OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ollonazar Abdiyev. Tuzoq (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOllonazar Abdiyev
Asar nomiTuzoq (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ollonazar Abdiyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm51KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Шарқ юлдузи» журнали, 2010 йил, 2-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tuzoq (qissa)
Ollonazar Abdiyev

«
Ustoz Kamol ogʻa Mambetovning
yorqin xotirasiga bagʻishlayman.
»

Ogʻir Jinoyat

Soat kechki toʻqqizlar chamasi. Mambet Kamolov oʻzi ochgan jinoyat ishining rasmiy tomonlarini tugallab qoʻyish maqsadida hujjat yozib, ishxonasida haliyam oʻtiribdi.Chin yurakdan, ixlos bilan ishlaydigan kasbning oʻz gashti boʻladi. Ishlaganing sayin rohatlanasan. Koʻngling joʻshib, ruhing yuksaladi.

Mambetning tergov ishiga aralashib, mehnat qilayotganiga oʻn yildan oshdi. Shu davr moboynida oʻqishda olgan nazariy bilimlarni amalda qoʻllab, oʻz ustida betinim ishladi. Ishning koʻzini biladigan, tajribali huquqshunos sifatida shahar prokuraturasida ancha tanildi. Birinchi darajali yurist.

Mana shu hozir ishlab, oʻtirgan jinoiy ish ham dastlab ochilishi mushkuldek koʻrigan edi. Rostdan ham shunday edi. Dalil, guvohlar yoʻq. Isbot bilan boʻyniga qoʻymasang hech kim ham shu ishni men qildim demaydi. Haytovur, ipidan-ignasigacha surishtirib, tahlil qilib, oʻrganib, jinoyatlar psixologiyasini bilgani tufayli, tajribasi orqali bir amallab ochdi. Ochilgach esa, xuddi oson ishga oʻxshab qoldi.

Koʻpincha u ishda oqshomlari qolib ketardi. Bunga xotini ham avvallari koʻnikmay, yovqarash qilib yurdi. Ishni ish paytida qilib, qolganini ertaga qoldirsa osmon uzilib yerga tusharmidi, deb bobillab ham berardi gohida. Biroq Mambet unday qila olmasdi. Chunki, birinchidan hali aytganimizday, u kasbini juda sevadi. Qolaversa, bu vaqt bilan hisoblashib qiladigan kasblardan emas. Qilmish, jinoyat kun-tuni tinmasdan ishlash, izlanish orqaligina ochiladi. Gohida, ba’zi ogʻir jinoyatlarni tushida ham koʻrib chiqadi. Ba’zan esa, jinoyatni kim, qanday amalga oshirganigacha tushida ayon boʻlib, oʻngdagi ishlariga toʻgʻri kelgan paytlari ham boʻlgan. Qisqasi, tergovchining ishi yozuvchilarnikiday kunning xohlagan paytida davom etib ketaveradi. Ish tamom, vaqt boʻldi deb ketib qolsang, “delo” ustini chang bosaveradi. Uning yechimi vaqt oʻtgan sari mushkullashadi. Izi sovumasdan ochib tashlangan ma’qul. Guvohga tungi oʻn ikkida borish kerakmi, uyqudan vos kechib borishing shart. Ish ertalabga qoldirilsa, oʻsha guvohga jinoyatchi tomonidan ta’sir qilinishi ehtimol.

Membet ishning qadrini yaxshi biladi, madaniyatli kishi sifatida yondashadi. Oilamni shu kasbim orqali boqayapman, obroʻ-e’tiborim bor, shunday ekan nega endi oʻz kasbimga xilof ish qilishim kerak, deya fikr yuritdi. Axir, rahbarlar ham tez-tez e’tirof etishayapti-ku uning fidoyiligini. Mana oʻshalarni maydalab, hijjalab tushuntirgach, xotini ham tinchidi. Ishning dastlabki yillari shunday kechdi.

Odatdagidek, bugun ham xotini Gulzoda qoʻngʻiroq qilib, hormang dedi, shirin gaplari bilan erkalab, qachon qaytishini, nima ofqat yegisi kelayotganini obdon soʻradi. Ishga berilib ketib, biratoʻla bitkazib ketishni ixtiyor etgan edi. Koʻz qiri bilan stol ustidagi soatga qaradi: toʻqqizdan oʻn minut oʻtibdi. Xotiniga hozir yetib borishini yana aytib, goʻshakni endigina joyga qoʻygandi, yana telefon jiringlab qoldi. Prokuror, birinchi darajali yurist Ayap Abdambetovich ekan. Hol-ahvol soʻrashgach, dedi:

– Uyingga qoʻngʻiroq qilmoqchi edim, biroq kechqurunlari ham oʻtirib ishlashing esimga tushdi. Rahmat senga.

Yaxshi gap kimga yoqmaydi. Mambetning koʻksi yanada oʻsdi.

Mayli, ishga oʻtaylik, – dedi Ayap Abdambetovich, – hozirgina yigirma... kichik tumandagi 39- uy, 1-yoʻlak, 3-xonada ogʻir jinoyat yuz bergani haqida xabar qilishdi. Ikki kishi oʻldirilgan. Tezda oʻsha joyga bor. Men ham yetib boraman.

– Xoʻp boʻladi. Mambet uy manzilini yana bir bor soʻrab olib, mashinasiga oʻtirdi.

Qotillik sodir boʻlgan joyga yetib borganida Ayap Abdambetovich, kriminalist, sudmedekspert va ishga aloqador yana bir necha kishilar jam boʻlishgan. Har kim oʻziga tegishli ishga kirishib ketdi.

Birinchi qavatda joylashgan bu uy bir xonali boʻlib, Joldas Madreymovich degan aroqxxoʻrniki ekan. Uyga kirishdanoq aroq, namlik, ter va tamakining aralash bad boʻyi dimoqqa urildi. Uy egasining boshiga qandaydir temir qurol bilan urishgan, qonga belanib yotibdi. Boʻsagʻada yana bir odam yotibdi – chamasi oʻlib qolgan. Polga toʻshalgan kir, yirtiq palos tusi bilinmaydi: qip-qizil qon. Uyda eski, parti ketib, sharti qolgan divan bor. joldas, ya’ni uy egasi shu divanda yotibdi. Tirik boʻlsa kerak, bilinar-bilinmas nafas oladi. Yo qattiq mast boʻlib uxlab yotibdi, yoki zarba kuchidan hushidan ketgan.

Zoʻrgʻa qiyshayib turgan stol, uchta kursi xona oʻrtasida joylashgan. Stol ustida ikkita, ostida yana ikkita aroq shishalari. Stol ustida labi siniq piyolalar, choynak, qotgan non ushoqlari, piyoz qoldiqlari. “Oʻzbekiston tarixi” kitobi, ichida ruchka, qogʻoz... Deraza oldida tashqi qoplamasi olingan tranzistor tokka tiqilgan holda ishlab turibdi. Xonada uncha katta boʻlmagan seyf ham bor. Eshigi ochilib qogan. Ichida papka, qogʻoz, daftarlar koʻrinadi. Ba’zilari polda sochilib yotibdi. Seyf ilgari bu yerda turmaganini hamma payqadi. Chunki, xonaning toʻrdagi burchagida seyfga monand toʻrt burchakli oʻrin changdan holi koʻrinib turibdi, demak, seyf oʻsha yerdan bu yerga keltirilgan. Vanna, hojatxona, oshxona obdon koʻzdan oʻtkazildi. Iz tushgan joylardan nusxa olindi. Ayap Abdanbetovich bilan Mambet Kamolov barcha ishni tugatib, tungi kafelarning biriga kechki ovqatga borganlarida soat oʻn birdan oshgan edi. Jinoyatchi kim boʻlishi mumkinligi haqida qisqagina soʻzlashib olishdi. Ikkalasi ham hayron. Oʻgʻrinig ishi deyishsa, aroqxoʻrning uyiga kim ham oʻgʻirlikka tushadi. Axir, oʻgʻri kirayotgan uyida nima bor-yoʻqligini chamalab – bilib kirar. Joldasning uyida labi siniq piyolalardan boshqa hech nima yoʻqligini oʻgʻri bilmaydimi? Yoki yangi oʻgʻrilardan boʻlishi mumkin.

– Qotilning bularda qasdi bor desak, aroqxoʻrning qanday dushmani boʻlishi mumkin?... Ertalab tiniq kalla bilan ish yuritamiz.

– Bu ishni ochish oson boʻlmaydi, chamamda, Ayap Abdambetovich? Balki jabrlanuvchi bilan gaplashib koʻrib, biror narsa aniqlarmiz.

