OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Odil Yoqubov. Muzqaymoq (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOdil Yoqubov
Asar nomiMuzqaymoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Odil Yoqubov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muzqaymoq (hikoya)
Odil Yoqubov

Oʻsha oilamiz boshiga ogʻir kulfat tushgan kuni, men, oʻn yashar bola, nimadandir koʻnglim gʻash, uyimiz roʻparasidagi paxsa devorga chiqib, oʻzimcha goʻyo otga minib oʻtirardim.

U mahalda biz Turkiston shahrining eng soʻlim joylaridan biri — Lager koʻchasida ikki xonadan iborat, oldi ayvon, oʻsha zamon imkoniyatiga koʻra tuzukkina uyda istiqomat qilardik. Bu uyning kattagina hovlisi ham bor edi. Ikki qavatli ulkan darvoza orqali kiradigan bu hovlida bizdan tashqari yana bir nechta xonadon yashardi. Darvozaning ustida quruq pichan saqlanadigan boloxona boʻlar, biz, bolalar oqshom paytlari berkinmachoq oʻynaganda boloxonaga chiqib pichan tagida «jon saqlardik».

Oilamiz boshiga musibat tushgan oʻsha mash’um kundan bir necha oy muqaddam dadam uyimizdagi deyarli barcha kitoblarni uch-toʻrt qopga solib, beda tagiga yashirganu, boloxona eshigiga otning kallasidek qulf osib qoʻygandilar. Endilikda boloxonaga hech kim kirolmas, faqat men goho-goho tuynukdan tushib, qoplardagi kitoblarni, ayniqsa sersurat, qalin kitoblarni tuynuk shu’lasiga solib, tomosha qilib oʻtirishni yoqtirardim.

Bu suratlar ham juda gʻalati, ularning aksari charm palto kiyib, bellariga qilich va toʻpponcha taqib olgan harbiy, ba’zilari esa ot oʻynatgan, qizil alvon koʻtarib dushman sari ot surib ketayotgan mardu maydonlar boʻlsa ham, negadir barchasining koʻzlari oʻyib olingan yoki yuzlariga koʻk siyoh tortilgan edi. Nega shunday? Men bu sir-asrorning tagiga yetolmay qiynalardim, dadamlardan soʻrashga esa yuragim dov bermas, sababi, dadamlar qahri qattiq odam edi, «bu kitoblarni senga kim koʻrsatdi» deb dashnom berishlari mumkin edi.

Oʻsha qora kun ham, nimadandir koʻnglim notinch, kitob titish esimga tushib tomga chiqdim. Ammo tanish tuynukka yaqinlashganimda koʻchaning boshida qoʻsh ot qoʻshilgan chiroyli foytunga koʻzim tushdi. Sal oʻtmay, foytun darvozamiz roʻparasiga kelib toʻxtadi. Undan oʻsha paytlarda barcha kattalar uchun rasm boʻlgan yashil rang galife shim va gimnasterka kiygan oʻrta yashar ikki kishi bilan qizil koʻylakli, koʻzlari qiygʻoch bir ayol tushdi. Erkaklardan biri tomda meni koʻrib qolib:
— Egamberdi Jaqipovning uyi shulma? — deb soʻradi.
— Shu, — dedim men. Shu payt hovlidan chiqqan oyimlarning:
— Kelinglar, mehmonlar, xush kelibsizlar, — degan ovozi eshitildi. Men boloxona ustunidan sirpanib, yerga sakrab tushdim. Mehmonlar ichkariga kirishgan, oyimlar allaqanday hayajonda edilar.
— Dadangning mahkamasiga chop! — dedilar oyimlar negadir shivirlab — Ayt: SAKUda birga oʻqishgan ogʻaynilaringiz kelishdi, de! Kutib oʻtirishibdi, tezroq kelar ekansiz, de! Ha aytmoqchi, biryoʻla maktabga borib, onang bilan pochchangga ham ayt — tezroq kelishsin. Dasturxon-pasturxonga qarashib yuborishsin!

Men negadir, aftidan «mehmon» soʻzidan koʻnglim yorishib, ikki oyogʻimni qoʻlimga olib chopa ketdim. Garchi pochcham bilan katta opamlar oʻqituvchilik qiladigan maktab dadamlar ishlaydigan mahkamadan xiyla narida boʻlsa-da, avval oʻsha tomonga oʻtib, oyimlarning gapini opamlarga aytdim, soʻng, hamon ikki oyogʻim qoʻlimda, yalangoyoq, yalangbosh, koʻcha changitib dadamlarning mahkamasiga qarab chopdim.

Dadamlar bir mahallar Qozogʻiston Xalq komissarlari kengashi qoshida tuzilgan mayda millatlar (asosan oʻzbeklar) xalq komissari lavozimida ishlagan. SAKUni tugatganlaridan keyin esa hozirgi Chimkent viloyatining Sayram rayonida birinchi kotib, keyinroq esa Qozogʻiston temir yoʻli Siyosiy boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari vazifalarida xizmat qilganlar. Lekin keyingi yillar «Otang soʻfi boʻlgan, sen buni yashirgansan», — degan aybnoma bilan pastga surila-surila, yumalay-yumalay oxir-pirovardida Turkiston tumani moliya boʻlimiga mudir etib tayinlangan edilar.

Rahmatli buvamlar Yoqub (jonlari jannatda boʻlgʻay!) haqiqatan Qarnoq qishlogʻining eng katta masjidida to inqilobgacha soʻfilik qilgandilar. Odamlarning aytishicha, u kishining ovozlari shu darajada zoʻr boʻlgan emishki, har subhidam masjid mezanasiga chiqib azon aytganlarida nafaqat oʻn ming kishilik Qarnoq ahli, balki oʻttiz chaqirim naridagi Turkiston namozxonlari ham eshitgan emishlar. Shu boisdan Qarnoq ahli buvamlarining ismlariga Shayx soʻzini qoʻshib, Yoqub shayx deb ataganlar... Lekin oʻn oltinchi yilgi qattiq qurgʻoqchilikda bobomiz Yoqub shayx ogʻir ahvolga tushganlar. Shu bois otamiz oilasini boqa olmay, bir-ikki qoʻy, bir-ikki qop gʻalla evaziga bir boyning oʻgʻli oʻrniga mardikorlikka ketganlar-u, uyoqdan bolshevoy boʻlib qaytganlar. Shu-shu, ota-bola biri — shayx, biri — bolshevoy, qip-qizil sinfiy dushmanga aylanganlar.

