OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻtkir Hoshimov. Yanga (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Hoshimov
Asar nomiYanga (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oʻtkir Hoshimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yanga (hikoya)
Oʻtkir Hoshimov

Akmal qoʻngʻiroq tugmasini bosishi bilan ichkaridan ovoz eshitildi:
— Ana, Akmalxon keldilar.

«Kelinoyim», deb oʻyladi u yangasini ovozidan tanib.

Yangasi negadir uning nomiga «xon» qoʻshib gapirardi.

Akmal uylariga yangasi kelganidan quvondi. Har safar uni koʻrsa, onasini koʻrganday boʻlardi.

Eshikni yangasini oʻzi ochdi. Akmalning yelkasidan quchoqlab koʻrishdi. U yashil jemper kiygan, shtapel durra oʻrab olgan, koracha, ozgan yuzida iymanuvchan tabassum bor edi. Akmal uning qoʻlidagi oddiy xoʻjalik sumkasini koʻrib, ketishga hozirlanayotganini payqadi.
— Nega otlanib oldingiz? — dedi astoydil ranjib.
— Bolalar yolgʻiz, — dedi yangasi tuflisini kiyarkan. — Qorongʻi tushmasdan bora qolay.
— Akam bor-ku, — dedi Akmal hamon uning ketishini xohlamay. Yangasi yana iymangan qiyofada jilmaydi:
— Choyxonaga chiqadilar, bilasiz-ku.

Yonbosh tomondagi oshxonadan parcha gulli xalat kiygan, oldiga kleyonka fartuk tutgan Klara chiqdi.
— Ovqatga turing desam, koʻnmayaptilar, — dedi u goh eriga, goh ovsiniga qarab.
— Mayli, oʻzinglar boringlar, — yangasi eshik tutqichidan ohista tutib, tashqariga chiqdi.

Akmal uni zinadan kuzatib qaytib kirganida oshxonada jaz-buz eshitilar, uyni piyozdogʻ hidi tutib ketgan edi.
— Kelinoyim qachon keluvdi? — soʻradi u goʻsht qovurayotgan xotinidan. Klara achishgan koʻzini kaftining orqasi bilan artib, unga yuzlandi.
— Yaqinda.
— Biron yumushi bor ekanmi?
— Nima yumushi boʻlardi, pul soʻraydi-da...

Akmal xotinining ovozidagi pichingni payqab, koʻngli ranjidi.
— Necha marta pul soʻradi sizdan? — dedi zarda bilan. Klara kapgirni taraqlatib stolga tashladi.
— Soʻramasa, endi soʻraydi. Bir marta bersangiz, kelaveradi. Nima, bizning pul zavodimiz bormi?

Klara oilasida yolgʻiz qizligi uchunmi, kelin boʻlib tushgandayoq ovsinini xush koʻrmagan edi. «Sektsiya» olib bu yoqqa koʻchib kelishguncha ancha mayda-chuyda gaplar oʻtgan, ularning koʻpiga xotini sababchi boʻlganini Akmal bilardi, ammo indamagan edi. Hozir gʻashi keldi.
— Bizning pulimizga zor qaqshab qolgan joyi yoʻqdir, — dedi ovozi boʻgʻilib. — Muhtoj boʻlgandir, biron narsaga kerak boʻlib qolgandirki, soʻragandir.
— Nega muhtoj boʻlsin! Eri ishlaydi, oʻzi ishlaydi. Rejasi bilan ishlatsin! — Klara gap tamom, degandek, indamay burilib qozonini kavlashga tushdi.

Akmal xotinining xalat ostidan tirsillab turgan boʻliq yelkalariga, kapgirni chaqqon aylantirayotgan tilla uzukli qoʻliga birpas qarab turdi-da, burilib, xonaga kirib ketdi. Hali uyga kirganida yangasi nimagadir iymanib jilmayib turganini, nima uchun shoshilib ketib qolganini endi tushundi. Xotinining mix qoqqandek qarsillatib muomala qilishidan, oʻzi boʻlsa jilovini shunchalar berib qoʻyganidan gʻashi keldi. «Boʻynini egib pul soʻrab kelish osonmi? Qish kelyapti. Bolalardan birontasiga qishlik kiyim olmoqchidir. Buning ustiga akamning ishi bor...» U divanda chalqancha yotgancha shularni oʻylar, oʻylagan sayin koʻngli gʻash boʻlar edi.

