OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Odil Yoqubov. Tush (etyud)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOdil Yoqubov
Asar nomiTush (etyud)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Odil Yoqubov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tush (etyud)
Odil Yoqubov

Ilk hikoyalar yozib yurgan oʻsmirlik chogʻlarim. Qiziq voqealar oʻylab topishga urinaman, chiroyli soʻzlar axtaraman... «Quyoshning oltin nurlari daraxt yaproqlarini zar bilan oʻradi, tubsiz osmonning moviy gumbazi mitti tilla sirgʻachalarga toʻldi», kabi jimjimador jumlalar tuzaman. Bu tasvirlar oʻzimga yoqsa ham koʻnglimning bir chetida ularning allaqanday sovuqligini, yasamaligini, dilimdagi tuygʻularimni ifoda qilishga ojiz ekanini sezib, qiynalaman, iztirob chekaman... Bir kuni qoʻlimga «Hojimurod» tushdi. Qissaning muqaddimasi, ya’ni qariqiz haqidagi hikoya ezmalikday tuyuldi. Men undan «sakrab» oʻtdim, oʻtdimu qissaning ilk misralarini oʻqib gʻalati boʻlib ketdim...

Menga shunday tuyuldiki, goʻyo Tolstoy olis chechen ovulini emas, bizning qishloqni tasvirlagan. Koʻz oldimga qishloq oʻrtasidagi machit, machitning yonidan soyga buriladigan tor koʻcha keldi. Koʻchaning ikki tomonidagi pastqam uylarning tomlarida chollar bogʻ qoʻrib yotishadi. Kechqurunlari qirdan poda qaytadi, borliqni qoʻy-qoʻzilarning ma’rashi toʻldiradi, moʻrilardan tutun koʻtarilib, havoda tezak hidi burqsiydi. Xuddi Tolstoy tasvirlagan manzara!.. Nazarimda Hojimurod shu machit tomondan kelib, bizning tor koʻchaga burilgan, burilganu birinchi pastqam uyning tomidagi cholni (bu uyning tomida yongʻogʻini qoʻrib doim badjahl bir chol yotardi) uygʻotgan...

Meni ayniqsa «tezakning qoʻlansa hidi» — degan soʻzlar hayratga soladi. Tanish manzaralarni koʻz oldimga keltirgan, dilimda ajib hislar uygʻotgan narsa ham shu oddiy soʻzlar, azon aytgan soʻfining ovozi, moʻrilardan koʻtarilgan tutunu tezakning qoʻlansa hidi edi!..

Bu oddiy soʻzlarning allaqanday teran siri bor edi. Bu sir sizni sehrlab qoʻyar, koʻz oldingizga siz olis chechen ovuli emas, oʻz qishlogʻingiz, bolalikdan tanish manzaralar kelishining sababi ham shu sehrda edi!

Kitobni bir oʻtirishda oʻqib tugatdim. Hojimurodning oʻlimidan koʻnglim vayron, xoʻrligim kelib, xoʻroz qichqiriqlariga, itlarning vovullashiga quloq solib uzoq yotdim. Soʻng, kitobning birinchi sahifasidagi ulugʻvor cholning suratiga, paxmoq qoshlar ostidagi oʻtkir koʻzlarini kitobxonga qadab turgan Tolstoyning suratiga tikildim. Bu suratni qaysi rassom chizgani hozir esimda yoʻq. Shunisi esimdaki, Tolstoyning uzun soqoliga, doʻng peshanasiga, qudrat yogʻilib turgan miqti gavdasiga, allaqanday shafqatsiz chehrasiga tikilib uzoq yotdim, hayolimda esa undan yordam tilar, oq yoʻl tilashini iltijo qilardim. Uyquga ketganimni bilmay qoldim. Bir mahal tush koʻribman. Tushimda... Tolstoy!