Dadamlarning mahkamasi ulkan savdogar qurgan va endilikda partiya qoʻmitasi joylashgan koʻrkam binoning shundoq biqiniga joylashgan edi. Men borganimda dadamlar ham idoradan chiqqan ekanlar. Meni uzoqdan koʻrib darvoza oldida toʻxtadilar. Dadamlar toʻladan kelgan, novcha, qirraburun, oʻsha davrda rasm boʻlgan toʻmtoq moʻylovli, xushqad, salobatli kishi edilar. Egnidagi libosi hozir xotiramda yoʻq, agar yanglishmasam oʻsha mahalda Stalinga taqlidan kiyiladigan koʻkrak choʻntakli yashil kostyum va galife shim kiygan, oyoqlarida ham oʻsha zamonlarda rasm boʻlgan gʻarch-gʻurch xrom etik.

Rahmatlik dadamlar, uyqusizlikdanmi, boshqami — koʻzlari qizargan, allaqanday horgʻin koʻrindilar menga. U kishi hansiray-hansiray aytgan gaplarimni eshitdilar-u, chehralari sal yorishib:
— Yur, bolam! — dedilar boshimni silab. — Senga bitta muzqaymoq oberay!

Boya aytganimdek, dadamlar diydasi qattiqroq, oʻktam, kamgap odam edilar. Oʻsha kungacha men u kishining biror marta boshimni silaganlarini bilmasdim. Aksincha, hanuz esimdan chiqmaydi: dadamlar ur kaltak, sur kaltak tagidan chiqolmay, ishdan haydala-haydala oxir pirovardida qishloqqa qaytib, uyda koʻkragini zaxga berib yotgan paytlar. Bir kun oyimlar qoʻlimga pul va ikki-uch litrli grafin (dadamlar katta lavozimlarda ishlagan mahalda orttirgan nodir matoh) tutqazib:
— Doʻkonga kirib qimiz olib chiq, dadang aytdilar! — dedilar.

Doʻkonga kirsam qimiz tugagan ekan. Men parvoyi falak, qoʻlimdagi grafinni oʻynatib uyga qaytdim. Yoʻlim yogʻoch va temir qoziqlar qoqilgan mol bozoridan oʻtardi. Toʻsatdan nimadir «shaq» etdi. Qarasam, qoʻlimdagi grafin temir qoziqlardan biriga tegib, tangaday joyi oʻpirilib tushibdi. Yuragim orqamga tortib ketdi. Uyga qaytishga jur’at qilolmay anchagacha bogʻimiz poyidagi soy boʻyida aylanib yurdim. Nihoyat, yuragimni hovuchlab uyga kirib bordim. Oyimlar meni koʻrib:
— Qayoqlarda daydib yuribsan, bevosh? Dadang shoʻrlik kutaverib diqqinafas boʻp ketdilar-ku! — deb koyidilar, soʻng grafindagi teshikka koʻzlari tushib, qoʻlimdan ushlagancha ichkariga sudradilar.

Dadamlar ulkan, chorxari uyimizning toʻrida kitob varaqlab, yonboshlab yotardilar..
— Doʻkonda qimiz yoʻq ekan, bu ham yetmagandek, oʻgʻlingiz grafinni sindirib qoʻyibdi... — Oyimlar shunday deb grafinni dadamlarning oldidagi xontaxtaga qoʻydilar.

Keyinchalik oyimlar bu ishlaridan pushaymon boʻlib koʻp gapirganlar. «Nega shunday qilganimni oʻzim ham bilmayman, bolam, dadanglarning nochor ahvoli hammamizni ezib qoʻygan edi», deguvchi edilar, rahmatlik.

Dadamlar shitob bilan qadlarnii rostladilaru xontaxtadagi grafinni olib, menga qarab otdilar. Zarb bilan otilgan grafin shundoq qulogʻim tagidan oʻtib (chamasi, jonholatda boshimni olib qochgan boʻlsam kerak!) devorga tegib chil-chil sindi.

Men tura qochdim, qocharkanman, oyimlarning:
— Qimiz ham oʻlsin! Qimiz deb bolamni oʻldirmoqchimisiz, adasi? — degan achchiq faryodini eshitdim.

Oyimlarning aytishicha, keyinchalik dadamlar ham bu qilmishidan ggushaymon boʻlganlar. Kim bilsin, ehtimol boshiga ogʻir musibat tushishini sezib yurgani uchundir, ehtimol bir mahal dilimga ozor bergani esiga tushib, uni koʻnglimdan chiqarmoqchi boʻlgandir, har qalay, umrimda birinchi bor boshimni silab, muzqaymoq oberishga ahd qildilar.

Koʻchaning narigi yuzida shahar bogʻi boʻlar, bogʻ oldidagi maydonchada har xil suv, meva sharbatlari, muzqaymoq sotiladigan mitti-mitti doʻkonchalar boʻlardi. Borsak, doʻkonlar yopilgan ekan. Dadamlar astoydil ranjidilar.
— Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi boʻlgandim, bu ham nasib qilmadi-yov, bolam! — dedilar, u kishi allaqanday chuqur oʻkinch bilan.

Uyga borganimizda chiroqlar yongan, hovlidagi oʻchoqqa qozon osilgan, bizdan avval yetib kelgan katta opamlar bilan oyimlar oʻchoq atrofida kuymalanib yurishar, pochchamlar koʻrinmas edilar.

Dadamlar ichkariga kirib ketdilaru darhol qaytib chiqdilar. Chehralari ochilgan, kayflari chogʻ edi.
— SAKUda birga oʻqigan eski qadrdonlarim kelishipti. Qalay, tuzukroq goʻsht-poʻshtlaring bormi, Gulshan? — dedilar dadamlar oyimlarga qarab. — Bor bisotingni dasturxonga toʻkasan bugun...

Marhum volidamizda jindak shaddodlik boʻlardi.
— Siz qozon-oʻchoq atrofida aylanavermay ichkariga kirib mehmonlaringizga qarayvering! — dedilar shartta kesib.