Oʻrtadagi eshik ochildi. Akmal xotini oʻziga qarab turganini payqab, indamay yotaverdi.
— Yana qancha yotasiz, — dedi Klara tagʻin oʻsha oʻyib oluvchi ohangda, — Lolani kim olib keladi?
— Bilmayman, — dedi Akmal karavot tepasiga ilingan arabiy gilam gullarini tomosha qilgan boʻlib. — Bogʻchaga har kuni men borishim shart emas.
— Boʻlmasa ovqatni qiling!

Akmal gilam tomonga butunlay oʻgirilib oldi.
— Masalan, men ovqat yemayman, — dedi sovuqqonlik bilan.
— Qarang-a, men sizni toʻyib kelishingizni bilmabman. — Klara eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Zum oʻtmay eshikning kaliti shiqirladi.

Akmal oʻsha alfozda yotganicha xotinini ham, qizini ham emas, negadir yangasini oʻylardi.

Adham akasi uylanganda Akmal uchinchi kursga oʻtgan edi. Mexanika-matematika fakultetida fanlar ogʻir boʻlgani uchunmi, yo oʻzining qobiliyati sustroqmidi, xullas, stipendiyaga ilinmadi. Onasi maktabda yigirma besh yil farroshlik qilib, pensiyaga chiqqan, uning nafaqasi Akmalning joniga oro kirib turardi.

Yangasi kelin boʻlib tushganida ham qop-qora, ozgʻin qiz edi. Akmal oʻzidan nari borsa ikki yosh katta bu qizga avvaliga unchalik koʻnikolmay yurdi. Negadir undan oʻzini olib qochar, yangasi paypogʻinimi, maykasinimi yuvayotganini koʻrib qolsa, iymanar, onasiga «oʻzingiz yuvmabsiz-da», derdi. Ammo onasining kun sayin nari ketayotganini, oyoq-qoʻllari shishib, yotib qolganini Akmal bilardi. U har kuni oʻqishga ketayotganida onasi yotgan xonaga kirib, undan ahvol soʻrab oʻtardi. Shunaqa paytlarda har doim onasining tepasida yangasi oʻtirganini koʻrardi.

Xuddi shunaqa erta kuz kunlaridan birida u oʻqishdan qaytganida, eshik tagida toʻplanib turgan odamlarni koʻrib hammasiga tushundi. U qachondir shu hodisa boʻlishi muqarrar ekanini bilardi. Ammo nazarida bu narsa hech kutilmaganda roʻy bergandek, allaqanday adolatsizlik boʻlgandek tuyuldi. U bir hovli xotinlar orasidan oʻtib onasi yotgan xonaga otilib kirdi. Qiziq, oʻshanda u yigʻlamadi. Yigʻlay olmadi. Faqat tong-saharda oʻqishga ketayotganida onasining qilgan duosini esladi: «Tuproq olsang oltin boʻlsin, bolam. Umring uzoq boʻlsin...»

Oʻsha kundan boshlab Akmal eng katta tayanchi yoʻqolganini tushundi. Endi uning hayoti chalkashib ketgandek, allanima oʻzgarishi kerakdek tuyulardi. Oʻqishdan koʻngli soviy boshladi. Stipendiya olmasa, kap-katta yigit birovga tirik tovon boʻlib oʻtirsa...

Uydagi hayot oʻsha-oʻsha davom etardi. Xuddi onasi bor vaqtidagiday har kuni karavotining boshidagi stul suyanchigʻida dazmollangan shim, oppoq roʻmolcha, yoqasi qordek toza koʻylak, choʻntagida har kuni tushlikka pul...

