OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻzbektosh Qilichbek
Asar nomiKechikkan sevgi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻzbektosh Qilichbek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kechikkan sevgi (hikoya)
Oʻzbektosh Qilichbek

Yorqinoy sinfga yigʻlab kirdi. Gʻala-gʻovur qilayotgan oʻttiz chogʻli sakkizinchi sinf oʻquvchilari birdan jimib qoldi. Yorqinoy oʻtira solib parta ustiga yoyilgan kitob-daftariga yuzini bosgancha yigʻidan qizargan koʻzlarini hammadan berkitdi.

Biroz oʻtib xonaga oʻqituvchimiz kirib keldi. Uning ham vajohati oʻzgargan, eshikni shahd bilan yopishidan nedir koʻngilsizlik sodir bulgani sezilib turardi.

Yorqinoy bilan oʻqituvchimiz haligina direktor oʻrinbosarining xonasiga kirib ketishgan, uzunquloq gaplarga qaraganda, Navroʻz bayramiga tayyorgarlik koʻrish uchun chaqirtirilgan edilar. Albatta, Yorqinoyni chaqirishlari tayin edi — qaddi raso, chehrasi goʻzal, mayin-muloyim, yoqimli ovoz sohibasi Yorqinoysiz bizning litseyda biron-bir tadbir oʻtmasdi.
— Turing, Yorqinoy!

Oʻqituvchimiz hammaga sizlab murojaat qilar, jahli chiqib turgan boʻlsa-da, bu gal ham Yorqinoyga avvalgi munosabatini oʻzgartirmay gapirdi. Yorqinoy nam yugurgan uzun-uzun qayrilma kipriklarini, bodom qovoqlarini guldor roʻmolchasi bilan artib oʻrnidan turdi. Uning charosdek chaqnoq koʻzlari yerga qadalgandi.
— Meni yer bilan bitta qildingiz-ku! Boshqa sinfning qizlari indamay kiyib ketyapti-ku?! Bir kunga kiyasiz… bir umr deyotganimiz yoʻq-ku?! Unaqa bayram koʻylakni bozordan ham topolmaysiz… Siz boʻlsa, noz qilasiz?! Birovniki deb burningizni jiyirasiz… Ana dugonangiz Mehrixon…

Tarbiyachimiz shoshib gapirganidan «achchiq qalampir» soʻzlari boʻgʻziga tiqilib qolardi. Mehrixon deganlari litseyimizda koʻzga koʻringan, shaydolari koʻp qizlardan edi.
— Ana Mehrixon… nozlanmay, hammadan birinchi bayram koʻylakni kiyib chiqdi-ku?! Yo sizni undan ortiq yeringiz bor-mi?! Boyning qizi boʻlsangiz ham mayliydi… Hamma kiyib tashlagan deysiz?! Balki oʻshalar sizdan toza yurar…

Bunisi keragidan ortiqcha edi. Oʻgʻil bola boʻla turib bu gaplar mening ham nafsoniyatimga tegdi. Gapning bir uchi yotoqxonada turishimizga borib bogʻlanar, tarbiyachimizning gap ohangida shunday sha’ma sezilib turardi.

Yorqinoy sinfda oʻz obroʻsiga ega, esli-hushli botartib qiz edi. U tarbiyachi bilan talashib-tortishib hammaning diqqatini boʻlishni oʻziga ravo koʻrmay, ixcham oq sumkachasini bilagiga ildi-da, kitob-daftarini kuchoqlab shartta tashqariga chiqdi-ketdi. Tarbiyachimiz bir soʻz demay qoldi.

«Oʻlguday oʻjar kiz… Egilgisi kelmaydi.» Hammaga alohida-alohida topshiriq berilgach, tarbiyachimiz jurnal toʻldirayotib shunday deb gʻoʻldiradi. Uning gapi birinchi partada oʻtirganim uchun menga eshitildi.