Dadamlar oyimlarning bu sal yasama qoʻrsligiga kulimsirab, ichkariga kirib ketdilar.

Hovlimizda, shundoq oʻchoq yonida bir tup gujum oʻsar, gujum tagida chuqur quduq boʻlar, issiq yoz va iliq kuz kunlari goʻshtni shu quduqda asrardik.

Oyimlar menga quduqdan goʻsht olib ber, — dedilar. Men quduq changʻirogʻining dastasini aylantirib, goʻsht osilgan changakni torta boshladim-u, toʻsatdan koʻchadan kirib kelgan ikki harbiyga koʻzim tushib, negadir yuragim orqamga tortib ketdi. Ular oʻchoq atrofida kuymalanib yurgan oyimlar bilan opamlarga bir qarab qoʻydilar-da, etiklari bilan yerni tap-tap bosib ayvonga chiqishdi. Ayvondan uyga kirishdi. Harbiylarni koʻrishlari bilanoq turgan joylarida tosh qotib qolgan oyimlar bilan opamlar birdan dod solishib, uyga qarab yugurishdi. Quduq changʻirogʻini beixtiyor qoʻyib yuborib men ham ketlaridan chopdim.

Men oʻsha paytlar mamlakatimizda va hatto shahrimizda nima boʻlayotganidan bexabar edim, albatta, shu bois oyimlar bilan opamlarning harbiylarni koʻrishlari bilanoq faryod chekib, ichkariga otilishlari sababini anglamadim. Ammo ular mudhish maqsad bilan kelishganini aql bilan boʻlmasa-da, yurak bilan his etgandim. Keyin bilsam, oʻsha davrda hamma joyda boʻlganidek,Turkistonda ham har kuni, har daqiqada koʻplab odamlar hibsga olingan ekan. Oyimlar va opamlar bundan boxabar boʻlganlari uchun ham harbiylarni koʻrib dod solishgan ekan. Eshikdan kirishim bilan harbiylardan biri — novchadan kelgan, malla sochlarining uchlari qoshlariga nafis egilib tushgan xushsurat oʻris kapitan polni gʻarch-gʻurch bosib, eshikka keldi-da, uning ilmogʻini solib:
— Tintuv tutaguncha endi hech kim uyga kirmaydiyam, chiqmaydiyam! — dedi yurakka gʻulgʻula soluvchi bir qat’iyat bilan.

Uyda qiy-chuv boshlangan, katta opamlar oʻrta eshikda haykalday qotib qolgan dadamlarning boʻyniga osilib yigʻlamoqda, oyimlar ham dadamlarnig yelkasiga suyanib, unsiz titramoqda, kichik opamlar bilan ukalarim burchakka tiqilishib, xuddi kalxatlardan qoʻrqqan joʻjalarday, koʻzlari ola-kula, bir-birining pinjiga kirib olishgandi.

Ikki tavaqali oʻrta eshik ochiq, ichkari xonaning toʻrida SAKUda dadamlar bilan birga oʻqigan mehmonlar, ranglarida rang yoʻq, tippa-tik serrayib turishardi. Ikkinchi harbiy esa ichkari uydagi katta qizil shkafga terilgan kitob va albomlarni bitta-bitta koʻzdan oʻtkazmoqda edi.

Kitoblarning deyarli hammasi qizil jildli Lenin asarlari edi. Tintuv boshlagan harbiy Lenin asarlariga tegmas, qalin, sersurat albomlarni esa varaqlab koʻrib bepisand, yerga tashlar edi. Hanuz esim-da: bu albomlar ham xuddi boloxonadagi kitoblar kabi, allaqanday rahbarlarning suratlariga toʻla boʻlib, ularning ham aksari allaqachon qamalgani uchun (buni men keyin bildim, albatta) yuzlariga koʻk siyoh chaplangan, koʻzlari oʻyib olingan, ba’zi suratlarning kallalari «kesib» tashlangan edi. Bepisand harbiy (agar yanglishmasam, u ham kapitan edi) albomlarni koʻzdan kechirarkan, dam ulardagi koʻzlari oʻyilgan, boshlari «kesilgan» suratlarga, dam dadamlarga qarab:
— Koʻrinib turibdi, ja gʻoyaviy ekanlar! — derdi miyigʻida kulimsirab.

Xushsurat mallosoch kapitan esa tashqi xonadagi qutilar, sandiq va sandiqchalar, shkaflarning tortmalarini ochib, ulardagi buyumlarni titkilar, latta-puttalar orasidan allanimalarni qidirar edi. Navbatdagi shkafga kelganda harbiy urinmasin, uning pastki tortmalarini ocholmadi. Uyda birorta sandiq, yo shkaf yoʻq ediki, men uni ocholmasam. Kapitanning qiynalayotganini koʻrib, men qoʻlimga mix oldimu pildirab borib shkafning tortmasini shartta ochib berdim. Kapitan chehrasi yorishib kuldi-da:
— Malades! — dedi boshimni silab. — Kelgusida zoʻr odam chiqadi sendan!

Kapitanning bu kutilmagan maqtovidan yuragim «jiz» etdi. Keyinchalik, katta boʻlganimda, men uydagi dod-faryodga qaramasdan otamni qamashga kelgan jallodning maqtovidan bir zumgina boʻlsa-da, yayrab ketganimni har eslaganimda bir oʻzimdan ijirgʻanib yurdim. Ammo oʻsha daqiqada, afsus-nidomatlar boʻlsinkim, uning soʻzlaridan gʻururlanib ketganim ham haqiqat, mudhish haqiqat!

Shu payt dadamlarning:
— Suv! — degan ovozlari eshitildi. — Bir piyola quduq suvi beringlar, yuragim kuyib ketyapti!

Uyda suv yoʻq ekan. Opam yigʻidan toʻxtab:
— Oʻrtoq kapitan! — dedilar hiqillab. — Ruxsat bering, ukam quduqdan suv olib kirsin!

Kapitan shkaf tortmasidan boshini koʻtarib:
— Agar dod-voyingni qoʻysang — ruxsat beraman! — dedi va kuldi: — Shunday chiroyli qiz ham bunaqa yigʻloqi boʻladimi?

