OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiXayollarga boʻlaman tutqun... (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/26
Manba[ziyouz.com ziyouz.com...]


Nashr belgilari
1964-yil


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xayollarga boʻlaman tutqun... (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

«
Koʻrmay desam, koʻzim koʻr emas,
Yurmay desam, oyogʻim butun.
Ammo qalblar ortiq joʻr emas,
Xayollarga boʻlaman tutqun».

Mirtemir
»

U ketdi... Yaproqlari oqshom shabadasida ohista silkinib turgan bir tup oʻrik tagidan burilib oʻtdi-yu, muyulishda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Qargʻashoyi koʻylagining etagini, oʻng bilagiga ilib olgan qizil sumkachasinigina koʻrib qoldim. U ketdi... Quloqlarim ostida anhorning qiqir-qiqir kulgisi-yu, xoʻrsinishga toʻlgan qiz yigʻisi qoldi.

U ketdi-yu, koʻz oʻngimda iztirobga toʻlgan, ham yaqin, ham uzoq siymosi qoldi.

...Koʻzlarimda yosh qalqidimi?! Yoʻq-yoʻq, axir nega endi? U ketdi. U ketdi-yu, xayolimda ham shirin, ham achchiq, ham quvnoq, ham alamli uzuq-yuluq xotiralar qoldi...

...Oʻshanda men birinchi kursda oʻqirdim. Birinchi imtihonni topshirgan edim. Qiziq, yoshlik ekan-da! Birinchi kurs talabalarining hammasida boʻladigan odat menda ham bor edi. Oʻzimni juda bilimdon, yuqori kursdagilardan ham, goho domlalardan ham koʻproq narsani biladigan kishi hisoblardim. Ha, men magʻrur edim. Buning ustiga birinchi imtihondan a’lo baho oldim. Men shod edim, allaqayoqlarga uchgim, baland-baland parvoz etgim kelardi. Gavjum yoʻlkalardan borarkan man, hech kimni koʻrmas, hech nimani sezmas edim.

Trolleybusga chiqdim. Boʻsh oʻrindiqqa oʻtirib kitob varaqlay boshladim. Kitob oʻqirdimu satrlar mazmunini oʻzim ham tushunmasdim. Xayollarim olislarga yetaklab ketardi meni.

Yonimga kelib oʻtirgan qizga parvo ham qilmabman. Bir vaqt u piq etib kulib yubordi.
— Odamga qaragingiz ham kelmaydimi, Erkin aka? Choʻchib oʻgirildim.
— Ie, Xolida... — xijolatdan qip-qizarib ketgan boʻlsam kerak, Xolida yashnab-yashnab kulib yubordi.

Noqulay ahvolda iljayib, unga razm soldim. Hech oʻzgarmabdi. Doim nimanidir kutganday bolalarcha javdirab turuvchi charos koʻzlari ham, chehrasiga allaqanday soddalikkami, boʻshanglikkami oʻxshash ifoda beruvchi qalinroq lablari ham oʻzgarmabdi. Bu oʻsha Xolida edi. Bundan yarim yilcha avval oʻzim bilan bir partada — Oʻrta maktab partasida oʻtirgan Xolida edi. Hech oʻzgarmabdi... faqat meni «aka» deb ataganiga hayron boʻldim. Maktabda boʻlsa har doim «He bola» deb chaqirardi, shayton qiz!

Xayolimni yigʻishtirib olmasimdanoq Xolida yana hujumga oʻtdi:
— Ja, talaba boʻlib... a? Oʻqishlar yaxshi ketyaptimi?
— Hm, — dedim soʻzimning yarmisini yutib. Men uni «siz»-lashimni ham, «sen»lashimni ham bilolmay, bir zum istihola qilib turdim-da, faqat, gapirish uchungina soʻradim: -Siz qaerda oʻqiyapsiz, Xolida?

Bilmadim, Xolida savolimni eshitmadimi yoki e’tibor bermadimi, yuzini chetga burib, u yoq-bu yoqqa alanglay boshladi. Oldinroqda turgan ayolni chaqirib joy berdi. Men ham darrov turib ketdim. Ikkovimiz yonma-yon turib, anchagacha jim ketdik. Keyin Xolida yana avvalgiday jilmayib soʻradi:
— Shunday qilib, jurnalist boʻlar ekansiz-da... Koʻrsam maylimi? — Xolida qoʻlimdagi kitobni oldi.- Lui Aragon! Yaxshi yozuvchi boʻlsa kerak-a?

