OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOmina Tojiboyeva
Asar nomiOlmos sir (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Omina Tojiboyeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm30KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olmos sir (hikoya)
Omina Tojiboyeva

Alisher oʻz hujrasi tomon yoʻl olarkan, kesh oʻmrovli, soddagina mulozimi Shayx Bahlulga sinchkovlik bilan karadi. Har galgidek oʻziga xos ulugʻvorlik, nazokat va muloyimlik bilan:
— Ortimdin hech bir zot kirmasun! — dedi.

Shayx Baxlul tavoze ila bosh egdi. Shoirning ortidan boshidagi uchli koʻk taqyasiga oʻralgan koʻrkamgina oq simobi sallasi va egnidagi odmi zangor baxmal toʻniga qarab qolarkan, ichdan yengilgina xoʻrsinganini sezdi. Garchand Shayx Baxlul chiroyli soʻzlarni dur kabi terish san’ati bilan shugʻullanmasa-da, hayot saboqlarida Alisherni oʻziga ustoz deb bilardi. U asta-asta yurib, oʻz boʻlmasiga kirdi: «Ustozni hech qachon mundoq ruhiyatda koʻrmagon erdim, — xayolga choʻmdi, — yo shoh birlan... Yoʻgʻ-e, nimalar deyapman. Axir shoh birlan etu tirnoqdek... Yo toblari biroz...« Kasalmu degani tili bormay, xavotir ichida tezda boʻlmasidan chiqdi va Alisherning eng sevimli ichimligi boʻlgan ayronni tayyorlab, hujra eshigi oldiga bordi. Shu payt ichkaridan tiniq, xuddi musiqa ovoziday shirali qulgu eshitilgandek boʻldi. Choʻchib tuzshan yigit yon-atrofiga qaradi. Hech kimsa yoʻq. "Kim boʻldi erkan? Yo menga shunday tuyuldimu?.." Yigit bir lahza ikkilanib qoldi. "Har doimgiday tuyqusdan kirib boraveraymu, yo..." Garchand odobsizlik ekanini his etib tursa-da, u ming istihola ichida eshik tirqishidan ichkariga moʻraladi, moʻraladiyu, ajoyib tomoshadan koʻzini uzolmay qolgan boladay lol boʻlib qoldi. »Yo Rab! Bu ne hol? Ustoz qarshisidagʻi parivash kim boʻldi erkan? Nahotki ustoz!.. Yoʻgʻ-e, ey noqis xayol, meni dominggʻa tortmagʻil, uzr, — qoʻlini koʻksiga bosdi, — lekin hech qachon ustozini mundek parivash ila koʻrmagʻon erdim! Yo farishtamukin? Qiziq, bu yergʻa qaerdan kirdi? Yo men koʻrmay qoldimmu?»

Shayx Bahlul allavaqtgacha qorishiq xayollar girdobida qoldi. Soʻng bir vaqt oʻziga kelgach, qoʻlidagi bir chinni ayron bahona oʻzida jur’at sezdi. Ammo eshikni ochgan zahoti birgina Alisherning oq qogʻoz uzra qalam surib oʻtirganini qoʻrdi. Endi tamom hushi boshidan uchgan yigit qoʻlidagi ayron idishini tushirib yuborganini ham sezmay qoldi. Oʻngʻaysizlangan Shayx Bahlul maydalangan siniqlarga koʻz tashlarkan, battar qizarindi. Bu holatdan Alisher biroz jiddiylashgan esa-da, qattiq tegmadi. Chunki Shayx Bahlulni oʻz inisidek yaxshi koʻrardi:
— Shul vaqt koʻnglim ayron tusab erdi, — dedi Alisher sokin. — Zarari yoʻq, boshqa idishda keltirursiz.

Yigit boshini asta koʻtararkan, qarshisidagi ustozining yuzida fikr, ilhom balqib turgan qiyiq, qora koʻzlarida toza, ulugʻ ruhga xos qandaydir ma’sumlik jilvalanib turganini koʻrdi. Maysalarning yashnashiga yomgʻir sababchi boʻlganidek, Alisherning hozirdagi mehr toʻla nigohlari Shayx Bahlulning ham dadillanishiga turtki bergan edi. Uning yuzi allaqanday yorugʻlashib, titroq lablari ila dedi:
— Bul iltifotingizgʻa loyiq soʻz topmasmen, ajib mehri daryosiz, ustoz! Meni doim xijolatdin qutqarursiz.

Alisher yigitning keggg yelkasiga nazar tashlar ekan, allaqanday shavq ichida kulimsirab qoʻydi. Shayx Bahlul bu holdan anchayin dadillanib ortiga qaytdi va ustozi aytgancha ish koʻrdi.

* * *

Shamol esib turgan, ammo iliq, oydin kecha. Koʻk yuzini qoplagan yulduzlar jilmaygan. Buni koʻrib goʻyo, yer yuzini boʻston aylaguvchi turfa gullar ham yengil shabbodada xushhol tebranganicha jilmaygandek...

