OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOlim Toshboyev
Asar nomiKiprik soyasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Olim Toshboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kiprik soyasi (hikoya)
Olim Toshboyev

«
Barchani qoʻyingu men zorga yigʻlang».
Bedil
»
«
Foniy dunyo bandalari nimani unutishadi?!
Hamma narsani. Hatto Tangrini ham.
»

Dunyoda odamlar bir-birlariga Kiprik yangligʻ yaqin yashaydilar. Ammo... toʻymaydilar bu yolgʻon Dunyoga, Mening esa... ruxsorim kipriklar soyasida nihon boʻlur. Bebaqo olamning nolakor bandalari nogoh bandlaridan uzilsalar ham, yana soʻrayverar, toʻymas qaro Yer...

Birgina kiprikdan ayro tushsam gar, sizib chiqaverar jolavash yoshlar...

* * *

Qabristonda ikki jon, tun qorasida tentiraydi. Birining qoʻlida fonus. Izma-iz, qorama-qora, goʻrlarni aylanib borishmoqda. Tun osuda, qurib xasga aylangan shoʻra, kavrak, yantoqlarning shitir-shitiri kuloqqa qumdek quyuladi.
— Qulmamat, toʻgʻringdagisi. Adashma. Fonusning piligini sal koʻtarib, anavi joyga mahkamlab oʻrnat. Ehtiyot boʻl, qabr boshida toshlar bor. Tagʻin bel taqirlab, girdimizga shovqin solmasin.

Yoʻl boshlab borayotgan qora, bosh irgʻab, «mayli» degandek tasdiq imosini qildi. Fonus yorugʻida bel dastalari yaltirab koʻrindi. Ikki koʻlanka goʻristonning quyirogʻida doʻmpayib turgan qabr boshiga kelib toʻxtadi. Girdo-gird sokinlikka bosh qoʻygan. Bu ma’sum sukunatni qishloq itlarining choʻzib uvlashi buzadi.
— Sattor, koʻngilni boʻsh etma. Soʻnggi choramiz shu. Xudoga osiy boʻldik. Na iloj. Emasa, urugʻimiz qirilib ketadi. Xudoning birligiga, shoʻr taqdirning gʻulomi ekanligimizga shaqodat keltirib, shu ishni qilmoqdan boshqa yoʻl topa olmadim. Ollohu akbar! Qani, yo bismilloh!»

Azizlar mulki bu tun notinch boʻldi. Baqo mulki gulshanida sayr etgan ruhlar, bir manzildoshining chirqirab azoblanayotganidan figʻon qilar edilar. Ruhlar diydirab, qondoshlari qoʻlida ezgʻilanayotgan bir hammulklarining ahvoliga toqat qila olmadilar. Nurlar koʻchib, Ruh diyori huvillab qoldi... Qabrni ochib boʻlgan bu ikki suvrat, horib qolganiga qaramay, goʻr botinidagi murdani izlar edi. Banogoh... Tandirdek keladigan goʻr sahnida bundan oʻn oylar burun qoʻyilgan jasad... Oʻsha tusda, oq kafan-libosga burkangai holda buzilmay turibdi. «Yo rab! YO pirim!»

Bu mudhish koʻrgulik ikki jonni tamom gangitdi. Bezabon, bir-birlariga diydiragancha termulib kolishdi. «Nahot... Yoʻgʻ-e, koʻzga shundok koʻringandir. O’m oydan beri... Aql bovar qilmaydi-ya! Hammasi rost...» Koʻrgan kishining aqlini shoshirib, yoʻlini yoʻkotadigan voqea edi. Yil chamasi oldin qoʻyilgan murda... O’z tusini yoʻkotmagan. Yoʻrgakdagi chaqaloq misol turibdi. «Nahotki, odamlar gapi rost boʻlsa. Nahotki... murda chaqirayotgan boʻlsa. Norizo edi-ya! Ortimda kolganlzrni birin-ketin yoʻqotaman, deb ahd qildimi ekan?! Ey, Xudo! Bu ne koʻrgulikki, bizning faqir boshimizga yogʻdirishni iroda etibsan? Izma-iz uch tanni tuproqqa topshirdik-a?! E, voh, tuproqqa qorishib ketdi-ya!» Sattor hiqillab, xiyla fursat oʻzini bosa olmadi. Koʻz yoshi daryo boʻlib, kipriklari gʻiltillab yoshga toʻla berdi.
— Tangrim, men otamni... Qanday qilib... Qoʻllarim bilan... E, yoʻq! Sattor entikib-entikib, beldastaga suyangan koʻyi oʻtirib qoldi.
— El-ulus nima deydi?! Padarkush demaydimi?! Qonxoʻr, zolim atamaydimi nomimni? Qishloqda qanday bosh koʻtarib yuraman?! Toʻy-azaga qaysi yuz bilan koʻshilaman? Men — otajondorning eldan ayrilganim shu emasmi?! Soʻfi bobo ruhi tutmaydimi meni? Aziz-avliyolar yuz oʻgirmaydimi?! Ota yurtim deyishga til qolmadi menda. Ey, Xudo!
— Sattor! Bu mungʻayib oʻtirishing bilan yurakni ezma, uka. Boʻlar ishlar boʻlib, boʻyogʻi singdi-ku! O’tirgandan foyda yoʻq. Irimlarining ham padariga la’nat. Qurib ketmaydimi shu irim zoti. Boshimizda bor ekan, mana, koʻrib turibmiz. Barcha amal-siylovlari kor boʻlmadi-ku! Mana, koʻrdik. Bib-binoyi boʻlib turibdi. Hammasi rost. Jallodsifat boʻlib boʻlsa ham... Qilamiz. Haligi qanorga solib, soy ychyga sudrab oʻtsak boʻldi. U yerdan hech kim koʻrmaydi. Shoyad, goʻr ogʻziga kelib qolgan singlimiz tuzalib ketsa. Boʻldi, tur. Hademay tong yorishib, elning qargʻishiga qolamiz».