Men indamay bosh silkib qoʻydim. Xolida kitobni varaqlarkan, ichidan zachyot daftarim chiqib qoldi. U menga yov qarash qildi. Quyuq qoshlari bir toʻlgʻanib qoʻydi.
— Ruxsatsiz koʻrsam xafa boʻlmaysizmi?

Men, avvaliga, mayli, dedim-u, keyin birdan uning Qoʻllariga yopishdim. Surat! Axir daftar ichida oʻzining surati bor-ku! Koʻrsa nima xayolga boradi? Bitiruvchilar kechasi oʻtkazilgan kuni sinfdoshlarimiz bilan surat almashgandik, negadir Xolidaning suratini oʻshandan beri yonim-da olib yurardim. Nimaga shunday qilayotganimni oʻzim ham bilmasdim. Faqat... faqat Xolidaning menga boshqacharoq qarab yurishini bolalar shama qilishardi oʻshanda. Menda ham shu qizga nisbatan mehrmi, allaqanday his uygʻongandi. Lekin nima uchundir shu topda unga suratini koʻrsatgim kelmadi.
— Xolida, kechirasiz, mumkin emas, — dedim sun'iy iljayib. Zachyot daftarimni choʻntagimga solib qoʻydim.
— Kechirasiz... Sizning ichki ishlaringizga aralasha olmayman. - Xolida hazillashyaptimi, chindan gapiryaptimi bilolmadim. Oraga tushgan sovuq vaziyatni yoʻqotish uchun tayinliroq soʻz qidirar, ammo tilim kalimaga kelmasdi. Trolleybus Xadraga yaqinlasharkan, «Vatan» kinoteatrining katta-katta afishalari lip etib koʻrinib oʻtdi.
— Yaxshi kino ketyapti... Tushamizmi?

Men bu gapni ham faqat oradagi oʻsha noqulay vaziyatni buzish uchun aytdim. Dabdurustdan kinoga taklif qilishim Xolidani oʻylantirib qoʻydi. Men uning yoʻq deyishini kutib turardim. Ammo yoʻq demadi. Yelkasini uchirib Qoʻydi.
— Bilmasam.
— Boʻpti, yuring! — dedim quvonib...

Kinodan chiqib, zinalar yonidagi pastak archa tagida bir oz turib qoldik.
— Erkin aka, bilasizmi... - Xolidaning yonoqlari qip-qizarib ketdi. Bir oʻrim sochining uchini tutamlab turib, tutilib-tutilib gapirdi, - bilasizmi... Man... sizga xalaqit bermaymanmi?

Shu topda u koʻzimga juda sodda, juda pok, shu bilan birga allaqanday sirli koʻrinib ketdi. Bu savol oldida oʻzim ham esankirab qoldim.
— Yoʻgʻ-e, nimaga endi?..
— Boʻlmasa... kelar haftaning shu kuni, shu soatda, shu yerga kelsam yoʻq demaysizmi?..

Xolida battar qizarib ketdi. Quyuq qayrilma kipriklari yuziga toʻkildi.
— Xolida, kelasizmi, rostdan kelasizmi? - dedim sevinib.
— Men ketdim! Xayr!

Xolida yerdan koʻz uzmay keskin burildi-da, kelib toʻxtagan trolleybusga qarab yugurdi. Sariq jemperiga quyib qoʻygandek yarashib tushgan bir oʻrim yoʻgʻon qoʻngʻir sochining silkinib borayotganini koʻrib turdim. U trolleybus zinasiga oyoq qoʻyarkan, menga bir oʻgirilib qaradi. Nazarimda muloyim, juda muloyim jilmayib qoʻygandek boʻldi. Shundagina men uni kuzatib qoʻyishim kerakligini tushundim. Axir biz u bilan yonma-yon mahallada turamiz-ku! Ammo men kechikkan edim. Trolleybus bir silkinib yurib ketdi. Turgan joyimda serrayib qoldim. Hozirgina boʻlib oʻtgan gap-soʻzlar quloqlarim ostida dilrabo kuy sadolaridek jaranglar, shu kuy meni bir umr sarxush qilib qoʻyayotganday boʻlardi.

Kelasi uchrashuvgacha shu kuy ogʻushida yashadim.

