OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiUch xil odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uch xil odam (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Bayram hamma yerda bir xil tantana qilinadi. Ammo hammayam bayramni bir xil nishonlayvermaydi...

Ismoil toʻrtinchi qavat derazasidan tashqarini tomosha qilib turardi. Kasalxona hovlisi gavjum. Ikki chetiga xonaki archalar ekilgan yoʻlkadan ola xalat kiygan bemorlar, bashang kiyingan kishilar tinmay oʻtadi. Qaerdadir birinchi qavatda, televizor qoʻyilgan vestibyulda boʻlsa kerak, tantanavor musiqa sadolari yangraydi. Ikki bino oraligʻidagi gulzor atrofiga qoʻyilgan oʻrindiqlar tirband. Hov, chekkada kasalxona atrofini oʻragan beton devor yonidagi bir tup yongʻoq soyasida, shundoq maysalar ustiga gazeta yozib er-xotin oʻtirishibdi. Erkakning egnida kasalxona xalati. Xotin atlas koʻylak kiyib olgan. Toʻrt-besh yoshlardagi bolakay qip-qizil pufagini havoda silkigancha, ularning atrofida pildirab yuribdi. Er-xotin unga koʻpda e’tibor berishmaydi ham, oʻzlari bilan ovora.

«Sogʻinishib qolgan boʻlsa kerak, — deb oʻyladi Ismoil xayolan jilmayib. — Bugun shunaqa kun. Xotinlar eridan, erlar xotinidan xabar oladi».

Shu tobda u oʻzining yolgʻizligini bugun ham, ertaga ham hech kim uni yoʻqlamasligini oʻylab koʻngli choʻkdi. Holidan xabar oladigan xotini yoʻq. Bola-chaqasi yoʻq. Ota-onasiga esa kasalxonaga tushganini xabar qilgisi kelmadi. Nima keragi bor keksa odamlarni ovora qilib? Operatsiyaga yotishi kerakligini aytsa battar vahimaga tushishadi. Dashnoboddan Toshkentga kelib-ketish osonmi?

U noxush xayollarni quvish uchun ishxonadagi doʻstlarini oʻyladi. «Toʻlqin ham kelmadi, kim biladi, balki kecha navbatchilik qilgan boʻlsa, uyida uyquni urib yotgandir«. Navbatchilik qanaqa boʻlishini gazetachilar yaxshi biladi. Bitta harf oʻzgarishi bilan «shahar» «zahar»ga aylanib, baloga qolishing hech gap emas...

Oʻsha kecha Ismoil ham navbatchi edi. Alla-pallagacha sahifa oʻqib qattiq toliqdi. Chanqab, muzdekkina sovuq choy ichganini biladi. Oshqozonida shu qadar qattiq ogʻriq turdiki, changak boʻlib qoldi. Tong-otarga yaqin toʻppa-toʻgʻri shu yerga olib kelishdi. Uning baxtiga professor Narimonov hali ketmagan ekan. Ismoil ikki yilcha avval shifoxona haqida maqola yozgan, mana shu mashhur jarroh bilan ham suhbatlashgan edi... Tekshirib koʻrishsa, dard oshqozonda emas, oʻt xaltasida ekan. Xaltachadagi tosh siljisa, tiqilib qolib, yomon oqibatga olib kelishi mumkin ekan.

«Parvo qilmang, — dedi professor , — bu murakkab operatsiya emas. Koʻrichakni kesgandek gap. Sizni oʻzim «kesaman«. Avvaliga palatada muttasil anqib turadigan dori hidi, operatsiyadan yangi chiqqan bemorlarning oh-vohiga koʻnikolmay yurdi-yu keyin oʻrganib qoldi. Endi oʻzini ham «kesish»ga tayyorlab qoʻyishdi.

Hozir bir koʻngli pastga tushib, televizor koʻrgisi keldi-yu tagʻin «aynidi». Shu yerdan tashqarini kuzatishning oʻzi tomosha emasmi?

Boyagi yongʻoq ostida hamon er-xotin oʻtirishar, xotin oldidagi sumkasidan tuxum olib, eriga archib berar, bolakay esa pufagini oʻynar edi. Yoʻlakdan oq xalat kiygan uch hamshira oʻtdi. Har qaysisining qoʻlida shoda-shoda nastarin. Qizlar nima haqdadir qattiq-qattiq gaplashishar, xandon otib kulishardi.