Egnida oʻsha uzun koʻylak, ken panjali uzun qoʻllarini ingichka qayish qamariga suqib, uyimizga sekin kirib kelgan emish. Meni chaqirib nimadir dedimi, yo deganday boʻldimi, bilmadim, oyimlarning ovozidan uygʻonib ketdim. Tong otgan, oyim sigir sogʻayotgan edilar.

Men Tolstoydan, uning menga aytadigan gaplariyu, beradigan oq fotihasidan ayrilganimni sezib, dod deb yuborishimga oz qoldi. Xuddi tushida oltindan ayrilgan Afandiday koʻzimni qayta yumdim. Yoʻq. Tolstoyni qaytarib boʻlmas edi!.. Oyimlardan ranjib, ancha toʻlgʻanib yotdim, keyin asta-sekin oʻzimni yupata bosh-ladim. Axir Tolstoyning uyimizga kirib kelgani, meni chaqirib bir nima degani rost-ku! Shoshma. U menga nima dedi? Kelajakda yozuvchi boʻlishimga ishora qilmadimi?

Tolstoyning nima deganini eslash qiyin edi, lekin bora-bora u menga yaxshi gaplar aytganday tuyula boshladi, asta-sekin yozuvchilikka oq yoʻl tilaganiga ham ishona boshladim, nazarimda, hatto boshimni ham silaganday boʻldi...

Koʻnglim yorishib, oʻrnimdan turdim. Quvonchdan oʻzimni qayoqqa qoʻyishimni bilmas edim, tushimni birovga tezroq aytgim, quvonchim bilan oʻrtoqlashgim kelar edi.

Avgustning oʻrtalari. Mendan bir-ikki yosh katta bir adashim bilan kun ora gʻoʻza sugʻorar edik. Oʻsha kuni bizning navbatimiz edi. Rost, Odil mening «yozuvchi»ligimni, yozgan she’r va hikoyalarimni tan olmas, lekin adabiyotni yaxshi koʻrar, kitobni koʻp oʻqir, shu sabab, ikkimiz ancha yakin edik.

Men bogʻimizdan chiqib, paxtazorga buriladigan yolgʻiz oyoq yoʻlga qadam qoʻyganimda, Odil ham yetib keldi, qoʻl berib koʻrisharkan:
— Ha, ogʻizlar quloqda-ku? — deb piching qildi.
— Menga qara, Odil, bugun gʻalati bir tush koʻrdim,— dedim. — Kulmasang aytib beraman.
— Xoʻsh, xoʻsh?
— Men bugun tushimda... Tolstoyni koʻrdim!
— Shunaqami? — Odil negadir koʻzini koʻzimdan uzib paxtazorga tikildi. — Xoʻsh, keyin nima boʻldi?
— Ha, shu... Juda ajoyib odam edan!
— Senga... yozuvchilikka fotiha bergandir?
— Aytsam ishonmaysan-da! Lekin... chindan ham... yaxshi gaplar aytdi.
— Katta qoʻllari bilan boshingni ham silagandir? Boshqa payt boʻlsa-ku, men uning ovozidagi kinoyani sezardim, albatta, lekin shoddigim ichimga sigʻmay turgan bir mahalda buni payqamadim.
— Ha, boshimni sekin siladi!
— Ha-ha-ha! Tolstoy boshini silagan emish! Ha-ha-ha! Orzularingdan oʻrgilib ketay!

Odilning zaharli qahqahasi ustimga quyilgan bir chelak sovuq suvday ta’sir etdi. Oʻzimni qayoqqa yashirishni bilmay paxtazorga shoʻngʻidim. Odildan, odamlardan yashirinib kechqurungacha yolgʻiz ishladim, aytgan gaplarimni unutish uchun, uyatdan «qochib qutulish» uchun jon-jahdim bilan ishladim, tushimni esa hech qachon, hech kimga aytmaslikka qasam ichdim. Oʻzim ham Tolstoyning buyukligini oʻsha kuni tushundim-ov... Tolstoy shunchalik buyuk ediki, uni hatto tushimda koʻrdim deyish ham nokamtarinlik va maqtanchokdik boʻlardi!..