OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOllanazar Abdiyev
Asar nomiYirtiq etik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/Qoraqalpoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ollanazar Abdiyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMuzaffar Ahmad (Qoraqalpoq tilidan)
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yirtiq etik (hikoya)
Ollanazar Abdiyev

Ovqat kirib ovqatdan keyin bir-ikki piyola choyni qaynoq-qaynoq ichganidanmi, asablari joyiga tushganday boʻldi. Charchogʻi yozildi. Otasining chehrasi yorishishini kutib turganmidi, yoki boʻlmasa ertalabki boʻlho-boʻlda gaplashib ololmasligiga koʻzi yetganmi, katta oʻgʻil otaning yonboshiga kelib joylashdi-da, past ovozda sekin shipshidi:
– Ogʻa, oʻqishimning toʻlov puli... qalay boʻlyapti ekan?
– Bir iloji boʻlar, bolam. Firma rahbarimizga insof berib qolsa, ikki-uch maoshimni oldindan berar. Esiga solib turibman.
– Ogʻa, men kalta kurtkada sovqotib yuribman, – dedi dasturxonini yigʻishtirayotgan qizi. «Shu arzimni necha aytdim oʻzi» deganday iymanib, yerga qaradi. – Olib bera olasizmi, ogʻa?
– Ogʻa, mening etigim yoʻq, haliyam yozgi tuflida yuribman, – dedi qayoqdandir yetib kelgan kichkintoyi yigʻlamsirab.
– Aytganday, sen kassaga borib, mahallaqoʻmning yordam pu­lini olmadingmi? – dedi Satmurod xotiniga yalt etib qarab.
– Oldim. Roʻzgʻorda hech narsa qolmagan, choy, tuzgacha tugagan edi, ogʻasi, shularga xarj qildim, – xotini ayb ish qilgan odamday yerga qaradi. – Ertaga narigi koʻchadagi oʻrtogʻingiz Maden kelin tushiryapti, shanbada ovuldagi qarindoshimiz Qurbonniyoz oʻgʻlini uylayapti... Ogʻasi, ularga ham quruq qoʻl borolmaymiz...
– Toʻyga tovuqlarning bir-ikkovini sotib, tuxumlarini pullab, oʻzing borib qaytasan. Bilasan-ku, mening toʻyga unchalik hushim yoʻq... Qoʻraning ichi issiq shekilli, makiyonlar tuxumlab yurishgandir axir?! – dedi Satmurod qizishib.
– Tuxumlab yuribdi, biroq har kuni pishirib, dasturxonga chiqarayapman-ku, ogʻasi, bola-chaqaning ogʻzidan ortarmikan? – inqilladi xotini.
– Uch-toʻrt kun tuxum yemasdan turarmiz. Toʻylaringni eplab oʻtkazib ol, – dedi-yu, boshini changallaganicha hovliga chiqib ketdi. Qon bosimi xuruj qilib qoldi.

Tashqariga chiqdi-yu, koʻz qurgʻur bir nuqtada turadimi, uyning ikki tarafidagi ikki qoʻshnisining saroyday-saroyday hovlilariga tikilib-tikilib qaradi. Xayolga sigʻmaydigan darajada hashamatli, vahimali hovlilar orasida oʻzining uyi tovuqning katagiday kichkinaligini koʻrib, yuragi qaqshadi. «Bu ikkovining oʻrtasida koʻzga botgan yaraday yarashmay turar ekan, avvalroq sotib yuborganimda yaxshi boʻlardi-ya» – koʻnglidan oʻtkazdi u. Rostdan ham, mana shu qoʻshnilar bundan besh-olti yil avval bir-biri bilan urishib-janjallashib qolgan, «men olaman-a, yoʻq, men olaman»lab, koʻchaga chiqishgan, soʻng ikkoviyam Satmurodning uyiga kalondimogʻlik bilan kirib kelishgan edi. «Menga sotasan-a uyingni!» deb, bir-biriga soʻz bermay, ancha talashishdi.
– Nima gap oʻzi? – degandi oʻshanda Samurod.
– Uyingni sotmoqchi ekansan-ku, menga sotib qoʻyaqol! Oʻzim olaman! – degan birinchi qoʻshni.
– Qaysi uyni aytayapsan?
– Mana shu uyingni-da, sotadigan boʻlsang menga sot, ikki hissa koʻp pul beraman! – chirangan ikkinchi qoʻshni.
– Menga sotsang, uch barobariga olaman! Hovlimni kengaytirishim kerak. Boʻlmasa sening manavi kulbangga koʻzim uchib turgani yoʻq. Menga sotsang, tekislatib, hovlimga qoʻshib yuboraman...

