OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifO.Genri
Asar nomiMirshab va munojot (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - O.Genri
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mirshab va munojot (hikoya)
O.Genri

Medison-skverdagi skameykasida oʻtirgan Sopi qunishib qoʻydi. Qachonki kechalari yovvoyi gʻoz galalari osmoni falaqda tizilgancha uchib borarkan, qimmatbaho moʻyna poʻstini yoʻq xotinlar erlariga mehribon-girgitton boʻlib qolarkan, Sopi esa parkdagi skameykasida qunisha boshlar ekan, demak, qilichini yalangʻochlab qish kelayotgan boʻladi.

Sopining tizzasiga xazon kelib tushdi. Bu Qorboboning tashrif qogʻozi edi. Bu chol Medison-skverning doimiy istiqomatchilariga mehr-oqibatli, ularni yaqin kunlarda kelib qolishidan ochiqchasiga ogohlantirib qoʻyadi. Toʻrt koʻchaning chorrahasida u «Ochiq koʻk ostida» mehmonxonasining darboni Shimol shamoliga tashrif qogʻozini tutqazib, istiqomatchilari shay boʻlib turishlari kerakligini eslatadi.

Sopi yaqinlashayotgan izgʻirin sovuqlaridan vujudini himoya qiladigan vosita hamda yoʻllar qidirib topish uchun oʻz shaxsi timsolida komitet ta’sis etishi kerak boʻlgan fursat yetib kelganini payqadi. Shuning uchun ham oʻtirgan skameykasida qunishib qoʻydi.

Sopining qish rejalari u qadar balandparvoz emas edi. U janub osmonini ham, Neapol koʻrfazida langar tashlab turish sharti bilan yelkanli kemada Oʻrta dengiz boʻylab sayohat qilishni ham orzu etmasdi. Orolda uch oygina qamoqda yotsa — uning dili qoʻmsagan birdan-bir narsa shu edi. Uch oygina koʻngli xushlaydigan ulfatlari orasida ustida muqim boshpana, yeb-ichadigan ovqati tayin boʻlsa, Boreyning epkini bilan mirshablarning ta’qibidan dahlsiz boʻlsa bas — Sopiga bundan boshqa narsaning hojati yoʻq.

Mana bir necha yillardan buyon Oroldagi mehmondoʻst turma unga qishlik boshpana xizmatini oʻtardi. Uning baxtiyorroq hamshaharlari Florida yoki Riveraga bilet xarid qilganlaridek, Sopi ham yil sayin Orolga qilinadigan ziyoratiga uncha-muncha tayyorgarlik koʻrardi. Hozir xuddi ana shuning mavridi yetib kelgan edi.

Oʻtgan kuni u uchta yakshanba gazetasini mohirona taqsimlab, bittasini pidjagi tagiga yozgan, ikkinchisini oyoqlariga yopgan, uchinchisi bilan tizzalarini oʻragan edi — bular sovuqdan saqlayolmadi: fontan boʻyidagi skameykasida kechani shu qadar bezovta oʻtkazdiki, nazarida Orol juda ham ardoqli va muddaodagi boshpana boʻlib koʻrindi. Sopi shahar qashshoqlariga shafqat yuzasidan koʻrsatiladigan mehribonchiliklardan nafratlanardi. Uning fikricha, qonun valine’matlikka qaraganda shafqatliroq edi. Shaharda son ming jamoat va xususiy xayr-saxovat muassasalari boʻlib, ulardan oʻz kamtarona ehtiyojlariga yarasha boshpana va oziq-ovqat olishi mumkin edi. Ammo xayr-saxovat ehsonlari Sopining magʻrur ruhiga malol kelardi. Valine’matlarning qoʻllaridan olingan har qanday xayr-ehson uchun pul bilan boʻlmagan taqdirda ham, xoʻrlik bilan haq qaytarishi kerak boʻlardi. Sezarning Bruti boʻlgani kabi bu yerda har bir yotoq joyi majburiy vanna bilan bogʻliq, har bir burda non esa dilingni tap tortmay titkilashdek beandishalik bilan ogʻulangan edi. Undan, koʻra turmani istiqomatgoh qilib olgan afzal emasmi? U yerda albatta, hamma ish qat’iy joriy etilgan tartib bilan olib boriladi, ammo hech kim jentelmenning shaxsiy ishlariga suqilmaydi.