Hozirgina, namozi asr paytidan sal oldinroq yogʻib oʻtgan yomgʻir borliq yuzini yuvgan; yaproqlar nam, maysalar nam, yoʻlaklar nam... Doʻsti Husayn Boyqaro bilan shikordan qaytgan Alisher xayolchan, qandaydir oʻy ogʻushida qabosini va ovga kiyadigan qalpogʻini yechdi hamda ularni qoziqqa ilib, yengil taqya kiydi-da, mis oftobaga mulozimi tayyorlagan iliqsuvdan tahorat oldi. Namozni oʻqib boʻlgach, deraza yaqiniga qoʻyilgan, alvon rangli duxoba yopilgan xontaxta yoniga tiz choʻkdi va uning ustidagi taxlam qogʻozlarni varaqlab, koʻzdan kechira boshladi. Soʻngra oltin dovotta patli yozgʻichni botirib, yozishga tutindi:

Yozib jon mushafidin ikki oyat,

Debon Farhodu Shirindan hikoyat...

Alisher yozishdan toʻxtab, xiyol kulimsiradi. Shayx Bahlul ustozining bu holatiga razm solarkan: "Bir yaxshi nimarsa yozgan koʻrinadur, ha, goʻzal bir nima bitqonkim kulimsirayotur. Burnogʻi kun ham shu hol yuz bergʻon erdi. Bukungʻidek ovgʻa ketgʻonda ushbu:

Odamiy ersang demagʻil odami,

Oniki yoʻq xalq gʻamidin gʻami,

baytini oʻqib erdim. Ha, nasib etsa, zarurat yuzasidin tashqarigʻa chiqqonda, hozirgʻi bitiklarni ham albatta oʻqurmen«, — deya xayolga botqonicha, bu gal sharbat tayyorladi. Chunki har doim shikordan horib qaytgan Alisherning kayfiyatini sharbat koʻtarib, ilhom ato etishini yaxshi bilardi. Yaqindan beri koʻrinishidan ichki holati yaqqol sezilib turgan Alisherga qarab: «Ne sababki, shikordin diltang boʻlib qaytadur?», deya xayolga tolardi. Ushbu holatning besh-olti takrorini koʻrgach, bir marta soʻrashga jur’at ham qilgandi.
— Har bir namozimni oʻqib boʻlgach, Allohdin soʻrarmen, hech kim meni bezovta qilmasun va boshqa bir ishgʻa andarmon etmasun deya, — boshqa gap aytmagandi.

Oʻshanda Shayx Bahlul Alisherning shikordan bosh tortib, saroy chokariga turli xil sabablarni koʻrsatishini tushunib yetgan edi. Ammo shoh — shoh-da, uning amri vojib...

Bu gal ham Shayx Bahlul har ehtimolga qarshi qoʻrquv aralash bir qiziqish bilan yana eshik tirqishidan moʻraladi. Yana oʻsha manzara. Alisherning roʻparasida oʻsha gulgun chehra: lablari goʻyo gulrang sharobga oʻxshar, kiprik qoqishlari jon olar... nozining maqomi istigʻno... Faqat bu gal oʻsha goʻzaldan qolishmas bir barno yigit ham bor...

«Ajabo! Ularning jamoliga koʻz tashlaganning koʻziga dunyo ziynatlari koʻrinmas, — xayolga berildi Shayx Bahlul, — bular kimlar boʻldi?»

U bir eshikka va yana qoʻlidagi yoqut rangli koʻzachada tovlanib turgan sharbatga qararkan, ikkilangan koʻyi tavakkal qildi. Yana tanho Alisher. «Qiziq, men eshikni ochgan zahoti bul xilqatlar qayon gʻoyib boʻlur? Yo Rabb!! Bu ne hol?!»

Alisher Shayx Bahlulni, xontaxta yonidagi joyga qarab qoʻyganini sezdi-da, miyigʻida kulimsiradi. Bundan xijolat chekkan yigit bir zum lablarini tishlab, jim qotdi, soʻng:
— Sh-shar-sharbat kelturib erdim, — dedi bazoʻr.
— Borakallo, sizning bul kibi zukkoliqlaringizni qadrlaymen, — chehrasi kunday yorishib dedi Alisher, — ajib sezgirsiz-da...

Yigit koʻrgani haqida soʻramoq uchun ogiz juftladi, ammo botinolmay gapni boshqa tomonga burdi:
— Bukun siz yoqtiradurgʻon taomni tayyorlab erdim.
— Palovni-ya, unda darhol kelturing.

Alisher sharbatni koʻza rangidagi piyolaga quydi-yu huzur qilib simirdi hamda keltirilgan taomga ilkini choʻzarkan, yigitga minnatdorona qarab qoʻydi. Bu orada Shayx Bahlul taom ketidan ichiladigan koʻk choy damlash maqsadida oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

* * *

Shayx Bahlul bu manzaraning takrorini besh-olti marotaba koʻrgach, oʻzicha kengashdi: «Ehtimol, bu ishda manim yoshligim bordur. Oʻz maylimcha ish tutmayin. Bunday ishlarda kattalar kattalarcha aql yurgʻizgʻuvchidir. Yaxshisi, bu sirdin doʻstini ogoh etqonim ma’quldur...»

