OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Odil Yoqubov. Muqaddas (qissa)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOdil Yoqubov
Asar nomiMuqaddas (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Odil Yoqubov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm146KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/03
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
«Muqaddas» qissasi oltmishinchi yillar yoshlarining sevimli asarlaridan biri edi. Qissa — muhabbat haqida, toʻgʻrirogʻi, fojeiy sevgi haqida. Chin muhabbat, poklik va halollikning ramzi. Qissa qahramoni Sharifjon sevgilisi Muqaddasga erishish orzusida xudbinlikka yoʻl qoʻyadi va... suyuklisidan ayriladi. Chunki xudbinlik va nohalollik hukm surgan joyda muhabbat soʻnadi, hatto oʻladi. Shu boisdan «Muqaddas» qissasi bugungi kun uchun ham, ehtimol kelajak uchun ham ibratli boʻlib qolaveradi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muqaddas (qissa)
Odil Yoqubov

Bu voqealarga bir qiz sabab boʻldi. Qizning ismi Muqaddas edi... Men u bilan birinchi marta institutda, kirish imtihonlari boʻyicha ximiyadan oʻtkazilayotgan soʻnggi konsulʼtatsiya paytida tanishdim, yoʻq, tanishdim desam notoʻgʻri boʻlardi, shunchaki ikki ogʻizgina gaplashish baxtiga muyassar boʻldim...

Oʻsha voqeadan bir kun oldin men zavoddan otpuskaga chiqqandim. Otpuskam imtihon paytiga toʻgʻri kelishini bilgan oyim bilan oʻgay otam: «Institutga imtihon topshirib koʻr, kira olsang, yaxshi, kira olmasang sendan nima ketadi?» deb anchadan beri qistab yurishardi. Men imtihon topshirib toleimni sinab koʻrishga qarshi boʻlmasam ham: «Bu gap zavoddagi doʻstlarimning qulogʻiga chalinsa: «Bir yil ishlamasdan tuyogʻini shiqillatib qoldi-ya deb kulishmasmikin?» degan andishalarga borib, ikkilanib yurardim. Oʻsha kuni nonushta vaqtida bu gap yana qoʻzgʻaldi-yu, rozilik bermay ilojim qolmadi. Lekin qiziq: shu ishga oʻzim rozilik bergan boʻlsam ham, uydan chiqqanimdan keyin: «Ishdan qochdi, degan gapga qolmasmikanman?» degan oʻylar yana esimga tushib, koʻnglimni gʻash qildi, shuning uchun ham qabul komissiyasiga kirmasdan avval, bu yogʻini ham bir koʻrib qoʻyay, degan fikr bilan konsulʼtatsiya oʻtkazilayotgan auditoriyaga kirdim.

Men kirganda derazalari hovliga qaragan uzun, yarim qorongʻi auditoriya qiz-yigitlarga liq toʻlgan edi. Qop-qora yaltiroq sochlarini silliq qilib tarab olgan oʻrta boʻyli yoshgina domla qoʻlidagi boʻr bilan doskani taq-taq urib, uni tushunish mushkul boʻlgan murakkab formulalarga toʻldirmoqda edi.

Baxtimga eshikdan kirgan joyda, yarim ochiq turgan katta derazaning tagida oʻrindigʻi oʻpirilib tushgan boʻsh stul, uning yonida kimdir turtib qulatib ketgan uzun pachoq skameyka yotardi.

Men domla koʻrib qolmasin uchun tez borib skameykani turgʻizib qoʻydim-da, chetiga oʻtira qoldim.

Auditoriya dim, issiq va allaqanday yoqimsiz ter hidiga toʻla edi. Domlaning «sinkum», «vodorod», «valentlik», «sulʼfat kislotasi» kabi kimyoviy terminlarga toʻlib-toshgan leksiyasi quloqqa kirmas, bir me’yordagi gaplardan mudroq bosardi kishini. Atrofimdagi qiz-yigitlarning qisilgan koʻzlaridan ular ham domlaning leksiyasiga zor boʻlganlaridan emas, balki imtihon oldidan koʻngillarini tinchitish uchungina kelib oʻtirganlarini payqadim. Biroq kirib qolgandan keyin darrov indamay chiqib ketish odobdan boʻlmaydi,— degan andishaga borib, men ham oʻtirib qoldim.

Leksiyaga bir nafas quloq solib oʻtirdim, soʻngra gap oddiy kimyoviy reaksiyalar ustida ketayotganini tushundim-da, undan battar zerikib, derazadan tashqariga qaray boshladim.

Derazadan keng, chor burchak hovlining faqat bir cheti, fontani bor katta sement hovuz bilan uning atrofidagi gulzor va uch-toʻrt tup keksa sada koʻrinardi. Hovuzda badanlari quyoshda choʻyandek qorayib ketgan bir toʻda bolalar choʻmilishardi. Sadaning tepasiga chiqib olgan bir bola ularga tosh otar, pastdagilar esa unga suv sepishar, lekin sepgan suvlari yetmagani uchun sadadagi bola kular, pastdagilari esa gʻazablanar, tosh qidirardilar.

Bu manzaraga juda qiziqib ketgan ekanman, toʻsatdan: «Mumkinmi ozgina surilsangiz?» degan ovozni eshitib hushimga keldim. Ovoz shunday mayin va yoqimli ediki, goʻyo yuzimga togʻ shabadasi tekkandek, tez burilib qaradim.

Yonginamda oq shoyi koʻylak kiygan oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlar chamasidagi qiz turardi. U kechikib kelganimni domla koʻrib ranjimasin deb qoʻrqayotgan boʻlsa kerak, katta-katta qora koʻzlarini domladan uzmasdan, qaddini sal bukib turar, oʻzi ham shoshib, yugurib kelgan boʻlsa kerak, ikki oʻrim mayin, qoʻngʻir sochlarining uchlari yechilib, koʻylagining etagini butun qoplab olgandi.

Bunday qizni birinchi koʻrishim edi. Uning chehrasida, hatto butun qiyofasida hali gard yuqmagan yoshlik va begʻubor qizlik iffati barq urib turardiki, oʻzimni yoʻqotib qoʻyib, unga joy berishni ham unutibman.

Qiz koʻzlarini domladan uzib menga qaradi va qoshlarini sal chimirib oʻpkalangansimon:
— Ozgina surilish shuncha qiyinmi? — dedi sekin.

Shundagina oʻzimga keldim, yonimga oʻtirmoqchi ekanini tushunib, shosha-pisha surilib yonimdan joy berdim.

Qiz oʻtirdi. Yuragim nimagadir duk-duk urar, nafasim boʻgʻilardi. Bir lahza shu ahvolda unga qarashga jur'at etolmay ikkilanib oʻtirdim, keyin sekin koʻz qirimni tashladim.

Qiz koʻzlarini dam domlaga, dam oldidagi daftariga tikib, doskadagi formulalarni koʻchirmoqda, oʻzicha pichirlab, nimalarnidir takrorlamoqda edi.

Men yon tomondan uning uzun kipriklarining pirpirashini, nimagadir chimirilgan baxmaldek qop-qora qoshlarini koʻrdim-u, yuragim yana gup-gup urib, koʻzlarimni olib qochdim. Nazarimda hamma bizga tikilib qarayotganga oʻxshardi. Toʻsatdan qiz men tomonga engashib:
— Kechirasiz, domla oʻchirib qoʻydilar, mana bu formulaning yozilishi toʻgʻrimi? — deb soʻradi sekin.

Men ham unga tomon engasharkanman, peshonamga mayin soch tolalarining tegayotganini sezdim, lekin koʻzlarimga hech narsa koʻrinmas edi.
— Toʻgʻri, — dedim shoshib.
— Qiziq. Nimaga boʻlmasa buyogʻi chatoq chiqyapti? Men zoʻr kuch bilan hushimni toʻplab, daftarini oldimga tortdim-da, harflar va raqamlardan tizilgan uzun, murakkab formulaga tikildim.

Shu topda men shunday bir ahvolda edimki, bu formulaning xatosini topish u yoqda tursin, miyamga hech bir fikr kelmasdi, lekin... (bu ham bir baxtdir-da!) toʻsatdan goʻyo miyamda bir nur «yarq» etib, qizning «valentlik» bilan «atom» tushunchalarini chalkashtirib yuborganini sezib qoldim.
— Qachondan beri vodorod ikki valentli boʻlib qoldi? — dedim men unga qarab. — Kislorodni toʻrtvalentli qilib qoʻyibsiz-ku.
— Men atomlar sonini koʻrsatgan edim, — dedi qiz va meni gapirishga ham qoʻymasdan boshini tez-tez silkitib kuldi.
— Ha, ha, tushundim, tushundim!..

Soʻngra daftarini oldiga tortib formulani qayta yozdi-da, allaqanday porlab turgan minnatdor koʻzlari bilan menga bir qarab qoʻydi.
— Rahmat sizga! — dedi u va sekin kuldi: — charchasa shunaqa boʻlar ekan...

Yoshlikda muhabbat nimaligini hali yaxshi anglab yetmagan, lekin koʻngil sevgini qoʻmsay boshlagan bir davrda shunaqa paytlar boʻlar ekanki, bunday chogʻlarda chiroyligina emas, istarasi issiq qiz boʻlsa ham bir jilmayib boqishidan, bir ogʻiz iliq soʻzidanoq mast boʻlib qolar ekan kishi.

Men ham u mahalda shunday davrni boshimdan kechirayotganim uchun boʻlsa kerak, yulduzi issiq bu qizning shirin muomalasi juda eritib yubordi.

Chindan ham mast edim. Quloqlarim tagida goʻyo uning mayin ovozi qayta-qayta takrorlanar, «Rahmat sizga» degan soʻzlari ruhimni erkalardi.

Konsulʼtatsiya tamom boʻldi. Auditoriyadagi qiz-yigitlar shov-shuv bilan eshikka tomon yopirildi. Men daftar-kitoblarimni yigʻishtirdim-u, nimagadir chiqib ketolmasdan toʻxtadim. Men qizni kutardim. Lekin faqat shuning uchun toʻxtab qolganimni hali oʻzim ham sezmas edim. Shu mahal toʻsatdan biz tomon jilmayib kelayotgan silliq sochli yosh domlani koʻrib qoldim. Dastavval men uning nimaga iljayayotganini fahmlay olmasdan hayron boʻldim, lekin koʻzim qizga tushdi-yu, darhol tushundim: domla qizga qarab jilmayib kelar, qiz esa nima uchundir, goh daftar-kitoblarini taxlar, goh yana stolga tashlar, quloqlari lovillab yonar, hayajonlanayotgani chehrasida aks etib turardi.

Xayolimga: «Nega bunday hayajonlanadi?» degan fikr keldi, oʻzimni bolalar orasiga urib, tashqariga chiqayotganlarga qoʻshilib ketdim, lekin eshikka yaqinlashgach, beixtiyor toʻxtadim. Oʻz ixtiyorimdan kuchliroq bir narsa meni toʻxtashga majbur etdi. Shu payt domlaning «Salom, Muqaddasxon!» degan muloyim ovozini, soʻngra qizning sekingina: «Salom!» deb javob berganini eshitib, burilib qaradim. Ular boyagi joyda yonma-yon turishardi. Qiz koʻzlarini yerga tikib, stolda yotgan daftarlarini dam ochib, dam yopar, yigit esa uning yuziga, uyalganidan boʻlsa kerak, sal chimirilgan mayin qoshlariga termilib qolgan edi. Uning qizga bunday tikilib turishi negadir gʻashimni keltirardi. Lekin nega?

— Bugun kechikdingiz? — dedi domla kulimsirab. Qiz indamadi, faqat boshini silkitib tasdiqlab qoʻya qoldi.
— Hamma savollarga tushundingizmi?
— Ha, — dedi Muqaddas.
— Agar tushunmagan savollaringiz boʻlsa...
— Yoʻq, hammasiga tushundim! — dedi qiz va birdan daftar-kitoblarini tez yigʻishtirib, domlaning yonidan oʻtdi-da, eshikka qarab yurdi.

Men unga yoʻl berish uchun tisarilayotib koʻzim yana domlaga tushdi. U boshini sal egib, Muqaddasga yer tagidan tikilib qolgan, qizning javobi uni sarosimaga tushirib qoʻygani koʻrinib turardi.

Yoʻlakka chiqqanimda, Muqaddas uning oxiriga yetib zinapoyadan pastga tusha boshlagan edi. Men jadalladim va yoʻlakda u yoqdan bu yoqqa yurgan qiz-yigitlarni turtib-surtib, Muqaddas bilan ketma-ket koʻchaga chiqdim. Muqaddas oʻng qoʻlga burilgan va endigina besh-olti qadam yurgan edi. Men ham u burilgan tomonga burildim. Yana xuddi boyagidek oʻz ixtiyorimdan ustun boʻlgan bir kuch meni uning ketidan yurishga majbur qildi. Lekin unga yaqinlashishga jur'at etolmas edim. Men uning oʻrimlari yechilib, koʻylagining etagini qoplab olgan va goh oʻngga, goh chapga toʻlgʻanayotgan qoʻngʻir sochlaridan koʻzlarimni uzolmasdan borarkanman, Muqaddasning toʻsatdan oʻgirilib qarashidan hadiksirardim, nazarimda oʻgirilib qarasa, mening nima uchun ergashib kelayotganimni payqab qoladigandek tuyulardi.

Muqaddas muyulishga yetganda roʻparadan toʻladan kelgan, oʻng qoshining chetida katta qora xoli bor bir qiz chiqdiyu, ikkisi toʻxtab gaplasha boshladi. Men ham toʻxtadim. Nima qilishimni bilmaganimdan, xuddi osmonda bir narsa bordek, koʻkka tikila boshladim. Baxtimga sal oʻtmasdan ikkovi ajrashdi. Muqaddas muyulishdan oʻng tomonga burilib ketdi, qiz esa menga qarab yurdi. U yerga tikilganicha yonimdan tez yurib oʻtarkan, oʻzicha nimagadir iljayib qoʻydi. «Nimaga kulimsiradi? Nahotki sezib qolgan boʻlsa?»

Muqaddas burilgan koʻchada, muyulishdan yuz ellik — ikki yuz qadam narida, institutning qizlar yotogʻi bor edi. Men bu yotoqxonani yaxshi bilardim, chunki oʻtgan yili ham institutga imtihon topshirib yurganimda Muqaddasga oʻxshagan bir qizni yaxshi koʻrib qolgan edim, u qiz ham shu yotoqda turardi. Men har kuni ertalab uni bir koʻrish umidida yotoqxonaning yoniga bir kelib ketardim. Koʻchaning narigi yuzidan yotoqxonaning derazalariga tikilib oʻtarkanman, birov koʻrsa bu yerda nima qilib yurganimni sezib qoladiganday, yuragim poʻkillab turardi. Keyin u qiz insti-tutga kirdi, men esam kirolmay qoldim-u, asta-sekin esimdan chiqarib yubordim... Nahotki, Muqaddas ham shu yotoqxonada tursa?

Muqaddas toʻxtadi. Yotoqxonaning oldida turgan qizlar toʻpiga qoʻshilib bir zum koʻrinmay qoldi, soʻngra uning xipcha kelishgan qomati zinapoya ustida bir koʻrindi-yu, yana gʻoyib boʻldi. Ikki oʻrim uzun qoʻngʻir sochlarining soʻnggi marta nafis toʻlgʻanganini koʻrib qoldim.

Muqaddas yotoqxonaga kirib ketishi bilan men ham hushimga keldim. Uning menga kulib qaragan qop-qora ma’sum koʻzlari esimga tushib, «Rahmat sizga!» degan muloyim ovozi quloqlarim ostida qayta jaranglagandek tuyuldi-yu, a’zoyi badanimdan issiq chiqib ketdi...

Orqamga qaytdim. Muyulishga yetganimda toʻsatdan hujjatlarimni hali topshirmaganim esimga tushib qoldi... Sekin yurib institut roʻparasidagi daraxtzor maydonga bordim. Shoxlari bir-biriga chirmashib ketgan sadalar, nozik akatsiyalar, ularni quchoqlab, boshlarini silab turgan qudratli emanlarning soyasidagi qator oʻrindiqlarning hammasini qiz-yigitlar egallab olgan. Hammasining qoʻlida kitob. Lekin menga shunday tuyuldiki, xuddi ular bu yerga dars tayyorlash uchun emas, chaqchaqlashib oʻtirish uchun kelganlar. Uzun xiyobonning oʻrtasiga borganimda, chap tomondagi skameykalarning birida oʻtirgan ikkita qiz bilan ingichka moʻylov qoʻygan bir yigitcha oʻrinlaridan turdilar. Yigitcha darhol ikkita qizning oʻrtasiga kirib ularni qoʻltiqlab oldi, bir nimani aytib ularni kuldirdi va uchovi xoxolashib, institutga qarab ketdilar. Ularning oʻrniga oʻtirarkanman, «Nahotki shular kirganda men kirolmasam?» degan fikr koʻnglimdan oʻtdi va negadir yana Muqaddas esimga tushib ketdi... Erta-indin mana shunaqa oliftalardan bittasi shu xiyobonlarda uni ham qoʻltiqlab yurmasmikin? Yo men bu oliftadan kammanmi? Nimaga bu oʻqiganda men oʻqimas ekanman? Oʻqishga kirishning nima aybi bor? Hech aybi yoʻq!»

* * *

Shundan keyin uch-toʻrt kungacha Muqaddasni koʻrolmadim. Lekin u shirin bir tush kabi sira xayolimdan koʻtarilmas edi. Kechqurunlari kitobdan charchab, uyqum kelmasdan yulduzlarga tikilib yotgan chogʻlarimda, doim uni eslardim. Konsulʼtatsiya kuni engashib savol berganida peshonamga tekkan mayin soch tolalari, muloyim tabassumi koʻz oldimda bir zum gavdalanar, quloqlarimga «Rahmat sizga» degan mayin ovozi eshitilib ketardi-yu, totli va haroratli bir tuygʻu qalbimni toʻldirardi... Shu alfozda ikki kun oʻtdi, uchinchi kuni birinchi imtihon edi... Mening kelajagim, oʻqish yo oʻqimasligim shu imtihonga, toʻgʻrirogʻi, oʻsha ajoyib qizni uchratish-uchratmasligimga bogʻliq edi. Shunday deb oʻylaganim uchun boʻlsa kerak, oʻsha kuni juda erta turdim. Oyim damlab qoʻygan choyni naridan-beri ichdim-da, yoʻlga tushdim. Oyim ketimdan koʻchaga chiqdi. Indamasam institutgacha boradigan. Qattiq koyib berdim.

Institutda odamning koʻpligidan eshikka yaqinlashib boʻlmas edi. Men oʻtgan yiliyoq imtihon paytida, oʻqishga sira aloqasi boʻlmagan odamlarning ham institut ostonasida sanqib yurishini koʻp koʻrgan edim, lekin nazarimda bu yil odam oʻtgan yilgidan ham koʻp edi. Bir minutga ularning hammasi koʻzimga mehnatdan qochib yurgan erkatoylarga oʻxshab koʻrindi-yu, gʻazabim qoʻzgʻadi, lekin shu payt xayolimga: «Oʻzing-chi, oʻzing nima qilib yuribsan?» degan fikr kelib, koʻnglim gʻash boʻldi. Xijolat boʻlib oʻzymni olomonga urdim. Turtib-turtkilanib yurib eshikka zoʻrgʻa yetib oldim-da, oʻsha yerda navbatchilik qilib turgan yuqori kurs studentlariga imtihon qogʻozimni koʻrsatib, yuz mashaqqat bilan ichkariga kirib oldim.

Ichkarida ham odam koʻp edi. Qator eshiklarning oldida, har yer-har yerda toʻp-toʻp boʻlib yoshlar turar, ularning shivirlashgan hayajonli ovozlari eshitilar, asabiy harakatlari koʻzga tashlanardi. Bu yerda hukm surgan allaqanday vahima mening ham vujudimga singib, goʻyo qon tomirlarimdan yuragimga borib yetdi-yu, toʻsatdan oyoqlarim madori quriganday boʻldi. Muqaddas koʻrinmas edi. Nahotki boshqa fakulʼtetga kirgan boʻlsa? Zinapoyadan sekin yurib ikkinchi qavatga chiqdim-da, yuragim gup-gup urib chap qoʻlga burildim.

Tor yoʻlakning narigi boshiga yaqin joyda, men imtihon topshiradigan oʻttiz beshinchi auditoriyaning oldida bir guruh abiturientlar toʻplangandi. Imtihon boshlanishiga uch-toʻrt minut qolgan. Ularga qarab besh-olti qadam bosganimda yuragim birdan «shigʻ» etib, a’zoyi badanim jimirlab ketdi: qizlarning orasida Muqaddas ham bor edi!

Muqaddas teskari qarab turgan boʻlsa ham men uni darrov tanidim; oq shoyi koʻylagining etaklariga tushib turgan ikki oʻrim qoʻngʻir sochidan va aytib berish juda qiyin boʻlgan yana allanimalaridan tanidim. Muqaddas boshini tez-tez irgʻatib, yonidagi dugonalariga nima toʻgʻrisidadir kuyib-pishib gapirmoqda edi, yaqinlashib qolganimda qizlardan biri unga meni koʻrsatib bir nima dedi. Muqaddas «yalt» etib qaradi va yuragimni olovli hayajonga toʻldirib, menga tomon bir qadam bosdi-da, yana toʻxtadi. Uning jovdiragan quralay koʻzlaridan, tortinib, uyalib qarashidan bir nimani soʻrashdan iymanayotgani koʻrinib turardi.

— Voy aytaver, nimasi uyat? — dedi shu vaqt qizlardan biri. Bu oʻsha tunov kuni muyulishda uchragan va yonimdan yerga qarab kulib oʻtib ketgan qora xollik qiz edi.

Toʻxtadim. Muqaddas menga tomon yana bir qadam tashladi-da, u ham toʻxtadi:
— Kechirasiz, — dedi u, negadir qizarib tirnoqlariga tikildi, — kechirasiz, men Abdullaeva boʻlganim uchun birinchi besh kishi qatorida kirishim kerak edi. Shunga... shundan juda qoʻrqyapman. Mening oʻrnimga kirolmaysizmi? Boshqalarga aytsam hech kim unamayapti. — Muqaddas boshini koʻtarib yuzimga qaradi. Uning koʻzlari ayni vaqtning oʻzida ham umid, ham iltimos va tasvir etish qiyin boʻlgan allaqanday hislarni ifoda etib, porlab, jovdirab turardi.

Oldin shoshib qoldim. Muqaddasning bu iltimosi uch-toʻrt kundan beri chizib yurgan hamma rejalarimdan ham a’lo chiqqani uchun boʻlsa kerak, oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Faqat Muqaddas boshini koʻtarib, allaqanday qoʻrqib qaragandagina hushimga keldim va «xoʻp» deb yuborganimni oʻzim ham sezmay qoldim.

Odatda imtihonga birinchi boʻlib kirish, kuzda sovuq suvga shoʻngʻishdan ham qiyin tuyuladi, hatto oʻz bilimiga ishongan kishi ham nimadandir hadiksirab, eti junjikib turadi. Bu jihatdan men ham oʻzimni dovyuraklar qatoriga qoʻsholmayman, lekin bu safar men «xoʻp» deb javob berganimda, Muqaddasning qop-qora koʻzlarida chaqnagan minnatdorlik ifodasi koʻnglimga dalda berdi chamasi, imtihonga juda dadil kirdim, odatdagidek ikkilanib turmasdan biletni ham dadil oldim...

