OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOʻzbektosh Qilichbek
Asar nomiYaxshilikning bahosi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Oʻzbektosh Qilichbek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yaxshilikning bahosi (hikoya)
Oʻzbektosh Qilichbek

«Hozir butunlay oʻzgargansan: odamlarga qoʻshilmaysan – odamovisan, doʻst-yorga koʻz uchida qaraysan – manmansan! Avvallari hecham unaqamasding-ku! Nega bunchalar oʻzgarib ketding?!» Ba’zan oʻzimga-oʻzim shunday savollar berib oʻyga tolaman.

Ota-onamdan uzoqda, ularning koʻmagidan kechib yosh boshim bilan shaharga koʻchib kelib ikki qavatli uyning egasi boʻldim.

Shahar tun pardasiga oʻralayotgan payt edi. Ikkinchi qavatdagi kompyuter xonasini yopib pastga tushayotgandim, ichkaridan telefon jiringi eshitildi. Birinchi qavat oshxonasiga tushib goʻshakni qulogʻimga tutdim.

– Qalaysan, oʻrtoq? – sinfdosh doʻstimning ovozi tashvishli edi. – Birovning telefonidan qoʻngʻiroq qilayapman. Koʻchada qopketdim. Pulim ham kamroq... Hech qaysi mehmonxonaga qoʻymayapti.

– Nega toʻppa-toʻgʻri mening koshonamga kelavermading?!

– Bir oʻzimmasman-da, shunga... Bilaman-ku, sening fe’lingni... Singlim bilanman. Oddiy gostinitsalar ham nikohimiz haqidagi qogʻoz soʻrayapti.

U oʻzi ilakishib yurgan qizni hammaga singlim deb tanishtirardi. Hammaga shunday deb gapirib oʻrganib qolganidan, meni barcha sirdan xabardorligimni unutibmi yo yonidagilardan xijolat boʻlibmi, menga ham shunday dedi.

– Unaqada, bekor telefon qipsan, nahs bosgan qoʻling bilan! Uningni uyiga joʻnatvorgandan keyin menga telefon qil, gaplashamiz.

– Oʻrtoqjon, menga ozroq pul...

– Hech qanaqa pul-sul yoʻq! Yoningdagi kapalagingni uyiga uchirvor, keyin gaplashamiz, deyapman-ku!

– Ha, bilardim, shunaqa deyishingni... – Xoʻrsindi u. – Mayli, tinchmisan oʻzing? Boʻpti...

Kechki ovqatdan soʻng kamin yonib turgan xonada kitob varaqlab, kerakli satrlarni konspekt qilib tun yarmigacha oʻtirdim. Pardasi surib qoʻyilgan oynadan projektor yorugʻida qor yogʻayotgani koʻrinib turardi. Divanda qor parchalariga tikilib yotib koʻzim ilinibdi. Telefon qoʻngʻirogʻi miltiq ovoziday ta’sir qilib sakrab oʻrnimdan turdim-da, yerda yotgan telefonni olib qulogʻimga tutdim.

– Hali uxlamovdingmi? – doʻstimning ovozida xavotir hukmron edi. – Biz koʻchada qop ketdik. Boradigan joyimiz yoʻq. Oxirgi borgan mehmonxonamiz ham qabul qilmadi. Pulini kelisholmadik. Sovuq oʻtib ketdi, oʻrtoqjon! Metroning yonidan telefon qilyapman. Bormasam boʻlmaydi. Piyoda..

– Nimaga shuni avvalroq oʻylamading?! Shunaqa boʻlishini ahmoq ham biladi-ku!

U gʻing demay, soʻkishlarim tugashini kutar, shundan soʻng uyga taklif qilishimni bilardi. Lekin bu gal u kutgani roʻy bermadi, senga gapirish hayf deganday, men telefon goʻshagini qoʻydim.

Xarakterim shunaqa, nopok yurganlardan jirkanardim. Bu fe’lim Xudoga ham xush yoqibmi, omad bulogʻidan suv ichirgandi. Doʻstim betini qalin qilib xiringlab xonamga kirib keldi. U bilan oʻtirgan holatimda begonalarday koʻrishib stol ustidagi kalitlar shodasini koʻrsatdim.

– Pastdagi kichkina xonada uxlanglar. Issiqroq... Ertalab azon aytilgan payti bu yerda koʻrmay! Nima xohlasang, muzlatkichdan olib yeyver...

U kalitlar shodasini qoʻlida oʻynab birpas yonimda oʻtirdi. Keyin sovuqda qolgan qiz yodiga tushib qoldi shekilli tashqariga yoʻnaldi.

– Chiroqni oʻchirib ket.

Ertasiga doʻstim tushga yaqin xayrlashgani chiqdi. Yomon kayfiyatda yotganim uchun vaqtliroq turolmagandim.

– Sokingni tugatdik. Piyozli noningni, – u piyozli non deb pitstsani nazarda tutayotgandi,– mazza qilib yedik. Rahmat.

Uning uzundan-uzoq minnatdorchilik ohangida aytgan gaplaridan esimda qolgani shu boʻldi.

