OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Odil Yoqubov. Tilla uzuk (hikoya)
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOdil Yoqubov
Asar nomiTilla uzuk (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Odil Yoqubov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm77KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tilla uzuk (hikoya)
Odil Yoqubov

Poezd manzilga ertalab soat beshlar chamasida yetib keldi. Vohid uyquli koʻzlarini arta-arta perronga chiqqanida, tong nafasi sezilib qolgan, lekin roʻparadagi chorbogʻning ichi haliyam qorongʻi, u yer-bu yerda lampochkalar charakdab turardi.

Havo salqin edi. Dimoqqa atirgul hidi urar, goʻyo roʻparadagi bogʻda mevali daraxtlar gullamoqda edi.

Vohid zinapoyadan tushayotib bir zum toʻxtadi, togʻdan esayotgan yengil shabadaga yuzini berib bir nafas turdi va beixtiyor jilmaydi: borliqni toʻldirgan gul hidi, pastdagi bogʻdan emas, qaerdandir olisdan, aftidan, togʻ etagidagi oʻzining qishlogʻidan kelardi. Har yili shu mahalda u yerda chillaki oʻrik va bodom gullardi.

Vokzalning oʻng qanotidagi taksi toʻxtaydigan joyda bitta ham yengil mashina koʻrinmas, poezddan tushgan yoʻlovchilar bilan avtobus odamga toʻlgan edi.

Vohid taksi kelguncha bogʻ tevaragida aylanib yurmoqchi boʻlib pastga tusha boshladi-yu, toʻsatdan sovuqdan eti junjib, vujudini titroq bosayotganini sezib, toʻxtadi. Kecha uydan chiqish oldida Mashhura: «Issiqroq kiyinib oling», deb bir necha marta eslatsa ham quloq solmagan, hatto qayta aytganida jerkib tashlagan edi. Nega?

Buni eslashi bilan koʻz oldiga perrondagi sim-yogʻochga suyangancha yigʻlab qolgan Mashhura keldi. Kecha Vohid bunga e’tibor bermagan va xotinlarning odatdagi koʻz yoshi deb oʻylagan edi. Poezdga chiqqandan keyin esa bu narsa yodidan ham chiqib ketgandi. Lekin hozir ketayotganida uni yupatmagani, xayoli onasidan kelgan vahimali telegrammada boʻlib, Mashhura bilan sovuqqina xayrlashib joʻnab qolgani esiga tushib, koʻngli negadir xijil tortdi. Qiziq, uning shunaqa gʻalati odati bor: Mashhura bilan sovuq muomala qilganini, bir sabab bilan koʻngliga ozor berganlarini doim mana shunaqa paytlarda, uyidan uzoqda bir ish bilan boshqa shaharlarga ketgan vaqtlarida eslaydi, ba’zan pushaymon boʻladi, hatto: «Endi bunday qilmayman», degan ma’noda oʻziga-oʻzi soʻz ham beradi, lekin qaytganidan keyin buning hammasi yana esidan chiqib ketadi. Lekin bu safar, uni uzatib qolarkan, Mashhura negadir odatdagidan ham gʻamgin edi. Vohid poezdga chiqayotganida ozgʻinligidan boʻlsa kerak, juda katta koʻringan ma’yus koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib:
— Koʻp turmang, tezroq qayting! — dedi-yu, toʻsatdan uning boʻynidan quchoqlab yigʻlab yubordi. Vohidning u bilan sovuqqina xayrlashishiga ham xuddi shu koʻz yoshi sabab boʻldi, chunki homilador boʻlgandan beri Mashhura juda injiqlashib ketgan, sal narsagayoq koʻz yoshi toʻkaveradigan boʻlib qolgandi. Buning hammasi soʻnggi paytlarda Vohidning gʻashiga tega boshlagan edi. Lekin hozir bu toʻgʻrida oʻylarkan, Vohidning xayolidan: «Har qalay ilgari bunchalik emas edi-yu, nega bunday qildi?» — degan fikr oʻtdi.
— «Nega bunday qildi? — Oʻylardi Vohid va toʻsatdan xayoliga kelgan fikrdan beixtiyor kulimsiradi: — Ha-a... Eski dard! Rashk qilgan! Roziyaga rashk qilgan!»

Vohid oʻzicha yana bir jilmayib qoʻydi-da, battar sovqotganini his etib, vokzalga burildi.

U Mashhuraning Roziyaga rashk qilishini yaxshi bilardi, lekin bu safar uning xayrlashayotgandagi koʻz yoshlariga qaramasdan bu narsa xayoliga ham kirib chiqmagan, chunki Roziya uni qattiq haqorat qilganidan beri oʻtgan bir yarim yil ichida, Vohid uni allaqachon koʻnglidan chiqarib tashlagandi!

Zalda odam siyrak edi. Gir aylana qoʻyilgan skameykalarda besh-oʻnta yoʻlovchilar boshlariga qoplarini qoʻyib uxlamoqda, toʻrdagi burchakda sochlari toʻzgʻigan loʻli xotin uyqu aralash bola emizmoqda edi. Gazeta-jurnal sotiladigan kioska berk, hammayoq suv quygandek jimjit, faqat eshigiga «dejur» deb yozib qoʻyilgan xonadan erkak kishining telefonda qattiq-qattiq gaplashayottan boʻgʻiq ovozi eshitilib turardi.

Zalning toʻridagi qator eshiklarning biriga qingʻir-qiyshiq harflar bilan «bufet» deb yozib qoʻyilgandi. Bufet ham berk edi, lekin unga koʻzi tushishi bilan Vohid yana Roziyani esladi. Bundan bir yarim yil oldin Roziya bilan aloqani uzib kelgan kuni, toʻrtinchi yanvar kechasi, Vohid shu bufetga kirib, poezdga chiqishdan oldin ikki stakan lim-lim shampanni birin-ketin ichib yuborgandi. Lekin, ajabo, oʻshanda hatto shampan ham unga ta’sir etmagan, kechasi mijja qoqmasdan vagonning tamburida papiros chekib tong ottirgan edi! Esida bor, bir necha marta tamburning qorongʻi, mudhish oʻpqoniga tikilib: «Endi bu hayot nimaga kerak?» degan fikrni koʻnglidan kechirgandi...

Hozir buning hammasi judayam gʻalati, bema’ni, ahmoqona bir narsa boʻlib koʻrinadi, lekin oʻsha paytlarda turmush, kelajak koʻziga qorongʻi boʻlib koʻringani, ajabo, haqiqat edi!..

Hatto Mashhuraga toʻsatdan uylanib olishiga ham oʻsha alam, oʻsha dard sabab boʻlgan edi. Rost, ular birga oʻqib, institutni birga bitirgan edilar. Lekin Vohid Roziya voqeasi sodir boʻlguncha unga e’tibor bermagan, toʻgʻrisi, yaxshi tanimas edi. Roziya bilan aloqani uzib borgan kunlari ular bir joyda uchrashib, gaplashib qoldilar. Mashhura unga juda muloyim qiz boʻlib koʻrindi. Ehtimol, oʻsha chogʻlarda Vohid iliq, doʻstona muomalaga muhtoj boʻlib yurgani uchun boʻlsa kerak, shartta uylanib qoʻya qoldi.

Yoshlik gʻalati boʻlar ekan. Oʻshanda, mana shu bufetning oʻrtasida tippa-tik turib, bir-ikki qadah shampan ichganida, Vohid koʻnglida Roziya qoldirgan alam hech qachon soʻnmas, deb oʻylagandi. Mana, ikki yil oʻtmasdanoq hammasi esdan chiqib ketdi! Endi farzand koʻrish, ota boʻlish arafasida turibdi. Agar onasidan telegramma borib, bu yerga kelishga majbur boʻlmaganida, ehtimol buning hammasini eslab ham oʻtirmasdi!..

Vohid a’zoyi badanida kuchli charchoq his etib, chetroqdagi skameykaga oʻtirdi. Ha... telegramma sabab boʻlmaganda u kelmas ham edi, albatta. Lekin... «Tez yetib kel, kelmasang chatoq boʻladi!» — degan bunday vahimali telegrammaga nima sabab boʻldiykin? Kampirning tobi qochib qoldimikin desa, telegramma uning nomidan yozilgandi. Boshqa nima sabab boʻlishi mumkin? Ha, aytmoqchi, Roziya voqeasi roʻy berganda ham Vohid onasidan xuddi mana shunday vahimali telegramma olgandi! Tagʻin qanday falokat yuz berdiykin? Yo akasining oilasida koʻngilsiz bir voqea sodir boʻldimikin? Ishqilib tinchlik boʻlsin-da!

Vohid oʻrnidan turib ketdi...

Tong otgan, chiroqlar oʻchgan, oʻchmaganlari nursiz xira nuqtalarga aylangan, lekin atrofni allaqanday yengil oqish tuman chulgʻab olgan, bogʻlar, uylar goʻyo harir toʻr parda orasida qolganga oʻxshardi. Olisdagi togʻlarning tepasiga, xuddi birov boʻyoq chaplagandek, nafis pushtirang chiziqlar bilan qoplangandi.

Taksi toʻxtaydigan joyda endi avtobus ham koʻrinmas, ogʻiz-burnini roʻmol bilan oʻrab olgan bir xotin hammayoqni changga belab koʻcha supurmoqda edi.

Vohid orqaga qaytish-qaytmasligini bilmasdan hayron boʻlib turganida, qanotlari mayishib qolgan pachoq bir pobeda pastdagi bogʻ orqasidan «gʻiz etib chiqdi-da, roʻparasiga kelib toʻxtadi. Qirq besh-ellik yoshlar chamasidagi oliftanamo, ingichka moʻylov qoʻygan shofyor «Shakar buloq» soʻzini eshitganida oldin bo-shini chayqab «borolmayman, mashina yoʻlda qolib ketadi» dedi-yu, bir oz oʻylanib turgandan soʻng:
— Hay, mayli, yuz soʻlkavoy berasiz, olib borib qoʻyamiz, akajon! — deb kulimsiradi.
— Yigirma chaqirim joyga-ya! — dedi Vohid.
— Yigirma emas, qirq chaqirim deng, u yoqdan quruq aravani shaldiratganday qilib boʻsh qaytamiz-u, akasi aylansin! — dedi shofyor goʻyo: «Shu savlating bilan besh-oʻn soʻmning yuziga borib oʻtiribsanmi?» degan ma’noda Vohidga boshdan-oyoq razm solib, yana kulimsiradi.

Vohid qoʻlini siltadi:
— Mayli, ketdik boʻlmasa!

Mashina endigina uyqudan uygʻonayotgan shaharchani oralab, borliqni quyuq toʻzonga koʻmib, uchib ketdi.

Shofyor sergap odam ekan, bir lahzada ancha yangiliklarini — shahar oʻsib, obod boʻlib borayotganini, lekin mashina ham koʻpayib ketganini, taksichilarning ahvoli ogʻir ekanini va yana xiyla narsalarni gapirib tashladi. U Vohidni ham gapga solishga urinib koʻrdi, lekin Vohid suhbatga tobi yoʻq, charchagan edi. Zotan Vohid bunday olis yoʻlga chiqqanida, ayniqsa mashinada safar qilganida, jim oʻtirib xayol surishni yaxshi koʻrardi. Uzoq yoʻl, bir-birini tez almashtirib turadigan yangi manzaralar hamisha uning ruhini erkalar, xayolida gʻamginlik aralash yorugʻ oʻylar, shirin orzular uygʻotardi.

Chorak soat oʻtar-oʻtmas shaharcha orqada qoldi. Oldinda, to olisdagi togʻlarga qadar yam-yashil barra maysa bilan toʻshalgan tekis dasht cheksiz-chegarasiz yastanib yotardi. Yoʻlning oʻng tomon uzokdagi tepaliklargacha boʻm-boʻsh, na uy, na bir daraxt koʻrinar, chap tomonda esa xiyla oldinda, tanish qishloqlar koʻzga chalinar, koʻm-koʻk tolzorlar, oppoq gullagan bogʻlar bir-biriga tutashib ketardi.

Har safar yozgi dam olish paytlarida qishloqqa kelayotib, bolaligidan tanish bu dashtni, yoʻl boʻyidagi toʻp-toʻp bogʻlarni koʻrganida, Vohidning koʻngli ajoyib bir nurga, boshqacha bir shodlikka toʻlib, yayrab yozilib ketardi. Bu safar esa, bu quvonchli hislarga qandaydir ma’yuslik, sababi hali oʻziga ham ma’lum boʻlmagan bir gʻamginlik qoʻshilgandi. Goʻyo koʻz oldida yastanib yotgan bu dashtda hech narsa oʻzgarmagan, hamma narsa joy-joyida qolgan, ayni mahalda nimadir oʻzgargan edi! Nimadir umr oʻtib borayotganidan, begʻam, betashvish bolalik chogʻlari, baxtiyor yoshlik davri endi hech qachon qaytib kelmasligini tinimsiz yodiga tushirmoqda, nimadir buni uzluksiz eslatmoqda edi...