– Jinoyatchi uni nimaga oʻldirmagan? – yana savol berdi Ayap Abdambetovich.

– Oʻldi deb oʻylagan boʻlishi mumkin. Bittasini oʻldirib, ikkinchisini ayab tashlab ketmas. Yoki nimadandir hushyor tortib shoshgandir. Yoki tajribasi kam jinoyatchimikan?

– Unday emas, hiylakor boʻlsa kerak. Boʻpti, hozir dam olamiz. Qolganini ertalab sudmedekspertiza, kriminalist chiqargan xulosalarni jamlab maslahatlasharmiz. Mambet Kamolovich, shu ishni senga topshiraman. Mushkul boʻlsa ham, lekin sen eplaysan.

Ular xayrlashib, uylariga tarqalishdi.

Piyonista

Mambet ertalab medekspertiza, krimenalistlarning xulosalarini oldi. Jinoyatchi oyogʻida rezina oyoq kiyim, qoʻlida rizina qoʻlqop bilan kelgan. Hech joyda iz qoldirmagan. Faqat Joldas, oʻlgan kishi, yana kimningdir u yer-bu yeridan barmoq izlari topildi.

Tez tibbiy yordam boʻlimiga borib, shifokordan Joldasning ahvolini soʻradi.

Yomon emas, – dedi doʻxtir, – yuz aralash tekkan unchalik ziyon yetkazmabdi. Bir haftalarda tuzalib qolar.

Mambet Joldas bilan gaplashishga shoshildi. U bilan oʻzi kimligi, qarindoshlari, yor-doʻstlari, kimlar bilan aloqalari borligi toʻgʻrisida bafurja surishtirib gaplashdi. Yaxshi gapirib, undan biroz ma’lumotlar oldi.

Joldas Madreymov yosh paytida juda bilimdon, savodli boʻlib, koʻpchilikka erta tanilgan. Tarixiy mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlash maqsadida Toshkentda aspiranturada oʻqigan. Nomzodlik ishini yozib tugatgan. Ilmiy idorada ishlagan. Ammo, nomzodlikni yoqlash oldidan ilmiy jamoatchilik fikrini toʻplash chogʻida ishlari yurishmay qolgan. Chunki, oʻshanda ishongan togʻi ilmiy rahbari vafot etgan. Ammo oʻzi ham biroz takabbur, manmanlikdan xoli emas ekan. Maqtovlarni koʻtara olmay qolgan. Nojoʻya hulq-atvori bilan ilmiy jamoatchilikda noxush fikr uygʻotgan. Ayollarga ham suyagi yoʻq ekan. Hamrohlari ham bora-bora piyonistalardan iborat boʻlavergan. Xotini ham bularga chidamay bir bolasi bilan undan ajrashgan. Keyin bir-ikki marta uylangan, biroq keyingi xotinlari undan bezib, tashlab ketishibdi. Qarindosh-urugʻlari ham undan qoʻllarini yuvib, qoʻltiqqa urishibdi. Endigi hamrohlari koʻchabezori, ichkilikka mukkasidan ketganlar toifasidan. Ular ham Joldasning uyidan foydalanishadi. Axir, ichib toʻygach, uxlashga ham birorta boshpana kerak-ku. Joldas ham ichmasa turolmaydigan boʻlib qolgan, aroq uchun har baloga tayyor. Ammo, taajjub, gohida u-bu narsa yozib ham turar ekan. Kurs ishi, referat yozib berib ham aroqqa pul ishlab toparkan. Ba’zan kutubxonalarga ham borishni kanda qilmas ekan.

Jaldas Madreymov kim hujum qilganini ayta olmadi. Oʻsha kuni kunduzi Joldasga bir yigit yoʻliqib, “Boshing ogʻrib turibdimi, tushunaman. Ma mana buni olda, xumoringni yozib ol” deb, pul beribdi. Kimligini nimaga bunday qilayotganini soʻraguncha yigit ketib qolibdi. Birorta tanishim, yo qarindoshimdir, mayli, bizga bizga ichishga pul topilsa boʻldi-da, deb Joldas shu kuni toʻrt shisha qoʻlbola aroq, non, konserva olib uyiga joʻnabdi. Eshigi oldida shishadosh joʻrasi Berdiyorga yoʻliqibdi. Eshikni ichkaridan qulflab, ikkovi torta boshlaydi. Keyin choy ichgani va zarba yeganini chala-chulpa xotiralaydi. Chanqab, suv izlab qoʻli bilan paypaslayotganida zarba yeydi. Va hushini yoʻqotadi. Shifoxonada ertalab oʻziga keladi. Hech nimani bilmaydi. Koʻchada kaltaklanaverib koʻnikkan chogʻi, kim urganiga qiziqib ham koʻrmaydi. Ammo, sherigi Berdiyorning oʻlganini eshitib, choʻchib ketdi. Unga achindimi, yo oʻzini ayblashlaridan qoʻrqdimi, rangi boʻzarib:

– Kim oʻldirdi? – deya oldi xolos.

– Shuni sendan soʻramoqchimiz. Janjallashgan edinglarmi?

– Yoʻgʻ-ey. Voy bechora. Men hech narsani bilmayman, oʻrtoq tergovchi. Qattiq mast edik. Oʻzi ikki-uch piyola ichsak, tamommiz. Biz oʻsha kuni ikkovimiz toʻrt shisha ichganmiz. Berdiyorni nima bilan oʻldiribdi? Yo otishibdimi?

– Seni urgan temir bilan boshi majaqlangan dedim-ku!

– Yovuzlar-ey necha kishi ekan?

– Noma’lum. Fikrimizcha yolgʻiz odam boʻlsa kerak. Tagʻin kim biladi? Hoy sen meni soʻroq qila boshlading-ku? Hay mayli,hozir suhbatimizni tugatamiz. Biroq sen hozir men bilan borib uyingni koʻzdan oʻtkazishing zarur. Balki nimalardir yoʻqolgandir. Seyfing ochiq qolgan. Qimmatbaho narsang bormidi?

– Yoʻq. Menda nima boʻlardi. Barini sotib ichganman

– Sen kiyin. Men shifokordan ruxsat olaman. Qolganini voqea joyida gaplashamiz.

– Ular militsiya xodimi kuzatuvida jinoyat sodir boʻlgan uyga kirishdi. Joldas eshikdagi sim temirdan yasalgan ilgichning qiyshayib turganini koʻrib, “Berdiyor bilan uyga kirgach, ilgichni ilgan edik. Qolganini gapirib berganman” dedi.

Joldas seyf tomon yugurib borganini bilmay qoldi. Seyfdagi qogʻozlarni, delolarni axtarib, titkilay boshladi. Ancha oʻtirdi. Nimanidir yoʻqotganday qogʻozlarni yana titkiladi.

– Birorta qogʻozing yoʻqmi? – soʻradi Membet. Xayollari boʻlingan Joldas yalt etib qarab:

– Nima? – dedi.

– Biror narsangni yoʻqotdingmi deyman?...

– Yoʻq-yoʻq. Hammasi joyida.

– Seyf oʻrnidan qoʻzgʻatilganmi?

– Ha. Koʻp vaqtdan beri mana bu burchakda turardi. Chamasi, seyfda qimmatbaho narsa bor, deb koʻtarib ketmoqchi boʻlgan.

Ular izma-iz gazxonaga kirishdi. Gaz plitasi ichida kalit yotibdi. Uni Mambet topdi.

– Bu kalit qayerniki? Nega bu yerdan yotibdi?

– Qani? – U kalitni ikki barmogʻini suqib tortib oldi. – Axir bu seyfning kalit-ku! Kecha rosa qidirib, topolmagan edik.

– Qachon yoʻqotgan eding?

– Kecha. Ichib oʻtirganimizda pichoqni topolmagandik. Izlashga erinib, aroqning qopqogʻini shu kalit bilan ochgan edik. Uchinchi shishaga kelganda gaz plitasiga tushurganman. Plita oʻchogʻining ichiga qarash kimning xayoliga kelibdi uni ham yoʻqotdik. Chamasi, choy qoʻygani borganda deysiz.

Yuzi Tanish Odam

Mabetning boshi qotdi: “Berdiyorni Joldasning oʻzi oʻldirmagan boʻlsa kerak. Shunday boʻlganida kiyimlari qonga belanardi. Joldasning odam oʻldirgudek siyogʻi yoʻq. Qattiq mast boʻlgan. Ikkalasi birga ichgan. Bundan tashqari Berdiyor Joldasdan kuchsiz emas. Aksincha, quvvatliroq, gavdali koʻrinadi.