Men «omad» degan soʻzga ishonmayman, lekin «omad kelishi» rost boʻlsa, shu safar mening omadim yurishgan ekan! Menga ayni oʻzim tilab yurgan savollar tushgan edi: birinchi savol — sakkizinchi sinf programmasidan Nʼyuton qonuni, ikkinchisi qarshilik kuchi, uchinchisi osongina bir misol!..

Men bu savollarni shunchalik yaxshi bilar edimki, hatto: «Tayyorlik koʻrib oʻtirmasdanoq javob berib qoʻya qolsammikin?» degan fikrga ham bordim, faqat xayolimni yigʻishtirib, oʻzimni bosib olish uchungina oʻtirib hozirlik koʻra boshladim.

Imtihon oluvchi komissiya ikki kishidan iborat edi: bittasi oltmish yoshlar chamasidagi, tuksiz yumaloq boshi quyoshda choʻgʻdek qizarib, jigarrang tusga kirgan bir chol edi, ikkinchisi tunov kuni konsulʼtatsiya vaqtida Muqaddasning yoniga kelib hol-ahvol soʻragan silliq sochli tanish yosh domla edi. Men oʻtirishim bilan u qoʻlida bir varaq qogʻoz ushlagani holda eshikka bordi va u yerda navbatchilik qilib turgan student yigitchadan:

Tavakkal qilib birinchi boʻlib chiqdim. Dastavval yosh domla Muqaddasni soʻraganini eshitganimda bir oz hadiksiragan, savol yogʻdirib yiqitishga harakat qilmasa deb xavotirlangan edim. Lekin u faqat bitta qoʻshimcha savol berdi. U ham boʻlsa atom yadrosi toʻgʻrisida edi. Men boʻlsam bu murakkab hodisa bilan shunchalik qiziqar edimki, hatto oʻrta maktab darsligidagi ma’lumotlargina emas, atom toʻgʻrisida bosilib chiqqan va koʻzim tushgan ommabop maqola va broshyuralarni ham qidirib topib, oʻqib yurar edim. Keksa domla buni javobimning boshidanoq sezib qoldi shekilli, gapim tugamasdanoq:
— Boʻldi, oʻgʻlim, boʻldi, balli, — dedi va imtihon qogʻozimni olib, qoʻl qoʻya boshladi.

Men imtihon qogʻozimni olib qaramasdanoq besh olganimni tushundim va toʻsatdan oʻzimni qushdek yengil his etib tashqariga otildim.

Yoʻlakda meni Muqaddas kutib turardi! U roʻparadagi chang bosgan yopiq derazaning oldida, fizika darsliklarini koʻkragiga bosib, ikkita qiz bilan gaplashib turardi. Lekin eshik ochilgan hamon «yalt» etib qaradi. Shu qarashidan, katta-katta qora koʻzlarida birdan chaqnagan allaqanday ifodadan u meni kutib, men uchun qaygʻurib, hatto xavfsirab turganini bildimda, koʻnglim yana ham charaqlab ketdi.

Muqaddas jilmayganicha oldimga keddi.
— Nima boʻldi? — dedi u qoʻlimdan ushlab. Mening «besh» degan javobimni eishitishi bilan chehrasidagi gunohkor ifoda chuqur ichki bir shodlik bilan almashdi-yu, yuziga goʻyo yorugʻ bir nur quyuldi.
— Voy, men sizni yiqilib qolmasangiz deb shunday qoʻrqdim, shunday qoʻrqdimki! — dedi Muqaddas kulib.

U yana bir nima demoqchi edi, lekin shu mahal eshikda turgan yigitcha:
— Oʻrtoq Abdullaeva! — deb chaqirib qoldi. Muqaddas seskanib ketdi-da, darhol eshikka tomon yurdi, yoʻl-yoʻlakay burilib qaradi:
— Endi mening ham besh olishimni tilab turing! — dedi u hayajonli, titroq ovoz bilan.
— «Tilab turing...» bu nima degani? Men chiqquncha ketib qolmasdan kutib turing, degani emasmi?.. Qanday ajoyib qiz!..

Uzun yoʻlakda sekin yura boshladim. Boya dastavval kirib kelganimda yoʻlakda hukm surgan ovozlar, vahimali gaplar endi tagʻin ham kuchaygan edi. Kimdir yigʻlar, kimdir uni yupatar edi. Lekin ajabo: bu galparning ma’nosi mening xayolimga borib yetmas, men faqat bitta ovozni — Muqaddasning muloyim ovozini eshitar edim. Quloqlarim tagida uning: «Voy, men sizni yiqilib qolmasangiz deb shunday qoʻrqdim, shunday qoʻrqdimki!» degan soʻzlari tinimsiz takrorlanar, ajib bir musiqa kabi ruhimni erkalar, xayolimni koʻklarga koʻtarardi.

Yarim soatcha shu ahvolda yurdim. Soʻngra eshikka tikila boshladim. Men bilan baravar kirganlarning hammasi qaytib chiqishdi, ulardan keyin kirganlardan yana bitta qiz ham chiqdi. Muqaddasning esa hamon daragi yoʻq. Asta-sekin yuragimda toʻlib-toshgan shodlik allaqanday taraddud va qoʻrquv bilan almasha boshladi...

Qiziq, Muqaddas kechikkan sayin mening ham hushim oʻzimga kela boshladi. Men endi atrofimdagi qiz-yigitlarni taniy boshladim, ularning gap-soʻzlariga, yaxshi topshirib chiqqanlarning shodligiga, yiqilib chiqqanlarning qaygʻusiga tushunadigan boʻlib qoldim. Boya yigʻlayotgan qizga e’tibor bermagan boʻlsam, endi uning xuddi Muqaddasga oʻxshagan yoshgina bir qiz ekanini koʻrib, rahmim kelib ketdi.

Qizning atrofini qurshab olgan uch-toʻrtta dugonalari uni hamon yupatishar, u boʻlsa hech kimga quloq solmasdan kuyunib-kuyunib yigʻlar edi. Men uni koʻrdim-u, negadir yosh domlaning tunov kuni Muqaddasning ketidan jimgina gʻamgin tikilib qolgani esimga tushib ketdi... Koʻnglimdagi boyagi shodlik endi qandaydir ogʻir vahima bilan almashdi. Lekin xuddi shu mahal eshikdan Muqaddas koʻrindi. Uning allaqanday charaqlab ketgan koʻzlariga, xuddi gulxanning taptida toblangandek gul-gul yongan yuziga koʻzim tushishi bilanoq imtihonni muvaffaqiyatli topshirganini angladim. Unga qarab intildim, qoʻlini siqib tabriklash uchun shoshildim, lekin yoʻlakda turgan qiz-yigitlar uni mendan oldin qurshab oldilar... Qizlar u bilan oʻpishib ketishdi, yigitlar esa qoʻlini qisib tabriklay boshladilar. Soʻngra Muqaddas yigʻlayotgan qizni quchoqlab nimanidir qizgʻin tushuntirishga kirishdi. Men esam... nahotki, meni esidan chiqarib yuborgan boʻlsa...

U atrofga alanglab, kimnidir qidira boshladi, toʻsatdan koʻzlarimiz toʻqnashdi, yuzidagi tabassumdan meni izlaganini tushundim!

U menga qarab yurdi, men unga.
— Tabriklayman, Muqaddasxon!

Muqaddas butun vujudi bilan kulib, quvnab javob berdi:
— Rahmat! Koʻrdingizmi, navbat almashganimiz qanday yaxshi boʻldi! Siz ham besh oldingiz, men ham! Endi doim shunaqa qilaylik! Boʻptimi? — dedi u.
— Boʻpti, — dedim chin yurakdan quvonib.

U yuzimga bir sekund tikildi, goʻyo meni birinchi marta koʻrayotgandek allaqanday sinovchan nazar bilan tikildi, soʻngra yerga qaradi. Uning nimadandir xijolat chekib quloqlari birdan lovillab yonganini koʻrdim-u, oʻzim qizarib ketdim. Muqaddas dilimdagi hislarni sezgan edi!..

Oʻrtamizda qandaydir bir oʻngʻaysizlik vujudga keldi. Bu oʻngʻaysizlik bizni yoʻlakda yurgan navbatchi yigitning: «Imtihon topshirib boʻlganlar bu yerda turmasin!» degan buyrugʻi qutqazdi.

Sekin yurib birinchi qavatga tushdik, soʻngra koʻchaga chiqdik va ostonani qurshab olgan olomonni zoʻrgʻa yorib, yotoqxona tomonga oʻtib oldik. Lekin endi nima qilish kerak? Buni ikkimiz ham bilmas edik. Men Muqaddasning toʻsatdan tumtayib, indamay qolganidan birga yurishimizdan siqilayotganini, uni uyaltirmaslik uchun xayrlashishim kerakligini sezib turdim, lekin oyoqlarim oʻz ixtiyorimga qarshi meni ilgari sudrab borar, orqada qolmoqchi boʻlsam ham qololmas edim.

Quyosh baland koʻtarilib, hammayoqni issiq alangaga koʻmib yuborgandi. Harorat shunchali zoʻr ediki, trotuarning soya tushmay qolgan joylariga oyoq qoʻyib boʻlmas, issigʻi tuflidan oʻtib tovonni kuydirardi.

Havoda gʻir etgan shabada yoʻq, daraxtlar ham odamlardek issiqdan tolib, mudrab turardi. Qani endi shunday paytda Muqaddas «xoʻp» desa-yu, birorta sersoya xiyobonga kirib dam olsak, yo birga dars tayyorlasak!

Birdan nima ham boʻldi-yu, koʻzim ikkinchi qavatning tepasiga tushdi. Biz imtihon topshirgan auditoriyaning eng chetgi derazasi oldida ikkimizga qandaydir ma’yus tikilib... boyagi yosh domla turardi! «U nima qilib turibdi? Nega bunday tikilib qaraydi»— deb oʻyladim. Bir zumda qalbimni toʻldirgan yorugʻ hislarga ham allaqanday soya tashlagandek tuyuldi.

Domlaning kuzatib turganini Muqaddas ham koʻrib qoldimi, yo uyalganidan shunday qildimi, ishqilib muyulishga yetmasdanoq toʻxtadi va yerga tikilib:
— Siz qayoqqa ketyapsiz? — deb soʻradi. Men shoshib qoldim. Azbaroyi nima deb javob berishimni bilmaganimdan:
— Men... agar boʻsh boʻlsangiz dars tayyorlardik! — deb yubordim. Muqaddas bopshni yana ham pastroq tushirdi.
— Kechirasiz, men borolmayman.
— Nega?
— Negaki... men oʻzim shunaqaman, — dedi Muqaddas, — besh olgan kunim hech dars tayyorlay olmayman.
— Boʻlmasa... kinoga boraylik! — dedim men, dedimu, shu soʻzni aytishga jur'at etganimdan oʻzim ham hayron qolib, qizarib ketdim. Muqaddas «yalt» etib yuzimga qaradi. Taklifim uning qulogʻiga yomon eshitilganini koʻzlaridan payqadim. Lekin oʻzimning ham qizarib ketganimni koʻrib, uyalib qolganimni sezdi chamasi, koʻzlaridagi sovuq ifoda darhol yumshadi.
— Rahmat. Oldin imtihonlarni topshirib olaylik, — dedi u tuflisining uchi bilan yer chizib, keyin qoʻshimcha qildi:
— Endi... Xayr...

Yoʻq, Muqaddas buyruq bermas, u faqat iltimos qilar, dugonalarining koʻrib qolishidan uyalgani uchungina ajrashishni istar edi!
— Koʻrishguncha, — dedim men.
— Xayr, — dedi Muqaddas va yuzimga bir qarab olgach: — ximiyani ham shunaqa qilib topshiramizmi? — deb soʻradi.
— Albatta, — dedim kulib. Biz ajrashdik.

Bilasizmi, ilk bahor paytida yomgʻirdan keyin osmon boshqacha bir tiniq moviylik kashf etadi. Yomgʻirda choʻmilgan daraxtlar xuddi toʻyga yasangan qizlardek ochilib, havo xushboʻy hidlarga, qushlarning chugʻur-chugʻuriga toʻlib, olam yashnab ketadi.

Muqaddas bilan xayrlashib orqamga qaytarkanman, mening koʻnglim ham xuddi yomgʻirdan keyingi osmondek charaqlab ketgandi. Goʻyo hamma menga kulib boqar, goʻyo yolgʻiz men emas, hamma baxtiyor, goʻyo odamlarning hammasi birdan bir-biriga mehribon, juda muloyim, juda yaxshi, juda gʻamxoʻr boʻlib qolgan edilar.

* * *

Uyga kechroq qaytdim. Biz koʻlning orqasida, Boʻzsuvning boʻyida yangi uchastkada turardik. Hovliga kirishim bilan koʻzim jigarrang yoʻl-yoʻl pijamasini kiyib, ishkomning tagidagi soʻrida yonboshlab gazeta oʻqib yotgan dadamga tushdi, oyim hovli supurmoqda edi. Eshikni ochishim bilan dadam qoʻlidagi gazetasini, oyim supurgisini tashlab menga qaradi. Aftidan koʻnglimdagi shodlik yuzimda shundoq aks etib turgan boʻlsa kerak, ikkisi ham birdan: — Beshmi? — deb soʻrashdi.
— Shunaqaga oʻxshaydimi? — dedim men.

Oyim peshonamdan oʻpdi. Dadam esa yostiqqa qayta yonboshlarkan:
— Ana, koʻrdingmi, kecha oʻrtoqlar bilan gaplashib qoʻyganman, desam ishonmovding, — dedi qoʻliga gazetasini olib.
— Siz bultur ham shunaqa degan edingiz, — dedi oyim.

Dadam birdan qoʻlidagi gazetani chetga otib yubordi, uning oq oralagan siyrak sochlarining tagidan boshining qizarib ketgani, lablarining pirpirab ucha boshlagani koʻrindi.
— Xoʻp, men hech kim bilan gaplashmadim. Bultur ham gaplashgan emasman, bu yil ham! — dedi u titroq, ayanchli ovoz bilan.

Ularning janjalini, ayniqsa oʻgay dadamning xuddi bir nimadan arazlagan yosh bolaning ovoziday ayanchli ovozini eshitmaslik uchun uyga kirib ketdim. Bir yildan beri davom etib kelayotgan bu koʻngilsiz janjal menga juda ogʻir botardi. Birinchidan, oyimning institutga kirolmaganim uchun hamma aybni dadamga toʻnkashi qattiq tegsa (Salim Karimovich institutda oʻqituvchi edi), ikkinchidan, bultur boʻlib oʻtgan katta bir janjal ustida men Salim Karimovichning oʻz dadam emasligini, u menga faqat oʻgay ota ekanligini bilib qolgandim. Oʻshanda oyim, aftidan, mening borligimni unutib qoʻyib: «Sharif oʻz bolangiz emas-da, oʻz bolangiz boʻlganda-ku...» deb yuborgan, keyin koʻzi menga tushib gapi ogʻzida qolgan, lekin, shu bir gapning oʻzidanoq menga hamma narsa ayon boʻlib qolgan edi. Bu gap menga juda qattiq ta’sir etgan, shunchalik qattiq ta’sir etgan ediki, uydan chiqib ketib, bir-ikki kun boshqa yoqlarda yurib kelgandim... Shundan keyin oyim oʻz dadamning urushda halok boʻlganini, urushdan oldin esa mashinasozlik zavodida konstruktor boʻlib ishlaganini gapirib bergandi. Men oyimdan Salim Karimovichga qanday turmushga chiqqanini soʻramadim, albatta, lekin oʻsha voqeadan beri uni negadir «dada» deb emas, «Salim Karimovich» deb chaqirgim keladigan boʻlib qoldi. Buning sababini oʻzim ham tushunolmayman, chunki Salim Karimovich yomon odam emas, u meni juda yaxshi koʻradi, oʻgʻlim deb chaqiradi, ehtimol oʻz bolasi boʻlmagani uchundir, juda yaxshi muomala qiladi.

Salim Karimovich institutda koʻp yillardan beri oddiy oʻqituvchi boʻlib ishlar, demak uning qoʻlidan keladigan yordami ham juda chamali edi. Lekin oyim buni tushungisi kelmas, bulturdan beri uni qiynab kelardi. Men dadamning bultur yaxshigina harakat qilganini, oʻqishga kirolmay qolganimda mendan ham koʻproq iztirob chekib yurganini bilardim. U hatto meni institutga laborantlik ishiga joylashtirib qoʻyishga ham harakat qilib koʻrgandi, lekin bunga men oʻzim koʻnmagandim. Oyimdan oʻz dadam toʻgʻrisidagi gaplarni eshitganimdan keyin, ayniqsa dadam mashinasozlik zavodida konstruktor boʻlib ishlaganini bilganimdan keyin, nimadir meni shu zavodga torta boshlagan, nazarimda u yerga bormasdan boshqa joyga borib ishlasam, otamning xotirasiga hurmatsizlik boʻladigandek tuyulgandi menga. Oldin oyim bilan Salim Karimovich bu gaplarimni eshitgilari ham kelmagan edi, biroq bir kuni nima ham boʻldi-yu, oyim ertalab chiqib ketib, uyga uzun boʻyli, qotma, sochlari oppoq oqargan, lekin shop moʻylovi qop-qora odamni boshlab keldi. Bu odam Sulaymon aka edi.

Sulaymon aka dadamning eng yaqin doʻsti boʻlganini, ular birga oʻqib, birga ishlaganlarini, oʻzi ham soddagina bir odam ekanini keyinchalik bildim, biroq birinchi uchrashganimizda u menda gʻalati taassurot qoldirgan, shop moʻylovi ham, yoʻgʻon doʻrillagan ovozi ham allaqanday yasama tuyulgandi.

Sulaymon aka meni zavodga oʻzi boshlab borgan, hujjatlarimni oʻzi toʻgʻrilatib, oʻz sexiga olib kirgan va keyinchalik qadrdon boʻlib ketgan mana shu universal tokarlik stanogimda birinchi detalni oʻzi yasab koʻrsatgan edi.

Otamning xotirasi hurmatigami, yo meni chindan ham yaxshi koʻrib qolganidanmi, bilmadim, ishqilib, Sulaymon aka menga doim xush muomala qilar, ba’zan uyiga, ba’zan sexning bir chetidagi kichik, tor kabinetiga boshlab kirib suhbatlashib turardi. Men unga juda oʻrganib qolgandim. Umuman shu bir yil ichida men zavodga, motorlarning gʻuv-gʻuviga toʻlgan katta, ulugʻvor seximizga, oʻzimning universal stanogimga, doʻstlarimga juda oʻrganib, yaxshi koʻrib qolgandim.

Oyim bilan dadam oʻrtasida boʻlib oʻtgan janjal ta’sir etdi chamasi, buning hammasini yana bir esladim. Lekin qiziq, bu safar institutga hujjat topshirayotganimdagidek koʻnglim xira boʻlmadi. Muqaddas bilan uchrashuv quvonchi koʻnglimning bir chetida uygʻongan shubhani yengib ketgandi...

Muqaddasni eslashim bilan issiq bir tuygʻu yana a’zoyi badanimni jimirlatib oʻtdi. Oʻzim ham beixtiyor jilmayib oʻtirgan ekanman shekilli, uyga oyim kirib:
— Supaga chiq bolam, ovqat tayyor, nimaga kulasan!— deb soʻragandagina hushimga keldim. Oyim kulgimni boshqa narsaga yoʻyib:
— Ilohim boshqalaridan ham besh boʻlsin! — deb qoʻydi.

Ovqat vaqtida oyim bilan Salim Karimovichning orasida yana oʻsha eski gap qoʻzgʻalib ketarmikin, — degan xavotirda edim. Yaxshi ham bu gap qoʻzgʻalmadi. Boyagi soʻzlarning oʻzigami, yo men uyga kirib ketgandan keyin ham janjal davom etganmi, bilmadim, ishqilib, dadamning qovogʻi soliq edi. U hatto vaziyatini ham oʻzgartirmagan: oʻng qoʻltigʻiga ikkita par yostiqni bosib, hamon gazeta oʻqib yotardi. Yoshi elliklarga borib qolgan, institutda oʻqituvchilik qilayotgan bu salobatli odam ba’zan yosh bolaga oʻxshab ketar, arzimagan narsadan ham xafa boʻlaverardi.

Shunday paytlarda mening unga rahmim kelardi. Bugun vaqtim choq boʻlgani uchunmi, bilmadim, har qalay unga biron yaxshilik qilgim keldi. Toʻsatdan xayolimga: «Bular mening Muqaddasni sevib qolganimni bilib qolishsa nima qilishar ekan?» degan fikr keldi. Bir daqiqa koʻzimga supaning chetida oʻtirib, dadamga uyalibgina piyolada choy uzatayotgan Muqaddas koʻrinib ketdi. Bu orzu shunchali shirin ediki, uning davomini oʻylash istagida ovqatdan bir-ikki qoshiq yedim-da, joyimga borib yotdim... Men hovlining kun botish tomonidagi xilvat burchakka, oʻzim ekkan ikki tup olmaning tagiga karavot qoʻyib olgandim. Karavotning ostidan ariqcha oʻtar, tunu-kun tinimsiz oqqan suv kechalari ruhimni allalar, kitobdan charchagan chogʻlarimda orom berardi.

Bugun bu xilvat joy koʻzimga yana ham jozibali koʻrinib ketdi. Oʻzimni karavotga tashlab, olmaning quyuq yaproqlari orasidan osmonga tikildim.

Quyosh botgan, bogʻni faqat yoz oqshomlaridagina boʻladigan mayin va sokin bir qorongʻilik chulgʻamoqda edi. Jimjit, faqat qoʻshni hovlida chaqaloqning yigʻisi-yu, karavotning tagidan oʻtayotgan suvning mayin shildirashi eshitiladi, yaproqlar orasida bitta-yarimta oltin nuqtalar jimirlaydi. Ana qaerdandir uzoqdan, aftidan koʻldan boʻlsa kerak, qandaydir ma’yus, lekin yorugʻ esdaliklar uygʻotuvchi bir kuyning ovozi kela boshladi. Xayolim kuzda iliq mamlakatlarga qarab uchgan qush kabi yana Muqaddasga qarab uchdi... Orzuning chegarasi yoʻq. Men uning shu uyda, shu hovlida yurishini, shu ariqning boʻyida, supaning yonidagi kranning tagida oʻtirib, ajoyib qoʻngʻir sochlarini yuvishini koʻz oldimga keltirdim...

Uzoqdan, koʻldan eshitilayotgan ma’yus kuy sekin avjiga chiqmoqda edi. Kuy avjiga chiqqan sayin mening shirin xayollarim ham chuqurlashib borardi... Biz albatta birga oʻqiymiz, har kuni yarim kechagacha birga oʻtirib dars tayyorlaymiz, soʻngra... Soʻngra uydan chiqib, bu yerga kelamiz... Yoʻq, men bir oʻzim chiqaman va karavotga yotib uni kuta boshlayman. U boʻlsa... Uy yigʻishtirgan boʻlib yana anchagacha chiqmay oʻtirib oladi. Nihoyat, uyning chirogʻi oʻchadi va qorongʻida uning ship-ship etgan oyoq tovushlari, «qayoqda qoldingiz, Sharif aka?» degan mayin ovozi eshitiladi. Men oʻrnimdan sakrab turaman va uni qoʻllarimga koʻtarib, kulgan lablaridan, koʻzlaridan oʻpaman...