Esimizni tanigandan buyon deyarli har yilgi ahvol takrorlangandi. Navroʻz kelishi bilan qizlarimizni raqs tushish, turli namoyishlar koʻrsatish uchun litsey tadbirlariga, tuman madaniyat saroyiga chaqirishar va oʻsha yerning fondidagi milliy liboslarni kiyib tayyorgarlik qilishardi. Koʻylagi borlar oʻzinikini, koʻylagi yoʻqlar fonddagi eski-tuskilarni egniga ilishib bayramni guldek oʻtkazib berishga majbur edilar.

Oʻtgan yili ham sobiq tarbiyachimiz bilan Yorqinoy oʻrtasida xuddi shu ohangda tortishuv boʻlib oʻtgan, oʻjar qiz oʻz aytganidan qaytmay: birovlarning atlas-adrasini kiymaslik uchun tuman markazidagi bayramga qatnashmay qoʻya qolgandi.

Litseydagi yigitlarning barchasi Yorqinoy ismini eshitganda birdan sergak tortishar, lekin hech biri yurak yutib qizga yaqinlasholmasdi. Buni oʻzimdan uch bosh yuqori akalarning sirli suhbatlaridan sezganman.

Sinfdagi oʻnta oʻgʻil boladan faqat mengina yotoqxonada turardim. Shundanmi, Yorqinoy ikkalamiz juda inoq edik. Hatto, bir xonada tun yarmigacha yashirincha qolib televizion kursatuvga birgalashib xat yozganmiz. Uning yozuvi goʻzal, betakror edi. U ba’zi-ba’zida jigʻimga tegar, har ikki gapining birida jon olar tabassum hadya etib turardi.

Keyin bilsam, oʻsha ba’zi-ba’zidagi ilmoqli gaplari unda uygʻongan toza tuygʻularining tiliga koʻchgani ekan. Mana oradan yetti yilcha vaqt oʻtib, bularni oʻzimcha tushundim.

«Qanday zavqli, sururbaxsh damlar edi-ya?!»

Oʻn birinchini bitirgach, koʻpchiligimiz turli oʻquv yurtlari tomon yul oldik. Zero, litseyimizning obroʻsi shu bilan baholanar edi-da! Biz besh yigit hujjat koʻtarib poytaxt sari chopdik. Beshovimizning ichidan faqatgina menga omad kulib, boʻlajak shifokor nomini olish uchun meditsina akademiyasiga oʻqishga kirdim.

Mana, beshinchi bosqichga oʻtib ushbu voqealarni titilib ketgan xotira sahifalaridan olib, oppoq qogʻozlarga birma-bir tiklab oʻtiribman. Kecha bizni oʻz viloyatimizga amaliyot oʻtashga joʻnatishdi. Men teri kasalliklari yunalishi bilan viloyatimizning bosh poliklinikasiga bordim. Bekorchilikdan beriroq ish boʻlgan, kasallik tarixlari taxini varaqlab oʻtirganimda, birdan tanish familiya-ismni uchratdim.

«Mehrixon!»

Ichimda allaqanday totli iliqlik uygʻondi. Biz bilan parallel sinfda oʻqigan shaydosi koʻp bu qiz oʻz hisobim boʻyicha birinchi, tanishlar ichidagi birinchi bemorim boʻldi. Men hayotim mobaynida ilk bor bir ishga chin dildan kirishdim. Terisi qoʻrqinchli oq dogʻlar bilan qoplangan Mehrixonni oʻn uchinchi shifoxonadan topdim. Uning litseydan keyingi hayotini ipidan ignasigacha soʻrab-surishtirdim. Zero, bu yosh doʻxtirlarcha qiziqish, darddorlarga gʻamxoʻrlik qilish, qolaversa, burchim deb bilganimdan edi. Undan tashqari, oʻrtamizda sinfdoshlik rishtalari bor edi.

Mehrixonning aytganlarini ikir-chikirigacha toʻliq oʻrganib, alohida daftarga yozib bordim. (Darvoqe, bizga shunday oʻrgatishgan.) Shoʻrlik qizning qisqagina hayotidan shuni bildimki, toʻy kunidan keyin shu — boʻlmagʻur-yaramas xastalik yuzaga chiqqan. Doktorlik koʻzi bilan qaraganda, hamma gap yangi kiyilgan sep liboslarida edi.
— Chimildiqqa kirganimdan keyin badanim qichishadigan boʻldi-qoldi… Kelin boʻlib tushgan oilam sal nochorroq... Kelin koʻylak sal eskiroq edi-da… Undan tashqari, vaqtida birovlarnikini ham irganmay kiyib ketaverganmiz.