Mashina boya xiyla uzoq koʻringan bogʻlarga yetib, goʻyo oppoq gulddsta orasiga shoʻngʻidi. Oʻrik shoxlari silkinib, bir zum uylar, koʻchalar, uzokdagi togʻlar — hammasi goʻyo koʻrkam oq va pushtirang yogʻduga choʻmilganday tuyuldi Vohidga. Mashina koʻcha boʻyidagi paxsa devorlardan osilib tushgan shoxlarga tegib, oʻrik gullarini duv toʻkib oʻtdi. Vohid buni zavq bilan tomosha qilarkan, Roziya bilan birinchi marta oʻz bogʻlarida olma terayotib tanishgani esiga tushib ketdi... «Yana Roziya! Menga bir nima boʻldimi oʻzi?»

Vohid oʻzini mashinaning suyanchigʻiga tashlab koʻzini yumdi. U endigina boyadan beri koʻnglida dam soʻnib, dam qayta uygʻonayotgan gʻamginlik ham Roziyaga bogʻliq ekanini tushundi. Bu esdaliklardan qutulish niyatida boshqa narsalar toʻgʻrisida oʻylashga tirishib ham koʻrdi, lekin xayoli yana Roziyaga qarab uchganini oʻzi ham payqamay qoldi.

* * *

Roziya qoʻshnining qizi edi. Ularning bogʻi bilan Vohidlarning bogʻi bir-biriga tutashib ketar, Roziyaning ukasi Sobir bilan Vohid yongʻoq oʻynab katta boʻlgandi, Vohid Sobirdan uch-toʻrt yosh ulkan edi. Roziya esa olti-etti yosh farq qilsa kerak, chunki Vohidning singlisi Zarifadan koʻp boʻlsa ikki yosh katta edi.

Vohid oʻrta maktabni bitirib armiyaga xizmatga ketganida, Roziya beshinchi yo oltinchi sinfda oʻqib yuradigan, qorachadan kelgan ozgʻingina bir qiz edi. Shunday keyin u Roziyani armiya xizmatidan qaytib kelgan yili koʻrdi. Uning boʻyi xiyla choʻzilib qolgan, biroq juda nozik, hatto nimjon koʻrinar, faqat doim kulib turadigan qop-qora yumaloq koʻzlari esida qolgandi. Hatto oʻshandan ikki yil keyin, institutning ikkinchi kursini tamomlab kelganida ham Roziya uning diqqat-e’tiborini oʻziga tortmagan edi. Uchinchi kursni tamomlagan yili Vohid boshqa yoqlarga praktikaga ketib, qishloqqa kelolmagandi. Toʻrtin-chi kursni tugatib, dam olishga kelganida esa toʻsatdan Roziyani koʻrib lol boʻlib qolgandi. Ikki yil ichida Roziya boʻyiga yetib, toʻlishib, shunday ochilib ketgan ediki, goʻyo toʻsatdan tuproq orasidan topilgan tilla uzukdek, Vohidning koʻzini qamashtirib yuborgandi!

Ayni olma pishgan payt edi. Vohidlarning qishlogʻida boshqa yerlarda juda kam uchraydigan halim va shirin olma bor. Xalq uni nimagadir «Qozi dastor» deb ataydi. Qozi dastor olmaning bozori ham juda chaqqon boʻlardi.

Vohid borgan kuni Ruzvon xola ham olmalarni terdirib, doʻkonga topshirmoqchi boʻlib turgan ekan. Vohid kelishi munosabati bilan bu ish ertasiga qoldirildi. Vohidning olma terish niyati yoʻq edi, lekin ertalab uni Zarifa uygʻotib yubordi:
— Turing, olma teramiz! — dedi u va koʻzini mugʻambirona qisib kuldi:
— Tezroq boʻling, Roziya opam kutib turibdilar! Kun endi chiqqan, ikki bogʻ oʻrtasidagi osmon bilan oʻpishgan teraklarning shoxlariga goʻyo zar yogʻilgan, lekin boʻyi past olcha va shaftolilar, butun bogʻ hali quyuq soyada edi.

Vohid oʻrnidan turib, ayvondagi bir chelak sovuq suvni boshiga quydi-da, hoʻl sochlarini taray-taray boqqa shoʻngʻidi.

Kechasi shudring tushmagan boʻlsa ham, oyoq ostidagi maysalar, daraxt yaproqlari nam va muzdek edi.

Zarifa qayoqqadir ketgan, olmazorda hech kim koʻrinmas, faqat qushlarning chugʻur-chugʻuri eshitilar, qaerdadir yaqinda tinmay bulbul sayrardi. Vohid har biri piyoladek oppoq olmalarning ogʻirligidan yerga tegib qolgan daraxt shoxlarini ehtiyotkorlik bilan chetga sura-sura bogʻning ichkarisiga qarab ketdi.

Toʻsatdan daraxtlardan biri qattiq silkindi, yomgʻirdek duv toʻkilgan olmalar Vohidning boshiga, yelkasiga tushdi. Soʻngra nimadir «chars» etib singandek boʻldi, kimdir qulagandek tuyuldi va boshini qoʻllari orasiga olib, bukilib qolgan Vohidning oldida oq koʻylakli, nozikkina, uzun boʻyli bir qiz paydo boʻldi.

Qizning yuzi, boʻyni, yenglari bilaklarigacha shimarilgan yalangʻoch qoʻllari quyoshda kuyib, jigarrang tusga kirgandi. U katta bir olmani karsillatib, tish-lab, kulimsirab turar, sal qisilgan katta qora koʻzlarida: «Tanidingizmi, yoʻqmi?» — degan bir ifoda jilva qilardi.
— Kechirasiz, payqamay qoldim, — dedi qiz, lekin koʻzlaridagi tabassumdan u atayin shunday qilgani koʻrinib turardi.
— Roziyamisan? — dedi Vohid, koʻzlariga ishonmasdan.
— Oʻxshaymanmi oʻzi?
— Sirayam!
— Nega? — dedi Roziya va yana kuldi.
— Chunki... judayam ochilib ketibsan!

Roziya yarim oʻpkalab, yarim erkalanib bir qara-di-yu, oʻzini daraxtlar orasiga urib gʻoyib boʻldi. Bir zumdan keyin bogʻning boshqa bir burchidan uning quvnoq shoʻxlik aralash ichki shodlikka toʻla ovozi jaranglab eshitildi.
— Qayoqda qolding, Zarifa?
— Ha, men bu yoqdaman, bu yoqqa keling! Zarifaning ovozi mutlaqo boshqa tomondan eshitildi.

Tushgacha ikki qop, bir sandiq olma terdilar. Tushdan keyin Roziyalarning bogʻiga oʻtib kechqurungacha har biriga uch-toʻrt pud olma ketadigan besh qutini toʻldirdilar.

U mahalda Sobir armiyada boʻlgani uchun uy-roʻzgʻor ishlari Roziyaning zimmasida ekan. Shuning uchunmi yo boshqa bir sababi bormidi, ishqilib Roziyaning onasi Gulsin xola hasharchilarni juda samimiy kutib oldi, kechqurun yaxshilab mehmon qildi. Roziyaning oʻzi esa ertalabgidan ham ochilib-sochilib ketgandi. U goh oshxonaga yugurib ovqat ustiga ovqat tashir, goh hasharchi akani (oʻsha kuni Vohidni negadir shunday deb chaqirgandi) ovqat yemagani uchun koyir, uning ustidan oyisiga arzhol qilardi.

U bir minut ham bir joyda tinch oʻltirolmas, goʻyo allaqanday joʻshqin bir kuch, yuragida mavj urgan bir quvonch ichiga sigʻmasdan toshib borayotganga oʻxshar, gapirganda ham hadeb sadafdek yaltiragan tishlarini koʻrsatib kular, ikki oʻrim yoʻgʻon sochlarini dam boshiga chambarak qilib oʻrar, dam yechib yelkasiga tashlardi. Ba’zan Zarifa ikkisi nima toʻgʻrisidadir qizgʻin shivirlashib qolishar, soʻngra baravar qahqaha urib kulishardilar. Vohid gaplarini eshitmagani uchun kulgining sababiga tushunmas, lekin unga oid bir gap boʻlayotganini koʻnglining bir chetida sezib turar, bu unga yoqar, umuman Roziya bilan oʻz singlisi oʻrtasidagi yaqinlik uni favqulodda quvontirar, hayajonga solardi.

Usha kuni ular yarim kechagacha suhbatlashib oʻtirdilar. Vohid soʻnggi ikki yil davomida boʻlib oʻtgan voqeaning hammasini bilib oldi: Roziya sakkizinchi sinfni tugatgandan keyin, maktabni tashlab, shahardagi feldsherlik bilim yurtiga oʻqishga kirgan ekan. Vohid kelishidan sal oldin bilim yurtini tugatib, qishloq kasalxonasiga hamshira boʻlib tayinlangan ekan.

Yarim kechaga yaqin Vohid bilan Zarifa xayrlashib ketayotganlarida, Roziya toʻsatdan:
— Teatrni yaxshi koʻrasizmi, Vohid aka? — deb soʻrab qoldi.
— Yoʻq, — dedi Vohid, — nima edi?
— Oʻzim...

Zarifa sekin akasining qoʻlidan tortib shivirladi:
— Shaharga Toshkentdan artistlar kelishgan emish. Oʻshanga... Borib kelaylik, akajon!

Vohid keyinchalik eslaganda oʻziga ham erish tuyulgan bir shoshqaloqlik bilan:
— Ha, ha, — dedi duduqlanib, — boramiz! Har qalay men ham juda qiziqaman.

Roziya birdan shoʻx ovozda qiyqirib kuldi.
— Boʻpti! Oʻzingiz olib tushadigan boʻldingiz!
— Boʻpti!

Allanimaga sevinib ketgan Vohid, ertasiga tushga yaqin katta yoʻlga chiqib, mashina topib keldi. Zarifa bilan Roziya ham kutib oʻtirgan ekanlar, darhol yoʻlga chiqdilar.

Shaharga juda barvaqt yetib bordilar. Kechqurungacha kirmagan joylari qolmadi. Parklarni, sayil qiladigan joylarning hammasini aylanib chiqqanlaridan keyin Roziya Vohid bilan Zarifani oʻzi oʻqigan bilim yurtiga boshlab bordi. Remont qilinayotgan boʻsh xonalarni aylantirib, imtihon paytlarida boʻlgan qiziq-qiziq voqealarni, shpargalka ish-latib qoʻlga tushib qolayozganlarini kula-kula gapirib berdi. Keyin torgina klubga boshlab kirdi va koʻzlari charaqlab Jamila rolini ijro etganlarini eslab ketdi.

Bu gap Vohidga nimagadir yoqmadi.
— Hali artistka ham boʻlganman deng? — dedi u, kulgiga olishga tirishib.
— Boʻlganda qandoq! — dedi Roziya, — bizni oʻyinimizga butun shahar bir soat tippatik turib qarsak chalgan-a!

Kechqurun spektakl juda choʻzildi. Oqibat shu boʻldiki, Vohid toʻsatdan uchrab qolgan taksichiga yalinib-yolvorib, yarim kechada qishloqqa zoʻrgʻa yetib borishdi.

Zarifa mashina toʻxtashi bilan sakrab tushib ketdi. Vohid bilan Roziya yoʻl haqini kim toʻlashi ustida talashib bir oz kechikib qolishganida, Zarifa mashi-nadan tushib boqqa kirib ketgandi. Roziya ham ketmoqchi boʻlib: «Xayr boʻlmasa, rahmat...» — deb ogʻiz ochgan, edi, Vohid:
— Roziya! — dedi yalinib, — nega muncha shoshasiz?
— Tun yarmidan oshdi-yu! — Roziya kuldi va sekin:
— Bir gapingiz bormi? — deb soʻradi.
— Roziya! — dedi Vohid, — Roziya, qanday yaxshi qiz boʻlibsiz!
— Rostdanmi?
— Roziya! — Vohid qorongʻilikda uning qoʻlini ushlab sekin siqdi, — Roziya!..

Qiz xuddi bir narsadan seskangandek, qoʻlini shartta tortib oldi.
— Agar... ikkinchi marta bunaqa qiladigan boʻlsangiz...

Vohid shoshib qoldi.
— Kechirasiz, — dedi u duduqlanib.
— Bilib qoʻying! — dedi Roziya va ship-ship yurib darvozagacha bordi, keyin bir zum toʻxtab:
— Yaxshi tushlar koʻring! — dedi-yu, gʻoyib boʻldi.