Chorshanba kuni Xolidani xuddi oʻsha yerda, kinoteatr zinalari yonidagi pastak, xonaki archa tagida kutib oldim. Xolida bu safar oʻziga sal oro bergan, boshini yaqinda yuvgan boʻlsa kerak, uzun sochlarining nami hali qurimagan edi.
— Bugun kinoga tushmay qoʻya qolamiz, xoʻp? - Xolida qoshini chimirib, chiroyli jilmayib qoʻydi.
— Ixtiyoringiz...

Hali oqshom qoʻnib ulgurmagan katta koʻchadan Oʻrdaga — Anhor tomonga yurib ketdik.
— Uydagilar yaxshi oʻtirishibdimi, Xolida? - dedim uning qadamiga qarab ohista borarkanman.
— Rahmat...— Xolida anchagacha jim qoldi... Anhor koʻprigidan oʻtib daraxtzor orasiga kirdik. Oqshom eng avval shu yerga qoʻnadi. Daraxtlarning tekis shovillashi anhorning bezovta toʻlqinlari ovoziga qoʻshilib, beozor, orombaxsh sukunatni chuqurlashtirayotgandek boʻlardi...
— Oʻtiramizmi? — Anhor labida turgan pastak skameykaga imo qildim.

Oʻtirdik. Anhorning tub-tubidan qaynab chiqayotgan suvga tikilgancha qoldik. Anchagacha ikkovimizdan ham sado chiqmadi.
— Erkin aka, siz meni odobsiz qiz deb oʻylayapsizmi? — Xolida javdiragan koʻzlarini koʻzimga qadadi.

Hayron boʻldim.
— Nega endi?

Xolida anchagacha indamadi.
— Rost-da... Oʻzimdan-oʻzim sizga... - Xolida boshini yana-yam quyiroq egdi. Qiynalib-qiynalib gapirdi. - Lekin nima qilay? Faqat, faqat siz meni haydamasangiz boʻldi...

Butun vujudimni hali hech sezilmagan, hali hech sinab koʻrilmagan allaqanday yoqimli titroq qopladi. Hali ishq nimaligini bilmagan yurakda nozik, juda nozik, shamchiroqdek bir oʻt - sevgiga chanqoq oʻt yiltillab turarkan. Mayingina muhabbat shabadasi bir marta, faqat bir marta siypalab oʻtsa, bu uchqun lovillab ketarkan.
— Xolida, axir nega unday deysiz? Axir men sizni... sizni... Xayolimni yolgʻiz siz olib qoʻydingiz-ku, axir! Menga nasib boʻladimi, yoʻqmi, deb xavotirlanib oʻzim ham topolmay yurgan aziz bir narsani qiz muhabbatini taqdim qilasizu...

Men yana ancha-ancha gaplarni aytgim, yuragimdagi hislarimning hammasini toʻkib solgim kelardi-yu, ammo shu hislar oldida oʻzim ojiz edim...
— Rostmi? Shu gaplaringiz rostmi? —Xolida qayrilma kipriklarini koʻtarib koʻzlarimga tikildi.

Entikib ketdim.
— Nahotki menga ishonmasangiz? Xolida sekin bosh silkidi.
— Ishonaman... Lekin... Keling, endi bir-birimizdan sir yashirmaylik. Xoʻp?
— Sizdan nimani ham yashiray?
— Yolgʻonmi?-Xolida ayyorliq bilan qoshini uchirib qoʻydi,-Huv, anunda, zachyot daftaringizni nega tortib oldingiz?
— Unda... unda sizning suratingiz bor edi, Xolida!
— Rostmi?-Xolida yana oʻsha bolalarcha soddalik bilan koʻzlarini javdiratdi...

Shu kuni ikkalamiz uygacha piyoda qaytdik.

Men Xolida bilan xayrlashgan daqiqadan boshlaboq yuragimda soʻnmas bir oʻt alangalana boshladi. Bu oʻt hech toʻxtamas, visol damlari yaqinlashgan sayin kuchayar, faqat oʻzini koʻrsam sal bosilardi-yu, xayrlashishimiz bilan yana lovillardi.

Bu oʻt ikki yilgacha, yoʻq-yoʻq, undan keyin ham, shu kungacha ham hech pasaymadi. Lekin, netayki, goho taqdir sening izmingga emas, sen taqdirning izmiga boʻysunishga majbur boʻlib qolarkansan...

