OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻtkir Hoshimov. Telpak (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiTelpak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Telpak (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Agar palakat bosib yozuvchi boʻlmaganimda albatta «shonli sovet militsiyasining» sadoqatli xodimi boʻlardim. Oʻzi bolaligimdan orzuim shu edi... Mayli, hozir gap bunda emas. Bu voqeaga koʻp yillar boʻldi. Oʻshanda arzimas narsa uchun «sovet militsiyasi»ning fidoyi starshinasini shunchalik tashvishga solganimdan hamon xijolatdaman. Aslida-ku ayb menda emas, «Poʻnchik»da!

... Oʻsha kuni mukofot puli olmasak, «Poʻnchik» mukofotni «yuvamiz» deb tiqilinch qilmasa, shuncha gʻalva yoʻq edi.

Shunday qilib, loyiha institutining «uch ogʻa-ini botirlari», ya’ni, Bobur - «Poʻnchik», Botir — «Tarasha» va Bahrom, ya’ni men - laqabimni aytmay qoʻya qolay, issiqqina qahvaxonaga kirdik. Burchakdagi ilgichga kiyim-boshlarni yechib, sosiska yedik. Bittagina «Portveyn»ni boʻshatdik.
— Endy menga juvob! - dedi Bobur lunjini yumronqozikdek toʻldirib sosiska chaynarkan. — Dilishkani bogʻchadan olmasam, oʻrtoq xotin oʻldiradi!

Zum oʻtmay kiyinib kelib, yana tepamizda paydo boʻldi.
— Ma, ehtiyot qil! — dedi bandi yelim qogʻoz bilan yamalgan kattakon papkamni stol tagiga tiqib. - Anavi yerda begona kampaniya oʻtiribdi. Ilib ketmasin tagʻin!

«Poʻnchik» pishiq-da! Kallasi ishlaganini qarang. «Tarasha» bir zum xayol surib oʻtirdi-da, siyrak kipriklarini pirpiratdi.
— Eshitib koʻr-chi, qornimdan yigʻlamsiragan tovush kelmayaptimi?
— Kelyapti! - dedim iljayib. - Menikidan ham qelyapti. Boyagi vino zerikib qoldi, sherigini chaqiryapti.

Hay, «yigirma oltinchisi»dan yana bittaginasini «otdik». Qorin toʻq - qaygʻu yoʻq... Ilgich oldiga borsak, telpagim yoʻq! Palto bor. Sharf bor, faqat telpak yoʻq. Yangigina, issiqqina telpagim! Ilgich atrofini qaradik, boʻm-boʻsh boʻlib qolgan stollarning tagigacha oʻrmalab chiqdik: yoʻq! Tamom-vassalom!

Tarvuz qoʻltiqdan tushib tashqari chiqdik. Qulogʻim shunaqangi muzlab ketdiki, chertsangiz jiring etib sinib tushadigan. Haligi kayfdan asar qolmadi. Buni qarangki, ellik qadam yurmay tepasida neon chiroq yonib turgan «operpunkt» roʻparasidan chiqib qoldik. Har kuni shu yerdan oʻtib e’tibor bermagan ekanmiz.
— Boʻldi! — dedi Botir tarashadek gavdasini gʻoz tutib. — Telpaging topiladi! Mana, militsiya topib beradi!

Katalaqdek xona toʻgʻrisidagi stolda oʻtirgan starshinaning vajohatini koʻrib baqa boʻlib qoldim! Toʻlanboy polvon uning oldida bogʻcha bola! Har yelkasiga ikkitadan odam oʻtirsa chirpirak qilib tashlaydi! Yuzlari qip-qizil. Soqol olayotganda bexosdan tigʻ tegib ketsa, kamida bir yarim litr qon oqsa kerag-ov!
— Kiraver! - dedi «Tarasha» dalda berib. Keyin gapni sovutmay starshinaga murojaat qildi. - Oʻrtoq nachalnik! Jinoyat sodir boʻldi. Oʻgʻirlik!

Starshina charchaganmi, uyqudan qolganmi, huzur qilib obdan esnadi. Etak tomondagi liqildoq kursilarga imo qildi.
— T-a-ak... - dedi koʻzidan oqqan moʻldir-moʻldir yoshlarni artib. — T-a-ak...
— Oʻrtoq nachalnik... — Botir tagʻin gap boshlagan edi, starshina rapidadek kaftini koʻtardi..
— Pastradavshiy kim?
— Manavu! - Botir menga imo qildi. — Yarim soat oldin...
— Minutochku, grajdanin! - dedi starshina anchayin keskin ohangda. - Pastradavshiyning oʻzi gapirsin!