Kechga yaqin Shayx Bahlul shohni sevintirmoq niyatida oʻrdaga qarab ketdi. Chunki Boyqaro qachondan beri Alisherning boshini juftlash orzusida ekani qulogʻiga tushgandi. Yasovullarga oʻzini tanishtirib, saroy a’yonlari oʻrtasida, oltin taxtda viqor bilan oʻtirgan Husayi Boyqaro qarshisiga peshvoz yurib keldi va oʻn qadamcha qolganda tiz choʻkib, yer oʻpdi. Shoh bu yigitni anchadan beri Alisher xizmatida ekanidan ogoh edi.
— Xoʻsh, Alisherbek salomatmu? - soʻradi Boyqaro qiyiq, oʻtkir qarovchi koʻzlari ila yigitga tikilib.
— Kelishimning boisi ham doʻstingizningʻ sogʻligʻi xususindadur, olampanoh?!
— Xoʻsh-xoʻsh, sogʻligi dedingmu?

Yigit bosh irgʻadi. Shoshib qolgan Boyqaro uch marta chalgan qarsagi ila barchaning diqqatini oʻziga qaratdi:
— Bizni holi qoldirunglar?!

Bir zumda avrangxonada hech kimdan nom-nishon qolmadi.
— Xoʻ-oʻsh, sogʻligʻi dedingmu? - takror soʻradi.

Shayx Bahlul bor qoʻrgan-bilganlarini boʻyoqsiz soʻzlab berdi. Ustozini rom etgan ul malakni esa bisotidagi jami goʻzal soʻzlar ila ta’rif etdi va oxirida qoʻshib qoʻydi:
— Butun voqealar koʻz oʻngimda sodir boʻlayotir.
— Ie, shunday degin? Men ersam, bahorning kasbi gulfurushliq boʻlgʻonidek, Alisherbekning ham ijod etmaqdin oʻzgʻa ishi yoʻq, deya xotirjam erdim. Hm-m, umrining eng koʻrkam yoshi ham oʻtib borayotur... - dedi yigitga zimdan razm solarkan, - Oh, Alisherning toʻyini koʻrar kun ham bor erkanmu? Sen yigit, boraver! Bul haqda doʻstim birla oʻzim gaplashurmen, - deya uni xursand holda kuzatdi.

Negaki, yigitni Alisher haqida bema’ni xayollarga borishini istamagan holda, oʻzi yigitdan shubhalandi. «Nahotki, - Shayx Bahlul ketidan oʻyga toldi, - nahotki, Alisher kishi bilmas... Yoʻgʻ-e, u qorday pok, billurday toza jon. Toʻxta, eshikdan kirishim bilanoq gʻoyib boʻlur dedimu? Ha, ha, shunday dedi. Ehtimol yigitni jinmu yo shayton darib ketgʻondur!» Shu payt xayoliga urilgan boshqa bir fikr yogʻdusidan yuzlari yashnab ketdi. Dorus saltananing xos tabibini qoshiga chorlarkan, xayoliga urilgan oʻsha fikr mazmunidan uni ogoh etdi va oxiri:
— Yigitni ranjitib qoʻymayluk, zimdan tekshuringki, harakatlaringizni aslo sezmasun, - deya ta’kidladi.

* * *

— Yigit soppa-sogʻ, — dedi shoh yoniga qaytgan tabib, — manim fikrimcha Alisher bir katta ishgʻa - kitobga qoʻl urgʻon. Shul ishidin bir shingil hikoyat, ya’ni «Shoh Gʻoziy»ni soʻzlamushkim, ta’rifigʻa til ojiz, soʻz ojiz. Manman deyilmush shuarodin ham bul kibi hikoyat eshitmagonmen. Yigit shul ulugʻ kitobdin bir buyuk bayt ham yod aylamush nazarimda, olampanoh.

Tabib Shayx Bahlul oʻqigan satrlar mazmunini soʻzlab berdi. Ta’sirlangan Boyqaro:
— Alisherbekning iste’dodiga ta’rif yoʻq, — dedi oʻyga choʻmib, — unda yigitning koʻrgʻonlari nimadur?
— Bul sirni Pirdan soʻramoq joizdur, olampanohim.

Boyqaroga bu taklif ma’qul tushdi. Chunki u Pirning karomatlariga ishonardi.
— Ammo, - dedi u koʻzlari yonib, - bul haqda Pirimga ogʻiz ochmoqdin oldin oʻzim koʻrmogʻim, inonmogʻim shart!
— Albatta, olampanoh...

U yoniga eng sodiq sipohlaridan ikkisini olib, tezda oʻrdani tark etdi va Alisher chorbogʻining darvozasi oldida ularni qoldirib, oʻzi doʻsti oʻtirgan uy tomon qushday yengil qadamlar bilan shitob yoʻnaldi hamda yigit aytgan kabi astagina tirqishdan ichkariga moʻraladi.
— Ajabo! — hayrat daryosiga gʻarq boʻldi.

Shift oʻrnida oliy binoning gumbazi qoʻrinar, uy jihozlari joyida osmon atlas yoygandek. Alisher qarshisida bir barno yigit va bir pariroʻy: «Vo ajabo! Bular kimlar boʻldi? Eh, Robbim!! Bu ne xilqatkim, shahzoda va malika Alishergʻa nimalardur degʻaylar. Doʻstim ersa, oq qogʻoz uzra olgun qalamini surmoqda... Ajabo!»