Kechasi Vohid allamahalgacha uxlay olmadi. Koʻzi yumilgan zahoti xayolida Roziya gavdalanar, dam nozik qomati, dam burun kataklarini kerib, oppoq tishlarini yaltiratib kulishlari esiga tushib, butun vujudi lovillab ketardi... Unga xush kelmagan faqat bitta narsa bor, u ham boʻlsa qiz judayam shoʻx edi! Lekin ayni mahalda Vohid qizning bu shoʻxligida ham ajoyib bir samimiylik, poklik, begʻuborlik borligini, bu shoʻxlik hayot kuchi, ishonch, muhabbat va baxt ista-giga toʻla ekanini his etardi.

Oʻshandan keyin Vohid yana uch-toʻrt marta Roziyalarnikiga hasharga chiqdi. Nihoyat olma xazon chenak boʻldi, lekin olma sabab boʻlib boshlangan bu muno-sabat olma xazon chenak boʻlgandan keyin ham uzilib qolmadi. Goh Vohid bir bahona topib, koʻpincha kitob soʻrab Roziyalarnikiga chiqar, goh Roziya kitob toʻgʻrisida uning fikrini bilish uchun kirardi. Lekin eng qizigʻi shunda ediki, odatda bunday paytlarda boshqalarning qizlarini gap-soʻz qiladigan Ruzvon xola bilan Gulsin xola bu safar hech narsa boʻlmagandek, oʻzlarini koʻrib-koʻrmaganlikka olar, goʻyo oqibati nima boʻlishini kutar, tugʻrirogʻi, ikkisining munosabatlariga jimgina xayrixohlik bildirardilar.

Bir kun Vohid yana bir bahona topib Roziyalarnikiga chiqmoqchi boʻlib turganida, uyga katta akasi kirib keldi va uni toʻxtatib, mehmonxonaga taklif qildi. Ketma-ket Ruzvon xola ham kirib keldi.

Ular gapni uzoqdan, har bir inson uchun oʻz juftini topib oila qurish, farzand koʻrish ham farz, ham qarz ekanligidan boshladilar va oxiri Roziyaga kelib yetdilar. Oila qurish masalasi oson emasligini, toki «Erni er qiladigan ham, yer qiladigan ham xotin» ekanligini obdan uqtirdilar. Nihoyat shu jihatdan qaraganda Roziya yomon qiz emasligini, negaki onasi Gulsin xola juda moʻmin ayol ekanini, xalkda esa: «Onasini koʻrib qizini ol», degan hikmatli soʻz borligini gapirib ketdilar.

Vohid onasi hadeb uni maqtab, Roziyaga kelganda qayta-qayta: «Har qalay yomon qiz emas», — deb bir pogʻona pastga olaverganidan keyin oʻngʻaysizlanib: «Hadeb meni maqtab, uni yerga uravermang, hali u rozi boʻladimi-yoʻqmi? Buni qayoqdan bilasiz?» — dedi-yu, onasidan baloga qoldi:
— Men uni kelin qilmoqchi boʻlibman-u, uning tegmagani qolibdi! — dedi Ruzvon xola ovozini koʻtarib, — xudoga shukur, qishlokda oʻzimga yarasha obroʻyim bor! Bu kelgindi tugul, bundan badavlat, bundan yaxshi xonadonlar ham ogʻzimga tikilib oʻtiribdi, bolam. Bunaqa oʻz qadringni oʻzing yerga urmasdan bi-lib gapirgin, ha!

Vohidning esida bor: onasining bu soʻzlari bir vaqtning oʻzida unga ham gʻalati tuyulgan, ham koʻngliga yoqib tushgandi. Lekin onasining gaplariga qaramasdan, u oʻrtaga odam qoʻyishdan oldin, Roziya bilan oʻzi bir ogʻiz gaplashishga xohish bildirdi.
— Gaplashsang, gaplashaver, — dedi Ruzvon xola, — «maslahatli ish buzilmas», degan eskilar. Biroq oʻz qadringni bilib gaplashgin, bolam. Men kelin qil-moqchi boʻlaman-u, u tegmay boʻpti. Onasi jon-jon deb oʻtirganda qizi qayoqqa borardi!

Akasi esa: «Kampir zoʻr, kampir malades!» degan ma’noda miyigʻida kulib qoʻydi.

Ruzvon xolaning bunday balanddan turib gapirishi bejiz emas edi. Vohidlarning oilasi burundan qishlokdagi badavlat, obroʻli oilalardan hisoblanib kelardi. Uning katta akasi ham, oʻrtancha akasi ham tuzuk joylarda ishlashar, Ruzvon xolaning oʻzi esa, hech joyda ishlamasa ham, qishloq xotinlari oʻrtasida burundan gapini oʻtkazib kelardi. Ayni mahalda ish-bilarmon, uddaburon xotin deb yuritilar, usiz toʻy oʻtmas, ma’raka tarqamas edi. Vohid buni yaxshi bilar va onasidan faxrlanib yurardi.

Aftidan Ruzvon xola Vohidga aytgan gaplarni Gulsin xola ham oʻz qiziga aytgan boʻlsa kerak, oʻsha kuni Roziya ahdlashgan joylariga rangi oʻzgarib keldi. Vohid buni darrov payqadi. Vohid uning toʻsatdan oʻzga-rib qolganidan, odatdagi shoʻxligidan asar ham qolmaganidan, sababsiz qizarishi va koʻzlarini olib qochishlaridan Roziyaga hamma narsa ayon ekanini tushundi-yu, birdan butun vujudi jimirlab qoʻlidan ushladi.
— Eshitdingmi? Rozimisan?

Roziya qoʻlini tortib olmadi, lekin javob ham bermasdan boshini pastroq egdi.
— Nega indamaysan, bir nima degin, Roziya! — Vohidning ovozi titrab ketdi.

...Roziyaning mayin, jingalak sochlaridan gul va rayhon hidi kelar, titroq lablarida asal tami bor, yoshli koʻzlarida baxtiyor tabassum jilvalanar edi.

Xayrlashayotganlarida Roziya Vohidlan bir narsani soʻradi:
— Unashtirish degan gaplar boʻlmasin. Institutni bitirib kelguningizcha kutaman. Biratoʻla toʻy qilamiz!..

Lekin Ruzvon xola bu gapni eshitgisiyam kelmadi.
— Yaxshimi, yomonmi, ota-bobolarimizdan qolgan urf-odatimiz bor. Loaqal uch-toʻrtta xotinni yigʻib, unashtirib qoʻyaman. Xohlasa — shu, xohlamasa boshqaga kelin boʻla qolsin!

Vohid oldin e’tiroz bildirishga urinib koʻrdi-yu, keyin onasini koʻndira olishiga koʻzi yetmagach, qoʻl siltab kulib qoʻyaqoldi. U shuning uchun ham kulib qoʻyaqoldiki, koʻnglining bir chetida onaning gapi unga yoqar, chunki unashtirib qoʻyilsa, Roziya unga yana ham yaqinroq, muhabbatlari tagʻin ham mustahkamroq boʻlib qoladigandek tuyulardi nazarida.

Ruzvon xola axir oʻz aytganini qildirdi, ertasigayoq oʻziga yaqin xotinlarni toʻplab qudasinikiga savlat toʻkib chiqdi, lekin shunda ham kelinidan koʻngli toʻlmay kirdi, chunki Roziya xotinlarning yigʻilishiga qarshilik bildirmasa ham boshqa marosimlarni qildirmabdi.

Kechasi Ruzvon xola Vohidni oldiga chaqirib olib, uzoq nasihat qildi.
— Men boshda bilmay qolgan ekanman, kelini tushmagur juda erkatoy boʻlib ketgan ekan! — dedi u astoydil ranjib, — endi bu yogʻi oʻzingga bogʻliq, oʻgʻlim... Nega jilmayasan? Toʻgʻrisiyam shu — bolani yoshidan, xotinni boshdan degan burungilar. Ungayam mana shunaqa tirjayavermasdan oʻzingni bosib muomala qil! Yigit degan bunaqa boʻlmaydi, bolam!

Hamma gapini aytib tamom qilgandan keyin Ruzvon xola kissasidan roʻmolchaga tugilgan bitta uzuk olib Vohidga uzatdi.
— Parpi zargarga atayin buyurtiruvdim, toza tilladan yasalgan, — dedi u va negadir koʻziga yosh oldi,— Oʻz qoʻling bilan barmogʻiga solib qoʻy... Ilohim oʻziga insof bersin!

Vohid onasining bu topshirigʻini oʻqishga ketishidan bir kun oldin, xayrlashuv kechasi bajo keltirdi.

Ular bogʻning xilvat burchagida uchrashdilar. Yaqinlashayotgan kuzning ilk nafasi sezilib turgan salkin, sokin bir oqshom edi.

Ikki bogʻ chegarasidagi teraklarning uchida ilinib qolgan koʻkimtir yarim oy butun daraxtzorni, uzokdagi kirlarni qandaydir gʻalati yashilnamo nurga chulgʻagan, borliq kishiga tasalli beruvchi orombaxsh sukutga choʻmgan edi.

Roziya oʻziga juda yarashadigan, chehrasini ochib yuboradigan oq shohi koʻylagini kiyib olgan edi.

Vohid qoʻlidagi gazetani ariq boʻyidagi maysalarga yozib Roziyani oʻtqazdi. Soʻngra oʻzi ham uning yoniga tiz choʻkib:
— Senga kichkinagina sovgʻam bor! — dedi.
— Qani! — Roziya uzukni barmogʻiga solishga qoʻymadi, Vohidning qoʻlidan yulib olib, oʻrnidan turib ketdi.

Uzuk unga juda yoqqan edi.
— Qanday nozik, qanday chiroyli! — derdi uzukni oyga solib.

Vohid oydinda burungidan ham nozik va qandaydir afsonaviy goʻzal koʻringan bu qizdan koʻzini uzolmas, yuragini toʻldirgan baxt tuygʻusidan boshi aylanardi. Roziya yoniga kelib oʻtirishi bilan uni bagʻriga bosib kulgan lablaridan, koʻzlaridan oʻpmoqchi boʻldi, lekin Roziya yuziga bir shapati urdi-da, quchogʻidan chiqib ketdi.
— Siz judayam haddingizdan oshib ketyapsiz! — dedi u sekin kulib, — hadingizdan oshmang! Boring, boʻldi, institutingizga joʻnang!

Oʻsha kecha, qalbida mavj urgan shodlikdan uyqusi kelmay, bogʻ orqasidagi qirga oshib, sahargacha yulduzlarga tikilib yotganida, bu baxt atigi bir necha oy davom etishini tasavvur qilganmidi? Oʻsha kechada shunday pok va ma’sum koʻringan bu qiz bunchalik behayo boʻlib chiqishini, uning eng aziz tuygʻularini shunchalik haqorat qilishini, oʻylaganmidi?

Koʻnglini nurga toʻldirib yuborgan u kechada baxt cheksiz-chegarasiz, muhabbat abadiy koʻrinmaganmidi, Vohidga? Ehtimol, shuning uchun ham oradan uch-toʻrt oy oʻtmasdanoq roʻy bergan voqea oʻsha kezlarda umrbod esdan chiqmaydigan bir fojia, unutilmaydigan bir haqorat boʻlib tuyulgandir unga!..

Hali-hali esida bor; Ruzvon xolaning «tez yetib kel!» degan telegrammasi ikkinchi yanvar kuni kechasi qoʻliga borib tekkandi. U ertasigayoq yoʻlga chiqqan va kechqurun qosh qorayib qolganda qishloqqa yetib kelgandi.

Sovuq shamol qumga oʻxshash mayda qorni kishining yuziga ming tikan qilib sanchgan boʻronli, yoqimsiz bir oqshom edi.

Vohid telegrammani olganda akalaridan birimi, Zarifami yo kampirning oʻzimi, ishqilib, birov betob boʻlib qoldimikin, degan xayolga borgan edi. Yoʻlda faqat shu toʻgʻrida oʻylab, koʻngli gʻash boʻlib kelgandi. Lekin u hech qachon Roziyaning shunday qilishini, toʻrt oydan beri shirin bir tush kabi dilini erkalab kelayotgan ilk sevgisi, hamma orzu-umidlari poymol boʻlishini tasavvur etmagan edi!