Akmal bularning hammasini yangasi qilayotganini bilardi. Akasining topgani oʻzidan ortmaydi. Yangasi qurilishda ishlaydi. Oʻz erining tashvishi yetmaganday, tong-saharlab turadi. Akmalning kir-chiriga qaraydi.

Yangasi ogʻiroyoq boʻlganidan keyin ta’tilga chiqdi. Hamon Akmalning yonidan pul arimasdi. Lekin oʻzi endi ortiq bu ahvolda yurish mumkin emasligini tushundi. Oʻqishdan butunlay aynidi. Bir kuni akasiga qat’iy qarorini aytdi:
— Men zavodga ishga kiraman.

Akasi tayinli bir gap aytmasa ham, Akmal uning qarshi emasligini bildi. Ertasiga u kech uygʻondi. Oʻsha qish tongi aslo esidan chiqmaydi. Akmal uygʻonganida choʻyan pechkada oʻt guvillab yonar, yangasi pechka oldida choʻnqayib oʻtirganicha xayolga tolgan, goʻyo uxlab qolganga oʻxshardi. Akmal pechka gʻirasidan tushayotgan yogʻduda yangasining dogʻ bosgan yuzini koʻrib, yanayam ozib ketganini, chehrasi gʻamgin ekanini sezdi.

Karavot gʻirchillaganini eshitib yangasi yarq etib unga qaradi. Ammo oʻrnidan jilmadi.
— Akmalxon, men eshitdim, — dedi u past tovushda. Keyin bir zum jim qoldi-da, uf tortdi: — Mayli, bizni oʻylamay qoʻya qoling. Oyimning arvohini chirqillatgani qoʻrqmaysizmi? Oyim sizni menga topshirib ketganlar. Tushundingizmi?

Akmal yangasiga qaradi-yu, koʻzlarida yosh aylanayotganini, bu gaplarni yurakdan ezilib aytayotganini sezdi. Sezdi-yu, oʻzining ham yuragi orziqib ketdi. Shu topda yangasining koʻksiga boshini qoʻygisi, dogʻ bosgan yuzlarini silagisi, nimadir deb uzr soʻragisi kelib ketdi. Oʻshanda u mana shu yangasi oʻz onasiday aziz bir odam ekanini his qildi. Mana, u oʻqishni ham bitirdi. Bola-chaqalik boʻlib, yangasidan koʻpda xabar ham ololmaydigan boʻlib qoldi...

Eshik kaliti shiqirlaganini eshitib, Akmal qaddini rostladi. Yoʻlakda Klaraning tovushi eshitildi:
— Televizor koʻrasanmi, Lola? Hozir multik boʻladi.
— Yoʻq, dadamga boraman...

Eshik ochilib, jamalak sochiga oppoq lenta taqib olgan Lola chopqillab kirdi-da, Akmalni quchoqladi. Oʻsha tomondan yana Klaraning ovozi keldi:
— Qoʻy, Lola, dadangga tegma, chaqib olasan.

Akmal qizining yetaklab yoʻlakka chiqdi.
— Kelinoyim necha soʻm soʻradi?

Oshxonaga kirib ketayotgan Klara, haliyam oʻsha gapmi, degandek burilib qaradi.
— Nimaydi?

Akmal indamay yotoqqa kirdi-da, Klaraning pardoz qutisini ochdi. Ularning puli odatda shu qutida turardi. Oshxona tomondan tagʻin Klaraning ovozi eshitildi:
— U pulga tegmang. Lolaga shuba olishim kerak.

Akmal indamay yoʻlakka chiqdi. Tuflisining bogʻichini bogʻlayotganida tepasiga xotini kelganini koʻrib qaddini rostladi. Klaraning rangi oʻchib ketgan, nafis boʻyoq yurgizilgan bejirim lablari pirpirab turardi.
— Ularning bolasi bola boʻlganida meniki bola emasmi, — dedi u ovozi titrab. — Nega bolaning nasibasini qiyasiz, yo oʻtqazib qoʻygani bormi?
— Ovozingni oʻchirasanmi, yoʻqmi?! — dedi Akmal baqirib.