Eshikni ohista ochgan Husayn Boyqaro yolgʻiz Alisherning yozmoqqa mashgʻulligini koʻrib, garchand bu haqda Shayx Bahluldan eshitgan esa-da, biroz oʻzini yoʻqotdi: «Ular qani? Demak, yigit rost gapirgʻon». Fursat oʻtgach:
— Oʻzingni qoʻlgʻa ol! — pichirladi lablari Boyqaroning, — axir, jangu jadallarda har xil voqealarni koʻraverib, koʻzi pishib ketgʻon shoh deb kim aytadur seni?! Qolaversa, bul kibilar haqida Pirdin koʻp narsa eshitqonsan-ku?!

Shu topda miyasiga yashindek urilgan fikr, ya’ni Pirining bir gapi yodiga tushdi: «Zohiriyu botini pok boʻlgʻon har bir inson Yaratqonning imdodi ila ulugʻ inoyatqa erishgʻusi va hamrohlari bir umrgʻa farishtayu maloyikalar boʻlgʻusi hamda aning uchun xizmatda oʻtqusidur. Illo, alar har kimning ham nazarigʻa tushavermas, faqat pokiza ruhlargʻagʻina qoʻrinish bergʻusidur...»

«Him, demak, doʻstim shunday sharafgʻa noil boʻlgʻon». Doʻstiga hasadga qorishiq bir havas bilan termulganicha qarshisiga ohista yurib bordi. Oʻgirilib qaragan Alisher chaqqonlik bilan oʻrnidan turdi va qulochini yozgancha doʻstiga peshvoz yurdi:
— Oh, doʻstim! — ich-ichidan toʻlqinlanib ketgan Alisher Boyqaro bilan quchoqlashib koʻrisharkan, — tashrifingizdan kulbamizgʻa nurlar inmush, — dedi mehr bilan, — goʻyo falakdin quyoshning oʻzi kirib kelmush. Axir, xabar topqonimizda boshqacha qarshilogʻon boʻlur erduk!
— Uzr! — Alisherning soʻzini boʻldi Boyqaro, — bemavrid kelmogʻimning boisi shoshilinch bir kengash xususinda erdi.
— Bosh ustigʻa! Qani, aziz doʻstim, toʻrga marhabo!

Ular bir-birlariga nafasi urilgudek yaqin oʻtirdilar. Boyqaro, kelmogʻining asl maqsad mazmunini ifoda etgan kengash soʻzini qoʻllaganidan mamnun hamda bir qadar xotirjam boʻlgan edi: «Qaysi biridin soʻz boshlasam erkan? Yaxshisi, asl muddaodin boshlagʻonim ma’quldur. Ul sir haqinda ersa suhbat asnosida bilib olurmen».
— Oh, doʻstim! Men dunyoda barcha gunohkorlardin ham gunohkorroqmen, — Boyqaro soʻzini olisdan boshladi, — shul sababdin koʻnglumni gʻam lashkari bosmush. Ushbu kunlarda, faqat bir men ermas, magar dunyoning onasi bor ersa, ul ham siz uchun gʻamu gʻussa yutmush! Ha, anduhda qolmush! Inonamen!!

Tamom hayratga choʻmgan Alisher unga tikilib soʻradi:
— Nechuk, doʻstim?
— Chunki men oʻzini oʻylaydurgʻon, doʻsti haqinda qaygʻurmaydurgʻon kimarsamen.

Alisher hamon uning gaplariga tushunmas, lolu hayronligicha turardi. Buni koʻrgan Boyqaro gapning dangaliga koʻcha qoldi:
— Axir, oila qurmoq, bola-chaqa koʻrmoq vaqtingʻiz oʻtib borayotur, Alisher?!

Endi tushunib yettan Alisher qizarinib, eshikka chiqmoq taraddudiga tushdi.
— Qoʻzgʻolmangʻiz bek! — Boyqaro uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, ohista bosdi, — qayta-qayta taom yemak, choy ichmak odatim yoʻqligʻini yoshlikdin bilursiz. Yaxshisi, siz boshingizni juftlash haqindagʻi orzumgʻa javob beringʻiz?

Bu xabar uning uchun aslo kutilmagan yangilik boʻlib, bir turlik borlik-yoʻqlik aro qolgan Alisherga judayam gʻalati ta’sir qilgani shundoqqina yuz ifodasidan koʻrinib turardi. Podshoning toʻy xususida gap boshlashiga va aynan shu masalada kelganiga sabab neligini oʻyladi.
— Oh, mehribon doʻstim, — ohista dedi Alisher, — men haqimda qaygʻurayotqoningʻizni eshitub, boshim koʻkka yetmush. Axir aytarlarku, yaxshi libos tanga oroyish, yaxshi qoʻldosh jonga osoyish, deb... Mundin behad minnatdormen, aziz doʻstim.

Boyqaro mamnun qarab, kulimsiradi.
— Aziz doʻstim! Chumoli nash’u namo istagʻonida, nega endi men baxt izlamayin. Bul haqda orzu qilmayin.
— Bale! Gap bunday boʻlibdur, doʻstim!
— Biroq hozirda men gulbarggʻa qalam surmoq birla ovoramen.
— Taajjub, gulbarggʻa?!
— Ha, doʻstim, — xokisorona bosh egdi u, — menga ishq deb atalmush oliy bir tuygʻu yopishib olgʻon. Bul ishq oʻti qalbimni zabt etib, jonimgʻa zoʻrliq qilayotur. Vafo istagʻon oshiqona koʻnglumni ersa sha’m kibi eritmoqda. Uning zulmi olovidin xastadurmen...

