OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Odil Yoqubov. Yaxshilik (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOdil Yoqubov
Asar nomiYaxshilik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Odil Yoqubov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yaxshilik (hikoya)
Odil Yoqubov

Men har safar Munavvar kelinoyimni eslaganimda keyinchalik roʻy bergan bu ogʻir voqea emas, dilimda sal ma’yus va iliq hislar uygʻongan yoz kuni esimga tushadi.

...Buvimning sersoya bogʻi qarindosh-urugʻlarimizga, togʻamning yor-birodarlariga toʻlgan: birov oʻchoq qurmoqda, birov oʻtin yormoqda, birov hovliga suv sepib, soʻriga palos yozmoqda. Kechqurun toʻy!

Bu shodiyonadan hamma xursand, men ham yigʻilgan bolalarga qoʻshilib shov-shuv koʻtaraman, dam shotutga oʻrmalab, kaptar uyalaridan tuxum qidiraman...

Toʻsatdan mirzaterakka chirmashib oʻsgan aymoqi tok orasidan buvimning boshi koʻrinadi. U meni imlab chaqiradi, qoʻlidagi roʻmolidan doʻppimga ikki-uch bosh chillaki uzum soladi:
— Bor, mehmonxonaga eltib ber. Togʻang bilan kelinoying... tatib koʻrishsin.

Men doʻppimni koʻkragimga bosib mehmonxonaga qarab chopmoqchi boʻlaman, lekin buvim qoʻlimdan ushlab toʻxtatadi, yon-veriga qarab sekin deydi:
— Mabodo... «oʻtir», deyishsa, oʻtirmagin tagʻin. Bir nafas boʻlsayam birga boʻlishsin. Ertaga... — Buvim, lablari pirpirab, gapirolmay qoladi, roʻmolining uchini koʻziga bosadi-yu, imo qiladi: — Bor!

...Togʻam ertaga urushga ketadi. U kecha kechqurun kelinoyimni Toshkentdan «olib qochib kelgan». Qulogʻimga chalingan shivir-shivirlarga qaraganda, ular institutda birga oʻqishar ekan. Kechasi uyimiz xotin-xalajga toʻlib, kelinoyimni koʻrolmagan edim, bugun ertalab podadan qaytayotib, buloq boshida koʻrib qoldim.

Togʻam buloq boʻyiga choʻnqayib, yuzini yuvar, kelinoyim esa egnida atlas koʻylak, boshida chetlariga gunafsha rang gul tikilgan ipak durra, yelkasida sochiq, qoʻlida chelak, uning yonida turardi.

Kelinoyim novcha, hatto togʻamdan ham novcharoq, — men buni togʻam yuvinib boʻlib, qaddini rostlaganida payqadim, — uzunchoq yuzli, nozikkina qiz edi. Meni ayniqsa uning xiyol ma’yus qora koʻzlari hayratda qoldirdi. Umuman uning butun vujudida, ochiq, muloyim chehrasida, oʻychan tikilib turishida boʻlakcha bir gʻamginlik bor edi.

Men ularga sezdirmay oʻtib ketmoqchi edim, togʻam koʻrib qolib, oldiga chaqirib oldi.
— Mana, tanishib qoʻying, Munavvarxon, — dedi u.— Boya sizga aytgan jiyanim Mansurpolvon shu yigitcha boʻladi. Men ketganda birov sizni ranjitadigan boʻlsa... shu yigitga aytib qoʻyasiz...

Kelinoyim chelakni chap qoʻliga olib, oʻng qoʻlini menga choʻzdi, qoshlarini chimirib, muloyim jilmaydi.
— Shunaqami? Togʻangiz ketganda meni birov xafa qilsa... yon bosasizmi menga, Mansurjon?

Men qizarib nimadir deb, gʻudrandim. Mening oʻrnimga togʻam javob berdi:
— Yon bosish ham gapmi, sizni ranjitgan odamning kallasini oladi jiyanim, labbay?

Kelinoyim menga qarab koʻzini qisdi:
— Qoʻying, hammani oʻzingizga oʻxshagan zoʻravon deb oʻylamang!

