OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Odil Yoqubov. Oshqovoq (etyud)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOdil Yoqubov
Asar nomiOshqovoq (etyud)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Odil Yoqubov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Etyudlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oshqovoq (etyud)
Odil Yoqubov

— Koʻkterakdanman, dedingizmi, bolam? Maqsud Laylak — degan boʻlardi, hayotmi?.. Salom aytib qoʻyasiz. Bu haligi... Musavoy polvon-chi?
— U kishi qazo qilganlar, ota...
— E, shunaqami? Joyi jannatdan boʻlsin! Koʻp yaxshi odam edi, rahmatlik. Oshqovoq boʻlmaganda qishlogʻimizda ildiz otib ketarmidi, qaydam. Tuppa-tuzuk ishlab kelayotganida oʻrtadan oshqovoq hangomasi chiqib qoldiyu omadi ketdi bechoraning!
— Qanaqa oshqovoq, ota?
— Ha shu... Oʻzing bilgan oyim qovoq-da, bolam... Oʻttizinchi yillarning boshimikan, endi xoʻjalik tuzilgan chogʻlar. Musavoy polvon xoʻjaligimizga rais boʻlib keldilar. U mahalda oʻttiz roʻzgʻor ham bir xoʻjalik edi! Sibirga surgun boʻlgan Qoʻshoqboy — degan boyning uyiga tushdi, qoʻshni boʻp qoldik. Sal qoʻrsligini aytmasangiz juda mehnatkash, moʻmin-muloyim odam edi, boyaqish. Oʻziyam deng, ketmonni urardi azamat! Boshqalarniyam qattiq ishlatardi, oʻziyam ishlardi shovvoz!

Kuz keldi. Tuzukkina hosil koʻtardik. Gʻalladan yolchimadigu ammo lekin sabzavot yomon boʻlmadi. Hammasidan ham oshqovoqni ayting. Har oshqovoqki, bir eshakka yuk boʻladi!

Sovuq tushib qolgan edi, chamamda, bir kuni nima ham boʻlib, kelin oʻz qishlogʻiga ketdi. Kampirga «Polvonning choy-poyiga qarab tur», deb tayinlab qoʻydim.

Har kuni qovoq oshi. Nahorgayam qovoq oshi, tushda ham, kechqurun ham.

Bir kuni kampir qovoq somsa qilgan ekan, bir tovogʻini qizimdan berib chiqardim. Sal oʻtmay qizalogʻim, koʻzida yosh, qaytib kirdi.
— Polvon amakim chaqiryaptilar, dada!.. chiqdim. Darvozada polvon turibdilar. Qoʻlida boyagi bir tovoq somsa, qovogʻidan qor yogʻadi, vajohatidan odam qoʻrqkulik! Meni koʻrdiyu gap yoʻq, soʻz yoʻq, haligi somsani tovogʻi bilan boshimdan oshirib hovliga otdi deng!
— Ha, Musavoy, tinchlikmi, oʻzi?
— Tinchlikmi deydi-ya? Uyimdagi hamma oshqovoqni oʻgʻirlab oʻzimga somsa qilib berasanmi? Qani, olib chiq, oʻgʻirlagan oshqovoqlaringni, muttaham!..
— Axir, qaysi oshqovoqni aytyapsiz, polvon? — demoqchi boʻlamanu qani endi gapga quloq solsa!

Oʻziyam polvon desa polvon degudek davangiday yigit edi, yoqamdan ushlab boʻgʻib olgan, ovozi doʻrillab, qishloqni boshiga koʻtarib baqiradi, oʻgʻridan olib, muttahamga solib soʻkadi! Kaftdekkina joy, labbay deguncha qoʻni-qoʻshni, butun qishloq ahli yigʻildi-qoldi. Biz ham oʻzimizga yarasha obroʻlikkina chapani yigitmiz, axiyri hushimni yigʻib: «Musa polvon boʻlmoq tugul Alpomish boʻlsang ham, sen bilan bir olishib koʻray», deb men ham endi yoqasidan olgan edim, qoʻqon aravada kelin kelib qolsa boʻladimi!..
— Ha, Alijonni adasi.. (Alijon degan oʻgʻillari boʻlardi, hayotmi? Balli! Salom aytib qoʻying!) Ha, Alijonni adasi? Vo, oʻlmasam, sizga nima boʻldi?
— Nima boʻlardi? Sen u yoqda oʻz darding bilan yuribsan, men dalada ish bilan yuribman, bu oʻgʻri-muttahamlar boʻlsa hamma oshqovoqni oʻgʻirlab tagʻin oʻzimga somsa qip bersin!
— Qaysi oshqovoqni aytasiz?
— Qaysi boʻlardi! Oʻsha mehmonxonaning burchagida yotgan oshqovoqlarni aytaman-da! Bittasini qoldirmay urib ketibdi-ya, bu muttahamlar!
— Voy adasi tushmagur-ey!.. Men hamma oshqovoqni somonxonaga olib kirib, somonga koʻmib qoʻyuvdim-ku, koʻrmabsiz-da, adasi!

Kelin bechora shunday deb, chopib kirib ombordan ikkita oshqovoqni koʻtarib chiqsa boʻladimi!..

Polvonni aytaman, sizga yolgʻon, xudoga chin, bolam, rangida qon yoʻq, turgan joyida yax boʻlib qotdi, qoldi!

Rahmim kelib: «E birodar, qoʻying endi, xato boʻldi, koʻrib turibman, xondan ham xato oʻtadi», deyman. Qani endi boshini koʻtarib yuzimga qaray olsin-chi, bechora!

Shu kuniyoq otga minib tumanga joʻnadi. Ertasiga ertalab (biz bilmay ham qoldik) sahar payti. Koʻkterakdan arava olib kelib koʻchib ketibdi.

— Attang, qurib ketgur shu oshqovoq boʻlmaganda qishlogʻimizda ildiz otib qolarmidi, qaydam? Koʻp sodda, koʻp yaxshi odam edi, rahmatlik!