OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiUrushning soʻnggi qurboni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
1967-yil


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Urushning soʻnggi qurboni (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Ruscha: Уткир Хашимов. Последние жертвы войны (рассказ)
Shoikrom ayvon toʻridagi sandal chetida xomush oʻtirardi. Allaqachon bahor kelib, kunlar isib ketganiga qaramay, hamon sandal olib tashlanmagani, ammo hech kim bu toʻgʻrida oʻylab koʻrmaganini u endi payqaganday gʻashi keldi. Boʻz koʻrpa ustidan yopilgan, shinni dogʻi qotgan quroq dasturxon ham hozirgina goʻjadan boʻshagan spool tovoq, bandi kuygan yogʻoch qoshiq ham uning koʻziga xunuk koʻrinib ketdi. Ammo beparvolik bilan qoʻl siltadi-yu, doʻppisini sandal ustiga tashlab yonboshladi.

Yarim kecha boʻlib qolgan, atrof jimjit. Faqat olislarda it uliydi. Ayvon toʻsinidagi uzun mixga iligʻliq lampochka xira nur taratadi. Chiroq atrofida oʻralashgan chivinlar bir zum tinmaydi. Hovlining yarmigacha ariq tortib ekilgan qulupnay pushtalari orasida suv yaltiraydi. Onda-sonda rang olgan qulupnaylar koʻzga tashlanib qoladi. Qayoqdandir shamol keldi. Hovli etagidagi yongʻoq shoxlari bir guvillab qoʻydi. Shoikrom uyqu elita boshlagan koʻzlari bilan oʻsha tomonga qaradi-yu, ter hidi anqib turgan loʻlabolishga boshini tashladi. Shu ondayoq yana oʻsha tovoqqa, bandi kuygan qoshiqqa koʻzi tushib, tagʻin gʻashlandi. «Ziqna boʻlmay oʻl!- deb oʻyladi xotinini soʻkib.-Azaldan qurumsoq edi, zamon ogʻirlashgandan buyon battar boʻldi».

Ichkarida chaqaloq yigʻladi. Beshikning gʻirchillagani eshitildi. Bola xuddi shuni kutib turganday, battar bigʻillay boshladi. Kattasi ham uygʻonib ketdi shekilli, qoʻshilishib yigʻilishga tushdi.

Shoikrom siltanib qaddini rostladi.
— Ovozini oʻchir, Xadicha!

Ichkaridan xotinining beshikni mushtlagani, zardali tovushi eshitildi:
— Ovozi oʻchsa koshkiydi! Toʻqqiz kechasida jin tekkan bunga!

«Kambagʻalning ekkani unmaydi, bolasi koʻpayadi oʻzi,- deb oʻyladi Shoikrom ijargʻanib. – Shu kunimdan koʻra urushga borib oʻlib keta qolganim yaxshiydi».

Uni urushga olishmadi. Toʻqimachilik kombinatida montyor yetishmasmidi, yo oʻzi yaxshi ishlarmidi, har qalay, uni olib qolishdi. Shoikrom urush boshlanishidan sal oldin uylangan edi. Urush boʻldi-yu, zamon oʻzgarib ketdi. Bir xil odamlar tirnoqqa zor. Uning xotini boʻlsa, yonidan oʻtib ketsa ham boshqorongi boʻlaveradi. Xudo bergandan keyin tashlab boʻlarmishmi, deb ketma-ket uchta qiz tugʻib berdi. Urushning qora qanoti uzoqlab ketgan boʻlsayam, hamon uning soyasi odamlar boshiga koʻlanka tashlab turibdi. Hali u qoʻshninikida aza ochiladi, hali bu qoʻshninikida.

Hovli etagidagi pastak eshik gʻiyqilladi. Shoikrom kafti bilan koʻzini chiroqdan pana qilib qaradi-yu, shu tomonga kelayotgan onasini koʻrdi. U uylanganidan keyin otadan qolgan hovlini oʻrtadan ikki paxsa devor olib boʻlishgan. Bungayam bir chekkasi Xadichaning injiqligi sabab boʻlgan edi. Har xil ikir-chikir gaplar chiqaverganidan keyin Umri xola roʻzgʻoring boshqa boʻlsa oʻzingga qayishasan, deb ularning qozonini boshqa qilib berdi. Oʻzi kichik oʻgʻli Shone’mat bilan narigi hovlida qoldi.