Alisher indamay qoldi.
— Uning davosi visolgʻa erishmoq, buning uchun ersa toʻy qilmoqdur, Alisher?

Alisher ma’yus jilmaydi:
— Koshki erdi...

Boyqaro xayol girdobida: «Uylanishdan ogʻiz ochsam, gapni burasiz. Ul holda qarshingʻizda oʻltirgʻonlar kimlar erur?», deya soʻrashga tili aylanmasdi.

Nega? Ajab! Har nega va har bir yumushga qodir Boyqaro qani? U shu topda yana Pirini esladi: «Demak, Alisher botiniy ishq domida, lekin...»
— Maqsudingʻizni oshkor etmoqni ma’qul koʻrmasmusiz?
— Nega endi, — shopshb qoldi Alisher, — axir doʻst doʻstdin sir yashirurmu?.. Men hozirda bir rangin kitob yaratmoq ishqidamen. Bul ish ersa nihoyatda ulugʻ boʻlub, mendin juda katta aql va zakovat talab qilmoqda.

Podshoh koʻzlaganidan nishona topolmagach, biroz xomushlandi. Shunday boʻlsa-da, yana bir bor:
— Axir uylanishliq bul kibi orzungizgʻa toʻsqinliq qilmas? — deya yuzlandi.

Alisher oʻylanib qoldi. Ha yoki yoʻqning oʻrtasida qolgandi. Negaki, xar ikkisi ham unga jabr keltirmakdan boshka ish emas edi. U biroz sukutdan soʻng, katta bir faxr va dard bilan soʻz boshladi:
— Soʻz shu qadar buyuk qudratqa egakim, xayolingda, asrlar osha boʻlib oʻtqon voqea-hodisotlar haqinda tasavvur koʻylagʻini kiydira olur, oʻzining majmuasidin tuzilgʻon kitoblar husnidin gul hadya etur va tanholigʻingda ersa dardinggʻa sherik boʻlur. Xullas, soʻz ogʻiz qutisidagʻi duru gavharlardur.
— Ha, bul haqda ushbu: — Koʻngul durji ichra guhar soʻzdurur, Bashar gulshanida samar soʻzdurur, deya yozgʻon baytingʻiz xotirimda qolgʻon, Alisher?
— Minnatdormen doʻstim, — ta’zim qildi u, — mana shul gavharu durlar qadalgʻon ma’nolar togʻini yaratmoq ishqidamen.

Nihoyat Boyqaro doʻstini tushunganday boʻldi.
— Ey, yoqut oʻtining birovgʻa zarari boʻlmagʻonidek, hech kimarsagʻa yomonligʻi yetmogʻon doʻstim. Xilvatda yolgʻizliqni qoʻmsab qolgʻoningʻizdin, fahmimcha, ulugʻ bir ish, ya’ni kitob yozmoq dardidasiz?
— Albatta, maqsudimgʻa yetkarmogʻini tilab...
— Yetursiz! — gapni boʻldi Boyqaro, — albatta yetursiz. Chunki sizgʻa, ya’ni dilingʻizni oʻrtayotqon ishq ta’rifini tavsiflamakka ilhom va kuch bergʻuvchi farishtalar koʻmakka kelsa ajab ermas...

Alisher bu gal entikib ketdi: «Evoh, yer tagida ilon qimirlasa sezadi-ya...»

Boyqaroning nazaridan bu hol chetlab oʻtmadi. Shuning ila maqsadga koʻcha qoldi:
— Ey, gunohlar changidin pokiza boʻlgʻon doʻstim. Bas, qanchadan-qancha ulugʻ ishlargʻa qodir boʻlaturub, nega endi bu dardgʻa davo topmakdin choʻchirsiz? Ne sabab?

Alisher yengilgina titrandi. U bir ishdan oldin nogʻora chalishni yoqtirmagani bois ham dilidagini ochiq soʻzlashni ma’qul qoʻrmayotgan edi. Ammo doʻstini ranjitmaslik, ayniqsa: "Maqsudingʻizni oshkor etmoqni ma’qul qoʻrmasmusiz?, deya xafalanganidan soʻng, ochiq aytmoqqa majbur boʻlib qolgandi:
— Qalamim tigʻi ila ilmu urfon konini qazimoqchi va ana shul kondin chiqqon oltunlarni bir sandiqqa yigʻmoqchimen, - dedi, — ammo bul ish majburiyati oldinda biroz choʻchib, hayiqmoqdamen.

Boyqaro aniq sezdiki, uni juftlash haqidagi niyat atrofida ortiq aylanmoq, zulmdan boshqa ish emas.
— Manim bilgimcha, siz katta bir doston, ya’ni ustozlar izidin borub, oʻshal oltinu javharlar yigʻilgʻon sandiq — «Xamsa»ni bunyod etmakchisiz, shundaymu?
— Albatta, — yuzlari yorishdi Alisherning, — lekin:
— Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasigʻa panja urmoq.

