OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifO.Genri
Asar nomiKishanlangan “qoʻllar” (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Yumor
Mualliflar
   - O.Genri
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonSaidjalol Saidmurodov. (Rus tilidan)
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kishanlangan “qoʻllar” (hikoya)
O.Genri

Denverda Baltimor yoʻnalishidagi ekspressga yoʻlovchilar bir-biriga navbat bermay, shoshilgancha chiqishardi. Odatdagi shinam vagonlarning biriga nozik did bilan kiyingan, xushroʻygina qiz ham joylashdi. Endigina poyezdga oʻtirganlar orasida ikkita yosh yigit ham boʻlib, biri – kelishgan, dadil, ochiq yuzli; ikkinchisi – nimadandir tashvishlanayotgani yuzidan bilinib turgan, badqovoq, besoʻnaqay, oddiy kiyimda edi. Birining oʻng qoʻli ikkinchisining chap bilagiga kishanlangan holda turardi.

Ikkovlon sohibjamolning roʻparasidagi boʻsh oʻrindiqlarga duch kelmagunlaricha vagon boʻylab yurishdi. Ajralmas doʻstlar qizning roʻparasiga, poyezd yoʻnalishiga qarama-qarshi tarzda oʻtirishdi. Qizning yotsiragan, loqayd nigohi ular tomonga sirgʻaldi, birdan uning chehrasida goʻzal tabassum jilvalandi, yumaloq yonoqlariga qizillik yugurdi, kulrang qoʻlqopdagi nozikkina qoʻlini oldinga choʻzdi. Uning yoqimli va qat’iy ovozi kishini oʻziga rom qilar va barcha uni jimgina tinglardi, qiz ham bunga odatlanib qolgandi.
– Xoʻsh, janob Iston, ruxsatingiz bilan birinchi boʻlib soʻz boshlasam. Agar siz eski doʻstlaringizni G’arb tomonlarda uchratib qolsangiz, ularni atay tanimaganlikka olasizmi?

Uning bu gapidan yigitlarning yoshrogʻi seskanib tushdi, sarosimadan bir zum qotib qoldi, biroq oʻsha zahoti oʻzini qoʻlga oldi va qizning qoʻlini chap qoʻli bilan ushlab soʻrashdi.
– Qanday tanimay, –dedi u tirjayib. – Miss Ferchayld! Chap qoʻlim bilan soʻrashayotganligim uchun ma’zur tuting, oʻng qoʻlim ayni damda band.

U hamrohining chap bilagiga ajoyib «bilaguzuk» bilan kishanlangan oʻng qoʻlini salgina koʻtarib qoʻydi.Qizning koʻzlaridagi quvonch kuchli hayrat bilan almashdi. Yonoqlaridagi qizillik ham qochdi. Lablari pirpirab ketdi. Iston qiziq holatni koʻrganday miyigʻida kulib qoʻydi, endi gap boshlamoqchi edi, sherigi uning soʻzini ogʻzidan oldi. Shu paytgacha badqovoq yoʻlovchining oʻtkir, ziyrak koʻzlari qizning yuz ifidasini zimdan kuzatib kelardi.
– Avf etasiz, miss, koʻrib turibmanki, siz sherif bilan tanish ekansiz. Balki, undan qamoqxonaga yetib borganimizda men uchun yengillik berishlarini soʻrab koʻrarsiz. U iltimosingizni rad etmaydi. Axir, u meni Livenuord qamogʻiga olib ketyapti. Yetti yilga, firibgarlik uchun.
– Ha, gap bu yoqda ekan-da!- dedi qiz chuqur tin olib, uning yuzi biroz qizardi.- Mana nimalar bilan mashgʻul ekansiz! Sherif boʻlibsiz-da?
– Miss Ferchayld, azizam, nimadir qilishim kerak-ku,- dedi Iston xotirjam.- Pullarni havoga sovurish juda ham oson. Vashingtonda siz va men kabilarni aqchasiz biror nimaga erishishi dargumon. G’arbda shunday tasodiflar yuz berdi-ki, mana men bu yerda…albatta, oddiy sherif uchun bular…eh-he…lekin, har holda…
– Buning bizga keragi ham yoʻq.-tezda javob qaytardi qiz. – Bularni bilishingiz kerak edi. Demak, endi siz yovvoyi G’arbning chinakam qahramoni, ot choptirasiz, oʻq uzasiz va har bir qadamda sizni xavf-xatar kutib yotadi. Ha, Vashingtonda hayot oʻzgacha. Eski tanishlar orasida faqat siz yetishmayapsiz.