U mahalda Vohid juda sodda va oq koʻngil ekanki, Roziyaga shunchalik ishonibdi. Aslida esa unga shunday pok va begʻubor koʻringan bu qiz, Vohid ketishi bilanoq qiliq chiqara boshlagan — tomosha qoʻyish baho-nasida, ambulatoriyaning bosh vrachi Toshqora bilan yurishni odat qilib olgan ekan! Soʻngra Yangi yil kechasida, spektakl bahonasi bilan yuzlarcha odamlarning koʻz oldida u bilan quchoqlashib oʻpishganlari-chi? Bu ham yetmaganday, oʻyindan keyin Toshqoraning uyidagi oʻtirishda boʻlib, sahar paytida uyiga mast holda Toshqoraning quchogʻidan qaytib kelganlari-chi? Buning hammasini oʻz koʻzlari bilan koʻrgan akasining katta oʻgʻli bilan kelinoyisi uning jilovidan tortib qoʻymoqchi boʻlganlarida, ularning oʻzlarini jerkib tashlaganlari-chi! Lekin eng dahshatlisi, Vohid qish-loqqa kelgan kechasi, navbatchilik qilayotgan Roziyani ambulatoriyaning bogʻiga chaqirib olib, bevafoligining sababini soʻraganida afsuslanish va kechirim soʻrash oʻrniga, titrab-qaqshab turib: «Ha, rost, Toshtemir aka bilan yurganlarim ham, oʻpishganlarim ham — hammasi rost! Chunki... chunki u sizdan ming marta yaxshi», deb uning oʻziga chang solgan edi. Vohidga hammasidan ham Roziyaning mana shu oxirgi soʻzlari qattiq tekkandi!

Vohid Toshqorani yaxshi bilardi. Aslida uning ismi Toshqora emas, Toshtemir edi. Lekin yoshligi-dayoq unga negadir, ehtimol, moʻridan chiqqanday qop-qora va baquvvat, barzangiday bir yigit boʻlgani uchundir — Toshqora laqabini taqishgan, shu-shu koʻplar uni Toshqora demaguncha tanimas edilar. U Vohiddan bir-ikki sinf past oʻqirdi, lekin armiyaga bormagani uchun, institutni undan oldin bitirib, qishloq ambulatoriyasiga bosh vrach boʻlib kelgandi. Vohid Roziyani sevib qolgan yili ham uni bir necha marta koʻrgan — u burungidan ham qorayib, pahlavon jussa bir odam boʻlgandi. Ehtimol shuning uchundir har safar Vohid Roziyaning bevafoligini eslaganda, koʻz oldiga negadir Toshqoraning qaddi-qomati kelar va xayolida uygʻongan yomon, dahshatli oʻylardan eti jimirlab ketardi... Mana hozir ham xuddi shunday boʻldi: Roziyaning gapini eslashi bilan butun vujudi xuddi tikan qadalganday achishib ketdi...

U xuddi yomon tush koʻrib bosinqiragandek, koʻzlarini ochib chuqur nafas oldi. Xayolidan yana boyagiday:
— Menga nima boʻldi? — degan fikr oʻtdi. Lablarining chetida pichoq tekkanday chuqur ajin tushgan joyda ma’yus tabassum jilvalandi. — Yo Mashhuraning koʻz yoshlari bejiz emasmikin? — dedi u, lekin shu zahotiyoq xayolida yana oʻzini-oʻzi koyib berdi:
— Muhabbatning qadriga yetmagan bunday qizning padariga ming la’nat! Unga oʻsha Toshqoraday zoʻri ke-rak edi! Bir-biriga juda mos tushgandir!..

Vohid bu fikrni koʻnglidan bir necha marta oʻtkazdi, lekin ajabo: mashina qishloqqa yaqinlashgan sayin yurak urishi tezlashib borar, koʻnglining bir chetida yotgan yorugʻ va ma’yus esdaliklar beixtiyor qayta uygʻonmoqda edi.

Qishloq, unutilmas bolalik chogʻlari oʻtgan, ilk muhabbatining guvohi, hayotidagi eng mas’ud damlarning shohidi boʻlgan mehribon qishloq minut sayin yaqinlashmoqda edi... Ana xuddi dengiz ustini qoplab olgan nafis pushtirang va oppoq bulutlarni eslatib, qiygʻos gullagan birinchi bogʻlar koʻrindi, uzoqda ikki qir oʻrtasidagi tepalikda qad koʻtargan klub ustida gulxanday tovlangan qizil bayroq koʻzga chalindi...

Vohidning yuragi gurs-gurs urar, goʻyo bu qishloqda uni sevgilisi kutayotganday hayajonlanar, nafasi boʻgʻilar edi.

Nega? Yaxlit bir boqqa oʻxshagan bu koʻrkam qishloqda uni nima kutishi mumkin?
— Ishqilib tinchlik boʻlsin-da! — dedi u, telegrammani eslab, soʻngra yana oʻzini mashinaning suyanchigʻiga tashladi-da, koʻzini yumdi...

* * *

Vohidlarning bogʻi qishloqning eng chekkasida, qirning etagida edi.

Mashina toʻxtashi bilanoq qayoqdandir bir zumda yopirilib kelgan yalang oyoq, yalang bosh bolalar Vohidni shovqin-suron bilan qurshab oldilar. Bu — mahallaning, qarindosh-urugʻlarning bolalari edi. Ulardan bir qanchasi darhol orqaga qaytgan mashinani quvib ketdi, qolganlari Vohidga qoʻshilib, qiy-chuv bilan hovliga yopirilib kirdi.

Darvozadan kirgan yerda, ota-bobolardan qolgan keksa kavak tutning tagida, Vohidni Ruzvon xola qarshi oldi.

Kampir har mahaldagiday yaxshi kiyinib olgan — egnida koʻkimtir guldor shtapel koʻylak, boshida ohori toʻkilmagan oppoq shohi roʻmol, oyogʻida chiroyli amirkon kavush edi. Lekin bunga qaramasdan kampir soʻnggi bir-ikki yil ichida oʻzini xiyla oldirib qoʻygani sezilib turar, koʻzlarining, ingichka uch burchak iyagining ikki chetidagi ajinlari quyuqlashib, oʻzi ham qandaydir choʻkib qolgan edi. U Vohidni boʻynidan quchoqlab oʻparkan, toʻsatdan negadir yigʻlab yubordi, soʻngra chetroqda, ayvonning ustuniga suyanib, koʻkragiga tushib turgan bir oʻrim yoʻgʻon sochlarining uchini oʻynab turgan Zarifaga oʻgirildi:
— Sen nega bezrayib qolding, hay yuzsiz, akang bilan koʻrishmaysanmi?

Ajabo, kampirning ovozi burungiday yoʻgʻon, qat’iy, oʻktam edi.

Vohid singlisiga kulimsirab qarab qoʻydi. Uning oldida ilgarigi shoʻx, quvnoq, erka Zarifa emas, boʻyi yetib, qaddi-qomati toʻlishgan, oppoq yumaloq yuzi uyatdan lovillab yongan chiroyli bir qiz turardi!

Onaning gapiga u «yalt» etib qaradi. Lekin Vohidga shunday tuyuldiki, singlisining chaqnab turgan katta qora koʻzlarida shodlik emas, allaqanday qoʻrquv aralash bir gʻazab ifodasi bor edi. Umuman uning butun qiyofasida xuddi tasodifan qafasga tushgan boʻri bolasida boʻladigan bir hadiksirash, taraddUA va yotsirashlik bor edi.

Vohid kulib yubordi:
— Senga nima boʻldi, Zarifa, nega bunaqa hurpayib turibsan?
— Bunga gapirma, bu oʻzi shunaqa, hech kimni tanimaydigan bir bevosh boʻlgan! — dedi Ruzvon xola va roʻmolining uchi bilan koʻz yoshlarini artdi.

Zarifa onasiga ham yoqtirmagan koʻz bilan «yalt» etib bir qarab qoʻydi, soʻngra bir-bir bosib Vohidning oldiga keldi.
— Salom — dedi sekin, dedi-yu, nimagadir quloqlarigacha qizarib chopganicha uyning orqasiga oʻtib ketdi.

Vohid hayron boʻlib onasiga qaradi.
— Nima gap? Tinchlikmi oʻzi?
— Tinchlik, bolam, xudoga shukur.
— Telegrammangizni olib juda shoshib qoldim-u! Bir gap bormi?
— Buni mendan soʻrama, bolam, akang kelsin, kelinoying kelsin, oʻshalar gapirib berar! — kampirning ovozi titrab ketdi, — qarigan chogʻimda adoyi tamom boʻldim! — dedi u va yigʻlamsiraganicha ayvonga koʻrpacha yoza boshladi.

Vohid aylanasiga rayhon oʻtqazilgan soʻriga omonatgina oʻtirdi.

Hovlidagi olcha nihollari, roʻparadagi Vohidlar-nikiga nisbatan balandroq boʻlgan Roziyalarning bogʻidagi qiygʻos gullagan olmalar ajib bir guldasta kashf etgan, daraxt shoxlarini silab-siypab esayotgan mayin togʻ shabadasi shunday salqin va muattar gul hidiga toʻla ediki, goʻyo bol totiyotganday tuyulardi kishiga. Vohid xuddi boshqa bir joyga kelib qolganday sezardi oʻzini.

Roziyalarning bogʻida, yerga tekkan olma shoxlarining orasida, keng yagʻrinli, novcha, qop-qora sochlarining quyuqligidan boshiga agʻdarma telpak kiyib olganga oʻxshagan bir yigit bir zum koʻrindi-yu, gʻoyib boʻldi.

«Kim ekan bu yigit, nahotki Sobirjon boʻlsa? Juda oʻzgarib ketibdi-ku!»

Vohidning koʻnglida yana boya yoʻlda, shahardan chiqib birinchi bogʻlarni koʻrganda uygʻongan ma’yus, allaqandaydir yorugʻ hislar uygʻondi. Bu yerda ham goʻyo hech narsa oʻzgarmagan, ayni mahalda nimadir oʻzgargan edi, nimadir umr oʻtib ketayotganini, baxtiyor yoshlik yillari endi hech qachon qaytib kelmasligini esga solib turardi.

Ruzvon oʻgʻlining oldiga bir kosa qaymoq qoʻyib kelinning hol-ahvolini soʻrab ulgurmagan edi hamki, katta akasi bilan kelinoyisi kirib keldi. Vohidning koʻziga ular ham soʻnggi bir-ikki yil ichida juda oʻzgarib ketganga oʻxshab koʻrindi. Akasining kalta, toʻrt burchak soqolidagi oq tuklar koʻpayib, yaltirab koʻzga tashlanib turar, lab-lunjlari puflab shishi-rilganga oʻxshar, qip-qizil yuzi ajinsiz boʻlsa ham, oʻzi horgʻin edi, entikib nafas olar, aftidan, kasalmand edi. Kelinoyisi esa burungiday qoshlarini tutashtirib, yoʻgʻon qilib oʻsma qoʻygan, kipriklarini surma bilan qoraytirib olgandi. Lekin u ham yoshligidagiday chiroyli koʻrinmas, qarilik oʻziga zeb berishni yaxshi koʻrgan bu satangnamo xotinni ham yenga boshlagan edi. Kelinoyisi faqat bir jihatdan oʻzgarmagan — burungiday soʻzamol va bilagʻon edi. U labi labiga tegmasdan dam Mashhuraxonning hol-ahvolini surishtirar, dam oʻz hayotidan nolib ketar, dam kelin-poshshoni olib kelmagani uchun Vohiddan gina qilardi. Telegrammaga sabab boʻlgan voqeani ham kelinoyisi boshlab berdi. Lekin boya «meni qoʻy, bu yogʻini akang bilan kelinoying aytib bersin!» degan Ruzvon xola, kelinoyisi gap ochishi bilan oʻzini tutib turolmadi, roʻmolining uchi bilan koʻz yoshlarini arta-arta, oʻzi soʻzlab ketdi.

Vohid Zarifaning boyagi qiliqlariga, xuddi qopqonga tushib qolgan boʻri bolasidek hurpayib turishlariga, hadiksirab qarashlari va koʻzlaridagi nafrat alangasiga endigina tushundi.

U Sobirni yaxshi koʻrib qolganmish!

Demak, Sobirning olma shoxlari orasidan moʻralab yurishi ham bejiz emas ekan!

Vohid kecha telegrammani olganda qanchalik tashvishga tushmasin, bunchalik bema’ni va ahmoqona bir muammoga duch kelishini tasavvur etmagan edi.

Ruzvon xola qoʻllari bilan tizzasini mushtlab kuyunib gapirardi:
— Axir, yuzimga oyoq qoʻyib, elu yurt oldida shunday behurmat qilgan bu xonadon bilan qanaqa qilib qudachilik qilaman? Qandoq qilib ostonasiga qadam bosaman!