Darvoza tomondan eshitilgan «Sharif, ho Sharif!» degan ovoz xayolimni boʻlib yubordi. Oʻrnimdan turib oʻtirdim.
— Birov chaqiryapti, chiqib qara! — dedi oyim. Shu vaqt «Sharif, ho Sharif!» degan ovoz qayta takrorlandi. Bu — Toʻlaganning ovozi edi.
— Toʻlaganga oʻxshaydimi? — dedi oyim ham. Toʻlagan ikkimiz bir sexda ishlardik. U mendan ikki yil oldin zavodga kirgan «tajribali» tokarlardan. Bultur ishga kirganimda Sulaymon aka meni unga «shogird» qilib tayinlagan edi. Shundan beri Toʻlagan oʻzini menga yaqin olib yurar, men ham uni hurmat qilardim. Lekin hozir uning kelishi menga negadir yoqmadi, hatto koʻnglimda allaqanday bir qoʻrquv uygʻotdi: «Kechasi nima qilib yuribdi?»

— Qoʻl tegmayapti, doʻstim, qani uyga kir, birpas gaplashib oʻtiramiz, — dedim qandaydir yengil tortib, lekin Toʻlagan kirmadi. Uni menga Sulaymon aka yuborgan ekan. Ertaga zavodga borib uchrashar emishman. Yuragim yana «shuv» etib ketdi.
— Nima ishlari bor ekan? Aytmadilarmi?
— Yoʻq, — dedi Toʻlagan. U yana papiros olib tutatdi. Gugurtning yarq etgan shu'lasida lablaridagi tabassum koʻrinib ketdi.
— Nega kulasan?
— Oʻzim...
— Otpuska mahalidayam tinch qoʻyishmaydilar-da!
— Obbo seni-ey! — Toʻlagan qah-qah urib kuldi va yelkamdan quchoqlab oʻziga tortdi: — Sulaymon akaning senga aytadigan gapi bor ekan, shunga chaqirdi.
— Qanaqa gap? — dedim shubhalanib, — nimaga yashirasan?
— Ie, qiziqmisan? — dedi Toʻlagan, — uning nima deyishini qayoqdan bilay? Ertaga oʻzingga aytar axir!..

Toʻlagan ketdi. Men darvozaning oldida ancha turib qoldim. Koʻnglim gʻash, boyagi quvonchli, shirin, ammo tagi yoʻq xayollardan asar ham qolmagan edi. «Nimaga chaqirishi mumkin? Yana qanaqa gap chiqib qoldiykin? Yo institutga kirmoqchi boʻlganimni eshitib qoldimikin? Eshitib qolgan boʻlsa nima deyman? Umuman... shunday yaxshi jamoadan, bir yil ishlab orttirgan doʻstlarimdan ajrab toʻgʻri qilyapmanmi, yoʻqmi?» Bir haftadan beri unutishga harakat qilib yurganim bu oʻylar xayolimni yana chulgʻab oldi.

* * *

Ahvolimning chatoqligi shunda ediki, Muqaddas ikkimizni bir-birimizga yaqinlashtira oladigan yakkayu yagona vosita hozircha imtihon edi. Shuning uchun ham imtihondan qoʻrqish uyoqda tursin, uning tezroq kelishini istardim. Imtihon kuni yana juda erta uygʻondim. Bu safar choyga ham qaramasdan apil-tapil kiyindim-da, institutga chopdim. Imtihonga kechikib qolishimdan emas, Muqaddasning boshqa birov bilan kelishib qoʻyishidan qoʻrqardim. Lekin institutga yetib, tanish akatsiyalarga koʻzim tushishi bilan behudaga qoʻrqqanimni, umuman toʻrt kundan beri chekib kelgan iztiroblarim, umidsizlikdan qiynalib yurganlarim — hammasi bekor ekanini tushundim: Muqaddas meni kutib turardi! Avvalgi safargidek, ichkarida, auditoriyaning eshigida ham emas, koʻchada, institutning oddidagi akatsiyaning tagida kutib turardi!..

Bu safar uning egnida havorang krepdeshin koʻylak, boshida tagdoʻzi doʻppi, oyogʻida yengil bosonojka edi. Havorang koʻylak chehrasini ochib yuborganidanmi, yo tagdoʻzi doʻppi juda yarashib tushganidanmi, bilmadim, ishqilib Muqaddas koʻzimga tunov kungidan ham latofatli boʻlib koʻrindi. U shunday jozibali va ma’sum ediki, ilk gullagan bodom niholini eslatardi. Meni koʻrishi bilan oldimga qarab yurdi. Koʻzlarida birdan chaqnagan quvonchdan, lablarida oʻynagan tabassumdan Muqaddasning meni, yolgʻiz meni kutib turganini bildim-u, yuragim yana bahor kuylariga, bahor quyoshidek iliq va yorugʻ hislarga toʻlib yayrab ketdi.

Biz qoʻl berishib koʻrishdik. Muqaddas qoshlarini oʻpkalangansimon chimirib:
— Voy, men sizni kechikib qolarmikansiz deb, jonimni hovuchlab turibman-a? — deb kuldi. Menga uning kulgisida ham allaqanday erkalik aralash bir ginaxonlik bordek tuyuldi.
— Men kechikar ekanmanmi? — dedim, — siz bilmaysiz Muqaddas, men sizni har kuni...
— Yuring, — dedi Muqaddas soʻzimni boʻlib, goʻyo gapimning oxirini eshitishdan qoʻrqib, — ichkariga kiraylik...

Xuddi tunov kungidek menga ham shunday tuyuldiki, goʻyo u yuragimdagi tuygʻularni sezar, sevib qolganimni his etar va buni gapirib qolishimdan qoʻrqar edi.

«Qanday ajoyib qiz!» — Muqaddasning oʻrniga imtihonga kirarkanman, koʻnglimdagi hamma gʻalayon bosilgan, xayolim ravshan edi.

Lekin turmush shunaqa narsa ekanki, u oʻng qoʻli bilan boshingizni silasa, chap qoʻli bilan yuzingizga tarsaki tushirib turarkan. Oʻsha kuni imtihondan yiqilishimga oz qoldi. Qizigʻi shundaki, bunga dadam sabab boʻlgan ekan. Buni men imtihon olgan ozgʻin, nimjon domlaning auditoriyaga kirishim bilan bir imtihon qogʻozimga, bir yuzimga tikilib: «Salim Karimovich sizning kimingiz boʻladi?» degan savolidanoq tushundim. Bir daqiqa hushimni yoʻqotib, dovdirab qoldim, lekin shu zahotiyoq miyamda bir narsa «yarq» etib, cholning maqsadini ham, istehzoli jilmayishini ham — hammasini yoritib yubordi. Ayni zamonda yuragimdagi qoʻrquv ham qayoqqadir yoʻqoldi. Xayolimdan: «qulatsa qulatar!» degan fikr oʻtdi, bu fikr koʻnglimda qandaydir shoʻxlik aralash bir jasorat uygʻotdi-yu, dadillik bilan:
— Hech kimim! — deb javob berdim cholga.
— Nima? — dedi u pastdan yuqoriga qarab.
— Hech kimim! — takrorladim men, — umuman... javobimga qarab baho qoʻyaverasiz, men sizdan yengillik soʻramayman!..

Cholning ajin qoplagan uzunchoq yuziga birdan muloyim nur tushib, koʻzlarida iliq tabassum jilvalandi.
— Marhamat, oling! — dedi u, oʻyinchoq, yogʻoch kurakchaga oʻxshagan kichkina kaftini stoldagi biletlarga choʻzib.

Men qoʻlimga tekkan birinchi biletni oldim va odatdagidek savollarni oʻqib ham turmasdan, derazaning yoniga oʻtib oʻtirdim. Oʻtirishim bilan komissiyaning ikkinchi a’zosi ham kirdi. Bu — qishloq ayollariga oʻxshab ketgan, soddagina kiyingan novcha, semiz bir xotin edi.
— Xoʻsh, nechanchi bilet? — dedi chol allaqanday xushchaqchaq ovoz bilan.
— Oʻn toʻrtinchi.

Menga uchta savol — Nʼyuton binomining yechilmasi, kesik konusning hajmi (echimi bilan) va bitta misol chiqqan edi.

Bilganda qiyin savol ham oson boʻlib koʻrinadi kishiga. Bu uchta savol, aslida xiyla murakkab boʻlsa ham, juda oson tuyuldi. Buning ustiga chol ham boyagi gaplardan keyin menga tez-tez qarab jilmayib qoʻyar, goʻyo koʻnglimga dalda berardi. Bu ham sabab boʻldi-yu, birinchi boʻlib qoʻl koʻtardim.
— Marhamat! — dedi chol va kafti bilan stolni «shap» etib urib, roʻparasidan joy koʻrsatdi. — Qulogʻim sizda, yaxshi yigit.

U xuddi yoqimli kuyni eshitishga hozirlangandek, kichkina nimjon gavdasini orqaga, kresloning suyanchigʻiga tashlab, koʻzlarini shiftga tikdi. Soʻngra to men javob berib boʻlgunimcha vaziyatini oʻzgartirmadi, faqat ba’zi ba’zidagina qoʻlini stolga tashlab, uzun ingichka barmoqlari bilan uni chertib qoʻyar, lekin shunda ham javobim unga yoqyaptimi, yoʻqmi — bilib boʻlmas edi.

Imtihon topshirayotganda oʻz javobining domlaga qanday ta’sir etayotganini bilmasa juda qiynalib ketadi kishi. Bir-ikki marta yer ostidan cholning yonidagi ayolga koʻz tashladim, lekin uning goʻyo yarmi choʻrt kesib tashlangandek kalta burunli semiz yuzidan bir nimani bilib olish qiyin edi. Nihoyat bor gapimni aytib boʻldim. Chol vaziyatini oʻzgartirmasdan:
— Savolingiz yoʻqmi? — dedi aftidan ayolga murojaat etib.

Ayol istar-istamas labini qimirlatdi:
— Yoʻq.
— Uch! — dedi chol, birdan oʻzini oldinga tashlab va koʻkragi bilan stolga suyanib. Uning sal qisilgan kichkina koʻzlarida, yupqa lablarida tabassum oʻynagani uchunmi, bilmadim, hech choʻchimasdan:
— Nega endi uch boʻlar ekan? — deb soʻradim.
— Negaki, moliga qarab pul toʻlaymiz-da, yaxshi yigit! — dedi chol barmoqlari bilan stolni asabiy taqillatib. Bu safar sovuq bir titroq a’zoyi badanimni jimirlatib oʻtdi.
— Qoʻshimcha savol bering! — dedim, dedim-u, ovozimning birdan qandaydir oʻzgarib boʻgʻiq eshitilganini payqab qoldim.
— Qoʻshimcha savol deng? Hm... — dedi chol, — xoʻsh... hmm... qani arifmetik progressiyaning formulasini yozib bering-chi!..

Qoʻllarim negadir titrar edi. Nega? Axir arifmetik progressiya formulasi esimda turibdi-u! Men qingʻir-qiyshiq raqamlarni tez yozib koʻrsatdim.

Chol toʻsatdan qah-qah urib kuldi:
— Ikki! — dedi u va roʻmolchasi bilan koʻzlarini artarkan, qoʻshimcha qildi:
— Qani, boʻlmasa geometrik progressiyaning formulasini yozing-chi, koʻraylik!

Qogʻozni oldimga surdim va cholning kulgisiga darhol tushundim: boya hayajon ustida arifmetik progressiya formulasi oʻrniga geometrik progressiya formulasini yozib yuborgan ekanman.
— Kechirasiz, — dedim, — bu...
— Ikki! — dedi chol. U hamon koʻkragini stolga tirab, koʻzlarimga jilmayib boqardi...

Yoʻlakda meni Muqaddas kutib turardi. Hozir u bilan ajrashishimga, qayta koʻrishmaydigan boʻlib, bir umr ajrashishimga aqlim yetib turardi. Lekin koʻzlarimga tikilib, nimagadir jilmayib oʻtirgan bu chol... Shartta oʻrnimdan turdim:
— Istagan bahongizni qoʻying!

Chol yana qah-qah urib kulib yubordi.
— Yasha! Oʻgʻil bola ekansan! — dedi u va imtihon qogʻoziga tez qoʻl qoʻyib, yonidagi ayolga berdi, ayol ham kulimsiraganicha qoʻl qoʻydi-da, menga uzatdi. Birdan a’zoyi badanimda kuchli charchoq his etib, boʻshashib, tashqariga tomon yurdim. Eshikka yaqinlashib qolganimda, auditoriyaga Muqaddas kirdi. Aftidan, rangim oʻchib, allanechuk bir holatda boʻlsam kerak, uning koʻzlari katta-katta ochilib: «Sizga nima boʻldi?» degan ifoda paydo boʻldi, lekin toʻxtab unga javob beradigan payt emas edi. U koʻzlarida shu savol bilan yonimdan oʻtib ketdi. Men tashqariga chiqdim.

Domla men oʻylagandek «ikki» emas, «uch» qoʻyganini yoʻlakka chiqqanimdagina bildim. Lekin oldingi «besh» oldida bu «uch» koʻzimga juda xunuk koʻrindi shekilli, koʻnglimni gʻash qildi...

Muqaddas yarim soatlarda chiqdi. U eshikda koʻrinishi bilanoq koʻzlari bilan meni izlab topdi, atrofini qurshab olgan dugonalariga allaqanday asabiy ovoz bilan «toʻrt-toʻrt!» deb javob berganicha toʻppa-toʻgʻri oldimga keldi. Qoshlari sal chimirilgan, koʻzlari nimadandir qoʻrqqan kiyikning koʻzlariga oʻxshardi.
— Voy, sizga nima boʻldi?
— Nima boʻlardi, uch oldim! — dedim men. Muqaddasga birov meni «ikki» oldi degan boʻlsa kerak, «xayriyat» degandek chuqur nafas olib entikdi, yuziga qon yugurdi. — Xafamisiz? — dedi u, koʻzlarimga tikilib, dedi-yu, boshini egib sekin qoʻshimcha qildi. — Men sizga javr qildim...

Roʻparamda boshini quyi solib turishidan, ovozidan, jovdiragan koʻzlaridan meni deb iztirob chekayotganini bilishning oʻzi bir olam quvonch, bir olam baxt edi.
— Nimaga xafa boʻlar ekanman! Bitta uchning zarari yoʻq...

Muqaddas «yalt» etib yuzimga qaradi, boshini tez-tez silkitib tasdiqladi:
— Rost, rost, bitta uchdan qoʻrqmasangiz ham boʻladi. Lekin bu yogʻiga ehtiyot boʻling. Endi men ham sizga javr qilmayman, — dedi u yana gunohkorona jilmayib.

Koʻchaga chiqib xayrlashayotganimizda Muqaddasdan yana birga dars tayyorlashni iltimos qildim. Muqaddas bu safar ham koʻnmadi. Lekin shunga qaramasdan koʻnglim negadir tinch edi. Oʻsha kuni menga Muqaddasning qalbida ham yaxshi bir his uygʻonayotganga oʻxshab koʻringandi.
— «Bu haqiqatmi, yo amalga oshmaydigan bir shirin xayolmi?»

Buning xayol emas, haqiqatga yaqin bir narsa ekaniga inshodan imtihon bergan kunimiz ishondim.

Inshoni birinchi qavatdagi oʻn oltinchi auditoriyada bir necha gruppa birlashib yozishi kerak edi. Men kirganda, auditoriya odamga toʻlib qolgan, faqat eng oldinda, domlalar oʻtiradigan joyning qarshisidagina, birinchi stolda bir-ikkita boʻsh joy qolgandi. Lekin auditoriyaga odam hamon yopirilib kirmoqda, jadallashmasam oʻsha joydan ham quruq qolishim muqarrar edi. Men Muqaddasni yoʻqlashga ham sabrim chidamasdan, oʻrtadagi tor yoʻlakdan birinchi qatordagi boʻsh stolga intildim. Auditoriyaning yarmiga borib qolgan edim, orqamdan:
— Sharif aka! — degan tanish muloyim ovozni eshitdim. Yuragim «jiz» etib orqamga burildim. Muqaddas mendan ikki qadam narida, auditoriyaning koʻcha tomonidagi stolning chetida oʻtirardi. Imtihon degan narsaning naqadar dahshatli ekanini shuning oʻzidan ham bilsa boʻladi, jonimdan ortiq koʻrgan qizning yonidan oʻtibman-u, uni koʻrmabman!

U qoʻlini bermasdan faqat koʻzlari bilan salomlashdi.
— Bitta boʻsh joy bor, xohlasangiz oʻtiring, — dedi u sekin, goʻyo yonidagi qizlarning eshitib qolishidan qoʻrqqandek. Oʻzi esa mening «xoʻp» deyishimni kutmasdanoq surilib yonidan joy berdi.

Butun vujudim bilan lovillab yoniga oʻtirdim, boshqalarga bildirmasdan qoʻlini olib sekin siqdim.
— Siz qaysi temani yozmoqchisiz? — dedi Muqaddas.
— Qaysi tema tushishini bilasizmi?

Muqaddas kuldi.
— Qoʻrqmaysizmi?
— Yoʻq, — dedim, «Siz yonimda ekansiz hech narsadan qoʻrqmayman» degan fikr koʻnglimdan oʻtdi, buni unga aytmoqchi ham boʻlib ogʻiz juftladim-u, jur'at etmadim. Uning chehrasidagi poklik, begʻubor qizlik iffati, ham tortinib, ham sevinib gapirishlari kishini qandaydir soflikka, samimiylikka undardi.

Qalbimda yana bahor edi. Koʻnglimdagi boyagi vahima u yoqda tursin, imtihon topshirgani kelganimni ham unutayozgan edim. Shu topda faqat bir narsani — Muqaddasning yaqinligini, goho-goho muloyim qarab qoʻyishlarini, uyalganidan sochlarini oʻynab, jilmayib gapirishlarini sezardim, buning hammasidan boshim aylanardi.
— Voy, turing, domlalar kelishyapti! — dedi Muqaddas.

Shoshib oʻrnimdan turdim. Auditoriyaga bir emas, birdan uch domla kirgan edi. Ari uyasidek gʻuvillab turgan auditoriya birdan suv quygandek jimjit boʻlib qoldi. Atrofimga qarab qiz-yigitlarning hayajonlangan yuzlarini koʻrdim. Hamma birdan xuddi buyruq kutayotgan soldatlardek jim boʻlib, serrayib qolgan edi.

Ikki assistent auditoriyani oralab «hujjatlar»imizni tekshirib chiqqanlaridan keyin, ularni boshlab kirgan oʻrta boʻyli, uzun doʻng burniga oltin koʻzoynak qoʻndirib olgan moʻysafid domla butun devorni qoplagan katta doskaga temalarni yozishga kirishdi. Birinchi tema Yoʻlchi bilan Gulnor obrazlari edi. «Obraz» degan soʻzni yoqtirmasam ham domla boshqa temalarni yozib tamom qilmasdanoq birinchisini tanlab oldim.

«Qutlugʻ qon»ni yoshligimdan sevar edim, menga Yoʻlchi ham, Gulnor ham juda yoqar, Gulnorday bir qizni sevishni orzu qilib yurardim. Hozir esa mening Gulnorim yonimda oʻtirardi. Men yozganlarimning darslik talablariga qanchalik javob berishini bilmayman, lekin Yoʻlchi bilan Gulnorga boʻlgan samimiy munosabatimni, hurmat va muhabbatimni qogʻozga tushirishga astoydil harakat qildim. Qogʻozga Gulnor bilan Yoʻlchining nomlarini yozardim, aslida esa oʻz muhabbatimni hikoya qilardim.

Inshoni shunday samimiy, shunday zoʻr hayajon bilan yozar edimki, hamma narsani, hatto oʻtirgan joyimni ham esimdan chiqarayozgan edim. Faqat bir marta xayolim boʻlindi — auditoriyaga tanish yosh domlaning kirib kelganini koʻrib qoldim. U birinchi stolning orqasida oltin koʻzoynagini chaqnatib oʻtirgan keksa domlaning qulogʻiga nimanidir shivirladi. Oʻzi domlaga gap uqtirar edi-yu, koʻzlari Muqaddasda edi.... Auditoriyadan qaytib chiqib ketarkan, nazarimda menga ham bir qarab qoʻygandek boʻldi. Koʻnglimdan: «Oʻzi tilchi emas-ku, bu yerda nima qilib yuribdi?» degan gap oʻtdi va yana tunov kungidek yuragim «shuv» etib ketdi. Uning kirganini Muqaddas ham payqamadimikin, deb yer ostidan koʻz tashladim. U payqamagan boʻlsa kerak, boshini chap tomonga egib, yozish bilan band edi...

Muqaddas «Shohi soʻzana»ni tanlagan edi... Biz ikkimiz «churq» etib ogʻiz ochmas, har birimiz oʻz ishimiz bilan band edik. Faqat bir marta — yozganlarimni oqqa koʻchirishga kirishganimda, uning «sevgisini» emas, «sevgisining» deb yozing, «ni» emas «ning» deb shipshiganini eshitib qoldim.

Biz ikkimiz baravar yozib tugatdik, lekin Muqaddas yozganlarini qayta-qayta oʻqir, nimanidir tuzatar edi. U hamma qizlardek eng soʻnggi minutgacha topshirmasligini bildim-da, sabrim chidamasdan, oldinroq topshirib chiqib ketdim.

Muqaddas mendan ancha keyin chiqdi. U odatdagidek yayrab-quvnab emas, allaqanday boʻshashib chiqdi, goʻyo men oldindan bilishim mumkindek:
— Besh olamizmi, yoʻqmi? Siz nima deysiz? — deb soʻradi yuzimga tikilib.

Karomat qilishni bilmasligimni aytib kuldim.
— Men endi to bahomizni eshitmagunimizcha sira tinchimayman, uyqum ham kelmaydi, — dedi Muqaddas va qoshlarini sal chimirib oʻychan ovoz bilan qoʻshimcha qildi:
— Endi eng qiyini qoldi. Nima boʻlsa ham tezroq tamom boʻlib qoʻya qolsa edi!
— Qoʻrqsangiz birga tayyorlay qolaylik! — dedim uning koʻzlariga tikilib.
— Siz ximiyani yaxshi bilasizmi? — soʻradi u.
— Yaxshi bilaman. Ishonmasangiz birga tayyorlanaylik. Oʻzingiz...
— Yoʻq, ishonaman, — dedi Muqaddas va bir sekund ikkilanib turgach:
— Qaerda tayyorlanamiz? — deb soʻradi.
— Siz qaerni xohlasangiz oʻsha yerda... Agar xohlasangiz...

Muqaddas yuzimga savol nazari bilan tikilib turardi.
— Agar xohlasangiz biz tomonlarga boramiz, — dedim men va shoshib qoʻshimcha qildim: uyda emas, biz tomonlarda juda yaxshi joylar bor. Juda ajoyib, salqin...
— Siz qaerda turasiz?
— Shunday koʻlning orqasida. Mayda-chuyda olib chiqib ketsak... Ertalabdan kechqurungacha oʻqib kelamiz. Hech kim xalaqit bermaydi.

Muqaddas yerga tikilib turardi. Bu safar u yoʻlakda yurgan qiz-yigitlardan tortinmas, yo xayoli boshqa yoqda boʻlib, ularni payqamas edi. U yana barmoqlariga tikilib oʻylanib qoldi. Uning qattiq ikkilanayotganini yana bir nafas kutsam:

«Yoʻq, borolmayman», deb javob berishini payqadim va toʻsatdan kutilmagan bir jur'at bilan qoʻlini ushladim:
— Nimaga bunaqa qilasiz? Yo menga ishonmaysizmi? — dedim.

Ovozim titrab ketdi.

Muqaddas hayron boʻlib yuzimga qaradi.
— Ishonmasam shunday qilarmidim?— dedi u sekin.
— Ishonsangiz nega...
— Xoʻp, mayli, boraman, — dedi Muqaddas; toʻsatdan boshini keskin silkitib, — lekin ertaroq chiqib ketaylik!

Biz ertasiga ertalab soat sakkizda koʻlning oldida, pochtaning yonida uchrashadigan boʻldik. «Ertaga koʻnglimda bor gapni unga ochiq aytaman! Payti keldi!» — shu qaror bilan uyga ketdim.