Togʻam qah-qah otib kuldi. Men esam, koʻnglim ajib bir hislarga toʻlib, oʻzimni boqqa urdim. Oʻshandan beri koʻz oldimdan kelinoyimning oʻychan chehrasi, qulokdarimdan erkalab aytgan gaplari ketmas edi.

... Qishloqi soddalikni qarang! Xayolimda hech narsa yoʻq, chopganimcha borib mehmonxonaning eshigini sharaqlatib ochibman! Toʻrda oʻtirgan kelinoyim choʻchib oʻgirildi. Togʻam boshini kelinoyimning tizzasiga qoʻyib, sochlarini oʻynab yotgan ekan, oʻzini chetga oldi-yu, meni koʻrib yana tishlarini yarqiratdi:
— E, senmisan, polvon? Ke?
— Ha, shu... buvimlar uzum berib yubordilar...
— Buvinglarmi? — yana kuldi togʻam. — Qani, opke, uzum boʻlsa, maza qilib tushiraylik bir.

Men uzumni ularning oldidagi dasturxonga qoʻyarkanman, kelinoyimning koʻzlarida halqa-halqa yosh koʻrdim. Uzumni qoʻyib, darhol orqamga qaytmoqchi edim, kelinoyim koʻrsatkich barmogʻi bilan koʻz yoshlarini sidirib tashladi-da, qoʻlimdan ushladi.
— Oʻtiring, Mansurjon, birga uzum yeymiz.

Togʻam ham istar-istamas taklif qildi:
— Oʻtir!

U bir bosh uzumni kelinoyimga tutarkan, menga koʻzini qisdi:
— Bilasanmi, nimaga yigʻlayapti kelinoying! Toʻy eskicha boʻlsin emish, chimildiqqa kirarmishlar...
— Ha, kirmoqchiman, — dedi kelinoyim.
— Ikki bukilib amma-xolalaringga salom bermoqchi emishlar...

Kelinoyim uchun, ingichka barmoqlari bilan uzum donalarini bitta-bitta uzib ogʻziga solarkan:
— Nega kulasiz? — dedi. — Umrimizda bir marta boʻladigan toʻy, hammasini koʻrsam deyman. Oyim bechoraniyam xafa qilmang. Mayli, chimildiq tutishsin, «kelin salom» qilishsin, qizlar lapar aytishsin...
— Ana xolos! Sal kam oliy ma’lumotli kelinoyingning gaplariga qara!..
— Oliy ma’lumotli boʻlsam nima boʻpti? Axir siz ertaga urushga...

Kelinoyim gapirolmay yuzini chetga burdi.
— Xoʻp, xoʻp, taslim boʻldik, azizim! Mayli, chimildiqqayam kiring, amma-xolalarniyam xursand qiling. Faqat yigʻlamang, jonim. Qani, koʻz yoshingizni arting, bir jilmaying!... — Togʻam kulib kelinoyimning sochlaridan tortqiladi. Lekin u ham toʻlib turgani, oʻziga dalda berish uchungina zoʻraki kulayotgani shundoq sezilib turardi... Koʻnglim bir xil boʻlib, sekin chiqib ketdim...

Oqshom toʻy boʻldi. Soʻlim yoz kechasi qishloq bogʻlari ustida ma’yus kuylar, ayriliq hislariga toʻla hazin laparlar yangradi. Kelin kelayotganda (uni qoʻshnimiznikidan chiqarishdi), darvoza oldiga gulxan yoqishib yigitlar yoʻlga arqon tutishdi. Buvim, qoʻlida bir hovuchcha tanga, dam yigʻlab, dam kulib, kelinning bo-shidan pul sochdi. Qiz-yigitlar ayriliq va hijron alamini tamom unutmoqchi boʻlganday, tong otguncha oʻyin qilishdi. Ertalab esa guzarga yigʻilgan xaloyiq togʻam boshliq oʻttiz nafar yigitni koʻz yoshi va duolar bilan kuzatib qolishdi...