Vohid oʻrnidan turib ketdi. Boya kelinoyisi gapning uchini chiqargan paytda, faqat be’mani bir narsa boʻlib tuyulgan bu yangilik, Ruzvon xolaning nolasidan keyin boshqa bir ma’no kashf etib, diliga ozor bera boshladi. Gapning tagida kishining izzat-nafsiga tegadigan, kishini haqorat qiladigan bir narsa bor edi. Nahotki Zarifa, Vohid shunday yaxshi koʻrgan, qoʻlida koʻtarib katta qilgan, singlim, deb erkalab yurgan Zarifa, bunchalik beandishalikka borsa? Roziya uni, Vohidni qanchalik haqorat qilganini, uning eng aziz hislarini poymol etganini koʻra turib, uning ukasiga muhabbat qoʻysa? Sobirni deb oʻz oilasidan yuz oʻgirsa?.. Sevgi qanchalik nozik tuygʻu boʻlmasin, nahotki uning singlisi shunchalikka borsa? Nahotki Vohidning his-tuygʻulari bilan mutlaqo hisoblashgisi kelmasa?.. Ehtimol, Ruzvon xolaning gap-soʻzlarida eskilikning, yuz yillar davo-mida qoniga singib ketgan urf-odatlarning ta’siri bordir, ehtimol, lekin chuqurroq oʻylab qaragan har bir kishi shu tobda onaning «qorniga emas, qadriga yigʻlayotganini tushunish qiyin emas-ku! Axir uning, Vohidning ham oʻziga yarasha obroʻsi, yigitlik gʻururi, nazat-nafsi bor-ku! Nahotki Zarifa buni tushunmasa?
— Bilmadim, bu surbet loʻlivachcha qizimning boshini qanday aylantirib qoʻydiykin? — derdi Ruzvon xola boʻgʻilib. Tagʻin tuzukroq boʻlsa ham mayli edi, shuncha yil armiyada yurib orttirib kelgan hunari shopirlik boʻpti!
— Qaynsinglimni yoʻldan urgan Sobirjon deysizmi, oyijon, oʻsha shallaqi egachisi! — dedi kelin-oyisi, — Oʻzi shopirga tegib olgandan keyin kataysa qilish yoqib qolgandir-da!

Gap Roziya ustida borardi, Vohid yurishdan toʻxtadi.
— «Qaysi shofyor? — xayolidan oʻtdi uning. — Nega shofyorga tegadi? Toshqora qayoqda qoldi?»

Vohid soʻramoqchi edi, biroq shu mahal boyadan beri indamasdan qaymoqqa non toʻgʻrab oʻtirgan akasi birdan oʻshqirib berdi:
— Bas! Boʻldi! Bu qishlokda yo u tursin, yo biz! Xalq oʻrtasida boshimizni koʻtarib yurolmaydigan boʻldik. Chaqir oʻzini!

U gapini aytib tamom qilmagan edi hamki, toʻsatdan oʻng tomondagi olchalar shitirlab, oppoq gullari «duv» toʻkildi-yu, Zarifaning oʻzi chiqib keldi.

Uning koʻzlari yigʻidan qizarib ketgan, burun kataklari pirpirab uchar, lekin lovillab yongan yumaloq yuzida, qisilgan lablarida, butun vajohatida ajoyib bir qat’iylik, jur’at, hech narsadan qaytmaslikka qaror qilgan odamlarda boʻladigan boshqacha bir jasorat jilvalanib turardi.
— Mana, men keldim! — dedi u Vohidning oldida toʻxtab va nafasi yetmagandek, entikdi. — Menga nima deysizlar? Mening gunohim nima oʻzi?
— Voy tavba! Sharmi hayo qolmadi deganlari mana shu-da! Voy tavba! — dedi kelinoyisi.

U xina qoʻyilgan kalta yoʻgʻon barmoqlari bilan koʻylagining yoqasini mahkam tutamlab olgan, lekin surma qoʻyilgan koʻzlarida istehzo aralash shodlik ifodasi bor, u goʻyo: «Mana, maqtangan avlodlaring qanaqa boʻlib chiqdi! Koʻrib qoʻyinglar!» — deyayotganday edi.
— Sizga qolsa oʻzingizdan boshqa hamma behayo! — dedi Zarifa va yana entikdi. — Mana shunaqa gaplar bilan u bechoraning boshiga yetuvdilaring! Endi... Endi mening ham... — Zarifa gapira olmasdan yuzini chetga burdi.
— Hoy, menga qarang, Zarifaxon? — dedi kelinoyisi, — biz kimning boshiga yetibmiz? Nimalar deyapsiz oʻzingiz?

Zarifa yigʻidan toʻxtab, shartta oʻtirilib qaradi.
— Boshiga yetganlaring yolgʻonmi? Qani uning Toshqoraga tekkani? — dedi Zarifa va tagʻin boyagiday teskari burildi-da, yuzini kafti bilan bosib yigʻlab yubordi.

«Roziyani aytyapti!» — xayolidan oʻtdi Vohidning. Toʻsatdan Ruzvon xola ham Zarifaga qoʻshilib yigʻlab yubordi.
— Sen bevosh kimga oʻxshadingki, bunchalik bezbet, mahmadona boʻlding! — dedi u yigʻi aralash. — Sen hali shoshmay tur! U shallaqiga Toshqora choʻtmi? U hali oʻntasiga tegib chiqadi! Xudoga ming karra shukurki, oʻgʻlimni u yuzsizdan soqit qildi! Xudoga shukurki, undan yuz marta aqlli, yuz marta koʻhlik kelinim bor. Biz emas, oʻzi ahmoq boʻlib qoldi!

Vohid garang boʻlib qoldi. Bu janjal, bu gaplarda kishini haqorat qiladigan qandaydir bir narsa bor edi. Vohid buni butun vujudi bilan his etar, janjalga barham berish kerakligini tushunar, lekin negadir jur’at etmas, nimadir uni toʻxtatib turardi. Zarifa esa xuddi koʻnglidagi bor gapni aytib boʻlgandek indamas, jimgina yigʻlar edi.
— Bas boʻldi! — dedi nihoyat akasi va katta goʻshtdor mushti bilan xontaxtani bir urdi. — Boʻldi deyapman senga! Bu qishloqda yo sen turgin, yo biz!

U ogʻir qoʻzgʻalib oʻrnidan turdi va ayvonning ustunini quchoqlab, gurs etib pastga tushdi. Shunda Vohid ham birdan oʻziga keldi:
— Qoʻying, aka keragi yoʻq! — dedi u sekin. Soʻngra, akasi uning gapiga e’tibor bermasdan Zarifaga tomon yurganini koʻrib oldini toʻsdi:
— Keragi yoʻq deyapman sizga!

Zarifa yigʻidan toʻxtab «yalt» etib Vohidga qaradi. Uning yosh bilan yuvilgan yumaloq yuzida oldin taajjub ifodasi koʻrindi, soʻngra koʻzlari pirpirab, umid aralash quvonch bilan almashdi.
— Bor, oʻzimiz gaplashamiz! — dedi Vohid.
— Akajon! — dedi Zarifa sekin titroq ovozda. U Vohidga qarab intildi ham, lekin uning yerga qaraganini koʻrib, oʻzini olchazorga urdi. Olcha gullari, xuddi supra qoqilganday havoni toʻzgʻitib yubordi.

Akasi hovlining oʻrtasida hayron boʻlib toʻxtab qolgan, kelinoyisining yuzida haqorat va gʻurur ifodasi bor, onasi hamon yer chizib yigʻlab oʻtirardi.
— Xoʻsh, nima qilmoqchisan? Ruxsat bermoqchimisan? — dedi nihoyat akasi.

Vohid hanuz olchazorga tikilib turardi.
— Bilmasam, — dedi u xiyol oʻylanib, — agar koʻndira olsalaring... Umuman... Bu ishga meni aralashtirmanglar. Men unga bir nima deyolmayman. Bilganini qilsin!

Vohid bir-bir bosib olmazorga qarab ketdi. Gullarni toʻkib yubormaslik uchun olma shoxlarini sekin chetga surib boqqa shoʻngʻirkan, orqadan akasining:
— Qayoqqa yoʻqoldi? Bor, topib kel uni! Oʻzim gaplashaman! — degan ovozini eshitib beixtiyor toʻxtadi.
— Boshda sizga aytuvdim, ehtiyot boʻling devdim! — derdi akasi, aftidan, Ruzvon xolaga murojaat qilib.
— Oyimda gunoh yoʻq, — dedi kelinoyisi, — hammasiga oʻsha shallaqi sababchi. Qiz bechoraning boshini aylantirib qoʻygan. Oʻninchida oʻqib yurgan chogʻlaridayoq ikkisi ogʻiz-burun oʻpishib yurardi!

Vohid bir zum orqasiga qaytgisi kelib ikkilanib turdi, keyin qoʻlini bir siltadi-da, ilgarilab ketdi.

Hozirgi janjal Vohidning dilida juda ogʻir ta-assurot qoldirgan edi. U Zarifa haq ekanini tan olayotgan boʻlsa ham, hatto hozir uning yonini olgani uchun oʻzidan mamnun boʻlsa ham, singlisining gaplari, oʻzini bu daraja keskin tutishi qalbida qandaydir yoqimsiz asorat qoldirgan edi. Kechagina maktabni bitirgan yosh qiz na uning, na onasi va na qarindosh-urugʻlarining istak-orzulari bilan hisoblashmasa, bu qiligʻi unga, Vohidga qanchalik ozor berishini tushunmasa... Bunda oʻchi bormi?! Lekin shu topda uning xayolidan chiqmasdan koʻngliga ozor berayotgan narsa bu ham emas, uning koʻnglini gʻash qilayotgan narsa Roziyaning Toshqoraga tegmasdan, boshqa bir «shopir bolaga» tekkanligi toʻgʻrisidagi yangilik edi!

Vohid oʻshanda Roziya bilan aloqani uzib ketgan paytlarida onasiga ham, singlisiga ham xat-xabarlarida uning ismini tilga olishlarini man qilib qoʻygan. Chunki u mahalda Roziyaning ismini eshitishning oʻzi ogʻir edi. Shuning uchun ham bu xabar Vohidni ayniqsa taajjubda qoldirgan edi.

«Nega Toshqoraga tegmadiykin? Oʻzi tegmadimikin yo Toshqora ablahlik qilib, aldab ketdimikin?» — Oʻylardi Vohid. Bu oʻylardan qutulish niyatida atrofiga alanglar, xayolini boshqa yoqqa burib yuborgisi kelar, lekin bu oʻylarga yana qaytganini oʻzi ham sezmay qolardi. Bu muammo, agar masalaning tagiga yetmasa, faqat hozirgina emas, balki butun umr unga azob berishiga imoni komil edi.

Mana, tanasi kovak tanish olma!.. Roziya uning tepasida turib, Vohidning boshiga olma yogʻdirgan, soʻngra sakrab tushib, butun goʻzalligini namoyish qilgan, goʻyo toʻsatdan topilgan tilla uzukdek koʻzlarini qamashtirib yuborgan joy xuddi mana shu edi! Afsuski, bu uzuk tilla emas, mis chiqdi!

Vohid qadamini jadallatib, olmazordan chiqib oldi. Bogʻning oxiridan boshlangan va mayin boʻliq maysalar bilan qoplangan qir, xuddi baland, yam-yashil gʻaramni eslatardi...

Chap tomonda, qirning etagida chigit ekishga hozirlanib qoʻyilgan katta maydon qorayib yotar, uzoqda, dalaning etagida oʻrmalab yurgan traktorlar doʻmbayib koʻrinar, berirokda ketmon chopayotgan qizlar saf tortgan edi.

Oʻng qoʻlda, qirning yon bagʻrida, yakkam-dukkam bogʻlar xuddi yerga qoʻnayotgan oq parashyutlarga oʻxshab ketar, bogʻlarga olib chiqadigan ilonizi yoʻldan bir yigit bilan bir qiz Vohidlarnikiga tomon tushib kelardi. Qizning egnidagi xonatlas koʻylagi quyosh nurlarida ming tusga kirib tovlanardi...
— Yasan-tusan joyda-ku, kim boʻldiykin? — dedi Vohid. U bir ozgacha koʻzini uzmay tikilib turdi, soʻngra birdan yuragi bexosdan qafasga tushgan qushdek pitirlab qoldi!

Atlas koʻylakli qiz... Roziya edi!..

Vohid kutilmaganda gʻalati bir shoshqaloqlik bilan oʻzini olmalarning panasiga oldi. Yuragi hamon gupillab urar, oʻpkasi qisilgan, xuddi havo yetishmay qolganday, hansirab nafas olardi.

Qir bilan bogʻ oʻrtasidan katta ariq oʻtar, paxtazor tomonda omonatgina bir koʻprik boʻlardi. Gulsin xolaning bogʻiga oʻsha koʻprikdan oʻtilardi. Ular aftidan shu koʻprikka qarab kelardilar.

