OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻzbektosh Qilichbek
Asar nomiKoʻk somsa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oʻzbektosh Qilichbek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻk somsa (hikoya)
Oʻzbektosh Qilichbek

«
Yigirma yoshida vafot etgan sinfdoshim D. ni xotirlab
»

Butunlay baxtsiz kishi boʻlmaganidek, barcha baxtiyorlarning ham baxti tugal emas.

Baxtsizlarning ikki toifasi bor. Birinchi toifa baxtsizlar — chinakam baxtsizlar boʻlib, ular tor va xira koʻngil darchasidan dunyoni qora boʻyoqlarda koʻrishadi. Bunday baxtiqarolarning baxtsizligi — ular oʻzlarini baxtsiz deb oʻylashidir! Undaylar oʻziga oʻxshaganlarni koʻrganda quvonadi, shundaylar safi kengayishini istaydi.

Yana shundaylar borki, hayot ulardan nenidir olib qoʻygan, shoʻrpeshonalariga qandaydir kamchilik tamgʻasini bosgan boʻlsa-da, ular oʻz dardini tishlari orasida saqlab gʻiybatchilikdan yiroqda, quvnoq nomini olib yashash bilan birga, yaqinlariga quvonch baxsh etib oʻtadilar. Bunday kishilar esa, baxtli boʻlib baxtini bilmagan kaltabinlardan ming karra baxtliroqdir!
— Somsaxoʻr! Hoy, somsaxoʻr!

Ancha olisdan kimningdir shunday deb baqirgani faylasufona xayollarimni buzdi. Avvaliga uning kimligini anglayolmadim. Zum oʻtmay bu ovoz doʻstim D. ga tegishli ekanini angladim. U yaqin kelib qoʻlini uzatdi.
— Ha, somsaxoʻr, oʻz laqabingdan tondingmi, qaraging kelmaydi.
— Shunday katta koʻchaning oʻrtasida sharmanda qilasan, — dedim uning qoʻlini siqib. — Qoʻling muncha sovuq?.. Nega kech qolding?
— Shopirim kasal boʻp qopti, shunga... Oʻzing-chi?
— Ertalabki futbolni koʻraman, deb...
— Ha, tushunaman, — gapimni boʻldi u. Uning yangicha hazil qilishini shundoqqina sezib turardim. — Uy kinoteatring boʻlganidan keyin, koʻchaga chiqqing kelarmidi?! — u mening uyimda televizor yoʻqligini, qoʻshnimnikida futbol koʻrishimni bilar, hozir miyigʻida kulib shunga sha’ma qilardi. — Konditsionerni yoqib qoʻyib, qaynoqqina kofeni xoʻrillatib-a?! — U oʻtib ketayotgan yoʻlovchilarga sira parvo qilmas, xandon otib kular, xushchaqchaqlik bilan oʻng qoʻlini yelkamga tashlab olgandi. — Yumshoq divanda yotvolib...
— Boʻldi, haddingdan oshma!— gapdan toʻxtataman uni. Keyin haziliga hazil bilan javob bergim keladi. — Qoʻy, kambagʻal bir yilda bir marta televizor koʻrmoqchi, shungayam halaqit berma! Oʻzing ikkita shopirim bor deysan, birov gʻing deyaptimi?!
— «Kambagʻal boʻlsang, oʻzingni boydek tut», degan ekan bir boʻydoq ishga ketayotganda... Ana, shunaqa gaplar...

U binoga kirishimizda menga yoʻl berdi.
— Kecha somsa yegani boruvdim...
— Oʻv-v, — hayqirib yubordi u. — Qachon somsalar haqida gap boshlarkansan, deb kutib turuvdim, oʻlay agar. Boshla, jigarim, somsa yegani borsang, makaronli somsa sotayotgan ekanmi? A? — gapirmoqqa lab juftlagandim u shoshib qoʻshib qoʻydi. — Bilaman, bir oʻzing borgansan. Aytib qoʻyay, oʻtgan kungiday «quyruqli somsa yedim, oh-oh» deb soʻlagimni oqizma!
— Xoʻp.