Unda kim, nega oʻldirgan? Qoʻshnilardan surishtirish lozim. Balki biror nimaning xabari topilar”.

Oʻsha kuni hamma ishdan kelar paytda Joldasning devordosh qoʻshnisiga uchrashdi. Yoshi oʻttizlarda boʻlgan yigit xotini, bolalari bilan uyida yekan:

Kelish sababini aytgach, qoʻshni xotin:

– Bizga ziyoni tegmaydimi? – deb soʻradi.

– Soʻz beraman. Rost gapni aytsangiz oʻzim sizlarni himoya qilaman.

– Ha, bu voqea haqida 02 ga qoʻngʻiroq qilgan ham bizlarmiz, – deya gap boshladi Guloy kelinchak, – Joldasning eshigi qattiq qoqilib ochildi. Qoʻshnimiz yana mastdir, shishadoshlari eshigini qoqayotgandir, deya havfsiramadik. Qotillik yuz beradi, deb oʻylamadik. Axir, bu uyda janjal-toʻpolon deyarli har kuni sodir boʻladi. Saldan keyin eshigi yana ochilib-yopildi.

Taqillagan ovoz eshtila boshladi. Nimanidir temir bilan qoʻparayotgandek goʻyo. Gaz plitasini sotmoqchimi, uni sotib ichsa ovqatini qanday pishiradi, deya taajjublandik. Bir payt erkak kishining jon holatda chinqirgan tovushi ikki marta eshitildi-da, yana jim-jit boʻldi. Nimadandir yuragim bezovtalandi. Erimga borib habar olib kel, desam: “He, oʻshani, kundagi gap-da, borsam menga ham aroq ichiradi. Keyin men ham bir shisha olib berishim kerak. Oʻshalar bilan tentirab yuramanmi?” – deb bormadi. Unda oʻzim borib koʻraman, sen ham qarab tur – deb qoʻshnimning eshigini ochdim.

Burchakda turadigan seyf oʻrtada, yuzi tanish odam undagi qogʻozlarni titkilamoqdla. Divanda Joldas ogʻa, polga yana bir kishi chizilib yotibdi. Boshi qonga belangan. Koʻp qarab turolmadim, qoʻrqib ketdim. Koʻrgan-bilganimiz shu, ogʻa.

– Rahmat. Guloy, siz seyf qoshida turgan odamni taniysizmi?

– Yoʻq, yoʻq.

– Yuzi tanish edi dedingiz-ku. Qoʻrqmay aytavering. Jinoyatchini tez ushlaganimiz yaxshi-ku!

– Tanimayman. Biroq yuzi tanish edi. Mashhur artistmidi, yoʻq, yozuvchi jurnalistmi? Xullas, lavozimi bor kishiga oʻxshatdim. Televizorda koʻp koʻrardim uni chamamda. Yanglishmasam, oʻsha odam bilim yurtiningmi, teatrningmi direktori boʻlib ishlagan edi. Hozir yanada ulkan ishga oʻtgan. Ismi Mirza Toyirov boʻlsa kerak. Seyf oldida oʻsha Toirov turardi.

– Yoʻgʻa, bu mumkin emas, – deya taajjublandi tergovchi, – turqini yana bir koʻz oldingizga keltiring. Siz aytayotgan odam hurmat-etibordagi kishi. Bunday jinoiy ishga qanday aloqasi boʻlishi mumkin? Buning ustiga piyonistada nima ishi boʻlishi mumkmn?

– Men bilmadim, – dedi Guloy. – Bilganingni ayt dedingiz, men aytdim. Bor gap shu!

– Mayli sizga rahmat. Mirza Toyirovga oʻxshagan kishi emasmikin, deb oʻylayapman-da.

– Qaydam? Odam odamga oʻhshaydi. Yo qoʻrqib ketib adashdimmi, kim biladi deysiz.

– Balki oʻshadir. Dunyoda hamma narsa boʻlishi mumkin. Kimning ichida nima borligini bilib boʻladimi? Sizga yana bir marta tashakkur, – deya Mambet tashqariga yoʻnaldi.

– Bir daqiqa, Mambet ogʻa, – deb tushguncha Jetker xotiniga yuzlandi. – Aytganday, kuni qoʻshni yoʻlakdagi Sogʻindiq qoʻshnimiz qorongʻi mashinasini tuzatib oʻtirdi-ku!

– Ha-ha. U ham qoʻshnining uyiga kirib chiqqan odamni koʻrgan boʻlishi mumkin. Soʻrab koʻring, – deb Guloy Sogʻindiqni uyini koʻrsatib qoʻydi.

Sogʻindiq uyida ekan. U ham dastavval hech kimni koʻrmadim, deb qoʻrslik qildi.

– Yaxshi, unda hech kimni koʻrmaganligingni yozma turda yozib ber. Men xujjat qilib tikib qoʻyaman. Ammo keyinchalik oʻsha odamni koʻrganing ma’lum boʻlib qolsa, jinoyatchini yashirishga uringaning uchun javob berasan. Axir, sen kechqurun 8.30-9.00lar orasida oʻsha yoʻlakka kirib chiqqanlarni koʻrmasliging mumkin emas. Chunki, sen mashinangni ta’mirlab oʻtirgansan.

– Toʻgʻri, boshim baloga qoladimi, deb qoʻrqaman-da.

– Aytmasang, qaytanga yomon boʻladi.

– Men oʻsha bir notanish odamning yoʻlakka ikki marta kirib chiqqanini koʻrdim.

– U kim ekan? – sabrsizlik bilan soʻradi Mambet.

– U Mirza Toyirov degan olim.

– Qaysi Mirza Toyirov. Mashhur ziyoli Mirza Toyirovmi yoki yana bir Toyirov degan kishimi? – deya aniqlik kiritish uchun soʻradi Mambet.

– Oʻsha direktor Toyirov-da. Bundan uch yil ilgari uni yaqindan taniganman. Oʻshanda u nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Men avtokorxonada haydovchi edim. Tagimda yap-yangi “Ota yoʻl” avtobusi. Boshligʻimizdan meni soʻrab olibdi. Bola-chaqasiga va boshqa bordi-keldilariga xizmat qildim. Oʻshanda xizmatda yurgan boshqa haydovchilar bilan soʻzlashib qolib, bu odamni taniganman. Boshini ogʻritib nega kerak ekan bu kandidatlik deganmiz. Ba’zi haydovchilar, juda kerak-da, juda boʻlmaganda biror korxonaga boshliq boʻladi deyishgandi. Rostdan ham shundan soʻng vazir oʻrinbosarligiga koʻtarildi. Kelgusida vazir boʻlarmish, degan gaplar yurardi.

Tergovchi Sogʻindiqning gapini jim tingladi. Koʻp ma’lumotlarga ega boʻldi. Sogʻindiqdan Toyirov bilan yuzma-yuz gaplashib koʻrdingmi, deb soʻradi.

– Yoʻq. Oʻsha qotillik yuz bergan kuni u men bilan boshini silkitib salomlashdi, xolos. Bu uyda nochor kun koʻruvchilar yashashadi. Mirza Toyirov obroʻli odam. Shuning uchun bunday uyga kirganini hech kim bilmasligini xohlagandir. Bu yerda uning tanishi yoʻq-ku, nega kedi ekan, deb oʻylagandim.

Mambet tasavvurida nimadir oydinlashgandek boʻldi. Biroq qilmishni jinoyatchining boʻyniga qoʻyish juda mushkul. Balki barchasi teskari boʻlgandir? Ya’ni, jinoyatga mana shu qoʻshnilarning oʻzlari aloqadormi? Jinoyat olamida oq deganing qora, qora deganing oq boʻlib chiqadigan holatlar koʻp boʻladi.

Dastlabki Tergov

Shunday obroʻli odam qandaydir bir piyonistani uyiga kirib oʻgʻrilik qilibdi, degan gapga ishonish qiyin. Biroq hayotda nelar boʻlmaydi deysiz. Guvohlar koʻrsatmasi boʻyicha Toyirovni tergov qilmaslikning ham iloji yoʻq, boshqa gumondor xabari chiqmayapti.

Tergovchi Mambet Toyirovga qoʻngʻiroq qildi. Bir jinoyat boʻyicha bir-ikkita savollari borligini, idoraga kelib ketishini iltimos qildi.

– Organni hurmat qilmasak boʻlmaydi. Albatta boraman, - dedi Toyirov xotirjam.

Idorada hol-ahvol soʻrashishgach, maqsadni bayon etdi. Toʻgʻri javob berishi lozimligini uqtirib, tergovchi yettinchi oktabrь kuni qayerda boʻlganligi toʻgʻrisida soʻradi.

– Uyda. Yangangning yonida.