Hammasini aytib berdim. Bir boshdan. Qoʻrqibgina... Starshina toqat bilan eshitdi. Keyin stol tortmasidan qogʻoz oldi.
— T-a-ak, endi boshlaymiz! - dedi tantanavor alfozda. -Familiyangiz? Aytdim.
— Ismingiz? Aytdim.
— Ish joyingiz? Aytdim.
— «Polingiz?»... Ha, tushunarli... Vazifangiz? Aytdim.
— Uy adresingiz? Aytdim.
— Oilaviy ahvolingiz? Unisiniyam aytdim.
— Bobongiz Ulugʻ Oktyabr revolyutsiyasidan oldin kim boʻlgan?
— Bilmayman, — dedim hayron boʻlib.
— Nega bilmaysiz?
— Unda men yoʻq edim.
— Xarasho. Avval sudlanganmisiz?
— Yoʻq.
— Chet elda qarindoshlaringiz bormi?
— Yoʻq.
— Qanday mukofot olgansiz?
— E, koʻp olganmiz! - dedim maktanib. - Bugun ham oldim. Oʻttiz uch soʻm. Kvartalniy mukofot!
— Unisini soʻrayotganim yoʻq! - dedi starshina asabiylashib. - Saylanganmisiz?
— Boʻlmasa-chi! Mestkomda kaznacheyman!
— Uf-f! - Starshina qogʻoz qirtillataverib charchab ketdi shekilli, kattakon roʻmolcha bilan peshanasini artdi.
— Itak, nima boʻldi? — dedi koʻzimga tikilib. — Bir boshdan ayting.

Hayron boʻlib goh unga, goh Botirga termildim.
— Aytib berdim-ku hammasini.
— Grajdanin Bahrom Xolmirzaev... - u qoʻlidagi qogʻozga qarab oldi. - Toʻis... Xolmurodov! Boyagi aytganlaringiz ogʻzaki gap. Bunisi — dakument! Ayting-chi, pastradavshiy Xolmirza... toʻis Xolmurodov, qaysi stadiya?

Kapalagim uchib ketdi.
— Qanaqa «statya?»
— Statya emas, stadiya! - dedi starshina jerkibroq. — Isklerozingiz nechanchi stadiya?
— Qanaqa skleroz?
— Iskleroz boʻlmasangiz telpakni nega yoʻqotasiz?
— Yoʻqotgani yoʻq, oʻgʻirlatdi! — dedi Botir tushuntirib.
— Minutochku, grajdanin! - dedi starshina. — Pastradavshiyning oʻzi gapirsin! — Keyin bir zum oʻylanib qoldi. -Xarasho! Qaysi kafega kirdingiz?
— Mana shu, — dedim chaynalib. — Ellik qadam naridagi...
— Oti bormi oʻsha kafening?
— «Veterok».
— Qaysi koʻchada joylashgan?
— Mana shu koʻchada. Hov ana, chirogʻi koʻrinib turibdi, oʻrtoq leytenant.

Leytenant deganim yokdi shekilli, starshina ancha yumshadi.
— Koʻchaning nomini soʻrasam, bu chiroqni gapiradi, - dedi nolib. - Odamlarga hayronsan, qayoqqa borganini oʻzi bilmaydi-da, tagʻin pritenziya qiladi! Itak, kafega kirdin-giz... Keyin-chi?
— Shu... yechinib kiyimlarni ilgichga ildik.
— Qaysi tomondaydi?
— Nima «qaysi tomonda?»
— Veshalka!
— Burchakda, chap tomonda.
— Nega chap tomonda?
— Hayronman.
— Nimadan yasalgan? Hech baloga tushunmadim.
— Nima «nimadan yasalgan?»
— Veshalkani soʻrayapman! — dedi starshina achchiqlanib. — Nimadan yasalgan? Yogʻochmi, temirmi?
— Temir! — dedim ishonch bilan.
— Ilgagi nechta edi?

Qarang, shunisiga e’tibor bermagan ekanman.
— Esimda yoʻq.
— Esimda yoʻq emish... Telpakni qaysi ilgichga ilgan edin-giz?
— Bunisiyam... - dedim battar esankirab. - Esimdan chiqibdi, oʻrtoq leytenant.