Shu tariqa qishki Orolga ketishga qaror bergan Sopi darhol oʻz rejasini amalga oshirishga kirishdi. Turmaga koʻpgina oson yoʻllar olib borardi. Unga olib boradigan eng yoqimli yoʻl restorandan oʻtardi. Siz yaxshigina restoranda dabdabali ovqat buyurasiz, maza qilib toʻyib olasiz-da, keyin mirquruq ekanligingizni aytasiz. Sizni janjal-suronsiz polismenning qoʻliga topshirishadi. Murosasoz sudya xayrli ishni oxiriga yetkazadi.

Sopi oʻrnidan turib, parkdan chiqdi-da, Brodvey bilan beshinchi avenyu quyilib kelib tutashadigan asfalt dengizi boʻylab keta boshladi. Bu yerda u kechqurunlari tok zangi, ipak qurti va protoplazma baxsh etishi mumkin boʻlgan eng soz narsalar mujassamlashadigan charogʻon kafe oldida toʻxtadi.

Sopi oʻzidan imoni komil — nimchasining pastki tugmasidan tortib yuqorisigacha koʻngli toʻq edi. Soqoli qirtishlab olingan, ustidagi pidjagi binoyidekkina, kapalak nusxa qora galustugini unga Shukrona kuni missioner xonim sovgʻa qilgan edi. Agar stolga sezdirmay yetib borishga muvaffaq boʻlolsa, ishining oʻng kelishi aniq edi. Vujudining stol uzra koʻrinib turadigan qismi ofitsiantda hech qanday shubha-gumon tugʻdirmadi. Qovurilgan oʻrdak bilan uning yoniga bir shishagina shabli chaqirsam boʻlar, deb oʻylardi Sopi. Keyin pishloq, qora qahvayu sigara buyuradi. Bir dollarli sigara juda yopishib tushadi. Hisob-kitob ham uncha katta boʻlmaydiki, kafe ma’muriyatini qasosning oʻtaketgan shafqatsiz yoʻllariga majbur qilmaydi, u shu tariqa tamaddi qilib olgach, huzur bilan oʻzining qishki boshpanasiga ravona boʻladi.

Ammo Sopi restoran ostonasidan oʻtib ichkariga kirgan ham ediki, koʻzi pishib ketgan metrdotel nimdosh cholvori bilan jagʻlari qiyshayib ketgan botinkalarini koʻrib qoldi. Epchil, baquvvat qoʻllar uni shartta burib jimgina tashqariga chikarib tashlab, shu tariqa oʻrdakni nogahoniy qismatidan xalos etdi.

Sopi Brodveydan burildi. Aftidan, uning yoʻliga gullardan poyandoz toʻshalmaydi shekilli. Na chora! Jannatga kirib borishning boshqa yoʻlini qidirib topish kerak.

Oltinchi avenyuning burchagida mollar mahorat bilan terib koʻyilgan vitrinaning chiroqlari oʻtkinchilarning diqqatini tortardi. Sopi yerdan tosh oldi-da, vitrinaning oynasiga qarab otdi. Muyulishdan xaloyiq yopirilib kela boshladi, hammadan oldinda polismen yelib kelar edi. Sopi qoʻllarini choʻntaklariga suqqan koʻyi yaltiroq jez tugmalarga jilmayib turardi.
— Buni kim qildi?— deb darhol soʻradi polismen.
— Bu ishga meni daxldor deb oʻylayotganingiz yoʻqmi? — deb soʻradi Sopi istehzosiz, ulkan omadini qutlayotgan kishidek koʻngilxushlik bilan.

Polismen Sopiga hatto faraz bilan ham qaragisi kelmadi. Magazinlarning vitrinalarini tosh bilan chil-chil qiladigan odamlar qonun vakillari bilan muzokara olib bormaydilar — juftakni rostlaydilar. Polismen yoʻlning qoq yarmidan narida tramvay orqasidan chopib ketayotgan odamni koʻrib qoldi. Tayogʻini oʻqtaldi-da, izidan chopdi. Sopi ta’bi tirriq boʻlgancha yana yoʻlga tushdi... Ikkinchi marta omadi kelmadi...

