OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻzbektosh Qilichbek
Asar nomiShirin xurmo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻzbektosh Qilichbek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shirin xurmo (hikoya)
Oʻzbektosh Qilichbek

Shaharning gavjum va sershovqin bozorlaridan biri.

Ustiga uyum-uyum xurmolar terilgan bozor rastasi.

Oʻrtaliqdagi joylardan birida lab-lunjiga ayamay boʻyoq chaplagan, qirq yoshlardagi toʻlagina juvon savdo qilmoqda. Qoʻli-qoʻliga tegmaydi.

Xaridorlar biroz siyraklashgach juvon yonidagi sotuvchilar safiga kechagina qoʻshilgan odmiroq kiyingan tengqur ayolga yuzlandi.
— Xurmongizdan bitta tatib koʻrsam boʻladimi?

U oʻychan holatini buzmay tavakkal bir xurmoni olib uzatdi.
— Yeb koʻring, judayam shirin.

Uning ovozi siniq eshitildi.
— Otingiz nima? — deb soʻradi u xurmoni koʻylagining yoqasiga artib ishtaha bilan tishlarkan, — mening otim Shohida.
— Meniki Hayotxon.

Hayotxon javob kutmay tez-tez gapirayotgan dugonasiga gʻalati qarab qoʻydi.
— Siz qishloqdan kelganingizni yashirmas ekansiz...
— Nega yashirishim kerak?..
— Ayrimlar bor-da, shunaqa. Oʻzini shaharlik qilib koʻrsatgisi keladi. Lekin men unaqalarni bir qarashda koʻzidan bilib olaman.

Hayotxon indamadi.

Roʻparada toʻxtagan xaridorning ogʻzidan soʻz kutib unga ilinj bilan qaradi.
— Shi-irin xurmo ekan, — dedi Shohida.

U birinchi xurmoni paqqos tushirib. ikkinchisini qoʻlga olgandi. Hayotxonning indamay turganini eshitmagan gumon qilib gapini bir parda baland ovozda takrorladi.
— Xurmongiz shirin ekan. Kimdan oldingiz?
— Oʻzimizniki...
— Oʻzlaring ekkanmisizlar? — ishonqiramay soʻradi Shohida. — Rostdanmi?
— Ha, rost...
— Qishloq joylar zoʻr-da! — dedi yana Shohida. — Men bir marta qishloqqa borganman. Aniqrogʻi, bir marta dalalarga chiqqanman. Bu menga judayam yoqadi. Sizgayam yoqsa kerak-a?
— Ha, — Hayotxon nima deyishni bilmay taraddudlandi. — Keng, tinch joylar...
— Agar imkonim boʻlganda oʻsha yerlarga bosh olib ketardim. Keyin bu gʻala-gʻovur dunyosi bilan ishim boʻlmasdi.

Rastada oluvchilar siyraklashib qolgandi. Ularning suhbati avjiga chiqdi. Hayotxon jagʻi-jagʻiga tegmay gapirayotgan Shohidaning fikrlarini bazoʻr ilgʻab olardi.
— Ochiq-sochiq dalada bir oʻzim aylangim keladi. hech kim xalaqit bermasa... xayoling boʻlinmasa... Qoʻllaringni ikki yoqqa yozib yugursang...

U qoʻllarini ikki yonga yozib turgan joyida oʻng va chap tarafga burilib qoʻyardi.
— Yugursang, yuguraversang... Toʻxtamasang...

Shohida bir narsani eslab qolgandi. U oxirgi soʻzni shodlik qiyofasidan hayrat holatiga oʻtib yarim ovozda aytdi. Hayotxon buni kutmagan edi, qalqib tushdi.
— Oʻshanda-chi... Oʻshanda men eng chiroyli gulni oʻsha yerda koʻrganman. Bir oʻzim aylanib yuruvdim. Botqoq joy bor ekan. Oʻsha yerga bordim. Koʻrsangiz, koʻnglingiz ayniydi. Yaxshi joy emas ekan. Suvi sasib qolgan. Koʻkarib-mogʻorlab ketgan. Qamish-mamish, shoʻra-moʻra bosgan. Lekin botqoqning chetida bir gul ochilgan. Gul yaprogʻi sal katta-da, qip-qizil... Borib hidladim. Oʻtkir hidli gul ekan. Hidi dimogʻni yoradi. Unaqa gul hech qaerda ochilmasa kerak. Hech qanaqa kino-minoda koʻrsatilmaydi ham... Menga oʻshanaqa antiqa narsalar yoqadi. Qarang, chindan ham zoʻr-a?! Qarovsiz joyda chiroyli gul! Zoʻr-a!