Kerak sher ollida ham sher jangi,

Agar sher oʻlmasa, bori palangi...
— Ofarin Alisher! Boshlanishiyoq meni oʻzigʻa rom aylamush, doʻstim!
— Tashakkur, biroq bir istiholam bor.
— Nechuk? Ya’ni?!
— Doʻstim, — koʻzlarini yerga tikib soʻz boshladi Alisher, — hazrati Nizomiy Ganjaviyni she’riyatning sheri boʻlib oʻtqonini mendin yaxshi bilursiz. Ul zot nazmi maydonigʻa tushmoq uchun ersa sher, juda boʻlmasa yoʻlbars boʻlmoq lozim.
— Bale!
— Dagʻi, Xisrav Dehlaviyday ulugʻ shoir bilan bahslashmoq, aning birla doʻsh-bardoʻsh turmoq uchun ersa, nafis did va juda katta bilim hamda iste’dod zarurdur. Kamina, ul zotlar ruhlaridin uzr soʻrogʻon va ustozim hazrati Abdurahmon Jomiydin madad olgʻonim holda, ular yaratqon dostonlar mazmunigʻa biroz oʻzgartirishlar kiritmoq niyatidamen.

Boyqaro suhbat boshida Alisherning «bul ish nihoyatda ulugʻ boʻlub, mendin juda katta aql va zakovat talab kilmoqda«, — deya ayttan gapini eslarkan va hozirdagi istiholasi, ya’ni dostonlar mazmunini oʻzgartirmoq niyatini oʻylarkan: »Hm-m, haqqasti, hikmat maob shuaro bila bellashmoq ham oson ermas», deya oʻyga choʻmdi.
— Doʻstim, ne dersiz? Ustozimiz koʻnglini ranjitib qoʻymasmukinmen?
— Yoʻq, Alisher. Bul ishingiz bila guharrezlar olamini shod etqaysiz, ha, bungʻa iymonim komildur!

Alisherning yuzini tabassum qopladi va qoʻlini koʻksiga bosganicha minnatdorchiligini bayon etdi.
— Ha, doʻstim, - dedi Boyqaro, — siz albatta kelgusi bashariyat koʻzi oldinda she’riyatning Nizomiyday sheri bila tenglashqon sher kibi qolgaysiz. Bungʻa shak-shubham yoʻqtur! Qani, omin! — deya duoga qoʻl ochdi.

Shu vaqt quloqlarita gʻoyibdan bir necha «omin» deguvchi nidolar eshitilganday boʻldi.

Allaqanday bir sir ogʻushida koʻzlari porlagan Alisher koʻz uchida tikilib turgan doʻstiga boqdi. Bir tarz oʻzgarib, soʻng oʻnglangan Boyqaro asta yon-veriga qaradi, hech kim va hech bir narsa koʻrinmagach, yuqoridagi gumoni rostligiga yana bir karra ishonch hosil qildi:
— Omin! Qalamingʻiz yomgʻir bulutlari kabi behisob injular sochsun! — jon bagʻishlovchi shirin soʻzlar ila davom etdi u, — Oʻshal koshifi asror soʻzlarni yozishdin charchamasun! Tangri har bir istagʻingʻizgʻa yetkursun va nimaiki tilasangiz oldingʻizgʻa keltursun, omin!
— Sizni ham odil saltanatingʻizni Alloh asrasun va yomon koʻzlardin saqlasun, doʻstim.

Ikki doʻst birin-ketin tashqariga yoʻnaldilar. Boyqaro sipohlari bilan turgan Shayx Baxdul qarshisiga kelganda esa:
— Yigit, tun uygʻonib, tong koʻzini ochqonida oʻrdamda boʻlgʻaysen, — dedi va Alisher bilan quyuq xayrlashib, joʻnab ketdi.

Shohning jiddiy turib bergan buyrugʻidan rangi quti oʻchgan Shayx Baxdulga Alisher zimdan razm solarkan, bukungi tashrif va kengash sababkori u ekanini darhol fahmladi. Shu bois, shohning nega yoʻqlaganini soʻramadi, lekin xayoliga bir fikr boʻylab oʻtdi: «Yigit sirdan ogohmu? Hm-m...»

* * *

Bir kechada rangi qahrabo tusiga kirgan Shayx Bahtul subhidamda podshoh oʻrdasiga kirib bordi. Bu vaqtda Boyqaro taxtxonada Pir bilan kechagi boʻlib oʻtgan voqea haqida mashvarat qilmoqda edi. Suhbatga xalal bermaslik niyatida poygakda bosh egib kutib turgan yigitta koʻzi tushgan zahoti Boyqaro:
— Keldingmu? - deya soʻradi.

Shoh yuzidagi mamnunlik ifodasini koʻrgan Shayx Bahlulning yuziga qon yugurdi va ta’zimlangan koʻyi asta ularning qarshisiga yurib keldi-da:
— Assalomu alaykum, - deya salom berdi, soʻng tiz choʻkib:
— Amringʻizgʻa muntazirmen, - dedi.
— Muntazirsen?!
— Ha, olampanohim! Buyuring?!
— Hm-m, qani ayt-chi, yana kimlar bul sirdin voqif boʻlgʻon?
— Zoti oliylari! Sizlar eng yaqin doʻst boʻlgʻonlaringʻiz bois ham faqat sizgʻa aytqonmen! Boshqa hech kim ogoh ermas! Agar mendin xatoliq oʻtqon ersa, afu eting, olampanoh! — koʻnglini vahima chulgadi Shayx Bahlulning, — bir qoshiq qonimdin keching?!