Togʻam ketgandan keyin kelinoyim oʻzini qayoqqa urishini bilmay, olamga sigʻmay qoldi. U xuddi olis va notanish joyga tushib qolgan kiyik bolasiga oʻxshar, atrofida girgitton boʻlgan qarindosh-urugʻlar bilan, hatto buvim bilan ham koʻp yozilib gaplashavermas, aksariyat bogʻni yolgʻiz kezar, katta-katta koʻzlarini olis-olislarga tikib uzoq oʻyga choʻmar edi.

Men ba’zan unga har xil kitoblar olib kelib berardim. U kitobni minnatdorchilik bilan olar, meni erkalar, lekin juda kam oʻqir, yo oʻqiy boshlasa ham yarmiga yetmasdanoq yopib qoʻyar edi. Faqat togʻamdan xat kelgan kunlari koʻzlari charoqlab, yashnab-yayrab ketar, katta bogʻning goh u yeri, goh bu yeridan uning mayin xirgoyisi eshitilar edi...

Shu zaylda bir hafta oʻtdi. Keyin, oʻqish boshlanguncha (u maktabga ishga joylashgan edi), uyda «yuragim siqilib ketadi», deb dashtga, bugʻdoy oʻrogʻiga chiqib ketdi.

Buvim qancha qistamasin, yalinib-yolvormasin, kelinoyim to oʻqish boshlanmaguncha dashtdan qaytmadi. Men har kuni boʻlmasa ham, ikki-uch kunda bir xoʻtigimga minib, buvim bergan ikki-uchta toʻqach, qoʻrda koʻmilgan uch-toʻrtta joʻxori soʻtasi, bir tovoq somsa va bir xurmacha qatiqni xurjunga joylab, dashtga, uning oldiga joʻnardim.

Kelinoyim, ogʻir mehnatga oʻrganmagan shahar qizi emasmi, sal oʻtmasdanoq ozib-qorayib ketdi. Qiynalib qolgani shundoq sezilib tursa-da, buvimning «salomlariga» kulib javob berardi:
— Oyimlarni tinchitib qoʻying. Mansurjon, «qiz-juvonlar orasida tuppa-tuzuk yuribdi», deng!..

Men unga dil-dilimdan xayrixoh edim. Qishlokda kecha-kunduz pochtachinig yoʻliga tikilib, oʻzi bilan oʻzi olishib yotgandan koʻra, bu keng dashtda hamdard, hamnafas tengdoshlari orasida hasratlashib, ular yigʻlashsa yigʻlab, kulishsa kulib yurgani yaxshi emasmi?

Dashtdagilarning koʻpchiligi xuddi kelinoyimday hijron dogʻidan qalblari kabob yosh-yosh qiz-juvonlar edi. Ular, xuddi hamma alam, hamma iztiroblarini mehnatdan olmoqchi boʻlganday, oʻchakishib, jon-jahdlari bilan ishlashar, kechalari esa tun yarmigacha keng dashtni zir titratib mungli laparlar aytishar, frontdagi yorlariga atab qoʻshiqlar toʻqishar, sodda, lekin boʻlakcha bir samimiyatga toʻla xatlar yozishar edi... Kelinoyim qizlarning iltimosi bilan ba’zan ularga «chiroyliroq» xatlar yozib berar, ba’zan she’rlar toʻqir, shuning uchun ham hamma uni yaxshi koʻrar edi.

Kelinoyim meni koʻzi toʻrt boʻlib qarshi olar, chunki togʻamning xatlarini aksariyat men olib kelar edim.

Bunday paytlarda kelinoyim dagʻallashib qolgan kich-kina kaftlari bilan boshimni mahkam ushlab, koʻksiga bosar, peshanamdan oʻpar, «Mening chin gʻamxoʻrim, xaloskorim!» deb erkalar, men esam uning yashnab ketgan chehrasini, sevinchdan chaqnagan tim qora koʻzlarini koʻrganimda boshim osmonga yetar, unga koʻproq yax-shilik qilsam, uni koʻproq quvontirsam der edim.

Kelinoyim shu ketgancha dashtdan oʻqish boshlanish arafasida qaytdi. Lekin oʻqish bir hafta davom etar-etmayoq maktab yopilib, hamma paxta terimiga chiqib ketdi. Xuddi shu orada, sentyabrning oʻrtalarida toʻsatdan togʻamdan xat uzilib qoldi.