Starshina bu gal ham yumshadi.
— Xarasho... keyin-chi?
— Shu... ovqat yedik.
— Qanaqa ovqat?
— Sosiska.
— Necha porsa?
— Men bir pors, manavi bir yarim...
— Sherigingiz oʻzi uchun oʻzi javob beradi... Itak, qancha Oʻtirdingiz kafeda?
— Bir soatcha.
— Tish doʻxtirga qatnab turasizmi?
— Nimaydi? — dedim hayratlanib.
— Savolni men beraman, pastradavshiy Xolmirza... toʻis, Xolmurodov! Tishingizning mazasi yoʻqmi?
— Yoʻgʻ-e, tishim butun.
— Tishi butun odam toʻrtta sosiskani bir soat yeydimi?
— Ochirit koʻp ekan, - dedim yolgʻon gapirib.
— Xoʻp, keyin nima boʻldi?
— Keyin... kiyinaman deb bundoq qarasam, telpagim yoʻq!
— Xarasho, - dedi starshina bir qadar yengil tortib. -Telpagingiz qanaqa edi?
— Shu... telpakdaka telpak...
— Oti nima oʻsha telpakning: kubankami, ushankami?
— Anavinga oʻxshagan, - deb Botir tizzasiga qoʻndirib oʻtirgan telpakka imo qildim.

Starshina yana uzoq qogʻoz qirtillatdi.
— Qachon sotib olgan edingiz?

Yelka qisdim. Xudo haqqi, telpakni qachon olganim paqqos esimda yoʻq ekan.
— Uch yilcha boʻldi, - dedim dudmal qilib.
— Bizga konkretniy gap kerak, - dedi starshina norozi ohangda. - Aniq ayting!
— Uch yil boʻldi! — dedim tavakkal qilib.
— Qaysi paytda?
— Tushunmadim, - dedim koʻzimni pirpiratib.
— Nimani tushunmaysiz? - starshina yuzimga sinchkovlik bilan tikildi. - Yozda olganmisiz, qishdami?
— Qish edi!
— Soat necha edi?
— Peshinga yaqin.
— Aniqrogʻi?
— Oʻn ikki yarim! - dedim ikkilanmay.
— Havo qanaqa edi?
— Nima?
— Oʻsha paytda, ya’ni, bundan uch yil avval - yigirmanchi yanvar kuni kunduz soat oʻn ikkidan oʻttiz minut oʻtganda, telpak sotib olayotganingizda ob-havo qanaqa edi?
— Esimda yoʻq, - dedim tan olib.
— Nega esingizda yoʻq? - dedi starshina koʻzimga boyagidan ham sinchkovroq tikilib.
— E, boʻldi! - dedim yodimga tushib. - Gupillatib qor yogʻib turgandi.
— Yaxshi! Tekshirib koʻramiz. - U bir zum sukut saqladi.
—Necha soʻmga olgan edingiz?
— Telpaknimi?
— Paltoni soʻrayotganim yoʻq-ku! — dedi starshina ensasi qotib. Qarang, bunisi ham xayolimdan koʻtarilgan edi.
— Qirq soʻm! — dedim ogʻzimga kelganini aytib.
— Qaerdan?
— Bozordan. Starshina uf tortdi.
— Magazin toʻla telpak, bular bozorga yuguradi. Qaysi bozordan?
— Eski shahardan.
— Kimdan olgansiz?
— Bittasidan.
— Aniq gapiring! Kim ekan oʻsha telpakfurush?
— Qayokdan bilay.
— Odamlarga hayronsan. Mol oladi-yu, kimdan olganini bilmaydi. Telpak sotgan odam erkakmidi, xotinmi?
— Erkak edi, - dedim jonlanib.
— Alohida belgisi bormidi?
— Nimaning?
— Nimaning emas, kimning! - dedi starshina xunobi oshib. - Telpakfurushni soʻrayapman!
— Bor edi! Boshiga bir emas, uchta telpakni ustma-ust qoʻndirib olgan edi.
— Telpakni oʻsha odamdan olganingizga guvohingiz bormi?
— Ioʻq, - dedim rostini aytib.
— Shunaqa-da! - starshina nadomat bilan bosh chayqadi. -Hozir koʻrsangiz taniysizmi?
— Telpaknimi?
— Telpakfurushni! - dedi u toqati toq boʻlib. - Keyin bir qadar jahldan tushdi shekilli, osoyishtaroq soʻradi: -Astari qanaqa edi?
— Nima?
— Telpakning astari qanaqa edi? Koʻkmi, qorami, qizilmi? Oʻlay agar, telpakni shuncha kiyib astariga qaramagan ekanman.
— Esimda yoʻq, — dedim boʻshashib. Starshina xoʻrsindi.
— Odamlarga hayronsan. Kiyim kiyishni biladi-yu, rangiga qaramaydi. Alohida belgilari bormidi?
— Telpakfurushningmi?
— Telpakning!

Najot kutib Botirga qaradim.
— Bor edi! - dedi «Tarasha» oʻtirgan joyida bir qimirlab. - Chap quloqchini qiyshiqroq edi. Kuyadori hidi kelib turardi.
— Malchite pajalista, grajdanin! - Starshina joʻvadek barmogʻini koʻtarib, poʻpisa qildi.
— Guvoh sifatida soʻraganimda javob berasiz. - A, vapshe, - dedi hafsalasi pir boʻlib, - bitta guvoh inobatga oʻtmaydi. Kamida ikkita kerak. -Keyin menga yuzlandi. - Moʻynasi qanaqa edi?