«Bu yil nastarin koʻp boʻlibdi, — deb oʻyladi u qizlardan koʻz uzmay. — Tahririyat xonasida biqinib oʻtirib gulniyam unutib yuboradi odam».

Ismoil yana oʻsha tomonga qaradi-yu yoʻlakdan bir-biriga suyanib kelayotgan ikki yigitni koʻrdi. Ulardan biri mast boʻlsa kerak. Koʻksiga lolaqizgʻaldoq bosgancha gandiraklab qadam tashlar, sherigi uni qoʻltiqlab olgan edi.

«Shunaqa joygayam mast boʻlib keladimi!» Ismoil ensasi qotib yuzini oʻgirdi. Oʻgirdi-yu birdan oʻsha tomonga qaragancha seskanib ketdi. Yigitning koʻksidagi lolaqizgʻaldoq emas, qon edi. Uning oppoq koʻylagi qizarib, yoqavayron boʻlib ketgandi. «Birov pichoq uribdi», deb oʻyladi, Ismoil vujudi muzlab. Yigitlar bir-birini suyagan koʻyi deraza tagidan oʻtib, bino tomon burilib ketdi. Ismoil yoʻlakka shoshildi. Sement zinalardan yugurgudek boʻlib, birinchi qavatga — jarrohlik boʻlimining qabulxonasiga keldi. Ostonasiga hoʻl latta tashlangan ochiq eshik oldida toʻxtab ichkariga razm soldi.

Boyagi oq koʻylakli yigitcha kushetkada ikki buklanib oʻtirar, boshini changallab nuqul soʻkinar edi. Bemorning boshidan oqqan qon koʻylagini qizartirganini endi koʻrdi. Kalta yengli, katak koʻylak kiygan ogʻaynisi esa nima qilarini bilmay serrayib turar, rangi oʻchib ketgandi.
— Nega oʻzidan oʻzi senlarga butilka otadi?

Ismoil ichkariga moʻralab, devor tagidagi stol qarshisida oʻtirgan doʻxtirni endi koʻrdi. Bu — koʻzoynak taqib yuradigan rangsiz jarrohning familiyasi Olimboev ekanini Ismoil bilib olgan, bemorlar negadir undan choʻchishini koʻrib, hayron qolgan edi. Oʻzi yoshu hamma undan qoʻrqadi. Ismoil yana bemorga oʻgirilib qaradi-da uning boshidan hamon qon oqayotganini payqadi.
— Bilmadim, — dedi katak koʻylakli yigit kipriklarini gunohkorona pirpiratib. — Koʻchada ketayotgandik. Birov avtobus derazasidan shisha otdi. Shisha Anvarning boshiga tegdi. — U gapini tasdiqlamoqchi boʻlganday bemorni barmogʻi bilan koʻrsatdi.

Anvar koʻzlarini doʻxtirga qadab, boshini changallagancha yana soʻkindi.
— Shunday qilib, shisha otdi degin? — Jarroh xotirjam oʻtirgancha koʻzoynagini yiltillatib bemorga qarab qoʻydi.
— Qiziq, — dedi ingichka barmoqlari bilan stolni chertib, — bitta shisha shuncha qiladimi, a! Avval boshingga tegsa, keyin yoqangni yirtsa, koʻylagingni dabdala qilsa. Qoʻlli-oyoqli butilka ekan-da!

Anvar labini yana ham qattiqroq tishlab, yigʻlab yubordi. U yelkalari silkinib baralla yigʻlar, ovozi endi rasta boʻlgani uchunmi, xunuk eshitilar edi. Katak koʻylakli yigitcha esa nima qilishini bilmay, bir unga bir doʻxtirga qarab javdirardi.
— Xoʻsh, sizga nima kerak? — dedi doʻxtir birdan boshini burib. Ismoil beixtiyor ichkariga kirib qolganini, jarrohning koʻzoynak ortidagi tikandek oʻtkir koʻzlari oʻziga tikilib turganini endi payqadi.
— Nima sizniyam butilka bilan urishdimi?