Togʻam soʻnggi xatida: «Erta-indin urushga kiramiz» degan edi, shu-shu xat toʻxtadi-qoldi.

Oradan oʻn besh kunlar oʻtganda togʻam bilan birga jangga kirgan bir hamqishloq yigitdan xat keldi. U yigitning yozishicha, togʻam yarador boʻlib, uni gospitalga olib ketgan emish. Yigit buni oʻz koʻzi bilan koʻrganini aytgan va togʻamning adresini soʻragan edi. Bu xat qorongʻi tunda oftob chiqqanday hammaning dilini umidga toʻldirdi, koʻzlari yana pochtachining yoʻliga tikildi. Lekin oradan yaqin bir oy fursat oʻtdi hamki, togʻamdan darak boʻlmadi. Bu oʻrtada haligi hamqishloq yigitga — uning oʻzi ham yarador boʻlib, gospitalga tushgan edi — qancha-qancha xatlar yozildi. U yigit togʻam yarador boʻlganini, sanitarkalar uni okopdan koʻtarib olib chiqib ketganini oʻz koʻzi bilan koʻrganini yana ta’kidladi. Lekin bundan nima foyda? Togʻamdan hamon darak yoʻq edi.

Kelinoyim dastlabki paytlarda oʻzini ancha dadil tutdi, umidsizlikka berilmaslikka harakat qildi. Lekin kunlar oʻtgan sayin ezilib, axiri juda boʻshashib ketdi. Ayniqsa, hamqishloq yigitning xatlariga qara-may, gospitaldan dom-darak boʻlmagach, tamom ruhi soʻnib, koʻngli choʻkib qoldi.

U daladayam qoʻli ishga bormay, allaqanday parishon yurar, arzimagan narsagayoq yosh boladay lablari titrab, koʻziga milt-milt yosh olar edi. Har kuni tushda, xuddi xat kelsa darrov xabar berishmaydiganday, meni uyga joʻnatar, soʻng, rangi qochib, koʻzlari moʻltirab, yoʻlimni poylardi. Men uchun uning umid bilan javdirab turgan katta qora koʻzlariga qarab «yoʻq» deb bosh chayqashdan katta azob yoʻq edi!

Odatda men uning koʻzlariga qarashga jur’at etolmay olisrokdan indamay oʻtib ketardim, keyin uning tergan paxtalarini xirmonga tashirkanman yo ariq boʻyidan sigirga pichan oʻrarkanman, axir bir kun togʻamdan xat kelishini va men bu xatni uzoqdan koʻrsatib, chopib kelishimni orzu qilardim. Yursam-tursam koʻz oldimdan shu manzara ketmas edi: kelinoyim xatni koʻrganda albatta quvonchdan yigʻlar, keyin kuladi, soʻng meni quchoqlab bagʻriga bosadi va biz hozirgidan ham inoq va mehribon boʻlib qolamiz!..

Men kelinoyim deymanu, biroq undan ham buvimga qiyin edi. Har kuni kechqurun kelinoyim daladan qaytishi bilan mehmonxonaga kirardi-yu, oʻzini sim karavotga tashlab yotib olardi, u koʻzini shiftga, bir nuqtaga tikib soatlarcha yotar, buvim esa, usiz ham yuragi laxcha choʻgʻ, qanday qilib uning koʻnglini olishni bilmay, ich-ichidan zil ketar, dam «noumid shayton, sabr qil, bolaginam!» deb koyigan boʻlar, dam oʻzi bogʻni gir aylanib, yum-yum yigʻlar, nazarimda, u hammadan koʻra kelinoyimning ketib qolishidan qoʻrqar edi.

Noyabrning oʻrtalari edi. Lekin hali sovuq tushmagan, kunlar ilk kuzdagiday iliq, daraxtlarning tagi xazondan gilam toʻshalganday qip-qizil, yalangʻoch bogʻlar allaqanday ma’yus va sokin tuyuladi...

Ertalab tegirmonga borish uchun xoʻtigimni egarlayotib oshxonadan kelinoyimning xurram ovozini eshitib qoldim.
— Oyijon! Meni aytdi dersiz — bugun xat keladi, — der edi u. — Tush koʻrdim. Oʻgʻlingiz ot oʻynatib kepti.
— Inshoollo, aytganing kelsin, bolam...

