OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOlim Otaxon
Asar nomiToʻrtinchi qavatdagi sargʻish deraza (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Olim Otaxon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻrtinchi qavatdagi sargʻish deraza (hikoya)
Olim Otaxon

«
U sarson izlardi oʻzini-oʻzi.
A. Rembo
»

Hayotda hech narsa oʻzidan-oʻzi sodir boʻlmaydi: beamr tikan ham kirmaydi, deganlari bejiz emas — roʻy bergan har qanday hodisaning sababi mavjud — biroq kech kuzning zamharir kunlaridan birida tasodifan uchrab, xayolingni algʻov-dalgʻov qilib yuborgan narsaning sababini sen hech qachon topa olmaysan: qolaversa, bunga hatto qiziqib ham koʻrmaysan...

Basharti qiziqsang — Oʻsha osmon, oʻsha sayyoh qushlar, zamharir qaygʻular va xayollarning gʻamgin tovushlaridan boʻlak nima ham yodingga tushardi?! Mabodo qiziqsang va bir-biriga halqa-halqa ulanib ketgan bu manzaralar chashmaning tubidagi toshchalar kabi koʻz oʻngingda ravshan tiklangan taqdirda ham ularga ortiqcha ahamiyat berib oʻtirmasding.

Holbuki, hammasiga arzimagan narsa — osmonni toʻldirib uchayotgan yoʻlovchi qushlarning gʻamgin tovushlari sabab boʻlgan edi.

Esingdami, oʻsha kuni kech qaytding: qoraygan osmon, rutubatli havo... Chakmoning yoqasini koʻtarib, negadir bolaligingda yuz bergan bir voqeani hadeb eslashga urinib, yomgʻir yuvib oʻtgan yoʻlakdan yurib kelarding. Koʻngling biroz gʻash edi, ehtimol, yuragingga hech narsa sigʻmasdi.

«Nima qilish kerak?» — deya oʻzingdan norozi boʻlarding va sekin-asta allaqanday umidsizlik yuragingga choʻkib borayotganini sezarding. «Xuddi hayotimda bir nima yuz beradigandek doim nimanidir kutib yuraman... Nima qilish kerak?»

Sen chuqur xoʻrsinib baland imoratlar sari burilding va kimsasiz maydonga kirganingda chor-atrofga alanglading; nechanchi marotaba bu beoʻxshov imoratlar orasida devsifat odamlar yurtiga kelib qolgan Gulliver xayolingdan oʻtdi; eting junjiqdi: darvoqe, izgʻirinning dami kesilgan yerda junjikishing ajablanarli...

Sen koʻrimsizgina bino tomon yurib va xuddi shunday koʻrimsiz yoʻlak orqali oʻtib chapga burilasan. Yoʻl oʻrtasida kalta-kulta shoxlarini uzatishga chogʻlangan koʻyi qotib qolgan daraxt yonidan oʻtayotib xoʻrsinasan. U yongan simyogʻochdek shumshuk va ayanchli ravishda qaqqayib turardi.

Dunyoda hosiyatsiz narsalar koʻp: hosiyatsiz kunlar, hosiyatsiz tushlar, hatto hosiyatsiz tasodiflar... Sen irim-chirimlarga ishonmaganing uchun bu hosiyatsiz daraxtga boshqa koʻz bilan qararding.

Shamol endi roʻparadan esardi, sen chiqishdan koʻra tushish noqulay va qiyin boʻlgan zina tarafga yurasan. Zina tepasiga yetganda tevarak-atrofni allanechuk shovur-shuvur tutib borayotganday tuyuladi; sen pastga tusha boshlaysan — quyiroq tushganing sari shovqin kuchayib boradi. Soʻnggi pogʻonaga oyoq qoʻyganingda dastlab boshing uzra dengiz toʻlqinlari guvillagandek, ilkis bosh koʻtarib, uchib borayotgan qushlar galasiga koʻzing tushganda esa hazin sadolar yangrab ketadi.