Koʻchaning narigi betida uncha as’asayu dabdabasiz restoran bor edi. U ishtahasi karnaylar bilan choʻntagi quruqlarga moʻljallangan edi. Uni havosi bilan idish-tovogʻi oʻpkani uzgudek, dasturxoni bilan taomlari shovdirabgina turar edi. Bu nafs ibodatxonasi Sopi isnod keltiradigan poyabzal bilan koʻzga yaqqol koʻrinadigan cholvorni mone’siz olib kirdi. U stoldan joy olib, bifshteks, bir portsiya quymoq, bir necha toʻqoch, bir boʻlak pirogni tushirdi. Soʻngra esa restoran xizmatkoriga oʻzi bilan eng mayda nikel pul orasida zarracha ham aloqa yoʻqligini aytdi.
— Ana endi tezroq boʻlinglar! — dedi Sopi.— Mirshabni chaqiringlar. Xudo xayrlaringni bersin, imillamanglar: bir jentelmenni mahtal qilib qoʻymanglar.
— Mirshabsiz ham kunipg oʻtib qolar!— dedi xizmatkor moyli toʻqochdek muloyim ovoz bilan va kokteylga solingan olcha singari koʻzlari shoʻx chaqnadi.— Hoy, Kok, qarashib yubor!

Ikkala ofitsiant Sopini beozorgina chap qulogʻi bilan yoʻlkaga tepsa-tebranmas qilib yotqizib qoʻydi. U xuddi duradgorlarshtng yigʻma jazvaridek boʻgʻinma-boʻgʻin oʻrnidan qalqib, kiyimining changini qoqdi. Qamalish uning uchun xomxayol, Orol esa yiroqdagi sarob boʻlib tuyuldi. Ikki uy naridagi apteka oldida turgan polismen kulib qoʻydi-da, yoʻliga qarab ketdi.

Sopi yana yurak yutib omadini sinab koʻrishga ahd qilguncha besh kvartal yoʻl bosib oʻtdi. Bu gal unga juda soz bir tasodif toʻgʻri kelib qoldi. Magazin derazasi oldida turgan kamtarona va koʻrkam libosli yoshgina juvon vitrinada soqol olish uchun ishlatiladigan tovoqchalar bilan siyohdonlarni qiziqib tomosha qilmoqda, undan ikki qadamcha narida esa oʻt oʻchirish kraniga suyangan koʻyi turqidan serzarda, barvasta polismen savlat toʻkib turar edi.

Sopi barcha yomon koʻradigan manfur koʻcha modabozi rolini oʻynamoqchi boʻldi. Koʻz ostiga olgan jabrdiydasining batartib koʻrinishi bilan basavlat mirshabning yaqinda turganligidan u, tez orada polismenning zalvarli qoʻli kiftimga kelib tushganini sezaman, qishni iliq-issiqqina Orolda oʻtkazaman deb qat’iy umid bogʻlashiga asos berardi.

Sopi missioner xonim sovgʻa qilgan galstugini toʻgʻrilab, sarkash manjetlarini yorugʻ jahonga chiqardi-da, shlyapasini chekkasiga qoʻnqaytirib olgan koʻyi toʻppa-toʻgʻri juvon tomon yoʻnaldi. Unga karashma bilan im qoqdi, tomoq qirdi, iljaydi, yoʻtalib qoʻydi. Koʻchalarda boʻladigan yopishqoq shilqimlarning barcha klassik usullarini surbetlik bilan ishga soldi. Sopi koʻz qiri bilan polismenning uni qattiq tikilgancha kuzatayotganini koʻrib turardi. Juvon bir necha qadam nariga ketib, yana soqol olish uchun ishlatiladigan tovoqchalarni kuzata boshladi. Sopi uning izidan borib, shilqimlik bilan yoniga turib olib, shlyapasini koʻtarib qoʻydi-da, gap qotdi:
— Oh, muncha yoqimtoysiz-a! Aylanmaysizmi?

