OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oʻtkir Oʻsarov. Hayot (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻtkir Oʻsarov
Asar nomiHayot (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻtkir Oʻsarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hayot (hikoya)
Oʻtkir Oʻsarov

«Men har kuni shu yoʻlakdan ishga qaytaman. Turli odamlarni koʻraman, turli xil voqealarga guvoh boʻlaman. Bir oz sinchkovroqman. Hamma narsaga e’tibor qaratishni yoqtiraman. Buni koʻrganlar balki sal gʻalatiroq deb ham oʻylashi mumkin. Lekin bu meni qiziqtirmaydi. Toʻgʻri, jurnalistika sohasida aytarli qalam tebratib, bir joyni obod qilmagan boʻlsam-da, yozishni, kitob oʻqishni juda yaxshi koʻraman...»

Eshik taqillab Farruxning xayoli boʻlindi. Yozuvdan bosh koʻtarib qaradi. Xotini ekan. Kechki ovqatga chiqishni aytib ketdi. Mayli dedi-yu, yana kundalik yozishga tutindi. Sababi u yozgisi kelgan vaqtda ovqat ham, ish ham koʻziga koʻrinmaydi. Lekin, qurgʻur ilhom deganlari «ha» deganda kelavermaydi-da. Aslida buyuk yozuvchilar aytishgan: ilhomni kutib yuraversang, hech qachon arzirli asar yoza olmaysan, deb.

Farrux shunday xayollar bilan yana nigohini daftarga qaratdi.

«Vaqtning oʻtishini qara, – deb boshladi fikrining ilk jumlalarini. Chunki vaqt haqida koʻp oʻylardi, – kechagina oʻynab yurgan bola edim, bugun esa bolalari bilan oʻynayotgan otaman. Har gal kundalik yozishga oʻtirganimda vaqt haqida toʻlib-toshib yozgim keladi, lekin qurgʻur bu vaqtning qadriga oʻzim yetmasam oʻzgalarga nimani ham ilinardim. Yozgandan keyin oʻquvchi sening qoralagan narsangdan bir nima olsin-da...

Bu voqealarning boʻlganiga ham ancha boʻldi. U paytlarda yosh edik. Koʻrganlarimiz qanchalik hayratlanarli boʻlsa, shunchalik oddiy holatdek qabul qilardik. Bobom rahmatli kunda kunora dashtdan oʻzining yaxshi koʻrgan eshagi bilan yovshon chopib kelardi. Yovshon aravaga chunonam ustamonlik bilan bosilardiki, naq uch metrcha kelardi. Bu manzarni esga olishim, u haqda hayrat bilan eslashimga sabab bor. Birinchidan, bobom ancha keksayib qolgan edi. Ikkinchidan, oyoqlari bir oz oqsardi. Uchinchidan esa, bu holatdan oradan yigirma yilcha vaqt oʻtib endi hayratlanayapman. Bobomga bu kuch qaerdan kelardi, aravaning ustiga qanday chiqib tushardi?! Savollar koʻp. Hali bu umrning arzimasgina qismini bosib oʻtgan boʻlsam-da, koʻp hayratli voqealarni koʻrdim. Biz hayratlanmaganlarimiz esa kundan kun texnikaviy taraqqiyot sari odimlayotgan dunyo oldida oʻzimizning ojizligimizni koʻrsatmaslik uchun bir bahonadir, xolos.

Yana voqealarni bobomning hayoti bilan bogʻlayman. Chunki u kishining hayot yoʻli men uchun hayratlanarli. Sababi oddiy – u faqat mehnat qilardi. Hayratlanarli narsalar esa mehnatning oqibatidan keladi.