Oʻshanda ham Satmurodning boshi ogʻrib, yiqilib tushishiga bir bahya qolgan edi. «Nega men bexabarman-u, sizlar mening uyimni talashib yuribsizlar! Men sizlarga uy sotaman dedimmi?» deb qoʻshnilariga baqirmoqchi boʻlgan, biroq ularning haybatlaridan qoʻrqqan. Qasdlashib yurishmasin, bularning qoʻlidan har balo keladi degan.
– Uyimni sotmoqchi emasman. Tugʻilib-oʻsgan joyim axir! Meni kechirasizlar, – deb qutilgan. Pul havosi odamni bir gangitsa qanaqa boʻlishini qoʻshnilar timsolida koʻrib tavbalar qilgan edi oʻshanda Satmurod.

«Bolalarimni oʻqitayapman. Xudo xohlasa, besh-olti yil ichida ulgʻayishib, ishli boʻlib, koʻp pul topib, xoʻjaligimiz ham oyoqqa turib qolar...» – deb oʻzini yupatganlari hozir yana esiga tushdi. Hammamiz ham shunday deymiz-u, biroq hozir, ayni shu lahzalarda Satmurodga (oʻziga emas, bolalariga!) falon-falondan pul kerak edi. Oʻqish uchun toʻlov puli, yoʻl haqi uchun pul, palto, etik uchun pul, oziq-ovqat uchun pul kerak. Har gal yomgʻir yoqqanda uyning shiftidan chakka oʻtadi, qor suvi oʻtadi – demak, ta’mirlash uchun pul kerak. Shifer qoqtiraman desa, eh-he, necha soʻm ketadi? Shularning bariga pul kerak, pul, pul, pul... «Eski etigimni yamatib kiyishga ham rozi edim, biroq shuning oʻzigayam pul kerak. Buncha pulni qaerdan topaman? Kim beradi?! Hay, Alloh-xudoyim, Oʻzing yorlaqa! Qatordan kam qilma!

Kuzning kechki izgʻirin ta’sir etdimi, Satmurod yuragining zirqiraganini sezdi, tavba, xuddi nimadir boʻladiganday. Nimayam boʻlsin, axir...

Shu payt koʻchadan gʻizillab oʻtayotgan bir mashina gʻiyqillab tormoz bosib kelib, naq Satmurodning paxsa devori tagida toʻxtadi. Mashina eshigining qarsillab ochilgani, haydovchi yigitning mashina tepasiga sakrab chiqib, koʻcha tomondan Satmurodning hovlisiga alang-jalang qarayotgani koʻrindi. Keyin yigit Satmurodga koʻzi tushdi-yu, qoʻlidagi kattagina qopchani hovli ichiga otib yubordi. Voqea shu qadar tezlik bilan roʻy berdiki, nima boʻlganini Satmurod anglayolmay ham qoldi. Qopcha uchib kelib, avval Satmurodning boshiga tegdi, keyin oyoqlari ostiga gursillab tushdi. Notanish yigitning ovozi eshitildi.
– Shoshib turibman! Izimdan quvib kelishyapti, ogʻa! Pulni tez yashir, bu senga omonat! Bir-ikki kundan keyin kelaman. Kelmasam, ishlataveringlar. Mashina katta tezlik bilan yoʻlga tushdi. Shuning orasida quvishib-haydashib kelayotgan ikki-uch mashina ham koʻchaning burilish joyida bir sekinlab, keyin zoʻriqqan ovozda chuvillab oʻtib ketdi.Satmurod nimalar yuz berganini anglab yetmasa ham, oyogʻi ostiga tushgan qopchaning ichi toʻla pul ekanligini sezdi. «Tavba, xuddi ertakdagiday boʻldi-ku!» deb anchagacha angrayib turdi-da, qopchani qoʻliga olib, uyga kirib ketdi.