Keyingi ikki yilda ijodimdan, ya’ni biznesimdan baraka ketdi. Ikki qavatli uyimni sotib bir xonali uyda yashay boshladim. Bu orada oʻsha doʻstimning toʻyini oʻtkazdik. Ilakishgan qizi bir chetda qolib boshqaga uylandi. Soʻng qaynotasi koʻmagida shahar chekkasida sigaret doʻkoni ochdi. Men ham koʻchada yurgan pullarimni toʻplab, eshlarimu xeshlarimdan qarzlarimni qaytib olib sirpanchiq biznes yoʻlida qadam bosa boshladim. Albatta dimogʻi koʻtarilib qolgan Bunyod bundan bexabar edi. U faqat singanligimni, bundan tushkunlikka tushib qolganligimni eshitgandi. Shu kunlarning birida Bunyod bilan koʻchada tasodifan koʻrishib qoldim. Borib yaxshiroq joyda ovqatlanish uchun taksi toʻxtatdik. U mening tabiatimga zid ravishda, xuddi yetti yot begonaday, taksichining yonidagi oʻrindiqqa oʻtirib oldi. Bizning borar manzilimizgacha ancha yoʻl, men u bilan doʻstlarcha gaplashib ketishni moʻljallagandim.

– Sinfdoshlarni sogʻinaman, – dedi u. – Hammasini... Hammasi bilan bir toʻplanib oʻtirsak... Ularga mehrim boshqacha-da...

Men ort oʻrindiqda oʻtirib koʻzgu orqali uning yuziga razm solarkanman, bu gaplar uning ichidan, yuragidan chiqmayotganligini sezardim.

– Birinchi «sevgilim» bilan uyingga boruvdik-ku, oʻsha kun hech esimdan chiqmaydi-da! Pianino xonasida manavinaqa qilib oʻtiruvding! – U kaftini ensasiga qoʻyib gapirdi. – Oʻshanda pitstsangni (Nima yeganligini endi tushunibdi) yeganimga rosa pushaymon boʻlganman-da! Oʻsha kuni rosa zarda boʻlganman. Pulni qizgʻanib nonushtani shu yerda qilib ketaqolaylik devdim-da! Koʻchada ketyapmiz, tinmay zarda boʻlaveraman, yeganim ogʻzimga qaytib kelaveradi-da. Uchta gazli suv olib ichsam ham zardam qolmaydi-da! Oxiri boʻlmadi, qancha pul ketsa-ketsin dedim-da, bitta qimmat restoranga kirib boʻkib ovqat yeb oldim. Oʻshanda sokingga qoʻshib pitstsangni bekor yegan ekanman-da!

«Bu sening rahmatingmi?!» Men nafrat uchqunlanayotgan nigohimni undan uzmasdim, bu gaplarni koʻzlarim soʻzlardi.

Uning hayvoniy tilda gapirayotgan gaplarini toʻrtinchi marta eshitishga toqatim yoʻq edi. Men ofitsiantni chaqirdim.

– Esimdan chiqibdi. Bir joyga shoshilinch borishim keragiydi. Hammasiga oʻzim toʻlayman.

U bilan oʻtirgan joyida sovuqqina xayrlashdim. Va bu xayrlashuv bir umrga ekanligini ich-ichimdan his qilib turardim.

«Qizning koʻngli qolsa, tuqquncha, yigitning koʻngli qolsa, oʻlguncha!» Menda yigitlik xarakteri bor edi!

Ichimdagi farishtam tinmay shu maqolni takrorlardi – ichimdagi xislarni faqat shu maqol bilan izohlash mumkin edi.

Oʻqoʻtmas mustahkam koʻngil darvozasi oʻsha oʻzini mehribon deb sanaydigan, aslida mehr nima, mehribonlik ne ekanligini bilmagan odamlibos hayvonlar uchun gursillab, hammayoqni larzaga keltirib qayta ochilmas boʻlib yopildi.

«Endi tushungandirsan, nega bemehr, odamovi, yakkamoxov boʻlib qolganligimni?! – Men yangi olgan hovlimning gul ochayotgan bogʻchasida oʻtirib ichimdagi oppoq libosli farishtam bilan gaplashib xayol surib oʻtirardim. – Nega ulardan kechib ketganligimning sababi mana shu!»

Darvoza qoʻngʻirogʻi jiringladi. Ekranda Bunyodning tirjaygani yuzini koʻrib ensam qotdi. Kalitni xoʻjayinim opketganligini, hali-beri kelmasligini bahona qilib darvozani ochmadim.

«– Bunyodni kechirishing kerak. U ogʻir ahvolda... Biznezi bankrotga uchragan. Hozir ishsiz. Kompyuter markazingdagi xalqaro boʻlimda bitta ish oʻrni boʻsh, uni ishga olishing kerak.»

«Hech qachon! – Ichimdagi farishtamning taklifidan jahlim chiqib oʻzimni tutolmay qolganimdan ekran tugmasiga qoʻlim tegib ketdi. Bunyod bilan aloqamiz uzildi. Shunday xayollarga borganimda koʻnglim toʻlib koʻzim yoshlanganligini sezmay qolaman. – Uni ishga olish u yoqda tursin, gaplashganim boʻlsin. Kechirish haqida-ku, umuman gap boʻlishi mumkinmas. ...Ham mehr berib, ham koʻngling qonasa?! Yigitning ishi bunday boʻlmaydi. ...Agar u oʻsha gapini bir marta aytganda kechirishim mumkin edi. Lekin u...»

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 6-sonidan olindi.