Esankirab qolganimdan savolini yaxshi tushunmadim.
— Nega anqayasiz, pastradavshiy? - U qoshini chimirdi. -Qanaqa moʻyna edi? Norkami, qorakoʻlmi, andatrami?
— Quyon edi!
— Alohida belgisi bormidi?
— Telpakningmi?
— Quyonning! Quyonning rangi qanaqa edi?
— Kulrang edi!
— Erkakmidi?
— Telpakfurushmi?
— Quyon! - dedi starshina rostmana boʻgʻilib. - Quyon er kakmidi, urgʻochimi?

Boyadan beri chidab oʻtirgan «Tarasha»ning tajangligi tutib ketdi shekilli, shartta oʻrnidan turdi.
— Xunasa! - dedi qoʻlini paxsa qilib. - Xunasa quyon edi! Bir oyogʻi choʻloq edi! Bir koʻzi gʻilay edi!
— Grajdanin! - starshina chaqqonlik bilan oʻrnidan turib ustimizga bostirib kela boshladi. Ammo xona oʻrtasida taqqa toʻxtab qoldi. Barkashdek yuzining markazida koʻrinib-koʻrinmay turgan tugmachadek burni qimirlab ketgandek boʻldi. Havoni bir-ikki hidladi-da, gʻolibona iljaydi.
— Yigirma olti! — dedi tantana bilan. — Yigirma oltinchi portveyn! -gurs-gurs yurib borib, stol ustidagi telefon goʻshagini yulqib koʻtardi. - Alyo, hushyorxonami? Operupolnomochinniy Eshboev gapiryapti...
— Qo-o-och! - «Tarasha» shunaqangi chinqirdiki, xona jaranglab ketdi. — Qochib qol! — dedi-yu, oʻzini eshikka urdi. Oyogʻim ostida yotgan papkamga chang solib, men ham ketidan tashlandim.

... Atrofi garbil taxta bilan oʻralgan, zilziladan keyin qayta qurilayotgan allaqanday bino tagiga yetganda nafasimizni rostlab oldik.
— Xafa boʻlma, oʻrtoq, - dedi Botir gʻarch-gʻurch qor kechib borarkan. — Boshing sovqotgan bulsa, mening telpagimni kiyib ketaqol...
— E, yoʻqol! — dedim alam bilan...

Uyga kelishim bilan keliningiz chiroyli tabassum hadya etdi:
— Telpagingiz qani?
— Ie, tushib qopti! — dedim boshyalangligim endi esimga kelgandek sochimni changallab.

Keliningiz boyagidan ham chiroyliroq jilmaydi:
— Boshingiz tushib qolmadimi ishqilib?

... Ertasiga «Poʻnchik» odatdagidek ishga kechikdi. Botir bilan kechagi hangomani eslashib oʻtirsak, kotiba qiz Gulichka eshikdan moʻraladi.
— Siz! - dedi menga qoʻlini bigiz qilib. - Direktorga! Srochna!

Yuragim taka-puka boʻlib kirsam, direktor tajang boʻlib turgan ekan.
— Kecha nima hunar koʻrsatdingiz? - dedi chimirilib. Endi ogʻiz ochmoqchi edim, jerkib berdi:
— Oʻn besh sutka oʻtirishni xohlamasangiz manavi jarimani toʻlab keling. Ellik soʻm!
— shunday deb allaqanday qogʻozni yuzimga uloqtirdi. - Ichadigan - bular, balogardon - men!

Xonaga qaytib kirsam, «Poʻnchik» endi kelib turgan ekan.
— Nima boʻldi? - dedi Botir ikkovi baravariga.
— Oʻl boʻldi, dard boʻldi! - dedim baqirib. - Sen, yaramas «Poʻnchik» kafega sudramasang, telpagim yoʻqolmasdi... Telpagim yoʻqolmasa...
— Telpak? - Boburning lunji shishib ketgandek boʻldi. -Papkangni ochib koʻr-chi?

Hech baloga tushunmay, kattakon papkamni ochdim. Qay koʻz bilan koʻrayki, qadrdon telpagim bir quloqchini qiyshayib iljayi-i-ib yotibdi! Alam bilan «Poʻnchik»ning yoqasiga yopishdim. Loʻppi yuzi tandirdan yangi chiqqan nondek qizarib ketdi.
— Qoʻyvor! - dedi hansirab. - Kecha begonalar ilib ketmasin deb papkangga solib qoʻygandim. Yaxshilikka yomonlikmi, «Churuk papka!»

Ana xolos! Bahonada mening laqabimni ham bilib oldingiz.