Vohidning nazarida har bir minut bir soatga choʻzilayotganday edi. Nihoyat ship-ship etgan oyoq tovushlari, kulgan ovozlar eshitildi. Eri oʻrta boʻyli, uzunchoq yuzli, oʻspiringa oʻxshagan yoshgina yigitcha edi. U oʻng qoʻlidagi kaltagina tol chiviq bilan Roziyaning boʻynini, yuzini qitiqlar, Roziya xipchinni yulib olishga harakat qilar, lekin tutib ololmasdan goh jahli chiqar, goh eriga qoʻshilib kular edi.

U boya Vohidga koʻzi tushganmi, yoʻqmi, ishqilib, roʻparaga kelganda, bir ozgacha boqqa tikilib bordi... Ajabo: u hech oʻzgarmagan edi! Yuzi, boʻyni, qoʻllari oʻsha unutilmas yoz kunlaridagiday quyoshda qoraygan, sogʻlom, kulganda oq tishlari burungiday yaltiraydi, bilinar-bilinmas qirgʻiy burnining chetlarida, yonoqlarida, yoqimtoy tabassum jilvalanadi... Qaddi-qomati ham burun qanday boʻlsa shunday nozik novdani eslatadi, faqat koʻzlari... koʻzlari bir oz ma’yus koʻri-nadi!..

Roziya oʻtib ketishi bilan Vohid birdan holsiz-langanday boʻlib, ariq boʻyiga yonboshladi.

Yoʻq, ertalabdan beri oʻylagan oʻylarining hammasi bekor edi! U Roziyani hech qachon unutgan emas, zotan unutishi mumkin ham emas edi. U endigina Mashhuraning koʻz yoshlari bejiz emasligini, bu sevgi endi butun umr uning dilida ogʻir bir dard, davosiz bir jarohat boʻlib qolishini tushungan edi!..

Vohid shu ahvolda uzoq oʻtirdi. U qancha vaqt oʻtganini bilmas, aftidan bir-ikki soat oʻtgan boʻlsa kerak, chunki qaeqdandir eshitilgan oeq sharpasi qulogʻiga chalinib boshini koʻtarganida, quyosh terak boʻyi balandlab qolgan edi.

Uning yonboshida, ariqning narigi yuzida, sal qisilgan qoʻy koʻzlari bilan Vohidga sinovchan tikilib, boʻlajak kuyovi Sobir turardi!

Egnida harbiy gimnastyorka, oyogʻida oynaday yaltiragan xrom etik, qoʻlida qalin gullagan olma shoxchasi.
— Salom, Vohid aka! — dedi u va bir sakrashda arikdan oʻtib qoʻlini choʻzdi, — kechirasiz, siz bilan bir gaplashmoqchi edim!

Ovozi kutilmaganda yoʻgʻon, doʻriddoq edi.
— Xoʻsh? — dedi Vohid.

U kulimsirab turgan bu chiroyli yigitga nisbatan bir vaqtning oʻzida qalbida ham doʻstona bir tuygʻu, ham allaqanday dushmanlik his etardi. Vohidga ayniqsa, uning kulimsirashi yoqmas, bu tabassumda qandaydir kuch, iroda, gʻoliblik sezilib turardi.
— Shu deyman, oʻzingiz tushunadigan, oʻqigan odamsiz... Mana shu mayda-chuyda, bema’ni gaplarning nima keragi bor? — dedi Sobir.
— Qaysi gaplarni aytasiz? — dedi Vohid va tushunib turib shunday deganidan gʻijinib qoʻydi.
— Men hayronman, — dedi Sobir, — toʻgʻrisini aytsam... qanchalik qarshilik qilmanglar... Men bari bir Zarifaga uylanaman! Shundoq boʻlgandan keyin bu mashmashaning nima keragi bor?

U yana kulimsiradi. Bu kulgidan, xuddi boshiga birov toʻsatdan bir chelak sovuq suv quyib yuborganek, Vohidning a’zoyi badanini jimirlatib yubordi.

«Roziyaning shuncha haqorat qilgani yetmagandek, bu surbet nima qilmoqchi yana?»
— Bari bir uylanar ekansiz, men bilan gaplashib nima qilasiz? — dedi u va nafasi tiqilib entikdi,— Uylanavering!..

Sobir hanuz uning yuziga tikilib, jilmayib turardi.
— Endi... bir tomondan qoʻshnichilik, ikkinchi tomondan... Men sizni... har holda... tushunadigan yigitlardan, deb oʻylovdim.
— Yoʻq, men tushunmaydigan yigitlardanman!
— Shunaqami? — dedi Sobir, — mayli, endi... Oʻzingiz bilasiz, ammo...
— Boring, ishingizni qiling! — dedi Vohid va uning kulib turgan chiroyli koʻzlarini, moʻylovchasining chetidagi istehzoli tabassumini koʻrmaslik uchun shartta burilib, olmazorga kirib ketdi. Bir-ikki qadam yurgandan keyin orqasidan Sobirning:
— Qoyilman! — degan ovozini eshitib qoldi. «Uyat-andisha deganni bilmagan surbet!» — dedi Vohid xayolida. U titrar edi.

Gʻazab va haqorat tuygʻusi shunchalik kuchli ediki, qayoqqa ketayotganini bilmas, yuziga olma shoxlari urilib qatgiq ogʻritayotganini sezmas edi. Toʻsatdan qaerdandir yon tomonidan, oyoqlarining ostiga chetiga toʻrt burchak qogʻoz bogʻlangan bir tosh kelib tushdi,

Vohid oldin seskanib ketdi, soʻngra toshni qoʻliga olib, ipini yechdi.

«Sizga ikki ogʻiz gapim bor, Mumkin boʻlsa kechqurun, poda qaytgandan keyin bogʻning oxiridagi mirza terakning yoniga kelsangiz... juda minnatdor boʻlardim. Roziya!»

Vohid shoshib yon-veriga qaradi. Uzoqda, olma shoxlari orasida Zarifaning koʻylagi milt ettandek boʻldi. Vohidning yuragi gup-gup urardi...

* * *

«Bir ogʻiz zarur gapim bor!.. Qanaqa gap! Nima demoqchi! Turmushga chiqqan yoshgina bir juvonning bir mahallari uni sevgan yosh yigitga nima gapi boʻlishi mumkin?»

Vohidning boshi qotib qoldi.

Tushga yaqin uning qishloqqa kelganini eshitib yor-doʻstlari, maktabdoshlari yoʻqlab kelishdi. Ularning koʻpchiligi oʻzi bitirgan oʻrta maktabda oʻqituvchilik qilishar, ba’zilari kolxoz buxgalteriyasida ishlashar edi.

Ehtimol Roziya bunday qilmaganida Vohid ham oʻz qishlogʻiga kelib ishlagan boʻlardi, chunki moliya ins-titutini bitirishi oldidan kolxoz raisi unga ekonomistlik lavozimini va’da qilgan edi. Vohid bunga rozilik ham bergandi, lekin keyin hamma narsa algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi-yu, Vohid Fargʻonadagi yirik kolxozlarning biriga ketib qolgandi... U hatto oʻqishni bitirganidan keyin kelmagan ham edi, holbuki, doʻstlarining aytishicha ikki yil ichida qishloq juda boshqacha boʻlib ketganmish... Vohid ularga qoʻshilib, qishloqni bir aylanib keldi. U yoʻq vaqtida roʻy bergan bu oʻzgarishlarni tomosha qildi. Qishloq oʻrtasidagi katta tepalik tekislanib, koʻrkam parkka aylan-tirilgan, eski uylarni yemirib oʻqday toʻgʻri koʻcha tushgandi. Vohid buning hammasini qiziqib tomosha qilardi-yu, biroq qaerga bormasin, kimlar bilan gaplashmasin, xayolidan Roziyaning xati ketmas, har safar uni eslaganda, yuragi oʻynab, a’zoyi badani jimirlab ketardi. Uning xayolini allaqanday notinch oʻylar band etar, dam butun vujudini issiq bir hayajon chulgʻab olardi. Koʻnglining bir chetida Vohid bu uchrashuvda gap Zarifa bilan Sobir toʻgʻrisida borishini sezib turar, lekin Roziyaning u bilan xilvat joyda, eridan yashirin uchrashmoqchi boʻlishi... Uni bir hayajonlantirar, bir yuragiga gʻulgʻula solardi. Buning hammasi qoʻshilib, miyasida yana oʻsha notinch savolni tugʻdiradi: «Menga qanaqa gapi boʻlishi mumkin? Nima deyishi mumkin?»

Kechqurun, uchrashuv vaqti yaqinlashib qolganda, akasi bilan kelinoyisi yana kelishdi. Boya kunduz Zarifani qidirib topa olmaganlari uchun hal qiluvchi suhbat kechqurunga qoldirilgan edi. Lekin Vohid «kengashning ochilishi»ni kutib oʻtirolmadi, vaqt yaqinlashgan sayin yuragi oʻynab, terakzorga qarab ketdi.

Quyosh botgan, biroq atrofidagi bogʻlar, sarvqomat teraklar, uzokda oqarib turgan togʻ choʻqqilari hamon mayin nur pardasi bilan oʻralgan, goʻyo quyosh butun borliqni nafis boʻyoqlar bilan boʻyagan-u, bu boʻyoq hali qurimagan edi... Tevarak-atrofdagi bogʻlardan qoʻy-qoʻzilarning ma’rashi, bola-chaqaning qiy-chuvi eshitilib turardi. Bu gʻalati ovozlar kishiga uzoq bolalik yillarini eslatar, hazin musiqaday taskin berar, osoyishtalikka undardi.

Asta-sekin osmonga chaplangan nafis pushtirang boʻyoqlar soʻnib, kulrang tusga kirdi, terak yaproqlarini shitirlatib togʻ shabadasi yelib oʻtdi... Vohid Roziyaning yoʻliga qanchalik tikilmasin, xayolga tolib, qayoqdan kelganini payqamay qoldi.

U oyoq sharpasidan seskanib ketganida Roziya undan uch qadam narida, oldini toʻsgan olma shoxini egib, uzun nozik barmoqdari bilan gul yaproqlarini silab turardi. Uning boshida yupqa oq doka roʻmol, egnida oq shoyi koʻylak, oyogʻida oq bosonojka edi. Bu oq kiyim uni qandaydir yosh kelinga oʻxshatib yuborgan, hayajonlanganidan boʻlsa kerak, olma gullarini silab, qoshlarini chimirib, uyalinqirab turishida ham yosh kelinlarda boʻladigan boshqacha bir nazokat bor edi.

Vohid oʻgirilib qarashi bilan Roziya, xuddi birdan hushiga kelganday, olma shoxini chetga surib, keskin harakat bilan oldinga oʻtdi va unga bir-ikki qadam yetmasdan toʻxtadi.
— Salom, Vohid aka!

Qoshlari boyagidan ham keskin chimirilgan, burun kataklari sal kerilgan, koʻzlarida, yurish-turishida allaqanday bir keskinlik bor, faqat ovozi sal boʻgʻiq, oʻzini qanchalik dadil tutishga harakat qilmasin, hayajonlanayotgani sezilib turibdi.

Vohid undan koʻzini uzolmas edi.

Ikki yildan beri diliga ozor berib kelgan alam va haqorat hislari negadir birdan soʻnib, ma’yus va muloyim bir tuygʻu bilan almashgan edi.
— Salom, Roziya! — dedi u va qoʻlini choʻzdi. Roziya tortinibroq koʻrishdi. Bir nafas, bir daqiqa bir-biriga tikilib qoldilar, goʻyo dillarda joʻsh urayotgan toʻs-toʻpolon hislarni bir-birlarining koʻzlaridan oʻqib olishga urinib koʻrdilar. Soʻngra ikkisi ham baravar koʻzlarini chetga olib qochdilar. Roziya koʻkragidan pastga tushgan roʻmolining uchlarini barmogʻiga oʻray oʻynay boshladi.

Vohid nima qilishini bilmas edi. Zotan hayotidagi baxtiyor daqiqalarga, juda ogʻir, dahshatli damlarga sabab boʻlgan bu qizga nima deyishi mumkin? Aytgani foydasi nima? Faqat... uni bu yerga kelishga nima majbur etdiykin? Nima demoqchi? Haqiqatan ham ukasi bilan Zarifa toʻgʻrisida gaplashmoqchimi? Yoki shu bahona bilan uni, Vohidni tark etib, qanchalik baxtli turmush kechirayotganini koʻrsatib qoʻymoqchimikin? Yoki, aksincha, oʻz turmushidan unga nolimoqchimikin?
— Ovora qilganim uchun kechirasiz... — dedi Roziya entikib, — men siz bilan ikki yosh toʻgʻrisida bir ogʻiz gaplashsam devdim... Endi bularning taqdiri qandoq boʻlarkin? Nima qilmoqchisizlar oʻzi?