* * *

Ertasiga uchrashmoqchi boʻlgan joyimizga juda barvaqt bormoqchi edim, lekin uydan endi chiqaman, deb turganimda toʻsatdan dadam chaqirib qoldi, kecha inshoni qanday yozganim toʻgʻrisida soʻroq qila boshladi. Salim Karimovichning maqsadiga tushunib turardim. U ishning oldini olmoqchi edi, chunki fizikani uchga topshirganimdan buyon uyda yana janjal va tashvish koʻpayib ketgandi. Lekin shunga qaramasdan, uning savollari gʻashimga tegardi. Nazarimda, u qayoqqa shoshayotganimni bilar va joʻrttaga ushlab turgandek tuyulardi. Nihoyat sabr kosam toʻlib ketdi. «Men hozir...»— dedim-u, Salim Karimovichning bir nima deb chaqirganiga ham quloq solmasdan tashqariga otildim, darvozadan chiqishim bilan xuddi qafasdan qutulgan qushdek avtobusga qarab yugurdim.

Ahdlashgan joyimizga oʻz vaqtida yetib bordim. Muqaddas esa chorak soat kechikib keldi. U mahalda hamma qizlar ham bunaqa uchrashuvlarga kechikib kelishlarini, jindek kuttirib qoʻyishni yaxshi koʻrishlarini bilmas edim, shuning uchun ham bu chorak soat menga chorak asrga oʻxshab koʻrindi. Gap Muqaddasni kutib qolishimda emas, ablatta, hamma dahshat shunda ediki, men uni kelib ketib qolgan, deb xavfsirardim. Endi uni koʻra olmas ekanman-da, deb ichimda dadamdan astoydil xafa boʻlib turganimda, orqamdan kimningdir:
— Sharifjonmisan? — degan doʻrildoq ovozini eshitib, choʻchib oʻgirildim.

Oldimda aylanasiga gʻisht terilgan chor burchak gulzorning yonida Sulaymon aka turardi. Uni bu yerda uchratishni sira kutmaganimdan boʻlsa kerak, oʻgʻirlik ustida tutilgan odamdek dovdirab qoldim, hatto qoʻl berib koʻrishishni ham esimdan chiqarib qoʻydim. Oʻzim ham qizarib-boʻzarib, terlab ketdim shekilli, Sulaymon aka qop-qora shop moʻylovi ostidan kulimsiradi-da, tomirlari boʻrtib chiqqan katta suyakdor kaftini uzatib:
— Yasan-tusanlar joyida-yu, kimni kutib turibsan, oʻgʻlim, — deb soʻradi.

Uning «oʻgʻlim» deyishi har vaqtdagidek qulogʻimga juda issiq eshitildi-yu, bu odamdan yashirib yurgan va uch-toʻrt kundan beri yodimdan koʻtarilgan butun ishim esimga tushib ketdi...
— Tunov kungi savolimizga javob bermading-ku? — dedi Sulaymon aka. — Sirtdan oʻqiganing tuzuk emasmi? Yo zavodlan ketging bormi?

Men koʻzimni uning yuzidan uzib, tramvay keladigan tomonga qaradim: Muqaddas oʻsha yoqdan kelishi kerak edi.
— Oying xohlamadimi? — dedi Sulaymon aka. Uning yuziga qaray olmadim, yerga tikildim. Yuragim gup-gup urardi, yuzim, quloqlarim lovillab yonayotganini sezardim, lekin nima deb javob berishimni bilmas edi. Zotan otamning eng qadrdon doʻsti boʻlgan, meni oʻz bagʻriga olib, yaxshigina hunar oʻrgatgan, nihoyat oʻz oʻgʻlidek yaxshi koʻrgan bu moʻysafidga nima ham derdim? Unga faqat haqiqatni aytishim mumkin edi. Lekin boʻlib oʻtgan shuncha voqeadan soʻng, hozir Muqaddasni kutib turganimda, unga haqiqatni aytishim mumkinmidi?

Sulaymon aka mening sukutimni tasdiq alomati deb bildi shekilli, bir zum turgach:
— Ha, sizga nima boʻldi? — degan tanish ovozini eshitganimdagina hushimga keldim.
— A? — dedim tomirlarimga issiq qon yugurib. Nazarimda birdan koʻz oldimni toʻsib kelgan qora bulut tarqab, hammayoq nurga choʻmilgandek tuyuldi.
— Chaqirsam ham qaramaysiz? — dedi Muqaddas. U allaqanday ma’yus qop-qora koʻzlari bilan yuzimga oʻychan tikilib turardi.

Bu safar uning egnida birinchi marta koʻrganimdagi oq shoyi koʻylak, boshida oʻsha tagdoʻzi doʻppi edi, lekin oʻzi koʻzimga qandaydir gʻamgin koʻrindi.
— Yuring, narigi tomonga oʻtaylik, avtobusga chiqamiz, — dedim men.
— Avtobusda boriladimi? — dedi Muqaddas va yana yuzimga tikilib, — uzoq emasmi? — deb soʻradi.

Menga shunday tuyuldiki, goʻyo u avtobusga chiqqisi kelmas, nimadandir tortinar edi.
— Yoʻq-yoʻq, — dedim, — uzoq emas, birpasda yetib boramiz. Boʻzsuvning boʻyida. Shunday salqin, shunday yaxshi joylarki... Yuring.

Nimagadir shoshar edim, shoshayotganimni, Muqaddasning oldida oʻzimni xuddi yosh boladek tutayotganimni sezib turardim-u, lekin baribir, oʻzimni bosib ololmas edim. Qizigʻi shundaki, hozirgina Sulaymon akani koʻrganda koʻnglimni gʻash qilgan notinch oʻylar ham har safargidek Muqaddasni koʻrishim bilan darrov yoʻqolgan, hammasi quvonchli hayajon bilan almashgan edi.

Biz katta koʻchadan gʻizillab uchib oʻtayotgan yengil mashinalarga yoʻl bera-bera, roʻparadagi avtobus toʻxtaydigan joyga oʻtib oldik.

Kun chiqish tomondagi toʻrt qavatli bino ustidan koʻtarilgan quyosh koʻchalarni nur seliga koʻmib yuborgan, odamlar oʻzlarini daraxtlarning soyasiga ura boshlagan edilar.

Muqaddas bugun nimagadir ma’yus va kamgap, u qandaydir oʻz oʻylari bilan band edi. U bilan gaplashgim kelar, lekin gapni nimadan boshlashimni bilmasdim, sukutning choʻzilib ketganidan xijolat chekardim. Buning ustiga avtobus ham kechikmoqda edi. Nazarimda, Muqaddas avtobus kutishdan zerikib, toʻsatdan aynib qoladigandek tuyular, avtobus chiqib keladigan muyulishdan koʻzimni uzolmas edim.

Nihoyat avtobus ham keldi. Odam koʻp boʻlishiga qaramay, bir amallab chiqib oldik. Muqaddas orqadagi bir joyga ilindi, men uning yonida tippa-tik turardim. Biz hamon gaplashmas edik, mashina yurib, koʻlning orqasidagi birinchi koʻprikka yetgandagina, Muqaddas:
— Hali uzoqmi? — deb sekin soʻradi.
— Yoʻq, uzoq emas, — dedim unga.

Muqaddas indamasdan oʻychanlik choʻkkan allaqanday gʻamgin koʻzlarini yana derazaga tikdi. Asfalʼt yoʻlning yonginasida, chuqur jarlikning tagida, koʻm-koʻk shishadek tiniq Boʻzsuv oqardi, jarlikning ikkinchi tomonida, balandlikda, bir-biriga qoʻshilib ketgan yam-yashil bogʻlar tutash bir oʻrmonzor kashf etardi.

Avtobus ikkinchi koʻprikdan oʻtib toʻxtaganda Muqaddas: «Haliyam kelmadikmi?» degan ma’noda menga bir qarab qoʻydi. Men oʻzimni koʻrib koʻrmaganlikka soldim, Muqaddasning yonida oʻtirgan chol oʻrnidan turgan edi, uning joyiga oʻtirdim.
— Nimaga bunday xafa koʻrinasiz? Tinchlikmi? — dedim sekin.
— Yoʻq, oʻzim... — dedi Muqaddas va toʻsatdan oʻrnidan turib, avtobusning oldiga oʻta boshladi.

Bir daqiqa oʻzimni yoʻqotib qoʻydim, soʻng sekin yurib orqasidan bordim.
— Men tushaman, — dedi Muqaddas. U yuzimga qaramas edi.
— Nega, yana bir ostanovka...
— Kerakmas!.. — Bu safar Muqaddasning ovozi qattiqroq eshitildi.

Undan «nimaga bunday qilyapsiz?» — deb soʻramoqchi boʻldim-u, toʻsatdan avtobusdagilarning hammasi bizga tikilib turganligini, hammaning diqqat-e’tibori bizda ekanini koʻrib, gapim ogʻzimda qoldi.

Mashina toʻxtashi bilan Muqaddas goʻyo uni birov ushlab qoladigandek, avtobusdan birinchi boʻlib sakrab tushib ketdi.

Men oldin unga achchiq qilib tushmay oʻtib ketavermoqchi boʻldim-u, lekin chidab turolmay avtobusdan sekin tushdim — Oʻz irodamdan zoʻr bir kuch uning orqasidan meni ham mashinadan sudrab tushirdi.

Muqaddas jarlikning boʻyida, sekin oqayotgan Boʻzsuvga oʻychan tikilib turardi. Uning yoniga kelib toʻxtadim.
— Nimaga bunday qildingiz? — dedim hayajonimni zoʻrgʻa bosib.
— Bormayman, — dedi Muqaddas.
— Nega? Sababi...
— Sababini nima qilasiz? Bormayman dedimmi — bormayman!

Bu safar uning ovozi qandaydir juda keskin jarangladi. Bu keskinlik koʻnglimga juda qattiq tegdi-yu, kutilmagan joyda mendagi jur'atsizlikka barham berdi.
— Siz.. yomon joylarga boshlab ketyapti — deb oʻyladingiz chamasi! — dedim, qattiq gapirayotganimni sezib va nimagadir bundan sevinib, — meni yomon maqsadda boshlab ketyapti, — deb oʻylaganga oʻxshaysiz! Siz meni kim deb oʻyladingiz? Nahotki men shunchalikka borsam?

Shunday samimiy gapirganim uchunmi, yo aytgan soʻzlarim qattiq ta’sir qildimi, bilmadim Muqaddas qandaydir tez oʻzgardi, yuzidagi sovuq ifoda bir zumda muloyim tabassum bilan almashdi.
— Yoʻq, unaqa emas, unaqa deb oʻylaganim yoʻq, — dedi u yerga qarab: — shunchaki... Yuring, skverdagi parkka bora qolaylik! — toʻsatdan taklif qildi Muqaddas va qandaydir shoʻx porlagan qora koʻzlarini oʻynatib kulib qaradi. — Ana, mashina ham kelyapti! Xoʻp deya qoling, Sharif aka!

Muqaddas mendan kulardi, albatta! U mening «xoʻp» demasdan ilojim yoʻqligini, uning har qanaqa talabini bajarishligimni bilardi-yu, tagʻin mendan najot soʻrardi!.. Shoʻx koʻzlarini oʻynatib, oq koʻngil va pok qizlardagina boʻladigan begʻubor bir noz bilan jilmayib, oʻzining «gʻolib» kelishini bilib turib, yana ijozat soʻrardi!

«Bu qiz oldida oʻzimni juda yerga urib yubordim, chamasi. Menda na yigitlik izzat-nafsi, na gʻurur, na iroda qoldi» — deb oʻyladim ichimda. Buni oʻzim ham seza boshlagan edim. Lekin unga qarshi chiqishga kuchim yetmas edi. Bu safar ham yana taslim boʻldim.

Koʻnglimda uygʻongan gʻazab va alam uning «xoʻp deya qoling», deb bir kulib boqishidayoq tarqab ketdi, lekin uning yana shunday kulib boqishi va shunday iliq soʻzlarini eshitgim kelgani uchun boʻlsa kerak, avtobusda ketayotganimizda atayin qovogʻimni solib oldim. Muqaddas bir-ikki marta yer ostidan menga kulimsirab qarab qoʻydi. Lekin buni koʻrib koʻrmaganlikka soldim.

Muqaddas meni astoydil xafa boʻldi — deb oʻyladi shekilli, xiyobonning yoniga kelib avtobusdan tushganimizda yuzimga allaqanday gunohkorona tikilib:
— Men sizga ishonmaganim uchun emas, shunchaki... Oʻzingiz bir oʻylab koʻring: yaxshi emasda — dedi va qizarib qoʻshimcha qildi:
— Qoʻying endi, shunaqa qilmang!

Soya joyga nur tushgandek koʻnglim birdan yorishib ketdi:
— Nima qildim?
— Shunaqa... Biram qovogʻingizni solib oldingiz-ki!..

Ikkimiz baravar kulib yubordik, oramizda gʻov boʻlib turgan noma’lum toʻsiq ham koʻtarildi-da, goʻyo bir-birimizga yana ham yaqinroq boʻlib qoldik.

Xiyobonda odam koʻp edi, institutga kirish imtihonlarini topshirayotgan yosh-yalanglarning hammasi goʻyo boshqa yerdan joy topolmagandek shu yerga kelgan, ular xiyobonning eng xilvat burchaklarigacha egallab olgan edilar. Qizil qum sepilgan alleyalarning oʻrtasidan oʻtarkanmiz, skameykalarda oʻtirgan yigitlarning bizga tikilib qarab qolayotganlarini koʻrdim, bir vaqtning oʻzida ham gʻazabim qoʻzgʻar, ham nimagadir faxrlanardim. Muqaddas esa uyalganidan yuzlari gul-gul yonib, yana ham jozibali koʻrinar, u koʻzlarini yerga tikib borgan sayin jadallab borar va tekis yerda ham hadeb qoqilar edi.

Nihoyat xiyobonni bir aylanib, qaytib chiqayotganimizda, eshikka yaqin joydagi estrada teatrining orqasida bitta boʻsh skameykani koʻrib qoldik.

Muqaddas xuddi uni bizdan burun boshqalar egallab olishidan qoʻrqqandek, chopib borib oʻtirib oldi.

Skameykaning ikki yonida ikki tup koʻk terak qad koʻtargan, lekin uning soyasi quyuq emas, yaproqlari orasidan sirgʻanib oʻtgan nurlar xuddi shoyi quroqlardek parcha-parcha boʻlib yerga tushib turardi. Skameykaning oldiga sepilgan qizil qum ham qoʻgʻirmochdek qizib ketgan edi. Lekin Muqaddas oʻtirgan hamon:
— Yaxshi joy ekan-a? Hech kim xalaqit bermaydi! — dedi-da, nimagadir oʻz-oʻzidan quvonib tevarak-atrofga bir qarab qoʻydi. — Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri, — dedim. Uning «Hech kim xalaqit bermaydi» degan soʻzlari qulogʻimga juda issiq eshitilgan, oʻrtamizni boʻlib turgan masofa goʻyo yana bir-ikki qadam qisqargandi.

Muqaddas qoʻliga ximiya darsligini oldi.
— Boʻldi! Endi kim gapirsa ham...
— Kinoga bilet olsin! — dedim men. Muqaddas «juda mugʻombirsiz-a?» degan ma’noda bir qarab qoʻydi-yu, indamasdan oʻqishga kirishdi. Men uning nimadan boshlashni soʻrab ham oʻtirmasdan kitobning toʻgʻri kelgan joyidan sharillatib oʻqib ketganidan sal oʻtmasdanoq toʻxtashini sezib, yon tomondan qaraganda juda nafis koʻringan mayin qoshiga, jimir-jimir terlagan peshonasidagi soch tolalariga tikilib, koʻnglim allaqanday nurga, baxtga toʻliq oʻtirardim, lekin qulogʻimga hech narsa kirmas edi.

Toʻsatdan, xuddi men oʻylaganday Muqaddas oʻqishdan toʻxtadi, goʻyo bu kitobni sira qoʻliga qaytib olmaydigandek, chetga otib:
— Siz qoʻrqyapsizmi? — deb soʻradi.
— Yoʻq, — dedim, — nimadan qoʻrqaman?
— Men shunday qoʻrqyapman, qoʻrqyapman, shunday qoʻrqyapmanki, qoʻlimga kitob olgim kelmay qoldi! — dedi Muqaddas va har safargidek birdan oʻychanlik choʻkib, ma’yus boʻlib qolgan koʻzlarini bir nuqtaga tikib, keyin qoʻshimcha qildi:
— Oʻqishga kirolmay qolishimdan emas, sharmanda boʻlib uyga qaytib borishdan qoʻrqaman... Rostini aytsam dadamni xafa qilishdan qoʻrqaman, — dedi Muqaddas, soʻngra gap oʻz-oʻzidan Bekobodga, ularning oilasiga oʻtib ketib qoldi...

Muqaddasning onasi oʻzini bolalariga fido qilib, faqat ularning baxtini oʻylab, uyida oʻtirib qolgan sodda ayollardan ekan, otasi zavodda master boʻlib ishlarkan. Lekin u kishi masterlikka oʻqish, ilm orqali emas, peshona teri toʻkib, mehnat bilan erishgan odamlardan ekan. Ularning juda koʻp farzandlari boʻlgan, lekin hozir faqat Muqaddas bilan uning ukasi qolgan, ikkita akasi urushda halok boʻlgan, hozir Muqaddas bu oilaning eng katta farzandi ekan. Shuning uchunmi, yoki otasi oʻzi oʻqiy olmasdan koʻp zahmat chekkani uchunmi, ishqilib, koʻpdan beri Muqaddasni oʻqitib, muhandis qilish orzusi koʻngliga qattiq oʻrnashib qolgan ekan. Uylariga mehmonlar kelganda, doʻstlari bilan chaqchaqlashib oʻtirgan chogʻlarida dadasi hamisha qizini chaqirib, ularga koʻrsatar, yaxshi oʻqishini aytib maqtar va qizim albatta injener boʻladi, — deb oʻzi ham faxrlanib qoʻyarkan.

Bizning taqdirimizdagi bu kutilmagan oʻxshashlik meni ham taajjubga solib qoʻygan, ham qattiq quvontirgan edi.

Muqaddasning ota-onasi toʻgʻrisidagi qizlarga xos boshqacha bir mehr-muhabbat bilan qilgan hikoyasini tinglarkanman, ularni hech qachon koʻrmagan boʻlsam ham, nazarimda qaerdadir uchratgandek, biladigandek tuyular, goʻyo ularni koʻpdan beri taniyman, yaxshi koʻraman. Koʻnglimda halitdanoq ularga nisbatan qandaydir bir farzandlik tuygʻusi uygʻongan, ularga bir yaxshilik qilish istagi tugʻilgan edi. Menga negadir ayniqsa uning dadasi yoqib qolgan edi. Koʻnglimda goʻyo u menga mehribon bir ota boʻlishiga, men esam frontda halok boʻlib ketgan oʻz padarimni, topib olishimga ishonch uygʻongan edi...

Muqaddasning onasi oʻzini bolalariga fido qilib, faqat ularning baxtini oʻylab, uyida oʻtirib qolgan sodda ayollardan ekan, otasi zavodda master boʻlib ishlarkan. Lekin u kishi masterlikka oʻqish, ilm orqali emas, peshona teri toʻkib, mehnat bilan erishgan odamlardan ekan. Ularning juda koʻp farzandlari boʻlgan, lekin hozir faqat Muqaddas bilan uning ukasi qolgan, ikkita akasi urushda halok boʻlgan, hozir Muqaddas bu oilaning eng katta farzandi ekan. Shuning uchunmi, yoki otasi oʻzi oʻqiy olmasdan koʻp zahmat chekkani uchunmi, ishqilib, koʻpdan beri Muqaddasni oʻqitib, muhandis qilish orzusi koʻngliga qattiq oʻrnashib qolgan ekan. Uylariga mehmonlar kelganda, doʻstlari bilan chaqchaqlashib oʻtirgan chogʻlarida dadasi hamisha qizini chaqirib, ularga koʻrsatar, yaxshi oʻqishini aytib maqtar va qizim albatta injener boʻladi, — deb oʻzi ham faxrlanib qoʻyarkan.

Bizning taqdirimizdagi bu kutilmagan oʻxshashlik meni ham taajjubga solib qoʻygan, ham qattiq quvontirgan edi.

Muqaddasning ota-onasi toʻgʻrisidagi qizlarga xos boshqacha bir mehr-muhabbat bilan qilgan hikoyasini tinglarkanman, ularni hech qachon koʻrmagan boʻlsam ham, nazarimda qaerdadir uchratgandek, biladigandek tuyular, goʻyo ularni koʻpdan beri taniyman, yaxshi koʻraman. Koʻnglimda halitdanoq ularga nisbatan qandaydir bir farzandlik tuygʻusi uygʻongan, ularga bir yaxshilik qilish istagi tugʻilgan edi. Menga negadir ayniqsa uning dadasi yoqib qolgan edi. Koʻnglimda goʻyo u menga mehribon bir ota boʻlishiga, men esam frontda halok boʻlib ketgan oʻz padarimni, topib olishimga ishonch uygʻongan edi...

Muqaddasning ota-onasi, oʻrtoqlari, ona shahri haqida, goh ma’yus, goh quvonchga toʻlib aytayotgan hikoyasini eshitarkanman, koʻnglimdagi bu istak-orzular ham gurkirab oʻsib borar, yana xayol daryosida suzardim.

Men halitdanoq bir kun emas bir kun Muqaddas bilan birga chamadon koʻtarib Bekobodga borishimizni koʻz oldimga keltira boshlagan edim... Biz shaharning bir chetidagi shaftoli, oʻrik va olchalarning quyuq soyasiga koʻmilgan shinamgina hovlilariga kirib boramiz... Bizni eshikda chol-kampir kutib oladi. Koʻzlaridagi yoshlarini artib, peshonalarimizdan oʻpadilar, uzoq umr tilab, duo qiladilar...
— Ie, doim shunaqa qilasiz-a? Hushingiz joyidami oʻzi? Yuring!

Uyqudan uygʻongandek choʻchib ketdim. Kitob-daftarlarini qoʻltiqlab olgan Muqaddas skameykaning oldida menga taajjub bilan qarab turardi.
— Qayoqqa? — dedim.
— Ketamiz...

Muqaddasning qoshlari chimirilgan, koʻzlarida allaqanday bir qat'iyatlik bor edi.
— Nega endi? — dedim hayron boʻlib.
— Qoʻying, birga dars tayyorlay olmas ekanmiz... Men unga boshqa savol bermadim.

Shu topda mening koʻnglimda nimalar boʻlsa, uning koʻnglida ham shunga oʻxshash bir narsa boʻlayotganini payqagan edim. Faqat uni bir-ikki kun koʻrolmay qolishdan qoʻrqib:
— Agar erta-indin bir uchrashsak... — deb gap boshlagan edim, Muqaddas:
— Yoʻq, endi imtihonda uchrashamiz, — dedi ogʻzimdan soʻzimni olib.

Biz indamasdan parkdan chiqdik va xayrlashib, ikkimiz ikki tomonga ketdik. Uch-toʻrt qadam bosmasdanoq orqamga oʻgirilib qaradim, xuddi shu payt Muqaddas ham qaradi-da, sadaf tishlarini chaqnatib bir kuldi.

Qanday ajoyib qiz!

Toʻsatdan kechagi qarorimni unutib qoʻyganimni, Muqaddasga sevgim toʻgʻrisida bir ogʻiz aytmaganimni esladim. Esladimu beixtiyor kulib yubordim: unga bu haqda gapirib oʻtirishga hojat qolmagan, chunki u ham meni sevishiga endi ishonaversam boʻlardi. Endi oldimda boshqa maqsad turardi. Qanday boʻlmasin oʻqishga kirishim kerak edi!