Osoyishta qanot qoqib borayotgan qushlar... Ularning tovushidagi ohanglar shunchalik ma’yus va shunchalar ham kuchli ediki, beixtiyor ta’sirlanib tomogʻingga bir nima tiqilganini his qilasan. Zum oʻtmay zina panjarasiga behol suyangan koʻyi ulardan koʻz uzmay turib, «hozir yomgʻir yogʻadi» degan oʻy koʻnglingdan kechadi.

Qushlarning tovushidagi gʻamginlik ularning qanot qoqishidagi vazminlikka uygʻun edi. Shu asno boya yoʻlda kelayotib sen eslashga uringan bolaligingdagi voqea yarq etib yodingga tushadi: zavol payti qabriston devori yoqalab yolgʻiz yugurib ketayotibman, yomgʻir shivalayotganga oʻxshaydi, boshdan-oyoq oppoq kiyingan bir kishi roʻparangdan chiqib allanimalarni soʻraydi, sen javob berasan, soʻng birdan bu odamning ortidan qarash uchun oʻgarilasan... Ammo qabriston koʻchasida hech zogʻ koʻrinmaydi. Oʻshanda bir necha kungacha shu voqea haqida oʻylab yurganding.

Sen koʻzingni behol yumasan. Koʻz oldingda zangori zulmatning sirli shakllari yonib-oʻchadi va bolalik xotiralari bir toʻlqin kabi yuraging sohillariga tinmay urilayotganini his qilasan.

Qulogʻing ostidan qushlar nolasi anchagacha ketmaydi, sen koʻzingni ochasan-da, uylarning son-sanoqsiz derazalarida ketma-ket yonayotgan va zarhal iplarga osilgandek sezilar-sezilmas silkinayotgan chiroqlar shu’lasiga termulasanu yolgʻiz ekaningni armon bilan his qilasan. Egasiz boqqa begona qushlar yopirilib kelganidek, gʻash va huvillagan koʻnglingga kutilmagan kechinmalar kira boshlaydi.

Xuddi mana shu qushlar juda koʻp narsalar haqida seni ogoh qilishi mumkindek va hayoting qoʻngʻiroqchalarini chalib yuborishga qodirdek daf’atan ularga talpinasan.

Biroq, qarasang qushlar yoʻq, ular uzoqda qora dogʻlardek qip-qizil shafaqqa singib borardi. Sen mungʻayib ular ortidan termulasan, nazaringda yana boshqa qushlar toʻdasi uchib oʻtadigandek hech qaerga jilmay koʻzing tolguncha qarab turaverasan. Bexosdan bir narsaga koʻzing tushadi-yu, yuraging hapriqib hammasiga tushunasan.

Bu hozirgina tepasidan sayyoh qushlar uchib oʻtgan imoratning toʻrtinchi qavatidagi deraza edi, undan asta-sekin quyuqlashayotgan qorongʻilik qoʻyniga ipakdek mayin shu’la taralardi. Bamisli notinch dengizda adashib-uloqib yurgan va kunlardan bir kun nur sochayotgan mayoqni koʻrgan dengizchilar ilkis quvonchdan oʻzlarini yoʻqotib qoʻymay, dastlab jilvagar mayoqning najotbaxsh raftoriga maftun boʻlganidek sen ham bir necha soniya toʻrtinchi qavatdagi sargʻish derazaga hayrat bilan tikilib qolasan. Deraza chindan ham mayoqqa oʻxshardi: u imlar yoxud chorlar va bu deraza shaklidagi yorugʻlik manbai ohangrabodek domiga tortardi. Sen beixtiyor: «Qushlardan xotira bu» deya xayol qilasan: darvoqe, derazadan yogʻilayotgan qizgʻish shu’la bilan qushlar ovozida muayyan umumiylik bor edi — ikkovining zamirida ham unsiz faryod kuchli, ikkovi ham deyarli bir xil ta’sir etardi.

Esiz, ertaklardagi afsonaviy qushlar yodingga tushmaydi, boʻlmasa bu sargʻish derazani albatta ularga qiyoslagan va afsonaviy qushlarning tiriklik suvi, mangu goʻzallik yashiringan makonlarni izlab topishda odamlarga koʻmak bergani yoki oʻsha manzillarga olib boruvchi vositalar — oltin gardishli koʻzgu bilan duldul hadya qilganlari bilan bogʻlarmiding?