...Ikkinchi kursning oxirgi imtihonini topshirgan kunim Samarqandga—viloyat gazetasiga uch oylik praktikaga ketish oldidan Xolidani uchrashuvga taklif qilgandim. Ammo u kelmadi. Har gal besh minut kuttirib qoʻysa, alamimni papirosdan olardim. Bu safar papiros ham dosh berolmadi. Xuddi oʻsha Anhor boʻyidagi pastak skameyka yonida bir soat turdim. Yuragimni chulgʻagan shubhalar chigallashib ketdi-yu, shahar koʻchalarida anchagacha aylanib yurdim. Oʻsha tanish xiyobonlar, oʻsha sokin anhor, juft-juft boʻlib sayr qilib yurgan oʻsha sevishganlar bir dardimni oʻn qilardi.

Xayolimda ikki savol, ikki muammo hukmron edi: Xolidaning oldiga boraymi, yoʻqmi? Ehtimol, unga bir nima boʻlgandir? Yoʻgʻ-e, axir kuni kecha oʻzim koʻrdim-ku! Agar u shunchaki noz qilayotgan boʻlsa-chi? Shu topda uning uyiga, ostonasiga bosh urib boramanmi?

...Yoʻq, yoʻq, bari bir muhabbat ustunlik qildi. Xolidalarning koʻchasiga qanday qilib borib qolganimni oʻzim ham bilmayman. Ularning uyi tor koʻchaning ichida edi, ammo nechanchi eshik ekanini bilmasdim. Har safar uni kuzatib qoʻyganimda koʻcha boshida xayrlashardik. Xolidaning oʻzi ham uyalardi shekilli, koʻcha ichiga kirishimni xohlamasdi.

Bir lahza ikkilanib turdimu koʻcha ichiga kirdim. Lekin yigirma qadamcha yurar-yurmas toʻxtab qoldim. Ikkala tavaqasi lang ochib qoʻyilgan eshikdan bir qoʻlida belkurak, bir qoʻlida kattakon paqir koʻtarib Xolidaning akasi chiqib keldi. Men uning otini ham bilmasdim. U bizdan uch yil avval maktabni bitirgan, hozir allaqanday idorada ishlayotganini eshitgandim. U menga qayrilib qaramay, paqirga simyogʻoch tagiga uyib qoʻyilgan koʻmirni olib sola boshladi.

Yaqinroq kelib salom berdim. U belkurakni tashlamay, engashib turgan koʻyi yelkasi osha menga qaradi. Qaradi-yu, birdan qaddini rostladi. Jingalak sochi ter aralash peshonasiga yopishib qolgan, koʻmir tegib qorayib qolgan maykasi ham hoʻl boʻlib ketgandi. Bilmadim, salomimni eshitmadi-mi, alik olmadi. Yaxshilab tanib olmoqchi boʻlganday menga uzoq tikilib qoldi. Keyin peshona terini shaxt bilan sidirib tashladi-da, koʻzimga tikilib turib soʻradi:
— Xoʻsh, xizmat?!

Birdan esankirab qoldim. Uyalib ketdim. Nima deyishimni bilmay toʻgʻrisini aytib qoʻya qoldim:
— Xolidaxon bormilar?
— Akasi kerak emasmi, akasi! — uning rangi oʻchib, belku-rak ushlagan qoʻli asabiy qaltiray boshladi. Meni yeb yubormoqchi boʻlganday, tishlarini gʻijirlatib ta’kidladi.— Qadamingni bilib bos, bola! Qizlarga osilgandan koʻra burningni eplasang-chi! Kimsan oʻzing! Dadangga oʻxshagan sartarosh boʻlasan-da!.. Esing borida tuyogʻingni shiqillatib qol, ha!

Koʻz oʻngim qorongʻilashib, butun vujudim lovillab yona boshladi. Quloqlarim shangʻillab ketdi. Inson uchun bundan ortiq haqorat, bundan ham uyatli narsa bormi? Xayolimda eng muqaddas narsa deb yurgan uy shumi hali? Yuragimning eng chuqur joylarida izzatini ardoqlab yurgan kishilarim shu boʻldimi?

Yoʻq, men unga bir ogʻiz ham gapirmadim. Gunohkor odamday boshimni quyi solgancha burildimu madorsiz oyoqlarimni sudrab bosib yurib ketdim.