Boyqaro bir nafas jim qotdi, soʻng:
— Musodaqatliqqa sodiqligʻingʻ va muruvvating, — dedi xiyol tabassum bilan, — tahsingʻa loyiq!
— Shahanshohim, lutfingizdan boshim koʻkka yetmush! Minnatdormen!
— Qani oʻgʻlim, yaqinroq kelib oʻtir?! - lutf ayladi Pir. Shayx Bahlul asta turib borib, poygakka oʻtirdi.
— Oʻgʻlim, — ohista soʻz boshladi Pir, — seni shul darajada saxiy va imon-e’tiqodli qilub tarbiyalagʻon ota-onang sha’nigʻa Alloh rahmatlar yogʻdursun.
— Minnatdormen, Pirim.
— Ha, oʻgʻlim, saxovat insoniyat bogʻining bovar shajaridur, balki ul shajarning mufid samaridur. Saxovatsiz kishi ersa yogʻinsiz abri bahordur. Shuni ham aslo unutmaki, baxil behishtqa kirmas, agar sayidi qurayshiy boʻlsun va saxiy tomugqa bormas, agarchi bandai xabashi boʻlsun!
— Hazratim, oltundin a’lo hikmatli oʻgʻitlaringʻiz quloqlarimgʻa qoʻrgʻoshinday quyulib, xotirimgʻa mixday qoqilib qolur! Aslo unutmasmen!
— To ulugʻlar xizmatida erkansen, pand ahli soʻzlarigʻa amal qilgʻaysen va alargʻa sodiq qolgʻaysen!
— Albatta, davlatpanohim! Men sizlarni yeru koʻkka ishonmasmen! Sizlarning soyangʻizda yurgʻonligʻim va mundin behad masrurligʻimni aslo unutmasmen!
— Ma’qul. Oʻgʻlim, seni suhbatimizgʻa tortmogʻimizning boisi Alisherbek hayotinda sodir boʻlayotqon ba’zi asrorlar xususindadur.
— Yigit!
— Labbay, shahriyorim!
— Hazratimning bashoratlaricha Alisherbek katta bir kitob, ya’ni «Xamsa» yozmoqni boshlab yuborgʻon. Ayni bul haqda oʻzum ham guvohmenkim, Alisherbekning qarshisida oʻltirgʻon ul barno yigit va pariroʻy - Farhod ila Shirin qiyofasigʻa kirgʻon farishtalar erkan.
— Far-Farhod ila Shirin? Axir, qanday qilib, ular...?

Shayx Baxlul tamom oʻzini yoʻqotgan edi.
— Ha, yigit, — dedi Boyqaro, — ular zohiran inson qiyofasida, aslida ersa...
— Gʻoyibi nazarlardur.

Ikkisi ham Pirga savol nazari bilan yuzlanishdi. Gul shaydosi bulbul ishq olamini zabt etganidek, Pir ham gʻoyibi nazarlar sirlari haqida soʻzlab, hayrat dunyosini bezay boshladi:
— Mohiyatan olib qaragʻonimizda Allohning oʻzi buyuk ijodkordur. «Ilmi gʻayb«da aytilishicha, bori olam, uning bir boʻlagi boʻlmish bizlar ham Alloh ijod etqon tajalliyotlarimiz. Yana ul zot (Alloh) shundayin shafiq va mehribonkim, ba’zi tajallilarini ilmul yaqinta qodir va ilhomi gʻaybni tavsiflashqa mohir qilib yaratqonlar. Bundayin ulugʻ ne’matni ersa zohiriyu botini poklargʻa in’om qilgʻon va qilgʻay. Shul kibi in’omatqa ega boʻlgʻonlardin bir Alisherbeqdurkim, shuning bila yana uni zoʻr fitrat egasi va zihni solim qilib yaratqon... Endi ersa, Allohim Iso iafasining Jonbaxsh dami orqali xastalargʻa shifo yuborgʻonidek, Alisherbekning ham ishq dardiga va shul ishqni tarannum etmak vositasi kitob - buyuk »Xamsa» yaratmoq dardigʻa koʻmakka farishtayu maloyikalarni yuborgʻon. Ular yuqorida aytqonimizdek, gʻoyibi nazarlar boʻlub, bundayin xilqatlar yemaydi, ichmaydi, qulmaydi, uxlamaydi, tugʻmaydi, oʻlmaydi-da, dunyo oxiratigʻacha bor boʻlub, zohiran va botinan pok kishilar mushkulini oson qilub, dunyo turgʻuncha turadurlar. Pir bir nafas toʻxtab, soʻng yana dedi:
— Ha, Alisherbekka farishtalar xizmat qilayoturlar. Bundin tashqari, bul kibi aziz xilqatlar, ruhi pokdomonlargʻa koʻrinush berib, koʻrgʻon kishi bila soʻzlashmaydur va ozor ham bermaydur. Ular gʻoyibdan paydo boʻlur, ham nihon boʻlur.