Qorongʻilik hamon quyuqlashardi, sen esa bu sirli derazadan koʻngil uzolmaysan; qorongʻilik borliqni qoʻrqinch pardasiga qalinroq oʻragani sayin deraza ravshanlashib, oʻn toʻrt kunlik oydek toʻlishib bormoqda edi. Bu bir moʻ‘jizaga oʻxshardi! Besh qavatli uyning deyarli barcha derazalarida chiroqlar yongandi, lekin ularning bamisoli oydek porlagan toʻrtinchi qavatdagi anavi deraza oldida yonarqurtlar yoki tuman qoʻynida xira yiltiragan yulduzlardan farqi yoʻq edi.

Oxiri koʻzing toliqadi, ohista xoʻrsinasan, yoʻlga tushasan, oʻn-oʻn besh qadam yurgach, oʻng qoʻldagi ensiz yoʻlakga oʻtib yana derazaga nazar solasan. Bu yerdan deraza koʻzga yaxshi chalinmaydi.

Sen yoʻlakning adogʻiga borgach, yana bosh koʻtarib qaraysan. Endi derazani bafurja tomosha qilsa boʻlardi, chunki sen uni naq roʻparasidasan. Nazaringda deraza hamon kimnidir chaqirar, kimnidir oʻzidan ogoh qilardi: nimadandir umidvorga oʻxshardi. Sen daf’atan mana shu iltijoni payqab qolganing uchun zum oʻtmay u iltijoning qizgʻish barmoqlari vujudingga yopishib, yuragingni paypaslayotganini sezib seskanib ketasan. Ha, u yuragingni izlamoqda edi! Beixtiyor entikasan.

Bu yerdan hatto chetlariga lolarang toʻr hoshiya bostirilgan deraza pardasining zarrin gullari aniq koʻrinardi. Sen, ana — hozir pardaning bir chetini ohista qayirib, birov qarab qoladigandek yoki parda bexos qimirlab ketadigandek yuragingni hovuchlab kutasan. Ammo parda qilt etmaydi va sen oyogʻingni sudrab uyga joʻnaysan.

Shu kuni allamahalgacha mijja qoqmay, tunchiroqni yokib oʻtirasan, koʻzlaring qum tiqilgandek achishadi; yuraging bezovtalana boshlaydi. Oxiri qaqshab ogʻriyotgan yelkalaringni silab-siypab, tunchiroqni oʻchirmasdan uxlab qolasan.

Oradan ikki kun oʻtgach, yana shu yoʻl bilan uyga qaytasan. Toʻgʻri, bu yoʻldan yurishga asli odatlanmaganding. Lekin sargʻish deraza kun boʻyi xayolingdan ketmagani uchun shu yoʻldan kelganding. Kimsasiz maydoncha. Mana oʻsha hosiyatsiz daraxt. Darvoqe, sen tut boʻlsa kerak, deb oʻylagan daraxtga oʻzingcha nom qoʻyib olganding: «Rogʻ!»

Shu yerga koʻchib kelgan paytlaringda endigina: «Rogʻ!» degan doston yozib tugatganding. Oʻshanda dostonning gʻayritabiiy sarlavhasiga xuddi kelishib olgandek hamma baravariga ochiqdan-ochiq qarshi chiqqan edi. Olimlar ham, shoiru noshirlar ham bu soʻzni tushunmagan, uning zamirida qanday ma’no yotganini bilmagan boʻlsalar ham, astoydil, samimiyat bilan tanqid qilgandilar. Sen oʻshanda pinagingni buzmaganding, chunki ular nazaringda sen ustalik bilan qoʻygan tuzoqqa ilingan, ya’ni nihoyatda kaltabin ekanliklarini fosh qilgan edilar. Ayrimlar doston qolib koʻproq arxaik soʻzlar, mistika va rogʻ haqida ogʻizlariga kelganini valdiragandilar; ba’zilar sarlavha tufayli dostonning yutugʻi xiralashib turibdi, degandi. Kim minbarga chiqib gapirsa, gapini nimadan boshlamasin va umuman nimalar haqida toʻxtalmasin, bari bir oxir-oqibat muqarrar sarlavhadagi shu soʻzga kelib toʻxtar yoki barcha fikrlari beixtiyor shunga bogʻliq boʻlib qolaverardi.