– Yaxshilab oʻylang. Yanglishmayapsizmi? Toyirov qoʻlini peshonasiga qoʻyib, biroz oʻylandi-da, soʻngra dedi:

– Ishdan ertaroq keldim. Dam oib yotdim. Tinchlikmi oʻzi? Nega tergov qilyapsiz?

– Qotillik yuz bergan. Savollarga toʻgʻri javob berishingiz kerak.

– Bu qanday gap? Hukumat odamining obroʻsini toʻkayapsizmi? – Toyirov achchiqlandi.

– Qonun oldida hamma teng, Mirza Toyirovich. Oʻzingiz yaxshi bilasiz. Qonunni avvalo siz, rahbarlar, hurmat qilmasangiz boshqalar ne qilmaydi? Shuning uchun jahl qilmay savollarimga javob bering.

– Kechirasiz. Qizishibman, – deya u birdaniga jiddiy tortdi. – Bu yerga gumondor sifatida kelganimni hech kim bilmasin, uyat boʻladi-ya. Tushimga kirmagan narsalar. Astagʻfurillo!

U yoqasiga tupurdi.

– Mirza Toyirovich, mushuk-sichqon oʻyinini bas qilaylik. – Mambet Kamolov gapni choʻrt kesdi. – Toʻgʻrisini ayting, siz oʻsha kuni kechqurun soat sakkiz yarim toʻqqizlarda boshqa joyda boʻlgansiz. Iqrormisiz?

Toyirov tergovchi ba’zi narsalardan xabari borligini, toʻgʻrisini aytmaslikning foydasi yoʻqligini bildi.

– Endi inim, aytganingiz toʻgʻri. Dastlab aytishga uyaldim.

– Nimaga uyalasiz?

– Yigitchilik-da, uka, ora-sira charchoqni yozib olmasang boʻlmaydi. Bir ayol bilan koʻngilxushlik qildim.

– Soat nechada? Qayerda?

– Bilasiz-ku, inim.

– Xizmatchilik. Har bir soʻzning oʻz ogʻzingizdan eshitishim zarur.

– Olti-sakkizlar chamasida. Yigirma... kichik tumanda.

– Toʻqqizlardamasmi?

– Yoʻq. Sakkizlarda ketdim. Chunki, bunday paytda xotin yodga tushadi. Beixtiyor soatga qaraysan, ne vaj koʻrsatishni oʻylaysan. Voy ukam-ay, sirniyam fosh qildirding-ku! Bu gaplar oramizda qolsin, xoʻpmi?

– Yaxshi. Biroq sizni sakkiz yarim-toʻqqizlarda boshqa joyda koʻrishgan. Kim koʻribdi? Meni koʻrib, darhol soatiga qarashibdimi? Odamlarga ham hayronsan.

– Oʻsha oʻttiz toʻqqizinchi uyga bordingiz, keyin-chi?

– Uy raqamiga qarabmanmi? Axlat tashlanadigan joyning toʻgʻrisidagi uy-ku.

– Nechanchi yoʻlakda, nechanchi qavatda boʻldingiz?

– Birinchi yoʻlak, ikkinchi qavat. Oʻng tomondagi xona boʻlsa kerak.

– Ayolning ismi? Oʻsha xonada turadimi?

– Ha. Oʻsha xonada. Ismi Sanam.

– Hozircha yetarli. Biror narsalarni aniqlab yana chaqiraman. Bergan javoblaringiz toʻgʻriligiga imzo cheking.

Toyirov soʻrovnomaga imzo chekdi.

Oʻynash

Mambet oʻttiz toʻqqizinchi uyga Jetkerni chaqirdi. “Jinoyat ochilguncha har kim bilavermasin, oʻzing baridan xabardorsan, deb seni chaqirdim”, dedi unga. Soʻngra:

– Pod’ezdingizda Sanam degan suyuqoyoq xotin yashaydimi? – deb soʻradi.

– Yoʻq unday xotin yashamaydi.

Tergovchi Sanamning ish joyidan oʻziga bildirmasdan suratini oldirgan edi.

– Mana bu – Sanam. U siz yashaydigan uydagi kimlargadir qarindosh emasmi? Kelib turardimi? Yaxshilab qara-chi...

Yoʻq bu ayolni ilgari koʻrmaganman. Koʻpdan beri oʻsha manzilda yashayman. Kimning qanday qarindoshi bor, kimga kim keladi – barini yaxshi bilaman.

– Ikkinchi qavat oʻng tarafdagi xonada kim turadi?

– Unda qari rus kampir-chol.

– Ular uyini yomon xotinlarga ijaraga berib qoʻymaydimi?

– Hech ham. Toʻgʻri soʻzli, tuzuk odamlar. Bu gap-soʻzni eshitib qolsa, bizni haqorat qilding deb, janjal koʻtarmasa yaxshi edi hali.

Mambet kecha Toyirovning yolgʻon gapirayotganini sezgan edi. Ammo isbotsiz bunga e’tiroz bildirish mumkin emas. Shuning uchun bugungi ishlarni aniqlab olib, soʻngra u bilan gaplashadi.

Kechqurun Toyirovni yana xonasiga chaqirdi.

Toyirov kelgach, diydiyosini boshladi:

– Hoy, inim, nega chaqiraverasan? Qayerdanam oʻsha ayol bilan uchrashdim... burnimdan chiqarding-ku! Eri yoʻq xotin u. Qaytangga savob boʻladi deyishadi-ku!

– Xizmatchilik. Savollarimga toʻgʻri javob bersangiz vaqtingizni olmayman.

– Mayli, iloj qancha.

– Bugun men kecha siz aytgan ma’lumotlarni tekshirdim. Birortasi ham tasdiqlanmadi. U yerda Sanam degan ayol yashamas ekan.

– Balki, yashamas ham, – deb Toyirov talmovsiradi. Men bu bilan hech ham uyida uchrashmaganman. Saunaga, yozda koʻlga, tabiat qoʻyniga borardik. Oʻshanda uning uyi deb oʻylaganman. Sakkizinchi kichik tumanda ota-onasining uyida turadi ba’zida.

– Gapni opqochmang. Siz u yerda umuman Sanam bilan boʻlmagansiz. Iqror boʻlavering.

– Nega, boʻldim! – yon bermadi Toyirov.

– Siz aytgan yerda rus kampir-chol yashashadi. Ular sizlarni uyiga kiritadigan odamlarmas. Yo hozir birga ularnikiga borib yuzlashtiraman.

– Inim, adashgan boʻlishim mumkin. Uchinchi qavatning oʻng tarafimi, chap tarafimi, ishdan horib chiqqan odamning esida qoladimi? Mambet ukam, gapning boʻladiganini gapiraylik-da.

– Nima demoqchisiz?

– Men, inim, avvaldan seni bilaman. Toʻy-ma’rakalarda uchrashib yuribman. Men oʻzimga yarasha obroʻga egaman bu gaplar koʻchaga chiqib ketsa, menga yaxshi boʻlmaydi. Sen yordam ber. Xizmatdan qochmayman. Soʻraganingni beraman. Qutqarsang boʻldi. Iltimos!

– Nima bermoqchisiz? –deb Mambet oʻzini bilmaslikka soldi.

– Pul-da. Dollar beraman, xohlasang. Besh yuzmi, mingmi, ogʻzingga siqqanini soʻra. Pul ketsa-da, obroʻ ketmasin.

Mambet bosh chayqadi.

– Yoʻq, bunaqasi ketmaydi, – gapni choʻrt kesdi.

Shunda Toyirov bugun ishi juda koʻpayganini, hozir boshi qattiq ogʻriyotganini, borib dam olmasa boʻlmasligini aytdi. Mambet Toyirovdan Sanamning uy manzilini yozib oldi. Soʻng “ish”ning ba’zi hujjatlarini toʻldirdi. Bir payt nimadir esiga tushib, darrov kiyindi-da, mashinasiga oʻtirdi.

U baribir kechikibdi: yetib borganida Toyirov Sanamning yonidan chiqib kelayotgan edi. Tergovchini koʻrib shoshib qoldi.

– Mazam yoʻq degan edingiz-ku, Mirza Toyirovich! – deb Mambet qistovga oldi.

– Sanam oz-moz puldan yordam ber, degan edi. Shunga kelgandim. Oʻzingiz nima qilyapsiz bu yerda?

– “Issiq” joyni manzilini olgach, oʻtirolmadim.

Sanam eshikni qoʻngʻiroq bosilgach, darrov ochdi. Ehtimol, Toyirov qaytib keldi, deb oʻylagandir. Axir hozir odamlar tunda tugul, kunduz eshigini ochmaydi. Yetti bobonggacha surishtirgach, keyin ochadi.