90-yillarning boshi, yoz. Bobomning bogʻlaridagi meva-chevalar gʻarq pishadigan davr. Koʻpincha bobomning yonlarida oʻralashib yuraman. Kichikkina koʻrpachasiga oʻtirib olib xomtok qilayotganlari kechagidek koʻz oldimda turadi. Nima uchindir oʻsha davrlarni sogʻinaman. Sababi – u davrning odamlari boshqacha edi. Oʻzgacha mehr-oqibat, oʻzgacha samimiylik bor edi. Hozir esa undan-da yuksakroq mehr ogʻushidamiz, biroq hayratlanarli jihati – ularning hammasini moddiy manfaat bosib ketayogandek. Odamlar tirikchilik gʻamida oʻzini oʻtga-choʻqqa uradi. Birov bilan ishi yoʻq. Bejiz hayrat haqida gapirib, uni bobomning hayoti bilan bogʻlamadim. Sababi oldinlar ham odamlar mehnat qilishgan, lekin mehrni, oqibatni ham unutishmagan. Bir paytlar bir ota-onadan pul olib maktabga qatnagan aka-uka vaqti kelib pulga talashsa hech kim hayratlanmayapti. Qizi otasiga sevgan yigiti borligini aytsa ota hayratlanmayapti. Achinarlisi, xorij seriali qahramonlari bir qizga talashib, tortishib qolsa hamma hayratlanadi. Undan-da hayratlanarlisi – hamma joy hayratga toʻla-yu, lekin bu narsalardan hech bir odam hayratga tushmaydi. Chunki u odamning oʻz hayoti, oʻz yoʻli va oʻzining hayratlanadigan narsalari bor. Vaqt oʻtishi bilan ruhiy jihatdan ojizlashib boryapmiz...»
– Dadasi, ovqatingiz sovib qoldi!
– Hozir!

«Choy ichishga ketayapman. Kundaligimni qolgan joyidan keyinroq davom ettiraman».

Farrux kundaligiga shunday deb yozdiyu dasturxon yoniga shoshildi.
– Ha, buncha ishtiyoq bilan nimalarni yozyapsiz? – kelishi bilan savolga tutdi xotini.
– Oʻzim, shunchaki, har zamonda u-bu narsani qoralagim keladi. Vaqtida qogʻozga tushirib qoʻymasam, yodimdan koʻtarilib ketadi.
– Dadasi, shu yozuvchilikni qaerdan ham oʻrgangansiz-a? Undan koʻra tuzukroq joyga boshliq boʻlmaysizmi yoki tijorat bilan shugʻullanmaysizmi? Yozuv-chizuv bilan oila boqib boʻlarmikanmi? Ikki kundan keyin ijara puli toʻlashimiz kerak!
– Boʻldimi, gapirib boʻldingmi? – Farrux xotinining doimiy diy-diyolariga oʻrganib qolgan boʻlsa-da, sabrli boʻlishga intilganidan yana doimgidek vazminlik bilan gapirdi.
– Yoʻq, gapirib boʻlmadim. Yo tuzukroq ish toping, yo...
– Nima yo?.. Yoki boʻlmasa sening javobingni beray, shundaymi?

Qanchalik ogʻir boʻlmasin, Farrux bu gapni aytishga majbur boʻldi. Chunki xotini bari bir shu gapni aytardi.
– ...
– Hali hammasi yaxshi boʻladi. Farzandlarimiz katta boʻlsin, qanotimiz boʻlib topish-tutishimiz ham yaxshi boʻladi. Sen ham ishlaysan, men ham bir nechta joyda ishlashga harakat qilaman. Faqat sabr qilish kerak.
– E, sabrim ham, boshqasi ham toʻldi, – oʻziga yarashmagan harakatlar bilan peshonasini tirishtirib, oʻzini xafa boʻlganga soldi xotini.
– Bor, kirib yot, ana kichkinang ham uygʻonib ketdi shovqinimizdan.

Ayol narigi xonaga kirib ketgan boʻlsa-da, ovozi tinmas, bir nimalardan norozi boʻlib, hayotni tinimsiz la’natlardi. Farrux esa bosh chayqagancha, xotinining qiliqlaridan ranjib, odatdagidek yozuv stoliga oʻtirdi va sevimli dardkashi kundalik daftarini ochdi.