Hech kim, buning ma’nosi nima, deb soʻramagandi. Holbuki, sen oʻzing ham bilmasding. Shuning uchun muhokama nihoyasida soʻzga chiqib hammalarini mulzam qilgan va sizlarning fikringiz ham, she’riyatga munosabatlaringiz ham rogʻ deb kulgan eding.

U suvlar oqib ketdi. Biroq oʻsha dostonning ruhi, kayfiyati keyin nima yozgan boʻlsang, oʻshanda aks etaverdi va hatto hayotning tarziga ham ta’sir qildi. Oʻsha doston oʻzligini sarson boʻlib topolmayotgan inson haqidaga oʻylaringdan tashkil topgan edi.

Hozir beoʻxshov daraxtga kulimsirab qaraganingda ana shular koʻnglingdan kechdi. «Rogʻ, rogʻ, bogʻ-rogʻ...» deya shivirlaysan zinadan tusha boshlaganingda.

Sen iloji boricha derazaga qaramaslikka tirishasan. Lekin dilingning bir chetida sargʻish derazaning xuddi oʻsha kungiday porlab turganiga ishonch bor edi. «Balki oʻsha kuni chindan ham tasodifan shunday boʻlgandir», — deya xayolingdan kechirasan-u, bari bir qaramaslik uchun oʻzingni chalgʻita boshlaysan.

Sen duch kelgan narsalar haqida eslaysan: dastlab Verlen haqida oʻylaysan, keyin Muxabbatga bergan va’dang xayolingdan koʻtarilgani, unga yuborgan soʻnggi maktubning nihoyasida: «Menga sening koʻzlaring emas, mana shu koʻzlaring xayoli muhim» degan mujmal, hozir eslaganing hamono tuturiqsiz va bachkana boʻlib tuyula boshlagan jumlalarni eslab, peshonang tirishadi, aloha bari bir yana sargʻish deraza xayollaring orasiga asta kirib qoladi.

Zinadan tushib, ensiz yoʻlakning adogʻiga kelib qolganingni payqab, noiloj bosh koʻtarib qaraysan.

Sargʻish deraza seni kutayotgan edi.

Qaraganing zahoti deraza xuddi sen bilan salomlashmoqchidek parpiraydi va yorishib ketadi — goʻyo qorongʻilik qoʻynida gurillab gulxan yona boshlagandek.

Sen beixtiyor qoʻl koʻtarib ishora qilmoqchi boʻlasan, ammo orqa tarafdan qadam tovushlari eshitilib, fikringdan qaytasan. Ikki kishi yoningdan shosha-pisha oʻtib ketadi. Bu odamlar shunchalik hovliqib borar ediki, oyoqlari chalishib, har qadamda qoqinib-surinardilar.

Daf’atan, «Shular ham menga oʻxshab sargʻish derazani koʻrib fikru zikri bu bilan band boʻlishi mumkinmi?» deb oʻylaysan.

Bu sargʻish derazaga har kuni qanchadan-qancha odamning koʻzi tushmaydi deysan?! Biroq, ich-ichingda birortasi unga ahamiyat berish tugul, qayrilib ham qaramasligiga ishonching komil edi.

Ehtimol, sen ham shu choqqacha qaramay, sayyoh qushlar osmonni toʻldirib uchib oʻtgan oʻsha oqshom koʻrib qolgandirsan? Ehtimol, har bir odam uchun shunga oʻxshab alohida bir tasodif kerakdir?!