* * *

Nihoyat, bizning taqdirimizni yechadigan soʻnggi imtihon ham keldi. Bu safar uning qanday oʻtganini, qanday savollar tushganini hikoya qilib oʻtirmayman. Buning keragi ham yoʻq, faqat shuni aytishim mumkinki, soʻnggi imtihondan yana Muqaddas toʻrt oldi, men besh olib chiqdim. Bunga Muqaddasning oʻzi sabab boʻldi. Oʻtgan imtihonda uning oʻrniga kirib uch olganim unga juda qattiq tekkan ekan, bu safar mening xohish bildirishimga qaramasdan oʻz navbatida kirdi va xuddi oldindan kutgandek, toʻrt olib chiqdi. U shunday ruhi tushib, lablari titrab chiqdiki, yiqilibdi degan xayolga borib shoshib qoldim. Lekin «toʻrt» olganini eshitib koyib berdim. Yugurishib kelib, qurshab olgan qiz-yigitlar ham uni urisha boshladilar:
— Ikkita toʻrtga shuncha xafa boʻlasizmi?
— Siz qoʻrqmasangiz ham boʻladi, oʻn sakkiz u yoqda tursin, oʻn yetti bal olganlarni ham qabul qilishadi!
— Sizni qarang, men toʻrt olsam doʻppimni osmonga otgan boʻlardim!

Bu samimiy gaplar Muqaddasning koʻngliga taskin berdi shekilli, men imtihonni topshirib chiqqanimda xiyla oʻziga kelib qolgan edi.
— Ana, men nima degan edim? — dedi qoshlarini chimirib va hayajonli ovozda davom etdi.
— Dekanatga chiqdim. Qizlarning gapi rost ekan. Oʻn sakkiz bal olganlarni qabul qilishimiz aniq deyishdi!
— Endi koʻnglingiz joyiga tushdimi? Muqaddas kuldi.
— Hali insho nima boʻlishini ayting! Domla ogʻrib qolgan ekanlar. Bugun kelibdilar. Natijasini tushdan keyin eshittirishar emish, — dedi u va qoʻlidagi kichkina soatiga koʻz tashlab qoʻshimcha qildi:
— Nima boʻlsa ham tezroq eshittirisha qolishsa boʻlardi.

Koʻchaga chiqib bir aylanib kelishni taklif qildim.

Muqaddas bu safar odatdagidek iymanib, tortinib turmadi. Aksincha sevinib ketib: «Limonad ichib kelamiz!» dedi.

Biz koʻchaga chiqdik-da, quyuq soya tushgan xiyobonlardan parkka qarab ketdik. Koʻchada odam koʻp edi. Har qachongidek ular bizga qarab oʻtar, ayniqsa yosh yigitlar mening rashkimni keltirib Muqaddasga suqlanib tikilardi. Shu rashkdanmi, yo Muqaddasning yaqinligidanmi, bilmadim, oʻzimni xuddi lovillab yonayotgan gulxanning taptida toblanayotgandek his qilardim, a’zoyi badanimdan lovillab oʻt chiqib borardi. Muqaddas esa (ajabo!) goʻyo hech narsani sezmas, u nimagadir sevinar, hadeb kular, yuzlari gul-gul yashnab, oʻtkinchilarning diqqat-e’tiborini yana ham oʻziga tortar edi. Undagi bu sababsiz shodlik asta-sekin menga ham oʻtdi-yu, koʻnglimdagi gʻashlikni tarqatib yubordi.

Muqaddasning nimagadir sal rangi oʻchdi. U qandaydir taajjub choʻkkan koʻzlarini yuzimdan uzib chetga qaradi.
— Men bugun... soat toʻrtda Bekobodga ketmoqchi edim.
— Shunaqami? — dedim, — mayli, yoʻlingizdan qolmang...

Ovozim titrab ketdi. Muqaddas yuzimga bir qaradi-yu, boshini keskin silkitdi:
— Yuring!

Biz oʻsha parkka, atigi yarim soat oldin xushvaqt boʻlib, oʻynab-kulib chiqib ketgan parkka qaytib keldik. Parkda odam siyrak edi. Odatda boʻsh yotmaydigan xilvat joylardagi skameykalarning koʻpchiligi butunlay bugun kimsasiz boʻlib, institutlarda imtihon tugab qolganligini koʻrsatib turardi. Biz nimagadir bu xilvat joylarda toʻxtamas, toʻxtashni na u, na men taklif qilardik. Umuman mendagi boyagi qat'iylik qayoqqadir yoʻqolgan, Muqaddasning «yuring» degan keskin gapidan keyin birdan past tushib, jur'atsiz boʻlib qolgan edim. Muqaddas esa mening nima demoqchi ekanimni yaxshi sezsa kerak, institutdan oʻzi boshlab chiqqan boʻlsa ham, endi gap ocholmas, ogʻziga soʻk solgandek, churq etmasdan yerga tikilib borardi.

Parkning eng oxiriga borganda, oʻng qoʻldagi qizil qum sepilgan torgina yoʻlning boʻyida chirmoviq bilan qoplangan kichik bir soyabon koʻrindi. Biz unga koʻzimiz tushishi bilan xuddi oldindan ahdlashib qoʻygandek indamasdan baravar burildik...
— Men sizni deb... yolgʻiz siz uchun! — dedim nihoyat.

Muqaddasning boshi yana ham pastroq egildi.
— Qoʻying, unaqa demang! — dedi u sekin titroq ovoz bilan.
— Nimaga demas ekanman? Axir men sizni shunchali...

Muqaddas sekin boshini koʻtarib pastdan yuqoriga qaradi. Uning uchlari egilgan uzun kipriklari orasida goʻyo gul chanoqlariga qoʻngan shudringdek tiniq yosh tomchilari yaltirab, allaqanday titrab turardi.
— Menga ishonmaysizmi? — dedi u, dedi-yu, lablari xuddi oʻksigan bolaning lablaridek pirpirab ucha boshladi, kipriklari orasidagi tiniq tomchilar koʻpayib, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.
— Muqaddas! — dedim uning qoʻllaridan ushlab.
— Agar ishonsangiz... bunaqa demang...

Men indamasdan uni oʻzimga tortdim, hali oʻzimga, baxtimga, uning boʻsa berishga rozi ekaniga ishonmasdan bagʻrimga bosdim. Muqaddas jindek ham qarshilik qilmadi, u goʻyo bogʻbonga boʻyin eggan yosh niholdek itoatkorlik bilan koʻkragimga boshini qoʻydi...

Bir minutga bu olam, oyoqlarim ostidagi men tugʻilib katta boʻlgan bu yer, tepamdagi bu zangori osmon... hammasi qayoqqadir yoʻqoldi-yu, Muqaddas bilan ikkovimizgina tanho qoldik, xolos...

Uning lablari xuddi bahor quyoshini emgan lolani eslatar, lola yaproqlaridek mayin va iliq edi, ularda togʻ shabadasi tegib yaproq yozgan chechaklarning ajib tarovatli isi bor edi. Sochlaridan, ajoyib qoʻngʻir sochlaridan rayhon hidi kelardi...

Mana, bir oy boʻptiki, men shu mas'ud damni, shu boʻsani orzu qilardim: lekin uni qoʻmsab kechalari uyqu koʻrmay tong ottirgan chogʻlarimda ham men bu lablarning bunchalik totli boʻlishini bilmagan edim, men bitta boʻsa xuddi chanqoqni qondiradigan bir piyola buloq suvi kabi qalbimdagi butun alam va iztiroblarni bosa oladi deb oʻylamagan edim!.. Ajabo, bitta boʻsa koʻnglimdagi hamma chigallarni yechib tashlagan edi.

Parkdan chiqib Muqaddas bilan birga yana institutga tomon borarkanman, oʻzimni asfalʼt ustida emas, goʻyo pat gilam ustida yurib ketayotgandek his qilardim, lablarimda hamon lablarining baxmal mayinligini sezardim, dimogʻimga urayotgan rayhon hididan boshim aylanardi... Faqat institutga kirganimizda va men eshikda qolib, Muqaddas «bir minutga» qabul komissiyasi joylashgan xonaga chiqib ketganidagina endi men uchun bu binoning eshigi yopilgani esimga tushib, yana yuragim bir qisilib qoʻydi. Soʻng oyimga telefon qilmaganimni eslab, eshikdan kirgan joydagi telefon-avtomatga bordim.

Oyimning qoʻrqqan, titroq ovozi uzoqdan juda gʻalati eshitildi.
— Nima deding? Nimaga uch boʻladi?
— Nimaga boʻlardi? Yomon yozganim uchun-da! — dedim men ensam qotib.
— Dadangga aytdingmi?
— Nima deyman?
— Darrov ayt! Tentak boʻldingmi? Senga aytyapman, eshityapsanmi — darrov topib ayt!
— Xoʻp!

Yuqoridan Muqaddasning tushib kelayotganini koʻrib trubkani ilib qoʻydim.

«Endi bir qilmagan ishim imtihondan yiqildim,— deb Salim Karimovichga yigʻlab borishmi?»

Men uning qanday qilib uch olganimni sinchiklab uzoq surishtirishini, achchigʻi chiqib poʻngʻillashlarini koʻz oldimga keltirdim.
— «Yoʻq, oʻlsam ham bormayman!»

Muqaddas kulgisini, quvonchini yashirishga harakat qilar, lekin qirgʻoqqa sapchigan toshqindek, shodlik yuziga tepib, koʻzlarida jilvanib turardi.
— Oʻn sakkiz bal olganlarning kirishi shak-shubhasiz emish! — dedi-da, koʻnglimni koʻtarish uchun boʻlsa kerak: — Aqalli oʻn yetti balga ham yetolmadingiz-da!— deya qoʻshimcha qildi.

Boyagi igna yuragimga yana bir qadaldi.

U darhol Bekobodga joʻnamoqchi ekaninin aytdi, shunday aytdiki, goʻyo mendan ijozat soʻradi. Men uni kuzatib qoʻymoqchi boʻldim. U qarshilik bildirmadi. Umuman ilgari kinoga borishga koʻnmay yurgan bu qiz, bugun bitta ham iltimosimni rad etmas, goʻyo bu bilan qalbimdagi yaraga malham berardi. Mening esa bunga ham koʻnglim toʻlmas edi. Keyinchalik men, Muqaddasning muvaffaqiyati va oʻz muvaffaqiyatsizligim oʻsha kuni meni qandaydir injiq va xudbin qilib qoʻyganini, umuman men oʻzimni oʻgʻil bolalarcha tutmaganimni koʻp marta uyat bilan eslardim. Ammo oʻsha vaqtda men buni sezmasdim. Aftidan, xuddi shunday injiqlikning ta’sirida boʻlsa kerak, vokzalda poezd kutib oʻtirganimizda, men chiday olmadim-da, bizning munosabatimiz kelajakda qanday boʻlishini bilmoqchi boʻldim...

— Keyin. Men qaytib kelay, keyin gaplashamiz! — dedi Muqaddas va endi boyagidek yigʻlab emas, kulib turib soʻradi:
— Bir nimadan shubha qilyapsizmi?
— Yoʻq, nega? — dedim duduqlanib.

Muqaddas bir zum jim qolgach:
— Endi nima qilmoqchisiz? — deb soʻradi.
— Nima qilardim, ishlayman, — dedim va bu soʻzlarim Muqaddasning yuzida qandaydir iliq va shod tabassum uygʻotganini koʻrib qoldim.
— Agar yiqilganimda men ham ishlardim, — dedi Muqaddas nimagadir hayajonlanib, — Oʻzimizning metall zavodimizga kirib ishlardim. Siz ham zavodga kiring. Bunaqa yurishdan hech bir foyda yoʻq...

Men mashinasozlik zavodining bir yillik tajribaga ega ishchisi ekanimni aytmoqchi edim, poezd joʻnaydigan boʻlib qoldi. Shoshib xayrlashdik. Muqaddas vagonning zinapoyasiga chiqayotib qulogʻimga shipshidi:
— Ikki-uch kunda qaytib kelaman. Yotoqxonaga keling, kutaman. Xoʻpmi?

Poezd uzoqlashib, uning shamolda hilpiragan oq shoyi koʻylagi koʻzdan yoʻqolguncha qarab turdim.

Koʻnglim endi mutlaqo tinchigan edi. Quloqlarim tagida «Yotoqxonaga keling. Kutaman...» degan soʻzlari takrorlanar va yuragimga allaqanday osoyishta va soʻnmas bir shodlik bagʻishlar edi.

Koʻchada, qayoqqa borishimni oʻylab, bir nafas turdim, soʻng birdan qandaydir yengil tortib, quvonch bilan qaror qildim — zavodga!

Zavodni eslashim bilan boʻlib oʻtgan hamma voqea qayta esimga tushib, oʻzimdan oʻzim uyalib ketdim. Lekin shu zahotiyoq «shunchalik xijolat boʻladigan biron jinoyat qildimmi?» — deb oʻzimni yupatib qoʻydim, koʻnglim oʻsha osoyishta, yorugʻ quvonchga toʻlib, avtobus bilan zavodga joʻnadim.

* * *

Zavodga birinchi smena ishini tugatib, navbatdagi smena ishga tushadigan paytda yetib bordim. Avtobusdan tushib zavodning qizil gʻishtdan qurilgan baland qoʻrgʻoniga qarab yurganimda, darvozadan ishchilar ham toʻp-toʻp boʻlib chiqa boshladilar. Oʻrtoqlarimni koʻchada kutsam ham boʻlardi-yu, sexni, stanogimni bir koʻrib ketish niyatida ichkariga kirdim. Darvozadan kiraverishda yarim gektar kelar-kelmas gulzor bor edi. Gulzorning oʻrtasida zavodning hurmat taxtasi, ba’zi stendlarga zavod fizkulʼturachilari olgan kubok va faxriy yorliqlari qoʻyilgandi.

Gulzorning orqasida, to koʻz ilgʻamas joylargacha, bir-biriga parallelʼ qurilgan baland oynavand sexlar qad koʻtargandi. Ular xuddi katta parniklarni eslatardi.

Bizning mexanika seximiz gulzorning orqasidagi uchinchi binoga joylashgan.

Hovliga kirishim bilan gulzorning oʻrtasidan oʻtgan yoʻlning chap tomonida, kichkina sement hovuzchaning yonida toʻplanib turgan brigadamiz yigitlariga koʻzim tushdi. Mening toʻgʻrimda qandaydir gap ketayotgan boʻlsa kerak, darvozadan kirishim bilan yigitlardan biri:
— Ana, oʻzi ham keldi! — deb yubordi. Hovuzning yoniga tiz choʻkib, soqol qirtishlayotgan Kuloyans:
— Olamda bormisan, akademik? — dedi koʻpik chaplashgan yuzini burib, — Izlamagan joyimiz qolmadiku? Qayoqlarda yuribsan?
— Nima gap oʻzi? — dedim, yigitlar bilan koʻrisharkanman, lekin gʻovur-gʻuvur boʻlganidanmi, bilmadim, hech kim menga javob bermadi.

Beligacha qip-yalangʻoch boʻlib, kranning suviga yuvinayotgan Toʻlagan dabdurustdan.
— Oʻrtoqlar, tunov kuni men buni bitta jonon bilan boshlashib yurganini koʻruvdim! — dedi itoatsiz sochlarini artarkan. — Ammo jononi ja zoʻr ekan!
— Shuning uchun oʻqishga kirmasdan qochib yurgan ekan-da, — deb kimdir orqamdan gap otgan edi, hammasi birdan qah-qah otib kulib yuborishdi.
— Nima gap oʻzi? Nimaga qidirdilaring? — dedim yuragim poʻkillab.

Soqolini olib boʻlib yonimga kelgan Kuloyans yelkamga bitta tushirdi:
— Jononga oshiq boʻlaman deb aqlu hushingdan ayrilibsan-da! Tunov kungi gaplar esingdan chiqdimi?

Brigadamiz ilgʻor mehnat brigadasi, degan nom olmoqchi-yu, sen boʻlsang laqillab yuribsan. Qoyilman sendaqa akademikka!
— Odamlarni chalgʻitma! — dedi Toʻlagan paxmoq sochiq bilan muskullari boʻrtib turgan badanini qizartirib artarkan, — nom olish uchun kurashga bel bogʻlamoqchimiz degin! Hali poygada oʻzib kelsang olasan bu nomni!

Men gʻashim kelib: «E, qoʻysang-chi bu soxta gaplarni. Bu quruq safsatalarga oʻzing ham ishonmaysan-ku?» deb baqirgim keldi, lekin bir yil bir sexda birga ishlashib, ancha doʻstlashib qolganimiz uchunmi, ularni ranjitgim kelmadi. Shu payt: «E, Sharifjon kepti-da», — degan yoʻgʻon, doʻrilloq ovoz eshitildi:

Sulaymon aka ham Toʻlaganlarga oʻxshab odatdagi ishchi korjomasi oʻrniga yangi kostyum-shim kiyib, boʻyniga galstuk taqib olgan edi. Men buni koʻrdimu, hamma gapga tushundim.

Demak, hozir majlis boʻladi. Majlisda bular meni oʻrtaga olib toza poʻstagimni qoqishadi. «Ilgʻor brigada» degan nom olayotganimizda ishdan qochyapsan, deb rosa izza qilishadi».

Shu haqda oʻyladimu, yurak yutib, Sulaymon akaga:
— Sizga bir ogʻizgina gapim bor edi, — deb iltijo qildimda, u kishining javobini ham kutmasdan yoʻlakka chiqdim:

Sulaymon aka kulimsirab:
— Ha, nima gap, tinchlikmi oʻzi, oʻgʻlim? — deya orqamdan chiqdi.

Shu topda oʻzim juda toʻlib turgan ekanmanmi, yo Sulaymon akaning iliq muomalasi sabab boʻldimi, ishqilib shu zalning oʻzidayoq u «oʻgʻlim» deb gap boshlashi bilanoq, ogʻzidan soʻzini olib, boʻlgan voqeani soʻzlay ketdim. Hayajonlanib, duduqlanib gapira boshladim. Sulaymon aka palapartish hikoyamni tippa-tik turganicha oldin kulimsirab (aftidan, mening samimiyligimdan sevinib), soʻngra qoshlarini chimirib, oʻychan koʻzlarini bir nuqtaga tikib, indamasdan eshitdi. Gapirib boʻlganimda klubda bitta ham odam qolmagan, boʻsh zalda faqat ikkimiz turardik. Nihoyat Sulaymon aka koʻzlarini bir nuqtadan uzib, yuzimga tikildi.

— Агар сўнгги имтиҳондан ҳам яхши ўтганингда... бу ерга қайтиб келмас экансан-да, шунақами? — деб сўради.

— Ha, — deya bosh irgʻatdim.

Uning yuziga qarashga jur'at etmasdim, gapni oʻzim boshlagan boʻlsam ham yuragimda bor gapni aytib boʻlganimdan keyin birdan oʻzimni yoʻqotib qoʻydim.

Juda uzoq tuyulgan jimlikdan keyin Sulaymon aka:
— Ertalab oying uyda boʻladimi? — deb soʻradi.
— Boʻlsalar kerak.
— Aytib qoʻy: ertalab soat sakkizlarda boraman, yoʻldan kirib oʻtaman.

Yalt etib uning yuziga qaradim. Sulaymon aka oʻsiq qoshlarini chimirib, oʻychan koʻzlarini bir nuqtaga tikib, uzun, dagʻal barmogʻi bilan uchlari sargʻayib qolgan moʻylovini silab turardi. Boshimni koʻtarishim bilan u ham qaradi, tomirlari boʻrtib chiqqan katta, yalpoq kaftini choʻzdi: — Xoʻp, gap shu! — dedi u, — ertaga uchrashamiz! «Nima demoqchi? Oyim bilan nima toʻgʻrisida gaplashmoqchi?» xayolimda shu notinch oʻylar bilan uyga ketdim...

* * *

Uyga kun botib, qosh qorayib qolganda kirib bordim. Oyim gulzorning oʻrtasidagi supada ikki qoʻlini tizzasiga qoʻyib, allaqanday oʻychan, gʻamgin bir vaziyatda oʻtirar, oq shoyi koʻylagining ustidan popukli ipak kamar taqib olgan Salim Karimovich esa supa bilan gulzor oʻrtasidagi bir parcha yerda u yoqdan-bu yoqqa borib-kelib turari. U kamarining bir uchini oʻng qoʻliga ushlab olgan va uning popugi bilan chap qoʻlini hadeb savalar, bu esa uning nimadandir bezovta boʻlayotganini koʻrsatardi. Eshik «gʻiyq» etib ochilishi bilan Salim Karimovich toʻxtadi. Koʻzoynaklari ustidan tikilib qaradi. Oyim choʻchib boshini koʻtardi. — Xayriyat! — dedi Salim Karimovich va nimagadir boshini chayqab uf tortib qoʻydi. — Biz seni deb qayoqlarga borib, ertalabdan beri chop-chop qilib yuribmiz-u, sen boʻlsang... Oʻz holingga yuribsan. Odam — degan ham shunaqa beparvo boʻladimi, oʻgʻlim?

Oyim indamasdan oʻrnidan turib oldimga keldi va allaqanday holsiz, charchoq ovozda:
— Qayoqlarda yuribsan, bolam?— dedi sekin. Uning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlganini koʻrib, shoshib qoldim.
— Qani yur, uyga kiraylik, — dedi Salim Karimovich qat'iy ovozda, — bir soat vaqt qoldi!

Hayron boʻlib bir oyimga, bir Salim Karimovichga koʻz tashladim. Salim Karimovich menga qarab mamnun kuldi:
— Bir balo qilib ishingni toʻgʻriladik, oʻgʻlim... Oʻrtoqlar iltimosimizni qaytarmadilar. Qani boʻla qol, inshoingni toʻgʻrilab kelganman, tezroq koʻchirib ber!..

Shoshganimdan:
— A?! — deb yubordim. Salim Karimovichning bu xabaridan quvonish kerakmi, yoʻqmi, buni hali oʻzim ham yaxshi tushunib yetmasdanoq, yodimga Sulaymon Akramovich tushdi. Tushdi-yu, koʻnglimning bir chetiga «yarq» etgan shodlikka sovuq suv sepilgandek boʻldi.
— Yoʻq, foydasi yoʻq, — dedim. — Endi foydasi yoʻq...

Bu soʻzlarni sekin aytdim, lekin qiziq, shunday deyishim bilan Muqaddasni esladim!

«Nahotki toʻgʻrilash mumkin boʻlsa? Nahotki biz bir institutda, bir auditoriyada, bir joyda oʻtirib besh yil oʻqishimiz mumkin boʻlsa? Nahotki u bilan doim birga boʻlish baxtiga muyassar boʻlolsam?»
— A? — dedi Salim Karimovich, — qayta ayt: nima deding?
— Uyga kiraylik, uyga kirib gaplashaylik, — dedi oyim. Uning ovozida qandaydir qoʻrquv bor edi.
— Bu qandoq boʻldi? —dedi Salim Karimovich. U bunaqa javobni sira kutmaganidan boʻlsa kerak, koʻzoynagini dam qoʻliga olar, dam qayta taqib, bir oyimga, bir menga qarardi, — Oʻqishga xohishing yoʻq boʻlsa, ya’ni umrbod shu zavodda oddiy ishchi boʻlib oʻtaman desang... tagʻin oʻzing bilasan. Ammo bunday qulay payt turmushda bir keladi, oʻgʻlim. Sening oʻrningda boʻlsam uni qoʻldan bermas edim, tagʻin oʻzing bilasan!

Oyim qoʻlimdan ushladi:
— Yur, oʻgʻlim, uyga kiraylik...