«Ana shu-da, hayot bizga hamma narsani tortiq qiladiyu uni la’natlaymiz. Undan bahramand boʻlamiz-u, lekin bir umr norozi boʻlib yuramiz. Hayotning bor goʻzalligini yaxshi yashashda, yaxshi yashashni esa hamma narsaning muhayyoligida deb bilamiz. Balki shundaydir. Axir hayotning oʻzi odamlarni shunday oʻylashga, shunday yashashga majbur qilmoqda. Hayot olganniki, yeganniki boʻlyapti. Yana bezbetlarcha «hayot juda beshafqat» deb qoʻyamiz.

Bizning eng katta kamchiligimiz hayotni sevmaymiz. Hayotni sevish bu mol dunyoni, oʻtkinchi hoyu-havaslarni sevish degani emas. Bu – hayotda haqiqiy inson boʻlib, birovga nafing tegib, yaqinlaringni sevib yashashdir...»
– Ertaga bozordan kartoshka-piyoz olib keling, hech narsa qolmapti uyda! – xotinining gapi Farruxning xayolini boʻldi.
– Boʻpti olib kelaman. Shuni ertaga aytsang boʻlmasmidi, xalaqit beryapsan ishimga.
– E, xalaqit bermaganimda bir nimani qoyillatib qoʻyarmidingiz!
– Xotin, shunaqa gaplaring uchun ham mening yozganlarimda ma’no bor. Agar sen bunchalik fe’li tor boʻlmaganingda balki men hech narsa yozmasmidim, – hazil aralash kulib gapirdi Farrux.
– E, boringe, sizga gapirib nima qildim, – dediyu xotini ranjigan qiyofada xonasiga kirib ketdi.

Farrux yana kundaligiga yuzlanar ekan, yoshligidan buyon qiynab kelayotgan dardi – koʻksining chap tomoni yengil sanchib qoʻydi.

«Charchabman shekilli, yotib dam olaqolay. Vaqt ham allamahal boʻlibdi. Ertaga qiladigan ishlarim koʻp». Farrux shu xayollarda oʻrniga kirib yotdi. Biroq uyqusi kelmaganidan yana xayoli qochdi.

«Topish-tutishim aslida unchalik yomon emas. Faqat bir oz qiyinchilik tugʻ­di­rayotgani ijara puli masalasi. Topganimning yarmidan koʻpi shu xarajatga ketadi. Xotinimni ham tushunish kerak. U ham oilam, bola-chaqam deydi-da. Hechqisi yoʻq. Niyatimga yetishimga oz qoldi. Yana ozgina harakat qilsam, uyli boʻlamiz».
– Dadasi, turing choy tayyor. Siz peshingacha uxlasangiz, oilani kim boqadi?

Farrux doim vaqtli uygʻonardi. Kechasi kech yotgani uchunmi bugun nimagadir koʻngli gʻash boʻlib, bir oz kech uygʻondi. Yuz-qoʻlini shoshilinch yuvdi–da, nari-beri tamaddi qilib ishiga otlandi.
– Mayli, men ketdim. Yaxshi oʻtiringlar.
– Bozorlik qilib keling.
– ...

Farrux yoʻl-yoʻlakay bugun nimalar qilishi kerakligini, tahrir qilinmagan va chala qolgan maqolalarini oʻylab ketdi. Koʻngil gʻashligi tarqamasdi, koʻkragidagi sanchiq kechagidan ancha kuchaygandi. Har gal ogʻriq turganda yaqinda ta’tilga chiqishini, qishloqda ota-onasining oldida maza qilib dam olishini aytib, oʻziga oʻzi va’da berardi.
– Farrux, seni bosh muharrir soʻrayapti, – hamkasbining ovozi xayolini boʻldi.
– Tinchlikmikan?!
– Ha, tinchlik. Oʻtgan sondagi tahliliy maqolang yuzasidan boʻlsa kerak. Oʻsha qishloqni ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilibdi. Balki shuni aytmoqchidir.