Bora-bora bu sargʻish deraza fikru-xayolingni oʻgʻirlab qoʻydi. Sen hatto ba’zi kunlari tezroq qorongʻi tushsa-yu, tezroq oʻsha deraza oldiga borsam, deya kutadigan boʻlding. Goho ishxonangda derazadan serqatnov koʻchaga qarab oʻtirgan paytlarda birdan koʻz oldinga sargʻish deraza kelar, yuraging orziqib ketardi. Sargʻish deraza bamisoli mahbubang edi, mahbuba boʻlganda ham yulduzdek charaqlagan, zoriqqan koʻzlarida, horgʻin va oʻychan qarashlari, zarif tabassumida intizorlik, iltijo va alohida mehr jilvalangan mahbuba!

Bir kun havo behad sovib, qor hidi kelayotganiga qaramay kechki payt yomgʻir quyib berdi. Sen derazani qiya ochib, shovullab yogʻayotgan yomgʻirni picha kuzatib turganingda xayoling qochdi va koʻz-oldingga oʻz-oʻzidan sargʻish deraza keldi.

Keyingi paytda seni bir narsa ajablantira boshlagan edi. Sargʻish derazaning nimasi oʻziga asir qilib oldi, deya boshing qotardi. Boshing qotardi-yu, ammo oʻylaganing sari yengil tortarding, yoʻq, toʻgʻrirogʻi qalbing-la bir xushnudlik tuyarding, ruhingda bir kuchlanish sezarding. Shuning barobarida, bari bir nimasiga uchganingni ham bilging kelardi.

Oʻsha, qiya ochiq derazadan yomgʻirni tomosha qilib turganingda daf’atan, shu bugunoq u kimning uyi ekanini aniqlashga qaror qilasan va beixtiyor xonaga sigʻmay, gʻira-shira yoʻlakka chiqib, tashqariga yurasan. To birinchi qavatga tushib, shlyapangni kiyib koʻchaga chiqquningcha bu istak-xohish kuchayaveradi. Sen yosh boladek hayajonlana boshlaysan. Bu avzoyingdan seziladi shekilli, kiyimxonadagi ayol ham, eshik yonida xayrlashgani bosh silkib qoʻygan kishi ham ajablanayotganini yashirmay, ortingdan oʻarab qoladi.

Koʻchaga chiqqach, yomgʻirga ham qaramay yoʻlga tushasan.

Metroning oppoq nur toʻshalgan zinalaridan tushib borayotganingda platformada yoqib qoʻyilgan son-sanoqsiz chiroqlar shu’lasidan koʻzing qamashadi: stantsiya kunduzgidek charogʻon — bu charogʻonlik odamlarning qalbiga yetib bormayotgandek tuyuladi senga. «Nega oddiy, sargʻish deraza mening yuragimni bunchalik zabt etgani holda, metrodagi nur bir paysa ham ta’sir qilmaydi. Bunda qanday sir bor?» deya ajablanasan.

Metrodagi iliq havo elitadi seni, lohas boʻlasan, faqat toza havoga chiqqachgina yengil tortasan.

Yomgʻir shivalardi: sen avtobusga chiqasan, avtobus chamasi oʻn minut yurgandan soʻng qorongʻi bir bekatda seni qoldirib joʻnaydi. Sen koʻchaning narigi yuziga oʻtasan — fikru-xayolingda hamon sargʻish deraza.

Daf’atan, sargʻish derazani koʻrishdan koʻra, uyda kim istiqomat qilishini bilish istagi kuchayadi.

Bu sargʻish derazaga oʻrganib qolgan dastlabki paytda ham, keyinchalik ham xayolingga kelmagandi. Ammo ilk bor derazaga koʻzing tushgan kunning ertasidan boshlab unga naqadar qizioʻib qolgan boʻlsang, hozir, oradan ikki hafta oʻtgach, u yerda kim yashayotganini bilishga shu qadar qiziqa boshlaysan va bitta-yarimtasidan soʻrab bilishga qaror qilasan.

Istagan odamingni yoʻlak yonida uchratasan. Avvaliga u nima demoqchi boʻlayotganingni anglay olmaydi, koʻzlaringga tikiladi, ammo indamaydi. Soʻngra yelka qisadi va bu keksa bogʻbonni uyni orqa tomoniga olib oʻtishdan boshqa ilojing qolmaydi.