Kapitanning opamlarga qilayotgan soxta xushomadi yoqmadi. Lekin nima ham qilardim? Chelakni olib tashqariga otildim. Hovlidagi chiroq oʻchgan, ayvondan uzoqroqda, quduq yonidagi gujum panasida kimdir qoqqan qoziqdek qaqqayib turardi. Bu — pochchamlar edi. U lom-mim demasdan qoʻlidagi chaqaloqni menga tutqazib, quduqdan yarim chelak suv olib berdi-da, sharpasiz odimlab hovlining qorongʻi burchagiga qarab ketdi.

Keyinchalik marhum oyimlar koʻp aytguchi edilar:
— Oʻsha kuni pochchangni xudo oʻzi asradi! Agar pochchang opang bilan birga kelganida, kim bilsin, uni ham birga opketisharmidi bu toshbagʻirlar?

Oyimlarning bu gapida jon bor edi, chunki tintuv tutab, dadamlarni olib ketayotganlarida harbiylar SAKUchi shoʻrlik mehmonlarga Turkistondan ketishdan avval NKVDga borib, ruxsat olishlari shart ekanini uqtirishib, qoʻllaridan tilxat olishdi.

Men yarim chelak suvni koʻtarib, ichkariga kirganimda, dadamlar stulda oʻtirib, oyoqlari tagida hamon dod solib yigʻlayotgan katta opamlar bilan oyimlarni tinchitishga urinardilar. Azaldan qoramagʻiz odam, dadamlar bir zumdayoq bamisoli olovda qolgan archadek qorayib ketgandilar. Oyimlar tokchadan kosa olib berdilar. Dadamlar bir kosa muzday quduq suvini bitta sipqorib:
— Qoʻy, yigʻlama, qizim, yigʻlama, Gulshan! — dedilar ogʻir hansirab. — Hukumat oldida tariqcha gunohim yoʻq! Oʻrtoq Stalin tirik ekan, bu tuhmatlardan qutqarib oladi hali!

Dadamlar quduq suvini kosalab sipqorar edilaru shu bitta gapni qayta-qayta takrorlardilar:
— Hukumat oldida begunohman, Gulshan! Oʻrtoq Stalin barhayot ekan, bizni bularning oyogʻi ostiga tashlab qoʻymaydi!

Men hozir, shaxsga sigʻinish davrining mudhish kirdikorlari, mudhish inqilob dohiylari, ayniqsa, Stalin hukmronligi davrida yuz bergan shafqatsiz qatlu qirgʻinlar, million-million begunoh kishilarning boshiga tushgan gʻurbatlar, ota boladan, bola otadan ayrilib, odamlarning koʻzyoshi daryo boʻlib oqqan oʻsha zimiston yillar haqida oʻylaganimda, dadamlarning Stalin toʻgʻrisida gaplarini eslab, hayron boʻlaman. «Nahot otam bu qirgʻinbarotni koʻrmagan-sezmagan boʻlsalar, nahot Stalin bu jabru sitamlardan bexabar edi, degan sodda, bemantiq soʻzlarga ishongan boʻlsalar?», degan fikr bot-bot koʻnglimdan oʻtadi.

Lekin unday desam... Oʻsha davrda hukm surgan inqilob chavandozlari orasida mash’um Inqilobning soxta otashin chaqiriqlar, joʻshqin qoʻshiqlar, alvonlari, «dohiy»ning alangali nutqlariga astoydil ishongan, boʻlayotgan qatlu qirgʻinlarning hammasi insoniyat baxti uchun qilinyapti, degan mudhish yolgʻonga uchgan soddadil, oqkoʻngil odamlar oz boʻlganmi?

Albatta, yurakni zirqiratuvchi bu oʻylar mening xayolimga koʻp yillardan keyin oʻsha davrlardagi dahshatli voqealar fosh qilinib, koʻzimiz ochilganda keldi. U mahalda esa...

Bilmadim, tintuv qancha davom etdi. Lekin dadamlar quduq suvini sipqora-sipqora, «Oʻrtoq Stalin sodiq farzandlarini xor-zor qilib qoʻymaydi», degan gapni takrorlay-takrorlay yarim chelak suvni ichib tugatganlari hanuz esimda.

Men keyinchalik, bu gapni aytsam koʻplar ishonmay:
— Qoʻying-e, odam bolasi yarim chelak suvni icha oladimi? — deguvchilar ham boʻldi, ammo men, oʻn-oʻn bir yashar bola, buni oʻz koʻzim bilan koʻrganman, dadamlarning oʻsha soʻzlarini oʻz qulogʻim bilan eshitganman! Ichi yonib ketayotgan odam yarim chelak u yoqda tursin, bir chelak suvni ham ichadi!

Nihoyat, tintuv tugadi. Dadamlarga kiyinishni buyurdilar. Oyimlar bilan opamlarning nolasi koʻkka chiqib, uyimiz achchiq faryoddan zir titradi. Oyimlar dadamlarning yelkasiga paltosini ildilar. SAKUni bitirgan shoʻrlik mehmonlarga tuzalgan dasturxondan ilingan narsani roʻmolga tugib, qoʻllariga tutqizdilar.

Boyagidan ham battar qorayib, bir zumda allaqanday ozib, munkayib qolgan dadamlar avval hamon faryod chekayotgan oyimlar bilan opamlar, soʻng qaqshab-qaltirab qolgan ukalarimning peshonalaridan oʻpdilaru, navbat menga kelganda:
— «Hay, attang! — dedilar toʻsatdan koʻzlariga yosh olib. — Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi boʻluvdim. Shuniyam evlayolmadim-ov, bolam!..

Butun tintuv davomida koʻzimga yosh olmagan, «kelgusida zoʻr odam boʻlasan», degan soʻzlardan shishib ketgan norasida, birdan hamma narsa — dadamlarning hech qachon erkalamaganini ham, doʻkondan qimiz topolmay qaytanimda grafinni qulochkashlab otganlari ham — hammasi esimdan chiqdiyu alamli chinqiriq bilan dadamlarning tizzalarini quchoqlab oldim...

...Bir necha oy oʻtdi. Bu orada xonadonimiz motamsaro bir makonga aylandi. Qish yaqinlashib qolgan, kun sayin uning qahrli nafasi kuchayib borar, uyda esa na oʻtin bor, na koʻmir!.. Biz tancha qurib, bir amallab kun kechiramiz.