Ikki suvrat murdani lahaddan olib chiqdi. Sattor hiqillab yigʻlab yubordi. Qulmamat zarba yegan odamdek «oh» tortdi. Qabr boshiga uyuyaib kolgan tuproqlar har yonga sochildi. Murdani qanorga solib, torta boshladilar. Qaro tun yana ham qaro tortdi.

Somon yoʻli bu tun xiyla yorugʻ. Soy botinida gurillab yonayotgan mungli olov nidosi koʻkka oʻrladi. Koʻkda esa yulduzlar...

* * *

Olloh dargohidan soʻnggi paygʻambarning gunohkor ummatlari makon aylagan ma’vo — Yerga tushgan maloika-farishtalar, diydalari qurib, oʻz dorus-saltanalariga parvoz etdilar. Yerda yana bir xunxoʻrlik voqe’ boʻlgan edi...

Tong sahar mollarni dashtga haydab chiqqan qora koʻzlar qabriston mulkida shamol qanotlarida pirpirab uchib yurgan kafan parchalarini koʻrmadi. Sochilgan oq mato boʻlaklari axiyri shamol tegmas panohlarga berkindi... Soʻfi bobo-— Ruhlar vatani oʻz sukunatini yana bagʻriga bosdi.

* * *

Sattor otasining qirqi kunlari onasini ham Xudoga topshirdi. Azroil omonatni marhumning zavjai ojizalaridan ham qaytarib oldi. Dunyo zulmatga doʻndi. U shunday xilqat libosiga oʻrandiki, bunda oy ham porlamas, quyosh ham nur sochmas edi. Yulduzlar sitilib ketgan munchoqlar kabi yerda dumalab yotibdi... Toshlar bilan hamsoya...

Bunda yolgʻiz dovul oʻkirardi. Sahro na’matlari sochilgandi, goʻyo. Hech kim hech kimga hech narsani ravo koʻrmadi... Gʻamdan boʻlak. .»

Sattor bugun yana toʻshak girdida parvona. Koʻz kosalari ichiga tortib ketgan, lablari oqarib, taram-taram yorilgan bemor shiftga termulib yotibdi. Hatto, chivinlarni ham haydashga intilmaydi. «Burun kataklari avvalgidan xiyla kattalashibdi. Barmoqlarining tirnoq osti eti ham qonsiz. «Ey, Xudo! Buni ham koʻp koʻrdingmi?! Yaratganning kargʻishiga qoldimi bu uy?! Ketma-ket... Otamni topshirdik. O’lim haq, hammaning boshida bor deyishdi. Koʻndik. Qochib kutulish bandasining qoʻlidan kelmas ekan. Keyin... Onamiz... Bu safar hech kimdan sado chiqmadi. Onamni ham qaro yerga yigʻlab-siqtab qorishtyrdik. Endi esa... Nimalar boʻlyapti oʻzi?! O’z oyogʻi bilan yurgan edi-ya! «Boshim-boshim»lab toʻsatdan yiqildi. Shundan beri ahvoli ogʻirlashib boryapti. Qushnoch momo ham emlab ketdi. Baxshiga quloq-boshini ham «torttirib» koʻrdik. Doʻxturlarning davosi qumga singgan suvday yoʻqoldi. Barisidan naf boʻlmayapti. Ey, Yaratgan egam! Bor shifo sendan. O’zing qoʻlla, Rahmon!»