Polismen kuzatishda davom etardi. Haqorat qilingan xonim barmogʻini koʻtarib, imo qilsa bas, Sopi allaqachon osoyishta makon tomon yoʻlga tushgan boʻlardi. Nazarida hozirdanoq politsiya mahkamasining iliq nafasiyu fayzini sezayotgandek edi. Juvon Sopiga oʻgirilib, unga qoʻlini choʻzdi-da, yengiga yopishdi:
— Jonim bilan, Mayk!— dedi u xushchaqchaqlik bilan.—Pivo olib berasanmi? Men sen bilan ilgariroq gaplashishim mumkin edi-yu, mirshab qarab turgan edi.—

Juvon unga emanga chirmashgan chirmovuqdek yopishib oldi, yigit uni qoʻltiqlagancha tartib kuzatuvchining oldidan tundlik bilan oʻtib ketdi. Aftidan, Sopi erkinlik huzurini tortib yuraverishga mahkum etilgan edi chogʻi.

Yaqin oradagi koʻchada hamrohini yulqib tashlagancha tiraqaylab qochdi. U reklama chiroqlaridan charogʻon kvartalga, yuraklar ham, yutuqlar ham, muzika ham — barchasi bir xilda yep-engil boʻlgan kvartalga borib qoldi. Moʻynaga burkangan xotinlar va palto kiygan erkaklar izgʻirinda xushchaqchaqlik bilan soʻzlashib turishardi. Tuyqusdan Sopini qoʻrquv bosdi. Yo allaqanday joduli sehrgar uni politsiya daxlidan xalos qilib qoʻydimikan? Vahimaga tushishiga sal qoldi. Teatrga kiraverishdagi yop-yorugʻ joyda savlat toʻkib turgan polismen yaqiniga kelgach, «xaloyiq toʻplangan joyda bezorilik» degan somon parchaga yopishib olmoqchi boʻldi.

Sopi xirqiroq ovozini bor boʻyicha qoʻyib baqirgan koʻyi allaqanday mastlar ashulasini boshladi.

Yoʻlka boʻylab oʻyinga tushdi, ayyuhannos soldi, turli qiliqlar qildi — har xil yoʻllar bilan osoyishtalikni buzdi.

Polismen tayogʻini aylantirdi-da, janjalkashga orqa ugirib, bir oʻtkinchiga uqtirdi:
— Bu Yelsdan kelgan student. Ular bugun Xartford kollejining futbol komandasi ustidan gʻalabalarini bayram qilishyapti. Shovqin-suron koʻtarishyapti-yu, ammo buning xavfli joyi yoʻq. Bizga ularga taqilmaslik haqida koʻrsatma berilgan.

Hafsalasi pir boʻlgan Sopi hojati qolmagan irgʻishlashlarini toʻxtatdi. Nahotki bironta ham polismen giribonidan gʻippa boʻgʻmasa? Oroldagi turma unga yetishish mahol boʻlgan Arkadiyadek koʻrinib ketdi. U yengil pidjagini puxtalab tugmaladi: izgʻirin et-etidan oʻtib bormoqda edi.

Tamaki doʻkonida u gaz yolqinidan sigara tutayotgan janobni koʻrib qoldi. Janob ipak shamsiyasini kiraverishda qoldirgan edi. Sopi ostonadan oʻtib, shamsiyasini oldi-da, asta-sekin yoʻlga ravona boʻldi. Sigarali odam uning izidan tushdi.
— Bu mening shamsiyam-ku,— dedi u jiddiyat bilan.
— Nahotki?— deb tirjaydi Sopi, oʻgʻrilik ustiga haqoratni ham zamlab.— Nega boʻlmasa polismenni chaqirmayapsiz? Ha, men sizning soyaboningizni oldim. Chaqiring axir mirshabni! Hov ana muyulishda turibdi.

Shamsiyaning egasi qadamini sekinlatdi, Sopi ham. Taqdir u bilan yana qoʻpol hazillashajagini allaqachonoq sezib turardi. Polismen ularni qiziqish bilan kuzatardi...