Indamasdan oyimning ketidan uyga kirdim. Salim Karimovich nimagadir kirmadi.

Xayolim birdan toʻs-toʻpolon boʻlib ketgan, koʻnglimda bir-biriga zid hislar olishmoqda edi. Haqiqatan ham gʻalati ahvolga tushib qolgandim. Muqaddasni desam, boyagi ajoyib odamlardan, doʻstlarimdan ayirilishimni sezardim, lekin ularni desam... Muqaddas nima boʻladi?..

Oyim ayvondan uyga kirayotib eshik tepasidagi tugmachani bosdi. Uyni charaqlatib yuborgan lampochka nurida stolda turgan katta sopol tovoq toʻla oshni koʻrdim. Oshga hech kim qoʻl urmagan, aftidan, oyim uni menga suzgan-u, kelmaganimdan keyin oʻchoqqa qoʻyishni unutgan, osh sovib qolgan edi.
— Ovqatingni isitib beraymi? — dedi oyim. «Yoʻq» deb bosh chayqagandim, yuzimga tikildi.
— Qani oʻtir, nima gap oʻzi, tuzukroq tushuntir-chi?

Oyim qoʻlimdan tortib stulga oʻtqizdi-da, oʻzi ham chetda turgan stulni roʻparamga surib oʻtirdi. Lampochkaning koʻzni qamashtiruvchi oʻtkir yorugʻligida uning peshonasidagi koʻzlari va lablarining chetlaridagi ajinlari anigʻroq koʻrindimi, yo butun qiyofasidagi allaqanday mungli, ma’yus ifoda ta’sir etdimi, bilmadim, ishqilib, birinchi marta uning xiyla qarib, charchab qolganini aniq koʻrdim. Nazarimda uning dilida mendan, oʻz farzandidan yashirib yurgan bir dardi, nidosi bordek tuyuldi-yu, bir sekundga oyogʻiga choʻkkalab, uning tizzasiga bosh qoʻygim, yuvilaverib rangi oʻchib qolgan chit koʻylagiga yuzimni yashirib, orom olgim, hamma narsani unutgim keldi.. Lekin xuddi shu payt oyimning koʻzlaridagi ma’yuslik allaqanday sovuq bir ifoda bilan almashdi.
— Nimaga indamaysan? Qaqlarda tentirab yuribsan?

Bu sovuq ifodani koʻrmaslik uchun yerga qaradim, shu vaziyatda boʻlgan voqeaning hammasini aytib berdim, zavodga borganimni, doʻstlarimning qanday qarshi olganlarini, Sulaymon Akramovichga sirimni ochganimni va uning ertaga kelmoqchi boʻlgani — hammasini gapirib berdim, faqat Muqadas toʻgʻrisida hech nima demadim.

Oyimning koʻzlariga oʻychanlik choʻkkan edi. U yuzimga tikilib oʻtirar, lekin xayoli boshqa yoqlarda edi. Asta-sekin qalbimga tagʻin boyagi tuygʻular quyilib kela boshladi: tagʻin boyagidek uning mushtipar bir ayol ekanini, koʻnglining bir burchida mendan yashirib yurgan sirlari borligini oʻylay boshladim, biroq xuddi boyagidek tagʻin koʻnglim erib ketayotganda oyim gap boshladi:
— Sulaymon aka bilan oʻzim gaplashaman, — dedi u bosiq, ma’yus ovozda, — unga hammasini oʻzim tushuntiraman. Nechuk seni oʻqishga kiritishga bunchalik urinayotganimni oʻzingga ham aytib beraman, bolam. Ehtimol men notoʻgʻri qilayotgandirman. Biroq boshqa ilojim yoʻq. Buning sababini keyin tushuntirib beraman, bolam. Lekin... Sen hozir dadangning aytganini qil: inshoingni unga koʻchirib ber. Boʻlmasa kech qolamiz...

Toʻgʻrisini aytsam, koʻnglimning bir chetida qandaydir shubha bor edi. Oyim keltirgan, toʻgʻrirogʻi, inshoni yozib berganimdan soʻng aytadigan dalillari qanchalik salmoqli boʻlmasin, doʻstlarim oldida oʻzimni oqlay olmasligimni sezardim, lekin... koʻz oldimda kulib turgan Muqaddas, u bilan besh yil birga boʻlish istagi bu oʻylardan zoʻr chiqdi-yu, qanday qilib «xoʻp» deb yuborganimni oʻzi ham bilmay qoldim.

Oyim tashqariga chiqib birpasdan keyin dadamni boshlab kirdi. Nimagadir kulimsiragan, aftidan, oʻz ishidan mamnun boʻlgan Salim Karimovich qoʻlimga oʻrogʻliq qogʻozni berarkan:
— Qanaqa yozganingni bir koʻrib qoʻygin-u, qanaqa yozish kerakligini ham oʻrganib olgin, — dedi jilmayib, — kelajagingni shu qogʻoz hal qiladi. Ehtiyot boʻl, oʻgʻlim!

Bu oʻsha — Gulnor bilan Yoʻlchi toʻgʻrisida oʻz qoʻlim bilan yozgan insho edi. U qizil qalam bilan shunday tuzatilgan, shunday chizib tashlangan ediki, xuddi quroq koʻrpani eslatar, qalam tegmagan bitta ham jumla qolmagan edi. Men bunchalik tuzatishlarning sabablariga tushunmoqchi boʻlib, inshoni oʻqiy boshlagan edim, dadam qoʻlini yelkamga qoʻyib:
— Oldin koʻchirib ber! Keyin oʻqiysan! — dedi. Oyim bu gaplar mening izzat-nafsimga tegib ketishidan qoʻrqsa kerak:
— Boʻlaqol, bolam, tezroq koʻchirib beraqol, — dedi sekin.

Oyim qoʻrqmasa ham boʻlardi: Salim Karimovichdan xafa boʻladigan joyim ham yoʻq, haqim ham yoʻq edi.

Keyinchalik hamma narsa hal boʻlgandan keyin men har safar oʻsha daqiqalarni eslaganimda shunday uyalar, yuragimni shunday qattiq bir ogʻriq changallab olardiki ingrab yuborardim. Lekin u mahaldd birovning qoʻli bilan tuzatilgan inshoni koʻchirib naqadar katta xato qilayotganimni sezmas edim, chunki xayolim quvonchli bir fikr bilan band edi: — Endi Muqaddas ikkimizni hech narsa ajrata olmaydi!

Mening oʻrnimda hamma ham shu ahvolga tushib qolarmikin, yo men oʻzim shunchalik beqaror ekanmanmi, bilmadim, ishqilib, oʻshandan atigi bir soat oldin, majlis vaqtida qilgan afsuslarimni unutib, inshoni qayta koʻchirar edim. Majlis mahalida, u yerda joʻsh urgan mehnat ruhiga maftun boʻlib, Muqaddasni unutgan boʻlsam, endi oʻsha doʻstlarimni, oʻsha ajoyib ruhni unutib, yolgʻiz Muqaddasni oʻylardim...

Nihoyat yozib boʻldim. Salim Karimovich yozganlarimni oʻzi bir marta oʻqib chiqqach, biror soatda qaytib kelishni va’da qilib, oshnasining oldiga joʻnadi. U chiqib ketishi bilan oyimga qaradim: uning qoʻlida bu notoʻgʻri, iflos kirdikorni oqlaydigan qandaydir bir hujjat bor edi. Men bu hujjatni koʻrishni, vijdonim oldida oʻzimni oqlashni istardim! Oyim ham mening maqsadimni soʻzsizoq tushundi shekilli, uyning toʻriga borib, butun devorni qoplab olgan guldor choyshabni koʻtarib mixga ildi va taxmonda turgan katta eski sandiqning ustidagi koʻrpalarni bitta-bitta olib stolga qoʻya boshladi.

Men indamasdan uning ishini kuzatib oʻtirardim. Koʻrpalarni olib boʻlgach, oyim sandiqni ochdi-da, uning ichidan chetlari qirqilgan eski bir chamadon olib, oldimga qoʻydi. Chamadonni ochayotganida qoʻllari sekin titrayotganini payqab qoldim.

«Nega?! Men hamma baloni oʻzim qilib, yana aybni unga toʻnkab, diliga ozor berayotganim yoʻqmikin?..»

Chamadondagi narsalar oq shoyi bilan oʻralgan edi. Oyim shoyini koʻtardi va men ehtiyotkorlik bilan taxlangan bir chamadon xatlarni, eski konvertlarni koʻrdim. Ularning koʻpchiligi uch burchak xatlar boʻlib, sargʻayib, chetlari yirtilib ketgan, koʻk qalam bilan bitilgan ustidagi yozuvlari ham oʻcha boshlagan edi.
— Bu... otangning xatlari, — dedi oyim, dedi-yu, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi, — mana, oʻziniyam bir koʻrib qoʻy...

Oyim xatlarning tagidan katta bir konvert topib undan ikkita surat oldi va bittasini menga uzatdi.
— Frontda tushgan surati...

Bu — uzun boʻyli, chakka suyaklari turtib chiqqan, lunjlari ichiga botib ketgan qop-qora bir odamning surati edi. U jilmayib turar, lekin negadir, aftidan, juda ozib-toʻzib ketgani uchun boʻlsa kerak, yigʻlab turganga oʻxshardi. Uning boshida eski pilotka, egnida gʻijimlangan eski gimnastyorka, oyogʻida katta kirza etik, suratning tagiga esa qalam bilan «Leningrad, 1941» degan yozuv bitilgan edi. Koʻzim shu yozuvga tushdi-yu, yigʻlab turganga oʻxshagan bu qop-qora novcha odam yuragimga yaqin, mehribon, goʻyo mard va dovyurak bir kishiga aylandi, goʻyo «Leningrad, 1941» degan soʻzlar toʻsatdan yarq etib nur sochdi-yu, bu nur pilotka kiygan notanish odamning qalbini, ichki dunyosini, ruhini yoritib yuborgandek boʻldi...

«Otam!» Men bu soʻzni faqat xayolimda tilga olsam ham, u toʻsatdan koʻnglimni eritib yubordi. Ajabo: men bu soʻzni birinchi marta chin qalbimdan, samimiy tilga olishim edi...
— Mana, buni ham bir koʻrib qoʻy...— Oyim ikkinchi suratni choʻzdi, choʻzarkan; bilinar-bilinmas qizargandek va kulimsiragandek boʻldi.

Bu dadam ikkisining urushdan oldin oldirgan suratlari edi. Ikkisi ham yosh va baxtiyor edilar.
— Mana shu odam sening otang, oʻgʻlim, — dedi oyim sekin. — Men otang oldida gunohkor emasman, oʻgʻlim. Xohlasang, mana xatlarini ham oʻqib koʻr. Men juda yosh boʻlganim uchun... turmush qildim. Biroq men hanuzgacha... — Oyim entikdi, bir zum soʻzidan toʻxtab, roʻmolcha bilan koʻzlarini artdi, soʻngra oʻzgargan, bosiq ovozda davom etdi: — Men uni hanuzgacha unutganim yoʻq, oʻgʻlim. Shuning uchun uning bittayu bitta vasiyatini bajarmasam vijdonim oldida tinchiy olmayman. Uning bittayu bitta vasiyati — seni oʻqitish edi, oʻgʻlim, seni oʻqitib injener qilish edi. U oʻzi injener edi, yaxshi injener edi. Sening ham injener boʻlishingni orzu qilardi. Mana, uning oʻlim oldida gospitaldan yozgan xati. Ishonmasang, oʻzing oʻqib koʻr.

Oyim bir chamadon xatlarning orqasidan uch burchak qilinib buklangan va ustiga koʻk qalam bilan adres yozilgan sargʻish konvertni olib, menga choʻzdi.
— Gospitaldan, oʻlim oldida yozgan xati, — takrorladi oyim, keyin yuzimga qaramasdan sekin qoʻshimcha qildi:
— Otang qornidan yaralangan edi...

Xatni olmadim. Otam toʻgʻrisida yana bir ogʻiz soʻz eshitadigan boʻlsam, oʻzimni tutolmay qolishimni sezdimda, oʻrnimdan turib eshikka tomon yurdim. Oyim toʻxtatmadi: u mening qalbimdagi hislarni tushungan edi.

Tashqarida havo birdan oʻzgarib, shamol koʻtarilgan, hovlidagi olcha va oʻriklar sovuq kuz kelayotganini eslatib qattiq guvillar, shovillar edi. Tiniq, baxmaldek mayin osmonni toʻldirgan yulduzlar ham bugun odatdagidan boshqacharoq koʻrinar, muz parchalarini eslatib sovuq chaqnardi...

Ayvonning ustuniga suyanib bir nafas turdim. Daraxtlarni egib, guvillatib esayotgan shamol yuzimga urib, koʻnglimdagi gʻulgʻulani tagʻin ham kuchaytirib yubordi.

Derazadan oyimning soyasi koʻrindi: u koʻrpalarni joyiga yigʻa boshlagan edi. Sekin borib joyimga, olchalar orasidagi yogʻoch karavotga oʻzimni tashladim.... Shamol hamon gʻuvillar, daraxtlar kuzdagidek qattiq shovillar edi.

Oyimning gaplaridan keyin men uning oʻzicha haq ekanligini tushundim, lekin qiziq, dadamning xatlari, surati, oyimning hikoyasi koʻnglimni tinchitish u yoqda tursin, oʻylarimni toʻs-toʻpolon qilib yuborgan edi. Bu xatlar ehtimol oyimni oqlar, lekin meni-chi? Meni oqlarmikin? Bu oʻylardan qutulish niyatida boshimni koʻrpaga oʻradim.

* * *

Ertalab kun chiqar-chiqmas uygʻondim. Tundagi shamol tingan, osmon koʻm-koʻk, tiniq edi. Quyoshning ilk nurlari hovlidagi ikki tup mirzaterakning uchlarida jilvalanar, hammayoqqa qandaydir osoyishtalik choʻkkan, hovli suv sepgandek jimjit edi. Toʻsatdan uy tomondan Salim Karimovichning ovozi eshitildi. Hayron boʻlib muzdek olcha shoxlarini egib moʻraladim, chunki Salim Karimovichning bunaqa erta turadigan odati yoʻq edi. Uydan oyim bilan katta charm papkasini qoʻltiqlab olgan Salim Karimovich chiqdi. Norozi ovoz bilan sekin gapirmoqda edi:
— Men u odam bilan gaplashishni istamayman. Ammo ehtiyot boʻling. Bir chatoq chiqsa men ham, oʻrtoqlar ham uyatga qolamiz.
— Sulaymon aka gapga tushunadigan odam, — dedi oyim, — Oʻzim yotigʻi bilan tushuntirib qoʻyaman.
— Xoʻp. Ishqilib uyatga qolmaylik. Hozirgi paytda bu nihoyatda nozik masala...

«Insho toʻgʻrilanibdi!» Miyamda «yarq» etgan bu fikr nimagadir dilimni ravshan qilolmadi. Birdan Sulaymon aka keladigan vaqt yaqinlashib qolganini eslab, oʻrnimdan turdim. Qiziq, xayolimga kelgan birinchi fikr uydan tezroq chiqib ketish, u bilan uchrashmaslik, uni koʻrmaslik boʻldi. Kranga borib muzdek suvga boshimni yuvdim. Kiyinib endi chiqaman deb turganimda darvoza tomondan oyim koʻrindi.
— Inshoing toʻgʻrilanibdi, tabriklayman, oʻgʻlim! — dedi u kulimsirab. Lekin koʻzlari xuddi kechagidek ma’yus edi.
— Yoʻq, yoʻq, sen ketmagin, — dedi oyim Sulaymon aka bilan uchrashmaslik niyatida ketmoqchi boʻlayotganimni eshitib. — Soʻrab qolsa uyat boʻladi.

Oyimning hayajonlanayotganini tushundim-da, qaytib joyimga borib yotdim.

Koʻnglim gʻash edi, hatto nimadandir qoʻrqardim, bu qoʻrquv dilimga ozor berar, izzat-nafsimga tegar, lekin undan qutulishga ojizlik qilardim.

Darvoza takilladi. Oyim shoshib, tez-tez yurib oʻtib ketdi. Bir ozdan keyin Sulaymon akaning yasamaga oʻxshagan doʻrildoq ovozi goʻyo hovlini toʻldirib, jaranglatib yubordi:
— Choy-poyga ovora boʻlmang. Hammasi boʻlib besh minutga keldim, xolos. Qani, shu soʻrida oʻtira qolaylik.
— Uyga kiraylik, hali sizga aytadigan ancha gaplarim bor, — dedi oyim.

Sulaymon aka uyga kirish-kirmasligini bilmasdan ikkilandi shekilli, bir zum jim qoldi.
— Men siz bilan gaplashaman, deb kelsam, hali siz men bilan gaplashib qoʻyaman deng! Obbo siz-e... Sharifjon qani? Chaqiring uni!

Yuragim «shuv» etib oʻrnimdan turib ketdim. Lekin shu vaqt oyimning:
— «Sharifjon shu yerda, oldin oʻzimiz bir gaplashib olaylik, keyin uni ham chaqiramiz», — degan soʻzlari bilan koʻnglim bir oz oʻrniga tushgandek boʻldi.
— Hay, mayli, gapingiz boʻlsa eshitaylik, — dedi Sulaymon aka. — Ammo boshqa narsaga ovora boʻla koʻrmang. Shoshib turibman.

Sulaymon aka katta, ogʻir etiklari bilan yerni gurs-gurs bosib ayvonga chiqdi, keyin ikkisi ham uyga kirib ketdilar-u, ovozlari eshitilmay qoldi.

Oʻrnimdan turib oʻtirdim. Yuragim poʻkillab urar, bir oʻyim chopib borib suhbatlarini boʻlgim, «oʻqishni ham, ishni ham yigʻishtirib qoʻydim!» — deb baqirgim kelardi...

«Besh minut oʻtiraman», degan Sulaymon akaning uyga kirib ketganiga chorak soatdan oshiqroq vaqt oʻtdi-yu, lekin undan darak yoʻq edi.

«Nega bularning gapi juda choʻzilib ketdi? Yoki oyim menga koʻrsatgan xatlarini unga ham koʻrsatyaptimikin?» Toqatim toq boʻldi. Derazadan koʻrinib qolmaslik uchun kranni aylanib oʻtib, ayvonga yaqinlashdim. Ichkaridan Sulaymon akaning ovozi eshitilib turardi. Ustunning yoniga borganimda soʻzlari qulogʻimga aniq-aniq kira boshladi:
— Xoʻp, tagʻin oʻzingiz bilasiz, lekin qattiq yanglishayotganingizga shubham yoʻq! — derdi Sulaymon aka. — Bunga mening imonim komil, Rahimaxon! Shunday ajoyib ishchi, ajoyib odam boʻlib yetishayotgan oʻsmirni yoʻldan uribsiz-a? Bay-bay-bay!

Oyim bir nima deyayotgan boʻlsa kerak (uning ovozi eshitilmas edi), Sulaymon aka bir necha daqiqa sukut qildi, soʻngra ilgarigidan koʻra asabiy va qattiqroq ovozda:
— Men Sodiqni sizdan kam bilmayman! — dedi, — biz birga oʻqiganmiz, urushda ham birga boʻlganmiz! U Sharifning injener boʻlishini orzu qilardi. Bu — toʻgʻri! Lekin Sodiq hayot boʻlganida sira bu yoʻlga boshlamas edi. Siz uni boyvachchaga aylantirmoqchi boʻlyapsiz! Ammo gap uni boyvachcha injener qilib yetishtirishda emas, gap uni odam qilib yetishtirishda!

Toʻsatdan miyamda isyonkor bir fikr chaqnadi.

«Nima demoqchi? Meni odam boʻlmaydi demoqchimi? Yoʻq!» Ichkariga kirmoqchi boʻlib intildim-u, uydan Sulaymon akaning:
— Xoʻp, mayli, bilganingizni qiling! — degan gapini eshitib kirishga jur'at qilolmasdan yana toʻxtadim. — Sharifning oʻqishiga qarshi emasman. Oʻqisin, injener boʻlsin, faqat bu yoʻldan bormasin, deyapman xolos! — derdi Sulaymon aka. — Injener boʻladimi, olim boʻladimi, toʻgʻrilikcha boʻlsin deyapman, xolos! Xoʻp, boshqa gapingiz yoʻqmi? Xayr!

Ayvon bilan olchazorning orasi oʻn-oʻn besh qadam kelardi. Unga yetib borish... Bu toʻgʻrida oʻylab ulgurmagan edim hamki, eshik ochilib ostonada Sulaymon aka koʻrindi. Uning yuzi hammomdan chiqqanday qizargan, qoshlari tutashib, qovogʻi solingan, oppoq qalin sochlari toʻzgʻigan edi. Men uni koʻrdim deguncha yuragimdagi boyagi isyonkor tuygʻulardan asar ham qolmadi. Aksincha, oʻz ixtiyorimga qarshi unga tomon yurdim. Sulaymon aka meni koʻrib toʻxtadi, Lekin koʻrishmadi.
— Oʻz fikrimni oyingga aytdim! — dedi u, aftidan, meni ham gaplashmoqchi deb oʻylab, — endi bilganlaringni qilinglar. Lekin institutga xat yozib, sirimni ochadi deb qoʻrqmasalaring ham boʻlardi...

Sulaymon aka, qoshlarini chimirib bir zum jim qoldi.
— Niyatim boshqa edi... Ming afsus, maqsadimga tushunmabsan!..

U shartta burilib, zinadan tez-tez yurib pastga tushdi-da, darvozaga qarab ketdi.

«Nahotki, shu ketishda chiqib ketsa? Nahotki toʻxtamasa?..»

Yoʻq, toʻxtadi. Hovlining oʻrtasiga borganda toʻxtadi, oʻng qoʻlidagi gʻijimlangan shapkasini boshiga qoʻndirarkan, chaqirdi:
— Beri kel!

Men chopib bordim.
— Mabodo... keyin, turmushda qiynalib qolsang... ahmoqlik qilib yurma, oldimga bor. Toʻgʻri boraver, tushundingmi?
— Sulaymon aka!
— Tushundingmi? — yuzimga qaramasdan dedi u va javobimni ham kutmasdan vazmin, ogʻir qadamlar bilan hovlidan chiqib ketdi.

Tishimni tishimga bosib, mushtimni tugdim.

«Yoʻq bormayman, hech qachon bormayman!»

U menga bir ogʻiz iliq soʻz aytmadi, nimaga shunday qilyapsan, deb bir ogʻiz soʻramadi ham, mening dilimda ham oʻzimga yarasha bir dardim borligini bilishni istamadi!..

«Yoʻq, rahmat, bormayman!»

Bu odamning otalarcha muomalasiga oʻrganib qolganim uchunmi, bilmadim, uning bu qadar sovuq muomala qilishi shunchalik qattiq tekkan ediki, alam va xoʻrlikdan koʻz yoshlarimni zoʻrgʻa tiyib turardim.

Bir ozdan keyin uydan oyim chiqqanda, biz bir-birimizning yuzimizga qaray olmadik. U mendan koʻzlarini olib qochar edi, men undan... lekin ish bitgan edi! Men hatto choy ham ichmasdan uydan chiqib ketdim. Institutga bordim, parklarni aylanib kechqurungacha yurdim. Asta-sekin koʻnglimdagi gʻubor tarqab, uning oʻrnini allaqanday yorugʻ; dilni ravshan qiladigan oʻylar; orzular egalladi: endi institutga kirishim, Muqaddas bilan birga boʻlishim muqarrar edi!