Ismoil uning ovozidagi zaharxandani sezib, achchigʻi chiqdi.
— Nega kalaka qilasiz? Ahvolini koʻrib turibsiz-ku, — dedi bemorga imo qilib. — Bir odam najot kutib tursa-yu siz tergov qilsangiz? Qanaqa doʻxtirsiz oʻzi?
— Oʻzingiz kimsiz? — Olimboev shoshilmay oʻrnidan turdi. Ismoil uning rangsiz yuzi yanada oqarib qirra burni qisilib ketganini koʻrdi. Bu bola kimingiz boʻladi? — dedi koʻzoynak ortidagi mitti koʻzlari chaqnab.
— Taniysizmi?
— Tanishim shartmi? — dedi Ismoil boʻgʻilib. — Kim boʻlsa ham odam-ku, axir! Bemor-ku!
— Marhamat qilib xonani boʻshatib qoʻying. — Ismoil daf’atan esankirab qoldi. Hech kim u bilan bunday qoʻpol muomalada boʻlmagan edi.
— Menga qarang, — dedi ovozi titrab. — Bemorga hoziroq yordam koʻrsatmas ekansiz... «Feleton yozaman!» demoqchi boʻldi-yu tilini tiydi. U hech qachon feleton yozmagan, yozmoqchi ham emasdi. Ammo birovning dardiga tomoshabin boʻlib turishni ham xohlamasdi. — Ketmayman! — dedi boʻgʻiq ovozda. — Najot kutib turgan odamni soʻroq qilishga nima haqqingiz bor? Prokurormisiz?
— Birovning ishiga aralashishga sizning nima haqqingiz bor? — Olimboev shunday deb bemorga yuzlandi. — Oʻlmaydi. Jarohati oʻladigan darajada emas. Birpas azobini tortsa bezorilik qilmaydigan boʻladi. Inqillamay oʻtir, soʻtak!

Ismoil qolishini ham, ketishini ham bilmay ikkilanib turib qoldi. Doʻxtirining buyrugʻi bilan xonaga hamshira kirdi. Bemorning boshini tekshira boshladilar.
— Oʻn sakkizinchi palatada bitta joy boʻsh, — dedi Ismoil. — Yonimdagi cholga bugun javob tekkan.

Olimboev koʻzoynak ortidan «Haliyam shu yerdamisan» degandek istehzoli qarab qoʻydi.
— Joyingizga boring!

* * *

Ismoil yigʻi tovushidan uygʻonib ketdi. Boshini koʻtarib Anvarning karavotida, oyoq tomonida oʻtirgan xotinni koʻrdi.

Kecha Anvarni shu palataga olishganida Ismoil «Gapim Olimboevga ta’sir qipti-da», deb oʻylagan edi. Keyin bilsa, boshqa joy yoʻqligi uchun yigitchani shu yerga kiritishgan, miyasi chayqalgan-chayqalmaganini aniqlash uchun ikki kunga olib qolishgan ekan.

Kechqurun ham mana shu chigirtkadek ozgʻin, qop-qora xotin Anvarning oldiga kelib ketgan edi. U tomirlari boʻrtib ketgan ozgʻin qoʻllari bilan yuzini toʻsgan koʻyi oʻksib-oʻksib yigʻlar, oʻgʻlini koyir edi.
— Otangning kuydirgani yetmasmidi, juvonmarg! Endi sen bormiding, yergina yutkur! Ishlamasang, oʻqimasang. Ajalning tigʻi parroniga uchragur otang topganini ichsa! Hah, peshonaginam qursin-a...

Ismoil uning ozgʻin yelkalariga ingichka qoʻllariga qarab rahmi keldi. Balki yagona umidi shu oʻgʻlidandir.

Anvar sallaga oʻxshab bint bilan bogʻlab tashlangan boshini devor tomonga oʻgirib yotar, indamas edi.
— Hah, peshonaginam qursin! — dedi ayol yana iztirob bilan.

Anvar yotgan joyida jerkib berdi:
— Koʻp vaysayvermang!

Ismoil uh tortib oʻrnidan turdi. Ayol kaftini tushirdi-yu yoshli koʻzlarini unga tikdi:
— Sizniyam uygʻotib yubordikmi?
— Ziyoni yoʻq, — dedi Ismoil karavot tepasidagi sochiqni olib tashqariga chiqarkan.