Necha chaqirimdan yugurib kelganday, harsillaganicha toʻrdagi xonaga oʻzini urdi. Qopcha ogʻzidagi ipni boʻshatib, ichidagilarni yerga toʻkib tashladi. Bari – beli bukilmagan banknotlar. Sanab oxiriga yetolmaysan. Juda koʻp!
– «Chin koʻngildan yigʻlasa soʻqir koʻzdan yosh kelar», deganlari rost keldimi, yoki Satmurod oqkoʻkrak-pokkoʻkrak boʻlib koʻkka yolvorganining natijasimi, bunisini bir Yaratganing oʻzi baladi, lekin voqeaning boʻlib oʻtgani aniq edi. Ishonmay desa, mana dasta-dasta sanoqsiz pullar sochilib yotibdi. Ishonay desa... Tavba-e tavba! Satmurod ham, xotini ham tush emasmikan, deganday yonboshlarini chimchilab-chimchilab koʻrishdi, kaftlarini tishlab koʻrishdi. Oxiri, shularning bari rost ekaniga ishonishdi. Va...

Oilaning birinchi navbatdagi ehtiyojlariga, institutning toʻlov puliga, yangi palto va etikka, oʻzining yirtiq etigini tiktirishga, toʻyonaga deb, osmondan tushgan puldan qarzga deb olib, ishlatishdi. Qolgan pulga tegishmadi. Pul juda koʻp edi, tugaydigan emas, shunda ham Satmurod nafsiga hay berib, sabr qildi.

Oradan kunlar oʻtaverdi. Qopchani tashlab ketgan yigit qorasini koʻrsatmadi. Yo birovni yubormadi. Oʻn kun, yigirma kun, bir oy... ikki oy... oʻn oy, bir yil oʻtib ketdi. Yigitdan xabar boʻlmadi. Suvga choʻkdimi, qumga botdimi, gum boʻldi.

«Tirik boʻlganida, shuncha pulni izlab-surishtirib bir kelardi. Oʻsha kuni mashinada qochaman deb ofatga uchrab, qaytish qildimikan? Biroq, qazo topgan boʻlsa ham shunchalik koʻp pulni soʻrab-surishtirib kimdir, qachondir shu koʻchadan oʻtishi kerak edi, axir. Soʻroqsiz, xabar-oʻcharsiz irgʻib tushaveradigan pul – pul qanaqa pul ekan u? Balki, kim biladi deysiz, oʻsha yigit tirikdir? Yana bir yil kutayin-chi, shungachayam kelmasa, iloj yoʻq, hukumatga topshirib yuboraman-da», degan fikrga keldi u.

Noma’lum yigitning kim ekanligini Satmurod juda bilgisi keldi. Oʻgʻrimi, kazzobmi, yoʻl toʻsarmi, poraxoʻrmi? Balki uyini yoki mashinasini sotib, kattakon pulga ega boʻlgan-u, biroq oʻsha lahzaning oʻzida qaroqchilarga uchragan bir peshonasi shoʻr odamdir, kim bilsin?!

«Qayoqdan toʻplangan pul boʻlsa ham, biroq shu pullar men uchun halol ekanligi aniq, sababi, mening oldimga bu pullar oʻz oyogʻi bilan kelib tushdi...»

Xotini bilan necha marotaba mashvarat qurdi. Oxiri bir qarorga keldilar: yigit kelib, bu pulning qanday pul ekanligini aytmaguncha, xazina topib olganlari haqida hech kimga churq etib ogʻiz ochmaslik kerak. Yaqin kunlar ichida qurilish firmasi tashkil qilib, Satmurod oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydi, manavi pullarni shunga qoʻshadi – aylantiradi, oʻrgiltiradi, topgan foydasi bilan qopchadagi pulni tiklaydi, agar foyda oshib ketaversa, ana oʻsha foydanigina xarj qiladi.