Farruxning hamkasbi toʻgʻri taxmin qilgan edi. Jamoada toʻgʻrisoʻzligi va qalami oʻtkirligi bilan obroʻ topgan Farruxni muharrir juda hurmat qilardi.
– Mumkinmi, Gʻofur Solievich? – muharrirning qiya ochiq eshigidan boshini suqdi Farrux.
– Ha kel, Farruxjon...
– Chaqirtirgan ekansiz?
– Maqolang shov-shuv boʻlib ketdi. Rahmatnomalar kelayapti. Sening ustamonliging shundaki, yozganing hech kimning burnini qonatmaydi. Lekin nishonga aniq tegadi.
– Rahmat, – maqtovdan bir oz xijolat boʻlib yerga qaradi Farrux.
– Sizga yana bir topshiriq, Farruxjon, – negadir sizlashga oʻtdi muharrir. – Sud ocherki yozishingizga toʻgʻri keladi. Togʻdagi oʻgʻrilar galasining harakatlari kuchayib ketgani haqida aytgan edim. Shular haqida bir yozsangiz.

Farrux aslida bugun ta’tilga ruxsat olmoqchi, qishlogʻiga borib ota-onasining mehriga toʻymoqchi, bolaligini eslab, koʻchalarni kezmoqchi edi.
– Nima, taklifim yoqmadimi?
– Yoʻq, nimaga. Mayli, bugundan ishga kirishaman.
– Unda omad tilayman. Sizga ishonaman.

Farrux muharrirning xonasidan chiqqanida koʻksi yanada qattiqroq sanchdi. Bir oz rangi oqargan shekilli, hamkasblari hol-ahvol soʻradi.
– Farrux, yaxshimisiz? Mazangiz...
– Yoʻq, hammasi joyida. Bir oz toliqibman shekilli.

Kechgacha berilgan topshiriqlarni bajarib, uyiga vaqtliroq qaytdi. Yoʻl-yoʻlakay bolalariga shirinliklar ham oldi. Uyga kirib kelar ekan toʻrt yoshli Javohir peshvoz chiqdi.
– Mana oʻgʻlim, sizga shokolad olib keldim.
– Rahmat dadajon! – xursand boʻlib ketdi oʻgʻli.

«Hayot, naqadar shirinsan-a». Farruxning xayoliga kelgan bu fikrdan oʻzi ham gʻalati boʻldi.
– Mana, onasi, bozorlikni ol. Pulim yetgancha olib keldim. Bir amallab tur. Qolganini bir-ikki kunda olib beraman.
– Boriga baraka bersin. Ovqatlanasizmi?
– Ishtaham yoʻq. Sal keyinroq...

Koʻksidagi ogʻriq kuchaygandan kuchayib borayotgan boʻlsa-da, yaqinlarini tashvishga qoʻymaslik uchun indamadi. Shuning uchun ishtaham yoʻq deb bahona qilib qoʻyaqoldi. Xonasiga kirib bir oz yotdi. Aslida umuman dori ichmasdi, ogʻriq zoʻrligidan tinch­lantiruvchi dori ichdi va uxlashga harakat qildi. Ha deganda uyqusi kelavermagach, koʻngli nimanidir sezgandek oʻrnidan turib kundaligini oldi va bir nimalarni yozishga tutindi. Yozganlariga bir koʻz yugurtirib, stolning ustiga qoʻydi. Narigi xonaga oʻtish maqsadida joyidan turgan edi, boshi aylanib yiqilib tushdi. Gursillagan ovozni eshitgan xotini yugurib keldi.
– Voy dadasi, sizga nima boʻldi?!
– Hech nima, hammasi joyida. Shovqin solma, bolalarni qoʻrqitasan. Tez yordam chaqir, bir oz mazam boʻlmayapti.
– Hozir, – dediyu xotini shifoxonaga qoʻngʻiroq qilish uchun yugurib ketdi.

