OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOlimjon Xoldor
Asar nomiNovvotning duri... (esse)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Olimjon Xoldor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esselar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Novvotning duri... (esse)
Olimjon Xoldor

... Mirtemir domlaning ellik yoshligi Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi adabiyotchilar uyida oʻtkaziladigan boʻldi. Andijondan men ham bordim. Domla bilan yubiley yigʻilishiga bir oz kechroq keldik. Zal toʻla odam. Oʻsha yillari hamma majlislarda toʻrda oʻtiruvchilar yana toʻrda. Yubilyarning oʻzlari esa hech kimning esiga ham kelmayotir. Shu vaqt, majlisga raislik qiluvchi kishi yubiley kechasini ochiq deb e’lon qildi. Ammo, Mirtemir domla toʻrda yoʻq edi.
– I-e yubilyarning oʻzi qayoqda?

Zalning hech kimga koʻrinmaydigan joyida, qisinibgina oʻtirgan Mirtemir domlaga koʻzi tushgan majlis raisi darhol uni yuqoriga taklif qildi. Mirtemir domla oʻtirgan joylaridan: «Boshlayveringlar, men shu yerdaman!» – dedilar. Hamma ortga, Mirtemir domlaga qaradi, qarsaklar yangradi.

* * *

Bir kuni Mirtemir domla kechki payt «Toshkent» mehmonxonasining birinchi qavatidagi restoranga meni taklif qilib qoldilar. Bormaslikning iloji yoʻq. Ammo, kamxarjroq boʻlganim uchun xijolat cheka boshladim. Faqat poezd chiptasiga yetadigan pulim qolgan edi. Nachora! «Nima boʻlsa, boʻldi!» – dedim-da, bordim. Restoranga kirdik. Domla oʻchakishgandek, xilma-xil ovqatlarni, ichimliklarni buyurdilar. Men ovqatni yedimmi, ovqat meni yedimi bilmayman. Bu ham yetmagandek, qoʻshni oʻrindiqda oʻtirgan allaqanday notanish xoʻrandaning puli kamlik qildimi, ofitsiantka unga oʻdagʻaylay boshladi. «Boyvachcha yigit, pulingiz yetmasa nima qilardingiz bu yerga kirib?» Domlaning quloqlari ancha ogʻir boʻlsa-da, bu masxaraomuz gaplarni, nazarimda, mendan ham yaxshiroq eshitdilar. Domla ofitsiantkani chaqirib, xoʻrandaga qoʻshimcha ovqatlar va ichimliklar buyurdilar. U yigit hayron. Men esa hech narsani anglamas edim. Shunda, Mirtemir domla menga zimdan qarab, miyiqlarida kulib qoʻydilar-da: «Hayron boʻlmang, yigitlikda bu xil voqealar boʻlib turadi. Men bugun kitobga katta pul olganman, hech chatogʻi yoʻq, xijolatchilik chekmang», – dedilar.

Xullas, haligi notanish xoʻrandaning yegan-ichganigacha hammasining hisob-kitobini ham domla toʻladilar. U yigit chiqib ketayotib, biz oʻtirgan stolga kelib, domlaning kimligi, ismi-sharifini soʻradi. Domla hech narsa demadilar. Faqat: «Boʻtam, bunday holat menda ham boʻlib turadi. Hech xijolat boʻlmang!» – dedilar, xolos. Shunday qilib, ustoz oʻsha oqshom meni poezdgacha kuzatib qoʻydilar.