Bir lahzadan keyin kelinoyim, ozgʻin yuzi allaqanday yorishib ketgan arpa aralash joʻxori solingan toʻrvani buvim bilan koʻtarishib chiqdi. Qopni xoʻtikka ortishga yordamlashar ekan:
— Tezroq qayt, jon qaynim, — deb kuldi. — Bugun qovoq somsaga toʻyib, bir yayraylik!..

Men ham koʻnglim suv ichganday boʻlib xoʻtigimni choptirib ketdim. Tush boʻlmasdanoq joʻxorini torttirib qaytib kelganimda uyda hech kim yoʻq edi. Unni oshxonaga tushirib, xoʻtigimni yetaklab soyga ketdim.

Soyga yaqinlashib qolganimda keksa shotut tagidagi ulkan qabr oldida oʻtirgan buvimga koʻzim tushdi. Buvim bu qabrni avliyo der, har shanba uning ustidagi quloch yetmaydigan arxar shoxiga oq latta bogʻlab, kechalari uning mehrobiga moychiroq yoqardi.

Buvim, tagida namat, xuddi erkaklarday choʻkkalab oʻtirar, lablari nimanidir pichirlar, aftidan, av-liyoga iltijo qilar edi.

Men buvimni ilgarilari ham bir necha marta shu ahvolda koʻrgandim, lekin u odatda bomdod yo aksincha, namozshom paytlari shunday qilardi, bugun esa... tol tushda!..

Koʻnglim bir xil boʻlib soyga chiqdim, chiqdimu, yana dilim yorishib ketdi. Soyda, tollar orasidagi buloq boʻyida kelinoyim qatiqlangan sochini suvga chayib oʻtirardi.

U meni koʻrib beliga tushadigan mayin sochlaridagi suvni sidirib tashladi, tez turmaklab, oʻrnidan turdi.
— Darrov qaytib qolibsan, qaynim? Hozir qalampir solib shunaqa bir qovoq somsa qilayki, mazasi ogʻzingda qolsin!

U togʻorasini koʻtarib boqqa kirib ketdi, men esa xoʻtigimni tushovlab soylikka qoʻyib yubordim-da, buloq boʻyidagi qurib-qovjirab qolgan oʻtga choʻzildim.

Qani endi kelinoyimning tushi oʻngidan kelsa-yu, pochtachi menga bir xat tashlab ketsa! Men uni chopa-chopa kelinoyimga eltib bersam, uyimiz ustiga yigʻilgan qora bulutlar tarqab, oftob chiqqanini koʻrsam!

Sekin qaddimni rostlab boqqa qaradim. Shotutning tagida buvim koʻrinmas edi. Men avliyo boboning qabri yoniga borishga iymanib, uning roʻparasiga tiz choʻkdim. Koʻzlarim oʻz-oʻzidan yumilib, bolalikdagina boʻladigan boʻlakcha bir samimiyat va ehtiros bilan pichirladim:
— E, qudratli, shafqatli, mehribon avliyo bobo! Tilagimni qabul qil! Kelinoyimning tushi rostga chiqsin! Mehribon buvim bilan kelinoyimning koʻz yoshlarini quritgin, boshlariga tushgan gʻam-gʻussadan soqit qil ularni, e, mehribon, qudratli bobo!..

Qulogʻimga «Pochtachi! Pochtachi!» degan ovozlar, kirganday boʻldi. Choʻchib koʻzimni ochdim. Qichqirayotganlar — soyda sigir boqib yurgan bolalar edi. Pochtachi — bilagidan snaryad parchasi uzib ketgan qoʻli qizil tayoqqa oʻxshab qolgan yosh yigit — shalpang quloq eshagini «xix-xix»lab soyning oʻrtasida biz tomonga qarab kelardi.

Vahimali, ayni zamonda kuz oftobiday iliq bir tuygʻu vujudimni chulgʻab oldi. Shu topda men pochtachi biznikiga yoʻl olganiga, togʻamdan xat olib kelayotganiga zigʻirday ham shubha qilmasdim!