Somsa yemasdan kunim oʻtmasligini, ishni tashlab somsapaz boʻlib ketmoqchiligimni, qaerda boʻlmasin somsalar, somsapazlik haqida joʻshib gapiraverganimni, bir soʻz bilan aytganda, «somsa jinnisi» ekanimni birgina shu doʻstim bilar, shuning uchun oʻzimga yoqqan laqab bilan — somsaxoʻr deb chaqirardi. Dunyoda ikkita hazilkash boʻlsa, bittasi shu doʻstim edi. Gap-gashtak yeydigan oshnalarim koʻp boʻlsa ham, D. ga gapirganday hech kimga koʻnglimni ochib gapirmasdim.
— Kecha koʻksomsa yegani atayin bozorga tushdim. Bergan somsasining ichidan bedaning bargi chiqsa boʻladimi? Xoʻrandalarni mol deb oʻylaysiz shekilli deb...
— Toʻxta-toʻxta! Koʻksomsa deb nima koʻkargan boʻlsa, solavergan ekan-da! — D. koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib qaqillab kular, qornini silab damba-dam mening qornimga ham urib qoʻyardi. — Bedadan somsa yeb damlab qolmadingmi, ishqilib?!

Kechqurun sal-pal bezovta boʻlganimni eslab ich-ichimdan gʻijinib D. ning gaplaridan xijolat boʻldim. Xonamizga kirgach, u termosdan quloqli piyolasiga quyib qandaydir suyuqlikni ichib oldi. Damlamaning oʻtkir hidi dimoqqa urildi. Anchadan buyon uning allaqanday dorivor damlama ichib yurishini bilsam ham, yumshoqroq qilib soʻradim.
— Qanaqa ichimlik?
— Ha, bumi? — u piyolani toʻnkarib qoʻydi-da, qoʻl siltadi. — Hech nima... Oddiy vitamin. Vitaminlar toʻplami-da! Majlisga chiqamizmi?!

Uning ustomonlik bilan yolgʻon ishlatishi va buning ustiga gapni silliqqina burib yuborishidan dardini yashirish istagi kuchli ekanligini sezdim va uni ortiq qistab oʻtirmadim. Sochimni taragan boʻldim-da, uning ortidan ergashdim. D. ning yoniga oʻtirayotib uning gipslangan chap qoʻlini koʻrib tok urgandek titrab ketdim.
— Nima qildi? — beixtiyor uning qoʻlini ushlab oldim.
— Ha, bumi... hech nima. Kecha zinapoyadan yiqilib tushdim.
— Qanday qilib?! Hovlida turasan-ku?!
— Kecha tushdan keyin klinikamizga boruvdim. Doʻxtirga koʻrinib chiqibman-da, qogʻozxaltamni qabulxonada unutib qoldiribman. Uning ichida pasport-masport, uyning hujjatlari bor edi. Koʻchaga chiqqanimda esimga tushib orqamga qaytdim. Shoshganimdan adashib uchinchi qavatga chiqib ketibman. Ikkinchi qavatga chopib tushayotganimda... — menga uning mana shunday batafsil gapirishi yoqardi. Uning yuziga tabassum yoyildi, bu tabassum birmuncha mungli edi. — Tushayotganimda, gimnastikachilarga oʻxshab uchib ketdim-da, qarsillab devorga urildim. Koʻzimni ochsam, qoʻlim ikki joyidan sinibdi.
— Sumkangni topdingmi?!
— Yoʻq-da! Hammayoqni qarab chiqdik. Qanot chiqarib uchib ketganmi, hech qayoqda yoʻq. Hammadan soʻrab chiqdik, hech kim bilmaydi!
— E, xudo! Birontasiga tayinlab keldingmi, mabodo topilib qolsa, menga xabar qiling, deb! Klinikada nima qilib yuruvding?
— Ha, u yerdami... Qoʻyaver, aytishga arzimaydi. Oʻpkamni koʻrib qoʻyishdi. Doʻxtir, yotasan, deydi. E, jinnimisiz, men yotmayman dedim. E, lekin ularning bitta narsasiga besh ketdim, hozirgi meditsina koʻkrak qafasiniyam yorib tashlarkan! Men shu paytgacha qovurgʻalarni kesib operatsiya qilisholmaydi, deb yurardim. Sizni shunaqa operatsiya qilamiz, deydi...
— Yoʻgʻ-e...
— Ha... Keyin doʻxtir...

Xonaga boshliq kirib yigʻinni boshlagach, bizning suhbatimiz boʻlinib qoldi. Boshliq harqancha jon kuydirib soʻzlamasin, uning hech bir gapi qulogʻimga kirmas, butun fikru xayolim yonimda oʻtirgan, shunchalik ogʻir, har qanday bardoshli odam uchun ham ogʻriqli boʻlgan dardini ichiga yutib ertalabdan kulishga oʻzida kuch topgan, oʻzgalarni-da kuldirib, hammaga yaxshi kayfiyat ulashayotgan odamda edi.