Oradan besh-olti oy oʻtib, yana Toshkentga yoʻlim tushdi. Ustozning hovlilarida oʻtiribmiz. Birdan oʻsha notanish xoʻranda esimga tushib, yigitdan gap ochib qoldim. Domla qotib-qotib kuldilar va boʻlib oʻtgan voqea tafsilotini bir boshdan aytib berdilar:
– Bir kuni, – deb gap boshladilar domla, – darvoza tugmasi jiringlab qoldi. Ochsam bir notanish yigit turibdi. Uyga taklif qildim. Shoir yoki yozuvchi boʻlsa kerak, deb oʻylab man. Tashqarida bir yuk mashinasi ham turardi. Yigit: «Domla, siz meni tanimadingiz-a?» – dedi. «Yoʻq, boʻtam! Shoirmisiz? » – desam, u qotib-qotib kuldi-da: «Men, oʻsha, bundan bir necha oy oldin restoranda sizni xijolat qilgan yigitman, oʻzingiz ismi-sharifingizni aytmasangiz ham odamlardan soʻrab bildim. Siz Mirtemir domlasiz, shundaymi?» «Ha, shunday!» – dedim. Yigit oʻrnidan turdi-da, tashqariga chiqib mashinadan qovun-tarvuz, u-bularni tushirib, uyimizga tashiy boshladi. U mening «toʻxta-toʻxta»mga ham quloq solmadi. Hamma narsani tashib kirgach, mendan duo olib, xayrlashdi. Endi, men, oʻsha yigitning qaerlik ekanini ismi-sharifini soʻrab qolmaganimga hijolatdaman, dedilar ustoz.

* * *

Hech qachon esdan chiqmaydigan yana bir voqea. Bir kuni, domla uyga kechroq qaytayotganlarida uch barzangi yigit yoʻllarini toʻsgan:
– Qani, omon qolay desang uzat, puldan choʻz, – degan ularning kattasi dagʻdagʻa qilib.
– Pul yoʻq! – Domla choʻntaklarining ichu tashini ochib koʻrsatganlar.
– Choʻz deyapman!
– Marhamat, oʻzlaringiz qidirib koʻringlar, topganlaringiz oʻzlaringizniki boʻlsin!

Yoʻltoʻsarlar domlaning ichki va tashqi choʻntaklarini qaytadan titib tashlashgan. Hech vaqo topisholmaganlar. Shunda, ular: «Sen shoir yoki oʻqituvchi boʻlsang kerak!» – deyishgan.

Domla deganlar:
– Bolalarim, topolmadilaringiz, endi, meni uyga olib borib qoʻyinglar, uydan olib chiqib beraman. Uyda pul bor. Axir, sizlarning ham bola-chaqalaringiz bor, tirikchilik qilishlaringiz kerak-ku!

Yoʻltoʻsarlar bir-birlariga qarashgan. Cholning qoʻlidan hech ish kelmasligini faxmlagan yigitlar uni qoʻltiqlashib, koʻcha boshigacha birga kelishgan.
– Agar aldasang yoki militsiyaga telefon qiladigan boʻlsang...
– Men hech qachon yolgʻon gapirgan emasman, hozir, shu yerda kutib turinglar, – deganlar-da, domla uyga kirib ketganlar.

Anchadan keyin domla yigitlar tomon kela boshlaganlar. Yigitlar hayratga tushganlar. Yaqin kelib, bir tutam pulni ularning kattasiga tutarkanlar, shunday deganlar:
– Mana, bolalarim! Sizlargayam qiyin, bola-chaqalik boʻlsalaringiz kerak?!

Yoʻltoʻsarlar boshligʻi pulni oliboq, «rahmat»ni ham unutishib, juftakni rostlab qolganlar.

Markazdagi restoranga borib pulni sovurishgan va yigitlardan birining kayfi oshib qolganmi yigʻlab turib degan:
– Birodarlar, bizlar ham odam boʻldikmi, oʻsha cholning pulini olib, yedik-ichdik, undan hech narsa qolmadi. Men bugundan boshlab bu «hunar»ni tashlaganim boʻlsin. Yigitlik sha’ni shu boʻldimi?..