Rangi uniqqan chit koʻylak ustidan nimcha kiyib olgan Umri xola sharpaday unsiz yurib keldi-da, yapaloq «musulmon» gʻishtdan yasalgan zinadan ayvonga koʻtarildi.
— Hali uxlamovmiding? – dedi u zinadan enkayib chiqayotganida surilib ketgan roʻmolini qayta oʻrab.
— Koʻrmaysizmi, chaqaloq tinchimayapti. Oʻzim itday charchaganman.
— Bola boʻlgandan keyin yigʻlaydi-da,- dedi Umri xola yupatuvchi tovushda.- Yotaver, bolam.- U yan oʻsha unsiz odimlar bilan ichkari uyga kirib ketdi.

Qaynana- kelin bir balo qilib, bolalarni tinchitishdi. Keyin ikkovlari boshlashib chiqishdi. Xadicha bir qoʻlida choynak-piyola, bir qoʻlida zogʻora non keltirib, dasturxon ustiga qoʻydi.
— Choy oʻlib qopti,- dedi u zogʻora ushatarkan.

Umri xola Shoikromning yonboshiga, shaparak koʻrpachaga oʻtirdi.
— Ol oʻzing ham,-dedi u tomirlari boʻrtib chiqqan qoʻllari bilan, sochilgan uvoqlarni yigʻib ogʻziga solarkan. Shoikrrom onasining barmoqlari tars-tars yorilib ketrganing endi payqadi. Ilgari ham shunaqamidi, yoʻqmidi, eslay olmadi.
— Ovqatingdan qolmadimi? – dedi u choʻkkalab oʻtirgancha choy quyayotgan xotiniga qarab.

Xadichaning uzunchoq sargʻish yuzi qizardi. Aybdordek mahzun tovushda uzr soʻradi:
— Qolmovdi-ya.

Shoikrom uning qizarganidan yolgʻon gapirayotganini sezdi. Kim bilsin, ertalab oʻziga isitib berish uchun shunaqa deyayotgandir…
— Yoʻq, bolam, ovqat kerakmas,- dedi Umri xola shoshilib.- Xayol surib yotibuyqum oʻchib ketdi…- U bir lahza jim qoldi-da, oʻziga gapirganday sekin qoʻshib qoʻydi. – Payshanba kuni Komil tayibning uyiga boruvdim. Har kuni nahorga bir kosadan qoʻy suti ichsa, dard koʻrmaganday boʻlib ketadi, dedi.
— Hozir qoʻy suti qatta,- dedi Xadicha.- Sigir suti otliqqa yogʻ-u... shu paytda sigirimiz tuqqan boʻlardi-ya.

Shoikrom xotinining gapini eshitmadi. Birdan uning koʻz oʻngida pastak deraza ostida shiftga tikilib yotgan ukasi jonlandi. Bir hovlida turib oʻn kundan buyon holini soʻramaganiga afsuslanib, ichidan xoʻrsiniq keldi. Shone’mat Rossiyadan koʻchirib keltirilgan zavod qurilishida ishlay boshlaganida uni urushga olishmaganidan Shoikrom suyungan edi. Gap boshqa yoqda ekan. Ukasi sil ekan. Shuning uchun qoldirishgan ekan. Mana, uch oydirki, yerga yopishib yotibdi.

Shoikrom oʻn kuncha ilgari ishga ketayotib birrov kirib ukasidan hol soʻragan edi. Oʻshanda Shone’matning qoq suyak boʻlib qolganini, katta-katta koʻzlari nimagadir chuqur ma’no bilan oʻziga tikilganini koʻrgan edi.

«Yaqinda oʻladi, - deb oʻyladi u onasining koʻziga qaramaslikka harakat qilib, - baribir oʻladi».
— Tuzukmi? – dedi u hammasi uchun oʻzi aybdorday qovogʻini solib.
— Shukur,- Umri xola qult etib yutindi.- Hozir uxladi.- onasi shu topda chiqib ovora boʻlmagin, degan ma’noda gapirganini Shoikrom tushundi.
— Ertalab xabar olaman,- dedi u onasi oʻrnidan turganida.
— Sendan nega gina qilarkan, bolam,- dedi Umri xola ayvon labida toʻxtab.- Koʻrib turibdi-ku. Ertalab chiqib ketasan, yarim kechada qaytasan. Bu kunlar unut boʻlib ketadi, bolam.- Zinaga yechgan kalishining bir poyi toʻnkarilib qolgan ekan, umri xola oyogʻining uchi bilantoʻgʻrilayman deb, ancha ovora boʻldi. Keyin zinalardan enkayib tushdi-yu, sharpaday unsiz yurgancha, hovli etagiga qarab ketdi. Pastak eshik gʻiyqillab ochilib yopildi.
— Padariga la’nat shunaqa turmushning! – dedi Shoikrom boʻgʻilib. Keyin dasturxonni yigi'shtirayotgan xotiniga oʻshqirdi.- Seniyam padaringga la’nat! Tumshugʻingni tagidan sigiringni yetaklab ketsa-yu, anqayib oʻtirsang.
— Nega menga oʻdagʻaylaysiz?- Xadicha tovoqni qoshiqqa urib, yigʻlamsiradi.- Nima, meniyam Ilhom samovarchining xotiniday soʻyib kjetsinmidi? Siz kechalari smenda boʻlsangiz. Men uchta joʻja bilan jonimni hovuchlab oʻtirganim yetmaydimi?!