Haftada bir marta, yanglishmasam, shanba kunlari dadamga ovqat olishadi. Oyimlar bir amallab topgan-tutganlarini pishiradilaru tong mahal u kishi bilan birga avaxtaga ravona boʻlamiz.

Turkistonda Qul Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasining shundoq biqinida Oʻrta Osiyoni zabt etgan general Chernyaev qurdirgan besh-oltita mustahkam gʻishtin binolar boʻlardi. Chernyaev bu binolarni chor askarlari uchun qurdirgan. Shoʻro hokimiyati esa ularni qamoqxonaga aylantirganu atrofini tikanli sim bilan oʻrab tashlagan.

Har shanba tikanli sim bilan chegaralangan bu qal’a roʻparasiga kamida 150—200 ayol, chol-kampirlar yigʻilishadi, bular «xalq dushmanlari»ning oila a’zolari. Yosh-yosh juvonlar qaqshab-qaltirab qolgan keksalar hibsxona xodimlarining ovqat qabul qilishini kutib, ertalabdan kechgacha tikanli sim oldida diydirab turishadi. Oyimlar qamoqxonaga gohida meni ham yetaklab borishlariga sabab — mabodo dadamlar bilan yuz koʻrishish nasib etsa otamlar meni koʻrib qolsinlar degan niyatda edilar. Lekin dadamlarni biror marta koʻrsatishmadi, koʻrsatishmaganlari ham mayli, bot-bot olib borgan ovqatlarimizni qabul qilmasdan qaytarib yuborishardi. Goho men bir necha soat mahtal boʻlib kutganimdan keyin biror bahonani roʻkach qilib, hibsxonaning shundoq yonginasidagi shahar bogʻiga qarab chopardim. U yerda xudoning kuni borki, miting boʻlar, shahar maktablaridan nogʻoralar gumburi va karnay-surnaylar sadosi ostida bolalar saf tortib boqqa kelishardi. Bogʻ oʻrtasiga qizil alvon bilan oʻralgan ulkan minbar oʻrnatilgan boʻlib, charm palto kiygan, toʻpponcha taqqan faollar unga chiqib va’z aytishar, va’zlarning aksariyati trotskiychilar va ularning «dum»larini fosh qilishga bagʻishlanardi. Bu va’zxonliklarning dahshatli tomoni shunda ediki, bugun Trotskiyning «dum»larini fosh etib, otashin nutq soʻzlagan notiqlarning aksari ertasiga oʻzlari «dum»ga aylanib, fosh etilganlar roʻyxatiga tushib qolishardi.

Meni bu mitinglarga borishga nima chorlaganini hanuz tushunolmayman. Aftidan, karnay-surnay va nogʻoralar sadosi saf tortib oʻtadigan tengdoshlarimning quvnoq va joʻshqin qoʻshiqlari boʻlsa, ajab emas. Chunki bu gumbur-gumbur sadolara otashin qoʻshiqlar qulogʻimga chalinishi bilan xuddi nogʻoraga oʻrgangan harbiy otday oyoqlarim oʻz-oʻzidan raqsga tushib, yuragim hapriqib ketaverardi. Faqat bir narsa murgʻak qalbimni ezar, u ham boʻlsa, minbardan turib aytiladigan nutqlarda ba’zi-ba’zida dadamlarning nomi ham «dum»lar qatori tilga olinadi. Lekin shunday paytlarda dadamlarning Stalin toʻgʻrisidagi soʻzlari esimga tushardiyu yuragimga quyilib kelgan alamli tuygʻuni haydardim. Bu hol toki shahar yoshlar qoʻmitasining kotibi bilan yuzma-yuz kelgunimcha davom etdi.

Bu yosh, xushqad, xushsurat yigitcha bizga qoʻshni edi. Oilamiz boshiga musibat tushgunga qadar, u xonadonimizga boʻzchining mokisidek qatnar, dadamlar bilan kechalari uzoq suhbatlashib oʻtirardi. U oʻsha yozda uylangan, xotini ham, oʻziga oʻxshash koʻhlik, xushqad, xushsurat edi. Damlar ularning toʻylariga toʻyboshi boʻlgan, oyimlarning aytishicha, dadamlar unga moddiy yordam ham bergan ekanlar.

Dadamlar qamalganlaridan keyin yon qoʻshnimiz qorasini ham koʻrsatmaydigan boʻldi. Bunga ajablanmasa ham boʻlardi, chunki shogird tugul qarindosh-urugʻlar ham bu ogʻir, gʻurbatli kunlarda uyimizni chetlab oʻtishar, bitta-yarimta kelsa ham kechalari qoʻrqa-pisa kelib, soʻng devor panalab qaytib ketardi.

Shanba kuni edi. Chamasi, qamalganlar soni koʻpaygan, chunki avaxtaga ovqat koʻtarib kelganlar soni ancha ortgan, navbat kutayotganlarning dumi koʻrinmasdi. Kun sovuq, sevalab mayda yomgʻir yogʻardi. Shu boisdanmi, boshqami, oyimlar men soʻramasdanoq uyga ketishimga ruxsat berdilar. Men tinimsiz maydalab yogʻayotgan yomgʻirdan diydirab, uyimizga tomon ravona boʻldimu toʻsatdan bogʻ tomonda yangragan nogʻoralar gumbiriyu karnay-surnaylar sadosini eshitib, beixtiyor toʻxtadim.

Nogʻoralar va karnay-surnaylar sadosi tobora avjga chiqmoqda, chamasi, odatdagidan ham katta miting boshlanmoqda edi. Oʻrgatilgan otga oʻxshab yana nogʻoralar gumbirlayotgan tomonga burildim. Haqiqatan ham yomgʻirga qaramay, bolalar har tomondan saf-saf boʻlib boqqa yopirilib kelishardi.

Darvozaga yaqinlashib qolganimda nogahon roʻpara tomondan kelayotgan qoʻshnimiz — shahar yoshlar qoʻmitasining kotibiga koʻzim tushdi. U bir oʻzi emas, charm paltolik harbiy odam bilan uch burchak soqol qoʻygan, jikkakkina moʻysafid qurshovida kelardi.