Ioʻq, men endi bu koʻchaga hech qachon qadam bosmayman, hech qachon!.. Yaxshi koʻrish — yalinish, yolvorish degan gap emas! Men Xolidaning oldida gunohkor emasman. Yalinmayman ham... Ertasiga ertalab Samarqandga joʻnab ketdim. Ketdim-u, xayolim shu yerda — Xolida bilan qoldi. Oʻzimcha bu bema’nigarchilik uchun Xolidaning mendan kechirim soʻrashini koʻtardim. Rostdan ham bir haftaning ichida Xolidadan ketma-ket ikkita xat oldim. Ikkala xatning ham mazmuni bir xil edi. «Men siz bilan uchrashishim kerak. Tezroq kelib ketmasangiz boʻlmaydi», debdi. Qayoqqa boraman? Yana oʻsha uygami?! Kimning oldiga boraman? Meni shunchalik haqorat qilgan odamning oldigami? Nimaga boraman? Yalinish-yolvorish uchunmi?

...Xolidaga xat yozish uchun uch marta qoʻlimga qogʻoz-qalam oldim-u, ammo yozolmadim. Har safar qalam ushlasam, koʻz oldimda uning akasi jonlanar, nazarimda, menga nafrat bilan tikilib turar, ayamay haqorat qilardi.

Bari bir boʻlmadi. Oradan ikki oycha oʻtganidan keyin Xolidaga xat yozdim. Yozishga yozdim-u, oʻzimdan-oʻzim afsuslanib qoldim. Xatimga javob kelmadi.

Qaytib borganimdan keyin Xolida bularning hammasi uchun mendan uzr soʻraydi, deb yurgandim. Yoʻq, butun xayolim puchga chiqdi. Praktika tamom boʻlay deb qolganda, sobiq maktabdosh doʻstim Javdoddan xat keldi. Xat juda qisqa edi.

«Xolidadan umidingni uz! Erga tekkaniga oʻn besh kun boʻldi. Akasining oʻrtogʻiga tegibdi...»

Xatni burda-burda qilib uloqtirdim. Bevafo! Yaramas! Sotqin! Yana qay soʻz bilan atay oʻshani?

Yoʻq, mening nafratlashga, la’natlashga ham holim qolmagandi. Kipriklarimni toʻsgan yosh pardasi tomogʻimni boʻgʻib qoʻygandi.

Bari bir endi ishlay olmasligimni tushundim. Lash-lushlarimni yigʻishtirib uyga qaytdim.

Avtobusdan tushishim bilan ataylab Xolidalarning koʻchasiga burildim. Negadir uni shu yerda, shu koʻchada uchratishimga ishonardim. Ha, yanglishmabman. Men uni koʻrdim. Faqat uzoqdan, orqasidan koʻrdim. U koʻcha eshik oldida toʻxtagan yap-yangi «Volga» mashinasining yonida xayol surgandek qimirlamay turardi. Kulrang makentosh ustidan qoʻngʻir sochlarini tashlab olgan.

Birovdan choʻchigan odamdek toʻxtab qoldim. Ichkaridan oq koʻylak ustidan qora galstuk taqqan novchagina yigit chiqdi. Bilagidan ushlab Xolidani mashinaga oʻtqazdi. Keyin oʻzi rulga oʻtirdi-da, haydab ketdi.

Chamadon bandini jon-jahdim bilan qisganimdan barmoqlarim qirsillab, oʻng qoʻlim titray boshladi. Molpa-rast! Amalparast!

Yana qancha turganimni bilmayman. Quyosh tikkaga kelib ayovsiz qizitardi. Asfaltdan koʻtarilgan chuchmal hovur koʻnglimni behud qila boshladi.
— Mayli,-dedim oʻzimni yupatib, - Xolida kuyunishga, oʻrtanishga ham arzimaydi oʻzi. Mening unga olib beradigan mashinam yoʻq-ku axir?

Bu soʻzlar bilan yupana olmasligimni bilsam ham, oʻzimni ovutishga tirishar, ammo oʻzimni ovutishga, Xolidani unutishga qancha urinsam, uning xotirasi qalbimga shuncha mahkamroq oʻrnashib borardi. Men uchun faqat bir narsa ayon edi: Xolida - bevafo qiz!

...Shu kungacha men faqat mana shu fikr bilan yashadim. Ammo, bugungi voqealar butun fikrimni ostin-ustun qilib yubordi. Koʻzim moshdek ochildi.