Shoikrom xotinini tarsakilab yubormaslik uchun yuzini oʻgirib, tishini gʻijirlatdi.

Suv qalqisa, loyqasi yuqoriga chiqqanday, zamon qalqigandan buyon yomon koʻpaydi. Erta bahorda ularning tugʻay deb turgan sigirini oʻgʻirlab ketishdi. Oʻsha kecha shoikrom tungi smenada edi. Kechasi bilan sharros jala quyib chiqdi. Shoikrom tong-saharda bir nimani sezganday koʻngli gʻash tortib, uyiga qaytdi. Kelsa xotini, bolalari, onasi dod solib oʻtirishibdi. Xadicha ogʻiroyoq emasmi, oʻzibilan oʻzi ovora boʻlib bilolmay qolibdi. Ertalab tursa koʻcha eshik lang ochiq, yongʻoqqa bogʻloqliq sigir yoʻq.

«Shu paytgacha sigir tugʻardi, ukamning ogʻziga aqalli bir kosa sut tutardim, - deb oʻyladi Shoikrom oʻkinib.- Qani oʻshalar qoʻlimga tushsa, chopib tashlardim».

Shundoq dedi-yu, egasi ming poylasin, oʻgʻri-bir.mana, bundan ikki oycha ilgari Ilhom samovarchining xotinini pichoqlab ketishdi. Bechoraning bitta-yu bitta echkisi bor ekan. Hovliga oʻgʻri tushganini bilib, xotin shoʻrlik dod solibdi. Eri chyxonada ekan. Yugurib borib echkining arqonidan ushlaganmi, xullas, yetib kelgan qoʻni- qoʻshnilar qora qoniga belanib yotganini koʻrishibdi.
— Shu kunda yana ogʻri oralab qoldi, - dedi Xadicha koʻrpachani qoqib tancha chetiga solarkan.- Qulupnay qizarmasidan bitta qoʻymay terib ketyapti.
—Vahima qilma!- dedi shoikrom qovogʻini u'yib.- Bolalar terib yegandir. Oʻgʻri qulupnayga keladimi?
— Ogʻziga bir dona olgan boʻlsa buyurmasin. Nega kelmas ekan? Bir hovuchini opchiqib sotsa bir kosa joʻxori beradi. Ana, borib qarang, devorning bir cheti oʻpirilib yotibdi!
— Vahima qilma!-= dedi Shoikrom yana gʻoʻldirab. Ammo bu safar oʻzining ham yuragi seskanib ketganini payqadi. Koʻnglida paydo boʻlgan gʻashlikni sezdirmaslik uchun hovliga tushdi. Sekin yurib, qulupnay pushtalari oldiga keldi. Ariqlardagi suv chiroq nurida yaltirab, shamolda jimirlar, marjonday terilib rang olganqulupnaylar suvga tegay-tegay deb turardi.

« Rost-da,- deb oʻyladi u pushtalar atrofida aylanarkan,- bir hovuch qulupnayga bir tovoq joʻxori beradi. Tansiq narsa... xadicha yolgʻon gapirmaydi. Bolalar yeganboʻlsa, buyurmasin, deyapti-ku. Pishiq, yoʻlatmaydi...»

Bultur xotini xuddi shu qulupnay tufayli onasini ham qattiq ranjitgan edi. Umri xola bir xovuch qulupnay olgan ekan, xadicha bolalarga non puli boʻlar deb ekkanmiz, norastalarning nasibasiga tegmang, deb bobillab beribdi.

Shoikrom oʻshanda onasining yoz boʻyikelini bilanyuzkoʻrmas boʻlib yurganini esladi-da, yana oʻsha gap xayoliga keldi. «Xadicha anoyi emas, qurumsoq...»