Sanam boʻsagʻada boshqa odamni koʻrib qoʻrqib ketdi. Saldan keyin kulimsirab kiring dedi.

Mambet uni darrov soʻroqqa tutdi:

– Mirza Toyirovni izlab yuribman.

– Qaydam tanimayman.

– Nimaga tanimaysan? Birga yotib-turib...

– Ha-a. Umuman taniyman-kuya. Ammo koʻrmadim.

– Kelmadimi?

– Kelmadi. Besh-olti kun ilgari koʻchada koʻruvdim.

– Nega yolgʻon gapirasan? Hozirgina yoningdan chiqdi-ku?

– Ay, qaynim-ay, – Sanam uyalganidan barmogʻini ogʻziga tekkizib nozlana boshladi. Yelkasidagi yupqa xalatni sekin tortib yechdi. Faqat ichki kiyimda qolgan bu nozanin shunday goʻzal ediki... oppoq badan...

– Bunday paytda vaqt boy berish yaramaydi, qaynim, koʻz tegadi. Qani keling. Pochchangiz shoshib kelib, shoshib ketdi. Hovrimni bosolmay qoldim. Oʻzing bilan hordiq chiqaraylik endi. Oʻzidan koʻrsin pochchang, qani mehmonim boʻling.

Sanam Mambetni quchoqlab, yuzidan oʻpmoqchi edi, Mambet oʻzini olib qochdi.

– Boshqa safar, – dedi Mambet va guvohnomasini koʻrsatib: – Sizga bir necha savollarim bor.

Juvon xalatini darrov kiyib oldi. Kresloga oʻtirdi. Oppoq sonlarini koʻrsatib, oyoqlarini bir-biriga chalishtirdi. Koʻkraklarini kerib, koʻz-koʻz qildi.

– Bu uyda kim bilan yashaysiz?

– Bitta oʻzim. Oʻshaning uchun aytayapman-da, hech kim yoʻq. Bizga bu yerda hech kim halaqit bermaydi.

– Sanam, bu gapni qoʻyib turing. Mening savollarimga tez-tez javob bering.

– Mayli, soʻrang.

– Ota-onangiz qayerda?

– Qishloqda.

– Qishloqda yashashadimi yoki mehmonga ketishganmi?

Sanam oʻylanib qoldi. Toyirovdan buni soʻramagan edi.

– Oʻsha yoqda yashashadi. Nimaydi? – deya qarshi savol qoʻydi Sanam.

– Bitta oʻzing turadigan boʻlsang, mijoz yubormoqchi edim.

– Boʻpti yuboraver, bizda “otkaz” yoʻq.

– Yettinchi oktabr kuni qayerda boʻlding?

– Kechqurunmi? Mirza Toyirov bilan oʻttiz toʻqqizinchi uyda.

– Soat nechada?

– Olti bilan sakkizlar oraligʻida.

– Kimning uyida?

– Oʻris chol-kampirning uyida. Haqini toʻladik.

– Aldama. U yerda boʻlmagansizlar. Yuzlashtiraymi?

– Qaynim, ishq siri nozik masala. Ikki odam orasida qoladigan gap. Xullas pochchang bilan oʻsha yerda boʻldim. Nima qilganimizni ham aytaymi?

– Yolgʻon koʻrsatma uchun qonun oldida javob berasiz, Sanam.

– Qonunni men ham yaxshi bilaman.

Mambet u bilan adi-badi aytishib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmadi. Qogʻozga yozganlariga qoʻl qoʻydirdi-da, bu yerdan chiqdi.

Qargʻish Olgan Kimsa

– Ertasiga Joldasni borib koʻrayin, deb kasalxonaga borsa, u ketib qolgan ekan. “Uch kun ham yotmadi, – dedi shifokor, – ketib qoldi. Ertalab kelib yarasini tozalatib ketdi. Yana ichib olgan...”

– Endi qayerdan topsam ekan uni? – deya oʻylandi Mambet.

– Men sizni kelishingizni aytdim. Qayerda boʻlasan, tergovchi izlab qolishi mumkin dedim. U boʻlsa qayerda boʻlardim – uyda-da, yo boʻlmasa temir bozorda, dedi. Bir tanishi mashinasining radiatorini sotmoqchi ekanmi mana bunga, – deya shifokor tomogʻini chertdi.

Mambet Joldasning uyiga bordi. U yoʻq ekan. Keyin bozorning eski temir-tersak sotiladigan tomoniga yurdi. Darrov topdi. Bitta piyonista joʻrasi bilan radiatorga boqib oʻtirishibdi.

– Yur men bilan, – dedi Mambet, – kafeda oʻtirib gaplashib olamiz.

Kafe daragini eshitib Joldas ochildi. Joʻrasiga bir nimalar dedi-da, Mambetning ortidan ergashdi.

Mambet chetroqda joylashgan kafeni tanladi. Ovqat, yuz grammdan aroq buyurdi. “Sogʻliq uchun” deya otib olishdi va ovqat yeya boshlashdi. Joldas kayf aralash undan-bundan gap topib soʻzlay boshladi.

– Boshqasini qoʻya turaylik. Bir narsani ayt, – Mambet Joldasni yana ichkisi kelayotganini payqab, afitsiantkaga yana aroq keltirishni buyurdi. – Nega militsiyaga bosqinchilik boʻlgani, aybdorni topib berish haqida ariza bermayapsan?

– Topganda nima oʻzgaradi. Boʻlganim shu mening...

– Unday dema. Jinoyatchi qoʻlga olinmasa, u yana jinoyat sodir qilishi mumkin.

– Oʻlimdan qoʻrqmayman. Qaytanga shunday qilsa yaxshi boʻlardi. Tirik yurganimda nimani qoyillatdim. Qaytib kelishdan xavotirlanmayman. Oʻgʻirlatadigan hech narsam ham yoʻq.

– Baribir, jinoyatchi nega sening uyingga bostirib kirganini, biror narsa oʻgʻirlamoqchi yo sizlarni oʻldirmoqchi boʻlganini bilishga qiziqmayabsanmi? Seni oʻldirmoqchi boʻldi, doʻstingni esa oʻldirdi. Hech boʻlmasa uning ruhi uchun jinoyatchini jazolash kerak emasmi?

– Menga bari bir. Men bir yurgan tirik murdaman.

– Unday dema. Xudo xohlasa ishing oʻngidan kelib, yaxshi boʻlib ketasan hali.

– Ishonmayman, koʻp ayollarni xoʻrladim, qargʻish urgan meni.

– Mayli, senga kerak boʻlmasa, mana bizga kerak jinoyatchining jazolanishi. Buni shunday tashlab qoʻymaymiz. Joldas, jinoyatchi nega sening uyingga kirgan? Adishib kirmagani aniq.

Joldas boshi bilan ma’qulladi. Yaana ichkisi kelganini bildirib, stakanga ishora qildi. Yana otib olishdi.

Oʻgʻirlik uchun kirgan deyishniyam bilmayman. Yoki dushmaning bormi?

– Menda dushman nima qilsin? Joʻramni oʻldirib, oʻzimni urib ketsa-da,uni kechirayapman-ku! Oldin ham qancha doʻpposlanganman. Hech biriga kek saqlamadim. Ilgarigi qaysarligimdan hozir asar ham yoʻq. Azaldan shunday boʻlganimda bunchalik xoʻrlanmasmidim balki, – u shunday deya yigʻlab yubordi.

Mambet, u yigʻlab boʻlgach, yana soʻroqqa tutdi.

– Unda oʻgʻirlikka kirgan. Shunday desak toʻgʻri boʻladimi?

– Nimani oʻgʻirlaydi? Siniq piyolanimi?

– Toʻxta, oʻgʻirlik uchun kirgani aniq. Seyfni olib ketmoqchi boʻlgan. Seyfda esa unga qadrli nimadir boʻlgan, toʻgʻrimi?

– Yoʻq, – inkor etdi Joldas. – Menda qadrli narsa nima qiladi? Allaqachon ichib yoʻq qilardim!

– Unda nega oʻgʻirlikka tushgan?

– Oʻrtoq tergovchi, jinoyatchi menimcha xayoli parishon birov boʻlsa kerak, mening uyim birinchi qavatda boʻlgani uchun toʻgʻri kiravergan.

– Yoʻq. U jinni odamga oʻxshamaydi. Hech qayerda barmoq izini qoldirmagan. Jinoyat qurolini ham oʻzi bilan olib ketgan. Toʻgʻrisini ayt seyfda nima bor edi?

– Hech nima.

– Nimadir boʻlgan.