...Bugun ham Xolidani xuddi oʻsha birinchi safardagi kabi trolleybusda uchratdim. Eshikdan kirishim bilan orqa deraza yonida turgan Xolidaga koʻzim tushdi-yu, yuragim jiz etib ketdi. Indamay konduktorning yoniga oʻtib oldim. Endi pul uzatayotgan edim, orqadan Xolidaning tovushi eshitildi:
— Ikkita bilet bering...

Titrayotgan qoʻllarimni yashirish uchun shimimning choʻntagiga suqdim. Yoʻq, yuragimni rashk emas, gʻazab ham emas, alamli bir iztirob chulgʻab olgandi. Oʻgirilib qaramaslikka harakat qilib indamay turaverdim. Ammo Xolidaning oʻzi qarashga majbur qildi meni.
— Erkin aka, sizga ham bilet oldim.

Yelkam osha nazar tashladim. U haliyam oʻzgarmabdi. Faqat koʻzlari, bolalarcha javdirab tikiluvchi koʻzlari endi ehtiyot bilan boqardi kishiga. Rangim oʻchib ketganini oʻzim ham sezib turardim.
— Rahmat! Hisobni toʻgʻrilab qoʻymoqchi boʻlibsiz-da... — Birdan Xolidaning ham rangi oʻchdi. Burni qisilib, lablari pirpirab uchdi. Ikki tomchi yosh koʻzlaridan duv etib yumalab tushdi-yu, keyin yelkalari silkinib-silkinib, unsiz yigʻlay boshladi.

Dovdirab qoldim. Odamlarning bizga hayron boʻlib tikilayotganini koʻrib, trolleybus toʻxtashi bilan Xolidani sudrab tushib ketdim.
— Oʻzingizni bosing! - dedim quruqqina qilib. U yoq-bu yoqqa alanglab, tushgan joyimizni tanidim: Oʻrda ekan. Xolidani qoʻyib yubormay, Anhor boʻyiga olib tushdim. Sargʻish qumni yalab oqayotgan suv qirgʻogʻiga yetib kelganimizdan keyin qoʻlini qoʻyib yubordim.
— Yuvinib oling...

Xolida hoʻl qumda chuqur-chuqur iz qoldirib suv boʻyiga choʻnqaydi. Yuvinib boʻlgunicha skameykada oʻtirdim. Deyarli hech narsa oʻzgarmagan. Oqshom sukunatini chuqurlashtirib shovil-layotgan daraxtzor ham, ohista oqayotgan anhor ham, muyulishdagi bir tup oʻrik ham - hammasi oʻsha-oʻsha. Pastak skameyka ham oʻz oʻrnida turibdi.

Faqat, faqat bir narsa yetishmaydi. Qani oʻsha belanchakka solib allalaganday shirin hislarga yetaklagan suhbatlar? Qani oʻsha yigit qalbimning ilk muhabbat choʻgʻini alangalatgan ehtirosli soʻzlar, qani? Qani oʻsha bolalarcha ma’sumlik bilan javdiragan koʻzlar, qani? Nahotki hammasi yoshlikning sirli soʻqmoqlarida toʻzonli bir iz qoldirib oʻtmishga singib ketgan boʻlsa?

Xolida hamon choʻnqayib oʻtirganicha suvni shapillatib yuvinar, yelkasidan oshib tushgan sochining uchi toʻlqinlar yuzida oʻynab hoʻl boʻlib ketgandi. Men boʻlsam uning koʻz yoshlari suvga qoʻshilib oqib ketayotganini his qilib turar, oʻzim ham yuragimni oʻrtab yuborayotgan hislarimni bazoʻr toʻxtatib oʻtirardim.

Nihoyat, Xolida qizil sumkachasidan shoyi roʻmolcha olib yuzlarini arta-arta yonimga kelib oʻtirdi. Anhorga tikilgancha oʻtiraverdim.
— Gapiring, Erkin aka! — dedi u qizarib ketgan koʻzlarini menga tikib.
— Nimani?
— Bir yigitga koʻngil qoʻyib, boshqasiga tegib ketgan qiz qanday ta’nalarga loyiq boʻlsa, shularning hammasini gapi-ravering...
— Sizga aytadigan gapim bitta — baxtli boʻling.
— Kim?
— Siz... Oʻrtogʻingiz...
— Yana qanaqa tilaklaringiz bor?

Xolidaning bu gapi ta’na boʻlib eshitildi. Yuragimdagi iztirob oʻrnini gʻazab egalladi.
— Boʻlgani shu! — dedim choʻrt kesib.