Afsuski, cholga bir nimalarni uzoq tushuntirgach, bosh koʻtarib qaraganingda, daming ichingga tushib ketadi.

Koʻzlaring oʻrganib qolgan sargʻish derazani topolmaysan. U oʻz oʻrnida boʻlgani bilan nurafshon emas — eski gʻorning vahimali ogʻzidek qorayib turardi.

Chol yelkangga qoqib qoʻyadi va uyiga taklif qiladi, sen uzr soʻrab, tinka-madori qurigan kimsadek oyogʻingni sudrab uyingga joʻnaysan.

Arang toʻrtinchi qavatga chiqib, eshikni ochasan va uyga kirasan. Uyning sovuqligi seni ajablantiradi, borib radiatorni ushlab koʻrasan, soʻng chakmoningni yechib, stul suyanchigʻiga tashlaysan-da divanga behol choʻzilasan. Yotgan yeringda bosh tomoningdagi tunchiroqni yoqish uchun choʻzilasan va daf’atan barmoqlaring, kafting bir haroratni tuyib hayron boʻlasan. Oʻrningdan turib tunchiroq lampochkasini ushlab koʻrasan. Lampochka yaqinda oʻchirilgandek iliq, hali sovib ulgurmagan boʻladi.

Ertasiga peshinga dovur hardamxayol yurasan: dam-badam derazadan koʻchaga qaraysan. Ahyon-ahyon hovliga tushib aylanasan — ammo koʻngling joyiga tushmaydi. Oʻzingcha sargʻish deraza haqida turli taxminlar toʻqiysan: goʻyo u yerda yashayotgan kimsa uzoq payt kutaverib charchaganu, chiroqni oʻchirgan, endi hech qachon qayta yoqmaydi yoki kecha uyida boʻlgani uchun chiroqni yoqib ketishni istamagan: yoxud men bormasimdan xiyol avval chiroqni oʻchirib, qoʻni-qoʻshnisinikiga chiqib ketgan...

Kutilmaganda bordi-yu, kecha yomgʻirda sayr qilgani hovliga tushgan boʻlsa-chi, degan oʻy kechadi va sen «Agar shunday boʻlsa demak u meni koʻrgandir. Ehtimol, men unga parvo qilmagandirman» degan xulosaga kelasan.

Shunga qaramay, sen bugun, albatta, nimadir oydinlashishi kerak, deb ishonasan. Basharti, sargʻish derazani bugun ham topolmasang, u holda tamom — umidingni uzishing mumkin. Agar seni kutib olsa, demak kechagi iztiroblaring oʻrinsiz — biror kor-hol roʻy bergan chiqadi.

Ish vaqti tugab, koʻchaga chiqqaningda hamon yomgʻir yogʻardi. Ezib yogʻardi. Kechagiga oʻxshab metroda emas, tramvayda ketasan. Tramvay juda uzoq, aylanma yoʻllar bilan katnagani uchun unga kamdan-kam chiqarding.