Oradan bir yil oʻtgach, uchala yoʻltoʻsar domlaning uylariga kelishgan. Domla esa, bu vaqtda oʻsha hangomaning hammasini unutib, oʻz xayollari bilan band boʻlganlar.
– Xush kelibsizlar yigitlar, bizga qanday xizmat bor, shoir yoki yozuvchimisizlar, qulogʻim sizlarda, boʻtalarim!
– Otaxon biz oʻgʻrilarmiz, yoʻltoʻsarlarmiz.
– Tavba, bunday gaplarni birinchi marta eshitishim. Hech qachon oʻgʻri: «Men oʻgʻriman!» – demaydi-ku. Qandoq boʻldi tushunmayapman, boʻtalarim?!
– Eh, otaxon, biz bundan bir yil burun kechasi yoʻlingizni toʻsgan oʻgʻrilarmiz. Axir, uyingizdan pul olib chiqib berdingiz-ku? Nima degan odam boʻldik. Yedik, ichdik, oʻzimizga ta’sir qildi. Oʻsha, sizni toʻsgan kunning ertasigayoq, bu «hunar»ni tashlab, uchalamiz ham ishga joylashdik. Haloldan, mehnatdan topib, oʻsha sizdan olgan pulni olib keldik. Otaxon siz bizni tarbiyaladingiz, rahmat, pulingizni olib qoʻysangiz!
– Kechirasizlar, men hech narsani eslay olmayman. Birovning pulini olishga hazar qilaman, hech kimga pul bergan emasman...

Shunday qilib, ustoz, uchta yoʻltoʻsarni tarbiyalab, odamlar safiga qoʻshganlar.

* * *

Andijon safarlaridan birida Mirtemir domla shoir Abduxalil Qoraboevga: «Bozordan novvotning duridan olib kelishini» iltimos qilib, pul berdilar. Abduxalil Qoraboev bir qogʻoz yashikda toʻla novvot olib keldi. Domla juda xursand boʻldilar. «Qani ochib koʻraylikchi, dur ham ikki xil boʻladi, oqi va sarigʻi, oqi yaxshiroq boʻladi», – deb yashikni ochdilar. Abduxalil Qoraboev domlani xursand qilganidan juda mamnun edi. Novvotlarni koʻrib domlaning peshonalaridagi chiziqlar koʻpayganday boʻldi. Domla novvotni uchga ajratdilar. Ikki kilogramchasini: «Bu menga. Dur degani qozonga tegmay ipga terilib pishiriladi. Qolganlari sizga mendan siylov», – dedilar. Men ham, Abduxalil Qoraboev ham shundan keyin novvotning farqiga boradigan boʻldik.

* * *

Telefon jiringlab qoldi.
– O-Olimjon, assalomu alaykum, bu men – Mirtemirman. Gap shunday, kelasi hafta shanba kuni toʻy, qizni kuyovga uzatyapmiz.
– Juda yaxshi, albatta, boraman. Bizga qanday xizmat bor?
– Andijonlik hofiz Fattohxonni Toshkentda dovrugʻi baland. Iloji boʻlsa mening nomimdan toʻyga taklif qilsangiz.
– Xoʻp boʻladi.

Ustoz bilan xayrlashib goʻshakni joyiga qoʻydim. Endi Fattohxonni topishim kerak. U nima der ekan. Hofiz mening eng yaqin qadrdonim, «yoʻq» demas. Toʻgʻri hovlisiga bordim. Oʻgʻli Imomjon: «Dadam Toshkentda, havaskor moqomchilarni televizorga olib ketgan, menimcha, ular «Doʻstlik» mehmonxonasiga tushgan boʻlsalar kerak», – dedi.

Toʻydan ikki kun avval, Toshkentga uchdim. Toʻyxona emas, mehmonxonaga yoʻl oldim. Fattohxonga uchrab, bor gapni aytishim kerak, axir, va’da berib qoʻyganman.

Mehmonxona ostonasiga endi qadam bosgan edimki, Fattohxonning oʻzlari ichkaridan chiqib keldilar. Lotereyasiga yutuq chiqqan odamlarday suyunib ketdim, quchoqlashib koʻrishdik.
– Sizni izlab keldim.
– Yoʻgʻ-e!
– Ha shunday, Mirtemir domlani bilasizmi?
– U kishini kim bilmaydi.
– Shu odam sizni toʻyga aytgan, qizini kuyovga uzatyapti ekan. Ertaga toʻy.
– Albatta, boraman.
– Men hozir borib domlani tinchitay, ertaga sahar kelib sizni olib ketaman.
– Ovora boʻlmang, uylarini bilaman, oʻzim boraveraman.
– Birga borganimiz yaxshimasmi, hurmatingiz.
– Unda, maylingiz – dedi Fattohxon.