Klara hayron boʻlganidan eriga tikilib qotib qoldi. Ular laboratoriyada birga ishlashar, sevishib turmush qurishgan, toʻrt yildan buyon biron marta eri unga san demagan, baqirmagan edi.
— Obora qoling, — dedi Klara yigʻlamsirab. — Bor-yoʻgʻingizni oborib bera qoling, oʻsha gadoyvachchalarga!

Akmal yana bir dam tursa katta janjal chiqishini bilib, eshikni qars etib yopib, chiqib ketdi.

...Akmal shahar chekkasidagi hovlilarining temir darvozasini taqillatganda vaqt allamahal boʻlib qolgan, sutday toʻlin oy pastak uy roʻparasidagi olchalarning sargʻaya boshlagan yaproqlarini allalar, mayin shabada esib turardi.

Eshikni nimcha kiyib olgan yangasi ochdi.
— Tinchlikmi, Akmalxon? — dedi xavotirli ohangda. Chamasi, Akmalning vajohatidan jahli chiqib turganini payqagan boʻlsa kerak.
— Oʻzim, — Akmal ichkari kirib, gapni ataylab boshqa yoqqa burdi. — Akam keldilarmi?
— E, hali kelmaydilar. Bolalarni endi uxlatuvdim. Yuring.
— Soʻrida oʻtira qolaylik, — dedi Akmal olma tagidagi temir panjarali soʻriga imo qilib.

Yangasi uydan darrov koʻrpacha olib chiqdi. Akmal chinniday qilib supurilgan hovlidan yurib borarkan, dimogʻiga gup etib rayhon isi urildi. Bu hid unga allanechuk qadrdon, erkalovchi tuygʻularni eslatdi. Onasi har yili rayhon ekar, «Rayhon fayzli boʻladi, bolam», deb qayta-qayta takrorlar edi. Chindan ham mana shu hid butun hovliga qandaydir osoyishtalik baxsh etganday boʻlardi.

Akmal soʻridagi koʻrpachada yonboshlab atrofni kuzatdi. Loy tom ustidan shifer koplab, uyning zamonaviylashtirilganini aytmasa, hech nima oʻzgarmagan edi. Oʻsha ikki uy, bir ayvon, ustundagi uzun mixga bir tutam isiriq ilib qoʻyilibdi. Oʻsha kaftdakkina, ozoda hovli, boʻyra boʻyi joyga ekilgan rayhon. Olma shoxiga ilingan lampochka. Oʻsha soʻri... Soʻrining shundoq yoniga ikki dona olma tushibdi. Sap-sariq...

Oshxona tomondan yangasining oʻtin yorayotgani eshitiddi.

Akmal oʻgirilib qaradi. Yangasi hovli etagidagi oshxona eshigi oldida choʻnqayib oʻtirgancha oʻtin yorardi.
— Qoʻying, kelinoyi, men ketaman, — dedi Akmal. Yangasi hozir, dedi-yu, ishini qilaverdi.

Qiziq, oshxona ham, uning yonboshida devorga tirab tiklangan tandir ham oʻsha-oʻsha — Oʻzgarmagan, tandir ostiga xuddi oʻsha kezlardagiday oʻtin taxlab qoʻyilgan edi.

Bir mahallar, Akmal bolalik chogʻida, onasi shu tandirda zogʻora non yopar edi.. Tandirdan chiqqan birinchi zogʻoraning yarmisini ushatib, sopol piyoladagi sutga toʻgʻrab berardi. Akmalga dunyoda ivitilgan zogʻoradan lazzatliroq taom yoʻqdek tuyulardi.

U hozir ham oʻsha lazzatli non ta’mini sezganday yutinib qoʻydi-da, sekin entikdi.