Xolida anchagacha javob bermadi. Anhor qattiqroq shovillay boshladi. Xiyobon tepasida chiroqlar lip-lip etib birin-ketin yondi.

Kutilmaganda Xolida horgʻin kulib qoʻydi.
— Qaysi kuni tush koʻribman: ikkalamiz shu yerda... yoʻq, bu yerda emas, boshqa joyda - kattakon anhor boʻyida turganmishmiz. Yuvinaman deb egilsam, boshimdan roʻmolim sirgʻalib tushib, suvga oqib ketibdi. Huv birda menga koʻk shoyi roʻmol sovgʻa qilgandingiz-ku, ana oʻsha roʻmolmish... Qoʻlimni choʻzsam, hech yetmasmish...

«Erkin aka, qarang-qarang, roʻmolim oqib ketyapti», desam indamay turaverdingiz. «Jon Erkin aka, tutib bering roʻmolimni! Axir uni oʻzingiz olib bergansiz-ku... Qarang, endi uni boshqa odam tutib oladi», desam, arazlab burilib ketibsiz. Birpasda sizni ham, roʻmolimni ham yoʻqotib qoʻyibman... Uygʻonsam, yostigʻim hoʻl boʻlib ketibdi... - Xolida lablarini qimtib boshini quyi soldi. Shamol turdi. Yaproqlarning yerdagi soyasi titray boshladi. Anhorga toʻkilgan chiroq nurlari chil-chil boʻlib ketdi. Xolida birdan boshini koʻtarib, koʻzlarimga ayanchli tabassum bilan tikildi.
— Esingizdami, Erkin aka, birinchi marta shu yerda, shu skameykada oʻtirib gaplashgan edik. Qiziq, biron marta bir-birimizning qoʻlimizni ham ushlamaganmiz... — U birdan qoʻlimdan ushlab oldi. Qoʻllarining yengil titrayotganini sezib turardim. Vujudimni tentaklarcha bir ehtiros qoplab oldi. Birpasda mast odamdek koʻz oʻngim qorongʻilashdi.

Qiziq, nima demoqchi u? Axir bu... bu... Bordi-yu, payti kelib mening xotinim ham birovga shunday gaplarni aytsa...

Xolidaning qoʻlini shaxt bilan siltab tashladim. Siltab tashladim-u, uyatdan, alamdan, iztirobdan dodlab yuboray dedim. U koʻzlarimga shunchalar ma’yus, shunchalar alamli oʻkinch bilan tikilib qoldiki, koʻzimni qaerga yashirishimni bilmay qoldim.

Yoʻq, bunaqa tikilganidan koʻra ayamay tarsakilab yuborgani, dod solib yigʻlagani, odamlarni boshiga yigʻib, meni badnom qilgani ming marta afzal emasmidi? Men undan nima boʻlsa ham bir narsa kutardim, ammo u hamon haykaldek qotib turardi. Anchadan keyin u havo yetishmagandek en-tikib-entikib gapira boshladi:
— Siz meni... Oʻshanaqa... yomon xotin deb oʻylayapsizmi? Shunaqami?

Xolida bu soʻzlarni shivirlab aytdi. Ammo shu toʻrt-besh ogʻiz soʻz quloqlarimni batang keltirib, chippa bitirib qoʻygandek boʻldi.
— Rost... - Xolidaning koʻzlarida yosh yiltilladi. - Rost. Majburan qurilgan turmush xiyonat qilishga olib kelsa ehtimol. Lekin men oʻz nomusimni hech nimaga, sizning muhabbatingizga ham alishmayman...

Men nimadir demoqchi boʻldim. Ammo soʻz topolmadim. Xolida ham menga navbat berib oʻtirmadi.
— Siz meni... meni xiyonatchi, bevafo deb oʻylaysizmi?

Oʻzingiz-chi... Oʻzingiz nega menga shunaqa... beparvo qarab keldingiz?