Kotibni koʻrishim bilan yuragim negadir «shuv» etib, boqqa shoʻngʻishga chogʻlandim, ammo kotib bir sakrashda yoʻlimni toʻsib, bilagimdan shappa ushladi-da:
— Ha, qashqirdan tugʻilgan qashqircha! — dedi titroq bosib. —Bitta shaltoq buzoq bir toʻda podani buzadi! Boʻyningga soxta qizil galstuk taqib, bu sofdil qizil pionerlarni buzmoqchimisan? — U qoʻlimni ogʻritib siqqancha oʻziga torta boshladi. Lekin shu payt jikkak moʻysafid:
— Qoʻyib yubor, bolapaqirni, — dedi oraga tushib.— Oʻrtoq Stalin aytdi-ku, bola otasi uchun javob bermaydi, deb? Gunohi nima bu norasidaning!

Yosh kotib qovogʻidan qor yoqqanicha bir qariyaga, bir charm paltoli harbiyga qaradi-da, qoʻlimni qoʻyib yubordi va: «Yoʻqol koʻzimdan!» — deb oʻshqirdi.

Shundan keyin nima boʻldi, nima qoʻydi — hozir esimda yoʻq, faqat kotibning ombirdek metin changalidan chiqdimu tomogʻimni gʻip boʻqqan koʻz yoshini yuta-yuta, saf-saf boʻlib oʻtayotgan baxtli tengdoshlarim yonidan katta koʻcha tomon otildim...

Dadamlar hibsga olingandan soʻng uch-toʻrt oy oʻtdi hamki, u kishi bilan biror marta koʻrisha olmadik. Butun shahar hanuz tahlikada, hamma joyda, hatto maktablarda ham dushman qidirish hamon davom etardi. Sira esimdan chiqmaydi. Oʻsha yili ulugʻ rus shoiri Pushkin vafotining 100 yilligi nishonlanar edi. Bu gʻamgin sanaga atalib qanaqa tadbirlar belgilandi, qanaqa kitoblar chiqarildi, qanaqa majlislar, adabiy kechalar oʻtkazildi — buni bilmayman. Ammo oʻsha sanaga atalib oʻquvchilar uchun daftar chiqarilgani yodimda. Million-million nusxada chiqarilgan bu daftarlarning oldi muqovasida bolalikdan hammamizga tanish jingalak soch, habashchehra shoirning surati solingan, muqovaning oxirgi betiga esa shoir ertaklaridan biriga chizilgan surat berilgan edi. Avval boshda hech qanday gap yoʻq edi. Keyin toʻsatdan shaharda, jumladan men oʻqiydigan maktabda ham vahimali mish-mishlar tarqaldi. Goʻyo Pushkin yubileyiga chiqarilgan bu daftarlar, toʻgʻrirogʻi, daftar muqovasidagi suratlarga aksilinqilobiy soʻzlar bitilgan emish! Kimki Pushkinning soch va soqollari, ayniqsa, muqova oxiridagi ertaklarga chizilgan suratlarni e’tibor bilan koʻzdan kechirsa, shoirning jingalak sochlariyu ertaklarga chizilgan suratlarni hushyorlik bilan nigohidan oʻtkazsa, makkorona bitilgan aksilinqilobiy soʻzlarni topishi mumkin emish!

Men oʻqiydigan 3-«A» sinfida yoshi anchaga borgan, tishlari toʻkilib qolgan, ammo juda muloyim, mehribon rus kampiri dars berardi. Bir oydan beri bu kampir — hozir ism-shariflari yodimda yoʻq — kasal boʻlib, oʻrniga yosh tatar yigitcha dars bera boshlagan edi. Qattiq oqsoqlanib yuradigan bu yigitcha bizga qoʻshni boʻlmish raykom kotibining qaynisi boʻlib, dadam qamalganlaridan keyin menga oʻqrayib qaray boshlagan edi. Ammo hayotning oʻyinini qarangki, dadamlardan keyin bir hafta oʻtar-oʻtmas yosh oʻqituvchimizning pochchasi ham hibsga olinib, «xalq dushmani» deb e’lon qilingan edi. Shu-shu battar mungʻayib, avvalgidan battar oqsoqlanib qolgan oʻqituvchi menga achinib qaraydigan, yoʻlakdami, hovlidami — tanho yurganimni koʻrsa, boshimni silaydigan boʻlib qolgandi. «Pushkin suratlari ichiga qabih aksilinqilobiy soʻzlar yozilgan emish», degan gap tarqalgan kuni yosh oʻqituvchimiz sinfimizga juda xomush bir qiyofada kirib keldi. U mungli koʻzlari bilan bolalarga uzoq tikilib turgach:
— Bolalar! — dedi allaqanday yolvorib. — Qani, kecha tarqatilgan daftarlaringni olinglar-chi! Haligi... muqovalariga Pushkin surati solingan daftarlaringni aytyapman!.. Oldilaringmi? Ehtimol, eshitgandirsizlar, ashaddiy dushmanlarimiz makkorona chizilgan harflar vositasida SSSRga qarshi soʻzlar yozishipti! Bu mudhish soʻzlarni topgan bolalar bor. Ularning suratlari ertaga faxriy doskaga osiladi. Nahot bizning sinfimizda birorta hushyor oʻquvchi bola topilmasa? Qani, suratlarga yaxshilab qaranglar! Shoyad sizlar ham dushmanlarimizning bu qabih soʻzlarini topib, ularni fosh etsalaring!

Yosh oʻqituvchi shunday deb menga oʻzgacha bir umid bilan qarab qoʻydi. Har qalay menga shunday tuyuldiyu oldimdagi daftarga chizilgan suratlarga tikilib, jon-jahdim bilan makkorona chizilgan harflarni qidira boshladim...

Asablarim tarang tortilgan, miyam nazarimda lahcha choʻqqa aylangan edi. «Nahot jonajon hukumatimizga qarshi yozilgan bu mudhish soʻzlarni topib, dushmanlarning kirdikorlarini fosh etolmasam? Yoʻq, topaman! Topganda ham birinchi boʻlib topaman. Ikkinchi boʻlishning foydasi yoʻq!.. Toʻxta, shoir yelkasidagi mana bu gajak tola nimani eslatadi? «S» harfining oʻzginasi-ku!.. Uning yonidagi gazak-chi! U ham «S»! Uning yonidagisi ham!» Mana bunisi «R»ning oʻzginasi-ku! Voy, tavba! Bu battollar «SSSR» deb yozib qoʻyishibdi-ku, boyadan beri shuni ham koʻrmapman-a?... Mana bu gajak tola-chi? Quyib qoʻygandek «D» ku! Undan keyingi gajak-chi? «O»ning xuddi oʻzginasi-ku! «O» boʻlgan joyda «L» ham boʻlishi kerak? Mana «L»! Yonginasida esa «Oy»ga oʻxshash ikkita gajak qatorlashib turibdi! «Doloy SSSR!, ya’ni «Yoʻqolsin SSSR!» degan gap-ku bu!».

