik qilib, allaqachon eshik oldiga borib olibdi. U eshikni ochdi-yu, atlas koʻylak kiygan, sochini maydalab oʻrgan ayolni koʻrib, qichqirib yubordi.
— Voy, Adol, oʻzingmisan?!

Ikkovlari bir-birining quchogʻiga otilishdi, choʻlpillatib oʻpishishdi.
— Bu mening dugonam — Adolat, — dedi Tursunoy entikib. — Bolalikdan birga oʻsganmiz.

Adolat ichkariga kirar-kirmas iymanib pichirladi.
— Men yolgʻiz emasman, — u yuzlari lovillab qizarganicha, Tursunoyning qulogʻiga bir nima deb shivirladi.
— Voy, shunaqami! — Tursunoy quvonganidan qarsak chalib yubordi. — Chaqir boʻlmasa. — U menga qarab tushuntirdi. — Adolatning toʻyi yaqinda boʻldi. Kuyov ikkovlari Toshkentga oʻynagani kelishgan ekan.

Zum oʻtmay kattakon chamadon koʻtargan novcha, oriq yigit kirib keldi. Togʻa-jiyanlar, kelin-kuyovlar, oʻzimiz toʻplanishib nonushta qildik. Hamqishloqlar sogʻinishib qolishgan ekan, xoʻp gurunglashishdi.
— Gastinitsaga borsak joy yoʻq, — dedi Adolat kelinlarga xos tabassum bilan. — Shu yoqqa qarab kelaverdik. Oʻn-oʻn besh kun turib, Tursunoyni xursand qilib kelinglar, deb ayamlarning oʻzlariyam aytgan edilar.

Boyadan buyon jim oʻtirgan kuyov endi gapga aralashdi.
— Toʻyga bormadinglar-da! — dedi u gavdasiga yarasha ingichka tovushda. Gapirganida uchli baqbaqasi likkillab turarkan. Endi payqadim. «Bizni toʻyga aytmovdinglar shekilli», degim keldi-yu tagʻin oʻylab qoldim. Kim bilsin, balki Tursunoyga xat-pat yuborishganu men bexabar qolgandirman.
— Men Toshkentga uch yil oldin bir kelganman. Juda oʻzgarib ketibdi, — dedi kuyov yana baqbaqasini likkillatib.
— Bu kishining oʻzlari sizlarga shaharni tomosha qildiradilar, — yangangiz menga imo qildi. — Shunaqa paytda oʻynab qolmasanglar, keyin vaqt topilmaydi.
— Biz ham shuni oʻylab turgandik, — kuyov tasdiqlab bosh silkidi. — Koʻchaning chetiga ka-a-a-ta qilib «San'at ustalari kontserti» deb yozib qoʻyibdi. Apisha! Baqqa kelayotganda ashi kansertga tushamiz, deb qoʻygandik. Parishtalar omin degan ekan. Pochchamiz toʻrttagina bilet topsalar birgalashib tomosha qilamiz!

Nonushtadan keyin Tursunoy bilan yoʻlakka chiqib maslahatlashdik.
— Endi bundoq qilamiz. Ishxonadagi oʻrtoqlardan qarz koʻtarib turaman. Joy masalasini bunday taqsimlaymiz. Kelin-kuyovga ichkariga joy qilib berasan. Yosh narsalar ekan. Bir-biridan ajratish yaxshimas. Bogʻbon amaki balkonda, jiyani oshxonada yota qolsin. Oʻzing bir amallab kavshandozga joylasharsan. Men kechqurun, mehmonlar bilan oʻtirishib boʻlgandan keyin ishxonamga borib yota qolaman. Ishimiz ikki smenalik deb bahona qilaman.
— Mayli, — dedi Tursunoy pichirlab. — Faqat tezroq pul topmasangiz boʻlmaydi. Aksiga olib koʻk choy ham qolmabdi.

Pulni olgandan keyin qaysi bozorga borsam ekan, degan oʻy bilan zinadan tushib ketayotgandim, bir oz xirillagan ovoz eshitildi.
— Ie, assalomu aleykum, kuyovtoʻra!

Choʻchib boshimni koʻtardim. Roʻparamda yuzlari oftobda qoraygan, chayir gavdali, qoʻsh belbogʻ bogʻlagan kishi turardi. Pastdan esa besh-olti yoshlardagi bolasini yetaklab semiz xotin harsillab chiqib kelardi.

Notanish kishi koʻrishish uchun quchoq ochgandi, qoʻlimni choʻzib qoʻya qoldim.
— Ie, tanimadilar shekilli, kuyov? — dedi u ranjib. — Qishloqqa borganlarida hamsuhbat boʻlgandik. Qarta oʻynagandik. Pirra! Ammo oʻzlari pirraning xoʻp hadisini olgan ekanlar! Qatorasiga yetti marta qoldirgandingiz...
— Kelaveringlar, kelaveringlar, — dedim damim ichimga tushib. — Bemalol...
— Oʻzlariga yoʻl boʻlsin? — dedi «pirrachi».

— Menmi? Men koʻchib ketyapman. Aspirantlar uyiga! — shunday dedimu, uchta zinani bitta qilib sakrab-sakrab pastga tushdim-da, koʻchaga otildim.