Xolida yuzimga dadil tikilib, mendan javob kutdi. Endi u yigʻlamasdi. Men boʻlsam shu topda bir nima deyishga ojiz edim.
— Oʻsha... hammasi uchun bitta men aybdormanmi? Yoʻq, muhabbatimizning uvolini ikkalamiz baravar boʻlishib olamiz! —Xolidaning koʻzlari oʻt boʻlib chaqnab ketdi. Ammo bir lahzadayoq yana oʻshanday ma’yus boʻlib qoldi. - Agar meni chindan... rostdan ham yaxshi koʻrganingizda yozgan xatlarimga javob bermasmidingiz? Mening nima uchun oʻqishga kirolmaganimni, uydagilar bunga yoʻl qoʻyishmaganini bildingizmi? Oxirgi marta uchrashuvga borolmay qolgan kunim uyga sovchi-lar kelganini bildingizmi? Oʻshanda yordam berdingizmi menga? Yoʻq... - Xolida birdan oʻksib-oʻksib yigʻlab yubordi. -Oʻsha kuniyoq singlimdan uyingizga xat berib yuborgandim. Akam eshik oldida koʻrib qolib, xatni tortib olibdi... Hammasini eshitdim... Oʻsha kuni siz uyga kelgan ekansiz. Akam sizni xafa qilib yuboribdi. Siz bir gap bilan arazlab ketdingiz. Men sizga ishonardim... Oʻzimga ishongandek ishonardim. Siz boʻlsangiz... Men bir yoʻla hammasidan ayrildim... Agar chindan yaxshi koʻrsangiz shunaqa qilarmidingiz... Keyin... keyin men hech kimga ishonmay qoʻydim. Endi menga baribir edi.

Xolida chuqur iztirob bilan yigʻlar, uning har bir soʻzi yuragimni tilimlar, har tomchi yoshi qalbim yarasiga tomar edi.
— Oʻtinaman, yigʻlamang!- dedim titrab-qaqshab.- Xolida, yigʻlamang! Yigʻlamang!

Xolida chuqur uf tortdi.
— Mayli, Erkin aka, hammasi shirin tushdek oʻtdi-ketdi. Endi hecham qaytib kelmaydi. Faqat, sizdan bir iltimos... Endigi muhabbatingizni - boshqalarga nasib boʻladigan muhabbatingizni ehtiyot qiling...

Xolida sekin oʻrnidan turdi. Qizil sumkachasini bilagiga ildi-yu, menga uzoq tikilib qoldi.
— Erkin aka, esingizda boʻlsin. Men bari bir sizni yaxshi koʻraman. Umrimning oxirigacha yaxshi koʻraman. Eshityapsiz-mi, oxirigacha, oxirigacha... - U yana yigʻlab yubordi. Keyin asta burildi-yu, uzoq kasaldan turgan odamday gandiraklab-gandiraklab yurib ketdi.

Qayoqqa? Nimaga? Nahotki men yoshligimning, butun umrimning oltin daqiqalari bilan abadiy vidolashsam! Nahotki u butun orzu-umidlarimni oʻzi bilan umrbod olib ketsa?

Dahshat ichida oʻrnimdan sakrab turib ketdim.
— Xolida!

Men butun xiyobonni yangratib hayqirib yubordim deb oʻylagandim, yoʻq, bu soʻz yuragimning tub-tubidan boʻgʻiq, alamli bir nido boʻlib chiqdi. Muyulishdagi oʻrik yonida unga yetib, bilaklaridan mahkam ushlab oldim. U ham, men ham terak bargidek qaltirardik...
— Xolida! Jonginam. Qorakoʻzim. Siz... Siz...

Men nima qilayotganimni oʻzim ham bilmas, nimadir degim, allanimalar deb hayqirgim kelardi. Xolida koʻzlarimga xotirjam tikilib turib, past, ammo qat'iy ohangda gapirdi:
— Qoʻlingizni torting! Men birovning xotiniman.
— Xolida, axir tushunsangiz-chi! Men...

Xolida qoʻlimdan beholgina, siltanib chiqdi-yu, yaproqlari oqshom shabadasida ohista silkinib turgan oʻrik tagidan burilib, muyulishda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Qargʻashoyi koʻylagining etagini, oʻng bilagiga ilib olgan qizil sumkachasini koʻrib qoldim.

U ketdi... U ketdi-yu, ham shirin, ham achchiq, ham quvnoq, ham alamli uzuq-yuluq xotiralar qoldi menda.

Shu xotiralardan boshqa nimam ham bor mening? Axir men muhabbatimni ehtiyot qilolmagan, asray olmagan, yolgʻiz yaxshi koʻrish bilan kifoyalanib yurgan odamman-ku! Shu baxtimni avvalroq asrasam boʻlmasdimi!

...Koʻzlarimda yosh qalqidimi? Yoʻq-yoʻq. Nega? Endimi?