Uning ketidan Anvarning onasi ham chiqdi. Uch-toʻrt qadam yurmasdan yetib olib Ismoilning qoʻlidan ushladi.
— Nasihat qiling, oʻrgilay, — dedi muhim bir sirni aytayotganday pichirlab. — Oʻrtoqlari oʻlgur yomon... Uchtasini yerga qoʻyib, topgan bolam shu. Kechki maktabda binoyiday oʻqib yuruvdi. Bozor-oʻcharimni birpasda qilib keladi. Oyogʻidan oʻt chaqnaydi. Otasining ichishini maktabdagi oʻrtoqlari yuziga solgan ekan, oʻqishni tashlab ketdi. .. Shu odam boʻlsin deb koʻcha supuraman. — Ayol yelkasiga tashlab olgan xalatining etagini qayirib, burnini artdi.

Ismoil birovning koʻz yoshiga toqat qilolmasdi. Hozir ham tomogʻiga iliq bir narsa tiqilib, koʻngli buzildi.
— Kuyunmang, xolajon, — dedi xoʻrsinib. — Anvar hali yosh. Yoʻlini topib ketadi.
— Esli yigit koʻrinasiz., — ayol yana yigʻlamsiradi. — Nasihat qiling, Xudoyo baraka toping.
— Xoʻp, — dedi Ismoil yutinib, — albatta aytaman. Oʻzim ishga joylab qoʻyaman.

Ismoil yuvinib kelganda, Anvar tumbochka ustida turgan stakandagi choyga qand solib, qoshiq bilan aylantirib oʻtirardi.
— Choy iching, — dedi u doʻrillab.

«Yosh bola, — deb oʻyladi Ismoil uning yonib turgan koʻzlariga, hali ustara tegmagan moʻyloviga qarab. —Hali goʻdak-ku, bu! Yoʻlga solish kerak».
— Rahmat. — Bir zum oʻylanib turdi-da, soʻradi: — Nega urishding?
— Qiz talashdik, — dedi Anvar hamon qoshiqni aylantirarkan, axmoqlarcha iljayib.

Ismoil bu yoshdagi bolalarga nasihat yoqmasligini bilar, shuning uchun kechadan beri nima voqea roʻy berganini surishtirmagan edi.
— Qiz seni yaxshi koʻrsa, talashishning nima keragi bor! — dedi u iloji boricha tabiiy gapirishga urinib.

Anvar yana boyagiday iljaydi:
— Tanimayman oʻzini!
— Tanimasang nega talashasan?
— Ie, qiz boʻlgandan keyin talashadi-da.
— Endiyam talashsang kaltakning bundan kattasini yeysan!

Ismoil uning boshidagi qon dogʻi qotib qolgan «salla»ga imo qildi. — Bu safar oson qutulibsan!
— Menmi?! — Anvar tumbochkani shu qadar zarb bilan mushtladiki, tagida ozgina choy qolgan stakan zirillab ketdi. — Endi kaltakni boshqasi yeydi. Qonini ichaman!

Ismoilni operatsiya stoliga yotqizishlari bilan tepasida Olimboev paydo boʻldi. Uning ogʻzi-burni doka niqob bilan toʻsilgan, faqat yiltirab turgan koʻzoynagining oʻzi qolgan edi. Ismoilning yuragida qoʻrquv aralash shubha uygʻondi. Uni prfessor Narimonov operatsiya qilishi kerak edi-ku!

Olimboev uning koʻnglidan oʻtganini sezgandek boshiga egildi.
— Domla sanaviatsiyada Navoiyga uchib ketdilar. Ogʻir kasal bor ekan. — Soʻng mitti koʻzlari qisilib kulimsiradi. — Qoʻrqmang, operatsiyangiz murakkab emas. Uzogʻi bilan bir haftada oyoqqa turib ketasiz.

Ismoil taqdirga tan berishdan boshqa iloji qolmaganini bilib, koʻzini yumdi. Rostini aytganda, endi unga baribir edi.
— Bilasizmi, doʻstim, — dedi Olimboev uning boshiga egilib. — Meditsinani eng insonparvar kasb deyishadi. Ammo jarrohlikda shafqatni yigʻishtirib qoʻyish kerak. Boʻlmasa jarrohning qoʻli qaltiraydigan boʻlib qoladi... Gumanizm — sizlarning soha.