Pirning oxirgi ganlari shohning kayfiyatini koʻtarib yubordi: «ruhi poqdomonlargʻa koʻrinush berib...»

Hanuz hayrat ogʻushiga choʻmgan Shayx Bahlul esa nimanidir xayoli bilan band.
— Ha, ustozimning, - dedi oxiri koʻzlari chaqnab, - hozir Farhod va Shirin haqinda bitqon bir bayti yodimgʻa tushmush.

Shayx Bahlul Alisherni shikordan qay holda qaytgan holatini bayon qilarkan:
— Keliboq ushbularni yozgʻonini va erta tong xontaxta ustini tartibgʻa kelturayotib oʻqib erdim:

Yozib jon mushafidin ikki oyat,

Debon Farhodu Shirindin hikoyat...

Boyqaro Pirga ma’noli qararkan, xayol daryosiga gʻarq boʻldi: «Hm-m, shikordin bosh tortub, turli vaj-karsonlar koʻrsatmogʻining boisi shul erkan-da...»
— Kecha ersa, - yana soʻz boshladi Shayx Bahlul, - ustozim bir zarurat yuzasidin tashqarigʻa chiqqonida ijodxonasini yigʻishtirub, supurmoq uchun kirgʻon erdim. Xontaxta chetidagʻi bir parcha qogʻozgʻa bitilgon ushbu:
— Qalamkim rahnavardi tez taqdur,

Azaddin manzili favqul - falakdur,

baytini oʻqib, tamom hayratqa botdim.
— Oh Alisherbek! Allohning suygʻon bandasisiz!

Pirning koʻzlariga yosh sizib keldi.
— Koʻrdingmu yigit?! — ta’kidladi Boyqaro, — biz bandai moʻminlar biroz gʻofilmiz-da... Gʻofilligʻingdin koʻrgʻonlaring haqinda noqis xayolgʻa bormushsen! Gar ehtiyotsizliq qilgʻoningda bormu, Alisherbek koʻngluni ranjitib qoʻygʻon boʻlur erding! Soʻng koʻzigʻa qay yuz bila qararding?!
— Ul kibi nomaqbulliqdin Xudo asrasun, shahanshohim! - Shayx Bahlul yer oʻpib, uzr soʻradi.
— Oʻgʻlim, - Pir asta soʻz boshladi, - sen oʻqigʻon satrlar mazmuni shuni aytib turibdurkim, qalam bir chopqir otdur. Ha, shundayin bir chopqir otki, uning joyi azaldin falakning ustidadur. Ul uchqur otning chavandozi ersa Alisherbek boʻlub, aning uchun kuch-quvvat ilhom ato etadurgʻon «Ilmi gʻayb»din erkani bu sirdir. Ha, ul sirlar ichida eng nodir, eng buyuk olmos sirdir.
— O, Pirim, - Boyqaro bosh egib, qoʻlini koʻksita bosdi, — koshifi asror mutabahhirsiz, hazratim.
— Alisherbek, farishtayu maloyikalar olamigʻa oshiq. Alarning koʻmagida «Xamsa»day bir ulugʻ kitob yaratayotqonidin voqif boʻldilaringʻizkim, bul olmos sirning yechimigʻa dalildur.
— Tasanno Pirim! Tasanno!

Shayx Bahlul sassiz bosh egib ta’zimlandi.
— Hazratim, - oʻrtaga choʻkkan sukunatni buzib, soʻz boshladi Boyqaro, — kecha Alisherbek xonasida koʻrgʻonlarim va ul bila suhbat asnosida doʻstimni yanada chuqur ashlagʻonim holda ushbularni bitib erdim.

Pir oʻqing, degan kabi bosh irgʻadi. Boyqaro shavq ila oʻqishga kirishdi:
— Erur soʻz mulkining kishvaristoni,

Qayu kishvaristoni, Xisrav nishoni.

Dema Xisrav nishonkim, qahramoni,

Erur gar chin desang sohibqironi.
— Alisherbek haqinda-ku? - hayajonlanib dedi Pir, - ... erur soʻz mulkining sohibqironi, ...Alisherbek istiqboligʻa ishorat. Nihoyatda goʻzal, ta’sirli chiqmush, ofarin olampanoh!
— Qulluq hazratim.

«Ustozim iste’dodigʻa berilgʻon baho, - oʻyga toldi Shayx Bahlul, - goʻzal hamda nodir bayt chiqmush...».
— Alisherbek ijod paytinda muhabbat jomini farishtalar ila sipqorar erkan, demak, yer yuzidagʻi goʻzallarni ham farishtamisol tavsiflaydur. Shuning ila uning beqiyos, benazir ash’oru dostonlari bir jahon ersa, Alisherbekning oʻzi bir jahondur.

Ha, azizlarim! Uning farishtayu maloyikalar bergʻon ilhomi ila topqon kamoloti jahon ahlini oxiratqacha hayratqa solib oʻtqay! Olampanoh! Alisherbek soʻz mulkining sohibqironi deya tavsif aylamushsiz, tahsingʻa loyiq bahodur! Ha, albatta Alisherbek abadul-abad malik shuaro boʻlub qolgʻaydur!