Toshkent toʻylari boshqacharoq boʻlarkan. Taniqli san’atkorlar kelishib, bitta-ikkitadan ashula aytishib ketaverar ekanlar. Ertamangi oshdan toki oqshomgacha shunday davom etaverar ekan. Ayniqsa, kechqurungi bazm qizigandan-qizirkan. Navbat Fattohxonga kelganda, u ovoz kuchaytirgichni bir yonga surib qoʻyib, yigirmadan ortiq qoʻshiqni bir-biriga ulab tashladi. Ana olqish, ana qarsak. Bazm tonggacha davom etdi, hech kim uxlamadi, domlaning xursandchiliklari ham bir olam edi.

Nonushtadan keyin, domla meni yonlariga chaqirib: «Hofizni rozi qilishim kerak» – deb qoldilar. Domlaning xatti-harakatlarini fahmlagan Fattohxon ikki shoyi chorsiga uch-uch qilib tugub qoʻyilgan, bazmda tushgan pullarni domlaning qoʻllariga tutqazmoqchi boʻlib:
– Mirtemir aka, bu bizdan toʻyga qoʻshanch. Sizdan hech narsa kerak emas, – dedi.

Mirtemir domla hayratda goh menga, goh Fattohxonga qarab: «Ajab, ajab!» – deb turardilar.

* * *

Toʻyning ertasiga Toʻra Sulaymon, Husan Roʻzimatov, Gʻaffor Moʻminov va kamina taniqli olim Naim Karimovning xonadoniga borib «xordiq» chiqardik. Qanaqa dam olish? Naim aka bizni mehmon qildi. Soʻngra karta tashladik. Mening qoʻlim baland kelib, mezbonni ham, mehmonlarni ham qoqlab qoʻydim. Toʻra Sulaymonni hatto ustiboshlarigacha yutib oldim.
– Toʻrajon, endi, bas qiling, yana oʻynamoqchi boʻlsangiz bir shart bor. Konyakdan bir piyola ichasiz, oʻn soʻm beraman.
– Ros-a, hech kimga aytish yoʻgʻ-a?
– Gap bitta boʻladi, – dedi Naim aka jiddiy.

Toʻra Sulaymon bir piyola konyakni oldi, oʻn soʻm berdim. U birinchi qoʻldayoq yana yutqazdi. Ikkinchi, uchinchi piyolaga ham oʻn soʻmdan berdim. Ammo, baribir, ishi yurishmadi...

Tongga yaqin qotib uxlab qolibmiz. Bir vaqt koʻzimni ochsam, Toʻra Sulaymon choʻntaklarimni kovlab: «Hech boʻlmasa yoʻlkira bering!» – deb iljaydi. Kula-kula pullarini egalariga qaytarib berdim...

Ertalab «Hormang»ga toʻyxonaga bordik. Mirtemir domla odatlaricha bizlarni iliq kutib oldilar. Nonushta tayyor edi. Bosh ogʻrigʻi qildik. Toʻra Sulaymon esa avvalgiday oʻzini «soʻpi» koʻrsatib, sir bermay, «ichmayman» deb turardi. Shunda ustoz: «Toʻrajon, bir piyola olsangiz biz ham oʻn soʻm beramiz!» – dedilar.

Oʻrtada shavqli kulgi koʻtarildi.

* * *

Mirtemir domla tayinlagan dorilarni olib, Toshkentga yetib bordim. Taniqli kishilar davolanadigan shifoxonadamiz. Kasalxonaning davolovchi shifokori dorilarni koʻzdan kechirar ekan: «Moʻmiyoiy asil» deganlari shu, bunaqasi aptekalarda boʻlmaydi, zap topibsiz, domlangizning dardiga davo shu. Darhol qaynatilgan sutga qorishtirib ichish kerak», – dedi.