Dekabrning boshlari edi. Sen tramvaydan tushib, koʻchani kesib oʻtasan-da, orqaga biroz yurasan, soʻng chap qoʻldagi doʻkon yoqalab borib, baland uylar tomonga burilasan. Yomgʻir tezlashib, ikki qadam narini koʻrib boʻlmasdi, sen shalabboying chiqib, zina yoniga yetib borasan, zinadan tushar-tushmas, boshingni koʻtarib qaraysan. Sochlaringdan, yuzingdan yomgir suvlari oqardi. Harchand tikilma, sargʻish derazani topolmaysan. Bu xuddi bevaqt tashlab ketgan hamrohdek koʻksingni tirnaydi. Sen yigʻlagudek boʻlib yana qaraysan - deraza yoʻq, yana va yana qaraysan — faqat yomgʻir yogʻayotir, yogʻayotir — yomgʻirdan boʻlak narsa koʻrinmayotir: sen xunob boʻlasan va yoʻlingda davom etasan, boshmoqlaringdan suv oʻtadi, qizib ketgan badaningga chippa yopishgan koʻylaging gʻashingta tegadi. Sen ensiz yoʻlakning adogʻiga borgach, yana — bu safar javdirab qaraysan va hafsalang pir boʻladi. Kiftlaring, kuraklaring, tizzalaring achisha boshlaydi. Shu choq kimdir chaqirgandek boʻladi-yu, toʻxtab qaraysan, ammo hech kim koʻrinmaydi. Zum oʻtmay toʻniga oʻralib, soyabon koʻtarib olgan bir kishi paydo boʻladi, sen uni kuzatib turasan va yoningga yetib kelganda birdan toʻxtatib, sargʻish derazani koʻrsatib soʻraysan. Ha, ha, ikki kundan beri chiroq yonmaydi. Qandaydir shubhali, deya u kishini qiziqtirmoqchi boʻlasan, biroq soyabonli odam bir qaraydi, ikki qaraydi va lom-lim demay, joʻnab ketadi.

Tarvuzing qoʻltigʻingdan tushib yana qaraysan, qaraysan-u, yuraging birdan uvishib, toʻxtab qolgandek boʻladi.

Yomgʻir toʻzoni oralab sargʻish deraza elas-elas miltirardi.

Birdan koʻngling buzilib, oʻsha tomonga yurasan, deraza tagiga yaqinlashganing sari nazaringda u tobora ravshanlashib boradi. Ana u! Sargʻish shu’lalarga burkangan, horgʻin va intizor. Tomogʻingga bir nima tiqilib achishadi va yuraging gursillab ura boshlaydi. Sochlaring ivib, boʻyningga, quloqlaringga yopishib qolgan.

Sargʻish derazani injular bilan bezayotgan yomgʻir tinmaydi. Tevarak-atrofda tovushlar kuchayadi, bu tovushlar dunyoni tutadi. Sen endi shukronalar aytasan — koʻnglingda muhabbat uygʻonadi, zotan, bu muhabbat bahor yomgʻirlarida ivib egilgan maysalarga oʻxshaydi.

Sen derazaning shundoq roʻparasiga borib olasan-da, xuddi Sulla legioni qarshisida yakka oʻzi qilich yalangʻochlab turgan Antoniy singari oʻzingni ham ojiz, ham har narsaga qodir seza boshlaysan...

Bu bir jodu edi. Chunki sen sargʻish derazasiz gʻarib va benavo ekaningga ishongan va yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqa boshlagandan e’tiboran, uni avaylashga, uning holidan xabar olib turishga, ertami-kechmi unga yetishishga ahd qilasan va bu ahd sizot suvlari kabi yuragingning teran qatlamlariga oqib kiradi.

Endi faqat sen unga emas, balki sargʻish deraza ham senga talpinayotgandek va u ham senga oʻxshab najot kutayotgandek tuyuladi.

Sen oʻzingni xuddi uzoq yoʻlning mashaqqatli dovonlaridan oʻtib olgandek his etasan. Goʻyo sargʻish deraza bilan oralaringda bir-birini anglash va oʻzaro hamdardlik boshlangan edi.

Oqibat sen qaysi yoʻl bilan boʻlmasin men yordam berishga tayyorman deb unga tasalli berib qoʻyish yoʻllarini axtara boshlaysan. Ammo qanday qilib? Buning uchun oʻsha uyda kim yashayotganini aniqlash zarur edi. Shu tariqa avval qiziqib, soʻng hafsalang pir boʻlgach, unutib yuborgan muammo yana bezovta qiladi.

Oʻsha kuniyoq ertalab ishga ketayotganda farrosh xotindan ba’zi narsalarni soʻraysan. Azbaroyi biron foydasi tegarmikan, degan ilinjda ezma xotinning hasratlarini tinglaysan, unga dalda berasan va oxiri sen qolib u oʻziga kerakli narsalarni soʻrab, boshingni qotirishga tushadi. Qoʻl siltab, ishga joʻnaysan.