* * *

Shu kundan boshlab men uchun har soati bir yil tuyulgan kutish davri boshlandi. Men ikki narsani kutardim. Biri institutga qabul qilinganligimiz toʻgʻrisida chiqadigan buyruq boʻlsa, ikkinchisi Muqaddas edi. Har kuni ertalab uyqudan uygʻonar-uygʻonmas institutga qarab chopardim, yuragimni hovuchlab foyedagi e’lonlar yopishtiriladigan doskaning oldiga borardim, buyruqning chiqmaganini koʻrgach, hafsalam pir boʻlib, qaytib ketardim-u, kun boʻyi shaharni kezib, kechqurun yana borardim... Shu taxlitda ikki kun oʻtdi. Ungacha Muqaddas ham qaytib kelmadi. Uchinchi kuni ertalab, endigina uyqudan uygʻonib, koʻzlarimni ochgandim, yonimga oyim keldi, karavotning chetiga omonatgina oʻtirib peshonamdan oʻpdi. — Tabriklayman, oʻgʻlim! — dedi u ma’yus jilmayib, — buyruq chiqqan emish. Salim Karimovich kechasi kelib aytdi...

Yuragim birdan qattiq urib, yuzim lovillab oʻrnimdan sakrab turdim.

Dadam hovlida yalang oyoq, pijamasining pochalarini tizzasigacha shimarib, gullarga suv qoʻyib yurardi. U meni koʻrib yonimga keldi, hoʻl, muzdek kafti bilan qoʻlimni siqdi.
— Endi tabriklaymiz, oʻrtoq student!

Apil-tapil yuvinib, institutga chopdim.

Oʻsha kuni quvonchga quvonch ulashib ketadigan baxtli bir kun ekan: yaqindagina yuvilgan asfalʼt koʻchalar salqin va oynadek charaqlab, suv purkalgan daraxtlar quyosh nurlariga choʻmilib, goʻyo bayramda yasangan qizlardek ochilib, yashnab ketgandi. Gavjum koʻchalardagi odamlar ham har kungidan yaxshiroq kiyingan va nima uchundir odatdagidan muloyimroq va yoqimliroq koʻrinardi. Hamma bir-biriga yoʻl berar, bir-birini izzat qilardi. Tramvayga chiqqanimda oʻzimdan yoshroq bir qiz oʻrnidan turib menga joy berdi va «marhamat, oʻtiring», deb jilmayib qoʻydi, tramvaydan tushib institutga qarab chopib ketayotganimda, orqamdan birov «yigitcha!» deb chaqirdi-da, choʻntagimdan avtoruchkam tushib qolgan ekan, boyagi qizdek muloyim kulimsirab qoʻlimga tutqazdi.

Institut eshigi oldida, imtihon chogʻidagidek boʻlmasa ham har qalay xiyla odam toʻplangan edi. Nazarimda qizlarning orasida Muqaddas koʻringandek boʻlib yuragim oʻynab ketdi. «Qoʻrqqanga qoʻsha koʻrinadi», degan gap rost ekan-da, institutga yetib qolganimda toʻplangan yoshlar orasida birga imtihon topshirgan tanish qiz-yigitlarga koʻzim tushib, toʻsatdan yuragim «shuv» etdi-yu, a’zoyi badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Oʻzimni koʻrib-koʻrmaslikka solib, jadallab oʻtdimda xuddi suvga shoʻngʻigandek foyega urib ketdim.

Foyeda ham odam koʻp edi. Bu yerga keluvchilarning koʻpchiligi qabul qilinishiga umidi borlar, hatto ishonganlar boʻlgani uchundir, albatta, koʻpchilikning yuzida shodlik aralash hayajon jilva qilar, koʻzlari chaqnardi.

e’lonlar osilgan katta qora doskaning oldidagi olomonning orasiga suqilib kirib, turib-turtkilanib oldinga oʻtib oldim. Lekin hayajonlanganimdan goʻyo doska chayqalar, qogʻozlardagi yozuvlar bir-biriga chaplashib ketganga oʻxshar, men qidirgan buyruq hech topilmas edi...

Ha, mana bizning fakulʼtet!.. Koʻzlarim uzun roʻyxatga qadaldi. Oʻz ismim va familiyamni qidira boshladim. Ana, topdim. Yuragim gupillab, roʻyxatning boshiga tikildim. Abbosov; Akramova, Alimov, Ahmedova, Bobojonov... yoʻq! — Yuragim shuv etib, roʻyxatni yana boshidan oxirigacha oʻqib chiqdim: Muqaddas rostdan ham roʻyxatda yoʻq edi!.. Koʻzlarimga ishonmasdan roʻyxatni qayta boshdan oʻqishga kirishdim... Nahotki, qabul qilinmagan boʻlsa?

Uning roʻyxatga kirmay qolganiga, demak institutga ham qabul qilinmaganiga aqlim yetib turardi, lekin bunga ishongim kelmas, ishonishdan qoʻrqar edim. Shuning uchun xuddi boshqa roʻyxatlarda boʻlishi mumkindek, ularni ham bir-bir oʻqib chiqdim, soʻngra yana birinchi roʻyxatga qaytdim. Lekin asta-sekin orqadan kelganlar turtib-siqib xuddi toshqin qirgʻoqqa chiqarib tashlagan bir choʻpdek, meni chetga chiqarib qoʻydi. Shundan keyingina bir oz hushimga kelib, bu hodisaning sababini qidira boshladim. Lekin oʻylab-oʻylab bir qarorga kelolmadim. Umuman, buning hech qanaqa sababi yoʻq, sababi boʻlishi mumkin emas edi! Aftidan, bir anglashilmovchilik yuz bergandi, ehtimol roʻyxat koʻchirilayotganda xato boʻlib, uning familiyasi tushib qolgan boʻlsa! Bu xatoni tezroq tuzatish, Muqaddas kelmasdan oldin tuzatib qoʻyish kerak edi!

Qabul komissiyasiga borsammikan, yo dekanatgami, degan oʻy bilan bir nafas ikkilanib turganimdan keyin, dekanatga borishga qaror qildim, chunki buyruq chiqqandan keyin bunaqa masalalar bilan dekanat ham shugʻullanishini bulturoq bilib olgan edim.

Oʻng qoʻlga burilib, tor yogʻoch zinalardan uchinchi qavatga chiqa boshladim. Aftidan, menga oʻxshab xato «qidirib» yurganlar ozmuncha boʻlmasa kerak, yuqoriga chiqib-tushayotganlar son-sanoqsiz, hamma yerda gʻovur-gʻuvur, toʻpolon edi. Lekin qatnovchilarning koʻpchiligi ikkinchi qavatdagi institut direktorining kabinetiga burilib ketar, uchinchi qavatga chiquvchilarning soni xiyla oz edi.

Direktorning kabinetiga burilmasdan, uchinchi qavatga koʻtarila boshlaganimda koʻnglimdan: «Ular mendan siz u qizning kimi boʻlasiz, deb soʻrab qolishsa nima deyman», degan fikr oʻtdi.

Beixtiyor qadamim seskinlashib qoldi. Xuddi shu vaqt tepada, uchinchi qavatning yoʻlagida, zinaga tomon bir-bir bosib kelayotgan Muqaddasni koʻrib qoldim... U ham meni koʻrdi-yu, yurishdan toʻxtab, chiqib borishimni kuta boshladi.

Xudda katta bir baxtsizlik roʻy berishini oldindan bilgan odamdek, allaqanday madorsizlanib uchinchi qavatga zoʻrgʻa chiqdim. Biz qoʻl berib koʻrishdik. Muqaddas toʻsatdan pirpirab ucha boshlagan labini tishlab yerga qaradi.
— Kirdingizmi? Nima deyishdi? — deb soʻradim sekin.

Muqaddas javob bermadi, u faqat koʻzlarini yerdan uzib asta yuzimga qaradi, uning uzun egilgan kipriklari orasidan yumalab chiqqan ikki tomchi koʻz yoshini koʻrdim. Bu tomchilar bir-birini quvib, yuzidan yumalab tushdi-da, labining chetidagi chuqurchaga singib ketdi...

Soʻngra bir-birini quvgan yosh tomchilari koʻpayib ketdi...
— Qoʻying, — dedim uning qoʻlini qoʻyib yubormasdan, — bu yerda bir xato oʻtganga oʻxshaydi. Meni qabul qilganda, sizni qabul qilmaydilarmi?

Muqaddas yosh toʻla koʻzlari bilan menga «yalt» etib qaradi:

Koʻnglimdagi hayajonli taraddud kutilmaganda qat'iy jur'atga aylandi. Yoʻlakning oxirida, dekanatning eshigi oldida, bir-ikkita yaxshi kiyingan ayollar turar, chetrokda hassa ushlagan bir chol oʻtirardi. Biz borishimiz bilan boshiga shlyapa kiygan yum-yumaloq bir xotin qoʻlida oʻynab turgan hashamatli xitoy zontigi bilan oldimni toʻsdi.
— Siz dekangami, yaxshi yigit! Biz ham...

Men uning zontigini jahl bilan itarib tashladim.
— Biz sizga oʻxshab bu yerga tilanchilik qilib kelganimiz yoʻq! Yuring, Muqaddas!

Ayol buni sira kutmagan boʻlsa kerak, shoshib bir qadam orqaga chekindi, ogʻzi ochilganicha baqrayib qoldi. Men ichkariga kirib eshikni yopayotganimda ayollardan birining:
— Hozirgi yoshlarimizdan har narsani kutsa boʻladi! — deb poʻngʻillagani qulogʻimga chalindi.

Dekanning qabulxonasida odam gʻuj-gʻuj edi. Ikki joyda ikkita yozuv mashinasi taqirlar, kimdir telefonda qichqirib gapirar, vajohatlaridan domlalarga oʻxshagan besh-oltita salobatli kishilar nima toʻgʻrisidadir qizgʻin bahslashardilar. Lekin bu odamlarning hech qaysisi bizga qayrilib ham qaramadi, faqat «dekan» deb yozib qoʻyilgan va qora charm bilan qoplangan salobatli eshikning oʻng tomonida oʻtirgan sochlari oppoq kampir bizga qarab birdan oʻshqirib berdi:
— Nimaga ruxsat soʻramasdan kirdilaring? Dekan band!

Bir daqiqa oʻzimni yoʻqotib, dovdirab qoldim, lekin koʻzim Muqaddasga tushdi-yu (u lablari titrab, yonimda turardi), darrov soʻz topdim:
— Hech kim ruxsatsiz kirgani yoʻq! Oʻshqirishdan oldin soʻrang bundoq! Bizni direktor yubordi!
— Nimaga kelganlaringni soʻramasdanoq bilib turibman! — deb poʻngʻilladi kampir.
— Bilasizmi, yoʻqmi, ammo bizni direktorning oʻzi yubordi! — dedim qat'iy.

Kampir jahl bilan stoldagi qogʻozlarni titkilay boshladi.
— Dekan yoʻq. Muovini qabul qilaman desa marhamat! Men bilmayman! Oʻzidan soʻranglar!

Eshikni kuch bilan yulqib ochdim. Koʻnglimdan: «nima boʻlsa boʻlar!» degan fikr oʻtdi.
— Mumkinmi?

Javobni eshitmasdanoq ichkariga oldik. Lekin ichkariga kirib, ensizgina uzun xonaning toʻrida, qora movut yopilgan stolning yonida yoshgina bir juvon bilan kulishib, gaplashib turgan oʻrta boʻyli olifta kiyingan yigitni koʻrishim bilan yuragimdagi bor-yoʻq jur'at va qat'iyat xuddi suv purkalgan alangadek oʻchdi-qoldi. Bu olifta yigit oʻsha Muqaddas ikkimizni doim kuzatib yurgan, bir necha marta Muqaddasga soʻz otib, tanishishga harakat qilib koʻrgan yosh olim Poʻlat Azizov edi!... U bizga bir qarab qoʻydi-yu, sochlarini kalta qilib qirqtirgan yosh juvonga qoʻlini choʻzdi.
— Bizlarni unutib yubormasdan kelib turing, Gulchehraxon! — dedi u va goʻyo shunday chiroyli juvon bilan yaqin munosabatda ekanini bizga koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlgandek, joʻrttaga qoʻlini qoʻyib yubormasdan:
— Demak... shu qarorga keldikmi? — deb soʻradi. Juvon kalta, quyuq sochlarini silkitib kuldi:
— Yaxshi yigit kelib turing demaydi, vaqt-soatini va uchrashadigan joyini aniqroq aytadi.
— Obboʻ siz-e! — dedi qizarib Poʻlat Azizov, lekin juvon «Xoʻsh, bopladimmi?» degan ma’noda qoʻllarini siltab qiyshanglab kuldi va eshikka tomon yurdi.

Yer tagidan Muqaddasga bir qarab oldim. U boshini quyi solib, tirnoqlariga tikilib turardi. Uzun-uzun egilgan kipriklari goʻyo titrayotgandek pirpirab uchar, lovillab yongan uzunchoq yuzi, butun qiyofasi dilidagi pushaymon, uyat va haqorat hislarini xuddi koʻzgudek aks ettirib turardi. Men ham ichkariga kirib Azizovni koʻrgan zahotimoq bu yerga kelib yana bir xato qilganimizni tushungan edim. Lekin eng yomoni shunda ediki, endi chiqib ketib boʻlmas edi.

Juvon eshikni yopishi bilan Azizov oʻzini chetlari qirilgan katta yumshoq kresloga tashlab:
— Xoʻsh, eshitaman? — dedi va goʻyo bizga qarashdan uyalgandek stoldagi qogʻozlarni titkilashga kirishdi.

Bir necha sekundga choʻzilgan, lekin menga juda uzoq tuyulgan jimlikdan keyin oʻzimni zoʻrgʻa bosib maqsadimizni tushuntira boshladim. Muqaddasning ismini tilga olishim bilan Azizov soʻzimni boʻldi:
— Konkursdan oʻtmagan sizmi, yo Muqaddasxonmi? Birdan yuragimdan zoʻr bir toʻlqin qaynab chiqdi-yu, butun vujudimni lovillatib yubordi.
— Muqaddasxon, — dedim sekin.
— Ie! Boʻlmasa Muqaddasxonning oʻzlari gapirsinlar-da, siz nima qilib bu ishga aralashib yuribsiz?

Uning koʻzlari birdan yaltirab ketganini koʻrib qoldim. Umrimda hech qachon oʻzimni bunchalik ojiz va ayanchli his etmagan edim. U koʻz oldimda goʻyo oʻsib, ulgʻayib, olijanob bir odamga aylanib borar, men esam, aksincha; allaqanday kichrayib, yerga kirib borardim. Hozir bu odam meni istagancha haqorat qilishi mumkin ekanini, men esam unga javob qaytara olmasligimni sezardim, a’zoyi badanimdan sovuq ter chiqa boshlagan edi.
— Xoʻsh, nega indamaysiz, gapiring! — dedi Azizov, keyin koʻzlarini stoldagi qogʻozlardan uzib, yuzimga tikildi. Nima deb javob berishimni oʻylab ulgurmagan ham edimki, Muqaddas toʻsatdan, boshini keskin silkitdi:
— Yuring, Sharif aka, ketaylik! — dedi u sekin, lekin allaqanday titroq ovozda. Oʻzi ham goʻyo osmonga parvoz qilishga hozirlangan chiroyli va magʻrur qushga oʻxshab turardi, boshini sal orqaga tashlagan, oq shoyi koʻylagini turtib chiqqan chiroyli koʻkragi tez-tez koʻtarilib tushar, hayajondan gul-gul yongan yuzi, Azizovga qadalgan katta-katta chiroyli koʻzlari qandaydir olijanob nafratga toʻla edi. Muqaddas bir nafas shu vaziyatda Azizovga tikilib turdi, soʻngra menga yuzlandi:
— Yuring, ketaylik! — takrorladi u, bir qadam bosdi ham, lekin xuddi shu payt Azizov ikki qoʻlini kresloning ikki tomoniga shartta qoʻyib, kutilmagan bir chaqqonlik bilan oʻrnidan sakrab turdi.
— Toʻxtang, Muqaddasxon, har qalay haqiqatni bilib ketganingiz ma’qul! — dedi u past, qandaydir boʻgʻiq ovoz bilan. Soʻngra stolni tez aylanib oʻtdi-da, xuddi qulab ketishidan qoʻrqqandek, qoʻllarini orqaga choʻzib, uning chetlarini ushlab oldi. Uning harakatlari keskin, oʻzi ham titrab-qaqshab turardi. Biroq meni uning gapi, harakatlaridan ham koʻra ovozidagi chuqur titroq seskantirib yuborgan edi. Bu titroq qandaydir bir dardga, nidoga, alamga toʻla edi. Buni Muqaddas ham sezdimi; yo Azizovning harakatlaridagi kutilmagan keskinlik ta’sir etdimi, bilmadim, ishqilib, ikki qadam bosmasdanoq toʻxtadi, goʻyo chaqmoq chaqishini kutgan odamdek, turgan joyida qotib qoldi.

Bu «haqiqat» nimadan iborat ekanini hali aniq bilmasam ham, hozir dahshatli bir narsa roʻy berishini seza boshlaganimdan, men ham serrayib qoldim.
— Siz necha bal oldingiz? — dedi Azizov Muqaddasga yer ostidan tikilib.

Bir necha sekund choʻzilgan jimlikdan soʻng:
— Oʻn sakkiz, — dedi Muqaddas sekin.
— Yaxshi, — dedi Azizov, — lekin siz oʻn sakkiz bal bilan kirolmagan holda bu chiroyli yigitcha oʻn olti bal bilan qanday qilib kirganini bir oʻylab koʻrdingizmi, — dedi u va bir zum javob kutib turgach:
— Bu yigitcha sizning oʻrningizga kirganini bilasizmi? — deb soʻradi. — Bu yigitcha ishini toʻgʻrilamaganda siz bunaqa xafa boʻlib, yigʻlab yurmasdingiz, bildingizmi?..

Koʻnglimning bir chetida boyadan beri xuddi shu savolni kutib turgan boʻlsam ham qattiq seskanib ketdim, «yalt» etib Muqaddasga qaradim. U ham menga qaradi. Allaqanday qoʻrqib, nimadandir choʻchib qaradi. Iztirob choʻkkan katta qora koʻzlari goʻyo yordam soʻrayotgandek jovdirab, miltirab turar; qoshlari alamli chimirilgan edi. Bu koʻzlar mendan Azizov aytgan dahshatli haqiqatni inkor etishimni soʻrar, yalinib-yolvorar edi. Men esam... men esam jonimdan, hayotimdan ham ortiq koʻrgan sevgilimning chehrasida aks etib turgan bu iztirobiga, bu nidosiz savoliga nima ham derdim? Sekin boshimni egdim...
— Afsuski, men buni shu bugun, hozir bilib qoldim. Buyruq chiqqandan keyin bilib qoldim! — dedi Azizov va; yana boyagidek uning ovozidagi alamli titroq etimni junjiktirib yubordi. — Surishtirib bilsam, bu yigitcha inshosini toʻgʻrilatib olgan ekan... Siz xafa boʻlmang, Muqaddasxon, men haliyam boʻlsa harakat qilib koʻraman. Lekin meni bir narsa taajjubga solyapti: bu yigitcha oʻrningizga joylashib olib, tagʻin nimaga sizga mehribonchilik qilib yuribdi?..

Men unga bir nima deyishim, bir javob qilishim kerak edi. Buni oʻzim ham sezardim. Lekin nima deyman? Men gʻarazgoʻy deb, mansabidan foydalanib, Muqaddasning boshini aylantirmoqchi boʻlayotgan bir firibgar deb yurganim bu odam, aslida mening oʻzimdan yaxshi, sof va olijanob boʻlib chiqsa nima ham qilardim, nima ham derdim? Men faqat bir narsani — boshim bilan qorongʻi, tubsiz jarlikka qulayotganimni his etardim, xolos.

Kimdir sekin ingrab yuborgandek boʻldi.

Zoʻr kuch bilan boshimni koʻtardim, koʻzim Muqaddasning jiqqa yoshga toʻlgan katta-katta koʻzlariga tushdi. U aftidan, hoʻngrab yigʻlab yubormaslik uchun lablarini qattiq tishlab olgan, koʻz yoshlari esa, xuddi mening qarashimni kutib turgandek; bir-birini quvib yumalab tusha boshladi.

Men esam unga tikilib turardim, butun vujudim bilan iztirob chekardim, lekin uni yupatishdan, unga tasalli berishdan ojiz edim, ajabo: men uning koʻnglini olishga haqim yoʻq edi!..

Azizov bir qadam oldinga yurdi.
— Yigʻlamang, Muqaddasxon, haliyam harakat qilib koʻramiz; — dedi u. — Hali vaqt bor...

Lekin Muqaddas uning gapiga quloq solmasdan teskari burildi.
— Qoʻying! Keragi yoʻq! — dedi Muqaddas sekin, — keragi yoʻq! — u koʻzlarini qoʻllari bilan quyoshdan toʻsgandek toʻsib, eshikka tomon yurdi.

Men uni toʻxtatmadim, toʻxtatishga jur'at etmadim, lekin Muqaddas chiqib ketgach, toʻsatdan roʻy bergan hodisaning butun dahshatini tushunib Azizovga yuzlandim:
— Insofsiz! — dedim koʻz yoshimni yutinib. Faqat shu bir soʻzni aytib chiqib ketmoqchi edim, biroq Azizov qoʻlimni shap ushladi-da, yulqib toʻxtadi:
— Insofsiz kim? Senmi yo menmi? — dedi u koʻzlarini nafrat bilan chaqnatib. — Insofsiz deb seni aytadilar! Tushundingmi?

Nima deyishimni bilmay lol boʻlib qoldim, chunki u haq edi! Qoʻlimni uning qoʻlidan yulqib chiqarib oldim-u, tashqariga otildim...

Muqaddas bilan ikkimizning oʻrtamizda paydo boʻlgan koʻprik qulab tushganiga, endi bu koʻprikni tiklab boʻlmasligiga aqlim yetardi, albatta, biroq shunga qaramasdan haliyam boʻlsa u bilan gaplashishni, boʻlgan voqeani unga tushuntirishni istardim, aftidan, boʻlib oʻtgan ishning butun dahshatini haliyam anglab yetmagan edim. Menga bu ish haliyam boʻlsa bir anglashilmovchilik boʻlib koʻrinardi, chunki shuni yaxshi bilardimki, agar Muqaddasning oʻrniga kirishimni sezganimda hech qachon bu ishga rozilik bermagan boʻlardim!..

Qabulxonada oʻtirganlarni hayratda qoldirib ichkaridan jinnilarcha yugurib chiqqanimda, Muqaddas tor va yarim qorongʻi yoʻlakning oxiridagi zinapoyaga yaqinlashib qolgan edi. U oyoq tovushlarimni eshitib oʻgirilib qaradi-da, qadamlarini yana ham tezlashtirdi.
— Muqaddas! — deb chaqirdim, yoʻlakdagilarning taajjub bilan baqrayib qolganlariga e’tibor ham bermasdan. — Muqaddas, toʻxtang!

Muqaddas toʻxtamadi, lekin zinadan pastga tushmasdan nari ketdi va yoʻlakning eng oxiridagi katta derazaning oldiga borib toʻxtadi. Tez yurib uning yoniga bordim.

U xuddi bir narsadan arazlagan odamdek teskari oʻtirilib, uzun qoʻngʻir sochlarining uchlarini barmoqlariga oʻrab turardi.
— Muqaddas, — dedim, — Muqaddas, menga bir qarang, men...

Muqaddas vaziyatni oʻzgartirmasdan:
— Domlaning aytganlari rostmi? — deb soʻradi.
— Muqaddas, — dedim yolvorib, — menga bir qarang...
— Rostmi deyapman? — takrorladi Muqaddas. Toʻsatdan tomogʻimga bir narsa tiqilgandek boʻlib bir nafas jim qoldim.
— Rost, Muqaddas, lekin gapimga ishoning, men bu narsa sizning oʻqishga kirolmay qolishingizga sabab boʻladi deb sira oʻylamagan edim. Boʻlmasa... nahotki, men sizni... Axir men...