U ana shunday «taktika» bilan reja tuzib, qopdagi puldan yana «qarz»ga deb pul oldi. Shunday qilib, beliga quvvat enib, «bismilloh» deb yengni shimarib ishga kirishdi.

Satmurod chaqqon, savodli, ishning koʻzini biladigan tadbirkor chiqib qoldi. Buning ustiga mehnatkashligi ham qoʻl kelib, sal kun ichida ishlari yurishib, choʻntaklariga pul kira boshladi. Hozir kim koʻp – uy quraman, hovli tiklayman, ofis bezataman deb yaxshi usta izlab yurganlar koʻp. Satmurod mana shunday qurilish-bezaklovchi firma ochib, yosh-yosh, qobiliyatli yigitlardan guruhlar tuzib, ularni ish bilan ta’minlashni yoʻlga qoʻydi. Pul oqib kela boshladi. Uch-toʻrt yilning ichida katalakdaygina uyining oʻrnida zamonaviy koʻrinishda tiklangan, qoʻshnilarinikidan ham hashamatli qilib hovli tikladi. Keyin antiqa bir ish qildi: pult bilan ochilib-yopiladigan kattakon darvozasining ustiga yirtiq etigini osib qoʻydi, qizigʻi, bu etiklarning bir poyi koʻcha tomonda boʻlsa, ikkinchisi uy tarafda edi. Albatta, chiroyli qilib tiklangan yevromanzarali uyning bejirim darvozasiga qaqqaygan bir poy etik yarashibgina turgani yoʻq. Uyni tomosha qilgani kelganlar, qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlar kulishib, «Satmurod ogʻa, manovi etigingni olib tashlasang-chi, sira yarashmayapti» desa, Satmurod ham darrov javob qiladi:
– E, turaversin. Hech boʻlmasa, men tirik vaqtimda koʻzim tushib turgani ma’qul. Soʻng, mayli, oʻzlari biladi. «Ayozxon, holingni bil, qumursqa, yoʻlingni bil» degan gap bor-ku, axir. Ertalab oʻgʻillarim, kelinlarim, qizlarim mashinada ishlariga ketayotib, albatta etikka koʻzi tushadi. Shunda mening roʻzgʻor tebrataman deb qanday ahvollarga tushganimni ham eslariga olar, axir. Odamzod qiziq, yigitlar-ov, odamzod qiziq, choʻntagi sal qappayib, puli koʻpaya boshlasa, kechagi kunini unutadi, qoʻshnilari oldidan kekkayib oʻtadigan boʻlib qoldi. Shunday paytda darvoza oldida osilib turgan etikka koʻzi tushsa, koʻngliga shayton solgan hovur bosilib, kechmish kunlarini eslay boshlaydi. Koʻzini bosayotgan yogʻni artib oladi...

Bu etikning dangʻara1sining eshitgan odamlar qiziqsinib, Satmurodning koʻchasidan mashinasini haydab oʻtadigan boʻlishdi. Ba’zilar kula-kula bosh chayqab ketsa, ba’zilar mashinadan tushib, oʻylanib ham qolishadi. Satmurodning eski etigini koʻrib, tavba qilganday, gʻalati bir tusda mashinalarini sekin haydab ketishadi. Ishqilib, etikka koʻzi tushganlarning hech biri avvalgiday manmansirab, bosar-tusarini bilmay qolayotgani yoʻq. Mendan oʻtadigan boy bormi?! deganlar etikni koʻrgach, sal dami bosilib, oʻzlariga kelib olishyapti.

Qaysidir bir yili noyabrning izgʻirinli kunlaridan birida Satmurodning darvozasidagi qoʻngʻiroq jiringladi. Satmurod bir qarashdanoq kelgan mehmonni tanidi.
– Uyga kir, inim! – dedi u salom-alikdan soʻng. Choy ichgach, Satmurod gavdali yigitning oldiga ikki qopchada pul qoʻydi.
– Mening pullarim bir qopchada edi-ku, ogʻa! – dedi yigit.

– Inim-ay, «qozoning qozon tugʻdi», degan gap bor-ku, axir. Sening pullaring ham pul tugʻdi, olaver, bu pullar hammasi seniki!