Men hayajondan nafasim boʻgʻilib:
— Topdim, muallim, topdim! — deb baqirib yubordim.

Majruh oʻqituvchim tekis polda qoqilib-surinib oqsoqlana-oqsoqlana yonimga keldi. Sinf toʻla oʻquvchilar ham «gurr» etib oʻrnilaridan turdilar-da, ustimga yopirildilar.

Men xuddi bezgak tutgandek dir-dir titrab, ulugʻ shoirning jingalak sochlari orasidan topgan mudhish harflarni koʻrsata boshladim. Nihoyat, koʻrsatib boʻlib, tengdoshlarimga magʻrur qaradim. Sinfga choʻkkan ogʻir sukunat ichidan toʻsatdan oʻqituvchimizning:
— Malades! — degan xitobi eshitildi. — Hushyor pioner deb shuni aytadilar!

Hamma menga hasad bilan qarar, men oʻzimni chinakam qahramon his qilardim.
— Qani, daftarlaringni yigʻib beringlar! Bir soatdan keyin sport maydoniga butun maktab toʻplanadi. Hammamiz birga bu mudhish daftarni yoqish marosimida qatnashamiz!

Oʻqituvchimiz oqsoqlana-oqsoqlana sinfdan chiqib ketdi, lekin bir soat tugul ikki soat oʻtdi hamki, u qaytmadi. Soʻng daftarlarni yoqish marosimi boshqa kunga qoldirilipti, degan xabar keldiyu uy-uyimizga tarqaldik.

Kechqurun men kunduzi boʻlgan voqeani hayajondan entika-entika oyimlarga aytib berdim.

Oyimlar men kutgan maqtov oʻrniga:
— Hoy, bolam-ov, bolam-ov! — dedilar toʻsatdan koʻzlariga yosh olib. — Senga nima boʻldi, bolam-ov!
— Menga nima boʻpti? Nega bunday deysiz, oyijon? — dedim ranjib.
— Hech nima... Iloyo dadangga oʻxshab qahri qattiq boʻlma. Ollodan bittayu bitta tilagim shu, bolam.

Oyimlarning gapiga yaxshi tushunmadim. Ertalab maktabga, toʻgʻrirogʻi, zalda osilgan hurmat taxtasiga qarab chopdim. Nadomatlar boʻlsinkim, roʻyxatga bir necha marta koʻz yugurtirib chiqdim: yoʻq, na nomim, na suratim bor! Dushmanning yovuz kirdikorini fosh etgan hamma hushyor pionerlarning surati hurmat taxtasiga osilgan-u, bitta mening suratim yoʻq! Aftidan, kimdir hushyorlik qilib xalq dushmani farzandining suratini hurmat taxtasiga osish mumkin emasligini aytib, mendan ham hushyorroq boʻlgan!

Mana, bu voqealarning sodir boʻlganiga yarim asrdan koʻproq vaqt oʻtdi. Shaxsga sigʻinish davrining ne-ne jinoyatlari fosh etildi. Bu jinoyatlar qanday dahshatli boʻlmasin, nazarimda, ularning eng yomoni — kattalar yetmagandek, menday goʻdaklarni ham hamma narsaga shubha bilan qarash, hammayoqdan yovuz kirdikorlar qidirishga qaratilgan urinishlar deb bilaman.

Nihoyat, dadamlar bilan vidolashadigan kun ham keldi. Vidolashishga uch kishiga ruxsat berishgandi: oyimlar, katta opamlar va menga! Shu boisdan boʻlsa kerak, qarindosh-urugʻlardan hech kim, na dadamlarning ukalari, na yor-doʻstlari — hech kim kelmadi.

Oyimlar bilan opamlar kechasi uxlashmay, dadamlar uchun bugʻdoy talqon, soʻk talqon va yana allaqanday narsalar tayyorlashdi. Chunki bu payt dadamlar ozod boʻladi degan umid ojiz miltirab turgan shamday soʻngan, u kishini uzoqlarga olib ketishlari chamasi oyimlarga ayon edi.

Ertalab toʻrva-xaltalarni koʻtarib qamoqxonaga qarab yoʻl oldik. Bu safar bizni koʻp kuttirishmadi. Beliga choynakdak toʻpponcha taqib olgan harbiy bizni uzun, tor, nimqorongʻi yoʻlakdan ichkariga boshladi. Yoʻlakning yarmiga borganda oʻng qoʻldagi eshikni ochib, bizga yoʻl berdi. Chogʻroqqina toʻrtburchak xonaning toʻridagi stol oldida gimnastyorka kiygan, sochlari oppoq bir odam allanimalarni yozib oʻtirardi.

Dadamlar burchakda kursida oʻtirgan ekanlar (men avval u kishini tanimay qolibman!) biz kirishimiz bilan dik etib oʻrnidan turdilar. Azaldan barvasta, toʻladan kelgan, novcha odam bir-ikki oy ichida choʻpday ozib, lunjlari ichiga botgan, koʻzlari kirtayib, qiy-gʻir burni soʻrrayib qolgandi.

Yana qamalgan kechasidagidek yigʻi-sigʻi boshlandi. Oyimlar-ku, yuzini roʻmoliga yashirib, jimgina titrab yigʻlar, lekin opamlar... dadamlarning boʻyinlariga osilib olgan opamlarning faryodi tor xonani zir titratardi.

Keyinchalik marhum oyimlar koʻp aytguchi edilar:
— Noinsoflar jilla qursa yarim soat ham fursat bermadilar. Dadang shoʻrlikning diydoriga ham toʻymadik. Bergan chorak soatlari koʻz ochib yumguncha oʻtib ketdi...