Sattor Qushnoch momo lafz qilgan koʻk qoʻyni toʻshakda yotgan ukasi boshidan aylantirib, Xudo yoʻliga, aziz-avliyolar, ota-onasi ruhiga bagʻishlab qon chiqardi. O’shanda u «Kunning koʻpi bilan yaxshi boʻlib ketadi» degan taskinga koʻngil bogʻlagan edi. Afsuski, unday boʻlmadi. O’ylari oʻtga tutashdi. Teskari aylanib ketdi tegirmon toshi.

Bu koʻhna dahrning tasbeh toshlaridek aylanib kelayotgan kunlari oʻtishi bilan, yana bir yoniq yulduz soʻna bordi. Oqibat soʻndi.

Qishloq odamlari bu gʻarib kulbadan ikki oy ichida uchinchi bor tobut koʻtarib chiqdilar... Izillab uvvos tortar edi hovlidagilar. Koʻz yoshlar ham quridi. Alamdan toshlar sovuq urgan tuproqdek uqalanib ketdi. Notanti dunyoning gʻamboda kunlaridan dod demakka hech bir dil imkon topmadi. Ignaning koʻzidek torayib qolgam umr zalvori hammani dol qilgan edi. Qishloq odamlari muchal surishtirishdi. «U yaxshilar, yil bebarakat keldi. Har joyni suv bosib, elga ofat yogʻilgani rost. Bu koʻrgiliklar ham baliqning qadamidir?»

Sattor odamovi boʻlib qoldi. Uydan chiqmaydi. Hovlida ham boshi egik. Arvrh suvratiga kirib qolgan, Rangida qon yoʻq. Mabodo gapirsa, lablarini tinimsiz yalay beradi. Gavrasidan chiqayotgan «uh» tafti xashak yondiradi. Umidlari tushovlanib qolgan kunlarning birida, oftobshuvoqda oʻtirib, ukasining toʻshakka yetib qolgan paytlarida aytgan gaplarini xotirladi.
— Sattor aka, kecha tush koʻribman. Uyda ikkovimiz oʻtiribmiz. Eshikdan otam kirib, meni imladi. Ulim, olib ketgani keldim, dedi. Tushunmadim. Ota, Sattor akamni hammi deya qayta soʻradim. Shunda otam, yoʻq, sen mening yaxshi koʻrgan ulim eding. Shunga keldim, deb kulib joʻnab ketdi.

Kajraftor falakning diloʻrtar kunida uning qalbi bujmaydi. Kun koʻrmay ketgan ukasiga achindi. Boshida davra qurgan oʻylar tinchlik bermadi. Ukasining soʻnggi nafasidagi gaplarini esga oldi.
— Aka, men otamning oldiga ketyapman. Har kech chaqirib qoladi. Elas-elas onamni ham koʻrgandek boʻldim. Aka, shu ekan... meni... otam chaqiryapti.

Sattor bu soʻzlarni unuta olmadi. Unutmoqchi boʻlib oʻzini koʻp ishlarga alahsitdi. Baribir boʻlmadi. «Aka-ukaning joni bir-u, moli boʻlak», deganlari rost ekan. Hadeganda ukasining siymosi koʻz oldiga kelaverdi. Jasad olib chiqilgan tomga kirishga yuragi betlamadi. Hatto bir safar noxosdan oʻsha tomga kirganida, toʻrda ukasi... kulib qarayotgandek boʻldi. Shundan beri u yerga oyoq bosmaydi. Sattor, kun botar mahallari yoʻlga termulib unsiz yigʻlaydi. Lekin... biladi: chiroq yondimi, uning oʻchmogʻi ham bor...

Kunlar shu zaylda oʻtaverdi. Odamlar «yarim non rohatijon, bitta non baloi jon» qanoatini mahkam tutib, Ollohning oʻlchovli umrini sura berdilar. Soydagi sochilgan kullarni oʻzga ellarga suvlar oqizib ketdi. U izlarni kuzning shamoli uchirib, qishning qorlari koʻmdi...

Bahor ham omonat umrini yashab, elga vafo qilmadi. Olam sargʻayib, maysalar quyosh tigʻiga qalqon boʻldi. Tuproqdan namlik qochib, qatron boʻlib qoldi. Dilyutar dunyoning qonli qilichi goʻyo qinga kirgandek. Yoʻqlar ham xotirni tark qilib bormoqda. Ulusga doʻzaxu jannat, pulsirotu obikavsar, Munkar Nakiru Isrofildan lof surgan mutaassiblar tuman yangligʻ tarqaldi. Hammasi ham bu maydonga tushib, quruq qolmagan. YO fano, yo baqo...

«Bu dunyo bevafo», deya qoʻshiq aytganlar oshiqlar edilar. Ular dunyoning bema’ni ohang taratadigan sozlari koʻp ekanini erta fahmlagan edilar.