Qiz yana sehrlangandek yarqirayotgan kishanga tikildi.
– Siz bu kishanlar haqida oʻylamay qoʻya qoling, miss, -dedi Istonning hamrohi.- Sheriflar doim hibsga olinganlarni qochib ketmasliklari uchun oʻzlari bilan kishanlab yurishadi. Mister Iston oʻz ishining ustasi.
– Vashingtonga qachon qaytasiz?- soʻradi qiz.
– Tez orada emas, deb qoʻrqaman,- dedi Iston.- Koʻrib turibsizki, betashvish hayot men uchun tugadi.
– G’arb menga juda yoqadi – dedi qiz. Uning koʻzlari muloyim yiltiradi. Qiz nigohini vagon oynasiga qaratdi. U toʻgʻridan-toʻgʻri, soda va ravon ohangda soʻzlay boshladi: – Bu yozni oyim bilan Denverda oʻtkazdik. Bir hafta avval oyim uyga qaytib ketdi, chunki, otamning toblari qochib qoldi. G’arbda maza qilib yashashim mumkin edi. Menimcha, bu yerning havosi sogʻliq uchun juda foydali. Qolaversa, ba’zi odamlar shunchalik ahmoqki, ular notoʻgʻri oʻylashadi…
– Quloq soling, bu insofdan emas, sherif, – toʻngʻilladi maxbus, – Tomogʻim qurib ketdi, buning ustiga ertalabdan beri chekkim kelyapti. Nahot, suhbatlaring hali-beri tugamaydi. Meni chekuvchilar vagoniga olib oʻtsangiz boʻlardi. Tamakisiz oʻlib qolaman.

Bir-biriga kishanlangan hamrohlar oʻrnilaridan turishdi. Istonning yuzida avvalgidek yengil tabassum paydo boʻldi.
– Bunday iltimosni rad etish gunoh,- dedi u beparvo.- Barcha narsadan mahrum boʻlganlar uchun tamakidan yaxshi doʻst topilmaydi. Koʻrishguncha, miss Ferchayld. Nima ham qilardik, xizmatchilik.

U xayrlashish uchun qoʻlini uzatdi.
– Afsus, yoʻlingiz Sharq tomonga emas ekan, – dedi qiz muloyimlik bilan.- Lekin, siz, albatta, Livenuortga borishingiz shartmi?
– Ha, – dedi Iston,- borishim shart.

Ikkovlon yelkadosh boʻlib kashandalar vagoniga oʻta boshlashdi.

Orqa oʻrindiqdagi ikki yoʻlovchi suhbatni deyarli boshdan-oyoq eshitib oʻtirishardi. Ulardan biri dedi:
– Bu sherif juda samimiy ekan. Bu yerlarda – G’arbda yaxshi odamlarni koʻplab uchratish mumkin.
– Bunday lavozim uchun yoshlik qilmasmikan?- soʻradi ikkinchisi.

– Nima uchun yoshlik qilar ekan?- ovozini balandlatdi sherigi. – Menimcha…Toʻxtang, siz nahot tushunmadingiz? O’zingiz oʻylab koʻring, qaysi sherif mahbusni oʻzining oʻng qoʻliga kishanlaydi?