* * *

– Yuragi ogʻir kasal, – dedi Farruxni kasalxonaga olib kelgan shifokor uning xotiniga
– Axir qanaqasiga? Hali yosh boʻlsa, ichmasa, chekmasa.
– Toʻgʻri, lekin eringiz koʻp dard chekkan. Kasali oʻtib ketgan. Vaqtida davolatmagan. Dam olishsiz surunkali ishlagan, koʻp narsani yuragiga olgan, ta’sirlagan.
– Nima qilsak boʻladi, doʻxtir?
– Bilmadim, bir narsa deya olmayman.

Xotini yigʻlagancha uning yoniga kirdi.
– Nimaga yigʻlaysan? – dedi Farrux oʻzini tetik koʻrsatishga urinib.
– Uydagilarni chaqiraman.
– Yoʻq, keragi yoʻq. Men yaxshiman. Ularni xavotirga qoʻyma.
– Nimaga aldaysiz, dadasi. Doʻxtir menga hammasini aytdi.
– Xafa boʻlma. Hammasi yaxshi boʻladi. Biz hali farzandlarimizning orzu-havaslarini koʻramiz. Birgalikda baxtli boʻlamiz. Uyimiz ham boʻladi. Keyin tinch-totuv yashaymiz.

Farrux gaplari ishonchsiz chiqayotgan boʻlsa-da, hali hayotdan toʻymagani shundoq koʻzlaridan koʻrinib turardi.
– Onasi, uyda stol ustida bir varaq qogʻoz qoldirib kelganman. Shuni olib oʻqi. Hammasini yozganman.
– Dadasi, unday demang. Hozirgina birga baxtli boʻlamiz degandingiz-ku, – yigʻlab gapirdi xotini.
– Yolgʻon gapira olmas ekanman. Mendan rozi boʻlinglar. Ota-onamga, yaqinlarimga ayt. Hammasi rozi boʻlishsin. Farzandlarimni, seni Xudoga topshirdim. Ularni ehtiyot qil.

Farrux gapira turib butunlay hansirab qolgan, gaplari uzuq-yuluq chiqayotganidan bazoʻr tushunsa boʻlardi.
– Siz ham bizdan rozi boʻling, – bu gapni aytish xotiniga qanchalik ogʻir boʻlmasin aytishga majbur edi.
– Hayot naqadar goʻzal...

Farruxning koʻzidagi bir tomchi yosh yonogʻiga dumalab tushar ekan, oxirgi aytgan gapi shu boʻldi.

* * *

Farruxning ma’rakalari oʻtgach xotini uning oxirgi vasiyati – stol ustida qoldirgan xatini oʻqish uchun xonasiga kirdi.

«Onasi, men sizlarni, ota-onamni, yaqinlarimni, hayotni sevaman. Men hayotimning oxirgi lahzalarini yashayotganimni sezayapman. Bilaman, menga turmushga chiqib roʻshnolik koʻrmading. Na bir oʻzingning uyingda yashay olding, na bir istagan kiyimingni kiya olding. Bular uchun men sendan uzr soʻrayman. Lekin men hayotimni quruq oʻtkazmadim. Yaxshi nom qoldirdim. Menga armon boʻlayotgani ota-onam keksayganda ularning duosini koʻproq ololmadim, xizmatlarini qilolmadim...

Onasi, bolalarimizni oʻqit. Bankda bitta uyga yetadigan pul jamgʻarib qoʻyganman. Faqat senga aytmagan edim. Sovgʻa qilmoqchi edim. Oʻzingni ehtiyot qil...»

Oradan koʻp oʻtmay Farruxning xotini bir xonali boʻlsa-da, uy sotib oldi.

«Hayot qanchalar beshafqat!...»

Bu chala qolgan kundalikning eng oxirgi sahifasidagi soʻnggi yozuv edi...