U aylanib yongʻoq tagiga bordi. Bordi-yu, chindan ham koʻcha tomondagi devorning bir chetioʻpirilganini, ostiga tuproq toʻkilganini koʻrib, yuragi orqasiga tortib ketdi.Nazarida devorning kemtik joyidan birov moʻralab turganday boʻldi. Yongʻoq shoxlarining shamolda vishillashi ham, oyogʻi ostida toʻkilib yotgan devor tprogʻi ham shubhali, vahimali koʻrinib, darrov orqasiga qaytdi.

Xadicha allaqachon uyga kirib ketibdi. U chiroqni oʻchirib, sandal chetiga yotdi-yu, koʻnglidagi gʻulgʻula kuchayib ketaverdi.

Kuzda oʻzi bilan ishlaydigan yigitning hovlisidagi soʻritokdan gʻarq pishib yotgan uzumlarini oʻgʻirlanvb ketishganini esladi. Shamol borgan sari avjga chiqar, hovlidagiyongʻoq barglari shovillab, shoxlari gʻirchillar, allakim ship-ship qadam bosib, ayvon labiga kelayotganday boʻlardi.

Xadicha rost aytadi. U kechalari smenada boʻlsa, xotini uchta joʻja bilan jon hovuchlab tong ottirsa, oʻgʻrigaoʻljanini katta-kichigi bormi? Qoʻliga nima ilinsa olaveradi-da. Bordi-yu, oʻzi yoʻgʻida uyini oʻgʻri bossa, xotini dod solsa, pichoqlab tashlasa. U yoqdan onasi chiqsa, uniyam pichoqlasa... « Vijdonsiz! Odamlarning boshiga kulfat tushganidan foydalanib qoladiganlarni qirish kerak».

Birdan xayoliga kelgan fikrdan uning vujudi titrab ketdi. Qora kunlari uchun, ne umidlar bilan tishidatishlab yurgan gʻunajinini oʻgʻirlagani uchun, oʻlim toʻshagida yotgan ukasining oxirgi nasibasidan mahrum qilgani uchun, non puli boʻlar deb yetrishtirgan mevasidan judo qilayotgani uchun shundoq qasos olsinki, oʻsha xudo bexabarlardan.

U oʻrnidan sakrab turib ketdi. Chiroqni yoqib, otilib hovliga tushdi. Hamon shamol oʻkirar, osmonning goh u, goh bu burchida chaqmoq yaraqlab, yongʻoq shoxlari shubhali gʻiyqillar, ammo endi bular uni qoʻrqitolmas edi. U yonboshidagi oshxonaga kirdi-yu, choʻntagidan gugurt olib chaqdi. Titroq qoʻllari bilan qorayib ketgan devordagi mixga iligʻliq turgan ikki oʻram simni oldi. Bir vaqtlar urushdan oldin u bu simlarni bazmlarga olib borar, odamlarning hovlisini mash'aladay yoritib berardi. Endiyam yaxshilikka xizmat qilsin!

«Menga desa otib yubormaydimi! – deb oʻyladi u ayvon labiga choʻqqayib oʻtirganicha usti yopiq simni ochiq simga ildam ularkan.- Harna bitta haromxoʻrni oʻldirganim. Bittasi oʻlsa, boshqalari adabini yeydi».

U chaqqn harakat qilar, a’zoyi badani terlab ketgan, ammo buni oʻzi payqamas, faqat bir soʻzni takrorlardi: « Menga desa otib yubormaydimi!»

U simning ochiq qismini qulupnay pushtalari ustiga uloqtirdi. Sim ilonday bilanglab pushta ustiga tushdi. Yopiq qismini ayvon tagidan olib oʻtdi-da, bir uchini ustundagi ilgakka tiqib qoʻydi. Keyin birdan bolalar kechasi hovliga tushsa nima boʻladi, degan xayol miyasiga urildi-yu, uyga kirdi. Xadicha yotgan joyida uyqusirab boshini koʻtardi.
— Ha?
— Hovliga chiqma, bolalar ham chiqmasin, oʻladi! – dedi Shoikrom koʻzlari yonib.

Xadicha hech nimaga tushunmadi shekilli, «xoʻp» dedi-yu, boshini yostiqqa tashladi. Zum oʻtmay tekis, chuqur nafas ola boshladi. Shoikrom ayvon chirogʻini oʻchirib, yana uyga kirdi. Har ehtimolga qarshu shundoq eshik tagiga, namatga koʻndalang yotib oldi.