Bir necha lahzadan keyin shunday jimlik choʻkdi-ki, Ismoil oʻz yuragining urishini oʻzi eshitayotgandek boʻldi...

* * *

Insonning doimiy hamrohi xayol boʻlmaganida odam nihoyatda qashshoq boʻlib qolarmidi... Ismoil oppoq shiftga muttasil tikilib yotgan uch kun mobaynida oʻsha beadad xayollar uni tark etmadi. Operatsiyadan keyin qornida paydo boʻlgan ogʻriq azob berganida ham, osma ukol tagida yotib, ikki kun tuz totmaganida ham oʻsha xayollar bilan ovundi. Oʻzlarining qishloqdagi chorbogʻda boʻlgan toʻyni esladi. Har gal qishloqqa borsa, uning huzuriga iymanibgina chiqadigan, sogʻinib ketganini qulogʻiga shivirlab aytib, unsiz yigʻlaydigan xotini Shohidaning rangpar, ammo koʻrkam yuzi, quralay koʻzlari tasavvurida jonlandi.

Ismoil uchinchi bosqichni bitirgandan keyin ota-onasi koʻzimiz tirikligida koʻrib qolaylik, deb uning toʻyini oʻtkazishgan edi. U Toshkentda yurganida hech kimni chandon yaxshi koʻrmagani uchun, qoʻshni qishloqning eng suluv qizini olib beramiz de-yishganlarida koʻnib qoʻya qolgandi. Avvaliga Shohidani yaxshi koʻradimi-yoʻqmi oʻzi ham bilmay yurdi. Faqat xotini vafot etganidan keyin uni yaxshi koʻrishini, jonidan ortiq sevishini his qildi.

Shohidaning yuragi tugʻma «porok» ekan. Doʻxtirlar unga tugʻishi mumkin emasligini aytishsa ham Ismoildan yashirib yuraveribdi. Ona boʻlishni xohlamaydigan ayol bormi? Ustiga ustak qishloq tugʻruqxonasi.

...Ismoil uning azasiga yetib bordi. Ham suygan ayoli, ham yulduz koʻrmay jon bergan begunoh chaqaloqdan judo boʻlish ogʻir ekan. Shundan keyin, Ismoil qishlogʻiga qaytib bormadi. Yuqori bosqichda oʻqiyotganida amaliyotda qatnashgan gazeta tahririyatida eng «kichik» lavozim — musahhih yordamchisi qilib ishga olinganiga rahmat dedi... Daraxt bir yerda koʻkarishi rost ekan. Bora-bora gazetaning yetakchi xodimlaridan biriga aylandi. Jurnalistning qattiq noni, goho kecha-kunduz tinim bilmay ishlash unga yoqar, toʻgʻrirogʻi, yarasining eskirishiga yordam berayotgandek edi...

Kecha hamkasblari koʻrgani kelishganida oʻzining behalovat hunarini qattiq sogʻinganini his etdi. Erta-indin oʻziga javob berishlarini, tagʻin ishga shoʻngʻib ketishini oʻylab taskin topdi.

Soʻng Anvarga ishga kiritib qoʻyaman, degani esiga tushib, hamshiradan turar joyini yozib oldi. Bitta-bitta yurib hovliga chiqdi. Ikki chetiga archalar ekilgan yoʻlkadan ohista yurib ketdi.

Quyosh hali botgan, ammo havo tund, koʻngilni gʻash qiladigan bulutli oqshom edi. Hovlida odam siyrak, aftidan yomgʻir yogʻsa kerak, namxush shamol esib turardi. U yoʻlkaning oxiriga borib, orqasiga burilgan edi, tanish ovozni eshitib toʻxtab qoldi.
— Qoʻy deyman, joyiga! — dedi oʻsha ovoz. Keyin qoʻpol qilib soʻkindi. — Qoʻy boʻlmasa, abjagʻingni chiqarib tashlayman, onangni...

Ismoil ovoz chiqqan tomonga — kasalxona devori yonidagi yongʻoq tagiga qaradi-yu davra qurib oʻtirgan bir toʻda odamlarni koʻrdi. Yoʻq, bular bemor emasdi. Ismoil sinchiklab qarab, maykachan boʻlib olgan Anvarni koʻrdi. U oʻtirgan joyida yonidagi yigitning qizil koʻylagiga yopishib olgan, yigit oʻrnidan turmoqchi boʻlar, Anvar qoʻyib yubormas edi.