Oʻrnimdan sakrab turdim. Oʻsha vahimali va qaynoq tuygʻuga boʻysunib boqqa otildim.
— Buvijon! Kelinoyi! Xat! Togʻamdan xat!

Uydan oldin qoʻllari xamir buvim yugurib chiqdi, uning ketidan bir qoʻlida taroq, bir qoʻlida koʻzgu, sochlari parishon kelinoyim koʻrindi. Rangi devor, sochlari yozilgan, u yonimdan oʻtib, men koʻrsatgan tomonga chopib ketdi, uning orqasidan xamir qoʻllari bilan yelkasiga tushgan roʻmolini toʻgʻrilay-toʻgʻrilay buvim yugurdi. Uchinchi boʻlib men chopdim. Lekin pochtachining biz tomonga burilmasdan.qoʻshni boqqa oʻta boshlaganini koʻrdim, koʻrdimu, allaqanday sovuq bir hisdan a’zoyi badanim muzlab, beixtiyor toʻxtab qoldim.

Buloq boshiga borib qolgan kelinoyim oftobda koʻzgusini charaqlatib qoʻlini siltadi:
— Shoʻttan uzata qoling xatni! Shoʻttan... Ketma-ket buvim ham yetib bordi, hansirab-entikib dedi:
— Voy, qadamingga hasanot, pochtasi oʻgʻlim! Xatni berginu, oʻzing darvozadan aylanib kira qol. Qovoq somsa qilayotuvdim, nasibangni yeb, suyunchingni opket, bolam...

Pochtachi eshagini toʻxtatdi. Xuddi soqolini silamoqchi boʻlganday qizil tayoqqa oʻxshagan qoʻlini qimirlatib qoʻydi, soʻng yuzini chetga burib poʻngʻilladi:
— Qaysi xatni aytasiz?
— Xat-da, xat. Oʻgʻlimdan kelgan xatni aytaman, bolam!

Pochtachi boshini koʻtarmasdan:
— Nima qilay, — dedi sekin. — Xat oʻgʻlingizdan emas, gospitalning nachalnigidan ekan, xolajon. Biz uni... qishloq kengashining raisiga topshirdik...

Kelinoyim yalt etib menga qaradi. Uning koʻzlarida shunday bir qoʻrquv, shunday bir dahshat bor ediki, men hech qachon oʻrni toʻlmaydigan yomon bir narsa roʻy berganini his qildimu, oʻrnimda qoqqan qoziqday qotib qoldim. Buvim esa hamon hech narsaga tushinmay:
— Voy, tentak-ey, — dedi kulib. — Uning boshligʻidan xat keladi-yu, qishloq kengashiga berasanmi, bolam?

Pochtachi xuddi poygadan qolgan chavandozday jon-jahdi bilan eshagini savalab yoʻliga ravona boʻldi. Buvim uning ketidan yugurmoqchi boʻlgan edi, kelinoyim alam toʻla bir ovozda:
— Oyijon! — deb qichqirib yubordi. — Oyijon!.. Qoʻying! Kerakmas! — U shunday dedi-da, menga oʻgirildi, lablari titrab: — Topgan xushxabaring shu boʻldimi? — dedi-yu, nafasi yetmay tomogʻini siladi.

Men uning titragan lablariga qaray olmay boshimni egdim.
— Kechirasiz, — dedim oʻpkam toʻlib. — Men... men yaxshi niyat bilan sizga yaxshilik qilsam deb...
— Yaxshilik! — kelinoyimning koʻzlari oldin jiqqa yoshga toʻldi, soʻng birdan oʻt chaqnadi: — Topgan yaxshiliging shu boʻlsa... Yoʻqol koʻzimdan! Yoʻqol!

U bolta tekkan yosh niholday ikki bukilib, oyogʻi ostidagi tikonga tiz choʻkib qoldi. Boyatdan beri hushini yoʻqotib, bir keliniga, bir menga qarab turgan buvim unga otildi, men esam oʻzimni daraxtzorga urdim...