Shu xonaning oʻzida dori tayyorlandi, domla «moʻmiyoiy asil» aralashmasini ichdilar. «Mazza-ku!» – deb maqtanib qoʻydilar. Soʻngra, ozgʻin qoʻllarini yuzlariga surtib: «Umringdan baraka top, kam boʻlma boʻtam!» – deb duo qildilar. «Bu yigit shogirdim Olimjon, andijonlik» – deb meni doktorga tanishtirdilar. Ogʻriq ancha boʻshashdi, shekilli, domla ozgina mizgʻigan boʻldilar. Anchadan keyin koʻzlarini ochib: «Hech uxlolmayotgan edim, ancha mizgʻidim, shekilli?» – deb yana duoga qoʻl ochdilar. Ustoz, birdan nima uchundir, hazrat Navoiyni eslab ketdilar.
– Husayn Boyqaro doʻsti – Alisher Navoiy vafotidan bir hafta oʻtgach, bomdod namozini oʻqib boʻlib, tashqariga qarasa, lopillatib qor yogʻayapti, hammayoq oq libosda. Kiyinib, doʻsti qabrini ziyorat qilish uchun hozirlik koʻra boshladi. Ikki mulozimi bilan yoʻlga chiqdi.

Husayn Boyqaro dahma ichida, doʻstining qabri ustida yigʻlab turgan bir qizga koʻzi tushdi. Biroq, unga koʻpam e’tibor bermadi. Qur’on tilovat qildi. Yuziga fotiha tortgandan soʻng, qarasa, yarim oʻkinch, yarim adovat bilan yoshli koʻzlarini unga tikib turgan bu qiz tanishga oʻxshardi. «Ajabo, bu kim boʻldi, kim? Axir, bu Guli-ku! Guli! U oʻlganiga koʻp boʻlgan yoki arvohmikan?»

Husayn Boyqaro soʻz qotmay, tashqariga chiqdi. Otini yetaklab oʻylar ogʻushida ancha piyoda yurdi... «Aytishlaricha, bu ayol shoir dafn etilgan kundan boshlab, har kuni paydo boʻlar, qabr yonida yigʻlab oʻtirar emish. Bu kim? Ha, bu sevgi malikasi, Alisherni shoir qilgan oʻsha Guli edi.

Bundaylar hech qachon oʻlmaydilar. Alisher oʻlmaydi, Guli ham oʻlmaydi. Tirikligida oʻz yurtida nom taratgan bunday zotlar, oʻlganlaridan keyin dunyoga taniladi, ularni jahon biladi. Ha, shunday!..»

Ustoz Mirtemirning ushbu bashoratli rivoyatlari tafsilini koʻp yillar oʻtib, endi-endi anglayotgandayman. Bu ustoz bilan oxirgi suhbatimiz va uchrashuvimiz edi.

Mirtemir domla oʻlmaydilar. Domla hamisha biz bilan, hamisha barhayot. Bizni qoʻying, keyingi nevara, chevara, evara shogirdlari ham Mirtemir domla maktablaridan hali koʻp bahramand boʻladilar...

* * *

Kamina Mirtemir domla bilan boʻlgan ba’zi uchrashuvlar, suhbatlar, shuningdek, oʻzim guvohi boʻlgan ayrim voqealarni esladim, xolos. Ustoz haqida koʻp yozish, soʻzlash, xotirlash mumkin.

Oʻzbekiston xalq shoiri, kamtar inson, ustoz Mirtemir ruhiga hamisha ta’zim qilaman. U kishi men va boshqa shogirdlari uchun doimo ibratdir. Ustozning oʻtnafas lirik she’rlaridan bahramand boʻlayotgan mustaqillik davri yoshlari faxr bilan Mirtemir domlani oʻzlariga ma’naviy ustoz deb bilishlariga ishonchim komil.

    Bilib qoʻy, biz yomon odam emasmiz,
    Bizga qoʻymasinlar mayliga haykal.
    Bizdan keyin motam tuting, demasmiz,

    Yetar eslab, lablar titrasa sal-pal...