«Qayoqdan kiribdi bular! — deb oʻyladi Ismoil oʻsha tomonga yurarkan, keyin tushundi. — Devor oshib tushgan».

U yetib borguncha qizil koʻylakli yigit oʻrnidan turdi. Anvar ham uning yoqasiga yopishgancha turib ketdi.

«Ahmoq — deb oʻyladi Ismoil ichida Anvarni koyib, — yana janjal boshlayaptimi?»

U yaqin kelib, maysa ustidagi sochilib yotgan mayda-yirik aralash pullarni koʻrdi. Nariroqda ikkita araq shishasi dumalab yotar, davradagi toʻrt erkak bamaylixotir sigaret tutatib, Anvar bilan qizil koʻylakli yigitning janjalini kuzatar, ammo ajratib qoʻyay demasdi.

«Ablahlar! Kap-katta odamlar yosh bolalarni urishtirib tomosha qilib oʻtirsa!». U qorni ogʻriy boshlaganiga qaramay qadamini tezlatib keldi-da, Anvarning bilagidan ushladi.
— Qoʻyvor! — dedi sekin, ammo qat'iy qilib.

Anvar yarq etib qaradi. Uning rangi oʻchib ketgan, harsillar, ammo raqibini qoʻyib yubormas edi. Qizil koʻylakli novcha yigitning ham rangi gezarib ketgan, bir ogʻiz ham gapirmay yulqinar, Anvarning changalidan chiqmoqchi boʻlar edi.
— Pulni yutib olib, endi qochadimi? — qichqirdi Anvar tupuk sachratib.
— Qoʻyib yubor! — dedi Ismoil qat'iy qilib. — Kim senga qimor oʻynasin dedi!

Ismoil bir qarashdayoq Anvarning koʻzlarida sovuq oʻt yonib ketganini sezdi. Lekin e’tibor bermadi. U hech qachon qimor oʻynamagan, poezddami, boshqa joydami, shunday davrani koʻrsa, chetlab oʻtar, bu oʻyinning qoidalarini ham, yovvoyi zavqini ham bilmas, tan olishni xohlamas edi.

Yerda oʻtirganlardan biri, mast boʻlsa kerak qiyqirib kuldi.
— Oʻqituvching zoʻr-ku, Anvar!

Anvar shuni kutib turganday Ismoilga oʻshqirdi.
— Xoʻjayinmisan menga?!

Ismoilga uning sensirashi alam qildi. Chigirtkaday ozgʻin, qon qaqshab yigʻlayotgan ayol koʻz oldiga keldi-yu yuragi ezilib ketdi.
— Kallang ishlaydimi, ahmoq! — dedi boʻgʻilib. — Nima deb kelishgandik sen bilan!

Anvar hamon raqibiga yopishgan koʻyi xirilladi:
— Bor-r-re, onangni!...

Ismoil oʻzini tutolmay qoldi. Anvarning yuziga tarsaki tushirdi. Sekin, ayab...

Kutilmaganda Anvar uning qorniga shu qadar zarb bilan musht tushirdiki, Ismoilning koʻzidan oʻt chaqnab ketgandek boʻldi. Biqinida chidab boʻlmas ogʻriq uygʻonib, hamma yoqni zulmat qopladi-da, gursillab yerga yiqildi.

U koʻzini ochganida eng avval bir juft yaltiroq narsani koʻrdi. Sinchiklab qarab, bu koʻzoynak ekanini, boshida Olimboev engashib turganini angladi. Soʻng tagʻin oʻsha tanish jarrohlik stolida yotganini, atrofini oq libosli odamlar oʻrab olganini koʻrdi.

Olimboevning yupqa lablari qimirladi. Ismoilning hamon guvillab turgan qulogʻiga uning ovozi uzoq-uzoqdan eshitilgandek boʻldi.

— Xavf oʻtdi!... Qoʻrqmang, doʻstim, tuzalib ketasiz. Faqat bu gal koʻproq yotasiz... — bir zum sukut saqlab, qoʻshib qoʻydi. — Gumanizm yaxshi narsa... Faqat bilgan odamga...