Mehrixonning bu iqrori nooʻrin boʻlib, uning xastaligi vitamin yetishmovchiligining oddiy koʻrinishi edi. Uning tuzalishi xaqida mujmal fikrdan nariga oʻtolmayman.

Kelin koʻylak — barchaga birdek yoqimli eshitiluvchi, eng pokiza, oq, oppoq koʻylak toʻgʻrisida ham hech qanday qora fikr aytmoqchi emasman.

Ijaradagi kelin koʻylakni hech qanaqa qoʻldan oʻtmagan, hech qanday kir-chir badangga tegmagan, mos yoki nomos deb birov kiyib koʻrmagan, deb hisoblaymiz, yangi kelinning oqdogʻ kasalligini ham eslamaymiz-da, koʻngilga, nozik koʻngilga kelamiz.

«Birovniki», «Qaytarib beramiz», «Bir kunlik» kabi soʻzlar koʻngilga kelsa, uni kiyishga qaysi magʻrur qizning koʻngli tortarkan?!

Mehrixonning aybiga iqror boʻlishi — Oʻziga boʻlgan ishonchning kamayganidan emasmi? Agar bu dardga Yorqinoy chalinganda: «Men birovlarning kiyimini hech kiymagandim-ku», deb oʻziga-oʻzi savol berar va Mehrixonga oʻxshab «avval birovlarning kiyimini kiyganimdan yoki kelin koʻylakdan kasal yuqqan», deb oʻylamay kasallikning asl mohiyatiga e’tibor berardi.

Yorqinoy qaddi kabi gʻururi tik qizlarning eng goʻzali, ha u ana shunday magʻrur, egilmas koʻngli, koʻrinishi ham oʻta goʻzal qiz edi. Yorqinoy mana shu oʻjarligi, egilmas-qayrilmasligi uchun litseydagi manaman degan yigitlarning yuragini olib qoʻygandi. Mana, shuning uchun ham Yorqinoy uchala tarbiyachimiz bilan ters boʻldi. Va nihoyat, mana shuning uchun ham Yorqinoyni sevib qoldim. Xuddi, shuning uchun uning uyiga sovchilarimni yuborishga ahd qildim.

Faqat va faqat shunday kishilargina — Oʻzligini topa olgan, oʻzligini topgan qizlargina sevishga arzigulik!!! Sevilish baxtiga faqat ular munosib! Mana koʻrasiz, qat’iy ishonch bilan aytamanki, Yorqinoy toʻyimizda ham oʻziga xos va mos kiyinib — kelin, tengsiz kelin boʻladi.

Oxirgi suhbatimizda Mehrixonning Yorqinoy haqida aytgan gaplari boshimga gurzi kabi qarsillab urilib, qoʻl-oyogʻimni qaltiratib, ishqqa limmo-lim yuragimni zirqiratdi.

«Yorqinoy litseyni tugatgan yiliyoq erga tekkan... Hozir uchta bolasi bor. Bir oʻgʻil, ikki qiz.»

Xazonrezgi xiyobonning uzun yoʻlkasi boʻylab ortini oʻgirib ketayotgan, oʻgʻilchasi yelkasi osha hayrat toʻla munchoq koʻzlari bilan menga qaragan, bir qizi qoʻlidan, ikkinchisi uzun etagidan ushlab olgan juvon koʻz oʻngimda jonlandi.

«Nahot?.. Nahotki, koʻnglingning tub-tubida birgina qizga nisbatan uygʻongan oʻlmas sevgingni anglab yetish uchun besh yil kerak boʻlsa?! — dedi ichimdagi ovoz. Keyin taskin berish uchun qoʻshib qoʻydi. — Senga eng yaqin qiz oʻsha ekan-a?! Buni kechikkan sevgi, salgina kechikkan sevgi deydilar!» Qanchalik hafsala va mehr bilan bitilgan boʻlsa hamki, «U» haqdagi xotira daftarchamni yirtib tashladim.