Vohid xiylagacha nima deyishini bilmay turib qoldi.
— Sizningcha, nima qilsak boʻladi, — nihoyat dedi u, — nima qilsak toʻgʻri boʻladi?

Roziya koʻzini yerdan uzib, sekin qaradi. Vohid uning yuzidan qoni qochib, burun kataklari pirpirab ucha boshlaganini koʻrib turardi.
— Kechirasiz, men sizga qandoq qilsangiz toʻgʻri boʻlishini tushuntirib qoʻygani kelganim yoʻq bu yerga! — dedi u. Ovozi toʻsatdan oʻzgargan, boyagi hayajon yoʻqolib, qandaydir gʻazab aralash bir keskinlik paydo boʻlgandi.
— Men sizga aql oʻrgatishga ojizlik qilaman, — dedi u va xiyol jim qoldi. — Siz oliy ma’lumotli, oqu qorani bizdan yaxshiroq tanitgan bir intelligentsiz! Lekin... qachongacha bu... yaramas eski urf-odatlar hayotimizni zaharlaydi? Qachongacha baxtimizga gʻov boʻladi? Qachongacha eng yaxshi hislarimizni haqorat qiladi? Nahotki endi shu eski urf-odatni deb, bu ikkisini ham baxtsiz qilsak? — Roziya yana boyagiday, nafasi siqilib entikdi. — Men hayronman, — dedi u birdan ovozi oʻzgarib, — buni hamma oʻylamaganda ham siz oʻylashingiz kerak edi-ku? Nahotki siz ham oʻylamasangiz ?

Vohid endigina Roziyaning gap-soʻzlarida, xatti-harakatlarida, oʻzini tutishida xuddi Sobirning xatti-harakatlari, gap-soʻzlarida boʻlganday bir hurmat-sizlik, kishini haqorat qiluvchi, izzat-nafsiga teguvchi bir andishasizlik, oʻziga ishonch, kibr borligini payqab qoldi. U oʻz gunohini mutlaqo inkor eti-shi, hamma aybni allaqachon unga, Vohidga, qolaversa, eski urf-odatlarga toʻnkab qoʻygani koʻrinib turardi. Aftidan u Vohidni qanchalik haqorat qilganini tasavvur ham etmas. Ruzvon xolaning Zarifa bilan Sobirning qoʻshilishiga qarshi chiqishini ham faqat eskilik ta’siri deb bilar, bu qarshilikni tugʻdirgan asl sabablarni naqadar chigal ekanini tushunmas, zo-tan tushunishdan ojiz edi!..

Vohid butun vujudini mayda, asabiy titroq bosib borayotganini sezib turardi. Titroq kuchayib borardi.
— Hamma aybni eskilikka agʻdarishdan osoni yoʻq, — nihoyat dedi Vohid. — Uning ovozi asabiy, boʻgʻiq edi, — umuman... Nega endi bu toʻgʻrida hamma oʻylamaganda ham men oʻylashim kerak ekan? Nima demoqchisiz? Ochigʻroq ayting!

Roziya olma gullarini silashdan toʻxtab, katta, oʻychan koʻzlari bilan Vohidga bir qarab qoʻydi, soʻngra gullarni bitta-bitta yula boshladi.
— Kechirasiz! — dedi u anchadan keyin sekin, titroq ovozda, — men oʻsha mahaldagi... hamma soʻzlaringizga, sevgingizga, taqdim etgan tilla uzuklaringizga, hammasiga ishongan edim!
— Ishongan edim! — dedi Vohid. — Ishonmaslikka qanaqa dalillaringiz bor?

Roziya xuddi bir narsadan choʻchib tushganday, boshini keskin koʻtarib qaradi. Uning koʻzlaridagi boyagi ma’yus ifoda oʻzgarib, uning oʻrnini hayrat egallagandi.
— Agar bu soʻzingiz chin boʻlsa... agar oʻsha mahalda aytgan gaplaringiz rost boʻlsa, — dedi u lablari titrab, — men nimaga Toshqoraga turmushga chiqmasdan... boshqa birovga turmushga chiqqanimni bir oʻyladingizmi? Buning sababini bir surishtirib koʻrdingizmi?.. — dedi Roziya va nafasi yetmaganday soʻzida toʻxtadi. — Uning chaqnab turgan katta koʻzlari toʻsatdan jiqqa yoshga toʻldi. — Yo boʻlmasa... kelinoyingiz aytgandek men hali oʻnta erga tegib chiqadigan bir... shal-laqi ekanimga ishonasizmi?

Vohid yonidagi olmata suyandi va chetga qaradi. Ajabo: bir necha yildan beri dilida toʻplangan alam va iztiroblar aks etib «ishonasizmi?» deb porlab turgan bu musaffo koʻzlarga toʻgʻri qarash, soʻz topib javob berish osonmi?
— Albatta, ishonsangiz kerak! — dedi nihoyat Roziya va yuzini roʻpolcha bilan oʻrab birdan hoʻngrab yigʻlab yubordi. U xuddi birovdan dakki yegan yosh boladay kuyunib, yelkalari titrab yigʻlar, boyagi gʻurur, ishonch. Vohidga manmanlik boʻlib tuyulgan xatti-harakatlardan nishona ham qolmagan edi. Uning yigʻisi faqat chinakam baxtsizlik roʻy berganda boʻladigan boʻlakcha bir iztirobga, chuqur nidoga toʻla edi!

Vohid ertalab, Roziya Toshqoraga turmushga chiqmasdan, boshqaga tekkanini birinchi marta eshitganidayoq hayron boʻlgan edi, lekin achchiq haqiqatga qanchalik tayyorlanayotgan boʻlmasin, bunchalik boʻlishini xayoliga keltirmatan, Roziyaning bu gaplari unga bun-chalik ta’sir etishini, butun xayolini ost-ust qilib yuborishini kutmagan edi!.. U Roziyaning yigʻisi yura-giga ignaday sanchilib, butun vujudini timdalab yuborayotganini his etar lekin gapiray desa tilga soʻz kelmas, gapirishga ojiz edi!! U faqat bir narsani — endi hech qachon oʻrniga kelmaydigan bir xatoga yoʻl qoʻyganini, ehtimol umrbod esidan chiqmas, lekin tuzatib boʻlmaydigan dahshatli bir voqea roʻy berganini bilardi, xolos!.. Biroq bunga ishonish, buni tan olish ogʻir, hatto mumkin ham emas edi!
— Shundoq ekan... Nega boshda tuzukroq tushuntirmadingiz? Nega yaxshiroq gaplashishni ham xohlamadingiz? — alam bilan dedi Vohid va sekin, qandaydir qoʻrqinqirab, Roziyaning bilagidan ushladi, — esingizdami?..

Roziya qoʻlini uning qoʻlidan sekin chiqarib oldi.
— Siz-chi? Siz oʻshanda qay ahvolda borganingiz, nimalar deganingiz esingizdami?

Ha, qanday borgani esida bor. Uyda eshitgan gaplardan alamiga chiday olmasdan, joʻshib borgandi! Roziyani koʻrganda jur’atini yoʻqotib qoʻymaslik uchun, bor gapni bir yoʻla aytib, haqorat qilib boʻlsa hamki, alamini olish uchun shirakayf boʻlib borgandi!.. Buning hammasi toʻgʻri, lekin...
— Siz ularning yaramas, iflos gaplariga ishonib turganingizda men nima ham dyordim? Nahoti, siz yosh bir qiz uchun sevimli yigitiga oʻzining begunoh ekanini isbot qilib gapirish, birovlar bilan oʻynashmaganligini dalillab berish... naqadar ogʻir ekanini tushunmasangiz! — dedi Roziya entikib. — Siz oʻshanda nimalar boʻlganini odamlardan bir soʻrab koʻring-chi: kelinoyingiz bilan akangizning oʻgʻli bosgan har bir qadamimni oʻlchaganlaridan xa-baringiz bormi? Spektaklga bormaysan, deb necha marta toʻpolon koʻtarganlarini, hatto kinoga bormaysan deb orqamdan poylab yurganlarini bilasizmi? Axiyri Yangi yil kechasi Toshtemir aka uyga uzatib qoʻyaman, deb birga kelayotganlarida katta yoʻlda oldimizni toʻsib qanday haqorat qilganlarini bir surishtirib koʻrdingizmi?

Yoʻq, Vohid buni surishtirib koʻrgan emas, chunki oʻz sevgisiga vafodor qiz bunday qilishga, Yangi yil kechasida oʻltirishlarga borishga, boshqa bir erkakning kuzatib qoʻyishiga rozilik berishiga haqi yoʻq deb bilardi, chunki faqat bevafo va behayo qizlargina shunday qiladi deb oʻylardi, chunki akasining oʻgʻli, onasi va qarindosh-urugʻlarining Roziya toʻgʻrisidagi har bir soʻziga ishongan edi!... Shuning uchun ham oʻsha kecha ambulatoriyaga faqat bitta maqsadla, Roziyani haqorat qilish maqsadida borgandi!

Ha, buning hammasi esida bor, hammasi xuddi Roziya aytganday boʻlgandi... Lekin... Axir, Vohid bunchaligini bilmagan edi-ku! Bunchalikka borgan ekan, nega Roziya ertasiga uning oldiga kelmadi? Nega bu gaplarini oʻshanda aytmadi!
— Nega? — dedi Roziya, ovozi titrab, — chunki, men sevgimizga ishongan edim! Sizni bunaqa qiladi deb, hali toʻy boʻlmasdan turib sevgan qizidan shubha qiladi, deb sira oʻylamagan edim. Esingizdami, oʻsha yili yozda birinchi marta uchrashganimizda, men sizni butunlay... butunlay boshqacha tasavvur etgandim! Roziya gapirolmasdan yana yigʻlab yubordi...
— Butunlay boshqacha tasavvur etgandim!.. Bu... Bu qandoq boʻldi?

Alam va afsuslanish hissi shunchalik kuchli ediki, Vohid ogʻriqqa chiday olmagan odamday sekin ingrab yubordi.
— Kechiring!

Roziya xuddi yomon bir xayoldan qutulmoqchi boʻlgan odamday boshini silkitdi va toʻsatdan qandaydir oʻzgargan bosiq ovozda:
— Mayli endi, bu gaplarni bir chetga yigʻishtirib qoʻyaylik, — dedi sekin, — men bu yerga hamma aybni sizga toʻnkab, oʻzimning begunoh ekanimni isbot qilgani kelganim yoʻq. Sizga faqat bitta iltimosim bor... Bu ikki yoshning taqdirini nima qilmoqchisizlar? Bular ham menga oʻxshab begunoh-beyoziq eski urf-odalarning dastidan qurbon boʻladilarmi yo oʻzingiz bir ilojini qilasizmi? — Roziya bir nafas javob kutib jim qoldi, soʻngra sekin qoʻshimcha qildi:
— Men sizga ishonaman, jabr qilmasligingizga, yordam berishingizga ishonaman.

«Sizga ishonaman!» Ajabo, boya yoʻlda kelayotib Roziya toʻgʻrisida alam aralash gʻazab bilan oʻylagan paytlarida, Vohid sekin aytilgan bu ikki soʻzdan titrab ketishini tasavvur etganmidi? Hamon koʻz yoshi aralash ma’yus tikilib turgan bu ma’sum va goʻzal juvon haliyam boʻlsa uning koʻnglini nurga toʻldirib, gʻamgin va yorugʻ hislar uygʻotishga qodir ekanini bilganmidi? Bu narsani xayoliga keltirganmidi?
— Xayr, menga ruxsat, vaqtingizni olganim uchun kechirasiz, — dedi Roziya, men sizga ishonaman.
— Toʻxtang, Roziya, — dedi Vohid va uning qoʻlidan ushladi, — bir minutga toʻxtang!
— Yoʻq, qoʻying, xoʻjayin kutib oʻtiribdi, — Roziya qoʻlini sekin uning qoʻlidan chiqarib oldi, lekin bir-ikki qadam yurib yana toʻxtadi.
— Ha, esimdan chiqibdi, — dedi u va koʻkragidan bir narsa chiqarib, Vohidga choʻzdi, omonatingizni olib qoʻying... Oldingi safar esimdan chiqib, qolib ketgan ekan...

Uning kichkina uzunchoq kaftida bir narsa «yarq» etib chaqnadi. Bu — Oʻsha mas’ud kunlarda, xuddi shu yerda, oydin kechada, Vohid unga takdim etgan... tilla uzuk edi!

Vohidning tomogʻini bir nima gap boʻqqanday, boshi aylanayotganday boʻlib, yana Roziyaning qoʻlidan ushladi.
— Rozi, qayoqqa? Nahotki...
— Qoʻyib yuboring, — dedi Roziya bosiq, sekin ovozda, — qoʻyib yuboring!...