Sal oʻtmay qishloq kengashidan odam chiqdi, bir lahzada xotin-xalaj yigʻilib qiy-chuv, yigʻi-sigʻi boshlandi. Bir haftagacha buvimning uyidan odam arimadi, kechayu kunduz yigʻi tinmadi. Lekin hech kim, hatto buvim ham meni eslamadi. Men bir haftagacha dodimni aytadigan tirik bir jon topolmay oʻzim bilan oʻzim olishdim. Axir... men chindan ham kelinoyimni dil-dilimdan yaxshi koʻrganim uchun, uni bir quvontirish uchun, unga yaxshilik qilish uchun shunday qildim-ku! Xuddi shu kuni, xuddi shu soatda qora xat kelganini qayoqdan bilay axir? Nahot kelinoyim buni tushunmasa?

Nihoyat, bir haftadan keyin buvim oʻzi meni chaqirib oldi. Men uning allaqanday choʻkib qolgan jussasini, bir parcha boʻlib qolgan yuzini koʻrdimu, oʻzimni uning bagʻriga otib, yigʻlab yubordim.

Men buvimga koʻnglimdagi bor dardimni aytdim. Kelinoyimning diliga ozor berish uchun emas, togʻamdan kelganiga ishonganim uchun, azbaroyi kelinoyimni quvontirish uchun shunday qilganimni, kelinoyimni hamon yaxshi koʻrishimni, kerak boʻlsa undan jonimni ham ayamasligimni gapirib berdim...

Mehribon buvim! U mening iztiroblarimga tushundi. Kelinoyim bilan gaplashadigan boʻldi, yigʻlay-yigʻlay peshanamdan oʻpib, boshimni silab tinchitib qoʻydi.

Bilmadim, buvim kelinoyim bilan gaplashdimi, gaplashgan boʻlsa u nima dedi, lekin kelinoyim bir martaba ham menga qayrilib qaramadi.

Egnida koʻk koʻylak, boshida koʻk roʻmol, u yaqin bir oy motam tutdi. Koʻnglim xufton, men kechayu kunduz uning yoʻlini poyladim, bir ogʻiz soʻziga zor, uydan chiqqanida koʻzlariga tikildim, lekin u har safar meni koʻrganda uzoqdan teskari burilib ketar edi. Bir oydan keyin kelinoyim oʻz eliga ketadigan boʻldi. Qarindoshlarimizdan bittasi xoʻjalikdan arava soʻrab chiqdi. Men loaqal xayrlashar, aqalli yaxshi kunlar xotirasi uchun bir ogʻiz bir gap aytar, degan umidda ertalabdan yoʻlini poyladim.

Yigʻi-sigʻidan yurak bezor, kelinoyim bilan buvimning xayrlashganini koʻrmaslik uchun soy boʻyiga, birinchi bor togʻam bilan kelinoyimni uchratgan buloq boshiga borib turdim. Arava qoʻzgʻalib, buloqqa yaqinlashganida sekin yoʻlga chiqdim. Kelinoyim, egnida qora palto, boshida qora shol roʻmol, pichan toʻshalgan shotili aravada menga teskari qarab oʻtirardi.

...Nahot kechirmasa? Nahot bir marta qayrilib ham qaramasa? Aqalli xayrlashmasa?.. «Kelinoyi! Menga bir qarang! Mening dardimga quloq soling! Nima qilay, shunday boʻldi!.. Xohlasangiz meni uring, oʻldiring, biroq... bir ogʻiz bir nima deng! Men sizni... shunday yaxshi koʻraman, shunday yaxshi koʻraman!..»

Oramiz yaqin qolganda meni koʻrgan aravakash chol kelinoyimga bir nima dedi. Kelinoyim sekin burilib qaradi, qaradi-yu, yana teskari oʻgirildi. Nazarimda, uning yigʻidan qizarib, shishib ketgan koʻzlari qayta yoshga toʻlganday boʻldi.

Arava yonginamdan oʻtib ketdi. Men, dilim qon, unga iltijo qilganimcha orqada qoldim, Arava muyilishdan burilib ketdi, kelinoyim hatto qoʻlini ham siltamadi. U mening «yaxshiligim»ni kechirmagan, kechirolmagan edi.

1965