– Unda nima ekan u? – deya qarshi savol berdi Joldas.

– U narsa oltin emas, pul emas, qimmatbaho yo meros narsayam emas. Hujjat boʻlsa kerak. Uy hujjatimi, suratmi, yoki qoʻlyozmami?

– Topmadingiz. Mening qogʻozlarim seyfda but edi. Qimmatbaho nima bor, deb ochib koʻrgan-da!

– Boʻyningga ol, – deb Mambet Joldasning koʻziga tikildi. – Negadir sen jinoyatchini yashiryapsan?

– Nimalar deyapsan? Menga shuncha zarar keltirgan kimsani nega yashiray? Oʻylab gapir...

– Boʻlmasa yashirmay ayt. Oʻsha jinoyat sodir boʻlgan kuni sen seyfni uzoq titkilading, men kuzatib turdim. Biroq kerakli narsangni toplmading. Sezdimki, sen oʻsha izlagan narsangni kim oganini oʻshandayoq bilganding.

– Gumon iymondan ayiradi, oʻrtoq tergovchi, xayol boshqa, haqiqat boshqa.

– Mayli, aytmay qoʻyaqol, oʻzim topaman. Ammo unda sen jinoyatchini yashirganing uchun javob berasan.

– Koʻrarmiz, – deb kulimsiradi Joldas.

– Ha tez orada topman.

– Unda yana yuz gramm otaylik.

– Senga koʻplik qilmaydimi? Ovqatingni ham uncha yemading.

– Ovqat yemayman. Piyonistalar ovqat yeyishmaydi. Bilmaysizmi?

– Uni sen bilasan. Menga qara, Mirza Toʻrayev bilan qanday aloqang bor?

Joldas homuza tortdi, soʻngra yoʻtaldi. Mambet barini kuzatib turib, javob topish uchun qilinayotgan harakat deb tushundi.

– Nega soʻrayapsan?

– Jinoyatga aloqasi borligi uchun?

– Nima, meni mast, ne soʻrasam aytaveradi deb oʻylayapsizmi? Mayli aytaqolay, Toyirov bilan hech qanday aloqam yoʻq. Faqat uni sirtidan taniyman. Fan nomzodi. Katta odam. Oʻzim tarix bilan ilgari shugʻullanganim uchun uni hurmat qilaman.

Shu yerda Mambet bunday bemani suhbatning hech keragi yoʻq ekanligini, agar Joldas Toyirov bilan aloqasi bor boʻlsa, bu yerdagi gaplarni yetkazishini eslab gapni toʻxtatdi.

Qaytayotib Mambet Joldasning jinoyatchini bilishi aniqligiga yana bir bor ishonganday boʻldi. Shuning uchun Joldasning ortidan poyloqchi qoʻyishni ma’qul topdi.

“Organga Ishing Tushmasin”

“Toyirov bilan Madreyimovning qanday aloqalari borligini bilsak jinoyat tugunini yechish mumkin”.

Shu oʻy bilan Mambet ertalab Toyirovga qoʻngʻiroq qilgandi, “borolmayman, tumanga ketyapman, ministr ruxsat bermaydi” deb javob berdi.

– Gaplashamiz ruxsat beradi, dedi Mambet ham gapdan qolmay, – chaqiruv qogʻozi yuboraman. Yubormaganini koʻramiz shunda. Haliyam men hech kim bilmasin, chaqiruv qogʻozi yubormay, telefonda ishdan soʻng chaqiray deb yuruvdim.

– Yoʻq, sizga rahmat, inim. Axir meni jinoyatga hech bir aloqam yoʻq-ku. Endi chaqirsangiz ustingizdan arz qilaman. Obroʻ ketsa-ketsin!

– Oʻzingiz bilasiz. Ammo bugun kechqurun soat oltida sizni xonamda kutaman. Kelmasangiz sizni militsiya bilan keltiraman. Unchalikka bormassiz, deb oʻylayman, – deb Mambet goʻshakni joyiga qoʻydi.

Yarim soatlardan keyin Ayap Abdambetovich qoʻngʻiroq qildi.

– Mambet Kamolovich, qattiq ketmayapsizmi?

– Nima gap, tushunmadim?

– Mirza Toyirovich masalasi boʻyicha aytyapman. Hozirgina qoʻngʻiroq qilib sizdan oʻpkaladi. Tinch ishlashga qoʻymayapti dedi.

– Buning uchun oldin oʻzi tinch yursin edi, – dedi Mambet kulib.

– Mambet, siz asossiz narsalarga tayanib, uni katta jinoyatga aloqador qilmoqchi ekansiz. Katta mablagʻ talab qilmoqchi ekansiz, aytishicha.

– Oʻzi allaqachon pora taklif qildi. Olmadim.

– Undan ham koʻp soʻramoqchi deyapti. Ayolga borganim rost, oʻsha kuni, oʻsha uyda jinoyat yuz bersa men boʻlaveramanmi deyapti. Dalil-isbot yoʻq, har kuni bir gap. Yuqoriga arz qilaman deyapti.

– Arz qilaver demadingizmi?

– Mambet Kamolovich, chegaradan chiqib ketmang. Arzimas narsaga chaqiravermay qoʻyaqoling. Katta oqsoqol. Hurmat qilishimiz kerak. Buning ustiga menga qudachiligi bor.

– Nima deysiz unda jinoyatni yopamizmi, Ayap Abdambetovich?

– Men unday demayman. Ishni ochasiz.

– Unda Toyirovni tinch qoʻya olmayman, kechirasiz.

– Ertaga aybsiz boʻlib chiqsa, oʻzingizga zarari tegib yurmasin deyman-da, men sizga ishonaman. Shundayam yetti oʻlchab, bir kesish kerak.

– Xoʻp boʻladi, Ayap Abdambetovich. Tergovchi nomiga gard yuqtirmayman.

– Zafarlar yor boʻlsin!

– Rahmat, sizga ham! – Mambet goʻshakni qoʻyar ekan, Ayap Abdambetovichning oʻzini tushunganidan xursand boʻldi. Koʻnglini koʻtaradigan gaplaridan quvondi. Nima, ishni yopib tashla deyishi ham mumkin edi-ku!

Tergovchi Mirzani kelarmikin, kelmasmikin, deb oʻylandi. Buning ustiga prokurorning yetti oʻlchab, bir kes degani ham hayolidan ketmayapti. “Rostdan ham Mirza haqida gumonlarim xato chiqsa, nima boʻladi. Haqiqatan ham shu kuni oʻsha yoʻlakda oʻynashi bilan boʻlgan boʻlsa nima qilaman? Unda jinoyatchi kim? Joldasning aytganida jon bormi? Jinni odam boʻlsa, barmoq izlari qolmasmidi? Jinoyatni qilgach, qochib ketishiga aqli yetadimi jinnining?

– Balki, Guloy-Jetkerlarning qilmishimikan? Meni chalgʻitish uchun yolgʻon koʻrsatma berishdimikan? Sogʻindiq bilan ham tili bir boʻlishi mumkin. Tashqari eshikdagi barmoq izi ham Guloyniki ekanligini ekspertiza isbotladi. Unda Guloy nega odam oʻldiradi? Qoʻshnisinig uyiga ega chiqmoqchi boʻlishganmi?

Mayli, shunday boʻlaqolsin. Unda nega odam ishonmaydigan Mirza Toyirovga ayb yukladi? Nega jinoyatchini koʻrmadik demagan yo boshqa odamni koʻrsatmagan?

Chunki oʻsha kuni Mirza Toyirov chindan ham oʻynashi bilan pod’ezda boʻlgan. Shuning uchun ham Guloy uni koʻrsatayapti. Hatto uni jabrdiydaning uyida koʻrishgan boʻlsa, boshqa kimni tergash kerak? Chindan ham jinoyatchi Guloy boʻlib, Mirza Toyirovning dakkisini yeb yurmayin. Qattiq oʻylanib ishlashim kerak. Ayap Abdambetovich, tergovchi mening aytganimni qilmadi. Haq joyida qaror topar, chaqirsa boravering, degan boʻlsa kerak, kechqurun oltida Mirza Toyirov xonaga kirib keldi.

Mambetning xayoli boʻlindi.

– Organga ishing tushmasin ekan, – hazillashgan boʻldi Toyirov.

– Buni oldinroq oʻylash kerak, hazilga hazil javob berdi Mambet, – hush kelibsiz!

– Mirza gapning indallosini anglagan boʻlsada, oʻzicha rahmat deb qoʻydi.

Mambet har safar gumondor bilan gaplashganda har kimga har xil uslub qoʻllab gaplashish zarurligini yaxshi biladi. Boʻlmasa, gap olish mushkul. Bu ham bir fan!