Soʻngra allaqanday titroq ovozda qoʻshimcha qildi:
— Qoʻyib yuboring deyapman sizga! Qoʻyib yuboring, yo... «Nahotki toʻxtamasa? Nahotki orqasiga qaytmasa? Nahotki, u bu yerda faqat achchiq haqiqatni aytganigina kelgan boʻlsa? Nahotki uning koʻzini ochib, koʻnglida butun umr soʻnmaydigan bir dard, bir alam qoldirib ketish uchun kelgan boʻlsa bu yerga?»

Roziyaning oq koʻylakli nozik qomati olma gullariga singib ketganday boʻldi...

Vohid olmaga suyanganicha qotib qoldi.
— Roziya! — dedi u sekin, — toʻxtang, Roziya!

Hech kim javob bermadi. Qaerdadir uzokda nimadir «chirs» etib sindi.

* * *

Zarifa yostiqni quchoqlab tovushsiz yigʻlar, akasi kalta moshguruch soqolini tutamlaganicha xayolga tolgan, kelinoyisi xuddi Zarifaga gapirish tugul qarashdan ham hazar qilayotgandek, ogʻzini oq doka roʻmolining uchi bilan oʻrab, teskari qarab olgan, Ruzvon xola ham yerga tikilganicha jim oʻgirardi.

Aftidan, aytiladigan gapning hammasi aytilib boʻlgan, nasihat, doʻq, tahdid — hech narsa kor qilmagan, hammasi charchagan, nima qilishni, nima deyishni hech kim bilmagan bir vaziyat hukm surardi.

Vohid olmaning panasida bir necha daqiqa ularga qarab turdi. Toʻrtovining bu oʻtirishida qaysi bir klassik pesasdagi vaziyatni eslatadigan allaqanday bir narsa bor edi, hatto ayvonning oʻzi, undagi bu-yumlar ham sahnani eslatardi kishiga. Farqi faqat shunda boʻlishi mumkin ediki, Zarifani oʻrtaga olgan bu uchovining koʻzlagan yomon bir niyati yoʻq, ularning har biri shu tobda Zarifaga yaxshilik qilayotganlariga, oila nomusi uchun, Vohidning obroʻsi uchun jon kuydirib, hasrat chekayotganlariga amin edilar. Aftidan, ular oʻshanda ham, Roziyaning har bir qadamini oʻlchab, uning «uyat-andishani bilmagan bir behayo» ekanligini fosh etish uchun jonbozlik qilgan paytlarida ham Vohidga yaxshilik qilganlariga, uning obroʻsi, yigitlik sha’niga dogʻ tushirmaslik uchun kurashganlariga imonlari komil edi. Lekin eng dahshatlisi shunda ediki, agar bugungi uchrashuv boʻlmaganda, Roziya bilan gaplasha olmaganda, Vohidning oʻzi ham bunga shubha qilmagan boʻlardi!..

Vohid xuddi zaxarlangan odamday toʻlgʻanib, olmaning panasidan chiqdi. Uni koʻrishi bilan Ruzvon xola ovozini chiqarib yigʻlab yubordi:
— Bizni hurmat qilmasang, aqalli akangni hurmatini qilsang boʻlmasmidi, yer yutkur! — dedi u kuyunib, — bu loʻlivachchaga tegib olib, erta-indin akangga qaysi yuz bilan qaraysan, nima deysan, tirmizak?

Zarifa vaziyatini oʻzgartmadi, faqat yostiqni quchoqlab olgan qoʻllari qattiqroq titray boshladi, boshqalar esa Vohidning bir nima deyishini kutib unga tikilib qoldilar.

Vohidning koʻnglidan:

«Bu janjal, bu gʻavgʻo kimga kerak? — degan fikr oʻtdi. — Ayniqsa qarigan chogʻingizda siz nima qila-siz shu soxta obroʻ, manmanlik uchun kurashib, oyi-jon?» dedi u xayolida, lekin bu gapni aytish oʻrniga:
— Men joʻnamoqchiman, — dedi Vohid sekin.

U a’zoyi badanini zoʻr bir titroq egallab olayotganini, hozir bir portlash roʻy berishini sezar va oʻzini qoʻlga olishga urinardi.

Ruzvon xola shoshib oʻrnidan turdi.
— Yarim kechada qayoqqa borasan? Senga nima boʻldi, bolaginam?

Akasi ham oʻrnida bir koʻzgʻalib qoʻydi.
— Ketadigan boʻlsang, bu ishni bir yoqlama qilib ket! — dedi u. — Yo biz bilan boʻlsin, yo oʻsha loʻlivachcha bilan!

Vohid uning birdan turtib chiqqan boʻyin tomirlariga, qon quyilgan semiz yumaloq yuziga qarab, toʻsatdan oʻshanda, Roziya ustida boʻlgan oilaviy majlis paytida ham akasi xuddi mana shunday koʻzlariga qon quyilib, titrab gapirganlari, mushtini tugib pisanda qilganlari esiga tushib ketdi. Lekin qiziq, oʻsha paytda, hatto bugun ertalab ham Vohid buni sezmagan edi! Yuragining tagida nimadir goʻyo oʻt ola boshlagan alangadan lovillab, butun vujudini kuydirib yuborayotganday boʻlib entikdi.
— Buni tinch qoʻyinglar, — dedi u past, boʻgʻiq tovushda, — uni oʻz ixtiyoriga qoʻyaylik!

Vohid ortiqcha gapirmoqchi emas edi, shu ikki ogʻiz soʻzni aytib uyga kirib ketmoqchi edi, lekin butun vujudini egallab olayotgan titroq yengdi-yu, oʻzini tutolmay qoldi.
— Bas! Boʻldi! — dedi u boʻgʻilib, — buni zoʻrlamanglar! Umuman... bu gaplarning nima keragi bor? Besh-oʻnta esi past va nodonlar soʻz qiladi, — deb buni baxtsiz qilmoqchimisizlar?. Zotan... Bu soxta obroʻ, manmanlikni yigʻishtirib qoʻyadigan payt kelmadimikin?

U titrab, nafasi siqilganidan gapirolmay duduqlanib qoldi.
— Men... biz sen uchun, sening obroʻying uchun deb jon kuydiryapmiz! — dedi akasi. — Qornimizga emas, qadrimizga yigʻlayapmiz.
— Rahmat! — dedi Vohid, — rahmat. Menga jon kuydiraman deb bir bechoraga shuncha tuhmat yogʻdirganlaring ham yetadi! Menga jon kuydiraman deb, undan — Roziyadan judo qilganlaring ham yetadi!

Bir zum favqulodda chuqur jimlik choʻkdi, goʻyo hamma Vohidning gaplarining magʻzini chaqolmay lol boʻlib qolgandi. Birinchi boʻlib kelinoyisi hushiga keldi, u xuddi chayon chaqqan odamday, sapchib tushdi.
— Voy, voy, nimalar deyapsiz, Vohidjon? — dedi u oʻrnidan qoʻzgʻalib, — ogʻzingizga qarab gapiring!
— Men emas, siz ogʻzingizga qarab gapiring! Siz ham meni oʻz tarozingiz bilan oʻlchamang Tushundingizmi?! Tushundingizmi deyapman sizga?

Qaerdandir uzoqdan, qir tomondan, Vohidning ovozining aks-sadosi eshitildi:
— «Tushundingizmi deyapman sizga?»

Vohid birdan oʻziga kelib, koʻzlarini yumdi: «Menga nima boʻldi? — xayolidan oʻtdi uning, — nima boʻldi menga?»

Toʻrda oʻtirgan akasi qoʻltigʻidagi yostiqlarini chetga surib, oʻrnidan tura boshladi, lekin shu vaqt kelin-oyisi unga qarab oʻshqirib berdi:
— Qoʻying, bilganlarini qilsin! Sizga nima! — dedi u va oʻrnidan turib ketdi, — yaxshilikka yomonlik deb mana buni aytadilar. Ha, bilib qoʻying: bir narsa boʻlsa bular hali hamma aybni sizga toʻnkashdan ham toymaydi! Tushundingizmi?

Vohid yana bir daqiqa tursa katta bir janjal, kutilmagan bir portlash roʻy berishini sezib qoldi. Buni birdan payqab qoldi va zoʻr kuch bilan oʻzini bosib, shartta burilib uyga kirib ketdi.

Kelinoyisi hamon gapirmoqda edi. Uning qandaydir zaharga toʻla tovushi yana bir necha minut eshitilib turdi. Soʻngra hamma ovozlar pasayib, jimlik choʻkdi.

Vohid qaytib chiqqanida akasi bilan kelinoyisi ketib qolishgan, Zarifa ham koʻrinmas, yolgʻiz Ruzvon xola bir nuqtaga tikilib, boyagiday gʻamgin oʻyga choʻmib oʻtirardi. U oʻrnidan turib, oʻgʻlining boʻynidan quchoq-ladi:
— Yarim tunda qayoqqa borasan, senga nima boʻldi, bolam?
— Xafa boʻlmang, yozda yana kelaman! — dedi Vohid va negadir qoʻshimcha qildi:
— Mashhura bilan birga kelamiz.

U nega shunday deganiga oʻzi ham tushunmadi, lekin bu soʻzni aytishi bilan koʻziga yosh keldi.
— Kelinimdan oʻrgilay. Nevaramga mayda-chuydalar tikib qoʻyuvdim. Olib ketsang boʻlardi! — dedi Ruzvon xola, shunday dedi-yu, u ham yigʻlab yubordi.

Ajabo: shunday sodda, mehribon onani ayblab boʻlarmidi? Uning samimiyligidan shubhalanish, unga bir narsa deyish mumkinmidi?

Yoʻq, onaning samimiyligiga shubha qilib boʻlmas edi. Lekin butun dahshat, butun fojia shunda ediki, u oʻgʻliga yaxshilik qilaman deb, eng katta baxtidan judo qilib qoʻyganini oʻzi ham bilmas edi!

Vohid uni sekin quchoqladi.
— Sizdan faqat bitta iltimos... Zarifani qiynamang. Chunki... boyagi gaplarim rost, oyi, hammasi rost...
— Nimalar deyapsan, bolam? — dedi Ruzvon xola.
— Zarifani oʻz ixtiyoriga qoʻyib bering, oyi! — Vohid boshqa gapirolmadi.

Kecha oysiz, hammayoq zim-ziyo, hatto atrofdagi oppoq gullagan olmalar ham negadir qop-qora boʻlib koʻrinardi.

Vohid bogʻdan chiqib, endigina katta koʻchaga burilaman deb turganida, ariq boʻyidagi tollarning orasida ikki kishining soyasi koʻrindi.

Vohid toʻxtashi bilan ularning biri yumshoq tuproqni ship-ship bosib yugurib keldi:
— Akajon!

Zarifa oʻzini Vohidning quchogʻiga tashladi, boʻynidan quchoqlab oldi:
— Akajon! Kechiring meni! Kechiring! Vohidning tomogʻini bir nima gʻip boʻgʻib, koʻziga

yosh oldi.
— U kim? Sobirmi? — dedi, u singlisining boshini silab.

Sobir bir narsadan tortinganday, sekin yaqinlashib kelardi.
— Kechirasiz, Vohid aka, boya bir oz... ahmoqona gap qilibman...

Vohid singlisini chetga surib, uning katta, dagʻal qoʻlini siqdi.
— Senga baxt tilayman, Sobir! Ikkovlaringga ham baxt tilayman.
— Rahmat sizga! — dedi Sobir.

Zarifa yana uni quchoqladi. U sekin, tovushsiz yigʻlardi. Vohid uning boshini koʻtarib, peshonasidan oʻpdi:
— Yigʻlama, singlim! Baxtli boʻlgaysan!

Uning dilidagi boyagi dard, alam, ogʻriq — hammasi qayoqqadir yoʻqolgan, uning oʻrnini allaqanday muloyim, iliq hislar egallab olgandi. Faqat xayolining bir chetida: «Qanday qilib men oʻz baxtimni oʻzim boy berib qoʻydim?» degan bir fikr qayta-qayta takrorlanardi.
— Nega shoshdingiz? Oʻzim olib borib qoʻyardim! — dedi Sobir.
— Rahmat. Oʻzim... bir piyoda yurgim keldi... Xayrlashib, katta yoʻlga chiqqanida, labida allaqanday shoʻr ta’m sezib, toʻxtadi: Bu — koʻz yoshi edi!

Vohid xuddi uning yigʻlayotganini birov koʻrayotganday, shoshqaloqlik bilan koʻzini artib, yoʻlga tushdi.

Uzoqda, yulduzlarga tegib turgan ufqda, qator chiroqlar ipga terilgan marjonday yaltirab koʻrinardi. Bu — shahar edi.

1962