Shohida hislarini aytib tugatolmasdi. U gapirish asnosida qoʻshnisining xurmosidan yeyishni ham toʻxtatmadi. Shohida savol nazari bilan Hayotxonga qaragancha beshinchi xurmoni paqqos tushirayotgandi.
— Xurmo koʻnglimga uruvdi. Koʻp yeganimdan shu kunlarda xurmoni ogʻzimga solmagandim. Lekin bilmadim, bugun... sizniki shirin xurmo boʻlgani uchun rosa yeyapman. qarang, manavisini danagi ham yoʻq! Tishingiz botmaydi. Oʻylanmasdan karsillatib tishlayverasiz! Bularingizni katta-katttaligini aytmaysizmi?! Qatorimizdagi boshqa xurmolarni qarang.Toʻgʻrimizdagi xurmolar... — qoʻli bilan oʻsha tomonni koʻrsatib: — Rangini koʻryapsizmi? Odamni tortmaydi. Hammasining ichida sizniki boshqacha...— Qarang, sizniki qizgʻish, yaltiraydi. Xurmoning pishgani eziladi. Sizniki unchalik ezilmagan boʻlsa ham rosa shirin! Shu paytgacha bunaqa xurmo yemagandim.

Shohida Hayotxonga oʻz uyumidan xurmo olib uzatdi.
— Mana buni yeb koʻring. Kecha maqtagan bozorchidan oluvdim. Yeng... darrov tishingizga tegadi. Bir marta yegandan keyin yana yegingiz kelmaydi. Serdanak, qattiq. Tishingizga tegadi. Molining kasalini egasi biladi-da!

Shohida bu gaplarni toʻxtab-toʻxtab tanaffus bilan aytdi. Ora-orada xaridor bilan oldi-berdi qildi. Qizigʻi shunda ediki, Hayotxon hali biron kilo xurmo sotmagandi. Uning roʻparasida toʻxtaganlar xurmoning narxini soʻrash bilan cheklanardi, xolos. Xurmolar ta’mi, koʻrinishi, salmogʻiga yarasha arzon emasdi.

Kech tushdi.
— Bugun yaxshi savdo boʻlmadi, — deya zorlandi Shohida. — Atigi oʻttiz kilo xurmo ketibdi. Yaxshi emas... Bugun qudagʻaylarim keladi. Shu xurmongizdan besh kilo tortasiz. Manavi puli. Oling. Kechki savdongizni oʻzim qilay, shu bilan ochofatlik qilib yeganimga rozi boʻlasiz. Qoʻlim yengil, oʻrgilay!
— Xurmo sizdan aylansin...

Hayotxonning ovozi gʻoʻldirab eshitildi. U chelakka xurmo solib noʻnoqlik bilan tarozi pallalarini sozladi.
— Necha kilo sotdingiz? Tugay deb qoldi-mi? —deb soʻradi Shohida.

Ular qoʻshnichiligining beshinchi kuni edi.
— Sizdan boshqa hech kim olmadi. Narxiniyam... narxini ham sagʻal tushirdim... baribir...
— Xafa boʻlmang, oʻrgilay. Sizning xurmolaringiz hammanikidan zoʻr! Bu bozorda bunaqasini topolmaysiz... sizning xurmolaringiz boylarniki... Ya’ni tishini asraydiganlarniki-da! Bu bozorga faqat past... anaqalar keladi. Unaqalar sizning xurmolaringiz qadrini bilmaydi. Oʻzi, aslida xato qilgansiz. Xurmolaringizni bu bozorga bekor olib kelgansiz! Huv, narida boylarning bozori bor! Sal yurganingizda... Oʻsha yoqqa borganingizda... Omadingiz choparmidi. Ular chertib-chertib, saylab-saylab oladi. Ular saragini sarakka, puchagini puchakka ajrata olishadi-da. Bularingiz ichida shakari borday. Bular unaqasini qayoqdan ham bilsin. Mana men siznikidan yeb, tatib koʻrib, yoningizda turib yaxshi bilib oldim. Haliyam kech emas. Oʻsha bozorga boring, oʻrgilay. Sizning joyingiz oʻsha yerda!

Hayotxon oʻylanib qoldi.

Izgʻirin oqshom boshlangandi. Unda tuni bilan oʻylab olish imkoni bor edi. Oʻylab bir qarorga kelish uchun bir necha tun ortda qoldi. Ammo nedir mujda kutib Hayotxon shu bozorda qoldi. Ketishga jur’at qilmadi.

Ikkinchi haftaning oxirlarida Hayotxon Shohidaning oʻkinchli soʻrogʻini eshitib tovonigacha muzlab ketdi:

— Ellik kilo xurmoni haliyam sotib tugatolmadingizmi? Aytuvdim-a?!