Bu safar chorak soat davom etgan vidolashuv davomida dadamlar biror marta Stalinning nomini tilga olmadilar, qamalgan kunlaridagidek: «Men partiya oldida gunohkor emasman! Oʻrtoq Stalin barhayot ekan, meni oyoqosti qilib qoʻymaydi!», — demadilar. Bil’aks, bir necha marta koʻzlariga yosh olib:
— Meni kechir, Gulshan. Ayol boshing bilan besh bolani qanday boqasan — aqlim bovar qilmaydi. Endi yuz koʻrishishimizga ham koʻzim yetmaydi, kechir meni! — dedilar.

Har safar dadam shunday deganlarida stolga mukka tushib, allanimalarni yozayotgan kishi:
— Hoy, Yoqubov! — derdi qogʻozdan bosh koʻtarmay.— Senga nima boʻldi? Yosh bolamisan, Yoqubov!

Nihoyat, bu odam qarshisidagi devorga osilgan almisoqdan qolgan devor soatiga koʻz tashlab:
— Fursat tugadi, Yoqubov. Endi xayrlashinglar! — deb buyurdi.

Opamlarning nidosi battar avjiga chiqdi. Oyimlar ozgina pul olib kelgan ekanlar, dir-dir titragan qoʻllari bilan dadamlarga tutdi, dadamlar esa:
—Bolalaringga yarat, Gulshan! — deb yolvorar edilar. Lekin oyim koʻnmay, axiri pulni olishga majbur qildilar.

Oyimlar keltirgan pul bor-yoʻgʻi ellik soʻm boʻlib, oʻnta besh soʻmlikdan iorat edi. Dadamlar pulni qiynala-qiynala olarkanlar, besh soʻmliklardan birini menga uzatdilar. Oyimlar pulni mendan olib, dadamlarga qaytarib bermoqchi boʻlgandilar, dadamlar koʻnmadilar, kaftlarini boshimga qoʻyib:
— Sen endi bu uydagi eng katta erkaksan, bolam, — dedilar va yana koʻziga yosh oldilar. — Oyingga yordamlashib, ukalaringga qarab turgin, bolam!

Dadamlar shunday deb besh soʻmlikni choʻntagimga soldilar.
— Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi boʻlgan edim, bu ham nasib etmadi Bu pulga daftar-kitob ol! Qolganiga muzqaymoq olib ye, oʻgʻlim!..

Boyadan beri oyim va opamlarga qoʻshilib yigʻlashni oʻzimga ep koʻrmay serrayib turgan bola, toʻsatdan, xuddi dadamlarni olib chiqib ketayotgan paytlaridagidek yuragimda nimadir darz ketganday tuyuldiyu NKVD xodimining maqtovlari ham, aksilinkilobchilar kirdikorlarini fosh etgan hushyor pioner ekanligim ham — bari yodimdan chiqib, «Dadajon!», degancha otamning tizzasini quchoqlab oldim.

Bu mash’um voqealardan keyin koʻp yillar oʻtdi, koʻp suvlar oqib ketdi. 1955 yili Xrushchevning butun dunyoni larzaga solgan mashhur nutqidan keyin oilamiz, shaxsga sigʻinish zulmidan jabr chekkan million-million oilalar kabi dadamlarning taqdirini, oʻlik yo tirik ekanini (ungacha yozgan oʻnlarcha xatlarimizning bittasiga ham javob ololmagandik) soʻrab, yuqori tashkilotlarga murojaat qildik.

Maktublarning bittasini Qozogʻiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasiga, ikinchisini SSSR Davlat xavfsizligi qoʻmitasiga yoʻlladik. Taxminan toʻrt-besh oydan keyin birin-ketin ikkita javob keldi. Javoblarning birinchisi Qozogʻiston Markaziy Qoʻmitasidan boʻlib, unda dadamlarning partiyaviy ishi koʻrib chiqilgani, u kishi Stalin shaxsiga sigʻinish qurboni boʻlganligi e’tirof etilgan va 1918 yildan e’tiboran partiya a’zosi sifatida tiklangani xabar qilingan edi.

Ikkinchi javob Moskvadan, Davlat xavfsizligi qoʻmitasidan boʻlib, unda aytilishicha, dadamlar Uzoq Shurqdagi qaysi bir oʻrmon xoʻjaligida daraxt kesuvchi boʻlib ishlagan, 1943 yil qish oylarida (vaqti aniq aytilmagan) daraxt kesayotgan paytida yiqilib vafot etgan.

Birinchi javobdan farqli oʻlaroq, bu xatda shunday ilova ham bor edi. Agar volidamiz (men yozgan xat, tabiiy, oyimlar nomidan bitilgan edi) nafaqa yoshida boʻlsalar, u kishiga davlat tegishli mikdorda nafaqa toʻlaydi. Agar oyimlarning turar joyi boʻlmasa, u kishi qoʻmitadan kelgan ushbu javob asosida shahar kengashiga murojaat qilib, navbatsiz uy oladilar...

Har ikkala xat ham haqiqatni qaror toptirish, adolatni tiklashga qaratilgan edi. Ammo men negadir, ehtimol, Uzoq Sharqda olti yil oddiy soldat boʻlib, butun qiyinchiliklarni boshimdan oʻtkazganim uchundir, nogahon oʻzim koʻrgan bepoyon sovuq oʻrmon, qor tagida egilib turgan daraxtlar, qish koʻz oldimga keldi. Bir zum nigohim oldiga bu qorongʻi oʻrmonda behol imillab daraxt kesayotgan dadamlar keldi, keldi-yu, alam, iztirob, mehr-shafqat va xoʻrlik tuygʻulari toshqinday guvillab vujudimni qaqshatib yubordi.

«Yoʻq! Bu nopoklar 1918 yildan firqa a’zosi boʻlmish otamni nohaq qamaydilar, qariganida ham ozod qilishni istamay, qahraton qishda ham oʻrmon kesdirib, oʻlimga mahkum etadilar-u, endi oʻz gunohlarini yuvish umidida judolik azobidan ikki bukilib qolgan bevasiga nafaqa toʻlarmishlar, boshpana berarmishlar! Yoʻq, men bitta onamni ular bergan sadaqasiz ham boqib olaman, ularsiz ham boshpana topib beraman!»

Xayolan shunday deb, yaxshi niyat bilan yozilgan ikki xatni burda-burda qilib yirtib tashladim...