Kechqurun ham barcha urinishlaring zoe ketadi. Hech kim aniq javob bermaydi. Hamma ajablanadi va bir nimalar deb mingʻirlaydi. Hatto ba’zilari esa senga boshdan-oyoq razm solib, indamaydi yoki bosh chayqab qoʻyadi.

Nihoyat, kunlarning birida sen uyda oʻtirolmay yuraging ziq boʻlib koʻchaga chiqasan-da, oʻsha toʻrtinchi qavatdagi sargʻish derazali uyni yoʻqlashga qaror qilasan. Eshik yonida nafas rostlab, qoʻngʻiroq tugmasini bosasan. Negadir hayajonlanasan. Ichkaridan yumshoq qadam tovushlari eshitilgandek boʻladi. Ammo ikki-uch daqiqa oʻtadi hamki, hech kim javob bermaydi. Sen yana qoʻngʻiroq chalasan, biroq hech kim chiqmaydi. Shunda qoʻngʻiroq tugmasini uzoq to uyda hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilguncha bosib turasan, soʻng pastga tushib, binoni aylanib oʻtasan-da, derazaga qaraysan: sargʻish deraza allanechuk fayzkor charaqlardi.

«Ichkarida birov boru, eshikni ochmayapti», — deb oʻylaysan. Ammo oʻsha zahoti: «Balki hech kim yoʻqdir» — degan xayolga borasan. «Unda dam yonib, dam oʻchishining siri nimada?» Sen ming xayolda uyingga qaytib borganingda nima qilishni bilmasding.

Kunlar oʻtdi.

Toʻrtinchi qavatdagi sargʻish derazali uyda kim yashashini bilish istagi shunchalik kuchaydiki, azbaroyi aniqlamaguncha yeganing ichingga tushmas bir ahvolga yetding.

Ammo sen bir narsani unutib qoʻyayotgan eding: sen uchun sargʻish derazaning mavjudligi muhimmi yoki shu uyda kim yashashimi? Holbuki, ayni choqda mana shu narsani oydinlashtirib olish zarur edi. Chunki bular aslida tamoman boshqa-boshqa narsalar edi. Dastlab sargʻish deraza sabab vazifasini oʻtagan boʻlsa, u endi goʻyo oqibat edi — sababini izlash orqaga qaytish deganidir.

Kunlarning birida mana shunday hal qilib, mushkul kechinmalar bilan ishdan qaytayotgan paytingda dekabr oxirlab qolgan, havoda mayda qor uchqunlayotgan edi. Sen koʻksingni toʻldirib nafas olgancha qor uchqunlarining tobora yiriklashayotgani hamda tezlashayotganini sezib ajablanarding.

Baland imorat ostidan oʻtib, huvillagan maydonchaga yetganingda qor yana ham tezlashadi. Toʻxtab, atrofga razm solasan. Goʻyo shu qor tufayli hayotingda bir oʻzgarishlar roʻy beradigandek edi, zero, bu baland-baland imoratlar ham endi besoʻnaqay va koʻrimsiz tuyulmasdi.

Qor yogʻardi.

Sen Rogʻ yoniga kelganingda uni tanimay qolasan: daraxt oppoq, harir libosga burkangan...

Zinadan tushayotganingda esa shamol kuchayadi va koʻp oʻtmay chinakam qor boʻroni boshlanadi. Shamol qor uchqunlarini changallab olgancha chir aylanib yelar, dam uylarning devoriga, derazalariga keltirib urar va dam etaklarini hilpiratgancha osmonu-falakka koʻtarilardi.

Sen zinadan tushgach, koʻzlaringni kafting bilan panalab derazani izlaysan. Son-sanoqsiz qor. uchqunlari oralab, sargʻish deraza seni chaqirmoqda edi. Nazaringda u horgʻin emas, sokin edi. Sen ensiz yoʻlakning adogʻiga borib, qoʻl silkiysan va bir iztirob vujudingni sekin qamrab ola boshlaydi-yu, xuddi uzoq ayriliqdan soʻng farzandini koʻrgan onadek koʻngling buziladi...