«Boshida shuncha tashvish-u uning ertalabki hazil-huzulini qara, — derdim oʻzimga-oʻzim. — Bor-budini yoʻqotibdi-yu soʻramasang, gʻiring demaydi! Ertaga jarroh stoliga yotadigan boʻlib turibdi, bu ham esida yoʻq! Loaqal sumkasini olgan oʻgʻri mushukni soʻkib noinsof ham demadi-ya?!»

Har kim oʻz uyida xayoliy qoʻllari va tasavvuri koʻzlari bilan Baxt xudosini yaratadi. Bu yerda oʻz uyi deyilgani bejiz emas, chinakam shaxs oilasidan chetda baxtni tasavvur qilolmaydi. Doʻstim D. ning baxt xudosi shunday ediki, u hammaga bir xil koʻz bilan qarar, barchaga birdek quvonch baxsh etardi.

Oʻsha yigʻilishda menga mehnat ta’tili berishdi.

Oradan ikki haftalar chamasi vaqt oʻtib D. menga telefon qildi.
— Koʻrgani kelmaysanmi? — uzoq salom-alikdan soʻng uning aytgani shu boʻldi. — Somsaxoʻrlik qilardik!
— Boraman erta-indin... E, menga qara, Baxt xudosi kimiydi?!
— Nechta harf? — uning ovozi uzuq-yuluq eshitila boshladi. — Oʻzbekchadami yo lotin tilidami? Agar oʻzbekchada boʻlsa, yozib qoʻy: Baxt xudosi — M, Ye, N, men.

Keyin aloqa uzilib qoldi. Men esa doʻstimning oxirgi gaplarini takrorlagancha qoldim. «Baxt xudosi — men!»

D. ning kasalxonada yotganligini ertaroq bilmaganim uchun oʻzimni soʻkib-qargʻab apil-tapil bozor qildim-da, uni koʻrgani yoʻlga tushdim.

Hoʻl meva solingan qogʻozxaltani koʻksimga bosib olganimdanmi yo hayajon zoʻridanmi klinikaning ikkinchi qavatiga chiqqanimda yurak gurs-gurs urar, peshonamdan reza-reza ter quyilardi. Hamshira qiz D.ning xonasini koʻrsatdi-da, yengimdan tortib toʻxtatdi.
— Oʻn minutdan oshiq gaplashmang, bemorni urintirib qoʻyishingiz mumkin.

Unga «xoʻp boʻladi,» — dedim-u ichimdan boshqa xayol oʻtdi.— «Ikki qadrdon oʻrtoq bir yarim oy deganda bir marta koʻrishadi-yu aytgan gapingizni qarang! Shuyam insofdanmi?!»

Bir kishilik palataga kirib doʻstimni taniyolmay qoldim. Undan hech nima qolmagandi: et suyakka yopishgan, karavot labida oʻtirgan skeletga katta kallani oʻrnatib qoʻyishganday edi. Mikrobmi, qurtmi uning oʻpkasini yeb bitirgan, oʻpka yetishmovchiligi — gipoksiyadan oyoq-qoʻllari shishib, hammayogʻi koʻkarib ketgan, ovozi zoʻrgʻa xirillab chiqardi. Lekin koʻzlari aslo oʻzgarmagan, hamon oʻsha-oʻsha kulib turardi. U harchand urinmasin, mendan tuzukroq hol-ahvol soʻrayolmadi.
— Oʻsha kuni seni haligi aptekar qiz bilan koʻruvdim, — qogʻozxaltani tortma ustiga qoʻyib, uning koʻnglini koʻtarmoqchi boʻldim. — U sen bilan gaplashib turuvdi. Pastda...

U kulmoqchi boʻldi. Lekin qattiq yoʻtal tutib xirillab qoldi. Karavot ostidagi tufdonni oldim-da, u tuflaguncha tutib turdim. U zoʻriqib boʻlsa-da, oʻzini sal-pal oʻnglab oldi-da, kulmoqqa urindi, lekin uning koʻzlarida mung aks etdi.
— U-u-u-u... m... m-m-en b... b-bilan e... e-em-mas, — harflarni choʻzib gapirdi u. — M... m-men u bilan t-turuvdim!
— Toʻylaringda oʻzim davrakashlik qilaman! — Odatdagidan balandroq tovushda kuldim men. — Bir umr hammaning esida qolsin!
— Unda... somsani-chi?!