* * *

G’am bu oʻtovga yana qoʻshxona soldi. Uning sira ketgisi yoʻq, Azroil kabi tagʻin jon soʻrar edi. Dard bu safar bir gulgʻunchani, yaxshi-yomon neligini anglab yetmagan bir qora koʻzni nishonga oldi. Taqdirning har maqomidan yuragi bezillab qolgan Sattor, dunyoga kelganidan nolidi. Hayotdan qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga urdi. Hatto, achchiq ustida buni xotiniga ham aytib yubordi. Iltijoli nigoh uni yana chorladi. O’rinda yotib qolgan jondan aziz singlisi Oyxon bosinqiraydi.
— Ketaman... Otajon. Quvmang... Aka!..

Sattor yigʻladi. Tiyiqsiz xoʻrsiniqdan yoshlar duv-duv oqaverdi. Yurakdagi bor alami koʻzidan sochildi. Ikki tizzasini oʻrin chetiga berib, oʻkirib yigʻladi. Yodiga goh otasi, goh onasi, goh «Akajon» deb termulib ketgan ukasi kelaverdi. Koʻzidan yosh chiq-may qolguncha yigʻladi. Osmon teshildi — erkak yigʻladi! Dunyo oʻt ichida qovurildi — erkak yigʻladi-da. G’ayirlar qadah sundi, fahshlar etak koʻtardi — erkak yigʻladi-da. Oyxonning ikki yuzi tandirda yopilgan kulchadek lovullab turibdi. Chakkasidagi ter tomchilari yiltillaydi. Bir uyga quyosh, bir erkakka yoʻldosh boʻlarli barchinkelbat Oyxon, dardkash toʻshak qoʻynida qolaverdi.

Teshikquloq odamlar tizimi hol soʻrab hovlidan arimaydi. Sattor goh unisining gapini tinglaydi, goh bunisining. Tabibsifatlar ham boʻldi. Baribir, umid panjalari Arsh taxtini tutdi. O’zga darmon yoʻq. Panoh yolgʻiz O’zidan!

Dard tunlari egiz tugʻardi. Sanchiqlar zarbidan Oyxon oʻzini urgani sayin — tunlarning ogʻiri ogʻir boʻlaverdi.

Sattor amakisi Qulmamatni kutib ayvonda oʻtiribdi. Erta sahardan kelgan Qulmamat, Oyxonning ahvoli ruhiyatini koʻrib, ortiga tisarildi. Sattorni tashqariga chaqirib:
— Sattor, inim. Koʻrib-bilib singlimizni ajal domiga tashlayapmiz-a?! Nomimiz qora boʻlsa ham, kayvonilar aytganini qilamiz. Otang qabrini ochib, murdani chavaqlab yondirishimiz kerak emish. Dardning beli oʻshanda sinar ekan. Boʻlmasa... tagʻin oʻylab koʻr. Lekin... shunday qilish kerak. Chin boʻlsa, murda yil oʻtsa ham buzilmay turar ekan. Uning alomati shu ekan. Vaqt gʻanimat, shu kecha boramiz. KasaLni betiga termulib, yurak ezib oʻtirgandan foyda yoʻq,— dedi.

Qulmamat kunbotarda kelishini aytib qaytyb ketdi. Sattorning esa oʻtirishi shu. Tong otgandan beri singlisining qabogʻiga qaragani-qaragan. Ichkaridan kelgan chinqiriqdan Sattor boshini burib qaradi. Shu payt ichki tomdan xotini yigʻlamsirab chiqdi. Sattor oʻzini koʻrmaganga solib yerga qaradi. Koʻnglidan gap oʻtdi: «Otam hammamizning boshimizga yetadi. Onamni olib ketdi. Ukamny olib ketdi. Endi esa... Yoʻq. Qulmamat kelsin. Koʻraylik-chi, rostmikan?..»

Nomozshomda Qulmamat keldi. O’tgan ishlarni xotirlamaslik uchun tilga erk bermadilar. Talqon yutgan odamlardek, jim oʻtyrishdi. Qishloqqa vahimali tun choʻkdi. Odamlarning chirogʻi birin-ketin oʻcha boshladi. Tun yarimlab qolganda, ikkovlon uydan chiqishdi. Sattor boʻsagʻa hatlayotib, Oyxonning qattiq ingranganini eshitdi. Boʻyniga burov solinganday, ich-ichidan ozorlandi.

Kashtaga solingan gullar misol, osmonni yulduzlar bezagan. Chigirtkalarning «chir-chir»idan boʻlak ovoz yoʻq...

«Sharq yulduzi» jurnali, 1992 yil 7-son.