Erta kuz kechasiga xos chuqur sukunat choʻkdi. Faqat onda-sonda bir shamol kelib, olma yaproqlarini duv toʻkib ketadi. Keyin yana sukut quyiladi. Olisdan teplovoz tovushi keladi. Guldirab oʻtayotgan poezdning bir me’yorda guvillashi eshitildi. Ovoz pasaya-pasaya tinib qoldi. Bu tovush Akmalga yana bolalik damlarini eslatdi.

Bir vaqtlar mana shu soʻri oʻrnida supa boʻlardi. Onasi yotar chogʻida koʻloblatib suv separ, butun hovlini rayhon hidi tutib ketardi. Akmal onasi bilan Adham akasining oʻrtasida koʻrpadan boshini chiqarib, osmonga tikilib yotar, uzoq vaqt uxlay olmay xayol surardi. Akmal, ishchi bataloniga ketib, oʻsha yerda vafot etgan otasini eslay olmas, ammo onasining bir gapi goʻdak xotirasiga oʻrnashib qolgan edi.

«Oʻlgan odamning joni osmonga chiqib, yulduzga aylanib qolarmish». Akmalning nazarida osmondagi eng yorqin yulduz otasining joni boʻlib tuyular, oʻsha yulduzga uchib ketgisi kelardi. Xozir ham negadir oʻsha tuygʻu yuragini qamrab oldi. Oʻsha bolalik damlarga bir zum qaytgisi keldi. Laboratoriyadagi murakkab tajribalaru, Klaraning injiqliklari ham, bugungi dilsiyohlik ham, hammasi bachkana, mayda narsalar boʻlib koʻrindi. Qaniydi onasi tirilib kelsa-yu, bir kecha shu soʻrida osmonga, yulduzlarga, toʻlin oyga tikilib yotsa.

Bir qoʻlida choynak, bir qoʻlida tuxum qovurdoq koʻtargan yangasi temir zinalardan chiqib keldi. Akmal qaddini rostlab oʻtirdi. Yangasi non ushatdi, choy quydi.

Akmal ishtahasiz bir tarzda non kavshar, gapni nimadan boshlashni bilmay taraddudlanardi. Tayin gapki, Klara pulimiz yoʻq degan, endi nima deydi? Xotinim sizni aldagan ekan, deydimi?
— Asqar katta boʻp qolgandir, — dedi u anchadan keyin. Yangasining yuziga tabassum yugurdi.
— Ha, besh bilan oʻqiydi. Dastyor boʻp qoldi. — U bir lahza jimib qoldi-da, yana jilmaydi. — Bu yil Laylo ham maktabga boradi.

Akmal birdan bahona topilganiga suyunib ketdi.
— Shunaqami? Qarang, darrov maktabga boradigan qiz boʻlib qoldimi? — U hamon kulgancha asosiy maqsadga koʻchdi. — Layloga bironta sovgʻa olmoqchi boʻlib yuruvdim, hali durustroq gagshasha olmadik. Klaraning xabari yoʻq, bugun men oylik oluvdim. — U choʻntagidan pul chiqarib, dasturxon chetiga qoʻydi. — Oʻzingiz bironta qishlik kiyim olib berarsiz, kelinoyi...

Akmal yolgʻon gapirayotganini, gaplari sun’iy chiqayotganini bilib, toʻxtab qoldi.

Yangasi yarq etib, uning yuziga qaradi.
— Rahmat, Akmalxon, — dedi yangasi ohista tovushda. Uning ovozida zarda ham, oʻkinch ham yoʻq edi. — Bolalarning kiyimi yetarli, — dedi u dasturxon popugini oʻynab. — Boshqa narsaga zarur boʻlib qoluvdi... Bilasiz, indinga oyim vafot etgan kunlariga oʻn yil toʻladi. Shunga uzoq-yaqin qarindoshlarni chaqirmoqchiydik. Ozroq yetmay turuvdi...

Akmal seskanib yangasiga qaradi-yu, haykaldek qotib qoldi. Yangasi hamon dasturxon popugini oʻynab oʻtirar, chamasi, hozir hamma narsani unutib, qaynonasining xotirasini oʻylar edi.