U yana kulmoqchi boʻldi. Lekin bu gal ham qattiq yoʻtal gapini tugatishga xalaqit berdi. Men esa bir vaqtlar unga «toʻyingda somsapazlik qilib hammaning tanglayini tushiraman» deganimni esladim. Doʻstim D. hozir oʻsha gapimni eslatmoqchi boʻlayotgandi.
— Ha, yaxshi eslatding, goʻshtli tandir somsa opkelgandim. Qaynoqqina... Toʻylaringdayam xuddi shunaqasini pishiraman.
— Yana... — xih-xihlab gapirdi u, — somsaga beda solib yurmagin...

Men uning koʻngli uchun jilmayib yelimxaltachaga solingan somsalardan birining ichini yorib D. ga koʻrsatdim. U qoʻlimning kuyayotganligini bilib qoʻli bilan «joyiga qoʻy» deganday imo qildi.
— Somsa opkelishingni bilardim... — dedi u. — Servitamin somsalar deysan-da!
— E, bu somsalarning foydasini bilmaysan-da, bular dimlab pishirilgan. — U koʻzlarini katta-katta ochib maroq bilan toshib-joʻshib gapirayotgan «somsaxoʻrga» qarab oʻtirardi. — Bu yerga kelishda qatlama somsa olgandim. Bittasini gʻarchcha tishlasam, ichidan uzun qanor qopning ipi chiqib turibdi-da!

Men gapimni tugatgunimcha u dam qizarib, dam koʻkarib, ogʻzini kappa-kappa ochib, oʻng qoʻl kaftini botiq koʻksiga bosib-bosib gapirishga tayyorlandi. Keyin dadil gapirib hiqillab kuldi.
— Bergan ikki yuz soʻmingga kanop chiqmay, baxmal chiqsinmi?
— Eh, — menga uning tagli hazil gapi yetib bormagandi. Bu ahvolingda kulishga yoʻl boʻlsin, deganday biroz ginaxonlik, ozroq achinish hissi bilan gapirdim. — Oʻsha paytda dori ichib yurishingni bilardim. Nega «vitamin Iks» ichyapman deb aldarding-a?! Dardingni aytsang, boʻlmasmi-di?!

Keyin uning sogʻayib ketishini, bu haqda dunyoning kuchli ruhshunoslari kitobidan parchalar oʻqib unga dalda berdim. U boshini bir joyda tutib turishga qiynalar, iyagiga musht tiragan joylari qonsizlanib oqarib qolar va bir muddat shu holicha turardi.
— Qanday baxtlisizlar?! — u kasalxona bogʻiga qarab olgandi. Uning «Baxtlisizlar» soʻzini qanday ohangda aytganligini eslasam, hali-hanuz tovonimgacha muzlab ketaman. — Qanday baxtlisizlar?! Hozir oʻsha yoqdan kelyapsizlar! Men esa...

U yigʻlavordi shekilli ovozi chiqmay qoldi.
— E, nima qilasan koʻchada? — men shoshganimdanmi yo uning koʻnglini ogʻritib qoʻyishdan qoʻrqqanim uchunmi pala-partish javob berdim. — U yer shovqin-suron, issiq, dim, havosi buzilgan.

Uni betoʻxtov yoʻtal tutganidan hamshira kirib, ketishimga imo qildi.

Tashqariga chiqib hamshiraning gaplarini tinglarkanman, unga nimadir degim kelar, lekin boʻgʻzimga tiqilgan achchiq yigʻi soʻzlagani bermasdi.

Peshona ekan-da, deyishadi-ku, koʻpni koʻrgan qariyalar, xuddi shunday peshona, shoʻrpeshona ekan, deyman: men shifoxonaga borgan kunim doʻstim D. ning hayotdagi eng soʻnggi kun ekan. Ertasiga uning oʻlimi haqida eshitdim. Joni uzilayotganda ham doʻstimning oqarayotgan yuzida tabassum, mungli tabassum qotib qolgan boʻlsa kerak... Doʻstimning oʻlganiga sira-sira ishongim kelmaydi. U bebaxt yashab, baxtsizlarcha erta vafot etgan boʻlsa ham, baxt haqida buyuk haqiqatni aytib ketgandi. Uning hayoti bunga isbot edi: «Qaerda va qanday yashashingdan qat’i nazar, hayot — faqat va faqat kulish, quvonish uchun berilganligini aslo unutma!» Baxtning bu oltin qoidasi koʻngildan-koʻngilga oʻtib mangu yashaydi.

Baxt xudosi doʻstim D. timsolida koʻz oʻngimda jonlanadi. U yuragidan nimadir olib ustimizdan hovuchlab sochib yurganday.