Hech narsani boʻyningizga olmayapsiz, Mirza Toyirov.

– Nimani boʻynimga olishim kerak?

– Sakkiz yarim – toʻqqizlarda sizni oʻttiz toʻqqizinchi uy atrofida koʻrganlar bor. Goh oʻynashimni uyi dedingiz, goh boshqaning uyi, biz dam olishga kelgandik deysiz. Sanam ota-onasi bilan yashaydi degandingiz, bitta oʻzi yasharkan. Nega Sanamni bitta oʻzi yashashini yashirdingiz?

Mirza talmovsiradi. Ammo yana oʻzini oʻnglab oldi:

– Ota-onasi kelib turadi.

– Kelgani bilan uch-toʻrt kunlab yotmas. Odamlarda hozir vaqt hisobli. Koʻp boʻlsa bir kun boʻlar.

Undan sado chiqmadi. Stoldagi qalamni aylantirib oʻtiraverdi.

– Joldas Madreyimovni taniysizmi?

Bu savolni kutgan boʻlsa kerak – darrov javob berdi:

– Yoʻq, kim ekan u?

– Ismini ham eshitmaganmisiz?

– Yoʻq, yoʻq, kim boʻlib ishlaydi, qayerda turadi?

– Shu shaharning odami. Ishlamaydi, piyonista.

– Piyonistalarni tanimayman.

– U ham tarixchi. Siz tanishingiz kerak.

Mirza Toyirov yolgʻonni oshiraversa bilinib qolishi mumkinligini oʻylab, dedi:

– Esim qursin. Yodimga tushdi. Joldas Medreyimov, ha, aspiranturani bitkazgan. Kasbdoshlar orasida aytilib qolardi. Biroq oʻzim hech uchrashmaganman. Toʻgʻrisi, uning yoʻli boshqa, meniki boshqa.

Tergovchi boshqa savol bermadi, baribir iqror boʻlmaydi. Joldas bilan uchrashish aniq. Ana oʻshanda boʻyniga qoʻyaman, deb xayolidan oʻtkazdi Mambet.

Shartlashuv

Mambet jinoyat ishiga bogʻliq tushuntirish xati, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni koʻzdan kechirmoqda. Jinoyat qanday yuz bergani haqida oʻylaydi.

Mirza Joldas qattiq mast boʻlgan paytni kutib, poylab yurgan. Soʻng kechqurun – soat sakkizlarda kelgan. Kalitni behush yotgan Joldasning kissasidan olaman-da, seyfdan kerak narsani oʻmarib ketaman, deb oʻylagan, lekin kalitni topolmagan. Shunda u seyfni koʻtarib ketmoqchi boʻladi. Ammo bir oʻzi eplolmasligini sezadi (Shu yerda jinoyatchi bitta odam ekanligi aniqlanadi). Uy ichida-ku sudrar, tashqarida qanday sudrab yuradi. Shunda seyfni buzib ochadigan temir izlab mashinasiga borib keladi (Buni Guloy ham tasdiqladi).

Kelib taqir-tuqur qilib seyfni ocha boshlaydi. Shovqindan Joldasning joʻrasi Berdiyor uygʻonadi. Shunda Toyirov guvohni gumdon qiladi. Seyfni ochadi. Qoʻlida rezina qoʻlqop bilan kerak narsasini izlaydi. Bir bogʻlam delo tugunini qoʻlqopsiz yechadi. Shundan barmoq izi qolgan. Shu payt Guloy eshikdan qaraydi. Toyirov shoshib qoladi. Militsiyaga xabar berishidan qoʻrqib, tez-tez izlagan narsasini qidiradi. Shunda Joldasning uygʻonganini koʻrib, uni ham temir montirovka bilan uradi. Joldas hushidan ketadi. Uni oʻldi, deb oʻylagan va seyfdan izlaganini topgach qochadi. “02” ga xabar qilgan Guloy poylamaydi. Bor gap shu!

Sodir boʻlgan jinoyat tafsilotlari xususida fikrlab oʻtirgan Mambetning uyali telefoni jiringladi. Poyloqchi ekan. U Joldasning qoʻshnisi. Ilgaridan “organ”ga xizmat qilib, choychaqa topib yuradi. Bu safar ham xizmat haqqi olish evaziga Joldasni poylab yurishga rozi boʻldi.

– Tashqarida oʻtirsam, “dom”dan uzoqroq joyga bitta qizil “Neksiya” kelib toʻxtadi. Koʻp turdi. Birovni kutayotgani aniq edi. Bir payt pod’ezddan Joldas chiqqan edi, “Neksiya” signal berdi. Joldas yon-veriga qarab, mashinaga bordi. Mashina egasi oʻzi oʻtirgan eshik oynasini tushurib bir nimalar dedi, Joldas mashinaga oʻtirdi.

Poyloqchining gapidan zerikkan Mambet uni shoshirdi:

– Xoʻsh endi qayerda ular?

– “Neksiya”ning ortidan taksi ushlab poylab bordim. Hozir ular avtovokzaldagi “Karvon” kafesida. Men ham shu yerdaman.

– Seni sezishmadimi?

– Yoʻq tashqarida, daraxt panasidaman.

– Hozir yetib boraman.

Mambet Kamolov “Tiko”sini yeldek uchirib, yetib bordi. Poyloqchidan ularning eng chekkadagi “kabina”da oʻtirganini bilib: “Ularning yonidagi “kabina”ga kiramiz mast odamlarday ovozimizni oʻzgartirib gaplashib oʻtiramiz. Sen koʻproq soʻzlaysan. Men gap tinglashim kerak”, deb tushuntirdi.

Kafening ichi ikki qator qilib, eshik oʻrnida doka bilan ajratilgan “kabina”lardan iborat edi. Odam siyrak. Toʻrtta “kabina”da odam bor, xolos.

Mambet ofitsiantkani imlab chaqirdi-da, guvohnomasini koʻrsatdi:

– Mana buni ana u hujraga kirib, bildirmasdan stol ostiga yopishtirib chiqasan, agar u yerdagilarga bildirsang, jazoga tortilasan, – deya unga diktofon berdi.

Ular ovqat, bir shisha aroq buyurtirishdi-da, poyloqchilikka kirishdi. Chamasi, Toyirov ular kimlar ekanligini bilmoqchi boʻldi. soʻngra mastlarcha gap-soʻzlarini eshitib, bexavotir yana gapga berildi.

Mambetning qulogʻi ding boʻldi. Ular asosiy masalaga endi kirishganga oʻxshaydi.

– Sening ishing ekanligini darrov bildim. Berdiyorni nega oʻldirding? Meni ham oʻldi deb oʻylagansan, – dedi Joldas.

– Vaziyat shuni taqazo qildi. Kalitni qayerga qoʻyganding? Hech topolmadim, - dedi Toyirov.

– Choy qoʻyayotib gazoʻchoqning ustiga tushuribman.

– Berdiyorni uygʻonib ketgani uchun oʻldirdim. Guvoh ortiqcha edi. Seni ham urdim. Endi bildingmi, mening qoʻlimdan har narsa keladi. Qadamingni oʻylab bos.

– Meni qoʻrqitolmaysan. Oʻlimdan ham qoʻrqmayman. Qoʻlyozmani olibsan-ku? Uni seyfdan topolmadim.

– Qurib ketsin oʻsha qoʻlyozma. Ne savdolarga soldi meni. Oʻzing ham toʻydirding. Nusxasi ekan-ku? Asli qayerda?

Joldas mazza qilib kuldi.

– Mirza Toyirovich, meni axmoq deb oʻylaganmiding? Asl nusxasi ishonchli joyda.

– Nega tergovchiga men haqimda aytmading?

– Sendan hali koʻp foydalanmoqchiman. Aytsam nima foyda? Seni qamashsa, daromaddan ayrilaman-ku.

– Sen meni shantaj qilishni qoʻymaysanmi?

– Shantajni endi koʻrasan. To oʻlguncha ta’minlaysan. Boʻlmasa oʻzindan koʻr.

– Necha marta pul berdim senga. Nega izimdan qolmaysan?

– Nima qilay aroq suyagimga singgan.

– Endi uchrashmaymiz. Oʻsha voqeadan soʻng umuman koʻrishmasligimiz kerak. Balki hozir ikkovimizni ham poylashyotgandir. Xullas gap tamom.

– Menga pul bersang boʻldi.

– Mayli, oxirgi marta beraman. Soʻngra bir-birimizni tanimaymiz. Kelishdikmi?

– Kelishdik.

– Menga asl nusxani berasan va jinoyat haqida ogʻiz ochmaysan.