Muqaddas shart burilib yuzimga tikildi. Hech qachon uning chehrasida bunday ifodani koʻrmagan edim: qop-qora koʻzlari chaqnab tagʻin ham chiroyli koʻrinar, yuzi lovillab yonar, nam lablari pirpirab uchradi.
— Sening kirolmasligingga sabab boʻlaman, deb oʻylamagandim deysiz, mendan boshqa bir kishining oʻrniga kirganingizda-chi, unda nima boʻlardi? — dedi Muqaddas, dedi-yu, koʻzlari yana jiqqa yoshga toʻldi. — Men ahmoq boʻlsam... sizga shunday ishongan, shunday ishongan edimki!

U teskari oʻgirildi-da, kaftlari bilan yuzini bosib sekin yigʻlay boshladi...

Yana boyagidek miyamda goʻyo bir narsa «yalt» etib yondi-yu, nazarimda zoʻr bir haqiqatni toʻsib turgan pardaning cheti koʻtarilgandek tuyuldi. Buni juda aniq his etdim, lekin... lekin men masalaning bu tomonini oʻylamaganim ham rost-ku axir! Men katta bir adolatsizlik va insofsizlik qilib qoʻyganimni boʻynimga olaman, ammo, birinchidan, buning oqibatini yaxshi oʻylamagan boʻlsam, ikkinchidan, meni bunga majbur etgan narsa... Muqaddas edi-ku, sevgimiz edi-ku!
— Muqaddas, — dedim koʻzlarini uchratishga harakat qilib; — mening ham gapimga bir quloq soling. Men yomon, razil ish qilib qoʻyganimni boʻynimga olaman. Lekin men buni bilmasdan qildim. Endi men oʻzim tuzataman, oʻzim harakat qilaman...
— Rahmat. — Muqaddas roʻmolchasi bilan koʻzlarini artdi; — Rahmat, men endi oʻqib boʻldim!
— Muqaddas?..
— Men endi oʻqimayman! — dedi Muqaddas, — nahot siz meni bu yerga mehnatdan qochib kelgan deb oʻylasangiz? Men ishchining qiziman! Men shunchalik sizga... sizni, — u gapining oxirini aytmadi, yosh toʻla koʻzlari bilan yuzimga yana bir qaradi-da, zinapoyaga tomon burilib ketdi.
— Muqaddas! — dedim uni toʻxtatishga harakat qilib. — Muqaddas.
— Qoʻying, boʻldi! Orqamdan yurmang! Shuncha bergan yordamingiz ham yetadi! — dedi Muqaddas va yigʻlaganicha zinapoyadan yugurib tushib ketdi... Ikkinchi qavatga buriladigan joyda shamolda uchgandek mayin toʻlgʻangan ikki oʻrim sochlari tagʻin bir koʻrindi-yu, gʻoyib boʻldi...
— «Qoʻying! Boʻldi! Shuncha bergan yordamingiz ham yetadi!» — Uning yigʻlab aytgan bu soʻzlarida allaqanday bir dard, muhabbat dardi bor edi, lekin ayni mahalda bu uning «umidingni uz» ham degani, «tamom» degani, «bitdi» degani edi...

Nazarimda shu topda kimdir menga qon va jon berib turgan hayot manbasini shartta kesib tashlagandek edi: xayolimga hech bir fikr kelmas, goʻyo miyam ham; qalbim ham boʻm-boʻsh edi. Hatto hozir men uchun naqadar katta fojia roʻy bergani ham ongimga borib yetmagan, qaerda va nima uchun turganimni ham yaxshi bilmas edim, faqat yuragimning bir cheti qattiq ogʻrir, xuddi zaharli tikan qadalib turganga oʻxshardi.

Toʻsatdan turgan joyimdan pastda, koʻchaning narigi yuzida Muqaddasni koʻrib qoldim. U hamon roʻmolchasi bilan koʻzlarini tez-tez artib bir-bir qadam tashlab borar, xuddi notanish shaharda adashib ketib, qayoqqa borishini bilmay qolgan bir bechoraga oʻxshardi.

Uni koʻrishim bilan xayolimga:
— Bu yerda nima qilib turibman? — degan fikr keldi. — Bu dahshatli xatoni tuzatish uchun bir harakat qilib koʻrishim kerakmi, yo Muqaddas aytmoqchi hech narsani bilmagandek boʻlib, uning oʻrniga kirib olib oʻqib ketaveramanmi?

Yoʻq, men endi oʻqimasligimga, oʻqiyman desam ham oʻqiy olmasligimga aqlim yetib turardi.Demak roʻy bergan adolatsizlikni toʻgʻrilashim kerak, toʻgʻrilab Muqaddasga aytishim kerak, keyin u oʻqiydimi-yoʻqmi, oʻzi biladi, ammo adolatni tiklash mening vazifam, mening vijdon burchim!..

Pastga qarab yugurdim. Ikkinchi qavatda rektorning kabineti oddida turgan boyagi odamlar yoʻq, yoʻlak ham boʻshab qolgan edi. Katta, qoʻsh derazali yorugʻ qabulxonaning toʻrida oʻtirib, mashinka chiqillatayotgan yosh qiz mening «direktor bormi?» degan savolimga yuzimga ham qaramasdan:
— Koʻzingizning oldida chiqib ketdi-ku, koʻrmadingizmi? — deb javob berdi.

Unga boshqa savol berib turmasdan yana pastga otildim. Direktorni tanimas edim, yoʻlakda va birinchi qavatda uchragan odamlar men tasavvur etgan direktorlik salobati boʻlmaganligi uchun, ularga murojaat ham qilib turmasdan koʻchaga chiqdim.

Tashqarida eshikning roʻparasida, akatsiyaning soyasida turgan «Pobeda»ning yonida ikki kishi xayrlashmoqda, ikkalasi ham yaxshi kiyingan, qorin sola boshlagan salobatli odamlar edi. Eshikdan yugurib chiqqanimda ularning biri — papka qoʻltiqlab olgan, sochlariga oq oralagan, oʻrta boʻyli; oq shoyi kitelli odam «Pobeda»ning eshigini ocha boshladi. Mashinaning yurib ketishidan qoʻrqib chopib bordim:
— Institut direktori siz boʻlasizmi? — dedim hansirab.

Mashinaning eshigiga qoʻl choʻzgan odam bunday odobsizlikni kutmagan uchunmi, yo men judayam hovliqib ketgan ekanmanmi, yuzimga taajjub bilan tikilib:
— Men boʻlaman, xoʻsh? — deb soʻradi.
— Sizga juda zarur bir gapim bor edi.
— Shunaqami? Ertaga kelsangiz qanaqa boʻlarkin,— dedi u kulimsirab.
— Kechirasiz, ertaga qoldirib boʻladigan ish emas!— dedim, uning yana mashinaga oʻtirmoqchi boʻlayotganini koʻrib, beixtiyor qoʻlimni choʻzdim.

Direktor menga yana diqqat bilan qarab qoʻydi. Sal qisilgan koʻzlarida yana taajjub ifodasi jilvalandi.

U keskin harakat bilan yengini koʻtarib qoʻl soatiga tez koʻz tashladi va labini tishlab boshini chayqadi:
— Kechirasiz, uka. Sira ilojim yoʻq. Kechikyapman. Bir zarur ish bilan chaqirishgan edi, yetib bormasam boʻlmaydi! — dedi va yuzimga yana bir koʻz tashlab, qoʻshimcha qildi:
— Ertaga ertaroq keling. Birinchi navbatda qabul qilaman.

Uning keskin harakat bilan «Pobeda»ning eshigini ochganini koʻrib, yana toʻxtatmoqchi boʻlgandim, direktor bilan xayrlashib turgan odam «shap» etib qoʻlimdan ushladi:
— Menga qarang, yaxshi yigit, odobsizlik ham evi bilan-da! Siz kim boʻlasiz oʻzi?

Direktor mashinadan boshini chiqarib menga yuzlandi:
— Toʻgʻri, toʻgʻri, arzingizni bu kishiga aytsangiz ham boʻladi... mumkin boʻlsa yordam bering... — dedi u va shofyorga qarab imo qildi: «hayda!»
— Menga qarang, — dedi direktorning sherigi, — men sizni bir yerda koʻrgandek boʻlayotibman. Siz... Salim Karimovichning oʻgʻli emasmisiz?..

Koʻchani toʻldirgan «Zim» va «Pobeda»larga aralashib muyulishdan burulib ketayotgan direktorning mashinasi orqasidan tikilganimcha qotib qoldim, eng soʻnggi umidim ham puchga chiqqani meni ogʻir oʻyga toldirgan edi.

Yonimdagi odam qoʻlimdan ushladi:
— Sizga nima boʻldi, yigitcha? Sizning masalangiz hal boʻluvdi shekilli. Tagʻin nima qilib yuribsiz?

Keskin burilib qaragan edim, u kishini tanir ekanman.

Bu oʻsha, insho yozdirgan oltin koʻzoynakli chiroyli moʻysafid domla edi!
— Ha, mening masalam hal boʻldi! — dedim uning silliq qirilgan qip-qizil yumaloq yuziga, oltin koʻzoynagi tagida chaqnab turgan chagʻir koʻzlariga gʻazab bilan tikilib. — Ammo men masalani hal qilgan odamlar bilan gaplashmoqchi boʻlib kelgandim! Men ularni fosh qilgani keldim! Fosh qilaman! Endi tushundingizmi maqsadimga?..

Domlaning yumaloq yuzi gʻalati choʻzshshb, koʻzlarida: «Bu jinnimi oʻzi» degan ifoda jilvalanardi. U yelkasini bir qisib qoʻydi-da, xuddi uni shu topning oʻzidayoq fosh qiladigan joyga sudrab ketishimdan qoʻrqandek, jadallab institutga kirib ketdi.

Yana boyagidek xiyla vaqtgacha nima qilishimni bilmasdan turib qoldim: xayolimga tuzukroq bir fikr kelmas, hushimni yigʻib ololmas edim. Nihoyat anchadan keyin miyamga:

«Direktor, ertaga kelasan dedi-ku, ungacha Muqaddas ketib qolmasin!» degan fikr keldi.

Muqaddasning ketib qolishidan qoʻrqib muyulishgacha shoshib, jadillab bordim, lekin muyulishdan oʻtib, keksa qayragʻochlar soya tashlagan tanish ikki qavatli uyni koʻrishim bilan qadamim oʻz-oʻzidan sekinlashib qoldi.

...Soʻnggi bir oy ichida bu koʻrimsizgina bino men uchun dunyoda eng koʻrkam, eng ziynatli, eng orombaxsh bir joyga aylangan edi. Men uning oldidan yuragimni hovuchlab, Muqaddasim, sevgilim yashagan ikkinchi qavatdagi balkonli xonadan, xonaning derazalariga tutilgan harir toʻr pardasidan koʻzlarimni uzolmasdan, uni koʻrmasam ham har safar qalbim nafis va totli tuygʻularga toʻlib oʻtardim. Men uni necha marta quvonchdan boshim arsh-a’loga yetib shu uyga kuzatib qoʻygan, necha marta uni koʻrolmasdan iztirob chekkan edim, lekin hech qachon uning oldiga hozirgidek qoʻrqib, yuragimni toʻldirgan qorongʻi va ogʻir hislardan koʻnglim gʻash boʻlib boraman deb oʻylamagandim.

Hamisha odam koʻp boʻladigan yotoqxonaning oldida baxtga qarshi bu safar hech kim yoʻq edi. Bir-ikki minut sadaning tagida bitta-yarimta tanish-bilish chiqib qolishini kutib turdim, soʻngra sekin eshikka bordim.

Yoʻlakda, issiq suv toʻldirilgan katta bakning yonida koʻzoynak taqqan bir kampir paypoq toʻqib oʻtirardi.

Muqaddasni chaqirib berishini iltimos qilgandim, boshini chayqab uflab oldi.
— Sira tinchlik bermadilaring-bermadilaringda!— dedi-da, oʻng qoʻli bilan belini ushlagancha ikkinchi qavatga chiqib ketdi.

Tashqariga qaytib chiqib ariq boʻyidagi sadaning soyasida kuta boshladim. Yuragim tez-tez urar, xayolimda faqat bitta fikr aylanardi: «Bormi, yoʻqmi, chiqadimi, chiqmaydimi?»

Boya hech kim boʻlmagan yotoqxonaning oldida, endi goʻyo meni kutib turgandek, qiz-yigitlar toʻplana boshladi. Nazarimda ular hadeb menga qarayotgandek, naqadar xunuk ish qilib qoʻyganimni bilib, mendan nafratlanishayotgandek tuyulardi.

Toʻsatdan tepamdagi balkonning eshigi ochilgandek boʻldi. Men tez qaradim va balkonda turgan Muqaddasni koʻrdim.

U boyagi shoyi koʻylagi oʻrniga oddiy chit koʻylak kiygan, sochlarini orqasiga turmaklab olgan, aftidan, ketishga ahd qilgani chin edi. Koʻzlarimiz bir sekundga uchrashdi. Uning koʻzlari yana jiqqa yoshga toʻldimi, yo menga shunday tuyuldimi, bilmadim, u boshini quyi solib indamasdan yana ichkariga kirib ketdi...

Birpasdan keyin eshikda imtihon topshirib yurgan kezlarimizda bir-ikki koʻzim tushgan oʻsha yuzida qora xoli bor qiz koʻrindi. U sekin yurib yonimga keldi-da, goʻyo meni endi koʻrayotgandek yuzimga qadalib, toʻrt buklangan bir parcha qogʻozni choʻzdi:
— Muqaddasxon chiqmayman dedilar... — Shunday dedi-yu javobimni kutmasdanoq yotoqxonaga kirib ketdi. Men ham soyadan chiqib boshim oqqan tomonga qarab ketdim.

Muqadaasning javobi taxminan qanaqa boʻlishini sezsam ham, koʻnglimning bir chetida hanuz soʻnmagan bir umid miltirab turardi. Toʻrt buklangan qogʻozni ochdim. «Sharif aka! Menga koʻp yaxshiliklar qildingiz. Bu yaxshiliklaringiz uchun rahmat. Biroq endi oʻzingizni qiynamang. Hozir mening institutga qabul qilinishim toʻgʻrisida buyruq olib kelgan boʻlsangiz ham men qolmas edim. Gapimga ishoning: endi bir-ikki yil ishlamasdan sira oʻqimayman. Bu bir oy menga katta saboq boʻldi. Aqlim kirdi. Nihoyat shuni ham tushundimki, oldin ishlab keyin oʻqish faqat mehnatni hurmat qilish va chiniqish uchungina emas, odam tanish uchun ham zarur ekan. Agar bilsangiz... Men sizga shunday ishongandim, shunday ishongandimki!..

Xayr. Muqaddas».
— «Bu qandoq boʻldi? Men nimalar qilib qoʻydim? Qanday qilib oʻzimga oʻzim pichoq urdim? Qanday qilib oʻz baxtimdan oʻzim ayrildim?»

Birinchi daqiqada bu savollar yuragimda tutab turgan iztirobni birdan lovillatib yubordi-da, xayolimda boshqa aybdorlarni qidirishga kirishdim.

Shu topda bu narsada oʻzimni emas, oyim bilan Salim Karimovichni ayblashga, hamma gunohni oʻsha ikkisiga toʻnkashga tayyor edim.

Lekin ajabo: men ularni ayblashga haqim bormi? Ularga bir narsa deyishga tilim boradimi? Men oʻzim emasmi tunov kuni bu ishga rozilik bergan? Oʻshanda rozilik bermaganimda, irodasizlik qilmaganimda ular meni majbur qila olisharmidi?»

Achchiq alam bilan iqror boʻldim: yoʻq!..

Mening hech kimni ayblashga haqim yoʻq edi. Hammasiga yolgʻiz oʻzim aybdor edim. Bu narsaga oʻz insofsizligim, sabrsizligim, irodasizligim sabab boʻldi! Boʻlmasa bir yil ishlab shuncha hurmat orttirgan, hunar oʻrgangan zavodni shunday tashlab ketarmidim? U yerda orttirgan shuncha doʻstlarimdan shunday osongina yuz oʻgirarmidim? Men tengi yigitlar ham ishlab, ham oʻqib, qiyinchiliklar bilan olishib, ular ustidan gʻalaba qozonib yurgan bir paytda, men sevgilimning joyini tortib olib bunday sharmanda boʻlib qolarmidim?..

Ha, endi aqlim kirgan, endi hamma narsaga tushungan edim. Muhabbat — muqaddas tuygʻu. U soflikni talab etadi. Muqaddas mening oʻzimni ham, sevgimni ham tark etib, koʻzimni ochgan edi. Xalqning «Insofli odam oshini yer; insofsiz boshini» degan maqolida mujassamlangan hayotning eng ulugʻ qonunlaridan biri menga oʻzining shafqatsiz, lekin adolatli kuchini koʻrsatgan edi.

* * *

Chirmovuq soyabon tagida qancha oʻtirganimni oʻzim ham bilmayman. Parkni toʻldira boshlagan odamlarning gʻovur-gʻuvurlaridan oʻzimga kelganimda quyosh gʻarbga yonboshlagan boya men kirganda issiqdan qaqrab yotgan xiyobonlarga daraxtlarning quyuq soyasi tushgan edi. Park jonlanmoqda, hayot oʻz iziga tushmoqda edi. Yuragimdagi gʻam-gʻussa naqadar ogʻir boʻlmasin, men ham yashashim, kun kechirishim, hayotni davom ettirishim kerak edi, oʻrnimdan turib soyabon tagidan chiqdim...

Endi nima qilishimni, bundan keyin qaysi yoʻldan ketishimni hali oʻzim ham yaxshi tasavvur etmas edim. Faqat bir narsani yaxshi bilardim — bu yil qaytib institutga qadam bosmayman!

Parkdan chiqqach: qayoqqa borishimni oʻylab bir zum turib qoldim. Negadir uyga oyogʻim tortmas edi.

Shunday paytlarda hammada ham boʻladigandek, men ham koʻnglimdagi dardimni doʻstimga, koʻnglimga yaqin bir odamga aytgim, hasratlashgim, oʻrtoqlashgim kelardi.

Lekin kimga boraman? Kimga aytaman?

Yoʻq, men Sulaymon Akramovichni ham, Toʻlaganni ham, bir yilda zavodda orttirgan boshqa doʻstlarimni ham unutmagan edim, ularning hammasi esimda turardi, hatto Sulaymon Akramovichning bir hafta oldin aytgan soʻzlari ham yodimda edi, lekin ularning oldiga endi qaysi yuz bilan boraman, nima deyman?

Rost, koʻnglimning bir chetida agar samimiy kechirim soʻrab borsam ular koʻkragimdan itarmasliklariga ishonardim, lekin jur'atsizlikdanmi yo yigitlik izzat-nafsi yoʻl qoʻymadimi, ishqilib zavodga bormasdan, uyga qarab yoʻl oldim. Ehtimol uyda institut bilan zavodga olib boradigan ikkita yoʻldan boshqa uchinchi bir yoʻl topilib qolar!

Shu xayol bilan uyga ketdim, lekin ajabo: xayolim doʻstlarimda, zavodda edi. Men qandaydir ularni qoʻmsar edim. Qani endi shu topda Toʻlagan bilan odam siyrak koʻchalarni kezib, koʻnglimdagilarni unga gapirib bersam, bir oy ichida toʻplangan hasratlarimni toʻkib yuragimni boʻshatsam?..

Darvozadan hovliga kirdim-u, hayron boʻlib toʻxtadim, roʻparadagi supada siyrak sochlarini changallab Salim Karimovich oʻtirar, yonida qoʻlida bir piyola suv tutib oyim turardi.

Men Salim Karimovichning:
— Sharmanda qildi! Sharmanda! — degan soʻzlarini eshitib qoldim.

Darvoza ochilganini eshitib, oyim oʻgirilib qaradi. Salim Karimovich esa sekin oʻrnidan turdi. Uning lablari titrar, koʻrinishi juda ayanchli edi.
— Bu qandoq boʻldi? — dedi u, qandaydir yigʻlamsiragan, titroq tovush bilan. — Sen kimni fosh etmoqchi boʻlib yuribsan? Men seni oʻgʻlim deb, jigarbandim deb oʻrtoqlarga yelib-yugurib ishingni toʻgʻrilab bersam-u, sen bunaqa qilsang? Meni oʻrtoqlarim oldida qay ahvolga solib qoʻyganingni bilasanmi oʻzing? Sharmanda qilding, sharmanda!

Shu topda mening ham dardim oʻzimga yetarli boʻlib turgani uchunmi, bilmadim, qattiq bir narsa deyishga ogʻiz juftladim-u, lekin uning yigʻlashdan beri boʻlib turganini koʻrib hushimga keldim: unga qattiq gapirishga nima haqim bor? Axir ayb unda emas, oʻzimda-ku! Bu irodasiz, shoʻrlik odam oyimning qistovlari bilan shu ishga majbur boʻlganini koʻra-bila turib indamagan edim-ku! Dadamni ayblash ham vijdonsizlik boʻladi-ku!
— Kechirasiz, bolalik qilibman. Direktorga kiraman deb jahl ustida aytgandim. Koʻnglingiz toʻq boʻlsin... Hech qachon kirmayman! — dedim va uyga burildim. Toʻsatdan xayolimdan: «Agar oʻz dadam tirik boʻlganda ehtimol bu ishlar boʻlmas edi, ehtimol men bu ahvolga tushmas edim!» degan fikr oʻtdi-yu, koʻzimga yosh keldi...

Uyga kirishim bilan orqamdan oyim ham kirdi. U toʻppa-toʻgʻri oldimga keldi, ikkala qoʻli bilan boshimni ushlab, koʻzlarimga tikildi:
— Senga nima boʻldi, bolam? Koʻnglingdagi dardingni onangdan nega yashirasan? Nega bunday qilasan.

Yoʻq, sochlariga oq oralagan, peshonasiga chuqur ajinlar tushgan bu ona oʻz farzandining dardini tushunmaydigan onalardan emas edi! Men bir oy ichida boshimdan oʻtgan hodisalarni undan yashirmasam ham boʻlardi!..

Boshimni uning qoʻllari orasidan sekin chiqarib yerga qaradim. Ayni mahalda uyga kelayotganimda yoʻlda oʻylaganim uchinchi yoʻlning yoʻqligiga ham amin boʻldim.
— Men bu yil oʻqimayman, — dedim, — yaxshisi zavodga qaytib boraman.
— Nega? — sekin soʻradi oyim, uning ovozi juda muloyim edi. — Sir emasmi?
— Yoʻq, sir emas, biroq bu toʻgʻrida hozir aytolmayman. Men sizga faqat shuni aytishim mumkinki; tunov kuni shu ishga rozilik berib juda katta xato qilibman, chunki bir odamga... bir qizga juda javr boʻldi... Yoʻq demasangiz, Sulaymon akaning oldiga boraman.

Oyim uzoq vaqt jim qoldi.
— Mayli, bolam, oʻzing bilasan, — dedi nihoyat va yana boshimni ushlab, peshonamdan oʻpdi. Uning koʻzlari nam edi:
— Yoʻq, bolam, sen emas, men yanglishdim. Oʻqi deb zoʻrlab seni qiynab qoʻyganga oʻxshayman. Bora qol, bolam, mayli, bora qol.

U yana peshonamdan oʻpdi. Uydan chiqib Sulaymon akaning oldiga ketdim.

Xatoni tuzatish uchun hayotni qaytadan boshlash kerak edi.