«Menga desa otib tashlamaydimi? « deb oʻyladi yana oʻshanday zarda bilan. Shu topda negadir bolalarini emas, xotinini ham emas, ukasini oʻyladi. Shone’mat bolaligida ham zaifgina edi. Shoikrom uni har kuni maktabdan oʻzi olib kelar, ikkinchi smenada dars tugaguncha poylab oʻtirardi. Otasi oʻlganida Shoikrom oltinchida, ukasi ikkinchida oʻqirdi. Oʻshanda Shone’mat yigʻlamagan, ammo ichikib kasal boʻlib qolgandi. Ona-bola uni avaylab katta qilishdi. Endi boʻlsa, besh kunligi qoldimi yoʻqmi, aka boʻlib xabar ham ololmaydi.

Shoikrom uxlamadimi, yoʻqmi, bilolmadi. Bir mahal bola yigʻladimi, yo tashqarida shamolning guvillashi aralash dahshatli bir faryod qulogʻiga kirdimi, anglay olmay qoldi. Sapchib oʻrnidan turib ketdi. Ayvon chirogʻini yoqishi bilan qulupnay pushtasida muk tushib yotgan odam gavdasini koʻrdi-yu, dahshatdan qotib qoldi. Shu ondayoq xato qilganini, qotillik qilganini payqadi. Sim uchini shartta ilgakdan yulib olib, hovliga otildi. «Boshqalari qochdi» degan fikr lip etib xayolidan oʻtdi. Pushtalar ustida sakrab-sakrab yurib borarkan, oyogʻi botib ketayotganini payqadi. Keyin gʻujunak boʻlib yotgan odamdan uch qadam beriroqda toʻxtadi-yu, birdan choʻkkalab qoldi. Bir lahza koʻzlari olayib tikilib turdi-da, koʻksidan shamol gʻuvurini ham, oʻz vujudini ham larzaga soluvchi bir nido otilib chiqdi:
— Oyi-i-i!

U boshidan hushi uchibborayotganini elas-elas his qilib oʻzini yerga otdi. Titroq qoʻllari bilan loy changallaganchachoʻkkalab koʻksiga mushtlay ketdi.
— Oyi! Oyijon !

Umri xola bir qoʻli bilan uniqqan chit koʻylagining etagini mahkam changallab olgan, etak ichida ikki hovuch pishgan-pishmagan aralash qulupnaylar koʻrinib turar, boshqa qoʻli bilan esa ilondek simni ushlab turardi. Shoikrom uning qulupnay qizili yuqqan, yorilib ketgan barmoqlarini, boʻrtgan tomirlarini aniq koʻrdi. Nariroqda, loyli ariq ichida uning kalishi yotar, chamasi, sim oyogʻiga tekkanida yulib olmoqchi boʻlgan-u, qoʻliga oʻralashib yiqilgan edi.

Shoikrom loyli marzadan emaklab borgancha, oʻzini onasining quchogʻiga otdi.
— Oyijon, oching koʻzingizni!- dedi u gezarib ketgan lablari bilan onasining muzday yuzidan oʻpib.

U anchadan keyin oʻziga keldi-yu, tepasida xotini turganini, qizchalari yigʻlayotganini payqadi. Boshini koʻtarishi bilan marza chetida choʻnqayib oʻtirgan Shone’matga koʻzi tushdi. Necha haftalardan buyon oʻrnidan jilmay yotgan ukasi, aftidan, qandaydir kuch topib emaklab chiqqan, koʻylagining yelkalari osilib turar, katta-katta koʻzlari vahima bilan boqar edi.
—Nima qilib qoʻydim, ukam! – dedi Shoikrom yana balchiqqa belangan kafti bilan yuzini changallab. Keyin yana onasining ustiga oʻzini tashladi. U onasini koʻtarishga urinar, ammo onasining ikki buklangan gavdasi negadir hech tiklanmas edi.
— Sut ichmay zahar ichsam boʻlmasmidi, - dedi Shone’mat ovozi titrab.

Shoikrom bu ojiz, titroq tovushdan seskanib, ukasiga tikilib qoldi.
— Zahar ichsam boʻlmasmidi,- dedi Shone’mat yana oʻsha ohangda. Aftidan, u yigʻlay olmas, yigʻlashga madoriyetmasdi.- Kechayam aytuvdim, koʻnmadilar. Qulupnayga sut alishadi, dedilar.

Shoikrom boshqa hech nimani eshitmadi. Eshitolmadi. Foydasi ham yoʻq edi.

* * *

Umri xolani peshin namoziga chiqarishdi. Goʻristondan chiqib kelishayotganida Shoikrom odamlarningoʻzaro gapini eshitib qoldi.

— Urush tamom boʻpti, eshitdingizmi?