– Xoʻp. Qachon berasan pulni?

– Ertaga shu yerga shu paytda qoʻlyozmani olib kel. Men ikki yuz ming soʻm olib kelaman. Soʻng tarqalamiz. Boshqa uchrashmaymiz. Boyagiday ishimga borib, ikki shishaga pul ber demaysan. Yana aytaman, shu oxirgisi!

– Koʻramiz.

– Unda bermayman.

– Bermasang hammasini oshkor qilishga toʻgʻri keladi. Mening nomzodlik ishimni oʻgʻirlab, dissertatsiya yoqladi, mana mening qoʻlyozmam, deb fosh qilaman. Sudlanasan. Buning ustiga odam oʻldirding. Xullas, qamoqda chiriysan.

– Men sudlansam, sen ham sudlanasan. Qilmishimiz teppa-teng.

– Menga baribir. Qaytangi qamoqda ovqat berishadi.

– Joldas, gapni choʻzishdan ne foyda, – Mirza sal hovridan tushdi, – mendan pulingni ol-da, ichib yotavermaysanmi? Ammo keyin meni tinch qoʻyasan. Boʻlmasa, oʻldirib yuboraman. Oʻzim ham hayotdan toʻyganman. Kelishdikmi?

– Kelishdik.

– Ertaga shu yerda yana uchrashamiz. Men ketdim.

Mirza Toyirov kafedan chiqdi.

“Karvon” Operatsiyasi

Mambet xonasiga kelib, chuqur nafas oldi: “Bu ishga ham soʻnggi nuqta qoʻyadigan payt keldi”.

Ayap Abdambetovga hammasini gapirib berdi. Tezkor qoʻlga olish guruhi tayorlandi. Operatsiya “Karvon” deb ataldi. Toyirvni uyiga poyloqchi qoʻyildi.

Ertasiga Mambet Ayap Abdambetovich bilan mashinasini panaga qoʻyib, “Karvon” kafesini kuzata boshladi.

Soat ikki yarimda Joldas keldi. Qoʻlida eski portfelь. Alanglab Toyirovni izladi. Ichkariga kirdi. Soʻngra yana chiqdi va oʻrindiqqa borib oʻtirdi.

Soat uchdan oʻta boshladi. Toyirovdan darak yoʻq edi. Yana ichgan shekilli, Joldas bir tomonga qiyshayib uxlab qoldi.

Mambet bilan Ayap Abdambetovich hayron. Nega Toyirov kelmayapti?

– Balki ishdan boʻshamagandir, qoʻngʻiroq qilib, oʻzimni tanitmay gaplashaymi? – deya soʻradi Mambet.

– Boʻpti, – rozilik berdi Ayap Abdambetovich.

Qabulxonadagi qiz Toyirovning peshindan soʻng ishga kelmaganini aytdi. Soʻng ministr ham Toyirovni izlayotganini bildirdi. Mambet goʻshakni qoʻydi.

Keyin uyiga telefon qilishdi. Xotini ham “tushlikdan soʻng chiqib ketdi”, dedi.

– Poyloqchi bilan bogʻlan, – dedi xavotirlangan Ayap Abdambetovich.

Poyloqchi, tushlikdan soʻng soat ikkidan oʻn minut oʻtganda Toyirov uyidan ikkita katta sumka olib chiqib, “neksiya”siga solib katta tezlikda avtovakzal tomonga ketganini aytdi.

– Nega kelmadi ekan, uyidan chiqqaniga bir soat boʻlgan? Ishga ham bormabdi. Chamasi u bizning rejalarimizni bilib qochgan, – deya tusmolladi Ayap Abdambetovich.

– Men ham shunday oʻylayapman. Qochib qayoqqa boradi? Qanday qochadi? Hozir samalyot yoʻq. Har ehtimolga qarshi aeroportga xabar berib qoʻyaylik, – deb Mambet aeroportga qoʻngʻiroq qildi. Temir yoʻl vakzali organ xodimlarini ham ogohlantirdi. Shahar va tuman DAN xodimlariga ham qizil “Neksiya”da, Mirza Toyirovni ushlash buyrugʻi berildi.

Respublika prokurori, ichki ishlar vazirligi rahbari va tegishli xodimlari ishtirokida qisqa yigʻilish oʻtkazildi.

Jinoyatchi qayerga yashirinishi mumkin, qanday qoʻlga olinadi – shu kabi savollar ustida mulohaza yuritildi.

– Keyingi paytda jinoyatchilarning koʻpi Qozogʻistonga qochib ketayapti. Chunki u yerning maydoni katta. Hatto ikki-uch oila yashaydigan olis ovullari ham bor. Buning ustiga hozir Qoraqalpogʻistondan koʻp odamlar noqonuniy borib ishlab yurishibdi. Tili, dini, koʻrinishi bir xil xalq. Rossiyaga ham ketishi mumkin. Shuning uchun ushbu mamlakatlarga boriladigan har qanday transport nazoratga olinishi kerak.

Tez orada Taxtakoʻprikdan xabar olindi. Qizil “Neksiya”ni qoʻlga olish boʻyicha xabar kelmasdan oldin soat toʻrt yarimlarda tuman markazidan davlat raqamidagi qizil “Neksiya” oʻtgan, ichida faqat bitta odam. YPX xodimlari hukumat raqami boʻlgani bois avtomabilni toʻxtatmabdi. Mashina toʻgʻri”Mulk” – “Kandirli” yoʻli boʻylab ketibdi.

– Tez izidan quvib ushlanglar. Vertolyot bilan bizlar ham yetib boramiz, – deb topshiriq berildi.

“Kandir”lidan oʻtib, Qozogʻistonga boradigan yoʻllar koʻrib chiqildi. Toyirov Taxtakoʻprikdan sakson km olisda – “Qoʻshtruba”dagi bitta choʻponning uyiga yaqinlashib qolganda, soat yettilarda qoʻlga olindi.

Tekshiruv chogʻida yonidan pistolet, ellik ming dollar, sumkalaridan kiyim-kechaklari chiqdi.

Jinoyatchi qoʻliga kishan solinib Nukusga keltirilganda vaqt allamahal boʻlgan edi. Xodimlar ba’zilari uyiga, ba’zilari xizmatga tarqalishdi.

Qoʻlyozma

Mambet Kamolov jinoyatchini ertasiga tergov qildi. Joldasning tayyor dissertatsiyasini ozroq oʻzgartirib oʻziniki qilib olganini, buning uchun Joldasga pul berganini Toyirov boʻyniga oldi.

Jinoyat yuz beradigan kuni Mirza Toyirov haydovchisi orqali Joldasga toʻrt shishaga yetkulik pul berib yuborgani, Joldas ham pul olib kelgan yigit ilgari biror ishni bitirgan odamdir deb pulni olib qolgani ma’lum boʻldi.

– Sizday rahbar odamning qotillikka qoʻl urishi mumkinligiga haliyam ishonolmayapman, – dedi Mamet.

– Vaziyat shuni taqozo qildi. Aslida oʻldirmoqchi emasdim. Berdiyor uygʻonib qoldi. Guvohni yoʻqotishga qaror qildim.

Mambet soʻradi:

– Nega qochding? Kafega nega kelmading?

– Kafe egasi tanishim edi. Soat ikkilarda qoʻngʻiroq qildi. “Organ xodimlari pana-panadan bizning kafeni kuzatmoqda. Chamasi birorta residivistni ushlamoqchi. Sen bugun kelma. Ayol bilan kelsang koʻzga tushasan”, deb qoʻngʻiroq qildi. Shunda bilib qoldim. Nopok yoʻldan yursang jazosi yengil boʻlarmidi? Qochishga majbur edim, – dedi Toyirov hech narsani yashirmay.

– Qozogʻistonga – Qiziloʻrdaga qum orqali “Neksiya”da yetib olmoqchimiding?

– Yoʻq. Oʻsha yerga zoʻrgʻa yetib bordim. Hozir kuz qum qattiq. “Neksiya”ni choʻponlarning “devit”i yo “Ural”iga almashtiraman, deb oʻylagandim.

“Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yildan soʻng ham ochiladi” degan gap bor. Iflos yoʻl bilan orttirilgan dissertatsiya yillar oʻtgach fosh boʻladi.

Jinoyat sababchisi – Joldasning Toyirovni sogʻin sigir qilib soʻrishga omil boʻlgan dissertatsiya qoʻlyozmasi MambetKamolovning stoli ustida yotibdi. Qoʻlyozma Joldasniki. Uning ism-sharfi qalam bilan chizilib, ustiga “Mirza Toyirov” deb yozilgan edi.